May oyining avji gullagan pallasi. Qoq tush. Yolg‘iz o‘zim Oqsuv tarafdan kelayapman.
Egri-bugri, pastu baland yo‘lda bir maqomda xotirjam yurib, ora-sira otim pishqirib ovul sari enayotirman. Dovonga tirmashib chiqayotganda qarasam, ulovimning bo‘yni terlab, oriq bo‘lishiga qaramay, quyushqonning atrofi ko‘piklabdi.
Pastga tushganim sari yalpiz hidi dimog‘imga urildi. Qarag‘ay yal-yal tovlanadi. Yovvoyi uzum zangi qari tutga salladek o‘ralib qolibdi. Ana shu tut ostidan oqayotgan anhorda cho‘milib sergib olmoqchi ham bo‘ldim. Lekin shu payt so‘l yog‘imda it hurib qoldi. Qarasam, oppoq o‘tov yonida echkilar o‘tlab yuribdi. Oftobro‘ya joyga qurut tizilib, dorga yuvilgan kirlar osib qo‘yilibdi.
O‘tov sari to‘g‘ri yo‘l oldim. Qirg‘izlarning odatiga ko‘ra, qumron ichib, chanqoq bosish niyatim bor edi. Qora it egasiga sadoqatini ko‘rsatish uchun zo‘r berib vovillar, otimning dumidan tishlab qochardi. Agar uning o‘rnida qaysarroq ayg‘ir bo‘lganida masaldagi kabi “tuyog‘idagi xat”ni ko‘ppakka boplab o‘qitgan bo‘lardi.
Ichkaridan bir kampir chiqib, “bu kim bo‘ldi?” deganday bir oz qarab turdi va yana iziga qaytdi. O‘tovga yetganim sari it ayyuhannos solardi. Men udumga ko‘ra yo‘taldim…
— Ket, mahrum bo‘lgur, — degan xirqiroq ovozdan keyin haligi kampir peshvoz chiqdi.
— Assalomu alaykum!
— Vaalaykum! Kel, bolam. Kimning o‘g‘lisan?
— Menman…
Kampir itni qarg‘ab yuborgach, yana so‘radi. — Kimning o‘g‘lisan?
Men darhol tanidim. U qishlog‘imizdagi Mamirboy oqsoqolning jufti haloli edi.
— Seyde xola, meni tanimayapsizmi? — dedim kulib. — Men To‘laganman.
— Voy o‘lmasam, qarilik qursin. Senmiding? Otdan tush, bolam.
Otdan tushib Seyde xola bilan gaplashib tursam, o‘tovdan tarashadek oriq bir kampir chiqib, bosh irg‘ab so‘rashdi. Bu kampir Seyde xolaning onasi edi.
Shu mahal o‘n bir yoshlar chamasidagi bir bola chopib keldi va qulochini yozib, — To‘lagan aka-a-a, — deb bag‘rimga otildi. Men uni erkalatib, qo‘ltig‘idan dast ko‘tarib, peshonasidan o‘pib:
— Sottiqul, katta yigit bo‘lib qolibsan-ku, — dedim.
— Nima qilsa ham qarindoshda-a?! Qarang, xuddi otasi tirilib kelganday xursand bo‘lganini, — dedi momo.
Seyde xola bolaning bu ishiga uncha e’tibor bermagan bo‘lsa ham, ko‘zlarida yosh qalqdi. Eski po‘stakni sudrab borib, tutning ostiga soldi va meni o‘sha yerga o‘tqazdi. Keyin bilsam, ipak qurti tutishgani uchun o‘tov, uylar band ekan.
Sottiqul meni savolga tuta boshladi:
— To‘lagan aka, qayoqdan kelayapsiz?
— Qorakungaydan.
— U yerda nima qildingiz?
— O‘sha yerdagi maktabda ishlayman.
— Ha-a. Endi qayerga ketayapsiz?
— O‘zimizning qishloqqa. Undan narigi tumanga o‘taman.
Sottiqul yerdan bir dona ko‘kat o‘zagini sindirib olib tishlagan ko‘yi xayolga cho‘mdi. Seyde xola kosaga ayron quyib keldi. Pishiqchilikning oldi deb dasturxonga tut qo‘ydi. Muzday ayrondan ichib Sottiqulga uzatdim.
— Satish, ayrondan ich.
U ayronga qaramadi. Kiyilaverib oftobda rangi unniqib ketgan, tutning shirasidan qotib qolgan ko‘ylagining etagini ushlab:
— Men ham boraman, — deb ming‘irladi.
— Qayoqqa borasan? — dedi momosi. — Bu nimaga dovdirayapti…
— Ovulga — Oqyo‘lga.
— Momosi uning maqsadini tushundi.
