Katta gumbazli devonxona binosi har kungidan sokin, har kungidan salqin edi. Derazalardan kirgan bahorning moviy nurlari koshinlarning yashillikka burkangan teranligiga singib, ko‘zni olardi. Charchoqdan holsizlanib, ipak to‘shaklarga tiz cho‘kkan vazirlar ostlariga solingan gilamning rangin naqshu nigorlariga qarashar, uzun oppoq soqolini zaif qo‘li bilan tutgan qari vaziri a’zamning nursiz ko‘zlari esa uzoq va qorong‘u o‘tmish qatiga sayr qilgan kabi bir nuqtaga qadalgan edi.
― Yurakli bir odam kerak, poshsholar ― dedi vaziri a’zam. ― Biz uning oltinu kumushlarga burkangan elchisiga hukmdorimizning qo‘lini o‘ptirmadik. Faqatgina tizzasini o‘pishiga izn berdik. Ularning ham bizga qarshi chora qo‘llashi aniq.
― Shubhasiz.
― Hech shubhasiz.
― Albatta.
Hissiyotga berilgan vazirlarning hayajonlanganini ko‘rgan bosh vazir fikrini ochiq so‘zladi:
― U yoqqa bizdan elchi bo‘lib boradigan odam judayam dovyurak bo‘lishi kerak! Shunday odam bo‘lsinki, o‘limdan qo‘rqmasin. Davlatning sha’niga qarshi qaratilgan har qanday harakatni bartaraf etsin. O‘lim qo‘rquvi g‘olib kelib, bosh egib qolmasin.
― Albatta!
― Haq gapni aytdingiz!
― Judayam to‘g‘ri…
Vaziri a’zam soqolini silab, qo‘lini tizzasiga qo‘ydi. Boshini ko‘tarib, kulohining yunglari hurpayib qolgan vazirlarga alohida-alohida qarab:
― Xullasi kalom… Menga shunday sheryurak odamni toping, ― dedi. ― Aslzodalardan, saroy va devon ahlidan bunday jasur odamni eslolmayapman. Sizlar qidirib ko‘ringlar…
― …
― …
― …
Taqvodor, sulhparvar va indamas podshohning devoni o‘sha qo‘rqmas odamni qidira boshladi.
Bu elchi “yovuz” laqabli, har ish, har jinoyatni shu ondayoq shafqatsiz jazolaydigan Ismoil Safaviyga jo‘natilishi lozim edi. Safaviydan farqli o‘laroq, shahzodalik paytidayoq chavandozlik, kamon va qurol ishlatishdan ko‘ra, ilmni, kitoblarni ustun ko‘rgan Boyazid judayam muloyim edi. Faqatgina she’r, ilm va tasavvufni sevar, urush, muhorabalardan nafratlanardi. Vazirlar esa sevikli podshohlarining rohatini buzmaslikni eng buyuk vazifa deb bilardilar… Shu bilan birga chegaralardagi kurash va janjallarning oldi olinmayotgandi. Bosniya, Eflak, Karaman, Belgrad, Transilvaniya, Xorvatiya yurishlari qolib ketgan, Modon, Koron, Zonkiyo, Santamarvo qo‘ldan ketgan edi. Boyazid xuddi Istanbul fotihining jasorati bilan endigina taxtga kelib, otasining haykalini “soyasi yerga tushadi” deb buzib tashlagan kabi yashar edi. Endi rohatdaman deganda yangi dard chiqardi. Qon, otash ichida qovurilardi.
Shoh Ismoil mag‘lubiyatga uchragan oqqo‘yinlilar sulolasi ustiga saltanat qurgan edi. Bosib olgan joylarida bir niholni ham qoldirmagan, otasi bilan bobosi Junaydning o‘chini olish uchun hamma yozuvsizlikdan toymaydigan bu darg‘azab shoh aql bovar qilmas zulm otiga mingan edi. O‘zbek xoni Shayboniyxonni yenggandan so‘ng, uning boshidan qadah yasab, sharob ichgan bu shafqatsiz shoh dunyoda tengi topilmaydigan kallakesarlardan edi. Boyazid devonining taqvodor, kamgap, yuvosh vazirlari shoh Ismoilning bu kirdikorlarini xalifaga yetkazmasdilar. Bu kallakesar bir kun albatta shu yerlarga ham bostirib kelishga, butun Sharq xalqlarini bo‘ysundirishga harakat boshlagandi. Buni hamma bilar edi.
