Premchand. Shatranj ishqibozlari (hikoya)

Vojid Ali* shoh hukmronlik qilayotgan paytlar edi. Butun Laknov vaqtixushlik va aysh-ishratga mukkasidan ketgan, kattayu kichik, boyu kambag‘al — hamma shu ishga boshi bilan sho‘ng‘igan edi. Kimdir raqsu qo‘shiq ila bazm qurib, ko‘nglini xushlasa, boshqa birov ko‘knori ichib kayf qiladi. Qayoqqa qaramang, shod-xurramlik hokim: saroy a’yonlari orasida deysizmi, she’riyat toliblari, san’atkoru hunarmandlar orasida deysizmi, xullas, hammayoqda taralla-bedod avjida edi. Saroy ahli aysh-ishratdan boshini ko‘tarmas, shoirlar visol va hijron ta’rifi bilan band, hunarmand-kosiblar oltin va kumush suvi yugurtirilgan nozik iplardan har xil liboslar tikish bilan mashg‘ul, savdogarlarning esa xushbo‘y moy-upalarini pullashdan qo‘li bo‘shamasdi. Hammaning kayfi chog‘, ko‘zi suzilgan, olamda ne kechyapti — hech kimning uch pullik ishi yo‘q… Qayoqqa qaramang — hammayoqda askiya, qahqaha. Ana, bir tomonda bedana urishtirishyapti, narigi tomonda kaklik urishtirishga joy hozirlanyapti. Oshiq o‘ynalayotgan tomondan esa qiy-chuv baralla eshitilib turibdi. Sal narida esa shatranjbozlik avjida, tumonat odam. Xullas, shohu gado — hamma ko‘ngil ochish va kayf-safo payidan. Shatranj va qimor o‘yini, ayniqsa, tomir yoygan edi. Sababini so‘ragudek bo‘lsangiz, shinavandalar: «Shatranj, qimor aqlni charxlaydi, fikr yuritish qobiliyatini o‘stiradi, murakkab masalalarni tez hal qilishga o‘rgatadi», deb darrov vaj ko‘rsatishadi (shu taxlit fikr yurituvchi shaxslar hozir ham yo‘q emas), shunday ekan, agar Mirza Sajjod Ali va Mir Ro‘vshan Ali shatranj surib, «aql charxlash» bilan umrguzaronlik qilsa, kim ularga g‘ing deya olardi? Kim?..

Ikkovining ham ota-bobosidan qolgan yer-suvi bor, ikkovi ham tirikchilik tashvishidan bexabar — bekorchilikdan bo‘lak ishlari yo‘q. Ertalab azonda ikki o‘rtoq nonushta qiladiyu shatranj o‘yiniga sho‘ng‘iydi; shatranj taxtasi yozilib donalar teriladiyu jang boshlanadi. Shu o‘tirgancha peshin bo‘lganini ham, kech kirganini ham sezishmaydi. Dam-badam xizmatkorlar kirib, ovqatga chaqirib ketishadi. «Bo‘pti, hozir boramiz, dasturxonni yozaver», deb qo‘yishadi ular xizmatkorlarga bosh ko‘tarmay. Chaqiraverib zerikkach, sho‘rlik oshpazning o‘zi kelib, ovqatni ularning oldiga qo‘yib ketadi. Ular ikkala «ish»ni ham baravar uddalayverishadi: ovqatni ham yeyaverishadi, shatranj ham o‘ynayverishadi. Mirza Sajjod Alining uyida qari-qartanglar yo‘q edi, shu sababli shatranj uning mehmonxonasida o‘ynalardi. Lekin bu, Mirzaning uy ichi uning bu qilig‘idan mamnun edi, degan gap emas edi. Uy ichi u yoqda tursin, butun mahalla-ko‘y, hatto xizmatkorlar ham ertayu kech bu o‘yinni yomonlashgani-yomonlashgan edi: «Be, shuyam o‘yin bo‘ldimi! O‘lgudek iflos narsa! G‘irt buzg‘unchi! Xudo ko‘rsatmasin, bitta-yarimtaga bu o‘yinning jini ilashib qolsa bormi, tamom, ko‘ziga hech narsa ko‘rinmay qoladi: na uy-joyi, na bola-chaqasi. Juda yaramas kasal». Mirzaning xotini ham bu o‘yinni xush ko‘rmas, kezi kelganda erini uzib-uzib olar, lekin bunaqa imkoniyat kamdan-kam bo‘lar edi. Chunki, u hali uyqudan uyg‘onmasidan mehmonxonada o‘yin boshlanib ketgan bo‘lardi. Mirzajiy xobgohga allamahalda, xotini uyquga ketgandan keyin kirib kelardi. Xonim eriga ko‘pda bir narsa deyolmas, bor alamini xizmatkorlardan olardi: «Nima-nima? Pan chaynarmishlar? Borib ayt, o‘zlari kelib olib ketsinlar!.. Ovqat yeyishga vaqtlari yo‘q emishmi? Ovqatini olib borib boshiga ur! Xohlasalar o‘zlari yesin, xohlamasalar itga bersin!..» Ammo shu gaplardan birortasini erining yuziga aytolmasdi. U eridan emas, asosan, Mir sohibdan xafa edi.

