Pako Yunke onasi bilan maktab darvozasi yoniga yetib kelishganda, bolalar hovlida qiy-chuv ko‘tarib o‘ynashardi. Onasi uni ichkariga kirgizib yubordi-da, o‘zi qaytib ketdi. Umrida birinchi marta darslik, daftar va qalam ko‘tarib olgan Pako javdiragancha qaysi tarafga borishini bilmay yuragini hovuchlab hovli ichkarisiga qarab yurdi. Uni vahima bosardi, nega deganda, avvalambor maktabga birinchi bor kelishi, keyin bir yerga buncha bola to‘planganini umri bino bo‘lib ko‘rmagan edi.
O‘zi qatori bir qancha bolalar darhol Pakoni o‘rab olishdi, ular bu notanish bolaga qiziqib qarashar ekan, Pako Yunke esa ulardan hadiksirab, devorga suyanib turdi va lavlagidek qip-qizarib ketdi. Bu bolalar buncha ziyrak bo‘lishmasa! O‘zlarini xuddi ozod qushlardek tutishlari-chi! Emin-erkin. Xuddi o‘zlarining uylarida yurgandek. Baqirib-chaqirishgan, shovqin ko‘tarishgan, yelib-yugurgan, qorinlarini ushlab kulgan, irg‘ishlagan, qisqasi, o‘zlari xon, ko‘lankalari maydon.
Pako dabdurustdan dovdirab qoldi, sababi, ular istiqomat qilayotgan qishloqda u hech qachon bunaqa vaziyatga tushmagan edi: hamma baravar gapirar, lekin bir-birining so‘zlarini tushunmayotgandek taassurot qoldirardi. Qishloqda esa navbati bilan – avval birov gapirar, keyin boshqa odam. To‘g‘ri, ba’zan o‘zi guvohi bo‘lgan bunaqa suhbat chog‘ida, o‘shanda ham to‘rt yoki nari borsa besh kishi bir-biriga gal bermay talashib-tortishgandi. Ular otasi, onasi, don Xose, oqsoq Anselmo bilan Tomas – begonalar emas. O‘shanda ham ularning nima deyotganini anglab bo‘lmas, xuddi mana shunaqa, qandaydir notayin g‘o‘ng‘irlagan ovozlar, shovqin eshitilardi. Bu yerda esa butun boshli maktab, son-sanoqsiz bolalarning g‘ovur-g‘uvuridan boshing aylanib ketadi. Mana shu qiy-chuv, baqir-chaqir Pakoni gangitib qo‘ydi.
Avval malla sochli, xo‘ppa semiz, usti-boshi oppoq allaqanday bola, keyin boshqa, unga nisbatan jussasi kichikroq, ovozi xirillagan, ko‘ylagi ko‘k bola ham allanimalar dedi. Goh u, goh bu guruhdan bitta-yarimtasi chiqib Pakoning oldiga kelar, hammalari nimalarnidir so‘rar, so‘rayverib uni xit qilib yuborishar edi. To‘g‘risini aytganda, Pako nima demoqchi bo‘layotganlarini uqib ololmas, chunki atrofdagi shovqin-suron ularning gap-so‘zlarini bosib ketardi. Qandaydir kulcha yuzli, sochlari tillarang, yashil kamzuli beliga yopishgan bola Pakoga ilakishib qoldi-da, uni qayoqqadir sudradi. Pako unga bo‘ysunmadi. Shunda sochlari tillarang bola uni yengidan ushlab qattiqroq tortdi-yu, Pakoni devordan ajratib oldi. Ammo bu safar Pako devorga mahkamroq qapishib oldi-yu, boyagidan battar qizarib ketdi.
Xayriyatki, xuddi shu payt qo‘ng‘iroq chalinib qoldi va barcha bolalar sinf-sinflariga tarqab ketishdi.
Aka-uka Sumiga degan o‘quvchilar Pakoni ikkala qo‘lidan tutib, shu yil maktabga chiqqan o‘quvchilar sinfiga yetaklab ketishdi. Dastavval Pako ular bilan borishni xohlamay, tixirlik qildi, biroq qarasaki, hamma o‘sha yoqqa ketyapti – shundan keyin ular bilan borishga ko‘ndi. U sinfga kirishga kirdi, lekin negadir rangi qum o‘chdi. O‘sha zahoti kutilmaganda jimlik cho‘kdi, bu jimlikdan Pako xavotirga tushdi. Kattasi bir tomonga, kichigi ikkinchi tomonga tortqilab holi-joniga qo‘ymayotgan Sumigalar ham birdan uni qo‘yib yuborishdi va Pako bir o‘zi qoldi.
Sinfga muallim kirdi. Bolakaylar qaddini g‘oz tutib, o‘ng qo‘llari uchini chakkalariga tirab, baravariga salom berishdi.
Pako eng oldingi qatordagi parta bilan o‘qituvchining stoli orasida qo‘lida darslik, daftar va qalam ushlagancha g‘o‘dayib turaverdi. Uning miyasi g‘ovlab ketdi. Bolalar. Sarg‘ish devor. G‘uj-g‘uj bo‘lib olgan o‘quvchilar. Qiy-chuv. Bir talay stullar. Muallim. Va nihoyat yakka-yolg‘iz bir o‘zi maktabda turibdi. Uning xo‘rligi keldi. Muallim uni qo‘lidan ushlab oldingi qatordagi partalardan biriga yetaklab olib bordi-da, ko‘rinishidan o‘ziga o‘xshagan bolaning yoniga o‘qazib qo‘ydi.
– Ismingiz nima, – so‘radi muallim undan.
Pako titroq ovozda zo‘rg‘a javob berdi:
– Pako.
– Familiyangiz-chi? Ismi-sharifingizni to‘liq ayting.
– Pako Yunke.
– Juda yaxshi.
Muallim qaytib stoli yoniga bordi va o‘quvchilarga ko‘z yugurtirib chiqdi-da, harbiylarga xos keskin ohangda:
– O‘tiringlar! – dedi.
Partalar sharaqa-shuruq ochilib-yopildi va barcha o‘quvchilar joylariga o‘tirishdi. Muallim ham o‘tirdi va daftariga bir nimalarni yozishga tutindi. Pako Yunke hamon kitobi, daftari va qalamini qo‘lidan qo‘ymasdi. Partadosh bola oxiri sabri chidamay:
– Qo‘lingda ko‘tarib turavermay partaga qo‘y narsalaringni, – dedi unga.