U o‘tgan yili Zulqodiriya hukmdori Alouddavlaning qiziga sovchi jo‘natgan edi. Alouddavla qizini bermadi, bu Ismoilning izzat-nafsiga tegdi. O‘ch olish uchun podshohning tuprog‘iga hujum boshladi. Mudofaasiz Zulqodiriya yerlariga kirdi. Diyorbakir, Harput shaharlarini egalladi. Toqqa qochib ulgurgan Alouddavlaning o‘g‘li bilan ikki nabirasi unga asir tushdilar. Shoh Ismoil bu bechoralarni o‘tda yoqib, kabob qildirdi. Go‘shtlarini qo‘zi qo‘shti kabi yedi. Bunday vahshiyona ish Sharqda hali kuzatilmagan edi.
Urush istamagan Boyazid Anqaradagi Yahyo poshsho bo‘linmasiga askar jo‘natishdan boshqa ish qilmadi. Ismoil kallakesar bo‘lishi bilan bir qatorda judayam ayyor kishi edi. Usmonli tuprog‘iga kirgani uchun uzr so‘rab, qayta-qayta elchilarini jo‘natardi. O‘sha paytda Trabzon voliysi bo‘lgan Shahzoda Yovuz Tabriz chegarasidan o‘tib, Boyburt, Erzinjonga qadar bosib olgan, hatto shohning akasi Ibrohimni ham asir olgandi. Ismoilning elchisi Usmonli davlatiga hujumini Alouddavlaning ta’zirini berib qo‘yish maqsadi bilan niqoblardi.
Devonxonada esa bu ayyor, kallakesar va vahshiy shohga qarshi tik boqa oladigan elchi topilmasdi. Chunki o‘zini Usmonli hoqoni bilan teng bilgan, hatto butun Sharqda hukmronlik qilishni istagan bu yovuz shoh uning huzuriga borgan odamga tarbiyasizlik bilan muomala qilar, bunga qarshi bo‘lganlarni qoziqqa o‘tkazar, terisini shilar, aql bovar qilmas qiynoq bilan o‘ldirardi.
Vaziri a’zamning o‘ng tomonidagi vazirlardan biri bosh kiyimining yunglarini silar ekan, chapga o‘girilib:
― Men bu elchilikka munosib odamni bilaman ― dedi. ― Otasi mening do‘stim edi. Ammo davlat xizmatini qabul etmaydiganlardan.
― Kim ekan u?
― Muhsin Chalabiy.
Vaziri a’zam bu odamni tanimas edi.
― Shu yerda yashaydimi?
― Ha.
― Nima ish qiladi?
― Ozroq davlati bor. Vaqtini ilm olish bilan o‘tkazadi. Siz tanimaysiz, afandim. Kattalar bilan muomala qilmaydi. Mavqe-mansabga qiziqmaydi.
― Nega?
― Bilmayman. Balki buni manfaatsiz deb bilar…
― Qiziq…
― Ammo judayam dovyurak odam. Haqiqatga tik qaraydiganlardan. O‘limdan qo‘rqmaydi. Ko‘p yillar urushda qatnashgan. Yuzida qilich yaralari bor.
― Bizga elchi bo‘lmasmikan?
― Bilmadim.
― O‘zi bilan bir ko‘rishsak.
― Qaydam, chaqirsangiz kelarmikan?
― Nega kelmaydi?
― Kelmasa kerak. Aytdim-ku, dunyoga rag‘bati yo‘q. Shoh bilan gado uning uchun bir.
― Mamlakatini sevmaydimi?
― Sevadi deb o‘ylayman.
― U holda biz ham o‘zimiz uchun emas, mamlakat xizmati uchun uni chaqiramiz.
― Bir sinab ko‘ramiz, afandim.
Vaziri a’zam kechqurun yordamchisini Muhsin Chalabiyning Uskudardagi uyiga jo‘natdi. Mamlakat, xalq uchun amalga oshiriladigan bir ish haqida gaplashmoq uchun ertaga albatta kelishi kerakligini yozib yubordi.
