Uning naqadar e’tiborli va nufuzli shaxs ekanligi hammadan ham ko‘ra o‘ziga yaxshi ayon edi. Binobarin, u kimsan – Angliyaga qarashli qudratli firmaning butun Xitoydagi eng yirik shoxobchasida birinchi rahbar edi. Qolaversa, bu kabi obro‘ va mansab pillapoyalariga faqat va faqat o‘z iqtidori, qobiliyati orqali erishdi. Mana, hozir, shu topda u bundan o‘ttiz yillar muqaddam ilk bor Xitoyga ketgan paytlari, hali ona suti og‘zidan ketmagan o‘smir – klerk[1] bo‘lgan chog‘larini miyig‘ida kulimsirab esga oldi.
Uning xotirasida o‘zi tug‘ilib o‘sgan, qizil g‘ishtdan qurilgan kichkinagina, ota-onasining kamtarona uyi qad rostladi. Ularning uyi shaharning Barns deb atalguvchi mavzesida, xuddi o‘zlariniki kabi g‘ishtin imoratlarning uzun qatorida turardi. Garchi bu mavzedagilar shaharning asilzodalari yashaydigan hududlari bilan bellashishga harchand chiranishmasin, baribir, bundagi imoratlar markazdagilardek mahobatli va ko‘rkam salobat kasb eta olmas, allanechuk fayzsiz va zerikarli bo‘lib tuyulaverardi.
U o‘sha bolalikdagi uylarini hozirgi dabdabali marmar koshonasi bilan xayolan taqqosladi: hozirgi uyi bir nechta marta keng va yorug‘ ayvonga, yana o‘n chog‘li kattagina xonalarga ega bo‘lib, xonalarining ba’zilarida firma idoralari faoliyat yuritsa, boshqalari unga shaxsiy qarorgoh bo‘lib xizmat qilardi. Xayolan bo‘lsa-da, qilingan bu muqoyasa unda takabburona bir istehzoni uyg‘otdi.
Ha, o‘shandan buyon qancha suvlar oqib o‘tmadi, deysiz… U o‘zining kollejdagi o‘qishidan qaytgach (darvoqe, bu avliyo Pavel nomidagi kollej edi), otasi, onasi hamda ikki singlisi bilan baqamti dasturxon tegrasida o‘tirib qilinadigan to‘yimli kechki ovqatdan keyingi choyxo‘rliklarini xotirladi. O‘shanda ularning choy dasturxonida, albatta, bir bo‘lak molning biqin go‘shtidan tayyorlanadigan yaxna ovqat bo‘lardi, undan tashqari – non, sariyog‘… albatta, sariyog‘dan qisinishmasdi… uni xohlagancha tanovul qilish mumkin edi; choyga sutni ham ayab o‘tirishmasdi. Endi-chi, u mutlaqo boshqacha tushliklarga o‘rgangan. Tushlik oldidan u hamisha kiyimlarini almashtiradi. Yolg‘iz o‘zi tamaddi qiladimi, yoki mehmonlari bilan birgami, bundan qat’i nazar, doim uning dasturxoni atrofida uchta xizmatkor parvona. Ularning ichidagi “Birinchi raqamli” xizmatkor o‘z xo‘jayinining barcha sohadagi didi va ta’bini mukammal o‘rgangan, shu boisdan u xo‘jalik yuritish borasidagi mayda-chuyda ishlarga ortiqcha bosh suqib o‘tirmasdi. U juda miriqib, ishtaha bilan ovqatlanishni xush ko‘rardi, uning dasturxoniga tushlikka hamisha achchiq gazaklar, sho‘rva, baliq, sabzavotlar, qovurdoq, ketidan shirinlik tortishardi. Bas, shunday bo‘lgach, u agar o‘zi istab qolsa, xohlagan paytda, hatto tushlikni dasturxonga keltirish paytida ham birortasini bemalol mehmonga taklif qilishi mumkin edi. U turli tansiq taomlardan lazzatlanishni, chin ma’noda rohatlanishni xush ko‘rardi. U o‘zicha “nega endi men o‘zim yolg‘iz ovqatlanganimda, mehmondorchilik vaqtidagidek yeb-ichmasligim kerak ekan?” – degan fikrda edi.
Ha, chindan ham u mansabu martaba borasida ajoyib yutuqlarga erishdi. Shu vajdan ham o‘z vataniga qaytishni u qadar xohlamasdi. Angliyada bo‘lmaganiga ham o‘n yillardan oshib ketdi; mehnat ta’tillarini odatda o‘zining Xitoy sohillarida orttirgan eski do‘stlarini, hamkasblarini uchratib qolish ehtimoli mutlaqo bo‘lmagan Yaponiyadami yoki Vankuverdami o‘tkazardi. Ayni paytda ota-onasi nima bilan mashg‘ul ekanliklari ham unga qorong‘i.
