Svetlana Aleksiyevich. Urush ayollar ishi emas (qissadan parcha)

Ayollar bilan bog‘liq tushunchalarimizning barchasi “mehr-shafqatli”, degan so‘zga jo bo‘ladi. Singil, rafiqa, do‘st, ona – bu yuksak ta’riflar negizi, mohiyati ham mehr-shafqatdan iborat emasmi? Ayol – hayot baxsh etadi, hayotni ko‘z qorachig‘iday asraydi, ayol va hayot – mushtarak.
XX asrning eng dahshatli urushida ayol askarga aylandi. U nafaqat yaralanganlarni qutqardi, ularning jarohatlarini bog‘ladi, balki merganlar miltig‘idan o‘q uzdi, bombardimon qildi, ko‘priklarni portlatdi, razvedkaga qatnadi, “til” tutib keldi. Ayol o‘ldirdi. O‘z zaminiga, o‘z uyiga, bolalarining ustiga shafqatsizlik bilan bostirib kelgan ashaddiy dushmanni o‘ldirdi. “O‘ldirish – ayollarning ishi emas”, deya e’tirof etadi mazkur kitob qahramonlaridan biri, ayni so‘zlarga urushning butun dahshati va shafqatsizligini jo etibdi. Boshqa bir ayol esa taslim bo‘lgan reyxstag devorlariga shunday deb yozadi: “Men, Sofya Kuntsevich, Berlinga urushni mahv etish uchun keldim”. Bu G‘alaba mehrobiga tortiq qilingan buyuk qurbonlik edi. Bu bezavol jasorat bo‘lib, uning butun teranligini osoyishta hayot bag‘rida kechayotgan yillar mobaynida his qilamiz.
Nikolay Rerixning 1945 yil may-iyunda yozilgan va Markaziy davlat arxivining fashistlarga qarshi slavyan qo‘mitasida saqlanayotgan xatlaridan birida shunday jumlalar bor: “Oksford lug‘ati ayrim rus so‘zlariga qonuniy tus berdi, endilikda ular dunyo miqyosida e’tirof etiladi; jumladan, lug‘atga tarjima qilib bo‘lmaydigan, ko‘p ma’noli “podvig”, ya’ni “jasorat” so‘zi qo‘shildi. Har qancha ajablanarli bo‘lmasin, Yevropadagi birorta xalqning tilida mazmunan unga yaqin bironta ham so‘z yo‘q…” Agar qachonlardir jahon xalqlari tilida ruscha “podvig” so‘zi ham ommalashsa, bunda sovet ayoli urush yillarida ko‘rsatgan jasorat ham alohida o‘rin tutadi; zotan, ayni ayollar urush ortida mardona mehnat qildilar, bolalarni saqlab qoldilar va erkaklar bilan birga Vatanni himoya qildilar.
…Odamlarning hasratlari va xotiralari yastangan uzundan-uzun qayg‘uli yo‘l bo‘ylab to‘rt yildan buyon mashaqqatli safar qilayotirman. Tibbiyot xodimlari, aloqachilar, sapyorlar, uchuvchilar, merganlar, o‘qchilar, zenitchilar, siyosiy xodimlar, kavaleristlar, tankchilar, desantchilar, dengizchilar, yo‘l harakatini tartibga soluvchilar, haydovchilar, dala kir yuvish-hammom otryadlarining oddiy askarlari, oshpazlar, nonvoylar, xullas, frontda turli vazifalarni bajargan ayollarning yuzlab xotiralari yozib olindi, partizan va qo‘poruvchi xotin-qizlarning guvohliklari to‘plandi. “Og‘a-inilari, turmush o‘rtoqlari, otalari singari xotin-qizlar ham puxta o‘zlashtirmagan harbiy ixtisoslikning topilishi dargumon”, – deb yozgandi sobiq Ittifoq marshali A.I.Eremenko. Ularning orasida tank batalonining yoshlar yetakchisi ham, og‘ir tanklarning mexanik-haydovchilari ham, piyoda qo‘shinlar safida esa – pulemyot rotasining komandiri, avtomatchilar ham bo‘lgan. Holbuki, ayollar ilgari bunday ish bilan shug‘ullanmagan.
Yolg‘iz Lenin komsomolining yo‘llanmasi bilan qariyb 500 ming qiz armiyaga safarbar qilingan, ularning 200 mingi yoshlar tashkilotining a’zosi edi. Yoshlar tomonidan yo‘llangan barcha qizlarning yetmish foizi harakatdagi qo‘shinlar safida bo‘lgan. Urush yillarida turli qo‘shinlar safida frontda hammasi bo‘lib 800 mingdan ortiq xotin-qiz ishtirok etgan…
Partizanlar harakati yalpi tus oldi. Faqat Belorussiyadagi partizan otryadlarida qariyb 60 ming jasoratli xotin-qiz bo‘lgan. Ularning har to‘rttadan bittasi Belorussiya zaminida fashistlar tomonidan yondirilgan yoki o‘ldirilgan…
Raqamlar – shunday. Biz ularni bilamiz. Raqamlar ortida esa urush tamomila izdan chiqargan taqdirlar, umrlar joy olgan: kimdir yaqinlarini yo‘qotgan, kimdir sog‘lig‘ini boy bergan, qaysi bir ayol yolg‘izlikka giriftor bo‘lgan, boz ustiga chidab bo‘lmaydigan urush xotiralari. Bular haqida biz oz bilamiz.
“Biz qachon tug‘ilganimizdan qat’i nazar ayni qirq birinchi yilda barchamizning ko‘zimiz ochilgan”, – deb yozgandi menga o‘z xatida zenitchi Klara Semyonovna Tixonovich. Men qirq birinchi yilning qizlari haqida hikoya qilmoqchiman, to‘g‘rirog‘i, ular bevosita boshdan kechirgan urush to‘g‘risida o‘zlari aytib beradi.
“Bu xotiralarni umrim mobaynida qalbimda saqlab keldim. Kechasi uyg‘onib ketasan-da, ko‘zlaringni ochib yotaverasan. Ba’zida o‘ylayman: barcha xotiralarni o‘zim bilan birga narigi dunyoga olib ketaman, hech kim bilmaydi, juda dahshatli voqealar…” (Emiliya Alekseevna Nikolayeva, partizan).
“…Bu xotiralarni kimgadir so‘zlab berish mumkinligidan, bizning ham davrimiz kelganidan juda xursandman…” (Tamara Illarionovna Davidovich, katta serjant, haydovchi).
“Sodir bo‘lgan voqealarning hammasini sizga so‘zlab bergandan keyin yana el qatori yashay olmayman. Kasal bo‘lib qolaman. Men urushdan omon qaytdim, lekin yaralangan edim, uzoq paytgacha tuzalmadim, nihoyat, o‘zimga-o‘zim dedim: “Bularning barchasini unutish kerak, yo‘qsa, hech qachon sog‘aymayman. Siz shu qadar yoshsizki, urush dahshatlarini so‘zlab, sizning ko‘nglingizni xira qilgim kelmayapti…” (Lyubov Zaxarovna Novik, starshina, tibbiyot xodimasi).
“Erkak bardosh bera olardi. Axir u erkak kishi. Ayollar barchasiga qanday bardosh berganini o‘zim ham anglay olmayman. Endilikda eslaganim hamono meni dahshat chulg‘ab oladi, urushda esa hammasiga chidardim: urush qurboni bilan yonma-yon uxlardim, o‘zim o‘q otardim, qon ko‘lmaklarini ham ko‘rganman, qordagi qonning o‘tkir hidi hamon dimog‘imdan ketmaydi… Bularni gapirayapmanu ko‘nglim ozayapti… U kezlarda esa hammasini uddalardim. Nabiramga hikoya qila boshlagandim, kelinim meni to‘xtatdi: “Bularning yosh qizaloqqa nima keragi bor?..” Ma’suma qizaloq voyaga yetmoqda… U ulg‘ayib ona bo‘ladi… Shu tariqa birovga og‘iz ocha olmayman…
Biz ularni shunday avaylaymiz, keyin esa bizning qismatimizni farzandlarimiz juda oz biladilar-a, deya ajablanamiz…” (Tamara Mixaylovna Stepanova, serjant, mergan).
“…Dugonam bilan kinoteatrga bordik, u bilan qirq yildan buyon do‘stmiz, urushda maxfiy ish olib borganmiz. Kinoga chipta olaylik desak, navbatda turganlar juda ko‘p. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi guvohnomasi dugonamning cho‘ntagida ekan, kassa yoniga borib, uni ko‘rsatdi. Chamasi, o‘n to‘rt yoshlardagi qizaloq esa ta’na qilganday dedi: “Sizlar ayol boshingiz bilan nahotki jang qilgansizlar? Bu guvohnomani qaysi karomatlaringiz uchun berishgan ekan-a?” Boshqa odamlar, albatta, bizni navbatsiz o‘tkazib yuborishdi. Lekin kino ko‘rgani kirmadik. Chunki bezgakka chalinganday titray boshlagandik…” (Vera Grigorevna Sedova, yashirin ishlar qatnashchisi).
Men ham urushdan keyin tug‘ilganman, bu paytga kelib okoplarni o‘t-o‘lanlar qoplagan, askarlarning transheyalari chang bilan to‘lgan, blindajlar vayron bo‘lgan, o‘rmonlarda qolgan askarlarning kaskalari esa zanglagan edi. Biroq urush halokatli nafasi bilan mening hayotimga ham raxna solmadimi? Biz hamon urush bilan o‘ziga xos hisob-kitobga ega avlodlar jumlasiga kiramiz. Urushda o‘n bitta qarindoshimdan judo bo‘lganman: onamning otasi ukrain bobom Petro Budapesht ostonalarida mangu uyquga ketgan, otamning onasi, belorus Yevdokiya buvim esa partizanlar qamali chog‘ida ochlik va terlamadan vafot etgan, uzoq qarindoshlarimizning ikki oilasini farzandlari bilan birga Gomel oblastining Petrikovsk tumanidagi men uchun qadrdon Komarovich qishlog‘ida fashistlar bir kulbada yoqib yuborishgan, otamning akasi Ivan amakim esa ko‘ngilli sifatida urushga ketib, qirq birinchi yilda dom-daraksiz yo‘qolgan.
Mening “urushim” ham to‘rt yildan buyon davom etayotir. Qayta-qayta dahshatga tushganman. Ne hasratlarga duchor bo‘lmadim. Yolg‘on gapirib nima qilaman – bu mening qo‘limdan keladigan ish emasdi. Eshitganlarimning barchasini unutay, deya qancha urinmadim. Biroq buning uddasidan chiqa olmadim. O‘tgan davr mobaynida kundalik tutdim, undagi qaydlarni ham qissaga kiritishga qaror qildim. His-tuyg‘ularim, boshimdan kechirganlarim, hatto izlanishlarimning jo‘g‘rofiyasi ham kundaliklarimda aks etgan: mamlakatning turli chekkalaridagi yuzdan ortiq shahar, qo‘rg‘on, qishloqlarda bo‘lganman. “Men his qilayapman”, “men qiynalayapman”, “men shubhalanayapman”, deb o‘z kitobimda yozishga haqlimanmi, deya, rostini aytsam, uzoq vaqt ikkilandim. Urush ishtirokchilarining tuyg‘ulari va iztiroblari oldida mening tuyg‘ularim, mening iztiroblarim nimaga ham arziydi? Mening tuyg‘ularim, shubhalarim va izlanishlarim aks etgan kundalik biron odamda qiziqish uyg‘otadimi? Lekin xatjildlarda hujjatlar ko‘paygani sayin ishonchim ham qat’iy tus oldi: hujjat jamlangan ma’lumotlargina emas, balki ularni to‘plagan odam ma’lum bo‘lsagina muayyan qimmat kasb etadi. His-hayajondan xoli xotiraning o‘zi yo‘q, har bir ma’lumotda uni qayd etgan insonning oshkora yoki pinhona kechinmalari aks etgan. Ayni kechinmalar ham oradan bir necha yil o‘tgandan keyin o‘ziga xos hujjat tusini olgan.
Tarixan shunday tarkib topganki, bizning urush bilan bog‘liq xotiralarimiz ham, barcha tasavvurimiz ham erkakcha tusga ega. Bu o‘z-o‘zidan tushunarli: asosan, erkaklar jang qilgan, lekin ayni shu jihat urush haqidagi bilimlarimiz to‘la emasligini ham ko‘rsatadi. Ikkinchi jahon urushida qatnashgan xotin-qizlar to‘g‘risida ko‘plab kitoblar yozilgan, talay xotira kitoblari bor bo‘lib, shularning o‘ziyoq tarixan favqulodda hodisa ro‘y berganiga bizlarni ishontiradi. Butun insoniyat tarixi mobaynida urushda hech qachon bunchalik ko‘p ayollar ishtirok etmagan. O‘tmishda otliq askar qiz Nadejda Durova, partizan ayol Vasilisa Kojan kabi sanoqli siymolar bo‘lgan, fuqarolar urushi yillarida Qizil armiya saflarida ayollar bo‘lgan, lekin ular asosan shafqat hamshiralari va shifokorlar edi. Ikkinchi jahon urushi yillarida sovet xotin-qizlari o‘z Vatanini ommaviy himoya qilganiga butun dunyo guvoh bo‘ldi.
A.S.Pushkin “Sovremennik” jurnalida Nadejda Durovaning xotiralaridan parcha e’lon qilar ekan, so‘zboshida shunday qayd etgandi: “Binoyidek asilzoda oiladan chiqqan yosh qiz qanday tuyg‘ular og‘ushida o‘z uyidan, jinsidan kechib, hatto erkaklarni ham cho‘chitadigan zahmat va majburiyatlarni zimmasiga olgancha jang maydonida paydo bo‘lgan? Yana Napoleon qo‘shinlariga qarshi jang maydonida! Uni bunga nima undagan? Pinhona oilaviy nadomatlarmi? Balandparvoz orzularmi? Balki tug‘ma tavakkalchilikdir? Yo muhabbatmi?..” Bu o‘rinda so‘z faqat bitta g‘ayrioddiy qismat haqida borardi, shu bois turlicha taxmin qilsa bo‘lardi. Qurolli kuchlar safida sakkiz yuz ming xotin-qiz ishtirok etganda, yana ham ko‘prog‘i jang maydonlariga talpingan sharoitda esa manzara butunlay o‘zgaradi.
Ular jangga otlandilar, zotan, “biz bilan Vatan – bir tanu bir jonmiz” (Tixonovich K.S., zenitchi). Janglarda ishtirok etishlari uchun ularga imkoniyat berdilar, chunki tarozi pallasiga xalq, mamlakat taqdiri qo‘yilgandi. Xalq ham, mamlakat ham halokat yoqasiga kelib qolgandi.
Bu kitobda qanday ma’lumotlar qay qoidalarga binoan jamlangan? Mashhur mergan ayollar ham, mashhur uchuvchiyu partizan ayollar ham hikoya qilmaydilar, ular haqida talay kitoblar yozilgan, men ularni ongli ravishda chetlab o‘tdim. “Biz urushda ishtirok etgan oddiy qizlarmiz, biz kabilar juda ko‘p” – bunday e’tiroflarni qayta-qayta eshitganman. Lekin aynan ularning huzuriga oshiqdim, ularni izladim. Biz ardoqlaydigan xalq xotirasi aynan ularning idrokida saqlanadi. “Biz ayollarning nigohi bilan nazar solsang, urush dahshatning ham dahshati ekaniga ishonch hosil qilasan”, – degan edi serjant, saninstruktor Aleksandra Iosifovna Mishutina. Urushni boshdan kechirgan, so‘ng turmushga chiqqan, uch farzand ko‘rgan, endilikda esa nabiralarini tarbiyalayotgan oddiy ayolning ayni shu so‘zlarida mazkur kitobning bosh g‘oyasi mujassam.
Optikada “yorug‘lik kuchi” degan atama bor; bu – ob’ektivning mo‘ljalga olingan tasvirni yaxshi-yomon muhrlash qobiliyati. Ayollarning urush bilan bog‘liq xotiralari ham tuyg‘ularning tarangligi, iztiroblarning teranligiga ko‘ra benazir “yorug‘lik kuchi”ga ega. Ularning xotiralari jo‘shqin, ehtirosli, tafsilotlarga boy, zotan, ayni tafsilotlar tufayli har qanday hujjat alohida qimmat kasb etadi.
Aloqachi Antonina Fyodorovna Valegjaninova Stalingrad ostonalarida jang qilgan. Shiddatli janglarni esga olar ekan, boshidan kechirgan tuyg‘ularni hadeganda ta’riflab bera olmadi, keyin esa ularning barchasini yagona timsolga jamladi: “Bitta jang yodimga tushdi. Juda ko‘p odam nobud bo‘lgandi… Omoch bilan yer qaziganda sochilib yotgan kartoshkalarga o‘xshab hammayoqda sochilib yotishardi. Poyonsiz keng dala… Ketib borayotgan joyida yiqilib jon taslim qilishgan… Ularni kartoshkalarday… Hatto insonni tuyoqlari bilan bosib o‘tmaydigan aqlli jonivorlar – otlar ham o‘liklardan tap tortmaydigan bo‘lib qolishgandi…” Partizan Valentina Pavlovna Kojemyakina xotirasida esa quyidagi voqea muhrlanib qolgan: “Urushning dastlabki kunlari, bizlarning harbiy qismlarimiz og‘ir janglar bilan chekinmoqda, ularni kuzatish uchun butun qishloq ahli ko‘chaga chiqqan, onalarning yonida qizlar ham turibdi. Yonimizdan o‘tib borayotgan keksa askar uyimizning ro‘parasida to‘xtab, onamning oldida boshi yerga tekkudek ta’zim qilib dedi: “Bizlarni kechirgin, onaxon… Qizingni esa avaylagin. O‘tinaman, avayla qizingni!” O‘shanda o‘n olti yoshda edim, o‘rilgan sochlarim uzundan ham uzun…” U yana bir voqeani esladi, yaralangan dastlabki askar boshida yig‘lar ekan, u jon taslim qilish oldidan vasiyat qiladi: “Sen o‘zingni asragin, qizim. Hali farzandlar tug‘ishing kerak… Qancha erkaklar nobud bo‘layotganini ko‘rayapsan-ku…”
Odatda, erkaklar e’tibor bermaydigan urush lavhalari ayollarning xotirasida qoladi. Agar erkaklarni urush xatti-harakatlari o‘z domiga tortgan bo‘lsa, ayollar o‘ziga xos psixologiyasi bilan uni o‘zgacha his qilgan va boshdan kechirgan: bombardimonlar, halokatlar, iztiroblar – ayol uchun urush faqat mana shulardan iborat emas. Ayol psixologik va fiziologik – jismoniy va ma’naviy o‘ziga xosliklari tufayli urushni kuchliroq his qilgan, diydasi qattiq urushni boshdan kechirish unga oson bo‘lmagan. Ayollar eslab qolgan, urush do‘zaxidan olib chiqqan xotiralar bugungi kunda shoyon ma’naviy tajribaga, beqiyos insoniy imkoniyatlar tajribasiga aylandi, biz bu tajribani unutmasligimiz kerak.
Harbiy va maxsus materiallar balki bu hikoyalarda oz bo‘lar (muallif o‘z oldiga bunday maqsad qo‘ymagan), lekin fashizm ustidan qozonilgan g‘alabani ta’minlagan materiallar unda keragidan ham ortiq bo‘ladi. Zotan, butun xalq zafar qozonishi uchun har bir odam shaxsan g‘alaba qilishi talab qilingandi.
Ular – urush qatnashchilari hali tirik. Lekin odamzod umri qisqa, uni faqat xotira uzaytira oladi, faqat xotira vaqtni yenga oladi. Beomon urushni boshdan kechirgan, unda g‘alaba qozongan odamlar o‘zlari qo‘lga kiritgan zafarning va boshdan kechirgan voqealarning ahamiyatini bugun anglamoqdalar. Ular bizga yordam berishga tayyor. Men turli oilalarda yupqa va qalin maktab daftarlarini qayta-qayta qo‘lga olganman, ular farzandlar va nabiralar uchun to‘ldirilgan va qoldirilgan. Buva yoki buvidan qolgan bunday meros begona qo‘llarga istamasdan topshirilgan, buni hamisha bir xil izohlashardi: “Bular farzandlarimizga xotira bo‘lib qolsin deymiz…”, “Sizga nusxa ko‘chirib beraman, aslini esa o‘g‘lim uchun asrab qo‘yaman…”
Lekin hamma ham xotira yozmaydi. Ko‘plab xotiralar boy beriladi, izsiz yo‘qoladi. Unutiladi. Agar urushni esdan chiqarmasak, unga nisbatan nafrat ortadi. Agar urush unutilsa, yangisi boshlanadi. Qadimiy hikmat bu.
Ayollarning jamlangan xotiralaridagi urush qiyofasi ayollarga xos ma’sumlikdan yiroq. Bular guvohlik – o‘tmishdagi fashizmga, bugungi fashizmga va kelajakdagi fashizmga aybnoma sifatida yangraydi. Onalar, singillar, rafiqalar fashizmni ayblaydi. Fashizmni ayol ayblaydi.
Ulardan biri ro‘paramda o‘tiribdi, onasi urush arafasida “ko‘chada yolg‘iz yurishga yoshlik qilasan”, deb hatto buvisining uyiga hamrohsiz jo‘natishdan xavfsiragan, oradan ikki oy o‘tgach, mana shu navnihol qizaloq frontga ketgan. Saninstruktor bo‘lgan, Smolenskdan Pragaga qadar janglarda qatnashgan. Yigirma ikki yoshda uyga qaytib kelgan, tengdoshlari endigina bo‘y yetgan qizlar, u esa butkul o‘zgacha hayotni boshdan kechirgan, ko‘plab voqealar guvohi bo‘lgan urush qatnashchisi: uch marta yaralangan, bittasi og‘ir jarohat – ko‘krak qafasi sohasida, ikki marta kontuziya bo‘lgan, ikkinchi kontuziyadan keyin, ko‘milib qolgan okop ichidan qazib olganlaridan so‘ng sochlari qorday oqarib ketgan. Lekin ayollarga xos hayotni boshlash kerak: yana yengil ko‘ylaklar kiyishni o‘rganishi, erga tegishi, bola tug‘ishi kerak. Erkaklar urushdan nogiron bo‘lib qaytganidan qat’i nazar oila qurishgan. Ayollar qismati esa urushdan keyin ko‘pincha fojiali tus olardi. Ularning yoshligini ham, erlarini ham urush tortib olgan; ular bilan tengdosh yigitlarning oz qismi urushdan qaytib kelgan. Ular hisobotlarsiz ham buni bilishardi, chunki toptalgan jang maydonlarida yer tishlab yotgan yigitlarni unutishmagan edi va dengizchilar kamzulini kiygan bu alpqomat yigitlar ortiq o‘rnidan turmaydi, ular – otalar, erlar, aka-ukalaru kuyovlar birodarlar qabristonlarida mangu qoladilar, degan fikrga sira ko‘nika olmasdilar. “Behisob odamlar yaralangandi, dunyoda yaralanmagan odam qolmaganday edi…” (Anastasiya Sergeevna Demchenko, katta serjant, hamshira).
Qisqasi, qirq birinchi yillarning qizlari qanday edi, ular frontga qanday jo‘nagan? Ularning hayot yo‘llari bo‘ylab birga odimlaymiz.

“Eslashni istamayman…”

