O‘rxon Kamol. Inju va uning otasi (hikoya)

Injuning otasini fabrikadan haydab yuborishdi. U master oldida ta’zim qilib egilib-bukilishni xohlamadi. Izzat-nafsini suygan kishilarni ishonchli odam deb o‘ylab, bo‘ladimi?
U bir necha kungacha ish axtarib davlat, aktsiya shirkatlari, xususiy idora va korxonalarga rosa qatnadi, lekin hech narsa chiqmadi.
Biron yerga joylanishining iloji bo‘lmagandan keyin, o‘z oilasini olib markaziy Anatoliyaning viloyatlaridan biriga jo‘nab ketdi, bu viloyat o‘zining to‘qimachilik fabrikalari bilan mashhur edi.
Injuning otasi bu yerga kelib ham ish axtarishga tushdi. U dastlab to‘qimachilik fabrikasiga uchrashdi: ilgari ishlagan fabrikalaridan olingan maqtov qog‘ozlarini kursatdi. Avval uni ishga qabul qiladigan bo‘lishdi. Keyin uni ishga oladigan odamlar o‘rtasida kelishmovchilik yuz berib, holvani hokim yedi, kaltakni yetim deganlaridek ular o‘zaro tortishib qolishdi. Shunday qilib bu ish ham yo‘qqa chiqdi. Urishgan ular-u, jabrini bu tortdi. Har kuni ertalab Injuning otasi ish qidirib ketarkan, oyisi uning ketidan bir nimalarni aytib pichirlab qolardi. Inju ham, oyisi singari lablarini qimirlatib, shivirlashga o‘rgangan edi. U otasi ketayotganda oyisi yonida turib lablarini qimirlatar edi. Inju ilgari otasi ishlab yurgan kezlarda onasining qanchalik quvnoq bo‘lib yurishini esladi. Otasi kechqurunlari ishdan qaytarkan, Injuga ba’zan shokoladlar olib kelar, uni tizzasiga olib, yuz-ko‘zidan o‘par edi. Otasi ishlab yurgan paytida, kichkina ukasi bunchalik yig‘lamagani Injuning esida. Hozir unga nima bo‘ldiykin? Faqat dodlagani-dodlagan. O‘xtin-o‘xtin ukasi, xuddi biron narsa chaqib olganday chinqirib yig‘laganda, oyisining jahli chiqib: «Seni qarab tur hali! Ukangga qaraysanmi-yo‘qmi?» deb qahrini Injuga sochardi. Yoinki Inju eshik qabzasiga osilib olib, poyezdda yurgandek qilib uchsa, oyisi ko‘rib: «Sho‘xlik qilma Inju! Sho‘xlik qilma, deyapman senga!» deb baqirib qolardi.
— Obbo.
O‘sha kuni ertalab otasi barvaqt uyg‘ondi. U kiyinar ekan, xotini:
— Azizim, shu tumorni olib ket!— dedi.
Inju o‘zini uyquga solib, otasi bilan oyisi nimalar to‘g‘risida gapirayotganliklarini diqqat bilan eshitib yotdi. Lekin tumor nima ekanligini u bilmas edi.
Injuning otasi kulib qo‘ydi, lekin xotinini xafa qilmaslik uchun tumorni olib advokatning oldiga qarab yo‘l oldi.
Advokat bundan ikki yil oldin Anqarada yuridik fakultetni tamomlagan edi. Advokat o‘taketgan takabbur, sarg‘ish mo‘ylovli yoshgina bir kishi edi.
Advokat o‘ziga sekretarlik qiladigan odam axtarib yurganligidan Injuning otasi xabar topdi va «agar shu ishga loyiq ko‘rsangiz meni xizmatga oling» deb sekin shipshidi. Advokat uni boshidan-oyog‘igacha razm solib chiqdi. U Amerika kinoakteri Duglas Ferbenksga o‘xshagan mo‘ylovini qimtidi-da, uni mensimagandek basharasini burishtirib, dedi:
— Mayli! Ertaga idoraga bir kelingchi!
Otasi kelgandan so‘ng Inju ko‘chaga chopib chiqdi-da, tanish qiz bilan o‘z uylarining ostonasiga o‘tirdi.
— Bugun dadam advokatning oldiga boradi, — dedi Inju. — Otam juda aqlli-da… Ilgari biznikida hamma narsa bor edi! Oyim bilaguzugini sotdi, o‘sha pul bilan bu yerga kelib oldik!
— Nima, mening otam ahmoqmi? — dugonasining jahli chiqdi.
— Sening otang izvoshchi…
— Izvoshchi bo‘lsa ham ahmoq emas!
— Bor, ana, otang izvoshchilar ichida eng aqllisi ham bo‘la qolsin, lekin mening otam boylarning eng aqllisi!
Qiz yelkasini qisib qo‘ydi-da:
— Otam hech qachon oyim bilan aylanishga chiqmaydi… — dedi u.
— Albatta, sizlarda shunaqadir. Ammo bizlar katta shahardanmiz. Bizda erkaklar o‘z xotinlari bilan qo‘ltiqlashnb yurishaveradi.
— Xuddi kofirlarga o‘xshab-a?
— Nima, biz kofirmi?
— Nega achchig‘ing chiqadi! Sizlarni kim kofir deyapti?
Inju suhbatni boshqa tomonga burdi.
— Agar otam ishga joylasha qolsa, onam meni har kun ko‘chaga chiqib o‘ynashga ruxsat beradi… Sen hozir uning jahli chiqib turganiga qarab ish tutma. Ilgari u qanday yaxshi edi! Otam menga nimalarni sotib olib bermasdi, deysan! U topgan pulini oyimning qo‘liga keltirib berardi, oyim sandiqqa yashirib qo‘yardi. O‘shanda otam bilan oyim qo‘limdan ushlab… Hozir hech kim: na otam, na oyim qo‘limdan ushlashmaydi. Ukam ham kunitun yig‘lagani-yig‘lagan…
— Ilgari u yig‘lamasmidi?
— Yig‘lardi, lekin bunchalik…
— Nega yig‘laydi?
— Otam ishsiz qolib, pulimiz tamom bo‘lgandan buyon, oyim hatto ovqat ham pishirmaydi.
— Ukangga buning nima daxli bor?.
— Nega bo‘lmas ekan? Oyim to‘yib ovqat yemagandan keyin, sut qayerdan bo‘lsin… Uning hozir ayni yaxshilab parvarish qiladigan vaqt. Oyimning bo‘lsa hech suti yo‘q… Men ham to‘yib ovqat yemayotganim uchun tishlarim ham juda sekin o‘syapti!

