Injuning otasi uyga xuddi bir xum tilla topib olgan kishidek ko‘tarinki kayfiyatda kirib keldi:
– Mana buni olib qo‘y, xotin! Biror tayin yerga qo‘yib qo‘y. «Qarzing mingdan oshdimi, har kun tovuq ye!» deyishgan qadimgilar, – dedi.
Ayol lotereya chiptasiga hayrat bilan qaradi. So‘ngra:
– Bu nima, xo‘jayin? – deya so‘radi.
– Lotereya… Kassaning oldidan o‘tib ketayotgandim. Shunda ich-ichimdan bir his o‘sha yoqqa torta boshladi. Taqqa to‘xtadim. Shaytonning gapiga kirib, yuz yigirma besh liraning boshiga yetdim…
– Modomiki, ichingizda shu xohish uyg‘ongan ekan, u holda yaxshi qilibsiz!
Inju onasining qo‘lidan chiptani olib, unga uzoq vaqt tikilib turdi. Keyin uni otasining qalin jildli kitoblaridan birining orasiga solib qo‘ydi.
Ovqatlanishayotganda xotin eriga:
– Judayam mulohazali odamsiz-da! – dedi.
– Hech bo‘lmaganda besh ming yutsa, deb o‘ylayapman…
– Yana qanday besh ming?
– Lotereya oldim-ku!
– Eh-h, xo‘jayinjon, u kunlar qayoqda deysiz?
– Bilasanmi, agar besh ming yutib olsam, darrov ishdan bo‘shab, qarzlarimni to‘lab…
– Xo‘-o‘sh?
– Istanbul bo‘ylab sayohat qilaman!
– Bo‘lmaydi! Ishdan faqatgina o‘n besh kunga ruxsat olasiz! Birga sayohatga chiqamiz. Bir o‘zingiz ketadigan bo‘lsangiz, yaxshi-yomon ko‘p, yana bir ishkalni boshlab yurmang, tag‘in!
– Meni o‘z holimga qo‘y! Qo‘limga besh ming lira tushib turibdi! Bunday imkoniyat boshqa keladimi-yo‘qmi!
– Shoshmang, avval mening gaplarimni yaxshilab tinglang! Sizning qo‘lingizga shuncha pul tushadigan bo‘lsa, chirt-pirt qilib, bir pasda yo‘q qilasiz! O‘sha besh mingning ostidan kirib, ustidan…
– Shunday deyishga qanday tiling bordi? Xuddi men bir necha marta besh minglarning ostidan kirib, ustidan chiqqandek!..
– Chiqmagan bo‘lsangiz, endi chiqasiz! Eng yaxshisi, to‘rt mingini bankka qo‘yamiz. Qolgan ming liraning besh yuzi bilan ust-boshimizni yangilaymiz. Masalan, mening ich kiyimlarim nihoyatda eskirib ketgan!
– Meniki-chi?
– Meniki siznikidan ko‘ra battarroq! Yarim to‘p surp olamiz. Na ko‘rpalarning jildi qoldi na ko‘rpachalarning, nada to‘shaklarda choyshab… Yostiqlarning jildini-ku, gapirmasam ham bo‘ladi — ustma-ust yamalayverib, qo‘lga ilinadigan yaroqli joyining o‘zi qolmagan! Ichki kiyimlarimiz bo‘lsa juldur bo‘lib ketgan… Hech bo‘lmasa, bitta-bittadan ich kiyim. Keyin oyoq kiyim… Bitta menga, bitta Injuga…
– Mengayam hech bo‘lmasa, uchta ichki kiyim. Uchta ko‘ylak, bitta tufli, oltita paypoq, yaxshisidan, yana bir dona kulrang libos…
– Menga bitta palto, albatta…
– Yaxshisi, bankka uch mingini qo‘yamiz… Ming lira bilan ust-boshimizni butlab olamiz, yana ming lira qo‘limizda tura-tursin!
– Yo‘q, qo‘limizda bir yarim ming lira olib qolsak yetadi! Uch ming besh yuzini bankka qo‘yamiz…
– Shunday qilsak ham bo‘ladi. Men nimani o‘ylayotganimni bilasanmi? Kema bilan avval Izmirga boramiz. Izmirni aylani-i-ib… so‘ngra Istanbulga!..
