Tetsuo Miura. Idishdagi Vatan (hikoya)

I

Dam olish kunlari u shaharda sandiroqlab yurardi. Havo ochiq bo‘lsa kedasini olib, yomg‘ir yog‘ayotgan bulutli kunlarda rezina etikda, rangi o‘chib ketgan soyabonda tashqariga chiqar, tramvay yoki avtobusga tushib, boshi oqqan yoqqa qarab ketaverar edi.
O‘zi chekmasa ham tamaki do‘konidan bir quti sigareta sotib olgach, “yaqin atrofda ko‘p qavatli uylar bormi?”, deb so‘rardi. Kutilgan javobini olgach, uyga qanday borilishini surishtirar, uni topgandan keyin yana so‘roqni davom ettirardi:
– Bu yerda Mitobe Misa ismli qiz yashamaydimi?
Ismini noto‘g‘ri aytmadimmikin, degan xavotirda qizning qiyofasini ikki-uch so‘z bilan ta’riflar va yana qo‘shib qo‘yardi:
– Yoshi o‘n sakkizda. Qora mushuk ko‘tarib yuradi.
Ko‘p qavatli uyda qora mushuk ko‘tarib yuradigan qizlar kam uchrasa kerak, ko‘pchilik yigitning taralmagan qo‘ng‘irsimon sochlari, kir bosgan tik yoqali ko‘ylagini ko‘rishi bilanoq, “bunday qiz bu yerda yo‘q” deb qo‘yaqolishar edi. Ba’zilari ehtiyotkorlik ila:
– O‘zingiz kimsiz? – deb qiziqsinib so‘rardi.
Yigit: – Ayda Koxey, – deb ularni aldamas, ammo Misaga kim bo‘lishini aytishga har gal qiynalib qolardi. – Biz bir qishloqdanmiz… – g‘o‘ldirardi u, so‘ngra ko‘chaga chiqib, yo‘lda davom etardi.
Ko‘pincha, u nima qilayotganiyu, ko‘chalarda, ustiga-ustak, yakshanbada nega daydib yurganini o‘zi ham bilmasdi.
Shaharda qosh qorayguncha sang‘ir, bu vaqt ichida cho‘ntagida uch-to‘rt quti sigareta yig‘ilib qolgan bo‘lardi. Uyga kelganda ularni keksa eshik og‘asiga berar, u esa patinko o‘ynab yutib olgan degan xayolda: “Sovg‘angiz uchun rahmat. Qo‘lingiz yengil kelibdi-da”, deya xushomad qilardi.