Minsk chekkasida urushdan keyin qurilgan eski uch qavatli uy, devorlari bo‘ylab yasmin guli bo‘y cho‘zgan. To‘rt yil davom etgan va men shu satrlarni yozayotgan ayni pallada ham to‘xtamagan izlanishlar shu uydan boshlandi. Rostini aytsam, bunday bo‘lishi o‘shanda xayolimga ham kelmagandi.
Minsk shahridagi “Udarnik” yo‘l mashinalari zavodida keksa hisobchi Mariya Ivanovna Morozovani nafaqaga kuzatganlari haqida gazetada bosilgan chog‘roq maqolani o‘qib, shu uyga kelgandim. Maqolada yozilishicha, bu ayol urushda mergan bo‘lgan, o‘n bitta jangovar orden-medal olgan. Bu ayolning jangovar ixtisosligi osoyishta turmush paytidagi kasbi bilan sira qovushmas edi. Lekin ayni mana shu ziddiyatda 1941–1945 yillarda kimlar askar bo‘lgan, degan savolga javob topdim.
…Gazetada bosilgan xira suratiga sira o‘xshamaydigan, uzun sochlarini boshiga chambarak qilib o‘rib olgan istarasi issiq mushtdekkina ayol katta o‘rindiqda yastangancha o‘tirarkan, yuzini qo‘llari bilan berkitib dedi:
– Yo‘q, yo‘q, eslashni istamayman… Asabim dosh bermaydi. Urush to‘g‘risidagi filmlarni ko‘rishga ham bardoshim yetmaydi… – Keyin so‘radi: – Men bilan suhbatlashish shartmi? Erim bilan gaplasha qoling, qoyillatib gapirib beradi… Komandirlar, generallarning ismi, harbiy qismlarning raqamlari – bari yodida. Men esa hammasini eslay olmayman. Faqat boshimdan o‘tganlarini eslayman. Yuragimga muhrlangan voqealarni…
“Magnitofonni o‘chirib qo‘ying”, deb iltimos qildi:
– Sizning ko‘zlaringizga qarab hikoya qilish oson, magnitofon esa xalaqit beradi.
Lekin bir necha daqiqadan keyin magnitofonni unutdi…
Mariya Ivanovna Morozova (Ivanushkina), yefreytor, mergan:
“Bizning qishlog‘imiz o‘rnida hozir Moskvaning Proletar tumani joylashgan. Urush boshlanganda hali o‘n olti yoshga ham to‘lmagandim. Jamoat xo‘jaligiga qatnab, hisobchilik kurslarini tugatgach, ishlay boshladim. Bir vaqtning o‘zida harbiy bo‘lim qoshidagi kurslarda shug‘ullandim. Bu kurslarda jangovar quroldan o‘q otishni o‘rgatishardi. To‘garakda qirqta qiz shug‘ullanardik. Bizning qishlog‘imizdan – to‘rtta, qo‘shni qishloqdan – beshta, qisqasi, har bir qishloqdan bor edi. Aytganimday, faqat qizlardan iborat to‘garak… Qo‘liga qurol olishga yaraydigan erkaklarning hammasi urushga ketib bo‘lgandi…
Tez orada Markaziy qo‘mitaning komsomollar va yoshlarga da’vati chiqdi, dushman Moskva ostonalariga kelib qolgan, Vatanni himoya qilish kerak edi. Faqat men emas, barcha qizlar frontga otlanish istagini bildirdilar. Mening otam allaqachon janglarda ishtirok etayotgandi. Faqat biz shunday fikrdamiz, deb yanglishibmiz… Harbiy bo‘limga kelsak, bizga o‘xshagan qizlar juda ko‘p ekan. Safimizdan qizlarni birma-bir saralab olishdi. Eng avvalo, albatta, mustahkam sog‘lik talab qilinardi. Bolaligimda tez-tez dardga chalinib, zaif bo‘lganim uchun meni olishmasa kerak, deb qo‘rqqanman. Qolaversa, frontga boradigan qizdan keyin uyda boshqa farzand qolmasa ham rad etishardi, onani qarovsiz qoldirib bo‘lmasdi. Mening esa ikki singlim va ikki ukam bor edi, mendan ancha yosh bo‘lishsa ham hisobga o‘tardi-da. Lekin yana bir muammo – xo‘jalikdan hamma ketgan, dalada ishlaydigan odamning o‘zi yo‘q edi, shu bois xo‘jalik raisi bizga ruxsat berishni istamasdi. Xullas, bizni olishmadi. Hammamiz tuman yoshlar qo‘mitasiga bordik, u yerda ham iltimosimiz yerda qoldi.
Biz butun tumandan vakil bo‘lib viloyat yoshlar qo‘mitasiga yo‘l oldik. Iltimosimizni yana rad etishdi. Nihoyat, axir Moskvada yashaymiz-ku, deb yoshlar Markaziy qo‘mitasiga borishga qaror qildik. Ichimizdan qaysi birimiz jur’at bilan murojaat qilamiz, deb o‘yga toldik. Qo‘mitada yolg‘iz o‘zimiz bo‘lamiz, deb o‘ylagandik, u yerda esa yo‘lakka odam sig‘maydi, kotibning yaqiniga yo‘lab bo‘lmaydi. Butun Ittifoqdan yoshlar kelgan, bosqinni boshdan kechirgan, nobud bo‘lgan yaqin qarindosh-urug‘lari uchun qasos olishga shaylangan yoshlar ko‘pchilik edi.
Nihoyat, kechga borib kotibga uchradik. Bizdan so‘rashdi: “Miltiq otish qo‘lingizdan kelmasa, frontga borib nima qilasizlar?” Biz otishni o‘rganib olganimizni aytdik… “Qayerda?.. Qanday qilib?.. Yaradorlarning yaralarini bog‘lash ham qo‘lingizdan keladimi?” Harbiy bo‘lim qoshidagi to‘garakda tuman shifokori bizga yaralarni bog‘lashni o‘rgatgandi. Bizning qo‘limizdan ancha ish kelardi, qolaversa, yolg‘iz o‘zimiz emas, yana qirq kishi bor, hammamizning qo‘limizdan o‘q otish ham, dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatish ham keladi, deb aytdik. “Mayli, hozircha sabr qilinglar. Sizlarning masalangiz ijobiy hal qilinadi”. Haqiqatan ham, oradan ikki kun o‘tgach, frontga yo‘llanma oldik…
Darhol harbiy bo‘limga keldik, bizni bir eshikdan kiritib, boshqasidan chiqarishdi: chiroyli o‘rilgan sochimni hamisha ko‘z-ko‘z qilardim. Tashqariga chiqqanimda sochim kalta qirqilgandi… Ko‘ylakni ham gimnastyorkaga almashtirdik. Ko‘ylagimni ham, kokillarimni ham onamga berishga ulgurmadim… Onam sendan nimadir esdalik bo‘lib qolsin, deb juda o‘tingandi… Egnimizga gimnastyorka, boshimizga pilotka kiydirishdi-da, qo‘limizga yo‘l to‘rvasini tutqazib, yuk poyezdiga o‘tqazishdi…
Bizni qaysi qismga qo‘shishlarini ham, qayerga yuborishlarini ham bilmasdik. Aynan nima qilishimizning deyarli ahamiyati yo‘q edi. Faqat frontda bo‘lsak, bas. Barcha jang qilayotir – biz ham jang qilamiz. Shchelkovo stantsiyaga yetib keldik, uning yaqinida ayollar merganlik maktabi bor ekan. Bizni shu maktabga joylashtirishdi.
O‘qish boshlandi. Garnizon xizmati, intizom nizomi, niqoblanish, kimyoviy himoyalanish kabi nizomlarni o‘rgandik. Barcha qizlar astoydil g‘ayrat qilishdi. Merganlar miltig‘ini ko‘zimizni yumib qismlarga ajratib, yana yig‘ishni o‘zlashtirdik, shamolning tezligini, nishonning harakatlanishini, nishongacha masofani aniqlashni, o‘ra kovlashni, yer bag‘irlab emaklashni – barcha-barchasini eplay oladigan bo‘ldik. Kursni tugatishda o‘q uzish va safda yurish imtihonlarini “a’lo” baholarga topshirdim. Eng qiyini, hech esimdan chiqmaydi, “trevoga” e’lon qilingan zahoti besh daqiqaning ichida o‘rindan turib, tayyor holda safda turish edi. Fursatni boy bermaslik, tez tayyor bo‘lish uchun bir-ikki o‘lcham katta etik olardik. Ba’zida yalangoyoq bilan etikni kiyib olib, safga turib olardik. Bitta qizning oyog‘ini sovuq urishiga bir baxya qolgan. Starshina bilib qolib, dakki bergan, keyin bizga paytavani qanday o‘rashni o‘rgatdi. Boshimizda turib olib, o‘shqirardi: “Fritslarning o‘qlariga uchmaslik uchun sizlarni qanday haqiqiy askar qilib tarbiyalasam ekan-a?”
Nihoyat, frontga yetib keldik. Orsha bo‘sag‘asidamiz… Oltmish ikkinchi o‘qchi diviziya… Kechagidek yodimda, komandir polkovnik Borodkin bizga ko‘zi tushib ranjidi: menga qizlarni ro‘para qilishibdi-yu… Lekin keyin xonasiga taklif qilib, tushlik bilan siyladi. Yonidagi ad’yutantiga yuzlandi: “Choy bilan ichish uchun shirinlik yo‘qmi?” Endi biz ranjidik: bizni kim deb o‘ylayapti? Jang qilish uchun kelganmiz axir… U bizga askarlar emas, qizlardek muomala qilayotgandi. Yoshimizga ko‘ra qizi qatori edik. “Sizlar bilan nima ham qilardim, qizaloqlarim?” – u bizni shunday hafsalasizlik bilan kutib oldi. Biz esa o‘zimizni allaqachon jangchi hisoblay boshlagandik…
Ertasiga bizdan o‘q otish, joylarda niqoblanishni amalda ko‘rsatish talab qilindi. Hatto erkak merganlardan ham yaxshiroq o‘q otdik, ularni frontning oldingi marrasidan ikki kunlik kurslarga chaqirishgandi. Keyin esa joylarda niqoblanish… Polkovnik kelib maydonni ko‘zdan kechira boshladi va do‘mpaygan joyning ustiga turib oldi – uning ko‘zi hech vaqoni payqamasdi. Daf’atan uning oyog‘i ostidagi do‘nglik tilga kirdi: “Voy, o‘rtoq polkovnik, ortiq chiday olmayman, juda og‘ir ekansiz”. Hamma baralla kulib yubordi. Shu darajada yaxshi niqoblanish mumkinligini polkovnik xayoliga ham keltirmagan ekan. “Qizaloqlar degan so‘zimni qaytarib olaman”, – dedi u. Lekin har safar oldingi marraga otlanganimizda iztirobga tushar, bizdan xavotirlanar, ehtiyot bo‘linglar, bo‘lar-bo‘lmasga tavakkal qilavermanglar, deb tayinlardi.
Birinchi marta “ov”ga (merganlarda bu shunday ataladi) chiqdik, sherigim Masha Kozlova edi. Yer bag‘irlab yashirindik, yotibmiz: men kuzatayapman, Masha miltig‘ini shay ushlab olgan. Birdan Masha menga dedi:
– Ot, otsang-chi! Nemisni ko‘rmayapsanmi?..
Men javob qaytardim:
– Men kuzatyapman. O‘zing ot!
– Kim otishini hal qilgunimizcha, – deydi u, – nemis g‘oyib bo‘ladi.
Men esa e’tiroz bildiraman:
– Avval o‘q otish xaritasini tuzishimiz, imoratu, qayin qayerda joylashganini aniq bilib olishimiz kerak…
Masha menga jahl qila boshladi.
– Sen maktabdagidek qog‘ozlarni pesh qilmoqchimisan? Men qog‘ozbozlikka emas, jang qilish uchun kelganman!
– Jang qilish uchun kelgan bo‘lsang, otmaysanmi?
Ikkalamiz gap talashayapmiz. Bu orada nemis ofitseri, haqiqatan ham askarlarga ko‘rsatmalar berardi. Arava keldi, askarlar qandaydir yukni qo‘lma-qo‘l uzata boshlashdi. Ofitser esa biroz turib, nimadir degach, g‘oyib bo‘ldi. Biz esa tortishayapmiz. Ofitser yana ikki marta ko‘rindi, yana fursatni boy bersak, uni qo‘ldan chiqarishimizni angladim. Uchinchi bor paydo bo‘lganda, – ko‘z ochib-yumguncha ko‘rinar, yana g‘oyib bo‘lardi – otishga ahd qildim. Ahd qildimu ko‘nglimdan bir fikr kechdi: dushman bo‘lsa hamki bu axir odam… Kutilmaganda qo‘llarim qaltiray boshladi, butun tanam titrab, seskanib ketdim. Qandaydir qo‘rquv… Yog‘och nishonlardan ko‘ra tirik odamga qarata o‘q uzish qiyin edi. Lekin o‘zimni qo‘lga olib, tepkini bosdim… U qo‘llarini silkitib yiqildi. O‘ldimi-yo‘qmi, bilmayman. Biroq battar titray boshladim, vujudimni allaqanday qo‘rquv qamrab oldi: men odam o‘ldirdim…
Qaytib kelgach, boshdan kechirganlarimni gapirib berganimdan keyin yig‘ilish o‘tkazildi. Yoshlar yetakchisi Klava Ivanova zo‘r berib menga uqtirardi: “Ularga rahm qilish kerak emas, nafratlanish kerak…” Uning otasini fashistlar o‘ldirgandi. Jo‘r bo‘lib ashula ayta boshlasak, yalingansimon derdi: “Qizlar, ashula ko‘ngilga sig‘maydi, avval g‘alaba qozonaylik, keyin istagancha kuylayverasizlar”.
Bir necha kundan keyin Mariya Ivanovna qo‘ng‘iroq qilib, quroldosh dugonasi Klavdiya Grigorevna Kroxinaning uyiga taklif qildi. Qizlarning askarga aylanishi – hatto dushmanni o‘ldirishi oson kechmaganiga oid hikoyalarga yana quloq tutaman.
Klavdiya Grigorevna Kroxina, katta serjant, mergan:
“Biz yotib oldik, men kuzatayapman. Bitta nemis boshini ko‘targanini ko‘rdim. Tepkini bosdim va u yiqildi. Ishonsangiz, a’zoyi badanim titray boshladi. Yig‘lab yubordim. Nishonga beparvo o‘q uzgandim, bu yerda esa nahotki odam o‘ldirgan bo‘lsam?..
Keyin bu o‘tib ketdi. O‘sha voqea shunday bo‘lgan edi. Sharqiy Prussiyaning chog‘roq shaharchasi ichidan o‘tib borardik. Yo‘lning bo‘yida oddiy imoratmi-uymi, bilib bo‘lmasdi, yonib kul bo‘lgan, faqat cho‘g‘lar qolgandi. Ana shu cho‘g‘lar orasida odam suyaklari, ularning orasida cho‘g‘langan yulduzchalar ko‘zga tashlanardi, bu yerda bizning yaradorlarimiz yoki asirlarni yoqib yuborishgandi… Shundan so‘ng qancha dushmanni o‘ldirmay, sira ham achinmaganman. O‘zimiznikilarning kuygan ustuxonlarini ko‘rgach, o‘zimizni qo‘lga ololmadik, faqat nafrat va qasos olish tuyg‘usi bizni qamrab olgandi.
…Urushdan sochlarim oqarib qaytganman. Yigirma bir yoshdamanu sochlarim qorday oppoq. Jarohatim ham bor, kontuziya bo‘lgandim, bir qulog‘im yaxshi eshitmasdi. Onam bag‘rini katta ochib kutib oldi: “Sog‘-omon qaytishingga ishongan edim. Seni kechayu kunduz duo qildim”. Akam frontda halok bo‘pti. Onamning ko‘z yoshlari tinmasdi:
– Endi qiz tug‘sang ham, o‘g‘il tug‘sang ham, mayli, tug‘sang, bas. U-ku erkak edi, Vatanni himoya qilish uning burchi, sen axir qiz bolasan.
Men faqat bir narsani takrorlardim, yarador bo‘lgandan ko‘ra o‘lganim yaxshi, nogiron ayol kimga ham kerak?
Men belorus emasman, meni bu yoqqa erim olib kelgan, asli Chelyabinsk viloyatidanman, xullas, bizda qandaydir kon ishlari olib borilardi. Portlatish ishlari asosan tunda bajarilardi, portlatishlar boshlangan hamono men o‘rnimdan irg‘ib turib, shinelimga yopishardim va o‘zimni duch kelgan tomonga urardim. Onam meni tutib olib, bag‘riga bosar, yosh boladay ovutardi.
Xona issiq, lekin Mariya Ivanovna og‘ir movut ro‘molga o‘ranib olgan – eti uvushmoqda edi. Suhbatni u davom ettirdi:
– Razvedkachilarimiz nemis ofitserlaridan birini asir olishdi va u qo‘l ostidagi ko‘plab askarlar halok bo‘lganini, hammasi boshidan yaralanganini ajablanib gapirib berdi. G‘animning boshini hamma ham nishonga olavermaydi, deb ta’kidladi. “Mening shuncha askarimni o‘ldirgan merganni ko‘rsatinglar, – deb iltimos qildi. – Talaygina qo‘shimcha kuchlar kelgandi, kuniga o‘ntadan askarimdan ayrildim”. Polk komandiri esa shunday javob berdi: “Afsuski, uni ko‘rsata olmayman, bu mergan qizning ishi, u halok bo‘ldi”. Bu Sasha Shlyaxova edi. U merganlarning o‘zaro otishuvida halok bo‘ldi. Qizil sharfi bechoraning boshiga yetdi. Bu sharfni u juda yaxshi ko‘rardi. Qizil sharf esa qorda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Nemis ofitseri bu mergan qizning ishi ekanini eshitgach, boshini egib nima deyishni ham bilmay qoldi…
Biz juft-juft bo‘lib “ovga” chiqardik, tong qorong‘isidan shomgacha, yakka odamga qiyin, ko‘zlar yoshlana boshlaydi, qo‘llar toliqadi, diqqat bilan tikilaverganingdan butun tanang uvushib qoladi. Qishda ayniqsa og‘ir. Bag‘ringni berib yotganingdan ostingdagi qor eriy boshlaydi. Tong g‘ira-shira yorishgani hamon qismdan chiqib, shom tushganda qaytardik. O‘n ikki soatlab, hatto undan ham ko‘proq vaqt mobaynida qorda yotardik yoki daraxtlarning ustiga, biron imorat yo vayrona uyning tomiga chiqib olib, dushman qayerda ekanimizni payqamasligi uchun berkinib olgancha kuzatardik. Imkon boricha yaqinroq joylashishga harakat qilardik: nemislar joylashgan transheyalargacha bo‘lgan masofa yetti yuz, sakkiz yuz, ba’zida besh yuz metrcha bo‘lardi.
Qayerdan bunchalar jur’atli bo‘lganimizni o‘zim ham bilmayman. Ayol zoti hech askar bo‘lmasin-da. Sizga bir voqeani aytib beraman…
Biz hujumga o‘tdik, shiddat bilan olg‘a borardik. Hujum qilaturib holdan toydik, ta’minot ortda qolib ketdi: o‘q-dorilar tugadi, oziq-ovqat ham sob bo‘ldi, dala oshxonamiz ham snaryad tegib ishdan chiqdi. Uch kundirki, qotgan non bilan qanoatlanamiz, tillarimiz shilinib ketganidan kalimaga kelmaydi. Mening sherigim halok bo‘ldi, men yangi sherigim bilan oldinga intilardim. Daf’atan “betaraf” maydonda toychoqqa ko‘zimiz tushdi. Shunaqa bejirimki, dumi momiqday… Go‘yo hech qanday xavf-xatar yo‘qday, urush bo‘lmayotganday yayrab yuribdi. Uni ko‘rib nemislar ham bezovta bo‘lib qolishdi. Bizning askarlarimiz ham attang, deganday o‘zaro gap qotishardi:
– Qochib ketadi. Mazali sho‘rva bo‘lardi-da…
– Bu joydan avtomatning o‘qi yetmaydi…
Ular bizni ko‘rib qolishdi.
– Merganlar kelishayapti. Hozir boplashadi… Qani, qizlar!..
Nima qilamiz? Men o‘ylashga ham ulgurmadim. Nishonga olib o‘q uzdim. Toychoqning oyoqlari bukilib, yerga quladi. Ingichka kishnaganini shamol olib keldi.
Nihoyat, o‘zimga keldim: nima qilib qo‘ydim? Shunday chiroyli toychoqni o‘ldirdim, qozonga tiqdim! Ortimda kimdir piqillayotganini eshitdim. O‘girilsam, yangi sherigim.
– Senga nima bo‘ldi? – deb so‘radim.
– Bechora toychoq… – ikki ko‘zi to‘la yosh.
– Voy, senday rahmdildan o‘rgildim! Biz uch kundan buyon ochmiz. Hali hech kim bilan vidolashganing yo‘q, barcha qurol-aslaha bilan, buning ustiga ochdan-och kuniga o‘ttiz kilometrlab masofani ko‘rdim demay bosib o‘tmagansan, shuning uchun rahming kelyapti. Oldin fritslarni quvib chiqarishimiz kerak, undan keyin ko‘ngilga kelganini qilaveramiz…
Askarlarga nazar tashlayman, hozirgina meni qutqulab, qichqirib, iltimos qilishayotgandi. Hech kim men tomonga qaramaydi, e’tibor ham bermaydi, hamma o‘z ishi bilan band. O‘z holimga tashlab qo‘yishganday. O‘tirib yig‘lay boshlasam ham parvo qilishmaydiganday. Go‘yo men o‘ta shafqatsiz kimsamanu duch kelgan jonzotni o‘ldirish menga cho‘t emasday. Men esa bolaligimdan jonzotlarni yaxshi ko‘rardim. Boshlang‘ich sinflarda o‘qib yurganimda sigirimiz kasal bo‘lib qoldi, keyin uni so‘yishdi. Men ikki kun yig‘laganman. Shunchalar yig‘laganmanki, hatto biron kor-hol bo‘lmasin, deb onam xavotirga tushib qolgan. Bu yerda esa himoyasiz toyga qarata o‘q uzdim.
Shomda kechki ovqat keltirishdi. Oshpazlarning tilidan bol tomadi: “Yashavor, mergan… Bugun nihoyat go‘shtli ovqat pishirdik…” Oldimizga tovoqlarni qo‘yib chiqib ketishdi. Qizlar esa mum tishlaganday jim o‘tirishar, hech kim ovqatga qo‘l uzatmasdi. Men hammasini tushunib, ko‘zimga yosh olib yerto‘ladan chiqdim… Qizlar ortimdan ergashib, hammasi menga taskin bera boshladi. Nihoyat, hamma qo‘liga qoshiq olib, ovqatlanishga kirishdi… Shunaqasi ham bo‘lgan…
Tunda, albatta, gaplashib yotamiz. Nimalar haqida deysizmi? Albatta har kim o‘z uyi, onasi haqida gapirardi, kimdir jang qilayotgan otasi yoki akasini eslardi. Urushdan keyin nima ish qilishimiz haqida ham suhbatlashardik. Qanday turmushga chiqamiz, erimizga xush yoqarmikanmiz? Kapitanimiz esa hazillashardi:
– Eh, qizlar-ey! Bir-biringizdan qolishmaysiz, lekin urushdan keyin hamma ham sizlarga uylanavermaydi. Chunki juda mergansizlar, hatto likop bilan manglayni aniq nishonga olib, o‘ldirib qo‘yishingiz hech gap emas.
Men erimni urushda uchratganman, bitta polkda bo‘lganmiz. U ikki marta yaralangan, kontuziya bo‘lgan. Urushda boshdan-oxirgacha qatnashgan, bir umr harbiy bo‘lgan. Asabim tarang ekanini unga tushuntirishning hojati yo‘q. Baland ovoz bilan gapira boshlasam yoki e’tibor bermaydi, yo sukut saqlaydi. O‘ttiz yildan buyon birga yashaymiz, oramizdan qil ham o‘tmaydi. Ikki farzandni voyaga yetkazdik, oliy ma’lumotli qildik.
Sizga yana nimalarni so‘zlab bersam ekan… Urushdan keyin Moskvaga qaytib keldim. Moskvadan bizning uyimizgacha avval mashinada, keyin esa piyoda bir necha kilometr yo‘l bosish kerak. U yerlarda hozir metro qatnaydi, ilgari esa olchazor bog‘lar, chuqur jarliklar bo‘lardi. Bitta jarlik juda katta bo‘lib, undan o‘tishim kerak edi. Bu yerga yetib kelguncha qorong‘i tushib qoldi. Tabiiyki, men jarlikdan o‘tgani qo‘rqdim. Nima qilishni bilmay turib qoldim: ortimga qaytib tong otishini kutaymi yoki yurak yutib jarlikdan o‘taymi? Hozir o‘ylasam, kulgim qistaydi – butun frontni bosib o‘tdim, nimalarni ko‘rmadim: necha marta o‘lim bilan yuzma-yuz keldim, boshqa dahshatlar guvohi bo‘ldim, bu yerda esa jarlikdan o‘tishga yuragim dov bermayapti. Ma’lum bo‘lishicha, urush siyratimizni o‘zgartira olmabdi. Germaniyadan uyga qaytar ekanmiz, vagonda kimningdir yo‘l xaltasidan sichqon sakrab chiqdi, vagondagi qizlarning hammasi tipirchilab qoldi, yuqori o‘rindiqdagi qizlar ham polga uchib tushdilar. Biz bilan birga kelayotgan kapitan esa o‘z ko‘ziga ishongisi kelmasdi: “Har biringizning ko‘ksingizni orden-medallar bezab turibdiyu, sichqondan qo‘rqasizlar-a”.
Baxtimga yuk mashinasi yaqinlashib kela boshladi. Qo‘limni ko‘targan edim, mashina to‘xtadi.
– Meni Dyakovskiyga tashlab o‘tmaysizmi? – deb iltimos qildim.
– Men ham Dyakovskiygacha boraman, – deb kuldi haydovchi yigit.
Men haydovchining yoniga joylashdim, yigitcha jomadonimni mashina kuzoviga tashladi va biz yo‘lga tushdik. Egnimdagi harbiy libos, ko‘ksimdagi nishonlarga ko‘zi tushdi. Qiziqib savol berdi:
– Qancha nemisni yer tishlatding?
Men xotirjam javob berdim:
– Yetmish beshta.
U esa biroz istehzo bilan:
– Aldama, balki bittasini ham ko‘rmagandirsan?
Men daf’atan uni tanib qoldim:
– Kolka Chijov? Senmisan? Senga galstuk taqqanim esingdami?
Urushdan oldin maktabda bir muddat kashshoflar yetakchisi bo‘lgandim.
– Maruska, nahotki sen?
– Menman…
– Rostdanmi? – mashina tormozini bosdi.
– Uyimgacha eltib qo‘ymaysanmi, nima uchun yarim yo‘lda tormozni bosayapsan? – Ko‘zimda yosh o‘ynaydi, qarasam, uning ham ko‘zlarida yosh. Antiqa uchrashuv!
Bizning uyga yetib keldik, u jomadonimni olib, onamning qoshiga yugurdi:
– Chiqaqoling, qizingizni olib keldim!
Qaytib kelganimizdan keyin hammasini boshidan boshlashga to‘g‘ri keldi. Frontda uch yil faqat etik kiyganmiz, yana tuflida yurishni o‘rgandik. Belimizda qayish, xipcha qomatimiz hamisha tik, ko‘ylagimiz qopday osilib turganday, o‘zingni noqulay sezasan. Frontda yubka kiyishni xayolimizga ham keltirmasdik, shim kiyishga o‘rganib qolgandik, kechqurun yuvib, ostimizga to‘shab yotardik, ertalab dazmollanganday tekis bo‘lib qolardi. To‘g‘ri, to‘la qurimas edi, shuning uchun sovuqqa chiqsak, qirov bilan qoplanardi. Uyda esa tufli va ko‘ylakda ko‘chaga chiqasan, ofitserni uchratib qolsang, beixtiyor, qo‘lingni chakkangga qo‘yib harbiychasiga salomlashishga chog‘lanasan. Urushda hech narsa sotib olmaslikka ham o‘rganib qolgandik, bu yerda do‘kondan keragicha non olib, haqini to‘lashni unutasan. Sotuvchi tanib qolgan emasmi, hammasini tushunib, andisha qilib indamay qo‘ya qoladi, sen esa nonning pulini to‘lamay chiqib ketasan. Keyin esingga tushib xijolat bo‘lasan, ertasiga kelib kechirim so‘raysan, yana nimadir xarid qilib, bir yo‘la barchasining haqini to‘laysan. Sotuvchilar bizdan ranjimas, gap nimada ekanini bilishardi…”
Suhbatdoshim xayolga toladi. Bu o‘rinda har qanday savol ortiqcha.
“…Yana esimda qolgan. Quloq soling. Urush juda uzoq davom etdi… Biroq qushlarni ham, gullarni ham eslay olmayman. Ular, albatta, bo‘lgan, lekin hech biri yodimda qolmagan. Ana shunaqa… G‘alati-a?..
Biz faqat yaqinda, sakkiz yil avval dugonamiz Mashenka Alximovani topdik. Artilleriya diviziyasining komandiri jangda jarohatlanadi, Masha esa uni qutqarish uchun emaklab ketadi. Yonginasida snaryad portlaydi. Komandir halok bo‘ladi, Masha esa ikkala oyog‘idan ajraydi. Uni medsanbatga eltar ekanmiz, yalinardi: “Qizlar, meni otib tashlanglar… Bu ahvolda kimga keragim bor?..” Shunchalar o‘tindiki… Uni gospitalga jo‘natishdi, biz esa hujumni davom ettirdik. Shu asno uning izini yo‘qotdik. Biz uning qayerda ekaniyu, taqdiri qanday kechganini bilmasdik. Qayerga murojaat qilsak ham aniq javob topa olmadik. Bizga Moskva shahridagi 73-maktabning izquvarlari yordam berishdi. Ular Mashani nogironlar uyidan topishdi. Masha o‘tgan yillar mobaynida turli gospitallarda davolangan, o‘nlab jarrohlik muolajalarini boshdan kechiribdi. Tirik ekanini onasiga bildirmagan… Tasavvur qilayapsizmi? Mana sizga urush… Biz uni o‘zimizning uchrashuvga olib keldik. U rayosatda o‘tirgancha yig‘lardi. Keyin uni onasi bilan uchrashtirdik. Ular oradan o‘ttiz yil o‘tgandan keyin uchrashdi…
Urush hozir ham tushlarimizga kirib chiqadi. Ko‘zingni ochasanu tirik ekaningga ishonmaysan… Hech eslagim kelmaydi…”
Eski movut ro‘molga o‘ralib olgan mushtdekkina bu ayolning ko‘nglidan kechayotgan iztiroblarni his qilaman. “Qizalog‘im…” deya iliq kaftini uzatib men bilan xayrlashadi.
Men yana yo‘lga tushaman. Tamomila o‘zgarib qolgandayman. Quyidagi so‘zlarni eslab, yuragim uvushadi: “Urushdan omon kelganing bilan ruhan bemor bo‘lib qolasan. Endi o‘ylayman: oyog‘im yoki qo‘limdan yaralanganim ma’qul edi, har holda biron joyim simillab bo‘lsa ham og‘rigan bo‘lardi. Ruhiy xastalikning esa davosi yo‘qday… Biz axir urushga juda yosh ketganmiz… Endigina rasta bo‘lgan qizlar… Urush yillari mobaynida esa hatto voyaga yetdik…”

Kimlardir urushdan qaytmadi, evoh,
Qismat qahri qattiq, menda yo‘q gunoh.
Kimdir yoshi katta, kimdir navqiron –
Manguga ko‘z yumgan, balki bo‘lsam mard
Ular menga hozir bo‘lardi hamdard, –
To abad yurakni o‘rtar shu armon…

Aleksandr Tvardovskiy e’tirof etganidek, mening yuragimni ham armon o‘rtaydi. Binobarin, frontda qatnashgan qizlarni izlayman, ularning hikoyalarini daftarlarga, magnitofon kassetalariga yozib olaveraman, ular bilan birga iztirob chekish asnosida umid bilan yashayman. Ishonch bilan kun kechiraman. Mening nigohim qarshisida yana bir urush namoyon bo‘layotir: biz urush haqida ko‘p narsalarni bilamiz va biz urush haqida hech narsa bilmaymiz.

