O’Genri. Perkinsning va’dasi (hikoya)

– Sakson birinchi ko‘cha… Tushadigan bormi? – qichqirdi ko‘k mundirli “cho‘pon”.
Shu yerlik “qo‘ylar podasi” vagondan tushishdi, boshqa “poda” ularning o‘rnini egalladi. Ding-ding! Manxetten yo‘nalishidagi “poda” ortgan vagonlar taraq-turuq bilan oldinga harakatlanishdi, Jon Perkins esa ozodlikka qo‘yib yuborilgan “poda” bilan pastga tushdi.
Jon kvartirasi tomon asta-sekin odimladi. Asta-sekin, chunki uning kundalik hayotidagi lug‘atida “tez-tez” degan so‘zning o‘zi yo‘q edi. Uylanganiga ikki yil bo‘lgan, arzon kvartirada yashayotgan kishini hech qanday syurprizlar kutib turmaydi. Yo‘l bo‘yi Jon Perkins ma’yuslik bilan muqarrar zerikarli kunning oxirini o‘ylab keldi.
Keti uni eshik oldida koldkrem1 va obakidandon isini taratib, bo‘sa olish bilan kutib oladi. Jon paltosini yechadi, asfaltday qattiq kushetkaga o‘tirib, “qirg‘inbarot” linotiplar2 tomonidan “o‘ldi­rilgan” ruslar va yaponlar haqidagi oqshomgi gaze­talarni o‘qiydi. Kechlikka dudlangan go‘sht, terini yormaydigan va buzmaydigan (kafolatlangan) “etik loki” bilan ziravorlangan salat, dimlangan ravoch, “Kimyoviy toza” yorlig‘i yopishtirilgan qip-qizil qulupnay murabbosi bo‘ladi. Ovqatdan so‘ng Keti unga quroq ko‘rpasidagi muz isini tarqatuvchi o‘zining galstugidan qirqib bergan yangi yamoqchani ko‘rsatadi. Kechki yetti-yu o‘ttizda ular tepa qavatdagi baqaloq gimnastika bilan shug‘ullanganda shiftdan yog‘ila bosh­laydigan suvoq parchalarini munosib kutib olish uchun divan va kreslolarga gazeta yoyishadi. Roppa-rosa sakkizda Xayki va Muni — qarama-qarshi kvar­tiradagi myuzik-xoll juftlik (angajementsiz1) Deli­­rium Tremenens2ning nozik ta’siriga berilib, antreprener3 Gammershteyn haftasiga besh yuz dol­lar shartnoma bilan ularning ortidan quvayotganiga ishonishib stullarni ag‘dar-to‘ntar qilishni bosh­lashadi. Keyin quduqli hovli tarafdagi uyda yashovchi kishi fleytasi bilan oyna oldiga o‘tiradi; gaz o‘ynab-kulib noma’lum tomonlarga oqa boshlaydi; oshxona lifti relsdan chiqib ketadi; shveytsar yana bir bor Zenovitskaya xonimni beshta bolasi bilan Yala daryosi ortiga siqib chiqaradi; rangi o‘chgan yashil tuflidagi xonim shotland tereri4 hamrohligida pastga tushib, payshanba kunlari olib yuradigan familiyasi yozil­gan kartochkasini telefon qo‘ng‘irog‘i va pochta qu­tisi orqali to‘ldiradi va Frogmorning daromad kel­tiradigan uyiga osoyishtalik cho‘kadi.
Jon Perkins hammasi aynan shunday bo‘lishini bilardi. Yana u bilardiki, o‘n beshta kam to‘qqizda Jon Perkins o‘zini qo‘lga olib, shlyapasiga qo‘lini cho‘zadi, xotini esa asabiylashib quyidagi so‘zlarni aytadi:
– Qayoqqa, Jon Perkins, bilsak bo‘ladimi?
– Mak-Kloskinikiga birrov kirib o‘tsammi dev­dim, – javob beradi u, – oshnalar bilan qarta o‘ynagani.