Mirzajiy ko‘pincha o‘zini oqlash uchun butun aybni Mir sohibga to‘nkab qo‘ya qolardi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, Mirzajiyning xotini Mir sohibga «Mir tirriq» deb ot qo‘yib olgan edi.

Bir kuni sohiba xonimning boshi og‘rib, oqsoch qizni Mirzajiyning oldiga yubordi: «Chaqirib kel. G‘izillab borib bitta-yarimta tabibdan dori opkeb berarkansiz, degin. Bor», deb tayinladi unga. Mirzajiy: «Bo‘pti, hozir ketingdan chiqaman», deb oqsochni qaytarib yubordi. Sohiba xonimning fe’llari juda tez edi. Xotinining boshi og‘rib tursa-yu, u yoqda eri shatranj o‘ynab o‘tiraversa! Bunga chidab bo‘ladimi? Birpasda qip-qizarib ketdi. Yana oqsochni chaqirdi: «Chiqib, hoziroq yurarkansiz, bo‘lmasa tabibnikiga o‘zlari ketib qolarmishlar, deb ayt!».

Mirzajiy juda zo‘r yo‘lni topgan, ikkita yurishdayoq Mir sohib mot bo‘ladigan ahvolda edi. Mirzajiy tutaqib ketdi.

— E-e, juda o‘lib qolayotgan ekanmi birpas sabr qilib tursa?! — deb baqirib berdi.

— Ha, endi chiqib bir xabar olib kela qolmaysizmi? Bilasiz-ku, xotin zotining tabiati nozik bo‘ladi, — dedi Mir sohib.

— Ie, nega chiqarkanman? Ikki yurishda mot bo‘lib turibsiz-ku!

— Taqsir, juda unaqa katta ketavermang, shundoq bir yo‘lni o‘ylab qo‘yibmanki, mot bo‘lganingizni o‘zingiz ham bilmay qolasiz. Donalaringizning birortasiga ham tegmayman. Boring, xabar olib chiqa qoling. U kishining ko‘nglini og‘ritib nima qilasiz?

— Shu deganingizga mot qilmasdan ketmayman! — dedi Mirzajiy.

— Men o‘ynamayman. Avval siz chiqib xabar olib keling. — E, og‘ayni-ey! Chiqqanimdan keyin tabibnikiga bormasam bo‘lmaydi. Boshi hech ham og‘riyotgani yo‘q. Meni ovora qilishga bir bahona bu.

— Mayli, nima bo‘lganda ham, har holda, u kishining hurmati-da.

— Bo‘pti, boraman, yana bitta yurish qilay…

— Yo‘q, yo‘q, bo‘lmaydi! To siz chiqib xabar olib kelmas ekansiz, biror donaga qo‘l tekkizmayman.

Mirzajiy noiloj ichkariga kirdi. Xotini, qoshlari chimirilgancha, inqillab-sinqillab dedi:

— Shu yer yutkur shatranj sizga namuncha aziz ekan-a? Bu yoqda birov o‘lib ketsa ham, o‘rningizdan turay demaysiz-a! Ishqilib hech kim sizga o‘xshamasin!

— Nima qilay, Mir sohib yo‘q, deb turganlaridan keyin? Arang chiqib keldim.

— Mir sohib o‘zlari g‘irt bekorchilar, boshqalarni ham shunaqa deb o‘ylaydilar, shekilli? Bola-chaqali odam… Yo ulardan ham voz kechib yuborganmilar? — dedi sohiba xonim.

— Juda shilqim odam-da. Kelib, o‘ynaymiz, deb turib olgandan keyin men ham noiloj…

— Haydab yuborsangiz bo‘lmaydimi?

