Onasi bilan vidolashish Murodga nasib etmadi. Kampir jon taslim qilganida u Shvetsiyada xizmat safarida edi.
Safar oldidan O‘shga kelib, bemor onasi bilan uzoq suhbatlashib o‘tirdi. Yarim yildan beri ko‘rpa-to‘shak qilib yotgan onaning ahvoli kundan-kunga og‘irlashib borar, ovozi deyarli chiqmay qolgan, yuzidan go‘sht qochib, jag‘ suyaklarigina qolgan edi. Bemorga tikilib qaragan kishi uning yuzida tiriklik alomatlari so‘nib borayotganini sezardi. Ichini ilonday o‘rab olgan og‘riq azobiga chidamay, o‘qtin-o‘qtin o‘qchib, behalovat bo‘ladi. Umri, rizq-nasibasi tugayotgani aniq, ko‘zini yumishi bilan, ko‘rgan-kechirganlari qora bulutday erib, ko‘z yoshlariga aylanar, yuzidan pastga oqar, ichki bir sezim bu dunyoning hamma hoyu havaslari o‘tkinchi ekanligini o‘qtirayotganday edi. Dori-darmon, badanga tinimsiz nina urishlar foyda bermayotgani ko‘rinib turardi.
Murod onasining qo‘lini, oriqlab ketgan panjalarini mahkam qisdi. Ona yarim yildan beri ajal va tiriklik o‘rtasida edi. Karavotga yopishgan tanasida mador yo‘q, har kuni uch mahal oladigan ukollari og‘riqni biroz bo‘lsa-da yengillatar, ammo ko‘p o‘tmay, yana azobga qolar, tun bo‘yi titrab-qaqshab chiqardi. Ertalab keladigan doktor kasal onalarini qarab o‘tirgan qizlarga, o‘g‘li Murodga bor gapni ochiq aytib, “Bemorning nari borsa ikki haftalik umri qoldi”, dedi. Bu gapni eshitgan kenja qiz izillab yig‘ladi. U oilasi bilan Rossiyada yashardi, onasining kasalligini eshitib, hamma ishini tashlab kelib, mana, bir haftaki, shu yerda. Olisda o‘tayotgan xazon umriga achinib, “Qani endi, onamning yonidan uzoqlashmasam”, degan fikrda ko‘ziga yosh olardi.
Qiz onaga mehribon bo‘ladi, buni ko‘rib, sezib turgan Murod yanada ezildi. Erkak kishining yuragi boshqacha bo‘ladimi, onasining og‘ir ahvolidan o‘zini yo‘qotib qo‘yayozdi. Ona farzandlari ichida Murodga boshqacha mehr qo‘ygandi. Balkim onalar o‘g‘il bolaga shunday munosabatda bo‘lishar. Murod biror joyga borib qaytsa, uyga kelishi bilan: “Voy sadag‘ang ketay, bolam, omon-eson keldingmi?” deyishni kanda qilmasdi. O‘g‘lining yoshi ellikdan oshsa ham, u ona uchun bola edi.
Onasi qaddi-qomati kelishgan, binoyidek chiroyli ayol edi. Biror marta joni og‘rib, to‘shakka o‘ralib yotib qolganini eslay olmaydi. Aksincha, tirikchilik deb, tinim bilmadi, o‘zini ayamadi. Oxiri kuch-quvvatdan qoldi. Uning yoshida ayollar ko‘rimliligini yo‘qotmaydi. Onasining bo‘lsa tim qora sochlari oqarib, ko‘zlaridan nur qochgan edi. Bundan avvalgi kelganida sog‘lig‘i yomon emas, o‘zini o‘zini eplaydigan holatda bo‘lib, o‘g‘lidan hol-ahvol so‘rar ekan, “Sadag‘ang ketay, bolam, omon-esonmisan? Bolalaring yaxshimi, kelinim tuzukmi?” degandi. Endi esa yonidan jilmay turgan qizlariga qarab: “Sizlar tashqariga chiqib turinglar, akangizga aytadigan gapim bor”, demoqchiday ishora qilib turibdi.
Qizlar bir-birlariga sirli qarab olishgach, jimgina tashqariga chiqishdi.
