Umar Sayfiddin. Falaq (hikoya)

(Bolalik xotiralaridan)

Har erta Chorsu jomi’sining orqasidagi xarob jandarmeriya otxonalari oldidan chumchuqlar galasi kabi chug‘ullashib o‘tardik. Maktab yana bir oz narida… past devorli, keng bir hovli o‘rtasida edi. Bino bir qavat edi. Atrofdagi baland kashtan daraxtlarining bir-biriga tutashib ketgan quyuq ko‘lankalari, butun tom ustini qoplardi. Biz hali hovli darvozasidan kirmay turib, Xo‘ja afandining (domla janoblarining) kelgan-kelmaganligini bir ko‘z yugurtirib bilar edik:
— Abdurahmon to‘ra kelganmikin?
— Kelgan, kelgan…
Abdurahmon to‘ra — Xo‘ja afandining qari eshagi edi. Qora, badfe’l, o‘jar bir hayvon… Har erta xuddi biz kabi vaqtli maktabga kelib, oqshomga qadar qoladi; uylarimizdan navbat bilan keltirgan quchoq-quchoq o‘tlarni, yozda daraxtlarning tagida, qishda chap tarafdagi tahoratxona ayvonchasining ostida sekin-sekin yer edi. Unga suv berish, qarab turish maktabda bir imtiyoz edi. Xo‘ja afandiga kim yoqib qolsa, bu mukofotga ega bo‘lar edi. Maktab eshigiga tor bir tosh zinapoyadan chiqilardi. Ichkari kirilgach, xuddi ro‘parada Xo‘ja afandining pastak kursichasi ko‘rinardi. Kursicha tepasida xuddi kichkina bolasi singari mudhish, ajoyib bir miltiq kabi qop-qora qayishli og‘ir falaq osilib turardi. Hammamiz qirqta bola edik. Qizlarni bir necha oy ilgari bizdan ayirib, boshqa yerga jo‘natgan edilar. Sinfga taqsim qilish degan narsa yo‘q edi. Alifbeni, tilni, har narsani birdan baravariga o‘qishar, raqamlarni bir og‘izdan sanashar, bir og‘izdan nashra aytardik. Hamma darslarimiz bir xil, umumiy bir ohangda aytilar, ma’nolarini aslo tushunmas edik. Xo‘ja afandi oq soqolli, uzun bo‘yli, baqiroq bir chol edi. Yozin-qishin doim choponsiz, xuddi tahoratga hozirlanganday qo‘llari va oyoqlarining pochasi shimarilgan holda o‘tirardi. Peshindan keyin Chorsi jomi’sini shipirgani ketib, haligacha qaytib kelmagan xalfa ancha yosh bo‘lib, muazzinlik ham qilar edi. Bizga shirinlik, bodroq, o‘rik, jiyda va shunga o‘xshash narsalar sotardi.

* * *

Gunandan kelganimiz kundan beri men shu maktabga qatnar edim. Ammo dars-marsdan hech xabarim yo‘q edi. Baravariga o‘qishga boshlangan hamono, nima bo‘lsa bo‘lsin, men ham qo‘shilishar, qichqirmoqqa boshlar edim. Eng birinchi zavqim falaqni tutib turishda edi. Falaq tutmoq… Lekin bir kun hokim afandi bilan toza kostyum kiygan, jiddiy qiyofali bir odam keldi.
— Hokim bek, hokim bek! — dedilar. Soqolsiz, qoracha, uzun bo‘yli, tajang bir odam eshikdan kirar-kirmas Xo‘ja afandining ishorasi bilan hammamiz o‘rnimizdan turdik. U birovni chaqirayotgandek qo‘lini, boshini qimirlatib, bizni o‘tqizdi. Barchamizni birma-bir ko‘zdan kechirdi. Bir nechamizni o‘qitib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Holbuki biz og‘zaki so‘zlar bilan, ohangsiz o‘qiy olmas edik. Yuzini burishtirdi. Yerga qarab boshini chayqadi. So‘ngra Xo‘ja afandining boshi ustida osiqlik turgan falaqqa ko‘z tikdi: anchagacha qarab turdi. Umrida falaqni birinchi marta ko‘rayotgan kishiday diqqat bilan boqdi. Orqasiga qayrilib, xayrlashmasdan chiqayotib, dedi:
— Bir nafas tashqariga chiqsangiz, Xo‘ja afandi!..
Xo‘ja afandi titrab, qo‘llarini qovushtirib, eshik tomonga yurdi. Hokim afandi bilan Qaymaqomning orqasidan bog‘chaga chiqdi. Tashqarida nima gaplashganlarini biz bilmadik. Lekin falaq ertasi kun joyidan yo‘qoldi.
— Falaq taqiqlanibdi… — deb gaplashdilar. — Qaymaqom bek taqiq etibdi!
Tayoq qo‘rquvsi yo‘qolgach, biz qirq bola shu qadar sho‘xlik qildik, shu qadar quturdikki… Nima qilgannmizni bilmas, domlaga quloq solmas edik, yuziga bodroq otardik, ko‘rpachasiga igna qo‘yardik, kavushini yashirib soatlarcha axtartirar, yalintirar edik. Tayoqsiz bizni o‘qitolmasligini tushungan Xo‘ja afandi nihoyat bir kun yana falaqni chiqardi. Ammo boshi ustiga osmadi. O‘tirgan ko‘rpachasi ostida saqladi. Faqat endi kim yomonlik qilsa, avvalgidan qattiqroq urar edi.

