Tetsuo Miura. Adashgan shu’lalar (hikoya)

Quvnoq xalq qo‘shiqlarini kuylab kelayotgan sarxush yosh yaponlar tushgan chanalar qalin shamshod daraxtlari o‘sgan dara orasidan otilib chiqib, qor bosgan tog‘lar qurshovida sokin jimirlab turgan moviy ko‘lga qarab burildi. Atrofga sovuq qo‘ng‘iroq sadolari taraldi. Qirg‘oqlari muzlay boshlagan, yozdagiga qaraganda suvi ancha kamayib qolgan ko‘l o‘rtasida qish osmonining aksi qorayib ko‘rinar edi.
Qordan himoya qiladigan soyaboni katta shlyapa va it terisidan tikilgan yengsiz kamzul kiygan aravakash qattiq qichqirib, jilovni tortdi. O‘rgangan ot qayiqlar turadigan bandargohga qarab burildi. Usti yopiq chana qorda g‘ijirlab qiyshayib ketdi, chana ichidan norozi qiy-chuvlar eshitildi.
Chanada uchta sarxush yigit, ularga tengdosh ikki qiz hamda yoshgina erkak bilan bir ayol bor edi. Qishning qirovli ayozida ular tog‘dagi qor bosgan ko‘l tarafga nima maqsadda kelayotgani noma’lum edi. Chana yonboshiga qiyshaygan paytda qizlardan biri qo‘rqib qichqirib yubordi va yonida o‘tirgan yigitning yelkasiga o‘zini tashladi, yigit uni quchoqlab oldi.
Bu uch yigit ko‘lning narigi tomonidagi Xotaru qishlog‘idan bo‘lib, yoshlar to‘garagiga qatnashar, hozir vodiydagi shaharchada yangi yil arafasida bo‘ladigan teatr tomoshasiga tayyorgarlik ko‘rish uchun ketishmoqda edi. Ular yo‘lda bir tanishinikiga kirib, qo‘lbola sharobga to‘yib olishgandi. Hozir parda tagida turgan tuguncha atrofida o‘tirib, ovozlarining boricha qichqirib qo‘shiq aytishar, bir-biriga tegajoqlik qilishar, chana burchagida siqilib o‘tirgan erkak bilan ayolga zarracha e’tibor berishmas edi.
Shahardagi bekatdan chiqqandan beri o‘tgan ikki soat ichida ayol har zamonda adyolga o‘ralib, tizzasiga boshini qo‘yib yotgan erkakdan: “Ahvoling qalay? Sovuq emasmi?” deb so‘rab qo‘yardi. O‘qtin-o‘qtin erkakni yo‘tal tutib qolar, ohista boshlangan bu yo‘tal uzoq davom etar edi.
Qo‘ng‘iroq jiringlamay qolganini payqagan ayol pardani ko‘tarib tashqariga qaradi-da, erkakning yelkasiga sekingina turtdi:
– Oto-san! Ko‘l. Zippeki ko‘li!
– Keldikmi? Xudoga shukr! – Erkak boshini ko‘tardi, ammo yo‘tali qo‘zib, yana ayolning tizzasiga yuzini bosdi.
Ayol indamasdan erkakning yelkasini siladi.
Bandargohdan salgina narida qorga ko‘milgan bir necha uy ko‘rinardi. Tom ostida yodgorlik do‘koniga xos lavhalar qoqilgan, derazalar taxta bilan to‘sib qo‘yilgan, ammo odamlar yo‘q edi. G‘adir-budur yog‘ochlardan qurilgan bandargohda, baliqchilarning qayiqlari orasida sayyohlarga mo‘ljallangan yonboshidagi bo‘yoqlari ko‘chib ketgan kichkina kema turar edi.
Chanalar bandargohga yaqinlashganda kemachaning palubasida armiya adyolidan tikilgan moshrang paxtalik kamzul kiygan, bunday kiyimni armiyadan qaytgan askarlar olib kelishardi, keksa chol ko‘rindi.
Urushdan keyingi ikkinchi qish. Chanadagi yigitlardan biri matroslarning kalta paxtalik kamzulida, ikkinchisi uchuvchilar cholvorida, qizlardan biri bo‘yniga parashyut ipagidan to‘qilgan sharf o‘rab olgan. Aravakash esa askarlar paytavasida edi.
Notanish yo‘lovchilar adyollarini dumaloqlab o‘rab, hammadan keyin tushishdi. Ayol ko‘k palto, qora shim va erkaklarning rezina etigida edi. Yelkasiga sanitarlar qopchig‘ini osib, ikki qo‘lida katta tugunlarni ko‘tarib olgandi.
Quyon terisidan tikilgan telpagini hisobga olmaganda erkak ham boshdan-oyoq harbiy kiyimda edi. U kasal bo‘lib, yuzlari shishib ketgan, nari borsa, yigirma ikki yoshni qoralagan bo‘lsa kerak. Ayol undan uch-to‘rt yosh katta ko‘rinar, ammo yuzlari hamon silliq, tiniqligini yo‘qotmagan edi. Erkak aravakashga pul uzatdi. Aravakash mayda pullarni sanab bo‘lguncha ayol chaqnoq qora ko‘zlarini terga botgan otdan uzmadi.
Birin-ketin kemachaga chiqishganda qopsimon kamzul kiygan kapitan ularga hayrat bilan tikilib so‘radi:
– Xotaruga borasizlarmi?
– Ha, Xotaruga boramiz. Bizni olib keting.
Kemacha xonalari taxta bilan liq to‘la edi, polda poxol uyumlari sochilib yotardi. Yoshlar tugunlarini uloqtirib, qayoqqadir g‘oyib bo‘lishdi, ayol esa chanadagi kabi kayuta burchagiga adyollarni to‘shadi, erkak unga cho‘zildi. U eshikni yopib qo‘ymoqchi bo‘ldi, ammo eshikning o‘zi yo‘q edi. Ayol bemor ustiga adyol tashlab, o‘zi devorga suyanib o‘tirdi va erkakning boshini tizzasiga oldi.
Kemacha xiyol titrab, bandargohdan qo‘zg‘aldi. Eshik o‘rnidagi ochiq joydan qattiq shamol esdi. Ayol palto yoqasini ko‘tarib, boshini ichiga tortdi. Qo‘lida bo‘sh konserva bankasidan yasalgan xibati ko‘targan kapitan xonaga kirdi.
– Yo‘lovchilar sovuqda qolmasin dedim…
Hayratda qolgan ayol minnatdorchilik bildirdi.
– Oto-san! Xibati olib kelishdi. Qo‘lingni isitib olasanmi?
Erkak adyolni ko‘tarib qaradi va kapitanga “E’tiboringiz uchun rahmat”, deb yana burkanib oldi. Aftidan, qo‘lini uzatish ham unga malol kelar edi. Kapitan amerikacha sigarasini olib, xibati tutatdi.
– Faqat shunisi bor edi… Chekasizmi?
Erkak nimadir demoqchi bo‘ldi, ammo yo‘tali tutib, bo‘g‘ilib qoldi. Ayol uning o‘rniga javob berdi:
– U chekmaydi…
– Istilochi zobitlardan biri ovga ishqiboz, kuz oylarida ov qilgani kelib turardi, – izoh berdi kapitan. – Harbiydan yaqinda qaytdingizmi? – ko‘zlarini yumib yotgan erkakni gapga solishga urindi u.
– Shunday, – dedi erkak zo‘r-bazo‘r jilmayib.
– Qaysi qismlarda xizmat qildingiz?
Erkak mana shu joyga yaqin bir shahar nomini aytdi. Kapitan hayron qoldi. Ana shu polkda xizmat qilgan do‘stining o‘g‘li urush tamom bo‘lganidayoq qaytib kelganini esladi.
– Nega bunchalik ushlanib qoldingiz?
– Buning muhim sabablari bor, – gapga aralashib, izoh berdi ayol. – U gospitalda uzoq yotdi. O‘tgan kuni javob berishdi.
– O‘tgan kuni? – kapitan yo‘lovchilarga hayron tikildi. – Nahotki harbiy gospitallar haliyam ishlayotgan bo‘lsa?
– Yo‘q, hozir u davlat kasalxonasiga aylantirilgan, ammo urush paytida olib kelingan bemorlar haliyam ko‘p.
