Hikoyani boshlar ekanman, hayolimda dastlab Arizona yerlarining qiyofasi sobit bo‘ladi; Arizona va Yangi Mexiko yerlarining kumush va oltindan yaralgan qimmatli poydevori muqim mana shu yerlarning, mubham va hayratgir yerlarning, dag‘al tepaliklar va latif ranglar yurtining, qushlar top-toza qilgan suyaklarning jilvasi limmo-lim yerlarning qiyofasi sobit bo‘ladi. Bu yerlarda ikkinchi galda Billi qotilning — ot bilan chirmashib ketgan chavandozning, sahroni larzaga soluvchi, xuddi afsun kabi olisdan jon oluvchi ko‘rinmas o‘qlar yuborar badjahl to‘pponchali yigitning qiyofasi namoyon bo‘ladi.
Ma’dan bilan to‘yingan, qovjiroq va billur sahro. Yigirma bir yoshida jon taslim qilgan hamda juvonmarg etilgan yigirma bir jondan–“meksikaliklarni hisobga olmaganda”–insoniy adolat hisobiga ko‘ra qarzini uzmay ketgan qariyb bolakay.
ILK DAHA
1859 yilda Nyu-Yorkning yer osti xarobalarida bir odam, shavkat va qo‘rquv keyinchalik unga Billi Qotil taxallusini in’om etgan bir odam dunyoga keldi. Aytishlaricha, unga irland ayolining horg‘in vujudi hayot ato etgan, ammo u zanjilar orasida ulg‘aydi. Bu qo‘lansa va qora tanli makonda u o‘zining sepkillari va paxmoq malla sochlaridan g‘urur topardi. U oq tanli bo‘lib dunyoga kelganidan gerdayar, qasoskor, badjahl va razil edi. O‘n ikki yoshidan “Botqoq Farishtalari”–axlatxonalar aro qaroqchilik qiluvchi samo mavjudotlari to‘dasida ishtirok qila boshladi.
Qizdirilgan tuman hidi anqigan oqshomlar ular mana shu qo‘lansa yer osti labirintidan paydo bo‘lishar, birinchi duch kelgan nemis dengizchisi izidan tushib, gardaniga urib yiqitishardi, uni ship-shiydon qilib bo‘lgach esa navbatdagi joyga yo‘l olishardi. Ularga Gez Xauzer Jons ismli, otlarga kirna kirita oluvchi sochlari oppoq zanji boshchilik qilardi.
Ba’zan oqava ariq yonidagi kulba chordog‘idan biror juvon yo‘lovchi ustiga chelak to‘la kulni sochib yuborardi. Yo‘lovchi boyaqish nafasi bo‘g‘ilib, qo‘llarini siltayotgan mahal Botqoq Farishtalari unga tashlanib qolishar va yerto‘laga olib kirib, cho‘ntaklarini ship-shiydon qilishardi.
Billi Xarriganning, bo‘lg‘usi Billi Qotilning tahsil yillari shu tarzda kechdi. U teatr tomoshalarini, ayniqsa, aftidan o‘z qismatining ishorat va timsolini tomosha qilayotganini bilmasdan, kovboy savrguzashtlarini xush ko‘rardi.
G‘ARB SARI OLG‘A!
Boverining taloto‘p teatrlaridagi melodramalar o‘q ovozlari va kovboylar bilan limmo-lim edi, buni tushunish qiyin emasdi: u mahallar Amerikani G‘arb o‘ziga betinim chorlar, kunbotar o‘lkasida Nevada va Kaliforniya oltini yashiringan edi. Kunbotar o‘lkasida tanasiga hali bolta urilmagan sekvoyya, bizonning bibiliy ulkan basharasi, Brayxem Yangning baland cho‘qqili shlyapasi va ko‘lamdor yotog‘i muqarrar edi; qizil tanlilarning marosimlari va nafrati, sahroning musaffo osmoni, bepoyon preriyalar va serhosil yerlarning yonma-yonligi dengizning yaqinligi singari qalblarni hayajonga solardi.