Uning gaplari haliyam o‘ziga kelolmay dovdirayotgan Pako Yunkening qulog‘iga kirmadi. Shunda o‘sha bola uning qo‘lidan kitob-daftarini tortib oldi-da, partaga qo‘ydi va og‘zining tanobi qochib ishshaydi.
– Adash ekanmiz. Mening ham ismim Pako. Pako Farinya. Parvo qilma, men ham birinchi kuni seni ahvolingga tushganman. Shashka o‘ynashni bilasanmi? Buni Susanna xolam olib bergan, – bola ichki bir quvonch bilan bir dona damkani olib manglayiga bosib qo‘ydi. – Sen ota-onang bilan birga turasanmi?
Pako Yunke javob bermadi. Adashining gap-so‘zlaridan diqqati oshdi. Holbuki, uning xayoli ham o‘zida emas, buning ustiga ko‘ngli g‘ash edi. Boshqalari ham shunaqa bo‘lishsa kerak: sergap, hayoti yaxshi, maktab – o‘ynab-kulib ketadigan dargoh. Nega ular bunaqaykin? Nega u – Pako Yunke hamma narsadan hadiksiraydi, xavotirga tushadi? U ko‘z qiri bilan muallimga nazar soldi, keyin shiftga, so‘ng atrofdagilarga sezdirmay deraza oynasidan ko‘rinayotgan kimsasiz va jim-jit hovliga qaradi. Yop-yorug‘, serquyosh kun edi. Vaqti-vaqti bilan allaqaysi sinfdan g‘o‘ng‘ir-g‘o‘ng‘ir ovozlar va ko‘chadan o‘tib borayotgan g‘ildirakli aravaning g‘ijirlagani eshitilardi.
Maktabga borish zap g‘alati narsa-da! Pako Yunke sekin-sekin o‘zini qo‘lga olardi. U uylari, onasini ko‘z oldiga keltirdi. So‘ng Pako Farinyadan:
– Uyga ketishga nechchida javob berishadi? – deb so‘radi.
– O‘n birda. Sen qayerda turasan?
– Anovi tomonda.
– Uzoqmi?
– Ha… Yo‘q…
Pako Yunke uylari qaysi ko‘chadaligini aytib berolmadi; uni qishloqdan olib kelishganiga bir necha kun bo‘lgandi, shuning uchun ham shaharni yaxshi bilmasdi.
Kimningdir tapillatib chopib kelayotgan oyoq tovushlari eshitildi-yu, zum o‘tmay ostonada Yunkelar oilasining valine’mati, o‘zi ingliz, janob Dorian Grivning o‘g‘li Umberto paydo bo‘ldi; “Peruvien Korporeyshn” temir yo‘l kompaniyasining boshqaruvchisi janob Griv qishloq alkoldi edi. Umberto bilan birga maktabga boradi, birga o‘ynaydi, deb Pakoni qishloqdan shu janob oldirib keltirgandi – ular tengdosh edi-da! Ammo Umberto maktabga kechroq borishga o‘rganib qolgan, Pakoning esa birinchi borishi edi, shu sababli Griv xonim Pakoning onasiga shunday dedi:
– Siz Pakoni ertaroq olib boravering. Birinchi kundan kechikib borish yaxshi emas. Ertadan boshlab Umbertoning uyg‘onishini kutib turasiz, keyin ularni birga olib borasiz.
Muallim Umbertoni ko‘rib, boshini qimirlatib qo‘ydi:
– Yana kechikibsiz-da?
Umberto pinagini buzmadi:
– Uxlab qolibman.
– Mayli, bo‘pti, – dedi muallim. – Boshqa takrorlanmasin. Borib joyingizga o‘tiring.
Umberto Griv nigohi bilan Pako Yunkeni axtarib topdi-da, yoniga kelib qat’iy ohangda:
– Qani, yur, men bilan, birga o‘tiramiz, – dedi.
Pako Farinya Umbertoga tushuntirdi:
– Bormaydi. Janob shu yerga o‘tqazdilar.
– Seni ishing bo‘lmasin! – jerkib javob berdi Umberto va Yunkeni qo‘lidan ushlab kuch bilan o‘zining partasi tomon olib ketdi.
– Janob, – deya qichqirdi shunda Farinya. – Griv Pako Yunkeni men bilan o‘tirasan, deb zo‘rlik qilyapti.
Muallim yozishdan to‘xtadi va qat’iy ovozda dedi:
– Nima to‘polon! Jim bo‘linglar! Nima bo‘ldi?
Farinya hozirgi gapini qaytardi:
– Griv Pako Yunkeni men bilan o‘tirasan, deb zo‘rlik qilyapti.
Borib Pako Yunke bilan o‘tirishga ulgurgan Umberto Griv muallimga:
– Ha, shunaqa, – deya javob qildi, – olib ketdim undan. Chunki Pako Yunke – mening malayim. Yonimda bo‘lishi kerak. Shuning uchun.
Muallimning bu gapdan xabari bor edi, shu sababli Umberto Grivga muloyim gapirdi:
– Judayam yaxshi. Lekin uni Pako Farinyaning yoniga men o‘tqazgandim, oldingi partada darsni yaxshi eshitadi. Qo‘yvoring uni, joyiga o‘tirsin.
O‘quvchilar churq etishmay ulardan – muallim, Umberto Griv va Pako Yunkedan ko‘z uzishmasdi.
Farinya borib Pako Yunkeni o‘zining o‘rniga eltib qo‘yish uchun qo‘lidan ushlagan edi, biroq Griv ham uning boshqa qo‘lidan ushlab joyidan qimirlashga yo‘l qo‘ymadi.
Muallim Grivni tartibga chaqirgan bo‘ldi:
– Griv! Bu qanaqasi?
Qahr-g‘azabdan bo‘g‘riqib ketgan Griv tishini-tishiga qo‘yib, muallimga yuzlandi:
– Men uni qo‘yib yubormayman, janob. Yunke yonimda qolishini xohlayman.
– Men sizga aytyapman, qo‘lini qo‘yib yuboring!
– Qo‘yib yubormayman, janob.
– Nima deganingiz bu? Qo‘yib yubormayman emish.
– Qo‘yib yubormayman!
Muallimning g‘azabi qaynab toshganidan tahdidona qichqirdi:
– Griv! Kimga aytayapman!
