Bugun itingni otdi, balki ertaga seni ham otar, bunaqa yumshoqko‘ngil bo‘lish yaramaydi. Uni taltaytirma, uning qilgan ishi sening mulkingga nisbatan ochiq-oydin qurolli tajovuzdir. Tong saharda borib kerakli joyga shikoyat qil. O‘shanda ko‘rasan, senga qanaqa yolvorishini” — degan edi oqsoqol. Yana oqsoqolning aytishicha, birovning mulkiga tajovuz qilishning jazosi o‘ta og‘ir emish. Buning ustiga qurolli bo‘lsa, yanayam og‘irmish. To‘pponchasini olib qo‘yishar, itning pulini to‘latishar, kamida uch yilga qamoqqa tiqib qo‘yishlariyam mumkinmish…
Aslida oqsoqol yaqinda bo‘ladigan saylovlarni o‘ylayotgan edi. Eng kuchli raqibi Fazli edi. Fazlining sudga berilishi, qamoqqa tushishi uning foydasiga bo‘lardi. Umuman olganda, u ham haq edi. “Mushtlash”, degani yo‘q, “sen ham borib uning itini ot”, degani yo‘q, “uyini yoq deyayotgani yo‘q”, davlatga borib shikoyat qil deyapti. Aslida eng to‘g‘ri yo‘l shu edi. Fazlidan kamida 20-30 yosh katta edi. Urishni xohlasada, ura olmas edi. “Itga it” deb hayvonni otib tashlasa, hayvonga jabr bo‘lar edi. Vijdonini bir chekkaga surib qo‘yib uni uyini yoqvoraman desa, uylar devordan-devorga tutashib ketganligi uchun o‘zining uyi ham yonib ketishi mumkin. Eng yaxshisi sud…
Qancha xohlasang, shuncha balo qidirib topadi seni… Men shu yoshimda sudlarning eshigida kutib o‘tiradigan odammanmi? Itimni nega otasan? Ko‘z qorachig‘imdek asrab yurishimni bilmaysanmi? Hech kimga omonat sifatida qoldira olmaydigan uyimni har kuni tunda itimga omonat etib qoldirishimni bilmaysanmi? It bo‘lgandan keyin bolangni ko‘rib hurgan bo‘lishi mumkin, nimaga otasan? Kelib-kelib hovlimning o‘rtasida otasanmi…
Avtomobil yo‘llari qoshidagi mehribonlik uyining tungi qorovuli — Shokir pechkaning yonida tonggacha o‘ylanib chiqdi. Qattiq achchiqlanganidan na choy damladi, na turib aylandi, na yotib uxladi. Sigaretining birini otib, ikkinchisini tutatdi. Tonggacha o‘ylanib chiqdi, sigaret chekdi, qovog‘ini soldi…
Kechasi bilan qor yog‘ganligi uchun yo‘llar yopilgan, tongda kelishi kerak bo‘lgan ishchilar hali yetib kelishmagan edi. “Har holda o‘z kalitlari bor, ko‘chada qolishmaydi” — deb ichida o‘yladi va eshiklarni qulflab qishloqqa qaytdi. Odatda kech qolishganida doim shunday qilar edi.
Hovlisining eshigidan kirganida yuragi zirqirab ketdi. Chunki “Olabosh” dastlab qalin ovozi bilan yolg‘ondan hurmagan, so‘ngra yugurib borib ming bir no‘noqlik bilan egasini kutib olmagan edi. Oldi oyoqlarini ko‘tarib ustiga tashlanmagan edi. Boshini, bo‘ynini silatmagan edi. Hattoki it bo‘lsa ham o‘rganib qolgan jonzotini yo‘qotish og‘ir edi. Buning ustiga bu jonivor ikkita bo‘yi yetgan qiz yashaydigan uyda kechasi qorovullik qiladigan bo‘lsa…
Asabiy qadamlar bilan uyidan chiqdi.