– Gapingiz to‘g‘ri! Armiya yo‘q bo‘lsayam kasallik davom etaveradi. Kuni kechagina chiqqan bo‘lsangiz, bu yerlarda qiynalib qolasiz. Ayniqsa, manavi Zippekiga o‘xshagan qahramon teshikda…
Erkak ko‘zlarini yumib yotar, ayol xibati tomon uzatilgan qo‘llariga tikilib jim o‘tirardi.
– Hechqisi yo‘q, siz kuzatuv o‘rningizni tashlab keldingizmi?
– Uchta navqiron yordamchim bor, – kuldi kapitan.
Chamasi, ular palubada ko‘rgan yosh dengizchilar kemani boshqarib bormoqda edi.
– Xotaruda kimnikiga borasizlar? – yana so‘radi kapitan.
– “Kogetsu” mehmonxonasiga, – javob berdi ayol.
– Tori-sanga qarindosh bo‘lasizlarmi?
– Qaysi Tori-san? – ayol xavotirlanib erkak yotgan tomonga qaradi.
– Demak, Torikura-sannikiga-da?! “Kogetsu” mehmonxonasida ishlaydigan?..
– Yo‘q, – ayol boshini chayqadi.
– Balki xotiniga qarindosh chiqarsizlar?
– Yo‘q.
– Unda… – kapitan ayolga hayratlanib tikildi.
– Mehmonxonada Torikuraning oilasidan boshqa beka yo‘qmi?.. – Ayol kapitanga ishonqiramay boqdi. – U yerda boshqa oqsochlar ham bordir?..
– Oqsochlar deysizmi? Hamma bekalar o‘tgan yili kuzda ketib qolishgan.
– Ketib qolishgan? Qayoqqa?
– Ish qidirib. Duch kelgan yoqqa ketishgan. Ko‘l atrofidagi mehmonxonalarda ishlaydigan bekalar qishda bo‘shab ketishadi. Mehmonxona yopilgandan keyin bu yerda nima qilishsin?
Ayol xavotirga tushdi. Kapitandan ko‘zini uzmasdan tizzasiga bosh qo‘ygan erkakni ohista turtdi. U ham anchadan beri ko‘zini ochib yotgan edi.
– Ko‘ryapsizki, bu yerning hammayog‘i tog‘, – davom etdi kapitan. – Xazon fasli tamom bo‘lishi bilan sayyohlar mavsumi ham tugaydi. Noyabrdayoq avtobus qatnamay qo‘yadi. Qor yoqqandan keyin har qanday aloqa butunlay uziladi. Bu yerdan faqat tog‘ chang‘isida yoki sizlar kelgandagiga o‘xshagan chanada qaytish mumkin. Chana ham zimiston daralarda shamol esmagan, qor yog‘magan paytlardagina yuradi. Haliyam omadingiz bor ekan.
Ularning omadi kelganini shahardagi bekat xizmatchisi ham aytgan edi. Bekatga kelishlari bilanoq Zippeki ko‘liga qanday boriladi, deb surishtirishgandi. “Shunday vaqtda ko‘lda nima bor? – deb bekat xizmatchisining ko‘zlari ola-kula bo‘lib ketgandi. Ammo shu zahotiyoq vokzal burchagida turgan ko‘lga qatnaydigan chanaga ko‘zi tushib muloyim javob bergan edi: – Omadingiz bor ekan. Aravakashdan so‘rab ko‘ringlar. Xotaruga boradigan kemacha bandargohda turgan kunlardagina chana yuradi. Ammo qanday qaytib kelasizlar, bunisini bilmayman”.
Ha, omad kulib, Xotaruga bemalol boriladigan bo‘ldi. Ammo izlagan kishi u yerda yo‘q bo‘lsa, borishdan ne ma’no bor?
– Demak, sizlar “Kogetsu” mehmonxonasidagi bekaning oldiga borar ekansizlar-da! – dedi kapitan.
– Shunday, uning ismi Terada Tami. Mendan bir yosh katta, – dedi ayol va bosiqlik bilan qo‘shimcha qildi: – Tamisan unga opa bo‘ladi.
Erkak yo‘talib, joyidan qo‘zg‘aldi. Kapitan go‘yo olov o‘chib qolganini endi payqagandek, egilib pufladi, to‘zg‘igan oppoq kuldan yuzini olib qochar ekan, qo‘shimcha qildi:
– Terada Tami… Men “Kogetsu” mehmonxonasida bo‘lgan emasman. Borib ko‘ringlar. Balki opangiz u yerda qolib, sizlarni kutayotgan chiqar. Agar ketgan bo‘lsa, Tori-san uning qayerdaligini aytib berar…
Shundan so‘ng kapitan:
– Yoshlardan birontasini almashtiradigan vaqt bo‘lib qolgandir, – deb g‘o‘ldirab, kayutadan chiqib ketdi.
Erkak va ayol devorga horg‘in suyanib, kapitan chiqib ketgan eshik o‘rniga tikilgancha bir muddat xayol surib qolishdi. Ikkalasi ham bir narsani o‘ylashmoqda edi. Tami haqiqatan ham mehmonxonadan bo‘shab ketgan bo‘lsa, nima qilishadi? Ikkovlon qayerga, kimga sig‘inib borishadi?
Agar ko‘zlari shu daqiqada to‘qnashib qolsa, ikkovi ham bir-biriga qanday tasalli berish haqida o‘ylayotganini sezar, ammo bu haqda ochiq gapirish og‘ir edi.
Kema motorining shovqini, suvning shovullashi eshitilar, shamol g‘uvillar, ustma-ust taxlangan taxtalar orasidagi yoriqlardan yelvizak g‘irillab o‘tib turar, faqat ko‘l hozir kemachaning qaysi tomonida ekanini aniqlab bo‘lmasdi. Eshik o‘rnidagi ochiq to‘rtburchakdan atrofdagi qoyalarning o‘tkir qirralari va qop-qora suvni yaqqol ko‘rish mumkin edi.
– Sima-san! – nogoh chaqirdi erkak.
Eshik o‘rnidagi bo‘shliqqa tikilib o‘tirgan ayol seskanib unga qaradi.
– Nima deysan?
– Gavanda yashagan paytingda, qishda dengiz ichida turib qirg‘oqni kuzatganmisan?
– Yo‘q, kuzatgan emasman.
– Men esa kuzatganman.
– Sen baliqchisan-da.
– Mana shu joylarga o‘xshab ketardi.
– Bizdagi Sanrikuga o‘xshar edimi?
– Shunday. Faqat dengizdan qaraganingda.
Sanriku qirg‘oqlari qoyador va sovuq, bir qancha joylarida tik o‘pirilishlar bor edi…
– Dengiz sokin paytlarda qayiqdan qirg‘oqqa qarasang, xuddi mana shunday manzaralarni ko‘rasan. Judayam o‘xshab ketadi.
– Men bo‘lsam, sen birdaniga nimalarni… – shivirladi ayol, ammo shu zahotiyoq jim qoldi. Erkak hozir qadrdon joylarini eslagani unga g‘alati tuyuldi, u jilmaydi, ko‘zlarida yosh yiltiradi.

II

Sima bilan Otozi dengiz qirg‘og‘idagi Sanriku shaharchasi yaqinida tug‘ilgan edilar.
Simaning otasi baliqchilar oshxonasining xo‘jayini, Otozi esa baliqchining o‘g‘li bo‘lib, otasi bu arzon oshxonaga doimiy mijoz hisoblanardi. Bolaligida Otozi opasi Tami bilan bu yerga bir necha marta kirgan, ammo biron marta ham o‘tirib mehmon bo‘lgan emas. Ko‘p ichib, qayla to‘kilgan stol ustida uchib uxlab qoladigan otasini uyga zo‘rg‘a olib ketishar edi.
Otozining otasi yoshligidayoq aroqxo‘r degan nom orttirgandi. Otozi besh yoshga to‘lganda onasidan ajraldi. U to‘lg‘oq paytida olamdan o‘tgan edi. Shundan keyin otasi butunlay izdan chiqib ketdi. Ichib-ichib, duch kelgan joyda sang‘ib yuradigan bo‘ldi. Otasi uyga kelmay qo‘ygan paytlarda uni ko‘rgan tanishlar “Otangiz yana uchib qoldi!” deb qichqirib o‘tishardi. Bo‘ron turgan kezlarda oshxonadan qaytayotgan qo‘shni ayollar: “Otangiz bambukzorda daydib yuribdi”, deyishni kanda qilishmas edi. Bu o‘lgudek ichib, gavanda yo‘lbarsga o‘xshab izg‘ib yuribdi, degan ma’noni anglatardi.