“Qizlar, biroz ulg‘ayinglar… Hali juda yoshsizlar…”

Magnitofon lentasidan yozib olingan sahifalarni varaqlayman, xatlarni o‘qib, tasavvur qilishga intilaman: qirq birinchi yilda chekinayotgan qismlar bilan birga ketgan, harbiy bo‘linmalarning ostonasiga yotib olgan, gohida rost, gohida bolalarcha yolg‘on so‘zlab, o‘zlarini ikki-uch yosh katta qilib ko‘rsatgancha, frontga talpingan bu qizlar aslida kimlar? Ularning o‘zlari oddiy maktab o‘quvchisi, tolibalar bo‘lganmiz, deb eslashadi. Lekin olam bir kundayoq ular uchun ikkiga bo‘lindi: biri, kuni kecha ro‘y bergan voqealar: maktabdagi so‘nggi qo‘ng‘iroq, bitiruv oqshomida kiyilgan yangi ko‘ylak, ta’tillar, qishloq kasalxonasi yoki maktabdagi talabalik amaliyoti, birinchi muhabbat, kelajak orzulari… Va urush. Urush ularga sira tanlash imkoniyatini qoldirmadi. Ular hech ikkilanmay frontga otlandilar.
Mening boshimga ham shunday qismat tushganda nima qilardim, deb o‘zimga savol beraman. Qadrdon kitoblarim, plastinkalar, ayni palla nur sochayotgan stol chirog‘ining harorati ko‘zimga o‘zgacha ko‘rinadi, devor ortida kuymalanayotgan onamning mehrini beixtiyor his qilaman… Barchasidan bir yo‘la voz kechish osonmi? Qirq birinchi yilning qizlari shijoat bilan frontga otlanganiga shubha qilmayman, biroq… Yoshim ancha ulg‘ayganiga qaramasdan qat’iy qarorga kelishga shoshilmayman…
Moskvalik oddiy askar, aloqachi Zinaida Ivanovna Palshinaning xatidan: “…Men frontga ko‘ngilli bo‘lib ketganman. Qanday bosh tortish mumkin? O‘zgacha bo‘lishi mumkin emasdi. Hamma g‘ayrat kamarini mahkam bog‘lagandi… Faqat frontga… Boshqa niyat bo‘lmagan…”
Ta’til vaqtida Jeleznovodskda dam olganimda (boshlagan ishim bilan hamma joyda shug‘ullanardim), hech kutilmaganda oddiy askar, sanitarka Natalya Ivanovna Sergeeva bilan tanishdim. Ajoyib oilasi haqida shunday hikoya qilgandi: “Oilada sakkiz farzand edik, dastlabki to‘rt farzandning hammasi qizlar, men – eng kattasi. Urush davom etayapti, dushman Moskva ostonalariga kelib qolgan… Otam bir kuni ishdan kelib ko‘zida yosh bilan dedi: “Ilk ko‘z ochib ko‘rgan farzandlarim qizlar, deb bir paytlar juda xursand bo‘lganman… Bo‘lajak kelinlar deb… Endi esa har bir oiladan kimdir frontga ketayapti, bizdan urushga boradigan odamning o‘zi yo‘q… Keksayib qolganim uchun meni olishmayapti, qizlar haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas, o‘g‘illarim hali yosh…” Bu oilamiz a’zolarini jiddiy tashvishlantirgan.
Nihoyat, tibbiyot hamshiralari kurslari ochildi, otam men bilan singlimni u yerga boshlab bordi. Uning aytgan so‘zlari hech yodimdan chiqmaydi: “Men g‘alaba uchun bor-budimni – qizlarimni olib keldim”.
Bunday voqealar ko‘p bo‘lgan. Sivashsk shahridan kichik serjant, aloqachi Antonina Maksimovna Knyazevadan kelgan xatda shunday satr­lar bor: “Bizning onamiz o‘g‘il ko‘rmagan, beshta qiz voyaga yetardik. Onam bizni olib Stalingradga bosh olib ketishga majbur bo‘ldi. Stalingrad qamal qilinganda esa biz ko‘ngilli bo‘lib frontga jo‘nadik. Hammamiz yo‘l oldik… Butun oila: onam bilan birga beshala qiz, otam allaqachon jang qilardi…”
Onalarga xos bunday jasoratdan ham yuksak oliyjanoblik bormikan? Faqat kim ona qalbiga nazar solib, uning ko‘nglidan nimalar kechayotganini bila oladi?
“Bizning harbiy bo‘limga borib, frontga jo‘natishlarini iltimos qilamiz, degan bitta istagimiz bo‘lgan, – deb eslaydi Minsk shahridan serjant, yo‘l harakatini tartibga soluvchi Tatyana Yefimovna Semyonova. – Harbiy bo‘limga keldik, u yerdagilar esa shunday deyishdi: “Qizlar, biroz ulg‘ayinglar. Hali juda yoshsizlar”. O‘n olti, o‘n yetti yoshda edik-da… Lekin qat’iy turib oldim va meni olishdi. Dugonam bilan merganlar maktabida o‘qimoqchi edik, bizga boshqa ish taklif qilishdi: “Yo‘l harakatini tartibga soluvchi bo‘lasizlar, sizlarni o‘qitishga vaqt yo‘q”. Bizni olib o‘tishlarini onam bir necha kun stantsiyada poylagan. Vagon tomon yurayotganimizni ko‘rgani hamono menga shirinlik, o‘ntacha tuxum tutqazdi-yu, hushidan ketib yiqildi…”
Garchi ko‘plab onalar haqida, garchi har kim o‘z onasi haqida so‘zlasa ham, go‘yo hamma bitta ona haqida gapirayotganday.
Kapitan, shifokor Yefrosinya Grigorevna Breus xotiralaridan:
“…Oilamizda to‘rtta qiz edik. Faqat men frontda bo‘lganman. Mening qizim frontda, Vatanni himoya qilyapti, deya otam juda xursand edi. Otam harbiy bo‘limga erta tongda yo‘l olgan. Butun qishloq ahli ko‘rishi, uning qizi frontda ekanidan xabardor bo‘lishi uchun ataylab erta tongda guvohnomamni olishga borgan”.
Jarrohlik hamshirasi Liliya Mixaylovna Budko hikoya qiladi:
“Urushning dastlabki kuni… Kechqurun raqs tushgani chiqqanmiz. O‘n olti yoshdamiz. Hammamiz birga yurardik, oldin kimnidir, keyin esa boshqa birovni birgalikda kuzatamiz. Hech kim juft-juft bo‘lib yurishni hali odat qilmagandi. Olti yigitcha va olti qizaloq hamisha birga edik.
Raqs tushganimizdan so‘ng bizni kuzatib qo‘yadigan tankchilar bilim yurtining kursantlarini ikki kundan keyinoq oyoq-qo‘llari bog‘langan, nogiron holda olib kelishdi. Bu dahshat edi. Agar kimdir hiringlaganini eshitsam, sira kechira olmasdim. Axir dahshatli urush ketayotgan bir paytda qanday qilib bemalol kulish, nimadandir mamnun bo‘lish mumkin?
Ko‘p o‘tmay otam ko‘ngilli bo‘lib ketdi. Uyda yosh ukalarim bilan qoldim. Ularning kattasi o‘ttiz to‘rtinchi, kichigi esa o‘ttiz sakkizinchi yilda tug‘ilgandi. Va men onamga frontga ketaman, deb aytdim…”
Leytenant, kichik texnik Yevdokiya Petrovna Muraveva:
“Urush boshlanishidan oldin aloqa texnikumini tugatgandim. Kichik texnik unvonini berishdi. Va men darhol jang qilish uchun chog‘landim. Urush, albatta, ayollarning ishi emas. Lekin biz jang maydonlarida kerak edik. Onam jangga kuzatar ekan, ko‘z yoshlarini tiya olmadi, lekin o‘zim ham shunday qilgan bo‘lardim, deb aytdi. Onam ana shunday ajoyib ayol edi…”
Urushdan keyin “Shuhrat” ordeni kavaleri bo‘lgan, saninstruktor Polina Semyonovna Nozdracheva hikoya qiladi:
“…Biz bo‘yimizga qarab saf tortdik, men safning oxiridaman. Komandir odimlab ko‘zdan kechirmoqda. Menga yuzlandi:
– Bu yana qanaqa Dyuymovochka? Sen nima qilmoqchisan-a? Balki onangning bag‘riga qaytib biroz ulg‘ayarsan?
Men esa allaqachon onamdan judo bo‘lgandim…”
Kishinevda leytenant, o‘qchilar bo‘g‘inining komandiri, endilikda shahar kutubxonalaridan birida mudira bo‘lib ishlayotgan Anna Stepanovna Mavreshko bilan uchrashdim:
“Komandir mendan so‘radi:
– Sen kim bo‘lishni xohlaysan?
– Ofitser bo‘lishni!
Meni Smolensk artilleriya bilim yurtiga yuborishdi. Barcha imtihonlarni topshirdim. Bilim yurtining boshlig‘i huzuriga chaqirdi:
– Imtihonlardan o‘tdingiz, lekin sizni bilim yurtiga qabul qila olmaymiz.
– Nima uchun?
– Sho‘ro artilleriyasi tarixida hali bunday voqea bo‘lgan emas.
– Ilgari bo‘lmagan bo‘lsa, endi bo‘ladi. Bu yerdan men faqat frontga jo‘nayman. Va faqat ofitser bo‘lib ketaman… Hatto uyimdagilarga ham shunday deb yozib yubordim…
Hamisha yigitlardek kiyinib yurardim. Qizlar hatto ishqiy maktublar yozishardi. Lekin bilim yurtini tugatdim…”
Vilnyusdan Monika Kazimirovna Trinkunaytedan maktub keldi:
“Mening musiqa tinglash qobiliyatim juda yaxshi edi. Onam men bilan faxrlanardi. Urush boshlanganda bu qobiliyatim frontda qo‘l keladi, aloqachi bo‘laman, deb qaror qildim…”
Zoya Ivanovna Shavruk, yefreytor, telefon aloqachisi:
“Yolg‘on gapirishimga to‘g‘ri kelgan. Faqat yigirma beshinchi yilda tug‘ilganlarni frontga olishardi, men esa yigirma yettinchi yilda tug‘ilganman. Yoshimga ikki yil qo‘shib, yigirma beshinchi yilda tug‘ilganman, deb turib oldim. Ishonishdi, bo‘yim novchagina edi-da. Onamga, albatta, to‘g‘risini aytmadim. Faqat harbiy bo‘limga borganimni va meni Bryanskka ishga jo‘natishayotganini aytdim. Harbiy qismga yetib kelgandan keyin hammasini ochiq yozib yubordim. Frontdan esa meni qaytarib kelishning iloji yo‘q…”
Esten Borisovna Kojemyatnikova, yefreytor, feldsher:
“Otam fuqarolar urushida qatnashgan, bo‘linma komandiri bo‘lgan. Onam hamisha uning yonida bo‘lgan. Onam – mehr-shafqat hamshirasi. Urushdan oldin “Komsomolskaya pravda” gazetasida bizning oilamiz haqida maqola chiqqan.
Urush paytida o‘qish haqida qanday gap bo‘lishi mumkin? Men institutni tashlab ketdim. Yolg‘iz men shunday qilganim yo‘q. Imtihon topshirish ham ko‘nglimizga sig‘madi. Biz janglarda qatnashishimiz kerak, shifokorlar eng avvalo frontga yo‘l olishlari lozim, deb hisoblardik.
Lekin bizni Pyatigorsk shahriga evakuatsiya qilishdi. Menda tibbiyot institutining uchinchi bosqichida o‘qiyotganimni tasdiqlaydigan ma’lumotnoma bor edi. Biz faqat uchinchi bosqichni tugatgandan keyin dastlabki shifokorlik amaliyoti bilan shug‘ullanishimiz kerak edi. Pyatigorskdagi gospitalda daf’atan ishni boshlab yubordim – bir yuz qirqta og‘ir yaradorga xizmat ko‘rsatardim.
Ko‘p qon yo‘qotgan yaradorlarga qon yetishmasdi. Bizni bir stolga, yonimizdagi stolga esa yaradorni yotqizishardi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri qon quyilardi… Bir yo‘la to‘rt yuz gramm qon quyish kerak… O‘rnimizdan turgach, ikki stakan kakao bilan bir bo‘lak oq non berishardi. Qorinni biroz to‘qlab, yana ishga kirishardik. Bir gal kakaoni ichib, non bo‘lagini yeb oldim va o‘rnimdan turishim bilan boshim gir-gir aylanib ketdi. Kechayu kunduz uxlamasdik…
Lekin bu baribir front emasdi. Men esa frontda bo‘lishni istardim. Otam bilan onamga o‘xshab jangda qatnashsam derdim. Menda ota-onamning charm kurtka kiyib tushgan jangovar surati bor. Ular hech kimga o‘xshamasdi. Aytganimday, ikkalasi ham fuqarolar urushida to‘liq ishtirok etishgan. Men ham o‘sha urush yillari tug‘ilganman. Bitta urushda tug‘ilib, ikkinchisi boshlanishi arafasida voyaga yetganman…”
Sofya Mixaylovna Krigel, katta serjant, mergan:
“Qirq uchinchi yilning dekabrida bizning kabel rotamizni tarqatib yuborishdi. Barcha qizlarni uylariga jo‘natishdi, lekin men Moskva yaqinida merganlar maktabi borligidan xabar topdim. Meni ham suhbatga chaqirishganda, uyimga qaytmayman, qo‘limga qurol olib, frontning oldingi marrasida jang qilaman, dedim. Menga bo‘lak hech vaqo kerak emas. Telefon o‘z yo‘liga. Qo‘limda qurol bilan o‘zim qasos olishim kerak. Yaqin kishilarimdan hech kim qolmaganini bilardim. Onam ham nobud bo‘lgandi…
Meni merganlar maktabiga yuborishdi, uni “a’lo” baholar bilan tugatdim. Ertasigayoq meni ham frontga jo‘natinglar, deb iltimos qildim, chunki hammani jo‘natib, meni instruktor sifatida maktabda olib qolishmoqchi edilar. Bunday fikr esa mening xayolimga ham kelgani yo‘q…”
Evgeniya Sergeevna Sapronova, gvardiya serjanti, aviamexanik, o‘zi tug‘ilib o‘sgan Yelets shahridan frontga ketgan. Ushbu voqea bir umr uning xotirasida qolgan:
“Men onamdan faqat yig‘lamang, deb o‘tindim. Tun bo‘lmasa ham g‘ira-shira edi, onalarning oh-vohiga chidab bo‘lmasdi. O‘z qizlarini kuzatayotgan onalar nainki yig‘lardi, balki rosmana faryod solardi. Lekin mening onam yig‘lamas, haykalday qotib turardi. Menga achinmagan deysizmi? Nima bo‘lsa ham tishini-tishiga bosib turar, nazarimda mening ham rosmana yig‘lab yuborishimdan xavotir olardi. Men onamning arzandasi, juda erkatoy edim. Erkatoy qizaloqning boshini o‘g‘il bola kabi qirtishlab, peshonamda bir tutam soch qoldirishdi. Otam ham, onam ham ruxsat bermaganiga qaramasdan faqat frontga ketish fikru zikri bilan yashardim. Hozir muzeylarda saqlanib qolgan “Ona Vatan chorlaydi!”, “Sen front uchun nima ish qilding?” kabi shiorlar menga juda qattiq ta’sir qilgan. Front ortida yoshi o‘tgan ayollar qolsa ham bo‘ladi, men frontga jo‘nashim kerak, deb ahd qilgandim.
Urushning oxiriga borib butun oilamiz jang qildi hisobi. Otam, onam, singlim – ular temiryo‘lda mehnat qilishardi. Ular front bilan izma-iz yurib, temiryo‘llarni tiklar edilar. Otam, onam, singlim va men – barchamiz “G‘alaba uchun” medali bilan taqdirlanganmiz…”
Stavrapol o‘lkasidan serjant, hamshira Olga Mitrofanovna Rujitskayadan maktub keldi: “Frontga jo‘naganimda havo juda yaxshi edi. Chinniday toza havo, maydalab yomg‘ir tomchilaydi. Go‘zal manzara… Ertalab chiqib turib qoldim: nahotki ortiq bu yerga qaytib kelmasam? Onam yig‘lar, meni bag‘riga bosgancha qo‘yib yubormasdi. Biroz yursam, yetib olardi-da, yana bag‘riga bosardi… Men esa halok bo‘lmasligimga, qaytib kelishimga ishonardim. Nega halok bo‘lar ekanman? Kim meni o‘ldiradi, qayerlardadir qolib ketamanmi?..”
Ularning har biri frontga o‘ziga xos tarzda yo‘l olgan. Lekin yagona maqsad – Vatan himoyasiga otlangan. Vazifa ham yagona – Vatanni xalos qilish edi.
Ularning fikr-mulohazalariga qo‘shib-chatishning hojati yo‘q. Keling, hikoya qilishni o‘zlariga qo‘yib beraylik…
Galina Dmitriyevna Zapolskaya qurolli kuchlar safida telefon aloqachisi bo‘lib xizmat qilayotganda urush boshlangan. Ularning harbiy qismi Borisovada edi, dastlabki haftalardayoq urush alangasi u yerni ham qoplab olgan. Ota-onasi yaqin atrofda yashagani uchun ular bilan osoyishta joylarga ko‘chib ketishi mumkin edi. U esa dugonalari kabi boshqacha yo‘l tutdi.
“Borisovadan, – deb hikoya qiladi Galina Dmitriyevna, – harbiy qism tarkibida Mogilevga chekindik. Nemislar shaharni, ayniqsa, aerodromni bombardimon qilishardi. Biz shu aerodromda aloqani yo‘lga qo‘yish bilan band edik. Kechayu kunduz bomba yog‘dirishadi. Qo‘shinlar chekinmoqda…
Aloqa xizmati boshlig‘i barchamizni safga tizdi. Biz askar emasdik, harbiy xizmatda hisoblanmasdik, erkin yollangan xizmatchilar edik. Boshliq bizga qarata dedi:
– Qizlar, beomon urush boshlandi. Urushda ayniqsa sizlarga qiyin bo‘ladi. Kim xohlasa, fursatni boy bermay uyga qaytishi mumkin. Kim frontda qolishni istasa, bir qadam oldinga chiqsin…
Barcha qizlar kelishib olganday bir qadam oldinga tashladik. Yigirmatamiz. Barchamiz Vatanni himoya qilishga tayyor edik.
Kunu tun tinim bilmasdik. Askarlar ovqatni tovoqlarda apparatlarimiz oldiga olib kelishar, ovqatlanib, apparatlarning yonida biroz mizg‘ib olib, yana ishga kirishardik. Hatto bosh yuvishga ham qo‘limiz tegmasdi, oxir-oqibat: “Uzun sochlarimni kesib tashlanglar”, – deb qizlardan iltimos qildim…”
Orenburg viloyatining Buzuluk shahriga urushning qadami yetmagan bo‘lsa ham Lenochka Yakovleva urushga yuborishlarini iltimos qila boshladi. “Seni hali Lena deb emas, rosmana yosh qizaloqday Lenochka deb chaqirishadi, sen esa frontga yuboringlar, deb iltimos qilayapsan. Onangga rahm qilsang bo‘lardi…” – deya uni fikrini qaytarmoqchi bo‘lardi qo‘shni ayollar.
Lekin shijoatli bu qizlarni kim ham fikridan qaytara olardi? Darvoqe, Yuliya Druninaning she’ri yodingizdami:

Vagonga ko‘chdim men bolaligimdan,
Lashkar, sanitarlar kabi soddadil.
Gohi quloq tutdim portlashlarga ham,
Bariga ko‘nikkan qirq birinchi yil.
Maktabdan keldim men zax o‘ralarga,
Darg‘azab askarlar nimalar demas.
Zotan, topolmadim jumlajahonda
“Rossiya” singari so‘zni, muqaddas.

