Bir vaqtlar men Misrning kichik shaharlaridan birida prokuraturada tergovchi bo‘lib xizmat qilgan edim. Sirasini aytganda, o‘sha kezlarda hech kim viloyat prokurorichalik g‘ashimga tegib, hayotimni zaharlagan emas. Bu odamning topib olgani chilim chekishu, odamlarni tahqirlab masxaralash edi. U odamlarga yomonlik qilmasa, kuni o‘tmaydigan bo‘lib qoldi. Shuni ham aytib qo‘yayki, men hozir faqat uning bu illatlari unga tobe xodimlar o‘rtasida qanday namoyon bo‘lishi to‘g‘risida gapiryapman, xolos, uning xizmat faoliyati doirasidagi kirdikorlarini mutlaqo tilga olayotganim yo‘q – ehtimolki, bu sohadagi o‘zboshimchaliklarini “xizmat yuzasidan majburan qilyapman” degan vaj bilan jinday oqlashi mumkindir. Odatda tergov olib borilayotganda u gumondorlarni och qoldirib va suv bermay qiynar edi. Sud vaqtida esa oqlovchilarning ishiga muntazam ravishda xalaqit berib, ularga o‘z himoyalaridagi odamlarni bemalol oqlashga yo‘l qo‘ymas edi. Agar sudlanayotgan odam jimjimador va ilmoqli iboralarda berilgan savollar changalzorida adashib, dovdirab qolsa, u buni ko‘rib, dil-dilidan xursand bo‘lardi. Buni u o‘z faoliyatida g‘oyatda o‘rinli va joiz deb hisoblardi. Biroq men hozir uning faoliyatining bu qirrasi to‘g‘risida gapirayotganim yo‘q, men hozir uning bizga – o‘z yordamchilariga, idorasidagi o‘z tobeinlariga g‘ayriinsoniy muomalasi to‘g‘risida gapiryapman, xolos. Lekin u hammamizni baravar tahqirlamas, balki kattalarning ichida biron-bir madadkori yo‘qlarimizni qattiq ezardi. Badavlat, qo‘li uzun odamlar orasida qarindosh-urug‘lari borlarimizga esa juda qulay sharoitlar yaratib berar, har xil qo‘shimcha ishlardan xalos etib qo‘yar va qora ishlarni menga o‘xshagan homiysi yo‘q “etim-esirlar” va “ojiz bandalar” zimmasiga yuklab qo‘yardi.
Vazirlikda mening suyanchig‘im yo‘q edi, shuning uchun men o‘zimning o‘rkachimgagina, ya’ni astoydil qiladigan mehnatimga suyanmog‘im mumkin edi, xolos. Prokuror menga hatto kechalari ham uyqu bermas edi – u meni har xil mayda-chuyda “hodisalar” bo‘yicha protokollar tuzishga jo‘natardi. Biror joyda arzimagan yong‘in bo‘lib qolsa hamki, bunga men yugurar edim, holbuki, bunaqa ishlar azaldan prokuratura tergovchilarining emas, mahalliy politsiyachilarning zimmasida edi. Na bayram, na dam olish kunlari ham undan ijozat olib, shaharning tashqarisiga chiqib, dam-pam olib kelishning ham imkoni yo‘q edi. Yolg‘on bo‘lmasin, u bir marta menga Iskandariyaga borishga ijozat bergan edi. Men borib, dengiz bo‘yida miriqib dam olib kelgandim. Lekin nima bo‘lib o‘shanda menga bunaqa iltifot qilganini hanuzga qadar bilmayman. O‘sha kuni u g‘oyatda parishonxotir bo‘lgan bo‘lsa kerak, iltimosimni tuzukroq anglab-anglamay javob berib yuborgan bo‘lishi mumkin. Chilimini xo‘rillatib o‘tirib, mening ijozatimga u to‘ng‘illab javob berdi:
– Ertalab ishga yetib kelinsin.
“Faqat bir kechagagina borib kelmoqchiman, xolos” deb uning xotirini jam qildim.
Men simfonik musiqani yaxshi ko‘raman. O‘sha kuni kechqurun esa Iskandariyada “San-Stefano” xazinasida simfonik orkestrning kontserti bo‘ladigan edi. Dasturda Betxoven asarlari bor edi. Men bu kontsertga tushishga juda-juda orzumand edim. Bu yerda – avloq bir joyda, nodon va chala mulla hamkasabalarim qurshovida. Hammayoqda farosatsizlik, jinoyatchilik hukmron bo‘lgan bir muhitda men yuksak san’at quvonchlaridan bahramand bo‘lish imkoniyatidan butunlay mahrum edim. Men Iskandariyaga yetib kelishim bilanoq bildimki, prokuror Iskandariya gubernatorligining idorasiga qo‘ng‘iroq qilib, mening zudlik bilan qaytib kelishimni buyuribdi. Birinchi poyezdga chiqishimni, hatto u yuk poyezdi bo‘lgan taqdirda ham, undan qolmay yo‘lga chiqishim kerakligini uqdiribdi. Qaytib borib, u yerda “sodir bo‘lgan namoyishlar” bo‘yicha ishni tergov qilmog‘im kerak emish. Men o‘sha tundayoq qaytishga majbur bo‘ldim va albatta, qaytib kelib bildimki, hech qanaqa namoyish bo‘lmagan ekan. Politsiya idorasida meni shaharda hech qanaqa noxush voqea ro‘y bermaganiga ishontirishdi. Prokuror, illo-billo, meni qiynamoqni ixtiyor etib qolganini angladim – shundan u lazzat olardi.
Bir-biriga o‘xshash zerikarli, diqqinafas kunlar oldinma-ketin o‘tib borardi. Bu yil yoz, ayniqsa, issiq keldi. Yozning avj pallasida shaharchamizga Qohiradan mening eski qadrdonim artist va rejissyor Umar Vasfi rahbarligidagi teatr truppasi gastrolga keldi. Akkashi teatrida u mening birinchi pesamni sahnaga qo‘ygan edi. Men Umar afandini o‘sha vaqtdan beri yaxshi bilaman va iste’odini yuksak qadrlar edim. O‘sha kunlarning quvonchi hali-hali esimda – axir, men unda hali yangi edim va bu mening birinchi ishim edi-da!
