Ko‘r ayol sariq rangli dang‘illama imoratning eshigi oldida ashula aytganday qilib, xayr so‘rardi. Uning yonginasidagi trotuarda sho‘rlab, yog‘i chiqib ketgan do‘ppi kiygan olti yashar o‘g‘li, Bo‘g‘ozichi, Yenija va Bafra Madan papiroslarining gilzalarini terib o‘ynardi. U asfaltga katta doira chizar, ichiga rangi o‘chib ketgan gilzalarni terib, o‘n besh qadam nariga borardi-da, ularni doiradan urib chiqazib yuborardi. U qiziqib o‘ynar, so‘kinar, o‘zicha shodlanib kulardi.
Bir urishdayoq doiradan hamma yerga surtila berib, ranglarini yo‘qotgan gilzalarning qog‘ozlarini chiqarib yuborguday bo‘lsa, shodligidan yuzlari, ingichka burma terlab ketardi.
Shu vaqt sariq uyning eshigi ochildi. Sochlari silliq taralgan, toza kiyingan bola uchta g‘ildirakli qizil velosipedning rulini ushlaganicha uydan ko‘chaga haydab chiqdi. Oyog‘idagi botinkasi esa yaltirab turardi. U ham boyagi ko‘chada o‘ynayotgan bola bilan teng bo‘lib, olti yoshlarda edi. U velosipedini asfalt yo‘lkaga chiqardi-da qashshoq bolani hayratda qoldirib mashinasiga o‘tirdi. Qashshoq bola sopol parchasini qo‘lida tutganicha, qizg‘anmasdan tikilib unga qaradi. Bechora bola hayron bo‘lib qoldi. Uning mashinani usta bir shoferday yurgiza bilishiga chinakam hayron edi. Boyvachcha bola velosipeddan ham, botinkadan ham, uyidagi «kiyimingni iflos qilma, yomon so‘zlarni aytma, loydan yurma…» deb jovrab aytilgan so‘zlardan ham juda zerikkan edi.
Qashshoq bolaning sopol parchasini otib o‘ynash san’atidan boshqa ko‘rsatadigan hech balosi yo‘q edi. U yerga katta bir doira chizdi. Uning o‘rtasiga gilzalarni qo‘yib, o‘n besh qadam uzoqlashdi va mo‘ljallab turib sopol parchasini otdi.
— Ana qara!
Sopol qog‘oz ustini yalab o‘tdi.
— Uh! — deb yubordi boyvachcha.
Unisi iljayib qo‘ydi. Sopalakni oldi-da, yana qaytarib otdi. Sopalak esa qog‘oz ustidangina yalab o‘tib, boyvachchani yana «uh» deyishga majbur qildi.
— Tufu! Nima qilding! Axir, har gal boplab qoyil qilardim.
Boyvachcha velosipeddan tushdi-da, uning oldiga borib so‘radi:
— Nuqul bir galda urib chiqararmiding?
— Albatta, bittada… Bu gilzalarning hammasini yutib olganman. Mana bular «klub» — besh qurush, bular mana «Enija» — o‘n qurush, «Bo‘g‘ozichi» — yigirma qurushdan.
— Bittasini ber, ko‘rayinchi?
Boyvachcha qog‘ozlarni olib, diqqat bilan qarab chiqqanidan keyin, qaytarib berar ekan:
— Bularni kimdan yutding? — deb so‘radi.
— Menmi? Musodan-da. San Musoni bilmassan? Bizning mahallamizda turadi, aravakashning o‘g‘li. Ularning birtalay jo‘jalari bor. Kuchuklari ham tug‘di. Oq, qora — har xil kuchukchalar. Mening soqqalarim ham bor, bir xalta. Biz Muso bilan varrak yasadik, uchirdik. U shunday varilladiki, asti qo‘yaver. Sening pirpiraging bormi?
Boyvachcha javob berdi:
— Yo‘q. Oyim olib bermaydi. Seniki-chi, bormi?
— Bor, ikkita. Bittasini Muso, yana bittasini oyim olib bergan. Oyim menga rezinka qo‘g‘irchoq ham olib beradi!
