Kollejdaligimda yozgi ta’tilni Dehrada, buvimnikida o‘tkazishga odatlangan edim. Doimo mayning boshlarida yo‘lga tushib, iyulda ortimga qaytardim. Deoli Dehradan o‘ttiz chaqirim narida joylashgan kichikroq bekat bo‘lib, Himolay janubiy etagida qalin changalzorlar boshlanishini belgilab berardi.
Poyezd Deoliga sahar beshlarda – bekat chiroqlari-yu moyli lampalarning xira nurlariga cho‘mgan, tonggi g‘ira-shira ro‘shnolikda temiryo‘l bo‘ylab yastangan changalzorlarni kishi ko‘zi bazo‘r ilg‘ashi mumkin bo‘lgan pallada kirib borardi. Bu yer bor-yo‘g‘i bitta platforma – bekat boshlig‘ining idorasi va kutish xonasidan iborat edi. Bekatta choy sotiladigan peshtaxta, meva rastasi va daydi itlaridan boshqa tasvirlagulik hech vaqo yo‘q edi. Boisi poyezd bu yerga bir martagina, o‘rmonzorga kirib ketishdan avval, nari borsa, o‘n daqiqaga to‘xtardi, xalos.
Nega Deolida to‘xtar ekan, hayronman?! Na birov poyezdga chiqdi, na birov undan tushdi: hech o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Hattoki, bekatta biror mardikor ham yo‘q edi. Biroq poyezd qat’iy o‘n daqiqa shu manzilda tin olar, so‘ngra qo‘ng‘iroq chalinar, soqchi hushtagini chalar va Deoli ortda qolib, unutilar edi.
Menga Deolida, bekat devorlaridan narida nimalar borligi qiziq tuyulardi. Doim shu kichkina, ko‘rimsiz manzilga, hech kim tushmaydigan maskanga achinardim. Shunda qachondir Deolida tushib qolib, kun bo‘yi shaharchada sang‘iyman, deb qaror qildim.
O‘shanda o‘n sakkizga to‘lgandim, buvimnikiga ketayotgandim, tag‘in poyezd Deolida to‘xtadi. Savatcha sotadigan qiz perronga keldi.
Tong salqinligi uchun yelkasiga ro‘mol yopingandi: egni juldur, oyog‘i yalang bo‘lsa ham o‘ziga yarashgan nazokat va viqor bor edi unda.
U mening oynam yaqiniga kelib to‘xtadi. Diqqat bilan e’tibor qaratayotganimni sezsa-da, boshida o‘zini bilmaganga soldi. Uning yuzi oppoq, yoyiq siyohrang sochlari yaltiroq, ko‘zlari esa tim qora va serg‘ussa edi. So‘ng o‘sha serg‘ussa ko‘zlar mening nigohim bilan to‘qnashdi. U mening derazam oldida ozroq vaqt turdi, lekin hech birimiz so‘z qotmadik. Biroq u jo‘nayotganida qanday qilib o‘rnimni tark etganim, vagon eshigiga chiqqanim, perronda yo‘lning boshqa tomoniga qarab kutib qolganimni sezmay qoldim. Choy sotiladigan rastaga qarab yurdim. Pastroq olovda choydish biqirlab yotar, samovarchining o‘zi esa yo‘lovchilarga choy eltish bilan band edi. Qiz rasta ortidan meni ta’qib qildi.
– Savat olishni istaysizmi? – so‘radi u. – Judayam pishiq bular, eng yaxshi xivichdan tayyorlangan…
– Yo‘q, – dedim men. – Savat olmoqchi emasman.
Biz o‘zimizga anchayin uzoq tuyulgan lahzada bir-birimizga termulib qoldik.
– Savat kerakmasligiga ishonchingiz komilmi?
– Xo‘p, unda bitta beraqoling, – dedim va barmoqlariga tegingani zo‘rg‘a jur’at topib unga bir rupiya uzatdim.
U nimadir demoqchi bo‘lib og‘iz juftlagan zahoti, soqchi hushtagi yangradi; u nimadir dedi ham, biroq ovozi qo‘ng‘iroqning jaranglashi-yu poyezd pishqirishiga qorishib eshitilmay ketdi. Men vagonimga zudlik bilan qaytishim kerak edi. Lokomotiv siltanib-siltanib yo‘lga ravona bo‘ldi.