* * *

Injuning otasi sariq mo‘ylovli advokat idorasiga kirarkan, pidjagining u yoq-bu yog‘ini to‘g‘riladi, boshidan shapkasini oldi. Kabinetda kattakon ventilyator ovozsiz aylanib turardi. Advokat uni birinchi marta ko‘rayotgandek sovuq nazar tashladi va go‘yo ishi boshidan oshib yotgandek:
— Xo‘sh, xizmat? — dedi.
— Kecha, — dedi Injuning otasi, — sud yo‘lagida…
— E, ha! Bu kungacha qayerda ishladingiz? Yustitsiya sohasida ishlaganmisiz? Ma’lumotingiz?
— Ishlaganim yo‘q… Ma’lumotim…
— Mashinkada tez yoza olasizmi?
— Yomon emas…
Advokat unga chamalab zehn soldi. Uning boshi katta, sochi mashinada olingan, chakkalari ich-ichiga kirib ketgan, oriq yuzida soqollari tikandek bo‘lib o‘sgandi. Birinchi qarashidayoq unga ko‘ngli chopib, ishonmadi. Advokat o‘ziga mashinistka olmoqchi edi: olayin desa uncha ishi ko‘p emasdi. Ayol «sekretar» bo‘lganda uning idorasiga juda ham mos tushardi… Derazani yopib qo‘ysa ham bo‘ladi.
Advokat sinab ko‘rish uchun unga bir nusxa ishonch qog‘ozi uzatdi.
— To‘rt nusxa qilib ko‘chiring.
Injuning otasi yonidagi xonaga kirdi, u mashinkaga qog‘oz qo‘yib, mumkin qadar tezroq bosishga harakat qildi.
Uning ko‘zlari barmoqlarida bo‘lsa ham, xayoli boshqa yoqda edi. «Agar u oyiga menga yetmish besh liradan bersa… Bir kunga ikki yarim liradan bo‘ladi. Ehtimol, to‘qson yoki yuz liradan berar. Agar qancha moyana kerak deb so‘rab qolgudek bo‘lsa «o‘zingiz bilasiz» deyman. Ehtimol ko‘proq belgilar. Kim bilsin? Balki…»
U ko‘chirib bo‘ldi. So‘ng hurmat yuzasidan yana pidjagini to‘g‘riladi-da, qog‘ozni yozuv stoli ustidagi hujjatlar orasida ko‘milib o‘tirgan advokatga uzatdi.
Advokat beparvolik bilan qog‘ozni olib, hamisha ishlatadigan ruchkasini oldi:
— Mana bu yerga tochka qo‘ymabsiz! Bu joyga tochka emas, tochkali vergul qo‘yish kerak edi! Bu yerda esa tochka ortiqcha…
Advokat bir imloviy xatoni beparvolik natijasida katta xatoga yo‘l qo‘yilibdi, savodsizlik qilinibdi, deb bahona qilar, bu narsa «mendek advokatga sekretar bo‘lib ishga kiradigan kishi uchun kechirib bo‘lmas bir hol» der edi.
— Hozircha siz bizning ishga to‘g‘ri kelmaysiz, — dedi u.
Bu so‘zni eshitgan Injuning otasi yerga kirib ketganday bo‘ldi. U, advokat albatta ishga oladi deb qat’iy ishongan edi. Hatto yuzlari ham muzlab ketganga o‘xshab tuyuldi.
— Xayr, yaxshi qoling…
Advokat u bilan xayrlashishni ham o‘ziga ep ko‘rmadi.