Xonada o‘zlari qolishdi. Ona oriq, quruqshagan qo‘llari bilan o‘g‘lining qo‘lini ushlab, nafas olishi susayayotganiga qaramay, og‘ziga yaqin olib kelib hidladi. O‘g‘li onasining so‘nik yuzini, to‘zg‘ib, bir-biriga yopishib ketgan sochlarini siladi, o‘pdi. Ona Murodning qo‘lini holsizgina qisar ekan, ko‘zlarida simobga o‘xshash ikki tomchi yosh paydo bo‘ldi. Ko‘zlarining yosh qudug‘i allaqachon qurib bo‘lgandi, bu ikki tomchi uning jon tomirlaridan sirg‘alib chiqqanday bo‘ldi. Simobday ikki tomchi yosh. Ularda onalik mehri tovlanib turardi. Ona yig‘lamaslikka nechog‘li harakat qilmasin, ichidan kelayotgan unsiz yig‘i oldida chorasiz edi.
Bir zum jim qolishdi. Bir-birlariga aytmoqchi bo‘lgan so‘zlari yig‘ilib tomchilarga aylandi. O‘g‘lining tili aylanmay qoldi. Ona, baribir, ona-da, so‘z aytishga o‘zida kuch topa oldi.
– Xudoyimdan o‘rgilay, o‘lmas ovqat, chiqmas jon bo‘lsa ham, harqalay yashadim. Hammasiga roziman. Yaratgan egam meni dargohiga chaqirmoqda. Mana bu omonatim senga. – Onaning ovozi hirqirab qoldi. Boshini qiyinchilik bilan biroz ko‘tarib, yostiq tagidan kichikroq xaltachani oldi va o‘g‘liga: “Ichini och”, dedi. Murod xaltachaning ipini tortib, ochdi. Ichida bir siqim tuproq bor ekan.
– Bu tuproqni bir oy oldin Oloyga borib, otangning qabridan olib keldim,− dedi kampir hansiragan holda. – Yomon gapda ham bir yaxshilik bo‘ladi, deydilar. Rizqim tugab, so‘nggi qultum suv tomog‘imdan o‘tib, jonimni topshirgudek bo‘lsam, shu tuproqni qabrimga sepib qo‘y, bolam…
Murod onasining qo‘lidan xaltachani olib, uni beixtiyor hidladi, dimog‘iga tuproq hidi urildi, ammo onasi nega bunday qilganini tushunmadi. Ko‘zi ochiqligidayoq u dunyo haqida o‘ylay boshlaganiga aqli yetmadi.
Onasining yonida unga uzoq tikilib o‘tirdi. Keyin xaltachani plashining yon cho‘ntagiga soldi-da, ko‘ngilini ko‘tarish, biroz chalg‘itish uchun: “Ena, men qaytib kelguncha o‘lmay turing, xo‘pmi?”, dedi.
Kampir bilinar-bilinmas bosh irg‘adi va “Buyog‘i endi Yaratgan egamning irodasi. Umr o‘tdi – olov so‘ndi. O‘zing omon bo‘l, sog‘-salomat borib kel. Omin”, dedi ozg‘in qo‘llarini biroz ko‘tarib duo qilar ekan.
Murod onasi bilan xayrlashayotib, uning hayot sha’mi so‘nib borayotgan yuziga yana bir bor unsiz tikilib qaradi. Bir-birlarini so‘nggi bor ko‘rib turganlarini ikkalalari ham sezib turishar, ammo buni bir-birlariga bildirmaslikka harakat qilishdi. Ona o‘g‘liga qarab, “Ma’qul” deganday qoq suyak jag‘ini qimirlatdi.
* * *
Murod xaltadagi tuproqni Bishkekka olib ketdi. Xorijga uchdi. Oradan ko‘p o‘tmay, erta tongda onasi olamdan o‘tganini eshitdi. Bu xabarni unga turmush o‘rtog‘i yetkazdi. Telefonda qisqacha gaplashib olishgach, xotiniga hoziroq yo‘l tadorigini ko‘rib, Stokgolmdan Moskvaga, so‘ng O‘shga uchishini aytdi. Xotini ham Bishkekdan O‘shga qarab yo‘l oldi.
* * *
O‘g‘li uzoqdan yetib kelishini hisob qilib, mayitni bir kun ushlab turishdi.