— Ha endi, o‘zimiz tengi odam bo‘lsalar. Darajalari mendan ikki enli yuqori ham. Istihola qilarkan-da, odam…

— Siz haydamasangiz, mana, men haydab yuboraman. Xafa bo‘lsalar bo‘la qolsinlar! Nima, bizga o‘tkazib qo‘yganlari bormi? Xafa bo‘lsalar, o‘zlaridan! Ho‘, Hariya, mehmonxonaga chiqib, shatranjni olib kel. Mir sohibga ayt, xo‘jayin endi o‘ynamas ekanlar, ketaverarkansiz, deb.

— Hoy, hoy! Nima deyapsan? Meni sharmanda qilmoqchimisan? Hoy, Hariya, to‘xta, qayoqqa ketyapsan? — dedi Mirza sohib o‘takasi yorilib.

— Ha, nega to‘sasiz yo‘lini! Yoqmaydimi, a? Xo‘p, buning yo‘lini to‘sdingiz, qani, menikini ham to‘sib ko‘ring-chi! Bir ko‘rib qo‘yay!

Shunday deb, sohiba xonim shartta mehmonxona tomon yurdi. Buni ko‘rib, Mirza sho‘rlikning esi chiqib ketdi. «Hoy, xotin, qo‘y endi, nima qilsang qil, lekin u yoqqa borma» deb shuncha yalinib-yolvordi, ammo gapi kor qilmadi. Sohiba xonim mehmonxona eshigiga yaqinlashdi-yu, erkak zotining huzuriga kelayotgani esiga tushib, taqqa to‘xtadi. Sekin ichkariga mo‘raladi. Lekin… xonada hech kim yo‘q edi. Mir sohib bir-ikkita donaning o‘rnini almashtirib qo‘yib, hech narsa bilmagan kishidek, tashqarida aylanib yurar edi. Sohiba xonim aytgan gapidan qaytarmidi? Shartta ichkariga kirib, o‘yinni buzib tashladi. Donalarning birini u yoqqa uloqtirdi, birini bu yoqqa. Eshikni bekitib, ichkaridan zanjirladi. Tashqarida aylanib yurgan Mir sohib shatranj donalarining birin-ketin hovliga uloqtirilayotganini ko‘rdi, billur bilaguzuklarning sharaq-shurug‘ini eshitdi. Eshikning qarsillab yopilganiga ko‘zi tushgach, sohiba xonimning avzoyi buzilganini sezdi-da, sekingina uyiga juftakni rostladi.

— Ishni rasvo qilding-ku! — dedi Mirza sohib xotiniga qarab.

— Agar Mir sohib yana biznikiga qadam bosadigan bo‘lsa, haydab yuboraman. Siz u yoqda shatranj o‘ynang-da, men bu yerda qozon-tovoqning tashvishini qilib o‘tiraymi? Tabibnikiga borasizmi yo hali ham o‘ylab turibsizmi?

Mirza uydan chiqib, tabibnikiga borish o‘rniga to‘g‘ri Mir sohibning uyiga jo‘nadi, borib hamma gapni aytib berdi.

— Qarasam, derazadan donalar uchib chiqyapti, — dedi Mir sohib. — Darrov nima gapligiga tushundimu juftakni rostladim. Juda qattiq jahllari chiqqan ko‘rinadi. Siz o‘zingiz uni boshingizga chiqarib qo‘ygansiz-da. Shu ishingiz ma’qul emas menga. Shatranj o‘ynashingiz bilan xotin kishining necha pullik ishi bor? U kishining vazifalari — uy-ro‘zg‘orni boshqarish. Bo‘lak narsaga burunlarini suqib nima qiladilar?..

— Ha, mayli. Xo‘sh, endi qayerda yig‘ilishamiz? Shundan gapiring! — dedi Mirzajiy.

— Be-e, shuyam tashvishmi? Mana, hayxotday uy, huvillab yotibdi. Shu yerda yig‘ilishamiz-da!

— Bunga sohiba xonimni qandoq ko‘ndiraman? Uyda o‘ynaganimga shuncha janjal-to‘polon, endi bu yerda yig‘iladigan bo‘lsak, menga kun bermay qo‘yadi-ku!

— E-e, qo‘yavering, og‘izlariga kelganini gapiraversinlar, uch-to‘rt kunda o‘zlaridan o‘zlari tinchib qoladilar. Lekin siz shu bugundan boshlab sal mahkamroq turing.

