Bolaligimda ularni sal-pal tanirdim. Birining, katta semiz shoir Yahyo Kamolning butun el taniydigan she’rlarini biroz o‘qigandim. Boshqa birining, taniqli tarixchi Rashod Akram Qo‘chuning gazetalarning tarix sahifasida chiqqan maqolalariga doimiy sherik deya chizdirgan Usmonli tazyiq yo‘nalishlarini ko‘rsatuvchi rasmlari diqqatimni tortgandi. O‘n yasharligimdayoq hammalarining ismlarini bilardim, chunki kitoblari otamning kutubxonasida bor edi. Ammo u paytlari Istanbul haqidagi hamon shakllanishda davom etayotgan fikrlarim ham ulardan ta’sirlangan edi. Men tug‘ilgan paytimda to‘rtovlari ham hali sog‘-salomat va men yashayotgan yerlarga yarim soat yursa yetadigan masofada yashardilar. O‘n yoshga to‘lganimda esa, bittasidan bo‘lak hammasi hayotdan ko‘z yumgan va ularning hech birini tirikligida ko‘rmaganman.
Keyingi yillarda xayolimda bolaligimning Istanbulini tiklarkanman, miyamdagi qora-oq rasmlar bilan ularning Istanbul haqidagi maqolalari bir-biriga qorishib ketdi va mening Istanbulimni ularsiz tushunolmay qoldim. 35 yoshlarimda “Uliss” tarzidagi katta bir Istanbul romani yozishni xayol qilarkanman, bolaligimda o‘zim kezgan Istanbul ko‘chalarida ham shu to‘rt hazin yozuvchining ham kezishlarini xayol qilib zavqlandim: masalan, semiz shoir doim borib yurgan Beyo‘g‘lidagi (Beyo‘g‘li — shahardagi bir dahaning nomi — tarjimon.) Abdulloh Afandi restoraniga buvim (onamning onasi) ham bir paytlar haftada bir marta kelib ovqatlanar, keyin esa yegan ovqatlaridan shikoyat qilardi. Atoqli shoir u yerda tushlik qilib qaytarkan, Istanbul entsiklopediyasi uchun material axtarayotgan tarixchi Qayao‘chu vitrinasining oldidan o‘tajagini xayolimdan kechirardim. So‘ngra yosh va go‘zal yigitni sevgan jurnalist-tarixchining Beyo‘g‘lining bir orqa ko‘chasidagi boladan, ichida romannavis Tongpinarning maqolasi bo‘lgan gazeta olishni xayol qilardim. Uyidan kam chiqadigan, past bo‘yli, pokizalik oshig‘i oq qo‘lqopli xotiranavis Abdulhaq Shinosiy Hisor u vaqtda mushugiga olgan jigarlarini toza bir qog‘ozga emas, gazetaga o‘ragani uchun qassob bilan g‘ovg‘a qilayotgan bo‘lardi. Bu to‘rt qahramonimning ba’zan ayni daqiqalarda, ba’zan shunday yomg‘ir ostida, ba’zan bitta go‘shada, ba’zan bir tepalikka qarab yurganliklarini yoki yo‘llarining kesishajagini xayolga keltirardim. Ko‘z o‘ngimda taniqli xorvat sug‘urta kartografi Pervitichning Beyo‘g‘li-Taqsim — Jahongir-G‘alata xaritalarini ochar, qahramonlarimning yuradigan joylarida ko‘cha-ko‘cha, bino-bino belgilar, xotiralarini yo‘qlama qilib qaysi gulchi, qahvaxona, mayxona yoki do‘konga duch kelishlarini butun tafsiloti bilan tasavvur qilardim. Bu do‘konlardagi yeguliklarning hidi, qahvaxonalarda o‘qila-o‘qila titilib ketgan gazetalarning satrlari, men uchun shaharni shahar qilgan devor afishalari, ko‘cha sotuvchilari, avtobuslarga osilgan reklamalar, mening bu turt hazin qahramonimning diqqatlari kesishadigan nuqtalar bo‘lishi kerak edi. Bu shaharni o‘ziga hikoya qilgan narsaning topografiyasi, binolari va insonlarining ko‘pi zamona zayli bilan shakllangan o‘ziga xos hikoya manzaralari emas, u yerda meningdek 50 yillarcha, aynan o‘sha ko‘chalarda yashaganlarning birlashtirganlari xotiralar bilan, harflarning, ranglarning, tovushlarning o‘z oralarida yashirin ochiq duch kelishlarining darajalari ham bo‘lganini bu yozuvchilarni eslaganimda o‘ylab ketaman. U davrda bu to‘rt yozuvchi bilan bolaligimda balki uchrashgan bo‘lishim mumkinligini xayolimga keltiraman.
Bu yozuvchilar orasida o‘zimni unga yaqin deb his qilganim romannavis Tongpinar bilan onam meni Beyo‘g‘liga ilk bor keltirgan paytlarida uchrashgan bo‘lsam kerak. Biz ham u kabi yer osti o‘tish yo‘lidagi Hashet Kitob Uyiga kirib turardik. “Sho‘rlik”, “Bechora” laqabini olgan yozuvchi bu kitobchining ro‘parasidagi “Normonli Yurti”ning kichik bir xonasida yashardi. Hali Pamuqlarning ko‘p uy joyli o‘z imoratlari bitmagani uchun men tug‘ilishim bilan keltirilganim Ayozposhodagi O‘ngan binosi Tongpinarning ustozi shoir Yahyo Kamol hayotining so‘nggi yillarida qoldirgan “Park otel”ining shundoq qarshisida edi. Keyinroq Nishontoshiga ko‘chganimizda onamning tez-tez shirinliklar olish uchun borib turadigan otelining qandolatxonasida ham ularni ko‘rgan bo‘lsam kerak. Xotiranavis deb tilga olganim Abdulhaq Shinosi Hisor ham, xuddi elaro taniqli tarixchi Qo‘chu kabi tez-tez ul-bul sotib olishga, ovqatlanishga chiqib turgan va men ular bilan ham ko‘rishgan bo‘lsam kerak.