Starshina, hamshira Yelena Pavlovna Yakovleva hikoya qiladi:
“…Necha qayta murojaat qilganimiz esimda yo‘q, xullas, navbatdagi gal kelganimizda harbiy bo‘lim boshlig‘i bizni sal bo‘lmasa quvibsolayozdi: “Loaqal bironta hunaringiz bo‘lsa edi. Hamshirami, haydovchimi… Qani, qanday ishning uddasidan chiqa olasiz? Urushda nima qilib bera olasiz?..” Biz odamlar ishlashiga xalaqit berayotganimizni bilmasdik. Nima ish qilamiz, degan savol oldimizda ko‘ndalang bo‘lmagan. Faqat jang qilishni istardik. Jang qilish ham muayyan ishni uddalash ekanini anglamasdik. Boshliqning savolidan keyin sarosimada qoldik.
Bir necha qizlar bilan hamshiralar tayyorlash kursiga yo‘l oldik. U yerda bizga olti oy o‘qishingiz kerak, deb aytishdi. Yo‘q, bu to‘g‘ri kelmaydi, olti oygacha sabrimiz chidamaydi, degan xulosaga keldik. Lekin uch oylik kurslar ham bor ekan. Uch oy ham bizga uzoq muddat tuyuldi. Lekin bu kursda o‘qiyotganlar ta’limni tugatish arafasida ekan. Bizdan ham imtihon olishlarini iltimos qildik. Yana bir oylik o‘qish qolgandi. Tun bo‘yi gospitalda amaliyotni o‘tasak, kun bo‘yi ta’lim olardik. Imtihonlarni topshirganimiz hamono bizni harbiy bo‘limga yuborishdi. Natijada hamshiralar tayyorlash kursini bir oydan sal ko‘proq vaqt ichida bitirdik…
Lekin bizni frontga emas, gospitalga yuborishdi. Qirq birinchi yilning avgust oyi oxirlari edi. Fevralda men gospitaldan qochib ketdim, qonunga xilof ish tutdim desa ham bo‘ladi, buni boshqacha atab bo‘lmaydi. Hujjatlarsiz, hech vaqosiz sanitar poyezdida qochib ketdim. “Navbatchilikka kelmayman. Frontga ketdim”, – degan qisqa xat qoldirdim. Tamom…”
Leningradlik Vera Danilovtseva aktrisa bo‘lishni orzu qilar, teatr institutiga kirish uchun tayyorlanardi, urushda esa mergan bo‘lib, ikkita “Shuhrat” ordeni bilan taqdirlangan. U shunday hikoya qiladi:
“O‘sha kuni yigitim bilan uchrashuvimiz bor edi. Nihoyat, sevgi izhor qilsa kerak, deb kutgandim. U esa juda g‘amgin bo‘lib kelib dedi: “Vera, urush boshlandi! Bizni bevosita bilim yurtidan frontga jo‘natishayapti”. U harbiy, kursant edi. Men ham o‘zimni Janna d’Arkday his qila boshladim. Garchi shu paytgacha pashshaga zarar yetkazish ham malol kelganiga qaramay, faqat frontga ketaman, qo‘limga qurol olaman, deb qat’iy ahd qildim. Harbiy bo‘limga oshiqdim, u yerda esa hozircha faqat tibbiyot xodimlari kerak, olti oy o‘qish zarur, deyishdi. Olti oy – juda ko‘p, buncha uzoq kuta olmayman!
Oxir-oqibat ta’lim olishga ko‘ndirishdi. Rozi bo‘ldim, lekin faqat hamshiralikka emas…”
Anna Nikolayevna Xrolovich urushgacha Omskda yashagan, tibbiyot texnikumini tugatishga ulgurgan. 1942 yilda Omskka evakuatsiya qilingan Moskva 2-tibbiyot institutining 1-bosqichiga o‘qishga kirgan.
Uning maktubidan:
“Mening do‘stlarimni frontga safarbar qilishdi. Meni olishmagani, yolg‘iz qolganim uchun ho‘ngrab yig‘ladim. Hech kim targ‘ib qilishi shart emasdi, shundoq ham barcha frontga oshiqardi. Iltimos qilishardi. Hatto yolvorib o‘tinishardi. Lekin uzoq o‘qimadim. Dekan bizlarni to‘plab, shunday dedi:
– Qizlar, o‘qishni urush tugagandan keyin davom ettirasizlar. Vatanni himoya qilish kerak…
Bizni zavoddan frontga kuzatishdi. Yoz fasli. Barcha vagon gul bilan bezatilgani hozir ham yodimda… Bizga hadyalar berishdi. Menga juda mazali shirinlik va bejirim sviter tegdi. Perronda ukraincha raqsni shavq-shavq bilan ijro etdimki, asti qo‘yaverasiz…”
Antonina Grigorevna Bondareva, gvardiya leytenanti, katta uchuvchi:
“Ettinchi sinfda o‘qiyotganimda biz yashayotgan shaharga samolyot uchib keldi. 1936 yilda bu rosmana mo‘jiza bo‘lgan. “Yigitlar va qizlar – samolyotlarni egallang!” – degan shior o‘shandayoq paydo bo‘lgan. Men komsomol sifatida, albatta, oldingi saflarda yurardim. Darhol aeroklubga yozildim. Otam, tabiiyki, mutlaqo qarshi edi.
Bunga qadar oilamizda barcha metallurg, domnachi metallurglar bo‘lgan. Otam ayol metallurg bo‘lishi mumkin, lekin uchuvchi bo‘lishi mumkin emas, deb hisoblardi. Aeroklub boshlig‘i bundan xabar topib, otamni samolyotda sayr qildirishga ruxsat berdi. Men shunday qildim. Otam bilan birga havoga ko‘tarildik, shu kundan e’tiboran otam ortiq e’tiroz bildirmadi. Aeroklubni “a’lo”ga bitirdim, parashyut bilan yaxshi sakrardim.
Urushgacha turmushga chiqishga ham ulgurdim, qiz tug‘dim. Darhol frontga yo‘l olganim yo‘q. Aeroklubimizda turli o‘zgarishlar bo‘ldi: erkaklarni urushga olib ketishdi, ularning o‘rnini biz – ayollar egalladik. Kursantlarni o‘qitardik. Ish juda ko‘p, tongdan shomgacha ishlardik. Qizim qo‘limda qolgan, har doim lagerlarda yashardik. Men bo‘tqa pishirib oldiga qo‘yardim-da, ustidan eshikni qulflab ketardim, chunki tong yorishmay, soat to‘rtdan uchishni boshlardik. Kechqurun qaytib kelganimda, qizim bo‘tqani yeganmi-emaganmi, xullas, hammayog‘i bo‘tqaga belangan bo‘lardi. U atigi uch yoshda edi.
Qirq birinchi yilning oxirlarida qoraxat oldim: erim Moskva ostonalarida halok bo‘libdi. U uchuvchi, bo‘linma komandiri edi. Meni frontga jo‘natinglar, deb iltimos qila boshladim…”
Kichik leytenant, shifrlovchi Lyubov Arkadevna Charnoyning xatidan:
“…O‘g‘lim ikki yoshga kirgan, yana homilador edim, ikkinchi farzandimni kutayotgandim. Urush boshlanib qoldi… Erim frontda… Men ham ota-onamning huzuriga yo‘l oldim va kerakli ishlarni qildim… Ikkinchi farzandimni tug‘madim…
Metallni pardozlash kursini tugatgach, frontga yuboringlar, deb iltimos qildim. Yorug‘ dunyoni ko‘rmagan farzandim uchun qasos olishni istardim…”
Serafima Ivanovna Panasenko, kichik leytenant, motoo‘qchi batal­oni feldsheri:
“Asli Sverdlovsk shahridanman. Endigina o‘n sakkizga to‘lganimda urush boshlanganini e’lon qilishdi, o‘z shahrimdan frontga jo‘naganman. Odamlar qanday yig‘lagani esimda. O‘sha kuni men ko‘rgan odamlarning barchasi yig‘lardi. Men feldsher-akusherlik maktabining ikkinchi bosqichida o‘qiyotgandim. “Urush boshlangan ekan, frontga jo‘nashim kerak”, degan fikrga keldim. Otam keksa kommunist, siyosiy mahbus bo‘lgan. U bizga bolaligimizdan Vatan muqaddas ekanini, uni himoya qilish zarurligini uqtirardi. Shunday ruhda tarbiyalanganman, agar Vatanni men himoya qilmasam, kim himoya qiladi, degan fikrda bo‘lganman”.
Borisova shahridan katta serjant, aloqachi Mariya Semyonovna Kaliberdining xotiralaridan:
“Aloqachi bo‘lishga hech rozilik bermasdim, hech qachon aloqachi bo‘lmayman, deb yurardim, chunki bu ham o‘ziga xos jang ekanini bilmasdim. Diviziya komandiri kelganda biz saf tortdik. Mashenka Sungurova degan dugonamiz bo‘lardi. Mashenka safdan chiqib, komandirga yuzlandi:
– O‘rtoq general, murojaat qilishga ruxsat bering.
General xayrixohlik bilan dedi:
– Marhamat, marhamat, jangchi Sungurova!
– Oddiy askar Sungurova aloqachi sifatida xizmat qilishdan ozod etishingizni va otishmalar bo‘layotgan joyga yuborishingizni iltimos qiladi.
Ishonasizmi, hammamiz mana shunday kayfiyatda edik. O‘sha kezlardagi qat’iyatimizni ifodalashga ojizman. Biz shug‘ullanayotgan aloqa ishlari hech narsaga arzimaydi, hatto bizni kamsitadi, biz faqat oldingi marrada bo‘lishimiz kerak, deb o‘ylar edik.
Generalning yuzidagi tabassum darhol g‘oyib bo‘ldi:
– Qizlarim! (O‘sha paytdagi ahvolimizni ko‘rsangiz edi: och-nahormiz, uyqusizlik qiynaydi, bir so‘z bilan aytganda, general biz bilan komandir sifatida emas, otamizday suhbatlashdi). Frontda bajarayotgan vazifangiz qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanini o‘zlaringiz bilmaysizlar, shekilli, sizlar bizning ham ko‘zimiz, ham qulog‘imiz hisoblanasiz, aloqasiz armiya Vatansiz kimsaday gap…
Mashenka birinchi bo‘lib xitob qildi:
– O‘rtoq general! Oddiy askar Sungurova sizning har bir buyrug‘ingizni miltiqday ado etishga hamisha tayyor!
Biz keyin unga urushning oxirigacha “Miltiq”, deb laqab qo‘yib oldik.
…1943 yilning iyunida Kursk yoyida bizga polk bayrog‘ini tantanali topshirishdi, bizning oltmish beshinchi armiyaning bir yuz yigirma to‘qqizinchi alohida aloqa polkimiz sakson foiz xotin-qizlardan tashkil topgandi. Sizga chin dildan so‘zlab bermoqchiman… O‘shanda ko‘nglimizdan nimalar kechganini bilsangiz edi. Polkimiz komandiri bayroqni qabul qilib olib, buyruq berdi: “Polk, bayroq ostida ta’zim qil!” Bizga bunchalik katta ishonch bildirilganidan, tankchilar, o‘qchilar polki bilan baravar maqomga ega bo‘lganimizdan biz – ayollar cheksiz xursand edik… Barchamizning ko‘zimizda yosh o‘ynardi. Juda baxtiyor edik. Vatanimiz boshiga kulfat tushgan o‘sha kunlarda har qanday vazifani uddalashga tayyor edik.
Xoh ishoning, xoh ishonmang, shu qadar hayajonlandimki, butun a’zoyi badanim larzaga keldi. To‘yib ovqatlanmaslik, asabiy zo‘riqish oqibatida shabko‘r bo‘lib qolgandim. Juda qattiq hayajonlanganimdan kasalim tuzaldi. Ertasigayoq tamomila sog‘ayib ketdim…”
Urushda kichik serjant, zenitchi bo‘lgan moskvalik Mariya Sergeevna Kolesnikdan maktub keldi:
“Men Vilnyus shahri qanday yonganini ko‘rganman… Butun shahar, hatto toshlar yonardi. Qandaydir ibodatxonaning qizil toshi yonayotgani hech ko‘z o‘ngimdan ketmaydi. Dastlabki uch kun dahshatli qo‘rquv hukm surdi: hammayoqda halok bo‘lganlar, yaralanganlar, men esa homilador holimda tirikman. Yo‘lda yugurib ketayapmanu onamning gaplari esimga tushadi: agar chiroyli bola tug‘ishni istasang, faqat chiroyli manzaralarga nazar solgin, quvnoq qo‘shiqlarni tinglagin. Men esa yo‘l-yo‘lakay faqat yong‘in guvohi bo‘laman, faqat halok bo‘lganlar, daryo-daryo oqayotgan qonga duch kelaman. “Bunday dahshatli sharoitda qanday farzand tug‘aman?” degan fikr tinchlik bermaydi.
O‘g‘ilcham ko‘p yashamadi. Men darhol urushga jo‘natishlarini so‘rab, murojaat qildim…”
Saki shahridan Kseniya Sergeevna Osadchevaning daftarni to‘ldirib yozgan katta maktubidan faqat ikki sahifa:
“…Qirq birinchi yilning to‘qqizinchi iyunida o‘n sakkiz yoshga to‘ldim, oradan ikki hafta ham o‘tmay la’nati urush boshlandi. Maktab partasidan chiqib, Gagra-Suxumi temiryo‘li qurilishiga yo‘l oldik. Qanday nonni yeganimiz hamon esimda. Uni nimaga o‘xshatishni ham bilmayman. Kepakka un aralashtirilar hamda asalari mumi kabi yopishishi uchun suv bilan to‘ldirilardi. Bunday non stolga qo‘yilsa, suvi oqib ko‘lmakcha hosil bo‘lardi, biz uni tilimiz bilan yalardik.
Qirq ikkinchi yilda uch ming ikki yuz birinchi evakuatsiya-saralash gospitaliga ixtiyoriy ravishda bordim. Bu Kavkazorti va Shimoliy Kavkaz frontlari hamda alohida Primorya armiyasining tarkibidagi juda katta gospital edi. Shiddatli janglar borar, yaradorlar juda ko‘p edi. Menga ovqat tarqatishni topshirishdi – bu vazifada kechayu kunduz uzluksiz ishlash talab etilardi, kechki ovqatni tonggacha ham tarqatib ulgurmasdik. Bir necha oydan so‘ng chap oyog‘imdan yaralandim – o‘ng oyog‘imda hakkalab yurib ham ishlaganman. Keyin yana xo‘jalik bekasi lavozimini berishdi, bunda hamisha ish joyida bo‘lish talab qilinardi.
Qirq uchinchi yilning o‘ttizinchi mayida, kunduz kuni roppa-rosa soat birda Krasnodar shahri havodan qattiq bombardimon qilindi. Men binodan chiqib, temiryo‘l vokzalidan yaradorlarni jo‘natishga ulgurishdimikan, deb qaradim. O‘q-dorilar saqlanayotgan imoratga ikkita bomba tushdi. Mening ko‘z o‘ngimda qutilar olti qavatli bino balandligiga ko‘tarilib, portlay boshladi. Portlashlar to‘lqini meni uchirib borib, devorga urdi. Hushimni yo‘qotdim…
Ko‘zimni ochganimda kechki soat olti bo‘lgandi. Boshim, qo‘llarimni qimirlatib ko‘rdim – qimirlayapti, chap ko‘zimni arang ochib, qonga botgan holda bo‘limga yo‘l oldim. Yo‘lakda katta hamshira uchratib, taniy olmay savolga tutdi: “Kimsiz?” “Qayerdan keldingiz?” Yaqin kelgach, tanidi va dakki berdi: “Shu paytgacha qayerlarda yuribsan, Kseniya? Yaradorlar och, sen esa yo‘qsan”. Tezda boshimni va chap qo‘limning tirsagimdan yuqori qismini bog‘lashdi va men kechki ovqatni qabul qilib olishga chog‘landim. Ko‘zimning oldi qorong‘ilashar, ter suvday quyilardi. Kechki ovqatni tarqatayotganda holdan toyib yiqildim. Hushimga keltirishganda faqat “Tezroq!.. Bo‘laqol!..” degan xitoblarni eshitardim. Og‘ir yaradorlarga qon ham berganman.
Yigirma oy mobaynida hech kim meni almashtirmadi, o‘rnimni egallamadi. Tizzamgacha shishib ketgan chap oyog‘im bint bilan o‘ralgan, qo‘limni operatsiya qilishgan, u ham bint bilan chirmab tashlangan, boshimga ham bint o‘ralgan. Maktabda o‘qib yurganimda sport yuklamalarini bajarganman. Lekin mening ahvolimda yigirma oy kechayu kunduz yugurgan sportchi dunyoda topilmasa kerak. Men esa tinmay yugurdim va barchasiga chidadim.
…Hozir hammayoq tiklangan, hamma tomon gullar og‘ushida, men esa hamon og‘riqdan o‘zimga kelolmayman, qiyofam hozir ham ayolga o‘xshamaydi. Kula olmayman, har kuni oh tortaman. Urushda shunchalar o‘zgardimki, uyga qaytganimda onam ham tanimagan. Onam yashayotgan xonadonni ko‘rsatishgach, eshikni taqillatdim. Ichkaridan ovoz eshitildi:
– Kim u?
Men ostona hatlab salom bergach, iltimos qildim:
– Bir kecha tunasam maylimi?
Onam pechkaga o‘tin yoqayotgandi, ikkita ukam esa polda, poxol ustida yalang‘och o‘tirishar, kiyadigan kiyimning o‘zi yo‘q edi. Onam meni tanimasdan javob berdi:
– Boshqa xonadonga bora qoling.
Men yana iltimos qila boshladim. Onam ham bitta gapni takrorlaydi:
– Ahvolimizni ko‘rmayapsizmi? Uyimizda tunamagan askar qolmadi. Qorong‘i tushmasdan boshqa uyga bora qoling.
Onamga yaqin boraman, u esa yana o‘sha gapni aytadi:
– Boshqa uyga boring deyapman, sal o‘tmay qorong‘i tushadi.
Men egilib onamni bag‘rimga bosaman:
– Oyi, oyijon!
Daf’atan hammalari meni quchoqlab, quvonganlaridan yig‘lab yuborishdi…
Hayotim juda og‘ir kechgan. Men boshimdan kechirgan voqealar aks etgan kitob ham, kinofilm ham haligacha yo‘q”.
O‘n yetti-o‘n sakkiz yoshli qizlarning ko‘nglidagini tushunish uchun ularning o‘tmishiga nazar solish kerakligini anglayman. O‘tmishda esa – bolalik, maktab, ota-onalari.
Sofya Ivanovna Sherevera, gvardiya kichik serjanti, radiotelegrafchi:
“Men bolalar uyida ulg‘ayganman. Yettinchi sinfni tugatib, bitiruv kechasiga tayyorgarlik ko‘rayotgandik. Lekin direktorimiz Vasiliy Nikiforovich Zimonets (biz u bilan hozir ham xat yozishamiz, meni “qizim” deydi) bizni to‘plab, “Bolalar, urush boshlandi!..” dedi.
Evakuatsiyani kuta boshladik. Bizning bolalar uyimiz Vinnitsa yaqinida joylashgandi. Lekin evakuatsiyaga oid buyruq hadeganda kelavermadi va Vasiliy Nikiforovich o‘zi qaror qabul qildi: “Bolalarim, o‘zimiz bir amallab yetib olamiz”. Bizni stantsiya sari boshlab borar ekan, katta yoshdagi bolalar kichiklarini yetaklab olsin, deb tayinladi. “Ko‘tarishga kuchingiz yetadigan narsalarni qo‘lga olinglar”, deb qo‘shimcha qildi. Nimani ham olardik? Bir bo‘lakdan non… Uzoq piyoda yurdik, so‘ng poyezdda yo‘l bosdik. Poyezd dalada to‘xtagan kezlarda boshoq terib, kichkina bolalarga berardik, o‘zimiz ham yerdik.
Shu asno Penzaga yetib keldik. U yerdan esa Buzulukka jo‘natishdi. Nihoyat, Buzulukda boshimiz uzra bombalar portlamasligiga ishonch hosil qildik. Avval cherkovga joylashtirishdi, keyin esa alohida uy berishdi. Direktor yana bizni to‘pladi: “Bolalar, sizlar, albatta, o‘qishni xohlaysizlar, lekin hozir Vatan yordamga muhtoj. Kimdir zavodga, kimdir hunar bilim yurtiga yo‘l oladi, kichik yoshdagilarni esa tarbiyalaymiz”. Men bilim yurtini tanladim. Kunduz kuni ta’lim olib, kechasi zavodda ishlardik. O‘n oltiga ham to‘lmagandim. Mendan kichiklar ham bor edi. Dastgoh katta, bemalol ishlash uchun oyog‘imizning ostiga to‘nka qo‘yib olardik. Miltiqlarning xanjarlarini ishlab chiqarib, pardozlash dastgohlarida ularni silliqlardik. Hammasi g‘alaba uchun mo‘ljallangandi.
“Pravda” gazetasida Zoya Kosmodemyanskayaning jasorati haqida o‘qiganimizdan so‘ng, hamma qizlar frontga otlanishga ahd qildik. (Yig‘laydi.) Agar urush bo‘lmaganida, institutni ham bitirardim. Lekin men uchun front institut bo‘ldi. Bu bilan faxrlanaman…”
Neva ko‘lining ortida, Leningradda bir qizcha yashardi. Shu shaharda tug‘ildi, maktabda o‘qidi. Dugonalari bilan raqs tushgani borardi, komsomol shanbaliklarida qatnashardi. Keyin zavodda frezerchi bo‘lib ishladi.
Qirq birinchi yilda askarlar zavodning yonidan saf tortib o‘tib, frontga yo‘l oldi. Qizaloq ulardan iltimos qilardi: “Jon amakilar, meni ham frontga olib ketinglar”.
Nadejda Vasilevna Anisimova xotirlaydi:
“Meni sira ko‘zlari qiymasdi, oldingi marraga yuborishmadi. Lekin bundan qat’i nazar pulemyot rotasida saninstruktor bo‘ldim. O‘limdan qo‘rqmasdim. Balki barcha yoshlar kabi jasoratli bo‘lgandirman. Bir gal kechasi dushmanning butun bir rotasi bizning polkimiz maydonida jang bilan razvedka olib bordi. Tongga yaqin ular chekindi, betaraf maydondan esa yaradorning ingrayotgani eshitildi. “Bora ko‘rma, otib tashlashadi, – deyishdi menga jangchilar, – ko‘rmayapsanmi, kun yorishayapti”.
Ularning gapiga quloq solmay emaklay ketdim. Yaradorni topib, uni qayish bilan qo‘limga bog‘lab olib, sakkiz soat mobaynida sudrab, tirik olib keldim. Komandir xabar topib, o‘zboshimchalik qilganim uchun qizishib besh kun qamoq jazosiga hukm qildi. Polk komandirining o‘rinbosari esa boshqacha munosabat bildirdi: “Mukofotga loyiq ish qildi”. Men ularning ikkalasini ham tushundim…
O‘n to‘qqizga kirganimda “Jasorat uchun” medali bilan taqdirlanganman. O‘n to‘qqiz yoshimda sochim oppoq oqarib ketdi. O‘sha yili oxirgi jangda ikkala o‘pkamni ham o‘q teshib o‘tdi, ikkinchi o‘q umurtqam orasidan o‘tib ketdi. Oyog‘im shol bo‘lib qoldi, hatto o‘ldiga chiqarishdi… Uyga qaytib kelganimda, singlim qoraxatni ko‘rsatdi!..”
Katta serjant, razvedkachi Albina Aleksandrovna Gantimurova hikoya qiladi:
“Onamni eslay olmayman, qiyofasi g‘ira-shira yodimda qolgan. Onam vafot etganda uch yoshda edim. Otam Uzoq Sharqda xizmat qilar, doimiy xizmatdagi harbiy edi. Meni ot choptirishga o‘rgatdi. Ilk marta otga o‘tirganimda juda hayajonlanganman. Otam erkatoy bo‘lib ulg‘ayishimni sira istamasdi. Besh yoshimdan barcha voqealarni eslayman, Leningradda xolam bilan yashardim, xolam esa rus-yapon urushida mehr-shafqat hamshirasi bo‘lgan.
Bolaligimda juda sho‘x edim. Bahs boylashib, maktabning ikkinchi qavatidan sakraganman. Futbol o‘ynashni yaxshi ko‘rardim, o‘g‘il bolalar to‘p tepishar, men esa darvozabon bo‘lardim. Fin urushi boshlanganda hamisha urushga qochib ketaverardim. Qirq birinchi yilda yettinchi sinfni tugatib, texnikumga kirish imtihonlarini topshirdim. “Urush boshlandi!” deya xolam yig‘laganida, men nihoyat frontga boraman, o‘zimni ko‘rsataman, deb quvonganman. Urushda qon to‘kilishini qayoqdan bilay?
Xalq ko‘ngillilarining birinchi gvardiya diviziyasi tashkil topganda biz, bir necha qizni medsanbatga olishdi.
Xolamga telefon qildim:
– Frontga ketayapman.
Xolam jahl bilan buyurdi:
– Darhol uyga yetib kel. Tushlik ovqat sovib qoldi.
Telefon go‘shagini joyiga ildim.
Keyinchalik xolamga achindim. Leningrad qamali boshlandi, xolam keksa boshi bilan yolg‘iz qoldi.
Xolamni ko‘rib kelishim uchun ruxsat berishgani esimda. Yo‘l-yo‘lakay do‘konga kirdim. Urushgacha shirinliklarni juda yaxshi ko‘rardim. Sotuvchiga:
– Menga konfet bering, – dedim
Sotuvchi menga telbaga qaraganday tikildi. Yegulik olish uchun kartochka kerakligini, qamal nima ekanini bilmasdim. Navbatda turgan odamlarning hammasi menga o‘girildi, yelkamdagi miltig‘im bo‘yimdan baland edi. Uni bizga berishganda “Qachon mening bo‘yim bu miltiq bilan baravar bo‘larkan?” degan fikr ko‘nglimdan kechgan.
Kutilmaganda barcha, navbatda turganlarning hammasi sotuvchidan iltimos qila boshlashdi:
– Unga konfet bering, bizning talonimizdan qirqib ola qoling.
Sotuvchi menga konfet berdi.
Ko‘chada frontga yordam yig‘ilardi. Maydonga terilgan stollarga katta barkashlar qo‘yilgan, odamlar kelib kimdir tilla uzugini, kimdir ziragini tashlab ketardi. Soatlar, pullar olib kelishardi… Hech kim hech narsani ro‘yxat qilmas, hech kim biron qog‘ozga imzo qo‘ymasdi… Ayollar qo‘lidagi nikoh uzugini g‘alaba uchun berardi. Bu manzara, do‘kondan olingan shirinlik ham sira xotiramdan chiqmaydi.
“Bir qadam ham ortga yo‘l yo‘q!” degan da’vat bilan ikki yuz yigirma sakkizinchi buyruq chiqdi. Bu buyruq meni daf’atan voyaga yetkazdi.
Yaralanganlar juda ko‘p, necha kunlab uxlamasdik. Bir gal uch kecha-kunduz hech kim mijja qoqmadi. Meni yaradorlar bilan mashinada gospitalga yuborishdi. Yaradorlarni topshirdim, mashina ortga bo‘sh qaytdi, yo‘lda uxlab, juda tetik bo‘lib uyg‘ondim, dugonalarim esa oyoqda zo‘rg‘a turardi.
Komissar uchrab qoldi:
– O‘rtoq komissar, uyalib ketayapman.
– Nimadan?
– Uxlab oldim.
– Qayerda?
Yaradorlarni eltib qo‘yganim, qaytishda bo‘sh mashinada uxlab olganimni aytdim.
– Nima bo‘pti? Juda to‘g‘ri qilibsan. Loaqal bitta tetik odam bo‘lsin, hamma yurgan yo‘lida uxlab qolay deyapti.
Men esa juda xijolatda edim. Butun urush mobaynida mana shunday andisha bilan yashaganmiz.
Medsanbatda menga yaxshi munosabatda bo‘lishar, biroq men razvedkachi bo‘lishni xohlardim. Agar ruxsat berishmasa, jang qilayotgan oldingi marradagi qo‘shinlar tarkibiga qochib ketaman, deganman. Buning uchun komsomoldan haydalishimga sal qolgan”.
Ikkita “Qizil yulduz” ordeni, ikkita “Shuhrat” ordeni, ikkita “Jasorat uchun” medali – bular urushda olingan, Albina Aleksandrovna o‘zi aytmoqchi, “razvedka uchun” olingan jangovar nishonlarning bir qismi, xolos.
“Uchinchi “Shuhrat” ordeni nasib qilmagan ekan… “Albina, senga yana ozgina imkon berishmadi-da”, deb razvedkachilar hazillashishardi.
Birinchi “Jasorat uchun” medali men uchun juda qimmatli mukofot. Askarlar yotib olgan. “Vatan uchun! Olg‘a!” buyrug‘i yangradi, ular esa yotibdi. Buyruq takrorlansa ham bosh ko‘tarishmadi. Qiz bola ekanimni ko‘rishsin, deya boshimdan qalpog‘imni olib, daf’atan qaddimni rostladim… Menga ergashib barcha askarlar shitob bilan talpindilar va biz hujumga o‘tdik.
Meni medal bilan taqdirlashdi, shu kuniyoq topshiriq bilan razvedkaga yo‘l oldik.
Biz bilan birga keksa feldsher ham razvedkaga chiqqandi. Menga yuzlanib:
– Qayeringga o‘q tegdi? – deb so‘radi.
– Bilmayman… Lekin qon ketayapti…
Keksa feldsher otam kabi hammasini yotig‘i bilan tushuntirdi.
Urushdan keyin ham o‘n besh yil razvedkaga qatnaganman. Har kecha… Tushimda goh avtomatim otilmay qolardi, goh qurshovga tushardik… Ko‘zimni ochsam, tishim tishimga tegmay takillardi.
Urush tugadi, men faqat uchta narsani orzu qilardim: avvalo – nihoyat, qornim bilan emaklab yurmayman, trolleybusda rohatlanib qatnayman, ikkinchidan – bitta oppoq non xarid qilib, maza qilib yeyman, uchinchidan – oppoq choyshabda huzurlanib uxlayman”.
Zenitchi Valentina Pavlovna Maksimchuk xotiralaridan:
“Biz, pedagogika institutining talabalari qirq birinchi yilning yigirma sakkizinchi iyun kuni peshinda bosmaxona hovlisida yig‘ildik. Yig‘ilish qisqa bo‘ldi. Eski Smolensk yo‘li bo‘ylab shahardan chiqib, Krasnoye shahriga jo‘nadik. Ehtiyotkorlikka rioya qilib, guruh-guruh bo‘lib ketib borardik. Kechga borib jazirama tafti biroz qaytdi, yurish osonlashdi, hech qayoqqa qaramay jadal qadam tashlay boshladik. Dam olish joyiga yetib kelgachgina o‘girilib kunchiqarga nazar tashladik. Osmonning yarmini qip-qizil shafaq qoplab olgan, qirq kilometr masofadan nazar solganda, butun shaharni qoplaganday edi. O‘n yoki yuzta bino emas, balki butun Smolensk shahri o‘t ichida qolganini angladik.
Mening burmali oppoq nikoh ko‘ylagim bor edi. Uni dugonam Vera juda yoqtirardi. Bir necha marta havas bilan kiyib ko‘rgan. Nikoh to‘yingga sovg‘a qilaman, deb va’da bergandim. Turmushga chiqmoqchi edi-da. Yigit ham binoyidek.
Daf’atan urush boshlandi. Okoplarga otlandik. Yotoqxonadagi buyumlarimizni komendantga topshirdik. Ko‘ylakni nima qilsam ekan? Shahardan chiqib ketish arafasida: “Vera, olaqol”, deb taklif qildim.
Olmadi. Yong‘inda ko‘ylagim ham kulga aylandi.
Ketib borayapmizu dam-badam ortga qaraymiz. Hatto yong‘in haroratini sezganday bo‘lamiz. Tun bo‘yi yo‘l yurdik, ertalabdan esa ishga kirishdik. Tanklarga qarshi xandaq qazishni buyurishdi. Yetti metrli tik devor va uch metr chuqurlikdagi xandaq. Yer qaziyapmanu belkurakni alanga olganday, qum esa olovday qip-qizil bo‘lib ko‘rinadi. Nastarin va boshqa turfa gullar og‘ushidagi uyimiz ko‘z oldimdan ketmaydi…
Biz ikki jilg‘a orasida, zax maysazordagi chaylalarda yashardik. Bir tomonda issiq, bir tomonda zax. Chivinlar mo‘r-malaxday yopiriladi. Uyqudan oldin allanimalarni tutatib, ularni chayladan quvib chiqaramiz, lekin tongga yaqin teshik-tirqishlardan kirib oladi-da, to‘yib uxlagani qo‘ymaydi.
U yerdan meni tibbiyot bo‘limiga olib ketishdi. Yalang polda yotardik. Ko‘pchilik kasal bo‘lib qoldi. Issig‘im baland. Etim uvushib qaltirayman, polda yotganimcha yig‘layman. Palata eshigi ochilib, shifokor ostonada turgancha (to‘shaklar yonma-yon to‘shalgani uchun ichkariga qadam bosib bo‘lmasdi) dedi: “Ivanova, qoningda plazmodiy bor”. Demak, ahvolim yaxshi emas.
Oltinchi sinf darsligida o‘qiganimdan buyon plazmodiy desa, vahimaga tushishimni shifokor ayol qayoqdan ham bilsin. Shu palla devorga ilingan karnaydan qo‘shiq yangray boshladi: “Vstavay, strana ogromnaya…” Bu qo‘shiqni o‘shanda birinchi marta eshitganman.
Meni Roslavl shahri yaqinidagi Kozlovka degan joyga olib kelishdi. Yiqilib tushmaslik uchun o‘rindiqqa mahkam yopishib olganman, kimdir tushimda gapirayotganday dedi:
– Shumi?
– Ha, – deb javob berdi feldsher.
– Oshxonaga olib boringlar.
Nihoyat, karavotda yotibman. Gulxan yonida, zax yerda emas, daraxt ostidagi chodirda ham emas, gospitalda, issiqqina karavotda yotganimga ishongim kelmasdi. Yetti kun uxlabman. Hamishalar meni uyg‘otib ovqatlantirishganini keyinchalik aytib berishdi, men esa eslay olmayman. Uyg‘onganimda shifokor kelib ko‘rib, dedi:
– Jismonan baquvvat, sog‘ayib ketadi.
Men yana uxlab qoldim.
Urushda eng qiyini uyquni yengish edi. Ketma-ket bir necha kun to‘yib uxlamaslik oqibatida odam o‘zini idora qila olmaydigan ahvolga tushib qolardi. Ishlayotgan paytingda sezilmaydi, biroz bekor qoldingmi, yonboshlab uyquga ketganingni bilmay qolasan. Navbatchilik paytida uxlab qolmaslik uchun tinmay u yoqdan-bu yoqqa yurardim, yodlab olgan she’rlarimni takrorlardim”.
Urush faqat jang maydonida davom etmasdi. Mening vatanimdagi har bir inson askarga aylangandi.
Frani Vasilevna Adashkevich so‘zlaridan:
“Minskni bombardimon qilish boshlangach, biz shahardan bosh olib ketishga urindik. Qochoqlar orasida erkaklar yo‘q, ayollar, bolalar va keksalar ketib borayotgani esimda qolgan. Bunchalik ko‘p bolani hech qachon ko‘rmaganman. Nima uchun shunday taassurot qolganini bilmayman. Balki birinchi galda bolalarni qutqarishga harakat qilingani uchun shunday tuyulgandir. Lekin bunaqa son-sanoqsiz bolani qayta sira uchratmadim…
Bosqinchilikdan keyingi ilk kunlarda nimalar qilganman? O‘q terib, suv isitiladigan qozonda, idishlarda yerga ko‘mardim, o‘rmonlarda qalashib yotgan qurollarni g‘amlardim, bunday ishlar bilan yolg‘iz men shug‘ullanmasdim. Agar omon bo‘lsak, qurol-yarog‘ kunimizga yarashini bilardik. Hech kim fashistlar zaminimizni toptayotganiga jim qarab turishni istamasdi”.
Slutsk shahrida yashirin ish olib borgan Mariya Timofeevna Savitskaya-Radyukovich xotirlaydi:
“Nemislar qishlog‘imizga mototsikllarini tarillatib kirib kelishdi. Yosh, quvnoq, hamisha kulib yuradigan nemislarga nafrat bilan tikilardim. Ular xandon otib kulishardi! Bizning yurtimizga bostirib kirgani kamday, xandon otib kulganini ko‘rib, o‘zimni qo‘yarga joy topolmasdim.
Men qasos olish, mardona halok bo‘lishni, jasoratim haqida kitob yozishlarini orzu qilardim. O‘z vatanim uchun hamma ishga tayyor edim.
– Lekin sizning yosh bolangiz bo‘lgan?
– Qirq uchinchi yilda qiz tuqqanman. Botqoqlikdagi pichan g‘arami ustida. Yo‘rgakni yelkamga yoyib quritardim, uni biroz isitardim-da, bolamni yana yo‘rgaklardim. Atrofni olov qurshab olgan, qishloqlarni odamlar bilan birga yoqishardi… Bizning Gressk tumanimizda (urushgacha shunday tuman bo‘lgan, hozir uning hududi Slutsk tumani tarkibiga kiritilgan) to‘qqizta qishloqqa o‘t qo‘yishdi.
Dugonam ikkimiz yonib ketgan odamlarning qoldiqlarini yig‘ardik. Odamlarning so‘ngaklarini topardik, kiyimining bir parchasini topib olsak ham egasi kim ekanini bilardik. Men ana shunday kiyim parchalaridan birini ko‘tardim, dugonam esa: “Onamning koftasi…” dedi-yu, hushini yo‘qotib yiqildi. Kimdir choyshabga, kimdir yostiq jildiga, xullas, toza matoga so‘ngaklarni yig‘ardi. So‘ng umumiy qabrga qo‘yardik. Faqat oqargan so‘ngaklar qolardi…
Shundan keyin qanday topshiriq berishmasin tap tortmay borardim. Komissar menga topshiriq berardi-da: “Senga rahmim keladi!” deya ko‘ziga yosh olardi. Shahardan dori-darmon, bint, zardob olib kelardim… Chaqalog‘imning qo‘llari, oyoqlari ostiga dorini qo‘yaman-da, yo‘rgaklab yo‘lga tushaman. O‘rmonda axir yaradorlar nobud bo‘lyapti. Shoshilish kerak. Har qadamda nemislar va politsaylarning postlari, hech kimni o‘tkazishmasdi, faqat men o‘tardim.
Hozir eslash juda og‘ir… bolamning issig‘i chiqishi, yig‘lashi uchun badanini tuz bilan ishqalardim. Terisi qip-qizarib, toshma bilan qoplanar, chinqirib yig‘lay boshlardi. Postga yaqin kelib: “Terlama, pan… terlama!” deb shivirlardim. Ular esa “Tezroq yo‘qol!” deya haydab solishardi. Tuz bilan ham ishqalardim, sarimsoq piyoz ham qo‘yardim. Qizalog‘im esa hali bir parcha et… Uch oyligidan topshiriqlarni bajarishga kirishganman… Emizardim…
Postdan o‘tganim zahoti o‘rmonga bekinib olib, yig‘lashga tushardim. Dod solardim! Bolamga rahmim kelardi. Bir-ikki kun o‘tib yana yo‘lga tushardim. Boshqa iloj yo‘q edi…”
Mariya Timofeevna bilan yonma-yon dugonasi Mariya Mixaylovna Matusevich-Zayats o‘tirardi, ular dastlab birgalikda yashirin ish olib borishgan, keyinchalik partizanlar safida ham birga kurashishgan. U dugonasining hikoyasini tinglab yig‘lardi. Keyin ko‘zida yosh bilan o‘zi hikoya qildi:
“Urushdan uch kun avval o‘g‘il tug‘dim… Antonni… Odamlar: “Urush!” deya vahima qiladi, biz esa tug‘ruqxonada yotibmiz. Esimda qolgani – o‘shanda hamma homilador xotinlar o‘g‘il tuqqandi.
Nemislar bostirib kelgan ilk kunlardanoq o‘rmonda har bir pat­ronni yig‘a boshladik. Qurol to‘plaganmiz. Onam ruxsat bermasdi: “Chaqaloq bilan qayoqqa ketayapsan? Xudodan qo‘rqmaysanmi?” Men ham bo‘sh kelmasdim: “Bu bosqinchilar Xudodan qo‘rqayaptimi? Odamlarimizni nima qilishayotganini ko‘rmayapsizmi?..”
Yigitlarni uylaridan sudrab chiqib, ostonadayoq otib tashlashardi. Ikki qo‘shni yigitni uylarining oldida, shundoq ostonaning o‘zidayoq otib o‘ldirishdi…
Men komsomol a’zosi edim. Qo‘l qovushtirib o‘tira olmasdim. Varaqalar tarqatib, ma’lumotlar yig‘ardim. Bolamni hamisha qo‘limda ko‘tarib yurardim. Bir yo‘la ikki insonning hayotini xavf ostiga qo‘yardim. Qancha ko‘z yoshi to‘kmadim.
O‘g‘lim halok bo‘ldi. Partizanlar safida bo‘lganim uchun uni o‘ldirishdi. Onam bilan birga yoqib yuborishdi. Uyimizga hovliqib yetib keldim… Olovning hovuri so‘nmagandi… Topganim bir kaftgina xoki turob bo‘ldi… Yuragim o‘rtanib dod soldim…
Urushdan keyin yana o‘g‘il ko‘rganimda, uni voyaga yetkazish nasib etsin, o‘z qo‘llari bilan meni bag‘riga bosib, onasi ekanimni bilsin, deb Xudoga yolvordim… Urush meni shunday xasta qilib qo‘ygandi…”
Vera Iosifovna Odinets, partizan:
“Nafrat o‘tida yonardik. Axir bizning yerimizda dushman nimalar qilayotganini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib turardik. Ko‘nglimizda nafratdan o‘zga hech vaqo yo‘q edi. Men yo‘llarda behisob qon halqoblarini, marhumlarni ko‘rdim. Onaning ko‘z oldida farzandini o‘ldirganlarining guvohi bo‘lganman. Odamlarning marhumlar boshida dod-faryod solishga ham majoli qolmagandi…”
Xufiya ish olib borgan minsklik Natalya Nikolayevna Akimova hikoyasidan:
“Men Novinkax shahrida, ruhiy xastalar shifoxonasida ishlardim. Odamlar shu yerning o‘zida ham davolanib, ham ishlardi. Katta ferma, uch yuz gektar yer, issiqxonalar bor. Shifoxonada uch yuzta bemor davolanardi. Minskni bombardimon qilishdi. Bizning uyimiz ham yonib ketdi, ko‘chamizda yonmagan uy qolmadi. Uyimiz turgan joyga kelganimizda u yerda faqat royalning qopqog‘i yotar, yong‘in qoldiqlari orasida ikkita xitoy ko‘zasi do‘mpayib turardi.
Shifoxonaning bosh shifokori darhol harbiy bo‘limga yo‘l oldi. Lekin bemorlarni o‘z holiga tashlab bo‘lmasdi. Men ular bilan qoldim. Shaharni fashistlar bosib oldi. SS guruhini bizga, ayni shu yerga, fermaga biriktirishdi. Nemis Verner boshliq edi. Bir gal: “Yuring, sizning odamlaringiz o‘z postida nima ishlar qilayotganini ko‘ramiz”, deya meni boshlab ketdi. Bir postning yonida bemor ayol yugurib yonimizga keldi-da, chekishdan beringlar, deb so‘ray boshladi. Bizning bemorlarimiz o‘zlarini juda erkin tutishar, shunisi bilan ajralib turishardi. Verner uni haydamoqchi edi, bemor bo‘yniga osilib, uni o‘pa ketdi, o‘zini oliy tabaqa vakili deb biladigan Verner sha’niga dog‘ tushganday darhol to‘pponchasini chiqarib, hamon bo‘yniga osilayotgan bemor juvonning ensasiga o‘q uzdi.
Bu voqea qayerda bo‘lganini ham sizga ko‘rsatishim mumkin – hozir ikkinchi palata joylashgan. Men unga tashlanib, qayerda turganini unutib qo‘yganini, bu yer shifoxona, bular esa bemorlar ekanini baqirib ayta boshladim. Oyoq-qo‘lim titrab, sira o‘zimni bosolmasdim. Meni boshqa xonaga sudrab ketishdi, birozdan keyin ortimdan Verner kirdi. U tarjimon vositasida nimanidir menga tushuntirishga urinardi. Go‘yo men behuda iztirobga tushyapman, ortiqcha dahmazalardan xalos bo‘lish kerakligini tushunishim kerak emish.
Keyin nima bo‘ldi, deng… Dushegubka, ya’ni fashistlarning odam o‘ldiradigan mashinalari keldi. Ularga bemorlarni joylab olib ketishdi. Yurolmaydigan zaif bemorlarni esa ko‘tarib borib hammomga tiqishdi-da, eshikni yopib, hammomning derazasiga mashinaning tutun chiqaradigan quvurini suqishdi va hammasini zaharlab o‘ldirishdi. So‘ngra murdalarni xuddi sarjinday mashinaga taxlashdi.
Bularning hammasini boshqarib turgan rahbar rosmana jazavaga tushganimni ko‘rib, meni xonasiga olib borishlarini buyurdi. Hatto o‘z qilmishlarini oqlashga ham urindi: “Hozir juda iztirob chekayapsiz, lekin dahmazalardan sizni qutqarganimiz uchun keyin xursand bo‘lasiz. Axir hech vaqoga yaramaydigan bu bemor kimsalarning kimga keragi bor? Ayollarga xos ko‘ngli bo‘shlikni bas qiling”. Ular bunday ishlarni oddiy yumush kabi xotirjam ado etardi.
Ularni odam degani ham tiling bormaydi. Bunday yirtqichlarning zaminimizda yurishiga befarq qarab bo‘larmidi?”
Mening yon daftarchalarimda o‘nlab, yuzlab shunday hikoyalar bor. Hayot xotiralarda quyuqlashadi, keyinchalik ularning eng saralari yuzaga qalqib chiqadi. O‘tmishning qizg‘in xotiralaridan mening bugungi hayotim larzaga kelayotganday.
Sobiq partizan Yelena Fyodorovna Kovalevskaya Kiyevdan yo‘llagan maktubdan bir necha satr:
“Biz uch kishi: otam, erim va men bir kunda urushga otlandik, bu paytda akam jang qilardi. Onam yolg‘iz o‘zi sigir bilan qoldi…
Urushdan faqat men qaytdim. Sigirni aravaga qo‘shib, onam bilan o‘tin olib kelgani o‘rmonga yo‘l oldik…”
Gomel shahrida yashirin ish olib borgan Sofya Vasilevna Osipova-Vigonnaya hikoyasidan:
“Institutni endi bitirgandim. Jomadonimni olib uyga qaytayapman, yo‘l-yo‘lakay urushga yo‘l olgan erkaklarga duch keldim. Agar erkaklar kamlik qilsa, men ham urushga borganim bo‘lsin, deb ahd qildim…
Uyga kelganimda onam yig‘lab o‘tirar, otam ham xafa edi. Onam meni bag‘riga bosib, yuzimdan o‘pib dedi: “Qaytib kelganing yaxshi bo‘ldi, birga yashashga nima yetsin! Endi nima qilamiz?” Men, kurashamiz, deb javob berdim.
Fashistlarning samolyotlari o‘sha kechadayoq shaharni bombardimon qildi, uxlab yotgan odamlar ustiga bombalar yog‘ildi. Ertalab atrofga nazar solib, odamlar boshiga tushgan ofat bilan tabiat o‘rtasidagi nomutanosiblikka guvoh bo‘ldim. Oftob charaqlab, dahshatli manzarani yoritgandi. Biz shu kundan e’tiboran tabassum nimaligini unutdik. Jangchi bo‘lish fursati yetganini har birimiz anglardik”.
Gomel shahrida yashirin ish olib borgan yana bir ayol Olga Andreevna Yemelyanova xotirlaydi:
“Urush bo‘layapti, men esa homiladorman. Hamma mamlakat ichkarisiga bosh olib ketish kerak, deydi. Mening ko‘nglimda esa o‘zgacha fikr: yo‘q, tug‘ilgan joyimni tashlab qayoqqa boraman? Tug‘ishim kerak. Chaqalog‘im bilan kimnikiga sig‘aman? Urushning o‘ninchi kuni tug‘dim…
Fashistlar zaminimizni toptayotganini ko‘rgani hamon onam shol bo‘lib qoldi. Qanday qilib bo‘lsa ham partizanlar bo‘linmasini topishim kerak, degan qarorga keldim. Ko‘nglimizda vatandan muqaddas hech vaqo yo‘q edi”.
To‘rtinchi gvardiya Novgorod bombardimonchi aviapolkining uchuvchisi, gvardiya katta leytenanti Anna Semyonovna Dubrovina-Chekunova urushning dastlabki kunlari haqida shunday hikoya qiladi:
“Men front uchun zarur ixtisoslikka ega edim. Loaqal bir lahza o‘ylamadim ham, ikkilanmadim ham – frontga yo‘l oldim.
Esimda qolgani shuki, xonamdagi gullarni tashqariga olib chiqib, qo‘shni ayollarga yuzlanib:
– Iltimos, suv quyib turinglar. Men tez qaytaman, – dedim.
To‘rt yil deganda qaytib keldim.
Juda ko‘p qizlar urushga safarbar qilingan. Uyda qolgan qizlar bizga havas qilar, xotinlar esa yig‘lardi. Hammaning ko‘zida yosh, men bilan ketayotgan qiz esa yig‘lashni xayoliga ham keltirmaydi. Nihoyat, ko‘pdan qolmaslik uchun noiloj ko‘zlarini tupugi bilan namlab oldi. Hamma yig‘lab turgan bir paytda yolg‘iz o‘zing ko‘z yoshi qilmasang, juda noqulay-da. Biroq urush dahshatini biz qayoqdan ham bilibmiz. Yosh edik-da…”
Harbiy feldsher Mariya Afanasevna Garachuk:
“Tibbiyot bilim yurtini tugatdim… Uyga qaytganimda otam xasta edi. Daf’atan urush boshlandi. Ertalab daraxtlarning yaproqlaridagi shabnam qurib ulgurmagan bir paytda urush boshlangani haqida ovoza tarqaldi. Urush xabarini eshitgan lahzada yaproqlarda ko‘zim tushgan shabnamlarni keyinchalik frontda ham eslardim.
Biz nima bo‘lishidan qat’i nazar, hatto chekina turib ham g‘alaba qozonishimizga ishonardik. O‘ldirishadimi, yaralanamanmi yoki tirik qolamanmi, o‘zim haqimda o‘ylashga fursat yo‘q edi. O‘zimizga qarashga bir daqiqa ham vaqtimiz yo‘q. Ko‘zimiz faqat yaradorlarni ko‘radi. Ochiq havoda, g‘allazorda yotganimiz esimda. Nemislarning avtomatlari “ta-ta-ta-ta” qilib “sayraydi”-da, bir nafas sukunat cho‘kadi. G‘allazor shovullay boshlaydi. Yana nemis avtomatlari “sayrashga” tushadi… G‘allazorning shovullashini yana eshitarmikanman, degan fikr xayoldan kechadi.
…Yaradorni sudrab ketayapman. Birdan yig‘layotgan bola ovozi qulog‘imga chalinadi. Yosh bola zo‘r berib yig‘lab, yordamga chaqirardi. Qayerda, kim, nahotki, degan savollar iskanjasida dala bo‘ylab izg‘iyman, sal bo‘lmasa esim og‘ib qolayozdi. Nihoyat, yaroqsiz holga kelgan tank ostidan besh yashar qizchani topib oldim. Qizaloqning yonog‘ida qon ko‘rib, dahshatga tushdim. Bolalarning alanga ichida qolishidan ham ortiq dahshat bormi?”
Gomel shahridan Anna Konstantinovna Antuskova:
“Bolaligimda fe’l-atvorim shakllanishida amakimning ta’siri katta bo‘lgan. U otam bilan birga Budyonniy armiyasida jang qilgan. Amakim jangchi do‘stlari haqida hikoya qilishni, fuqarolar urushi va o‘sha urush qahramonlari to‘g‘risidagi qo‘shiqlarni kuylashni xush ko‘rardi. “Daryo ortidagi olis o‘lkada”, “Vohalar va adirlar bo‘ylab”, “Eng qudratli Qizil armiya” kabi qator qo‘shiqlarni aynan amakimdan birinchi marta eshitganman. Amakim tufayli fuqarolar urushi davri qo‘shiqlarini haligacha xush ko‘raman.
Urushdan oldin hamshiralar maktabini tugatishga ulgurgandim va meni Gomel viloyati Buda-Koshelevsk tumanining Nedoysk shifokorlik uchastkasiga hamshiralik xizmatiga yuborishdi. O‘sha joyda xo‘jalik komsomol tashkilotiga kotiba etib saylashdi, tashkilotning yetmish a’zosi bor edi. Biz to‘garak tuzdik. Bu mening hayotimdagi eng masrur va baxtiyor damlar edi. Biroq bu davr uzoq davom etmadi. Unga urush chek qo‘ydi. Yigirma ikkinchi iyunning tongini hozirgidek eslayman…
Biz kontsertdan qaytayotgandik. Kuy-qo‘shiqlar bilan xo‘jalik boshqaruvi binosiga yetib keldik va shu yerda urush xabarini eshitdik. Birdan hamma jim bo‘lib qoldi. O‘yga botib, jiddiy tortgan holda barcha daf’atan ulg‘ayib qoldi. Shu pallaning o‘zidayoq hamma vatanni himoya qilishga tayyor ekanligi yaqqol ko‘rinib turardi. Tibbiyot xodimi sifatida ro‘yxatda turganim uchun shu kuni kechki payt armiyaga safarbarlik yo‘llanmasini oldim. Do‘stlarim bilan ajralish fursati yetib kelgandi. Ko‘plar yig‘i-sig‘i qilardi. Qo‘rqoq demasliklari, qo‘rqqanidan frontga borishni istamayapti, deb o‘ylamasliklari uchun yig‘lashdan hayiqardim. Holbuki, hech narsadan tap tortmasdim, qalban urushga tayyor edim. Aqlan hammasini anglab ulgurmagan bo‘lsam ham, qalban jangga shay edim…”
Polsha qo‘shinlarining podporuchigi, avtomatchilar bo‘linmasining komandiri Lyubov Ivanovna Lyubchik Berezino tumanining Perevoz qishlog‘ida istiqomat qilishi to‘g‘risida gazetada bosilgan ocherkdan bilib oldim.
Berezinogacha yangi “Ikarus” avtobusida yetib oldim. Bekatda menga shunday deyishdi: “Perevoz tomonga avtobus qatnamaydi. Botqoq yo‘ldan sut tashiydigan mashina ham, pochta mashinasi ham hamisha yuravermaydi”. Pochta mashinasi, ma’lum bo‘lishicha, ertalab o‘tib ketibdi, sut tashiydigan mashina esa markaziy xo‘jalik qo‘rg‘onchasi joylashgan qo‘shni qishloqqacha eltib qo‘yishi mumkin ekan. U yerdan yana to‘rt kilometr yo‘l bosish kerak yoki piyoda, yoki duch kelib qolsa, aravada kimdir eltib qo‘yishi mumkin. Omadim bor ekan, o‘rmonchi o‘z yumushlari bilan Perevozga borayotgan ekan, Lyubov Ivanovnaning uyi oldigacha olib borib qo‘ydi: “Hoy, Lyubchik, urushda ko‘rsatgan jasoratingga tan bermaslikning iloji yo‘q, uyingdan muxbirlarning oyog‘i uzilmaydi-ya…”
Lyubov Ivnovna bilan pechkaga o‘t yoqdik-da, birgalikda kartoshka tozalab, qaynatdik va dasturxon atrofidan joy oldik.
Yana bir bor urush xotiralariga quloq tutdim.
“…Saratovga men ham evakuatsiya qilindim. Chamasi uch oyda chilangarlik kasbini o‘rgandim. O‘n ikki soatlab dastgoh yonidan jilmasdik. Xayolimda esa faqat frontga talpinaman. Dugonam bilan harbiy bo‘limga yo‘l oldik, lekin zavodda ishlayotganimizni aytmadik. Aks holda frontga olishmasdi. Nihoyat, niyatimga yetdim.
Ryazan piyoda askarlar bilim yurtiga yuborishdi. U yerdan pulemyotchilar bo‘linmasining komandiri bo‘lib chiqdim. Faqat piyoda yo‘l bosib, Varshavagacha borganman…”
Partizanlar bo‘linmasida hamshira bo‘lib xizmat qilgan, hozir esa Ikkinchi jahon urushi tarixi Belorussiya davlat muzeyining ekskursovodi Vera Sergeevna Romanovskayaning hikoyasi beixtiyor yodimga tushdi. U urushning dastlabki voqealari haqida hikoya qilmasa-da, lekin barcha xotiralarida mushtaraklik ko‘zga tashlanadi va har bir hikoyada yangi, kutilmagan jihatni kashf etib, o‘sha kunlar va yillarning ruhini yanayam aniq va mufassal his qilasan.
Vera Sergeevna Romanovskaya:
