Usmon Semben. Frantsiyadan maktublar (hikoya)

Marsel

Salom, qadrdonim!
Arazingni qo‘ysang-chi! Mening abgor holim, qo‘lim qisqaligini bilmay nega gina qilasan? Ayblabsanki, xat-xabar yozmay, seni yo‘qlamay qo‘yibman. Nahot maktublarim yetib bormadi? (Etar, labingni tishlama – bu odatni qo‘ymaganingni yaxshi bilaman). Xabarni qisqagina yozyapmanki, boshqa choram yo‘q. Menga ishon. Ishonchingga muhtojman.
O‘zing yaxshi bilasan, sendan bo‘lak ko‘ngil yorar hamdamim, sog‘inib-o‘rtanuvchi kishim bo‘lmasa. Arazingni bas qil! Xatomni tan olaman. Hayotingdagi voqealar, tanish-bilishlarning yangiliklarini kechiktirmay yozib yubor.
“Abushqa”m to‘g‘risida keyinroq bafurja yozarman. Hayratdan yoqa ushlashingni tasavvur qilyapman. Men o‘sha-o‘sha g‘aribi notavonman.
Samimiyat ila qadrdoning Nafi
Salom, qadrligim.
Maktubing qo‘limga tegishi hamon ko‘zim teshilguday, qog‘ozni yutguday yutoqib o‘qidim, otamdan ham xat oldim. U abushqaga atalgan ekan – uning bo‘yqizlar orzusidagi “shahzoda”dan butkul boshqa odam ekanini ta’kidlamoqchiman. “Erim” xat otamdan kelganini bildirdi. Maktubni kimdir o‘qib eshittirar. O‘zi o‘qiyolmaydi – ko‘zi xira, tishi kemshik chol. Boshqa hech gap yo‘q. Boshqa yana ko‘-o‘p gap bor.
Yozib tur. Mendan xat-xabar bormasa ham yoz. Maktubingni intiq kutib qolaman.
Sening Nafiying

Marsel

Salom, qadrdonim.
So‘roqlaringning bariga javob berolmayman. Savolni yomg‘irday yog‘diribsanki!.. Gapning uchini topolmay xunob bo‘lyapman. Xullas, kunduzlari, ertalab va choshgohda xat tashuvchini izlab ko‘chaga chiqaman. Ular “erim”ning qo‘liga tushib qolishidan qattiq qo‘rqaman. Bilishimcha, u bunday ishlarga juda uquvli. Biroq u choshgohdagina ostona xatlab ko‘chaga chiqadi, ertalablari uyda. Bugun ne baloga yo‘liqdimu, xat tashuvchi amakidan xatni olar paytimda “erim” dimiqqan kulbasidan chiqib qoldi. Maktubing amakining qo‘lida edi. Ijara uyimizning bekasi meni nigohi bilan o‘yib oldi, bundan erimning “xabar boshqa birovning qo‘liga tushmasin” qabilida buyruq berganini uqish mumkin edi. Ammo men xatni ayol qo‘lida changallab ketishiga izn bermadim. Mesega xatning menga yuborilganini aytishga majbur bo‘ldim.
Ta’qibu tazyiqlarda etim ham, betim ham pishib ketganining zo‘ridan yuragimda qo‘rquv yo‘q edi. Qadrdonim, maktubing qanchalar sevintirganini tinglaging kelyaptimi – quyosh nuri vujudimni yayratgandek, harorat tanamda selday ko‘tarilgandek, butun borlig‘im – ichimu tashimni to‘lqinlantiruvchi xotiralar qaynoq qonimda ko‘pik misol mavjlangandek titrab ketdim. Xotiralar insonga shu qadar zarurligiga ishonmasdim.
Bilsang, hayotimda nur yo‘q. Chor tomoni uvadasi chiqqan, to‘kilay-to‘kilay deb turgan jihozlar bilan o‘ralgan, zax, badbo‘yi ko‘ngilga uruvchi, na ichimlik suvi tushuvchi va na oqova suvi ketuvchi quvurlari bo‘lgan biqiq hujrada umrim o‘tyapti. Yolg‘izlikka chidayolmay ba’zida o‘zim bilan baqirib-baqirib gaplashaman. Qishin-yozin devorlarning quyuq soyalaridan mung sizib kiradiyu bir mahbusga yopishadi. O‘sha mahbus – men. Ko‘zlarim tortilib yo‘qlikka g‘arq bo‘lay deganda, yoriqlar necha zamonlardan buyon yig‘ilib-uyilib yotgan kulrang changni bir silkitib qo‘yadi yo bo‘yoqlari o‘chibto‘kilay degan pol g‘ichirlagan musiqa chaladi. Shu alpozda yana biqiq hayot o‘z quchog‘iga chaqirib oladi. Boshimni olib qayoqqa ham ketardim? Tag‘in kim bilan? U bilanmi? Hech qachon!
Boshimiz shu kulbaga suqilgan: pishir-kuydir ham, kir-chir ham shu yerda rasamadini topadi. Kechalari mayda yumushlar bilan ovora bo‘lib uyqu eltganda, karavot o‘rnidagi chemodanimga cho‘zila qolaman. Ijaradorlarga bitta hojatxonayu bitta jo‘mrak. Mening xonam, yo‘g‘-e, ta’kidlab aytamanki, “erim”ning xonasi “zulmatxona”ning naq o‘zi. Pillapoya ro‘parasidagi eshik mamlakat qonuniga muvofiq hamisha tambalangan. Yuqoridagi eshikkina qiya ochiq turadi, undanam shu’la sirg‘alib kiradiyu xonani yoritib yuboravermaydi. Yumushga qo‘l uray desam, hammayoq zim-ziyo, ko‘r hassasini topolmaydi! Bunday qorong‘ilik, mudom biqiqlik fe’limga va sog‘lig‘imga ta’sir etmaydimi!
Qanday o‘yinqaroq edim-a, esingdami? Tovonimdan o‘t chaqnardi, shaddodligim bilan hammaning boshiga yetardim. Endi-chi, quyoshda qotgan go‘shtday qovjirab o‘tiribman. Ochig‘i, o‘zim ham qashshoqlar shaharchasidagi o‘sha qadrdon uyimizda yashashga o‘rganib qolgan ekanman. U yerda jilla qursa quyosh nurini, odamlar kulgisini darig‘ tutmasdi; halovat va umiddan ko‘ngil to‘q yurardik. Bu yerda ulardan nom-nishon topolmaysan. Ishonasanmi, butkul hech nima! Gohi sizib yuragim qon bo‘lib og‘zimdan tushayotgandek sezaman.
Uy yaqinidagi shohko‘chani aylanibgina quyosh taftini tuyaman. Bu yerning quyoshida quvvat yo‘q, yo tortinchoq, yo qo‘rqoq, nurini ayagani-ayagan – xasismi deyman. Kunda emas, kunora sayr etib, ko‘ngil chigilini yozmoqqa xilvat qidiraman. Xotinlar kunni kir-chirlarini ko‘chaga qaragan ilgaklarga osish bilan boshlaydi. Hammasi shu qadar zerikarliki, gohi g‘aflat bosgan mudroqlarni ayyuhannos solib uyg‘otib yuborgim keladi.
Do‘stijon, meni bu yoqda tushkunlik kun sayin o‘pqonday tortib ketmoqda-ku, u yoqda hamshaharlar bo‘lsa, meni Frantsiyaday shahri azimda davron surib yuribdi deya hasad o‘tida kuyishayotganini qara! Ular bilishsaydi bu – “orzular mamlakati”, “baxt-quvonchga to‘liq Frantsiya”ga qilcha o‘xshamasligini! Men butkul boshqa dunyodaman. Ezgin, tushkun olam meni battar ezayotir, asta-sekin, kunma-kun o‘ldirib borayotir.
Bu suvrat mening quvg‘indagi paytimdan.
Turmush qurib nadomatda qoldim… Eng katta yo‘qotishga yo‘liqdim. Saroblarning qurboniga aylandim. Otam bir kishining suratini ko‘rsatdi: xushro‘ygina, eng muhimi, Frantsiyada yashaydi. Bir necha kun o‘tgach, otam o‘sha rasmdagi kishi qo‘limni so‘raganini aytdi. Bir hafta o‘tar-o‘tmay, rozilik berdim. Bor gap shu. O‘zim qatori yosh-yalang yigitlar sovchi yuborib turganiga qaramay, uni tanladim. To‘g‘ri, ularning hech biri Frantsiyaning yuzini ham ko‘rgan emas. Qandoq qilib o‘quvchi qiz Frantsiya, Pariju yorug‘ kelajakni ko‘zlamasin, axir! Tezgina ko‘nib qo‘ya qoldim. Hammasi shu la’nati Frantsiyani deb. Shu yer yutgur joyni deb og‘iz solganlarning barini rad etdim. Nimani istagan bo‘lsam, ikki hissa ortig‘i bilan erishdim. Chindanam, bu qadar tuban ketaman deb o‘ylamagan edim. Hikoyamni so‘zlab berishga or qilaman. O‘zimizning yerni, xotinlarning bozor-o‘charga sallona-sallona borishlarini yana qayta ko‘rsamiydi, yam-yashil tabiatni qanchalar qo‘msayman, bilsayding! Favvora atrofidagi qiy-chuvlar, qassobning qarsillatib go‘sht chopishlari, kundalik chug‘ur-chug‘urlar ichidan ham eshitiluvchi koraning sayrog‘ini tinglashga benihoya intiqman; jo‘jalarning tuproqni yorar quyosh haroratidan soya-salqinda bir oyoqda turib panalashlari, ularga bolakaylarning otalari shippagini kiydirib qo‘yishlariyu, panjarani quchoqlab halinchak uchishlarini miriqib tomosha qilsam edi… Bundan ortiq baxtni hech qayoqdan topolmaydiganga o‘xshayman.
Yolg‘izligim hatto murdalarning hasadini keltirar darajada. Hech nimani og‘zimga olgim kelmaydi, ta’m sezmayman. “Erim”ning esa tomog‘idan har luqma ham o‘tavermaydi. U qizil garmdoriga toqat qilolmaydi, yuzi qalampir tusga kirib, oshqozoni achishib ketadi. Bunday injiqliklarining badaliga quyosh nurini qizg‘anmay turganida ham, yoshiga qaramay, “erim”ga ko‘nikib ketgan bo‘lardim. Shunday paytlar jonim hiqildog‘imga keladi.
Uni senga kim deb tanishtiray? Nimadan boshlasam ekan? Nahot, iskanjasidan qochib yurganim iqror soati yetdi! Endi tan olmay o‘zga chora yo‘q. Tong, olti oy avval. Vaqtning uchqur shamol ekanini eslata ko‘rma! Olti oy oltmish yilday imillab o‘tdiki, do‘zax azobi shunday bo‘lar?.. Aminataga yuborganim suratni ko‘rdingmi? Xuddi o‘sha. Yigirma yil oldin olingan suvrat! Qip-qizil maymunga o‘xshaydi, ayyor maymunga! Hozir “etmish uch yoshda”mish. Uning la’nati qasamicha, shunday. Er o‘lgur, aqalli tug‘ilgan sanasini aniq bilmaydi. Yosh ko‘rinadi, har tugul. Sovuq havo afrikaliklarni qaritmaydi-yov. Qisqasi, uyam bir er-da, jin ursin! Iltijolarim shamollarga sovurilib ketdi. Uning nigohlari so‘nik, biram zerikarli, yashashga ishtiyoqdan zarra ham qolmagan.
Hozir nafaqada. Bungayam besh yillar bo‘pti. Har kuni peshinda kemasozlik kompaniyasining u ofisidan bunisiga izg‘iydi. Kola yong‘oqlarini chakana yo ulgurji sotib keladi. Eshikdan yong‘oq to‘la xaltasisiz hatlamaydi. Oqlar ham kola yong‘oqlari daromad keltirishiga ishona boshlashganidan og‘zi qulog‘ida. Biram imillab yuradiki!.. Besh chaqirim naridan, hech ro‘paramdan chiqmagan bo‘lsayam, lapanglashidan yo o‘rdak, yo maymunni eslatadi. Ko‘chaga yolg‘iz chiqib, yolg‘iz qaytadi – xaltasi yo bo‘sh, yo yarim. Har kechki duosida topganiga baraka so‘raydi. U kunlik tushumini shu qadar ishtiyoq bilan sarhisob qiladiki, kuzatib o‘tirib kulgim qistaydi, so‘ng necha zamonlardan beri “seyf” vazifasini o‘tovchi maktab sumkasiga ehtiyotlab solib qo‘yadi. Ba’zan “erim”ni o‘zi qatori chollar yo‘qlab turadi va mening yoshimda tushunarsiz, bo‘lmag‘ur mavzularda suhbat qurishadi. Hammasi o‘tmishini eslaydi. Ularning o‘tmish ertaklaridan o‘zimni qutqarib yotoqqa kirib ketaman. Siyosatdagi omadsizliklar, dunyoning bevafoligi haqidagi suhbatlar – ko‘pchiligi o‘zlarining sustkashligi oqibatida xorijliklar qo‘liga o‘tib ketgan hukmronlikdan yozg‘irib gapiradilar. Kelajakda boqiy farovonlikni va’da qiluvchi qaramlikdan bo‘lak gap emas. Bular shunchalar achchig‘imni chiqaradiki, asti so‘rama.
Qadrdon do‘stim, har na bo‘lsin, turmushimga isyon qilolmayman. Osmon qadar orzularimiz yodingdadir – baxtga burkangan hayot, orzumizdagi uy, turmush o‘rtog‘imiz va farzandlarimiz? Ko‘pxotinlikdan fig‘onimiz ko‘kka chiqishlarini eslaysanmi?
Bolalik o‘ylari – shumtakalarning yig‘i-sig‘isi, ashula va quyosh nuri to‘ldirgan katta uyimizni beixtiyor qo‘msayman-u hozirgi yutib yuboruvchi yolg‘izlik meni dahshatga solaveradi. Ollohning qahri kelmasin-ku, ba’zan xavfli kasalga yo‘liqsam, badanimni yara-chaqa bosib ketsayu mening bu holimga “erim” qayrilib boqmasa, yaqinlasholmasa deb niyat qilgan kezlarim ham bo‘lgan. Biroq niyatimga yetmadim…
Shular uchun menga hasading kelsinmi? O‘zing aytganingdek, menga haliyam hasad qilsang, bu xatlarni boshqalarning ko‘zidan pana qil, ayniqsa, ota-onamning qo‘liga borib tushmasin. O‘tinaman sendan. Teyvni ko‘rsang, salomimni yetkaz, ammo boshimga tushgan kulfatlardan og‘iz ochma.
Seni o‘pib qoluvchi Nafi

