Jabduqdo‘z Antip Kalachnikov odamlardagi kuyunchaklik va mehribonlikni qadrlardi. Har qalay, kayfiyati soz damlarning birida uyda xotiniga muloyimlik
bilan gap qotdi:
– Marfa, filday ayolsan-u, miyang ishlamaydi-da.
– Hi, nimaga endi?
– Nimagaki… Nimani xohlaysan o‘zi? Senga qolsa, kechayu kunduz tikaversam, tikaversam. Axir, menda ham qalb bor, yurak bor. Uning ham quvongisi, ham yayragisi keladi.
– Tupirdim-ey, o‘sha qalbingga!
– Eh-h…
– Nima eh, nima eh?
– Shunday, o‘zim… Joyi jannatda bo‘lgur «quloq» otajoningni eslab qoldim-da.
Serjahl, «filday» Marfa ikki qo‘lini beliga qo‘yib, Antipga qattiq tikildi. Kichginagina ramaqijon Antip matonat bilan bu tikilishni yengdi.
– Sen… otamni tinch qo‘y… Tushundingmi?
– Him, tushundim, – qisqa javob qildi Antip.
– Shunday bo‘lsin.
– O‘ta qattiqqo‘lsan-da, Marfajon. Axir, bunaqa emas-da, jonim. Bunaqada yuragingni ado qilib o‘lib-netib qolsang, nima bo‘ladi?
Qirq yillik turmushlari davomida Marfa Antipning qachon jahl qilayotgani, qachon jiddiy gapirayotganini hech tushunolmasdi.
– Bas, tikishingni qil.
– Tikayapman, onasi, tikayapman.
Kalachnikovlar xonadonidan hamisha ishlov berilgan terining achimsiq hidi anqib turardi. Uy keng va yorug‘ edi.
Qachonlardir bu uyda bolalarning jarangdor kulgisi yangragan damlar ham, keyinroq to‘ylar ham bo‘lgan, o‘lim kelib xonadon qayg‘uga cho‘kib, ko‘zgular yuzi bekitilib, lipillab yongan xira sham yorug‘i va aza jimligi hukm surgan, o‘limning chuqur, sirli sharpasi kezgan paytlar ham bo‘lgan edi. Ko‘p narsalar bo‘lgan. Antip Kalachnikov o‘zining bahaybat turmush o‘rtog‘i bilan o‘n ikki jonni ulg‘aytirishdi. Aslida ular o‘n sakkiz farzand ko‘rishgandi. Uyning qiyofasi yillar davomida o‘zgaraverdi-yu, pechkaning o‘ng tomonida, to‘siq orqasidagi Antipning ish joyi o‘zgarmay qolaverdi. U shu yerda ot-ulovga egar, jabduq, yugan, jazliq, no‘xtalar tikar, xomut yasardi. Devorda uning qadrdon balalaykasi osig‘liq turardi. Balalayka uning jonu jahoni, hayotda chuqur muhabbat qo‘ygan ermagi edi. Antip boshini sal eggan ko‘yi uni soatlab chalar va ikkalasi bir vujud bo‘lib qolganday, soz unga unutilgan qadrdon nimasinidir gapirib berayotganday yoki o‘zi unga keksalikning salmoqli o‘ylarini sekin aytib berayotganday… tushunib bo‘lmasdi. Agar sergak Marfa bo‘lmaganida, kun bo‘yi shunday-y o‘tiraverardi. Marfaga esa, uni kun bo‘yi tikish bilan shug‘ullangani ma’qul edi – tikaversa, tikaversa; u pulni yaxshi ko‘rar, har bir chaqa ustida qaltirardi. U butun hayoti davomida Antipning balalaykasiga qarshi jang qildi. Hatto, shu darajaga yetdiki, kunlardan birida jahl bilan balalaykani olovga itqitib yubordi. Antip rangi oqargan ko‘yi sozi qanday yonayotganiga tikilib qarab qoldi. Balalayka quruq qayin po‘stidek birdan lop etib alanga oldi-da, darrov tirishib qoldi. U xuddi odamdek uch marta ingradi, torlari uzildi va o‘ldi. Antip hovliga chiqib, boltani oldi-da, tayyorlab qo‘ygan barcha egar, jabduq, yugan, no‘xtalarni mayda-mayda qilib chopa boshladi. Indamay, betartib maydalab chopdi. Qo‘rqib ketgan Marfa o‘rindiqda g‘iq etmay qarab o‘tirdi.
