Uilyam Folkner. Alvon yaproqlar (hikoya)

I

Ikkala hindu ekinzordan uning narigi chekkasiga, qabilaga tegishli qullar yashaydigan yerga o‘tishdi. Bu yerda xom g‘ishtdan qurilgan ikki qator kulbalar joylashgandi; ular hammasi ohak bilan yaxshilab oqartirilgandi. O‘rtadan torgina ko‘cha tushgan bo‘lib, yalang oyoqlarning izlariga to‘la edi. Bolalarning bir qancha qo‘lbola o‘yinchoqlari tuproqqa qorishib yotardi. Hech yerda hayot asorati ko‘rinmasdi.
– Bu yerdan nima topishni men bilaman, – dedi hinduning birovi.
– Nimani topmasmiz, – dedi boshqasi.
Vaqt tushdan oqqandi, lekin ko‘chada zog‘ uchmasdi, hammayoq jimjit va bo‘m-bo‘sh edi; yorilgan, ilma-teshik loy bilan suvalgan dudburonlardan tutun chiqmasdi.
– Ha. Hozirgi yo‘lboshchining otasi qazo qilganda ham shunday bo‘lgan edi.
– Sen oldingi yo‘lboshchini aytasan-da.
– Ha.
Hindularning birini Uch Savat deb atashardi. U oltmishlarga kirgandi. Har ikkala hindu ko‘rinishidan shaharlik davlatmandlarga o‘xshar – to‘ladan kelgan, past bo‘yli, andak qorin qo‘ygan; boshlari katta, qizg‘ish tuproqqa o‘xshagan basharalari tovoqdek kengish, ularga qandaydir xira vazminlik muhri bosilganday ko‘rinardi; shunday tosh sanamlarni ba’zan Siamda yoki Sumatrada birdan ko‘rib qolasan: ular yarim vayrona devorlar osha tumanlar orasidan chiqib kelishadi. Kuydirib jizg‘inak qilib yuboradigan quyosh va o‘tkir soyalar ularni shunday ko‘yga solgan. Ikkovining ham sochlari yonib ketgan qamishzorda saqlanib qolgan qiyoqqa o‘xshardi. Uch Savat qulog‘ining solinchog‘ida sirlangan nosqovoq osilgandi.
– Men qachondan beri aytib kelaman: bular hammasi noto‘g‘ri. Ilgari qullar bo‘lmagan. Bizda negrlar yo‘q edi. Nimani xohlasang, shuni qilarding. Hammaning vaqti o‘ziga yetib ortardi. Endi-chi, butun vaqting ularga ish topib berishga ketadi. Ular ishsiz yasholmaydi.
– Xuddi ot bilan itning o‘zi ular.
– Zig‘ircha ham aql-idroklari yo‘q. Albatta, ish topib berishing kerak. Ular oq tanli odamlardan ham beshbattarroq.
– Avvalgi qari qabila boshlig‘i tirikligida ularga ish qidirib ovora bo‘lishning hojati yo‘q edi.
– To‘g‘ri. Menga qulchilik yoqmaydi. Bu to‘g‘ri emas. Qadimda odamlar to‘g‘ri yashashardi. Endi unday emas.
– Qadimda odamlar qanday yashaganlarini sen bilmaysan-ku.
– Men keksalardan eshitganman. O‘zim ham shundoq yashashga harakat qilganman. Odam ishlash uchun yaralmagan.
– Bu to‘g‘ri. Ishlayverib tanalari qanday bo‘lib ketganini ko‘rmaysanmi.
– Shunaqa. Qop-qora. Ta’mi ham achchiq.
– Sen yeganmisan?
– Bir marta yeb ko‘rganman. Men u paytda yosh edim, uncha farqiga bormasdim. Hozir o‘lsam ham og‘zimga olmasman.
– Ha. Hozir ular tanovul qilinmaydi. Nafi yo‘q.
– Etlari mazali emas. Taxir. Menga yoqmaydi.
– Oqtanlilar ularning evaziga ot berishadi, etini yegandan ko‘ra bu foydaliroq.
Ular ko‘chaga kirishdi. Tilsiz, ko‘rimsiz o‘yinchoqlar – yog‘ochdan, latta-puttalar, patlardan yasalgan tumorlar chang-to‘zon bosgan, o‘ngib ketgan bo‘sag‘alarda mujilgan suyaklar, qovoqdan yasalgan tovoqlarning singan parchalari orasida sochilib yotardi. Kulbalarda hayot asari yo‘q, na shitirlagan sas eshitiladi, na qopida inson boshi ko‘rinadi. Issetibeha jon bergandan beri, kechagi kundan beri shu ahvol. Ammo hindular bu yerdan nima topajaklarini o‘zlari ham bilishardi.
Ular qishloqning o‘rtasida joylashgan, boshqalaridan kattaroq kulbaga qarab yurishdi. Oy chiqishining ma’lum bir kunlari bu yerda negrlar yig‘ilib, rasm-rusumlarining birinchi qismini ado etishar, qorong‘i tushgandan keyin esa daryo tomonga o‘tishar, u yerda o‘zlarining katta nog‘oralarini saqlashardi. Bu uyda turli-tuman mayda-chuyda asbob-anjomlar jamlangandi – sehrli bezaklar, rasm-rusumlar yozilgan lavhalar – qizil loy bo‘yoq bilan chizilgan ramziy belgilar tushirilgan yog‘och taxtachalar ko‘zga tashlanardi. Uyning o‘rtasida tomdan ochilgan tuynuk ostida kuli olinmagan o‘choq va uning ustida osma qozon ko‘rinardi. Derazalarning tavaqalari yopib qo‘yilgan, quyoshning o‘tkir nurlaridan ko‘zlari qamashgan hindular uyga qadam tashlagan ilk damlarda hech narsani ilg‘ay olmadilar – faqat qandaydir g‘imirlashlaru sharpalar, ko‘z oqlarining yiltirashlari sezilardi. Uy ichi negrlarga liq to‘lganga o‘xshardi. Har ikkovlon hindu bo‘sag‘ada to‘xtashdi.
– Ana xolos, – dedi Uch Savat. – Men aytyapman-ku, bu noto‘g‘ri deb.
– Menga bu yer yoqmayapti, – dedi boshqasi.
– Hid kelyaptimi? Ular qo‘rqishayotgani uchun shunday. Ularning isi biznikiga o‘xshagan emas.
– Bu yerdan ketaylik.
– Sen ham qo‘rqyapsan. Men buni hidingdan bilaman.
– Balki bu Issetibehani sezayotganimiz uchundir.
– Ha. U biladi. Biz bu yerdan nima topishimizni u biladi. U hali o‘layotgan paytidayoq biz bugun bu yerdan nima topishimizni bilgan. – Uy ichidan hindularning dimog‘iga o‘tkir hid urilardi, quyuq qorong‘ida negrlarning ko‘zlari yiltirardi. – Sizlar meni bilasizlar. Odamlar meni Uch Savat deb chaqirishadi. Biz qidirib kelgan odam qochib ketgan.
Negrlar miq etishmasdi. Issiq, dimiqqan havoda negrlar, ularning tanalaridan ko‘tarilgan hidlar dam kuchayib, dam susayib taralayotganga o‘xshardi. Aftidan, ularning bari bitta yagona hilqatga o‘xshar, o‘zlariga juda yot va aql bovar qilmaydigan bir narsani o‘ylayotgandek edilar. Ular qorong‘ida yashirinib olgan sakkizoyoq yoki ulkan daraxtning to‘nkarilgan ildizlari kabi edilar. Bamisoli hozirgina yer qatlami ko‘tarilgan va banogoh uning ostidan birdan bezovta harosonlikda qolmish tiriklikning nur-ziyodan yiroq ufunatga to‘la ulkan chalkash bir changali ko‘zga tashlanib qolgandi.
– Qani-chi, – dedi Uch Savat. – Siz bilasiz nimaga kelganimizni. Biz istayotgan odam qochib ketdimi?
– Ular nimanidir o‘ylashyapti, – dedi ikkinchi hindu. – Ketaylik bu yerdan.
– Ular nimanidir bilishadi, – deb qo‘shdi Uch Savat.
– Seningcha, ular uni yashirishayotganmikin?
– Yo‘q. U qochgan. Kecha kechqurunoq qochgan. Hozirgi qabila boshlig‘ining bobosi o‘lganda ham shunday bo‘lgandi. Uni uch kun qidirganmiz. Duum uch kun yer bag‘riga kirolmagan, u shunday degan: “Men otim bilan itimni ko‘ryapman. Ammo qulimni ko‘rmayapman. Uni nima qildinglar? Nega go‘rimda tinch yotgani qo‘ymaysizlar?”
– Ular o‘lishni xohlamaydilar.
– Ha. O‘lgilari kelmaydi. Doim odamni ovora-sarson qilishadi. Ularda nomus va vijdon yo‘q. Doim ovora-sarson qilishadi.
– Bu yer menga yoqmayapti.
– Menga ham yoqmaydi. Lekin na iloj. Bular yovvoyilar. Urf-odatlarni hurmat qilishlarini ulardan kutib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham, men aytaman-da, hozir hammasi noto‘g‘ri.
– Ha. Ularning o‘lgilari kelmaydi. Ular qabila boshlig‘i bilan birga yer ostiga ketgandan ko‘ra oftobda ter to‘kkan yaxshi deb biladilar. Ammo bizga kerak odam bu yerda yo‘q.
Negrlar miq etishmas, tovush chiqarishmasdi. Qorong‘ida ularning ko‘zlari mute va yovvoyi chaqnardi; o‘tkir va talx hid taralardi.
– Ha, ular qo‘rqishyapti, – dedi ikkinchi hindu. – Endi nima qildik?
– Ketdik, qabila boshlig‘i bilan gaplashamiz.
– Moketubbe eshitishni xohlarmikin?
– Boshqacha bo‘lishi mumkinmi? Unga bu yoqmaydi. Ammo endi u yo‘lboshchi.
– Ha. Endi u yo‘lboshchi. Endi u qizil poshnali tuflisini kun bo‘yi kiyib yuraverishi mumkin.
Hindular orqaga o‘girilib chiqib ketishdi. Eshik o‘rni bo‘sh, bironta ham kulbaga eshik o‘rnatilmagandi.
– U ilgari ham o‘sha tuflini kiygandi.
– Issetibehadan yashirib kiygan. Ammo endi tufli uniki, u qabila boshlig‘i.
– Ha. Issetibehaga bu yoqmagan. Men bilaman. Bir marta uning Moketubbega shunday deganini eshitganman: “Sen qabila boshlig‘i bo‘lganingdan keyin tufli seniki bo‘ladi. Hozircha bu tufli meniki”. Ammo endi Moketubbe qabila boshlig‘i bo‘ldi, endi uni kiyishi mumkin.
