Qariya Lekstrem oshqoshiq bilan chuqur likopni kavlardi. U o‘zi uchun ataylab mayda to‘g‘ralgan go‘sht va kartoshkani qoshiqqa arang ilib, bo‘laklarini dasturxonga to‘kardi. Ba’zida Lekstrem yog‘dan yaltirayotgan barmoqlarini gerdayib qiziga cho‘zar, Regina sochiq yoki qo‘liga ilingan latta bilan ularni tozalab artardi. Oshxonaning ochiq derazasi daraxtlar quyuq o‘sgan hovliga qaragan, quyosh nuri bu yerga juda kam tushadi. Mashinalar uy yonidan shunchalik g‘izillab o‘tadiki, katta yo‘l yupqa suv qatlami bilan qoplanganga o‘xshaydi.
Mauno Santavirta tantanavor paytlarda kiyiladigan qora po‘rim kostyumda issiqdan lohas tortib, jiqqa terga botib o‘tirar, har gal ter tomchisi kiprigidan ko‘ziga oqib tushganda, kuyov ko‘zini pirpiratardi. O‘ng qo‘li bilan Reginaning tirsagini mahkam tutar, go‘sht to‘g‘rashi kerak bo‘lgandagina, Santravirta asabiy alanglab, iloji boricha sezdirmay qo‘lini chetga tortardi.
Qariya Lake nihoyat tekin tinglovchilarga ega bo‘lib, tinmay vaysardi. Kuyov ko‘ngil uchun viqor bilan bosh irg‘ar, o‘rinli-o‘rinsiz joyda ma’nodor qilib gapirib qo‘yardi:
– Ha, ha. Xuddi shunday.
U ko‘proq Reginaga, ayniqsa, uning yoyilgan malla sochlariga qarardi. Sochlar mis simdek yaltirar, quyosh nuri qizning ensasiga tegishi bilan esa olovdek yonardi.
Qariya labi labiga tegmay Xelsinkida qachonlardir, deyarli o‘tgan yuz yillikda ko‘tarilgan dahshatli to‘fon haqida so‘zlardi.
– Eslash ham qo‘rqinchli, eski cherkov bog‘ida hamma katta daraxtlarni ildizi bilan qo‘porib olgan. Ertasiga olib chiqib ketishga osonroq bo‘lishi uchun ishchilarning ularni arralab bo‘laklarga bo‘layotganini ko‘rgani atay bordim. O‘zim u paytda Kayvopuisto tumanida yashardim, ko‘chada toshlar dumalardi, mushtdek keladigan toshlar. Umrimda bunaqasini ko‘rmagandim. Sohilda nimalar bo‘lgandi-ya, perkele! To‘lqinlar yelkanli qayiqlarni payrahaga aylantirib yubormaguncha har tomonga itqitib, urardi. Shunda anavi Seblom kelib, qayig‘ini cho‘ktirishimni iltimos qildi. Men darrov suzib borib, machtaga chiqdim-da, epchillik bilan qayiqni ag‘darib yubordim. U osongina cho‘kib ketdi, faqat machtaning uchi chiqib turardi. O‘sha Seblom mukofotiga seni Porvoga olib borib, yaxtani boshqarishingga ruxsat beraman, deb va’da berdi. Lekin keyin, qayig‘ini ko‘tarishga uringanimizda, – jin ursin! – kimdir bizgacha bu ishni qilgani ma’lum bo‘ldi. Qayiqdan nom-nishon yo‘q, faqat tayoq chiqib turibdi, o‘g‘rilar xo‘jako‘rsinga uni qumga tiqib ketishgan ekan.