Umberto Griv yerdan ko‘zini uzmay kuchi boricha Pako Yunkening qo‘liga yopishib oldi, u esa esankirab, bu voqeadan shunchalik hushini yo‘qotib qo‘ygan ediki, azbaroyi xudo, o‘zini bir parcha juldur lattadek ikki tomondan kuchanib tortayotgan Farinya bilan Umbertoga qarshilik qilish xayoliga kelmasdi. Endi Pako Yunke Umbertodan muallim bilan maktabdagi barcha bolalarni qo‘shib hisoblaganda ham ko‘proq qo‘rqardi. Uning Umberto Grivdan bunchalik qo‘rqishining sababi nimada – o‘zi ham bilmasdi. Nima uchun Umberto Griv uni doim xo‘rlagani xo‘rlagan? Nega?
Muallim Pako Yunkeni qo‘lidan ushlab Farinya o‘tirgan parta tomon yetakladi. Griv esa bo‘kirib, telbalarcha o‘rindiqni tepishga tushdi.
Shu choq yana hovlida qadam tovushlari eshitildi va sinf eshigi ochilib ostonada yana bir o‘quvchi – sartaroshning o‘g‘li Antonio Xosdres ko‘rindi. Muallim unga o‘girildi.
– Siz nega kech qoldingiz?
– Men ertalabki nonushta uchun non keltirgani borgandim.
– Nega ertaroq bormaysiz, sababi bormi?
– Chunki ukamni uyqudan uyg‘otmasam bo‘lmasdi – onam kasal, dadam ishga ketgan. Uyda unga qaraydigan mendan boshqa hech kim yo‘q.
– Ha, mayli, – dedi jiddiy ohangda muallim. – Hov anavi yerga borib turing… Bir soat o‘sha yerda, burchakda turasiz, bu sizga jazo.
U taxta tarafdagi sinf burchagini ko‘rsatdi.
Daf’atan Pako Farinya dik etib o‘rnidan turdi-da, norozilik bildirdi:
– Griv ham kechikib kelgandi, janob.
– U yolg‘on gapiryapti, janob, – dedi o‘sha zahoti bunga javoban Umberto Griv. – Men kechikkanim yo‘q.
Nogahon butun sinf jo‘r ovozda norozilik bildirdi:
– U aldayapti, janob! Farinya to‘g‘ri aytdi. Griv darsga kech keldi.
– Jim! – dedi muallim asabiylashib. Bolalar birdan jim bo‘lib qolishdi.
Muallim o‘yga botgancha sinfda u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi.
Farinya ikkovidan boshqa odam eshitmaydigan past ovozda Yunkega shipshidi:
– Griv vallomat bo‘lmaydimi, to‘g‘risini aytish kerak-da – u kechikib keldi, lekin uni jazolash tugul birov mushugini pisht degani yo‘q. Chunki otasi puldor odam. U har kuni kech qoladi. Sen ularnikida yashaysanmi? O‘zi aytganidek uning malayimisan?
Yunke og‘ir so‘lish olib javob berdi:
– Men onam bilan turaman…
– Umberto Grivning uyidami?
– Juda chiroyli uy, daraxtlar ko‘p hovlisida. Sohiba bilan xo‘jayin istiqomat qilishadi u yerda. Oyim ham. Men oyim bilan turaman.
Sinfning narigi boshida Umberto jahldan yorilib ketgudek bo‘lib Pako Yunkedan ko‘z uzmas, Farinyaning ra’yiga yurib o‘zini tashlab ketganiga chidayolmay dam-badam musht do‘laytirardi.
Pako Yunke nima qilarini bilmasdi. Tavba, nima qilsa ham xonim bilan kichkina xo‘jayinga yoqmaydi-ya, mana hozir ham uning yonida qolmaganiga chidayolmayapti. Maktabdan keyin Umberto alamini olmasdan qo‘ymaydi, qo‘li bilan urgani yetmay, oyog‘ini ham ishga solsa kerak. Umberto Griv – xudoning g‘azabi, hecham tinchlik bermaydi, ko‘chadayam, maktabdayam shu. Hatto uyda onasi boru, demaydi, janjal qilaveradi. Mana, hozir ham shu ahvol, yeb qo‘ygudek Pako Yunkega tikilishini qarang, musht o‘qtalishi ortiqcha. Pirovardida Yunke Farinyaga yorildi:
– Men borib janob Umbertoning partasiga o‘tira qolay.
Pako Farinya unga achingannamo qarab turdi-da, birdan tutoqib bobillab berdi:
– Borma, jinnimisan?! Muallimning jahli chiqadi, yana baloga qolib yurma.
Farinya o‘girilib Grivga qaradi. Griv unga ham musht ko‘rsatgani bilan muallim eshitmaydigan qilib bir nimalar deya to‘ng‘illadi. Xuddi shuni kutib turgandek Farinya muallimga yuzlandi:
– Janob! Qarang, Griv mushtini ko‘rsatib, uraman deyapti.
Muallim esa:
– Bo‘ldi, bas! Shovqin qilmanglar! Qani, xo‘sh!.. Bugun sizlar bilan baliqlar haqida dars o‘tamiz, keyin nazorat ishi yozamiz, yozib bo‘lgach, o‘sha sahifalarni daftarlaringiz orasidan olib menga topshirasiz. Men ko‘rib chiqib, eng yaxshi yozilgan ishni ajratib olaman va maktab ma’muriyati, xususan janob direktorga topshiraman. G‘olib chiqqan o‘quvchining ismi-sharifi maktabning eng ilg‘or birinchi sinf o‘quvchisi, degan nomga sazovor bo‘lib, Hurmat kitobiga yozib qo‘yiladi. Tushunarlimi gapim?
Bolalar jo‘r ovozda takrorlashdi:
– Tushunarli, janob.
– Juda yaxshi, – dedi muallim. – Ko‘ramiz. Endi esa baliqlar haqida gaplashamiz. Yanglishmasam, ko‘pchilik baliqlar bilan bog‘liq biron bir qiziqarli voqeani aytib berishni xohlaydi. – Muallim shunday deb aka-uka Sumigalardan birini doskaga chaqirdi.
– Janob, – deya hikoyasini boshladi Sumiga, – plyajga boshdan-oyoq qum to‘shalgan – hammaga ravshan. Bir kuni qumloq sohilni kavlayotganimizda chalajon baliq chiqib qoldi. Uni uyimizga olib ketdik. U yo‘ldayoq o‘lib qoldi.
Umberto Griv uning gapini shartta bo‘ldi:
– Janob, men ko‘p baliq tutganman, ularni uyga keltirib, xonamga qo‘yib yuborardim, lekin biror marta ham o‘lib qolganini bilmayman.
– Ehtimol, siz ularni suv quyilgan bironta idishga solib qo‘ygandirsiz, – dedi muallim.
– Yo‘q, janob. Stol tagiga, polga tashlab qo‘yardim.