 

2

Mir sohibning xotini esa, aksincha, erining uydan uzoqda yurishini ma’qul ko‘rardi. Shu bois erining shatranj surishi unga malol kelmas, aksincha, goho ertalablari Mir sohib uxlab qolsa, «Og‘ayningiznikiga kech qolyapsiz-ku», deb uyg‘otib qo‘yardi. Mir sohibning kallasiga «Xotinim nihoyatda og‘ir, bosiq tabiatli» degan xato bir fikr o‘rnashib qolgan edi. Endi shatranj unikida o‘ynalib, Mir sohib kun bo‘yi uyda qoladigan bo‘lgach, xotini tashvishga tushib qoldi. Negaki, uning erkinligiga putur yetgan, umri ichkarida o‘tadigan bo‘lgan edi.

Xizmatkorlar orasida ham shivir-shivir boshlandi. Ilgari hammasi kun bo‘yi pashsha qo‘rib yotardi. Uyga birov keladimi, ketadimi, bu bilan ularning hech ishi yo‘q edi. Endi esa kechayu kunduz tinim yo‘q: hali pan olib kel, deb buyruq beriladi, hali shirinlik olib kel deb; hali u, hali bu… Chilim jonivor-ku, ertayu kech oshiq yurakday yonib turmasa bo‘lmaydi. Xizmatkorlar kunda-kun ora sohiba xonimning oldiga kirib, shikoyat qilishadi:

— Bekam, taqsirning shatranji boshga balo, jonga azob bo‘ldi-ku, uzzukun u yoqdan-bu yoqqa yuguraverib, oyoqni qadoq bosdi-ku. Ertalab bir o‘tirgancha kechqurun qo‘zg‘alishadi. Shu ham o‘yin bo‘ldi-yu! O‘yin degan bir soat-yarim soat, ermak uchun o‘ynaladi-da! Hay, mayli, noshukr bo‘lmaylik, biz taqsirning qullarimiz, nimaiki buyursalar so‘zsiz bajo keltiramiz. Lekin o‘yin o‘zi juda yaramas narsa ekan-da. Biz shunga kuyib-pishyapmiz. Buni o‘ynaydigan odamga hech qachon fayz kirmasmish, uyiga albatta biror ofat kelar emish. Shu o‘yin orqasidan butun boshli mahallalar yer bilan yakson bo‘lganini ko‘rganlar bormish. Hozir butun mahallaning og‘zida shu gap. Bizga ham oson tutmang: taqsirning tuzini ichamiz, shuning uchun xo‘jayinimiz to‘g‘risidagi yomon gaplar yoqmaydi. Lekin qo‘limizdan nima ham kelardi?

Ularning bu gapiga sohiba xonim:

— Shu o‘yin o‘zimga ham yoqmaydi. Lekin koshki bu kishi birovning gapiga quloq solsalar? Nima qilishga ham hayronman, — deb javob qaytarardi.

Mahallada uch-to‘rtta eski fikrli odam bor edi. Ular o‘tirib olib har kuni qandaydir falokat, baxtsizliklar haqida vahima gaplarni tarqatishdan boshqasini bilishmasdi. «Endi sog‘ qolmaymiz, — derdi ular. — Arboblarimizningki holi shu bo‘lgach, davlatimizni xudoning o‘zi asrasin! Podsholik shatranj tufayli kunpayakun bo‘ladi. Alomatlar juda yomon».

Butun mamlakatni qo‘rquv chulg‘ab olgan edi. O‘g‘ri va qaroqchilardan kechasi ham, kunduzi ham tinchlik yo‘q, xalqning zoriga hech kim quloq solmasdi. Qishloqlardagi butun boylik Laknovga oqib kelar va fohishalar, qiziqchi-masxarabozlar hamda aysh-ishrat bilan bog‘liq boshqa ko‘ngilxushliklarga sovurilardi. Inglizlardan olingan qarz kun sayin ko‘payib bormoqda, ahvol kundan-kunga og‘irlashmoqda edi. Davlatda tartib-intizom bo‘lmaganidan yillik soliq ham yig‘ilmay qolib ketardi. Ingliz hokimi o‘qtin-o‘qtin ogohlantirib qo‘yardi, lekin hech kimning qulog‘iga gap kirmasdi: hamma aysh-ishrat bilan mast edi.

Shunday qilib, shatranj o‘yini Mir sohibnikiga ko‘chganiga ham uch-to‘rt oy bo‘ldi. Bu payt ichida qanchadan-qancha dona surildi, qanchadan-qancha yangi mudofaa usullari qo‘llab ko‘rildi. O‘yinlar bir-biriga o‘xshamas, har gal taxtada albatta yangi bir vaziyat vujudga kelardi. Ba’zan o‘yin vaqtida aytishib qolib, hatto san-manga ham borib qolishar, lekin zum o‘tmay yana apoq-chapoq bo‘lib ketishardi. Goho janjallashib qolib, o‘yinni buzib tashlashar, Mirzajiy arazlab, uyiga ketib qolar, Mir sohib ham jahl bilan uyiga kirib o‘tirib olardi. Lekin ertalab ularni yana mehmonxonada, taxta atrofida ko‘rishardi.