– Ha, – dedi ikkinchi hindu. – Endi u yo‘lboshchi. Avvallari u tuflini Issetibehadan berkitib kiyardi, hech kim bilmasdi, buni Issetibeha biladimi, yo‘qmi. Ammo endi Issetibeha o‘ldi, hali o‘zi uncha qari emasdi, tuflining egasi endi Moketubbe, chunki Moketubbe endi qabila boshlig‘i. Sen bunga nima deysan?
– Hech narsa demayman, – dedi Uch Savat. – Sen-chi?
– Men ham nima deyman, – deydi ikkinchi hindu.
– Juda soz, – dedi Uch Savat. – Aqling balo.

II

Uy tepalikka tushgan, atrofi emanzor edi. Oldi tomonidan u bir qavatli edi – ochig‘ini aytganda, bir zamonlar daryo sayozligiga o‘tirib qolgan kemaning boshqaruv bo‘lmasini keltirib o‘rnatishgandi. Issetibehaning otasi Duum o‘zining qullari bilan bu kemani bo‘laklarga ajratgan va uni sarv og‘ochi g‘o‘lalari yordamida quruqlikda o‘n ikki chaqirim yo‘l bosib uyiga olib kelib qo‘shgandi. Bunga besh oy vaqt ketgandi. O‘shangacha uning uyi yolg‘iz g‘isht devordan iborat edi. Bu g‘isht uyga u kemaning bo‘lagini keng tomoni bilan o‘rnatdi, mana endi ba’zi yerlari qirilgan, bo‘yoqlari, sirlari ko‘chgan rokoko uslubidagi tilla suvi berilgan karniz peramonlar kayutalarning pardalar tortilgan eshiklari uzra eskirib, oqarib qolgan o‘tmish hashamlari bilan osilib turardi; eshiklarda oltin harflar bilan bitilgan yozuvlar ham saqlangandi.
Duum yo‘lboshchi qavmidan edi, ammo ota urug‘idan emas, mingo qabilasidan bo‘lib, ona urug‘i tomonidan qarindosh edi. Yoshlik chog‘larida u naq Yangi Orleangacha katta sayohatga borib kelgandi – bunga ancha vaqtlar bo‘lib ketdi, o‘sha paytlarda Yangi Orlean Yevropa shaharlariga mengzardi; Duum Missisipining shimolidan qayiqda Yangi Orleanning o‘zigacha bordi, bu yerda u kavaler Syor-Blond de Vitri bilan tanishdi, har ikkovlari ham jamoatchilik orasida shubhaliroq bir o‘rinni egallardilar. Shu ustozning yetakchiligida u Yangi Orlean portining qimorbozlari va kallakesarlari davrasida yaxshigina maktab ta’limini o‘tadi. Bu yerda u o‘zini ota urug‘iga tegishli juda katta yerlarning merosxo‘ri, qabila yo‘lboshchisi deb tanitdi. Hindular yo‘lboshchini “Odam” deb atar ekanlar, shuning uchun kavaler de Vitri uni du Homme deb nomladi, Duum degan ism shundan qoldi.
Basharasi qo‘pol va dag‘al, ko‘zlari surbetlarcha tik va tap tortmay boqadigan, girdig‘um hindu bilan o‘z yurtidan haydalgan, aytishlaricha, Karondelening do‘sti va general Uilkinsonning o‘z odami bo‘lgan parijlik kishi bilan har qayda birga bo‘lishardi. Keyin ular o‘zlari odatda birga vaqt o‘tkazadigan, yomon shuhrat qozongan islovotxonayu maishatxonalarni kutilmaganda birdan tark etib g‘oyib bo‘ldilar, orqalaridan esa afsonalar va mish-mishlar tarqaldi – emishki, Duum juda katta miqdorda pul yutgan, vest-indiyalik bir badavlat xonadonning qizi bilan oshiq-ma’shuq bo‘lgan. Duum g‘oyib bo‘lgach, bu qizning akasi qo‘lida to‘pponcha bilan uni maishatxonalardan qidirib yurgan.
Yarim yildan so‘ng oyimqiz ham dom-daraksiz yo‘qolgan. U Sent-Luisga jo‘naydigan kemaga o‘tirgan va bir kuni kechasi Missisipining yuqori oqimlarida kema sohilda to‘xtagan. Oyimqiz o‘z xizmatkori negr qiz bilan kemadan tushgan. Sohilda uni to‘rtta hindu ot-aravada kutib olishgan, plantatsiyagacha uch kun yurishgan, ular shoshmasdan ohista yo‘l bosishgan, nega deganda oyimqiz homilador bo‘lgan. Manzilga yetib kelishganda, oyimqiz Duum qabila boshlig‘i bo‘lib qolganini eshitgan. Duum bunga qanday erishganligini unga aytib o‘tirmagan. Faqat amakim bilan akam kutilmaganda olamdan o‘tishdi degan. O‘sha paytlarda uy faqat g‘isht devordan iborat edi. Uni ham qullar o‘z bilganlaricha amal-taqal qilib qurishgan, g‘isht uyning yoniga tomi poxol bilan yopilgan saroy solingan, saroy allaqancha xonalarga bo‘lingan, xonalar g‘ajilgan suyaklaru ashqol-dashqollar bilan liq to‘lib yotgan. Bularning hammasi xuddi parkka o‘xshagan o‘n ming akr o‘rmonzor o‘rtasida bo‘lib, unda bug‘ular xuddi uy hayvonlariday o‘tlab yurgan. Duum va oyimqiz Issetibeha tug‘ilmasdan sal oldin nikohdan o‘tishgan – ularning nikohini qul savdosi bilan shug‘ullanadigan, xachirda elma-el yuradigan sayyor ruhoniy o‘qib qo‘ygan. Xachirning egariga ip-gazlamadan soyabon hamda to‘qima mato bilan o‘ralgan uch gallonlik viski to‘ldirilgan shisha mahkamlangan. Duum oq tanlilardan ibrat olib, qullar sotib olib, yerlarining bir qismiga ekin eka boshlagan. Qullar ko‘p, ish esa oz edi. Ko‘pchilik negrlar bekorchi bo‘lib qolgan, shuning uchun Afrika changalzorlarida nimaga odatlangan bo‘lsalar, shunday yashar edilar. Ba’zan Duum mehmonlarining vaqtlarini chog‘ qilish uchun ularni itlar bilan quvdi-bosdi qilardi.
Duum qazo qilganda, uning o‘g‘li Issetibeha o‘n to‘qqiz yoshda edi. U barcha yeru mulklar va son-sanoqsiz qullarning egasi bo‘lib qoldi. Bu vaqt orasida qullarning soni besh barobar ko‘paygan va ularni nima qilishni bilmasdi. U qabila boshlig‘i unvoniga ega edi. Shu bilan birga yana bir talay amakilari va amakivachchalari ham bor ediki, bular qabilada hukmronlik qilardilar. Ular nihoyat bir kuni negrlar masalasida kengashga yig‘ilishdi. Kayutalar eshiklaridagi tilla yozuvlar ostida chordona qurib xayolga tolib o‘tirib, ular bu masalani har tomonlama muhokama qilishdi.
– Biz ularni yeya olmaymiz, – dedi birovi.
– Nega endi?
– Ular juda ko‘p.
– To‘g‘ri aytdingiz, – dedi uchinchisi. – Agar yeydigan bo‘lsak, barini yeyishimiz kerak. Buncha ko‘p go‘sht yeyish salomatlikka ziyon.
– Ularning eti bug‘u etiga o‘xshasa kerak. Unda buning zarari yo‘q.
– Unda ortiqchasini o‘ldirib, lekin go‘shtini yemaslik kerak, – dedi Issetibeha.
Bir daqiqa hamma unga qaradi.
– Nega? – dedi kimdir.
– Yo‘q, bu yaramaydi, – dedi yana birovi. – Bunday qilib bo‘lmaydi. Ular bizga juda qimmatga tushgan. Esingizdami, qancha ovora bo‘lganmiz ularga ish topamiz deb. Oqtanlilarga o‘xshab ish qilaylik.
– Ular nima qilishadi? – so‘radi Issetibeha.
– Negrlarni sotish uchun ko‘paytirishadi. Kattaroq yerlarni o‘zlashtirishadi va makka ekishadi, shu bilan ularni boqishadi. Biz ham yerlarni o‘zlashtirib, makka ekamiz, negrlarni urchitamiz, keyin ularni oqlarga pullaymiz.
– Xo‘p, lekin u pullarni keyin nima qilamiz? – so‘radi uchinchisi.
Biroz vaqt hammalari qattiq o‘ylashdi.
– Yana ko‘rarmiz, – dedi birinchisi. Ular chordona qurib juda chuqur o‘yga botib o‘tirishardi.
– Ammo bu yana ishlash kerak degani, – dedi uchinchisi.
– Buni negrlarning o‘zi qilsin, – dedi birinchisi.
– Ha, o‘zlari qilsin. Bizga terlash zararli. Tanamiz xom tortadi. Barcha teshiklar ochilib ketadi.
– Keyin u yerdan tungi havo kiradi.
– Ha. Negrlar o‘zi qilsin. Ular terlashni yaxshi ko‘rishadi.
Shunday qilib, qabila negrlar yordamida yanayam kattaroq yerlar ochib, don ekishdi. Ilgari qullar bari bitta katta qo‘rada yashardi, qo‘raning bir burchagi xuddi cho‘chqalar og‘ilxonasi kabi usti berk edi. Endi ular alohida kulbalar qurib, ularga juft-jufti bilan yosh negr yigit-qizlarni nasl berishlari uchun joylashtirishdi. Besh yildan so‘ng Issetibeha memfislik qul jallobiga qirq bosh negrni sotdi va shu pul evaziga o‘zi ona tomonidan yangi orleanlik qarindoshi yetakchiligida Yevropaga sayohatga bordi. Kavaler Syor-Blond de Vitri bu vaqtlar Parijda istiqomat qilardi; sharti ketib parti qolgandi; barcha tishlari tushib ketgan, yasama soch kiyardi, beliga korset bog‘lardi, uning tobi qochgan, tusi o‘chgan, oqarib tirishgan chehrasida istehzoli va teran fojiali ifoda qotib qolgandi. U Issetibehadan uch yuz dollar oldi-da, shuning hisobiga uni ba’zi kibor doiralariga olib kirdi; bir yildan so‘ng Issetibeha uyiga qaytdi, u o‘zi bilan oltin halli karavot va ikkita katta shamdon keltirdi, aytishlaricha, mana shu shamdonlar shu’lasida madam de Pompadur sochlarini turmaklar, qirol Lyudovik esa uning upalar surtilgan yelkalari osha o‘zining toshoynadagi aksiga miyiq ostidan iljayib qo‘yarkan. Issetibeha yana bir juft qizil poshnali tufli olib keldi, tufli oyog‘iga tor edi, buning ajablanadigan joyi ham yo‘q, chunki u Yangi Orleanga kelgunga qadar hech qachon poyabzal kiymagandi.
