Qachonlardir uning ketmoni uchgandi. Urush qo‘pgan zamon edi. Qishloq kezib, qo‘shiq kuylardi. Uni ramaqijon, lekin joni qattiq, ziqna va shang‘i Matryona Kondakova yetaklab yurardi. U Matryona Kondakovani xotinjon deb atardi.
Ko‘pincha u qishloq do‘koni bo‘sag‘asida o‘tirvolib, qo‘shqator barmoqbosdili rus garmonini chiqazar, tizzasiga qo‘yvolib hafsala bilan uzoq sozlar, yelkasidagi tasmani to‘g‘rilab olardi… U, albatta, artist edi. Tinglovchilarni shaylar, ko‘nglini iydirardi. Tinch-xotirjam o‘tirardi. So‘qir ko‘zlari (u tug‘ma ko‘r edi) allaqayoqlarga, olis-olislarga “tikilardi”. Mana shu daqiqalarda uni kuzatish qiziq edi. Matryona huda-behudaga tantanali tomoshani buzaverardi – timirskilanib, chaqa-pul tashlash uchun zinaga alyumin do‘lchani qo‘yar, negadir guldor kashmiri sholro‘molni yarashsa-yarashmasa – axir, yosh qizcha emas – boshiga tashlab olardi… Matryonaga ko‘p ham e’tibor berishmasdi. Ganyaga nazar solishardi. Kutib turishardi. U esa asta, sipogina yo‘talib olardi-da, boshini salgina xam qilib, yolg‘iz o‘zigina ko‘radigan olislarga “tikilgancha”, boshlardi…
Ancha-muncha qo‘shiq bilardi. Hammasi urush, zindon, yetimchalar, daydilar haqida bo‘lardi… Orasida “diniy”lari ham chiqib qolardi, biroq ortidan “qizil” qo‘shiqlar yangrardi. Yoqmasa, iltimos qilishardi:
– Gan, oyoqsiz haqidagini boshla.
Ganya mehribon Xudojondan aqalli tushida bo‘lsayam oyoqchalar ato etishni so‘ragan, yurish qanaqa bo‘lishini bilishni juda-juda istagan oyoqsiz (qizaloq) haqidagisini kuylab ketardi…
Xotin-xalaj hiqillashga tushardi.
Matryona ham kashmiri sholro‘molining bir uchiga ko‘zyoshlarini artib olardi. Kim bilsin, balki jo‘rttaga qilgandir. U ilonning yog‘ini yalaganlardan edi.
Ganya “sibmaxlag”chilar (Sibir lagerlari mahkumlari) haqida, qochishni eplagan surgun haqida kuylardi; o‘sha qochoq qochishga qochibdi-yu, qayoqqa borishni bilmay boshi qotibdi, chunki xotini – suyuqoyoq bittasiga ilakishib, dom-daraksiz yo‘qolgan ekan-da.
Keyin “moviy, odmi durracha”ni kuylardi…
Damlari ichiga tushib tinglashardi. Ganya past, bo‘g‘iq ovozda aytar, ba’zida (avjiga chiqqanda) birdan jim bo‘lib qolar, faqat soziga zo‘r berar, so‘ngra yana davom etardi. Qo‘shiqlari har xil bo‘lardi.
Yakshanba kun kampircha
Zindon sari yo‘l oldi.
Och qolgandir o‘g‘ilcha,
Tugun qildi, “oh” soldi.
Ganya yiroqlarga “tikilgani”, yuzi qayg‘uli va jiddiy tusga kirgani uchunmi, kampircha turma darvozasiga yaqinlashgani, tugunchasida ul-bul: bir tishlam moy, bo‘g‘irsoq, tuxum, lattaga o‘ralgan tuz, bir shisha sut borligi ko‘rinib ketardi go‘yo…
Tugunni ber, okasi,
Yo‘lda hamma gap qotdi –
Zindonband ko‘p, nechasi
Ochligidan tosh qotdi.
