Dobshinada bozor bo‘lgan kunlari Karxanixa kampir cherkov yonida ro‘molcha sotib o‘tiradi. Yaqin-atrofda Yurash yurganini ko‘rib qolsa, o‘sha zahoti moviy hoshiyali qizil ro‘molchalarini qutisiga berkitadi.
Nega deysizmi? Sababi bor. Besh yil oldin Yurash Marusha Puxalovaga xuddi shunday ro‘molcha sotib olgandi. Garchi to‘rt yildan ko‘proq qizning ko‘nglini ovlab yurgan bo‘lsa-da, uylanmadi.
Shundan buyon Yurashning bu xil ro‘molchalarni ko‘rgani ko‘zi yo‘q. Doim janjal ko‘taradi:
– Nega bunday ro‘molchalarni sotyapsan, kampir?
Besh yil oldin ham Dobshinada bozor bo‘ldi. Yurash bu yerga Marusha bilan birga keldi, unga ro‘molcha olib berib, shahar qovoqxonasida mehmon qildi, qaytishda esa (Gnilsagacha to‘rt soatlik yo‘l bor-da) muhabbat izhor etdi.
Ushbu ajoyib kun oqshomga yaqin ikki jandarm Yurashni Spishka Nova Vesga – sudga olib ketdi. Sababi – o‘rmonda ruxsatsiz ov qilgan va hukumat odamlariga ochiqchasiga qarshilik ko‘rsatgan.
Bechora Yurash! U Marushani uyiga kuzatib qo‘ygan va xursandchilikdan Radiknikida ancha-muncha otgan edi. Shu yerda graf Andrashi o‘rmonga ovga chiqqani haqida eshitib qoldi.
– Mening grafdan nima kamim bor? – dedi u sevgi va ichkilikdan boshi aylanarkan. Qiyshiq o‘rindiqdan shart turdi-da, uyiga jo‘nadi. Marhum otasining qo‘shog‘izini olib, o‘rmonga ravona bo‘ldi.
Vodiydagi daryo yoqalab ketarkan, o‘rmonchi Pexuraga duch keldi.
– Yo‘ldan qoch, Pexura, – deb maslahat berdi u dastlab muloyimlik bilan.
Qurolini o‘qlamay ketayotgan o‘rmonchi Pexura kurtkasining cho‘ntagidagi uzun pichoqqa qo‘l cho‘zdi.
– O‘zi eplolmadi, keyin jandarmlarni jo‘natdi, – deb hikoya qildi Yurash keyinchalik. – Pexuradan pichoqni olib qo‘ydim, ichagini boshiga savat qilishimni aytgan edim, tiz cho‘kib qoldi. Yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi – jandarmlar paydo bo‘ldi… Shundan keyin…
Bir so‘z bilan aytganda, sud Yurashni olti oy qamoqqa hukm qildi.
Jazoning to‘rtinchi oyida Yurashning bo‘lmasiga Oraves ismli bir yigitcha keldi. U Prednaya Gutadagi qishloq oqsoqoliga: “Daryoga irg‘itaman!” deb tahdid qilgani uchun bir haftaga qamalgan edi.
– Gnilsada juda g‘aroyib ishlar bo‘lyapti-da, – dedi Oraves birinchi kuni. So‘ng katga chiqib, uyquga ketdi.
Keyingi kuni Yurashga o‘girilib:
– Marusha ham… – dedi.
Nihoyat uchinchi kuni gapini tugalladi:
– Marusha erga tegyapti.
Yurash do‘pposlashidan qo‘rqib, Oraves bu gapni nazoratchi ovqat olib kelgan paytda aytdi.
Lekin baribir intizomiy jazo tariqasida Yurashni to‘rtinchi bo‘lmaga olib o‘tishdi, bir necha kun qora kartserda o‘tirib chiqdi. Chunki intizom nizomida yozib qo‘yilgan:
“a) agar mahbus boshqa bir mahbusga zo‘ravonlik qiladigan bo‘lsa, u…”
Marushaga kelsak, haqiqatan ham, erga tegish tadorigida edi. Yurashni jandarmlar olib ketganini eshitib, qiz o‘sha kunning o‘zidayoq qallig‘i muhabbat izhor qilgan tongni va u olib bergan moviy hoshiyali qizil ro‘molchani unutdi. Otasiga esa:
– Yurash – g‘irt bezori. Unga tekkan qizning sho‘rvasiga sho‘r to‘kiladi, – dedi.
Keyingi yakshanba Marusha Vaskoga fotiha qilindi.
Vaskoning katta tegirmoni bor edi. Moviy kurtkasiga esa og‘ir kumush tugmalar qadalgandi. Yurash bo‘lsa katalakdekkina uyda yashar, konga pistako‘mir tashib tirikchilik qilar, moviy kurtka o‘rniga to‘qa taqilgan ko‘ylak kiyardi. Ustiga ustak, yaramas va bezori edi.