Tuflini u yupqa shildiroq qog‘ozga o‘ralgan holda saqlardi, uni yo‘l xaltasining bo‘lmasida qarag‘ay payraxalari orasiga solib qo‘yar, onda-sonda xaltadan chiqarib, o‘g‘li Moketubbega o‘ynagani berardi. Moketubbe uch yoshidayoq basharasi mo‘g‘ullarnikidek keng va yalpoq, qilt etmas, xuddi cho‘ng uyquga cho‘mgandek edi. Qizil poshnali tuflini ko‘rgandagina basharasi jonlanardi.
Moketubbening onasi chiroyli ayol edi, uni Issetibeha bog‘chada ishlayotganda ko‘rib qolgandi. U yurishdan to‘xtab ancha vaqtgacha qizga termilib qoldi – uning tiqmachoq bellari, tarang yelkalari, osuda yuziga maftun bo‘ldi. U daryoga baliq ovlagani ketayotgan edi, lekin shu kuni endi daryogacha yetib borolmadi. Qizga bildirmay boshdan-oyoq tikilib, tomosha qilarkan, balki u shaharlik bo‘lgan qochoq onasini, uning yelpig‘ichlari, zar uqalari, to‘rlarini eslagandir, onasiga negr qoni omixta edi – hech qovushmagan uylanishning o‘sha uvadasi chiqqan yaltir-yulturlarini esladi. Mana shundan bir yil o‘tar-o‘tmay Moketubbe tug‘ildi. U uch yoshga kirganida tufli oyog‘iga sig‘masdi. Dim havoli sokin oqshomlar Issetibeha tez-tez o‘g‘liga qarab o‘tirar, o‘g‘ilchasi aql bovar qilmas qaysarlik bilan hech imkoni bo‘lmagan holda semiz tovonlarini tufliga sig‘dirish uchun zo‘r berib urinar, ota o‘zicha miyig‘ida kulib tomosha qilardi. Uning miyig‘ida kulishlari yillarga cho‘zildi. Moketubbe o‘n olti yoshiga dovur o‘zining tuflini kiyishga bo‘lgan urinishlarini tark etmadi. Keyin bas qildi. Harqalay, Issetibeha endi bas qilgandir deb o‘ylardi. Aslida o‘g‘li bundan otasi huzuridagina tiyilardi. Lekin kunlardan bir kuni Issetibehaning yangi xotini Moketubbe tuflini olib yashirib qo‘yganligini aytdi. Shunda Issetibeha miyig‘ida kulishni bas qildi va xotinini chiqarib yubordi. “E-hah, – deb xo‘rsindi u yolg‘iz qolgach, – men ham tirik yurishni yaxshi ko‘raman. – U Moketubbeni chaqirib kelgani odam yubordi. – Men senga tuflini hadya qilaman”, – dedi u.
O‘shanda Moketubbe yigirma besh yoshga to‘lgandi. U hali uylanmagandi. Issetibehani daroz deb bo‘lmasdi-yu, ammo o‘g‘lidan bo‘yi bir tirsak balandroq va undan yuz qadoq yengilroq edi. Moketubbe shu yoshlarida haddan ortiq semiz edi, qonsiz yuzi yalpoq va doim uyqusiragan, yuzi, qo‘li, oyoqlari xuddi sariq suv kasaliday shishinqiragandi.
– Tufli endi seniki, – dedi Issetibeha o‘g‘lining basharasiga tiyrak zehn solarkan. Moketubbe kirib kelayotgandagina otasining aftiga ko‘zini ko‘tarib bir martagina qarab qo‘ygandi – yalt etgan bu nigohda ehtiyotkorlik, muhofazakorlik aks etgandi.
– Rahmat, – dedi u.
Issetibeha hamon undan ko‘z uzmasdi. U hech qachon Moketubbe nimani ko‘rayotgani, nimaga qarayotganini anglab yetolmasdi.
– Senga uni sovg‘a qilsam, axir, o‘zi yana shundoq bo‘lmaydimi? – so‘radi u.
– Rahmat, – dedi Moketubbe.
O‘sha paytlarda Issetibeha tamaki burnaki qilardi: oqtanlilardan allakim bir chimdimini tilining tagiga tashlab, alfiya yoki yelim daraxt cho‘pchasi bilan tishlariga surtib ishqalashni o‘rgatgandi.
– Mayliga, – dedi u, – odam mangu yashamaydi. – U yana o‘g‘liga tikildi, keyin ko‘zlari hech narsani ko‘rmayotgandek ma’nosiz bo‘lib qoldi. U xayolga cho‘mdi. Nimani o‘ylardi, bilib bo‘lmasdi, lekin birozdan so‘ng u xuddi o‘ziga o‘zi gapirganday dedi: – Shundoq, ammo mening otam Duumning amakisi qizil poshnali tufli kiymagandi. – U yana o‘g‘liga tikildi. O‘g‘li oldida semiz, uyqusiragan ko‘yi turardi. – Shundoq. Basharasi mana shunaqa odam nima deb o‘ylayotganini xudo biladi, buni bilguningcha g‘isht qolipdan ko‘chgan bo‘ladi. – U bug‘u terisi tasmalaridan to‘qilgan o‘rindiqda o‘tirardi. – U hatto bu tuflini kiyolmaydi. Uni ko‘tarib yurgan bu dag‘al jism ikkovimizga ham xalal beradi. Uni hatto kiya olmaydi. Lekin bunga men aybdormanmi?
U yana besh yil umr ko‘rdi, keyin o‘ldi. Bir kuni oqshom u o‘zini yomon his qildi, garchi sassiqko‘zan terisidan nimcha kiygan tabib uning boshi uzra xushbo‘y cho‘plarni tutatib turganiga qaramay, tongga borib uzildi.
Bu voqea kecha ro‘y berdi; go‘r qazib qo‘yilgandi va kun bo‘yi odamlar ot aravalarda, otliq, piyoda qovurilgan it go‘shti, sekkotash, kulga ko‘mib pishirilgan etlardan tanovul qilish hamda ko‘mish marosimida qatnashish uchun to‘da-to‘da bo‘lib kelardilar.

III

– Bu uch kun davom etadi, – dedi Uch Savat o‘z yo‘ldoshi bilan qabila boshlig‘ining uyiga qaytib. – Uch kun oz emas, ovqat ham yetmaydi. Buning qanday bo‘lishini men ko‘rganman.
Uning yo‘ldoshi bo‘lgan hinduni odamlar Lui Shumurt deb chaqirishardi.
– Bunaqa issiqda o‘lik dimiqadi, – dedi Lui.
– Shundoq. Ular faqat tashvish keltirishadi. Tashvish va ovoragar­chilikdan boshqani bilishmaydi.
– Balki uch kun zarur bo‘lmas.
– Ular uzoqqa chopishadi. Bu yo‘lboshchi yer ostiga kirguncha uning hidlariga to‘yasan. Hali meni haq dersan.
Ular uyga yaqin kelishdi.
– Endi u tuflini kiysa bo‘ladi, – dedi Shumurt. – Hammaga ko‘rsatib kiyaversa bo‘ladi.
– Hali bunga vaqt bor, – dedi Uch Savat. Shumurt unga tushunmay qaradi. – U qochoqni quvishning boshida bo‘lishi kerak.
– Moketubbe-ya? – so‘radi Shumurt. – U buni xohlarmikin? Og‘zini ochishga ham erinadi-ku?
– Boshqa na iloj? Axir, otasi tez orada hidlanib qoladi.
– Bu to‘g‘ri, – dedi Shumurt. – Demak, u hozir ham tuflining haqini to‘lashi kerak. Shunaqa. Unga tufli qimmatga tushadi. A? Nima deb o‘ylaysan?
– O‘zing nima deb o‘ylaysan?
– Sen-chi?
– Men bir nima deb o‘ylamayman. Endi Issetibehaga tufli darkor emas. U Moketubbega qoldi. Issetibehaga endi farqi yo‘q.
– Mayli. Olaversin. Yo‘lboshchi bo‘lgandan keyin oladi-da.
Uy oldida kema boshqaruv xonasining tomidan ham ancha balandroq, po‘sti tilingan sarv og‘ochi g‘o‘lalaridan tiklangan ustunlarga tiralgan, tomi po‘stloqlardan yopilgan baland ayvon bo‘lib, uning sahni quruq yer, yog‘ingarchilik kezlari bu yer qantarilgan otlar va xachirlarning tuyoqlari bilan toptalib ketgandi. Kema palubasining burun qismida bir chol bilan ikki ayol o‘tirishardi. Ayollardan biri tovuq patlarini yular, ikkinchisi jo‘xorini oqlardi. Chol nimalarnidir so‘ylardi. U oyoqyalang, uzun kanop kamzul, qalin movut shlyapa kiygandi.
– Hammasi xarob bo‘ldi, – derdi chol. – Bu oqtanlilar bizni halok qildi. Biz o‘z kunimizni ko‘rib yuruvdik, hammasi risolada, joyida edi, oqtanlilar bo‘ynimizga negrlarini yuklashdi-yu bari rasvo bo‘ldi. Ilgarigi zamonlarda chollar soya-salqinda o‘tirishar, yaxna bug‘u go‘shtini makkaga qo‘shib yeyishar, tamakini tutatishar, or-nomus haqida so‘ylashar, boshqa muhim ishlarni aqllashardi. Hozir-chi, nima bo‘lyapti? Hatto qari-qartanglar manovi terga botishni yaxshi ko‘radigan ahmoqlarning tashvishini qilib holi-jonidan ayrilyaptilar. – Uch Savat bilan Shumurt palubaga chiqishganda, chol gapirishdan to‘xtab ularga qarab qoldi. Uning ko‘zlari xira va ma’yus, yuzini mayda ajin bosgandi. – Mana endi bunisi ham qochib ketdi, – dedi u.
– Shundoq, – dedi Shumurt. – U qochdi.
– O‘zim ham biluvdim. Men aytganman. Endi uch hafta uning orqasidan quvishga tushamiz. O‘tgan gal Duum o‘lganda shundoq bo‘luvdi. Hali ko‘rasiz.
– Unda uch kun ketgan, uch hafta emas, – dedi Shumurt.
– Sen bormiding o‘shanda?
– Yo‘q, – dedi Shumurt. – Ammo men boshqalardan eshitganman.
– Men esa u yerda bo‘lganman, – javob berdi chol. – Rosa uch hafta balchiq, botqoqlar, tikanli butazorlarda quvganmiz. – U yana allanimalarni so‘ylar, biroq ikkala hindu ham eshitmay nariga o‘tib ketishdi.
