Men universitetning g‘isht devori yoqalab borib, maktab binosining qarshisidan chiqib qoldim. Maktab hovlisi ensiz taxta panjara bilan o‘ralgandi. Gullari to‘kilib bitgan sakuraning qoramtir shoxlari ostidagi qurib-qovjiragan o‘t-o‘lan orasidan chirillagan ovoz eshitilardi. Men qadamimni sekinlashtirib, nafas chiqarmay quloq sola boshladim. So‘ngra chirildoqning sayrashini davomliroq eshitish uchun, avval o‘ngga, keyin chapga burilib devor bo‘ylab ketdim. Devor ortida atrofiga apelsin daraxtlari ekilgan tepalik joylashgandi. Tepalik poyoniga yetib borgan zahoti entikib, ko‘zlarim qamashib ketdi: men borayotgan tomonda qog‘ozdan yasalgan rang-barang fonuslar kamalakdek tovlanardi – bamisli bir tupkaning tagida joylashgan qishloqda bayram bo‘layotgandek. Hali ularga yaqinlashmasimdanoq fahmladim-ki, bolalar chirildoq tutish uchun to‘planishgan.
Fonuslar taxminan yigirmatacha edi. Ular orasida qizili ham, yashili ham, sariq ranglisi ham bor edi. Bittasi besh xil rangdagi qog‘ozdan yasalgandi. Yana biri jajjigina qirmizi rang fonus, shubhasiz, fabrikada ishlangani sezilardi. Boshqalari esa – oddiygina, to‘rtburchak, lekin g‘oyat chiroylilarini ochig‘i, bolalarning o‘zlari yasagandi. Bunaqangi bor-yo‘qligining hech kimga qizig‘i yo‘q tepalikda g‘aroyib fonus ko‘tarib olgan yigirmata bolaning to‘planishiga hayratomuz hodisa ro‘y berishi kerak edi. Mana, masalan, aytaylik… Ittifoqo, kechki payt bir bola tepalik bag‘rida chirildoqlarning chirillashini eshitib qoladi. U borib do‘kondan qizil fonus sotib oladiyu, ertasiga qosh qoraygan mahal, chirildoqlarni izlab topish uchun shu yerga keladi. Bir kundan keyin yana bittasi unga qo‘shiladi. Uning fonus sotib olishga puli bo‘lmaydi. Shuning uchun u karton quticha olib, uni yonidan qaychi bilan qirqib, tirqish ochadi, so‘ng o‘sha yeriga yupqa qog‘oz yopishtiradi. Keyin qutichaning ichiga sham o‘rnatadi va ipga osib qo‘yadi. Qarabsiz-ki, fonus tayyor.
Shu tariqa qo‘shilayotgan bolalarning soni avvaliga beshta, keyin esa yettitaga yetadi. Endi ular qog‘ozga rangli suratlar chizishni o‘rganib olishadi. Shu tariqa bu navqiron musavvirlarimiz qutichaning yonlarida doira, uchburchak, halqa shaklida ismlari yozilgan tirqishchalar qirqish, bularning ustidan goh qizil, goh yashil, goh yana allaqanday rangli yupqa, rang-barang qog‘ozlar yopishtirish mumkinligini tushunib qolishadi. Ular yasagan fonuslar bag‘oyat chiroyli chiqadi. Natijada fabrikada yasalgan qirmizi fonuslarning egalari o‘z fonuslarini axlatga tashlab yuborishadi, boshqa bolalar ham jo‘ngina yasalgan qo‘lbola fonuslaridan voz kechishadi. Hammalarining nazarida kecha yasalgan fonus bugun hech narsaga yaramaydi, shu bois karton quti, qog‘oz, mo‘yqalam, qaychi, qalamtarosh va mumning bozori chaqqon bo‘lib qoladi – o‘xshashi yo‘q, fusunkor narsa yasamasa bo‘lmaydida endi! Fonusni ko‘rib barchaning ko‘zi o‘ynasin! Fusunkor, buning ustiga odamning zavqini toshirsin! Mana shunaqa fonuslar bilan bolalar ov qilishga borishmoqchi edi…
Men bolalarning tepalik etagida to‘planib turishlarining sababini shunday, deb faraz qildim.