Bekatta ko‘zdan g‘oyib bo‘lguniga qadar men undan ko‘z uzmadim. U perronda yolg‘iz, hech qayoqqa jilmay turar va men tomonga qarab jilmayardi. To boshqaruv postiga yetguncha unga qarab bordim, keyin esa chakalakzorlar bekatni to‘sib qo‘ydi, biroq haliyam uning yolg‘iz turganini ko‘ra olardim. Qizning chehrasi, qop-qora, ehtirosli ko‘zlarining tasviri fikrimni band etgan, men esa bundan qutulolmasdim go‘yo. Biroq Dehrada xayolimni egallagan narsalar ko‘pligidan bu hodisa xotiramdan xiralashib, uzoqlashib ketdi. Faqatgina ikki oy o‘tib, men qaytishga hozirlanayotganimdagina yodimga tushdi.
Poyezd bekatida to‘xtashi bilan uni qidira boshladim, perronda alanglab yurganiga guvoh bo‘lgach, o‘zimda kutilmagan bir titroq sezdim. Shartta yerga sakradim-da, qizga qo‘l silkidim.
U meni ko‘rganida tabassum qildi. Hoynahoy, uni hanuz yodda tutganimdan sevindi. Men ham hamon xotirida ekanimdan quvondim. Xuddi azaliy qadrdonlar uchrashganday ikkimiz ham o‘zimizda yo‘q shod edik.
U vagonlar yoqalab savatchalarini pullagani ketmadi, aksincha, to‘g‘ri choy sotiladigan rasta tomon yurdi, tim qora ko‘zlarida nogahoniy o‘t to‘lgan edi. Bir muddat mum tishlab turdik, biroq ortiq jimlikka bardoshimiz yetmasdi.
Uni shu yerdayoq poyezdga o‘tqazib, o‘zim bilan olib ketish xayolimga keldi; uning Deoli bekatida ko‘zdan g‘oyib bo‘lishi haqida o‘ylashga ham qurbim yetmasdi. Qo‘llaridan savatchalarini olib, yerga qo‘ydim. Ulardan biriga qo‘l cho‘zgandi hamki, qo‘llarini ushlab oldim.
– Dehliga borishim kerak, – dedim men. U bosh irg‘adi:
– Men hech yoqqa ketishga majbur emasman.
Poyezd ketayotganini bildirish uchun hushtak chalgan soqchidan nafratlanib ketdim.
– Tag‘in qaytaman, shu yerda bo‘lasan-a?
U yana bosh irg‘adi, uning bosh irg‘ashi barobarida qo‘ng‘iroq jaranglab, poyezd olg‘a jila boshladi. Qizning qo‘lini bo‘shatib, siljib borayotgan poyezd ortidan yugurdim.
Bu gal uni unutmadim. U sayohatimdan so‘ng ham, oradan ancha vaqt o‘tganda ham, xullaski, yil bo‘yi xayolimni tark etmadi. O‘quv yili nihoyalashi bilan apil-tapil jomadonimni yig‘dim-u, doimgidan ham ilgariroq Dehraga yo‘l oldim. Buvim nevarasining bu ishidan boshi ko‘kka yetishi tayin edi.
Poyezd Deoliga kelib to‘xtashidan oldin men biroz asabiy va tajang edim, boisi qizni ko‘rganimda nima deyishim va nima qilishim ustida bosh qotirardim. Uning qarshisida noshudlarcha hissiyotlarim borasida biror so‘z aytmoqqa, yo biron narsa qilmoqqa botinolmay turmasligim kerak.
Poyezd Deoliga kelib to‘xtadi, men esa atrofga olazarak bo‘lib uni qaradim, biroq hech yerda qiz ko‘rinmasdi.
Eshikni ochib, yerga sekingina sakradim. Negadir shu on ko‘nglim juda g‘ash va kuchli esankirash egallagan meni. Nimadir qilishim kerakligini sezib, bekat noziri yoniga yugurdim. Undan, “Siz shu yerda savatlar sotib yurgan qizni taniysizmi?” deb so‘radim.
– Yo‘q, tanimayman, – dedi nozir, – agar qolib ketishni istamasang, poyezdga shoshilganing yaxshi.