Bolalar “gurr” etib kulib yuborishdi. Oriq, rangpar bola esa yelkasini qisib, labini cho‘chchaytirdi:
– Bo‘lmagan gap, janob. Chunki har qanday baliqni suvsiz qoldirsangiz birpasda o‘lib qoladi.
– Hecham-da, – deya gapini ma’qullashga o‘tdi Umberto Griv. – Mening xonamda o‘lmaydi. Chunki mening xonamdagi hamma narsa asl, qimmatbaho. Shuning uchun otam baliq olib kelib, stol tagida boqsang bo‘laveradi, deb aytgan.
Pako Farinya qornini ushlab qotardi. Sumiganing ham ichagi uzildi. Tillarang sochli baqaloq bola ham, kulcha yuzli, yashil kamzul kiygan ham qotib-qotib kulardi. Griv bilan zerikmaydi odam! Baliqlarni stol tagida, polda boqarmish! Nima, kanareyka yoki to‘tiqushmidi ular! Yolg‘onchiligini qarang buni! Bolalar kula-kula qichqirishardi.
– Ho! Ho! Ho! Yolg‘on gapiryapti, janob! Ho! Ho! Ho! Aldayapti u! G‘irt yolg‘on!
Yolg‘onchiga chiqarib qo‘yishgani uchun Umberto Grivning qattiq jahli chiqdi. Uning gapiga ishonishmagani mayli, masxara qilgandek kulishlari alam qildi. Holbuki, kunlarning birida ikkita baliq keltirib stol tagida boqqani, baliqlar bir necha kun o‘sha yerda qolib ketgani hali uning esidan chiqqani yo‘q. Bir-ikki ag‘darib ko‘rganida, ular qimirlagandi, shekilli. Shu davr ichida baliqlar tirik bo‘lishganmidi, o‘lib qolganmidi, ochig‘i, faqat shuni aniq bilmasdi, xolos. Lekin nima bo‘lgan taqdirda ham, Griv so‘zlariga ishonishlarini xohlardi. Shu bois bolalarning jarangdor kulgisi ostida Sumigalardan biriga yana bir karra muddaosini tushuntirmoqchi bo‘ldi:
– Xudo haqqi, chindanam shunday bo‘luvdi, rost! Chunki dadamning puli ko‘p, u boyvachcha. U men istasam dengizdagi barcha baliqlarni keltirib beraman, degan. Men uchun, xonamdan chiqmay o‘ynashim uchun.
Muallim bolalarni tartibga chaqirdi:
– Bo‘pti! Mayli! Rosa kulishdik, o‘zingizni bosib oling. Qisqasi, Griv baliqlarning suvsiz yashay olmasligini salgina unutib qo‘ydi, bor-yo‘g‘i shu. Hammasi ravshanki, baliqni suvsiz qoldirsangiz…
Bolalar bir ovozda muallimning gapini davom ettirishdi:
– …o‘lib qolishi aniq.
– To‘ppa-to‘g‘ri, – dedi muallim.
Oriq va rangpar bola donolik bilan dona-dona qilib tasdiqladi:
– Chunki baliqlarning onasi suvda yashaydi, ularni suvdan tortib olsangiz, onasiz qoladilar.
– Yo‘q, yo‘q, takror aytamanki, yo‘q! – dedi muallim qat’iyan. – Baliqlar suvsiz nafas ololmasliklari sababli nobud bo‘ladilar. Ular suv tarkibidagi havo bilan nafas olishadi, tashqaridagi havo ular uchun hayot manbai bo‘lolmaydi.
– Hayot manbai yo‘q bo‘lganidan keyin o‘lishi aniq, – dedi bir bola va muallimga kemtik tishlarini namoyishkorona ko‘rsatib iljaydi.
Umberto Griv esa o‘z bilganidan qolmasdi:
– Mening dadam baliqlar uchun uyga havo keltirib bera oladi, chunki uning puli mil-mil, xohlagan narsasini sotib olishga qodir u.
Yashil kamzulli bola ham gapga qo‘shildi:
– Mening dadamning ham pullari ko‘p.
– Mening dadamniyam, – dedi yana biri.
Bolalarning hammasi, biri olib-biri qo‘yib, dadasining badavlat ekani haqida gapga tushib ketishdi. Yolg‘iz Pako Yunke hech narsa demasdi – u suvsiz qolgan baliqlarning o‘lib qolishi sabablari haqida o‘ylab o‘tirardi.
Bir payt Farinya Pako Yunkening yelkasiga turtib savolga tutdi:
– Nima, sening otangni puli yo‘qmi?
Pako Yunke biroz o‘ylab turdi; so‘ng kunlarning birida onasining qo‘lida bir necha peset ko‘rganini esladi:
– Mening onam boy, puli ko‘p.
– Qancha? – deb so‘radi Farinya.
– Taxminan to‘rt pesetcha bor.
Pako Farinya hammaga eshittirib muallimga hisobot berdi:
– Pako Yunkening gapiga qaraganda onasining puli ko‘pmish, janob.
– Yolg‘on aytayapti u, janob! – dedi boshini chayqab Umberto Griv. – Pako Yunkening gapi yolg‘on. Uning onasi biznikida oqsoch, sariq chaqasi yo‘q u xotinning, qayerdan bo‘lsin!
Muallim bo‘rni olib o‘quvchilarga orqa o‘girgancha qora taxtaga yoza boshladi.
Muallimning ko‘rmayotganidan foydalangan Umberto Griv o‘tirgan yeridan sapchib turdi-da, borib Pako Yunkening sochidan ushlab tortdi va yugurgancha iziga qaytdi. Yunke ho‘ngrab yubordi.
– Nima gap? – dedi muallim va nima bo‘layotganini aniqlash uchun o‘girilib qaradi.
Pako Farinya paysalga solmay muallimga chaqdi:
– Griv uning sochidan tortdi, janob.
– Bo‘lmagan gap, janob, – deya o‘zini oqladi Griv. – Men unday qilganim yo‘q. Joyimda qimirlamay o‘tiribmanu.
– Mayli, mayli! – dedi muallim. – Bo‘ldi! Bas qil yig‘lashni, Pako Yunke. Bo‘ldi deyapman!
U shunday dedi-yu, yana qora taxtaga yoza boshladi, so‘ng Grivga savol berdi:
– Agar suvdan chiqarib olinsa, baliqning holi nima kechadi?
– U mening xonamda yashaydi, – dedi javoban Griv.
