Salqin sarg‘ish loyqa daryoga sho‘ng‘igan Fotimaga suvning keng oltin tasmalari botayotgan quyoshning nurlari ostida shishib, badaniga ohista o‘ralib olayotganday tuyuldi. U sohilga qaytib chiqayotib, suv beliga yetganda to‘xtadi. Bo‘liq jigarrang badaniga yopishgan ho‘l ko‘ylagi ostida to‘la ko‘kragi va homilador ayolda bo‘ladigan dumaloq qorni bo‘rtib turardi. Malayya ayollariga xos bo‘lgan tund yapaloq yuzi ifodasini yo‘qotgan, g‘am bosgan qora ko‘zlar Fotimaning yangi hayot tipirchilayotgan vujudiga qarayotgandek edi.
Fotima boshini silkitdi, tim qora yaltiroq sochlarini yoyib shivirlayotgan shamolga tutdi. U turgan joydan butalar va baland daraxtlar ko‘rinmasdi. U tomondan hech qanday ovoz eshitilmasdi. Fotimaning oldida zich va baland o‘t-o‘lan gilamday to‘shalgandi.
Sokin oqshom cho‘kayotgandi. Havo qotib qolganday edi. Faqat ahyon- ahyonda yolg‘iz suv qushining qichqirig‘i, uyqudan uyg‘onayotgan boyqushning qanot qoqishi eshitilardi. Goho kalamush yengil shapillatib suvga sho‘ng‘ir, mayda jonivorlar baland o‘t va butalarni shitirlatardi. Yaylov gullari va botqoq hidi anqirdi. Fotima birdan o‘zini juda yolg‘iz va qarovsizday his etdi, go‘yo ibtidoiy bo‘shliqqa tushib qolganu yer yuzi botqoqlik va jirkanch jondorlar bijg‘ib yotgan makondan iborat…
Tuyqusdan eshitilgan yo‘lbarsning past tovushda irillashi Fotimaning xayollarini parday to‘zg‘itib yubordi. Yo‘lbars o‘kirgach, bu xayol emas, haqiqatligini tushundi. Yo‘lbarsning yerga qapishgan, yarmi o‘tlar orasidan chiqib turgan gavdasi ayoldan bor-yo‘g‘i yigirma qadamcha narida edi. Quyosh nurida juvonga tikilgan sariq ko‘zlar yovuz yaltirar, quloqlar dikkayib turardi. Yo‘lbars boshini o‘girib o‘kirdi, qizil tili va sariq so‘yloq tishlari ko‘rindi.
Fotima qo‘rquvdan karaxt bo‘lib qoldi. U o‘rnidan qimirlashga ham, o‘ziga tikilib turgan hayvon nigohidan ko‘zini olib qochishga ham botina olmasdi. O‘z navbatida, yo‘lbars ham o‘zidan qochmayotgan odamni ko‘rib hayratda edi.
Fotima yo‘lbarsga qo‘rquv bilan, yo‘lbars Fotimaga shubha bilan qarardi. Uning o‘kirigi borgan sari pasayardi. Sal o‘tib yo‘lbars Fotimaga butkul qiziqmay qo‘ydi. Uning oldinga cho‘zilgan ulkan panjalari ho‘l o‘tloqqa tirnoqlarini sanchib turardi. Aftidan, yo‘lbarsning e’tibori o‘zga narsa bilan band edi. Faqat Fotima joyidan qimirlaganda yo‘lbars sergak tortardi. Uning ko‘zlari endi chaqnamasdi, nigohida tundlik, aniqrog‘i, zerikish ifodasi paydo bo‘lgandi. Yo‘lbarsning kayfiyatidagi bu o‘zgarishni Fotima sezmay qoldi.
Tepaliklar osha g‘ira-shira qorong‘ilik bosib kelardi. Tevarak zulmatga cho‘ka boshladi. Daryo uzra ko‘tarilgan yengil tuman yerga yopirildi. Chirildoqning tinmay qichqirishi va boyqushning xunuk sayrog‘i kech kirganidan darak berardi.
Sal o‘ziga kelgan Fotima tinkasi quriganini sezdi. U sovuqdan titrar, hafsalasi pir bo‘lgandi – yo‘lbars ketishni o‘ylamasdi. Ayol qo‘lini qorniga qo‘ydi, bag‘rida tipirchilagan mitti vujud Fotimani qutulishga undadi. U jonivordan ko‘z uzmasdi. Qorong‘ida yirtqich zo‘rg‘a ko‘zga tashlanar, shunga qaramay ayol yo‘lbars qachon ko‘z uzishini poylardi.