Men eski qadrdonim bilan ko‘rishib, uning truppasida qo‘yilgan spektaklni ko‘rish ishtiyoqida edim. Shuning uchun o‘sha oqshomdayoq teatrga borishga ahd qildim. Uyga qaytib kelib, ovqatlandim-da, teatrdan oldin to‘yib bir uxlab olmoqchi bo‘ldim. Kunduz kunlari jazirama issiq edi. Men esa kecha kun bo‘yi va hatto kechasi ham har xil ishlarni tergov qilib, juda toliqqan edim. Shuning uchun darhol uxlab qoldim. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, uyimning eshigi qattiq taqillaganidan uyg‘onib ketdim. Prokuror qorovulni yuborgan ekan – u mening darhol prokuror huzuriga yetib borishim zarurligini aytdi. Uyqum tuzukroq tarqamay, ensam qotib, yotgan joyimdan sapchib turib ketdim.
– Darhol yetib kelsin dedimi? Shu ahvolda-ya! Tinchlikmi? Nima gap ekan o‘zi?
Engi bilan terlab ketgan yuzini artgan qorovul javob berdi:
– Xudo haqqi bilmayman.
Men soatga qaradim – kunduzgi uch edi.
Kunning eng jazirama vaqtida mendan bu odamga nima kerak ekan-a! Men bilardim – bizning prokurorimiz tushlikdan keyin uxlashni odat qilmagan. U bu vaqtni bir piyola qahva ichib va chilim chekib o‘tkazardi. Qorovul menga hamma gapni aytib berdi. Prokuror qahva “qabul qilishi”ni eson-omon tugatibdi, chilimini chekib bo‘libdi, jinday mizg‘ib, dam olmoqchi bo‘lgan qorovulni uyg‘otibdi-da, prokuraturadagi hamma mirzalarni uyidan chaqirib kelishni buyuribdi va ularning har qaysisiga ish topib bera boshlabdi. Bundan kuzatgan yagona maqsadi – ularni shundoq issiqda dam olish imkonidan mahrum qilish edi.
Men o‘ylanib qoldim, keyin qarshimda turgan qorovulga qaradim. U sho‘rlik prokuraturadan mening shahar chekkasidagi uyimgacha bo‘lgan ancha uzoq masofani o‘tguncha qora terga botib, tili osilib qolgandi. Keyin dedim:
– Ko‘chalar qalay? Issiqdir?
– Baayni jahannamning o‘zi, – deb javob berdi u.
Shunda men uyimdagi salqingina yo‘lakka ishora qildim:
– Manavi yerda o‘tirib, salqinda biroz nafasingni rostlab ol! Manavi idishda muzdek suv ham bor.
– G‘oyatda minnatdorman bey-og‘a! Baraka toping, ilohim! – dedi xursand bo‘lgan qorovul.
Uni yo‘lakda qoldirib, o‘zim xonamga qaytdim, yana o‘rnimga yotib, qattiq uyquga ketdim. O‘tgan bo‘lsa, oradan yarim soatcha o‘tgandir, yana eshikning qattiq taqillashidan uyg‘onibman. Eshik oldida prokuror yuborgan yana bir qorovul turardi – u ham o‘sha topshiriq bilan kelibdi. Uni nafasini rostlab olishiga ham quymay, darhol so‘radim:
– Ko‘chalar qalay? Issiqmi?
– So‘ramayoq qo‘ying. Do‘zaxning o‘zi.
Men unga salqin yo‘lakdan joy ko‘rsatdim.
– Birpas o‘tirib, og‘ayning bilan dam ol. Muzdek suvdan ich.
U chin yurakdan minnatdorchilik bildirdi, men esa xonamga qaytib, o‘rnimga yotdim-da, yana hech narsa bo‘lmaganday uyquga ketdim. Bilmadim yana qancha vaqt o‘tdiykin – ehtimol, yarim soat o‘tgandir. Men yana eshikning taqillaganidan uyg‘onib ketdim. Yana bitta qorovul kelibdi. Xonadan chiqib, unga ham o‘sha oson savol bilan murojaat qildim:
– Ko‘chalar qalay. Hali ham issiqmi?
– Chidab bo‘lmaydigan dim, – deb zo‘rg‘a javob berdi uchinchi qorovul.
Bu yoshi o‘tinqirab qolgan odam edi. Toliqqanidan zo‘rg‘a oyoqda turar, yiqilib tushmaslik uchun eshikning kesakisiga suyanib olgandi.
Uni ham yo‘lakka kirdim. Ikkita sherigi bilan birga salqinda biroz dam olishni taklif qildim. O‘zim esa, xonamga kirib, yana o‘rnimga kirib yotdim. Lekin bu gal uxlashning iloji bo‘lmadi. Men mulohaza yurita boshladim: prokurorning uchta qorovuli bor, ularning uchchovi ham hozir shu yerda. Ulardan birontasi hali-beri ishiga qaytmaydi. Bu yog‘i nima bo‘larkin? Nima bo‘lardi – ikkidan biri bo‘ladi-da: yo endi u politsiya guruxini jo‘natadi yoki bo‘lmasa, o‘zi halloslab kirib keladi. Har ikkala holda ham oqibati yaxshi bo‘lmaydi. Nima qilmoq kerak? Bir amallab, biron ilojini qilmasa bo‘lmaydi! Shu choq men sapchib o‘rnimdan turdim-da, apil-tapil kiyinib, yo‘lakka chiqdim va qorovullarga dedim:
– Bemalol o‘zlaringni uylaringdagidek his etaveringlar. Yaxshilab dam olinglar. Agar issiqdan qo‘rqsalaring, issiq qaytmaguncha, prokuraturaga bormay turaturinglar. Agar birov kelib, “nima qilib o‘tiribsizlar?” deb so‘rasa. Meni uydan topmaganlaringni, qaytib kelishimni kutib o‘tirganinglarni aytinglar.
* * *
Uydan chiqqandan keyin o‘zimga o‘zim dedim: modomiki, isyon bayrog‘ini ko‘targan ekanman, rosa o‘n soat ko‘nglim tusagan narsani qilaman. Endi u mening qayerda ekanimni bilmaydi. Uyimdan chiqib ketar ekanman, boradigan joyimni hech kimga aytganim yo‘q. Demak. men erkinman. O, erkinlik onlari naqadar totli! Mayli, erkinlik bir lahzalik bo‘lsa-da, hechqisi yo‘q! Orqangdan prokuraturaning qorovuli yoki chopari ergashib yurmasa, sayr qilib, aylanib yurish qanchalik rohat! Bugun teatrga boraman. U yerda prokurordan nom-nishon ham bo‘lmaydi. Prokuror ikki dunyoda ham teatrga qadam bosmaydi. Yo‘q, butun oqshom davomida qahvaxonada chilimini tortib o‘tiraveradi. Men esa shaharni aylanib sayr qilaman. Biron qahvaxonada o‘tirsam, meni bir zumda topib olishlari mumkin, lekin shahar ko‘chalarida guras-guras odamlar orasidan meni qidirish kimning ham xayoliga kelar edi.