II

Shaharda daydib yurish joniga tekkandan keyin Ayda yakshanba kunlari Fukagava ko‘chalaridan birida kichkina bog‘chada uzluksiz arg‘imchoq uchishga odatlandi.
U bolalarga o‘xshab, hamisha taxta ustida tik turib uchmasdi. U o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, baland ko‘tarilib uchishni xohlaganda ham shunday qilolmasdi, sababi o‘ng qo‘lida bosh va ko‘rsatkich barmoqlari yo‘q, arqonni siqib ushlay olmasdi.
Bolalar oyog‘ini qo‘yadigan taxtacha ustiga o‘tiradi-da, oldinga-orqaga sekin borib kelaveradi. Arg‘imchoqda o‘tirib, bu o‘yinchoq qishloq maktabida o‘qituvchilar xonasi ro‘parasida osilib turadigan katta devor soati kafgirining tebranishiga o‘xshaydi, deb o‘ylaydi. Ba’zan ochiqib, holdan toyay deganda qishloq yonidan oqadigan irmoqda qayiqda suzganini eslaydi. Arg‘imchoq ham qayiqqa o‘xshab tebranadi.
Ochlikdan ko‘ngli ayniy boshlaganda bog‘ burchagidagi qari himolay ked­ri tagida joylashgan qahvaxonaga kirib, oden olib yeydi. U chap qo‘lida ovqatlanadi, ikkinchisini cho‘ntagidan olmaydi, ammo qahvaxona xo‘jayini o‘ng qo‘lida ikki barmog‘i yo‘qligini biladi. Bir kuni Ayda qahvaxonaga kirganda oden juda shirin ko‘rinib, yana buyurtma berdi. Nihoyat, u “Mana shunisidan boshqa yemayman”, deb sixga qo‘l uzatganda xo‘jayin luqma tashladi:
– Ikki yuz qirq iyen.
Ayda beixtiyor qo‘lini cho‘ntagidan chiqarib, hamyonini izlashga tushdi.
– Bemalol yeyavering, pulingiz bo‘lsa bas, – xo‘jayin kulimsiradi. – Qo‘lingizga achinaman. Nima bo‘lgan o‘zi?
Sezgir bo‘lsa, aytishga to‘g‘ri keladi. – To‘shak jildlari chiqaradigan fabrikada ishlar edim. Mashina kesib ketdi, – dedi yigitcha soddalik bilan.
– To‘shak jildi deysizmi?
– Xuddi shunday. Soch, jun, neylon chiqindilari suyuq rezinkaga aralashtiriladi, yo‘g‘on-yo‘g‘on bo‘laklarga aylantirilib, mexanik arrada bo‘lak-bo‘lak qilib kesiladi.
– Arra kesib ketdimi?
– Parishonxotirligim tufayli.
Aslida bunday ma’lumotni Aydaga hushiga kelganida fabrika egasi va usta aytgan. O‘zi esa hech narsani sezmagan. Haqiqatni hamon bilmaydi. Faqat arra o‘ynab ketib, qo‘liga tekkan deyish mumkin.
– Mayli, hammasi ortda qolibdi-ku. Lekin eng kerakli barmoqlar ketipti-da, attang, – qahvaxona xo‘jayini kuyinganday bo‘ldi.
Yigitni bu tashvishga solmasdi, ammo kelajagini o‘ylaganda g‘amga botib ketardi.
“Hatto qalamni ham ushlay olmaganingdan keyin qanday qilib non topib yeysan?”, – derdi u. Avval boshdanoq idoralar haqida o‘ylamadi. Og‘ir mehnatga yaramaydigan qo‘l bilan stanok oldida turish amri mahol. Nozik yumushlarga ham abjir emas. Faqat iflos ishlarni bajarishi mumkin, ular ham og‘irlik qilishiga yigitning aqli yetadi.
– Hozir ham shunday to‘shaklarni tayyorlaysizmi?
– Yo‘q, bosmaxonada ishlayman. Yuk mashinasida.
– Mashinani bemalol haydaysizmi?
– Haydash qayoqda. Yuk ortib-tushirishga yarayman, xolos.
Qahvaxona xo‘jayini tushundim degandek boshini tebratdi, keyin indamay o‘ng qo‘lini ko‘rsatdi. Jimjilog‘i yo‘q edi.
– Barmog‘imni arra kesmadi. Pulemyot o‘qi yulib ketdi, – tushuntirdi u.
Ertasiga qahvaxona xo‘jayini:
– Yaqin joyda turasizmi? – deb Aydani gapga soldi.
– Menmi? Kanda turaman.
– Kanda deysizmi? Shuncha uzoqdan kelasizmi?
– Avtobusda kelaman. Tokio metrosining janubidagi o‘n to‘qqizinchi chiqish yo‘lidan yuradi.
– Qarang-a! Shu yaqin atrofda turasiz, deb o‘ylarkanman.
Xo‘jayin uni har yakshanbada ertalabdan to quyosh botguncha arg‘imchoq uchib o‘tirganini ko‘rardi.
– Bu yerda ayol tanishim yashaydi, – dedi u xo‘jayinga ko‘zini qisib.
– Doim yolg‘iz yurasiz-ku?
– Tanishim uydamas-da…
Qahvaxona xo‘jayini yuzida hayrat ifodasi ko‘rindi. Yo‘q bo‘lsa, poylab o‘tirmasdan keyin kelish mumkin-ku, – deb xayolidan o‘tkazdi.
– Toxoku odamlari juda sabr-bardoshli bo‘ladi-da.
Ayda hayron qoldi, axir qahvaxona xo‘jayiniga qayerda tug‘ilgani haqida gapirmagan edi.
– Gap-so‘zlaringizdan bilib oldim. Armiyada toxokulik yigitlar bilan xizmat qilganman. Hammasi halok bo‘ldi, sho‘rliklar.
Ayda indamasdan arg‘imchoqlar oldiga qaytdi. Bu yerdan qarama-qarshi tomondagi ko‘rimsiz tor ko‘cha yaxshi ko‘rinardi. Unga kiraverishda – imorat peshtaxtasi orqasida – oqlangan ikki qavatli uyning uchta derazasi yaqqol ko‘zga tashlanadi. O‘rtadagi deraza Misaniki edi. Xonasiga qimmatbaho karovat qo‘yilgan uyda Tama laqabli qora mushugi bilan yashardi.
Misa mushukni qishloqdan olib kelgandi. Karovatini esa barda ishlayotganda sotib olgandi. Yigit bu karovatga birinchi marta o‘tirgan daqiqani yaxshi eslaydi. Oyog‘i o‘z-o‘zidan ko‘tarilib ketgan, bir oldinga, bir orqaga borib kelar, xuddi yotsa turib ketaveradigan qo‘g‘irchoqqa o‘xshab qolgandi.
Ayda juda hayratga tushdi. To‘shak bilan to‘ldirilgan karovat ham shunchalik yumshoq bo‘ladimi? Avvaliga lohaslik sezdi, keyin qovog‘i osildi. Endi esa bu falokat belgisi ekanligini yaxshi biladi.

