Ayyub ko‘rfazidan chiqqan kema Fanardan keyin Kasimposhshoga tomon yo‘l olgan edi hamki, ikkinchi darajali salonning sigara tutuni orasidan mayin bir tovush eshitildi:
— Muhtaram yo‘lovchilar, diqqat eting!
Etti-sakkiz yoshlarga kirgan jajjigina qizcha salonning iflos poliga kaftlarini tirab oyog‘ini osmonga ko‘tarib qo‘li bilan u yoqdan-bu yoqqa yurarkan, uzun sariq sochlari yerni supura boshladi. Yirtiqlaridan badani ko‘rinib turgan ishtoni ingichka qayish bilan mahkam siqib boylangan edi.
Salonning oxiriga borgach, chaqqonlik bilan oyoqqa turdi-da, xalqqa ta’zim qildi.
Aksirish, yo‘tal, bosh og‘rig‘i, tish og‘rig‘i, tumov kasallarining dorilari, har xil ustaralar, tish parashogi, kremlar, muhri sharif nusxalari sotuvchilarning vaysashlaridan gangigan xalq ishning yana kissaga kelib taqalishini bilgani uchun qiziqmasdi.
Qizcha esa… u ham odamlarni uncha qiziqtirishga umid bog‘lamasdi. Ketma-ket hunarini ko‘rsatar va har bir ko‘rsatgan nomeridan keyin xalqqa ta’zim qilishni unutmasdi.
Navbat eng so‘nggi nomerga keldi. Qizaloq yerga o‘tirdi, avval o‘ng, keyin chap oyog‘ini ikki yelkasiga qo‘yib teskari o‘girildi, bir ko‘zi ko‘r boshini oyoqlari orasiga suqib, g‘alati hayvonga o‘xshab oldi-da, kemadagi yo‘lovchilarga termula boshladi.
Xalq hali ham loqayd edi. Qo‘qqisdan otilgan zambarakday sakrab o‘rnidan turib ketgan qizaloq xalqqa yana ta’zim qildi…
Sadaqa yig‘ishga navbat keldi. Qalam ushlashi lozim bo‘lgan kichkinagina qo‘lini ochib ishga kirishdi. U shu qadar parvosiz ediki… Odamlar so‘ksa ham, masxara qilsa ham pinagini buzmay, o‘zini ko‘rsatish uchun savlat bilan u yoqdan-bu yoqqa yurar edi, hatto hovuzchaga tasodifan tushib qolgan sariq yuzliklarga ham boqmas, peshonasidagi bir tutam sochini boshini bir silkitish bilan orqaga tashlardi.
Navbat menga kelgan edi. U ro‘paramga kelib to‘xtadi, sog‘lom ko‘zi bilan yuzimga bir nafas tikildi. Sog‘lom ko‘zi shahlo va ravshan edi.
— Menga hammadan keyin uchra, — dedim.
Yuzimga takror boqdi.
Bitta yigirma beshlik chiqarib ko‘rsatdim.
— Eng keyin uchrasang, shuni senga beraman!
U yelkasini qisdi.
— Men Neyin emasmanki…
— Neyin deganing kim o‘zi?
— Bilmaysanmi?
— Yo‘q…
— Unday bo‘lsa bu pulni menga nima uchun beryapsan?
— Ko‘rsatgan hunarlaring uchun…
— Buning uchun hech kim menga yigirma besh qurush bermaydi-ku…
— Men beraman…
— Rostdanmi?
— Albatta, rostdan…
Menga shubha bilan qaragach, labini qiyshaytirdi.
— Ber bo‘lmasa!
— Anovi yo‘lovchilardan ham olgin, keyin…
— Foydasi yo‘q…
— Nega?
— Hech narsa chiqmaydi. Buni qara!
U qo‘lidagi uchta sariq yuztalikni ko‘rsatdi.
— Har kuni shunaqa. Ishlaysan, topasan, qo‘lingdan tortib olishadi.
— Kim?
— Dadam bilan onam…
— Dadang nima ish qiladi?
— Dorboz…
— Onang-chi?