Qachonlardir keng salon bo‘lgan joy endilikda bir chekkadan tarashaday quriyotgan, chirigan, to‘zgan qutiga aylangandi; qizil og‘ochdan ishlangan qoplamalar mog‘or bosib ko‘rinmay ketgan, faqat u yer-bu yerdagina hali oltin halli naqshlar ko‘zga tashlanar, xuddi sirli ma’nolarga to‘la kabala belgilari kabi g‘alati gul-nigor hosil qilardi; singan derazalarning ko‘zlari huvillab yotardi. Bu yerda urug‘ yoki g‘alla solingan bir necha qanorlar va lando aravasining old qismi ko‘zga tashlanardi, arava shotilari, g‘ildiraklar, old g‘ildirak o‘qlari nafis yoy kabi ressorlar ustida osilib turardi. Burchakda tol navdalaridan yasalgan qafas bo‘lib, uning ichida tovush chiqarmay va hech to‘xtamay tulki bolasi u yoqdan-bu yoqqa yugurardi, uchta oriq jangari xo‘roz tuproq titib yurardi: oyoq osti ularning qurigan tezagiga to‘la edi.
Hindular g‘isht devorda ochilgan tuynukdan o‘tib, yorilib ketgan xarilardan solingan juda katta xonaga chiqdilar. Bu yerda lando aravasining orqa qismi va usti ag‘anab yotardi; darichalar tol cho‘plaridan yasalgan panjara bilan to‘silgan, ular orasidan yana bir qancha jangari xo‘rozlarning boshlari suqilib turar – munchoqday dumaloq ko‘zlari qimir etmas, qahrli boqar, tojlari esa yirtilib ketgandi. Burchakda ibtidoiy omoch bilan qo‘lda yasalgan ikkita eshkak devorga suyab qo‘yilgandi. Issetibeha Parijdan keltirgan zarrin karavot bug‘u terisidan tayyorlangan to‘rtta tasma bilan shipga osilgandi. Unda endi na prujinalar va na to‘shak qolgandi. Bo‘m-bo‘sh romi charm tasmalar to‘ri bilan mahkamlab bog‘langandi.
Issetibeha hisob bo‘yicha o‘zining eng oxirgi yosh xotinini shu karavotda uxlashga majbur qilardi. O‘zining nafas qisar kasali bo‘lib, tunlarni yig‘ma kreslosida yarim o‘tirib o‘tkazardi. Oqshom u xotini karavotga yotganiga ishonch hosil qilgach, o‘zini uxlaganga solib uzoq vaqt qorong‘ida o‘tirar, tun bo‘yi faqat uch-to‘rt soatgina uxlar, xotini cheksiz ehtiyotkorliklar bilan zarhal tasmalar tortilgan karavotdan tushib polga qalin jun adyol to‘shab yotayotganiga quloq tutar va miyig‘ida rohatlanib kulardi. Tong otishi oldidan xotini shovqin chiqarmay yana karavotga o‘tib yotar va o‘zini uxlayotgandek ko‘rsatardi, uning yonida qorong‘ida o‘tirgan Issetibeha quloq tutar va miyig‘ida mazza qilib kulardi.
Uy burchagiga ikkita langarcho‘p o‘rnatilgan, ularga tasmalar bilan katta shamdonlar mahkamlangandi; yana shu yerda o‘n gallonlik viski idishi yotardi. Bu yerda yana loydan o‘choq ham qurilgan, o‘choq qarshisida yig‘ma kreslo joylashgan, unda hozir Moketubbe o‘tirardi. Uning bo‘yi pastroq – besh fut bir dyuym – bo‘lishiga qaramay vazni rosmana ikki yuz ellik funt chiqardi. U qora movut kamzul kiygan, ammo ko‘ylagi yo‘q edi va uning mis zo‘ldirday yumaloq, silliq qorni gazlama ishtoni belbog‘idan osilib turardi. Oyog‘iga qizil poshnali tufli ilgandi. Uning kreslosi orqasida shokilador qog‘oz yelpig‘ich ko‘targan o‘smir yelpirdi. Moketubbe o‘zining kurakchaga o‘xshagan semiz qo‘llarini tizzasiga qo‘yib, ko‘zlarini yumgancha qimirlamay o‘tirardi. Uning puchuq burunli barkashday sarg‘ish basharasi niqobga o‘xshar, sirli, alamli, loqayd edi. U Shumurt bilan Uch Savat kirib kelishganda ko‘zini ochmadi.
– U erta azondan kiyinib oldimi? – so‘radi Uch Savat.
– Ha, ertalabdan, – deb javob berdi bola. Yelpig‘ichning harakati bir zum ham tinmasdi. – O‘zingiz ko‘rib turibsiz-ku.
– Ha, – dedi Uch Savat. – Ko‘rib turibmiz.
Moketubbe qimir etmadi. U bamisoli haykaldek, kamzul va ishtonda qotib o‘tirar, yalang‘och ko‘ksi ochiq, oyog‘iga yarashmagan qizil poshnali tufli kiygandi.
– Sizning o‘rningizda bo‘lsam, – dedi bola, – uni bezovta qilmasdim.
– Sen balki bezovta qilmasding, – dedi Uch Savat. Ular Shumurt bilan birga cho‘nqayib o‘tirishdi. Bola tinmay yelpig‘ichni yelpirdi. – O, yo‘lboshchi, quloq sol! – so‘z boshladi Uch Savat. Moketubbe qimirlamadi. – U qochib ketibdi.
– Men aytuvdim, – dedi bola. – Qochib ketishini biluvdim. Sizga aytganman.
– Shundoq, – dedi Uch Savat. – Sizga o‘xshagan oldindan biladiganlar ko‘p. Shundoq aqlli bo‘lsanglar, nega kecha buning oldini olmadinglar?
– Uning o‘lgisi kelmaydi, – dedi Shumurt.
– Nega o‘lgisi kelmas ekan? – dedi Uch Savat.
– Nega o‘lgisi kelsin? – so‘z qo‘shdi bola. – Bir kunmas-bir kun baribir o‘ladi, bu sabab bo‘lolmaydi. Men bunga ishonmayman.
– Jim bo‘l, – dedi Shumurt.
– Yigirma yil davomida, – so‘z boshladi Uch Savat, – uning qabiladoshlari oftob tig‘ida ter to‘kishgandi, u soya-salqinda yo‘lboshchiga xizmat qilgan. Agar ilgari terlab-pishishni xohlamagan ekan, nega endi o‘lgisi kelmay qochadi?
– Tez qiynalmay o‘ladi, – qo‘shib qo‘ydi Shumurt. – Ko‘z ochib-yumguncha o‘tib ketadi.
– Ana shuni unga tushuntirasiz, tutib kelganingizda, – dedi bola.
– Jim! – uning so‘zini kesdi Shumurt. Cho‘nqayib o‘tirgan ikkala hindu yo‘lboshchining betiga diqqat bilan tikilishardi. Ammo Moketubbe xuddi o‘zi ham o‘lganday qimir etmasdi. Xuddi tanasi terisi qalin g‘ilof ichiga qamalganday, nafas olishi ham bilinmas, shunchalar teranlikka sho‘ng‘igandi.
– Quloq sol, o, yo‘lboshchi, – tilga kirdi yana Uch Savat. – Issetibeha o‘ldi. U mahtal. Uning oti va iti bizning qo‘limizda. Lekin uning quli qochib ketdi. Ovqatlanish paytida uning idish-tovog‘ini tutib turgan, uning tomog‘iga sherik bo‘lgan kimsa qochdi. Issetibeha mahtal.
– Shundoq, – dedi Shumurt.
– Bu endi birinchi marta bo‘layotgani yo‘q, – davom ettirdi Uch Savat. – Sening bobong Duum yer ostiga ketishini kutib yotganida ham shunaqa voqea sodir bo‘lgandi. Duum: “Mening qoram qani?” – deb uch kun yotdi. Ana o‘shanda sening otang Issetibeha aytgan edi: “Tashvish qilma, men uni topaman, sen bemalol yo‘lga tushgin, uni senga topib keltiraman”.
– Shundoq, – dedi Shumurt.
Moketubbe qimirlamadi, ko‘zini ham ochmadi.
– Issetibeha uch kun botqoqliklarda kezindi. U qorani tutmaguncha uyga qaytmadi, og‘ziga tuz totmadi. O‘shanda u o‘zining otasi Duumga shunday dedi: “Mana, oting, iting va qorang. Tinchlan”. Kecha joni uzilgan Issetibeha shundoq degandi. Endi Issetibehaning qorasi qochibdi. Uning oti va iti yonginasida shay, ammo qora qochgan.
– Shundoq, – dedi Shumurt.
Moketubbe qimirlagani yo‘q. Ko‘zlari yumilgan edi. Uning kresloda yalpaygan, dahshatli darajada semiz vujudini qandaydir juda og‘ir lanjlik qamrab olganga o‘xshar, u shunchalar teran turg‘unlikka cho‘mgan ediki, hech qanday ovoz, hech qanday nido bu turg‘unlikning qalin devorlarini yorib o‘tolmasdi. Hindular cho‘nqayib o‘tirgancha uning yuzidan ko‘z uzishmasdi.
– Sening otang qabila boshlig‘i bo‘lganida shundoq bo‘lgandi, – dedi Uch Savat. – Boshqa hech kim emas, Issetibeha qorani topib, Duum yotgan joyga olib keldi, u yer tagiga jo‘nashga ilhaq edi.
Moketubbening bir tuki qimirlamas, ko‘zi yumilgandi. Birpas kutib turgach, Uch Savat shunday dedi:
– Uning tuflisini yech.
Bola uning oyog‘ini yechdi. Birdan Moketubbe qisqa va tez-tez nafas ola boshladi. U o‘z vujudining tubsiz teranliklaridan xuddi suv ostidan, dengiz tagidan yuzaga qalqib chiqishga zo‘r berib urinayotganday, yalang‘och ko‘kragi og‘ir-og‘ir ko‘tarilib tushardi. Ammo hali-hamon ko‘zlari ochilmagandi.
– U o‘zi quvishga bosh bo‘ladi, – dedi Shumurt.
– Shundoq, – dedi Uch Savat. – Endi u yo‘lboshchi. U quvishga bosh bo‘ladi.

IV

Qabila boshlig‘ining xos xizmatini qiladigan negr o‘sha kuni somonxonaga berkinib, Issetibehaning jon taslim qilayotganini kuzatib yotdi. Negrning yoshi qirqlarda, o‘zi gvineyalik edi. Uning burni yassi va puchuq, jingalak sochli boshi kichkina edi; ko‘zi ichidagi kipriklari qizil, oldinga bo‘rtib chiqqan milklari ko‘kimtir-qizg‘ish, qoni qochgan, yapasqi tishlari yirik-yirik edi. Qul jalloblaridan allakim uni o‘n to‘rt yoshida Kamerun atroflaridan olib kelgan, tishlarini arralab tuzatishga ulgurmagandi. U yigirma uch yil Issetibehaga xos xizmat qildi.