Bir kuni ikki og‘ayni berilib shaxmat o‘ynab o‘tirgan edi, tuyqus podshoning bir sarbozi otda Mir sohibni chaqirib kelib qoldi. Mir sohibning boshidan hushi uchdi. «Nima balo bo‘ldiykin? Nega chaqirtirganiykin? Yaxshilikka o‘xshamaydi». Shunday deb eshikni bekitdi-da, xizmatkorga tayinladi: «Uyda yo‘qlar, deb aytib yubor».

— Uyda bo‘lmasalar, qayoqqa ketganlar? — deb so‘radi sarboz.

— Xabarim yo‘g‘-a. Nima yumushingiz bor edi?

— Be, nimaligini senga aytarmidim! Hazratning o‘zlari yo‘qlatganlar. Balki qo‘shinga kerakdir. Juda tulkiga o‘xshaydi bu xo‘jayining. Urushga bormagan, qiyinchilik ko‘rmagan-da! Borsa bilardi!

— Xo‘p, bo‘lmasa, aytib qo‘yaymi?

— Bu aytib qo‘yadigan gap emas! Birga olib kelgin, deb buyruq qilingan. Ertaga o‘zim yana kelaman.

Shunday deb otliq jo‘nab ketdi. Mir soxibning yuragiga g‘ulg‘ula tushdi. «Taqsir, siz nima deysiz, endi bu yog‘i nima bo‘larkin?» deb Mirzajiydan so‘radi.

— Holimizga voy! Meni qam chaqirib qolmasaydi hali, — dedi Mirzajiy.

— Bu padaringga la’nat ertaga yana kelaman deb ketdi-ya! — deya kuyundi Mir soqib.

— Boshga balo bo‘ldi, degani shu-da! Ertaga borib jangga kirgin, deb qolsa nima bo‘ladi? Tiriklayin o‘lganimiz shu bo‘ladi-da!

— Bo‘ldi, buning bir yo‘li bor, — dedi Mir sohib. — Ertadan boshlab ikkalamiz ham uyda bo‘lmaymiz. Go‘mtiyning bo‘yida bironta tashlandiq-pashlandiq joyga bekinib olib, shaxmatni o‘sha yerda o‘ynayveramiz. U yerdan bizni kim topardi? Odamlar kelib, bizni uydan topolmay, qaytib ketaveradi!

— E, qoyilman! Aqlingizga balli! O‘zi shundan boshqa yo‘li ham yo‘q.

Shu tob hovlida Mir sohibning xotini sarboz bilan shivirlashib turganidan esa ularning xabarlari yo‘q edi.

— Bopladingiz! — dedi sohiba xonim.

— Men bunaqalarni bir qo‘limda o‘ynataman. Bularning es‑xushi shatranjda, yurak degan narsa qolgan emas. Mana, ertadan boshlab uyda qorasini ko‘rmaysiz.

 

3

Ertasidan ikki o‘rtoq azonlab uydan chiqib ketishni odat qilishdi: bir kichikroq sholcha bilan pan solingan qutichani qo‘ltiqlariga suqishadi-da, Go‘mtiy daryosining narigi betidagi tashlandiq bir masjidga qarab yo‘l olishadi. Yo‘lda tamaki, chilim, sharob ham xarid qilishadi. Masjidga kela solib, sholchani yozib, chilimni to‘ldirishadi-da, shatranj o‘ynashga tushib ketishadi. Shu o‘yinga tushgancha dunyodan uzilishadi. Atrofda nima bo‘lyapti, bu bilan hech ishlari yo‘q. Ikkovining og‘zidan kun bo‘yi «kisht», «shohidan bo‘lak boshqa so‘z chiqmaydi. Peshin kirib, qorinlari ochgach, ular o‘sha atrofdagi bironta nonvoyning do‘koniga borishadi. O‘sha yerda non yeb, chilim chekib, o‘zlarini yana jang maydoniga urishadi. Ba’zan esa ovqat yeyish ham eslaridan chiqib ketadi.