Xotin-xalaj, qari-qartang, bola-baqra bularning barchasini o‘zlaricha tushunishardi – u yoqda boyaqishlar ko‘pliginiyam, ochlikdan tirishib qolishlariniyam. O‘sha bechora “o‘tirgan”ga, kampirning o‘g‘liga “rizq”ini yetkazishlarini chin dildan istashardi – ozgina bo‘lsayam qorniga biron nima tushsin, chunki ahmoqqayam ayonki, avaxtada o‘zi emas. Ammo…
Dedi qo‘rchi yoyilib:
“O‘g‘ilginang gum bo‘ldi.
O‘tgan kunda otilib,
U dunyoga yem bo‘ldi”.
Bo‘g‘izga alam-dog‘ tiqilib qoladi. Odamni o‘kirib yuborgisi keladi… Ganya anglab turardi buni. Ammo miq etmasdi. Faqat mis qirrali eski garmonigina sado beraverardi. Keyin esa:
Ortga qaytdi kampircha
Zindondan bosh eggancha…
Bilmas endi hech kimsa
Yurakdagi dog‘ qancha.
Qanaqasiga bilishmasin – bilishardi! Ko‘z yoshi qilib olishardi-da, do‘lchaga beshtalik, o‘ntalik, yigirmataliklarni tashlashardi. Matryona kim qancha berayotganini hushyor kuzatib turardi. Ganya bo‘lsa garmonini quchoqlab o‘tirar, hamon o‘zining olis, noma’lum sayxonliklariga “tikilgani tikilgan” edi. Bu nigohlar g‘alati edi, tushuntirib bo‘lmas dahshatli, yurakni ezadigan.
Keyin urush tugadi. Omon qolgan erkaklar qaytib kelishdi… Qishloqqa jon kirib, gavjumlashdi. Radio o‘tkazishdi, patefon olib kelishdi – Ganya endi ortiqchaday tuyuldi. Matryona ikkovi kezinishdan to‘xtashmadi, lekin uni baribir berilib tinglashmasdi. To‘g‘ri, sadaqa berishardi, shunday – rahm qilib, ko‘zi ojiz odam, amal-taqal bo‘lsayam tirikchiligi o‘tsin, deb. Keyinroq Ganyani qishloq idorasiga chaqirishib:
– Senga nafaqa tayinlaymiz. Endi sang‘ib yurmagin, – deb uqtirishdi.
Ganya anchagacha raisga yonlamasiga qarab, og‘ziga talqon solib o‘tirdi. So‘ngra:
– Himmatli hukumatimizga rahmat, – dedi-yu, ketdi.
Shundayam sandiroqlashni qo‘ymadi, faqat uzoqroqqa, o‘sha “isqoti radio‘” o‘tkazilmagan yerlarga boradigan bo‘ldi.
Ammo qancha uzoqqa borsa, shuncha battarlashaverdi. Yosh-yalang hatto ularning ustidan kulishgacha bordi.
– Siz, amaki… ko‘zga yosh keltirvoryapsiz-ku. Sho‘xrog‘idan chalsangiz bo‘lmaydimi?!
– He, zang‘arlar, – dili og‘ridi Ganyaning. – Eh, ko‘p narsani tushunasanlar-da!
Shartta garmonini yig‘ishtirib, qopchig‘iga solardi-da, Matryona bilan yana olg‘a ketishardi… Lekin borgan sari ahvol chatoqlashaverdi.
Shundan keyin Ganya daydishni bas qildi.
Matryona ikkovlon tog‘ etagidagi choqqina kulbada turishardi. Matryona polizda kuymalanardi. Ganya nimaga unnashni bilmasdi. Ichadigan odat chiqardi. O‘zlarining yerlarida Matryona bilan it-mushuk bo‘lib olishardi.
– Nafsingga o‘t tushsin! – shang‘illardi Matryona. – Ichib ado qilasan nafaqangni, keyin ikki barmog‘imizni burnimizga tiqib o‘tiraveramizmi?! Xumkallang ishlaydimi o‘zi yoki umuman ilma-teshik bo‘p ketganmi?
– Yum og‘zingni, – do‘q qildi Ganya. – Umuman ochma!
– Kapgir bilan boshingga bir tushiraman – ochish qanaqaligini ko‘rasan o‘shanda!.. Shayton olgur, ko‘rsoqqa.
Ganya dokadek oqarib ketdi.