Issetibeha o‘lim to‘shagida yotib qolgan kun arafasida negr kech qorong‘isida o‘z qishlog‘iga qaytdi. Qorong‘i kecha. Ushbu osuda damlarda barcha kulbalarda o‘choqlarda o‘t yonar, pishayotgan taomlarning birday hidlari taralardi – hammaning qozonida o‘sha-o‘sha go‘sht, o‘sha-o‘sha o‘tmak-non – hidlari ko‘chadan uyma-uy tarqalardi. Ayollar o‘choq boshida kuymalanishar, erkaklar ko‘chaboshiga to‘planib, negrning yo‘lboshchi qo‘rg‘onidan yalang oyoqlarini ehtiyotkorlik bilan bosib pastga inib kelayotganini kuzatishardi. Erkaklar to‘plangan yerdan qarasa, negrning ko‘zlari yonayotganga o‘xshardi.
– Issetibeha hali o‘lgani yo‘q, – dedi oqsoqol.
– O‘lgani yo‘q, – aks sado berdi xizmatkor. – Kim o‘lgani yo‘q?
Qora govgumda hammaning basharasi xizmatkorning basharasiga mengzardi, yoshning farqi qolmagandi, maymunning o‘lgandan keyin olingan niqobiga monand ushbu aft-angorlarda har qanday fikr qotirib muhrlanib tashlangandek edi. O‘choqlar va qozonlarning achchiq tutuni ohista qorayib borayotgan havolarni chulg‘ardi; xizmatkor juda uzoq-uzoqlardan, go‘yo boshqa dunyolardan ko‘cha yuzalab suzib, tuproqda o‘ynayotgan bolalar osha kelayotgandek tuyulardi.
– Agar u kunbotardan o‘tsa, unda tong chog‘igacha yashaydi, – deb qo‘ydi qoralardan biri.
– Kim aytdi?
– Odamlar.
– E-ha. Odamlar. Ammo biz faqat bir narsani bilamiz. – Ular hammalari oralarida turgan xizmatkorga qarashdi. Uning ko‘zlari andak yiltirardi. U sekin va og‘ir nafas olardi. Ko‘ksi yalang‘och edi, undan ter quyilardi. – U biladi. Uning o‘zi biladi.
– Bas, nog‘oralar chalinsin.
– Shundoq. Nog‘oralar chalinsin.
Qorong‘i tushgach, nog‘oralar chalina boshladi. Ularni qurigan daryo o‘zani tagida saqlardilar. Ular botqoq sarv og‘ochining o‘yilgan nozik tomirlaridan yasalgan va negrlar ularni juda ehtiyotlab yashirib saqlashardi – negaligini hech kim bilmasdi; ular balchiq-botqoq chekkasida soz tuproq ichiga ko‘mib qo‘yilardi; o‘n to‘rt yashar o‘smir bola ularni qo‘riqlardi. Bolaning bo‘yi past va tug‘ma gung edi. Kun bo‘yi o‘sha yerda qip-yalang‘och holda cho‘qqayib o‘tirar, atrofida chivinlar g‘ujg‘on o‘ynar, u chivin chaqishidan bezor bo‘lib badanini qalin balchiq loyi bilan suvab tashlardi; uning bo‘ynida poxol xaltacha osilgan, xaltada chala-yarim etli cho‘chqa qovurg‘asi va tizimchaga o‘tkazilgan tanga-tanga po‘stloq solib qo‘yilgandi. U tizzalarini quchoqlab o‘tirib, nimalarnidir g‘o‘ng‘illar, og‘zidan tupuk-so‘lagi oqardi; shunday ham bo‘lardiki, uning orqasidagi o‘t-o‘lan, butalar orasida hindular hech ovoz chiqarmay paydo bo‘lishar, bir daqiqa uni tomosha qilib turishar, so‘ng g‘oyib bo‘lishardi, bola esa hech narsani payqamasdi.
Negr bir kecha va bir kunduz yashirinib yotgan otxona tepasidagi pichanxonadan nog‘oralar sadosi ayon eshitilardi. Daryogacha uch chaqirim masofa bor edi, lekin nog‘ora ovozlarini shunchalar aniq eshitardiki, xuddi ular uning tagidagi otxonada chalinayotganday edi. Nazarida, u yonayotgan gulxan va nog‘oralar chalinayotgan, alangada misday tovlangan qora qo‘llarni ham ko‘rayotgandek bo‘lardi. Faqat u yoqda alanga yo‘q edi. U yoqda bu yerdagi chang-chung pichanxonadagidan ortiq yorug‘lik yo‘q, bu yerda u qorong‘ida biqinib yotar, kalamushlarning yumshoq panjalari bolta bilan tekislangan eski to‘sinlardan shitir-shitir qilib yugurgilardi. U yoqda chivinlarni qochirish uchun yoqilgan ohista tutayotgan olovdan boshqa gulxan yo‘q, olov tegrasida tizzalarida chaqaloqlari bilan ayollar o‘tirishar, lo‘mbillagan ko‘kraklarining silliq, sut to‘la emchaklarini go‘daklar og‘ziga tiqishar, ular xayol og‘ushiga g‘arq bo‘lishgan, nog‘oralar ovozini eshitishmasdi… U yoqda o‘t-olov yo‘q edi, o‘t esa hayot davom etayotganidan nishona berardi.
Kema boshqaruv qismining yonidagi xonada chog‘roq bir gulxan yoqib qo‘yilgan, bu yerda langarcho‘plarga mahkamlangan katta shamdonlar, shipga osib qo‘yilgan zarrin karavot tagida o‘z xotinlari qurshovida Issetibeha o‘lim to‘shagida yotardi. Negr pichanxonada yotib gulxan tutuni o‘rlayotganini ko‘rardi, tong yorishishi oldida u sassiqko‘zan terisidan nimcha kiygan tabib kema burniga chiqib ikkita, loy bilan ustiga bezaklar chizilgan cho‘plarni o‘t oldirganini payqadi. “Demak, uning hali joni uzilmabdi”, – deb qo‘ydi negr o‘z-o‘ziga javob berganday pichanxonaning shitir-shitirlarga to‘lgan qorong‘isida. U o‘ziga tegishli bo‘lgan ikki ovoz o‘zaro so‘zlashayotganini eshitganday bo‘lardi.
– Kim o‘ldi?
– Sen o‘lding.
– Ha, men o‘ldim, – sekin javob berdi u o‘ziga o‘zi. U nog‘oralar oldiga borishni istadi. U o‘zining birdan butalar orasidan sakrab chiqishini, yalang‘och, quruq pay, moy surtilgan ko‘zga ko‘rinmas oyoqlarida baland-baland sakrab, nog‘oralar atrofida aylanishini ko‘z o‘ngiga keltirdi. Lekin hozir u bunday qilolmasdi, zero, bundoq raqs odamni tiriklikdan mahrum etadi, o‘lim diyoriga olib ketadi. Uning o‘zi to‘g‘ri o‘limni qarshilab sakraydi, shuning uchun ham o‘lmaydi, zotan, o‘lim chegaraning bu tomonida, eng oxirida tutib olsagina, insonga egalik qiladi. U odamning orqasidan kelib, hali hayot makonlaridayoq unga yetib oladi va tutadi. Kalamushlarning to‘sinlar ustida yugurgilashidan chiqqan tinayotgan shamol shuvillashiday tovushlar pasayib borardi. Bir kuni u kalamushni yegan. Unda hali bola edi, Amerikaga endigina olib kelishgandi. Negrlar palubalar orasidagi balandligi uch fut keladigan makonda uch oy qimirlamay o‘tirishdi – kema tropik kengliklarda suzib borardi – tepada yangi angliyalik mast shkiper kitobdan nimalarnidir qiroat bilan o‘qiyotganini eshitishardi; o‘n yil o‘tgandan keyingina bu kitobning Bibliya ekanligini bildi. U g‘ujanak bo‘lib o‘tirarkan, anchagacha kalamushlardan ko‘zini uzmadi, ular tsivilizatsiya sharoitlarida odam bolasi bilan yonma-yon yashab tabiiy hushyorlik va chaqqonlikni unutib qo‘ygandi. U ortiqcha qiynalmasdan qo‘lini cho‘zdi-yu, kalamushni tutib oldi-yu uni shoshilmasdan yedi, bu maxluqni shundoq oson ushlab olganiga va ular hozirgacha tirik yashab kelayotganiga hayron qoldi. O‘shanda bola uzun oq ko‘ylak kiygandi, ko‘ylakni unga qul jallob bergan, bu odam savdogarchilikni unitar cherkov dyakoni lavozimi bilan qo‘shib olib borardi. Bola o‘sha paytlarda faqat o‘z lahjasidagina so‘zlay olardi.
Hozir u egnidagi surp ishtonni hisoblamaganda deyarli yalang‘och edi, bunday lozimlarni hindular oqtanlilardan sotib olishardi, yana belida tasmaga bog‘langan tumori ham bor edi. Tumor Issetibeha Parijdan keltirgan sadaf lornetning yarim bo‘lagi va mokassin ilonining chanog‘idan iborat edi. Bu ilonni uning o‘zi o‘ldirib, zaharli boshidan boshqa hammasini yeb bitirgandi. U pichanxonada biqinib yotar, uyga, kema qoldiqlariga qarar, nog‘oralarning taraklashiga quloq tutar va nog‘oralar atrofida sakrab raqs tushayotganini ko‘z o‘ngiga keltirardi.
Tun bo‘yi shunday yotdi. Ertalab u tabib o‘zining sassiqko‘zan nimchasida tashqariga chiqqani va xachiriga o‘tirib jo‘naganini ko‘rdi. U butun vujudi changak bo‘lib, xachir tuyoqlaridan ko‘tarilgan chang bosilmaguncha yo‘lga qarab turdi. Ana shunda u hali nafas olayotganini payqadi va hali-hamon havo yutayotganiga ajablandi, qarang, unga hali havo kerak ekan-a. U yana biqinib jimgina yotdi, qachon bu yerdan ketishini kutib qarandi, ko‘zlari birozgina osuda, tiniq shu’lalanib yiltiradi, yengil, bir maromda nafas olardi, shunda u Lui Shumurt ichkaridan chiqqanini va ko‘kka qaraganini ko‘rdi. Kun yorishib kelardi, sahnda po‘rim kiyingan beshta hindu cho‘nqayib o‘tirishardi, tushga borib ularning soni yigirma beshtaga yetdi. Quyosh g‘arbga yo‘l olganda, ular yerda chuqur o‘choq qaziy boshladilar, bu yerda qozon qurib, et va yams qovuradilar; bu vaqtga kelib yuzdan ortiq odam yig‘ildi, hammalari yevropacha liboslaridan qiynalishib, o‘ng‘aysizlanib, lekin o‘zlarini sabr-toqat va izzat-ikrom bilan tutardilar; shunda negr, Shumurt oshxonadan Issetibehaning baytalini olib chiqib, uni daraxtga boylaganini ko‘rdi, yana biroz vaqt o‘tgach, Shumurt uy eshigida qari itni yetaklab paydo bo‘ldi; bu it ko‘pincha Issetibehaning o‘rindig‘i oldida cho‘zilib yotardi. Itni ham u daraxt tanasiga bog‘ladi, keyin hammaga birma-bir sipolik bilan ko‘z yugurtirib qarab, o‘zi ham o‘tirdi. It birdan uvillay boshladi. Quyosh botayotgan pallada ham hamon uvillardi. Quyosh g‘arbga bota boshlaganda negr saroyning orqa devoridan jarlikka tushdi, jarlikdan buloqqa borilardi. Bu yer qorong‘ilashib qolgandi. Jarlikka tushgach, negr yugurib ketdi. Orqadan itning uvillagani eshitilardi. Buloq yaqinida u boshqa bir negrga duch keldi, bir zum – bu chopib bora turib, u joyida tik turib – bir-birlariga qarab qoldilar, ikki turli olamni bir-biridan ajratib turgan devor osha qaraganday bo‘ldilar. Tezda butunlay qorong‘i tushdi, u esa tishlarini mahkam bosib, mushtlarini qattiq tugib, burun teshiklari katta-katta kengayib hamon qochar, qochib borardi.