Bu yoqda esa mamlakatdagi siyosiy ahvol kundan-kunga dahshatli tus olmoqda edi. Ingliz qo‘shinlari Laknovga qarab yaqinlashib kelmoqda. Shahar to‘s-to‘polon. Hamma bola-chaqasini olib qishloqlarga qochgan. Lekin qahramonlarimizning parvolari falak. Ikkala ulfat ertalab uydan chiqib, to daryo bo‘yidagi manzilgohlariga yetib borguncha faqat tor-pastqam ko‘chalardan yurib borishadi, chunki podshoning bitta-yarimta mulozimi ko‘rib qolib, bekordan-bekorga qo‘lga tushib qolishdan qo‘rqishadi. Yiliga ming-ming rupiya foyda keltirib turgan yer-suvini ikkovi ham o‘zlari yeb ketmoqchi edi.

Bir kuni ikkovlon masjid xarobasida dona surib o‘tirgan edi. Mir sohibning qo‘li sal pastroq, Mirzajiy esa ustma‑ust shoh berib yotibdi. Shu mahal uzoqdan inglizlar ko‘rindi. Ular Laknovga o‘z hokimiyatini o‘rnatish niyatida kelayotgan oq tanli askarlar edi.

— Inglizlarning qo‘shini kelyapti! E, xudo, o‘zing asra! — dedi Mir sohib.

— Kelsa kelavermaydimi! Siz shohingizni olib qoching. Mana, shoh!

— Bekinib olib, bir ko‘rsak bo‘lardi-da, kelayotganlarni, — dedi Mir sohib.

— Ko‘rgingiz kelsa, ko‘ravering! Shoshadigan joyimiz yo‘q. Mana, yana bitta shoh!

— Obbo! To‘plari ham bor ekan. Odamlari besh mingdan kamga o‘xshamaydi. Hammasi yosh-yosh yigitlar. Hammasining afti maymunnikiga o‘xshaydi. Ko‘rsang, qo‘rqib ketasan.

— Taqsir, ko‘p nayrangvozlik qilavermang, — dedi Mirzajiy. — Bunaqa hiylani xolangizga ishlatasiz. Mana, yana bitta shoh!

— Ie, siz juda qiziq odam ekansiz-ku! — dedi jahli chiqib Mir sohib. — Shaharga balo-qazo yopirilib kelyapti-ku, siz «shoh-shoh» deb o‘tiripsiz-a! Shahar qurshab olinsa, uyga qanaqa qilib ketasiz. Shuni hech o‘ylab ko‘rdingizmi o‘zi?

— Uyga ketadigan payt bo‘lsin, o‘shanda o‘ylab ko‘ramiz qanaqa qilib ketishni. Yana bitta shoh! Tamom, mot bo‘ldingiz.

Qo‘shin o‘tib ketdi. Soat ertalab o‘nlar edi. Yana boshqatdan o‘yin boshlandi.

— Bugun ovqatga nima qilamiz? — deb so‘radi Mirzajiy.

— Ie, bugun ro‘za-ku! — dedi Mir sohib. — Ha, qorningiz ochdimi?

— Yo‘q, unchalik emas. E-e! Shaharda nimalar bo‘layotganiykin?!

— Menimcha, shaharda hech narsa bo‘lmayapti, — dedi Mir sohib. — Hamma qorinni to‘ydirib, mazza qilib uyquni urib yotgan bo‘lsa kerak. Hoynahoy, oliy hazratning o‘zlari ham ishratxonalarida bo‘lsalar kerak.

Ikkala o‘rtoq yana o‘yinga berilgancha soat uchgacha o‘tirishdi. Bu gal Mirzajiyning qo‘li pastroq edi. Soat endigina to‘rtga bong urgan xam ediki, qo‘shin qaytib qoldi. Vojid Ali shoh hibsga olingan, ingliz qo‘shini uni allaqayerga olib ketmoqda edi. Shaharda na to‘s-to‘polon bo‘ldi, na qirg‘in. Bir tomchi ham qon to‘kilmadi. Hali hech bir mustaqil mamlakatning podshosi shu qadar tinch, bir tomchi ham qon to‘kmay turib taslim bo‘lmagan chiqar. Bu xudolarni xushnud qiladigan ahimsa*  emas, o‘taketgan qo‘rqoqlik edi. Shunday bir qo‘rqoqlik ediki, buni ko‘rib manman degan qo‘rqoqlarning ko‘zidan tirqirab yosh chiqib olib ketishyapti-yu, poytaxt Laknov aysh-ishrat uyqusida. Siyosiy tubanlik ham shunchalik bo‘lar-da!

