Haftaning xudo bergan kuni chol bu go‘shaga keladi. Uni tanimagan odam yo‘q. Ayoli bilan bir umr shu ko‘chadagi pastqamgina uyda umrguzaronlik qilgan. Go‘yo, shu ikki nuroniy qariya butun ko‘cha, mahallaga nur ulashib turganday, yillar yuguriklab o‘tgani sari bu fayzga baraka qo‘shilib borayotganday tuyular edi.
Ularning farzandlari shu ko‘chada o‘ynab-kulib o‘sgan, ulg‘aygach, turfa yo‘llarga shu yerdan uchirma bo‘lgan. Shunday qilib, ular – sochlariga allaqachon oppoq qirov qo‘nib, yuzlaridan nur yog‘ilib turgan, sadoqatli ikki qariyaning uyi huvillab qoldi.
Bir kuni cholning mazasi qochdi. Xastaligi jiddiy ekan, bemorxonaga olib borishdi. Kasalxonada yotganida ayoli bandalikni bajo keltirdi. Biroq cholning ahvol-ruhiyati shu darajada og‘ir ediki, boshiga tushgan judolik — musibat uning ongu shuurini chetlab o‘tdi.
Shunga ham to‘rt yil bo‘ldi. Onaxonni ko‘mdilar. Otaning oyoqqa turib ketishiga ham deyarli umid qolmagan edi. Farzandlar kengash chaqirdi.
— Uzoqqa borishi qiyin, — deya mulohaza yuritishdi ular. — Borganida ham, birovning yordamisiz kun ko‘rolmaydi.
Ular uyni sotmoqqa qaror qildilar. Qarorni jo‘yasiz deb bo‘lmasdi. Qolaversa, xaridorlar tinimsiz eshik qoqib turardi.
Kunidan bor ekan, chol o‘ziga kelib, bemorxonani tark etadigan bo‘ldi. Farzandlari izlab-izlab topgani — qariyalar uyiga olib bordilar.
Qariya turmushidan nolimaydi. Qarib-qartayib qolmaganmi, o‘zganing ko‘magisiz yashashi qiyin. Ammo bir umr yashagan qadrdon boshpanasidan ayrilganiga aslo ko‘nikolmadi. Titrab-qaqshagan oyoqlari uni hadeganda shu ko‘chaga boshlab kelaveradi.
Mana, o‘sha qadrdon go‘sha. U uyi oldiga kelib, to‘rt yildan beri yashayotgan odamlarning eshigi yonidagi qo‘ng‘iroq tugmachasini bosadi. Ular yetti yot begona, birortasini tanimaydi. Uy esa chol umrining totli damlarini eslataveradi.
U ichkariga kirgisi, deraza oldida o‘tgan-ketganni tomosha qilib, ilgargidek jimgina o‘tirgisi keladi.
Avvaliga uyning yangi egalari unga ancha durust, hurmatini joyiga qo‘yib muomala qilishdi. Biroq chol yana va yana kelavergach, toqatlari toq bo‘ldi.
Bu oqshom u yana keldi. Horg‘in, lekin o‘jar bir alpozda. Yana qo‘ng‘iroqni jiringlatdi. Eshikni birov ochay demadi.
— Uyda hech kim yo‘q, — dedi qo‘shni. – Dam olishga ketishgan.
Bu to‘g‘ri edi. Ammo chol qo‘ng‘iroq tugmachasini hadeb bosaverdi, chaqiraverdi, eshikni taqillataverdi.
— Huv qariya, yo‘lingizdan qolmang! — deb baqirdi qandaydir ayol derazadan boshini chiqarib. — Uyingiz sotilib ketganiga ming yil bo‘ldi.
— Xotiningiz to‘rt yil burun o‘lgan, — deb qo‘shimcha qildi qo‘shni.
— Avvalroq shunday demaysizlarmi, — deb ming‘irladi chol.
U zinaga cho‘kdi-yu, shu o‘tirishda qoldi. Bolalar uni o‘rab olib, tomosha qilishga tushdi. Qo‘shnilardan kimdir rahmi kelgandik, o‘xtin-o‘xtin uni chaqirib qo‘yar, chol esa, xayollar girdobida qimir etmay o‘tirardi.
Bolalarni onalari uylariga chaqirib oldi.
Ko‘cha sekin-asta chirog‘ini o‘chirib, uyquga ketdi.
Cholni go‘yo hamma unutdi.
Faqat nahorda, boshqalardan ko‘ra ertaroq turgan qo‘shni hali-hamon o‘sha joyda, zinada o‘tirgan cholga ko‘zi tushib, politsiya chaqirdi.
Ko‘p o‘tmay, politsiya mashinasi keldi:
— Yuring, otaxon, choy ichamiz!
Qariya o‘rnidan turib, ularga imillab ergashdi.
Qadrdon ko‘chasidan uzoqlab ketdi.
Rus tilidan Qulman Ochilov tarjimasi.
“Guliston” jurnali, 2021 yil 2-son.