Biroq bekatning hamma yerini ko‘zdan kechirdim, temir izlar osha bekat hovlisiga ko‘z tashladim, bor-yo‘q ko‘rganim mango daraxti va changalzor ichkarisiga kiruvchi tuproq yo‘l bo‘ldi. Yo‘l qayerga ketgan? Poyezd bekatdan nariga jilishni boshladi, perron yoqalab yugurib, vagonim eshigiga sakrab olishim lozim edi. Keyin poyezd tezlikni yuqorilatib, o‘rmon oralab yelib borayotganida, men oyna oldida o‘yga botib turar edim.
Axir, umrimda ikki martagina uchratgan, kimligini haqida hech narsa – aslidayam hech narsa – bilmaydigan, o‘zi zo‘rg‘a men bilan suhbatlashgan, biroq ilgari sira tuymagan iliqlik va bir ajib hisni tuydirgan qizni topish borasida qo‘limdan nimayam kelardi?
Buvimning ham kelganimdan aytarli ko‘ngli to‘lmadi, chunki ularnikida ikki haftadan ortiq o‘tirmadim. O‘zimni holdan toygan, o‘salday his etdim. Shu bois Deolidagi bekati noziri bilan gaplashish uchun qayta yo‘lga otlandim.
Biroq Deolida nozir yangilangan ekan. O‘tgan haftada sobiq nozirni boshqa manzilga o‘tkazishibdi. Yangi nozir savat sotadigan qiz haqida hech narsa bilmas ekan. Men kalta bo‘yli, xazonday qovjirab qolgan, ust-boshi yoqqa belanib yuradigan choyfurush amakini izlab topdim va savat sotuvchi qiz haqida biror narsa bilarmikan deb so‘rab ko‘rdim.
– Ha, bu yerda shunaqa qiz bo‘lardi, yaxshigina eslayman, – dedi u. – Lekin u hozir kelmay qo‘ygan.
– Nega? – qiziqdim men. – Unga nima bo‘lgan ekan?
– Men qayoqdan bilay? – dedi amaki. – U menga hech kim emasdi-ku…
Tag‘in poyezdga qarab yugurishim zarur edi.
Deoli ko‘zdan uzoqlashib borar ekan, bir kuni shu yerda to‘xtab, shaharchada bir kun qolishim va hammadan surishtirib, tim qora, beqaror ko‘zlarining birgina boqishi bilan qalbimni o‘g‘irlagan qizni topishimni maqsad qildim.
So‘nggi o‘quv yiliga qadar o‘zimni shu o‘y bilan ovutib keldim. Yana yozda Dehraga yo‘l oldim. Erta sahardayoq poyezd Deolida to‘xtaganida perronning u uchidan-bu uchigacha qadar qizning sharpasini izladim. Uni topa olmasligimga ishonchim komil edi, ammo o‘zim ham xuddi shuni umid qilayotgandim.
Negadir o‘zimni Deolida tushib qolib, shu yerda bir kunimni o‘tkazishga ko‘ndirolmadim. (Agar bularning bari biror asar yo film bo‘lganida edi, – deb o‘ylardim, – men jumboqning tagiga yetgan va harakatlarimga yarasha xotimaga erishgan bo‘lardim.) O‘ylashimcha, men bundan qo‘rqdim. Haqiqatdan ham qiz bilan bog‘liq nima sodir bo‘lganini bilishdan qo‘rqardim. Balki u ortiq Deolida yashamas, ehtimol, turmushga chiqqandir yo biror kasalga yo‘liqqanmikan?
So‘nggi bir necha yil ichida ko‘p bora yo‘lim Deolidan o‘tadi va har gal o‘sha-o‘sha, sirayam o‘zgarmagan chehraning kaminaga jilmayib turganini qayta uchratishimga ishonib-ishonmay vagon derazasidan tashqariga qarayman. Deolida, bekat devorlari ortida nimalar yuz berishiga qiziqaman. Biroq zinhor bu yerda to‘xtamayman. Bu barchasini izdan chiqarishi mumkin. Men umid va orzu etishdan to‘xtamaslikni, derazadan turib bo‘m-bo‘sh perronning boshdan adog‘igacha nazar solishni, savatchalar ko‘tarib olgan qizni mudom kutishni afzal ko‘raman.
Men endi Deolida hech qachon to‘xtamayman, aksincha, bu manzilni imkon qadar tezroq ortda qoldirib ketishga urinaman.
Ingliz tilidan Shohrux Usmonov tarjimasi
«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 9-10-son