“Bizning partizanlar bo‘linmamiz Qizil armiya qismlariga qo‘shildi va paraddan keyin qurollarni topshirib, mehnat jabhasiga yo‘l olishimizni aytishdi. Biz esa tasavvur qilolmasdik: urush davom etayotir, hozirgacha faqat Belorussiya ozod qilindi, qurollarni nima uchun topshirishimiz kerak? Barchamiz bundan keyin ham jang qilishni istardik. Barcha qizlar harbiy bo‘linmaga yo‘l oldik… Men hamshira ekanimni aytib, frontga jo‘natishlarini iltimos qildim. “Yaxshi, sizni ro‘yxatga olamiz, zarurat tug‘ilsa, o‘zimiz chaqiramiz”, deb javob berishdi. “Hozircha ishingizni davom ettiravering”.
Kutayapman… Hech kim chaqiray demaydi… Yana harbiy bo‘linmaga bordim… Ko‘p qatnaganman. “Frontda tibbiyot hamshiralari yetarli, shuning uchun sizni chaqirmayapmiz”, deb nihoyat ochiq aytishdi. “Faqat Minsk vayronalarini tozalaydiganlar yetishmaydi…” Qizlarimiz qanday edi, deysizmi? Chernova degan yoshgina juvon bo‘lardi, homilador ekaniga, bag‘rida tug‘ilajak farzandining yuragi urib turganiga qaramay, minalarni yonboshiga olib tashirdi. Dugonalarim mana shunday fidoyi edilar. Sababi nima deysizmi? Sababi oddiy: bizni mana shunday ruhda, Vatan va biz bir tanu bir jonmiz, degan kayfiyatda tarbiyalashgan. Boshqa bir dugonam esa yoshgina qizalog‘ini shahar bo‘ylab qo‘rqmay yetaklab yurar, qizining badaniga ko‘ylagi ostidan varaqalar bog‘langan bo‘lardi. Qizaloq bechora yo‘l-yo‘lakay “Oyi, siqilib ketayapman… Bo‘g‘ilib ketdim”, deya zorlanardi. Ko‘chada esa har qadamda nemislar, politsiyachilar.
Bolalar-chi?.. Biz ularni ham bo‘linmamizga olib ketgandik, lekin bola baribir bola-da. Qamalda qolganimizda, xavf-xatar kuchaygach, ularni front ortiga jo‘natishga qaror qildik, lekin ular bolalar uyidan yana frontga qochib kelishardi. Zumrashalarni yo‘llarda tutib olishar, ular yana qochib ketar va frontga yo‘l olardi…
Bunday holatlarning sababini tushuntirib berguncha tarix charxpalagi yana yuz yil aylansa ajab emas. Homilador ayolning minani bag‘riga bosib tashishini ko‘z oldingizga keltirib ko‘ring… Axir u farzand kutayotir… Sevgan, yashashni istaydi… Lekin o‘limdan tap tortmasdi…”
Buni qanday ta’riflash mumkin? L.Tolstoy buni pinhona vatanparvarlik shijoati, deb ta’riflagan. Urush qatnashchilari esa o‘zlari haqida balandparvoz gap aytmaydi: “Sababi nima deysizmi? Sababi oddiy: bizni mana shunday ruhda, Vatan va biz bir tanu bir jonmiz, degan kayfiyatda tarbiyalashgan”. Biz esa buning sababini bilishimiz, mohiyatini anglashim zarur, chunki biz ularning farzandlari, nabiralarimiz.
Xotiralarga quloq tutib, tasavvur qilishga urinaman… Yo‘q, ularning o‘rniga o‘zimni qo‘ymoqchi emasman. Bunga hech qanday haqqim yo‘q. Lekin xotiralarni yozib olish asnosida ular boshidan kechirgan dahshatlarni his qilishga chog‘lanaman. Askarlar chekkan tamaki tutuniga to‘lgan vagonlardagi, sochlari o‘g‘il bolalardek tarashlangan, bir xil harbiycha kiyingan qizlar ko‘z oldimga keladi, egnidagi qalin shinellar etagi yerga tegay deydi, bir-birining oldida ko‘z yoshi to‘kishdan andisha qiladi, hatto onalarining bag‘rida ham xijolat chekadi – axir ular frontga ketmoqda!
Yoshi kattaroqlari xayolga tolib, sukut saqlagan ko‘yi, ular – yoshlar esa shodu xurram, qo‘shiq kuylab yo‘l olganlarini hozir ham eslaydilar. Meni hayratlantirgan jihat shundaki, urushga qanday yo‘l olgansizlar, deb so‘raganingizda asosan bir xil javob berishadi: yaxshi ko‘rgan qo‘shiqlarimizni kuylaganmiz. Ular urush haqida nimani bilardi? O‘n yetti-o‘n sakkiz yoshda urush deganda, nimani tasavvur qilish mumkin? Mana, masalan, feldsher Mariya Vasilevna Tixomirova bunday eslaydi. U urushdan bir oy oldin tibbiyot bilim yurtini bitirib, taqsimot bo‘yicha Leningrad viloyatining qishloq shifoxonalaridan biriga yo‘l oladi. Shifoxonaga yetib kelib, joylashgani hamono harbiy bo‘linmaga chaqirib: “Ikki soat ichida tayyor bo‘ling, sizni frontga jo‘natamiz”, deyishdi. Men tayyorgarlik ko‘rib, zarur narsalarni jomadonga joylashtirdim.
– Frontga o‘zingiz bilan nimalar oldingiz?
– Konfet.
– Nima-nima?
– Bir jomadon konfet.
Meni ishga yuborishgan qishloqda yo‘l puli berishardi. O‘sha pulning hammasiga bir jomadon shokoladli konfet xarid qildim. Konfetning ustiga esa kursdosh qizlar bilan birga tushgan fotosuratimni joyladim. Harbiy bo‘linmaga kelganimda boshliq: “Qayerga jo‘natishimizni xohlaysiz?” deb so‘radi. “Dugonam qayerga bormoqchi?” deb men ham uni savolga tutdim. Leningrad viloyatiga birga kelgandik, dugonam o‘n besh kilometr naridagi qo‘shni qishloqda ishlardi. Bo‘linma boshlig‘i javobimni eshitib: “U ham shuni so‘radi”, deb kulib yubordi.
Minsk viloyatining Berezino tumani markazida istiqomat qiluvchi katta serjant, haydovchi Tamara Illarionovna Davidovich xotirasida esa quyidagi voqea saqlanib qolgan:
“…Men haydovchilar kursini tugatdim. Olti oylik kurs. O‘qituvchi ekanim bilan qiziqishmadi (urushgacha pedagogika texnikumida tahsil olganman). Urushda o‘qituvchining kimga keragi bor? Askarlar kerak. Qizlar ko‘pchilik edik, butun boshli haydovchilar bataloni.
Bir gal mashg‘ulotlar paytida… Bu voqeani nima uchundir ko‘z yoshsiz eslay olmayman. Bahor edi. Biz o‘q otish mashg‘ulotlarini yakunlab, ortga qaytdik. Men binafsha terib oldim. Bir tutamgina. Ularni uzib olib, miltiqning xanjariga bog‘lab qo‘ydim. Shu asno ketaverdim.
Lagerga yetib keldik. Komandir barchani safga tizib, mening ismi sharifimni aytdi. Men oldinga chiqdim. Miltig‘imning uchiga binafshalarni bog‘lab olganimni unutibman. Komandir menga tanbeh bera boshladi: “Askar guldasta teruvchi emas, balki rosmana jangchi bo‘lishi kerak…” Shunday sharoitda qanday qilib xotirjam gullar terish mumkinligini u sira aqliga sig‘dira olmasdi. Lekin binafshalarni tashlab yubormadim, ularni asta cho‘ntagimga solib qo‘ydim. Ana shu binafshalar uchun navbatdan tashqari uch naryad bilan jazolanganman…
Yana bir gal navbatchilikda turibman. Tungi soat ikkida meni almashtirgani kelishdi, men esa joyimdan jilmadim. “Sen kunduz kuni navbatchi bo‘laqol, tun bo‘yi o‘zim navbatchilik qilaman”, deb aytdim. Qushlarning sayrashini tinglash uchun tun bo‘yi, tongga qadar navbatda turishga rozi edim.
Biz frontga otlanganimizda, ko‘cha bo‘ylab borarkanmiz, ayollar, keksalar, bolalar – hamma yelkama-elka turib kuzatib qolgan. Barchaning ko‘zida yosh: “Qizlar frontga ketishyapti”. Aytganimdek, butun boshli qizlar bataloni edik. Eshelonda ketib borayapmiz, o‘y-xayolimiz qayoqda deng? Hamon yosh boladan farq qilmaymiz. Bir qiz bilan vagon yo‘lagida turibmiz. Yigitlar taklif qilishdi: “Hoy, qizlar, qachongacha ochlikka chidaysizlar? Qotgan nonimiz bor, tortinmay kelaveringlar”. Biz esa xotirjam bosh tortamiz. Qadrimizni yerga urgimiz kelmaydi…”
Jarroh Vera Iosifovna Xoreva esa urushning dastlabki kunlarida ko‘nglidan kechganlarini shunday ifodalaydi:
“Frontga ketayapmanu urush uzoq davom etmasa kerak, deb o‘ylayman. O‘zim yaxshi ko‘radigan bitta yubkamni, bir juft paypoq va bitta tufli oldim. Voronejni tashlab ortga chekinganimizda do‘konga kirganimiz, men baland poshnali tufli xarid qilganim hamon yodimda. Ayanchli sharoitda chekinayapmiz, ko‘chalar loy, men esa do‘konga kirdim va nima uchundir tufli xarid qilgim keldi. Hozir ham esimdan chiqmaydi, juda bejirim tufli edi… Atir ham sotib oldim. Ko‘nikkan hayot tarzimizdan birdaniga voz kechish qiyin kechdi. Urush boshlangan, men esa hamon qizaloq edim-da…”
Son-sanoqsiz dalillar ichidan nima uchun mana shu ikkitasini: bir jomadon konfet bilan miltiq xanjariga bog‘langan bir tutam binafshani tanlab oldim? Ehtimol, men anglashni istagan qiz tanish narsalar orasida kamina uchun yana ham hayotiy va yaqinroq qiyofa kasb etar. Nima bo‘lganda ham portlatilgan necha-necha dushman eshelonlari, urib tushirilgan samolyotlari, yondirilgan mashinalari, qo‘lga kiritilgan o‘ljalardan ko‘ra aynan o‘sha, konfet to‘la jomadonu binafshalar sabab olingan navbatdan tashqari uchta naryad jazosi mening bugungi tasavvurimga kuchliroq ta’sir qiladi. G‘alaba qozonish uchun qancha zarur bo‘lsa, shuncha eshelon, samolyot va texnika yo‘q qilinganini biz bugun bilamiz. Jangovar to‘qnashuvlar bayoni emas, balki urushdagi inson hayoti tafsilotlari bugun hammasidan ham ko‘proq hayajonlantiradi va hayratlantiradi. Urush har bir hayotiy voqeaning, turmushdagi har bir mayda-chuydaning qadrini yuksaltirdi, u yerda turmush bilan borliq jipslashdi.
Oddiygina bu qizlar qanday qilib ajoyib askar bo‘lishdi? Ular jasorat uchun tayyor edi, biroq armiyaga tayyor emasdi. Armiya ham, o‘z navbatida ularga tayyor emasdi, chunki qizlarning aksariyati ko‘ngilli ravishda frontga otlanardi. Ulardan hech kim umidvor ham bo‘lmagan, kutmagan ham: “Harbiy bo‘linma boshlig‘i oldida bo‘yim bir qarichgina bo‘lib turibman. U mendan ajablanib so‘radi: “Qizlarni armiyaga olishadi, deb senga kim aytdi?” Urushning ilk kunlari edi… Yil o‘tdi, men esa urushga qanday foydam tegishi mumkin, deya zo‘r berib muttasil o‘ylayman, lekin frontga jo‘natish uchun issiq qo‘lqopimdan boshqa hech narsa topolmayman. Oyog‘imdagi piymam o‘ttiz to‘rtinchi o‘lchamli, kichkina bo‘lgani uchun frontga jo‘natib bo‘lmaydi. Yana harbiy bo‘linmaga yo‘l olaman…” deb eslaydi oddiy askar, razvedkachi Lyubov Ivanovna Osmolovskaya.
Askarlik mahoratini ular daf’atan va oson o‘zlashtirmagan. Qirqinchi o‘lchamli kirza etiklar yoki uzun o‘ramali, o‘zlarining so‘zlari bilan aytganda, “zanjirli” amerikacha botinkalar, shinel kiyishlari, uzun sochlarini qirqishlari (qizlik o‘tmishi bilan askarlik hayotini bir-biridan keskin chegaralaydigan bu o‘ta shafqatsiz yo‘qotishni ularning bari, albatta, esga olardi) kerak edi, harbiy libosga ko‘nikish, har bir harbiyning unvonini ajrata bilish, “nishon”ga bexato o‘q uzish, emaklab yurish, paytava o‘rash, bir necha kunlab uxlamaslik, sanoqli daqiqalarda gazniqobni kiyish, okoplar qazish talab qilinardi. Frontga yuborishlarini iltimos qilishganda, hatto ularning xayoliga ham kelmagan urushning o‘ziga xos kundalik tashvishlari edi bular.
Gruziyaning Obza qishlog‘idan oddiy askar, zenitchi Ionna Aleksandrovna Smirnova xotirlaydi:
“Bizni vagonlarga joylashtirishgach, mashg‘ulotlar boshlandi. Hammasi biz tasavvur qilgandan mutlaqo boshqacha edi. Saharlab turardik, bir lahza ham yolg‘iz qolmasdik. Biz esa ko‘nikkan turmush tarzimizni unuta olmasdik. Faqat to‘rt sinf ma’lumotiga ega bo‘linma komandiri, kichik serjant Gulyayev nizomni o‘rgatar ekan, ayrim so‘zlarni noto‘g‘ri talaffuz qilganda jahlimiz chiqardi. Bunday sakta talaffuz bilan bizga nimani ham o‘rgata olardi, deb o‘ylardik…
Karantindan keyin, qasamyod qilish arafasida starshina shinel, pilotka, yubka, ichko‘ylak o‘rniga surpdan erkakcha tikilgan yengi uzun ikkita ko‘ylak, paytava o‘rniga esa paypoq hamda poshnasi va uchiga metall nag‘al qoqilgan toshday og‘ir amerikacha botinkalar – harbiy kiyim-kechaklar olib keldi. Bo‘yim bor-yo‘g‘i bir metru ellik uch santimetr, o‘ttiz to‘rtinchi o‘lchamli poyabzal kiyganim uchun butun rotada eng past bo‘yli men edim. Harbiy sanoat, boz ustiga Amerika sanoati bunday o‘lchamli kiyim-kechak ishlab chiqarmasdi. Menga qirq ikkinchi o‘lchamli botinka berishdi, iplarini yechmasdan kiyib olardim va yechib qo‘yardim, juda og‘ir bo‘lgani uchun oyog‘imni arang sudrab bosardim.
Qadamlab yurganimda tosh yotqizilgan maydondan uchqun sachrardi, xullas, qadam tashlashim harbiycha yurishga sira o‘xshamasdi. Dastlab qanchalar azob bilan yurganimni eslasam, yuragim orqaga tortib ketadi.
Komandir qay asno yurayotganimni ko‘rib, oldiga chaqirdi:
– Smirnova, shunaqayam qadam tashlaydimi? Nahotki senga o‘rgatishmagan bo‘lsa, nima uchun oyog‘ingni ko‘tarmayapsan? Navbatdan tashqari uchta naryad e’lon qilaman…
Men javob berdim:
– Xo‘p bo‘ladi, o‘rtoq katta leytenant, navbatdan tashqari uchta naryad! – o‘girilib turgan joyimga qaytmoqchi edim, botinkam polda qoldi, tovonim qontalash bo‘lib ketgandi.
Nihoyat, nima uchun risoladagiday qadam tashlay olmayotganim sababi oydinlashgach, rotamizning etikdo‘zi Parshin eski plash-chodirdan menga o‘ttiz oltinchi o‘lchamli etik tikib berish haqida buyruq oldi…”
Ular o‘smirlikdan, erkin hayotdan frontga qadam qo‘yishgan, ko‘pincha o‘zlarini bolalardek tutishardi, frontda esa harbiy intizom.
Gvardiya leytenanti, uchuvchi, moskvalik Antonina Grigorevna Bondareva yana eslaydi:
“Bizni boshqacha bo‘lgan deb o‘ylamang, aksincha, siz kabi qizlar edik. Intizom, nizomlar, turli harbiy belgilar – bu kabi harbiy ko‘nikmalarni birdaniga o‘zlashtirib olmaganmiz. Deylik, samolyotlarni qo‘riqlayapmiz. Nizom bo‘yicha, kimdir yaqinlashadigan bo‘lsa, uni to‘xtatish kerak: “To‘xta, kimsan?” Dugonam polk komandirini ko‘rib qolib, qichqirgan: “To‘xtang, kimsiz? Meni kechirasizu lekin otib tashlayman!” Tasavvur qilayapsizmi? U qichqiryapti: “Meni kechirasizu lekin otib tashlayman!”
Aviatsiya kapitani, u ham moskvalik Klavdiya Ivanovna Teryoxova esa shunday hikoya qilgandi:
“…Qizlar sochlari turmaklangan holda bilim yurtiga kelishdi. Men ham uzun sochlarimni boshimga o‘rab olganman. Bu sochlarni qanday qilib yuvsa bo‘ladi? Qayerda quritamiz? Sochingizni endi yuvib bo‘lganingizda, hujum boshlanib, chopa ketsangiz… Komandirimiz hamma sochini oldirsin, deb buyruq berdi. Qizlar sochlarini oldirar ekan, hammasi ko‘z yoshi to‘kardi. Keyinchalik mashhur uchuvchi bo‘lib yetishgan Liliya Litvyak esa chiroyli sochlaridan ajrashni hech istamasdi.
Men Raskova huzuriga otlandim:
– O‘rtoq komandir, buyrug‘ingiz bajarildi, faqat Litvyak bosh tortdi.
Marina Raskova ayollarga xos muloyimligiga qaramay, lozim bo‘lganda juda qattiqqo‘l komandir bo‘la olardi. U meni ortimga qaytardi:
– Buyruq bajarilishini ta’minlay olmasang, partiya yetakchisi bo‘lib nima qilib yuribsan? Buyruq so‘zsiz bajarilsin, tamom!..
Ko‘ylaklar, poshnali tuflilar… Ularni ko‘zimiz qiymay xaltachalarga berkitdik. Kun bo‘yi oyog‘imizda etik bilan yuramiz, kechqurun esa tuflilarni kiyib, o‘zimizni ko‘zguga solamiz. Buni Raskova ko‘rib qoldi va bir necha kundan keyin: “Barcha ayol kiyimlari posilkalarda uyga jo‘natilsin”, – degan buyruq chiqdi.
Lekin yangi samolyotni boshqarishni tinchlik davridagidek ikki yilda emas, yarim yildayoq o‘rganib oldik. Buning uchun qizlar hech narsaga chalg‘imasliklari, o‘zlarini askardek tutishlari talab qilinardi. Bu osonmi? Mashinada hammomga ketayapmiz, shahar ko‘chalarida esa ayollar tuflilarda, ko‘ylaklarda yurishibdi. Bizda begona hayot avvalgidek davom etayotir. Qizlar boshlarini egib, ma’yus tortib qolishdi…
Dastlabki mashg‘ulotlarda ikki ekipaj halok bo‘ldi. Biryo‘la to‘rtta tobut. Butun boshli uchta polk, biz rosmana yig‘i-sig‘i qila boshladik.
Raskova nutq so‘zladi:
– Qadrli dugonalarim, ko‘z yoshlaringni artinglar. Bu ilk yo‘qotishlarimiz. Kelgusida bunday judoliklar ko‘p bo‘ladi. O‘zingizni qo‘lga oling…
Keyinchalik urushda halok bo‘lganlarni ko‘z yoshi to‘kmasdan dafn etganmiz. Endi esa, sizning oldingizda yig‘lab o‘tiribman. Urushda yig‘lashni ham yig‘ishtirib qo‘ygandik. Rost aytayapman.
Biz qiruvchi samolyotlarda parvoz qilardik. Parvozdagi balandlikning o‘ziyoq butun ayol tanasi uchun g‘oyatda og‘ir yuk bo‘lib tushardi, ba’zida qornimiz umurtqamizga yopishib qolardi. Qizlar esa samol­yotlarda uchar, dushmanning manaman degan mohir uchuvchilarini urib tushirardi. Ishonasizmi, biz o‘tib qolsak, uchuvchi ayolar ketishayapti, deya erkaklar havas bilan tikilishardi. Ular ko‘zlariga ishonmay hayratga tushardi. Samolyotdagi parvozlarimni hayotimning eng masrur damlari deb bilaman…”
Ular olti oylik, hatto uch oylik kurslarda ta’lim olib, hamshira guvohnomasiga ega bo‘lishar, merganlar, uchuvchilar yoki sapyorlar bilim yurtida jadallashtirilgan dasturlar asosida shug‘ullanib, mergan, uchuvchi va sapyorlar safidan joy olardi. Qizil armiya hujjatiga ega bo‘lsalar ham chinakam jangchi bo‘lib shakllanmagan edilar. Bularning bari maktabda ta’lim olishni eslatar, bu borada esa ular muayyan tajribaga ega edilar, lekin ularda urush va front ko‘nikmasi hali hosil bo‘lmagandi, urushga oid tasavvurlari esa kitobiy, hatto tamomila xayoliy edi.
Harbiy komissiya ko‘rigiga ajabtovur askarlar kelardi. Shunday askarlardan birini partizanlar bo‘linmasiga yuborishmoqda, u esa soddadillik bilan savol berayapti: “Partizanlar bo‘linmasidan Mos­kvaga, onamga xat yoza olamanmi?..”
Vera Vladimirovna Shaveldisheva, katta leytenant, jarroh:
“Kuzda meni harbiy bo‘limga chaqirishdi, polkovnik savol berdi: “Samolyotdan parashyutda sakray olasizmi?” Men sakrashga qo‘rqaman, deb tan oldim. Desant qo‘shinlarining kiyimi juda bejirim, har kuni shokolad berishadi, deb meni uzoq avradi. Lekin men bolaligimdan balandlikdan qo‘rqardim. “Zenit artilleriyasiga yuborsak-chi?” Zenit artilleriyasi nima ekanini ham yaxshi bilardim. Polkovnik nihoyat: “Sizni parizanlar bo‘linmasiga yubora qolamiz”, dedi. “Partizanlar bo‘linmasidan Moskvaga, onamga xat yoza olamanmi?..” – deb so‘radim. Polkovnik qizil qalam olib, mening yo‘llanmamga “Dasht frontiga…” deb yozib qo‘ydi.
Poyezdda menga navqiron kapitan mahliyo bo‘lib qoldi. Tun bo‘yi bizning vagonimizda tik oyoqda turdi. U allaqachon urush alangasida toblangan, bir necha marta yarador bo‘lgandi. Mendan sira ko‘zini uzmay shunday dedi: “Verochka, faqat latofatingizni yo‘qotmang, qo‘pol bo‘lib qolmang. Hozir yangi ochilgan gulday noziksiz… Men urushda nimalarni ko‘rmadim!..” Keyin shu ruhda yana nimalardir dedi, urushda insoniy qiyofani saqlab qolish qiyinligini aytdi…
Ikkinchi Ukraina frontining to‘rtinchi gvardiya armiyasini dugonam bilan bir oy deganda topdik. Bosh jarroh bir necha daqiqa bizni ko‘zdan kechirgach, jarrohlik bo‘limiga boshladi: “Mana sizning jarrohlik stolingiz…” Yirik sanitar mashinalari, “studebekker”larning keti uzilmaydi, yaradorlar yerda, zambillarda yotibdi. Biz faqat bitta savol berdik: “Avval kimni operatsiya qilaylik?” – “Jim yotganlardan boshlanglar…” Bir soatdan keyin jarrohlik stoli yonida turib, operatsiya qilardim. Bu yog‘i uzluksiz operatsiyalarga ulanib ketdi… Kunlab operatsiya qilamiz, biroz mizg‘iymiz-da, ko‘zlarimizni ishqalab, yuzimizni yuvib, yana jarrohlik stoli yonidan joy olamiz. Ikkitadan keyin uchinchisi o‘lgan bo‘lardi. Hammaning jonini saqlab qolishga ulgurmasdik…
Jmerinka stantsiyasida qattiq bombardimonga duch keldik. Poyezd to‘xtadi va biz har tomonga chopa ketdik. Kuni kecha ko‘richagi operatsiya qilinganiga qaramay, siyosiy ishlar bo‘yicha yetakchimiz ham yugurib borardi. Tun bo‘yi o‘rmonda jon saqladik, bekinamiz, poyezd vagonlari esa batamom yakson bo‘ldi. Tongda nemislarning samolyotlari pastlab uchib, o‘rmonga bomba yog‘dira boshladi. Qayoqqa bekinasan? Yumronqoziqday yerni kovlab kirib ketolmaysan-ku. Men oqqayinni quchoqlab oldim: “Oh, ona, onajon!.. Nahotki halok bo‘lsam? Omon qolsam, dunyoda mendan baxtli odam bo‘lmaydi…” Oqqayinni qanday quchoqlab olganimni keyin kimga aytib bermay, hamma kulardi. Halok bo‘lishim hech gap emasdi. Qaddimni rostlab turib olganman, qayin esa oppoq…
G‘alaba kunini Venada nishonladik. Biz hayvonot bog‘iga bordik, shuni xohlagandik-da. Kontsentratsion lagerga ham borishimiz mumkin edi. Oyog‘imiz tortmadi… Hozir nega bormadik ekan-a, deb ajablanaman, o‘shanda borishni xohlamagandik…”
Dala kir yuvish-hammom otryadining oddiy askari Svetlana Vasilevna Katixina xotiralaridan:
“…Biz oilada onam, otam, men – uch kishi edik. Birinchi bo‘lib otam frontga ketdi. Onam hamshira bo‘lgani uchun frontga otam bilan birga ketmoqchi bo‘ldi, lekin uni boshqa tomonga, otamni esa boshqa bir tomonga yuborishdi. Endigina o‘n olti yoshga to‘lganim uchun meni olishmadi. Ammo men harbiy bo‘limga qatnashni kanda qilmadim, bir yildan keyin men ham frontga otlandim.
Poyezdda uzoq yurdik. Biz bilan birga gospitallarda davolangan askarlar ham qaytishardi, ular orasida ham yosh yigitlar bor edi. Ular front haqida hikoya qilar, biz esa angrayib tinglardik. Frontda o‘qqa tutadilar, deb aytishdi va biz qachon bizni o‘qqa tutisharkan, deb kuta boshladik. Manzilga yetib borgach, u yerdagilarga bizni allaqachon o‘qqa tutishdi, deb aytishni mo‘ljallayotgandik. Yoshgina yigitcha gimnas­tyorkasining ko‘kragiga yangi orden taqib olgani hamon ko‘z oldimda. Bizning urush bilan bog‘liq tasavvurlarimiz aslidagidan boshqacha bo‘lgan. Bizga qurol berishmadi, balki qozon-o‘chog‘u tog‘oralarni ro‘para qilishdi. Qizlarning hammasi tengdoshlarim, ota-onamiz bizni ardoqlab, erkalab katta qilgan. Men oilada yolg‘iz farzand edim. Bu yerda esa o‘tin yoramiz, pechkaga o‘t qalaymiz. Keyin esa kir yuvish uchun suv isitiladigan qozonlarga sovun o‘rniga pechkaning kulini solamiz, yuviladigan kiyim-boshlar esa juda iflos, bitlagan…”
Osoyishta davr tuyg‘ulari va kechinmalari bilan yashagan inson uchun frontning dastlabki kunlari, haftalari, oylariga chidash juda qiyin: dahshatli voqealar yana ham dahshatliroq, odatiy hodisalar esa g‘ayrioddiy tuyuladi. Urushdan oldin onasi qizaloq hisoblab ayagan, erkalagan qiz bola bu sinovlarga bardosh berishi kerak edi. Bu qizaloqni – leningradlik Sofya Konstantinovna Dubnyakovani sirkasi suv ko‘tarmaydigan nozikoyim deyishardi. Ayol va u urushda boshdan kechirgan, ko‘rishga mahkum etilgan voqealar o‘rtasidagi butun ziddiyat ayni ta’rifda mujassam. Zotan, har qanday ayol urushda his-tuyg‘ulari, e’tibor va nigohi o‘zgacha kimsaga aylanishi kerak.
Katta serjant, saninstruktor Sofya Konstantinovna Dubnyakova:
“Bizga qorin va boshdan yaralanish juda og‘ir jarohatlar hisoblanadi, deb aytishdi. Shu bois bombardimon paytida ham, o‘qqa tutishsa ham qornimiz va boshimizni yashirishga urinardik. Bir jangda majaqlangan mashinaning suyanchig‘ini topib olib, o‘shaning panasida jon saqlaganmiz. Boshimiz tizzalarimizning orasida…
Meni qutqargan ilk yarador jangchini haligacha eslayman. Uning yuzi yodimda… Son suyagidan yaralangandi. Tasavvur qilayapsizmi, snaryad parchasi tekkan son suyagi turtib chiqib turar, oyog‘i qonga botgandi. Nazariy jihatdan nima qilishni bilardim, biroq uning yaqiniga borib, hammasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rgandan keyin ko‘nglim ozib, qayt qilib yuboray dedim. Daf’atan kimdir ogohlantirdi: “Hamshira, bir qultum suv ichib olgin…” Keyin bilsam o‘sha yarador menga taskin bergan ekan. Bu manzara ko‘z oldimdan sira ketmaydi. Uning daldasi bilan o‘zimga keldim: “Hap, sirkasi suv ko‘tarmaydigan nozikoyim-ey! Yarador o‘laman desa, bu kulaman deydi-ya…” Dori-darmon xaltam bilan uning yarasini berkitdim-da, o‘zimni ancha yengil his qilib, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatdim.
Urush to‘g‘risidagi filmlarni ko‘rsam ensam qotadi: hamshiralar pilotkasini chekkasiga qo‘ndirib olib, paxtali shimda emas, yubkada, biron joyiga gard yuqmagan holda oldingi marrada sayr qilganday yurishadi… Sira ham bunday bo‘lmagan!.. Shunday ahvolda yaradorni jang maydonidan olib chiqib bo‘ladimi? Erkaklarning davrasida yubkada emaklash hech tasavvurga sig‘maydi. To‘g‘risini aytganda, bizga faqat urushning oxirlarida yubka berishgan. O‘shanda erkaklarning ko‘ylagi o‘rniga ayollarning ichki kiyimini ham olganmiz. Quvonchimiz ichimizga sig‘magan. O‘sha kiyimlarni ko‘z-ko‘z qilish uchun gimnarstyorkamizning yoqa tugmasini yechib qo‘yardik…”
Qirq sakkizinchi armiyaning veterani, minsklik Anna Ivanovna Belyay xotiralaridan:
“Bombardimon qilishdi. Hamma o‘zini duch kelgan chuqurga uradi. Men ham chopayapman. Kimdir: “Yordam beringlar…” deya ingraganini eshitdim. Lekin chopaverdim… Oradan bir necha daqiqa o‘tgach, yelkamda sanitar xaltasi borligi yodimga tushib, to‘xtayman. Andisha qilaman. Birdan qo‘rquv qayoqqadir daf bo‘ladi. Orqaga yuguraman: yaralangan jangchi ingrayotgan ekan. Uning jarohatini bog‘layman. Keyin ikkinchisi, uchinchisi…”
Otliq askarlar eskadronining sanitariya instruktori Olga Vasilevna Korjni esa boshqalarni ajablantirmay qo‘ygan holat – halok bo‘lgan odam qiyofasi dahshatga soladi. O‘n yetti yoshli qiz uni bir umrga esda saqlab qolgan:
“Men urushda hech narsani hech qachon unutmayman, deb o‘ylardim. Lekin unutayapman… Ammo bir holatni ikir-chikirigacha eslayman. Navqiron, ko‘rkam yigit o‘lib yotibdi. Men izzzatini joyiga qo‘yib dafn etishadi, deb o‘ylabman, uni yong‘oqzorga olib kelib go‘r qazishdi-da, tobutsiz, hech vaqosiz ko‘mib qo‘ya qolishdi, uctidan tuproq tortishdi, tamom. Oftob charaqlaydi, uning nurlari marhumning yuziga ham tushmoqda… Yoz. Loaqal chodirning matosi ham, hech vaqo yo‘q. Shu bois egnidagi gimnastyorka, galife shimda yer bag‘riga qo‘yishdi, aftidan, frontga endigina kelgan, kiyimlari hali yangi edi. Shu ahvolda ko‘mib qo‘yaqolishdi. Lahadni ham chuqur qazishmadi. Yarasi arzimasday tuyulsa-da, aslida o‘q manglayi­ga tekkan, ammo qon chiqmagan hisobi, shuning uchun murda tirikday ko‘rinadi, lekin rangi oqarib ketgan.
O‘qqa tutishdan keyin bomba yog‘dirish boshlandi, bombalardan biri snaryad solingan qutiga tekkach, snaryadlar har tomonga sochilib, portlay boshladi… Samolyotlar boshimiz uzra quzg‘unday charx uradi. Bunday sharoitda halok bo‘lganlarni risoladagidek dafn etib ham bo‘lmaydi. Qamalda qolganimizda ularni qanday dafn etganimizni aytib beraymi? O‘zimiz o‘tirgan okopning ichiga ko‘mib qo‘ya qolardik. Biroz do‘ppaygan bunaqa joyni qabr, deb ham bo‘lmasdi. Nemislar yoki mashina o‘tguday bo‘lsa toptalib ketardi, albatta. Tep-tekis yer, hech qanday nom-nishon qolmasdi. Halok bo‘lganlarni ko‘pincha o‘rmonda, daraxtlarning ostiga dafn etardik. O‘sha emanlaru oqqayinlarning ostiga…
Haligacha o‘rmonga kira olmayman. Ayniqsa, katta eman va qayinlar o‘sgan o‘rmonlarga… Yuragim dosh bermaydi…”
Avvaliga ohista hikoya qilishadi-yu, bora-bora baqira boshlaydilar. Keyin esa ma’yus tortib, parishon bo‘lib qolishadi. O‘zingni aybdor hisoblab, xijolat tortasan, bilasanki, ketganingdan keyin xapdoriga yopishib, tinchlantiruvchi dori ichishadi. Qizi yoki o‘g‘li yolvorib imo qiladi: “Balki yetar? Hayajonlanishi mumkin emas…” Faqat bir narsa menga taskin beradi, hatto eng mustahkam xotiraga nisbatan ham uzoqroq yashaydigan magnitofon lentalarida yoki bir varaq qog‘ozda ularning jonli ovozi qoladi. Lekin yuzma-yuz o‘tirib, ularning hikoyalarini tinglash og‘ir, hikoya qilish esa ular uchun yana ham og‘ir.
Katta serjant, dengiz piyodalari batalonida sanitar instruktori Mariya Terentevna Dreychuk:
“Halok bo‘lgan askarga ilk daf’a ko‘zim tushganda boshi uzra egildim-da, o‘lganini anglab, yig‘lashga tushdim. Yigitlar yetib kelguncha yig‘laganman. Qattiq jang bo‘ldi, halok bo‘lganlar ko‘p, rota esa dushman mudofaasini yorib o‘tib, jadal ilgarilab ketdi. Meni bomba tushgan katta o‘rada og‘ir yaradorlar bilan qoldirishdi. Hammasi qornidan yaralangan, birin-ketin jon taslim qilayotir. Men esa har birining ustida ko‘z yoshi to‘kaman.
Bitta yaradorning oyog‘i shimida osilib turibdi, u esa: “Oyog‘imni bog‘lab qo‘y!” deb dodlaydi. Shimini qirqdim, u esa: “Jon hamshira, oyog‘imni yonimga qo‘yib qo‘ygin”, deb yolvoradi”.
Urushda hamshira bo‘lgan, hozir esa Minskdagi Respublika stomatologiya poliklinikasining shifokori Mariya Selivestrovna Bojok xotirasida esa shunday voqealar qolgan:
“Men uchun eng og‘iri – amputatsiya, ya’ni yaroqsiz holga kelgan qo‘l-oyoqlarni kesish bo‘lgan… Ko‘pincha deyarli butun oyoqni kesib tashlashga to‘g‘ri kelar, kesilgan oyoqni arang ushlab, tog‘oraga tashlash uchun zo‘rg‘a ko‘tarib borardim. Ular juda og‘ir ekani hamon yodimda. Yarador payqab qolmasligi uchun ohista qo‘lingga olib, yosh bolani opichlaganday ko‘tarib ketasan… Ayniqsa, tizzadan yuqorisiyam kesilgan oyoqni ko‘tarish qiyin. Men hech ko‘nika olmadim. Tushlarimda ham kesilgan oyoqlarni ko‘tarib yurardim…
Onamga xatlarimda bularni yozmaganman. Xatlarimda, hammasi joyi­da, kiyim-kechagim issiq, poyabzalim ham pishiq, deb yozardim. Onam oilamizdan uch kishini frontga kuzatgan, unga ham juda og‘ir edi…”
Leningrad viloyatining qo‘riq shaharchasida yashovchi, Xalqaro Qizil Xoch tashkilotining oliy nishoni – “Florens Naytingeyl” oltin medali bilan taqdirlangan sanitariya instruktori Mariya Petrovna Smirnova (Kuxarskaya) jo‘natgan maktubdan:
“Men Odessa viloyatida tug‘ilib o‘sganman. Qirq birinchi yilda Kordimsk tumanidagi Slobodsk maktabining o‘ninchi sinfini bitirdim. Urushning ilk kunlaridayoq harbiy bo‘limga oshiqdim, meni uyga qaytarib yuborishdi. Yana ikki marta bordim, ikkala urinishim ham samara bermadi. Yigirma sakkizinchi iyulda chekinayotgan qismlar bizning Slobodsk orqali o‘tishdi va men ularga qo‘shilib oldim-da, hech qanday yo‘llanmasiz frontga jo‘nadim.
Yarador jangchini ilk marta ko‘rganimda hushimdan ketib yiqilganman. Keyin o‘tib ketdi. Yarador askarni qutqarish uchun o‘qlar vizillab uchayotgan jang maydoniga birinchi marta kirganimda shunchalik qattiq baqirganmanki, faryodim butun maydonni tutib ketgan. Keyin ko‘nikib ketdim… Oradan o‘n kun o‘tgandan so‘ng yaralandim, o‘q parchasini tanamdan o‘zim chiqarib olib, yarani bog‘lab qo‘ydim.
Qirq ikkinchi yilning yigirma beshinchi dekabrida ellik oltinchi armiya tarkibidagi bizning uch yuz o‘ttiz uchinchi diviziya Stalingrad yaqinidagi tepalikni egalladi. Nemislar bu tepalikni qanday bo‘lmasin olishga ahd qildilar. Jang boshlandi. Nemislarning tanklari ustimizga bostirib kela boshladi, lekin ularni artilleriya zarbalari to‘xtatdi. Nemislar orqaga chekindi, yaralangan leytenant Kostya Xudov o‘rtadagi maydonda qolib ketdi. Uni olib chiqishga uringan sanitarlarni otib o‘ldirishdi. Ikkita sanitar-ovcharka (men ularni o‘shanda birinchi marta ko‘rdim) emaklab ketdi, lekin ularni ham o‘ldirishdi. O‘shanda boshimdagi telpakni yechib tashlab, qaddimni rostladim-da, urushdan oldin juda mashhur bo‘lgan “Jasorat maydoniga kuzatdim seni” ashulasini avval sekinroq, keyin bor ovozim bilan aytib, olg‘a yura boshladim. Biznikilar ham, nemislar ham – ikki tomondan ham o‘q uzishni to‘xtatishdi. Kostyaning oldiga yetib kelib, engashib, uni chanaga yotqizdim-da, ortga sudrab qaytdim. Ketib borayapmanu ko‘nglimdan faqat bir o‘y kechadi: “Elkamga o‘q uzishmasin-da, yaxshisi, boshimni nishonga olib qo‘ya qolishsin”. Biroq o‘zimiznikilar yoniga yetib kelgunimcha bitta ham o‘q uzilmadi…
Egnimizdagi harbiy libosga qarab bo‘lmasdi, hamisha qonga belangan bo‘lardi. Men urushda ilk daf’a yaralangan katta leytenant Belovni qutqarganman, so‘nggi marta esa minomyot vzvodining serjanti Sergey Petrovich Trofimovni jang maydonidan olib chiqqanman. Yetmishinchi yilda Trofimov biznikiga mehmon bo‘lib kelgan, o‘shanda boshidagi jarohatni qizlarimga ko‘rsatganman, yara o‘rni shapaloqday chandiq bo‘lib qolgandi. Jang maydonidan hammasi bo‘lib to‘rt yuz sakson bitta yaradorni olib chiqqanman. Jurnalistlardan biri: “Butun boshli o‘qchilar batalonini-ya”, deb hayratlangan”.
Insonni mahv etadigan texnika tobora takomillashib borar, qutqarish usuli esa hamon o‘sha-o‘sha – yaradorlarni jang maydonidan yelkaga tashlab olib chiqishardi. Jang maydonida bu ish qanday bajarilganini men ko‘rmaganman. Lekin bir safar ko‘z oldimda sog‘lom, baquvvat erkaklar har biri oltmish-sakson kilogrammli (odamning o‘rtacha vazni ham shuncha) qoplarni vagondan tushirishganda ularning ko‘ylagi jiqqa terga botib, siqsang, chakillab suv tomadigan holga kelgandi. Garchi bu qo‘pol o‘xshatish bo‘lsa ham notanish ishni ko‘z oldimga keltirishimda qo‘l keladi. Qolaversa, yarador odam o‘z vazniga nisbatan og‘irroq bo‘ladi, ustiga-ustak, o‘sha paytda tinmay o‘q uziladi, bombardimon qilinadi.
“Oldingi marraga kelib o‘zimizdan yoshi kattaroq odamlardan ham chidamli bo‘lib chiqdik. Buni izohlay olmayman. O‘zimizdan ikki-uch marta og‘ir erkaklarni jang maydonidan olib chiqardik. Unga qo‘shib qurolini ham sudraysan, egnida og‘ir shinel, oyog‘ida esa zilday etik. Sakson kilogrammli tanani yelkangga ortmoqlab olasan-da, emaklayverasan. Uni olib chiqqandan keyin navbatdagi yarador tomon intilasan. Yana yetmish-sakson kilogrammli kimsani yelkangga olasan… Bitta hujum paytida besh-olti marta shunday qilishga to‘g‘ri keladi. O‘zing esa balet raqqosalari kabi nari borsa, qirq sakkiz kilogramm tosh bosasan. Biz bu ishni uddalaganimizga sira ishongim kelmaydi…” (Strelkova A.M., harbiy feldsher).
Vera Safronovna Davidova urushgacha Moskva tarix-arxiv institutini bitirishga ulguradi, aniqrog‘i, qirq birinchi yilning oltinchi iyulida ularga diplomlarni topshirishadi. U darhol frontga jo‘natishlarini iltimos qiladi. Qo‘poruvchilar guruhi bilan dushman ortiga yuboriladi, partizanlar so‘qmoqlari bo‘ylab butun Belorussiyani bosib o‘tadi. Urushdan keyin Belorussiya Kompartiyasi markaziy qo‘mitasi huzuridagi Partiya tarixi institutida xizmat qiladi.
“Tarixchi sifatida urush tarixi bilan uzoq shug‘ullanganman, – degandi Vera Safronova. – Men bosh qotirgan savollar orasida, “Ayollarni urushga borishga nima majbur qilgan?” degan savol ham bo‘lgan. O‘ylashimcha, bu bizning milliy o‘ziga xosligimiz. O‘z vatani, o‘z xalqi halokatga yuz tutgan og‘ir pallada ayol bolasini xotirjam cho‘miltirib, ovqat pishirib o‘tira olmaydi. Ikkinchidan, urush boshlangan paytda erkaklar bilan teng huquqqa ega bo‘lishimiz, ta’bir joiz bo‘lsa, emansipatsiya ham alohida ahamiyatga ega edi.
Masalan, biz urushning ikkinchi kuniyoq institutni tashlab, “Bizni ham urushga safarbar qilinglar!” deb harbiy bo‘limga murojaat qilganmiz. Holbuki, front nima-yu, urush nima ekani haqida hech qanday tasavvurga ega emasdik. Harbiy bo‘limdagilar esa: “Institutga qaytib, davlat imtihonlarini topshiringlar”, deya ortga qaytarib yuborishdi.
Imtihonlarni topshirib, yana frontga jo‘natinglar, deb o‘tina boshladik. Qizlar, qizaloqlar iltimos qilardi… Garchi urush ayollarning ishi bo‘lmasa ham. Erkaklar esa uni o‘ziga xos yumushga aylantirib olishgan. Erkaklarga nisbatan bir necha barobar sabotli, ularga nisbatan yaxshiroq moslashish qobiliyatiga ega ekaniga qaramay ayollar urush degan yumushga sira ko‘nika olmadi, binobarin, ayol – eng avvalo ona, u himoya qilishi, farzandini asrashi kerak, tabiat zimmasiga shunday vazifa yuklagan. Lekin u baribir urushga ko‘nika olmadi…
Biz qirq ikkinchi yilda front chizig‘ini kesib o‘tib, qandaydir qabriston yonida to‘xtadik. Nemislar bizdan olti kilometr narida joylashganini bilardik. Qorong‘i bo‘lgani uchun ular parashyutli yoritgich raketalarni to‘xtovsiz otishardi. Bu raketalar ancha yonadi va uzoq-uzoqlarni ham yoritadi. Bo‘linma boshlig‘i meni qabriston yoniga boshlab kelib, raketalar otilayotgan joyni ko‘rsatdi, o‘sha butalar ortidan nemislar chiqib kelishi mumkin, deb ogohlantirdi. Men marhumlardan qo‘rqmasdim, bolaligimdan qabristondan ham cho‘chimasdim, lekin endigina yigirma ikkiga kirgandim, birinchi marta navbatchilikda turdim va mana shu ikki soatda sochim oqarib ketdi. Ertalab ko‘zguga nazar solganimda bir tutam sochim oqarganini ko‘rdim. Kechasi navbatchilikda olisdagi butalardan ko‘z uzmadim, butazor shovullar, tebranar, nazarimda ularning orasidan nemislar chiqib kelayotganday tuyulardi…
Kechasi qabriston yonida navbatchilikda turish nahotki ayollarning ishi bo‘lsa? Biz hissiy jihatdan hamma narsani o‘zgacha qabul qilamiz. Erkaklar bariga odatiy nazar bilan yondashardi, navbatchilikda turish, o‘q otish singari ishlarga ular ruhan deyarli tayyor edi. Ayol bo‘lganimiz uchun bularning bari biz uchun favqulodda tusga ega edi. Biz, albatta, moslashishga, ko‘nikishga intilardik, lekin bularning barchasi biz uchun ikki hissa og‘ir kechardi.
Erkaklar hamma narsaga o‘z tabiatlariga ko‘ra boshqacha yondashadilar. Dugonamning qizi yaqinda eridan ranjib shunday shikoyat qildi: “Bundan o‘n yil burun ayni shu kuni to‘yimiz bo‘lganini eslamadi ham. Mendan ko‘ngli sovigan…” Uning eri bunga e’tibor bermaydi: hammasi ortda qolib ketgan, eslashga ham arzimaydi. Endilikda uning fikr-zikrini butunlay boshqa narsalar chulg‘ab olgan. Ayollarning urushda ishtiroki haqida gapirganda ayol ruhiyatini, albatta, hisobga olish, uning mohiyatini anglash kerak. Lekin juda ham nozik, his-hayajonga tez beriladigan ayollar favqulodda holatlarda erkaklarga nisbatan kuchliroq, chidamliroq bo‘la oladi. To‘xtamasdan o‘ttiz-qirq kilometr yo‘l yuramiz… Otlar ham, erkaklar ham holdan toyadi, ayollar esa qo‘shiq kuylab ketib boraveradi. Qizlar jang maydonidan yaralangan barvasta erkaklarni olib chiqishar, ular yaralanganda yana ham og‘irlashib ketardi. Bugun bunga ishonish qiyin…”
Oradan yillar o‘tdi, Vera Safronova ham urush qatnashchisi, ham urush tarixchisi ko‘zi bilan o‘tmishga nazar solar ekan, hamon hayratga tushadi: buni qanday uddalashdi ekan, ular qanday qilib shunday ishlarni eplay oldilar ekan? Frontga otlanib, barcha sinovlarga bardosh berib, jang ham qildilar. Ayollarning bunday jasorat ko‘rsatishining o‘ziyoq beqiyos ma’naviy qimmatga ega.
Katta serjant, o‘qchilar rotasining sanitariya instruktori Nina Vladimirovna Kovelenova eslaydi:
“Endigina o‘n oltiga kirganim, o‘n yetti yoshga to‘lishimga ancha borligi uchun meni frontga olishmadi. Lekin bizdan feldsherni safarbar qilishdi, unga frontga yo‘llanma keltirib berishdi. Yosh bolasi borligi uchun juda ezilib yig‘ladi. Men harbiy bo‘limga borib, “Uning o‘rniga meni olinglar”, dedim. Onam ruxsat bermadi: “Nina, necha yoshda ekaning esingdan chiqdimi? Yoshing yetguncha balki urush ham tugab qolar”. Ona baribir ona-da. Biroq Vatanni kim himoya qiladi?
Jangchilardan biri bir to‘g‘ram qotgan nonni, boshqasi esa bir bo‘lak qandni menga ilinardi. Avaylashardi. Men bizning “katyusha” raketalarimiz borligini, ular ortimizda, panada turganini bilmasdim. “Katyusha”larni ota boshlashganda yeru osmon titrab, alanga ichida qoldi… Bu meni shu qadar dahshatga soldi, bu qiy-chuvdan, o‘t-olovdan, shovqin-surondan shunchalar qo‘rqib ketdimki, ko‘lmakka yiqilib, pilotkamni yo‘qotdim. Jangchilar esa: “Seni nima jin urdi, Ninochka?” deya hazillashib kulishardi.
Qo‘l janglarini aytmaysizmi?.. Nimalar esimda qolgan? Suyaklarning “qirs-qirs” singanini eslayman… Qo‘l jangi boshlanishi bilan “qirs-qirs” tovushi eshitiladi – inson tanasidagi suyaklar qarsillaydi. Hujum boshlanganda men jangchilardan biroz ortda, lekin deyarli yonma-yon yuguraman. Hammasi ko‘z o‘ngimda ro‘y beradi…
Janglarda ishtirok etishga yuragim dosh bermagan. Tulaga, uyga qaytib kelganimda uyqumda hamisha bosinqirab dodlardim. Kechasi onam bilan singlim boshimda o‘tirib yig‘lar edilar…”
Oddiy askar, aloqachi Nina Alekseevna Semyonova so‘zlaridan:
“Biz Stalingradga yetib keldik. Bu yerda shiddatli janglar borardi. Volganing bu qirg‘og‘idan narigi qirg‘og‘iga o‘tishimiz kerak. Hech kim arzimizga quloq tutmaydi: “Kimlar? Qizlarmi? U tomondagilar sizlarni boshiga uradimi?! Bizga aloqachilar emas, o‘qchilar va pulemyotchilar kerak”. Biz esa ko‘pchilik, saksonta edik. Kechga borib jussasi yirikroq qizlarni oladigan bo‘lishdi, nimjon bo‘lganimiz uchun men bilan dugonamni olishmayapti. Zaxirada qoldirishmoqchi edi, men shunaqangi janjal qildimki… Sohilning u tomoniga o‘tishimiz bilan hamma jangga otlandi, faqat xatoga yo‘l qo‘yganlarni qoldirishdi. Ularni shu asno jazolashardi.
Frontga endi kelgan kezlarimizda qo‘rquv nimaligini bilmaganmiz. Lekin dam berishganda, ikkinchi qatorda turgan paytimizda vahimaga tushganmiz. Snaryad havoda uchib borayotganda, hatto mina portlaganda ham tovushidan o‘zimizniki bilan dushmannikini ajratardik. Chiyillab uchsa, dadil odimlayver, chiyillamasa, o‘zingni panaga ur, albatta, ustingga yog‘iladi. Ammo dastlab bundan bexabar edik. Ilk jang paytida hammasini o‘z ko‘zim bilan ko‘rish uchun boshimni ko‘targanimda ofitserlar meni okop oldidagi tuproq ustidan itarib yuborishgan. Bolalarday qiziquvchan bo‘lganmiz-da…”
Urush sharoitida ularni imkon qadar ayashgan, avaylashgan. Lekin aksariyat hollarda vaziyat tuyg‘ularga shunday tus berardiki, shafqatsizlik zamirida rahmu shafqat yashiringan bo‘lardi. Oddiy askar, sanitariya instruktori Yekaterina Mixaylovna Rabchayova xotirlagan quyidagi voqeada shunday bo‘lgan:
“Frontda ilk yaradorni sudrab borayapman, oyoqlarim chalishib ket­yapti. Uni sudrab boryapmanu: “Ishqilib, o‘lib qolmasin-da… Ishqilib, o‘lmasin-da…” deya shivirlayman. Uning jarohatini bog‘lagach, yig‘lashga tushdim, rang ro‘yim bo‘zarib, yaradorga nimalardir dedim. Yonimdan komandir o‘tib borayotgandi. Ahvolimni ko‘rib, menga o‘shqirdi, erkaklar darg‘azab bo‘lganda aytadigan yomon so‘zni tilga oldi…
– Nima uchun sizga o‘shqirdi?
– Chunki bunday ko‘ngilbo‘shlik, yig‘i-sig‘i yaramaydi. Holdan toyib qolaman, yaradorlar esa ko‘p…
Ketib borayapmiz, halok bo‘lganlar uzala tushib yotibdi, tarashlangan boshlari oftobda qolgan kartoshkaday ko‘karib ketgan…”
“Men dastlab hech vaqoni bilmasdim, tushunmasdim. Yoshman-da… Biz esa chekinayapmiz… Nemislarning samolyotlari shunchalik ko‘pki, osmonni ham, yerni ham qoplab olganday. Tun… O‘rmon ustara bilan qirtishlanganday. Yaradorlar, halok bo‘lgan birodarlarimiz ortimizda qolib ketmoqda…
Bularning barini ifodalashga hatto “dahshat” so‘zi ham to‘g‘ri kelmaydi…” (Mariya Borisovna Kovnatskaya, harbiy hamshira.)
Oddiy askar, sanitarka Natalya Ivanovna Sergeeva ham shu haqda hikoya qiladi:
“Yaradorlarni to‘g‘ri jang maydonidan olib kelishardi. Bir gal omborda ikki yuz yarador bilan yolg‘iz qolganman. Bu voqea qayerda bo‘lgani esimda yo‘q… Allaqanday qishloq edi… Oradan shuncha yil o‘tdi axir… Yodimda qolgani shuki, to‘rt kun uxlamaganman, hatto bir nafas o‘tirmaganman, ularning bari: “Hamshira… Singiljon… yordam ber, mehribonim!..” deya yolvorardi. Men birini qo‘yib, boshqasiga chopardim, bir safar qoqilib ketib, yiqilgan joyimda uxlab qoldim. Yaralangan yoshgina leytenant, komandir sog‘ yonboshiga tayanib: “Baqirmanglar! Buyuraman, hech kim baqirmasin!” deb hayqirganda uyg‘onib ketdim. U holdan toyganimni anglagandi, joni og‘riyotgan yaradorlar esa tinmasdan “Hamshira!.. Singiljon!” deya baqirgani baqirgan. Men o‘rnimdan sapchib turib, duch kelgan tomonga chopa ketdim. O‘shanda frontga kelganimdan buyon ilk marta yig‘lab yubordim…”
O‘xshash xotiralarni eshitmaysiz, har bir inson uchun urush o‘ziga xos tarzda boshlangan: dastlabki jang, qutqarilgan ilk yarador, halok bo‘lgan dastlabki jangchi… Xuddi partizanlar hayotiga oid hamma narsani, hatto yog‘och krujka-yu gilzadan yasalgan qorachiroq, parashyutlardan tikilgan ayollar ichkiyimi kabi mayda-chuydalarni ham muzeyda asrab qo‘yishni xohlagan Vera Sergeevna Romanovskayaga o‘xshab barini o‘z holicha qoldirging keladi. “Urushda partizan bo‘lgan ayollardan biri, – deb hikoya qilgandi u, – yaqinda muzeyga parashyutdan tikilgan ayollar koftasi va siynabandini olib keldi, biz ham parashyutdan shunday kiyimlar tikardik. U bularni qirq yil asragan, tobi qochganda o‘lib qolaman, deb xavfsiragani uchun muzeyga olib kelibdi. Muzeyda esa, afsuski, nima hojati bor, bular kimga kerak, deb kulganlar ham bo‘ldi. “Urushdagi jasoratga bularning nima daxli bor” emish…
Men stolim ustidagi xatlar uyumiga va bir talay magnitofon tasmalariga nazar solaman, jasoratning son-sanoqsiz qiyofalari borligiga shular guvoh.