Bomdod namozidan so‘ng qabulxonada kotib qoldirgan qog‘ozlarni o‘qib o‘tirgan vaziri a’zamga Muhsin Chalabiyning kelganini bildirdilar.
― Buyoqqa olib kiringlar.
Ikki daqiqadan keyin xonaning sadaf naqshli eshigidan mo‘ylovdor, baquvvat, tik jussali, quvnoq bir odam kirib keldi. Ingichka qora qoshlarining ostida katta-katta ko‘zlari porlar edi. Belidagi xanjar qini bo‘sh edi. Huzuriga kelganlarning etagini o‘pib, ta’zim qilishiga o‘rganib qolgan vaziri a’zam bu odamning ham unga mulozamat ko‘rsatishini kutdi. Biroq kutilgan mulozamat ko‘rsatilmadi. Vaziri a’zam bunaqa mag‘rur, boshi yuqori ko‘tarilgan odamni umrida birinchi marta ko‘rib turishi edi. Saroy a’yonlari esa uning huzurida ikki bukilib turardilar. Muhsin Chalabiy qat’iyatli ovozi bilan so‘radi:
― Meni chaqirtirgan ekansiz, afandim. Nima gapingiz bor edi?
― Bir ish bor…
― Buyuring, afandim.
― Marhamat, o‘tir, o‘g‘lim…
Muhsin Chalabiy tortinmasdan, istihola qilmasdan, o‘zini erkin his qilgan holda ko‘rsatilgan joyga o‘tirdi. Bosh vazir qo‘lidagi buklangan qog‘ozlarga qararkan, ichida “Bu qanaqa odam? Telba emasmi?” deb o‘ylardi.
Ammo Chalabiy unday emasdi. U xudojo‘y, g‘oyatda aqlli inson edi. Insonga ta’sir etguvdek salobati va siri bor edi. Qarag‘ay o‘rmonining orqasidagi katta xo‘jalikni boshqarar, peshona teri bilan mehnat qilar, hech kimga g‘ayirligi yo‘q edi. Yo‘qsil va g‘ariblarning ko‘nglini olar, dasturxonidan mehmon arimasdi. Dinni mahkam ushlardi. Ammo mutaassib emasdi. Din, ulus, vatan ishqini, mamlakatining buyukligi, muqaddasligini yurakdan his qilardi. “Tangridan boshqasiga sajda etmay, qulga qul bo‘lmaslik” uning hayotdagi maqsadi edi. Ilmi to‘kisligi har bir ishida sezilardi. Ibn Kamol u haqda: “Menga ta’lim bergan edi”, deb eslagandi. U shoir ham edi. Ammo umrida birorta ham qasida yozmagan edi. Hatto shunaqa maqtov she’rlarni o‘qimasdi ham. Yoshi qirqdan oshayotgandi. Mansab-martabaga qiziqmas, bu oltin qoplangan, zar gulli, jannatmonand nurli yo‘lning so‘nggida kirlangan mehrob ham bo‘lishini bilardi. Insoniylik uning uchun juda yuksak martaba edi. Uningcha inson ― yerning ustidagi Tangrining xizmatkori. Yaratgan insonga axloqni ta’lim bergan. Inson esa u yaratgan borliqning ustida. Yaltoqlanish dumini qimirlatib egasining oyoq kiyimini yalaydigan ko‘ppakka yarashadi, insonga emas… Muhsin Chalabiy amaldorlar oldida ikki bukilib, ularga mulozamat ko‘rsatgan, o‘z g‘ururini bilmaydigan, zaiflardek yerga sudralib yuradigan isqirt insonlardan nafratlanardi. Hatto bundaylarni ko‘rmaslik uchun odamlardan uzoqda yurar edi. Faqatgina urush bo‘lgan paytda qismlarga sardorlik qilish uchun ularga qo‘shilardi.
Huzurida o‘zini juda erkin qo‘yib o‘tirgan bu qahramon vaziri a’zamni ajablantirdi. Qizishmasdan maqsadga o‘tdi:
― Tabrizga elchi jo‘natishimiz kerak. Bizning nomimizdan bora olasanmi, o‘g‘lim?