* * *

Otasini ko‘chaning muyulishidan chiqib shu tomonga kelayotganini ko‘rgan Inju:
— Otam kelyapti, — deb qichqirdi. U o‘rnidan turdida, otasi tomon yugura ketdi. Injuning o‘rtog‘i barmog‘ini og‘ziga solib, daraxtning shirali barglarini yaltiratib turgan quyosh nurlari ostida mo‘ralab ularga qarab turardi. Injuning otasi tentirab uyga kirdi. U g‘amgin, holdan toygan edi. Uning oyog‘idagi boshmog‘ini chang bosgan, kostyumi o‘ziga yanada keng bo‘lib qolgandek tuyuldi. Inju qo‘rquv ostida otasiga bir qarab oldi-da, ketidan uyga kirdi.
— Er-xotin zinapoyada uchrashdilar. Ular bir-birlarining ko‘zlariga bir dam qarab olishdilar. Xotini hech narsa so‘ramagach, eri ham indamadi.
Oriq mushuk esa qo‘rqqanidan lip etib tashqariga chiqib ketdi. Eshik yopildi. Inju otasining yuziga tikilib qarab turardi. Otasi go‘yo hozir yig‘lab yuboradigandek edi. Keyin Inju onasiga o‘girildi. Onasi narsalarni yig‘ishtirmoqda edi. «Agar advokatdan ham bir narsa chiqmaydigan bo‘lsa, o‘z yurtimizga qaytishimiz kerak!» degan qarorga u allaqachon kelgan edi.
— Men buyumlarni sandiqqa joylashtiraman, — dedi oyisi.
— Mayli, — deb to‘ng‘illadi otasi va derazadan ko‘rinib turgan fabrikaning qo‘rg‘oshin rangli devorlariga, undan ham olislarga — ufqqa tutashib turgan, kishini zeriktiruvchi ko‘kish tog‘ tizmalariga qaradi. So‘ngra uning nazari, quyoshda yaltirab turgan quyoshli uylarning cherepitsa tomlariga tushdi. U havo yetishmayotgandek, chuqur nafas oldi.
Shu payt Inju oyisining uyidan chiqib ketganligidan foydalanib, otasining bag‘riga tashlandi: «Xafa bo‘lmang! Xafa bo‘lmang, nima gap o‘zi!» degandek u itoat bilan, yuzini otasining tizzasiga qo‘ydi. Otasi qizining boshini silar ekan, achinib unga qarab qo‘ydi.
Inju dadillanib:
— Qalay? Advokat sizga ish berdimi, dadajon? — dedi.
— Yo‘q.
— Endi nima qilamiz?
— Hechqisi yo‘q! Boshqa yoqqa ketamiz.
— Agar u yoqdan ham ish topolmasak-chi?
— Agar u yerdan ham ish topolmasak… o‘lamiz…
Inju o‘ylanib qoldi Keyin xonaga kirgan oyisi oldiga yugurdi.
— Oyi-chi, oyi! Dadam aytyaptilarki, biz o‘larmishmiz. Men o‘lishni sira ham istamayman!
Oyisi yuzini pechkaga yopishtirganicha, hech narsa demay turardi.

Turkchadan Nosir Sodiqov tarjimasi