— Sen qishloqqa ketsang, bu yerda onangning holi nima kechadi? Undan ko‘ra akang uzatgan ayronni ich.
Sottiqul burnini “shilq” ettirib tortib, onasiga qaradi.
— Ichmayman.
— Akasi ich desa ichmaydimi… Icha qol, bo‘tam!
U g‘ashlik qilayotgan bo‘lishiga qaramay ayronni bazo‘r shimirdi.
Seyde xola bo‘shagan kosani olib, barmog‘i bilan ayronning yuqini sidirib ho‘plagach:
— Onang tinchmi? — so‘radi mendan.
— Ha, shukur. Uch oydan beri ko‘rolganim yo‘q.
— Ha, aytganday, sen Qorakungayda ishlayapsan-a?..
Yugan va quyushqoni chiqarilgan otim yong‘oq ostida salqinlab turibdi. Biz hol-ahvol so‘rashib, ko‘pga o‘tirdik. Seyde xolaning Oqyo‘l ovulidan bu yerga ko‘chib kelganiga uch yilcha bo‘ldi. Sababi, Mamirboy akaning vafotidan so‘ng, bu oila Oqsuvdagi qarindoshi To‘qtanalini qora tortib kelishgandi.
Men yo‘lga tushmoqchi bo‘lib, o‘rnimdan qo‘zg‘alganimda Sottiqul etagimga osildi.
— Men ham ketaman!..
— Voy sho‘rim, sen qayerga ketasan, — deya baqirdi momosi. — Borib u yerdagi tosh qo‘raga qorovullik qilasanmi?..
— Qo‘y, qarog‘im, — dedi onasi.
Men peshonasidan silab ovutdim.
— Sotish, eslik yigit bo‘lib qolibsan. Oqyo‘lga keyinroq borarsan. Oyingni gapiga quloq sol, koyitma. — Biroq Sottiqul hiqillab yubordi.
— Bo-ra-man…
— Jinni-pinni bo‘lganmi, — deb momosi uning qo‘lidan tutdi.
Men otni yechdim. Sottiqul yopishib oldi. Onasi negadir churq etmadi.
Sottiqul tushmagur momosining gapiga ko‘nmay, hadeb ho‘ng-ho‘ng yig‘lab, siltanib qo‘yardi. Shu asnoda u momosining oriq qo‘llarini tishlab oldi, shekilli. — Voy sho‘rim, deb kampir chinqirib yubordi.
Onasi ushlamoqchi bo‘luvdi, bir siltab qochdi va men ketadigan tarafga yura boshladi.
— Ke-ta-man!.. U men tomonga yuzlanib qaqshab yig‘lardi.
— Hoy, buyoqqa kel. Dilozor bo‘lmay ko‘payib ketgur, — momosi qo‘lini siypalab nabirasining ortidan ergashdi.
— Bu xudo bezori ko‘nmaydi, shekilli… Yalang oyoq, yalang bosh…
Seyde xola ham yura boshladi.
— Beri kel, bo‘tam! Beri kel, qarog‘im! — dedi u. — Ikkalamiz ertaga boramiz.
Shartta otga minib ketishimga hayronman. Sottiqulni yo qoldirishim yoki onasidan ruxsat olishim kerak edi… Indamay jo‘nasam, ortimdan ergashishi tabiiy. Sottiqulni ushlab, oyisiga topshirib osongina qutulmoqchi bo‘ldim:
— Sotish, bu yoqqa kel! Otga mingash! — deb aldadim. Lekin u jahli chiqib nari ketdi. Ilojimiz qolmadi.
— Ovulni uch yildan buyon ko‘rgani yo‘q, — deb shivirladi momo. — Bechora bola, Oqyo‘l desa yuragi eziladi. Hamqishloqlarini ko‘rsa dadasi tirilib kelganday o‘zini qo‘ygani joy topolmaydi.
— Qoqindig‘ing ketay, bo‘talog‘im-ey, — deb yig‘lab yubordi Seyde xola. — Tug‘ilgan qishlog‘ini sog‘inib… Mayli, boraqol. Kel, ust-boshingni kiyib ol.
— O-o! Aldab ushlab olasiz-da…
— Aldamayman. Mayli, akangni otiga uchqashib borib kel.
— Shundoq ketaveraman… Kamzulimni olib kelaqoling…
— Rostdan borib kelsinmi? — so‘radim Seyde xoladan. — Yaxshi qilasiz. Sog‘inchi bosiladi.
— Ilojim qancha? Ko‘rib turibsan-ku…
Men Sottiqulni chaqirdim,
— Kel, tezroq kiyin.
Sottiqul esa qaysarligi tutib kelish o‘rniga yana oldga yura boshladi.