Bolalar yana Grivning ustidan kula boshlashdi. Tavba, qanaqa bola o‘zi, hech narsaga aqli yetmasligi aniq-ku, yana qaysarligini qo‘ymaydi. Mening uyim, mening xonam, dadamning puli ko‘p, degan gaplar og‘zidan tushmaydi-ya sira! Shunchalik ham bezbet bo‘ladimi?!
– Qani, xo‘sh, Pako Yunke, – dedi o‘qituvchi, – agarda baliq suvsiz qolsa unga nima bo‘ladi?
Hali ko‘z yoshlari qurimagan Pako Yunke tishini-tishiga qo‘yib javob berdi:
– Suvsiz baliqlar nobud bo‘ladi, chunki ularga havo yetmaydi.
– Javob to‘ppa-to‘g‘ri, – dedi o‘qituvchi. – Barakalla!
U yana taxtaga yozishga tutindi. Umberto Griv o‘qituvchining ko‘rmayotganidan tag‘in foydalanib, Pako Farinyaning tepasiga bordi-da, yuziga mushti bilan bir soldi va ikki hatlab joyiga borib o‘tirdi. Farinya Pako Yunke singari diydiyo qilmadi, balki ovozi boricha baqirdi:
– Janob, Umberto Griv meni urdi!
– To‘g‘ri, to‘g‘ri, janob, urdi. Hammamiz ko‘rdik! – Bolalar uni bir ovozdan qo‘lladilar.
Ana shunda to‘polon boshlandi. Muallim stolni taraqlatib mushtladi-da, o‘shqirdi:
– Jim bo‘linglar!
Sinfga og‘ir sukunat cho‘kdi, bolalar o‘tirgan yerlarida qaddilarini tiklab, muallimga jiddiy va tashvishli tikilib o‘tirishdi. Shu Griv boshga bitgan balo bo‘ldi-da! Nima qilgani bu? Qani, o‘sha o‘qituvching nima karomat ko‘rsatardi, demoqchimi bu qilig‘i bilan! U lavlagidek qizarib ketdi. Ko‘pchilikning orasida yuzimni yerga qaratadi bu bola.
– Nima bu qiliq? – deb so‘radi muallim Pako Farinyadan. Pako Farinya javob berayotganda ko‘zlari g‘azabdan yonardi.
– Umberto Griv hech narsadan hech narsa yo‘q yuzimga musht tushirdi.
– Griv, shu rostmi?
– Yolg‘on, janob, – dedi Umberto Griv. – Men uni urganim yo‘q.
Muallim qaysi birining yoni bo‘lishni bilmay, barcha o‘quvchilarga ko‘z yugurtirib chiqdi.
– Kim ko‘rdi buni? – deb so‘radi muallim Farinyadan.
– Hamma ko‘rdi, janob! Mana, Pako Yunkedan so‘rang ishonmasangiz.
– Pako, Farinyaning gapi to‘g‘rimi? – deb so‘radi muallim.
Pako Yunke Umberto Grivga mo‘ltirab qaradi, lekin javob berishga botinolmadi, basharti muallimning savoliga “ha” deb javob bersa, Umberto maktabdan chiqishlari bilanoq ko‘chada tutib olib rosa do‘pposlashi aniq. Oqibat Yunke boshini quyi solib, og‘ziga talqon solgandek indamay turaverdi.
Farinya labi-labiga tegmay bidirlab, muallimga tushuntira ketdi:
– Janob, Yunke javob bermayotganiga jiddiy sabab bor, Griv darsdan keyin undan o‘chini oladi, chunki Yunke uning xizmatkori, buning ustiga ularnikida turadi.
Muallim Farinyadan ko‘z uzmay gaplarini eshitib turdi-da, boshqa bolalarga yuzlandi:
– Farinyaning gapini kim tasdiqlaydi?
– Men, janob! Men, janob! Men ham, janob! Men ham ko‘rdim!
Muallim yana Grivdan so‘radi:
– Griv, bundan chiqdi, Farinyani uribsiz-da, bolalar bekorga gapirishmaydi.
– Yo‘q, janob! Men uni urganim yo‘q.
– Shoshmang, Griv, yolg‘on gapirish juda yomon narsa, sizga o‘xshagan odobli, zukko bolaga yolg‘on gapirish yarashmaydi.
– Yo‘q, dedim-ku, janob. Unga qo‘l ko‘targan bo‘lsam qo‘lim sinsin.
– Xo‘p, mayli. Sizga ishonaman. Siz hech qachon yolg‘on gapirmaysiz, bilaman. Lekin bundan buyon ehtiyotkorlik bilan ish tutasiz, degan umiddaman.
Shunday degach, muallim o‘yga cho‘mgancha, sinf bo‘ylab u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi, bolalar esa quloqlarini ding qilib, uni kuzatib turishdi.
Pako Farinya bir narsalar deb ming‘irlar, hozir yig‘lab yuboradigandek edi.
– Uni hatto tartibga chaqirib qo‘yishni ham lozim topishmadi, negaligini aytaymi, chunki uning otasi boyvachcha! Hali hammasini oyimga aytib bersam bormi?!
Muallim uning gaplarini eshitdi va jahldan ko‘karib ketgudek qiyofada Farinyaning oldida to‘xtadi-da, ovozi boricha o‘shqira ketdi:
– Nimalar deyapsiz? Umberto Griv namunali o‘quvchilardan. U hech qachon aldamaydi. Hech kimni xafayam qilmaydi, shu sababdan unga jazo berishni lozim topmadim. Bizning maktabimizda barcha bolalar teng huquqli, badavlat oila farzandi bo‘ladimi, kambag‘alning bolasimi – farqi yo‘q. Agarda Grivning otasi haqida hozirgi gapingizni yana bir marta eshitsam, ikki soat burchakda turg‘azib qo‘yaman. Qulog‘ingizda bo‘lsin.
Pako Farinyaning nafasi ichiga tushib ketdi. Pako Yunke ham g‘ujanak bo‘lib oldi. Holbuki, ikkovi ham Griv ularga qo‘l ko‘targani va umuman, uning uchchiga chiqqan yolg‘onchi ekanligini bilar edi. Lekin aynan shuning uchun bu ahvolga tushishganini esa anglab yetolmas edilar.
Muallim taxta oldiga borib, yana yozishda davom etdi.
– Nega muallimga Griv meni urdi, deb aytmading?
– Keyin Umberto meni tinch qo‘ymasiydi.
– Nega shuni onangga aytib bermaysan?
– Aytib bersam, Griv alamiga chidayolmay yana uradi, sohibaning ham jahli chiqadi.
Muallim taxtaga yozayotganda Umberto Griv daftariga bir nimalarning rasmini chizib o‘tirdi.