Singillari ham allaqachon o‘z doirasidagi kishilarga turmushga chiqib ketishgan, ularning erlari ham, farzandlari ham turli idoralarda oddiy xizmatchi-klerk darajasida faoliyat yuritishardi. Uning bu odamlar bilan hech bir umumiy jihatlari yo‘qligidan, ular bilan muloqot qilishni o‘zi uchun mutlaqo zerikarli ish deb bilardi. U yaqinlari bilan qarindoshlik munosabatlarini, faqat Rojdestvo bayrami arafasida ularga bir-ikki kiyimlik chiroylik ipak matomi, yoki bo‘lmasam, nozik qilib qo‘lda to‘qilgan alomat tarzdagi kashtalarnimi hadya etish, yoxud bir katta qutidagi choyni yuborish orqali saqlab turardi. Uni albatta, mutlaqo xasis deb ham bo‘lmasdi, illo, u onasi tirikligida muntazam ravishda volidasiga moddiy ko‘mak berib keldi.
Biroq, nafaqaga chiqish vaqti yetib, endi shuncha qilgan xizmatlarining rohatini ko‘rish muddati yetganida ham, Angliyaga qaytishi haqidagi fikr uning xayoliga kelmagandi. Zero, juda ko‘p tanishlari shunday yo‘l tutganida, barisining ishlari chappasiga ketib, oxiri voy bo‘lganidan u xabardor edi. U o‘ziga Shanxaydan, turli ot poygalari bot-bot o‘tkazilib turguvchi ippodromga yaqinroq joydan ixchamroq bir uyni sotib olishni rejalashtirib qo‘ygandi. Ana shunday qilgan taqdirda, o‘zi sevgan bridj, golf kabi ermaklari, qolaversa, zotdor tulporlari-yu, ponilari uning qolgan umrini rohat-farog‘atda o‘tkazishi uchun asqotishi tayin, deb o‘ylardi.
Afsuski, uning hali-beri hordiqqa chiqish imkoniyati yo‘q. Chunki, oradan besh-olti yil o‘tgach, uning rahbari Xiggins o‘z vataniga jo‘nab ketadi, shunda u o‘z-o‘zidan Shanxaydagi shoxobchaning birinchi rahbariga aylanishi kerak. Hozircha u o‘zining egallab turgan mavqeidan rozi – bu yerda istagancha pul topishi, jamg‘arishi, hayotdan to‘ygunicha bahra olishi mumkin, ertaga – Shanxayga ko‘chib o‘tgundek bo‘lsa, bunday imkoniyatlar qayoqda deysiz…
Uning hozirgi paytdagi yashash joyining yana bir ustuvor jihati bo‘lib, u bu yerda okrugdagi eng birinchi shaxs – ya’ni taypan[2] hisoblanardi. Taypanning gapi esa – bu yerliklar uchun qonun maqomida. Hatto davlat konsuli ham u bilan hisoblashib muomala qilar, do‘stona munosabatlarini buzib qo‘yishdan cho‘chib, uning ra’yiga qarab ish tutardi. Bir gal nimadir sabab bilan uning fikri konsulning aytgan gaplariga mos kelmay qoldi, shunda ham u emas, aynan konsul o‘z fikridan qaytib, uning oldida tilyog‘lamalik bilan dumini likillatishga majbur bo‘lgandi-ku. U hozir ham o‘sha voqeani eslarkan, beixtiyor g‘azabnok bir alpozda pastki jag‘ini oldinga chiqarib, tishlarini g‘ijirlatib qo‘ydi.
Ammo, taypan shu lahzaning o‘zidayoq beixtiyor kulib qo‘ydi – sababi bugun uning kayfiyati a’lo, dimog‘i har doimgidan ham chog‘ edi. Zero, u hozirgina Gonkong-Shanxay banki tomonidan uyushtirilgan ajoyib tushlik ziyofatidan chiqib kelgandi. U yerdagilar taypanni juda katta izzat-ikrom bilan siylashdi. Taomlarning hammasi shohona bo‘lib, ichimliklarning ham sarxillarini qalashtirib tashlashdi. U dastlab bir-ikki qadah kokteyldan boshlab, keyin ajoyib vinodan sipqordi, oxirida – ikki stakan qora porter pivosidan va uzoq saqlangan o‘tkir brendidan bahramand bo‘ldi; u shu topda o‘zini juda yaxshi his qilar, kayfiyati a’lodan a’loroq edi.
Ko‘chaga chiqar ekan, u shu paytgacha deyarli hech qachon qilmaydigan bir ishni, ya’ni uyiga piyoda qaytishni ixtiyor etdi. Uning ortidan ergashib yurgan ikkita xizmatkor-hammol har ehtimolga qarshi uning ko‘chma o‘rindig‘i deymizmi, yoki taxtiravonini desakmikin, qo‘ltiqlab borishar, agar xo‘jayinlari ularning xizmatini istab qolsa, o‘rindiq bilan qo‘shib, uning o‘zini ham ko‘tarishga shay edilar; biroq, taypan piyoda qilayotgan sayridan huzurlanib, masrur odimlab borardi. Aslini olganda, u o‘zini jismoniy ishlar bilan ko‘pam zo‘riqtiravermasdi. Ayni paytda anchagina semirib, vazni ham tobora oshib borayotganidan otda yurolmas, lekin, ba’zan: nega endi minishim biroz osonroq bo‘lgan poni otlaridan foydalanmayapman? – deya o‘ylab qolardi.