“Onamning bag‘riga yolg‘iz men qaytdim…”

Moskvaga, Nina Yakovlevna Vishnevskaya huzuriga ketyapman. Bu ayol haqida hozircha yondaftarchamda atigi bir sahifa ma’lumot bor: o‘n yetti yoshida frontga otlangan, beshinchi armiyaning o‘ttiz ikkinchi tank brigadasi birinchi batalonida sanitariya instruktori vazifasida jang qilgan, Proxorovka ostonasidagi mashhur tanklar jangida qatnashgan. Urushdan keyin komsomollik faoliyati bilan shug‘ullangan. Borisov shahrini ozod qilgan o‘ttiz ikkinchi tank brigadasi haqida salmoqli ma’lumotlar to‘plagan shu shaharlik izquvarlar uni topishda yordam berishdi. Gazetada asarimdan bir necha marta parchalar e’lon qilingandan keyin, ayniqsa, maktab o‘quvchilaridan ko‘plab xatlar kela boshladi. Shu tariqa hech kutilmaganda ko‘ngilli yordamchilarni topdim.
O‘nlab manzillardan qaysi birini tanlash kerak, degan masala ko‘ndalang turardi. Bu ishga kirishganda, kimni uchratmay xotiralarini yozib olardim. Tez orada ma’lum bo‘ldiki, hammaning xotiralarini yozib olib bo‘lmaydi, ma’lumotlarni saralash va to‘plashning boshqacha usuli zarur. Mavjud manzillarni saralab, oldimga shunday vazifa qo‘ydim: imkoni boricha turli harbiy kasbdagi ayollarning xotiralarini yozib olaman. Binobarin, har birimiz hayotga o‘zimizning kasb-korimizdan kelib chiqib yondashamiz. Bunday taxmin shartli ekaniga qaramay, mantiqdan xoli emasdi: hamshira ham, novvoy ham, desantchi ayol ham, uchuvchi ayol ham, avtomatchilar bo‘linmasiga komandirlik qilgan ayol ham urushni o‘ziga xos tarzda boshdan kechirgan. Urushda ularning har biri o‘zgacha manzaralarning guvohi bo‘lgan; urush desa, bittasining ko‘z oldiga jarrohlik stoli keladi: “Qanchadan-qancha askarlarning qo‘l-oyog‘i kesib tashlanganini ko‘rganman… Hatto qayerlardadir qo‘l-oyog‘i butun erkak borligiga ham ishongim kelmasdi. Nazarimda, ularning bari yaralanganday yoki halok bo‘lganday edi…” (Demchenko A.S., katta serjant, hamshira); yana kimdir dala oshxonasining qozonini eslaydi: “Jangdan keyin ba’zida hech kim qolmasdi… Qozonni to‘ldirib bo‘tqa yoki sho‘rva pishirasan, biroq yeydigan odam topilmaydi…” (Zinin I.N., oddiy askar, oshpaz); kimningdir ko‘z oldida uchuvchining kabinasi paydo bo‘ladi: “Lagerimiz o‘rmonda joylashgandi. Men parvoz qilib qaytib kelgach, o‘rmonga borishga ahd qildim, yoz payti, yerto‘lamiz bor edi. So‘qmoq bo‘ylab ketarkanman, nemis askarining jasadiga duch keldim… Ishonsangiz, qo‘rqib ketdim. Bir yildan buyon jang qilayotganimga qaramay, hali biron marta o‘likni ko‘rmagandim. Havoda parvoz qilayotganda bilinmaydi. Hamma yoq alanga ichida, vayron bo‘layotir… Samolyotda parvoz qilayotganda xayolingdan faqat nishonni topib bombardimon qilish va ortga qaytish kerak, degan fikr o‘tadi. Shu bois marhumlarga duch kelmagandim. Qo‘rquv nima ekanini ham bilmasdim…” (Bondareva A.G., gvardiya leytenanti, katta uchuvchi). Partizan ayol ko‘z oldiga esa eng avvalo gulxan keladi: “Gulxanda non ham pishirardik, ovqat ham qilardik, cho‘g‘i qolsa, kim g‘ilofini, kim esa poyabzalini, xullas nam tortgan nimaiki bo‘lsa, quritardi…” (Visotskaya Ye. F.).
Tank qismlarida asosan erkaklar sanitar instruktor bo‘lgan, nihoyat, shunday ish bilan shug‘ullangan ayol kishini topdim!
Nina Yakovlevna Vishnevskayadan maktub olgach, darhol yo‘lga tushdim.