Mana, men oddiy bir shahar fuqarosi kabi ko‘chalarda bemalol tentirab yuribman, o‘tgan-ketganlarni bemalol tomosha qilyapman. Men endi ularga ortiq prokuratura tergovchisining ko‘zi bilan qarayotganim yo‘q. Tergovchi har bir odamda jinoyatchini ko‘radi, har bir bashara unga shubhali tuyulaveradi. Men tergovchi bo‘lib tayinlanganimdan beri o‘zimni vaziyatning xo‘jayini deb his qilayotganim yo‘q, balki tenglar ichida tengdosh deb, uzilmas rishtalar orqali butun jamiyat bilan bog‘langan maxluqday his qilyapman.
Hamma devorlarda kelgan truppaning afishalarini ko‘ryapman. Bugun “Xorun-ar-Rashid” dramasi qo‘yilar ekan. Beixtiyor o‘tmishda qolib ketgan olis kunlar esimga tushadi: o‘sha paytlarda Qohira ko‘chalarida sayr qilib yurib, devorlarda Akkoshi guruhining afishalarini ko‘rardim. Ularda men yozgan “Kuyov” degan komediyaning birinchi tomoshasi haqida xabar qilinardi. Afishaning pastida mayda harflar bilan yozilgan ism-sharifimni o‘qib, o‘zimni shu kunning qahramoni deb his qilgan edim. Har qanday boshlovchi yosh havaskor muallif singari o‘zimni allaqachon san’at arbobi deb bilardim. Orzular! Yoshlik orzulari!
O‘tgan kunlarni xotiramdan o‘tkazar ekanman, Umar afandi mening asarimni sahnaga qanday qo‘yganini va unda asosiy qahramonlardan birining rolini o‘sha paytlardagi eng mashhur, hozir rahmatli bo‘lib ketgan Muhammad Bexchet o‘ynaganini esladim. U paytlar teatrlarda o‘zining kiyim tikadigan ustaxonasi bo‘lmas edi, spektakllardagi liboslarning tashvishini aktyorlarning o‘zlari qilardi. Esimda, Bexchet spektaklga o‘zining eng bashang kiyimlarini kiyib kelgandi, negaki, u spektaklda badavlat odam rolini ijro etmog‘i kerak edi. Dramani sahnaga qo‘yayotgan Umar afandi unga boshdan-oyoq razm solib chiqdi-da, dedi:
– Sen bu kiyiming bilan badavlat odamning rolini o‘ynash emas, masjidning oldida o‘tirib, tilanchilik qilsang bo‘lar ekan.
Bexchet uning gapiga qoyilmaqom qilib javob berdi:
– Na chora! Teatrimizning eng yaxshi va eng iste’dodli artistining libosi shunaqa-da! Agar biz sahnada chindan-da, bashang, badavlat odamlar qiyofasida ko‘rinishimizni istasangiz, marhamat qilib, bizni teatr hisobidan kiyintirib qo‘ying.
Bu javob shu qadar o‘rinli tuyulganki, Umar afandi rejissyor va sahnalashtiruvchi sifatida teatr direktori Zaki Akkashidan Agaba al Hadra ko‘chasida joylashgan tayyor kiyimlar magazinidan yangi kostyum xarid qildirishga erishgan. Artist Bexchet uni darhol kiyib olgan.
Ertasi kuni ertalab direktor Bexchetni yangi kostyumda shahar ko‘chalarida sayr qilib yurganida uchratgan.
– Bu qanaqasi bo‘ldi! – deb qattiq urishib bergan direktor. – Darhol bu kostyumni yechib qo‘ysinlar! Sen uni faqat spektakl vaqtidagina kiyishing mumkin. Boshqa vaqtda bu kostyum xuddi Otello yoki Sheryurak Richardning liboslari kabi dekoratsiyalar va boshqa rekvizitlar bilan birga omborda saqlanmog‘i kerak.
* * *
Nihoyat, oqshom ham cho‘kdi. Shahar teatriga borib, men eshik oldida politsiyachilarni ko‘rdim. Demak, spektaklni tomosha qilgani viloyat gubernatorining o‘zi ham kelar ekan. Men parterning o‘rta joyidan chipta oldim. Mening orqamda oddiy, qashshoq shaharliklar va qishloqlardan kelgan odamlar o‘tirishardi. So‘nggi qatorlarda mahalliy xizmatchilar va savdogarlar o‘tirishibdi. Hademay zalga viloyat gubernatori o‘zining muovini va politsiya boshlig‘i hamrohligida kirib keldi. Zaldagi odamlar o‘rtasida shivir-shivir boshlandi, hammaning diqqat-e’tibori birinchi qatorga qaratilgan edi. Qo‘ng‘iroq chalindi, parda ko‘tarildi va “Xorun ar-Rashid” spektakli boshlandi. Umar afandi vazir Ja’far rolini mahorat bilan ijro etdi. Men uni ko‘rmagan yillarim mobaynida u katta tajriba orttiribdi va zo‘r mahoratga erishibdi.
Spektakl tamom bo‘lishi bilan men parda orqasiga chiqdim va Umar afandini izlab topdim. Bu kutilmagan uchrashuvdan u juda xursand bo‘lib ketdi. U parigini olib, ust-boshini yechib, grimlarini artib chiqqunicha, men uni kutib turdim, keyin ikkiimz birga ko‘chaga chiqdik.
Biz shahar bo‘ylab sayr qildik, o‘tgan kunlarni esladik, miriqib gurunglashdik, kulishdik va faqat san’at to‘g‘risida gaplashdik. Avvaliga men undan artistlar dunyosidagi yangiliklardan, keyin undan o‘z faoliyatini qachon va qanday qilib boshlaganini aytib berishini so‘radim. U faqat o‘ziga xos jozibadorlik bilan jilmaydi:
– Bu mavzuni tilga oladigan bo‘lsak suhbatimiz ertalabgacha ham tamom bo‘lmaydi.
– Ertalabgacha tugamasa, mayli, tugamasin, – dedim men shavq bilan. – Axir bu suhbatdan muhimroq narsa yo‘q-ku, biz uchun…
– Ertalab ishga borishing kerakmasmi? – deb so‘radi Umar afandi. – Aytgancha, sen hali o‘zing to‘g‘ringda gapirib berganing yo‘q. Hozir nima ish qilyapsan?