– Sen mening soqqalarimga til tekkizma! Nurdan ajratgan senmassan meni, kim qo‘yipti senga bu gaplarni valdirashni!
Ganya allanechuk tajanglashib qoldi. U-bu joyga, to‘yga aytishsa, bosh tortadigan bo‘ldi.
– Men sizlarga masxarabozmasman, yallama-yorim qilishlaring uchun ting‘ir-ting‘ir chalib bergani. Uqdinglarmi? Endi patefonlaring bor – o‘shaning nog‘orasiga o‘ynayveringlar.
Bir safar qishloq idorasidan yoshlar kelib-ketishdi (aftidan, Matryona halloslab borib shikoyat qilgan), yurak yutib og‘iz ochishdi:
– Siz shunaqa bir… ko‘zi ojizlar jamiyati borligini eshitgandirsiz…
– Ana o‘shaqqa borib yozilinglar, – dedi Ganya. – Menga shu yer ham bo‘laveradi. Anavi… mening… unga aytib qo‘yinglar: yana bir marta idorama-idora chopadigan bo‘lsa, oyoqlarini sindiraman.
– Nega shunaqasiz-a?
– Qanaqa?
– Sizga yaxshi bo‘lsin deyilyapti, axir…
– Men esam istamayman! Ular istashsa, men istamayman! Shunaqaman… nokas tug‘ilganman, o‘zimga yaxshilikni ravo ko‘rmayman. Nafaqamni to‘lab turibsizlar, shunisiga rahmat. Ortiq hech vaqo kerakmas sizlardan menga. O‘sha jamiyat-pamiyatlaringda balo bormi menga? Paypoq to‘qib, radio eshitib o‘tiramanmi?.. Rahmat! O‘shaqdagilarga mendan boshim yerga tekkuncha ta’zimimni yetkazib qo‘yinglar.
…Faqat bir marta Ganyaning ko‘ngli orziqib ketdi, jon kirganday bo‘ldi, yosharib ketganday tuyuldi hatto…
Shahardan allaqanday odamlar – uch kishi kelib so‘rashdi:
– Gavrila Romanich Kozlov shu yerda yashaydimi?
Ganya sergaklandi.
– Nimaydi? Jamiyatga borish uchunmi?
– Qanaqa jamiyat?.. Siz ko‘pgina qo‘shiq bilarkansiz, bizga aytishdi…
– Xo‘sh?
– Bir eshitsak degandik. Yozib olsak bo‘lardi…
– Nega? – o‘smoqchiladi Ganya.
– Biz xalq qo‘shiqlarini yig‘amiz. Yozib olamiz. Qo‘shiqlar o‘lmasligi kerak…
Shunday so‘zlarni aytgan tilingga shakar, shaharlik!.. Ganya dik etib o‘rnidan turdi, ma’nosiz ko‘zlari pirpirab ketdi… Ko‘zyoshlarini tiyolmadi, quyilib kelaverdi, odamlar oldida yer yorilmadi-yu, kirib ketmadi. Keyin qovog‘ini uyib, yo‘talib qo‘ydi, anchagacha churq etolmadi.
– Bizga kuylab berasizmi?
– Kuylab beraman.
Bo‘sag‘aga chiqishdi. Ganya zinapoyaga o‘tirvoldi, tag‘in garmonini tizzasiga qo‘yvolib hafsala bilan uzoq sozladi, yelkasidagi tasmani yaxshilab to‘g‘rilab oldi. Yana yiroq-yiroqlarga “tikildi”, yuzida tantana va jiddiyat balqidi. Mung va nafislik ham.
Erta kuzakning to‘kin-sochin kunlaridan biri, yerda tinchlik-osoyishtalik, tanni yayratar iliqlik hukm surmoqda. Qishloqda yosh-u qari karam kesishga, kartoshkani o‘raga ko‘mishga, tomorqalarda ekin-tikin poyalarini quruqligida yoqishga shoshib, ish qaynayotgan mana shunday rohatijon kunda hech kim Gavrila Romanich Kozlovnikida bugun shodiyona ekanini bilmasdi.
Tomorqadan Matryona yetib keldi.
Qo‘shni Yegor Anashkin chetandevorga suyanib oldi… Bo‘sag‘aga allaqanday chambaraklar qo‘yib, qo‘llarida yondaftar bilan Ganyani eshitishga taraddudlanib turgan shaharliklarga angrayib qolishdi.