Baxtimga, ko‘p o‘tmay uzoq joylarga suzadigan boshqa kapitan, Blomberg o‘z yaxtasida dengizga chiqdi, u o‘zi bilan Seblomni oldi, Seblom esa – meni. Kapitanlar yo‘l bo‘yi paluba ostida, kayutada ichkilikbozlik qilishdi. Shturvalni ham, yelkanlarni ham o‘zim boshqarishimga to‘g‘ri keldi. Vaholanki, men u paytda bor-yo‘g‘i o‘n bir yoshli bola edim. To‘g‘ri, ko‘pni ko‘rgandim, yelkan ostida ko‘p suzgandim, biroq Porvo tomonga yo‘lim tushmagandi. Uzoqdan qoyani ko‘rib, bor ovozim bilan qaysi tomondan aylanib o‘tishni so‘rab qichqirardim, ular esa menga pastdan baqirishardi – o‘ngga yoki chapga deb. Xudoga shukr, boboylar yo‘lni yoddan bilisharkan. Nihoyat Porvo bandargohiga yetkanimizda Seblom birdan qirg‘oqqa tushmoqchi emasligini aytib qolsa deng. “Onang biz haqimizda nima deb o‘ylaydi, Blomberg? Axir g‘irt mastmiz-ku”. – “Uning o‘lganiga o‘n besh yil bo‘lgan”, – dedi Blomberg. “E, Xudo! Nahotki u qazo qilgan bo‘lsa?!” “Yuraqol, og‘ayni, kelgan ekanmiz, jilla qursa, qabrini ziyorat qilaylik”. – “Yo‘q, yo‘q, falokatdan nariroq yurgan yaxshi. Axir mastmiz-ku!” – “Unda bu ishni o‘rnimizga bolakay qilsin”. Yugurib borishimga to‘g‘ri keldi, mozor esa, aksiga olgandek, tog‘da ekan. Qabrni qanday qilib darrov topa olganimni bilmayman…
– Dadajon, endi ozroq ovqatlaning, – Regina muloyim ovozda cholning gapini bo‘ldi.
– Yo‘q, boshqa yegim kelmayapti, – dedi qariya o‘jarligi tutib.
– Dadamizning xotirasi juda o‘tkir ekan, – dedi Santavirta hurmat bilan.
– Mening yoshimda o‘tkir bo‘lish kerak-da. Yo‘qsa, hamma burungi ishlarni eslab qolib bo‘larmidi. Xa-xa-xa… Ha, nima haqida gapirayotgandim? Qaytishda qariyalar biri olib, biri qo‘yib qo‘rqinchli voqealarni eslashdi, tag‘in mastlikda hadeb bir gapni qaytarishardi. Belman haqida bunday deyishdi…
– Mashhur shoir haqida emasmi? – so‘radi Santavirta odob bilan.
– Sen qayerdan bilasan? – ajablandi qariya.
– Mauno, eshityapsanmi, dadam senga “sen” deb murojaat qilyapti. Qanday yaxshi! – sevinib ketdi Regina.
– Bu tabiiy, – g‘ururlandi Santavirta.
– Dada, qahva sovib qoladi, – deb eslatdi Regina.
– Nima? – dovdiradi qariya. – Qahva? Menda qahva bormi?
– Ha, axir sizga hozirgina quyib berdim-ku.
– Nega buni darrov aytmading?! – achchiqlandi chol.
– Lekin dadajonim hikoyaga shunchalik berilib ketdiki, baribir eshitmagan bo‘lardi.
– Dada, bizga quloq soling, iltimos, – Santavirta tantanavor ohangda gap boshlab, Reginaga ma’noli jilmayib qo‘ydi. Qiz uyalib, unga hadiksirab qaradi, lekin shu zahoti nigohini qanddonga shunday qattiq tikdiki, undan hatto bir bo‘lak qand tushib ketdi. – Biz niyat qildik, qizingiz bilan turmu…