Olis G‘arb o‘ziga chorlardi. Adoqsiz qadam tovushlari, G‘arbni ishg‘ol etayotgan minglab amerikaliklarning qadam tovushlari o‘sha yillarni o‘z zabtiga olgandi. 1872 yilda qamoqxonadan qochgach, har gal suvdan quruq chiquvchi Bill Xarrigan mana shu izdihomga kelib qo‘shildi.
MEKSIKALIKNING O‘LDIRILIShI
Tarix endi bizni (ba’zi kinorejissyorlarga qo‘l keluvchi bu tarix voqealar tartibiga amal qilmaydi) bepoyon dengiz singari qudratli sahro qo‘ynida adashib yotgan oddiy tavernaga olib o‘tadi.
Voqea kechgan mahal–1873 yilning yomg‘irli tuni; voqea kechgan joy–Lyano-Estakado (Nyu-Mexiko). Qora bulutlarga limmo-lim osmon. Preriya– sigirning bosh chanog‘i, zimiston ichra uvlayotgan chiyabo‘ri ko‘zlari, xushbichim otlar, taverna eshigidan sizib turgan bir tutam shu’la. Ichkarida peshtaxtaga suyanib olgan horg‘in barzangi yigitlar ko‘ngilga g‘uluv soluvchi ichimlik ichishmoqda hamda burgut va ilon surati naqsh etilgan kumush tangalarning jarangi. Allaqanday mast odam g‘amgin-ma’yus qo‘shiq hirgoyi qilyapti. Ba’zi birovlar “es” tovushiga mo‘l tilda, aftidan ispan tilida so‘zlashayotir, ammo bu kimsalar shirakayf.
Xarobalarning malla kalamushi Bill Xarrigan peshtaxta yonidagilar orasida. Ikkita qadahni bo‘shatib ulgurgan bo‘lsa-da, chamasi, bir sentavosi ham qolmaganidan shekilli, yana ichishni tusab turibdi. U ayni shu kengliklar odamlaridan hayratda. Uning nazarida bu odamlar ajoyib, badjahl, omadli, yovvoyi otlar va asov toylarni jilovlay biluvchi abjir bo‘lib ko‘rinadi. Birdan o‘rtaga sukunat cho‘kadi, bu jimlikni faqat hirgoyi qilayotgan mastgina payqamaydi.
Ichkariga barcha barzangi yigitlardan-da barzangiroq – yuzlari keksa hindu ayolning yuzlariga esh meksikalik kirib keladi. Uning boshiga ulkan sombrero qo‘ndirilgan, yonlarida esa to‘pponchalar. Ispan so‘zlari bilan bulg‘angan ingliz tilida tavernadagi hamma gringolarga, itvachchalarga xayrli tun tilaydi. Chorlovga hech kim javob qilmaydi. Bill uning kimligi bilan qiziqqach, bu meksikalik Dego, ya’ni Diyego yoki Chiaualik Belisario Vilyagran ekanini qo‘rqa-pisa pichirlab ma’lum qilishadi. Shu zahoti o‘q ovozi yangraydi. Bill baquvvat yelkalar osha surbet mehmonga o‘q qadaydi. Vilyagranning qo‘lidan qadah sirg‘alib tushadi, keyin jasad gursillab qulaydi. Ikkinchi o‘qqa hojat yo‘q. Bill marhum oliftaga qarab ham qo‘ymasdan suhbatni davom ettiradi. “Nahotki- deydi u: – Men esam Nyu-Yorklik Bill Xarrigan bo‘laman”. Hech kim bilan ishi yo‘q mast hirgoyisida davom qiladi.
Bu voqeadan keyingi g‘ala-g‘ovurni tasavvur qilish qiyin emas. Billning qo‘llarini siqib, olqishlarga ko‘mib yuboradilar, viski bilan siylab “ura” deya o‘kiradilar. Kimdir Billning to‘pponchasida belgi yo‘qligi va Vilyagran halokati sharafiga birinchisini naqshlash lozimligini aytadi. Marhumning pichog‘ini esdalik uchun olib qolayotib, Billi Qotil shunday deydi: “Meksikaliklar pichoq osib yurishga loyiq emaslar”. Voqea bu bilan ham ado bo‘lmaydi. Charchagan Bill to‘shagini marhum yoniga yozadi va hammaning ko‘z o‘ngida tongga qadar pinakka ketadi.