Salom, qadrdonim.
Sendan yaxshi mujda umidvorman. Sening xabaring – quyoshning iliq tafti, favvora tomchilarining atrofga maydalab sepilishi kabi yoqimli. “Erim” sayrga jo‘nadi, sen bilan bir oy, ehtimol, undan ham avvalgi suhbatimizni davom ettirishga qulay fursat topildi. Baronna xonimdan xabar olishni niyat qilgandim. U muyulishdagi oziq-ovqat do‘konida sotuvchi bo‘lib ishlaydi. Uning so‘zlari haqiqatdan yiroq bo‘lsayam miriqib, jahlim chiqmay eshitaman. Darvoqe, kecha xatingni oldim.
Xuddi avvalgidek ikkimiz yolg‘izmiz. Yuragimni anorday ochib, sirlarimni – anor donalarini senga ushataman. Sirlarim yurak qoniga qorishiq alvon tusid ichu tashimni yondiryapti. Biroq o‘rtamizda, anor po‘stlog‘idek bo‘lsin, “devor” yo‘qligidan taskin topaman. “Erim”ning yoshi o‘tinqiraganidan ajablanibsan. Fe’l-atvoridan so‘z ochsam, hayratdan yoqa ushlar ekansan. Taxminlaring bilan ko‘nglimga hadik solding. Ajablanishing behudamas, men tongu shomimni shu o‘ylar iskanjasida o‘tkazaman. Bu rishta Demba va otamning imi-jimi rejasi bilan qurilgan. O‘y-miyamni azbaroyi itday g‘ajiydi. Haligacha bu hayotga ko‘ngim kelmaydi. O‘sha paytda nega aqlim yetmadiykan, deb o‘zimni koyiyveraman. Sharmandalik kunlarimni begona o‘tday yulib otaversa, sahrodagi gulday madorim qurib bitaversa, qanday baxtiyor yashay?! Otangning, o‘z otangning-a, qizini chaqaga sotganini bilib qolishingdan og‘irroq baxtsizlik yo‘q ekan… Ammo men ishonolmayman. Men bilgan otam mehribon, sofdil, sodda odam-ku, axir! Shubha-gumonlar miyamni qurtday kemiraveradi…
Yana nega nishingni sancha boshlading? Yo‘q, dugonajon, sen haqsan, lekin bu kabi haqiqatlarni bilish to‘yingda yoqqan jaladay yoqimsiz.
Odamlar nega haqiqat izlayverar ekan-a? Axir, men haqiqatlardan mudom dilgir yashadim. Yana “erim”… u otam qatori, undan qari emas deb seni ishontirolaman. Ha, ha, bir kuni uning hujjatini ko‘rib qolgandim. Afti oldingidan burishib ketgan. Hozir bizda qish – chaqadigan sovuq, tanam isimaydi – uning egnida bo‘lsa ertayu kech kalta ishton. Uy ichida yuvinadi. Oqshom kelmasa deyman – zulmat ko‘zim qorachig‘ida qotib qoladi, ko‘nglimni qop-qora bulut qoplaydiki, tonggacha meni ta’qib qilaveradi. Shu payt mening inon-ixtiyorim uning jiloviga o‘tadi. Lekin hirsi jilov bilmaydi. O‘zidan merosxo‘r qolsa deydi. Azoblar zulukday qonimni so‘radi, odam zotidan shunchalar jirkanish mumkinligiga ishonmaysan. Olloh kechirsin-ku, uning o‘limigina meni quvontirolsa kerak. Nafsi qonganda, o‘tmishining uzun yo‘llaridan beri kelmaydi. Bir-ikki yoshlik “sho‘xlik”lari haqida ming‘irlaganday bo‘ladi. Suhbat qovushmaydi, ters o‘girilib yotaveramiz.
O‘zimning ham farzand ko‘rgim kelayayotganini tan olayin. Bir tuni menga uzoq tikildi-da: “Sen hakimga ko‘rinishing kerak”, deb qoldi. Birinchi marta u mening ahvolim bilan qiziqdi. Birinchi marta bandargohlaridan ortib menga vaqt ajratdi-ya! Men hali o‘ylab ulgurmay, qo‘shimcha qildi: “Bordiyu homilador bo‘lsang, biz kemasozlik kompaniyasiga boramiz va sen savdo-sotiq ishlariga bosh bo‘lasan”. U besh yil avval ekipaj boshqaruvchilaridan biri edi. “Oqbilak oyimchalar hamma ishni o‘z qo‘llariga ola biladilar, – deb qo‘shimcha qildi. – Nega biz ularday qilmasligimiz kerak?!”
O‘sha payt meni qanchalar tahqirlaganini bilsayding! Ustimdan muzdek suv quydi qo‘ydi. Shu holimga yong‘oq sotish mayliga, yaxshi-yomon ko‘zdan qizg‘anmasmi ekan?!
Ovozi eshitilyapti, kelyapti chog‘i, seni biroz yolg‘iz qoldiraman.