Murod kechki g‘ira-shirada dunyoning uzoq bir burchagidan Qorasuvga yetib keldi. Rossiyada yashaydigan qarindoshlari undan oldin kelishibdi. Murodni ko‘rib, hammalari “Enam-mo, enajonim-o”, deb uvvos solishdi. Aza yig‘isi armon yig‘isiga qo‘shilib ketdi. Yosh bir qarindoshi onasining ismini aytib yig‘lardi. Uning ovozi tosh ko‘ngillarni ham titratib yuborgudek ta’sirchan edi.
Murod onasi yotgan bo‘z uyga kirdi, mayit atrofida o‘tirgan qarindoshlarining yig‘isi yanada kuchaydi. Tizzalab cho‘kdi. Onasining jonsiz qo‘llarini ushladi. Yig‘ladi, ammo yig‘isi quruq chiqdi. Ko‘ziga yosh kelmadi.
Ayollardan biri marhumaning yuzini ochdi. Ajal ko‘zlari yumuq, tiriklik nishonalari yuzini allaqachon tark etgan onani mangu uyqu dunyosiga olib ketayotgan, o‘lim sharpasi shundoqqina ko‘rinib turgan edi.
Erkaklar ovozsiz, ich-ichidan yig‘lashdi. Murod o‘krab yig‘lay olmadi. Ovozi eshitgulik darajada chiqmadi, ko‘ziga yosh, tomog‘iga o‘kirik kelmadi, vujudini titratib turgan qayg‘u-armon ovozli yig‘iga aylanmadi.
Ertasi kuni tongda Murodning yodiga onasi bergan xaltachadagi bir siqim tuproq tushdi. Onasining omonati. Sovuq xabarni eshitib, shoshilinch yo‘lga tushganida eslamabdi. Xotiniga aytib qo‘yganida, olib kelardi.
Peshinda janoza o‘qiladigan bo‘ldi.
* * *
Bishkekda qolgan o‘n yashar qiziga qo‘ng‘iroq qildi. Xaltachani ish stolining g‘aladoniga solib qo‘ygan edi. Shaharda o‘sib, shaharlik bo‘lib ketgan qiziga ijikilab, arang tushuntirdi. Qizi qidira-qidira topdi.Telefonda: “Dada, tuproq-ku, uni nima qilish kerak?”, dedi. Shu kuni shofyori ham Qorasuvga kelishi kerak edi. Unga qo‘ng‘iroq qilib, uyimga borsang, qizim bir narsa beradi, shuni olib kel, yodingdan chiqmasin, deb qattiq tayinladi.
Shofyor vaqtida yetib keldi.
Mayitni suvga olishdi. Janoza o‘qildi. Erkaklar tobutni yelkalariga olishlari bilan singillari uvvos solib, yig‘ini kuchaytirishdi. Murod ovul qabristoniga yetgunlaricha tobutni yelkasida ko‘tarib bordi.
Mayit qabrga qo‘yildi. Qur’on tilovat qilindi. Murod xaltachadagi tuproqni qo‘liga oldi. Dimog‘iga tuproq hidi urildi. Tuproqning emas, onasining hidi. Umrida birinchi marta bu hidni sezdi. Onasi xaltachani hech kimga ko‘rsatmay, ko‘p vaqt bag‘riga bosib yotgan edi.
Tuproqni go‘r ichiga sochdi.
* * *
Oradan bir yil o‘tdi. Hayot o‘z o‘zanida davom etardi.
Murod bir safar xizmat safari bilan Yaponiyaga bordi. Bir hafta kunchiqar mamlakatda bo‘ldi. Vaqt juda tez o‘tdi. Yaponiya, tasavvur qilganidek, ajoyib yurt ekan, ammo ko‘z bilan ko‘rishga nima yetsin.
Safarining so‘nggi kuni Tokiodan ikki yuz chaqirim joydagi Fudziyama tog‘ini borib ko‘rishga qaror qildi. Bu tog‘ haqida juda ko‘p eshitgan, o‘qigan. Taniqli yapon suratchisi Katsusika Xokusayning “Fudzining 36 ko‘rinishi” to‘plamini qayta-qayta tomosha qilgan, uning Fudziyamaga muhabbatidan ta’sirlangan edi. Olisroqdan qaraganda, Fudzi Oloy tog‘lariga o‘xshab ketdi. Yaponlar Fudzini muqaddas tog‘ sifatida ulug‘lashadi. Bu yerga kelgan har bir kishi ichida yig‘ilib qolgan sir-asrorlari, armonu niyatlarini aytib, ko‘nglini bo‘shatib ketadi. Xokusay tog‘ni qaysi tarafdan suratga olmasin, u o‘zining betakror ulug‘vorligini namoyish etadi. Har tong muqaddas quyosh Fudzidan bosh ko‘tarib, g‘arbga tomon yo‘l oladi. Yo‘l-yo‘lakay olisdagi oq qor, ko‘k muzli o‘lkalar osmonidan o‘tib, manziliga oshiqadi.