Otozi bilan Tamining xo‘rligi kelib, bandargohdagi qovoqxonalarga qarab yugurishar va it azobida uni izlashar edi. Uyma-uy kezib, izlab-izlab, nihoyat Simalarning oshxonasidan topishardi. Simalarning uyiga kiraverishda boshqalarnikiga o‘xshagan to‘qima arqon emas, oq iyerogliflar bilan “Masutoku” deb yozilgan uzun ko‘k parda osilib turardi. Otozi boshlang‘ich maktabni bitirgan paytda bu pardaga qarashdan uyaladigan va “Sima mendan nafratlanmasmikan?” deb o‘ylaydigan bo‘lgan edi.
Sima oshxonaga juda kam kirar edi. Faqat onasi bir marta qiziga otasining qo‘pol odatlari haqida gapirganini eshitib qolgan edi. “Odamlar ichsin deb biz vino sotamiz, ular bu yerga kelsa quvonamiz, ammo Yokiti har safar bu yerdan ketayotganda yuzini pardaga artadi. Qancha ichganiga qaramay, baribir pardaga yuzini artaveradi. Nihoyat, men unga deb sochiq osib qo‘yadigan bo‘ldim”.
Otozi qizarib, Simaning oldida qattiq uyalib ketdi. Qiz indamadi, faqat jilmayib qo‘ydi.
Shundan beri Otozi “Sima mendan jirkanadi” deb tashvishlanadigan bo‘ldi. Ammo ko‘p o‘tmasdan bu haqda o‘ylashga o‘rin qolmadi. Kuzda, u o‘rta maktabda o‘qiyotgan paytda, otasi dengizga cho‘kib o‘ldi.
Otozi bilan Tami yetim qoldi, bola otasining o‘limiga qattiq qayg‘ursa ham yuragi qandaydir yengil tortganini his qildi: otasi aroq ichib qovoqxonada emas, baliqchilarga munosib tarzda dengizga cho‘kib o‘lgani unga tasalli bergandek bo‘ldi.
Sima yoshi yigirmaga yetganda katta shahardagi mehmonxonaga ishga kirdi. Otozi o‘zlariga yaqin joyda turadigan qarindoshlarinikida yashay boshladi. Endi u boshiga qanchadan-qancha tashvishlar solganiga qaramay otasining og‘ir qo‘llarini, qaynoq nafasini sog‘inch bilan eslaydigan, pardasiga “Masutoki” deb yozilgan oshxonani, uning bekasini va Simani ko‘ra olmasligini tez-tez o‘ylaydigan bo‘ldi. Ammo maktabni bitirib, baliqchilik qila boshlagandan keyin yuragidagi bunday tuyg‘ular uni ko‘pda bezovta qilmay qo‘yganini sezdi.
Keyin gavanda o‘tkazgan uch yil ichida u Simani ikki marta mutlaqo kutilmagan joylarda uchratdi.
Bir kuni tungi baliq ovidan qaytayotgan edi, yelkasida og‘ir savat, yalangoyoq, kemasozlik korxonasi yonida yangi qurilayotgan, yog‘ochlari qorong‘ida oqarib turgan qayiq yonidan o‘tar ekan, nogoh ayol kishining “Rahm qiling!” degan qichqirig‘ini eshitdi. Nimadir tarillab yirtilgani qulog‘iga chalindi. Qorong‘ilik ichidan oq kiyimli ayol yugurib chiqdi.
– Hoy, Sima, to‘xta! – erkak kishi dag‘al ovozda baqirdi. Ayol hayratda qolgan Otozi oldidan yugurib o‘tar ekan, yelkasi bilan unga turtilib ketayozdi. U jon talvasasida yugurganda tebrangan havodanmi yo ayol yelkasiga tegib ketay deganidanmi – savatdan chiqib turgan kalta tayoqchaga bog‘langan qo‘ng‘iroq ohista jiringladi.
Ayolni quvib kelayotgan sport kiyimidagi erkak qo‘ng‘iroq tovushini eshitib to‘xtadi, ular qorong‘ilik qo‘ynida bir lahzalik sukut ichida yuzma-yuz turib qolishdi.
– Kim bo‘lasan? – so‘radi nihoyat yigit bo‘g‘iq ovozda.
– Shu yerlikman, bandargoh tomondan, tungi ovdan qaytayotgan edim, – dedi Otozi.
Yigit tilini takillatdi, alamini ichiga yutib, oyog‘i ostidagi qumlarni to‘zg‘itib tepindi va qayiqlar orasidan nari ketdi. “Bu qovoqxonadagi Sima emasmikan?” Otozi g‘ijinib, bir chekkaga tufladi-da, o‘z yo‘liga yurdi. Yigitning ovozi ham tanishdek tuyuldi. U bir qancha savdo do‘konlariga ega bo‘lgan Kurixaraning o‘g‘li Tokiodagi institutda o‘qishini esladi.
Otozi keyin ham Simani bir marta ko‘rdi. U boshqa joylardan baxt izlab ko‘rmoqchi bo‘ldi. Tiba prefekturasiga qarashli Tyosi shahriga ishga jo‘nashdan avval ziyorat qilish uchun mahalliy ibodatxonaga kirdi. Keyin olchazorlar orasidagi urush qurbonlari xotirasiga qo‘yilgan yodgorlik atrofida ohista kezib yurar ekan, ibodatxona orqasidagi kichkina bog‘chada g‘ijirlayotgan halinchak ovozini eshitdi. Bu tovush bolaligidan tanish edi, unda deyarli diqqatni tortadigan hech narsa yo‘q bo‘lsa-da, o‘z shaharchasini tark etganidan beri birinchi marta vujudi yurtini sog‘inish hissidan o‘rtanib ketdi. Otozi daraxtzor chekkasiga chiqib, pastlikka qaradi. Halinchakda Simaning oddiy sarg‘imtil-ko‘kish ro‘moli hilpirar edi.
Bog‘chada boshqa hech kim ko‘rinmasdi. Sima halinchakda bir o‘zi tebranib o‘tirardi; halinchakning g‘ijirlashi yuragiga bezovtalik olib kirdi. “U kimnidir kutayotgan bo‘lsa kerak” deb o‘yladi Otozi. Ko‘z o‘ngida Kurixaraning o‘g‘li gavdalandi, ammo hozir u bu yerda bo‘lishi mumkin emas – ta’tilgacha hali vaqt erta… Otozining miyasi har xil g‘alati taxminlardan g‘uvillab ketdi. Yoshi yigirmadan oshib ketgan Sima hozir unga dugonalari o‘yindan chiqarib qo‘ygan omadsiz qizaloqni eslatdi. U kechasi “Rahm qiling!” deb qichqirib, vahshiy erkakdan zo‘rg‘a qutulgan, yoqavayron ko‘ylakda qirg‘oq bo‘ylab chopib ketgan qizga aslo o‘xshamas edi. Avvalgi Sima bilan hozirgisi o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor. “Buni tushunish qiyin” deb o‘yladi Otozi.
U Tyosida uch yilga yaqin turdi. Har gal qadrdon yurti haqida o‘ylaganda ko‘z oldida yengil ko‘ylagini hilpiratib halinchak uchayotgan Simaning nozik siymosi gavdalanar, qulog‘iga tanish g‘ijirlash eshitilar edi. Shunda yuragini shirin tuyg‘ular egallab olardi. Bularning hammasi Sima tufayli bo‘layotganini o‘ylab o‘tirmas, ammo uning siymosi yurti haqidagi quvonchli, nurli manzaralarga bog‘lanib ketardi.
Armiyaga jo‘nashidan oldin tibbiyot ko‘rigidan o‘tayotgan paytida Otozi “Masutoku” qovoqxonasiga bir kirib chiqsammikan” degan xayolga bordi. Otasi sopoldan yasalgan “Jozibador mushuk” haykalchasi qo‘yilgan tokcha yonidagi stolda qadahda sake ichib o‘tirishni yaxshi ko‘rardi. O‘zi sezmagan holda balog‘atga yetgan Otozi har zamon-har zamonda bir qadah sharob ichishni odat qila boshlagandi.