Otxonadan kelayotgan go‘ng va chirigan xashakning aralashgan o‘ziga xos achimsiq hidini tuyar ekan, u beixtiyor bahorgi poygalarni esladi. Uning bir juft yoshgina chopag‘on toylari bo‘lib, u kelajakda ana shu otlarining poygalarda g‘olib chiqishidan umidvor edi. Qolaversa, idorasida ishlaydigan klerklardan biri tuppa-tuzuk chavandoz chiqib qoldi. (Darvoqe, uni Shanxayga, chol Xagginsning ixtiyoriga og‘dirib ketishmasa bo‘lgani, bundan albatta, ko‘z-quloq bo‘lib turish lozim, negaki, u qari tullak yosh chavandoz uchun uncha-muncha pulning yuziga qarab o‘tirmaydi.)
Ha, chavandoziga bir-ikkita musobaqada ishtirok etish imkoniyati yaratib berilsa, yaxshi bo‘lardi. Taypan o‘zining otxonasi shahardagi eng zo‘ri ekanligini o‘ylab, ich-ichidan g‘ururlanib qo‘ydi. Keyin xuddi zotdor kaptarlar kabi ko‘kragini g‘oz g‘o‘daytirib kerishdi. Qanday ajoyib kun-a! Shunday munavvar va farovon hayotda yashash qanchalar yaxshi!
Inglizlar qabristoni yoniga kelganda u to‘xtab, nafasini rostladi. Qabristonnning batartib va orasta holatda saqlanishi ham bu yerdagi inglizlar jamoasining o‘ziga xos tinch-xotirjamligi, farovonligidan nishona edi. Har gal qabristonga kelganida, taypanni ajabtovur bir g‘urur hissi chulg‘ab olardi. Ha, ingliz bo‘lish naqadar yaxshi! – deya o‘ylardi u. Qabriston tushgan hudud bir paytlar arzimagan pul evaziga sotib olingan bo‘lib; endi, shaharning ko‘rku chiroyi, obodligi tobora oshib borayotgan ayni kunlarda bu yerlarning narxi ham o‘n chandon oshib ketdi.
Shu sababli kimlardir qabristondagi marhumlarnig xoki-turbatini boshqa joyga ko‘chirib, bu yerlarni yangi qurilishlar uchun sotishni taklif qilishdi, ammo jamoatchilik bu fikrga qarshi chiqdi. Taypanga ayni paytda marhum inglizlarning jasadi ham shahardagi eng qimmatli yerdan qo‘nim topganini o‘ylash yoqimli edi. Bularning barisi uning uchun go‘yo bu dunyoda puldan ham muhimroq narsalar borligini isbotlovchi dalildek tuyulardi. Pul nima o‘zi… u bugun bor, ertaga yo‘q bo‘lishi mumkin… Agar, dunyodagi har narsaning asl mohiyatini anglab yetsang (darvoqe, bu gap uning eng sevimli iborasi edi), pul – bu hamma narsadan muhim, degani emasligini tushunib qolarkansan kishi.
U uyiga qabriston orqali, to‘g‘ridan-to‘g‘ri kesib chiqishga qaror qildi. Yo‘l-yo‘lakay saf tortgan qabrlarni bir-bir ko‘zdan kechirib bordi. Har bir qabrning holati namunali tarzda, ular orasidagi yo‘laklar o‘t-o‘lanlardan tozalangan edi. Bundagi hamma narsa orasta va fayzli edi. Taypan qabrtoshlar yonidan o‘tar ekan, ulardagi bitiklarni o‘qib ko‘rardi. Mana birdaniga uchta qabr – unda “Meri Bakster” nomli yirik yelkanli kema darg‘asi va uning ikki nafar yordamchisi dafn etilgan; ularning uchalasi ham 1908 yilda yuz bergan kuchli to‘fon oqibatida halok bo‘lgandi.
Bu fojiani u juda yaxshi eslaydi. Ulardan sal narida uchta missionerning xotinlari hamda bolalari bilan ko‘milgan qabrlari. Ular bokschilar isyoni chog‘ida o‘ldirilgandilar. Ha, bu judayam sharmandali ish bo‘lgandi! Yo‘q, u bu fikrlarni, azbaroyi begunoh qurbon bo‘lgan missionerlarning oilalariga achinganidan aytmayotgandi, shunchaki, u la’nati xitoyliklarga inglizlardan shu tariqa o‘ch olishlariga yo‘l qo‘yib berilganini sira hazm qila olmasdi!