Pako Yunke esa onasi haqida o‘yladi. Keyin xo‘jayin bilan Umbertoni ko‘z oldiga keltirdi. Umberto Griv uni uyga borganda uradimi, yo‘qmi, shuni xayol qildi-yu, ko‘ngli g‘ash tortdi. Yunke bolalarga ko‘z yugurtirib chiqdi – mana bular Grivga o‘xshab Yunkeni urishmaydi, Farinya u yoqda tursin, birontasi xafa qilmaydi uni. Yunkening qo‘lidan tortib xuddi Umberto singari boshqa partaga sudrashmaydi. Nega Umberto unga shunaqa yomonliklar qilarkin? Ayni paytda, aftidan, Yunke onasiga aytib berishga tayyor edi, agar buning uchun Umberto yana qo‘l ko‘tarsa, muallimga shikoyat qilishi ham mumkin. Biroq muallim Umbertoga hech nima qilmadi-yu. Agar uni urishib berganda, Pako hammasini Farinyaga aytib bergan bo‘lardi. Shu xayollar bilan u Farinyadan so‘radi:
– Umberto seni ham uradimi?
– Meni-ya?! Qo‘l ko‘tarib ko‘rsin-chi! Bitta urib, dabdalasini chiqaraman. Gapidan qaytadiganlardan emasman. Qani bir xezlanib ko‘rsin-chi! Nima qilishimni ko‘rarding! Oyimga ham borib aytaman. Dadam maktabga kelib Umbertosiniyam, otasini ham ayab o‘tirmasdi.
Pako Yunke Farinyaning gaplarini yurak hovuchlab eshitardi. U nahotki Umbertodan qo‘rqmaydi? Nahot, otasi kelib, janob Grivning tanobini tortib qo‘ya olsa! Uning gaplariga Pakoning negadir ishongisi kelmadi, hali bunga bironta bolaning yuragi dov berganini ko‘zi bilan ko‘rgani yo‘q. Mabodo, Farinya uni ursa, aksincha, xo‘jayin kelib, Farinyaning o‘zining ham, unga qo‘shib otasining ham adabini berib qo‘yadi. Chunki janob Griv shunaqa zo‘r, undan hamma qo‘rqadi. Janob Griv qattiqqo‘l, jiddiy odam, odamlar uning ra’yiga qarashadi. Ularnikiga juda ko‘p janoblar tashrif buyuradilar – ayollar ham, erkaklar ham – qizig‘i shundaki, ularning hech biri xo‘jayini bilan sohiba chizgan chiziqdan chiqmaydilar, ularning aytgani-aytgan, degani-degan. Kerak bo‘lsa, janob Griv muallim tugul, undan kattasiga ham aql o‘rgata oladi.
Pako Yunke hamon taxta oldida turgan muallimga nazar soldi. Qanaqa odam bu muallim? Namuncha u qattiqqo‘l, nima sababdan unga indashmaydi yo qo‘rqishadimi? Yunke undan ko‘z uzmay o‘tiraverdi. Muallim na otasiga, na janob Grivga o‘xshaydi, ko‘proq xo‘jayini oldiga ish bilan kelib-ketadigan xonimlarga o‘xshaydi. Uning gardani bilan burni kurkanikiga o‘xshaydi – qip-qizil. Yurganda poyabzali g‘irchillaydi – g‘arch-g‘urch…
Yunke zerikib ketdi. Qachon ular uyga ketisharkin? Nachora, maktabdan ko‘chaga chiqqach, Umberto terisiga somon tiqadi. Aniq. Boya aytdi-yu! Agar onasi Umbertoga loaqal “Nega unaqa qilasiz, janob. Pakoga qo‘l ko‘tarmang. Sizga nima yomonlik qildi”, deb koyib qo‘yganda edi! Shuning o‘zi kifoya qilardi. Lekin afsus… Kattalar qayirib tashlamagandan keyin, Umberto Griv albatta haddidan oshadi-da! Nomard, shunaqayam tepadiki, azbaroyi xudo, Pakoning oyog‘i qontalash bo‘lib qoladi. Keyin xo‘rligi kelib yig‘lashga tushadi. Umberto buning nimaligini tushunmaydi, chunki u hech kimdan hech qachon bunaqa kaltak yeb ko‘rmagan. Buning ustiga Umberto katta xo‘jayin bilan xonimning arzandasi. Pako Yunke o‘g‘lidanam, ota-onasidanam qo‘rqadi. Faqat u emas, hamma qo‘rqadi. Hamma. Muallim ham. Oshpaz ham, uning qizlari, Pakoning onasi, hatto Valensio, uning opasi ham. Kechasi tuvaklarni tozalab qo‘yuvchi Mariya ham. Bir kun oldin uning qo‘lidan tuvak tushib ketib uch bo‘lak bo‘lib sindi-ya!.. Taajjub, Pakoning dadasini-chi, ura oladimi? Naqadar yaramas odamlar, otasi ham, o‘g‘li ham. Pako Yunkening ko‘ngli buzildi. Qachon yozishdan to‘xtarkin bu muallim?
– Mana, nihoyat, bo‘ldi! – dedi muallim taxta oldidan nari ketarkan. – Nazorat ishi mana shu bo‘ladi. Endi daftaringizni ochib, uni ko‘chirib oling. Shoshmasdan, xatosiz yozing.
– O‘zimizning daftarimizgami, – zo‘r-bazo‘r so‘radi Pako Yunke.
– Albatta, o‘zingizning daftaringizga, – deb javob qildi muallim. – Siz oz-moz bo‘lib yozishni bilsangiz kerak?
– Bilaman, janob. Qishloqda yashayotganimizda dadam o‘rgatgan edilar.
– Juda soz. Unday bo‘lsa qani, boshlang yozishni.
Bolalar daftarlarini olib muallim taxtaga yozib qo‘ygan mashqni ko‘chirib olishga kirishdi.
– Shoshmasdan yozing, – dedi muallim, – xatosiz ko‘chiring, shoshmang.
Umberto Griv savol berdi:
– Janob, bu mashq baliq haqidami?
– Ha, bir so‘z qoldirmay hammasini ko‘chirib yozing!
Sinfga jimlik cho‘kdi. Yolg‘iz ruchkalarning qitirlashi eshitilardi. Muallim stoliga o‘tirib, u ham nimalarnidir yoza boshladi.
Umberto Griv taxtadan ko‘chirib o‘tirishni o‘ziga ep bilmadi, buning o‘rniga daftarini ochib, nimaningdir rasmini chiza boshladi. Baliqlar, odamlar, yana allaqanday to‘rtburchak shakl chizdi.