Ko‘p yillar boshqa joylarda yurib, nihoyat Sanriku qirg‘og‘idagi kichik shaharga qaytganida Simani uchratmadi. Tibbiy ko‘rikdan birga o‘tgan baliqchi yigit Sima Kurixaraning o‘g‘liga turmushga chiqishni xohlamagani va negadir shaharchadan bosh olib ketganini aytib berdi. Boshqa mish-mishlar ham bor edi, go‘yo Sima Kurixaradan homilador bo‘lgan va buni yashirish uchun shaharchadan bosh olib ketgan emish. Otozida qovoqxonaga kirish istagi yo‘qoldi. Bundan tashqari, harbiy sharoitda aroq savdosi taqiqlangani uchun “Masutoki” oddiy oshxonaga aylanib qolgan, mijozlarga grechkali ugra, guruch, turli sabzavotlar solingan chuchvara taqdim etilardi, xolos. Bo‘sag‘ada binoga husn berib turgan ko‘k lavha o‘rniga katta bochka hamda turli o‘t o‘chirish asboblari ilib qo‘yilgan edi.
Armiyaga chaqiruv qog‘ozi qirq to‘rtinchi yilning bahorida keldi. U Toxokuning g‘arbiy qirg‘og‘idagi ko‘hna qal’aga joylashgan piyodalar polkiga tushdi.
Otozi bolaligidan kasal nimaligini bilmay o‘sgan. Ko‘rinishi qotma, oriq bo‘lsa-da, chayir, baquvvat, paylari pishiq, har qanday og‘ir mehnatga chidamli edi. Armiyadagi mashqlarni ko‘rdim demasdi. Faqat to‘yib ovqat yemaslikdan qiynalardi, xolos.
Bir kuni – ayovsiz yoz issig‘ida o‘tayotgan nayzabozlik jangi mashg‘uloti paytida ochlikdan boshi aylanib yiqilar ekan, bo‘lim komandirining yerda yotgan miltig‘iga qoqilib ketdi. Komandir uni do‘pposladi. Ke­yin o‘zi bilan olishishga majbur qildi, qo‘lidagi miltig‘ini tortib olib, himoyasiz yigitning badaniga bir necha marta nayza sanchdi. Otozi hushidan ketdi.
Shundan keyin o‘ng yonboshida, qovurg‘asi ostida og‘riq paydo bo‘ldi. Dastlab u “Engil lat yegan bo‘lsam kerak” deb o‘yladi, ammo og‘riq tobora kuchayib borar edi.
Sirtdan hech narsa bilinmas, ammo ahvoli kundan-kunga yomonlashib, tashnalik azob berar, butun badani zirqirar edi. Ilgari ovqat yeb to‘ymasdi, endi ishtahasi butkul yo‘qoldi. Nihoyat bir kuni to‘shakdan turolmay qoldi.
Bo‘lim komandiri xohlamaygina uning gospitalga borishiga ruxsat berdi. Harbiy shifokor qovurg‘asi singanini aniqladi va darhol gospitalga joylashtirdi.
Otozi yarim oy jarrohlik bo‘limida davolandi. Og‘riq asta-sekin yo‘qolib, o‘zini yaxshi his qila boshladi.
Ana shu kunlarda qo‘qqisdan opasi Tami uni yo‘qlab keldi. “Polkdan xabar yuborishgan bo‘lsa kerak” deb o‘yladi Otozi, ammo unday emas ekan. Tami o‘z ixtiyori bilan mehnat otryadiga yozilibdi, hozir Kavasakidagi harbiy zavodga ishlash uchun ketayotgan ekan.
– Uzoq yo‘l oldidan seni ko‘rib ketay deb keldim, – dedi u. – Mehmonxona yopildi. Uyga qaytay desam, hech kim yo‘q. Mana, otryadga yozildim. Hech bo‘lmasa, snaryad tayyorlay olaman-ku.
Xayrlashar ekan, ular ertaga nima bo‘lishini bilmas edilar.
– Askarni qaranglar-a, uyalmay yig‘layapti.
– Yig‘layotganim yo‘q. Bu kasallik oqibati, – dedi Otozi.
– Qovurg‘a bilan ko‘zlar qarindosh ekan-da?
– Issig‘im chiqadi. Ko‘zyosh shundan.
Tami sezdirmay palatani ko‘zdan kechirar ekan, Otozining peshonasiga qo‘lini qo‘ydi va vahimaga tushib, tez tortib oldi.
– Gaping to‘g‘ri, issig‘ing juda baland!
– Yig‘layotganim yo‘q deb aytayapman-ku!
– Singan qovurg‘a shunchalik harorat chiqaradimi?
– Bilmayman. Og‘riq to‘xtadi, ammo issig‘im tobora ko‘tarilib ket­yapti. Nafas olishim ham qiyinlashib qoldi.
– Bular behuda emas. Balki shifokor sezmayotgandir?
– Bu palatada tuzala boshlagan bemorlarga faqat sanitar qaraydi. Haroratni har doim tekshiravermaydi.
– Qanday bema’nilik!..
Shunda Otozi hayratdan ko‘zlari katta ochilgan opasini so‘nggi marta ko‘rayotganini xayoliga ham keltirmagan edi.

III

Xullas, “Kogetsu” mehmonxonasida Tami yo‘q edi. U o‘tgan yili yozning oxirida ishdan bo‘shab, qishda bu yerdan ketib qolgan ekan.
Mehmonxonani qo‘riqlovchi er-xotin Torikuralarning aytishiga qaraganda, ishdan bo‘shashga harbiy zavodda unga homiylik qilgan Xayama ismli qandaydir janob maslahat bergan ekan. Ular chamasi urushdan keyin ham xabarlashib turishgan. O‘tgan yili mavsum ayni qizigan paytda Xayama uni yo‘qlab kelgan. U onnagatalarga o‘xshagan yoqimtoy, qirq yoshlarga borgan, uddaburron, savlatli kishi bo‘lib, istilochi armiyaga qandaydir aloqasi bor degan gaplar yurardi.
Bir necha kun o‘tgach, Xayama qaytib ketdi. Shunda Tami Torikuraning xotiniga endi mehmonxonada ko‘p ishlamasam kerak deb aytibdi. U qanday ish qilmoqchisan deb so‘raganda, Tami: “Shaharga borib ishga joylashaman. Axir, bir umr yosh bo‘lib qolmayman-ku”, deb javob bergan ekan.
Oradan bir necha kun o‘tgach, Tami Xayamadan maktub oldi. Uni o‘qib, narsalarini yig‘ishtirib jo‘nab ketdi.
– Aniq aytolmayman, ammo u Kobega boraman degandek bo‘luvdi, – dedi Torikuraning xotini.
Otozi Xayama qayerda yashashini surishtirdi, ammo urushdan keyin bu yerga mehmonlar kam kelgani uchun ro‘yxatlar daftari yuritilmagan ekan.
– Sirasini aytganda, u Kobega ketgan taqdirda ham izlab topish amrimahol edi.
– Opam menga beringlar deb biron narsa qoldirmaganmi? Balki keyinroq xat yozmoqchi bo‘lgandir? Agar yo‘qlab kelsam, kimgadir uchrashishim lozimligini aytgandir?
Er-xotin Torikuralar umidsiz holatda bir-biriga tikilishdi.
– Pul yig‘sam, ukam ikkimiz savdo korxonasi ochamiz deb gapirar edi, –dedi Torikuraning xotini.
O‘tgan yili iyul oyida Otozi kichkina bir suratli maktub olgan edi, shundan keyin undan darak bo‘lmadi.
– Agar biron yerga joylashib olsa, xabar yuborardi. Yarim yilda biron daragi bo‘lmasa… Hozirgi alg‘ov-dalg‘ov zamonda hamma narsani kutish mumkin. – Torikura oshxonadagi o‘choq yonida o‘rnatilgan temir pechkaga o‘tin tashladi.