Suhbatimizni davom ettiray. Doktor ko‘rigiga bordim. Kutganimdek, bo‘yimda bor edi. U quvonib ketdi va har tomonga jar soldi. Endi sho‘rimga sho‘rva to‘kilib, “erim” ko‘p vaqtini uyda o‘tkazyapti, qo‘lansa hidi bilan xonani bulg‘ab yuboradi. Uning ro‘paramda qaqqayib o‘tirishidan g‘azablanaveraman, mehribonligiyu g‘amxo‘rligi g‘ashimga tegadi. Tasavvur qilgin-a, “erim” hatto men uchun bozor-o‘charga yugurib chiqar bo‘ldi, bu matohlarni mashina oynasidan tashlab yuborishimdan xavfsirab turishini ko‘rsayding. Ahmoqqa aql bitgani shumikan? Ammo men o‘zim anglab-anglamay uning basharasi yaxshiliklarini ko‘rarga ko‘zim yo‘q.
Eng qizig‘i, kecha men kema kapitani bilan uchrashdim. Yer yorilmadiyu yerga kirib ketmadim. Meni Dembaning qizi deb o‘ylabdi. Men uchrashuv sababini, ya’ni bir necha yildan beri ishsiz erning xotini ekanim, birinchi farzandimni kutayotganim, sariq chaqamiz yo‘qligi, hatto bola tug‘ilsa, ne qilarimizni bilmasligimni aytganimdan so‘ng – o‘sha payt bu gaplarni samimiy gapirdim deb o‘ylayman – Dembaning hujjatini qo‘limga tutqazdi va dedi: “Eringiz nafaqa yoshiga yetgan (va dumaloq ko‘zlari bilan “U bobong tengi-ku” ma’nosida qarab qo‘ydi). Hamma joyda zamonaviy texnologiyalar, bularga tishi o‘tmas odamga ish topish amri mahol, ayniqsa, o‘tyoqarlikka. Aksiga olib, birortayam ko‘mir qozon qolmagan. Hammasi yangilanib ketgan”.
“Erim”ning ishdan chiqqani rost ekan. U egnida tor nimcha va nomiga ilinib turgan keng shim bilan pastda kutyapti. Meni kuzatayotib: “Ne qilsang qilu, farroshlikka ko‘ndir. Bortdagi boshqa ishlarga uquvim yo‘q”, deb tayinlagandi. Miyamda tinimsiz shu so‘z aylanadi. Uning sarkashligidan boshqaruvchiga yalinib-yolbordim. Aytishicha, “erim” bu kompaniyada o‘ttiz yildan ortiq ishlagan, endi shuncha yil o‘tib, uning tag‘in ish berishiga ko‘zlari yetmayapti. Ular “erim”ga na nafaqa va na badal puli to‘lashgan, noinsoflar! Hali tug‘ilmagan bolamning ertasidan qo‘rquvga tushib ketdim – har oy ijara haqini shaqillatib sanab oluvchi xotin, qo‘li kalta ota-ona va tug‘ilishga shoshilib, so‘ng pushaymon chekkan farzand… O‘sha ofisda bir yarim soatlar chamasi qolib ketdim. Va nihoyat bizning ko‘chadan ham bayram sadolari eshitildi, ular “erim”ning hujjatiga imzo chekdilar, ko‘nglimdan bir o‘y shamolday g‘izillab o‘tdi: “Bu uning oxirgi kema sayohati bo‘lishi muqarrar!”
Men so‘nggi ikki kunimni qanday o‘tkazganimni tasavvur etding-a?
Shomga borib kemasozlik ofisidan xushxabar bilan qaytganim yetti mahallaga ovoza bo‘ldi. Kechki ovqatdan so‘ng “erim”ning do‘stlariyu tanish-bilishlari urug‘-aymog‘i bilan yetaklashib kelishdi. Ulardan tamakining sassiq hidi anqir, kola yong‘oqlarini qavsh qaytargandek zavq bilan chaynashardi. Demba ularga farzand kutayotganimizni aytishi zahoti hammalari qattiq xavotir bilan menga tikilib qolishadi deb o‘ylagandim. Ammo qulog‘imni ding qilib ancha vaqt poyladim hamki, mening nomim tilga olinmadi. Birdan oraga jimlik cho‘kdi, hammalari gapi og‘zida qolgan odamga angrayib boqishdi. Oradagi sukutni bandargohdagi kemalarning bir-bir ovozi buzardi, tana va jag‘lar harakatdan to‘xtagan – xuddi aybdor bolalarni burchakka turg‘azib qo‘ygandek tek turishibdi. Ularning qimir etmay so‘zu harakatdan qolishlari menga yilda nari borsa poyiga bir marta gul qo‘yiluvchi haykallarni eslatib yubordi. Qadrdonlar nigohida keksalik, cheksiz anduhning so‘nik uchquni miltillaydi, hech kimga keraksizlik hissi qadlarini yerga barobar bukadi, o‘zlarining kichkina dunyosida jimgina yashash va erinmay o‘tmishni so‘zlashgina xira kunlarini andak yoritib turadi.
Hammasi o‘zlarining tarixini tag‘in erinmay so‘zlaydi. Zaminni larzaga solgan birinchi jahon urushi haqida xuddi men senga hozirim va kelajagimni maroq bilan gapirgandek so‘zlaydilar. Suv ostiga g‘arq bo‘lgan kemalar, tonnajlar, kema kapitanlariyu boshqaruvchilar, oq-qora kunlar, yaxshi va yomon oqtanlilar – ular uchun haliyam oqlar – yo yaxshi, yo yomon – vafot etib ketgan hamkasblarini bir-bir yodga olishadi. Biri o‘tmishi haqida so‘z ochib qolgudek bo‘lsa, hammalari taqvodor some’ga aylanishadiki, ovozidagi pushaymonlik ohangidan gunohlari uchun istig‘for aytayotibdi, degan xayolga boraman. O‘tmish hikoyalarida bari o‘zini ko‘radi. Hikoya ularning xotiralarini uyg‘otib yuboradi. Qahramonlar xuddi ular bosib o‘tgan hayot yo‘liyu ularning odatlaricha ish ko‘rgani qiziq.
Xotiralar ular hayotiga nur kiritadi, allaqachonoq unutib yuborilgan xira ko‘zgu oydinlashadi. Badarg‘a qilinganlar hayoti! Ular ikki karra baxtsizlar – ham o‘zliklaridan, ham ona tillaridan uzilgan odamlar. Bugunga kelib hududiy, texnikaviy va ruhiy o‘zgarishlar ichra ular butkul imkonsiz, o‘rinlarini topolmay halaklar. Ortga, o‘z yurtlariga qaytishga ancha kech, frantsuz bo‘lishga esa umrlari yetmaydi. O‘tmish voqealarini ushlab oladilar-da, chaynayveradilar-chaynayveradilar, xuddi hazmi og‘ir taom tanovul qilgandek.
Birining ketidan ikkinchisini olib ketayotgan o‘lim aravalarini sabr-toqat bilan kutuvchi chollar chehrasida g‘azabdan ko‘ra behafsalalik bo‘rtgan. Ularning safi kamayib borayotir, tiriklari ham dengizda bir xasga tarmashgan yuzta odamning holini eslatadi.
Bu kishilarning hayot tarzi shunday g‘alati.
Darvoqe, Teyvning buzuqi qizga uylanganini aytibsan. Qiz o‘lgur uni qanday ilintirdi ekan, a? Axir, Teyv yigitlar orasida eng mulohazali va xushaxloqlisi edi-ku! Qizning kazo-kazolarni nishonga olgani aniq, ammo o‘ynoqi o‘q Teyvga borib tekkan. Bolaning otasi ma’lummi? Bechora Teyv! Qiz nomusini asrayman deb boshini kundaga qo‘yibdi, sho‘rlik. Yolg‘izlik tubiga tortgan yo nadomat o‘rtagan mahalda unga xat yozsammi deb o‘ylab qolaman. U oshiqlarim ichida eng mehriboni ham beg‘ubori edi. Uning xushaxloqigina mening hislarimni jilovlab turuvdi. Taqdirni qaraki, qandaydir betarbiya bilan kun kechiryapti ekan. Ajrimgacha baxtiyor yashashlariga umid qilaylik-chi.
Sening salomatligingni eshitib, o‘zimning dardlarimni to‘kib-solib, qushday yengil bo‘ldim. Qizlar ichida sengina aqli butun chiqding.
Maktub emas, doston bitibman! Hatto boshdan-oxir o‘qishga o‘zimning yuragim betlamayapti.
Sabr tilab sening Nafiying