Darhaqiqat, men hali o‘zim to‘g‘rimda hech narsa deb og‘iz ochganim yo‘q edi. Ishimni gapirib berishga uncha ishtiyoqim ham yo‘q edi.
– Keyin gapirib berarman. Hozirgi g‘animat fursatlarni san’atga bag‘ishlay qolaylik. Men sening qanday qilib artist bo‘lganingni, bu yo‘ldagi birinchi qadamlaringni bilgim keladi.
Umar afandi chuqur so‘lish olib, gap boshladi:
– Bu voqea hijriyning bir mingu uch yuzinchi yili sodir bo‘lgan edi.
Hijriy! Umar afandining bu so‘zlari menga bolalik yillarimni eslatdi.
Otam masjidda imomlik qilar va meni diniy ruhda tarbiyalar edi. U meni “Xan Ja’far” madrasasiga berdi, u yerda men o‘qishni, yozishni, “Qur’oni Karim” sirlarini o‘rgandim. Bolaligimdanoq men chopon kiyib, salla o‘rab yurishga o‘rganganman. Katta bo‘lganimda mahalliy masjidning imomi bo‘lmog‘im kerak edi. Bilmadim, baxtimgami yoki buning aksimi – bir kuni tengdoshlarim menga teatr haqida gapirib berishdi va “Podsho Navuxodonosor” degan spektaklga olib borishdi. Men umrimda birinchi marta teatr tamoshasini ko‘rdim. Balkon chiptasi bor-yo‘g‘i bir piastr turar ekan. Spektakldagi bosh rolni hozir rahmatli bo‘lib ketgan Mahmud Habib o‘ynar edi. Shunisi esimda – spektakl ikki oy mobaynida surunkasiga har kuni qo‘yildi va biz darslarni yig‘ishtirib qo‘yib, har kuni teatrga qatnadik. Tabiiyki, bu vaqt ichida men ota-onamdan faqat dakki yedim va yurakni siqadigan nasihatlar eshitdim. Ammo oqshom tushgunicha dakkilar ham, pand-nasihatlar ham paqqos esdan chiqib ketar va men yana orqa-oldimga qaramay, teatrga oshiqardim. Keyin biz al-Kardaxi guruhi paydo bo‘lganini eshitdik. Uning Qohira opera teatrida tomosha ko‘rsatishidan xabardor bo‘ldik. Bu guruhlagi artistlardan biri xonanda va bastakor shayx Salyama Xigazi edi. Ammo, afsuslar bo‘lg‘aykim, chiptalar haddan tashqari qimmat bo‘lib, balkonning o‘zi to‘rt piastr turardi. Men bu guruhning tomoshasiga atigi bir marta borishga muvaffaq bo‘ldim, xolos. “Aida” operasi namoyish qilinayotgan ekan. Lekin o‘zi ham kishini entiktirib yuboradigan darajada zo‘r tomosha edi-da! Men dekoratsiyalarning g‘aroyibligiga, qadimgi sarbozlar va habashlarning bashang kiyim-kechaklariga lol qolib, spektaklni angraygancha tamosha qilgandim. Operadan keyin uyga kelgach, hayajondan ertalabgacha uxlay olmadim. Ertalab, o‘rnimdan turib qat’iy ahd qildim: “Artist bo‘laman! Har qanday qilib bo‘lsa-da, artist bo‘laman!”
Yopirilib kelgan xotiralardan boshimni ko‘tarib, yana iltimosimni takrorladim:
– Qani, aytaqol. Qanday bo‘lgan edi?
Umar afandi hikoyasini boshladi:
– Bu voqea hijriy bir ming uch yuzinchi yilda ro‘y bergan edi. U paytlar Qohirada Xeldiv opera teatrida bir necha guruh tomosha ko‘rsatardi. Kunlardan bir kuni o‘zi bilan tomoshaga olib borgan og‘aynimdan menga sahna ortidagi aktyorlarni yoki loaqal ular kanday mashq qilishlarini ko‘rsata olmaysanmi, deb so‘radim. Ikki kundan keyin u menga quvonchli xabar keltirdi – spektakllardan birining mashqini borib ko‘rishimizga ruxsat olgan ekan. Kech tushishi bilan biz oyog‘imizni qo‘limizga olib, teatrga yugurdik – taniqli rejissyor Nasim afandi Gabriel Manbaravi artistlar bilan qanday shug‘ullanishini ko‘rmog‘imiz kerak edi. Biz kelgan paytimizda u bir bolani spektakldagi xizmatkor roliga tayyorlayotgan ekan. Nasim afandi unga bir iborani qanday ohangda aytishi kerakligini takror-takror uqtirmoqda-yu, biroq bola uni sira eplab to‘g‘ri ayta olmay, rejissyorni rosa xunob qilmoqda edi. Shunda men ortiq chidab turolmadim va sahna ortidan ovozim boricha qichqirdim: “Shu rolni ijro etishga menga ijozat bering, afandim!” Shu yerda hozir bo‘lganlar mening shijoatimdan va dovyurakligimdan hayron bo‘lishdi. Rejissyor mening iltimosimni inobatga oldi va bolaga rolning so‘zlari yozilgan daftarni menga berishini buyurdi. Men bu so‘zlarni yod olmog‘im kerak edi. Biroq men avvalgidan ham balandroq ovozda baqirdim: “Men so‘zlarning hammasini bilaman. Mashq vaqtidayoq ularni yodlab olganman!” Menga ijozat berishdi va men sinovdan muvaffaqiyat bilan o‘tdim. Artistlar qarsak chalib, meni qutlashdi. “Balli! Barakalla!” degan ovozlar yangradi. Faqat boyagi bolagina o‘ksinib qoldi. U ko‘zidagi yoshlarini miltiratib, gina qildi: “Bu yog‘i qandoq bo‘ldi? Men bu rolni yod olgunimcha necha kun mehnat qilgandim, siz bo‘lsangiz uni bugun kelgan odamga berib o‘tiribsiz?” Mening artistlik faoliyatim ana shu xizmatkor rolini o‘ynashdan boshlangan. Meni “Milliy idtihod” guruhiga qabul qilishdi. Bu guruh Al-Azxarni tugatgan shayx Muhammad Basra tomonidan yozilgan “Qirol No‘monning qizi — Hind” degan pesani tayyorlayotgan ekan. Keyin men Mahmud Habibning truppasiga o‘tdim va ular bilan birga butun Misrni kezib chiqdim. Ammo Haddod truppasiga o‘tganimdan keyingina men chinakam teatr san’ati bilan tanishdim. U mashq vaqtida ko‘pincha biz – artistlarga: “Hamisha hayotdagidek oddiy va sodda bo‘lishga harakat qilinglar” deb tayinlardi. U tabiiy va chiroyli gapira olmaydiganlarni, ba’zan jig‘ibiyron bo‘lib, ayyuhannos solishgacha borib yetadigan, yasama ovozda gapiradiganlarni jinidan battar yomon ko‘rardi. “Xirillab qolguncha qichqirmang, jo‘ngina, oddiygina gapiring” deb takrorlashni yaxshi ko‘rardi Haddod. Uning san’atga qarashlari boshqacha edi.