III

– Agar derazada qizil sochiq ilingan bo‘lsa – uxlayapman, bezovta qilmaslik kerak, – dedi qiz.
Yozning so‘nggi kunlaridan birida, soat o‘nda eshikni taqillatgan edi, Misa tanbeh berdi:
– Derazada oq sochiq ko‘rsang, oldimga chiqish mumkin. Hech qanday sochiq ko‘rinmasa, uyda yo‘q bo‘laman.
O‘shanda Misa eshikni ochmasdan so‘ragan edi:
– Ko-tyan, senmisan? – so‘ng birozdan keyin: – Bog‘da kutib tur, – degandi.
Shundan keyin hatto kapalak qanotidek hilpirab turgan yengil kiyimda bo‘lsa ham eshikni ochadigan bo‘ldi. Ammo baribir gap qo‘shib qo‘yardi: “Men hali uxlayapman. Kirasanmi?”, “Ko‘chada bo‘laman”, rad etardi yigit va Misaning tor ko‘chaga qaragan oynasi ochilguncha kutib o‘tirardi. O‘sha kuni ertalab eshikni ochmagani yetmaganidek, qattiq tanbeh berdi. Qishloqdan birga kelganidan beri yaxshi yurishgandi, ko‘z tegdimi, nima balo?!
“Barda biron narsa bo‘lganga o‘xshaydi yoki og‘rib qoldimikan?” – u tayinlagan joyga borar ekan, o‘yga toldi yigit. Saldan keyin bo‘yalgan qo‘ng‘ir sochlari to‘zg‘igancha yugurib chiqib keldi-da, shartta:
– Endi shunday qilamiz… – dedi.
“Nimalar demoqchi o‘zi?” – ko‘ngildan o‘tkazdi yigit. Gap sochiqlar haqida ekan.
– Aks holda, to‘yib uxlamasdan yiqilib qolaman. Ikkimiz ham ikki xil dunyoda yashaymiz. Hatto dam olishimiz bir-biriga o‘xshamaydi. Meni tushunishing kerak.
Misa oson o‘zlashtirib olgan tokioliklar lahjasida tez-tez so‘zlab, ko‘nglida ko‘pdan beri tugun bo‘lib kelayotgan gaplarini ochiqchasiga to‘kib tashladi. Yigit shu kungacha uning oldida boshini egib, ta’na-dashnom eshitishini xayoliga ham keltirmagandi. Misaning bo‘yoq surilmagan qonsiz lablariga tikilganicha indamay turdi. Qiz gapini tugatganidan keyin:
– Tushundim. Sen nima desang shu, faqat biz har xil dunyoda yashaymiz dema.
Misa shishinqiragan zilday qovoqlarini osiltirib jim tingladi. Ayda vaziyatni yengillashtirish uchun o‘ng qo‘lida omon qolgan barmoqlarini bukib, quvnoq ohangda gapni davom ettirdi:
– Demak, qizil – to‘xtashni, oq – yurishni ko‘rsatar ekan-da, hech qanday belgi yonmasa, dumingni xoda qil, shundaymi?
Biroq Misa loaqal tishining oqini ko‘rsatmadi. Teskari qarab, sovuqqina:
– Nima deb o‘ylagan eding, bu yer senga qishloq ko‘chasi emas, – dedi. Shu kuni yoshlarning gap-so‘zlari qovushmadi, ko‘chada bir oz turgach, oddiygina xayrlashishdi. Keyingi yakshanbada Misaning derazasida hech qanday sochiq ko‘rinmadi. Bu uyda yo‘qligini bildirar edi. “Balki sochiq osishni unutgandir? – o‘ylardi yigit tor ko‘chada turgancha. – Har qanday odamni bevaqt uyg‘otsang achchiqlanadi-da. Jahl ustida gapirib qo‘ydi.
Ayda uning eshigini taqillatib ko‘rmaguncha tinchimasdi. U zinadan ko‘tarilib borayotganda hojatxona eshigi g‘ijirlab, paxtalik kamzul kiygan, tish cho‘tkasini tishlagan Misaning qo‘shnisi Xayasida-san ko‘rindi.
– Misa-tyan qayoqqadir ketib qoldi, – dedi.
Unga ta’zim qilib, juftakni rostlashdan boshqa iloj qolmadi. Demak, Misa shartlashilgan belgini unutmagan. Tor ko‘chaga chiqqanda o‘girilib qaradi – Misaning derazasida hech narsa yo‘q edi. Misa go‘yo “Qorangni o‘chir, men uyda yo‘qman” – deb kulayotgandek tuyuldi.
U ko‘chani kesib o‘tib, boqqa qarab ketdi. Do‘konchilar yo‘q edi. Arg‘imchoqqa o‘tirdi. Unga tor ko‘cha bilan Misaning xonasi ko‘rinib turardi. Qayerga borishini bilmasdi. Uyida uni qattiq ko‘rpa-to‘shak hamda bo‘m-bo‘sh xona kutmoqda; u yoqqa borgisi kelmadi. “Mayli, shu yerda o‘tirib, Misani kutaman”, – o‘yladi u.
Misa oqshom ham bo‘y ko‘rsatmadi. Keyingi ikki yakshanba shu zaylda o‘tdi. Xonada hech qanday sochiq ko‘rinmas, g‘ira-shira tushganda chiroq yoqilmasdi. Undan keyingi yakshanbada ham qaysarligini qo‘ymay boqqa yo‘l oldi. Yo‘l-yo‘lakay qalban uning bugun ham kelmasligini sezar, biroq to‘xtab, ortga qaytishga kuchi yetmasdi. U uyida bor yoki yo‘qligini faqat derazaga qarab bilishi mumkin. Uyda bo‘lsa-chi? Ehtimol, derazaga oq sochiq ilgandir?
Boyaqish ne-ne umidlar bilan bog‘da qorong‘i tushguncha o‘tirdi. Har yakshanba asosiy mashg‘uloti kutish bo‘ldi. Kun yarmida arg‘imchoqda tebranib o‘tirishdan toliqar, lekin kayfiyatini tushirmasdi. Qahvaxona xo‘jayini uning sabr-toqatiga qoyil qolardi. Ammo gap boshqa yoqda. Ayda Tokioga kelganidan beri har yakshanbani Misa bilan o‘tkazar, boshqa ko‘ngilochar ermagi yo‘q edi.
U yolg‘izlik va bekorchilikdan zerikmas, aksincha, Misani kutayotganidan ilhom va quvvat olardi. Qiz baribir qaytmas, yigit esa vaqtini behuda sovurayotganidan tashvishlanay demasdi. Misaning derazalari botayotgan quyosh shafag‘idan qizara boshlaganda yigitning dimog‘iga xushxo‘r taomlarning hidi urilar, ma’yuslanib, ko‘zlariga yosh quyulguncha sabr qilib, tufugini ichiga yutib o‘tiraverardi. U arg‘imchoqdan qo‘zg‘alar ekan, “tezgina uch hissa ovqat yeb, yana qaytib kelaman”, – degan o‘yni dilidan o‘tkazdi.
Qahvaxona xo‘jayini: – Bugun ham juda intizor kutdingiz, – deb dardiga sherikday peshvoz chiqardi. Bunday gapni ko‘tarishning o‘zi bo‘lmaydi, Misa qayerga yo‘qoldi? Tirikchiligi qanday kechayotganiykin? Hatto yakshanbada uyiga kelay demaydi-ya.