Noiloj qolgan Seyde xola uning ust-boshini, chorig‘ini menga tutqazib, omonat gaplarini tayinlab:
— Sadag‘ang bo‘lay, senga ishondim. Qarindosh-urug‘larining mehriga qonib qaytar. Tog‘alariga topshir, qorni ochib qolmasin, To‘lagan. Qaytishingda sen bilan birga kelsin. Sottiqul, qarog‘im, omon bo‘l!..
* * *
Sottiqulni otga uchqashtirib oldim. Ot bir oz dam olgani uchun ilkis yo‘rtib borardi. Oqsuvning “qil ko‘prigiga” yetganda ot hurkib ketsa Sotish yiqilib ketmasin degan o‘y bilan orqamga burilib:
— Uxlab qolmadingmi? — deb so‘radim.
— Yo‘q, uxlamadim.
“Qil ko‘prik”dan o‘tib, so‘l tomonga burilib, Qorasuvni bo‘ylab yuqoriga qarab ketdik. Vaqt peshindan oshganda yana bir dovondan o‘tib, sero‘t joyda otdan tushib o‘jar hamrohim bilan hordiq olmoqchi bo‘ldik. Sottiqul ulovni o‘tga qo‘ydi. Biz o‘tirgan yerdan Uchqurt, Molqoldi, Oqyo‘l vohalari kaftdagiday yaqqol ko‘rinib turibdi.
— Voy-vuy… Oqyo‘l… To‘lagan aka, Oqyo‘lni qarang, Oqyo‘lni… Ana, bizning uyimiz… Anavi, Mingboy tog‘amning uyi… Nurqullarniki… Biz-chi, Nurqul bilan birga dumbul pishirib yerdik…
— Nurqul uylarida bo‘lsa kerak, — dedim. — Makkajo‘xori endi chopiqqa kirdi. Dumbulga ancha bor.
— Bilaman. Nurqul bilan baliq ham tutganmiz. Keyin o‘zimiz baliqlarga o‘xshab cho‘milardik… Rosa mazza qilardik-da…
Sottiqul haddan tashqari xursand. Imkoni bo‘lsa, ona qishlog‘i Oqyo‘lning ustidan qushdek parvoz qilib o‘tgisi bor. U ovulning har bir ko‘chasiga, tol va teraklariga suqlanib, sog‘inch bilan boqardi.
— Sottiqul, qishloqni sog‘indingmi? — deb so‘radim. U Oqyo‘l tarafdan ko‘zini uzolmay:
— Ha, juda sog‘indim, — dedi.
— Sotish, tirikchiliginglar yaxshimi?..
— Durust. Onamga ovulimizga ketaylik deb aytsam, kuzda, kuz kelgach, bahorda deya ikki-uch yildan beri aldab keladi. Qishloqni sog‘inib, o‘zimcha bir qo‘shiqni xirgoyi qilib yuraman. To‘lagan aka, o‘sha ashulani Sizga aytib beraymi?
— Qani ayt-chi, Sottiqul!
— Adirga chiqqan jekanman,
Arg‘imoq minar ekanman.
Arg‘imchoqni yeldirib,
Ovulga qachon yetarman?..
Qirga chiqqan jekanman,
Qora ot minar ekanman.
Qora tulporni yo‘rtdirib,
Elimga qachon yetarman?..
Badanlarim zirqirab ketdi. Sottiqulni dast ko‘tarib peshonasidan o‘pdim. Tog‘alarini, qarindosh-urug‘larini, teng-to‘shlarini o‘ta sog‘ingan bolaning ona qishlog‘ini, kindik qoni tomgan yurtni bu qadar ardoqlashi meni hayajonga soldi. Qaniydi barchamiz Sottiquldek o‘z ovulimizni sevolsak.
Bir ozdan keyin qora bayirga egar-jabduqni urib, tug‘ilib o‘sgan qishlog‘imiz — Oqyo‘lga kirib bordik.
Qirg‘iz tilidan Tursunboy Adashboyev tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 7-son
* * *
TUG‘ILGAN YeR
Javzo. Qoq tush mahali. Yolg‘iz o‘zim Oqsuv tarafdan kelayotibman. Atrofga boqib, ko‘z yayraydi. Gir aylana o‘rkach-o‘rkach adirlar. Ming xil giyohlarning anvoyi gullari, o‘t-o‘lan shunaqa qalin o‘sganki, orasiga sichqon ham sig‘maydi. Har joyda bir ulkan yong‘oq, oqtol, qayin ko‘zga tashlanadi, huv olisda o‘tkir uchi pahlavonlarning nayzasiday bo‘lib qarag‘ay, archa daraxtlari ko‘kka sanchilib turadi. Mevali daraxtlar-ku, to‘lib yotibdi. Yo‘l ilang-bilang, birda pastlikka qarab enkaysa, birda o‘rlab ketadi. Otim ham xiyla horidi, orqa oyoqlarini sudrab siltaganida bir xilda shitir-shitir ovoz chiqarib, meni alaxsitadi. Onda-sonda dumini silkitadi, bosh irg‘aydi, pishqiradi. Bo‘yni terlab ketdi, qarchig‘ayiga qarasam, eti quruq bo‘lsa-da, quyushqon oldi oq ko‘piklanib qolibdi.