QOTILLIK HAQQI QOTILLIK
Mana shu merganlik bilan otilgan o‘q tufayli (o‘n to‘rt yoshida) Qahramon Billi Qotil dunyoga keldi, Qochoq Bill Xarrigan esa go‘rga kirdi. Hilvatlarda qaroqchilik qilgan ablah chegara hududlarda beboshlik qiluvchi kovboyga aylandi. U Oregon va Kaliforniyadagi urfga ko‘ra, o‘zini ortga tashlab emas, balki Vayoming va Texasdagi kabi egarda tik o‘tirishni o‘rgandi.
Fusunkor bu kovboyda Nyu-York o‘g‘risining allaqaysi belgisi baribir saqlanib qolgandi; u zanjilar bilan do‘st bo‘lmagani kabi meksikaliklardan ham nafratlanar, ammo so‘nggi so‘zlari (palid so‘zlar) ispan tilida bo‘ldi. Izquvarlardan daydilar sabog‘ini oldi. U boshqa bir san’atni, mushkulroq boshqa bir san’atni– hukmronlik qilish san’atini ham o‘zlashtirib oldi. Bularning har ikkisi omadli ot o‘g‘risi bo‘lib yetishiga ko‘mak berdi. Goho zamon uning ko‘ngli gitara sadosi va Mexiko islovatxonalarini tusab qolardi.
Uyquni dog‘da qoldirib, u qatorasiga to‘rt kunlab chapanilar davrasida aysh-ishrat surar, bularning barchasi ba’diga urgach esa qarzlarini o‘k bilan to‘lardi. Barmog‘i tepki ustida ekan, u o‘sha chekka o‘lkadagi eng dahshatli va balki eng ojiz va yolg‘iz kovboy edi. Keyinroq Billning boshiga yetgan og‘aynisi, sherif Garret bir gal shunday dedi: “Men buyvollarni o‘ldirib, merganlikni astoydil mashq qildim.”—“Men esam odamlarni o‘ldirib yana ham astoydil mashq qildim” deya muloyim so‘z qotdi Bill.
Tafsilotlarni tiklash mushkul, ammo“meksikaliklarni hisobga olmaganda” u yigirma bir nafar odamni juvonmarg qilgani barchaga ma’lum. Yetti xatarli yil davomida u telbalik degan serhasham matohni qo‘ldan qo‘ymadi.
1880 yilning 25 iyul kechasi Billi Qotil Sammer fortining shohko‘chasi–va balki yakka-yagona ko‘chasi–bo‘ylab ot qo‘yib borardi. Issiqdan diqqinafas bo‘lgan odamlar chiroqlarni yoqishmagandi. Peshayvonda tebranma oromkursida hordiq chiqarayotgan komissar Garret to‘pponchasini chiqardi va Billining qorniga o‘q qadadi. Saman hamon yelib borar, chavandoz esa qulagan joyida tipirchilab yotardi. Garret yana bir bor o‘q uzdi. Billi Qotilning yaralanganini bilgan odamlar darichalarini yana ham zichroq yopib qo‘yishdi. O‘lim talvasasi uzoq va samoni tahqirlovchi darajada bo‘ldi. Quyosh tikkaga kelgan mahal unga yaqinlashib, to‘pponchasini tortib olishdi. Billi o‘lib yotar va hamma o‘liklar kabi keraksiz matohga aylangandi.
Uning soqolini qirtishlab, yangi libos kiydirishdi, keyin esa odamlarni qo‘rqitish va ermak uchun eng yaxshi do‘konning peshtaxtasiga o‘rnatib qo‘yishdi. Billi Qotilni so‘nggi bor ko‘rib qolishni istagan odamlar chor-atrofdagi qishloqlarda ot yoki aravalarda yetib kelishardi. Uchinchi kuni unga ozroq pardoz berishga to‘g‘ri keldi. To‘rtinchi kuni esa shod-hurramlik bilan dafn etdilar.
Sharifjon Ahmedov tarjimasi