— Narsalarimni tayyorlanglar tumanga borib kelaman! — dedi dag‘al ovozda.
Qizlari, xotini unchalik rozi bo‘lmadilar. Tonggacha qor yoqqan, bir tarafdan esa shamol esar edi. 64 yoshli, revmatizmi bor odam tuman markaziga qanday qilib yetib boradi, yetib borsa qanday qilib qaytib keladi?…
— Bugun bormasangiz bo‘lar edi ota, — dedi qizlaridan biri.
— Nega ekan? Qilgan ishi unga foyda bo‘lsin shundaymi? — dedi Shokir.
Hamma jim bo‘ldi. Tezda tayyorgarliklar boshlab yuborildi. Qizlaridan biri onasining qulfi buzilgan sandig‘idan kiyimlarini, ikkinchisi esa paltosini, kamzulini oldi, nam tortgan paypoqlarini yechdi, iliq suvda tahorat oldirdi, joynAmozni yozib berdi. Xotini dasturxon tuzadi.
Shokirning bomdod nomozini o‘qib bo‘lib dasturxonga o‘tirishi, ko‘chaga kiyadigan kiyimlarini almashtirib qo‘lida tayoq bilan yo‘lga tushishiga yarim soat ham ketmadi.
Qishloqdan uzoqlashgan sari shamol pasayar, qor yog‘ishi sekinlashar edi. Oyoqlari nam bo‘lgan bo‘lsada hali sovqotmagan edi. Tizzalarida og‘riq ham yo‘q edi. “Hammasi yaxshi”, dedi ichida. To‘xtadi. Tayog‘ini qorga sanchib, ikkala qo‘li bilan sigaret qidira boshladi. Kamzulining ichki cho‘ntagidan topgan yarim quti sigaretidan bittasini olib, labiga qistirib cho‘ntagidan chaqmog‘ini qidirdi, lekin u yo‘q. Kiyimini almashtirayotganida esidan chiqib qolgan edi. Yuragi siqildi. Sigaretini g‘ijimlab otdi. Yuzini, og‘zini, quloqlarini berkitdi, tayog‘ini olib yurishda davom etdi. Shu payt ancha pasayib qolgan bo‘ronning zaif shitirlashi ichidan otning kishnagan ovozi quloqqa chalindi. Orqasiga qayrilib qaradi. Noto‘g‘ri eshitmagan edi. Orqasidan bir otliq kelar edi. Ko‘zlari kuldi. “Albatta olovi bordir” — deb o‘ylab yangi sigaret chiqardi. Yo‘l chetiga chiqib otliqni kuta boshladi.
Otliq yetarlicha yaqinlashgach, Shokirning ko‘zlaridan quvonch yo‘qoldi. Nigohlari tundlashdi. Qoshlari chimirildi. Butunlay qovog‘ini solib oldi. Kelib-kelib kechasi Olaboshni otgan odamdan olov so‘ramarmidi endi. Sigaretni yerga uloqtirdi. O‘tib ketarkan boshini boshqa tomonga burdi.
— Assalomu alaykum, Shokir amaki…
Fazli ro‘parasiga kelganda salom bergan edi. Boshini burib alik olmadi. Ammo ichida alik olgan edi. Salom Allohniki. To‘xtab gaplashmasligi, javob bermasligini aniq bilganida edi, ochiqchasiga alik olgan bo‘lardi.
Ozgina uzoqlashguncha kutdi. So‘ngra qayta yo‘lga tushdi.
— Tavba… Bu odam qayerga ketyapti? Meni avrab orqamga qaytarish uchun keldimi? Yoki uning ustidan shikoyat qilish uchun ketayotganimdan xabari yo‘qmi?.. Ot degani aslida mana shunday bo‘lishi kerak… Tizza bo‘yi qorni nazarga ilmay ketayapti. Uni-buni qo‘y, bu odam qayerga ketyapti? Yoki u ham mening ustimdan shikoyat qilmoqchimi?..