IV

Bir kuni u: “Misa uyni butunlay tashlab ketmadimikan?”, deb o‘ylab qoldi. Ohista yurib, zinapoyadan yuqori ko‘tarildi. Misaning eshigi tagida xuddi qorovuldek qora mushuk o‘tirardi. Tama shu yerda ekan, Misa ham uyda bo‘ladi.
U xotirjam edi. Mushukning boshiga chertib qo‘ygandi, Tama pinagini buzmay, ko‘zlarini ham ochmay, arang “miyov” deb qo‘ydi.
Aydaning qishloqda ham mushuklarni jini suymasdi. Tamaning mehrini qozonishga urinib ko‘rdi, chunki u Misaning jonu dili edi-da. Ammo urinishlar zoye ketdi. Mushuk uni yoqtirmasdi.
Ular Tokioga kelishganda u zo‘rg‘a miyovlaydigan mushukcha edi. Misa uni savatchaga solib olib kelgandi. Yigit Misaning boshiga tushgan barcha musibatlarga mana shu Tama aybdor, deb hisoblardi. Misa bu kulfatlar uyasini o‘z qo‘li bilan Tokioga olib kelgan edi.
Misa qishloqdaligidayoq zavodga yollangandi. Uch oy o‘tgach do‘konda ishlay boshladi. To‘rt oy o‘tar-o‘tmay oshxona xizmatiga ishga kirdi. Undan so‘ng sartaroshxona, qahvaxona, tamaddixona va yana qayerlardadir ishlab, mana hozir mayxonada xosutesulik qiladi. Uch yil ichida kam deganda o‘n marta xizmat joyini o‘zgartirdi.
O‘zining barcha sarson-sargardonliklariga Tamani aybdor qiladi. U tufayli go‘yo omadsiz, ishdan-ishga ko‘chib, sayohatchi qurbaqa bo‘lib yuradi. Ehtimol yengil tabiatli qizdir, degan fikr uning yetti uxlab tushiga kirmaydi. Aslida Misa Tokioga kelishi bilan bir zumda o‘zgarib, u biladigan qishloq qiziga o‘xshamay qolgandi. Yigit buni sezmasdi. Hammasiga Misa emas, mushuk sababchi deb hisoblar, go‘yoki Tama bekasining pinjiga kirib, butun shahar bo‘ylab yetaklab yurarmish.
To‘g‘ri, o‘zining ishlari ham ko‘ngildagidek emas. Dastlab, susi sotadigan qahvaxonada ishladi. U yerda ta’na-dashnomga qoldi. Mijozlar oldida baland ovoz bilan “Marhamat, keling”, deb yetti bukilish qo‘lidan kelmadi. Ayda indamay ta’zim qilgandan keyin yana jilpanglab gap qotishni be’manilik, deb hisoblardi. O‘zi uyatchanligi tufayli bu yerdan ketdi-ku.
Qahvaxonadan keyin yevropacha shirinliklar tayyorlaydigan korxonada, Xitoy restoranida ishlab ko‘rdi. Hamma joyda uni xo‘rlashar, ammo hech kim hunar o‘rgatay demasdi. Nihoyat, savdo korxonalarida turtinishni yig‘ishtirib, to‘shak tayyorlaydigan fabrikaga bordi. Bu yerda yarim yil o‘tar-o‘tmas, o‘ng qo‘lidagi eng zarur ikki barmog‘idan ajraldi. Tamani Misaga yomonlik keltiruvchi yovuz ruh deb hisoblaydigan bu yigit o‘z vujudiga ham qandaydir vahshiy kuchlar kirib olgan va undan qutilib bo‘lmasligiga qattiq ishonardi.
Hozir Tama to‘rt yoshga yaqinlashgan, yo‘g‘on, surbet mushukka aylangandi. Yigit yumshoq o‘rinda tizzasiga mushukni qo‘yib yotgan Misaga qarar ekan, xavotir ichida ko‘zini olib qochar, og‘ir hayollarga cho‘mar edi: “Nahotki, mana shu qiz bundan to‘rt yil avval Tokioga kelgan Misa bo‘lsa?”