* * *

Juda yaxshi xotirimda: qirq bola hammamiz ittifoq edik. Oramizdan buziqi chiqmas, Xo‘ja afandiga qarshi bir tan-bir jon kabi harakat qilardik. Bir kun bog‘chada til biriktirdik. Ichkarida hammamiz birdan esnasha boshladik. Xo‘ja afandi ham esnay boshladi. Boyaqish chol uxlab qoldi. Shu ondayoq o‘rnimizdan turdik, kursicha ustidagi nos qutisini olib, hammamiz nos iskadik. Butun maktab ichida aksirish boshlandi. Xo‘ja afandi shovqindan uyg‘onib, ishni angladi. Nosni kim o‘g‘irlaganini so‘radi. Baravariga shovqinlashib:
— Bilmaymiz, bilmaymiz, — dedik.
— Hammangizni falaqqa osaman.
— Bilmaymiz, bilmaymiz.
— Hech kim bo‘yniga olmaydimi?
— Bilmaymiz axir, bilmaymiz-ku…
— Bilmaysizmi, juda soz, Najib bor, jomi’dan xalfani chaqirib kel, chaqqon.
Besh minutdan keyin xalfa keldi. Qo‘rqinch bir manzara boshlandi. Tayoqni biri qo‘yib, biri olardi. Navbat bilan falaq tutardik. Hammamizni birin-ketin tayoqlab chiqdilar. Shu kundan keyin Xo‘ja afandi, esnashni va aksirishni eng katta jinoyat hisoblaydigan bo‘ldi. Ayniqsa, aksirganni yomon ko‘rardi… Tasodifan birorta bola aksirib qo‘ysa, darrov:
— Meni masxara qilayotibsanmi? — deb yerga ag‘anatar va hushidan ketkizguncha savalar edi. Aksiga olib, mening to‘xtovsiz esnagim va aksirgim kelaverardi. Buning uchun bir qancha marta tayoq yedim. Xo‘ja afandi tayoqlab bo‘lgach, quvvati boricha kursichasiga urar:
— Kim aksirsa, shart bo‘lsinki, o‘lguncha kaltaklayman, — deb baqirardi.
— Shart bo‘lsin, kim aksirsa…

* * *

«Shart bo‘lsin!» qanday qasam? Uyda onamdan surishtirdim. Boshini qimirlatdi. Ko‘zlarini katta ochib:
— Juda zo‘r qasam! — dedi.
— Yolg‘ondan shunday qasam ichgan jazo tortadimi?
— Yo‘q.
— Yo‘qsa nima bo‘ladi?
— Undan ham yomon.
— Qanday?
— Xotini taloq bo‘ladi.
Bu gapni yaxshi tushunmadim. Lekin bu qasamning dahshatini maktabda bolalarga so‘zladim. Shundan beri, xuddi uylangan odamlar kabi, biz ham yolg‘on-yashiqqa «Shart bo‘lsin!» qasamini icha boshladik. «Vallohi, billohi!» unutildi, Xo‘ja afandi ham har erta kursiga cho‘kkalarkan, hech unutmasdan:
— Kim aksirsa, shart bo‘lsin, o‘ldiraman, — deb takrorlardi.