Murod tog‘ etagiga yetganida, yerga engashib, qo‘liga bir siqim tuproq oldi. Hidini sezdi. Vujudini hayajon qopladi, yapon yozuvchisi Saygyo asarlari tarjimasini esladi. Bu mohir adib uch qator she’r yozish, Fudzining qalbini anglash, tushunish uchun uning poyida yashab, yolg‘izoyoq yo‘llarda bir o‘zi kezib, shu yerda jon taslim qilgani, Yaratgan egamga xos yolg‘izlikda Fudzi o‘rmonlarida parvoz qilayotgan qushlar, shildirab oqayotgan suvlar, shamolda o‘ynoqlayotgan yaproqlar bilan, tunda to‘lin oy, kunduzi Quyosh bilan dillashib umr o‘tkazgani yodiga tushdi. Adibning bor-yo‘g‘i uch satrdan iborat she’ri qanday tug‘ilganini tushundi. Tirikligida chor-nochorligidan yuzaga chiqa olmagan, el orasidan bir chetga surilgan, vafotidan keyin esa olamshumul mashhurlikka erishgan Saygyoning qalbini his etdi. Odamlar seni tushunishlari, e’tirof etishlari uchun nahotki o‘lishing zarur bo‘lsa?!
Murod Saygyoni ustoz deb bilgan Basyoning uch qator she’rini esladi.
Fudzining qalbidan esayotgan yel,
Seni yelpig‘ichda, muqaddas tuyg‘u
shaharga olib ketaman.
Murod she’rdan g‘oyat chuqur ta’sirlandi. Bu yerga kelmaganida, uning ma’nosini anglamagan bo‘lardi. U Fudzini juda-juda orzu qilgandi. Mana, Xokusay o‘ttiz olti tarafidan suratga tushirgan muqaddas tog‘ bilan yuzma-yuz turibdi. Qo‘lidagi tuproqqa umrida o‘zi yo‘qotgan bir nimalarni izlayotganday tikildi. Onasi otasining qabridan olgan bir siqim tuproqni bag‘riga bosib necha vaqt yotganidan bexabar bo‘lganida, Fudzi tuprog‘ining hidini sezmagan, bu yerda turib, olisdagi ota makonini sog‘inmagan bo‘lardi. Hayolida mushtipar onasi bilan birga bu ulug‘ tog‘ni birga kezishdi. Cho‘qqidan bosh ko‘tarayotgan Quyoshni hammadan oldin kutib olishdi. Onasi Quyosh nuriga yuzini yuvdi. Tog‘ning bulutlarga yetgan cho‘qqisiga tikilib, Yasunari Kavabata tasvirlagan ming qanot turnalarday uchib yurishdi. Onasi o‘sha turnalarning biriga aylandi. Bulutlarni oralab ucha boshladi, pastlab, moviy dengiz to‘lqinlariga to‘sh urdi…
Murod hammaga eshittirib, “Ona, onajon” deya hayqirgisi keldi. Xayoli uni goh tog‘ cho‘qqisiga, goh olisda qolgan Oloy bag‘riga yetakladi, bu yerning hanuz hech kimga ma’lum bo‘lmagan kuch-qudratini angladi.
Ertaga yurtiga qaytadi. Fudzining ulug‘vorligi, harorati-yu salobati, beadoq sir-sinoati, kuch-qudratini o‘zi bilan birga olib ketadi. Qo‘lidagi tuproqni dastro‘moliga tugib, cho‘ntagiga solib qo‘ydi. Onasining qabriga olib borishni niyat qildi. Bu muqaddas tog‘ tuprog‘ining xosiyatini onasi bilan baham ko‘rmoqchi bo‘ldi.
Kechki mahal Fudzidan Tokioga qaytdi. Erta tongda yurtiga uchadi.
* * *
Narita aeroporti.