V

Noyabrning o‘rtasida, yakshanba kuni tushlikka yaqin, u bog‘dagi qahvaxona peshtaxtasi ustida susini yeb bo‘lib, xo‘jayin bilan hisob-kitob qilayotgan paytda kongasuridan tikilgan kalta kimono kiygan Xoyasida-san yonidan o‘tib qoldi. Ko‘rinishiga qaraganda, Xoyasida-san hammomga borganga o‘xshaydi. Qo‘lida sochiq, sochlari ho‘l. Ayda ta’zim qildi. Xoyasida-san qadamini sekinlatib, hayron bo‘lib qaradi.
Qahvaxonada ishlayotganda o‘rgangan odatiga ko‘ra Ayda yana bir marta ta’zim qilgach, arg‘imchoqqa qarab yurdi.
– Kechirasiz, – xitob qildi Xoyasida-san uning orqasidan borib. Ma’lum bo‘lishicha, Misa uch kun avval boshqa tumanga ko‘chib ketgan ekan. Ayda og‘zini ochishga urindi. Ammo bironta so‘z aytolmadi.
– Uni kutayapsiz deb o‘ylagan edim, – dedi Xoyasida-san. – Mayli, salomat bo‘ling.
Xoyasida uyiga qarab yurmoqchi edi, Ayda uni to‘xtatdi.
– Qayerga ko‘chib ketdi?
– Bilmadim. Indamadi-ku. Hech kim bilmaydi. Hatto keksa eshik og‘asiyam.
Xoyasida-san ikki hafta oldin Misa “katta uyga ketadigan bo‘ldim”, – deb xursand gapirganini aytdi. Bunday uylar Tokioda kam deysizmi? – Sizga xabar bermaganmidi?
Ayda boshini chayqab:
– Yo‘q… – dedi qishloqcha ohangda.
U dovdirab qolgan edi.
– Hechqisi yo‘q, tez orada qayerda ekanini albatta xabar qiladi. Kutishdan boshqa ilojimiz qancha? Mayli, men boray. – Xoyasida-san bog‘ eshigidan tez chiqib ketdi. Ayda sekin orqasidan ergashdi. Shu daqiqalarda qahvaxona xo‘jayini bilan xayrlashish zarurligini o‘ylamadi ham. Endi, chamasi, bu bog‘chaga qaytib kelmaydi. Birdan sovqotayotganini sezdi va jemperi yoqasini ko‘tarib qo‘ydi.
U avtobus bekatidan o‘tib, Monmae Nikamataga kelib qolganini bilmadi. Avtobusga o‘tirishni xohlamadi. Bo‘m-bo‘sh xonaga qaytish dahshatli edi. Piyoda ketdi.
Daryodan En’yobais ko‘prigiga qarab esayotgan kuchli shamol uni hozir osmonga uchirib ketadigandek tuyuldi. To‘xtadi va noma’lum tomonga uchib ketishdan qo‘rqib, temir panjaraga suyandi. Aslida u emas, Misa undan qochib, ipini uzgan varrakdek g‘oyib bo‘lgan edi.
Nixonbasi tumanigacha yayov yurib keldi. Uyga qaytay desa, hali erta. Univermag oldidagi katta yo‘lkada odamlar dengizday chayqalib yotibdi. U ham ancha shu dengiz ichida suzda. Chiqish joyida “Yapon bonsayi durdonalari” degan lavha osilib turardi.
Harflar orasidagi “bon” iyeroglifiga ko‘zi tushganda boshi aylanib ketdi. U jemperi yengi bilan ko‘z yoshini artib, yana lavhaga tikildi. Naqadar dilga yaqin harf. Uning yurtida Bon boshqa joylardan bir oy keyin – o‘n uchinchi avgustda nishonlanadi. Qorong‘i tushganda hamma tog‘ etagiga, qabristondagi ibodatxonaga kelar, qarindosh-urug‘lari qabri ustida qarag‘ay ildizlaridan gulxan yoqishardi. Qorong‘i tushganda tog‘ning qabriston tomonida ikki yuztadan ko‘proq mash’ala yonib turar, qabristonga olib boradigan tosh zinalar yonayotgan ko‘l ustidagi ko‘prikka o‘xshab qolardi.
Tokioga ketganidan beri u biron marta – Yangi yilda ham, Bon bayramida ham yurtiga borgani yo‘q. To‘g‘ri, uyidan qochib ketgan emas. Faqat qaytgisi kelmaydi. Otasi o‘lganidan keyin daydi savdogar onasiga ilakishib qoldi, shundan beri uyidan begonasiraydi. Maktabni bitirishi bilanoq, qishloqqa qaytib kelmaydigan bo‘lib ketish hamda umuman qishlog‘ini unutish taraddudiga tushdi. Ammo “bon” iyeroglifi qabriston otashkadalarida yonadigan gulxanlar tutuni dimog‘iga urganday edi. Lavhadagi “say” iyeroglifi qanday ma’no berishini tushuna olmadi. U ko‘rgazmaga qo‘yilgan, Bon bayrami Yaponiyaning turli joylarida ishlatiladigan buyumlarni anglatmasa kerak, deb o‘yladi. Bunday ko‘rgazmani bosib o‘tish mumkin emas.