Fotimaning butun borlig‘i quvvatga to‘ldi. U o‘rnidan ilkis turdi-da, daryoga sho‘ng‘ib, suv ostida suza ketdi. Fotima qarshi sohilga qarab intilardi. Qishloq o‘sha tomonda edi. U har zamonda, o‘pkasi havosiz yorilib ketay degandagina boshini suvdan chiqarib nafas olar, keyin yana suv ostiga kirardi. Daryoning o‘rtasiga borganda u mo‘ljalni adashtirib qo‘ydi va yo‘lbarsning o‘kirigini eshitib, yirtqich xuddi yonida turgandek qo‘rqib ketdi. Charchoqdan tolayotgan oyoq-qo‘lini chaqqon ishlatib, sohilga qarab intildi. Boshini suvdan ko‘targanda, qishloq moychiroqlarining yorug‘i ko‘rindi.
* * *
Fotimaning onasi qizidan eshitganlariga o‘zidan ham qo‘shib gapirgach, qishloqni vahima bosdi. Kurk tovuqlar kalxatni ko‘rganda jo‘jalarini qanday bag‘riga olsa, ayollar ham bolalarini hech qayoqqa chiqarishmas, eshiklarni tambalab o‘tirishardi. Ular erkaklar nima qilib bo‘lsa-da, qotil yo‘lbarsni yo‘qotishlari kerak, deb chuvillashardi. Erkaklar sigiru echkilarni qo‘ralarga qamashar, chollar betellarini chaynab, shovqin-suron sababini fahmlashga urinishardi.
Joni halqumiga kelgan Fotima qamishdan to‘qilgan bo‘yra ustida yotardi.
Bir payt Fotimani so‘rab qishloq oqsoqoli boshliq bir to‘da odam kirib keldi. Ular juvondan yo‘lbarsni qayerda ko‘rganini so‘rashdi. Gapga aralashgan onasi Fotimaning o‘sha “yo‘l-yo‘l” maxluq bilan uchrashuvini yanada bo‘rttirib tasvirlashga tushdi. Oqsoqol unga “bas qiling” deganday ishora qildi. Keyin o‘zi Fotimaga savol bera boshladi. Juvon esa istamaygina javob qaytardi. U negadir yo‘lbarsni izlab topib, o‘ldirishlarini xohlamasdi. Buni sezgan oqsoqol xo‘mraydi.
– Yo Olloh! – xitob qildi kampir diqqatni o‘ziga jalb qilish uchun. – Xudoning o‘zi rahm qilib, qizimni o‘sha “yo‘l-yo‘l”ning changalidan qutqarib qoldi! – kampir ajin qoplagan jigarrang qo‘llarini osmonga cho‘zdi.
Oqsoqol yelka qisdi.
– Xuddi shunday bo‘lgan deb hisoblaylik, – dedi u, – lekin kelasi safar Olloh bunchalik rahmdil bo‘lmay qolsa-chi? Qishloq atrofida inson go‘shtini tatib ko‘rgan yo‘lbars aylanib yurganini bilishning o‘zi qanchalik vahimali. Ayollar, bolalarni xatarda qoldirmaslik uchun uni izlab topib, otib o‘ldirish kerak. Maxluq qancha tez o‘ldirilsa, shuncha yaxshi.
U tashvishmand qiyofada jim turgan erkaklarga sinchkov nazar tashladi. Hamqishloqlari yo‘lbarsni qorong‘i kechada, ayniqsa, to‘qayzordan izlab topish qanchalik xavfli ekanligini yaxshi bilishardi.
– Xo‘sh? – dedi oqsoqol.
Erkaklar ko‘zlarini yerga qadashdi. Oqsoqolning rangi gezarib ketdi. U endigina erkaklarni qo‘rqoqligi uchun koyimoqchi edi, shu payt uyga yelkasiga miltiq ilgan Mamud kirib keldi. Uning g‘ayrat yog‘ilib turgan chehrasi hayajondan qizarib ketgandi.
– Men Fotimaga yo‘lbars hujum qilibdi deb eshitdim, – dedi u. – Shu rostmi?