Salom, dugonajon!
Senga nima bo‘ldi? Nafrating shunchalar oshib-toshdimi? Oxirgi ikki oy meni yolg‘izlatib qo‘ymay, ko‘nglimni arshi a’loga qadar yuksaltirib kelayotgan eding-ku! O‘zingni o‘rnimga qo‘yib ko‘rgandirsan, ehtimol… Dushmanimga ham o‘z kunimni ravo ko‘rmayman… Yo‘q, umrimni zorlanib o‘tkazayotganim yo‘q, tashvish chekma. Yashashni so‘rama, yashamayapman – “yashash” so‘zini chetga surib qo‘yganman, axir. Eng rasvosi va eng og‘iri shu! Ruhiy zahmatlarimni kim ham tortib ko‘ribdi!
Ajrash deysanmi? Shu holimga-ya! Bu dahmazalar ichida, uydan narida ko‘ngil buyurganini qilmoqqa imkon qayda! Hamdardliging sabab tirik yuribman, shunisigayam shukur. Mening turmushim bir musulmon qizining turmushidek, kam ham, ortiq ham emas. Qonunni tiqishtirma. Qaysi qonundan najot kutay? Qonun erkaklar va ularning ko‘ngillari bilangina hisoblashsa! Men “erim”dan voz kechishim kerak – haqsan! Keyin-chi, keyin qayoqqa boraman? Kimga keragim bor mening? Dakarga qaytib ketishga-ku sariq chaqam ham yo‘q. Bir muddat dam olib, ko‘zimdan nari qilishim mumkin. Ammo bola-chi – bu haqda bosh qotirmadingmi? Sen kalta o‘ylayapsan, qiziqqonlik qilma! O‘zimni borliq markazidagi mavjudot deb hisoblamayman. Jilla qursa, hozircha.
Uydagilardan, ukam Bobokardan maktub oldim. Yozuviga arang tushunib yetdim. U mendan kostyum jo‘natishimni so‘rabdi. Mendan-a – hech vaqosi yo‘q odamdan?! O‘zimni sotib olaymi? O‘zimdan boshqa qimmatli hech vaqom bo‘lmasa! Otam ham “erim”ga shu mazmunda xat jo‘natibdi. Gohi “ota” so‘zi tilimda aylansa, shubha-gumonlar yuragimni ilma-teshik qiladi, g‘amga botib ketaman. Farzandlik mehrim havoga uchadi-ketadi.
Yoshligimizda osmon-osmon orzular, tog‘day niyatlarimiz boriydi-ya! Erning cho‘risiga aylanish, ko‘z tushmay – ko‘ngil tushmay turmushga chiqishdan o‘zimizcha jamiyatni aybsitardik, birovning qo‘liga qaramay, ko‘nglimiz tusaganini sotib olsak, qisqasi, ozod Sharq ayoli bo‘lsak deya orzulardik. Men-ku, chuchvarani xom sanagan ekanman. Erimning yong‘oq to‘la xaltasi bilan kunimiz shaqillab o‘tyapti-ketyapti. Frantsiyada toshning ham narxi baland. Oqtanli xonimu janoblarning bari Afrikani orzulaydi. Ba’zida “erim” spagetti va shakar to‘la xalta bilan uyga qaytadi, ularni qayerdan oladi deb o‘ylaysan? Aholini moddiy muhofaza qilish qo‘mitasidan. Bir kuni talonni xaltasidan topib oldim. Uni Baronna xonimdan so‘rab aniqladim. Sadaqaga kun kechirar bo‘ldim, ko‘ryapsanmi? Odob chegarasidan yiroqlashib ketgandekman. Baronna xonim axloq-odob qoidalarining ikki turi borligini aytadi – biri kasb odobi, biri mol-davlatniki. Uzoq o‘ylay-o‘ylay, uning haq ekaniga iymon keltirdim. Uyga qaytish umidi esa, tuya hammomni orzu qilishidek, ushalmas armon bo‘layotir. Erimning har yakshanba ganakka jo‘nash odati bor. Shanba kunlari u poygaga tadorik ko‘radi; burchakka tiqilib olib, otlarni shaylaydi. Sen uni ko‘rmasang bo‘lmaydi! U bitta otni cho‘kkalatish uchun milyon marta vaysaydi.
G‘arib abushqa! Shugina umidi qolgan hayotdan.
Do‘stligimiz bardavom bo‘lsin uchun shu qisqagina maktubni bitdim. Homilam maromida o‘syapti. Bundan oilamdagilarning xabari yo‘q. Sen ham hech kimga og‘iz ocha ko‘rma! Hech zog‘ bilmasin!
Seni o‘pib qoluvchi Nafi