U qorong‘ida qochardi. U bu yerlarni yaxshi bilardi, chunki Issetibeha bilan tunda ko‘p marta ov qilgandi, tulki yo yovvoyi mushuk iziga tushib, yo‘lboshchining biyasi yonida xachirini yo‘rttirib borgandi; bu joylarni u qanday yaxshi bilsa, uni ta’qib qiluvchilar ham shunday yaxshi bilishardi. Ikkinchi kuni edi, u ta’qib qiluvchilarni ilk bora shunda kun botar chog‘ida ko‘rdi. Bungacha u daryo yoqalab yugurib bordi, keyin orqaga qaytib, pastga tushdi, mana endi baland o‘sgan xushbo‘y o‘t-o‘lanlar orasida yotib, birinchi marta ta’qib qiluvchilarni ko‘rdi. Ular ikki kishi edi, ikkovi ham uzun ko‘ylak va shlyapa kiygan edilar; ishtonlarini yaxshilab taxlab qo‘ltiqlariga qistirib olgandilar; qurollari yo‘q edi. Ikkovi ham yoshi ancha o‘tgan, qorin solgan bo‘lib, tez yurolmasdilar; ehtimolki, hozir negr yotgan joyga ular ertaga ertalab yetib kelishar. “Demak, yarim kechagacha nafas rostlash mumkin”, – dedi u o‘ziga o‘zi. U plantatsiyaga shunchalar yaqin kelib qolgandiki, dimog‘i tutun hamda qovurilgan go‘sht hidini ilg‘amoqda edi, shuning uchun u ovqat yeb olsam bo‘lardi, deb o‘yladi, ochiqqanga o‘xshayman, chunki bir kecha-kunduz tuz totmadim. “Ammo nafas rostlagan muhimroq”, – dedi u. Muattar o‘t-o‘lan orasida yotarkan, bu gapni o‘z-o‘ziga qayta-qayta takrorlar, chunki nafas rostlashga urinishim, nafas rostlashim zarur va buni iloji boricha tezroq, tezroq qilishim kerak, degan fikrdan yuragi xuddi uzoq tez chopib kelganday qattiq gursillab urardi. U odamlar qanday hordiq chiqarishlarini unutib qo‘yganday edi, buni eslash uchun esa olti soat ham oz.
Qorong‘i quyuqlashgach, u o‘rnidan turdi. U tun bo‘yi shoshilmay, asta-sekin qimirlab boraveraman, baribir boradigan joyim ham yo‘q, deb o‘ylardi, ammo birinchi qadamini qo‘yishi hamonoq u og‘ir bosinqi nafas olib, burun kataklarini keng ochib, qalin, bo‘g‘iq, savalovchi zulmatni ko‘ksi bilan yorib o‘tib yugurdi. U yo‘nalishini yo‘qotib, qayerga borayotganini o‘zi ham bilmay, bir soatcha yugurdi va birdan to‘xtab, quloq sola boshladi, birozdan so‘ng yuragining gursillashini nog‘oralar urishidan ajratib oldi. Nog‘oralar qaydadir uncha uzoq bo‘lmagan, ikki chaqirimcha narida chalinmoqda edi. U tovush kelayotgan tomonga qarab yurdi va qorong‘ida uzoq sudraldi, keyin dimog‘iga gulxanning achchiq tutun hidi urildi. U paydo bo‘lganda, nog‘oralar ovozi to‘xtamadi; faqat oqsoqol olg‘a bosib, qochoq tutun ichida turgan joyga chiqdi; qochoq og‘ir hansirardi, titragan burun kataklari zo‘riqib kerilardi, loy balchiq sachragan betidagi ikki ko‘zi xira yiltirardi, ularning shu’lasi xuddi o‘pkasining kuchiga bog‘liqdek, dam pasayar, dam zo‘rayardi.
– Biz seni kutayotgan edik, – dedi oqsoqol. – Endi ketaver.
– Ketaymi?
– Ovqat yeb, keyin ket. O‘likka tiriklar orasida joy yo‘q. Buni o‘zing ham bilasan.
– Ha. Bilaman. – Ular bir-birlarining ko‘zlariga qarashmasdi. Nog‘oralar tinimsiz taraklardi.
– Ovqat yeysanmi? – so‘radi oqsoqol.
– Men och emasman. Bugun men o‘tlar orasida yotib tovushqon tutib yedim.
– Unda qovurilgan go‘sht bor, ola qol.
U yaproqlarga o‘ralgan pishgan etni oldi va yana daryo o‘zanidan ilgarilab ketdi, biroz vaqt o‘tgandan so‘ng nog‘oralar tovushi tindi. U tong otguncha to‘xtamay yurdi. “Hali ixtiyorimda o‘n ikki soat bor, – dedi u. – Balki undan ham ko‘proqdir, chunki ular izimga kechasi tushishdi”. U tiz cho‘kib o‘tirdi, etni yedi va qo‘llarini biqiniga artdi. Keyin o‘rnidan turdi, surp ishtonini yechdi, yana balchiqqa yaqin o‘tirib, butun badani – yuzi, qo‘llari, oyoqlarini balchiq bilan suvab chiqdi, keyin yerga o‘tirdi, tizzalarini qo‘llari bilan quchoqladi, boshini tizzasi va qo‘liga qo‘ydi. Tong oqargach, u botqoqlikning yanada ichkarirog‘iga kirdi, cho‘nqayib o‘tirib uxlab qoldi. Tushiga hech narsa kirmadi. Yaxshiyam, botqoqlik ichkarisiga kirgani, negaki, u birdan uyqudan ko‘zini ochganda, hammayoq yop-yorug‘, quyosh baland ko‘tarilgandi, u ro‘parasida yana o‘sha ikki hinduni ko‘rdi. Ular o‘zi yashiringan joyning shundoq qarshisida haligacha yaxshilab buklangan ishtonlarini qo‘ltiqqa qistirgancha turardilar – ikkovlari ham xomsemiz, po‘k, qorin solgan, poxol shlyapa va etaklari halpillagan uzun ko‘ylakda biroz kulgili ko‘rinardilar.
– Abgor bo‘ldik, – dedi birovi.
– Ha, uyda maza qilib soya-salqinda o‘tirmasmidim, – dedi boshqasi. – Ammo u yoqda yo‘lboshchi qorong‘i yerga ketaman deb muntazir.
– Shundoq.
Ular atrofga osuda ko‘z yugurtirishardi. Birovi engashib etagidan qushqo‘nmas tikanlarini terib tashlay boshladi.
– Shu qoravoy ham bor bo‘lsin-da, – dedi u.
– Shundoq. Ulardan tashvishu tahlikadan boshqa narsa ko‘rmadik.
Negr tushdan keyin baland daraxtning tepasiga chiqib plantatsiya tomonga qaradi. U Issetibehaning loshi arqon halinchakda ikki daraxt orasiga osib qo‘yilganini ko‘rdi, avvalroq bu daraxtlarga uning iti bilan biyasini boylashgandi, kema-uyning oldidagi maydon hovlida esa har turli rang-barang yopiq, ochiq, chuqur, yassi aravalar, egar-jabduqli otlar, xachirlar tiqilishgandi; yerda qazilgan o‘choqlar atrofida bola-baqra orasida rango-rang liboslarda xotin-xalaj, qari-qartanglar joylashgan, o‘t-alanga ustida nimtalar jazillab pishar, ulkan o‘choqlardan quyuq tutun va bug‘ o‘rlardi. Erkaklar bilan kattaroq yoshdagi bolalar bari daryo oqimining yuqorisida uning ortidan quvib borishar, kishilik liboslarini yechib o‘rab, daraxtlarning ayrilariga qistirib ketishardi. Lekin, ana, harqalay bir to‘p erkak uy eshigi oldida uymalashyapti. Negr ulardan ko‘zini uzmay qarab turdi, birpasdan so‘ng erkaklar olxo‘ri xurmo poyasiga bug‘u terisi tasmalari tortilib yasalgan zambarda Moketubbeni ko‘tarib olib chiqishdi. Tilog‘ochlar orasida yashirinib yotgan qochoq o‘sha yoqlarda uni qurbon qilishga tayyorgarlik ketayotganini kuzatar, uning basharasi esa xuddi Moketubbening basharasi kabi qilt etmas va undan hech narsani anglab bo‘lmasdi. “E-ha, – dedi u ohistagina, – o‘zlari ham yo‘lga tusharkanlar-da. O‘n besh yil o‘likday yotdi-ya, endi yo‘lga tusharkanlar-da”.
Kechga yaqin u hindularning birovi bilan yuzma-yuz to‘qnashib qoldi. Ular soy ustiga tashlangan yog‘och xari ustida duch kelishdi: negr baland bo‘yli qotma, paydor, charchash nimaligini bilmas, kuch-quvvati oshib-toshib yotardi; hindu esa semiz va po‘k, o‘taketgan hafsalasiz, andak jon koyitishga aslo toqati yo‘q edi. Hindu qimirlamadi, ovoz chiqarmadi, xari ustida turgancha negrga baqrayib qolgandi, negr darhol o‘zini suvga otdi, qirg‘oqqa suzib bordi-da, o‘rmonda g‘oyib bo‘ldi, orqasidan shox-shabba, butalarning qayrilgani, shitirlagani eshitilardi.