Ikki haftadan so‘ng Vasko Puxalalarnikiga Marushaning qo‘lini so‘rab keldi. Puxalalar oilasining ulug‘i to‘yga rozilik berdi. Biroq ertasi kuni Vasko beli og‘riyotganini aytib, uzr-ma’zur qildi. Yurashning do‘stlari tegirmonda poylab turgan ekan, tutib, adabini berishibdi.
Buni eshitgan dolinkalik o‘rmon mudiri bir gal Dobshina notariusiga:
– Xalqimiz juda romantik-da, – dedi zavq bilan.
Yurash qamoqdan chiqqach, romantika ustiga romantika qo‘shildi.
Yurash Vaskoning tegirmoni atrofida izg‘ib yurganini hamma ko‘rdi.
– Eng qiziq voqealar hali oldinda, – dedi o‘rmon mudiri Dobshina choyxonasida shahar notariusiga.
Haqiqatan ham, o‘ta g‘aroyib voqealar sodir bo‘ldi.
Yurash tegirmon yonidagi o‘rmon ichida yotib, Vaskoni diqqat bilan poylay boshladi.
– Bo‘ldi, chiq endi, hov, erkak! – deb baqirdi Yurash tegirmonchiga. – Sen bilan gaplashib olishim kerak!
Derazada Vaskoning ezgin qiyofasi namoyon bo‘ldi.
– Ey, chiqasanmi-yo‘qmi? – deb yana baqirdi Yurash.
Vasko ehtiyotkorlik bilan derazani ochdi:
– Yurash, og‘ayni, achchig‘ing chiqmasin…
– Eshikni och! – deb baqirdi Yurash. – Sen bilan bir masalani hal qilishimiz kerak.
– Yurashjon, – dedi Vasko, – ocholmayman, meni urasan.
Yurash derazaga yaqin keldi-da:
– Oxirgi marta so‘rayman, ichkariga kiritasanmi-yo‘qmi? – dedi butun o‘rmonni boshiga ko‘tarib.
Vasko oyog‘ini zo‘rg‘a sudrab kelib, darvozani ochdi va Yurashni ichkariga kiritdi.
– Yaxshi, – dedi Yurash va xonaga yo‘l oldi. Ketidan Vasko ergashdi. Ikkalalariyam o‘tirishdi.
– Yurashjon, achchig‘ing chiqmasin, do‘st. Balki icharsan? – titroq ovozda so‘radi Vasko.
– Ichaman, nega ichmasligim kerak, – deb rozi bo‘ldi Yurash. – Men sen bilan nima haqida gaplashmoqchiligimni bilasanmi?
– Achchig‘ing chiqmasin, oshna, – dedi Vasko. – Bunaqa bo‘lganidan o‘zim ham xursand emasman. Qiz degani daraxt yaprog‘iga o‘xshaydi. Bugun bu yerda, ertaga u yerda.
– Vasko, vino olib kel, – deb maslahat berdi Yurash. – Keyin odamlarni deraza yonidan haydab yubor.
Shu payt qishloqning salkam yarmi uchrashuv nima bilan yakunlanishini kutib turardi.
Ko‘p o‘tmay Vasko vino ko‘tarib keldi, quydi, ikkalalari ham ichishdi.
– Yaxshi vino, – dedi u. – Yagrada sotib olganman. Nordon ham emas, shirin ham emas.
– Jim bo‘l! – dedi Yurash. – Sening yoningga nimaga kelganimni bilasanmi?
– Qadrdonim, oshnajonim, – deb gap boshladi Vasko, – qo‘y endi shu gaplarni. Biz hamisha do‘st edik… Tushun, u menga yoqdi, men ham unga…
– Men bu haqda so‘rayotganim yo‘q! – baqirdi Yurash. – Yaqinroq o‘tir, vinodan quy! Buncha eshikka qapishyapsan?
Yurash qadahni bo‘shatdi-da, Vaskoga ohista dedi:
– Marushaga olib bergan ro‘molcham menga ikki guldenga tushgan edi. Vasko, menga shu pulni to‘la, keyin – oramiz ochiq…
– Ko‘rdingmi, og‘ayni, – dedi birozdan so‘ng Yurash pulni o‘ngigan belbog‘iga joylar ekan, – biz hamisha do‘st edik, bundan keyin ham do‘st bo‘lib qolamiz…
– Gemerda romantika qolmadi, – deb gap boshladi ertasi kuni dolinkalik o‘rmon mudiri Dobshina choyxonasida va voqeani bir boshidan so‘zlay ketdi.
Orif Tolib tarjimasi
«Yoshlik» jurnali, 2017 yil, 1-son