– Boshlanishiga munglisidan bo‘lsinmi yoki turma haqidagisidanmi? – so‘radi Ganya.
– Istaganingiz.
Ganya qo‘shig‘ini boshladi… O‘h, kuylagandayam, shunday kuyladiki! Avvaliga oyoqsiz qizcha haqidagisini aytib ko‘rdi. Nima deyisharkin, deb to‘xtadi. Zo‘r zavq bilan yiroqlarga “tikildi”.
– Bironta, haligi… jiddiyrog‘idan… Yo‘q, buyam yaxshi! Lekin… bironta haqiqiy dardlisidan bo‘lsin…
– Nahotki, oyoqsiz qolish dard bo‘lmasa? – hayronlandi Ganya.
– Dard, dard, – ko‘na qolishdi. – Xullas, istaganingizni kuylayvering.
– Mitrofan mozor joyda
Ota qizin shart otdi, –
qo‘shig‘ini kuylay ketdi Ganya. Ich-ichidan to‘lib-toshib, qoyillatib kuyladi.
– Bunisini bilamiz, eshitganmiz, – deb shartta to‘xtatishdi uni.
Ganya elovlandi.
– Bo‘lmasa, qanaqasi?
Shu joyida uch shaharlik o‘zaro bahslashib ketishdi: biri qatorasiga yozish kerak, desa, ikkitasi, nega ekan, deb oyoq tirab turib oldi.
Ganya zo‘riqib eshitib turdi. O‘sha-o‘sha olislarga “tikilib” qoldi – aftidan, uni tinglab, bahslashgan emas, hiq-hiq yig‘lashgan damlarni tasavvur qildi.
– Turma haqidagisiyam bor, devdingiz. Qani. Bir eshitaylik.
Ganya garmonni yoniga qo‘ydi. Tutatib chekdi.
– Turma – yomon gap, – dedi. – Xudo ko‘rsatmasin. Nima qilasizlar-a?
– Nega, axir?!
– Yo‘q, yaxshilar, yetar. O‘yin-kulgi qildik, shuning o‘zi yetadi. – Yana-tag‘in teskari to‘nini kiyib oldi Ganya.
– Odamlar iltimos qilishyapti, axir! – tumshuq suqdi Matryona. – Namuncha o‘zingni taroziga solasan?
– O‘chir! – cho‘rt kesdi Ganya.
– Eshak, – dedi-yu, Matryona tomorqaga qarab ketvordi.
– Bizdan ranjidingizmi? – so‘rashdi shaharliklar.
– Nega ranjirkanman? – hayron bo‘ldi Ganya. – Yo‘g‘-e. Nega ekan? Sizlarga qanaqa qo‘shiq kerakligini bilmas ekanman, xolos. Bor-yo‘g‘i shu.
Shaharliklar jomadonlarini yig‘ishtirishdi, Ganyaga tashakkur bildirib, uch rubl berishdi va ketishdi.
Egor Anashkin pastak chetandevordan oshib o‘tib, Ganyaning yoniga cho‘kdi.
– Rostdanam, nimaga tixirlik qilding? – qiziqsindi u. – Aytib beravermaysanmi, ko‘proq tashlab ketisharmidi.
– Cho‘chqalaringni boqyapsanmi? – so‘radi Ganya birmuncha sukutdan keyin.
– Boqishga-ku boqyapman, – xo‘rsindi Yegor. – Endi qayoqqa gumdon qilishni bilmayapman jin urgurlarni. O‘shanda boplab laqillatishdi-da, bittasini besh puldanmish! Endi qayoqqa yetaklayman o‘lgurlarni? Bozorgami – shundog‘am mensiz tiqilib yotibdi ag‘da, bir menmidim shunaqa…
Egor tutun burqsitib, o‘yga toldi.
– E, seni qara-yu, cho‘chqavoz! – dedi Ganya birdan quvnab. – Ma, uchtalikni ol – borib bir shisha opke. Cho‘chqalaringning sog‘lig‘i… innaykeyin… g‘am tortmasliging uchun ichamiz.
Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi
«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 7-8-son