Salom, qadrdonim!
Xushxabar bor! Tushkunlik domiga tortib turganda iliq mujda bag‘rimga shamol tekkizdi. Xayriyat! Noumidlik, lohaslik va yolg‘izlikdan chiqqanday bo‘ldim. Bir necha oydan buyon “erim” bilan hamto‘shak emasman, iste’foga chiqdim. Shugina ozodlik ham meni ko‘kka ko‘tarib yubordi.
Chol bugun kemasini dengizga tushiradi. Mamnunligimning sababi bu emas. Eshit!
Nimadan boshlasam ekan, a? Sassiq choldanmi? Uning tullakligini bilsayding! Yaqinda tibbiy ko‘rikka chaqirishdi-yu, o‘rniga birov kirib chiqdi. Shifokor farqiga bormadi – uyam qora chol-da. “Erim”ning yoshida tibbiy ko‘rikdan naf qayoqda deysan!
Shu kunlarda uning ofisida ta’mirlash ishlari boshlandi hamki, yolg‘izlikka mahkum hayotim battar quyuqlashib ketdi. Bu tiyra, biqiq, sovuq devorlar ko‘zimga tobutday ko‘rinaveradi. Borgan sayin qo‘rquvga tushaveraman. Undan meni Afrikaga jo‘natsa-da, o‘sha yoqda uni kutib yashashimni o‘tingim keldiyu… Ichimdan anglab bo‘lmas tuyg‘u bo‘g‘zimni kuydirib o‘tdi – u haqida qayg‘ura boshladim – balki seni aksincha so‘zlar bilan aldagandirman. Ammo iqrormanki, u mening yakkayu yolg‘iz hamrohim, to‘rt devor ichidagi uzun sukunatni buzuvchi yagona odam; uni yoqtirmasam ham ancha bog‘lanib qolibman. Biqiq hayotimda ugina bor; kasal odam dardga ko‘nikkanidek, unga tobora o‘rganayapman. Menga ko‘chadan, dunyodan xabar keltiruvchi jarchi. Ko‘p vaqtimni u bilan o‘tkazayapman – namoz vaqtida, kundalik tushumlarini sarhisob qila turib – u atrofimdagi bo‘shliqni to‘ldirib turadi. Shular xotira bo‘lib, umrimga muhrini bosayotir. Ba’zan chehramiz ochilib suhbat qurgan damlarimiz ham bo‘ladi. Mehrim iyib, uning qor bosgan sochlarini asta silab qo‘yaman…
Giyena haqidagi masal yodingdadir? U hayvonlar ichida eng ko‘rimlisi deb topiladi va mag‘lub raqiblari unga qarata deyishadi: “Giyena, sen malika oldida qanchalar badbasharasan!” U shunday javob beradi: “Bilaman. Men ko‘rimsizman. Siz tufayli g‘alaba qozondim. U uzoq muddat menigina ko‘rdi va menga ko‘nikdi. Oxir-oqibat u meni yoqtirib qoldi”. Giyena haq ekan.
U topgan pulini menga sarflaydi.
U “ozod” kemani boshqaryapti – bu so‘zni to‘g‘ri talaffuz etdimmi yo yo‘q, bilmayman, lug‘atim yo‘q edi, biroq shunga o‘xshash alohida kema-da.
Shundan hayotimda o‘zgarish sezildi.
U bilan dokka tushadigan, meni bortda kemachilarga g‘urur bilan tanishtiradigan bo‘ldi. Hamkasblari mening do‘ppaygan qornim va uning ajin bosgan yuziga qarab, qartaygan cholimga qo‘pol hazillar qilishadi. Ochig‘i, ko‘zim ko‘r bo‘lib, shuncha vaqt faqat o‘zimni – yakka-yolg‘iz Nafi va uning hayotini o‘ylab kelibman. Bir kuni kayutada o‘tirib olib kelajakka xayol ketganda, tuyqusdan baqiriq eshitildi: “Singlim, ketishimiz kerak!” Ovoz uniki edi. Ozg‘in, naynov erim ko‘rindi. U menga qayrilib qaramasdi. Yuzi tund, jiddiy, nedir noxushlik bo‘lgan. Erimning egnida doimgidek moviy kostyumi – uni “Shanxay delfini” deb atashardi, nega bunday tushunmayman. “Arona seni kuzatib qo‘yadi”, dedi “erim” bujmaygan yuzi bilan eshikni itarib. Ikki ko‘zini mendan uzmay qo‘shimcha qildi: “Aronadan tortinma, istaganingni so‘rayver”. “Erim” maslahat berganday bo‘lib, meni yo‘lakkacha kuzatib chiqdi. Arona labiga sigara qistirgancha, o‘sha choqdagi voqeadan so‘zlay ketdi. Aytishicha, oqtanli naynov undan “Bu sening xotiningmi?” deb so‘rabdi. “Yo‘q, bu anavi cholning xotini”, javob beribdi u. Aronaning so‘zlari ko‘ksimga nashtardek sanchildi. O‘zimni qayoqqa qo‘yishni bilmay qoldim. Qora tanli ayoldan orlanish shuncha bo‘larmi? Uning javobi ikkimiz o‘rtamizga chiziq tortish emasmi? Aronaning qayta-qayta “Yo‘q, yo‘q” deyayotgan norozi qiyofasini ko‘rsayding!
Dokdan chiqqach, yo‘lboshchim og‘ziga talqon solib oldi. Biz Eski portga eltuvchi avtobusga chiqdik, sayr bir-birovimizni yaqinlashtirgandek, o‘rtadagi devorni ko‘targandek bo‘ldi. Men “erim”ga ish izlab borgan kunim u bortda ekan. Ismini eshitgandim – qariyalar Aronani ko‘p eslashardi. U suhbat chog‘ida yuzini tortib-cho‘zib qo‘yardi. Uning Frantsiyadagi qora ishchilar hamjamiyatining rahbarlaridan, qisqasi, jangarilardan ekanini fahmladim.
Avtobusdan tushdigu, Arona tirsagimdan ushlab yo‘ldan o‘tkazib qo‘ydi. Unga itoatkorona bo‘ysuna qoldim. Maydonni Afrika quyoshi ziyosi ila siylayotgandek, nur tosh yuragimni eritib, yorug‘lik olib kirgandek bo‘lsa-ya. Gala odam sayr qilayapti, mashinalar turnaqator tizilib umrday guv-guv o‘tardi. Arona port yaqinidagi qahvaxonaga taklif qildi, birga qahva ichdik.
Vaqt yelday o‘tganini sezmay qolibman. Naqadar ajoyib! Mening ko‘nglimga ham iliqlik kirar kun bor ekan. Bunga sayin oq tanlilar hazar qilgulik qora tanimday zulmatxonaga sira qaytgim kelmasdi. G‘ala-g‘ovur esa quloqni batang qilib yubordi – mashinalarning signali, yo‘lni yamayotgan ishchilar parmasining shovqini, olomonning baqir-chaqiri…
Qalb shunday yayrasin ekan-da! O‘sha onda odamligimni his etdim. Tushkunlik, zerikarli hayot yuzimdan rang olib ketganiga ancha bo‘luvdi. O‘sha on baxtning qirmizi rangi yuzimga, tomirlarimga oqib kirayotgandi. Giyena zap topib gapirgan: “Bilaman. Men ko‘rimsizman. Siz tufayli g‘alaba qozondim. U uzoq muddat menigina ko‘rdi va menga ko‘nikdi. Oxir-oqibat u meni yoqtirib qoldi”.
Arona yuzimga tikilib qaramadi: ammo zimdan bir-birimizni kuzatib o‘tirardik. U o‘zini ancha erkin tutardi, oyoqlarini chalkashtirib, tirsagini stolga tiragancha tamaki tutatdi, Eski port va bandargoh tashqarisidagi orol – Shate difga qatnovchi kemalarni kuzatib o‘tirdi.
– Shate difda bo‘lganmisan? – so‘radi daf’atan.
– Yo‘q.
– Qayg‘urma, shu yerda tug‘ilganlarning ko‘pi oyoq bosmagan u orolga.
Arona meni o‘sha orolga taklif qilmoqchi, deb o‘yladim. Bordi-yu, taklif qilganda ham, xiyol o‘ng‘aysizlikda qolardik. Unga bir muddat bolalarcha mahliyo bo‘libman, xayolimdan o‘tganlarini qara: “U uylanganmikan? Oq tanli xotingami? Qo‘lida nikoh uzugi yo‘q. Bo‘lsa-chi, uzuk nimaniyam hal qilardi. Bolasi bormikan?..” Bu savollarni uning o‘ziga berishdan iymandim. To‘satdan gap boshqa yoqqa aylanib ketdi – bu shunchalar tez bo‘ldiki, anglamay ham qoldim – afrikaliklarning Frantsiyadagi muhojirligi masalasiga. U bu borada yetarlicha bilimdon edi. So‘zlay turib uning yashil ko‘zlari nurdan pana qidirardi. Arona muhojir qariyalar, harbiy xizmatdan bo‘shagan askarlar, dengizchilar haqida yurakdan, to‘lib-toshib gapirdi. Ularga achinib, chinakamiga kuyib-pishdi. Aronaning bu qadar yonib-kuyishidan hayratlanib, xuddi akasining shikoyatini miq etmay eshitayotgan go‘dakdek jim o‘tirdim.
Yoshi nechada ekan? Unda bo‘z yigitning g‘ayrati bor edi. (Ichimlik tugagach, mendan so‘rab o‘tirmay, yana shu xilidan buyurdi). So‘ng uyga qaytishimiz lozimligini aytdi. Bu meni tag‘in g‘amga soldi… Nahot rohat tugadi?.. Biz qaytdik. U mening charchaganimni so‘radi deb o‘ylaysanmi? Yo‘q…
Eshik ro‘parasiga yetib kelganimizda, u vaqti-vaqti bilan mendan xabar olib turishini, bordi-yu, mening ham ko‘rgim kelib qolsa, kechki soat olti-ettilar orasida Markazga qo‘ng‘iroq qilishimni tayinladi.
Aronani ko‘rganingdaydi, yoqtirib qolarding. Ha, shubhasiz! U menga quyosh nuri, ummon mavjlaridek baxtni in’om etdi. U bilan hammasi go‘zal va ajoyib kechdi. Seningcha, to‘g‘ri ish tutyapmanmi? Albatta, bu – mening qarorim. Bola tug‘ilgunicha hammasi iziga tushib ketar? Nihoyat ufqda oftob ko‘rindi.
Hozircha shular.
Eski do‘sting Nafi

P.S. Ilhom kelib yozaveribman – o‘n bet bo‘lib ketibdi. Chidam bilan o‘qiy olarmikansan?
Zinhor! Maslahatingga qandoq quloq tutay? U to‘rt kungacha men bilan qolib ketolmaydi, axir. Arona so‘nggi marta yarim oqshom uyimdan chiqib ketuvdi, ertasi kuni ertalab uy sohibasi buni sezib qolib, nafrat to‘la ko‘zi bilan meni yeb bitirdi. Arona oxirgi paytlar ancha bandligi sabab Nafaqaxo‘rlar uyiga meni bo‘lak kishi kuzatib borayapti. Uning diydorini shunday qo‘msayapmanki… Qachon kelarkan o‘sha baxtli lahza? Ko‘ngli sezganini qara: “Uy sohibasini jinim suymadi”, degandi so‘nggi kelishida, ammo negaligini aytmay ketuvdi.