Keyin Kardaxi yangi truppa tuzganida men unga qo‘shildim va “Mazlum” spektaklida zindonbon rolini o‘ynadim.
Umar afandi hikoyasini davom ettirdi, men esa uning gapini bo‘lmay, diqqat bilan tingladim. Tun juda ajoyib, beg‘ubor edi. Biz ko‘chaning o‘ng tomonidan ketib borardik. Birdan bizga yaqinlashib kelayotgan politsiyachiga ko‘zim tushdi. Uning qo‘lida qandaydir bir narsa oqarib ko‘rinib turardi. Hammasi ravshan bu – prokuraturaning qorovuli, prokurorning chaqiriq qog‘ozini topshirish uchun meni izlab yuribdi. Men Umar afandini qo‘lidan olib, ko‘chaning narigi betiga sudradim.
– Nima jin urdi seni? Tinchlikmi? Nima bo‘ldi o‘zi? – deb so‘radi qo‘rqib ketgan Umar afandi.
– Politsiya! Bu yerdan qochamiz! – dedim men hayajon bilan shivirlab.
Shu so‘zlar bilan men hayratda qolgan Umar afandini ko‘chaning qarama-qarshi tomoniga sudradim. Tun qorong‘i edi. Men politsiyachi deb o‘ylagan odam oddiy shaharlik kishi ekan, u bir qo‘lida oq rediska ko‘tarib olgandi. Darrov tinchlana qoldim. Lekin endi do‘stimning yuragi taka-puka bo‘lib qolgandi. U ketayotgan joyida taqqa to‘xtab, menga tikildi-da, ro‘yi-rost so‘radi:
– Nima gap o‘zi? Baraka topkur, aytsang-chi, nega politsiyachidan qo‘rqib ketding?
– Ertaga hammasini aytib beraman – dedim men. – Hozircha san’at haqidagi gurungimizni davom ettiraylik.
Ammo mening javobim uni tinchlantirmadi, balki, aksincha, yanada qattiqroq hayajonga soldi. U san’at to‘g‘risida boshqa gapirishni istamasligini aytdi, u hatto hozirning o‘zida gap nimada ekanini tushuntirib bermasam, darhol meni tashlab, ketib qolishini aytib, po‘pisa qildi. Ha, rost, bir vaqtlar u sayoq artistlar to‘dasida ish yuritgan, buni inkor qilmaydi, lekin u hech qachon politsiya ta’qib qiladigan guruh – jinoyatchilarga daxldor bo‘lmagan.
– Jinoyatchilarga deysanmi? – deb hayron bo‘ldim men.
– Bo‘lmasam-chi? Meni ma’zur tutadilar, lekin qotil bo‘lmasa, o‘g‘ri bo‘lmasa, kim politsiyachidan qo‘rqib, o‘zini panaga uradi?
–Qayoqdagi gaplarni gapirasiz-a, Umar afandi! – dedim men xotirjam kayfiyatda.
– Men bor haqiqatni bilishni istayman. Mayli, gap oramizda qolsin, lekin ayt – sen kimsan? Nima bilan shug‘ullanasan?
Zo‘r-bazo‘r kulgimni yashirib, javob berdim:
– Nima bilan shug‘ullanasan, deyapsizmi? Rostini aytsam, mening mashg‘ulotim chindan-da, jinoyatchilar dunyosi bilan bog‘liq.
– Yo, Parvardigor! – deb xitob qildi o‘lguday qo‘rqib ketgan Umar afandi va beixtiyor mendan o‘zini olib qochdi.
– Shoshmasangiz-chi, Umar afandi, – deb men uni bu shaxdidan qaytarmoqchi bo‘ldim. Lekin u qo‘llarini silkitib, unga yaqinlashmasligimga ishora qilib, dedi:
– Mening bu shaharda yangi odam ekanimdan foydalanib, boshimga ko‘ngilsizliklar yog‘dirmoqchimisan?
– Shoshmang, axir, – deb ta’kidladim yana. – Hozir hammasini aytib beraman.
Biroq u mendan o‘zini olib qochishda davom etib dedi:
– Men seni bilmayman! Avvallari ham sira bilgan emasman!
Shu so‘zlar bilan Umar afandi menga orqasini o‘girdi-da, jon-jahdi bilan mendan qochib keta boshladi.
Men uning ketidan quvdim. Yugura-yugura ikkovimiz qandaydir bir tor ko‘chaga kirib qoldik. Bu yerda soqchilik qilib yurgan politsiya guruxining serjanti uning yo‘lini to‘sdi. U aktyorning yoqasidan olib, so‘radi:
– Bunaqa bemahalda qayoqdan qochib kelyapsan?
– Men emas, manavi. Men kimdan qochib kelardim. Manavini ushlanglar!
Men bu dahanaki jangning nima bilan tugashini kutib turdim.
Politsiya serjanti mening do‘stimni dag‘allik bilan turtdi-da, yugurib kelgan politsiyachiga buyurdi:
– Ushlang uni!
Umar afandi esa yuragi qinidan chiqib ketay deb tevarak-atrofga alang-jarang qarar va menga ishora qilib qichqirishdan to‘xtamas edi.
– Mana – u! Mana-u! Men uni bilmayman. Xudo haqi, bilmayman!
– U deganing kim? – deb so‘radi serjant va meni ko‘rib buyurdi:
– Qani, beri kel-chi, og‘ayni!
Mening bo‘ysunishdan boshqa ilojim yo‘q edi. Shaxdam qadam tashlab, politsiyachining oldiga bordim. Aftidan, serjant mahkama majlislarida meni avval ko‘rib yurgan bo‘lsa kerak. Unga yaqinlashishim bilan oyoqlarini bir-biriga urib, chest berdi-da, dona-dona qilib dedi:
– Meni kechirgaylar, bey-afandim!