– Sarf-xarajat ko‘payadi, xo‘jayin!.. Yaxshisi, Izmirni aylanishdan voz kechaylik-da…
– Nega endi voz kechar ekanmiz, jonim? Biz ham odammiz yoki noto‘g‘rimi?..
– Odamlikka odammiz, albatta… Ammo xarajat ko‘payadi-da…
– Ko‘payaversin!
– Bu nima deganingiz? Pulni sarflash oson, ammo topish…
– Bo‘pti, sen aytgancha bo‘la qolsin, Izmirga bormaymiz. To‘g‘ri Istanbulga…
– O‘shanda lablarimni o‘zim xohlagandek bo‘yashimga ruxsat berasiz-a?
– Bilintirmasdan, judayam to‘q rangda bo‘yamaslik sharti bilan!
– Bitta donasini besh liraga beradi, shunday bo‘yoq bor, juda chiroyli pomada. Ana o‘shandan ikkita olaman…
Ovqat tamom bo‘ldi, dasturxon yig‘ishtirildi. Injuning otasi qahvasini icharkan, hamon o‘y surardi. Bir payt:
– Yaxshisi, sen aytganingdek, avval men o‘zim ketsam, – dedi.
– Albatta, shunday qilganingiz ma’qul. Borib, biz uchun joy olasiz, o‘n besh kunga…
– Nimani o‘ylayotganimni bilasanmi? Sirkachida kichik bir do‘kon ochsam… Ham kunimiz o‘tib turardi…
– Siz sotuvchilik qilolmaysiz! Behudaga bunday ishlarga vaqt bilan pul sarflab yurmang! Endi qirq yil deganda qo‘limizga bir bor pul tushganda…
– Sen nega bir ish qilmoqchi bo‘lsam, doim shunday qarshilik qilasan?! Qilolmaysiz, nima deganing? Nega endi men do‘konni yurgizolmas ekanman? Seningcha, men odammasmanmi? Tavba, bu xotin o‘ylamay og‘ziga kelganini gapiraveradi-ya!..
– Odamsiz, xo‘jayin, odamsiz, ammo boshqalar tuxumdan chiqqanidan boshlab sotuvchilik qilishadi. Siz-chi?..
– Yoki mening aqlim ularnikidan pastmi? Boshqalardan biror kam joyim bormi, seningcha?
– Tijorat qilish uchun faqat aqlning o‘zi yetmaydi-ku, nega tushunmaysiz?..
Inju allaqachon uxlab qolgandi. Eri ustma-ust sigaret tutatdi. So‘ngra ko‘ylagini yechib, to‘shagiga chalqanchasiga uzandi-da, yana bitta sigaret yoqdi.
Xotini ham uzangan, ammo og‘zidagi saqichini hamon chaynardi. U yotgan ko‘yi xayolida bir emas, ikkita palto olish rejasini tuzardi. Ikkita oldirsa, alishtirib kiyishga yaxshi bo‘ladi, shuningdek, darrov eskirib qolmaydi… Yoki bitta palto bilan bitta qalin yubka oldirsamikin?.. Ana shunda hozir kiyib yurgan qahvarangli paltosini kundalik yurishlarga kiyardi. Shunday qilgani tuzuk.
Shu payt eri:
– Yoki qahvaxona… – dedi. – Kichik bir qahvaxona ochsam…
Xotini:
– Menga qolsa, paltoni bitta emas, ikkita olganimiz yaxshi. Aytib bo‘lmaydi… Yana bitta qo‘lga taqiladigan soat… Yoki bo‘lmasa, qalin tilla bilaguzuk… Qachon pulga zoriqib qolsak, sotamiz, pul bo‘ladi…
– Menga qolsa, qahvaxona restorandan ko‘ra yaxshiroq… Gapim to‘g‘rimi?
– Bo‘lmasa, palto bitta bo‘la qolsin. Ikkinchisining o‘rniga qalin yubka tiktiraman…
– Yubka-subkangni bir pas yig‘ishtirib tursang-chi! Qahvaxona restorandan ko‘ra yaxshiroq emasmi?..