Shundan keyin taypan bir ism yozilgan xochning yoniga yaqinlashdi. Illo xochga bitilgan ism egasi unga tanish edi. Ha, bu Eduard Mallok deganlari chindan-da, juda azamat yigit edi. Biroq, ichkilikka mukkasidan ketib, bor-yo‘g‘i yigirma besh yoshidayoq o‘lib ketdi, sho‘rlik. Taypan bu kabi qismat juda ko‘pchilikning boshiga tushganini yaxshi bilardi. Mallokning ismi yozilgan xochning yonginasida u yana uch-to‘rtta xochga e’tiborini qaratdi; ularda ham kimlarningdir nomi, tug‘ilgan va vafot etgan sanalari yozib qo‘yilgandi. Ularning hammasi ham yigirma besh, yigirma yetti yoshlar atrofidagi bo‘z yigitlar edi…
Bu yigitlarning deyarli hammasining ham taqdiri bir xil kechgan: ular Xitoyga kelib, o‘z vatanlarida yetti uxlab tushiga ham kirmagan pullarni topishgan; hammasi ham juda odamshavanda, kayf-safoni xush ko‘radigan ulfatijon yigitlar bo‘lganidan, kim ulfatchilikni taklif qilsa, o‘sha bilan tap tortmay ichib ketaverishgan. Birortasining taklifini rad etish uchun ularda na iroda kuchi va na qat’iyat yetishmagan. Mana, oqibatda, ularning hammasi, gul yoshida xazon bo‘lib, go‘ristonda yotishibdi. Aslida Xitoydek nozik mamlakat ahli bilan osh-qatiq bo‘lish, ular bilan ulfatchilik qilib, ichkilikbozlikda bellashmoq uchun nafaqat mustahkam sog‘liq, balki avvalo, odamning yelkasida shunchaki kalla emas, boshi ham bo‘lishi kerak-da.
Bu o‘y-xayollarning barisi juda alamli va allanechuk yoqimsiz edi; lekin taypan, mana shu yerda yotgan necha-necha yigitlar bilan birga ichkilikbozlik qilib, alaloqibatda ular kabi ichkilikning domiga butkul tushib ketmaganidan, balki bunday qismatni o‘zi kuchi, aqli bilan yengib chiqqanligidan, bir so‘z bilan aytganda, ularning yonida bevaqt qabrga tushmaganidan g‘ururlanib, kulimsirab qo‘ydi. Ular esa, ana, bari dorulbaqoda, shovvozlar. Darvoqe, ulardan birining bevaqt vafoti taypanga juda qo‘l kelgandi ham. O‘sha yigit taypan bilan bitta idorada ishlar, yoshi taypandan kattaroq bo‘lishi bilan birga, aql bobida ham undan xiyla ustunroq edi. Agar u yoshligida o‘lib ketmaganida, Xudo biladi hozir kim taypanlik maqomida bo‘lardi. Ha, haqiqatan ham Xudoning ishini bandasi hech qachon oldindan bila olmaydi!
Ie, ana, nazokatli, kichkina Tyorner xonim ham shu yerda ekanlar-ku, Vayolet Tyorner. O, naqadar ajoyib, ofatijon qiz edi u. Taypan bir vaqtlar unga oshiqi beqaror bo‘lib, qancha iztiroblar chekmagandi-ya. Ha, hamon esida, sevgilisining vafoti tufayli o‘shanda g‘am-g‘ussaga tushib, sal qolsa, es-hushidan ayrilayozgandi. U qabrtoshdan xonimning tavallud sanasini o‘qidi. Ha, agar hayot bo‘lganida, ancha yoshga kirgan bo‘larkan…
Taypan nariga dunyoga rihlat qilgan mana shu odamlarning har biri to‘g‘risida o‘ylar ekan, ko‘nglida allanechuk bir qoniqish hissini tuyardi. Illo, uning nazdida: o‘zi ularning hamasini ortda qoldirgandek, yashash ilmida ulardan ustunroq ekanligini isbotlagandek bo‘lardi. “Ularning barisi marhum, yorug‘ dunyoni tark etishgan, men-chi, men tirikman! Yashab yuribman davrimni surib! Ha, Xudo haqqi, chindan ham men ularning hammasini dog‘da qoldirdim”, – deya o‘ylardi u. Taypan bu yerdagi barcha qabrlarga bir-bir ko‘z tashlar ekan, uning lablarida yana istehzoli tabassum paydo bo‘ldi. Keyin u hatto, allanarsadan xursand bo‘lgandek, qo‘llarini bir-biriga zavq bilan ishqab ham qo‘ydi.
– Meni hech kim, hech qachon ahmoq deya olmagan, – biroz ovozini chiqarib ming‘irladi u.
Sababini anglamasa-da, lekin u bundagi marhumlarning barisiga nisbatan o‘zida takabburona bir nopisandlikni tuyardi.
Taypan yo‘lak bo‘ylab tobora ichkarilab borar ekan, daf’atan bir chetda go‘r kavlayotgan ikki nafar juldurvoqi kuli[3]ga ro‘para keldi. U bundan hang-mang bo‘lib qoldi, chunki, uning bilishicha, jamoasidagi inglizlardan yaqin kunlar orasida hech kim vafot etmagandi.
– Bunda nima qilib yuribsizlar? Nimaga bu yerda go‘r kavlayapsizlar? – baland ovozda so‘radi u.