* * *

Bir kun peshindagi tanaffusdan keyin ichkari kirdik. Har vaqtdagi kabi vajir-vujur… Men qarasam, Xo‘ja afandi charchab, uxlab o‘tiribdi! Darrov o‘rnimdan turdim. Ko‘rsatgich barmog‘imni lablarimga tegizib bolalarga:
— Jim turingiz! — deganday ishora berdim. Shovqin-suron tindi. Hamma nima qilishimga qarab qoldi. Ko‘zimga kursi ustida qopqog‘i ochiq turgan nos qutisi ilashdi. Oyoqlarimning uchi bilan yurib borib, qutini oldim. Ichidagi noslarni daftar orasiga bo‘shatdim. Qutisini yana ochiqligicha joyiga qo‘ydim. Bolalar nos chekmoq uchun atrofimga to‘plandilar.
— Yo‘q, biz nos chekmaymiz, — dedim. — Nos hididan aksirsangiz, domla uyg‘onib qoladi.
— Sen nima qilmoqchisan?
— Ko‘rarsiz…
— Nima qilajaksan, nima qilajaksan?
— Hozir aytmayman. Ko‘p kulajakmiz. — Shunday bir shaytonlik qilmoqchi edimki, halitdan kulgim qistab, qiqirlab yubordim. Bolalar ham menga qarab kulishdi. Kulgi ovozlaridan Xo‘ja afandi uyg‘ondi. Darrov qutiga qaradi. Ichida nos yo‘q… G‘azablandi:
— Kim olgan bo‘lsa so‘zlasin, shart bo‘lsin, o‘ldiraman.
Hammamiz bir og‘izdan, ohang bilan:
— Shart bo‘lsin, xabarimiz yo‘q! — dedik.
— Kim oldi? So‘zlasangiz-chi!
— Bilmaymiz, bilmaymiz.
— Juda soz, men sizga ko‘rsataman, endi kim aksirsa maydonga chiqadi. Shart bo‘lsin, uni falaqqa osaman. O‘lguncha uraman.
To‘satdan aksirib yubormaylik, deb hammamiz qo‘rqib o‘tirardik.
— Shart bo‘lsin… Oh, bugun birortangiz aksirsangiz… Shart shu — urib o‘ldiraman…
— Oh, shart bo‘lsin, birortangiz aksirsa…
Xo‘ja afandining g‘azabi sira tarqalmadi. Men xontaxta ostida daftardan yirtib olganim ikki varaqqa truba singari buklab, ichiga nos to‘ldirmoqda edim.

