U munkayib qolgan bir chol edi, kichkinagina Kentukki shaharchasidagi temiryo‘l zinalari ustida erta tongdan to qosh qorayguncha o‘tiraverardi.
Shu yerga aftidan sayyoh bo‘lib kelgan, ust-boshlari bashang qandaydir begona kishi cholning ro‘parasiga kelib turib qoldi.
Qariya unga tortinibgina kulimsirab qo‘ydi.
Cholning tabassumi xuddi yosh bolanikiga o‘xshardi. Yuzi tirishib, bujmayib ketgan, kartoshkaday dag‘al burni bo‘lsa aftida xunuk qaqqayib turardi.
“Nima bo‘ldi, birodar, bironta kasallik sizni bezovta qilyaptimi, deyman? Aytaylik, yo‘taldanmi, shamollashdan, sil yoki qon yo‘qotadigan boshqa bir kasallikdanmi qiynalyapsizmi?”- deb so‘radi u. Cholning ovozida yurakni sirqiratib yuboradigan yalinchoqlik ohangi zohir edi.
Notanish kishi boshini tebratib “yo‘q”, degan bo‘ldi. Qariya bir pas sukut saqladi-da, keyin inqillagancha o‘rnidan turib, bazo‘r qaddini rostladi.
“Ha, qon yo‘qotadigan kasallik juda yomon-da”, – deb qo‘ydi u o‘zicha. Shundan so‘ng oqarib ketgan tilini sun’iy tishlari orasidan chiqardi-da, negadir bir aylantirib qo‘ydi. To‘satdan titroq qo‘lini begona kishining qo‘li ustiga qo‘ydi-yu, bexos kulib yubordi.
“Hecham tashvishlanmang, azizim” – deb xitob qildi u keyin. “Men hamma kasalingizni davolayman – yo‘tal deysizmi, shamollashingiz bormi, hatto sil yoki bo‘lmasam, qon ketadigan og‘riqlaringizgacha – bari-bariga shifo topib beraman. Men hatto qo‘ldagi so‘gallarni ham yulib tashlay olaman – eh, attang, hozir buni qanday qilib bajarishimni sizga tushuntirib bera olmayman-da – yaxshisi bu sir bo‘lib qolaversin – eng asosiysi, men qilgan mehnatimga bir tiyin ham pul olmayman – darvoqe, mening ismim Tom – men sizga ma’qul keldimmi o‘zi?”
Begona odamning chehrasi yorishdi. U do‘stona jilmaygancha, bosh irg‘ab, cholning gapini tasdiqlagan bo‘ldi. Shu topda qariyaning xardamxayolligi qo‘zib, birdan olma-terma gaplarini aytib, aljiray boshladi.
“Mening otam o‘lguday qattiqqo‘l odam bo‘lgandi”, – deya hikoyasini boshlab ketdi chol. “U menga o‘xshab ketardi, aynan kasb-korimiz jihatdan, ya’ni otam ham menday temirchi bo‘lib o‘tgandi, ammo otamning boshida hammavaqt bo‘yradan qilingan shlyapasi bo‘lardi. Daladagi makkajo‘xori mo‘l hosil bergan yillari, u, albatta, bechora kambag‘allarga hayr-ehson qilar, “dalaga borib, qorningizga keragicha dondan olaveringlar”, deb ximmat ko‘rsatardi, ammo urush davrida donning bir busheli (Amerika va Angliyada don o‘lchov birligi) uchun besh dollardan to‘lab, o‘zi qurib qoldi”.
“Men otamning aytganiga ko‘nmay, o‘zim topgan qizga uylangandim. Bechora oldimga kelib, yuzimga ochiq-oydin aytgan edi-ya: “Tom”, degan edi rahmatli, “uylanadigan qizing menga hecham yoqmadi”.
“Sizga yoqmasa yoqmas, biroq men uni sevaman”, – deb javob bergandim unga.
“U menga baribir yoqmaydi”, – deb yana ta’kidlab qo‘ygandi otam rahmatli.
O‘shanda ota-bola yog‘och xoda ustiga o‘tirvolib, allamahalgacha gaplashgan edik. Ha, otam ajoyib odam edi-da, bo‘yradan qilingan shlyapasiniyam hech boshidan olmasdi. “Mana ko‘rasiz, men to‘yimizga ruxsatnoma olib kelaman”, – deb turib olgandim o‘shanda.
“Endi mendan sariq chaqayam ololmaysan”, – degancha norozi bo‘lib qolgandi otam bechora.
“To‘yim menga yigirma bir dollarga tushgandi – shu pulni topaman, deb jo‘xori dalasida ancha ter to‘kkandim – ustimdan chelaklab yomg‘ir quyib tursayam, hatto otlarim tumanda hech narsani ko‘rmay qolgan sovuq kunlardayam, hech baloga qaramay, jon-jahdim bilan mehnat qilavergandim – turmush quradiganlarni ro‘yxatdan o‘tkazuvchi xodimning bergan savoli: “Yoshingiz yigirma birdan oshganmi o‘zi?” deb so‘rash bo‘lgandi, xolos. Men ham, xotinim ham “Ha”, deb javob bergandik o‘shanda. Tentakligimizni qarang-a, o‘sha kunni tuflilarimiz ustiga bo‘r bilan yozib qo‘yibmiz. Otam allaqachon barini hal qilib bo‘lgandi: “To‘rt tomoning qibla”, – dedilaru, boshqa gapirmay ketdilar, uning oxirgi gapi ham shu bo‘lgandi. Cho‘ntagimizda bir miriyam aqchamiz yo‘q, rosa abgor bo‘lgandik. Orziqib kutgan to‘yim peshona teri qilib qo‘limga tushgan 21 dollar pul evaziga tushdi. Xotinim bo‘lsa biz hech qancha yashamasdan indamay o‘lib ketaverdi”.