Bolalarni tomosha qilib turganimda, daf’atan bir narsani sezib qotib qoldim. To‘rtburchak fonuschalar qadimiy kitoblar singari suratlar bilan bezatilgan edi. Lekin bu fonuschalarga faqatgina gullar emas, undagi qog‘ozni qirqib yozilgan bolalarning ismlari ham alohida chiroy baxsh etardi. Isixiko, Ayaka… Bular do‘konda sotilayotgani emas, mutlaqo o‘zgacha fonuslar edi. Ularning yoni kartondan bo‘lgani hamda tuynukcha og‘zi naqsh chizilgan harir qog‘oz bilan to‘silgani sababli sham yog‘dusi faqatgina mana shu ziylardan taralib chiqardi. Yigirmaga yaqin turli rangdagi dog‘lar yerda sochilib yotardi. Bolalar cho‘kka tushib olgancha ularni bir yerga jam bo‘lib, to‘planishga sabab bo‘lgan chirildoqlar tovushini tinglashardi.
«Mana chirildoq! Kimga beray?»– deya to‘satdan qichqirib qoldi bola. U boshqa bolalardan bir qadamcha nariroqda ko‘zlari bilan maysalar orasida olma-kesak terardi. «Menga! Menga!» – degancha bir talay bola uni o‘rab olishdi, ular ham maysalar orasidan nimadir izlagandek alanglashardi. Bola o‘ziga uzatilgan qo‘llarni itarib tashladi. U chap qo‘lidagi fonusni boshi uzra azot ko‘tardida, boya yaxshi eshitmay qolgan bolalarga qarata yana qichqirdi: «Chirildoq! Chirildoq! Kimga chirildoq!»
Uning yoniga yana bir talay bola yugurib keldi. Ularning bittasi ham hali chirildoq tutolmagandi.
«Chirildoq! Chirildoq! Kimga chirildoq!»
Bolalarning bu izdihomiga yana bir-ikkitasi qo‘shildi.
«Menga ber! Menga ber!» – deya qichqirdi hammaning havasini keltirayotgan bolaning ortidan yaqinlashib kelgan qiz. Bola ohista o‘girilib unga qaradi, fonusini chap bilagiga o‘tqazib oldida, o‘sha zahoti bajonidil o‘ng qo‘li bilan maysalar orasini paypaslay boshladi.
– Mana!
– Menga ber, beraqol, iltimos!
Bola o‘rnidan turib qaddini rostladida, tantanali qiyofada musht qilib tugilgan kaftini uzatdi. Qiz fonus bog‘langan chilvir ipni chap bilagiga osib oldi va uning mushtini kaftlari orasiga oldi. Bola sekingina kaftini ochdi. Qiz hasharotni bosh va ko‘rsatkich barmoqlari bilan ushladi.
– Voy-bo‘y, kattaligini! Qanaqasiga chirildoq bo‘lsin! Rostakam chigirtkaku! – Jajjigina, jigarrang beozorlikni ko‘rib qizning ko‘zlari charaqlab ketdi. «Chigirtka, qora chigirtka!» jo‘r ovozda qichqirishdi bolalar hasaddan ichlari kuyib. «Rostakam qora chigirtka!»
Qiz ma’noli ko‘zlari bilan valine’matiga birrovgina qarab qo‘ydida, beliga tugib olgan qutichani ochdi va chirildoqni solib qo‘ydi. «Ha, chindanam qora chigirtka», – deya ming‘irladi bola. U qizning yuziga mo‘jizakor qizil fonusning yog‘dusini tushirdi – qiz qutichani ko‘ziga yaqin keltirgancha ichidagi chigirtkani zavq bilan tomosha qilardi.