– Bir gal rosa hangoma bo‘lgandi. Akam Alarik dengizga chiqdi, – atrofda hech nimani payqamay, vaysardi chol. – Rosa nomi chiqqanidan Xiyetalaxti bandargohiga kelib to‘xtaganida, politsiyachilarimizning bari uni kutib olgani shoshildi, yigitlar qirg‘oqqa tushiboq ularga yopishib ketishdi. Uzoq suzgandan keyin har doim qo‘llari qichib qolardi, politsiyachilarni urishga qo‘yib bersangiz bo‘ldi, ular dengizdayoq shuni o‘ylab rohatlanishardi. Mushtlashuv shundoq bandargohda boshlanib ketdi. Perkele! Bu haqiqiy ur-yiqit edi, – valdirardi qariya ko‘zlarini vahimali olaytirib. – Mirshablar urishqoqlarni bir amallab mahkamaga olib ketishdi. Lekin o‘sha yoqda mushtlashuv yana davom etdi, bu gal yigitlar ustun kelishdi – politsiyachilar “uylarida” hovurlaridan tushib qolishdi, gijgijlaydigan tomoshabinlar ham yo‘q edi. Yigitlar ularni mirshabxonaga tiqib, qulflashdi, qaysidir mishiqiga kalitni politsiya boshqarmasiga olib borib berishni tayinlab, o‘zlari suzib ketishdi. Ana o‘shanda shunaqangi ishlar boshlandiki! Mirshab zoti borki Punavuori bo‘limiga yopirildi, eng kattasi izvoshda edi, yugurdaklari yonida chopib borardi. Rosa hangoma bo‘lgandi, sizlarga aytsam, – o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rganman. Politsiya binosini o‘rab olib, o‘zlarinikilarni qamoqdan chiqarib yuborishdi. Birdan katta mirshab baqirib qoldi: “Bu qanaqasi?! Oltita ahmoq, har biri buqadek keladi-yu, o‘zini turmaga qamattirib o‘tirsa! Nega bu yerda o‘tirib oldinglar?” – “Axir ustimizdan qulflab ketishdi-ku”, – deb o‘zlarini oqlashardi ular. “Nima, derazadan tushib ketolmadinglarmi? Azbaroyi pastligidan ko‘chadagi mastlar to‘g‘ri kameraga gursillab yiqiladi!” – “Chin so‘zimiz, janob boshliq, yaqin orada hech kim yiqilmadi”. – “Jim bo‘linglar, galvarslar! Sizlar hatto politsiyachilikkayam yaramaysizlar!..”
– Dadajon, Mauno sizga bir nima aytmoqchi, – deb gap qistirdi Regina nihoyat.
– To‘g‘risini aytish kerak, men ham bolaligimda dengizni orzu qilardim, onam qo‘yib yubormagan. Otam esa o‘qishni o‘rganishim bilanoq muqovachiga shogirdlikka bergan. Xapoyya haqida eshitganmisan? – kutilmaganda kuyoviga qaradi chol.
– Ha, albatta, ancha mashhur ism, – xijolat bo‘ldi u. – Bir daqiqa, eslab ko‘raman.
– U… dunyodagi eng beshafqat qotil edi!
– Lekin dadam ovqatdan keyin qo‘rqinchli narsalar haqida gapirmaydi-ku, – deb yalindi Regina. – Bu juda zararli!
– U butun umr qamoqda o‘tirgan, – qariya qiziga e’tibor bermadi. – O‘sha Xapoyya markaziy qamoqxonada o‘lib ketdi. Birinchi kuniyoq xo‘jayin meni o‘sha qaroqchi turmada yozgan kitobni olib kelishga jo‘natdi, u kitobda hamma sarguzashtlarini tasvirlagan. Biz kitobni muqovalashimiz kerak edi. Menga qaroqchining belidan shilib olingan teri parchasini muqova uchun topshirishdi. Teriga ishlov berilgach, birdan qorayib ketdi – shu ahvoldayam muqovaga yaragan bo‘lardi-yu, lekin ustida zarhal turmasdi: odam terisi zarhal berishga juda quruqlik qiladi, – beo‘xshov iljaydi qariya.
– Nima qilamiz? U hech nimani eshitmayapti, – dedi Santavirta umidsizlanib Reginaga. – Gapirgani gapirgan, odam emas, radioning o‘zi.
– Yana bir marta urinib ko‘r, – maslahat berdi Regina.
– Nimadir dedingmi, a?
– Mauno qo‘limni so‘ramoqchi, – shodon ovozda qattiq gapirdi Regina.