Tevarakka ko‘z yugurtiraman, bulbul sayraydi, nolasiga quloq tutaman. Qanotlari tinimsiz pirillagan kapalaklar, tinimsiz g‘ing‘illagan asalarilar gullar uzra charx urishadi, qaysi birlari havoga ko‘tarilib, zuv etgancha, juda shoshilinch ishi borday ko‘zdan g‘oyib bo‘lib ketadi. Men ham zerikkanimdan dimog‘imda g‘ing‘illab xonish qilgan bo‘laman, engashib, otning yolini silayman, har xil o‘ylarga botaman.
Yura-yura, Burchuka yaylovining kunga terskay soyi o‘zaniga tushib oldim. Sharqirab oqqan tiniq suvi, suv bo‘yida o‘sib, osmonga quchoq ochgan tollar, qayrag‘ochlar, yong‘og‘u qayinlar oralab o‘tib boraman. Ularning tagi ham bo‘liq o‘sgan o‘t-o‘lan bilan to‘la. Biroq yalpiz hidi barchasidan boshqacha anqiydi. Yovvoyi uzum qoplab turgan bir chuqur hovuzi bor ekan, yaxshilab cho‘milib, hordiq chiqarishni o‘ylab turgan edim hamki, chap tomonda itning hurgani eshitilib qoldi. Sal yurib qarasam, bir bo‘z o‘tov tikilgan ekan, yonida tol novdasini egib yasalgan bir kapa ham bor. O‘tov tevaragida bir to‘da uloq irg‘ishlab yuribdi. Ikki qulochcha cho‘zilgan dorga kir yoyilgan. O‘tov bilan kapa o‘rtasidagi chog‘roq xontaxta ustiga qurut yoyib terilgan.
O‘sha tomonga qarab yurgan edim, meni ko‘ra solib, “E tavba, bu odamni o‘tkazib bo‘pman!” deganday bir qora baroq it hurib kela boshladi. O‘ziyam eshakday kelar ekan, vajohatidan, meni ot-potim bilan ag‘darib tashlaguday. Men kuldim-da, o‘tovni ko‘zlab yura berdim. Biron kosa ayron ichib, birpas dam olib yo‘lga chiqsam ham bo‘ladi.
O‘tov tomondan bir ayolning sharpasi keldi. “Kim bo‘lsa ekan bu?” deganday serrayib birpas qarab turgach, mening yurib kelayotganimni ko‘rib, ichkaridagi kimgadir xabar bermoqchi bo‘lib, o‘tovga kirib ketdi.
Men yo‘talib-chuchkurgan kishi bo‘lib, ovoz chiqarib otimga qamchi shiltab, tepinib, kapaga yaqinlashib qoldim. It unga sari avjiga chiqib, otni tumshug‘idan tishlab olguday bo‘lib sapchir, bo‘g‘iq hurar ei.
– Ket, qurib ketkur! – deya bo‘z o‘tov ichidan bir ovoz chiqdi, birpasdan keyin rangi zaxilgina bir qora xotin bo‘sag‘ada ko‘rindi.
– Hormanglar! – dedim men.
– Bor bo‘l!.. Kimning bolasisan?
– Men edim… – dedim xijolat bo‘lib, biroq kampirdan ko‘zimni uzmadim. Ayol tashqariga chiqdi.
– Hoy, ket! Hu, tovushing o‘chsin! – deb, itiga po‘pisa qilib, uni nariga quvib yubordi. So‘ng ichiga botgan ko‘zlarini yana menga tikdi:
– Kimning bolasiman deding?
Men tanidim. Bizning ovulda Ma’murboy degan bir kishi bo‘lar edi. O‘sha odamning kampiri.
– Seydi ena, meni tanimayapsizmi? – dedim kulgan bo‘lib. – Men Tilaganman-ku?
Kampir uyoq-buyoqqa alangladi, shunda men uning burishgan yuzlari, chuqur botgan ko‘zlariga qandaydir bir iliqlik inganini payqadim.
– Voy tavba, qarilik-da, – deb koyindi-da, otning jilovidan tutdi: – Senmiding, bolam?