Quyosh botib borayotganda u ag‘anagan daraxt panasida biqinib yotardi. Daraxt tanasidan chumolilarning uzundan-uzoq karvoni cho‘zilib borardi. Negr chumolilarni tutib, qandaydir bamaylixotirlik va parishonlik bilan og‘ziga solar, go‘yo quyuq mehmondorchilikda o‘tirib, ikkovora tortilgan taom orasida sho‘rdanaklarni totib ko‘rayotganday edi. Chumolilar ham sho‘rtakkina, ulardan og‘iz suv ochib, so‘lak oqardi. Negr chumolilarni yer, ularning muqarrar halokat sari to‘xtamay, sira og‘ishmay, oxiri ko‘rinmay g‘imirlab borishlariga qarab turardi. U kun bo‘yi tuz totmagandi; yuziga chaplangan loy niqob qotib qolgandi, ko‘zining jiyaklari qizarib, yallig‘langan, qorachiqlari tinmay bezovta aylanardi. Kun botganda u suv bo‘yida o‘tirgan qurbaqani tutish uchun urinayotganda uni birdan kapcha ilon chaqib oldi. Zaharli tishlarini uning bilagiga kuchli zarb bilan sanchdi, terisi ustida xuddi tig‘ bilan chizilganday ikki uzunchoq yara qoldi. Kapcha ilon beso‘naqaylik bilan unga tashlandi-da, tishlarini qadagach, o‘z shiddati va qahr-g‘azabidan holsizlanganday, yerda cho‘zilib qoldi; bir zumgina uning oldida nochor bo‘lib yotdi. “Salom, buvijon”, – dedi negr. U ilonning boshiga qo‘lini tekkizdi va shunda ilon bir chirpinib yana uning qo‘liga tishlarini o‘ng‘aysiz va qattiq botirgani, keyin yana va yana xuddi panshaxa bilan tirnagandek zarba urganiga loqaydlik bilan qarab turdi.
– Bularning hammasi mening o‘lgim kelmayotgani uchundir, – ohistagina dedi u tobora ortib borayotgan sokin bir hayrat ichida, u o‘zida yashash istagi qanchalar hokim va kuchli ekanligiga hisob bermagan, bu so‘zlar o‘z-o‘zidan uning lablarida qalqimaguncha anglamaganday va hozir, shu tobdagina ularning ma’nosiga yetib borganday bo‘ldi.

V

Moketubbe o‘zi bilan tuflini ham oldi. Uni yurganda, kiyib yurolmasdi, zambarda chayqalib, yastanib o‘tirganida ham kiyolmasdi, shuning uchun poyabzal uning tizzasiga yozilgan yosh bug‘u terisidan yasalgan gilamchada yotardi. Yaltiroq, chatnagan charmdan tikilgan, ballarda kiyiladigan to‘qasiz, oyoq yuzasidagi tili uzun, qizil poshnali bir tufli-da, u qabila boshlig‘ining semizdan semiz, chalqancha tushgan, hayot asari bilinmaydigan gavdasi ustidan tushmasdi; uzzukun yukkashlar bir-birlari bilan o‘rin almashib botqoqliklaru changalzorlar oralab tebranib turgan zambar va uning ichidagi jinoyatni, jinoyat sababini sabr-toqat bilan ko‘tarib borishardi. Zero, qotil maqtul oldidagi o‘z burchini o‘tashi kerak edi. Moketubbe uchun aftidan bu shunga o‘xshagan bir narsa ediki, o‘zi garchi mangu tirik bo‘lsa ham, hali tiriklik chog‘larida unga o‘lim tilagan, o‘limlaridan so‘ng esa uning abadiy qiynoqlarining g‘ayriixtiyoriy ishtirokchilariga aylangan mahkumlar tomonidan jahannam puchmoqlariga olib kirib ketilayotganday tuyulardi.
Yo‘l yurib, so‘ng biroz nafas rostlab olish uchun qo‘ngan paytlarida hammalari davra yasab o‘tirar, o‘rtaga esa qimir etmay ko‘zlarini yumib Moketubbe yotgan zambarni qo‘yardilar, uning yuz ifodalarida ayni bir vaqtning o‘zida tinch farog‘at va bo‘lajak azob-uqubatlarning muqarrarligi aks etardi; o‘shanda unga yana qisqa bir muddatga tuflini kiydirishardi. Bir bola tuflini Moketubbening katta, yumshoq, yalpaygan oyoqlariga zo‘r-bazo‘r tiqishtirardi, shunda yo‘lboshchining afti-angorida yegan yemishi hazm bo‘lmaydigan odamlarda uchraydigan ma’yus, mute va diqqatpaz ifodalar zuhurlanardi. Keyin hammalari yana yo‘lga tushardilar. Moketubbe qimirlamasdi; u faqat zambarni ko‘tarib borayotganlarning qadamlariga monand chayqalardi, og‘zini ochmasdi – buning boisi cheksiz tanballigimi yo mardlik-matonat, iroda qudrati kabi oliy fazilatlardan o‘rnak olardimi, o‘ziga ayon. Biroz vaqtdan so‘ng zambarni yerga qo‘yishar va sanamday qotib qolgan, sarg‘aygan, ter bosgan yuziga qarashardi.
Shunda kimdir, Uch Savatmi yo Lui Shumurtmi: “Tuflini oyog‘idan yechinglar. Hurmat-e’tibor ko‘rsatildi”, derdi. Tuflini yechib olishardi. Moketubbening chehrasi o‘zgarmas, faqat nafas olishi sezilarli bo‘lib qolardi – lablaridan havo chalpillagan bir tovush bilan otilib chiqardi, boshqalar atrofda cho‘nqayib o‘tirishar va har tomondan kelib turgan sinchilaru xabarkashlar bilan gaplashishardi.
– Ko‘rinadimi?
– Ko‘rinmaydi. U sharq tomonga yuryapti. Kech oqshom Tipax quyiladigan joylarga yetib boradi. Keyin orqaga qaytadi. Biz uni ertaga tutamiz.
– Qaniydi, ko‘p vaqt bo‘ldi.
– Shundoq. Bugun to‘rtinchi kun.
– Duum o‘lganda uch kunda ushlovdik.
– Unda qochgan kishi qari edi. Bunisi hali yosh.
– Ha-a. Juda chopag‘on. Agar uni ertaga tutishsa, men bitta ot yutaman.
– Qaniydi ertaga tutishsa.
– Shundoq. Bema’ni ishlar.
Shu kuni plantatsiyada oziq-ovqat tugadi. Qo‘noqlar uy-uylariga tarqab, ertasiga bir haftaga yetadigan oziq-ovqat keltirishdi. Shu kuniyoq Issetibeha hidlana boshladi, peshin payti issiq avjga chiqqach, shamol o‘lik ufunatini daryo yoqalab pastga va yuqoriga – uzoqlarga olib keta boshladi. Ammo negrni na bugun, na ertasiga tutishdi. Oltinchi kuni kech tushganda, xabar yetkazishdiki, qochoqning izlarida qon yuqi qolibdi. U jarohat olganga o‘xshaydi.
– Yarasi, ishqilib, og‘irmasdir, – dedi Uch Savat. – Biz Issetibeha bilan unga foydasi tegmaydigan xizmatkorni jo‘natolmaymiz.
– Xudo ko‘rsatmasin. Issetibehaning o‘zi unga xizmat qilmasa deng, – dedi Shumurt.
– Biz bilmadik, – dedi ongchi. – U berkingan. U yana botqoqlikka kirib ketdi. Biz u yerga qorovul qo‘ydik.
Endi zambarni tez yugurib ko‘tarib ketishdi. Qochoq botqoqlikka kirib ketgan joygacha bir soatcha yo‘l yurilardi. Hayajonlar jo‘sh urgan shoshilinchda Moketubbening oyog‘idan tufli yechilmagan ekan. Botqoqlikka yetib borishganda, yo‘lboshchi behush yotganini payqashdi. Ular tuflini yechib olib, uni hushiga keltirishdi.
Qorong‘i tushguncha butun botqoqlik o‘rab olindi. Hindular chordana qurib o‘tirishar, ularning tepasida pashsha-yu chivinlar bulutday to‘da-to‘da uchardi. Osmonning eng quyi, chekka nuqtasida g‘arbda shom yulduzi xira nur sochardi, yuksakda yulduz turkumlari charx urib aylanardi.
– Unga vaqt beraylik, – deyishdi hindular. – Ertaga degani bugunning davomi va boshqacha nomi.
– Shundoq. Uni shoshiltirmaymiz. – Ular jim bo‘lib qolishdi va birdan hammalari bir bo‘lib, tun quchog‘idagi botqoqlik tomonga qarab qolishdi. Biroz vaqt o‘tgach, botqoqdagi shovqin bosildi va ko‘p o‘tmay qorong‘ilikdan sinchi chiqib keldi.
– U yorib o‘tishga urindi.
– Lekin siz uni orqasiga qaytarib yubordingizmi?
– Shundoq. U orqaga burilib ketdi. Biz uchalamiz qo‘rqib ketgandek bo‘ldik. U qorong‘ida emaklab yurganida biz hididan bildik, yana bir nimani sezgandek bo‘ldik, nimaligini bilolmadik. Shuning uchun biz qo‘rqdik, lekin keyin u bizga tushuntirdi. U bizdan o‘zini shu yerdayoq o‘ldirishimizni so‘radi, nega deganda, botqoqlikda qorong‘ida oldimga kim kelganini, uning yuzini ko‘rolmayman dedi. Ammo biz boshqa narsani tuygandik, u bizga buning nimaligini aytdi. Uni ilon chaqibdi. Ikki kun oldin. Yarasi shishib ketib, u hidlana boshlabdi… Ammo biz tuygan narsa bu emasdi, chunki endi shish qaytib, endi qo‘li xuddi yosh bolaning qo‘liday kichkina bo‘lib qolibdi. U qo‘lini bizga ko‘rsatdi. Biz uning qo‘lini uchalamiz ham ushlab ko‘rdik, u yosh bolaning qo‘liday edi. U bizdan bolta berishimizni so‘radi, qo‘limni chopib tashlayman dedi. Ammo erta – bugunning davomi.
– Shundoq. Erta – bugunning davomi.
– Biz qo‘rqib ketdik. Keyin u botqoqlik ichkarisiga kirib ketdi.
– Bu yaxshi.
– Shundoq. Biz qo‘rqdik. Yo‘lboshchiga aytaylikmi?
– O‘ylab ko‘raylik, – dedi Uch Savat. U turib ketdi. Sinchi cho‘nqayib o‘tirdi-da yana qochoq haqida so‘ylay boshladi. Uch Savat qaytib keldi. – Yo‘lboshchi yaxshi dedi. Qo‘riqlagan joyingga qayt.
Sinchi qorong‘ida ko‘zdan yo‘qoldi. Hammalari zambar atrofida chordana qurdilar; so‘ng uxlab qoldilar. Yarim kechaga yaqin negr ularni uyg‘otib yubordi. Kutilmaganda u baqirib, o‘zi bilan o‘zi gaplasha boshladi; uning tovushi qorong‘ilikdan aniq va baland eshitilardi. Keyin u jim bo‘ldi. Tong otdi, oq qarqara qanotlarini tapillatib sarg‘ayib kelayotgan osmondan uchib o‘tdi. Uch Savatning uyqusi o‘chdi.