Otozi bilan Sima gurillab yonib, qip-qizarib ketgan pechkaga gap-so‘zsiz tikilib o‘tirishardi. Nihoyat, Otozi horg‘in tovushda:
– Kechirasizlar. Mening yotishimga ijozat bergaysizlar, o‘zimni yomon his qilayapman, – dedi. U kaftlarini boshiga qo‘yib, bordonga cho‘zildi.
– Siz kasalsiz.
– Ko‘p azob chekkanga o‘xshaysiz? – hamdardlik bildirdi Torikuraning xotini.
– Xotirjam dam olinglar, – qo‘shimcha qildi Torikura, – Mehmonxona ishlamaydi, sizlarni munosib kutib ololmadik, ammo o‘zingizni erkin his qiling. Ko‘rpa-to‘shak xohlaganingizcha topiladi, vanna ham bor. Bemalol joylashaveringlar.
Qiladigan ish yo‘q. Bugun baribir bu vulqon etagidagi xilvat ko‘l qirg‘og‘ida joylashgan qishloqdan jo‘nab ketishga imkon yo‘q. Ertaga bir gap bo‘lar.
Sima qo‘shni xonadan ko‘rpa-to‘shak ko‘tarib chiqdi. Torikuraning xotiniga yordamlashib ostonaga yaqin yerga qo‘yishdi. Derazalari zich yopilgan xonani xira chiroq zo‘rg‘a yoritar edi.
– Ikkalangizga bitta joy solib beraymi? – so‘radi Torikuraning xotini.
Bu savoldan Sima bir lahza dovdirab qoldi, so‘ng:
– Mayli, birga soling, – dedi.
Torikuraning xotini yonma-yon ikkita qalin joy soldi.
Ulardan biriga Otozi cho‘zildi. Og‘ir kasaldan oqargan qarimsiq yuzi yumshoq yostiqqa botib ketdi.
– Hech narsani o‘ylamasdan, tinch uxla, – dedi Sima.
Ko‘zi yumuq Otozi kulimsiradi:
– Nimani ham o‘ylardim…
Ko‘p o‘tmay Otozi qattiq uyquga ketdi. Sima uning boshida bir muddat o‘tirgach, sekin qo‘zg‘aldi-da oshxonaga chiqdi. Torikuraning xotini pechka yonida yolg‘iz o‘tirib, nimadir tikayotgan edi.
– Qarashadigan ishingiz bormi? – so‘radi Sima. – Qarashib yuboraman.
Tarikuraning xotini kulimsirab:
– Tashvish tortmang, yordamlashadigan ish yo‘q. Shunchaki ermak, – dedi. Keyin: – Eringiz uxladimi? – deb so‘radi.
Otozi birinchi marta er sifatida tilga olingan edi. Iloj qancha? Sima sir boy bermadi:
– Ha, qattiq uxlayapti. Juda toliqqan.
– Bechoraga qiyin. Holdan ketipti. Kasali qanaqa o‘zi?
– Astma, – dedi Sima. Qishloqdagilar sildan qattiq qo‘rqishi unga yaxshi ma’lum. Shu zahotiyoq Torikuraning xotini o‘z singlisi ko‘p yildan beri astmadan azob chekayotgani, bu kasallik qanchalik yoqimsizligidan xabari borligini aytdi.
– Sovuqni yoqtirmaydi, to‘g‘rimi? Kechasi zo‘riqib qolsa, nima qilamiz?
– Tashvishlanmang. Men tibbiyot hamshirasiman.
– Parvarish qilaverib ko‘nikib ketgansiz-da?
– Yo‘q, men haqiqatan ham kasalxona hamshirasiman.
Sima muloyim kulimsiradi. Torikuraning xotini hayratlanib ko‘zlarini katta ochdi.
– Urush paytida harbiy gospitalda ishlaganman. Bunday kasallarga qanday qarashni yaxshi bilaman, xavotir olmasangiz ham bo‘ladi.
Quyosh botgach, Torikura kelib hammom tayyor ekanini aytdi. Otozi hali uyg‘onmagan edi. Ammo u uyg‘oq bo‘lganda ham kasali zo‘rligidan vannaga tusha olmasdi. Sima yuvinish uchun yolg‘iz o‘zi kirib ketdi. Vannaga issiq suv to‘ldirib yuvina boshlaganida yechinish xonasidagi oynavand eshik qo‘qqisdan ochilib, ichkariga kimdir kirdi. Sima badanini sochiq bilan to‘sib, o‘girilib qaradi. Bug‘dan xira tortgan eshik orqasida Otozining qorasi ko‘rindi.
– Otozimisan? Bemalol kiraver.
Eshikni qiya ochib, Otozi ichkariga mo‘raladi, so‘ng xijolat tortib, teskari o‘girildi.
– Uyg‘onib qarasam, sen yo‘q ekansan. Qayerga ketdi ekan, deb o‘yladim.
– Hech qayerga ketganim yo‘q, – dedi Sima.
Otozi ikkita paxtalik kimono kiygan, ustidan palto tashlab olgan edi.
– Meni kechirasan, cho‘milib olsammikan degan edim. Keyin seni artib qo‘yaman.
Otozi boshini tebratdi. O‘zi vannaga tusha olmaydigan bemorning badanini artib muolaja qilishar edi.
– Sovuq. Borib pechkada isinib tur.
– Mayli.
Otozi negadir shoshilmas edi.
– Senga aytayapman, bu yer sovuq. Eshikdan urib turibdi.
Otozi o‘sal bo‘lib jilmaydi va eshikni yopdi.
– Oto-san!
– Nima deysan?
– Men hazillashdim, – Sima ko‘zini olib qochdi. – Eshikni yopmay qo‘yaqol.
U yigitning xayrixoh nigohi ostida qizarib ketganiga qaramay, vannada hech kim yo‘qdek, cho‘milishda davom etaverdi.
Kechqurun Sima tog‘orada suv isitdi va ho‘l sochiq bilan Otozining butun badanini artib chiqdi. Sovuq bo‘lganidan bu ishni juda tez bitirdi. Otozi bundan norozi bo‘ldi.
– Nega bunchalik shoshasan?
– Sovuqda ko‘p turishing mumkin emas.
– Kasalxonada yaxshi qarar eding, shoshilmasdan artar eding.
– Unday bo‘lsa, kasalxonaga qaytamizmi?
Otozi indamasdan shiftga tikildi.
– Qani endi qaytish mumkin bo‘lsa…
Ular kasalxonadan qochib chiqishgan edi.
Otozi xo‘rsindi.
– Mayli, shu yerda qolamiz.

IV

O‘pkasi yallig‘lana boshlagandan keyin Otozini sil kasalliklari bo‘limiga o‘tkazishdi. Bu yigit aroqxo‘r Yokitining o‘g‘li ekanini, tabiiyki, Sima xayoliga ham keltirmadi. Otozi esa darhol tanidi, chunki otasi o‘lgandan keyin uni bir-ikki uchratgan edi. Sima voyaga yeta boshlagan bu yigitga e’tibor bermadi. Uni yuz-ko‘zidan tanimagani mayli, hatto ismi bilan ham qiziqmadi. Yokitini Terada deb chaqirishardi, buni yaxshi eslaydi. Shunday ekan, Otozi Otoning o‘g‘li bo‘ladi, ammo Sima bu haqda hatto o‘ylab ham ko‘rgani yo‘q.
Otozi oq xalatli yangi hamshirani ko‘rishi bilanoq Simaga o‘xshatdi, ammo bunga ishonqiramay qaradi. “Masutoku” qovoqxonasidagi qiz hamshiralik qilishini sira tasavvur qila olmasdi. Nazarida bunday uchrashuv tushida bo‘lishi ham amrimahol edi. “Birovni Simaga o‘xshatib, adashayotganim yo‘qmi? Balki bu butunlay boshqa odamdir?”– deb o‘yga toldi u.
Otozi dastlab o‘n besh kishilik katta palatada yotdi, yonidagi yefreytordan Simaga o‘xshab ketadigan bu qizning ismini so‘radi.
– Diding yomon emas-ku, – miyig‘ida kuldi yefreytor. – Bu farishtaning oti Masumoto.
Otozi yana hayratga tushdi. Simaning ismi ham shunday-ku!