Ammo eskalatordan chiqib, zalga kirganda o‘nlab cho‘zinchoq idishlarda o‘stiriladigan jajji daraxtlarga ko‘zi tushdi. Ular oq matoga o‘ralgan pastak tokchalarga terib qo‘yilgandi. Hayratga tushib shox-butoqlari yaxshi o‘sgan mitti qarag‘ayni tomosha qilayotganda kimdir yelkasiga turtdi.
– Ayda-kun?
Hayron bo‘lib o‘girilibdi qaradi. To‘shak fabrikasining qorovuli – Suru-san ekan. “G‘alati joydagi kutilmagan uchrashuv”. Suru-san ham, chamasi, hayratga tushgan edi.
– Seni bu yerda ko‘raman deb o‘ylamagan edim, – quvonib xitob qildi u.
– Bonsayga qiziqar ekansan-da?!
Ana shunda Ayda idishlar ichida o‘sadigan jajji daraxtlar bonsay deb atalishi haqida ilk bor eshitdi.
Ular ko‘rgazmaga kelganlarga xalaqit bermaslik uchun bir chekkaga chiqib gaplasha boshladi. Suru-san qo‘ling qalay deb so‘radi, u cho‘ntagidan qo‘lini bilintirmay chiqarib ko‘rsatdi. Fabrikadaligi paytida Ayda bo‘rsiqqa o‘xshagan Suru-sanni yoqtirib qolgan edi, Suru-san ham bir yo‘la barmog‘idan ajralgan bu yigitga xayrixoh edi.
Ayda ko‘rgazmaga birinchi marta kirgani uchun Suru-san birgalikda tomosha qilishni taklif qildi, ular idishlar qo‘yilgan tokchalar oldiga borishdi. Bungacha Suru-san zalni bir necha marta aylanib chiqqan edi. Shuning uchun u ko‘rgazmaning o‘ziga xos tomonlari va tashkilotchilar duch kelgan qiyinchiliklarni batafsil gapirib berdi. Aydaning qulog‘iga zavq bilan shivirlar, u esa hayajon bilan:
– Qoyil, hammasini bilar ekansan, – der edi.
– Men bir necha yildan beri bu san’at bilan shug‘ullanaman-da. To‘g‘ri, asarlarim ko‘rgazmaga qo‘yiladigan darajada emas, lekin ajoyib ijod namunalarim bor. Ishonmasang, borib ko‘ramiz, – dedi Suru-san.
Ayda daraxtlar o‘z tabiiy holatida saqlangani ma’qul, – degan fikrda edi. Ularning tana hamda butoqlarini u yoqdan-bu yoqqa egib, tanasida beso‘naqay butoqlar chiqarmaslik kerak. Butoqlari tarvaqaylab ketgan yapon archasi va ularning yonida o‘sgan uchta xinoki unga yoqdi. Idish ichida kichkina o‘rmonzor manzarasini o‘zida mujassam etgan qalin daraxtlar to‘dasini ham zavqlanib tomosha qildi. Bir idishda o‘stirilgan arrasimon bargli elma daraxtlarida ham jonli tabiatning nafasi ufurib turardi. Bular jajji tabiatning haqiqiy bir bo‘lagi edi.
Ko‘rgazmani aylanib chiqishgandan keyin Suru-san Aydadan nima ko‘proq yoqqanini so‘radi. Yigit darhol:
– Tabiat manzaralari, – deb javob berdi.
– Buni qara-ya! O‘ylaganimday, – xursand bo‘ldi Suru-san. – Men ham manzarali bonsaylarni yoqtiraman. Ularni o‘stirishga ishtiyoqim baland. Chin so‘zim, vaqting bo‘lganda uyimga kel. Manzara uslubida xilma-xil bonsaylarim ko‘p.
Suru-san yon daftaridan bir varaq olib, metro bekatidan uyigacha qanday borishni chizib ko‘rsatdi.
– Keyingi yakshanbada bora olasanmi? – so‘radi u.
Bunday taklifni kutmagan Ayda dovdirab qoldi, keyin Fukagavadagi bog‘chaga borib, kutib o‘tirishdan endi xalos bo‘lganligi, mutlaqo erkinligi esiga tushdi. Suru-san bilan birga bonsayni ko‘rayotgan chog‘ida Misa uni tashlab, noma’lum tomonga ketib qolganini eslamadi ham.