– Men ham shuni aytyapman-da, gvardiya Sarskoye seloda edi. Polk harbiy mashg‘ulotlari bo‘layotgandi. Rus bataloni o‘q uzar, finlar esa natijani hisoblashardi. Ruslar avvaldan nishonlarni teshib, o‘zlari osmonga o‘q uzishardi. Mashg‘ulot avjiga chiqqanda, podshoh birdan o‘q uzishni to‘xtatdi. Bilasizmi, u hamma qanday qilib nishonga bunchalik aniq urayotganiga qiziqib qoldi. Tinib-tinchimagan, hovliqma shoh edi-da o‘ziyam. “Nishonga aniq tekkizish – yuzdan bir yuz qirq! Siz ajoyib mergansiz”, – deb maqtadi fin shu payt o‘q uzayotgan rus zobitini. “Xudo haqqi, faqat podshohga aytmang, – deb yalinardi u. – Rahm qiling, xotinim, kichkina bolalarim bor. Hech bo‘lmasa, yuzdan qirq deng”. – “Nega meni yolg‘on gapirishga undayapsiz? – qizishdi fin. – Meniyam xotinim, bolalarim bor. Ha, mayli, shunday bo‘laqolsin, yuzdan to‘rt deyman”. – “Azizim, to‘rt bo‘ladimi yoki qirq, sizga baribir emasmi? Muqaddas avliyolar haqqi, qirq deng”. – “Men to‘g‘riso‘z odamman, lekin yuragim tosh emas. Shuning uchun tanlang, to‘rtmi yoki bir yuz qirq?”
Chol shunday deb dasturxondan tura boshladi.
– Yo‘q, yo‘q, dadajonim hali ketmaydi-ku axir, – hovliqib qoldi Regina.
– Ko‘p ovqat yeb qo‘yganga o‘xshayman, biroz mizg‘ib olishim kerak, – e’tiroz bildirdi Lekstrem va oyoqlarini shapillatib o‘z xonasiga qarab ketdi.
– Dada, gapimga quloq soling, – cholning ketidan yurgancha yalinardi Mauno. – Yo‘q, u quloq ham solmayapti!
– U eshitmayapti, – deb to‘g‘riladi qiz.
– Juda yaxshi eshityapti, shunchaki o‘zini eshitmaganga olyapti. Hamma karlar bir xil. Ular haqida biron yomon gap aytsang bas, darrov eshitishadi.
– Mauno, dadam haqida nimalar deyapsan?!
– Biron noto‘g‘ri gap aytdimmi? Kechirasan, xohlamagandim, azizam.
– Nega menga baqiryapsan?
– Faqat, Xudo haqqi, yig‘lamagin. Axir o‘zimni o‘ylayotganim yo‘q-ku, tushun. Shaxsiy hayoting bo‘lishi kerak-ku. Axir asira emassan-ku. Men-chi? Men haqimda o‘ylamasa ham bo‘ladi. Bundan chiqdi, shu cho‘tir ko‘rimsiz chol sen uchun ham oila, ham er…
– Uyat emasmi! Axir bu mening otam-ku! – ho‘ngrab yig‘lab yubordi Regina.
– Xo‘p, bo‘pti, bo‘pti, yaxshisi, ochiq havoga chiqaylik. Bu yer shunchalik dimki, hatto fikrlayolmayapman.
Ular boqqa chiqib, gullab turgan nastarinli shiyponchaga o‘tirishdi. U yer nim qorong‘i va salqin edi, sigareta tutuni ko‘k ajdarlar misoli g‘alati buralardi.
– Kirib, dadam bilan yaxshilikcha gaplashaman, – deb jazm qildi nihoyat Santavirta.
– Dadam allaqachon uxlab qolgan, – umidsiz qo‘l siltadi Regina.
Ammo Santavirta baribir turib, uyga qarab yurdi. U dahlizga kirib, ikkilanib depsinib turdi-da, nihoyat cholning xonasi eshigini jur’atsiz taqillatdi. Javob bo‘lmagach, eshikni sassiz ochib, ichkariga mo‘raladi. Chol boshini g‘alati tarzda orqaga tashlab karavotda yotar, qirra burni so‘ppayib qolgandi.
Santavirta cho‘chib eshikni yopdi-da, yo‘lakdan o‘tib, deraza oldida to‘xtadi. Regina nastarinli shiyponchada oyoqlarini chalishtirib o‘tirgancha chekardi. Santavirta sigaretni polga tashlab, poyabzalining uchi bilan o‘chirdi, keyin shlyapasini kiyib xo‘rsindi-da, qiz tomonga qarab yurdi.
Rus tilidan Komila Nosirova tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 12-son