Bir necha muddatdan so‘ng muallim boshini ko‘tardi-da:
– Yozib bo‘ldilaringmi? – deb so‘radi.
– Bo‘ldik, janob, – deya jo‘r ovozda javob qaytarishdi bolalar.
– Barakalla, – dedi muallim. – Endi yozganlaringizning tagiga aniq qilib ism-sharifingizni yozing.
Shu choq tanaffusga qo‘ng‘iroq chalindi. Shovqin-suron ko‘targancha o‘quvchilar tashqariga oshiqishdi.
Taxtadagi mashqni yaxshilab, bexato ko‘chirgan Pako Yunke ham darsligi, daftari va qalamini olib tashqariga chiqdi.
Hovlida uning yoniga Umberto keldi-da, qo‘lidan mahkam ushlab o‘dag‘ayladi:
– Yur, bu yoqqa, to‘nka-to‘nka o‘ynaymiz.
Umberto Pako Yunkeni o‘rtaga itarib yuborgan edi, uning qo‘lidagi daftar-kitobi sochilib ketdi.
Yunke Umbertoning aytganlarini bajardi-yu, biroq uyalganidan lavlagidek qizarib ketdi, chunki bolalar uning ketiga Umbertoning tepganini ko‘rib turishgan edi. Yunkening yana yig‘lagisi keldi.
Pako Farinya, aka-uka Sumigalar va boshqa bolalar Umberto Griv bilan Pako Yunkeni qurshab olishdi. Oriq, rangpar bola Pakoning kitob-daftari bilan qalamini yig‘ishtirib keldi, biroq Umberto uning qo‘lidan yulqib oldi.
– Ber, bu yoqqa! Sen aralashma, chunki Pako Yunke menga qarashli bola, bilding?!
Umberto Griv sinfga kirib ketib, Pako Yunkening kitob-daftarini o‘zining partasi ostiga yashirib chiqdi. So‘ng Pako Yunke bilan o‘yinni boshladi. Avval uning gardanidan ushlab kuch bilan pastga bosdi, keyin emaklab turishga majbur qildi.
– Tipirchilamay tur! – deya buyruq berdi. – To o‘zim aytmagunimcha qimirlasang ko‘rasan!
Umberto Griv ortiga tisarildi va yugurgancha kelib kafti bilan Pakoning beliga tayanib, ustidan hatlab o‘tdi, o‘tayotgan mahal zarb bilan ketiga tepdi. Keyin yana orqaga chekindi, yana o‘sha yerdan yugura kelib, xuddi oldingi safardagidek sakrayotganda bir tepib o‘tdi. Shu tariqa Umberto Griv Pako Yunke bilan uzoq o‘ynadi. Taxminan yigirma martacha tepib, ustidan sakrab o‘tdi-yov!
Daf’atan hiq-hiq yig‘lagan ovoz eshitildi. Qattiq tepkidan joni og‘rigan Yunke yig‘layotgan edi. Shunda ularni qurshab turgan bolalar davrasidan Pako Farinya o‘rtaga chiqdi-da, Grivning ro‘parasiga keldi.
– Bas qil! Bas, deyapman! Agar Pako Yunkening ustidan yana bir marta sakrab o‘tsang, o‘zingdan ko‘r!
– Nima deding! Qaytar gapingni! Pako Farinya, o‘rgildim sendan! Kaltak yemagin tag‘in. Bitta uraman hozir, sen ham yig‘lab yurasan.
Biroq Pako Farinya qilt etmadi, aksincha, tap tortmay Grivga tik qarab turaverdi.
– Sizlarnikida xizmatkor bo‘lib yashayotgan odamlarning bolasini urib, mazax qilib, ustidan sakrash, uni yig‘latish seningcha mumkin ekan-da! Xato qilasan! Qani, mard bo‘lsang yana bir marta ustidan sakrab ko‘r-chi, ko‘rasan nima qilishimni!
Aka-uka Sumigalar Pako Yunkeni quchoqlab olib, yig‘lamagin, deya tasalli berishar, ovutishga harakat qilishardi.
– Nega ustingdan sakrashga yo‘l qo‘yasan, tepsa ham indamay turibsan! Solmaysanmi qulog‘ining tagiga! Bir marta sen ham uning ustidan sakrab o‘t! Ayb o‘zingda, indamay xo‘p deb ketaverasan. Anqovsiramay sol och biqiniga! Bo‘ldi qil! Yig‘lama! Hozir uyga ketamiz!
Pako Yunke achchiq-achchiq yig‘lar, ko‘z yoshlari chinakamiga uni bo‘g‘ar edi..
Bir gala bolalar Pako Yunkeni, qolganlar esa Umberto Griv bilan Pako Farinyani o‘rab olishgan edi.
Griv bor kuchini yig‘ib bitta urgandi, u qulab tushdi. Oralaridagi kattaroq bola – 2-sinf o‘quvchisi Farinyaning yoni bo‘lib Umbertoni tepdi. Boshqasi – undan ham kattaroq uchinchi sinf bolasi Grivning yonini olib, o‘sha tepib qolgan bolaga musht tushirdi. Ularning ortidan barcha bolalar ikkiga ajrab, hech narsadan hech narsa yo‘q urishib ketishdi. Shu tariqa to‘polon boshlandi.
Shu choq yana qo‘ng‘iroq chalinib qoldi-yu, hamma sinfiga tarqab ketdi. Pako Yunkeni aka-uka Sumigalar yetaklab olishdi.
Birinchi sinf o‘quvchilari o‘rtasida olag‘ovur tinmasdi, biroq muallim kirgan zahoti hammaning uni o‘chdi.
Muallim sinfga ko‘z yugurtirib chiqdi-da, harbiylar singari qarsillatib dedi:
– O‘tiring!
Partalarni sharaqlatib o‘tirishdi.
Muallim ham joyiga o‘tirib, baliqlar haqidagi mashq yozilgan ikki betli sahifani topshirishlari uchun o‘quvchilarni ro‘yxat bo‘yicha chaqira boshladi. U ikki varaqli qog‘ozni olar, o‘qib chiqar va o‘sha zahoti jurnalga baho qo‘yardi.
Umberto Griv Pako Yunke o‘tirgan parta yoniga keldi, unga daftar va qalamini berdi, lekin avval daftardan Pako Yunke mashqni bajargan sahifalarni sug‘urib oldi-da, tagiga o‘zining nomini yozib qo‘ydi.
Muallim Umberto Griv, deb chaqirganda u Pako Yunke bajargan mashqlarni xuddi o‘zinikidek olib borib topshirdi.