– Endi boraylik, – dedi u. – Bugungi kun kirdi.
Ikki hindu balchiqlarni shaloplatib botqoqqa tushdi. Lekin qochoq qoshiga yetib bormayoq to‘xtashdi, negaki, negr ashula ayta boshladi. Hindular uni ko‘rib turishardi, negr yalang‘och va butun badaniga loy chaplangan holda to‘nka ustida o‘tirib qo‘shiq xirgoyi qilardi. Hindular biroz nariroqda cho‘nqayib o‘tirib, indamay uning ashulasini tugatishini kutishdi. Negr yuzini ko‘tarilib kelayotgan quyoshga qaratib o‘z lahjasida nimalarnidir kuylardi. Uning ovozi tiniq va kuchli, ohanglari vahshiyona va mahzun yangrardi.
– Uni shoshiltirmaylik, – deyishdi hindular. Ular cho‘nqayib o‘tirgancha, sabr-toqat bilan kutishardi. Qochoq jim bo‘ldi, hindular unga yaqin bordilar. Qochoq yuziga chaplangan loy yorilib chatnab ketgan holda ularga pastdan yuqoriga qaradi. Uning ko‘zlariga qon to‘lgandi, lablari quruqshab bir-biriga yopishgan, ular orasidan yirik qisqa tishlari chiqib turardi. Qurigan loy niqobi yuzidan ko‘ra kattayibroq ko‘rinardi, loy niqobni surtgan vaqtdan beri ancha ozganga o‘xshardi. Chap qo‘lini u ko‘kragi tagiga mahkam bosgandi; tirsagidan pastga tomon unga ham qalin loy chaplangandi. Hindular negrdan chiqayotgan o‘tkir hidni tuyishardi. U hindularga indamay, qimir etmay qarab turardi, nihoyat, hindulardan biri uning qo‘lidan ushladi.
– Yura qol, – dedi hindu, – sen xo‘p chopding. Uyatga qolmading.

VI

Musaffo va ifloslik bilan bulg‘angan ertalabki payt ular plantatsiyaga kirib keldilar, negrning ko‘zlari otning ko‘zlariday olayib qoldi. Et pishayotgan o‘choqdan tutun taralardi; tutun yer bag‘irlab yoyilib, hovlida va uy-kemada chordona qurib, cho‘nqayib o‘tirgan, yorqin, dag‘al, o‘ng‘aysiz yarashmagan liboslar kiygan mehmonlar, xotin-xalaj, bola-chaqa, qari-qartanglar ko‘zlarini achitardi. Ovchilar daryo yoqalab sinchilarni jo‘natishdi, birovini ilgarilatib plantatsiyaga yuborishdi. Endi Issetibehaning jasadi u ko‘miladigan go‘r og‘ziga keltirildi, uning iti bilan otini ham shu yerga olib kelishdi; ammo ufunat hali tarqamagan, binobarin, o‘zi tirikligida yashagan joylarda sharpasi kezardi. Mehmonlar ham go‘r atrofiga yig‘ila boshladi. Nihoyat, qiyalikdan Moketubbe o‘tirgan zambarni uning yaqinlari, a’yonlari qurshovida ko‘tarib chiqishayotgani ko‘zga tashlandi.
Ular orasida negrning bo‘yi hammadan baland edi; uning kichkina, dumaloq, balchiq po‘stlariga to‘la boshi boshqalardan yuqorida ko‘rinardi, azob-uqubatga to‘lib-toshgan keyingi haftaning olti kunida boshiga shuncha ko‘p kulfat yog‘ildiki, shundan endi bazo‘r nafas olardi; garchi izdihom juda sekin harakat qilayotgan bo‘lsa-da, biqiniga mahkam bosib ushlagan chap qo‘li tepasida ko‘kragi og‘ir ko‘tarilib tushardi. Ko‘zlari tinmay alang-jalang qilardi, hech bir nuqtada to‘xtamas, chamasi, u hech narsani ko‘rmas, qaragan narsasini ko‘rib ulgurmasdi. Ba’zan og‘zi ochilib qolar va yirik oq tishlari ko‘zga chalinardi, birdan u hansirashga tushdi. Qabr sari yurgan mehmonlar bu izdihomni ko‘rib to‘xtab qoldilar, ayrimlarning qo‘llarida et parchalari bor edi. Ular yurishdan to‘xtab kutar, negrning ko‘zlari, uning yovvoyi, xaroson nigohi ularning yuz-ko‘zlarini suzardi.
– Balki sen oldin tanovul qilib olarsan? – so‘radi Uch Savat. U so‘zlarini ikki karra takrorladi.
– Shundoq, – dedi negr. – Shundoq, shundoq. Men oldin ovqat yeyman.
Endi izdihom yana o‘rtaga qarab tisarildi; eng orqada turganlargacha bu shivirlagan sas yetib bordi: “U oldin ovqat yermish”.
Ular uy-kemaga keldilar. “O‘tir”, – dedi Uch Savat. Negr uy-kema qirg‘og‘iga o‘tirdi. U hamon harsillar, ko‘kragi og‘ir ko‘tarilib tushar, paxtasi chiqib ketgan ko‘zlari tinmay alang-jalang qilardi. Ko‘zlari hech narsani ko‘rmayotgani, aftidan, ichki sabablarga bog‘liq edi, bu nobinolikdan emas, balki umidsizlik va alam-iztiroblar natijasi edi. Unga taom keltirdilar, hamma uning qanday ovqat yeyishini tomosha qilib turardi. U bir bo‘lak etni og‘ziga solib, chaynay boshladi, ammo chaynalgan ovqatning yarmi og‘zining burchaklaridan chiqib, engagidan ko‘ksiga to‘kildi, birozdan so‘ng u chaynashni bas qildi. U shunday butun yalang‘och badaniga loy chaplangan va bu loy endi qurigan holda tizzasida tovoq bilan o‘tirar, ochiq og‘zi to‘la chala chaynalgan osh, ola-kula ko‘zlari atrofga tinmay alanglar, hars-hars qisqa-qisqa nafas olardi. Vazmin, tap tortmas hindular unga qarab sabr-toqat bilan kutardilar.
– Yur endi, – dedi nihoyat Uch Savat.
– Suv ichaman, – dedi negr. – Suv. Shundoq, shundoq. Suv ichaman.
Quduq qullar yashaydigan qishloq yo‘lida, quyiroqda edi. Adir yonbag‘rida kalta soyalar yotardi – peshin chog‘i edi, bunday sokin paytlarda Issetibeha tushki ovqat va tushdan keyingi uyquni kutib, yumshoq o‘rindig‘ida mudrab o‘tirguchi edi, shunda uning shaxsiy xizmatkorining qo‘li bo‘shardi. Bu damni u oshxona bo‘sag‘asida o‘tirib o‘tkazardi, tushlik tayyorlayotgan ayollar bilan u yoq-bu yoqdan gaplashishni yoqtirardi. O‘qtin-o‘qtin u pastga – negrlar qishlog‘iga nazar tashlar, u yoqlarda hammasi sokin-tinch, ayollar ko‘chaning u betidan-bu betiga qarab so‘ylashar, ochiq eshiklardan ohista tutun o‘rlar, ko‘cha changida qora og‘ochdan yasalgan o‘yinchoqlarga o‘xshash bolakaylar o‘ynab yurishardi.
– Yur, – dedi Uch Savat.
Negr izdihom ichida borar, boshi hammadan ko‘ra balandroq edi. Mehmonlar Issetibeha, uning iti, uning oti kutayotgan tomonga asta og‘ib inib borishardi. Negr ham qadam tashlar, ko‘zlari ola-kula alanglar, boshi izdihom osha yuksalar, ko‘ksi og‘ir-og‘ir ko‘tarilib tushardi.
– Qani, – dedi Uch Savat. – Suv ichmoqchi eding.
– Shundoq, – dedi negr. – Shundoq. – U uyga o‘girilib qaradi, keyin pastga, qishloqqa boqdi, bugun bunda o‘choqlarda o‘t yonmas, eshiklardan ayollar mo‘ralamas va bolalar o‘ynab ko‘chada chang ko‘tarmas edilar. Negr bazo‘r og‘ir nafas olardi.
– Ilon mening bu yerimni chaqdi, – dedi u. – Tishlarini qo‘limga sanchdi: bir marta, ikki marta, uch marta. Men unga: “Salom, buvijon”, dedim.
– Xo‘p, qani, – dedi Uch Savat. Negr hamon joyidan qimirlamay, boshini adl tutib, xuddi balchiqda ishlayotganday tizzalarini baland ko‘tarib qadam tashlardi. Uning ko‘zlari xuddi otning ko‘zlariday vahshiyona zo‘rabor yalt-yult qilardi.
– Suv ichmoqchi eding, – dedi Uch Savat. – Mana, suv.
Quduqqa kadi badya mahkamlanmish edi. Badyani liq to‘ldirib negrga berdilar. Uning qanday suv ichayotganiga hamma qarab turdi. U badyani og‘ziga olib bordi-da, loy bilan suvalgan yuziga bosib ohista qiyalatdi. Kadi badya osha uning ko‘zlari hamon atrof-tumonotga sarosar nazar solardi va bir zum ham to‘xtamasdi. Yig‘ilgan hamma uning bo‘g‘zida kekirdagi ko‘tarilib tushayotgani, quyosh shu’lalarida yaraqlagan suv kadi badyadan uning engak, bo‘yin, ko‘kragiga oqib tushayotganini ko‘rib turdi. Keyin suv tamom bo‘ldi.
– Qani, – dedi Uch Savat.
– Shoshmanglar, – dedi negr. U yana suv olib badyani labiga olib bordi va uni qiyshaytira boshladi, kadi badya osha hamon uning ko‘zlari ola-kula kezardi. Yana hamma uning qanday suv ichmoqchi bo‘layotgani va tomoqdan o‘tmayotgan suv minglab marvarid zarralarga ajralib, uning dahani va ko‘ksiga oqib tushayotgani, chaplangan loy yuzida ho‘l izlar qoldirayotganiga qarab turardi. Ular – qabiladoshlar, mehmonlar va yo‘lboshchining yaqinlari o‘zlarini vazmin, odob-ikrom, sabr-toqat bilan tutib kutishardi. Keyin suv tugadi, ammo negr uni yutish uchun hamon kekirdaklarini cho‘zar, qalt-qalt titrab hech nimani yutolmasdi. Ko‘kragidan suv yuvib o‘tgan loy parchasi ko‘chib oyoqlari ostiga tushdi va parchalanib ketdi va hamma bo‘shagan kadi badya ichidan uning xirqiragan ovozini eshitdi: “xah, xah, xah, xah”.
– Xo‘p, qani, – dedi Uch Savat va negrning qo‘lidan kadi badyani olib, uni quduqning chetiga ilib qo‘ydi.

Rus tilidan Ibrohim G‘afurov tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 11-son