– Mening yuragim gupurib, hayajonlanib ketyapman, xo‘jayin!.. Avval siz meni eshiting, qirq yil deganda qo‘limizga bir pul tushadigan…
– Jonim, nega endi seni tinglashim kerak ekan? Ulovimning g‘ildiragi ostiga o‘zidan katta tosh qo‘yyapsan! Turmush qurganimizga o‘n yil bo‘ldi, o‘n yildan beri doim shu ahvol! Men bir narsa aytadigan bo‘lsam, sen hamisha teskarisini aytib turasan!..
– O‘zingiz-chi? Labimni bo‘yayman desam, aralashasiz! Paypoqsiz ko‘chaga chiqishimga ruxsat bermaysiz! Sochlarimni jingalak qildirmoqchi bo‘lsam, bo‘lmaydi, deysiz!..
– Demak, barcha ayb menda, shundaymi? Sen osmondan zambil bilan tushgansan!..
Uzoq jimlikdan so‘ngra ayol:
– Pul bankka kimning nomiga qo‘yiladi?! – deya zarda aralash so‘radi. Er navbatdagi sigaretni yoqarkan:
– Mening! – dedi.
– Nega?
– Chunki chipta meniki!..
– Bundan chiqdi, u chiptada mening haqqim yo‘q, shundaymi? Bu uyda men kimman o‘zi?!
– Uyning raisi menman!
– Men eshak kalla emasman, bildingizmi! Hammangizning og‘iringiz mening yelkamda. Osh-ovqatni men tayyorlasam, kir-chirni men, tikish-ilishni men, bozor-o‘chargayam men!.. Shunday bo‘lsayam… Gap tamom — pul bankka mening nomimga qo‘yiladi!
– Bu qanday muomala?!
Xotin yotgan yeridan turib, to‘shakka vajohat bilan hurpaygancha o‘tirib oldi:
– Agar bankka qo‘yiladigan pullar mening nomimga qo‘yilmasa, men bu uyda bir daqiqayam yashamayman! Men xotin bo‘lib, shu kungacha nima ko‘rdim? O‘n yildirki, shu ro‘zg‘oringni deb jonim chiqayozdi! Hisob-kitob, hisob-kitob… Erkak bo‘lib, men uchun nima qilib berib qo‘yibsan? Na kinoga olib tushasan, na teatrga… Qo‘limizga keladigani bor-yo‘g‘i uch qurush, qanday qilib ikki uchini bir yerga to‘plasam ekan, deya miyamning tomirlari zirqiraydi! Bu qanday hayot o‘zi?
Er:
– Menimcha, qahvaxona emas, restoran yaxshi! Ham yeb-ichishimiz, kunimiz o‘tadi, ham sarmoyamiz ustiga foyda qo‘shiladi…
Xotin jahl bilan ko‘rpani o‘z ustiga tortarkan:
– Mening boshqa narsa bilan ishim yo‘q; bankdagi pul mening nomimga qo‘yiladi! – dedi. Uyqusi qochdi. Eriga orqa o‘girib oldi. Xayolida bo‘lsa, palto, yubka, pardoz-andoz uchun bo‘yoq, qo‘l soati, oltin bilaguzuk, chiroyli oyoq kiyimlar… Hammasi yaxshi, ammo palto bilan yubkasining ranglari qanday bo‘ladi? Kulrang bo‘lsa, judayam rasmiy rang, hamda tezda dog‘ni bildiradi. Och jigarrang bo‘lgani yaxshi…
Er sigaretining cho‘g‘ini yonidagi idishga ezib, chiroqni puflab o‘chirgach, xotini tomonga burilib, uni turtib:
– Eng yaxshisi, hammamiz birga ketganimiz! Ishdan bo‘shayman, nima bo‘lsa-bo‘lar!.. – dedi.
– Pul kimning nomiga qo‘yiladi?
– Sening, bo‘ldimi, sening nomingga! Endi qutilamanmi?..
– Paltoni mayli ikkitamas, bitta olaman. Ikkinchisining o‘rniga yubka… Biri kulrang, ikkinchisi jigarrang…
Er ko‘rpani boshiga tortdi. Xotin ko‘rpaning uchidan qorong‘ulikka boqqancha hamon o‘y surardi…
* * *
Bu yoqda bo‘lsa, lotereya chiptasini o‘ylab topib, sotuvga chiqarganlar qanday qilib bo‘lmasin, o‘z mol-mulklarining hisobini ko‘paytirish rejasini o‘ylash bilan ovora edilar…
Turkchadan Gulbahor Abdulloh qizi tarjimasi