Mardikorlar unga hatto qayrilib ham qaramadilar; ular kavlash ishlarini to‘xtatmasdan, chuqur xandaqda turib, yuqoriga og‘ir tuproq uyumlarini otishda davom etardilar. Taypan garchi uzoq yillardan buyon Xitoyda yashasa-da, bu yerliklarning tilini bilmasdi. O‘sha paytlarda bu la’nati tilni o‘rganishning hojati ham yo‘qdek edi. Taypan mardikorlardan yana ingliz tilida, ular kimga go‘r kavlayotganliklarini so‘radi. Go‘rkovlar taypanning so‘zlaridan hech nima tushunmay, o‘z tillarida nimalardir deb javob qaytarishdi. Shundan so‘ng taypan: “kallavaram, ahmoqlar”,– deya so‘kinib, ulardan uzoqlashdi. U missis Brumning yosh bolasi og‘ir kasal ekanini eshitgandi. Balki o‘sha bolakay nobud bo‘lgandir? Ammo… u holda, o‘zini bundan albatta xabardor qilishardi-ku; bundan tashqari kavlanayotgan qabr ham yosh bola uchun emas, katta odamga, tag‘in yirik gavdali erkak kishi uchunligi shundoqqina ko‘rinib turibdi. Ushbu fikrdan taypanning badani jimirlab ketdi.U endi uyiga qabriston oralab yurmoqchi bo‘lganidan afsuslana boshladi. Tezroq bu yerdan katta ko‘chaga chiqish istagida u o‘zining ko‘chma taxtiravonini ortmoqlab olgan ikki xizmatkorini yoniga chaqirdi. Endi taypanning a’lo kayfiyatidan asar ham qolmagan, yuzi esa tobora xunuk tarzda tundlashib borardi. U idorasiga qaytishi bilanoq, “ikkinchi raqamli” malayini yoniga chaqirdi.
– Qani, Piters, menga ayt-chi, bugun shahrimizda kim olamdan o‘tdi?
Ammo Piters ham hech narsadan bexabar edi. Taypan bundan yanada hayratga tushdi. U xitoy millatiga mansub klerklaridan birini chaqirdi-da, qabristonga borib, o‘sha la’nati mardikor kulilardan nima gapligini, ular kimga qabr kovlayotganliklarini aniqlab kelishni buyurdi. O‘zi bo‘lsa kun davomida yig‘ilib qolgan xat-hujjatlarga imzo chekishga kirishdi. Xitoy klerk tez orada qabristondan qaytib kelib, u yerdagi juldurvoqi kulilar allaqachon ketib bo‘lishgani va nima gap ekanini bila olmaganligini ma’lum qildi. Taypanning bu gapdan battar g‘azabi qo‘zg‘adi: illo, u hech qachon biron-bir ishning o‘zidan bekitiqcha amalga oshirilishiga chiday olmasdi. Ammo, u o‘zicha, hoynahoy, “birinchi raqamli” malayim hamma narsani bilsa kerak, negaki, u har doim hamma narsadan voqif bo‘ladi, deya o‘yladi. Taypan “birinchi raqamli”ni chaqirtirdi, lekin aksiga olib: u ham shaharda kimdir o‘lgani haqida hech gapdan xabari yo‘qligini, kim o‘lganini bilmasligini aytdi.
– Bilaman, galvars, hech kim o‘lmagan, – o‘shqirdi taypan. – Ammo qazilayotgan go‘r kim uchun, axir?!
Keyin u malayini chaqirib, sekin qabristonga borishni va u yerda nazoratchilik qiladigan xitoylikdan, nima sababdan hech kim o‘lmagan bo‘lsa-da, yangi qabr kavlashga buyruq berganini bilib kelishini tayinladi.
– Avval menga suv qo‘shilgan viski keltirib ber, keyin jo‘nayverasan, – dedi u, eshik oldiga yetgan malayni ortiga qaytishga majbur qilib.
Taypan shu topda o‘sha qabrning ko‘rinishi nima sababdan o‘zini bunchalik bezovta, behalovat qilib qo‘yganligini sira tushuna olmayotgandi. U o‘z xayolidan bu kabi fikrlarni imkon qadar tezroq chiqarib tashlashga tirishardi. Viski ichganidan so‘ng uning ahvoli biroz yaxshilandi. Ayni paytga kelib, u idorasidagi bugungi barcha qog‘ozlarini saranjomlab, yozuv-chizuv ishlarini ham nihoyasiga yetkazdi. Keyin yotoqxonasiga o‘tib, allaqanday kitobni qo‘liga olgancha, loqaydlik bilan varaqlashga tushdi.
Ha, yaxshisi, u yana bir necha daqiqadan so‘ng klubga chiqadi, tushlikkacha qartaboz ulfatlari davrasida bir-ikki qur bridj o‘ynaydi. Ammo nafsilambrini aytganda, uni hozir qabristonga yuborgan malayi nima gap topib kelishi hamma narsadan ko‘ra ko‘proq qiziqtirayotgandi. Malayning javobidan keyin zora, ko‘nglidagi noma’lum xavotiri arisa. Shu vajdan u malayning qaytishini ilhaq kuta boshladi.Chindan ham tez orada malay qaytib keldi, u o‘zi bilan o‘sha – qabriston nazoratchisi bo‘lib ishlaydigan xitoylikni ham boshlab kelgandi.