— Onam ham… Hammamiz dorbozmiz. Chodirimiz, arqonimiz, asbob-uskunalarimiz bor, ammo…
— Xo‘sh?
— Dadam aroqxo‘r, onam ham… Qani ber yigirma beshtalikni.
Qo‘limdagi yigirma beshtalikni ko‘rsatdim-ku, lekin bermadim.
— Buni ham dadangga berasanmi?
— Yo‘q, jonim.
— Bo‘lmasa, nima qilasan?
— Peshingacha nima topsam qornimni yaxshilab tuyg‘azaman, bir; kinoga tushaman, ikki; gazli limonad ichaman, uch… Kasimposhshoda bugun juda ajoyib bir film bor…
Uning shahlo ko‘zi chaqnab ketdi.
Yana boshqa yigirma beshtalik chiqardim.
— Buni ham senga beraman.
Ko‘zi yanada chaqnab ketdi.
— Rostmi? Menga ellik qurush berasanmi? Nega berasan?
Yonimga o‘tirdi. Xursand bo‘lib oyog‘ini likillatar, jajji go‘zal qo‘llarining uzun nozik barmoqlarini o‘ynardi.
— Ha, nega menga shuncha pul berasan? Menga hech kim buncha ko‘p pul bermaydi…
Qizaloqning jag‘i ochilib ketdi, bijir-bijir qilardi, onasi, dadasi, Nevin va Nasrin to‘g‘risida gapirardi.
Nevin undan ikki yosh katta ekan, Nasrin yetti yosh katta ekan. Nevin qip-qizil ahmoq ekan. Topgan pullarining hammasini otasining qo‘liga olib kelib bersa ham, kaltakdan qutulmas ekan.
Ammo Nasrin… Nasrin muttahamning muttahami.
U etikdo‘zning o‘g‘lini shunday bir tuzoqqa ilintirganki, bir kun kechasi Bo‘zdugandagi qamoqxona oldida etikdo‘zning o‘g‘li bilan aylanib yurganlarida Nasrin qasddan o‘zlarini mirshabga tutib beribdi. Mirshab ularni politsiya idorasiga olib boradi. Doktor tekshirib Nasrinni qo‘yib yuboribdi, etikdo‘zning o‘g‘li qamalibdi. Chunki Nasrin norasta go‘dak ekan. Nasrin qasddan shunday qildi… Nasrin shaytonning o‘zginasi, ammo Nevin…
— Biroq, tentak, — dedi qizcha, — hamma pulini dadamga berib ustiga kaltak ham yeydi.
— Sen-chi?
— Men ham kaltak yeyman, lekin kinoga boraman, limonad ichaman, qornimni yaxshilab to‘yg‘izaman-ku.
— Bu ko‘zingga nima qilgan?
Qizchaning shodligi g‘oyib bo‘ldi.
— Dadam bir kecha mast bo‘lib kelib ko‘zimga katta tayoq bilan urdi, keyin kasalxonaga olib borishdi, doktor ko‘zimni pichoq bilan o‘yib oldi.
— Joning juda qattiq og‘rigandir?
— Xabarim yo‘q, behush edim… O‘zimga kelsam, xuddi kichkina xonimlarga o‘xshab karavotda chalqancha yotibman… Chiroyli bir hamshira menga sut berdi, tekinga… Doktor ham katta shokolad olib kelib berdi… Men shokoladni juda yaxshi ko‘raman. Shokoladni nimadan qilishlariki bilasanmi?
Men qisqacha qilib tushuntirib berdim. U ishtiyoq bilan tingladi.
— Bir liram bo‘lsa, hammasiga shokolad olsam-da, yeyaversam, yeyaversam, yeyaversam…
Xayolga toldi.
Kema Kasimposhshoga yaqinlasharkan irg‘ib o‘rnidan turdi.
— Qani, pullaringni ber endi!
Pullarni yulqib oldi-da, jajji oyoqchalari bilan yugurib ketdi.
Uning sog‘lom ko‘zi juda ajoyib edi.
Turkchadan Rustam Kamolov tarjimasi