Xuddi ko‘pchilikni tang qoldirgan mashhur kino yulduzlarining suratga olingan filmlaridagi va shaxsiy hayotlaridagi e’tibordan chetda qolgan tafsilotlar bilan o‘z hayotlari orasidagi tasodiflar va o‘xshashliklarni haqiqiy muxlislar holiga tushganimni esma-es xotirlayman. Ammo mening bu kitobda ora-chora gap ochib bahs yuritadiganim bu to‘rt qahramonning she’rlari, romanlari, hikoya va entsiklopediyalari meni o‘zim yashagan shahar ruhiga hozirladilar. O‘tmish bilan hozirgi kun yoki g‘arbliklarning tili bilan aytganda, Sharq va g‘arb orasida aralash-quralash va bunyodkorlik tarzi bilan bu to‘rt yozuvchi, menga sevikli kitoblar va modern san’at zavqi bilan yashagan shahrimning hayoti va madaniyati orasida qanday bir aloqa qura olishim mumkinligini his qilishga o‘rgatdilar.
Bu yozuvchilarning barchasi hayotlarining aynan bir davrida g‘arb adabiyotining, ko‘proq frantsuz adabiyoti va san’atining porloqligidan ko‘zlari qamashgandi. Shoir Yahyo Kamol yoshligida to‘qqiz yil Parijda yashagan. Uni qaysidir ma’noda o‘ziga ota deb bilgan Tongpinar ham Valeriga muxlis edi.
Frantsuz adabiyoti va g‘arb madaniyatiga yoshligida, ehtimolki, bolaligida yaqinlashgan katta bir hayratni his qilishlari bu yozuvchilarga asarlari-da modern yoki g‘arblik bo‘lishlari kerakligini ortga qaytib bo‘lmaydigan bir tarzda o‘rgatdi. Ular frantsuzlar kabi yozishni xohlardilar, bunga shak-shubhalari ham yo‘q edi. Ammo aqllarining bir chetida agar g‘arbcha yozsalar, ularday o‘ziga xos bo‘la olmasliklarini bilardilar. Ana shu holatda frantsuz madaniyati ularga modern adabiyot bilan birga haqqoniylik, o‘ziga xoslik, soflik fikrini ham voz kechib bo‘lmaydigan tarzda o‘rgatdi. Ilk asarlarini bera boshlagan yillarida bu ijodkorlarni g‘arblik bo‘lish bilan “haqqoniy” bo‘lishlari kerakligi fikri orasida his qilganlari qarama-qarshi xususiyat ularni ezdi.
O‘ziga xoslik va haqqoniylik fikri bilan murosa qilish istaklari boshqa bir narsa yo Got’e yoki Mallarme kabi yozuvchilardan o‘rganganlari “san’at san’at uchun” yoki “sof she’r” kabi tushunchalar edi. O‘z muhitlaridan chetdagi ba’zi yozuvchi va shoirlar, aynan shu ko‘zlari qamashib o‘qigan boshqa ba’zi frantsuz yozuvchilaridan ta’sirlanganlar, ammo o‘rgangan narsalari, ulardagi haqqoniy bo‘lish istagidan ko‘ra ko‘proq “foydali bo‘lish” va o‘rgatish savqi tabiiysiga javob bo‘lgani uchun ezilmagandilar. Bir uchi ta’lim-ma’rifat adabiyotiga, bir uchi esa kundalik siyosatning talabiga qarab yo‘nalgan yo‘ldagi yozuvchilar Gyugo yoki Zolya kabi namunalar bilan yuzma-yuz kelarkan, Yahyo Kamol, Tongpinar, Abdulhaq Shinosi Hisor — Verlin, Mallarme va Prust bilan nima qilishlari to‘g‘risida o‘ylanishardi. Ularni ezayotgan boshqa bir narsa, oldin Usmonli Saltanati yiqilishining, G‘arb mustamlakasi bo‘lib qolish tahlikasining, so‘ngra Turkiya Jumhuriyatining o‘rtaga qo‘yayotgan turk millatchiligi edi.
Frantsiyada o‘zlashtirgan estetik dunyoqarash, faqatgina modern o‘laroq Turkiyada aslo Mallarme yoki Prust kabi kuchli va haqqoniy bir ovoz chiqara olmasliklarini ham ularga aniq his qildirgan edi.
Izlaganlari juda haqqoniy va she’riy bo‘lgan bir narsada, buyuk taraqqiyotning parchasi o‘laroq tug‘ilib, ulg‘ayganlari Usmonli Saltanatining yiqilishida deb bildilar. Usmonli taraqqiyotining hech o‘nglab bo‘lmaydigan tomonlari ko‘pligini yiqilganini teran bir shaklda anglaganlari bu yozuvchilarga yuzaki bir sog‘inchning, tarix bilan maqtanishning yoki juda ko‘p zamondoshlarining qurboni bo‘lgani, zo‘raki millatchilik va jamoatchilikning taxdikalariga tushmasdan, o‘tmishdan so‘z ayta olishlari she’riy bir dunyoqarash azobini berardi. Buyuk bir yo‘qotish izlarining yiqilgan holida yashayotgan Istanbul — ularning ona shahri edi. O‘zlarini yiqilishning va yiqitishning hazin she’rlariga bag‘ishlasalar, faqat o‘zlariga xos bir ovoz topishi mumkinligini angladilar.
Turk tilidan Miraziz A’zam tarjima qilgan.