Men otdan tushib, Seydi ena bilan so‘rashib tursam, ichkaridan tarashaday oriq bir kampir chiqib keldi. Menga tikilib qarab, salomimga lablarini qimirlatgan bo‘lib alik olib, bosh irg‘adi. Yoshi xiylaga borib qolgan bo‘lsa-da, hali tetik. Beliga qo‘zi terisidan bo‘lgan po‘stakni tang‘ib olgan. Bu kampir – Seydi xolaning onasi.
Shu orada bo‘z uyning ortida o‘ynab yurgan o‘n-o‘n bir yoshlar chamali bir bola irg‘ishlab yetib keldi.
– I-i! – dedi u menga ko‘zi tushgan zahoti va qulochini keng ochib kelib meni quchoqlab oldi. – I-i, Tilagan akam!..
Men uni qo‘ltig‘idan ko‘targan bo‘lib yuzidan o‘pib erkalatdim:
– Sottibek!.. Katta yigit bo‘lib yuribsanmi? – deb, peshonasini siladim.
– Uni qaranglar, jigari-da! – dedi tarashaday oriq kampir bosh chayqab. – Otasi tirilib kelganday suyunadi-ya!
Seydi kampir nevarasining quvonganini ko‘rib, nimagadir to‘msarib tikilib qoldi, chuqur botgan ko‘zlarida yosh yiltiraganday bo‘ldi. Ikkita po‘stakni sudrab kelib, tutning soyasiga joy to‘shadi.
– O‘tir, aylanayin, – dedi meni siylab.
Qarasam, kapaning ichi ham, bo‘z uyning ichi ham bo‘sh emas, ichkaridan xuddi bir qo‘ra uloq o‘t kirtillatayotganday shitirlagan ovoz chiqyapti. Ipak qurti ekan. Tut bargini kemirayotgan qurtlar to‘lishib-to‘lishib qopti, ba’zilari barg ham yemay, boshini osmonga ko‘targanicha chayqaltiradi – pilla o‘rashga kelib qolganday. Qandaydir bir og‘ir hid o‘rnashib qolganday.
Sottiqul bir tizzamga tiralib o‘tirdi-da, munchoqday ko‘zlarini menga tikib, hali uni, hali buni so‘rab bijirlashga tushdi:
– Tilagan aka, qayerdan kelyapsiz?
– Qoraqo‘ngaydan. Men o‘sha yerda muallimlik qilaman.
– Ha-a, – dedi Sottiqul ajablanib. – Endi qayoqqa borasiz?
– O‘zimizning ovulga, Sottibek. Oqyo‘lga boraman. Undan keyin, rayonda ham ishlarim bor.
Sottiqul yerdan bir chiviqni olib, ikki qo‘llab tutganicha, bir uchini tishlab, yerga qarab termulib qoldi. O‘ychan o‘tirardi. Shu mahal Seydi ona katta kosa to‘la qatiq olib keldi. Pishiqchilikning avvali, deb yassi bir laganga oppoq marvarid tutlardan solib dasturxonga qo‘ydi. Men muzdekkina qatiqni xo‘plab-xo‘plab simirib, Sottiqulga uzatdim:
– Ma, Sottibek, qatiq ich!
Bola qatiqqa qarab ham qo‘ymadi. Yamalgan, oftobda ko‘p kiyilganidan rangi uniqib ketgan, tut shirasi yuqqan ko‘ylagi etagini tutamlab:
– Menam boraman!.. – deb bidirladi.
– Qayoqqa borasan, sen? – deya buvisi uni jerkidi. – Gapni uqmay, nimalar deb dovdiraydi bu?
– Oqyo‘lga… – dedi Sottiqul. Keksa buvisi uning dilidagilarni uqib:
– E, qo‘y! – dedi ovozini ko‘tarib. – Yo‘lovchiga ergashib keta beradigan yurumsak bo‘lma! Sen ketib qolsang, bu yerda onang nima qiladi. Undan ko‘ra, bidirlamay, amaking bergan qatiqni olib ich!
Sottiqul bo‘ynini bir tomonga qiyshaytirib, qult etib yutindi;
– Ichmayman…
– Amaking ich, deb uzatdi-ku, ol, o‘g‘lim, ichib qo‘y!..
Sottiqul xohlamasa ham, allanechuk botirsinib, qatiqni xo‘rillatib ichib qo‘ydi.
– Ana, barakalla, o‘g‘lim…
Bo‘shagan kosaning chetlarini barmog‘i bilan sidirib, yalab qo‘ydi-da, Seydi ena:
– Onang yaxshi yuribdimi? – deb so‘rab qo‘ydi mendan. – Hm… tutdan olib o‘tir.
– Onam Oqyo‘lda. Yaxshi. Uch oydan beri o‘zim ham borolganim yo‘q.