Qariya gapdan to‘xtab, xo‘rsingancha osmonga tikilib qoldi. Qosh qoraya boshlagan palla edi, quyosh ufq tomon bosh qo‘yishga chog‘lanayotgandi. Butun samo kir bulutlar bilan ola-bula bo‘lib ko‘rinardi. “Bir paytlar chiroyli-chiroyli rasmlar chizardim-a, ha-ya, ularni bir-ikki marta namoyish ham qilganman”, – deb qo‘shib qo‘ydi chol xomush tortib.
“Bittagina akam bor edi, hozir qamoqda yotibdi. Avvallari o‘zimcha qiziqib, akkerdeon ham chalib turardim. Xuddi sizday, 37 yoshimda bo‘lishim kerak. Bir marta qamoqda, akamning yonidayam o‘tirib chiqqanman. Hurpaygan sochlari bilan ham akam baribir yoqimtoy bo‘lib ko‘rinaverardi. “Albert”, degandim unga o‘shanda, “Albert, odam o‘ldirib qo‘yganing uchun ich-ichingdan ezilayotgan bo‘lsang kerak”.
“Aslo”,- degandi u. “Zig‘irchayam afsus qilmayman. Bir emas, o‘nta, yuzta, hatto mingta odamniyam hech kiprik qoqmay, o‘ldirib ketaveraman!”
Shu yerga kelganda cholning ko‘ngli buzilib, yig‘lay boshladi, cho‘ntagidan kir ro‘molchasini olib, qaltirayotgan qo‘llarini sekin artgan bo‘ldi. Bir dona tamakisini kayf qilmoqchi bo‘lgandi, sun’iy tishlari o‘rnidan siljib, joyidan butunlay ko‘chib tushdi. Chol darrov titrayotgan qo‘llari bilan og‘zini yopdi-da, beshbattar uyalib ketdi.
“Ha, men endi qarib qoldim. Mana siz bo‘lsa, boshqa dunyosiz, yoshsiz, nari borsa, 37 ga kirgandirsiz-da, ammolekin men yoshimning anchasini yashab bo‘ldim”, – deb pichirladi chol.
“Akam yomon odam edi – o‘lguday ichi qora edi – yuzi chiroyli, sochlari yarashib turgan bo‘lsayam, o‘zi tinmay odam o‘ldiraverishdan zavq olaverardi. Men keksalikdan nafratlanaman – o‘zim qarib qolganimdan o‘zim uyalib ketaman. Qarilikni Xudo nari qilsin!..”
“Shuning uchun ham yaqinda ketvorgan bir xotin oldim. Buni qarang, unga to‘rt dona maktub yozib jo‘natgandim, yopiray, hammasiga javob qaytarsa bo‘ladimi! Axiyri bu yerga kelgach, turmush qurib oldik – oh, oh, uning yurishini bir ko‘rsangiz edi – men xotinimga ajoyib liboslar olib berdim”.
“Lekin oyog‘i to‘g‘ri emas-da qurib ketgurni – oyoqlari qiyshayib-miyshayib yotibdi – oh, attang, ming qilsayam, birinchi xotinim bebaho ekan – ishonasizmi, barmoqlarim bilan rahmatlikning qo‘llaridagi so‘galni shartta yulib olsamam, biror tomchiyam qon chiqmasdi – shu sabab bo‘lganmi, harholda o‘z-o‘zimdan yo‘talmi, shamollashmi, sil yo qon yo‘qotadigan boshqa kasalliklarniyam qo‘rqmay davolab ketaveraman – eshitgan-uqqanlar bo‘lsa, menga darhol xat yozib yuborishsin, hammasiga javob beraman – bordi-yu, ular bir tiyin ham pul jo‘natishmasa, buniyam zarari yo‘q – qari cholga pulning nima keragi bor?”
Chol yana hiqillay boshladi, notanish sayyoh bechora qariyani yupataman, deb ancha urindi. “Axir baxtlimisiz?”- nihoyat bir taskin so‘z topganday bo‘lib so‘radi u.
“Bo‘lmasam-chi”, – dedi qariya ancha dadillanib, lekin ko‘p o‘tmay tag‘in aljiray ketdi: “Men yana yaxshi odamman ham. Istagan yeringizga borib, men haqimda bemalol so‘rayvering – ismim Tom, temirchi Tomman men – xotinimning oyog‘i qiyshiq bo‘lsayam qadamini tovusday xirom bilan bosadi – men xotinimga uzu-un ko‘ylak olib berdim – mana buncha, ayolim endigina o‘ttizga chiqdi, men esa yetmish beshdaman – o‘ziyam bir dunyo tuflisi bor-da xotinimning – hammasini men olib berganman, lekin oyoqlari qiyshiq-da – ha, mayli, endi tuflining to‘g‘ri yurdiradiganidan olib beraman”.
“Xotinim meni hech narsani bilmaydigan bitta qari chol deb o‘ylaydi – o‘zi hamma meni Tom hech vaqoni bilmaydigan bir qariya-da, deb qattiq adashishadi – yaqindagina xotinimga etagi yerga tegadigan antiqa ko‘ylak olib berdim – ana shunaqa, meni Tom deydilar, aqlim ham balo meni, temirchi Tomman men – yetmish beshga kirgan bo‘lsam kirgandirman, ammo baribir unaqa munkillab qolgan emasman – axir bir tomchiyam qon oqizmasdan qo‘ldagi so‘gallarni yulib olamanu – odamlar hech tortinmay xat jo‘natishaversin, men sira erinmayman, bariga javob qaytaraveraman – axir bir tiyin haqimni so‘ramayman-ku!”
Ingliz tilidan Qandilat Yusupova tarjimasi