– Xo‘sh, nimaga qabristonda yangi qabr kovladinglar? – dangaliga ko‘chdi taypan dag‘dag‘ali ohangda. – Axir hech kim o‘lgani yo‘q-ku?!
– Mi-in ka-abr kavla-aa-gani yuqma-aa-an, – javob berdi nazoratchi xitoy inlizcha so‘zlarni hijjalab.
– Jin ursin, bu tag‘in nimasi bo‘ldi? Axir, bugun ayni choshgoh vaqtida u yerda ikkita isqirt, juldurvoqi kuli qabr qaziyotgandi-ku!
Ikki xitoylik, bir-biriga hayron bo‘lib qarab qo‘ydi. Keyin malay tilga kirib, ular nazoratchi bilan butun qabristonni boshdan-oyoq aylanib chiqishgani va birorta yangi qabrga ko‘zlari tushmaganini bayon qildi.
Taypan shu topda tilining uchida turgan bir talay so‘kish so‘zlarini va: “Bu qanday bema’nilik! Axir men o‘sha qabrni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim-ku!” – degan hayqirig‘ini ham bir amallab bo‘g‘zida tutib qoldi. Ularni nimagadir sirtiga chiqarmadi. Shu gaplarni ichiga yutdi-yu, beixtiyor o‘zi ham oxirigacha anglab yetmayotgan g‘azab hissidan rangi ro‘yi qip-qizarib ketdi. Xitoyliklar esa hamon unga hissiz baqrayib turishardi. Taypanning bir lahzaga nafasi bug‘ilib, ko‘z oldi qorong‘ilashdi.
– Ha, mayli, daf bo‘llaring, – o‘dag‘ayladi u.
Biroq ular xonadan chiqishi bilanoq, yana malayini chaqirdi, tepsa-tebranmas xizmatkor imillab kirib kelar ekan, taypan unga yana viski keltirishni tayinladi. Keyin u terlab ketgan yuzlarini ro‘molchasi bilan artdi-da, qo‘llari qaltiragancha, malay keltirgan viski to‘la stakanni lablariga olib bordi. Mayli, bu yaramaslar istagan gaplarini valaqlayversin, lekin o‘z ko‘zi bilan o‘sha la’nati qabrni ko‘rgani aniq, axir. Qolaversa, uning quloqlari ostida haligacha, o‘sha la’nati go‘rkovlar qabrdan tashqariga otayotgan tuproq uyumlarining gursillagan tovushi jaranglab turardi! Bu nima bo‘ldi ekan, tag‘in? U kutilmaganda ko‘ksidagi yuragi gursullab ura boshlaganini his qildi. Taypanning butunlay avzoyi buzilib, mazasi qochdi; lekin shunday bo‘lsa ham u zo‘r berib, o‘zini qo‘lga olishga tirishardi. Hammasi arzimas narsalar. Ortiqcha xavotirga ham, bosh og‘ritishga ham hojat yo‘q. Agar, chindan ham u yerda qabr bo‘lmasa, demak, bular shunchaki uning ko‘ziga ko‘ringan xolos. Hozir eng oqilona ish – bu klubga chiqib biroz chalg‘ish, dam olish, agar u yerda doktorni uchratsa, undan biryo‘la o‘zini ko‘rib qo‘yishini ham so‘rashdi.
Klubda esa hamon o‘sha-o‘sha manzara: unga tanish odamlar, xuddi avvalgidek chaqchaqlashib, doimiy ermaklari bilan mashg‘ul edilar. Taypan shu topda nima uchun “ular bugun boshqacharoq bo‘lishi kerak”, – deb o‘ylaganini o‘zi ham anglayolmay, hayronu lol edi. Lekin, nima bo‘lganda ham, atrofdagilarning xuddi avvalgiday ekanliklari uning ko‘nglini xotirjam qildi. Bu yerdagi kishilarning barisi, allaqachon biri-biriga ham, o‘zaro muloqotlariga ham ko‘nikib, o‘rganib ketishgan edi; ularning bundagi turmush tarzi go‘yo oldindan belgilab qo‘yilgan aniq va ravon yo‘ldan borayotgandek bir tekis ketmoqda; bundagi har bir kishining o‘ziga xos fe’l-atvori, xatti-harakatlari ham bo‘lib, ularni ham ulfatlari besh qo‘lday bilishardi. Masalan, kimdir qarta o‘ynayotganda doim qaysidir kuyni ming‘irlab o‘tirsa, yana biri pivoni kokteyl ichiladigan naychada simirishni xush ko‘rardi. Ulfatlarining bu kabi xurmacha qiliqlari shu paytga qadar uning asabiga tegib, g‘ashini keltirgan bo‘lsa-da, bugun nimagadir ular taypan uchun o‘ziga xos xaloskorlik omillariga aylangandek edi. “Hammasi avvalgidek, hech nima o‘zgarmagan, qanday yaxshi-ya!” – o‘ylardi u. Ayni paytda u xuddi shunday madadga, aynan shunday xaloskorona hissiyotga nihoyatda muhtoj edi. Chunki uning ko‘z o‘ngidan haligacha o‘sha o‘zi guvohi bo‘lgan qabrning g‘arib ko‘rinishi sirayam nari ketmayotgandi. Qartani ham bu gal juda yomon o‘ynadi, shu bois sherigi u yo‘l qo‘yayotgan qo‘pol xatolari uchun tinmay tanbeh berar, bundan taypanning badtar jahli chiqardi. Uning nazdida nafaqat sherigi, balki bunda yig‘ilgan hamma odamlar o‘ziga allaqanday shubha, mavhum bir ishonchsizlik bilan qarayotgandek tuyilardi. Qiziq, ular bugun taypanda qanaqa notabiiy jihatni, g‘ayriodatiylikni payqashdi ekan?