Bola qizga tikilib qoldi. Baxtiyor tabassumi uning dilidagini bildirib qo‘ydi. Men esa bu manzarani boyatdan beri kuzatib turgan bo‘lishimga qaramay, uning niyatini endi tushunib yetdim va o‘zimning befahmligimdan hayratga tushdim. Shu daqiqalarda yana bir marta ajablanishimga to‘g‘ri keldi. Buni qaranga! Na bola, na qiz, na ulardan ko‘z uzmay turgan o‘rtoqlari hech vaqoni sezishmabdi. Vaholanki, qizning ko‘ksida och yashil rangda Fudjio, degan yozuv ro‘yi-rost ko‘rinib turardi. Qutichani yaxshiroq yoritmoqchi bo‘lgan bolaning fonusi oppoq ko‘ylagiga juda yaqin turgani uchun kartonga iyerogliflar bilan yozilgan uning ismi – Fudjio – qiz ko‘ksida yashil tusda jilolanardi. Qizning chap bilagiga osilgan fonus chayqalardi. Bolaning qorin qismida qizg‘ish dog‘lar bamisli raqsga tushayotgan kabi iyerogliflar tinmay tebranar, biroq bu nurli raqsda ozgina hafsala qilgan odam qizning ismini o‘qib olish mumkin edi. Uning ismi Kiyoko edi. Na Fudjio, na Kiyoko yashil-qizg‘ish nurlar jilvasi ichra buni ko‘rishmadi. Darvoqe, bu oddiygina jilvaning o‘zimidi?
Faraz qilaylik-ki, Fudjioning Kiyokoga chigirtka hadya qilganini bolalar umrbod esdan chiqarishmas. Biroq o‘zining yashil rangli iyeroglifda yozilgan ismi Kiyokoning ko‘ksida, «Kiyoko» degan qizil iyerogliflar esa o‘zining qornida aks etishini yetti uxlab tushida ham ko‘rishi dargumon. Kiyoko ko‘ksida «Fudjio» degan yashil iyeroglif porlab turganini, o‘zining qirmizi iyeroglifda yozilgan ismi esa bolaning ko‘ylagida aks etishini hech qachon ko‘rmaydi…
Sendan o‘tiniib so‘rayman, bolakay: balog‘atga yetganingda, albatta, «Mana senga chirildoq» deginda, Kiyokoga chigirtka tuhfa qilgin. Shunda qiz: «Nahotki, shu chirildoq bo‘lsa» desin. Sen esa, Fudjio, bu dam uning shodligiga sherik bo‘lasan va ikkovingiz yana jilmayasiz. Shunda sen yana: «Mana chigirtka» deb takrorlaysan va unga chirildoq tuhfa qilasan. Kiyoko esa hafsalasi pir bo‘lib: «Yo‘g‘-e!» – deydi va siz yana jilmayasiz.
Yana. Garchi boshqalardan nariroq borib yaproqlar orasini titkilashga fahming yetgani bilan baribir, meni aytdi, dersan, sen chigirtka topolmaysan, Fudjio. O‘rniga sen o‘zing uchun chirildoq-qiz topib olib, uni chigirtkaga o‘xshatishing mumkin. Lekin oxir-oqibat sening dilingga mahzun xayollar oralaydi va kunlardan bir kun hattoki haqiqiy chigirtka ham bor-yo‘g‘i chirildoqdek tuyula boshlaydi. Men esa sen o‘z fonusingga xos ko‘kish yog‘duning naqadar maftunkorligi va Kiyokoning ko‘ksidagi ko‘zga tashlanmayotgan nurli halqalarning najotbaxsh ekani haqida hech vaqo bilmasligingni o‘ylab, o‘kinch bilan xayollarga tolaman.
Olim Otaxon tarjimasi
«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 6-son