Kinodan xayoli parishon chiqqan qiz stoyanka-qantarmaga o‘tib, velosipedini oldi. Uyga jo‘nashidan oldin chirog‘ini yoqib ko‘rdi. Yonmadi.
— Ahvol chatoqmi? — degan ovoz eshitildi.
Yonida o‘ttiz yoshlardagi po‘laroq yigit turardi. U qornini ichiga tortishga harakat qilayotgan bo‘lsa-da, ko‘zoynagi ortidagi nigohida qandaydir rahmdillik, hatto, iltijo borday edi.
— Shunaqaga o‘xshaydi, — dedi qiz. — Yongisi kelmayapti, qurig‘irning.
— Balki men urinib ko‘rarman…
Ko‘cha chirog‘i yorug‘ida u ishga kirishganini ko‘rib, qiz o‘yladiki, yigit unchalik ham chiroyli emas, lekin amaldorlardan bo‘lsa kerak. Nonvoyning go‘mashtasi emas. Payvandchiga ham o‘xshamaydi. Biror idorada xizmatchi bo‘lsa kerak, degan fikr xayolidan o‘tdi qizning. Taxmini to‘g‘ri chiqdi. Yigit, janob Ya. de Fris, ikki yildan buyon hisobxonada oyiga 348 guldenu 67 tsent maosh olib ishlayotgan xizmatchi edi. Kamtarin maoshi loviya sho‘rvadan boshqa ovqat tortilmaydigan pansionda yashash, mudom tishini-tishiga qo‘yib tejashining ortidan choy-chaqa orttirish imkonini berardi. Biroq bu oqshom, soat to‘qqizdan o‘n besh daqiqa o‘tganida, u qo‘lidagi kitobni shartta yopib, aqchadonini buzdi… O‘n ikki yarim guldenni olib, tagida qancha qolganiga qarab ham o‘tirmadi. Qurib ketmaydimi! To‘rt devor orasida o‘tirish joniga tegdi, kitob o‘qish joniga tegdi, ijara haqi hisobidan har oqshom pechene bilan choy ichish joniga tegdi, burchakdagi karavoti boshidagi turib kun-bakun aqlbovar qilmaydigan narsalarni javraydigan reproduktor ham joniga tegdi. Bas, yetar! Bo‘g‘ziga keldi.
“Shaharga tushaman”, deb pichirladi u va o‘zining oynadagi aksiga muzaffar jangchiday suqlanib qaradi. Shunday qilib, yigit o‘zini ko‘chada ko‘rdi.
— Amallasa bo‘ladimi? —so‘radi qiz.
U ayni daqiqalargacha janob de Fris qoramag‘izdan kelgan naynov bir juvonning izidan to eri va to‘rt bolasi bilan birga yashaydigan uyigacha mushukday ergashib borganini, so‘ng qahvaxonada kuyovi hojatga chiqqan boshqa bir qizga ham ko‘zlarini rahm-shafqat va iltijoli tikkanini bilmas edi. Kinodan chiqqach esa, uning izidan tushdi. “Basharasi yomon emas”, deb qo‘ydi yigit ichida. Yigit bilan hisobxonada birga o‘tiradigan Faldres odatda shunday deydi. U har dushanba ertalab ishqiy sarguzashtlari haqida xonadoshiga hisobot berar ekan, o‘zi shakarguftorlik qilgan ayollarning ta’rifini shunday keltiradi.
— Buni qarang, yondi, — degan sas berdi janob de Fris.
— Iloyo, barakat toping!
— Bir piyola choyga tobingiz qalay? — deb o‘smoqchiladi yigit. (“Choy” degin. “Likyor-pikyor”, “araq-paraq” degan so‘zlarni og‘zingga ola ko‘rma. “Qushcha”ni hurkitib yuborishing mumkin”, deb o‘rgatgandi Faldres.)
Qahvaxonaning yorug‘ zaliga kirib, stol bo‘yiga o‘tirganlaridan keyin qizdan uning ko‘ngli to‘lmadi. Burni g‘alatiroqday tuyuldi. Shunday bo‘lsa-da, u yoshgina, boshidagi shlyapachasi ham o‘ziga yarashib tutardi.