Shu payt Umar afandining yuzida qanday dahshat va hayrat zuhur bo‘lganini ta’riflab berish juda qiyin! Bularning hammasi juda tez ro‘y berdi – Umar afandi hech narsani anglashga ulgurmay ham qoldi. Serjantga murojaat qilib, so‘radim:
– Nega sen bu janobni qo‘lga olyapsan, serjant?
– Farmoyishingizga muntazirman.
– Unga tegma o‘z holiga qo‘y, – deb buyurdim men.
Umar afandini darhol qo‘yib yuborishdi. Serjant esa menga murojaat qildi:
– Yana qanday ko‘rsatmalar bor, bey-afandi?
– Bo‘ldi! Sen – bo‘shsan! – dedim men.
Serjant yana tovonini bir-biriga urib, chest berdi-da, soqchilikda birga yurgan politsiyachilari bilan nari ketdi. Biz Umar afandi bilan ikkovimiz qoldik. U hayron bo‘lganidan haykaldek qotib qolgandi.
– Nima bo‘ldi sizga! – deb unga xitob qildim.
– “Nima bo‘ldi” deganing nimasi? Hech narsaga tushunmay qoldim. Baraka topkur, tushuntirsang-chi, bu shaharda sen kimsan, axir?
Shunda men Umar afandiga bu shaharda kim ekanimni ham, bugun prokurordan nima uchun qochib yurganimni ham batafsil gapirib berdim. Do‘stim mening to‘g‘rimda noo‘rin gumonlarga borgani uchun o‘zidan kuldi-da. xotirjam bo‘ldi va biz san’at haqidagi gurungimizni davom ettirdik. Biroq ko‘p o‘tmay, men bizning munosabatlarimizda avvalgi samimiylik va soddalik qolmaganini his qildim. Umar afandi birdan quyulib qoldi, meni “sizlay” boshladi. Uning nazarida men ortiq kamtarin san’at muxlisi emasdim. Tungi soat ikki bo‘ldi. U menga:
– Hoynahoy, charchagan bo‘lsangiz kerak, janobi oliylari? Vaqt ancha kech bo‘lib qoldi, — dedi.
“Janobi oliylari” degan ibora qulog‘imni teshib yuboray dedi, ulardan sovuq rasmiyatchilikning hidi kelib turardi. Men bu iborada kinoya yoki pichingga o‘xshagan biror narsa bormikan deb qidirdim. Ammo afsuslar bo‘lg‘aykim, ular juda jiddiy ohangda talaffuz etilgan edi va bundan buyon oramizda rasmiy ehtiromga qurilgan munosabatlargina bo‘lishi mumkinligidan dalolat berardi. Men kulib, hazil-huzullar qilib, Umar afandiga bunaqa muomalaning hojati yo‘qligiga, uning bema’niligiga shama qildim. Ammo uning chehrasidagi ifodadan angladimki, do‘stimni fikridan qaytara olmayman. U sud tergovchisi qalbida san’atga chinakam muhabbatni saqlab qolishi mumkinligiga ishonishni istamas edi. Axir, unga shahar ko‘chalarida politsiyachilar yaltoqilik bilan chest berishadi, u esa bemalol “Uni ushla!”, “Buni qo‘yib yubor!” deya buyruq beraveradi. Men unga jon-jahdim bilan bizning oramizda biron-bir muhim farq yo‘k ekanini, san’at xodimi ham, mahkama amaldori ham bir xil odamlar ekanini tushuntirishga harakat qildim. Axir, biz ham odamlar oldida avvaldan belgilab qo‘yilgan rollarda namoyon bo‘lamiz, birimiz aybdor, birimiz ayblovchi, yana birimiz guvoh, boshqa birimiz esa himoyachi sifatida ko‘rinamiz. Farq faqat shundaki, biz avvaldan yozilmagan hayotiy fojeani o‘ynaymiz, artistlar esa oldindan yozilgan fojeani ijro etishadi. Istagan mahkama protokolini olib ko‘ring, siz u yerda ham xuddi tragediyaga o‘xshash dialoglarni ko‘rasiz, faqat mahkamadagi aktyorlar o‘zlarining haqiqiy qiyofalarini yashirmay, grimsiz rol o‘ynaydi. Nihoyat, xayrlashish vaqti ham keldi. Men uyimga yo‘l oldim. Umar afandi esa mehmonxonaga ketdi. Biz ertasiga kechqurun uchrashishga kelishib oldik. Uyda hamma narsa tinch va osoyishta edi. “Bu bo‘ron oldidagi osoyishtalik” degan xayol kechdi ko‘nglimdan. Qattiq charchaganimdan darhol uxlab qoldim.
Ertasi kuni men ishga o‘z vaqtida keldim va har doimdagidek ishlarni varaqlay boshladim. Atrofimda hukm surayotgan g‘alati tinchlik ketidan bir noxushlik keladiganday tuyuldi menga. Nima gap bo‘lyapti o‘zi? Nega prokuror meni huzuriga chaqirmayapti? Kechagi isyon uchun nega ta’zirimni bermayapti? Hatto oddiy kunlarda ham u o‘zining xarxashasini kanda qilmas edi, bugun bo‘lsa, negadir hammayoq suv quyganday…
Peshin yaqinlab kelmoqda, chalkash ishlar va protokollarni titkilab, miyam g‘ovlab ketdi. Men bir piyola qahva so‘radim va yangi gazetalarni ko‘zdan kechira boshladim. To‘satdan hukumat axborotiga ko‘zim tushdi. Unda hokimiyatdagi o‘zgarishlar haqida xabar qilingan, adliya vaziri yangi bo‘lgani to‘g‘risida aytilgan edi. Yangi vazir eski xodimlardan emas edi. U hokimiyat tepasiga kelgan yangi partiya a’zosi, bizning vazirligimizda u birinchi marta bunaqa yuksak rutbani egallamoqda. “Ie, gap bu yoqda ekan-ku! – deb o‘yladim men. – Bugun prokuror meni nega tortqilab yulqimayotganining sababi bor ekan-da! Bunaqa ishlarga hozir uning fursati yo‘q. U hozir adliya vazirining almashtirilishi o‘zining taqdiriga qanday ta’sir qilishini tusmollab bilish bilan band bo‘lishi kerak”.
Gazetalarni qo‘yib, ishga chog‘lanib turgandim, qorovul kirib, meni allaqanday Umar afandi so‘rayotganini aytdi.