Otozining yuragi iliq nurga to‘lgandek bo‘ldi. Armiyada yurtdoshingni uchratsang, boshing osmonga yetadi, ayniqsa, hozirgidek kasal va yolg‘iz holingda bu nihoyatda noyob hodisa. Hayajondan Otozining ko‘ziga yosh keldi. Ammo quvonchdan ko‘ngli yorishgan bo‘lsa ham qiz bilan gap­lashishga yuragi dov bermadi. Boshdanoq Sima uni tanimagani, buning ustiga badaniga yopishib, chiroyiga chiroy qo‘shib turgan qordek oppoq xalati bunga yo‘l bermay, uni butunlay dovdiratib qo‘ygan; qiz uni ko‘rishi bilan o‘zini olib qochadigan bo‘lgan edi.
Ularni faqat bundan yigirma yillar oldin otasining “Masutoku” qovoqxonasida mast bo‘lib, uchib qolishiga aloqador voqealargina bog‘lab turardi.
Haftada bir marta xamshiralar barcha bemorlarning badanini ishqalab artib, tozalab qo‘yishar edi. Ana shu payt kelganda, Otozi Simaning qo‘liga tushib qolmayin deb xudoga zoru tavallo qilardi. Mabodo to‘g‘ri kelib qolsa, uni titroq bosardi.
– Sovuqmi? – so‘rardi Sima.
– Yo‘q, sovuq emas.
– O‘zingizni bo‘sh qo‘yib, erkin o‘tiring, – der edi u.
– Yaxshi, harakat qilaman, – javob berardi yigit.
Sima Otoziga yosh askar yigit deb qarar, ahvoli og‘irlashib borayotganidan hamma qatori tashvishlanar edi. Otozining o‘pkasidagi teshik tobora kattalashayotgan edi.
Yanvar oyida Otozi hojatxonadan qaytayotib, yo‘lakda qon qusib yubordi. Shu kuni Sima navbatchi edi.
U ivigan qon yigitning tomog‘ida tiqilib qolganini ko‘rib, yugurib keldi va barmog‘ini tiqib qonni sidirib oldi. Shu zahotiyoq Otozi alohida palataga o‘tkazildi.
Keyingi kuni kechqurun yigitning to‘shagi yonida o‘tirganida bemor ko‘zini ochib, shiftga tikilgan holda so‘radi:
– Ikkinchi telegrammani yuborishdimi?
Bemorning ahvoli og‘irlashganda qarindoshlariga uchta telegramma yuborilardi. Birinchisi xavfli kasallik boshlangani, ikkinchisi ahvoli og‘irlashgani, uchinchisi vafot etgani haqida xabar berardi.
– Gapirishingiz mumkin emas, – koyidi Sima.
Yigit uning yuziga tikildi, ho‘l kipriklari pirpiradi, ammo ko‘zlarida qat’iyat bor edi.
– “Masutoku” qovoqxonasidagi Sima-san emasmisiz?
Ovozi zo‘rg‘a chiqdi, kutilmagan savoldan Sima gangib qoldi.
– Siz…
– Otam sizlarnikiga tez-tez borib turardi. Men aroqxo‘r Yokitining o‘g‘li Oto bo‘laman.
Sima beixtiyor qichqirib shosha-pisha qo‘llari bilan yuzini to‘sdi.
– Mumkin emas! Gapirishingiz mumkin emas, – yigitni gapirishga qo‘ymadi. Uning yuragi dukillab urardi.
Qon oqishi o‘z-o‘zidan to‘xtadi. Bir necha kundan keyin Sima undan so‘radi:
– Nihoyatda hayron qoldim! Meni tanib qolganingga ko‘p bo‘ldimi?
Otozi boshini tebratdi.
– Nega darrov aytmading? Shuncha vaqt nega indamay yurding?
– Bilmadim, aytishga sira betim chidamadi.
– Kecha aytding-ku?!
– Kunim bitib qolganga o‘xshaydi deb o‘yladim. O‘lim oldidan nimalarni gapirmaydi odam? Seni yaxshi ko‘raman.
Bunday bo‘lishini Sima sira kutmagan edi. Muqaddas sirlarini o‘limiga qadar saqlamoqchi bo‘lgan bu yigitga achinib ketdi.
Shafqat hamshiralari barchaga birdek mehribonlik qilishi hammaga ma’lum, ammo Sima boshqa bemorlarga qaraganda Otoziga mehribonroq bo‘lib borayotganini payqab qoldi.
Sima navbatchilik paytlarida yonboshida o‘tirganda yigit shiftga tikilgan ko‘yi o‘zi haqida ko‘p narsalarni aytib berdi. U shunchalik ko‘p gapirdiki, hatto Sima sog‘lig‘iga shikast yetmasmikan deb xavotir ola boshladi. Qiz halinchakda xayol surib o‘tirganda yuqoridan turib tomosha qilgani haqida ham so‘zladi.
– Shu daqiqani sira unuta olmayman, hozir ham ko‘z o‘ngimda turibdi, – deb tan oldi yigit.
– Nima uchun?
– Bilmadim. Unuta olmayman, tamom-vassalom.
Sima yonoqlariga yoshligidagi kabi qaynoq qon quyilib borayotganini his qildi.
– Nega yolg‘iz o‘zing o‘tirgan eding? – so‘radi Otozi.
– O‘lib ketganim yaxshi emasmi, deb o‘ylayotgan edim.
– Nega o‘lmoqchi bo‘lding?
Sima indamadi.
– Kurixara tufaylimi? – so‘radi Otozi.
Demak, biladi. Sima achchiq qilib, gapini bo‘ldi.
– Bu haqda, yaxshisi, gaplashmaylik.
– Rostdan ham turmush qurasizlarmi?
– Ota-onalarimiz shuni xohlashadi.
– O‘zing-chi?
– Men bo‘lsam, o‘lib ketgandan ko‘ra hamshira bo‘lganim yaxshi deb o‘yladim. Hayotimni ezgu ishlarga bag‘ishlamoqchi bo‘ldim. O‘zim yoqtirmagan odam bilan yashagandan ko‘ra, shunisi ma’qul emasmi? Qizil xoch maktabida tibbiyot hamshiraligiga o‘qidim. Mana, ishlab turibman. Hamma gap shu.
Sima tungi qorovulning shaqildog‘iga o‘xshatib kaftlarini bir-biriga urib qo‘ydi.
Otozi yozgacha davolandi. Urush sharmandalarcha tamom bo‘layotgan edi, B-29 samolyotlari turli shaharlarni bombalab, kulini ko‘kka sovura boshladi. “Bizning shaharni ham bombardimon qilishsa, hech qayerga qochib ketolmayman” deb o‘yladi Otozi.
– Hujum boshlanib qolsa, meni tashlab ketaveringlar, – dedi u.
– Faqat o‘zingni o‘ylaysan. Go‘yo o‘lishdan oson narsa yo‘q, – achchiqlandi Sima.
– Sen ham qolaqol, – dedi u.
Shunga qaramay, iyulning oxirida, kechasi dushman shaharni bombardimon qilganda Sima bir hamshira bilan birga Otozini zambilda gospital orqasidagi qarag‘ayzor ichiga olib o‘tdi.
Shu kun tunda shahar ustiga yondiruvchi bombalar yomg‘irdek yog‘ildi, gospital joylashgan hududda alanga ko‘tarilib, uzoq vaqt osmonni yoritib turdi. Keyin alanga shu’lasi shahar markaziga yoyildi. Og‘ir bemorlar orasida qolgan Otozi qarag‘ay butoqlari orasidan ko‘rinib turgan qontalash osmonga qarab yotdi. Bemorlar sukut saqlashdi, hatto hech kim yo‘talmadi ham. Kimdir tik turib, kimdir cho‘kkalab, kimdir cho‘zilib yotgan ko‘yi qotib qolgan edi.
Ana shu sukut soniyalarida Otozi “Nihoyat o‘lim soati ham keldi” degan o‘yga bordi. Bir necha daqiqadan keyin hammalari qarag‘ayzor o‘rmon bilan birga yonib ketishadi.
Shu daqiqada kimdir qo‘lini ushladi. Zambil yonida Sima cho‘k tushib o‘tirardi. Qo‘llari qaynoq. Otozi o‘zi yolg‘iz emasligini angladi. Tirik qolganiga ishonish uchun u Simaning qo‘lini qattiq qisdi. Chirildoqlarning xushxon qo‘shig‘i qulog‘iga chalindi. Shu paytgacha bunga e’tibor bermagan edi.