Xayollari o‘ziga safsatadek tuyuldi. “Qayerga borsa borsin menga nima? Mendan nima deb shikoyat ham qilardi? Uning emas mening hovlimdagi it otilgan”.
Anchagina uzoqlashgan bo‘lishiga qaramasdan dimog‘iga haligacha sigaret hidi kelar edi. “Qanday chiroyli tutayapti”, — deb o‘yladi ichida. Yaqin bo‘lganida qishloqqa qaytib chaqmog‘ini olib kelar edi. Shuncha yo‘lni bosib o‘tgandan keyin endi qanday qaytsin? Sabr qilishdan boshqa chora yo‘q edi. Eh ko‘r bo‘lmay ket… Shoshib qilingan ish-da, bir burchaklarda yotgandir. Shunday uzoq yo‘lni sigaretsiz bosib o‘tib bo‘larmidi? Nachora, yurasan…
Otning izlarini bosib-bosib yurar ekan, bu safar Fazlining u tomonga kelayotganini ko‘rdi. U ortiga qaytar edi. Qo‘rqdi. “Bu nima? U tomonga ot soldirib kelar edi. Yomon niyati bormi? Yoki urmoqchimi? Majburlab orqaga qaytarmoqchimi? Qanday niyatda ekanligi aniq emas, tayyor turish kerak…”
Tayog‘ini mahkam ushlab yo‘lning o‘rtasiga turaverdi. Ozgina yomon niyati borligini sezishi bilan boshiga tushirishni xayolidan o‘tkazdi. Urishganda “birinchi zarba berish” kerakligini bilar edi. Qari bo‘lsa ham, bu mavzularda ozgina tajribasi bor edi. Qo‘rquvi jasoratga aylandi.
Fazli ancha yaqinlashganda tizginini tortib otini to‘xtatdi. Lablari orasida yana sigaret bor edi. Uning hidi yana dimog‘ini qitiqladi.
Fazli otdan tushdi. Tizginni qo‘liga olib ikki qadam yaqinlashdi. Yana bir qadam yaqinlashsa, boshiga tayoq yer edi. Yaqinlashmadi. Og‘zidagi sigaret qoldig‘ini qorga tashladi. Sigaret qoldig‘i jiz etib o‘char ekan, Shokirning yuragi ham jiz etdi. Bu sigaret qoldig‘i bilan sigaretini yoqib olishi mumkin edi. Ammo endi u o‘chib bo‘ldi.
— Shokir amaki, — dedi, — meni noto‘g‘ri tushunma, senga bitta taklifim bor.
Shokir tayog‘ining uchini yerga tushirdi. “Da’voyingdan voz kech, itingni to‘layman” — deyishini kutdi. Va tezda “yo‘q” deyishga shaylandi. Qorda shuncha qiynalib bekorga yo‘l yurgani yo‘q. Endi uni hech kim o‘z fikridan voz kechtira olmaydi. O‘ylagan ishini qilishi aniq edi. Shunday bo‘lsa ham so‘radi:
— Nima taklifing bor?
— Otga sen min…
To‘g‘risi hayron qoldi. Bunday taklif olishini kutmagan edi. Uning ustidan kulmayotganligini bilish uchun Fazlining yuziga e’tibor berib qaradi. Yo‘q, yuzida unaqa narsa ko‘rmadi. U Shokirning qayerga ketayotganidan xabari yo‘q bo‘lishi mumkin edi.
— Men seni ustingdan shikoyat qilish uchun ketyapman, — dedi.
— Bilaman, — dedi Fazli.
Endi hayrati yanada oshdi. Buni bilib turib nega bunaqa taklif aytyapti? Boshqa birorta fikri yoki hisobi bormikin? Yoki qishloq raisi Muxtorning gaplari sekin asta to‘g‘ri chiqyaptimi? “Otga sen min” — deyishdan maqsadi unga yolvorish emasmi?..