…Arona uch kun o‘tib, yonimga keldi. Oy nuri tushsin, toza havo kirsin uchun derazalarni ochib qo‘yuvdim, qo‘qqis tashqaridan uning ovozini eshitib qoldim. Arona bir necha jazoirliklar bilan suhbatlashib kelardi: “Agar Jazoir milliy ozodlik armiyasi sizlarga referendumda qatnashmaslikka buyruq berguday bo‘lsa, albatta itoat etishingiz lozim. Biroq shu yerda ishlovchi qora tanli afrikaliklar ovoz berishi shart. Bizning “Yo‘q” ovozimiz ikki ma’noni anglatadi. Biri – bizning frantsuz ishchilari bilan birdamligimiz, o‘tmishdagi o‘zaro jang natijasida ular ega bo‘lgan yaxshi sharoitdan biz ham naf ko‘rishimiz vajidan. Yana biri esa mamlakatimizda mustamlakaning butkul barham topishidan umidvor ekanimiz belgisi”, – dedi u.
Shundan so‘ng kulbam eshigini qoqdi. Biroq ko‘p qolmadi. U ketishi kerak edi…
Bu qaltis o‘yindan, avvalgi xatlarimdan senga ayon, uning hamrohligi va suhbatidan rohatlanyapman. Arona bilan bog‘liq hammasini gapirib beraymi – kiyim-kechagi, soch turmagi, oyoq kiyimi, u yoqtirgan film­lar… Xullas, Arona sochlari g‘ijimlanib ketgan qora tanli ayollarni yoqtirmaydi – ular ustidan “qora mushuk” deb kuladi. Ko‘pincha ikkimiz portga yetaklashib boramiz, ul-bul xarid qilamiz. Yo‘l bo‘yi kulgi kulgiga ulanib ketadi. Bir-birimizni suratga tushiramiz. U rasmlarimni yig‘ib yuribdi. Darvoqe, hazillari biram qaltis, uning chin yo hazil ekanini tushunish dushvor. Bir kuni sayr qilib yuribmiz degin, ro‘paramizdan it yetaklagan ayol chiqib qoldi. “Ular itlarini qanday chaqiradi, bilasanmi?” shivirladi Arona. Unga ma’nosiz bosh chayqadim. “Ket, yalovchi”, dedi u. Kulgi ichimdan toshib keldi-yu! O‘sha kuni kiyim do‘konidagi voqeani aytayin: u sotuvchi qizni ko‘rib quvligi tutdi. Yoniga bora solib: “Xotinim farzand kutyapti, aftidan, mendan, shekilli. Rohatlangan Ayolimning shu turishiga bitta ko‘ylak bersangiz”. Sotuvchi boshdan-oyoq menga razm soldi. Men sarosimada xijolat tortdim. Cheksiz istihola bilan – sotuvchining shiori xaridor hamisha mamnun bo‘lishi kerak – javob berdi: “Siz uchun, janob, siz uchun ham, xonim, juda xursandman”. Arona unga imkon qoldirmay o‘sha ohangda so‘radi: “Xonimni qanday rang ochadi? Uning rangi baqlajonni eslatadi, aqlni shoshiradigan taklif kutmayapmanku-ya, o‘rtamiyona ham bo‘lmasin”. O‘zimni baqiriqdan zo‘rg‘a tiydim; uni do‘pposlagim keldi. Nima qilarimni bilmayman – ko‘chaga otilsammi? Uning qiliqlariga ba’zan asabim dosh bermaydi! Ich-ichimdan g‘azabim toshib turibdi, u beparvogina ko‘ylaklarni bir olib-bir qo‘yadi, egnimga ilib ko‘radi. So‘ng sotuvchiga g‘o‘ldiradi: “Yo‘q, yo‘q, bo‘lmaydi”. Bu qilig‘idan o‘zi ham sal mulzam bo‘lar desam, qayoqda – og‘zi qulog‘ida, kulgani-kulgan. Men battar jahldan tutaqib ketayapman. O‘zimni masxarabozday his eta boshladim. Ranjimadimikan deb ham o‘ylamadi, ehtimol, o‘ylagan chiqar? Lekin menga shunday tuyuldi.
Yo‘l-yo‘lakay shirinlik do‘koniga kirdik. Odam liq to‘la, xizmatchilarning qo‘li qo‘liga tegmaydi. Bizning navbatimiz yetib, Arona “oltita qorayaloq” buyurdi. Sotuvchi ayol menga hayron tikildi va xijolatdan qizarib ketdi. U garangsigan ayoldan ko‘zini uzdiyu menga o‘girilib so‘radi: “Shu yetadimi, jonim?” Quyushqondan chiqish ham shunchalar bo‘lar-da! Bo‘sh o‘rindiq topib o‘tirdik, u o‘zini oqlay ketdi: “Dunyoga yengil qaramasang, hazil bilan yengmasang, u yutib yuboradi. Hazil qilib quvnayman. Biroq doim ham imkon bo‘lavermaydi. Sen bilan bo‘lsam, yayrab ketaman”. So‘zining ma’nisiga tushunmadim. Aniqrog‘i, kosa tagidagi nimkosaga aqlim yetmadi. Ammo g‘azab o‘ti asta-sekin so‘na boshladi.
Ko‘rdingmi, uning yaramas, bezoriligini! Arona juda ilgarilab ketgan, zamonaviy. U haq-huquqini yaxshigina biluvchi, ustiga-ustak, o‘ta kek saqlovchi odam. Qiziquvchanligiyam bor.
O‘sha kuni oqshomgacha aylanibmiz. So‘ng kinoga tushdik. U bozor-o‘chardan qaytishda meni ogohlantiruvdi: “Kechki soat sakkiz yarimda tayyor bo‘lib tur. Kinoga boramiz”. Men uchun diqqinafas uydan ko‘chaga chiqishdek huzurbaxsh ish yo‘q hisobi. U bo‘lsa, odamlarni yo‘rig‘iga yurdirishni yaxshi ko‘radi. Men uning qo‘lida qo‘g‘irchoqdek gap. Shunday qilib kechqurun “Oy yog‘dusi”ga tushdik. Charli Chaplin filmi. Agar imkoning bo‘lsa, shaharchangizda tomosha qo‘yilsa, albatta, borib ko‘rgin. Musiqa va raqs, qariyaning tuyg‘ularini yanchib tashlovchi raqqos harakatlaridan ko‘zimga yosh quyildi… yuragi yo‘q kishigina uni hissiz ko‘roladi. Kinodan uyga yeta-etguncha, Arona g‘iq etmadi. Uning yana o‘z olamiga berkinib olgani meniyam o‘yga cho‘mdirdi. Aronaning men bilan kun o‘tkazishlaridan ma’ni nimaligini so‘rab bildim. Uni ham shu so‘roq qiynardi balki.
“Qiynalma! – dedi u. – Odamlar sen bilan don olishib yuribdi deb o‘ylashlaridan qo‘rqyapsanmi? Nahot sendek go‘dakka shuni ravo ko‘rsam?”
Hayotimda birinchi bor jur’at qildim, miyamdagi bo‘lar-bo‘lmas o‘ylarni siqib chiqarish uchun o‘rtamizdagi dudmal munosabatning oxiriga yetishga bel bog‘ladim. “Jur’at” so‘zi afrikaliklarning yetti uxlab tushlariga kirmasligi aniq. Ular chekkan zahmatlarimni, iztiroblarimni bilarmikanlar? Mening ham sevishga, kulishga, ko‘chaga chiqishga nahot haqqim bo‘lmasa? Ha, butkul yo‘q. Ularning barchasi eski an’analarga sodiq, eski tutumni mahkam tutib olgan erkaklar, muxolifatchilar. Ularning ko‘pi o‘z xotinlarini ikki, uch, hatto to‘rt yil oldin vatanlariga jo‘natib yuborib, o‘zlari oqbilak oyimchalar bilan davru davron suradilar. G‘azabdan o‘zimni arang bosib so‘radim: “Odamlarning g‘iybatidan siz nima o‘yga bordingiz?”
– Ularning hamma gapi yolg‘on. O‘shalar ishimni battar chigallashtiradi.
– Qanday chigallik?
U so‘zimni eshitmaganday yuzini ters burdi. Uning og‘ir sukuti meni battar ezib yubordi; javobiga intiq bo‘lib ko‘zimda yosh mavjlandi.
– Chunki birovning xasmini xotin qilish istagim yo‘q, – dedi nihoyat.
– Meni qanday ayol sanading?
– Unday ayollarga mening ham hushim yo‘q.
– Bu ishlardan bir nima topdingmi?
– Albatta!
– Nega meni ushlab turibsan? Maqsading nima o‘zi?
– Adolatsizlikni ko‘rishga toqatim yo‘q. Agar menga xotin kerak bo‘lsa, uni sotib olaman, tamom.
Uni o‘lguday kaltaklab ham xumorimdan chiqolmasdim o‘sha payt; qumursqadek ezg‘ilab tashlasam dedim. Undan ham battari – o‘zimni kechirolmay qiynaldim, meni o‘ziga o‘rgatdi va keraksiz buyumdek chetga surib qo‘ydi. Ortda qolgan yo‘limga hech izoh topolmay ezildim. Uni qayta ko‘rarga ko‘zim qolmadi.