VI

U haftani g‘irt bekorchilikda o‘tkazdi. Misa Fukagavada turganda kunning o‘tishi nihoyatda qiyin bo‘lardi. Hozir esa hafta qanday tamom bo‘lganini sezmadi ham, ko‘z ochib yumguncha yakshanba keldi. Odatga ko‘ra, ko‘chaga chiqdi, ammo qayoqqa yurishni bilmay o‘ylanib turdi. Nihoyat, Suru-sannikiga yo‘l oldi.
Suru-san chizib bergan yozuvga qarab, Arakava to‘g‘oni yaqinidagi iflos ko‘chalardan birida joylashgan uyni juda tez topdi. Uy tor ko‘cha ichkarisida bo‘lib, kutganidan ko‘ra kichkina ekan. Hovliga kirgach, ko‘zlari hayratdan charaqlab ketdi – tokchalar jajji daraxtlar o‘sgan idishlarga to‘la edi. Suru-sanning bunchalik boy xazinasi borligini xayoliga ham keltirmagandi.
Suru-san qadrdoni yaxshilab ko‘rsin, deb manzarador bonsaylarini tokchaga alohida terib qo‘ygan edi. Eng avval unga shularni ko‘rsatdi. Bir manzara Aydaga qattiq ta’sir qildi. Chuqur talinkani eslatadigan cho‘zinchoq idish ichiga tuproq solib, bir tomoni baland, bir tomoni past chinakam tepalik yasalgandi.
Tepalikni maysa-o‘tlar va shox bosgan, ana shu ko‘m-ko‘k maysalar o‘rtasida qadrdon qishlog‘ining janub tomonidagi emanzor o‘rmonni eslatadigan yigirmaga yaqin pakana, mitti daraxtchalar gurkirab o‘sib turardi. Ayda bu manzarani ko‘rib, hayratdan qotib qoldi.
– Xo‘sh, qalay? Birontasi yoqdimi? – so‘radi Suru-san.
Ayda indamasdan bir barmog‘i bilan shisha ichidagi vatanining bir parchasini ko‘rsatdi.
– Ha-a, emanlarmi? – dedi Suru-san. – Yomon emas. Lekin archalar yaxshiroq, shunday emasmi?
Ammo Ayda eman o‘sgan o‘rmonzordan boshqa hech narsaga qaramay qo‘ydi. Undan nari ketolmadi, ular qishlog‘idagi emanzorga nihoyatda o‘xshab ketardi. Ko‘ziga yosh quyilib keldi. Xayolida hozir vatanida kezmoqda edi.
Suru-san uni yelkasidan turtib qo‘ydi. Ayda shu zahotiyoq Tokio ko‘chalariga qaytdi. Suru-san uning yuziga tikildi, Ayda orqaga o‘girilib ko‘zlarini artdi, xijolat bo‘lib, sochlarini siladi.
– Qishlog‘imizdagi daraxtzorga juda o‘xshaydi. Bizda ham xuddi shunday o‘rmon bor. U yerda o‘ynab yurardik.
– Yoqib qolgan bo‘lsa, mayli ola qol. Butunlay emas, albatta, ma’lum muddatga. Umuman, butunlay olsang ham roziman, faqat parvarish qilish qiyin. Me’dangga tegib, keyin o‘zing qaytarib berasan. Kuniga ikki mahal suv quyasan. Buni uddalashingga ishonaman.
Ayda boshini tebratdi. Kutilmaganda qimmatbaho sovg‘a qo‘liga tegdi. Uyiga taksida qaytdi, Misa yonida bo‘lmasa, taksiga kam tushar edi.
Shu kechasi gultuvakni to‘shagining bosh tomoniga qo‘yib, jajji manzaralarni uzoq tomosha qilib yotdi. Uxlab qolganini ham sezmadi. Shu kundan boshlab ishdan qaytgandan keyin gultuvak yoniga cho‘zilib, jajji daraxtlardan ko‘z uzmaydigan bo‘ldi.
Bonsay uning uchun qadrdon yurtini eslatadigan musaffo buloqqa aylandi. Unga qarar ekan, yuragining eng aziz xotiralari qaynab chiqayotganday tuyulardi. Kichkina o‘rmonchaga tikilib o‘tirish sevimli mashg‘ulotiga aylandi. Tepalik bag‘rida o‘sgan butalar, o‘t-o‘lanlarga qarar ekan, u hali kichkina go‘daklik chog‘larida maysalar orasida rohatlanib yotgan damlarni ko‘z oldida jonlantirardi. Boshini kaftlari ustiga qo‘yar, ko‘zlarini yumib olar, nazarida, o‘zi ham kichrayib, gugurt cho‘piday bo‘lib qolar edi. Eman ko‘chatlari o‘sib, ulkan daraxtlarga aylanar, ildizlari uni chirmab o‘rab olayotganday tuyulardi. Ularning ichida shamollar shivirlar, daryo shovullar, qushlar sayrardi. Olisdan bug‘doy yanchayotgan mashinaning gurillashi, ibodatxona qo‘ng‘irog‘ining yoqimli jaranglashi eshitilar edi… u ko‘zlarini ohista ochib, yuqoriga tikilardi. Ko‘m-ko‘k tiniq osmonda eman butoqlari bir-biriga chirmashib turar, uzilib tushayotgan yaproqlari ko‘zga tashlanardi. U o‘rnidan turar, so‘qmoqdan yurib, o‘rmon ichiga kirib ketar edi…
Bir kuni ko‘zlarini yumib, ana shunday xayol surib yotganida ayol kishining ovozi keldi.
– Ko-tyan!
U boshini ko‘tardi. Daraxt orqasidan Misaning yoshlik jozibasiga to‘lgan qirmizi yuzi ko‘rindi.
– E, senmisan? Qayerga g‘oyib bo‘lgan eding? – hayrat ichida so‘rardi u. Sakrab turmoqchi bo‘lganda uyg‘onib ketdi.
“Misani izlab topish kerak”, – o‘yladi shunda. Xoyasida-san kutish kerak, o‘zi bir enlik qog‘oz yuborib, qayerdaligini ma’lum qiladi, degan edi. Ma’lum bo‘ldiki, Xoyasida-san unga tasalli berish uchun shunday gapirgan ekan.
Yakshanba kunlari Misa biron yoqqa boradigan bo‘lsa, uni ogohlantirib o‘tirmas edi, hozir esa anchadan beri daragi yo‘q, o‘zi izlab topishi kerak.
U Tokioda qancha ko‘pxonadonli uylar borligini bilmasdi. Bir kunda ikki-uch uydan surishtiradigan bo‘lsa, hammasiga kirib-chiqish uchun necha yil kerak bo‘ladi?
Har yakshanba, Bonsayni ham unutib, yana shaharda tentirab yuradigan bo‘ldi. Ammo hamma urinishlari foydasiz edi.