Oqsoqol gap nimadaligini tushuntirguncha Mamud yangi qo‘sh tig‘li miltig‘ini bir necha bor silab qo‘ydi. U ov qilishni juda yaxshi ko‘rardi. Ayniqsa, yo‘lbars ovi uchun hoziroq yo‘lga chiqishga tayyor edi.
– Oqsoqol to‘g‘ri aytayapti, – dedi Mamud. – Ayollar va bolalar haqida o‘ylashimiz kerak. Yo‘lbars tirik ekan, bu sho‘rliklar uydan bir qadam ham tashqariga chiqolmaydi. Erkakning burchi ularni himoya qilish. Kim boradi men bilan? Ertalabgacha yo‘lbars boshini sudrab kelmasam, onamning o‘g‘li emasman, lekin menga yordamchi kerak.
Mamudga ikkilana-ikkilana o‘ntacha erkak qo‘shildi. Avvaliga xavfsirab turgan bo‘lishsa-da, Mamudning merganlik bobidagi shuhrati ularga kuch bag‘ishlagandi.
– Juda soz! – xitob qildi Mamud. – Meni uyaltirmasliklaringni bilardim.
Erkaklar ketishdi.
– Ishon, qizim, – dedi Foimaning onasi eshikka zulfin solib.– Bu yigit, mana shu Mamud o‘zi yovvoyi yo‘lbarsga o‘xshaydi.
Fotima bo‘yradan turdi va darchadan oyga qaradi. Go‘yo kumush bo‘laklarga bo‘lingan yombilar palma shoxlari uzra yengil ziyo taratardi. Erkaklar bir-birini chorlab, xabarlashib ovga tayyorlanishardi. Fotima ularning ortidan ma’yus qarab qoldi. Nihoyat ular ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Atrofga jimlik cho‘kdi. “Hozir yo‘lbars qayerda ekan? – o‘yladi Fotima. – Ancha uzoqqa ketib qolgan bo‘lsa kerak. Ovchilar yetib borguncha ko‘zdan yo‘qolsa, yaxshi bo‘lardi…”
– Yo Olloh, – yig‘lab sannay boshladi onasi, – bu tun – halokat tuni. Shunday qorong‘i kechada yo‘lbarsni izlayotgan odamlarni o‘ylasang-chi. U axir yuzta tulkidan ham ayyyorroq, zulmatda xuddi kunduzgiday ko‘radi. Meni aytdi dersan, hali tong otmasdan qishloqda aza boshlanadi.
– Yo‘lbarsga tegmaslik kerak, – dedi Fotima darchadan uzoqlashmay.
– Nima deb valdirayapsan, o‘zi? – jahli chiqdi kampirning. – U bizlarni bo‘g‘izlamasdan burun uni o‘ldirish lozim. Boshqa chorasi yo‘q.
– Balki o‘zi ketib qolar?
– Yo‘lbars qishloqqa kelgan ekan, u ketmaydi. Kimnidir qon qaqshatmasdan bu yerdan ketmaydi, – to‘ng‘illadi kampir. –Hamma yaxshi biladi, faqat odamxo‘r yo‘lbarsgina qishloq atrofida daydib yuradi.
– Lekin bu yo‘lbars odamxo‘rga o‘xshamaydi, – e’tiroz bildirdi Fotima.
Kampir hech narsa demadi, lekin jahli chiqqani ko‘rinib turardi.
– Yo‘lbars mendan o‘n besh qadamcha narida edi, bir sakrab meni tilka-pora qilib tashlashi mumkin edi, – dedi Fotima. – Ammo u menga tegmadi. Nimaga? To‘g‘ri, u mendan ko‘z uzmadi, lekin men ham unga qarab turdim. Keyin tinchlandi, menga yomon niyatda qaragani yo‘q…
– Mana, sen menga ahmoqona gaplarni gapiryapsan. Ba’zan otang ham shunday qilardi. – Onasi jahl bilan yong‘oq mag‘zini yancha boshladi. – Otang, shamol menga qo‘shiq aytadi, deb meni ishontirishga urinardi. Mayli, o‘lgan otang haqida shunday gapirayotganim uchun meni xudoning o‘zi kechirsin. Lekin vaqti-vaqti bilan uning miyasi mana shunaqa aynib qolardi.