Shundan keyin Antip bir hafta tinmay ichdi, uyga ham kelmadi. Keyin yap-yangi balalayka olib kelib, uy devoriga osib qo‘ydi-da, yana ish joyiga o‘tirdi. Shundan keyin Marfa balalaykaga boshqa qo‘l tegizmadi. Ammo Antipni diqqat bilan kuzatar: qo‘shnilarnikiga chiqsa ham uzoq qolib ketmas, bilardiki, ostona hatlab o‘tishi bilan u balalayka chalishni boshlar, ishlamasdi.
Kuz oqshomlarining birida ikkalasi uyda o‘tirar, Antip o‘z burchagida ish bilan mashg‘ul, Marfa esa nimadir to‘qirdi. Jimgina o‘tirishardi. Tashqarida yomg‘ir ezilib yog‘ardi. Uy issiq va sarishtagina. Antip yasayotgan xomutiga bolg‘acha bilan kichkina mis mixchalarni qoqardi: taq-tuq…taq-tuq… Marfa to‘qiyotgan narsasini chetga olib qo‘ydi-da, deraza yoniga kelib nimalarnidir o‘ylab tashqariga qarab qoldi. Antip hamon to‘qillatardi. Osma soati ham xuddi hozir to‘xtab qoladiganday sekin chiqillar, ammo to‘xtamasdi. Har zamonda yomg‘ir tomchilari deraza oynasiga mayinlik bilan bo‘g‘iq urilardi.
– Nimadan kuyinayapsan, Marfajon? –so‘radi Antip. – Haliyam qanday qilib ko‘proq pul yig‘ishni o‘ylayapsanmi?
Marfa hamon oyna oldida jimgina o‘ylanib turardi. Antip unga qaradi.
– Xoh o‘yla, xoh o‘ylama, hademay o‘lamiz. Xoh o‘yla, xoh o‘ylama, yuz so‘m bu pul emas, – Antip ishlayotganda shunaqa gaplarni gapirishni sevardi. – Mana, men butun umr o‘tirib ishlab, orttirganim bavosir bo‘ldi. Faqat ishladim! So‘rab ko‘r-chi, hayotda nima ko‘rdim – hech narsa! Odamlar esa kurashishdi, hech bo‘lmaganda, har xil qo‘zg‘olonlar ko‘tarishdi, fuqarolar va jahon urushlarida qatnashishdi. Hech bo‘lmaganda, qahramonlarcha halok bo‘lishdi. Men esa o‘n uch yoshimdan mana shu ishga bog‘lanib, shu yerda o‘tirdim-u, hamon o‘tiribman, hademay yetmishni urib qo‘yaman. Mana shunaqa, bardoshimga balli. Endi, xo‘sh, nima uchun ishladim, degan savol tug‘iladi. Pul haqida hech qachon qayg‘urmaganman, men unga tupurganman. Mendan katta odam ham chiqmadi. Tez orada jabduqdo‘zlarning keragi ham bo‘lmay qoladi. Hayot menga nima uchun berilgan edi, degan savol tug‘iladi.
– Bolalar uchun, – jiddiy javob berdi Marfa. Antip Marfaning suhbatni quvvatlab aralashishini kutmagan edi. Odatda, u bunaqa gaplarni qandaydir g‘azabli luqma bilan yarim belidan tepardi.
Antip jonlandi.