― Menmi?
― Ha.
― Menga nima aloqasi bor?
― Bu ishni bajara oladigan munosib odam topolmayapmiz-da…
― Men shu vaqtga qadar davlat xizmatini bajarmaganman.
― Nega?
― Chunki men bosh egmayman, etak o‘pmayman. O‘zidan katta a’yonlarning mavqelariga bo‘yin egib, qo‘l, etak, hatto oyoq o‘pib ikkiyuzlamachilik, laganbardorlik qilganlar atroflariga ham shunaqa chirkin insonlarni to‘playdilar. Arzandalari, xizmatkorlari, hatto qo‘riqchilari ham shunday olchoq, ikki yuzli, axloqsiz yaltoqilar, nomussiz masxarabozlardir. Mard, to‘g‘ri, o‘ziga ishonadigan, vijdonli odamni ko‘rdilarmi, undan nafratlanadilar, uni yo‘q qilishga chiranadilar. Ahmad Poshshoni nima uchun o‘ldirdilar…
Vaziri a’zam tishini tishiga qo‘ydi. Ko‘zlarini majolsiz ochib-yopdi. Qo‘lidagi qog‘ozni g‘ijimladi. Achchiqlanmas, ammo avvallari jahli chiqqanidek yanoqlari titrar edi. Vazirlaru katta beklar ham, hatto o‘z tengqurlari ham unga bunday achchiq muomala qilmagan edilar. Yana “rostdanam telbamikan” deb o‘yladi. Agar ahmoq bo‘lmasa, nega bunday gustohlik qiladi? Bu qadar betgachoparlikka nima jur’atlantirmoqda o‘zi? Yana qovoq o‘ydi. Ichida “uning boshini oldirsammikan” deb o‘yladi. Eshikbonlarga baqirish uchun og‘iz juftlagan edi, vijdonining allaqaysi yeridan kelgan sadoni eshitdi: “Ikkiyuzli, sullohlar kabi haq gapni eshitmaslikka harakat qilyapsan. Sen ham qarshingda mard bir insonni emas, oyoqlaringni yalagan ko‘ppak va yo senga ikki bukilgan razil insonni istayapsan!” Yumilgan ko‘zlarini ochdi. G‘ijimlangan qog‘ozlarini yoniga qo‘ydi. Yana Muhsin Chalabiyga boqdi. Yuzida qilich tig‘idan qolgan dog‘i, uzun bo‘yni, biroz katta, egilgan burni, o‘ziga yarashib turgan sallasi xuddi “Shohnoma” qahramonlarini eslatardi. Insofli vaziri a’zam izzat-nafsiga tekkan so‘zlarni unutishga urinib, oniy g‘azabini engishga harakat qildi. “Biz qidirgan odam aynan shu”, ― dedi. Hattoki o‘limdan ham qo‘rqmaydigan bu kabi odam mamlakati, xalqi xizmatidan chekinmas edi. Sallasi yungini silab, dedi:
― Seni Tabrizga elchi qilib jo‘natamiz.
― Huzuringizda qancha merganlar, kotiblar va oqsuyaklar bor. Nega ulardan birini tanlamadingiz? ― so‘radi Muhsin Chalabiy.
― Sen shoh Ismoil degan yaramas odamni bilasanmi?
― Bilaman.
― Vataningni sevasanmi?
― Sevaman.
Vaziri a’zam orqasiga o‘girilib:
― Yaxshi, unday bo‘lsa… ― dedi. ― Bu pastkash inson “elchiga o‘lim yo‘q” aqidasini qabul qilmaydiganlardan. Biz bilan urushish da’vosida yuribdi. Yuboradigan elchimizga o‘zining kim ekanligini ko‘rsatib qo‘yishni xohlayapti. Hatto seni qatl etishi mumkin. Chunki Allohdan qo‘rqmaydi. Elchimizga qilingan tahdid davlatimizga amalga oshirilgan jinoyatdir. Bizga shunday odam kerakki, o‘limdan qo‘rqib, bo‘yin egmasin. Pastkash insonga munosib javob bersin… Agar Vataningni sevsang, buni fidokorlik o‘laroq qabul qilasan!