Murod chiptasini ro‘yxatdan o‘tkazib, yukini topshirdi. Yaponiya aeroportlarida yo‘lovchilar uchun hamma qulayliklar mavjud, hech bir muammo yo‘q. Navbatda turish ham.
Samolyot saloniga ko‘tarilib, joyiga o‘tirdi. Yoniga keksa yapon ayoli joylashdi. Rahmatli onasi bilan tengday ko‘rindi. Bosh egib so‘rashishdi.
Styuardessa qizning ovozi eshitildi. Murod avvaliga e’tibor bermadi. Birozdan keyin qizning ovozi qayta eshitildi. Styuardessa Murodning ismini aytayotganday bo‘ldi. Murod aniq eshitdi, ammo nima deyayotganiga tushunmadi. Styuardessa politsiya kiyimidagi kishi bilan uning yoniga kelib, pasportini so‘radi. Murod kostyumining ichki cho‘ntagidan pasportini olib ularga uzatdi. Ikkovi yapon tilida bir nimalarni gapira boshlashdi. So‘ng Murodga “Biz bilan yuring” degan ishora qilishdi. Murod ingliz tilida: “Qayoqqa?”, deb so‘radi. Ular “Biz bilan yuring” ishorasini takrorlashdi.
Murod hayron. Politsiyachi adashib, boshqa samolyotga chiqqani uchun uni tushirmoqchi bo‘ldimi? Unday desa, adashgani yo‘q. Chiptasi shu samolyotga. Har xil gumon-shubhalar ichida qoldi. Uni qayoqqa olib borishmoqchi? Nega? Yumshoq, samimiy muomalalariga qaraganda, tashvish tortadigan joyi yo‘q.
Politsiyachining choqqina xonasiga kirishdi. Xona o‘rtasidagi stol ustida chamadon turibdi. Murod chamadonini tanidi.
– Siznikimi? – deb so‘rashdi.
– Ha, meniki, – dedi.
– Oching.
Murod chamadonini ochdi. Kiyim-boshlari, sotib olgan u-bu narsalari. Boshqa hech narsa yo‘q. Politsiyachi kiyimlarning ichidan Murod kecha Fudziyamadan ro‘molchasiga tugib olgan tuproqni ko‘rsatib, “Bu nima?”, deb so‘radi.
– Tuproq, Fudziyamaning tuprog‘i, – dedi Murod o‘ylamay-netmay.
– Mumkin emas, – dedi politsiyachi tuproqni sellofan paketga solar ekan. Keyin yonidagi xodimlariga “Samolyotni ushlamay, yo‘lovchini tezroq salonga olib boringlar”, dedi.
Tuproqni olib qolishganini aytmasa, Murodga hech kim boshqa bir so‘z ham demadi, nega mumkin emasligini tushuntirishmadi ham. Styuardessa hamrohligida samolyotga qaytib kelib, o‘rniga o‘tirdi. Nima gapligini bilmagan yo‘lovchilar unga olazarak nigoh bilan qarashdi.
Samolyot havoga ko‘tarildi.
Illyuminatordan orol ko‘rindi. Ulug‘ bahri ummon o‘rtasidagi yapon oroli. Yonidagi ayol orolga iftixor bilan qarayotgani uning yuz-ko‘zidan ko‘rinib turardi. Murod ham ko‘zdan tobora uzoqlashib borayotgan orolga tikildi, chuqur xayolga cho‘mdi. Yonidagi ayolga o‘girilib, “Men Fudziyama tuprog‘idan bir siqim olib ketayotgan edim, shuni olib qolishdi”, dedi. Ayol avvaliga hech nima demadi, so‘ng unga ma’noli nigoh tashlab, “Yapon tuprog‘i muqaddas boyligimiz, biz uning bir chimdimini ham chetga chiqarmaymiz”, dedi.
* * *
Samolyot balandlab borardi. Murodning yodiga Basyoning uch qator she’ri tushdi:
Gullagan olchaga teng kelolmay
O‘chdi bulutning ovozi.
Oy uyalib ketdi…
Samolyot yanada balandlab ucha boshladi. Ulug‘ bahri ummonning o‘rtasida onasining bir tomchi ko‘z yoshiday yapon oroli yastanib yotar edi…
Qirg‘iz tilidan Ahmadjon Meliboyev tarjimasi
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2023 yil 12-son