– E, ha-a, boya Qorako‘ngday yoqdan kelyapman deding-a!..
– Ayili bo‘shatilib, quyushqoni chiqarilib katta yong‘oqning soyasida bog‘liq turgan otim xiyla teri qotdi. Biz uyoq-buyoqdan gaplashib, ancha o‘tirdik. Seydi ena Oqyo‘l ovulidan chiqib bu yoqlarga kelib qolganiga uch yillar bo‘lib qoldi. Buning sababi, Ma’murboy ota o‘lganidan keyin mana shu Oqsuvdagi qarindoshi To‘qonalini qora tortib kelib qolgandi. Hozir mana shu tutzor yoqasidagi uyda qurt boqib o‘tirishgan mahali.
Men otlanmoqchi bo‘ldim. Sottiqul etagimga yopishib oldi:
– Men ham ketaman!..
– Voy, qayoqqa ketasan sen! – deb qichqirdi oriq buvisi. – Uying shu yerda bo‘lsa… Borib, yurtingdagi tosh o‘choqni qo‘rib o‘tirasanmi?
– Qo‘y, jonim bolam!.. – dedi onasi ham.
Men bolaning peshonasini silab, alaxsitishga urindim:
– Sottiqul, kap-katta yigit bo‘lib qolibsan. Oqyo‘lga keyinoq o‘zing borarsan. Onang bormagin desa-yu,sen keta bersang, xafa bo‘ladi! – dedim. Biroq Sottiqulning ko‘nadigan avzoyi yo‘q, ho‘ngrab yubordi:
– Borgim kelyapti-i-i… Ii-y…
– E qo‘y, qo‘y degan gapni qulog‘ingga ol! – deya buvisi unga o‘dag‘aylab, qo‘lini ushladi. – Hoy, esi yo‘q!..
Men otni yechdim, Sottiqul esa menga mahkam yopishib oldi. Onasi negadir tovush chiqarmay qarab turardi.
Buvisi hech ko‘nmay, bolani u yoqqa tortadi, Sottiqul esa yulqinib, bo‘sh qo‘lining mushtumi bilan ko‘zining yoshini ishqalab, jon-jahdi bilan menga intiladi. Nima qilishni bilmay, o‘rtada qoldim. “Qo‘y, menga ilashma, men seni olib ketmayman!” deb, bir amallab undan qutulsammi, yoki “jiyan el bo‘lmaydi, kamzul to‘n bo‘lmaydi, siz bolaning shashtini qaytarmang!” deb keksa ayolning hafsalasini pir qilsammi?.. Bir qarorga kela olmadim. Shunday qilib, qo‘ldan chiqishga urinib tipirchilayotgan Sottiqul bir mahal buvisining qo‘lini tishlab oldi.
– Voy-voy, hah, qurib ketkur!.. – Kampir qo‘lini qo‘yib yuborib, bolaning boshiga tarsaki urdi. – Tish ham shunaqa o‘tkir bo‘ladimi?!
Onasi kelib etagidan tutay deganda Sottiqul shilt etib qo‘ldan chiqdi-da, ho‘ngrab yig‘lagan ko‘yi pildirab yugurib to‘ppa-to‘g‘ri men ketadigan yo‘l ustiga chiqib bordi.
– Men boraman… bora-a-man!.. – Nariroqqa yana qochib borib, “endi yurmaysizmi” deganday, meni ko‘zlab to‘xtab turdi. Ih-hi… ih-hi-i…
– Hoy bola, buyoqqa kel! Hah shumtaka, til uqmas-a! – deya buvisi tishlangan qo‘liga bir qarab qo‘yib, Sottiqul tomon qadam bosdi. – Bo‘lmaydi shekilli, bu qurib ketkur… Yalangoyoq, yalangbosh ahvolda…
Seydi ena ham o‘sha tomonga yurdi:
– Beri kel, bolam, buyoqqa kel, – deb ovoz berdi u. – Ertaga ikkovimiz boramiz!..
Otga shartta minib yo‘lga chiqishga ko‘nglim bo‘lmadi. Yo bu o‘jar bolani qoldirish kerak, yo bo‘lmasa, onasini ko‘ndirib, uni olib ketish kerak edi. Indamay jo‘navorsam, bola oldimga tushib yugurgilab keta berishi tayin. Bir amallab bolani onasining qo‘liga tutqazib, bo‘ynimdagi bu yukdan qutulmoqchi bo‘ldim:
– Sottibek, kel, ukajon! Otga mingash, bu yoqqa kel! – deb aldadim. Ammo Sottiqul o‘chakishib, yana nariroqqa yurdi. Nima qilsak ekan?