— Shlyapamni yechib qo‘ya qolay, — dedi qiz.
U shlyapachasini o‘z vaqtida Katerina Valentiga taqlidan sotib olgandi. Fabrikadagi aksariyat qizlar shunday qilgan. U ertalabdan kechgacha qutilarga shokolad taxlaydigan tsexdagi barcha ishchilar kinoga mo‘kkasidan ketgan. Dugonalari biror taniqli aktyorga yoki boyvachcha amerikalikka erga tegishni orzu qiladi. Bir gal, aviakompaniya uchun konfet tayyorlanayotganida, u qutichaga qisqagina — bir jumla va o‘zining ismidan iborat – maktub solib yuborgan: “Chiroylikkina qiz bilan tanishishni istamaysizmi?” Lekin javobdan darak bo‘lmagan.
— Farishta uchib o‘tdi, — dedi qiz.
— Farishta? – deya hayron bo‘ldi yigit.
— Odamlar jim o‘tirib qolishganida shunday deyishadi.
— E-ha, gap bu yoqda deng! — Janob de Fris muloyim jilmaydi. Insonning oldida ikki xil imkoniyat bo‘ladi — sukut saqlash yoki aldash. Sukut saqlar ekansan, rostgo‘yligingdan umid qilish mumkin.
Bu gapni u qachonlardir, qayerdadir o‘qigan edi.
— Mayli endi, — dedi qiz. — Uyga boray. Ertalab barvaqt turishim kerak.
Ko‘chada ular velosipedni uzoq va behuda izladilar. Yon-atrofda bosh suqmagan joylari qolmagach, umidlari uzildi — velosiped gumdon qilingan edi.
— Shunaqasi ham bo‘larkan-da, a, — deb to‘ng‘illadi janob de Fris.
Qizga qaradi va uning yonoqlarida shashqator ko‘z yoshlarini ko‘rdi.
— Velosipedsiz endi kunim qanday o‘tadi? — deb yig‘lardi qiz. — Ishga qanday borib kelaman!
Masalani uzoq va jiddiy muhokama qildilar. Qiz politsiyaga murojaat qilgani durustmikin. Balki velosipedni topib, unga qaytarib berishar. Hayotda nimalar bo‘lmaydi deysiz. Qani endi shunday paytda jinoyat qidiruv bo‘limida tanishing bo‘lsa… Obbo, savil-ey, chatoq bo‘ldi-da… Janob de Fris hamdardlik bilan bosh irg‘ar ekan, bo‘lmag‘ur gaplarni gapirayotganini o‘zi sezib turardi. Qizga kim ham velosipedini qaytarib berardi? Umidini uzaversa ham bo‘ladi. Hammasiga o‘zi bilan bir piyola choy ichishga rozi bo‘lgani sababchi.
Qizni tramvay bekatigacha kuzatib keldi va to‘satdan dedi:
— Minilgani bo‘lsayam, boshqasini sotib oling. Men ham o‘z hissamni qo‘shganim bo‘lsin.
U qizga o‘ntalik pulni uzatdi. Avvaliga qiz rad qilib turaverdi, biroq tramvayning qorasi ko‘rinishi bilan baribir taslim bo‘ldi.
— Bu yaxshiligingizni bir umr unutmayman! — deb hayqirdi u orqa eshikdan uloviga chiqqach.
Tramvay jildi va shunda yigit qizning hatto ismini ham so‘ramaganini angladi. Erkaklaru ayollar bor dunyoni unutgancha o‘zaro gap sotib, qah-qah urib o‘tirgan qahvaxona yonidan uyi tomonga sudralgancha o‘tib borar ekan, peshonasi tobora tirishardi. Uyda darhol yechinib, chiroqni o‘chirdi va ko‘zlarini yumdi. Ertaga barvaqt turish kerak.
Rus tilidan Qulman Ochilov tarjimasi.
“Guliston” jurnali, 2021 yil 2-son.