Muhsin Chalabiy o‘ylab ham o‘tirmasdan:
― Qabul qildim, afandim, ― dedi. – Ammo bir shartim bor.
― Qanaqa shart?
― Modomiki, bu fidokorlik ekan, uni pul bilan o‘lchanmaydi. Beg‘araz bo‘ladi. Davlat uchun pulli fidokorlik, qanday bo‘lmasin, shaxsiy daromaddan boshqa narsa emas. Men maosh, maqom, martabani istamayman. Hech qanday haq olmay bu xizmatni zimmamga olaman. Mening shartim shu.
― Ammo, o‘g‘lim, bu qanday bo‘ladi? Uning elchisi juda qimmatbaho kiyimlarda edi. Ulovi, xizmatkorlari ham qusursiz edi. Bizning elchimizning ulovi, xizmatkorlari, liboslari undan-da ko‘rkam, qimmatbaho bo‘lmog‘i lozim. Bular uchun senga albatta xazinadan oltin ajratamiz…
Muhsin Chalabiy norizo qiyofada boshini qimirlatdi:
― Yo‘q, xazinadan hech narsa olmayman. Ko‘zni oluvchi muhtasham ulovlarni, bashang kiyingan xizmatkorlarni o‘z pulim bilan tayyorlayman. Hatto…
Vaziri a’zam taajjub bilan boqdi.
― …
― Hatto egnimga shoh Ismoil umrida ko‘rmagan qimmatbaho libos kiyaman.
― Nima kiyasan?
― Toro‘g‘li zardo‘zdan “qizil durli ko‘ylak”ni sotib olaman.
― Nima? Buncha pulni qayerdan olasan, o‘g‘lim?
Vaziri a’zamning ajablanganicha bor edi. Bir oy oldin tayyorlangan, juda kamyob durdan ishlangan bu ko‘ylakning ovozasi butun Istanbulga yoyilgan edi. Vazirlar, elchilar bu ko‘ylakni podshohga sovg‘a qilish uchun Toro‘g‘lining oldiga borishar, u esa bahosini oshirar edi. Muhsin Chalabiy bu mashhur ko‘ylakni qanday olmoqchi ekanligini tushuntirdi:
― Xo‘jaligimdagi otarni, uyimni garovga qo‘yaman: tujjorlardan o‘n ming oltin qarz olaman. Ikki mingini ulov bilan xizmatkorlarga sarflayman. Qolgan sakkiz ming oltinga bu ko‘ylakni sotib olaman.
Vaziri a’zam bu ishni ma’qul ko‘rmadi:
― Kelganingdan so‘ng bu ko‘ylak senga kerak bo‘lmaydi. Uni faqat bir marta kiyasan. Mollaringni qo‘ldan chiqarib, yo‘qsil bo‘lib qolasan-ku.
― Yo‘q, sakkiz ming oltinga oladigan ko‘ylakni olti oydan so‘ng Toro‘g‘li mendan yetti mingga qayta sotib oladi. Yetti ming oltin bilan men xo‘jaligimni tiklab olaman. Qolgan qarzlarimni uzolmasam, otamdan qolgan bu xo‘jalik davlat uchun fido bo‘lsin.
Muhsin Chalabiy bilan gaplasharkan, vaziri a’zamning hayrati orta boshladi. Yuragi rohatlandi. Haqiqatan ham gustoh, mahmadona bir hukmdorga munosib javob bera oladigan odam topilgan edi. Devonning nozik, qo‘rqoq a’yonlari esa jonlari bilan mollarini juda sevardilar. Agar ulardan birini elchi qilib jo‘natilsa, davlatining muhabbati qolib, oladigan moli haqida o‘ylar edi.
Vaziri a’zam Muhsin Chalabiyni taomga taklif qilmoqchi bo‘ldi. Uddasidan chiqmadi. Xayrlasharkan, dahlizgacha kuzatib qo‘ydi.