— Ustidan shikoyat qilmoqchi bo‘lganim odamning otiga minmayman, oyog‘im bor, sen yo‘lingdan qolma, — dedi biroz asabiylashib.
Fazli kulimsiradi:
— Men boshidan aytdim, agar noto‘g‘ri tushunadigan bo‘lsang men yo‘qman. Otimga minib yo‘limda davom etaman. Shikoyat qilish yoki qilmaslik masalasi emas bu. Bir devor qo‘shnimizsiz, yoshingiz ulug‘. Tuzingizni totganman. Sharifa xolam bolalikda ko‘p yaxshiliklar qildi. Onam biror joyga boradigan bo‘lsalar, meni doim Sharifa xolaga tashlab ketar edilar. Qo‘shnining qo‘shnida haqqi bo‘lmaydimi, menda ko‘p haqlaringiz bor. Vijdonsizlik qilib o‘tib keta olmayman. Keling, shu otga mining va ishingiz bitirib bo‘lib qaytib berasiz.
Shokirning yuragida Fazliga nisbatan g‘alati tuyg‘ular paydo bo‘la boshladi. Rostdan ham shu eshitganlari Fazlining ichidan chiqyaptimi? Dunyo shunchalik o‘zgaryaptiki, to‘g‘rirog‘i chiriyaptiki, inson har doim hissiyotli onlarda ham ko‘ngli bilan emas, aqli bilan harakat qilishga majbur bo‘lib qolyapti. Mantiqiy fikr deb ataladigan inson ongiga singgan shubha, ko‘pincha inson bilan yaxshiliklar orasida bir pardadan, bir devordan boshqa narsa emas edi. Tungi navbatchi Shokirning ko‘ngli Fazlining eng chiroyli tuyg‘ular bilan yordam bermoqchi ekanligiga yuz foiz ishonchi komil edi. Aqli “ajabo” deyayotgan edi. “Biror yomon niyati, nozik hisob-kitobi bo‘lmaydimi?”
— Maqsading meni orqaga qaytarishmi? — deb so‘radi.
Fazlining yuzi birdaniga o‘zgardi.
— Yo‘o‘q. unaqa niyatim umuman yo‘q. Sud zalidan qo‘rqadiganlardan emasman. Uning ustiga qo‘rqadigan narsam ham yo‘q. To‘pponchamning ruxsatnomasi bor, ololmaydilar. So‘ngra, itingiz bolani qanday quvlaganini hamma ko‘rdi. Qilgan ishim o‘zini himoya qilish hisoblanadi. Balki to‘latishsa kerak, bunga tayyorman. Sharifa xolamga: “Xohlasalaring pulini beray, xohlasalaring menikidan bittasini olinglar” — dedim kecha oqshomda. Mehribonlik uyiga ketgan bo‘lsangiz fursat topib ayta olmagan bo‘lsa kerak harholda… Mayli… Modomiki niyat qilib yo‘lga chiqdingiz, nima ham deya olaman? “Sen ham uni ustidan shikoyat qilmasang aybdor bo‘lib qolasan”, — deyishdi. Men ham shikoyat qilgani ketyapman. Albatta har kim haqqini talab qiladi. Bularning bari boshqa, mening taklifim boshqa..
— Ol, shu otga min. Sen qorda yuradigan bo‘lsang men otda keta olmayman. Ol!…
Chin yurakdan, do‘stona gapirar ediki, ta’sirlanmaslik mumkin emas edi. Kechqurun qorovullikda turadigan Shokir: “Shu bola shu kungacha menga yomonlik qildimi?” — deb o‘yladi. Topa olmadi. Allohdan qo‘rqar edi, qildi deya olmas edi. Hamda oltita qiz katta qildi, to‘rttasini turmushga uzatdi, birortasiga yomon ko‘z bilan qaraganini bilmas edi. Na Fazlidan, na Alloh rahmat qilgur otasidan birorta yomonlik ko‘rmagan edi. Yomonlik uyoqda tursin, otasidan juda ko‘p yaxshilik ko‘rgan edi. Hurmatga sazovor odam edi. hech kimga ehtiyoji yo‘q edi, so‘zlari e’tiborga olinar edi. Boshiga ish tushib qolsa eshigini taqillatib bormasmidi?…
Xayollari chuvalashib ketdi. Faqat Fazlini otida borib shikoyat qilishini tasavvur qila olmadi. Odamlarga nima deydi? Shunaqasi ham bo‘ladimi? Ammo iltimos qilar edi. Minsamikin?…
Xayoliga sigaret keldi. Bitta chekib olsa, balki yanayam yaxshi o‘ylay olar edi. Qanday yomon shu tiryakilik…
Sigaretini oldi.