…“Erim” shifoxonadan qaytdi. U bort palatasida davolandi. Kasali jiddiyga o‘xshaydi. Arona hech nima bo‘lmagandek erimning oldida g‘o‘ddayib turardi, ayniqsa, oxirgi suhbatdan so‘ng ham ko‘zida uyatdan asar yo‘q edi. Keyin men sira kinoga tushmadim. U bilan so‘nggi marta meni tug‘ruqxonaga kuzatib qo‘yganda uchrashdim.
“Erim”, o‘sha abushqaga kelsak, u haqdagi ovozalar Afrikani kezib yurganmish. Ammo avvalgidek maktublari shov-shuvga sabab bo‘lmay qolibdi, eshitgandirsan? Baxshiga borib yurma. Aronaning hayotimdan butkul izi o‘chgan, qaytmaydi…

Qattiq yanglishasan. Arona hayotimga yana bir xato bo‘lib qo‘shildi. Tag‘in Olloh bilguvchi. Baronna bilan uning palagi bir. Baronna xonim kommunist ayol. Bu xotinnikidek yurak hech ayolda yo‘q, degandi “erim” bir safar. Negadir o‘sha ayol bilan suhbat qurgim kelaveradi. Yaqinda u meni ayollar do‘koniga yetaklab bordi. O‘sha yerda Aronani do‘sti bilan uchratib qoldik. Do‘sti: “Afrika matolari juda chiroyli-ya”, dedi. Arona qo‘shimcha qildi: “Afrika matosi, Bussak muhri”. Baronna xonimdan Bussakning Frantsiyadagi yirik savdogar ekanini bildim. Bu xotinga har qanday ish bo‘lsin, xamirdan qil sug‘urgandek.
Ammo bu qiziq holatdan kalovlanib qoldim.

Tug‘ruqxonadaman. Referendum bo‘lib o‘tibdi. Senegal yoqlab chiqibdi. Bema’nilikni qara! Yakuniy xulosani eshitib, ixlosim qaytib ketdi. Ayniqsa, bu safar Senegalning yoqlab chiqishini hech kim kutmovdi. Frantsiyadagilarning hammasi bir ovozdan “Ha” debdi. Arona o‘sha-o‘sha meni yo‘qlamadi. Uning mag‘lubiyatini, qiynalishini o‘z ko‘zim bilan ko‘rmoqchiydim. Uning haqqi, senegalliklarning “Yo‘q” deyishini juda istovdim.
“Erim” holimdan xabar olib turibdi. U avvalgidan ancha xarob ahvolda. Og‘ir dardga chalingani ma’lum. Yuragim achishib ketdiki… U sayohati davomida xarid qilganlarining barini menga hadya etdi. Faqirlikning og‘ir yuki yillar bo‘yi adl turgan “erim”ning qaddini anchayin bukib qo‘ygandi. Shifoxonadagi bemor xonadoshim uni otam, Aronani erim deb chamalabdi. Hamxonamning taxmini chin chiqsa edi! “Erim”ni qay dardga yo‘liqqan deb o‘ylaysan? Unda o‘sma bor ekan. “Erim”ning qadrdonlari meni yo‘qlamadilar. Qanday ham qarasinlar, Arona bilan bog‘liq mish-mishlar sabab meni ko‘rarga ko‘zlari yo‘q-ku, axir. Ko‘nglim xotirjam. “Erim” zinhor men bilan Aronadan shubha qilmaydi. Bizga o‘ziga ishongandek ishonadi. Uning ko‘zicha ikkimiz aka-singildekmiz, aftidan.
Hammasi joyida. Hozircha shunday…

…Baronna xonim qizi bilan shifoxonaga keldi. U menga atayin banan sotib olibdi. Qo‘limga tutqazib dedi: “Bular sening vataningdan kelgan”. Bir qora tanli talaba-doya bor edi. Togodan. U ham yo‘qlab ketdi. Arona olib kelibdi uni. Qallig‘i bo‘lsa kerak? Hamma negadir o‘sha qizni maqtagani-maqtagan. O‘zi chindanam mehnatkash, iqtidorli qiz ekan. U Afrikada chiqadigan ro‘znomalardan bir qanchasini qo‘limga tutqazib ketdi. Zerikkanda ermak qilayapman. O‘zi kuniga ikki marta xabar olib turadi.
Xonada uch kishi yotibmiz, o‘ng tomonimda arab ayoli, menimcha, musulmon bo‘lsa kerak, ikkinchi yonimda italiyalik xonim, u meni roman katoligidan deb o‘ylabdi.
Hozircha shu yangilik. Vaqti-vaqti bilan sayr qilib kelayapmiz. Xonadoshlar bilan vaqtim chog‘ o‘tayapti. Ular Afrika haqida hech nima bilmaydi. Ularning bema’ni savollariga kuni bo‘yi javob berib charchamayapman.
Seni o‘pib qoluvchi Nafi
P.S. Abushqaning ahvoli og‘ir. Undan juda xavotirdaman.

Marsel

Salom, do‘stim.
Ko‘zim yoridi. Ruhoniy bolamni cho‘qintiray dedi, ko‘nmadim. Islomiy qoidalarga muvofiq, qulog‘iga ham azon chaqirilmadi. Qizimga Yaye Kodou – qaynonamning ismini qo‘ydim. Hozir hujjatlar bo‘limidaman.
Baxtimga “erim” shifoxonada, olti kiloli bola bilan gugurt qutisidek xonada uchalamiz ancha siqilib qolardik. Yashashga yaroqliroq uy izlashim kerak. Qutidek xonada qo‘sh karavot, kiyim javoni, bir necha kiyim-kechak, yong‘oqxalta va pishir-kuydir jihozlari… bolalar aravachasiga arang joy topdim. Bolani qo‘ynimda olib yotibman.
Otamdan xat oldim. U mendan doimgidek maslahatini ayamagan. Aytishicha, rafiqa degani sira quyosh bo‘lolmas emish, uning qismati soya ekan, shu sabab itoatkor bo‘lishimni uqtirgan. Otam, otaginam-a! Zamon o‘zgardiyu, otam o‘zgarmadi-da. Marselga kelganimdan buyon onamdan bir enlik maktub olmadim.
Birinchi bolamizni – baxtimiz nashidasini qanday tasavvur etar edig-a? Xayollar haqiqatdan yiroq ketdilar. Holatimga ko‘nikishdan o‘zga imkonim yo‘qligi – og‘ir. Bilganim shuki, barcha orzular shuurda so‘nik miltiraydi, atrof-javonibda o‘zligim, tuyg‘ularim yo‘qolib borayapti. Uyqudagi sarmast odamga o‘xshayman.
Frantsiyaga o‘t qo‘ysam deyman! U meni ne ko‘yga soldi? Atagani – to‘rt devorga mutelikmi?!
Baronna xonim keldi-ketdini kanda qilmaydi. Oilam, yaqinlarimsiz bu yerlarda ancha yolg‘izlanib qolganim, begonaligimni ugina tushunadi. Bu mamlakatda qo‘shnichilik yo‘q hisobi. Qizalog‘im Yaye Kodou bilan sayrga chiqqanda, bandargohdagi ayollar nuqul bir savolni so‘rayveradilar: “Buncha shirin bolakay! O‘g‘ilmi?” “Yo‘q, qizaloq”. “Voy, o‘g‘il deb o‘ylabman”, deya qo‘shib qo‘yishadi. Shugina suhbat. Shugina aloqa. Mening qora tanli qo‘shnilarim bu oqbilak oyimlardan ancha aqlli edi.
Sengagina ilingan xatim hozircha shu.
Sening Nafiying