U birdan endi bu yog‘iga klubda qola olmasligini his qildi.Chiqish yo‘lagida, qo‘lida “Tayms” gazetasini tutib turgan doktorga ro‘para keldi, biroq, uning yoniga borishga jur’at qila olmadi.
Shu payt unda qabristonga shaxsan o‘zi borib, o‘sha la’nati qabr bor, yoki yo‘qligini tekshirish istagi paydo bo‘ldi. U o‘zining portshezi, ya’ni, ko‘chma taxtiravoniga o‘tirib, ikki hammolini chaqirdi-da, uni qabristonga olib borishlarini buyurdi. U o‘zicha, “gallyutsinatsiyalar hech qachon ikki marotaba takororlanmaydi”, – deya o‘ylardi. Bundan tashqari, u o‘zi bilan birga qabriston nazoratchisini ham ergashtirib oladi. Agar chindan ham u yerda qabr bo‘lmasa, borganlar shunchaki uni ko‘rishmaydi: agar taypan aytganidek,u yerda yangi qabr kavlangan bo‘lib chiqsa, u holda munofiq nazoratchining shunday ta’zirini bersinki, u buni bir umrga eslab yursin…
Aksiga nazoratchi ham o‘z joyida yo‘q ekan, qayoqqadir zarur yumush bilan ketgan emish; bu ham yetmagandek, qabriston darvozalari kalitini ham olib ketibdi. Qabristonga kira olmasligiga ishonch hosil qilgach, taypanning tanasi bo‘shashib, kutilmaganda u o‘zini juda behol his qildi. Keyin esa tag‘in taxtiravonga o‘tirib, hammollariga uyiga eltib qo‘yishlarini buyurdi. Aslida u tushlikdan avval, doimiy odatiga muvofiq, hech qursa yarim soatcha yotib dam olishi kerak edi… Ammo bugun o‘sha tartibi buzildi. Bor gap shu. O‘lguday charchaganidan holsizlanib boryapti, xolos. Aytishlaricha, o‘ta charchagan, zo‘riqqan kishilarda gallyutsinatsiya yuz berib, ularning ko‘ziga har balolar ko‘rinadigan bo‘lib qolarmish.
Xizmatkori tushlik oldidan kiyim almashtirishiga ko‘maklashish maqsadida yotoqxonasiga kirib kelganida, taypan o‘zini majburlagandek, zo‘rg‘a o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Uning xayolidan bir lahza bo‘lsa-da nimagadir: “bugun kiyimimni almashtirmasam-chi”, – degan o‘y kechdi, lekin taypan har galgidek, o‘zidagi bu erinchoqlikni, qat’iyat bilan yenga oldi: ovqat oldidan risoladagidek kiyinish – bu uning doimiy odati edi, taypan bu ishni har kuni, qariyb yigirma yildan buyon izchil bajarib kelardi. Shuncha yillik taomilni, ustuvor qoidani buzish aslo yaramaydi.
Tushlikka u bir shisha shampan vinosi keltirishni buyurdi, vinodan so‘ng u biroz tetiklashdi. Keyin xizmatkorga eng kuchli brendidan olib kelishni aytdi. U ikki qadah brendi ichib, yana avalgi, doimgidek holatiga qaytganini tuydi. Jin ursin, qurib ketsin o‘sha bari gallyutsinatsiyalari-yu, vos-voslari! Taypan bilyardxonasiga o‘tib, juda qiyin bo‘lgan bir-ikkita zarbalarni mashq qilib ko‘rdi. Ko‘zining chamalash qobiliyati uni aldamadi: demak, hammasi joyida. Shundan so‘ng taypan yotoqxonasiga kirib, yumshoq o‘ringa cho‘zildi-yu, qattiq uyquga ketdi.