O‘qituvchi Pako Yunke deganda esa, Pako mashqlarni ko‘chirib yozgan sahifani qidirishga tushdi, biroq topa olmadi.
– Siz nazorat ishini yo‘qotib qo‘ydingizmi, – deb so‘radi muallim, – yoki yozmadingizmi?
Pako Yunke daftaridagi aynan o‘sha sahifa qayerga g‘oyib bo‘lganiga garang bo‘lar, boshini quyi solgancha javdirab turardi.
– Ha, mayli, – dedi muallim va Pako Yunke nomi to‘g‘risiga belgi qo‘ydi.
Keyin boshqa bolalar kelib yozganini topshirishdi. Muallim bajarilgan vazifalarni tekshirib bo‘lmasidan birdan eshik ochildi-yu, sinfga maktab direktori kirib keldi.
Muallimga ergashib hurmat yuzasidan bolalar ham o‘rinlaridan dik etib turishdi. Direktor xuddi bir nimadan achchig‘i chiqqandek o‘quvchilarga ko‘z yugurtirib chiqdi-da, baland ovozda:
– O‘tiringlar! – dedi.
So‘ng muallimga yuzlandi:
– Sinfdagi eng yaxshi o‘quvchini aniqlab olgan bo‘lsangiz kerak? Yarim yillik nazorat ishini yozdinglarmi?
– Ha, janob direktor, – dedi mullim. – Hozirgina shuni yozib tugatishgandi. Umberto Griv eng yuqori bahoga loyiq deb topildi.
– Uning yozgan ishi qani?
– Hozir beraman, janob direktor.
Muallim bir dasta nazorat ishlari orasidan Umberto Griv ismi-sharifi yozilgan sahifani topib direktorga uzatdi, direktor uni bir boshdan kuzatib chiqdi.
– Juda yaxshi! Ish degan bunday bo‘pti, – dedi u ko‘ngli to‘q bo‘lib.
U minbarga ko‘tarilgach o‘quvchilarni ko‘zdan kechirib chiqdi. So‘ng xiyol xirillagan, lekin tetik ovozda bunday dedi:
– Bugun hammadan ko‘ra Umberto Griv yaxshi yozibdi. Binobarin, Hurmat kitobi sahifalariga haftaning eng yaxshi o‘quvchisi degan nomga sazovor bo‘lgani munosabati bilan shu o‘quvchining ismi-sharifi qayd etiladi. Qani, keling.
Umberto Griv haddan ziyod gerdayib, takabburona bir qiyofada direktor yoniga bordi. Direktor uning qo‘lini qisib tashakkurnoma izhor qildi:
– Barakalla, Umberto Griv, tabriklayman. Barcha o‘quvchilar sizdan ibrat olishsa nur ustiga nur bo‘lardi. Ko‘nglimizni tog‘dek ko‘tardingiz, barakalla!
Keyin sinfga yuzlanib otashin nutq so‘zladi.
– Hamma o‘zini Umberto Grivdek tutishi darkor. Unga o‘xshash shart. Unga o‘xshab o‘qishi, xuddi u kabi tirishqoqlik bilan ilm o‘rganishi lozim, bu bizlar amalga oshirayotgan ishlarning samarasidir. Qarang, qanchalar jiddiy, intizomli, kamtarin va mehnatkash o‘quvchi u, hammangiz uchun o‘rnak. Agar siz ham uning izidan borsangiz yil yakunida shunday e’zoz va hurmatga sazovor bo‘lishingiz muqarrar hamda Umberto Griv ismi kabi Hurmat kitobiga nomingiz qayd etiladi. Umid qilamizki, kelgusi haftalarda orangizdan bitta-yarimta Umberto Griv kabi yuksak bahoga sazovor bo‘ladi, nazorat ishlarini o‘rnak bo‘larli darajada yozadi. Shaxsan men ishonaman, xuddi shunday bo‘ladi!
Direktor so‘zini tugatdi va birmuncha vaqt joyidan jilmay bolalarga tabassum bilan qarab turdi. Barcha o‘quvchilar Umberto Grivga qoyil qolib, unga havas bilan boqishardi. “Qoyil, Griv! Nazorat ishi yozishni sendan o‘rganish kerak!” deya o‘ylashardi. Chindanam qoyil qolish kerak! Eng peshqadam, ilg‘or o‘quvchi! Kechikkani bilan ilmini qarang! Hammaga o‘rnak bo‘layapti! Ko‘rdingizmi, qalay? Direktorning o‘zi unga qo‘l berib tabrikladi. Birinchi sinf o‘quvchilari orasida Umberto Griv eng peshqadam o‘quvchi!
Direktor muallim bilan xayrlashgach, kuzatish uchun turgan bolalarga bosh qimirlatib qo‘ydi.
U chiqib ketgach, muallim bolalarga hozirgina chiqib ketgan direktorga o‘xshab tabassum bilan qaradi.
– O‘tiringlar!
Yana partalar taraqladi va hamma o‘rniga o‘tirdi.
Muallim Grivga:
– Borib joyingizga o‘tiring, – dedi.
Quvonganidan og‘zi qulog‘ida Umberto Griv partasiga borib o‘tirdi. Pako Farinyaning yonidan o‘tib, unga tilini chiqarib qo‘ydi.
Muallim yana joyiga o‘tirib jurnalga bir nimalarni yoza boshladi.
Pako Farinya esa Pako Yunkega sekingina shivirladi:
– Qarasang-chi, janob nazorat ishini topshirmaganing uchun nomingni yozib qo‘yayapti. Yaxshilab qara. Sen bundan buyon darsdan so‘ng qolasan, hammaga o‘xshab uyga ketmaysan. Nega daftarni yirtding? Qayerga qo‘yding uni?
Pako Yunke javob bermadi, faqat boshini quyi soldi.
– Xo‘sh, gapir! – Pako Farinya tinchimasdi. – Nega javob bermaysan? Nazorat ishini nima qilding?
Pako Farinya engashib Pako Yunkening yuziga qaradi, qarasa, u yig‘layapti. Nima qilarini bilmay darhol yupatishga tushdi:
– Mayli, qo‘yaver, faqat yig‘lama! Hechqisi yo‘q, ko‘nglingni cho‘ktirma! Undan ko‘ra kel, yaxshisi, shashka o‘ynaymiz! Basharasi qursin uni! Bilasanmi nima, men senga shashka sovg‘a qilaman. Shungayam xafa bo‘lasanmi? Bo‘ldi endi, yig‘lamagin.
Pako Yunke o‘pkasi to‘lib yum-yum yig‘lardi.
Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 6-son