VII

Dekabrning oxirgi yakshanbasida, Yangi yil arafasida kechqurun yuraverib charchab holdan toyib qaytib keldi-da, shundoq yonginasidagi hammomga bordi. Qo‘lidagi eski yaralar og‘rir edi, chamasi, sovuqqa oldirgan bo‘lsa kerak. Hammomda yaxshilab yuvindi va toza, yengil bo‘lib uyiga qaytdi. Faker eshik orqasidan uy boshqaruvchi ayolning ovozi eshitildi:
– Uxlaganingiz yo‘qmi, Ayda-san?
– Yo‘q, uyg‘oqman, – javob berdi u va yecha boshlagan jun ko‘ylagini qaytadan kiyib, eshikni ochdi. Boshqaruvchining yonida o‘rta yoshlardagi qiltiriq, ko‘zlari titrab turadigan, keng yopinchiq kiygan notanish odam bor edi. Uy bekasi uni tergovchi deb tanishtirdi. Ayda beixtiyor orqaga tisarildi. O‘zicha: “Uyma-uy yurib, Misani surishtirayotganim uchun tanbeh berishga keldimikan?” – deb o‘yladi.
– Ayda Koxey Siz bo‘lasiz, shundaymi? – tergovchi muloyimlik bilan savol berib, ostonadan o‘tdi. – Siz Mitobe Misa degan ayolni taniysiz, shundaymi?
“Tergovchi Misani qayerdan biladi?” – o‘yladi Ayda va taniyman deb javob berdi. U kimingiz bo‘ladi, degan savolga javob berishi qiyin bo‘lmadi, chunki shaharda daydib, surishtirib yurganida hammani shu savol qiziqtirardi.
Tergovchining: – Yaqin o‘rtada Misa bilan uchrashdingizmi? – degan savoliga u sentyabrdan beri ko‘rganim yo‘q, deb javob qaytardi.
Tergovchi boshini tebratdi, Ayda savol-javob tugadi deb o‘yladi, ammo tergovchi muloyim jilmaydi va kecha qayerlarda bo‘lgani, qanday ishlar bilan mashg‘ul bo‘lganini so‘radi.
– Kechqurunmi? Mana shu yerda. U poldagi tatamini ohista bosib ko‘rsatdi.
– Faqat shu yerda bo‘ldingizmi? – tergovchining chehrasiga tabassum yoyildi, ammo ko‘zlari jiddiy edi. – Nima ish qildingiz?
– Nima ish deysizmi? Manzaralarni ko‘rib o‘tirdim.
– Qanday qilib?
– Bonsay ichida.
–Hm! – hayratlandi tergovchi va xonaga tez ko‘z yugurtirdi.
– Qani ular?
– Mana shu yerda. – Ayda oynavand eshikni ochib, darchani surdi va nam balkonchada shundoq oyoq ostida turgan bonsayni ko‘rsatdi. Tergovchi bukildi, qo‘llarini tizzasiga qo‘yib, gul tuvak ustiga engashdi.
– Shularni manzara deyapsizmi?
– Ha.
– Bular qanaqa daraxtlar?
– Emanlar.
– Emanlar? Ularning ildizi borligi hayolga ham kelmaydi. Butoqlari sanchib qo‘yilgandek.
Ayda qaltirab ketdi. Ahvol g‘alati tus olmoqda edi. Hech narsa demasdan ostonaga o‘tirdi-da, bitta emanni sug‘urib oldi.
– Mitobe Misa ismli qiz o‘ldi.
Qo‘rqib ketgan Ayda qo‘lini emandan tortib oldi.
– Gazdan zaharlangan. Meguro tumanidagi eski uyda, – dedi tergovchi.
Ayda turmoqchi edi, ammo qandaydir dahshat bosib, joyida o‘tirib qoldi.
–O‘zini o‘ldirganmikan?.. qo‘llarini tizzasiga qattiq tirab, nam bosgan balkonning besunaqay beton devoridan ko‘zini uzmasdan so‘radi u. – Xat qoldirmagan. O‘zini o‘ldirganga o‘xshamaydi. Gaz kolonkasidagi rezina trubkasi qiyshayib qolgan, oyog‘i bilan surib yuborganga o‘xshaydi. Qattiq mast bo‘lgan. Kecha yangi yil bayrami edi-ku!
Tergovchi hamon egilib, tizzasiga tayanib turardi.
– Misa-tyan yolg‘iz ekanmi?
– Yolg‘iz. Mushugi bor edi, deyishadi. Bu mushukni ko‘rmadik. Eshik yopilmagan ekan.
Ayda o‘girilib qaradi. Tergovchi o‘rnidan turdi.
– Yangi yilda qishlog‘ingga borsang, Misa-tyanning qarindoshlariga xabar ber, – dedi tergovchi eshikka qarab yurar ekan. – Bezovta qilganimiz uchun uzr.
Shu kuni kechasi Ayda Koxey g‘oyib bo‘ldi. Ertalab ish yurituvchi kampir u ko‘rinavermaganidan keyin biron narsa bo‘ldimikan, deb xabar olgani keldi. To‘shak yig‘ishtirilgan, ammo hech kim yo‘q edi. Chiroq yonib turar, oynavand eshik va darcha ochiq qolgan edi. Xonadagi hamma narsa kechqurun kampir ijarachiga xayrli tun tilash uchun kelganda qanday bo‘lsa, shunday turar edi. Faqat Koxey jajji o‘rmonzor o‘rnashgan gul tuvak oldida – ostokada ko‘rinmasdi.
Kampir xonadan jemper va paypoq topdi. Oyoq kiyimlari turadigan qutida geta yotardi. Demak, Koxey qayoqqadir oyoqyalang, bitta ko‘ylak va jinsida ketganmikan? Ish joyiga qo‘ng‘iroq qildi. Koxey ishga kelmadi, deb aytishdi. Kampir stol g‘aladonini ko‘zdan kechirdi – xat yo‘q edi.
U uyiga ertasi kuni ham, keyingi kuni ham kelmadi. Yangi yil ta’tillari boshlandi. Kampir yurtiga ketdimikan degan o‘y bilan, qishloqqa telegramma jo‘natdi. Besh kundan keyin: “Koxey kelgani yo‘q” degan javob qaytdi. Oradan o‘n kun, yigirma kun o‘tdi – Koxey ko‘rinmadi.
Bonsay avvalgidek balkonda turar edi. Hech kim uni sug‘ormas, tuproq qurib, maysalarni chang bosgan, ular sarg‘ayib ketgan edi. O‘rmon nobud bo‘lgandi. Chang-to‘zon esgan paytlarda bir daraxtning pastki butog‘iga qo‘ngan jajji kapalak ohista chayqalardi.
Hech kim u kapalak emasligini tasavvur ham qilolmasdi.
U yerda jonsiz Koxey osilib turardi.

Rus tilidan Ortiqboy Abdullayev tarjimasi

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 1-son