* * *

Kech yaqinlashdi. Xo‘ja afandi qo‘llarini fotihadan tushirdi. Paypoqlarini, mahsisini kiydi. Choponini yelkasiga oldi. Baravariga zarb jadvalini kuylagandan so‘ngra, nashraga boshladik. Tugash oldida men, yonimdagi bolani turtib, o‘rnimdan turdim. Bola ham turdi. Qo‘llarimizni qovushtirdik. Xo‘ja afandi baqirdi:
— Nima gap?
— Abdurahmon to‘rani egarlab turaylikmi?
— Boring, juda soz, chaqqonroq.
Eshikdan chiqdik. Har kech, Xo‘ja afandining ruxsati bilan ikki bola chiqib, eshakning egar-jabdug‘ini urardi. Tosh zinapoyadan yugurib tushdik. Abdurahmon to‘ra nushxo‘rd o‘tlar ustida cho‘zilib yotardi. Tepib-tepib o‘rnidan turgizdik. Egar-jabdug‘ini urdik. Maktabxona ichidagi duoxonlik tovushlari ham to‘xtadi. Men kitob xaltamdan ichi nos bilan to‘la qog‘oz trubalarni chiqardim. Asta egildim. Abdurahmon to‘ra hali hech narsadan xabarsiz edi. Trubalardan bir donasini kuchim boricha uning burniga pufladim. Burin teshigiga to‘pponcha otilganday, sakrab tushdi. Ikkinchi trubani puflay olmadim. Jilovidan mahkam tutdim. Sakrata-sakrata tosh zinapoya oldiga olib keldim. Boyagi bola ham yonimda kelmoqda, kulmaslik uchun qo‘li bilan og‘zini berkitmoqda edi. Xo‘ja afandi choponini kiyib, viqor bilan sekin-sekin zinapoyalardan tushmoqda edi. Bolalarning hammasi xuddi turnaday tizilishib uning orqasidan kelardilar. Eshak esa hadeb oldingi oyog‘ini ko‘tarib sapchimoqda edi.
— Nima bo‘ldi bu hayvonga?
— Bilmadim, afandim, uxlab yotgan edi…
— Jilovini noto‘g‘ri solgandirsiz.
— Yo‘q.
— Beri keltiring, ko‘ray-chi!
Hamma bolalar qarab turardilar. Eshakni tosh ostonaga yaqinlashtirdim. Xuddi shu asnoda Abdurahmon to‘ra tumov bo‘lgan odam singari:
— Apshu, apshu… — qilib boshini silkitdi.
Hamma bolalar kulmoqqa boshladi. Xo‘ja afandi hayron bo‘ldi. Nos ta’sirini sezmoqqa boshlagan Abdurahmon to‘ra tinimsiz aksirardi. Men go‘yo hech narsadan xabarim bo‘lmagandek:
— Sizni kalaka qilayotir, afandim, — dedim.
— Bemazalik qilma…
Men yana qattiqroq hazillashdim:
— Buni ham falaqqa osishingiz kerak!
— O hayvon, o…
Kulgidan ichaklari uzilayozgan bolalar:
— Falaqqa, falaqqa… — deb qichqirishdi.
Men jasoratlanib, dedim:
— Xo‘ja afandi, bugun maktabda kim aksirsa, shart bo‘lsin, falaqqa osaman degan edingiz. Agar Abdurahmon to‘rani afv etguday bo‘lsangiz, xotiningiz taloq bo‘lajak.
Bolalar xuddi dars o‘qiyotganday baravariga, ohang bilan:
— Xotiningiz taloq bo‘ladi! Xotiningiz taloq bo‘ladn!.. — deb hayqirishdilar.
Xo‘ja afandi bir lahza esankiradi. Bir necha zamonlardan beri: «Oh mening Abdurahmon to‘ram, oh mening Abdurahmon to‘raginam!» deb muhabbat bilan erkalatgani eshagiga hozir endi g‘azab bilan boqdi. Eshik yonida turgan bir bola ichkariga kirib, falaq bilan tayoqni olib chiqdi. Abdurahmon to‘raginasi tushmagur to‘xtovsiz aksirar, burnini yerga ishqalamoqchi bo‘lardi.
Falaq bilan tayoq qo‘lma-qo‘l Xo‘ja afandi oldiga keldi. Bolalar kulaverib qotmoqda va:
— Xotiningiz taloq bo‘ladi! Xotiningiz taloq bo‘ladi! — deb qayta-qayta turli ohangda chinqirishmoqda edi. Bolalargami, eshakkami, nimaga achchig‘langaniai bilmagan Xo‘ja afandi g‘ayri ixtiyoriy ravishda:
— Ag‘anating! — deb buyruq berdi.
Yigirma choqli bola Abdurahmon to‘raning boshiga to‘plandi. Birmuncha uringandan so‘ng yerga yiqitdik. Orqa oyoqlarini falaqqa bog‘ladik. Xo‘ja afandi tayoqni qo‘liga oldi. Taqa qoqqansimon «taq-taq» urmoqqa boshladi. Eshak tipirchilar, bolalar baqirishar, kulishar, turli narsalar otishardi. Mudhish bir shovqin… To‘satdan orqa tomondan bir bola:
— Qaymaqom bek! — deb qichqirdi. Hammamiz jim bo‘ldik. Yuzimizni hovli darvozasiga o‘girdik; qora kostyumli, qizil fas kiygan aftini burishtirgan bir odam… O‘ng va so‘l tomonida bittadan jandarm tip-tak turardi.
— Nima bo‘layapti, Xo‘ja afandi? — deb so‘radi.
Xo‘ja afandi esankirab qoldi. Qarshisiga boqdi. Tayoq qo‘lidan tushdi. Falaqni ushlab turganlar tashlab qochdilar. Qutulgan eshak hurkib, juftak ota-ota daraxtlar ostiga qochdi va ovozi boricha hangradi. Qaymaqom hovliga kirdi. Sekin-sekin yurib kelib, maktab oldida to‘xtadi. Qoshlari chimirilgan edi. G‘azab bilai qayta so‘radi:
— Nima qilayotibsiz?
— Hech narsa… afandim…
Xo‘ja afandi duduqlanib qoldi.
— Nima?
— Shart etgan edim.
— Bu nima demak?
— Aksirgani uchun…
— Kim aksirgani?
— Eshak aksirdi.
— Eshak aksirdimi?..
— !!!
— !..
Bolalar ham aksirishar, ham kulishar edilar. Qaymaqom o‘z sha’niga dog‘ soluvchi bu orsizlikdan achchiqlandi. Xuddi tishlab olayotganday tishlarini g‘ijirlatib:
— Yo‘qoling bu yerdan, tarbiyasizlar! — dedi
Biz qo‘rqdik, darrov jim bo‘ldik. So‘ngra esankiragan parishon holda yerga qaragan Xo‘ja afandiga qayrildi:
— Men bilan birga yuring!
Qaymaqom oldinda, jandarmlar bilan Xo‘ja afandi orqada, chiqib ketdilar.

* * *

Shundan so‘ng maktabda na falaqni ko‘rdik, na… Xo‘ja afandini!
Hozir men kimning aksirganini ko‘rsam, kichkinaligimda qilganim bu masxarabozlikni xotirlayman. Kulimsirayman. Qalbimda notayin bir iztirob seziladi. Men tufayli domlalikdan quvilgan, ehtimol, och qolgan mo‘ysafid, faqir cholning baxtsiz hayoti ko‘z oldimga keladi. Zamon o‘tgan sari yengillik sezish o‘rniga, yana ko‘proq og‘irlashuvchi bir vijdon azobi sezaman.
Lekin…
Lekin, buning kabi, hayotdagi har bir kulgili narsa ostida ko‘rinmas fojia yo‘qmikin?

Turkchadan M. Davron tarjimasi