Kupeda uch kishi ketyapmiz. Choyxo‘rlik. O‘z-o‘zidan gap gapga ulanadi.
– Biron o‘tkirroq ichimlik bo‘lsa, chakki bo‘lmasdi-yu, lekin mumkin emas. Shifokorlar taqiqlashgan. Yuragim zaifroq… Jismoniy mehnat bilan ko‘proq shug‘ullanish kerak, deyishadi. Asabni buzadigan ishlar ko‘p, lekin jismoniy harakat kam.
– Yaqinda mening ham tobim qochib qoldi. Yaxshiyam dalahovlim bor. Har kim har narsadan najot izlaydi. Kimdir ertalab yuguradi, kimdir tosh ko‘taradi, men esa dalahovlidagi ishlar bilan ovunaman…
– Mening qizim shifokor… Nevropatolog. Aytishicha, odamlar hozir kam kular emish, kam xursand bo‘larmish. Oqibatda inson tanasi zo‘riqar ekan. Yaxshi emas…
– Hech vaqtimiz yetmaydi-da… Hamisha qayoqqadir oshiqamiz. Urushdan keyingi yillarda, yoshlik paytlarimizda: yegani hech vaqo yo‘q, har doim ham shakar bilan choy icholmaysan, lekin jamuljam bo‘lsak – davramiz shodlikka to‘lardi. Tez-tez yig‘ilardik, jo‘r bo‘lib ashula aytardik… Hozir esa hatto yoshlarning ham boshi hadeganda qovushavermaydi…
Ismini eslab qolaman: yuragidan shikoyat qilayotgan Nikolay Borisovich. Narigisi – Kochetkov: “Meni familiyamni aytib chaqirishadi. Ota-onam ajoyib ish qilishgan – singlimga Elektrika deb, ukamga Rubin, menga esa Mir, deb nom qo‘yishgan. Mir Kalistratovich… Priyomnik deb ism qo‘yishmagani uchun ham rahmat… U paytlarda davr shunday edi, hamma texnikaga ma’budday sig‘inardi. Endilikda esa fazoviy kemalar ishlab chiqaryapmiz, lekin Ksenya, Natalya, Yevdokiya kabi ismlarni qo‘yish odat tusini oldi…”
Ikkalasi ham jang qilgan – kamzullarida orden-medallar shodasi.
– U qiyinchiliklarni yoshlar bilishmaydi…
– Bilishadi. Ulardan behuda ranjiymiz.
– Yo‘q, ular bilishni xohlamaydi, chunki yoshlarni yengil turmushga o‘rgatib qo‘yganmiz. O‘zimizni to‘rt tomonga urib, ularni hamisha avaylab kelganmiz. Biz haqimizda ular nimani bilishadi? Hayotimiz to‘g‘risida-chi?..
Bu savol, albatta, menga ham qaratilgan. Kimning oldiga, nima uchun ketayotganimni so‘zlayman…
– Sizga shuni aytmoqchiman, azizam, – dedi Nikolay Borisovich qoshiq bilan stolni asabiy taqillatib, (bilishimcha, u urushda sapyorlar batalonining komandiri bo‘lgan). – Xodimlar bo‘limidagi bir nodon sapyorlar bo‘linmasining komandiri bo‘lgan ikki qizni mening oldimga yuborganda, qattiq norozi bo‘lishlariga qaramay, ikkovini ham ortiga qaytarib yuborganman. Ular oldingi marrada sapyorlar bo‘linmasiga komandir bo‘lishni, minalangan maydondan o‘tishni xohlashgandi.
– Ularni nega qaytarib yubordingiz? – deb so‘rayman.
– Bir necha sabablarga ko‘ra. Birinchidan – bu qizlarning ishini uddalaydigan risoladagidek serjantlarim yetarli edi, ikkinchidan – men ularni juda yaxshi bilardim, ular arxitektura institutimizning tolibalari edi. Birga o‘qiganmiz. Frontning oldingi chizig‘ida ayollarning qiladigan ishi yo‘q, deb hisoblardim. Buning uchun biz erkaklar bormiz, yana bilardimki, ish bilan band odamlarga ortiqcha tashvish orttiraman: bu qizlar uchun alohida blindaj tayyorlash, komandirlik qilishlari uchun ayollarga taalluqli lash-lushlarni shay qilib berish kerak.
– Demak, sizningcha, qizlar urushda faqat ortiqcha dahmaza bo‘lgan ekan-da?
– Yo‘q, bunday demoqchi emasman. Tarixni esga olsak, rus ayollari erini, aka-ukasini, o‘g‘lini nafaqat urushga kuzatgan, oh-voh qilgan, shuningdek, ularni kutgan, kerak paytda ularning safidan joy olgan. Yaroslavna qal’a devoriga ko‘tarilib, dushman boshiga qaynoq qatron quygani tarixdan ma’lum. Lekin xotin-qizlarning jang qilayotgani biz erkaklarning hamiyatimizga tegardi, ayniqsa men andisha qilardim… Mana bir misol. Biz chekinyapmiz. Kuz payti, yomg‘ir sharros quymoqda. Yo‘l bo‘yida halok bo‘lgan qiz yotibdi… Sanitariya instruktori… Juda go‘zal qiz, afsuski, uzun sochlari loyga qorishib ketgan… Bu dahshatli qirg‘inbarotda, loygarchilik, boshboshdoqlik sharoitida safimizda ayol kishining ham borligi sira aqlga sig‘masdi. Men urushda o‘limga juda ko‘p duch kelganman, lekin o‘sha qizning jasadi hamon ko‘z o‘ngimda…
– Bugun shularni eslash shartmi? – ajablanadi Kochetkov. – Bizning hamshiralarimiz qamalda qolganlarida dushmanni o‘qqa tutganlarini tushunsa bo‘ladi, chunki norasidaday ojiz bo‘lib qolgan yaradorlarni himoya qilishgan. Biroq ikki juvon betaraf maydonda qo‘lida merganlar miltig‘i bilan kimnidir o‘ldirish uchun emaklab borar ekan – bu “ov”dan o‘zga narsa emas… Aslida o‘zim ham mergan bo‘lganman, o‘zim ham otganman… Lekin men erkakman…
– Mergan qizlar ham ko‘chada duch kelgan odamni emas, dushmanni o‘ldirgan-ku?
– Bilmadim, bilolmadim, – gapimni ilib ketadi Kochetkov. – Bunday ayol bilan ehtimol, razvedkaga borgan bo‘lardim, biroq sira uylanmasdim… Aslo… Xotinim mergan bo‘lishini tasavvur ham qilolmayman. Ayol deganda odatda ko‘z oldimizga ona, kelinchak keladi. Nemis asirlarini shahrimiz ko‘chalaridan qanday olib o‘tishganini ukam aytib bergandi, ular bolalik qilib, asirlarga qarata cho‘zmalardan mayda tosh otishgan. Onam ko‘rib qolib, ukamni shapatilab urgan. Ko‘chadan asirlar – Gitler urushning oxirida safarbar etgan o‘smir yigitlar o‘tib borardi. Ukam yetti yashar bola edi, lekin onam asir nemislarga tikilib yig‘laganini eslab qolgan: “Sizlarni go‘dak holingizda urushga jo‘natgan onalarning ko‘zi ko‘r bo‘lsin!” Urush – erkaklarning ishi. Jasoratini doston qilsa arziydigan erkaklar nahotki oz bo‘lsa?
– Lekin qizlar odam o‘ldirishni xush ko‘rganlari uchun urushga bormagan. Bu mamlakat uchun, xalq uchun halokatli palla edi. Ko‘ngilli bo‘lib xizmat qilishni hatto professorlar o‘tinishgan… – hayajonlanadi Nikolay Borisovich. – Qizlar qalb amri bilan urushga otlanganini unutmang, qo‘rqoq o‘z xohishi bilan hech qachon frontga bormaydi. Ular dovyurak, bebaho qizlar edi. Deylik, yaradorni jang maydonidan olib chiqish nima degani? Hozir aytib beraman… Biz hujumga o‘tdik, dushman esa pulemyotdan o‘qqa tutdi. Butun batalon tutday to‘kildi… Hamma yotibdi… Hamma ham halok bo‘lmagan, aksariyat yaralangandi. Nemislar yomg‘irday o‘q yog‘dirayotir. Hech kim kutmagan bir paytda transheyadan oldin bitta, keyin ikkinchi, uchinchi… qiz chiqib keladi… Ular yaradorlarning jarohatini bog‘lab, sudrab keta boshladilar, avvaliga hatto nemislar ham hayratdan toshday qotib qolishdi. Kechki soat to‘qqizlarga borib qizlarning hammasi og‘ir yarador bo‘ldi, lekin har biri besh-oltitadan yaradorni qutqardi. Ularni kamdan-kam mukofotlashardi, urushning dastlabki yillarida hammaga ham mukofot berilmasdi. Yaradorni jang maydonidan shaxsiy quroli bilan olib chiqish talab qilinardi. Tibbiyot bo‘limida birinchi navbatda yaradorning quroli qani, degan savol berilardi. Dastlabki yillarda qurol yetishmasdi. Miltiq, avtomat, pulemyot – bularni ham jang maydonidan olib chiqish kerak. Qirq birinchi yilda jangchining hayotini saqlab qolgani uchun mukofotlash to‘g‘risida ikki yuz sakson birinchi buyruq chiqdi: jang maydonidan shaxsiy quroli bilan olib chiqilgan og‘ir yarador askarlarga – “Jangovar xizmatlari uchun” medali, yigirmata yaradorni qutqarganlarga – “Qizil Yulduz” ordeni, qirqta askarni qutqargan bo‘lsa, – “Qizil Bayroq” ordeni, sakson yaradorni qutqargani uchun – “Lenin” ordeni berilardi. Jangda besh-olti kishini qutqarish qanchalik mashaqqat ekanini sizlarga so‘zlab berdim…
Kochetkov chekish uchun yo‘lakka chiqdi. Biz Nikolay Borisovich bilan yuzma-yuz qoldik.
– Frontdagi qizlar orasida chiroylilari ko‘p edi, – gapida davom etadi u. – Lekin biz ularga ayolga qaraganday qaramasdik. Ularni do‘stu qadrdon deb bilardik.
– Ularni yoqtirmasmidingiz?
– Yo‘q, unday emas. Ular bizni jang maydonidan olib chiqadigan hamshiralarimiz edi. Mening o‘zimni ikki marta jang maydonidan olib chiqishgan. Ularga qanday yomon ko‘z bilan qaray? Birodarimga turmushga chiqmaysizmi, deb taklif qilgan paytlarimiz bo‘lgan. Ularni tug‘ishgan singlimizday e’zozlardik…
– Urushdan keyin-chi?
– Urush tamom bo‘lgach, ular mutlaqo himoyasiz qolishdi… Mana, mening xotinim. Juda oqila ayol, o‘ttiz besh yildan buyon oramizdan qil ham o‘tmaydi. Urushda qatnashgan qizlarga munosabati esa yaxshi emas. Aytishicha, ular urushga er axtarib ketishgan, go‘yo hammasining qilmagan ishi qolmagan. Lekin aslida, rost aytyapman, ular pokiza qizlar edi. Urushdan keyin har birimiz o‘z yo‘limizdan ketdik… – Nikolay Borisovich o‘yga toladi. – Buni tushunmaysiz. Urushning kir-chirlaridan, bitlagan kiyim-kechaklaridan, dahshatli halokatlardan keyin go‘zallikka, go‘zal ayollarga tashna edik. Mening do‘stim bo‘lardi, uni frontda juda chiroyli bir qiz yaxshi ko‘rardi. Hamshira. Lekin urushdan keyin unga uylanmadi, qaytib kelib, oddiygina qiz bilan turmush qurdi. Afsuski, baxtsiz turmush kechiryapti… Hozir o‘sha hamshirani eslaydi, u nafaqat yostiqdosh, balki chinakam do‘st bo‘lardi. Biroq urushdan keyin unga uylanishni xohlamadi. Axir to‘rt yil mobaynida faqat tovoni yeyilgan etigu erkaklarning paxtalik shimida ko‘rib yurgan-da… Do‘stim esa urushni tezroq unutishni istardi. Biz hammasini unutishga intilardik. O‘zimizning qizlarni ham unutdik…
Poyezdda mana shunday kutilmagan suhbat bo‘lib o‘tdi.