– Uch yildan beri bir qayrilib ko‘rib ketmaydi-ya… – deb g‘udrandi kampir. – Boyaqish bola, Oqyo‘l desa o‘pkasi ko‘rinadi. Oqyo‘lliklardan birov-yarim duch kelib qolsa, o‘zida yo‘q quvonib ketadi. Otasi tirilib kelganday bo‘ladi-qoladi.
– Voy, sadag‘ang bo‘layin, bolam-a! – deb Seydi ena piqillab yig‘lab yubordi. – Ota qo‘shnilari, qarindosh-urug‘larini sog‘inib… Mayli endi, borsang bor. Kel, kiyimlaringni kiy!..
– Ho-o, aldab ushlab olasizlar!..
– Aldamayman, sadag‘ang bo‘layin, aldamayman. Borsang borib kelarsan, amakingning otiga mingash!..
– Yayov ketaveraman!.. – dedi Sottiqul o‘jarlik bilan. Kamzulimni berib yubor!
– Rostan ham jo‘nataverasizlarmi? – deb so‘radim men. – Qaytaga, shunday qilganingiz ma’qul. Sog‘inchini bosib keladi-da.
– Nimayam qilardik? To‘palonini ko‘rib turibsan-ku…
Men Sottiqulga qarab qo‘l silkitdim:
– Sottibek, kel endi. Tezroq kiyin, ketamiz!
Biroq Sottiqul olayib qarab qo‘ydi-da, yaqinlashish tugul, yana nariroqqa ketdi:
– Bor-may-man!..
Chorasi qolmagan Seydi ena uning kamzulini, qalpog‘ini, ko‘pdan beri kiyilmaganligidan g‘ijimlanib qolgan charmdan qilingan poshnali etigini menga tutqazdi. O‘zi ham bir so‘zini ikkinchisiga ulab bidirlab gapiradigan ayol edi, bu yorug‘ dunyoda topgan nuridiydasini menga omonat tayinladi:
– Sadag‘ang bo‘layin, inim, – dedi menga. – Oborib qo‘y… Qarindosh-urug‘larining diydoriga to‘ysin, sog‘inchi bosilsin. Sadag‘ang bo‘layin, bolaning yaqinlaridan biriga o‘zing tayinlab aytib qo‘y, bolaning qorni och qolmasin, issiq o‘tib ketmasin!.. Keyin… sadag‘ang bo‘layin, Tilaganboy, o‘zing bu yoqqa qaytar mahaling mingashtirib olib kelib tashlab ket!.. Sottijon, jon bolam, bo‘ptimi, amaking bilan qaytib kel!.. Sottijo-on!..
* * *
Erinchoq to‘riq otim birpas dam olgani uchun xiyla tetiklanib, o‘z-o‘zidan yo‘rg‘alab, chaqqon yura boshladi. Onda-sonda ship etib qamchi urib qo‘yganimni demasa, men ham uning yurishini jadallatmay, o‘z holiga qo‘ydim. Otquloq yulib, sag‘risi ustiga yoydim-da, ko‘rpachamning bir uchini uning ustiga to‘shab, Sottiqulni mingashtirib oldim. U belbog‘imni qo‘shqo‘llab ushlab kelyapti. Indamaydi. Ana Qorasuvning liqillab turgan ko‘prigiga ham yetdik. “Mudrab qolmadimikin bola…” deb o‘ylayman. Axir, otim qo‘qqisdan cho‘chib sakrasa, yoki toshga qoqilsa, bola tap etib yerga yiqilishi mumkin-da. Shuning uchun, ortimga burilib qarab:
– Sottibek, uxlab qolganing yo‘qmi? – deb so‘radim.
– Yo‘q… – dedi u. – Uxlaganim yo‘q, Tilagan aka!..
Lopillab turgan ko‘prikdan o‘tib o‘ngga burildik-da soy yoqalab ketdik. Qorasuv pishqirib oqib yotibdi. Daryoning janubiy tomoni qalin to‘qay, shimol yog‘i esa shig‘a toshloq. Salqin, negaki, hammayoq daraxtlar ko‘lankasi, qolaversa, suvning shabadasi bor.
Daryo qayrilgan joyda kichkina hamrohim bilan otdan tushdik. Kun peshinga yaqinlashib, ola ko‘lanka kamayib qolgan. Ot ayilini bo‘shatib, suvlug‘ini chiqarib, qulf urib o‘sgan o‘tga qo‘ydik. Chilvirini har ehtimolga qarshi Sottiqul ushlab olgan.
Bu joy tog‘ deb aytilmagani bilan, xiyla baland dovon. Boshqa yerlarga qaraganda sirti yoyiqroq. Tepasiga chiqsangiz, Uchqurt, Molqoldi, Oqyo‘l ovullari yaqqol ko‘rinib turadi.