Muhsin Chalabiy mol-qo‘ylari bilan katta xo‘jaligini, uyini, do‘kon va bog‘larini garovga qo‘yib, tujjorlardan qarz oldi. Ulov hozirladi. Bu haqiqatan ko‘zni qamashtiradigan darajada go‘zal va mukammal karvon edi. Toro‘g‘lidan keyin yetti mingga qaytib olish sharti bilan qizil durli ko‘ylakni ham sotib oldi. Yosh xotini va ikki farzandini yaqinlarining uyida qoldirdi. Olti oylik nafaqalarini qo‘llariga berdi. So‘ngra xalifaning maktubini olib, yo‘lga tushdi. Elchining boyligi, xususan, qizil durli ko‘ylagining shuhrati butun Onado‘lidan o‘tib, shoh Ismoilning diyoriga ham yetib borgan edi. Muhsin Chalabiy Tabriz shahriga shavkatli qiyofada kirib keldi. Bu kichik shaharning zeb-ziynatga, boylikka o‘ch xalqi Istambul elchisining ko‘ylagini ko‘rib hayratdan yoqa ushladi. Barcha anjumanlarda ko‘ylakning ta’rifi ko‘klarga ko‘tarildi. Shoh Ismoil esa qizil durni faqat ertaklarda eshitgan, qanday narsa ekanligini umrida ko‘rmagan edi. O‘zi hali tasavvur ham qilolmagan narsaning sohibi bo‘lgan bu badavlat elchiga nisbatan ichida kin paydo bo‘ldi. Uni huzurida tahqirlab, yer bilan bitta qilishga qaror qildi. Qabuldan avval taxti orqasiga jallodlarni hozirlatdi. Taxti oldidagi ipak to‘shaklar va joynamozlarni ham qoldirmadi. O‘ng tomonida vazirlar, chap tomonida sarbozlar turardilar.
Muhsin Chalabiy ochiq eshikdan mag‘rur qadam bilan kirdi. Boshi har doimgidek baland ko‘tarilgandi. Qo‘ynidan xalifaning maktubini chiqarib o‘pdi. So‘ng oltin taxt ustida ipak kiyimlarga burkanib yirtqich qush kabi o‘tirgan shohga uzatdi. Oyog‘i o‘pilmagan shohning jahli chiqib qizara boshlagandi. Ko‘zining oqlari ko‘rinmay qolgan shoh maktubni oldi. Muhsin Chalabiy taxt yonidan chekinib, atrofga nazar soldi. Hech kim o‘tirmagan edi. Kulimsiradi. Ichida: “Meni zo‘rlab oyoqda turib, ularga ta’zim etishimni xohlayaptilar shekilli” dedi. Biroz o‘ylandi. Bu haqoratga qanday javob berish kerak? Shartta ustidagi qizil durli ko‘ylakni yechib, taxtning yoniga tashladi. Shoh Ismoil, vazirlari, qo‘mondonlar taajjubga tushgan, sarosima ichida unga qarardilar. So‘ng u qimmat ko‘ylakning ustiga chordona qurib o‘tirib oldi. Dev, ajdaho suratlari tushirilgan, oltin suvi yuritilgan ravoqlarda jarang sochgan dabdabali ovoz bilan:
― Maktubini berganim buyuk podshohim O‘g‘uz Qoraxonning avlodidandir – deb hayqirdi. – Dunyo yaratilganidan beri uning ajdodlaridan hech kimsa qul bo‘lgan emas. Hammasi podshoh, hammasi hoqon o‘tgan. Otalari tug‘ilgandan beri hukmdor bo‘lgan bir podshohning elchisi boshqa podshoh oldida egilib-bukilmaydi. Chunki…
Muhsin Chalabiy turkcha gapirib, hayqirar, turkcha bilmaydigan shohning jahli chiqib, qizarar, hali ochib ulgurmagan maktubni tutgan qo‘li hayajondan dir-dir titrardi… Taxtining orqasidagi jallodlar esa allaqachon qilichlarini chiqargandilar.