Bir kuni Sima issiq sochiq bilan badanini artayotganda qizning barmoqlari mayin va muloyim harakat qilayotganini payqadi. U mehr bilan badanini uzoq vaqt uqaladi. So‘ng, xuddi hozir eslagandek, jo‘ngina qilib:
– Kurixara ko‘ngilli bo‘lib frontga ketdi, – dedi.
– Qachon?
– Mart oyida. Xat yozib xabar qildi, kelishga vaqti yo‘q ekan. Buni bildirmoqchi emas edim, ammo kecha osmonga qarab o‘tirib, sen bilib qo‘yishing kerak deb o‘yladim.
Tashqaridagi musaffo osmon, charaqlab turgan quyosh bugun butunlay boshqacha edi.
– Bilasanmi, hammamiz o‘lib ketamiz, – dedi Otozi.
Sima indamadi, keyin jimjilog‘i bilan yigitning qo‘liga urib qo‘ydi.
– Agar shunday bo‘lsa, ikkimiz birga o‘lamiz, – unga qaramasdan shivirladi u va palatadan chiqib ketdi.
Avgustning o‘rtasida hech kutilmaganda urush mag‘lubiyat bilan tamom bo‘ldi, yana osoyishta kunlar boshlandi.

V

Erta uyg‘ongan Sima qayerdaligini anglay olmadi. Sukutga cho‘kkan xona ichiga deraza tirqishidan oppoq nur yog‘ilardi. Hammayoq jimjit. Tiq etgan tovush eshitilmaydi. Bu sokinlik Simaning yuragida qandaydir bezovtalik uyg‘otdi. Nazarida uni uyqusida butunlay boshqa dunyoga o‘tkazib qo‘yishgandek tuyuldi.
Shundagina Sima yonida kimdir uxlayotganini sezdi – bu Otozi ekanini, ikkalasi Zippeki ko‘li qirg‘og‘ida qo‘nim topishganini esladi.
Otozi mast uyquda edi.
U kiyinib tashqariga chiqdi va yo‘lakdagi katta oynani butunlay qirov bosganini ko‘rdi. “Ko‘chalar nega jimjit?” o‘yladi va shu zahoti miyasiga urilgan fikrdan karaxt tortib, to‘xtab qoldi: agar qor tinmasa, chanalar shaharga qatnamaydi. Unda bu yerdan ketishga hech qanday imkon bo‘lmaydi.
Oshxonadan qaynayotgan sho‘rva hidi chiqib turardi.
– Baxtga qarshi qor yog‘di. Kecha uyquga yotishimizdan oldin osmon yulduzga to‘la edi… Tog‘da shunaqa, ob-havo birdan aynib qoladi… – dedi piyoz to‘g‘rayotgan Torikuraning xotini. Qor kuchayib borar, derazadan ko‘rinib turgan qarag‘aylar deyarli uchigacha oppoq qorga ko‘milib bo‘lgan edi.
– Shaharga chana yurarmikan?
– Bunday qorda yurishi gumon. Yo‘lda tiqilib qolsa, bundan yomoni yo‘q.
Qor tingandan keyin ham chanalar yura olmaydi, yo‘llar qorga ko‘milib qolishini fahmladi Sima.
– Chamamda, zerikadiganga o‘xshamaysizlar, hech narsani o‘ylamasdan toqqa issiq suvga kelgandek bemalol dam olaveringlar, – dedi Torikuraning xotini.
Bu yerdan hali-beri chiqib ketolmasliklariga aqli yetgan Sima hatto bir qadar yengillashgandek bo‘ldi. Agar shaharga ketganlarida ham qayerga borishadi-yu kimnikiga sig‘ishadi? Bu yerda sho‘rva xushbo‘y hid taratib turibdi.
– Eringiz hali uyg‘ongani yo‘qmi? Hademay nonushta qilamiz, – dedi Torikuraning xotini.
Sima xonaga qaytib kirdi. Eshikning g‘ijirlashidan Otozi uyg‘onib ketdi.
– Kim u? E, senmisan? – dedi u.
– Kim deb o‘ylading?
– Opam kirdimi deb o‘yladim. Uni tushimda ko‘rdim.
Sima indamasdan Otoziga tikilib qoldi – u uyqu karaxtligidan zo‘rg‘a qutulmoqda edi.
– Hammayoq jimjit. Shundaymi?
– Ha, qor yog‘ayotganga o‘xshaydi.
– Buni qanday bilding?
– Qor uchqunlari qo‘nayotgani eshitilayapti, – dedi Otozi.
Kun bo‘yi qor yog‘di. Otozi faqat ovqatlangani turib, kuni bilan uxladi. Sima pechkada suv qaynatib, o‘zi bilan Otozining ichki kiyimlarini yuvdi. Tez-tez xonaga mo‘ralab turdi. Otozi qattiq uxladi. Uning hali bolaligini yo‘qotmagan osoyishta chehrasiga qarar ekan, Sima yigirma ikki yoshga kirgan bu yigit, chamasi, hech qachon hozirgidek huzur-halovat ko‘rmagan bo‘lsa kerak, deb o‘yladi. Balki u tushida bolalik onlariga qaytib, opasini ko‘rgandir, endi uni o‘ngida hech qachon ko‘ra olmasa kerak. Bu fikrdan hatto o‘zi ham qo‘rqib ketdi.
Urush tamom bo‘lib, oradan bir yil o‘tganda Tami ukasini yo‘qlab gospitalga keldi. Shunda ham qalin qor yoqqan edi. Sima yo‘lak bo‘ylab kelayotganida navbatchi hamshiraga duch keldi.
– Sizni uchratganim qanday yaxshi bo‘ldi. Teradami-san kelgan edi, hozir ayni dam olish payti, ichkariga kirish mumkin emas. U esa palataga kirgizinglar deb talab qilyapti. Nima qilamiz?
Urush tugagagan yili, noyabr oyida harbiy sihatgoh mahalliy ma’muriyat ixtiyoridagi shifoxonaga aylantirilgan bo‘lsa-da, barcha shifokorlar, hamshiralar va og‘ir bemorlar o‘z joyida qoldirilgan, oldingidek qattiq intizom saqlangan edi. Otozining opasi kelganini eshitgan Sima dahlizga yugurdi. Divanda bir ayol oyoqlarini chalishtirib, sigareta chekib o‘tirar edi. Egnida qimmatbaho palto, – qayerdan oldi ekan – xuddi hammomdan chiqqandek sochlarini yelkasiga tashlab olgan. Bu ayollar mehnat armiyasidan qaytgan Tami edi.
Sima uni bir necha yildan beri ko‘rmagani uchun dab-durustdan taniy olmadi. Hatto Otozi ham haddan tashqari bezangan, quyuq bo‘yoq chaplanganidan lablari katta ko‘rinayotgan bu ayol Sima bilan birga palataga kirganda o‘z opasi ekanini bilmay, hayron tikilib qoldi.
– Bemalol yotganingni qara! Men bo‘lsam alaqachon tuzalib ketgansan deb yurardim. Bunchalik uzoq yotishingni kim bilibdi? Hol-ahvoling qanday, o‘zi?
Hali o‘zgarish sezilmagan, ayniqsa, shu kunlarda endi tamom bo‘ldim deb tushkunlikka tusha boshlagan Otozi sir boy bergisi kelmadi:
– Asta-sekin tuzalyapman.
Qachon tuzalishini kim bilsin? Tuzalganda ham og‘ir baliqchilik kasbiga yaraydimi-yo‘qmi, hali bu noma’lum. Keyin qanday tirikchilik qiladi, nima ish bilan shug‘ullanadi? Askar bo‘lib askar emas, baliqchi bo‘lib baliqchi emas. Otozi o‘z kelajagini aniq tasavvur etolmasdi.
– Ikkimiz ham tirik qoldik, xudoga shukr. Kechagina o‘lim to‘shagida yotgan eding, hammasi o‘tib ketadi. Hozir qo‘rqadigan joyi qolmabdi. Taqdir bergan hayotda o‘ynab-kulib yashash kerak.