— Bu zolimlar oliy hazratni asir qilib olishibdi-ku, — dedi Mirzajiy.

— Bo‘lsa bordir, — dedi Mir sohib. — Mana, bitta shoh!

— Taqsir, birpas sabr qilsangiz-chi! Shu paytda o‘yin yurakka sig‘adimi? Hozir hazrat bechora qon yig‘layotgan bo‘lsa kerak.

— Yig‘lasa arziydi. Endi bunaqa aysh-ishrat unga qayoqda nasib bo‘ladi? Mana, bu bitta shoh!

— E-e! Umr bir tekis o‘tmas ekan-da! Sho‘rlikka odamning yuragi achiydi.

— Ha, hayot o‘zi shunaqa. Mana, manavi shohga nima deysiz? Bu galgi shohga motsiz, qochadigan yo‘lingiz qolmadi.

— Xudo haqqi, juda yuragingiz tosh ekan! — dedi Mirzajiy. — Shunday mudhish hodisani ko‘ra turib ham yuragingiz achimaydi-ya! E, voh, sho‘ring qurg‘ur Vojid Ali shoh!

— Oldin o‘zingizning shohingizni qutqarsangiz-chi, keyin oliy hazratga aza tutasiz. Manavi shohga motsiz! Qani, qo‘lni tashlang!

Qo‘shin podshoni olib, ro‘paralaridan o‘tib ketdi. Ular ketishi bilan Mirzajiy yana donalarni tikdi. Yutqizishning alami juda yomon bo‘ladi. «Keling, endi, oliy hazratga motam tutib, bir marsiyaxonlik qilaylik», deb taklif qildi Mir sohib, Mag‘lubiyat bilan birga Mirzadagi vatanparvarlik hissi ham yo‘qolgan, u nima qilib bo‘lmasin mag‘lubiyat alamini olmoqchi edi.

 

4

Kech kirdi. Xarobada ko‘rshapalaklar chig‘irlay boshladi. Qaldirg‘ochlar qaytib hammasi o‘z in-iniga yopirildi. Ikki ishqiboz hanuz olishib yotibdi, go‘yo bir-birining qoniga tashna raqiblar olishayotgandek. Mirzajiy uch o‘yinni ketma-ket yutqazdi, bunisining ham uncha mazasi yo‘q edi. U har gal shunisini albatta yutaman, deb ehtiyotkorlik bilan boshlaydi, lekin bironta yo‘lni noto‘g‘ri yurib qo‘yadi-da, o‘yinni boy beradi. Yutqazgani sayin o‘ch olishga intilish ham kuchayib borardi. Mir sohib esa xursandligidan dam xirgoyi qiladi, dam hazil-mutoyiba. Xuddi xazina topib olganday sevinchi ichiga sig‘maydi. Unga sari Mirzajiy tirishib, alamini bildirmaslik maqsadida xirgoyini maqtab-maqtab qo‘yadi. Oxiri u sal narsaga tutaqa boshladi va Mir sohibga qarab dedi:

— Taqsir, bunaqa yurganingizni qaytib olmang-da! Bu qanaqasi bo‘ldi: yurishga yurasiz-da, yana qaytib olasiz? Yurdingizmi — bo‘ldi, qaytib olish yo‘q!

Yoki:

— Ie, nega donani ushlayapsiz? Qo‘yib qo‘ying donani!

Yo‘lingizni o‘ylab olmaguncha, donaga tegmang! Siz har bitta yo‘lni yarim soatdan o‘ylayapsiz. Bunaqasi ketmaydi. Kim bitta yo‘lni besh minutdan ortiq o‘ylasa, o‘sha yutqazgan bo‘ladi. Yana yurganingizni qaytib oldingiz?! Qani, darrov qo‘yib qo‘yingchi joyiga!

Mir sohibning farzini zarba ostida edi. «Qani yurganim?» dedi u Mirzajiyga qarab.

— Siz yurib bo‘ldingiz! Donani joyiga qo‘yib qo‘ying. O‘sha katakka qo‘ying!

— Nega o‘sha katakka qo‘yarkanman? Qani, donani qo‘limdan qo‘yganim yo‘q-ku!

— Siz donani ushlab o‘tiraverasiz, biz-chi, poylab o‘tiraveramizmi qiyomatgacha?

— Ko‘rdingizki, farziningiz ketyapti, darrov g‘irromlik qilishga o‘tdingiz! — dedi Mirzajiy.

— G‘irromlik qilayotgan siz! Yutish-yutqizish har kimning peshonasida. G‘irromlikdan foyda yo‘q!