– Bir tomondan o‘ylab qaralsa, to‘g‘ri, ammo ikkinchi tomondan – noto‘g‘ri.
– Qaysi tomondan noto‘g‘ri?
– Shu tomondanki, faqat bolalar uchun yashamaslik kerak. Odam o‘zi uchun ham yashashi kerak.
– Xo‘sh, o‘zing uchun nimalar qilmoqchi eding?
Antip bu savolga birdan javob topa olmadi.
– Nimalar emish? Topardim nima qilishni… Masalan, men musiqachi bo‘lardim. Huv birda shahardan bir odam kelgandi-ku, o‘sha meni «tug‘ma iste’dod, yombi» degandi. Yombi degani esa – bir bo‘lak oltin, kamyob narsa, men shunday deb tushunaman. Hozir men kimman? Oddiy bir jabduqdo‘z, balki menda boshqa bir…
– Bas qilsang-chi!.. – Marfa qo‘lini siltadi. – Vaysayverma, gapingdan odamni ko‘ngli ayniydi.
– Demak tushunmaysan, – xo‘rsindi Antip.
Ancha vaqtgacha jim qolishdi. Birdan
Marfa hiqqilab yig‘lay boshladi. Ro‘molcha bilan ko‘z yoshlarini artib, so‘ng:
– Bolalarimiz butun yer yuzi bo‘ylab uchib ketishdi.
– Nima, bir umr atrofingni o‘rab o‘tirishlari kerakmidi? – gap qotdi Antip.
– Bas qil do‘qillatishni! – dedi qo‘qqisdan Marfa. – Kel, bolalarimiz haqida gaplashib o‘tiramiz.
Antip miyig‘ida kuldi, bolg‘ani qo‘ydi.
– Ha, qariyapsan, Marfa, – dedi u quvnoqlik bilan. – Xohlaysanmi, senga kuy chalib beraman, g‘amingni yozaman?
– Chal, – rozi bo‘ldi Marfa.
Antip turib yuz-qo‘llarini yuvdi, sochini tekislagan bo‘ldi…
– Yangi ko‘ylagimni olib ber.
Marfa sandiqdan yangi ko‘ylak olib berdi. Antip ko‘ylakni kiydi, kamar bilan belini bog‘ladi. Devorda osig‘liq turgan balalaykani olib, burchakka borib o‘tirdi-da, Marfaga qaradi…
– Kontsertimizni boshlaymiz!..
– Sen ko‘pam kuchanma, – maslahat bergan bo‘ldi Marfa.
– Hozir butun o‘tib ketgan yoshligimizni eslaymiz, – dedi Antip maqtangannamo balalaykani sozlay turib. – Esingdami, ilgari odamlar qanday qilib birga jo‘r bo‘lib dalalarda kuylashardi?
– Albatta eslayman, nega eslamas ekanman. Har holda, men sendan yoshroq bo‘lsam kerak.
– Qanchaga? Uch haftalikdan ko‘proqmi?
– Uch hafta emas, ikki yilga. Men u paytda navniholgina edim, sen esa o‘sha paytda ayg‘ir bo‘lib uloqib yurarding.
Antip bu gapga qo‘shilganday kulib qo‘ydi.
– Ha, haqiqatan, men ajoyib yigit edim. Yodingdami qanday qilib ortimdan ilakishib yurarding?
– Kim? Menmi? Yo Xudo!.. Kim edi, huv o‘sha amaki o‘lmagur biyalarni qo‘yib yuborgan kunda bog‘chamizda ishtonini tashlab qochgan, a ?..
– Ishton, deylik mayli meniki bo‘lsin… – dedi Antip balalaykaning oxirgi qulog‘ini buray-buray, kichkina boshchasini sal qiyshaytirib olib torni cherta boshlarkan. Kuy
yangradi. Iliqqina nim qorong‘i yog‘och uyning sokin bo‘shlig‘iga uzoq yoshlikning yorug‘ musiqasi quyildi. U yodga boshqa oqshomni – o‘tib ketgan sog‘inch oqshomini solardi. Ular yaxshi, ham yomon kunlarni eslashdi, hayotdagi eng muhim narsalar haqida o‘ylashar ekan, qaysi biri eng muhimi ekanini bilisholmasdi.