— Anovi tilanchi xotin sening oyingmi?
— Ha, oyim.
— Otang bormi?
— Yo‘q.
— Nimaga?
— Qayoqdan bilaman?
— Oying pul topadimi?
— Ha.
— Sizga kim qassobdan go‘sht olib keladi? Oshxonada ovqatingizni kim pishiradi?
— Voy!.. Gapini! Biznikida oshxona nima qilsin? Biznikida ovqat pishirilmaydi?!
— Qog‘ozlaringni menga birpasga bermaysanmi, o‘ynardim.
— Beraman-ku… Sen bo‘lsang uningga mindirasanmi?
— Nimaga?
— Ana unga.
Boyvachcha:
— Velosipedgami? — deb so‘radi.
— Ha, o‘shanga…
— Mina qol…
Qashshoq bola o‘sha zahoti qog‘oz bilan sopalak parchasini berdi.
Boyvachcha:
— Ertaga kelasanmi? — deb so‘rab qoldi, — bobomdan gilzalarni so‘rab oboraman, o‘ynaymiz… A? Kelasanmi?
— Oyim shu yerda tilamchilik qilsa kelaman…
Boyvachcha asfaltga doira chizarkan, qashshoq bola velosiped oldiga keldi. U hayajonlanganidan qaltirab titrardi. Yaltiroq rul, g‘ildiraklar… U shunday katta baxtga erishganiga ishona olmas edi. Atrofni yaxshilab ko‘zdan kechirgandan keyin, qo‘lini rulga cho‘zdi, biroq tegishga botina olmadi. Yana atrofiga nazar tashladi-da, darrov rulini mahkam ushlab sevinchdan jilmayganicha onasiga qaradi. Hamma narsa avvalgiday, hamma o‘z ishi bilan shug‘ullanayotganday. U pedalga oyoq qo‘ydi-da, keyin egarga o‘tirib olib, titroq tovush bilan qichqirdi:
— Oyi, hay oyi! Bitta qarang, qarang-chi menga!
Onasi tovush kelayotgan tomonga qarab boshini o‘girdi, xuddi shu paytda ikkinchi qavatning derazasidan birov baqirdi:
— Tashla uni, tashla deyman. Ko‘r bo‘lgur Oynur, qayoqqa yo‘qolding? Chop tezroq! Bola allaqanaqa iflos narsani o‘ynayapti!
Dang‘illama uyning eshigi taraqlab ochilib, sochi mashinada taqir qirqilgan o‘n uch yoshlardagi cho‘ri qiz ko‘chaga otilib chiqdi. U qashshoq bolani velosipeddan itarib yiqitdi-da, keyin boyvachchaga qarab chopdi, uning qo‘lidagilarini tortib olib, uloqtirdi. Sopalak ikkiga bo‘linib, qog‘ozlar chochilib ketdi. Bularning hammasi ko‘z ochib yumguncha bo‘lib o‘tdi. Cho‘ri qiz va velosipedli bola uyga kirib ketishdi, eshik ham qirsillab yopildi. Qashshoq bola esa, asfaltga ag‘anab yotganicha ho‘ngrab, achchiq-achchiq yig‘ladi. Keyin o‘rnidan turdi. Uning oyoqlari chillayday nozik va kir bo‘lib ishtonining uvadalari ochilib shalvirab turardi. Tosh ko‘chaga tashlangan qog‘ozlarning oldiga bordi. Sopalagining singanini ko‘rib, cho‘ri qizni so‘kdi-da, onasining oldiga keldi:
— Meni urdi.
Onasi yelkasini qisib:
— Bo‘ldi, jim! Axir oyoq-qo‘ling butun-ku! Yig‘layotganingni eshitib qolishsa, bu yerdan bizni haydab yuborishadi… Jim! — dedi.
Bola burnini qo‘lining orqasi bilan artdi-da, boshqa sopol topib. asfaltga yangi doira chizdi, qog‘ozlarni terdi. O‘n besh qadam nari borib, mo‘ljalga to‘g‘rilab yana sopolini otdi…
Turkchadan M. Mirtojiyev tarjimasi