— Bo‘lmasa siz bu o‘yinni yutqazdingiz! — dedi Mirzajiy.

— Nega endi yutqazarkanman? — dedi Mir sohib.

— Bo‘lmasa donani qaysi katakdan olgan bo‘lsangiz, o‘shanga qo‘yib qo‘ying!

— Nega qo‘yarkanman? Qo‘ymayman! — dedi Mir sohib.

— Nega qo‘ymaysiz? Qo‘yasiz!

Aytishuv keskin tus oldi. Ikkalovi ham faqat o‘zinikini ma’qullardi. Na unisi yon bosay deydi, na bunisi. Hatto birbirlarini haqorat ham qila boshlashdi.

— Ota-bobolaringizdan loaqal birontasi shatranj o‘ynagan bo‘lgandaydi, siz ham bilardingiz buning qonun-qoidasini! — dedi Mirzajiy. — Otangizning umri yugurdaklik bilan o‘tgan bo‘lsa, siz shatranj nimaligini qayerdan ham bilardingiz? Boylik o‘z yo‘liga. Boy bo‘lgan bilan hamma odam bo‘lib qolavermaydi.

— Nima-nima? O‘zingizning otangiz yugurdaklik qilgan bo‘lsalar kerak. Bizning ota-bobolarimiz hammasi shatranj o‘ynab kelishgan, — dedi Mir sohib.

— E-e, qo‘ysangiz-chi bo‘lmagan gapni! Otangizning umri G‘oznuddin Haydarning dargohida oshpazlikda o‘tgan-ku! Endi bugun zamindor bo‘lib qolibdilar-da! Zamindor bo‘lish maynavozchilik ekanmi?

— Nima qilasiz ota-bobolaringiz nomini qoralab? Oshpazlik qilgan bo‘lsa qilishgandir ular. Bizning avlod doimo shoh bilan bitta dasturxonda o‘tirib tanovvul qilib kelgan, — dedi Mir sohib.

— E-e, tur-ey, ablah! Hadeb karillayverma! — deb tutaqib ketdi Mirzajiy.

— Tilingizni tiying, bo‘lmasa yomon bo‘ladi. Men bunaqa gaplarni eshitib yurgan odam emasman. Bizning avloddagilar o‘qrayib qaraganning ham ko‘zini o‘yib olgan. Bormi yurak?

— Hali siz mening yuragimni ko‘rmoqchimisiz? Bo‘pti, chiqing buyoqqa! Shu bugun ajrim bo‘laylik: yo u yoqlik, yo bu yoqlik.

— He, bu yerda sendan qo‘rqadigan bormi? — dedi Mir sohib.

Ikkala o‘rtoq shartta belidan qilichini sug‘urdi. Shohlar zamoni emasmi, hamma qilich, xanjar taqib yuradi. Ikkovi ham ishratga mukkasidan ketgan, lekin qo‘rqoq odamlar emas edi. Ikkovida ham siyosiy ong degan narsadan uch pullik qolmagan edi. Podshoh uchun, podshohlik uchun nega jonni fido qilarkanman, deb o‘ylardi ular, lekin o‘zining kuchini ko‘rsatishdan tap tortishmasdi. Ikkovi ham yaralanib, yerga tappa‑tappa yiqildi, tipirchilab-tipirchilab, ikkovi ham o‘sha yerda jon berdi. O‘z yurtining shohi uchun ko‘zidan bir tomchi yosh chiqmagan bu ikki kimsa shatranj taxtasidagi vazirni deb jonini qurbon qildi.

Qorong‘i tushdi. Taxtadagi donalar buzilmay turibdi. Ikki shoh o‘z taxtida o‘tirib, go‘yo bu ikki bahodirning o‘limiga ko‘z yoshi to‘kmoqda.

Chor atrof jimjit. Xarobazordagi hamma narsa — vayrona mehroblar, qulagan devorlaru g‘ubor qoplagan minoralar xuddi bu ikki murdaga tikilib, bosh chayqayotgandek…

Hindiy tilidan Ansoriddin Ibrohimov tarjimasi

“Yoshlik” jurnali, 1990 yil 11-son

––––––––––––
* Vojid Ali – Ko‘hna Avadh (Shimoliy Hindiston) mamlakatining so‘nggi podshohi, 1847—1856 yillarda hukmronlik qilgan. (Tarj.)

* Ahimsa – jaynizmdagi (hinduizm va buddizmda ham bor) jonli mavjudotga ziyon yetkazmaslik haqidagi diniy-axloqiy aqida. (Tarj.)