– Vo-oy… Oqyo‘l… Qarang, Tilagan aka, Oqyo‘l!.. – Sottiqul quvonib, men u joylarni endi ko‘rib turganimdek, qo‘li bilan uzoqlarni ko‘rsatib bidirlay boshladi – Ho‘ ana, vo-oy, bizning uy!.. Mingboy og‘amning uyi… Nurqullarning uyi… Iya, hali ham bor ekan-ku!.. Tilagan aka, biz-chi… Nurqul ikkovimiz hu anov yerda o‘ynab yurar edik, dumbul pishirib yerdik!..
– Nurqul… hozir ham yurgandir, – deb qo‘ydim men. – Ammo makka chopiqqa endi kirdi-ku. Dumbul yo‘q.
– Bilaman, – dedi Sottiqul. – Biz Nurqul ikkovimiz yozda soyga qarmoq solardik. Vu-uy, o‘shanda-chi, Tilagan aka, rosa katta, kattako-on baliq tutganmiz. Keyin tush mahali o‘zimiz ham baliqday suzib o‘ynaganmiz, vo-oy, o‘shanda juda mazza bo‘lgan edi-da!..
Qator qilib ekilgan mevali daraxtlar, bo‘yida oq tol bilan mirzateraklar qulf urib o‘sgan, qirg‘og‘ida qamishlar dirillab turgan ariq, oralari o‘qariq bilan chegaralangan chorbog‘lar, undan nariga ilang-bilang bo‘lib ketgan yo‘llar, tomiga qamish bosilgan oppoq uylar yuragida sog‘inchi toshgan bolaning ko‘zlariga o‘z onasining bag‘riday mehribon tuyilar edi.
Sottiqulning yuzi bulut o‘tib, quyosh chiqqan dala kabi yorishib ketdi, yuzlari yashnab, pirpiragan ko‘zlarida quvonch balqir edi. Bo‘ynini cho‘zib, Oqyo‘l ovulidagi har bir daraxtu toshga to‘ymay tikilar, agar taqdir bo‘lib, unga qanot bitsa tug‘ilgan ovuli ustida yuz marta, ming marta charx urib uchguday, o‘shanda ham sog‘inchi bosilmaguday edi!..
Dilim allanechuk bo‘lib, sekin so‘rab qo‘ydim:
– Ha, Sottibek, ovulingni sog‘indingmi?
Bola hali ham Oqyo‘l tarafdan ko‘zini uzmay, bosh irg‘adi:
– Ha-a…
– Sottibek, boyagi uyinglarda qiyinchilikmidi, oziq-ovqat ozmidi?
– Yo‘-o‘q, yaxshiydi. Keyin-chi, onamni Oqyo‘limizga ketaylik, desam unamaydi. Kuzroqda, deydi… yuraveradi… Men rosa yig‘lardim. O‘shanda-chi… Tilagan aka… o‘shanda men mana bunday deb qo‘shiq aytardim. Aytib beraymi?
– Qani, ayt-chi, Sottibek!..
Adirda o‘sgan tikanman,
Arg‘umoq minarmikanman,
Arg‘umoqni egarlab, o-o,
Ovulimga ketarmikanman?
Tepada o‘sgan tikanman,
To‘riq minarmikanman.
To‘riq otni egarlab, o-o,
Tuqqan yerimga yetarmikanman.
Yuragim titrab ketdi. Bolani dast ko‘tarib, peshonasidan o‘pib-o‘pib yubordim!.. Bu norasida bolaning yuragida shuncha g‘am-g‘ussa! Birga o‘ynab o‘sgan o‘rtoqlarini, qarindosh-urug‘, yaqinlarini sog‘inib-o‘rtanib eslaydi, kindik qoni tomgan, birinchi marta oyoq chiqarib yurgan ota uyini uchib-qo‘nib qo‘msaydi… Hozircha bijirlabgina turgan bu go‘dak, vaqti kelib, bir ovuli emas, jami el-yurti uchun jonini fido qiladigan, ajalga ham qo‘rqmay tik boqadigan bir azamat o‘g‘lon bo‘lib voyaga yetsa – ne ajab!
Birpasdan keyin charchagan to‘rig‘imizni niqtay-niqtay, odamlarigina emas, har bir dov-daraxt, oqqan suvlar bo‘yidagi katta-kichik toshlariyu qamishlar boshini dirillatib esayotgan shabadasidan tortib, kechki mahal tomlar ustida yoqimli bo‘lib taraladigan tutunlariga qadar dardimizga davo bo‘lgan o‘zimizning Oqyo‘l ovulimizga kirib bordik.
Qirg‘iz tilidan Zuhriddin Isomiddinov tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 10-son