Tikmagin onajon menga
Qizil ko‘ylakni…
Antip sekingina Marfaga qosh uchirdi. Marfa ashulaga qo‘shildi:
Aybimni qadrdonim
Bekor bildirib qo‘yma…
Unchalik jo‘rovozda ayta olishmayotgan bo‘lsalar-da, ikkalasining ham ko‘ngli birdan ko‘tarildi, huzur qildilar. Ko‘z oldilarida unutilayozgan manzaralar gavdalandi. Goh cho‘l, goh daryo qirg‘og‘i, goho shivirlayotgan terakzor, sal qorong‘i, vahimali bo‘lib o‘rmon ko‘rinar, goh… Va ko‘zlarda nimalardir yoqimli jimirlab qo‘yardi.
Hammasi g‘oyib bo‘lgandi: kuz ham, yolg‘izlik ham, pul ham, xomut ham… Endi Antip sho‘x kuyga o‘tdi va mayda qadamlar bilan
suyaklari bilinib turgan biqinlarini o‘ynatib, quvnoq ashula ayta boshladi:
Oh, voy, voy, vo-ya,
Voyginalarim mening.
Kelaqoling, sayr qilib,
O‘ynab kuling, jonlarim…
Antipning bu quvnoq harakatlari kulgini qistar, u har zamon, har zamonda g‘alati qilib sakrab ham qo‘yardi. Marfa kulib yubordi va shu zahoti ro‘molchasini olib ko‘zlarini artib oldi-da, yana kula boshladi.
– Voy Xudoyim-ey, buncha irg‘ishlaysan-a, tomosha qilmagan hech kim qolmagan-u, yana ko‘nglini qarang buni, he…
Antip yashnab ketgandi. Kichkinagina aqlli ko‘zlarida sho‘xchan yorug‘lik zohir edi.
Eh Marfaginam meni, eh Marfaoyginam.
Bekorga sen menga g‘azab qilmagin!
– Esingdami, Antip, qanday qilib meni shaharga, yarmarkaga olib borganing?
Antip bosh irg‘ab qo‘ydi-da:
Oh, eslayman, jonim,
Eslayman Marfaginam.
Oh, xo-xo-xolarim,
Chuchmomayu no‘xatim.
– Biram ahmoqsan-ey, Antip , nimalar deb valdirayotganingni o‘zing ham bilmaysan, – dedi Marfa muloyim boqib.
Oh, Marfaginam, sen menga
Butun xalqning shodligi…
Marfa kulgidan yiqilayozdi, va:
– Biram ahmoqsan-ey, Antip, – dedi.
Oh, u yerda, u yerda-ya,
U yerdaliklarim meni!
– O‘tir, birorta qo‘shiqni birgalikda kuylaymiz, – dedi Marfa ko‘z yoshlarini arta turib.
Antip sal hansirar… Marfaga kulib qarardi.
– Qalay? Sen bo‘lsang, meni Antipim yomon, deysan-a?
– Yomon emassan, kallavaramsan, – to‘g‘riladi Marfa.
– Demak tushunmabsan, – dedi Antip Marfaning bu haqoratli tuzatishiga e’tibor bermay. O‘tirdi. – Axir biz sen bilan bilasanmi qanday yashashimiz mumkin edi! Yurakni yurakka berib! Ammo xafa bo‘lmagin-u… seni mana bu padari qusur pul yeb tashladi.
– Meni pullar emas, ularning yo‘qligi yedi.
– Bo‘pti, qo‘y, kerak emas, tugatdik. Xo‘sh, endi qanaqasini xohlaydilar, xonim-xonimoyim?
– Azamat Volodka haqidagisini.
– Ey, qo‘y, u og‘ir-ku!