– Ayt kirsin! – dedim men.
Idoraga Umar afandi hayiqibgina kirib keldi va ming bora uzrlar aytib, yonidan ikki varaq yozilgan qog‘oz chiqardi. Qog‘ozlarni menga tutqazar ekan, dedi:
– Siz haq ekansiz, janobi oliylari. Teatr bilan mahkama o‘rtasida chindan-da, muayyan mushtaraklik bor ekan.
Men uni o‘tirishga taklif qildim. U o‘zining kutilmagan tashrifi sabablarini gapirib berdi.
– Bir zamonlar, – deb boshladi u, – men hali mashhur rejissyor Mahmud Habibning teatr truppasida ishlab yurgan kezlarimda, menga Yuqori Misr shaharlaridan birida gastrolda bo‘lishga to‘g‘ri kelgan edi. “Xorun ar-Rashid”ning navbatdagi qo‘yiladigan kuni oqshom tushishini kutib, teatr eshigi oldida o‘tirardim. Shu payt bozor maydoni tomonidan ikki falloh men tomonga kela boshladi. Ulardan birining qo‘lida qandaydir qog‘oz bor edi – keyinchalik ularning tushuntirishicha, bu qog‘oz Xorun ar-Rashid yoki qirol Nug‘mon nomiga yozilgan arznoma ekan. “Bozor maydonida o‘qishni biladigan odamlardan eshitdikki, – deb yozibdi fallohlar, – bu qirollar bugun kechqurun shu yerga – teatrga kelishar ekan. Biz mahalliy hukmdorlar ustidan yozgan ushbu arizamizni shaxsan ularning qo‘liga yetkazmog‘ingizni iltimos qilamiz. Har holda, qirollar hamma narsani adolat qilishiga shubhamiz yo‘q”.
Umar afandi menga ikkita arizani tutqazar ekan, shunday qo‘shimcha qildi:
– Hozir men sizga aytadigan voqea o‘sha eski voqea-yu, faqat yangi, zamonaviy shaklga ega. Zamonlar o‘zgarib ketdi, odamlar o‘sib-ulg‘aydi, endi ular Xorun ar-Rashidga yoki uning vaziri Ja’farga ariza yozishmaydi. Endi ular to‘g‘ri hokimiyat amaldorlariga yozishadi. “Qo‘limga manavi arznomalarni tutqazgan fallohlar kecha tomoshaga borishibdi. Ular teatrda o‘z ko‘zlari bilan birinchi qatorda o‘tirgan viloyat gubernatorini, politsiya boshlig‘ini, jamiyki a’yonlarni, hatto politsiyachilarni ham ko‘rishibdi. Binobarin, – deb xulosa chiqarishibdi ular, – artistlar boshliqlarning nazarida hurmatga sazovor katta odamlar bo‘lar ekan-da. Shunday bo‘lgach, ular hukmdorlar oldida vositachilik qilib, bizga homiylik qilishsa bo‘lardi”.
Ikkala arznomani ham olib, men shu zahotiyoq ularni o‘qib chiqdim. Fallohlar mahalliy hukmdorlarning, shu jumladan, oqsoqolning o‘zboshimchaligidan shikoyat qilishardi. Men taftish o‘tkazmoq va zarur choralar ko‘rmoq uchun tegishli uyezd idoralariga jo‘natish to‘g‘risida ko‘rsatma yozib bergach, do‘stimga murojaat qildim:
– Prokuratura vazir Ja’farning iltimosini bajo keltiradi.
Umar afandi saroy marosimlaridagi qonun-qoidalarga rioya qilgan bo‘lib, bir qo‘lini peshonasiga, ikkinchi qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib ta’zim qildi. Bu bilan u o‘zining minnatdorligini ifodalamoqchi bo‘lgan edi. Men unga bir piyola qahva olib kelishlarini buyurdim. U shoshmasdan, puflab-puflab qahva ichib o‘tirar ekan, qo‘qqisdan eshiklar qasir-qusur ochilib ketib, xonaga ko‘zlari chaqnagan prokurorning o‘zi kirib keldi. Uning g‘azabnok qiyofasi, keskin xatti-harakatlari, yeb qo‘ygudek o‘qrayishlaridan biror tuzukroq narsa kutib bo‘lmasdi. Lekin men uni hayron qoladigan darajada xotirjam kutib oldim. Men xatarning ko‘ziga tik qaradim. Tutaqqan sherni jahlidan tushirmoqchi bo‘lgan gladiator uning ko‘ziga shunday qaraydi.
– Ijozat bergaysiz, janobi oliylari, sizga tanishtiray: vazir…
Men “vazir Ja’far” deyishga ulgurmay qoldim – negaki, prokuror og‘zimni ochirgani qo‘ymadi. Ko‘z ochib yuguncha u yergacha egilib ta’zim qildi-da, behad katta ehtiromlar namoyish etib, mening do‘stimga – artistga qo‘lini uzatdi.
– Bizning burchimiz, – deb g‘o‘ldiradi prokuror, – adliya vazirligini chin yurakdan tabriklashdir. – Uni boshqaruv zamonamizning eng atoqli arbobi, hazrati oliylari, vazir janoblariga…
Dastlab men hayratdan tilim kalimaga kelmay qoldi, lekin biroz o‘tib, noshud prokurorimizning adashganini payqab qoldim. Bu ishdan voqif bo‘lib qolganimni sira sezdirmagan holda voqealarning borishini kuzata boshladim. Prokurorning ta’zimiga javoban Umar afandi ham munosib ta’zim bilan javob berdi. U, albatta, nima bo‘layotganini tushungani yo‘q, “janobi vazir hazrati oliylari” degan iborani esa kecha kechqurun o‘zi rolini o‘ynagan vazir Ja’farga murojaat sifatida qabul qilgan. Umar afandi bajo keltirgan ta’zim esa o‘ta yasama bo‘lgan va adliya vaziri qilishi mumkin bo‘lgan ta’zimga sira o‘xshamay chiqqan. Agar prokuror o‘sha daqiqada sog‘lom fikrlash qobiliyatini yo‘qotib qo‘ymaganda, agar u hukumat tarkibidagi vazirlar almashishi masalasi bilan bu qadar band bo‘lmaganida, u albatta, qarshisida turgan odam vazir emas, artist ekanini fahmlagan bo‘lardi. Uning yergacha egilib ta’zim qilganini prokuror yangi adliya vazirining o‘ta kamsuqumligiga yo‘ydi. Katta chalkashliklarning oldini olmoq va vaziyatdan o‘z foydamga foydalanmoq uchun men ham mujmalroq qilib g‘o‘ldiradim:
– Janob vazir – mening eski qadrdonim…
Menga hamisha mutakabbirlik bilan shafqatsiz munosabatda bo‘lg‘uvchi prokuror bu gal menga g‘oyatda do‘stona va iliq bir nigoh bilan qaradi. Bundan dadillanib, gapimga qo‘shimcha qildim:
– Janob prokuror, marhamat qilib, vazir do‘stimga aytsangiz – mening xizmatimdan mamnunmisiz-yo‘qmi?