“Erim”ning holidan xabar olishga bordim. Yuklarimni yig‘ishtirib, unga butkul ketmoqchi ekanimni aytishga ahd qiluvdim. Sabrning ham chegarasi bor. Bas, yetar endi! Mana bu kulba! Bu norasida! Yolg‘izlik! Odam bunday yasholmaydi. Shifoxonaga borganimda esa shahd-shijoatim kaftimdagi suvday sirg‘alib tushib ketdi. Uning so‘lg‘in yuz-ko‘zidan ter quyilardi, hansirab-hansirab nafas olardi, bu holida qandoq tashlab ketayin? Uning tepasida qadrdonlari hoziru nozir edilar. Go‘yo ular erimdan rozi-rizolik olishayotgandek. Yuzlaridan vidolashuv ifodasini o‘qigandek bo‘ldim. Hammalari uning joni orom topishini istayotgandek. Bir burchakka borib cho‘kdim-u o‘zim bilan suhbatlasha ketdim: “Nafi, aqlingni yig‘. Qayoqqa ketmoqchisan?” Shu tobda ichimdanmi-tashimdan bir ovoz yangradi: “Yo‘q, ketolmayman. Uning so‘nggi nafasigacha yonida qolishim shart. Bu muqarrariyat qachon keladi – ertaga yo bir-ikki yildan so‘ng… ammo yolg‘izlatib qo‘yolmayman”.
So‘nggi pushaymon o‘ziga dushman bo‘lmasin deyman. Erimning do‘stlari bo‘lsa xotirjam uning o‘limini kutmoqdalar. Navbat kimga yetdiykan? Balki ulardan biriga, balki menga shivirlar o‘lim farishtalari. Yashayapman-u ularning tund chehralariga boqib hayotdan umidim so‘nib ketmoqda. Hayotga ishtiyoqim qayoqqa g‘oyib bo‘ldiykan?
U bilan vidolashuv so‘zim shu bo‘ldi: “Demba, men uyga qaytayapman”. Qariya qo‘lini qimirlatdiyu joni uzildi. Hammaning ko‘zi bir nuqtada. Sovuq ter badanimni jimirlatib yubordi. Turganlarning hech biri hamdardlik bildirmadi. Xudo shohid, murdasini ancha vaqt qo‘rib o‘tirdim. Ko‘nglim ag‘darilayozdi. Go‘dagi bilan yolg‘iz bevadan o‘zga kimsa qolmadi, xonadan quyosh bo‘yini yashirib oldi. O‘lim hidi anqigan xonadan “erim” qo‘limdan yetaklab ketsa, ajabmas. Yo‘q, yolg‘iz o‘zim jonsiz murda ustida ortiq qololmayman – qo‘limdan ushlab o‘zining dunyosiga chindan tortayotgandek… bu yerda qoqqan qoziqdek turganim bilan u endi qaytib kelarmidi? Yo‘q. U yosh xotini bilan o‘zining so‘nggi kunlarini shunday orzulardi. Niyatiga yetdi, bechora. Men esa hali o‘lim to‘rvasini bo‘ynimga ilmoqchi emasman, hech qursa, begona yurtdan ketib olay. Bolam yig‘lab qoldi… Chinqirashini bir eshitsang edi! Qisqasi, o‘zimni o‘nglab olmoqqa vaqt qurg‘ur xalal berayapti. Suratga qarab taniyolmay qoldim Nafini. Suratkashning tortig‘i shu bo‘ldi – jafoli kunlar muhri.
Otam so‘nggi xatida Yaratganning qudrati haqida yozib yuboribdi. Bu ishlar U uchun hech gap emas, biroq men, ojiz bandaga tog‘day yuk. Otamning maktubini javobsiz qoldirdim. Eng maqbul yo‘l shu. Oppoq tonglarning birida u o‘z oyog‘im bilan uyga qaytganimni ko‘rar. Otam so‘nggi marta bola paytim ko‘rgandi, keyin ancha suvlar oqib o‘tdi…
Shifoxonadan chiqqanimda hech kim qolmagandi.
Arona uyga keldi. “Senga so‘zlashga so‘zim yo‘q, senga so‘zlashga yuzim yo‘q”, dedi. U meni yoqtirmagan, zarracha ham. Biroq uni la’natlamayman. “Uyga yetib olishga pulni qayerdan olasan?” deb so‘radi. Men bu haqda o‘ylab ko‘rmovdim. La’nati, o‘zi menda shunday imkon bo‘lganmidi? Aronaning ko‘nglidan ham shular o‘tdi-yov, miq etmadi. Unga madadkorim yo‘qligini aytdim. So‘ng ovozim boricha: “Frantsiyadan nafratlanaman!” – deb baqirdim. U xotirjam jilmaydi va dedi: “Sen Frantsiya haqida hech nima bilmaysan”.

Qadrli dugonam.
Boringga shukur! Sen bo‘lmasang, holim ne kechardi? Maktublar va sen asrading meni. His-tuyg‘ularimni she’rga solmoqqa ojizman, shoir emasman. O‘rtamizdagi ummon do‘sligimizni emas, g‘am-anduhlarnigina yuvib ketganidan benihoya shodman.
Kutilgan kun keldi. Erim qazo qildi. Ikki hafta burun. Dafn marosimi bo‘ldi. Afrikalik muhojirlarning bari qatnashdi. Bizning islom aqidalariga zid amallar bajarildi. Nachora. Arona marosimlar o‘tgach, uyga qaytishim mumkinligini aytuvdi. U to‘satdan meni tutib olib: “Qariyalarning vataniga qaytmay, shu yerda ekaniga qoyil qolayapman. Ular zinhor arosat tuzumni, arosat turmushni tanlamadilar, zinhor Frantsiyaga tobelikni tan olmadilar. Ular dili va tilining pokligi bilan mudom afrikalik bo‘lib qoldilar”, dedi. Biroq meni hozir na Aronaning va na boshqalarning fikri qiziqtirardi. Uningcha, xotima amalning mohiyatini belgilaydi. U hech kim bilan dilidagini bo‘lishmas edi. Ammo to‘satdan… Mayli, senga behuda so‘zlarni yozib vaqtimizni uvol qilmayin.
Qariyaning o‘limi meni tushkunlikka tushirayozdi. Tan olmasam, seni aldagan bo‘laman. Quvonchlisi, fikrlarimga erk berdim, quvonchimdan tongga yetib borolmayman deb ham xayol qilayapman. Afrikalik muhojirlar mening ketish-qolishim to‘g‘risida kengashdilar. Aronaning vazminligi va haqqoniyligi hasadimni keltirar darajada. U hatto o‘z fikrida sobit qolish uchun bola o‘ldirishdan ham tap tortmaydiganlar xilidan. Fe’l-atvorim har qancha uning jig‘iga tegmasin, kelajagim hal bo‘lar choqda yonimda tirgak bo‘lib turibdi. U hayotga haqiqat ko‘zi bilan qaraydi. Kengash majlisidan so‘nggina u haqda so‘nggi xulosaga keldim. “U qirq kunlab ham vaysayverishdan tiyilmaydigan ayol. Ammo uning yaqini bormi bu yerda? Bozor-o‘charni kim eplaydi? Bizning mamlakatda ayol zotining ertalabdan ko‘chaga chiqishi, nomahram bilan paranjisiz gaplashishi taqiqlansa. U endi aldovlardan saqlanishi, salomatligini tiklab olishi lozim emasmi? Dembaning bevasini zudlik bilan o‘z yurtiga qaytarish kerak. Yagona chora shu”. Uzoq muhokamadan so‘ng, kengashdagilar uning fikrini ma’qulladilar. O‘ylaganim sari yuragim orziqib ketayapti. Frantsiyada qoluvchilarga naqadar og‘irligini his etasanmi?
Erimning o‘limidan so‘ng men uchun Frantsiyada hayot tugadi va bugun oqshom kemada yo‘lga chiqaman.
Bu mening Frantsiyadan yo‘llagan so‘nggi maktubim.
Ko‘rishguncha qadrdonim, qolganini yuzma-yuz gaplashamiz.
Sening Nafiying

Ingliz tilidan Sevara Alijonova tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2016 yil, 4-son