…Metrodan chiqishim bilan Moskvaga xos odatiy hovliga kirdim. Yozdagiga nisbatan qishda ular nima uchundir bir-biridan ko‘proq farq qiladi. Go‘yo har biriga ko‘zga ko‘rinmas rassom berkinib oladi-yu, dov-daraxtlar, o‘rindiqlar, bolalarning maydonchalari, arg‘imchoqlarni oq rangga bo‘yab chiqadi. G‘aroyib musavvirlarning har biri alohida ishlagani uchun hovlilar turli ko‘rinish hosil qiladi. Bu hovlida qalam tebratgan rassom ham o‘ziga xos yo‘l tutgan: arg‘amchilar katta do‘mbirani eslatadi, daraxtlar esa qori kuralmagan g‘aramday, go‘yo rassom shoshganu, niyati va kayfiyati yo‘qligidan rasmni chizib ulgurmaganday. Men uchun biron odam bilan uchrashuv uyiga kirmasimdan boshlanadi. Xayolimda uning qiyofasi shakllanishida mazkur hovli ham o‘ziga xos o‘rin tutadi. Telefonda ajablangan ovoz yangraydi: “Etib keldingizmi? To‘g‘ri biznikiga kelayapsizmi? Veteranlar kengashida hech narsani aniqlay olmaysizmi? U yerda men haqimda barcha ma’lumotlar bor”. Tasavvur qilishga, tanishishga oshiqaman. Hayot esa balandparvoz tasavvurlarimni hamisha sinovdan o‘tkazadi. Sira shafqat qilmaydi.
Eshikni to‘ladan kelgan past bo‘yli ayol ochdi. Bir qo‘lini salomlashish uchun erkakchasiga menga uzatdi, ikkinchi qo‘lini jajji nabirasi ushlab olgan. Bolaning xotirjamligiga qarab bu xonadonda begona odamlar tez-tez mehmon bo‘lishiga ko‘nikib ketishganini payqayman.
Nina Yakovlevna meni o‘z xonasiga boshlaydi.
– Oldindan ogohlantirmaganingiz chakki bo‘ldi-da, tayyorgarlik ham ko‘rganim yo‘q…
– Balki shunisi tuzukdir. Eng muhim voqealarni eslaysiz…
– Gazetalardan qirqib olgan materiallarim bor. Bizning o‘ttiz ikkinchi tank brigadamiz haqida ko‘p yozishgan. Ularni sizga beraman…
Xizmat xonalari kabi keng xona. Ortiqcha hech vaqo yo‘q, faqat kitoblar, asosan yodnomalar, yiriklashtirilgan birtalay jangovar fotosurat, tankchilar kiyadigan qalpoq bug‘uning shoxlariga ilingan, yaltiroq stolcha ustida esa “Harbiy qism askarlaridan”, “Tank bilim yurtining kursantlaridan” degan yozuvli esdalik lavhalar biriktirilgan qator mitti tanklar… Men bilan birga divanda harbiy libosda uchta qo‘g‘irchoq “o‘tiribdi”. Hatto xonadagi parda va gulqog‘ozlar ham kamuflyaj rangida.
– “Uyingni nima uchun muzeyga aylantirding?” deya qo‘shnilarim ajablanishadi. Men esa hayotimni bularsiz tasavvur qilolmayman, – deydi Nina Yakovlevna.
Nabirasini qo‘shni xonaga chiqarib yuborgach, men magnitofonni yoqaman.
Nina Yakovlevna Vishnevskaya, starshina, tank batalonining saninstruktori:
“Tank qo‘shinlariga qizlarni istar-istamas olishardi. Hatto sira olishmasdi, desa ham bo‘ladi. Men qanday tushib qoldim, deysizmi? Biz Kalinin viloyatining Konakovo shahrida yashardik. Endi sakkizinchi sinfni tugatib, to‘qqizinchiga o‘tish imtihonlarini topshirgandim. Urush nima ekanini u paytlarda bilmasdik, allaqanday o‘yin, deb o‘ylardik. G‘alati voqeaday tuyulardi…
Biz kommunal xonadonda, bir necha oila yonma-yon yashardik va har kuni kimdir urushga yo‘l olardi: Petya amaki, Vasya amaki… Biz bolalar ularni qiziqsinib, zavq bilan kuzatardik. Ularning ortidan poyezdgacha borardik, musiqa sadolari ostida xotinlar ko‘z yoshi qilardi, bularning barchasi bizni vahimaga solmasdi, balki zavq baxsh etardi. Biz ham daf’atan poyezdga o‘tirib, jo‘nab ketishni istardik. Urush, bizning nazarimizda, uzoq-uzoqlarda bo‘layotgandi. Harbiylarning tugmalari yaltirashini yoqtirardim. Men sanitar navbatchilar kursiga qatnay boshlagandim, lekin hammasi allaqanday ermakka o‘xshardi… Keyin maktabni yopib qo‘yishdi va bizni mudofaa inshootlarini qurishga safarbar etishdi. Keng daladagi omborxonaga joylashtirishdi. Biz hatto urush bilan bog‘liq ishga ketayotirmiz, deya g‘ururlanganmiz. Bizni nimjonlar bataloniga biriktirishdi. Ertalabki sakkizdan kechki sakkizgacha, kuniga o‘n ikki soatlab ishlardik. Tanklarga qarshi xandaq qazirdik. Atigi o‘n besh-o‘n olti yoshli qizlar va bolalar… Bir kuni ish paytida kimdir “Havo hujumi! Nemislar!” deya qichqirib qoldi. Katta yoshdagilar panaga qarab yugurdi, biz uchun nemis samolyotlari, nemislarning o‘zlarini ko‘rish qiziq edi. Ular quzg‘unday shitob bilan uchib o‘tib ketdi, yaxshi ilg‘ay olmadik. Lekin birozdan so‘ng orqaga qaytib, biz tomonga pastlab uchib kela boshladi. Samolyotlardagi qora xochlarga ko‘zimiz tushdi. Hech qanday qo‘rquv yo‘q, faqat qiziqib kuzatamiz. Birdan pulemyotdan o‘qqa tuta boshlashdi, birga o‘qiydigan va ishlaydigan tengdoshlarimiz birin-ketin yer tishladi. Biz toshday qotib qoldik, nimalar ro‘y berayotganini anglay olmay hayron edik. Hamon joyimizdan jilmay kuzatardik, nihoyat, kattalar kelib bizni yerga yotqizishdi, o‘shanda ham qo‘rquv nimaligini bilmaganmiz…
Ko‘p o‘tmay nemislar shaharga juda yaqin kelib qoldi, taxminan o‘n kilometrlar masofada edi. Vatanni himoya qilishimiz kerak degan qarorga kelib, biz, qizlar ham harbiy bo‘limga otlandik. Hammani ham olishmadi, asosan chidamli, baquvvat qizlarni, eng avvalo o‘n sakkiz yoshga to‘lganlarni olishdi. Bir kapitan tank qismi uchun qizlarni saralayotgandi. Mening iltimosimga quloq ham solmadi, chunki o‘n yetti yoshda edim, boz ustiga jussam ham kichik.
– Piyoda askar yarador bo‘lsa, yerga yiqiladi, – deya menga tushuntirdi u. – Uning yoniga emaklab borib, jarohatini bog‘lasa yoki pana joyga sudrab ketsa bo‘ladi. Tankchi esa boshqa masala… Tank ichida yarador bo‘lsa, lyuk orqali tortib olish kerak. Sen yaradorni tank ichidan chiqarib ola bilasanmi? Tankchilar juda barvasta bo‘ladi. Tank ustiga chiqishga chog‘langaningda tinmay o‘qqa tutishadi, snaryad parchalari vizillab uchadi. Yonayotgan tankni hech ko‘rganmisan?
– Axir boshqalar kabi men ham komsomol a’zosi-ku? – yig‘lamsirab dedim men.
– Albatta, sen ham komsomolsan. Lekin juda kichiksan-da…
Sanitar navbatchilar kurslarida va maktabda birga o‘qigan dugonalarim novcha, chayir qizlar bo‘lgani uchun ularni qabul qilishdi. Ular frontga ketib, men qolayotganim juda alam qildi.
Ota-onamga hech narsa. Ularni kuzatgani chiqqanimda, qizlarning rahmi kelib, meni mashina kuzovidagi brezent tagiga bekitib qo‘yishdi. Usti ochiq mashinada yo‘lga tushdik, boshimizga har xil – qora, ko‘k, qizil durrachalar o‘rab olganmiz. Shura Kisileva o‘zi bilan hatto gitara ham olgan. Mashinada ketib boryapmiz, okoplar ko‘zga tashlana boshladi, jangchilar bizni ko‘rib: “Artistlar kelishdi! Artistlar!” deya hayqira ketishdi. Bundan rosa ranjidik ham, frontga jang qilgani ketayotgan bo‘lsagu bizni artistga chiqarib qo‘yishsa…
Shtabga yetib keldik, kapitan saf tortinglar, deya buyruq berdi. Men safning oxiridan joy oldim. Qizlarning qo‘lida kerakli narsalari bor, menda esa hech vaqo yo‘q. Ro‘molning o‘rniga boshimga onamning koftasini tashlab olganman. “Loaqal mana buni ushlab tur”, deya Shura menga gitarani tutqazdi.
Shtab boshlig‘i chiqib keldi, kapitan unga yuzlandi:
– O‘rtoq podpolkovnik! Xizmatni o‘tash uchun o‘n ikkita qiz ixtiyoringizga keldi.
Podpolkovnik bizni ko‘zdan kechirib shunday dedi:
– O‘n ikkita emas, roppa-rosa o‘n uchta-ku.
Kapitan esa yana takrorladi:
– Yo‘q, o‘n ikkita, o‘rtoq podpolkovnik, – qizlar o‘n ikkita ekaniga uning ishonchi komil edi. Ammo sinchiklab nazar tashlagach, darhol menga yuzlanib: – Qayoqdan kelib qolding? – deb so‘radi.
Men dadil javob berdim:
– Jang qilgani keldim, o‘rtoq kapitan.
– Qani, bu yoqqa o‘t-chi!
– Dugonam bilan birga keldim…
– Dugonang bilan raqs tushgani borasan. Bu yerda esa urush ketyapti… Yaqinroq kel-chi.
Onamning koftasini boshimga tashlagan ko‘yi ularning yoniga bordim. Sanitar navbatchilik qilgan paytimda olgan guvohnomamni ko‘rsatib, yalina boshladim:
– Jon amakilar, ishoninglar, men juda baquvvatman, hamshira bo‘lib ishlaganman, qon topshirganman. Iltimos…
Ular hamma hujjatlarimni ko‘zdan kechirishgach, podpolkovnik buyurdi:
– Birinchi kelgan yo‘lovchi mashinasi bilan uyiga jo‘natilsin!
Mashina kelguncha meni tibbiyot-sanitar bo‘linmasiga tayinlashdi. Men o‘tirib olib, paxtali dokalarni tayyorlardim. Shtab tomonga mashina yaqinlashayotganini ko‘rishim bilan o‘rmonga qochaman. U yerda bir-ikki soat o‘tirib, mashina ketgandan so‘ng qaytib kelaman…
Uch kun shu alfozda o‘tdi, nihoyat, bizning batalon hujum boshladi. O‘ttiz ikkinchi tank brigadasining birinchi tank bataloni… Hamma jang qilgani ketdi, men esa yerto‘lani yaradorlar uchun tayyorlashga kirishdim. Yarim soat ham o‘tmay yaradorlarni olib kela boshlashdi… Halok bo‘lganlarni ham… Bu jangda bizning bir dugonamiz ham nobud bo‘ldi. Mening borligimni unutib, ko‘nikib ham qolishdi. Rahbariyat eslamay qo‘ydi…
Endi nima qilaman? Harbiychasiga kiyinishim kerak. Bizga buyumlarimizni joylashimiz uchun yap-yangi to‘rvalar berishgandi. Men bir to‘rvaning tasmasini kesib, chokini so‘kib tashladim-da, kiyib oldim. Binoyidek harbiy yubka bo‘ldi. Qayerdandir eskiroq gimnastyorka topib oldim, belimni qayish bilan tang‘ib, qizlarga ko‘rsatib maqtangim keldi. Ularning oldida bir aylanganimni bilaman, yerto‘laga starshina kirib kelib qolsa bo‘ladimi, so‘ng uning ortidan qism komandiri ham kirdi.
Starshina buyruq berdi:
– Rostlan!
Keyin podpolkovnikka yuzlanib dedi:
– O‘rtoq podpolkovnik, murojaat etishga ruxsat bering! Qizlar bema’ni ish qilib qo‘yishdi. Men ularga buyumlarini solish uchun to‘rva bersam, uni yubka qilib kiyib olishibdi.
Qism komandiri daf’atan meni tanib qoldi:
– Ha, qochoq quyon, bu senmisan! Hammasi tushunarli, starshina, qizlarga harbiy kiyim berilsin.
Mashina ham, meni jo‘natish ham hech kimning xayoliga kelmadi. Bizga boshdan-oyoq kiyim-bosh tarqatishdi. Tankchilar tizzasi qoplamali brezent shim kiyishadi, bizga esa chitga o‘xshash yupqa kombinezon berishdi. Mashinada emas, har qarich yerga sochilgan metal qoldiqlari-yu qirrasi chiqib turgan toshlarning ustidan emaklab yurganimiz bois kombinezonlar ko‘p o‘tmay yirtilib ketdi. Tanklar tez-tez o‘t ichida qolar, omon qolgan tankchilar ham boshdan-oyoq jizg‘anak bo‘lardi. Alanga ichiga kirib, yonayotgan odamni qutqarganimiz uchun biz ham olovda kuyardik. Tank lyuki orqali, ayniqsa o‘q otadigan bashnyasi bor tankdan yaradorni olib chiqish juda mushkul.
…Biz hech qanday tayyorgarliksiz kelgandik, harbiy unvonlarning belgilarini ajratolmasdik, shu bois starshina chinakam askar bo‘lishimiz uchun katta unvonli har bir harbiyga qo‘limizni chakkamizga qo‘yib salom berishimiz kerakligini, hamisha qaddimizni tik tutib, shinelimizning tugmalarini qadab yurishimiz lozimligini uqtirardi.
Navnihol qizaloqlar edik-da, jangchilar hazil qilishardi. Bir kuni meni tibbiyot-sanitar bo‘linmasidan choy olib kelgani yuborishdi. Oshpazga yuzlanganimda u mendan so‘radi:
– Nima kerak?
– Choy…
– Suv hali qaynamadi.
– Nega?
– Oshpazlar qozonlarda cho‘milishyapti. Cho‘milib bo‘lishsin, keyin suv qaynatamiz…
Men uning gapiga ishonib, ikkala chelakni olib, ortga qaytim. Yo‘l-yo‘lakay shifokor duch kelib, so‘radi:
– Nega chelaklar bo‘sh?
Men xotirjam javob beraman:
– Qozonlarda oshpazlar cho‘milayotgan ekan. Hali suv qaynatishmabdi.
U haykalday qotib qoldi:
– Qozonda qaysi oshpaz cho‘milayotgan ekan?..
Meni aldagan oshpaz boplab ta’zirini yedi, menga esa ikki chelak choy berishdi.
Qaytib kelayotib siyosiy bo‘lim boshlig‘i va brigada komandiri ro‘paramdan kelayotganini ko‘rdim. Oddiy askar bo‘lganimiz uchun hammaga salom berishimiz kerakligi esimga tushdi. Ro‘paramdan esa ikki kishi kelayotir. Ikkalasiga ham qanday salom beraman? Darhol yo‘lini topdim. Ular yonimdan o‘ta boshlaganda chelaklarni yerga qo‘ydim-da, ikkala qo‘limni ikki chekkamga tirab, avval birinchisiga, so‘ng ikkinchisiga ta’zim qildim. Xotirjam ketayotgan rahbarlar taqqa to‘xtab:
– Bunday salomlashishni senga kim o‘rgatdi? – deb ajablanib so‘radi.
– Har bir odamga salom berish kerak, deb starshina o‘rgatgan. Sizlar esa ikki kishi birga kelyapsizlar…
Frontda qizlar uchun hammasi juda murakkab edi. Harbiy unvon belgilarini ajratishimiz juda qiyin kechgan. Biz armiyaga kelganimizda romb, to‘rtburchak singari turli belgilar amalda bo‘lib, kimning unvoni qanday ekanini ajrata olmasdik. Kapitanga mana bu xaltani olib borib ber, deyishardi. Kapitanni qanday farqlaymiz? Yetib borguncha “kapitan” so‘zi ham esingdan chiqib ketadi. Yetib boraman-da, asta deyman:
– Amaki, hoy amaki, anovi amaki manavini sizga berib qo‘yishni tayinladi…
– Qanaqa amaki?
– Ko‘k shim, yashil gimnastyorkali…
Ularning leytenantu kapitan ekani emas, balki kelishgan yoki kelishmagan, malla yoki barvasta ekani yodimizda qolardi… “Anovi, baland bo‘yli amaki bor-ku!” deb eslardik.
Yongan kombinezonlar, kuygan qo‘l va chehralarni ko‘rgach, albatta, urush nima ekanini tushundim. Tankchilar yonayotgan mashina ichidan jonholatda otilib chiqishadi, boshdan-oyoq olov ichida, boz ustiga ko‘pincha qo‘li yoki oyog‘iga o‘q tekkan bo‘lardi. Ular juda og‘ir yaralangan bo‘lardi. Yerda uzala yotgancha yolvoradi: “O‘lib qolsam, onamga, xotinimga xat yozgin…” Ko‘rgan-kechirganimizni “dahshat” so‘zi bilan ham ifodalab bo‘lmaydi.
Oyog‘im shikastlanganida, tankchilar meni Kirovogradchina yaqinidagi Jyoltoye qishlog‘iga olib kelishdi. Tibbiyot-sanitar bo‘linmamiz joylashgan uy bekasi yozg‘ira ketdi:
– Esiz, yoshgina yigit-a!..
Tankchilar esa kulib yuborishdi:
– Yigit emas, xolajon, qizaloq bu!
Qishloqdagilar esa ko‘zlariga ishonmay shunday deyishardi:
– Qizaloq emish, yosh yigit-ku bu…
Sochim tarashlangan, egnimda kombinezon, boshimda tankchilar qalpog‘i – rosmana yigitman-da… Uy bekasi pechkaga taqab qurilgan o‘rnini ham bo‘shatib berdi, tezroq sog‘aysin deb cho‘chqa bolasini ham so‘ydi. Sho‘rlik ertayu kech yozg‘irardi:
– Erkaklarning urug‘iga o‘t tushganmi, ona suti og‘zidan ketmagan qizni ham frontga yuborishadimi?..
O‘n sakkiz yoshimda Kursk yoyida bo‘lgan jangda “Jasorat uchun” medali va “Qizil yulduz” ordeni bilan taqdirlanganman, o‘n to‘qqiz yoshimda esa ikkinchi darajali “Ulug‘ vatan urushi” ordenini oldim. Yangi qo‘shimcha kuchlar kelganda, albatta, navqiron yigitlar menga ko‘rib hayratlanishardi. “Bu medallarni qaysi so‘rashgan karomating uchun berishgan?”, “Nahotki sen ham jang qilolsang?” deya kinoya qilishardi. Yoki: “Tank zirhini o‘q teshib o‘ta oladimi?” deya tegajog‘lik ham qilishardi.
Keyinchalik jang maydonida, o‘qlar ostida turib shunday hazilkash yigitlardan birining jarohatini bog‘laganman, uning familiyasi ham esimda – Shchegolevatix. Uning oyog‘iga o‘q tekkandi… Jarohatini bog‘layapmanu u tinmay uzr so‘rardi:
– Hamshira, o‘shanda sizni xafa qilganim uchun meni kechir…
U paytlar sevgi haqida nimani bilardik o‘zi? Maktab davridagi bolalarcha ishqiy kechinmalarni aytmaganda… Qamalga tushib qolganimiz yodimda… Dushman tomondan tobora siqib kelayotir. Tunda yo yorib o‘tamiz, yo halok bo‘lamiz, deya ahd qildik. Halok bo‘lamiz, degan taxmin haqiqatga yaqin edi… Bilmadim, buni aytsammi, aytmasammi…
Yorib o‘tish uchun qorong‘i tushishini poylardik. Batalon komandiri yaralangani uchun Misha T. kombat vazifasini bajarardi, uning yoshi ham o‘n to‘qqizdan oshmagandi… U mendan so‘radi:
– Hech mazasini tatib ko‘rganmisan?
– Nimaning mazasini? – qornim och bo‘lgani uchun tamshanib qo‘ydim.
– Bironta do‘ndiqchani-da!
Urushdan avval shunaqa nomli bir nav shirinlik bo‘lardi.
– Tatib ko‘rmaganman…
– Men ham. Halok bo‘lsak… muhabbat nash’asini ham bilmay ketamiz. Kechasi bizni o‘ldirishadi…
Nimaga shama qilayotganini anglab:
– Esingni yedingmi, ahmoq! – deya uni siltab tashladim.
Halok bo‘lish emas, balki chin hayotni ko‘rmasdan, undan bahra olmasdan nobud bo‘lish qo‘rqinchli edi. Mana shu hadik juda vahimaga solardi. Hali hayot nima ekanini anglab ulgurmasdan hayot uchun jonimizni tikkan edik”.
Yana eng alamli, iztirobli xotiralarni esga oladi:
“Tank qo‘shinlarida sanitar instruktorlar tez halok bo‘lardi. Tanklarda biz uchun joy ko‘zda tutilmagan, zirhiga tirmashib olganingda zanjirlari oyog‘imni yulib ketmasin-da, degan xavotir sira tinchlik bermaydi. O‘t ichida qolgan boshqa tanklarni ham sira ko‘zdan qochirmaslik kerak. Darhol o‘sha tomonga yugurish yoki emaklab borish darkor… Frontda besh dugona edik: Lyuba Yasinskaya, Shura Kiseleva, Tonya Bobkova, Zina Latish va men. Tankchilar bizni konakovsklik qizlar, deb atashardi. Qizlarning hammasi halok bo‘ldi…
Lyuba Yasinskaya halok bo‘lgan jang arafasida, kechasi yonma-yon o‘tirib dardlashganmiz. Qirq uchinchi yil. Diviziyamiz Dneprga yetgan. Lyuba kutilmaganda shunday dedi: “Ishonasanmi, men bu jangda halok bo‘laman… Xudo haqqi, ko‘nglim sezyapti. Starshinaning yoniga borib, yangi ichko‘ylak bering, deb iltimos qildim, u esa qizg‘anib: “Yangi ichko‘ylak olganingga hech qancha bo‘lgani yo‘q-ku”, dedi. Ertalab birga borib iltimos qilaylik”. Men: “Ikki yildan buyon birga jang qilyapmiz, bizdan ajal ham qo‘rqadigan bo‘lib qolgan”, deb uni yupatdim.
U ertalab starshinaning yoniga birga borishga ko‘ndirdi va biz bir juft yangi ichko‘ylak oldik. Lyuba yangi ko‘ylagini kiyib oldi. Oppoq, bog‘ichi ham bor… Ana shu oppoq ko‘ylak qonga belangandi… Qizil qonga botib, loladay bo‘lib qolgan oppoq ichko‘ylakni hali-hanuz unutolmayman. Lyuba shunday bo‘lishini oldindan bilgandi…
Biz uni shu ahvolda chodirga solib to‘rt kishi ko‘tarib boryapmiz, jasadi juda og‘irlashib ketgan. O‘sha jangda juda ko‘p odam halok bo‘ldi, qabrga oldin yigitlarni, ularning ustiga esa Lyubani yotqizdik. Uning halok bo‘lganiga, ortiq oramizda yo‘q ekaniga sira ishongim kelmasdi. Undan nimanidir esdalikka olib qolay, degan fikr xayolimdan kechdi. Uning barmog‘ida uzuk bo‘lardi, tillami, oddiymi, bilmayman. Yigitlar marhumning narsasi yaxshilik keltirmaydi, deb ogohlantirsalar ham o‘sha uzukni oldim. Nihoyat hamma marhumlar ustiga bir siqimdan tuproq tashlay boshladi, men ham tuproq tashladim, bir hovuch tuproq bilan birga uzuk ham qabrga, Lyubaning bag‘riga tushdi… Lyuba bu uzukni juda ardoqlashi o‘shanda esimga tushdi… Uning otasi urushning boshidan oxirigacha qatnashib, omon qaytdi. Akasi ham qaytib keldi. Erkaklar qaytib kelishdi. Lyuba esa halok bo‘ldi…
Shura Kiseleva hammamizdan chiroyli edi, yonib ketgan. U og‘ir yaradorlarni poxol g‘aramiga yashirgan, otishma boshlanib, g‘aramga o‘t ketgan. Shura omon qolishi mumkin edi, biroq buning uchun yaradorlarni tashlab ketishi talab etilardi – ularning hech biri yura olmasdi… Yaradorlar yonib ketgan… Shura ham ular bilan birga…
Tonya Bobkovaning halokati tafsilotlaridan yaqinda xabar topdim. U sevgan kishisini mina parchasidan to‘sib qolgan. Mina parchalari daf’atan nobud qiladi… Tonya bunga qanday ulgurgan ekan-a? Leytenant Petya Boychevskiyni qutqargan, uni yaxshi ko‘rardi. Leytenant omon qolgan.
Oradan o‘ttiz yil o‘tgach, Petya Boychevskiy Krasnodardan urush qatnashchilari bilan uchrashuvga kelib, meni topib, barini aytib berdi. Biz birga Borisovaga borib, Tonya halok bo‘lgan yaylovni topdik. Petya uning qabridan bir siqim tuproq oldi. Tonyaning xokini onasining qabriga dafn etganini keyinchalik xatida yozib yubordi. “Mening ikki onam bor, – deb yozgandi u, – biri meni dunyoga keltirgan, ikkinchisi hayotimni saqlab qolgan – Tonya…”
Bitta maktabdan besh qiz frontga ketgandik, yolg‘iz men onamning bag‘riga qaytib keldim. Nima uchun aynan men qaytdim? Qizlar halok bo‘lishdi, men esa omon qaytdim… Ana, ularning suratlari devorda osig‘liq…
Juda ko‘p safarga chiqaman, ularning jasorati haqida so‘zlayman… Yozaman… O‘g‘lim: “Oyi, sira tinch o‘tirmaysiz-a…” deydi. Quroldosh do‘stlarning barcha uchrashuvlarida qatnashaman. Betob bo‘lsam sudralib bo‘lsa ham boraman… Mening hayotim shundan iborat… Uchrashuvdan uchrashuvgacha yashayman…”
Nina Yakovlevna kutilmaganda she’r qiroat qila boshlaydi:

Gar siylagan meni ham ochun,
Afzal hayot bor ehsonidan:
Ko‘ksim qalqon qilib do‘st uchun,
Olib chiqish jang maydonidan…

– She’riyatni yaxshi ko‘raman, – xijolat bo‘lib tan oladi u. – Frontda ham she’rlar yozardim, hozir ham. Qizlarga ham yoqardi…”
Bu ham ajablanarli hol – ularning ko‘pchiligi frontda she’r bitishgan. Bu she’rlarni hozir ham qunt bilan qayta ko‘chirishadi, oilalarda avaylab saqlanadi – biroz qovushmagan bo‘lsa ham, ta’sirli, samimiy; uchrashuvlar va ko‘plab muloqotlar bilan birga ularni ham muhim hujjatlar kabi e’zozlayman. O‘ziga xos kechinmalar bilan yo‘g‘rilgan bu hujjatlar vositasida davr nafasini tuyaman, nigohim qarshisida muayyan avlod vakillari qad rostlaydi.
Lekin Nina Yakovlevnaning hikoyasi hali tugagani yo‘q:
“O‘n yil muqaddam Vanya Pozdnyakovni axtarib topdim. Biz halok bo‘lgan deb o‘ylardik, u esa tirik ekan. Proxorovka ostonalarida bo‘lgan janglarda u komandir bo‘lgan tank nemislarning ikki tankini yakson qilgan, dushmanlar tankni yondirib yuborishdi. Ekipaj a’zolari halok bo‘lishdi, yolg‘iz Vanya tirik qoldi, lekin ikki ko‘zi yo‘q, butunlay kuyib ketgandi. Uni gospitalga jo‘natdik, ammo omon qoladi, deb o‘ylamagandik. Uni o‘ttiz yil deganda axtarib topdim. Zinadan ko‘tarilib borayapman, oyoqlarim chalishib ketayotir, o‘zimikan, boshqamikan, degan fikr tinchlik bermaydi. Eshikni o‘zi ochdi va qo‘llari bilan siypalab: “Ninka, o‘zingmisan? Ninka?” deya tanidi. Tasavvur qilayapsizmi, ko‘zi ko‘r bo‘lsa ham, shuncha yildan keyin ham tanidi-ya.
U qartayib qolgan onasi bilan birga yasharkan, dasturxon atrofida birga o‘tiribmiz, onasi bechora tinmay ko‘z yoshi qiladi. Men taskin berganday dedim:
– Nimaga yig‘laysiz? Jangovar do‘stlar uchrashdilar, quvonish kerak.
Ona bechora yig‘i aralash javob beradi:
– Uch o‘g‘lim urushga ketgandi. Ikkitasi halok bo‘ldi, Vanya omon qaytib keldi.
Vanyaning esa ikki ko‘zi ham ko‘rmaydi…
Men undan:
– Vanya, urushda so‘nggi marta Proxorovka maydonidagi tanklar jangiga guvoh bo‘lgansan… O‘sha kundagi qaysi voqealarni eslaysan? – deb so‘radi.
Bilasizmi, u nima deb javob berdi:
– Ekipaj a’zolariga yonayotgan tankdan chiqib ketinglar deb, sal shoshib buyruq berganimga achinaman. Yigitlar baribir halok bo‘lishdi. Biz yana bir nemis tankini yakson qilishimiz mumkin edi…
Bu hali-hanuz uning yagona armoni edi…”

Nina Yakovlevna bilan keyinchalik xat yozishdik. Uning magnitofon tasmasiga yozib olingan hikoyasini ko‘chirib olib, va’da qilganimdek, bir nusxasini o‘ziga jo‘natdim. Uch-to‘rt haftadan keyin Moskvadan kattakon banderol oldim. Unda gazetalardan qirqib olingan maqolalar, Nina Yakovlevna Vishnevskaya urush qatnashchisi sifatida olib borayotgan harbiy-vatanparvarlik ishiga oid rasmiy hisobotlar bor edi. Men yuborgan matn ham qaytarilgan, undan deyarli hech vaqo qolmagan, hammasi chizib tashlangan, qozonlarda cho‘miladigan oshpazlar to‘g‘risidagi qiziqarli satrlar, hatto beg‘araz: “Amaki, hoy amaki, anovi amaki mana buni sizga berib qo‘yishni aytdi…” degan joyi ham o‘chirib tashlangandi. Leytenant Misha T. bilan bo‘lib o‘tgan suhbat yozilgan varaqning hoshiyasiga esa zardali uchta so‘roq belgisi qo‘yilgandi.
Bir inson qalbida yashayotgan ikki haqiqatga keyinchalik yana bir necha marta guvoh bo‘ldim. Deylik, xonadonda ikkimizdan tashqari qarindoshlar, tanishlar, qo‘shnilardan birortasi bo‘lsa ham, hamsuhbatlarim o‘z xotiralarini samimiyat va ishonch bilan hikoya qila olmasdi. Yana bir yozilmagan qonuniyat shundan iborat ediki, tinglovchilar qancha ko‘p bo‘lsa, ularning hikoyalari shunchalik quruq, zerikarli bo‘lardi. Nina Yakovlevna ham yoshgina dugonalari bilan boshidan kechirganlarini menga o‘z qiziday so‘zlab bergan bo‘lsa, nisbatan kattaroq davra uchun “boshqalar bayon etganidek va gazetalarda yozganidek” hikoya qilardi.
Nina Yakovlevnaning maktubini o‘qir ekanman, shinam oshxonada o‘z uyimdagidek xotirjam choyxo‘rlik qilganimizni esladim. U xotiralarini so‘zlar, ikkimiz ham yig‘lardik.

Rus tilidan Mirpo‘lat Mirzo va Abduhamid Pardayev tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2016 yil, 1-2-son