Muhsin Chalabiy hamon baland ovozda nutq irod qilardi. Donishmandlar, vazirlar, jallodlar, sarbozlar hukmdorlarining nega sabr qilayotganiga, nega unga jazo bermayotganiga ajablanardilar. Hatto ichlaridan ba’zilari ovozlarini ko‘tarib ming‘irlay boshladilar. Muhsin Chalabiy so‘zini tugatib, chiqishga izn ham so‘ramadi va o‘rnidan turdi. Eshik tomon to‘g‘ri yurdi. Shoh Ismoil hayratdan tosh qotgandi. Sinmas g‘ururi bugun bir turkning otash nigohlari ostida chilparchin bo‘lgan edi. Muhsin Chalabiy tashqariga chiqarkan, shoh Ismoil o‘zi kabi sarosimada qolgan xizmatkorlariga:
― Uning ko‘ylagini olib chiqib beringlar! – dedi.
Sarbozlardan biri yugurdi. Taxt oldidagi ko‘ylakni olib, turk elchisiga olib bordi:
― Marhamat, taqsir, ko‘ylagingizni unutdingiz.
Muhsin Chalabiy to‘xtadi. Kuldi. Saroy tomonga o‘girilib, shoh eshitadigan tovush bilan:
― Yo‘q, unutmadim. Uni sizlarga qoldirdim. Saroyingizda buyuk podshoh elchisini o‘tkazishga loaqal bitta to‘shagingiz yo‘q ekan. Turk yerga solgan narsasini hech qachon ustiga kiymaydi. Buni bilmaysizlarmi? – dedi.
… Muhsin Chalabiy kecha-kunduz yo‘l yurib, Vatan sarhadlariga yetib keldi. Uskudarga kirganida, uning kissasida bir aqcha ham qolmagan edi. Bashang kiyingan xizmatkorlariga:
― Bolalarim! Mingan otlaringiz, ustingizdagi kiyimlar, belingizga qadalgan qimmatbaho qilichlaringiz sizga bo‘lsin. Mendan rozi bo‘lasizlarmi?
― Rozimiz, ― deyishdi jo‘r ovozdan.
Rizolik bilan xayrlashdilar. Muhsin Chalabiy chuqur nafas olib, uyiga uchramasdan dastlab vaziri a’zamning huzuriga bordi. Maktubni shohga berganini, hech bir haqoratga uchramaganini, shohdan izn ham so‘ramay Istanbulga qaytganini so‘zladi. Bosh vazir uning bu vazifani a’lo darajada o‘tashiga ishonardi. Yo‘ldagi holatlar, qabilalarga oid ba’zi narsalarni so‘radi. Chalabiy ketishga hozirlanayotgan payt:
― Sotib olmoqchiman, o‘g‘lim, ko‘ylaging shu yerdami? – dedi.
― Yo‘q, olib kelmadim.
― Ajamistonda sotdingmi?
― Yo‘q, sotmadim.
― O‘g‘irlatdingmi?
― Yo‘q.
― Unda nima qilding?
Bosh vazir takror-takror so‘radi. Ko‘ylakning nima bo‘lganini baribir bilolmadi. Muhsin Chalabiy qilgan ishidan faxrlanadigan odam emasdi. U kechasi Uskudarga qaytdi. Ertasi kuni yetti ming oltinga ko‘ylakni qayta sotib olmoqchi bo‘lib kelgan Toro‘g‘liga ham bor gapni aytmadi. Istanbulda ham hech kimsa “qizil durli ko‘ylak”ning qanday, qayerda, nima uchun g‘oyib bo‘lganini bilolmadi.
Tabriz saroyidagi sarguzasht tarix qatlarida g‘oyib bo‘ldi, sir bo‘lib qoldi. Ammo eski davlatmand Muhsin Chalabiy shu ko‘ylak tufayli qarzlarini to‘lay olmadi, molini garovdan qutqarolmadi. Elchilikdan yodgor qolgan ulov va qimmatbaho toshlar bilan bezatilgan taqimini sotdi. Shu aqchaga Kuzgunchukdan kichkinagina bog‘ sotib oldi. Ekin-tekin qilib hosil oldi. Umrining oxirigacha Uskudar bozorida ko‘kat sotib tirikchilik o‘tkazdi, bolalarini boqdi. G‘ariblikda, yo‘qsillikda hayot kechirdi. Shunda ham na biron kimsaga bo‘yin egdi, na butun boyligini bir onda yo‘qotish bilan erishgan fidokorligi haqida gapirib faxrlandi.
Turk tilidan Davronbek Tojialiyev tarjimasi