Ammo kutilmaganda uyg‘onib ketdi. Uning tushiga yana o‘sha, juldurvoqi go‘rkovlar erinchoqlik bilan kavlayotgan ochiq lahad kirgandi. U hali ham o‘sha go‘rkovlarni ko‘rganiga ishonchi komil edi. Buni shunchaki vos-vos, yoki gallyutsinatsiya deb o‘ylashning o‘zi g‘irt bema’nilik, axir u bularning hammasini o‘z ko‘zi bilan ko‘rdi-ku! Taypan shu payt tashqaridagi tungi qorovullar qo‘lida tutgan shaqildoqning shaqir-shuqurini eshitdi. Bu tovush o‘zining yoqimsiz jarangi bilan tungi sukunatni buzib yuborganidan, allanechuk vahima bosib, taypanning tanasida chumoli o‘rmalagandek bo‘ldi va vujudini dahshat qopladi.
Ko‘nglidagi adadsiz qo‘rquv, vahima uni xayolan xitoy shaharchalariga xos bo‘lgan tor-tanqis, ilonizi jinko‘chalarga boshlab ketdi. Bu yerdagi ichki devorlari turli-tuman dahshatli qiyofalardagi jin-ajinalarning tasviriga to‘lib yotgan ibodatxonalarning qiyalama tomlarida ham allanechuk vahshat, qo‘rqinch yashirindek edi. U yerdan taraladigan hid ham juda badbo‘y, ko‘ngilni aynitadigan darajada yoqimsiz edi. Qolaversa, bundagi odamlar, odamlar-chi… Son-sanoqsiz, ko‘k ko‘ylakli, juldurvoqi kulilar, sasib, bijg‘ib ketgan ro‘dapo lattalarga burkangan gadoylar, uzun qora rido kiyib yuradigan tujjorlar va amaldorlar, oldingda laganbardorlik bilan ayyorona tirjayishib, ortingdan esa bilganini qiladigan munofiq kaslar-chi… Ha, ularning hammasi, shu topda taypanga birvarakay hamla qilishayotgandek, uning ruhiyatiga ta’sir etib, qalbini parchalab tashlayotgandek bo‘lardi. U shu topda o‘zi uchun bir narsani to‘la anglab yetdiki, aslida uning Xitoy atalmish bu mamlakatni ko‘rgani ko‘zi yo‘q ekan. Nimaga ham keldi o‘zi bu yurtga? Endi uni tamoman vahima bosdi. Bu yerdan esi borida juftakni rostlab qolishi kerak! Endi bunda bir yil tugul, hatto bir oy ham ortiqcha qololmaydi. Shanxay emish… Shanxayi ham unga kerakmas, hammasi… hammasi ordona qolaversin!
– Ey, xudoyim! – hayqirdi u. – Ishqilib, omon-eson Angliyaga qaytib bora olsam, bas!
Nihoyat, endi u butun qalbi, vujudi bilan o‘z vataniga talpina boshladi.
Agar,chindan ham ajali yetib o‘ladigan bo‘lsa, mayli, ajal changali uni Angliyada tutaqolsin. Axir, u o‘zining jasadini, mana shu sariqtanli, qiyiqko‘zlilar, doim ayyorona tirjaygan odamchalar orasiga ko‘milishi haqidagi o‘yga qanday ko‘niksin, bunga qanday chidasin?! Yo‘q, u o‘z xoki turobining jonajon vataniga qo‘yilishini istaydi, zinhor bugun ko‘rgani– ochiq lahadga emas! Agar shunday hol yuz bersa, uning ruhi o‘limidan keyin ham halovat topmaydi. Bunga zinhor yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi! Atrofidagi odamlarning gap-so‘zlari nima bo‘pti… ular bilganini gapiravermaydilarmi… buning nima ahamiyati bor… ular bilganicha o‘ylashsin, bilganicha g‘iybat qilaverishsin… kimning nima ishi bor?! Muhimi… muhimi, kech bo‘lmasidan bu yerdan tuyoqni shiqillatib qolish, juftakni rostlash…
Taypan to‘shakdan turib, firma rahbariga o‘zining juda og‘ir kasalga chalingani ayon bo‘lganligi haqida xat yozdi. Va shu sababli unga iste’fo berishlarini so‘radi. “Men, firma bilan tuzilgan shartnomalarning bekor qilinishi uchun zarur bo‘ladigan kundan bir kun ham ortiq ishlay olmayman. Zudlik bilan vatanimga qaytishim lozim” – degan so‘zlar bilan tugatdi u o‘z maktubini.
Ertasi kuni taypanning ushbu maktubini, g‘ijimlangan holda uning qo‘llaridan olishdi. U yozuv stoli va oromkursi oralig‘ida yuztuban yiqilib o‘lib yotardi. Jasadi esa allaqachon sovib, qotib ham ulgurgandi.
Rus tilidan Muhiddin Omon tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 2-son
___________________
[1] Klerk – ba’zi mamlakatlarda mayda yozuv-chizuv ishlarini olib boruvchi kichik idora xodimi.
[2] Taypan – qishloq hokimi.
[3] Kuli – mardikor, ayrim Osiyo mamlakatlaridagi kambag‘al yollanma ishchilarni shunday atashadi.