Tami unga tasalli berib, ko‘nglini ko‘tarishga urindi. Ketayotganda ishga joylashishi bilanoq manzilini ma’lum qiladigan bo‘ldi. Yomg‘irlar mavsumi tugaganda kichkina suratli ochiq xat yubordi. Unda Zippeki ko‘li qirg‘og‘idagi Xotaru qishlog‘ida, “Kogetsu” mehmonxonasida ishlayotganini aytib: “Juda chiroyli joy, havosi toza. Oyoqqa turishing bilanoq tez yetib kel”, deb yozgan edi.
Maktubdan qattiq ta’sirlangan Otozi tog‘dagi ko‘lga borishni orzu qila boshladi. Nazarida bu yer jannatning o‘zi edi. Kasalxonadan qochish arafasida Sima Kurixara uni olib ketish maqsadida kelganini aytdi. Yigitning xayolida shu damda qorli oq tog‘lar orasidagi sokin moviy ko‘l mavjlanib ko‘rindi.
Sima Kurixara kasalxonaga qanday kirib kelgani, ammo u hozir bandligini bahona qilib, uni ijarada turadigan uyiga jo‘natib yuborgani haqida gapirdi. Hamma hamshiralar ijara uylarda turardi.
– Soat oltida ishim tamom bo‘ladi, ammo uyga borishni xohlamayman.
– Nega endi? Boraver.
– Yo‘q, borolmayman.
– Unda nima qilmoqchisan?
Sima indamadi, labini tishlab, jim turaverdi. Keyin qo‘llari bilan yuzini to‘sdi:
– Yo‘q, xohlamayman. Bu odamning oldiga borguncha, o‘lganim yaxshi.
U yig‘lab yubordi.
– Men Zippeki ko‘liga boraman. – Bu so‘zlar yigitning og‘zidan beixtiyor chiqib ketdi.
Sima qo‘llarini musht qilib, yigitga hayrat bilan tikilib qoldi. Keyin xotirjam gapirdi:
– Men ham boraman. Birga olib ket.
Afsuski, ular ko‘lga kelib, Otozi orzu qilgan “jannat” oppoq qor ostida qolganini ko‘rdilar, izlagan odamlari esa bedarak ketgan edi.
Shu kechasi Otozi sovuq qotayotganidan shikoyat qildi, issiq suvda cho‘milib chiqqan Sima uning qoq suyak gavdasini bag‘riga bosib, isitishga harakat qildi. Otozi qiz ko‘ksiga burnini ishqab:
– Sovun hidi kelyapti. Men ham o‘lim oldidan odamga o‘xshab loaqal bir marta vannada yuvinishni xohlayman, – dedi.
Sima sukut saqlab turgach:
– O‘zim yaxshilab yuvintirib qo‘yaman, – deb tasalli berdi.

VI

Ertasi kuni qor tindi, ammo shamol qo‘zg‘alib, “Kogetsu” mehmonxonasi atrofida izg‘irin kun bo‘yi g‘irillab turdi. Tongda havo ochilib ketdi, ammo Torikura yo‘llar qorga ko‘milib qoldi, chanalar shaharga borishi gumon degan gapni topib keldi.
– Havoning avzoyidan xafa bo‘lib o‘tirmanglar, – tasalli berdi u. – Bu­gun klubda yoshlar kechasi o‘tkaziladi. Borib charchoqni yozib kelasiz.
Xonadagilar darrov javob bermadi, bir necha soniya o‘tgach, ayolning ovozi eshitildi:
– Hozir chiqamiz.
Saldan keyin ayol oshxonaga chiqib, ustara topilmadimi deb so‘radi. Torikura o‘zimnikini beraman, yaponlarniki, ammo unchalik o‘tkir emas dedi. Keyin u pechka yonida turib trubka chekdi va o‘tin keltirish uchun tashqariga chiqdi. Yorug‘ vannaxonadan mayin qo‘shiq eshitildi. Erkak va ayol kuylashardi. Torikura bunday ohangni qayerdadir eshitgandek bo‘ldi – u baliqchilar aytadigan “Katta o‘lja qo‘shig‘i”ga o‘xshab ketar edi. Qayerda eshitganini eslay olmadi.
Vannadan keyin erkak bilan ayol bu yerga kelgandagi kiyimlarini kiyib, tashqariga chiqishdi va klubga qanday borishni so‘rashdi.
– Kechaga boradigan bo‘ldinglarmi? Shamollab qolmaysizlarmi? – so‘radi Torikura. Qo‘rqadigan joyi yo‘q, deb baravar javob berishdi. Erkak soqolini tozalab qirgan, ichiga botib ketgan yuzlari yaltirar edi.
Hayratda qolgan Torikura, ikkalasini kuzatgach, xotiniga gap ma’qulladi:
– Yasanib olishganini qara! Yaqinginada askar kiyimida yurishardi.
– Hali yosh-da. O‘zing ham yoshligingda shunday eding. Eslashga ham uyalaman! – kuldi xotini.
Ammo erkak bilan ayolni yoshlar klubida hech kim ko‘rmadi. Ular “Kogetsu” mehmonxonasiga ham qaytib kelishmadi. Torikura xavotir olib, klubga izlab bordi. Kecha tamom bo‘lgach, yoshlarni ishga solib, chor atrofni qidirib chiqishdi, ammo yo‘qolganlarni topib bo‘lmadi. Hamma xavotirga tushdi, turli gap-so‘zlar tarqaldi.
Ertasi kuni o‘rta maktabda o‘qiydigan qizaloq kechasi uyiga qaytayotib Kamivari qoyasida miltirab turgan g‘alati bir shu’la ko‘rganini eslab qoldi. Kamivari qoyasi ko‘l yonboshida tikka osilib turar, uning eng tepasida kichkinagina ibodatxona qurilgan edi. Qish pallasida, buning ustiga tun yarimlaganda bu yerda kim gulxan yoqardi deysiz. “Sehrgar tulki ko‘zlarini yaltiratib, olovga o‘xshab ko‘rindimikan? – o‘yladi qizcha. – Ammo qish paytida tulkining ko‘zi bunchalik yaltiramasa kerak”. U hayrat va qo‘rquv ichida uyiga qarab chopib ketgan edi.
Qishloqdagi katta-kichik odamlar Kamivari qoyasiga qarab yugurishdi. Hammaning ko‘zi muz qotgan ko‘l ustidagi ikki murdaga tushdi. Chamasi ular o‘zlarini cho‘qqidan pastga tashlagan edilar.
Ayolning bo‘yin umurtqasi sinib, qiyshayib ketgan, yuzi yuqoriga qarab qotib qolgan edi. Erkak undan sal narida – yupqa muz ustida boshi suvga tegib yotar, ikkalasining yuziga qurum yopishib, qoraytirib yuborgandi. Dastlab buning sababini hech kim bilmadi. Faqat qoya ustiga chiqishganda hamma narsa oydin bo‘ldi. Ikkalasi o‘lim oldidan kichik ibodatxona ichida olov yoqib, isinishgan ekan. Yuzlari shunda qorayib, qotib qolgan edi.
Ular ichki kiyimda, deyarli yalang‘och yotishardi. Yigitning mo‘ynali telpagi, ayolning jun ro‘molidan nom-nishon yo‘q. Kul ichidan kuygan mo‘yna bo‘lagini topishdi. Ular barcha kiyimlari va buyumlarini gulxanda yondirishgan edi.
O‘lim oldidan nega gulxan yoqishdi ekan? Balki buyumlarini bitta-bittalab olovga tashlab, so‘nggi daqiqalarni ozgina bo‘lsa-da, cho‘zishni xohlashdimikan? Ular hech qanday najot yo‘qligini anglab yetgan edilar, ammo hayotga muhabbat, yashash ishtiyoqi gulxan yoqishga undaganiga shubha yo‘q. Hamma narsalari yonib bo‘lgandan keyin umr ham nihoyasiga yetgan edi.
Ularning jasadini “Kogetsu” mehmonxonasiga olib kelishdi. Torikuraning xotini tinimsiz yig‘lardi:
– O‘limga ketyapmiz deb bir og‘iz aytishmadiyam. Qanday yasanib olishgan edi-ya!..
U yig‘lab turib marhumlarning yuz-ko‘zlarini ho‘l sochiqda artdi, ammo teriga yopishib qolgan qurumlarni yo‘qotib bo‘lmadi.

Rus tilidan Ortiqboy Abdullayev tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 12-son