– Hechqisi yo‘q. Men hech bo‘lmasa, ozroq yig‘lab olarmidim.
Hey chag‘alaylar, dengiz uzra uchmangiz,
kuylay boshladi Antip, –
Qo‘narga joy qayda u yerda,
Uzoq Sibir tomon uchingiz
Va yetkazing g‘amgin xabarni.
Antip xuddi nimanidir hikoya qilayotganday yurakdan ezilib kuylardi.
Oh, qorong‘u tun soat o‘n ikkida
Volodka azamatni o‘ldirdilar.
Ertasiga ota kichik o‘g‘li ila…
Marfa piqillab yig‘lay boshladi.
– Antip, hoy, Antip! Kechir meni, seni ba’zida xafa qilaman, –dedi yig‘i aralash.
– Hechqisi yo‘q, – dedi Antip. – Sen ham meni kechir, agar biror aybim bo‘lsa.
– Seni ko‘pincha chalgani qo‘ymayman…
– Hechqisi yo‘q, – dedi yana Antip. – Agar meni o‘z erkimga qo‘yganingda, kechayu kunduz balalayka chalib o‘tirardim-da. Axir, bunday yashab ham bo‘lmasdi-da. Men hammasini tushunaman.
– Xohlaysanmi, senga chorakta olib kelamiz.
– Mayli, – rozi bo‘ldi Antip. Marfa ko‘z yoshlarini artdi-da, o‘rnidan turdi.
– Sen do‘konga borib kel, men kechki ovqatni tayyorlayman.
Antip brezent yopinchiqni kiyib xona o‘rtasida turar, Marfaning sandiqdagi har xil latta-luttalar orasidan pul olib berishini kutardi. U turgani holda, xotinining keng yelkasiga tikilardi.
– Bilasanmi, yana nima ish qilish kerak, – dedi u sekingina… – bu o‘zi ancha eskirib qoldi, yangisini olish kerakmidi-ey. Kecha do‘konga olib kelishdi. Ajoyib! Kel, uni ham olaylik.
– Nimani? – Marfaning yelkasi qimir etmay qolgandi.
– Balalaykani-da.
Marfa yana g‘imirlay boshladi… Pulni olib sandiqning ustiga o‘tirdi va asta-sekin sanay boshladi. Lablari qimirlar, qovog‘i soliq edi.
– Uningni hali chalsa bo‘ladi-ku, – dedi u.
– Bitta taxtachasi yorilgan, zirillab qolgan.
– Yelimlab qo‘y. Yelim ol-da, ehtiyot bo‘lib yelimla…
– Bu asbobni yelim bilan yamab bo‘larkanmi? Xudo ko‘tarsin seni.
Marfa jim bo‘lib qoldi. Yana pulni sanay boshladi. Uning butun vajohati qat’iyatli va tashvishli edi.
– Ma, – Antipga pul uzatdi. Yuziga esa qaramadi.
– Faqat choraktalikkami bu? – Antipning pastki labi osilib qoldi.
– Ha-a!
– Hech narsa qilmaydi, hali uni chalsang bo‘ladi. Mana, bugun qanday ajoyib qilib chalding!
– Eh, Marfa!… – Antip chuqur xo‘rsindi.
– Nima, eh? Nima, eh?..
– Bo‘pti, esdan chiqardik, – Antip burilib eshik tomonga yurdi.
– O‘zi necha so‘m turadi, uning? –birdan so‘rab qoldi Marfa.
– I-i, hech narsa turmaydi, u arzimas chaqa!.. Yangi narxda olti so‘m.
– Ma, – Marfa zarda bilan olti so‘m sanab berdi.
Antip tez-tez yurib xotinining yoniga keldi, pulni oldi va chiqdi, gaplashish yoki sekin harakat qilish xavfli edi. Marfa tezda aynib qolishi mumkin edi-da.
Rus tilidan O‘roz Haydar tarjimasi
“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 11-son