Prokuror shu zahotiyoq Umar afandiga o‘girilib, menga ishora qildi-da, hayajon ichida dedi:
– Janobi vazir, sizni ishontirib aytamanki, hazrati oliylari, bu kishi viloyatimizdagi eng yaxshi tergovchi. Juda iqtidorli, ishga berilgan, maishiy hayotda kamsuqum, ma’naviy jihatdan juda pokiza, yaxshi tarbiya ko‘rgan, shuningdek, g‘oyatda ziyrak aql egasi. U mening tergovchilarim ichida hammaga ibrat qilib ko‘rsatsa, arziydigani, hazrati oliylari!
Prokurordan mening sha’nimga shunday ta’rif-tavsifni undirganimdan g‘oyatda mamnun edim. Lekin haqiqat oshkor bo‘lib qolmasin, deb hozirdanoq xavotir ola boshladim. Shuning uchun misim chiqib, sharmanda bo‘lgandan ko‘ra, vaqtida etagimni yopaqolganim tuzuk degan to‘xtamga keldim.
– O‘zingizga ma’lum, – deb yana prokurorga murojaat qildim. – Men juda qattiq toliqqanman, yaxshilab dam olmasam bo‘lmaydi. Mendan marhamatingizni darig‘ tutmasangiz, bugundan boshlab meni ikki haftalik ta’tilga chiqarsangiz…
Prokuror maxtal qilmay javob berdi:
– Albatta! Albatta! Mening hech qanday e’tirozim yo‘q. Xohlasang, hozirning o‘zidayoq ta’tilga chiqmog‘ing mumkin. Sening ishlaringni boshqa tergovchiga topshiraman.
–Bag‘oyat minnatdorman. Men bir soatdan keyin jo‘nab ketaman.
Prokuror boshini yengil irg‘ab, farishtasifat qarash qilib, roziligini bildirdi va Umar afandiga murojaat qilib, dedi:
– Janob vazir hazrati oliylari, biznikiga bugun kelishni ixtiyor etadilarmi?
– Yo‘q, biz bu yerda kecha kechqurundanoq ishlarimizni boshlab yuborganmiz.
Prokurorga nimadir ravshan bo‘lmay qoldi, shekilli, men shosha-pisha mujmal izohlarimni tiqishtirdim:
– Kecha kechqurun janob vazir borgan joyi…
Prokurorning bu so‘zlardan anglagani shu bo‘ldiki, adliya vazirini tayinlash haqidagi farmonga faqat kecha imzo chekilgan. Umar afandi esa gap uning kecha spektaklda o‘ynagan roli haqida ketyapti, deb o‘ylab, soddadillik bilan so‘radi:
– Siz, albatta, kecha kechqurun gubernator janoblari bilan birga spektaklni tomosha qilgan bo‘lsangiz kerak?
Ammo prokuror gap nima to‘g‘rida ketayotganini yana tushunmadi. Shunda men so‘rab-surishtirishlar oqibatida, ikkovlari ham haqiqatdan voqif bo‘lib qolmasliklari uchun prokurorning yoniga bordim-da, uning qulog‘iga shivirladim:
– Bugun men vazir hazrati oliylarini do‘stona ziyofatga taklif qilganman. U kishi men bilan xoli o‘tirishni ixtiyor etgandilar. Agar siz ikkovimizga ham hozir javob bersangiz, juda ulug‘ ish bo‘lur edi.
– Marhamat… marhamat… Xizmatingizga bajonu dil tayyorman, – dedi prokuror.
Men do‘stimni qo‘ltig‘idan oldim-da, ko‘chaga sudradim.
* * *
Biz ko‘chaga chiqishimiz bilanoq, Umar afandi bilan xayr-xo‘shlashib, uyimga yugurdim, uyda tezgina chamadonimni joylab, Iskandariyaga jo‘nab qoldim. Mening yuragim taka-puka edi – prokuror Qohirada chiqadigan gazetalarning yangi sonlarini olsa, unda yangi tayinlangan adliya vazirining suratini ko‘rib qolsa, hamma gapni bilib oladi degan xavotirda edim. Ammo taqdir bu gal menga kulib boqdi – fosh bo‘lish xavfidan va prokurorning qasd olishidan qutulib qoldim. Ertasi kuni gazetalarda o‘qib qoldim – yangi adliya vazirining ko‘rsatmasi bilan bu sohada mansabdor odamlar o‘rtasida ba’zi bir o‘zgartirishlar sodir bo‘libdi. Bizning prokurorimiz ham ishdan olinib, boshqa olisroq viloyatga yana o‘sha lavozimiga tayinlanibdi.
Men endi butunlay bexavotir yashamog‘im mumkin edi.
Bu voqea ro‘y bergandan beri ko‘p yillar o‘tib ketdi. Yuridik sohani yig‘ishtirib qo‘yib, butunlay boshqa ish bilan shug‘ullana boshlaganimga ham ancha bo‘ldi. Hammaning o‘takasini yoradigan bu prokuror bilan yana uchrashganimda, u shikoyat sudidagi eng yuqori mansabdan iste’foga chiqqan edi. Men uni Qohiradagi bir qahvaxonada tasodifan uchratib qoldim. U juda qarib, munkillab qolgan edi. Meni uchratib, xursand bo‘lib ketdi. Hazillarimni eslab, chin yurakdan jilmayib, shunday dedi:
– “Vazir hazrati oliylari” esingda bormi?
– Vazir Ja’farmi? Bo‘lmasam-chi! – dedim men ham jilmayib.
Og‘zini karrakdek ochib kularkan, yasama tishlarini ko‘z-ko‘z qilib, sobiq prokuror dedi:
– Ha, ha, afandim, men ulug‘ xalifa Xorun ar-Rashidning vazirini nazarda tutyapman. Faqat sen jo‘nab ketgandan keyingina, uning artistligini bilibman!
Rus tilidan Ozod Sharafiddinov tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 8-son