— Boshimni aylantirib yubording sen bola, shu chaqmog‘ingni uzatchi.
Fazli chaqmog‘ini berdi.
Shokir sigaretini yoqib, bir ikki chuqur nafas olganidan so‘ngra chaqmog‘ini qaytarib berdi. Boshini ko‘tarmasdan sigaretni chekib tugatdi. Orqasidan yana bitta chekdi. Sekin-asta boshini ko‘tardi.
— Bilasan, men yigitligimda it boqmas edim Fazli. Davlatim yo‘q, molim yo‘q, menga it boqish nimaga kerak? Bitta kichkina it yetar edi, ortiqcha narsa kerak emas edi. Ammo shu yoshda kechki qorovullikka ishga kirdim. Kech tushgach, xotinim, qizlarimni tashlab chiqib ketaman. Uyim erkaksiz qolar edi. Har oqshom uyimni avvalo Allohga, so‘ngra sen otgan itga omonat qoldirardim. Kechki payt yechvorar, ertalab kelib bog‘lab qo‘yar edim. Chirib ketganmidi, bilmayman kecha zanjiri uzilib ketibdi. Aytib berishdi Sabi qizingni yaxshigina qo‘rqitibdi, kiyimlarini ozgina yirtibdi ham… Bola dog‘ini, bola sevgisini nima ekanligini yaxshi bilaman. Shunday bo‘lsa ham otmasliging kerak edi. Meni otsang ham itni otmasliging kerak edi.
— Bolani unaqa ahvolda ko‘rib chidab tura olmadim. Aslini olganda o‘zim ham pushaymonman, — dedi Fazli.
Shokir uchinchi sigaretni yoqdi. Fazlining yuziga yaxshilab qaradi.
— Nima qilamiz? Bo‘lar ish bo‘ldi. Ko‘rib turibman, yaxshilikda otangdan qolishmaysan. Seni ustingdan shikoyat qilishga ketayotganimni bilgan holingda, yoshimni hurmat qilib otingni berding. Yuragimni eng nozik joyidan ushlading. Qilaman degan ishimdan birinchi marta voz kechyapman. Qani, qishloqqa qaytaylik, — dedi.
Fazli endi nima qilishini bilmay qoldi, na sevinishini, na xafa bo‘lishini bilmas edi. Otni yetaklab Shokir amakining orqasidan qishloqqa qarab yurdi.
Yo‘lda hammasini yanayam to‘liqroq gaplashib oldilar. Qishloqqa kirganlarida it mavzusi yopilgan, boshqa mavzuga o‘tgan edilar. Shokir bilan Fazlining yonma-yon, kulib qaytayotganini ko‘rgan voqeadan xabari bor qahvaxonadagi qiziquvchilar derazani ochib, eshikdan tashqariga yugurdilar. Ulardan biri so‘radi:
— Og‘alar, sud ishi nima bo‘ldi?
Fazli hech narsa demadi. Yonida katta odam bo‘lganda gapirish uning uchun odobsizlik sanalardi.
Shokir amaki bo‘ynini bukdi. Tushunarsiz kulimsiradi.
— Nima bo‘lardi. Oqlandik, — dedi.
Turk tilidan Muhammadamin To‘xliyev tarjimasi