Fotima darchadan g‘amgin qarab, sukunatni tinglay boshladi. Qishloqqa qabriston jimligi cho‘kkan, uylar go‘yo kafan bilan o‘ralganday edi. Fotima uyushgan qo‘lini qisganicha butun vujudi quloqqa aylanib, zulmatga tikildi. Birdan badanida qattiq sanchiq turib, u qornini changallab qoldi.
– Senga nima bo‘ldi, Fotima? – so‘radi onasi tashvishlanib.
– Hech narsa, –Fotima tishlari orasidan shivirladi.
– Qoch yelvizakdan, borib joyingga yot!
Fotima og‘riq bir kuchayib, bir pasayganini sezdi. U ko‘zini yumgan edi, ro‘parasida yo‘lbars ko‘ringanday bo‘ldi. U quyuq o‘t orasida yashirinib yotardi. Ana qonga to‘lgan ko‘zlari bilan qarab turibdi, keyin tinchlandi, ko‘zini olib qochdi – chetga qaradi.
Birdan olisda o‘q ovozi eshitildi. Yana o‘q uzildi. Fotima seskanib tushdi: o‘q unga uzilganday edi. Keyin yo‘lbarsning qattiq o‘kirgani eshitildi. Bu og‘riq va g‘azab o‘kirigi edi. Jonivorning o‘lim oldidan cho‘zib, uzoq o‘kirishi bir necha soniyada Fotimaning butun vujudini qamrab oldi. Uning bu o‘kirikka javob bergisi keldi. Fotimaning yuzi og‘riqdan zo‘riqib ketdi, badanini ter bosdi. Ko‘ksidan ingroq otilib chiqdi.
– Yo xudo! Yo xudo! – shoshib qoldi kampir. – Senga nima bo‘ldi? Mazang qochdimi? Borib yotgin… yo boshlandimi?
– Meni to‘lg‘oq, to‘lg‘oq tutdi, oyijon, – zo‘rg‘a nafas olib, ingradi Fotima.
Onasi uni bo‘yra ustiga yotqizdi.
– Tug‘ishniyam juda yaxshi paytini topding-a, – yig‘lab yubordi qo‘rqib ketgan kampir.– Sen yotib tur, men hozir ichishingga issiq narsa tayyorlayman. Erkaklar qaytib kelmaguncha, doyani chaqirishga ham borolmayman. Men sho‘rlik kampirga ko‘p og‘ir kecha bo‘ldi-da.
Fotima bo‘yra ustida yotar, ko‘zlarini qattiq yumib olgandi, onasi suv isitar,o‘zicha bir nimalar deb ming‘irlardi.
– Menga qara, — dedi onasi birdan, — menimcha, erkaklar qaytib kelishayapti.
Qishloq birdaniga shovqinga to‘ldi.
Kampir eshikni ochib, kimnidir chaqirdi.
– Mamud azamat ekan, xola, – dedi uyga otilib kirgan o‘smir. – Yo‘lbarsni o‘ldirdi. Uni buyoqqa sudrab kelishdi! Kattakon! Rosa qarshilik ko‘rsatdi! Ikkita o‘q tegsayam tirik edi. Nayzalar bilan o‘ldirishdi. Bilasizmi, nima ekan?
Fotima diqqat bilan bolaga karadi. Kampir sabrsizlik bilan uning og‘ziga tikildi.
– Nima?
– Yo‘lbarsni o‘ldirishlari bilan uning yonida nimadir chiyilladimi yo miyovladimi-ey. Chiroq bilan yoritib ko‘rishdi – u yerda uchta yo‘lbarscha bor ekan, kichkina-kichkina! Ko‘zchalari ochilmagan deng! Mamudning aytishicha, tug‘ilganiga atigi bir necha soat bo‘lgan ekan. Ona yo‘lbars o‘shalarni himoya qilgan ekan! Mamud aytdi, yo‘lbarschalarga yaxshigina haq to‘lasharkan.
Fotima og‘riqdan ingrab yubordi. Peshonasini ter bosdi.
– Oyijon!!! – baqirdi u.
Kampir bolani eshikka qarab itarib yubordi.
– Chop, doyani aytib kel! Tezroq chaqir!
Bola ko‘zlarini chaqchaytirdi, hayratdan og‘zi ochilib qoldi, so‘ng o‘ziga keldi-da, tapir-tupir qilganicha ko‘chaga otildi.
Rus tilidan Fayzi Shohismoil tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 8-son