Boyazid qahvaxonalarining birida o‘rtog‘imni kutib o‘tirgandim. Qahvaxonada odam juda kam edi. Ikki-uch kishi o‘chib qolgan kaminning yonida past ovozda dardlashib o‘tirar; bir keksa xodim, ko‘zida oynak, qo‘lida gazeta bilan mudrardi. Shu payt qahvaxona o‘rtasida eski ipak yopinchig‘li keksa bir ayolga ko‘zim tushdi. Uning yonida olti yoshlardagi bolakay, bolaning qo‘lida esa simdan to‘qilgan qafas bor edi. Ayol uzoq yillardan beri Onado‘lida yashab kelayotgan bo‘lsa-da, unda istanbullik aslzoda xonimlarga xos ko‘rinish ko‘zga tashlanardi.
Qahvaxona egasiga past ovozda nimalarnidir gapirib, kichkintoyning qo‘lidagi qush qafasini ko‘rsatardi. Qahvaxona egasi ayolning so‘zlarini tinglab bo‘lgach, gazeta ustiga bosh qo‘yib uxlab qolgan qariyaga xitob qildi:
– Sen qushlarga ishqibozsan! Arzon sa’va bor… Olmaysanmi?
Qariya qush tovushini eshitishi bilan ko‘zlarini ochdi. Bolakayni imlab yoniga chaqirdi-da, qafasni qo‘liga olib qaradi. Qushlarga qiziqadigan mutaxassis shekilli, lablarini burib:
– Yaxshi emas, – dedi. Keksa xonim ranjigan nigohlari bilan qariyani suzdi-da:
– Sotmoqchi emasdigu… Ammo oylik haligacha kelmadi, shundan…
– Hozir hammamiz shu ahvoldamiz… Qushni ko‘rib, «Yaxshimas» dedim, ammo yaxshi bo‘lgandayam sotib olishga pul qayoqda!
Ularni diqqat bilan kuzatib turganimni ko‘rgan qahvaxonachi yonimdan o‘tayotib:
– Alloh taolo hech kimni muhtoj qilmasin… Bu keksa ayolning yoshgina kuyovi bor edi. Bolqondagi jangda shahid bo‘ldi. O‘tgan yili esa qizi vafot etdi. Nabirasi bilan yolg‘iz qoldi… Qolganlarga umr bersin… – dedi.
Uning hikoyasini tinglab, ko‘z oldimda butun bir boshli oilaning fojiasi gavdalandi. Mana, shu to‘s-to‘polon yillarda bazo‘r kelib turgan bir necha liralik oylik ham necha oylardan beri kelmayotgandi. Vaqtida juda yaxshi yashagani ko‘rinishidan ma’lum bo‘lgan keksa xonim, asta-sekin barcha narsalarini sota boshlagan, eng oxirida navbat shu mitti qushchaga kelgan bo‘lib, nonvoy hamda baqqoldan talaygina qarzdor edi. Bugun yarimta non hamda bir kaft ko‘mir olishga yetgulik pul topolmagan edi. Kichkintoyni och qoldirmaslik uchun qushni sotishdan o‘zga chorasi yo‘q edi. Shu eski to‘rqafasning ichida boshi hamda bo‘ynini qisgancha o‘zini nimalar kutayotganini o‘ylayotgandek bo‘lib ko‘ringan bechora qush bir chaqaga qimmat; ammo uning bahosi qanchalik ekanini shahidning shu kichik yetimidan so‘rasangiz bormi…
Keksa xonim nabirasini ana shu tilsiz do‘stidan ayirish uchun kim bilsin, qancha vaqt ma’ruza o‘qigan ekan?..
Qush sotilmadi. Buvisi yosh halqalanib turgan ko‘zlarining qiri bilan nabirasiga qaraydi; bolakay ham tashqaridan qaraganda xafadek. Ammo ey, kichik shumtaka, urinishlaring bari befoyda — meni buvingni aldagandek aldayolmaysan! O‘zingni xuddi g‘amgindek ko‘rsatishga uringaning bilan ko‘zlaringning ichi kulib turibdi, qushingni yoqtirishmagani uchun sevinmoqdasan!.. Hozir ko‘rasan.
Qahvaxona egasini o‘rtaga qo‘yib, keksa xonim bilan savdolashishga tushdim. Qafasni istagan narxiga sotib olaman. Keksa xonim stolning ustiga qo‘ygan pullarimni birdaniga olmadi. Bunday oldi-sottilar g‘oyat oddiy hol bo‘lishiga qaramay, unga og‘ir tuyulardi. Faqat pullarning ichidan besh qurush olib, bolakayga berdi. Demak, qushni sotish haqidagi o‘zaro suhbatda oraga bir shart qo‘yilgani aniq… Buvi men bilan oylik haqida suhbatlashyapti. Maqsadi, so‘z orasida qolgan pullarni bilintirmay olish. Garchi shu maqsadda so‘z boshlagan bo‘lsa-da, menga dardini aytayotib, g‘oyat berilib so‘zlaydi.
Suhbatga shunchalik berilib ketganimizdan, kichkintoyning ancha payt yonimizdan ketib qolganiniyam sezmay qolibmiz. Bir oz o‘tib, u qo‘llarida bitta kulcha non hamda qalpoq ushlagancha keldi… Kulcha bilan o‘zining qornini to‘yg‘azadi.
Pulining yarmiga bo‘lsa, qushga don sotib olibdi. Buvisi bilan suhbatlasharkan, unga qarayman. Mitti hovuchiga ozgina don to‘kib, qafasga uzatadi. Qush uning qo‘lidan don yeyishga o‘rgangani ma’lum! Qafasning simlari orasidan tumshug‘ini chiqaradi.
Bola uni ushlab, tumshug‘iga ayriliq o‘pichini qo‘ndirishni istaydi. So‘ngra mening etagimdan tortib, yoshga liq to‘lgan o‘tli nigohlari bilan yuzimga boqib:
– Mana bu don sizda qolsin; unga berasiz. Maylimi?.. – deydi. Qalpoqni olgach, qo‘liga qaytib beraman:
– Bolam, bu qushga men qaray olmayman. Uni senda qoldiraman, yana o‘zing boq! Katta bo‘lganidan keyin olaman, maylimi?..
Keksa xonim bu fikrimni noto‘g‘ri deb topadi.
– Nima farqi bor, buvijon? Bu qushcha kichkintoyga mening bir hadyam bo‘lsin! Faqat nima bo‘lgandayam qushchani boshqa sotmaslik sharti bilan… – deyman.
Turkchadan Gulbahor Abdulloh qizi tarjimasi