So‘nggi paytlarda bu unga odat bo‘lib qoldi. O‘n yoki o‘n birlarda uyga qaytardi. Ba’zida Keti uxlab yotar, ba’zida qozonda qaynab turgan g‘azabini o‘t oldirishga tayyor bo‘lib kutib o‘tirardi. Jon Frogmorning da­romad keltiradigan uyidagi “qurbonlik”lari bilan Mahshargoh oldida turganda bu ishlarning hammasi uchun Kupidon javob berishiga to‘g‘ri keladi.
Shu kecha Jon Perkins uyiga kirib har kungi eski holatning buzilganiga guvoh bo‘ldi. Keti uni samimiy bo‘sa bilan qarshi olmadi. Kvartirada dahshatli tar­tibsizlik hukm surardi. Ketining buyumlari har yoqqa sochilgandi. Oyoq kiyimlar xonaning o‘rtasida ivirsib yotar, soch to‘g‘nog‘ichlari, bantiklar, xalat, upa-elik qutichasi javon, stul ustiga pala-partish irg‘itib tashlangandi. Ketining bunday qilig‘i yo‘q edi. Taroq tishlari orasida uning qo‘ng‘ir soch tolalarini ko‘rganda Jonning o‘takasi yorilayozdi. Keti, chamasi, shoshilgan va qattiq hayajonlangan. Odatda u soch tolalarini har bir ayolning orzusi bo‘lmish yasama soch qilish uchun ularni kamindagi ko‘k guldonga hafsala bilan yashirib qo‘yardi.
Gaz rojogining1 ko‘rinarli yeriga bir parcha qo­g‘oz ipga osib qo‘yilgandi. Jon uni oldi. Bu Keti qoldirgan xat edi:
“Azizim Jon, hozirgina oyimning betobligi haqida telegramma oldim. To‘rt-u o‘ttizdagi poyezd bilan jo‘nayapman. Ukam Sem meni stansiyada kutib oladi. Muzxonada qo‘y go‘shti bor. Oyim shamollab qolmagan bo‘lsinda, ishqilib. Sut sotuvchiga ellik tsent to‘lab qo‘y. O‘tgan bahorda ham oyimning kasali xuruj qilgandi. Gaz idorasiga gaz hisoblagichi haqida yozishni unutma. Toza paypoqlaring tepadagi qutida. Ertaga yana yozaman. Ketdim.
Keti”.
Ikki yillik turmushlarida ular hali biror bir tunni alohida-alohida o‘tkazishmagandi. Jon hayron bo‘lib xatni yana bir bor o‘qib chiqdi. Bir zayldagi hayot tartibi buzilgandi, bu Jonni esankiratib qo‘ydi. Ovqat tayyorlaganda Keti doim taqib yuradigan mayda qora xolli qizil fartuk stul suyanchig‘ida osilib turar, har kuni kiyadigan ko‘ylaklari to‘g‘ri kelgan joyga irg‘itib tashlangan, uning sevimli obakidandonli xaltasi hali ochilmagan, gazetalar polda sochilib yotardi. Xonada har bir buyum ayriliq haqida gapirayotganday edi. Jon Perkins, qalbini ajib va ma’yus his chulg‘ab, nursiz xarobaxona o‘r­tasida turib qoldi.
U bilganicha kvartirani tartibga keltira boshladi. Ketining ko‘ylaklariga qo‘lini uzatganda uni qo‘rquv qamrab oldi. Jon Ketisiz hayoti nima bo‘lishini hech o‘ylab ko‘rmagandi. Keti Jonning hayotida havodek zarur edi. Endi u go‘yo hech qachon mavjud bo‘lmagandek g‘oyib bo‘lgandi. Albatta, bu bir necha kunga, xolos, nari borsa bir yoki ikki haftaga. Lekin Jonga o‘limning o‘zi uning mustahkam va osuda boshpanasiga bosh suqqandek bo‘ldi.
Jon muzxonadan muzdek qo‘y go‘shtini olib, “kimyoviy toza” qulupnay murabbosi bilan yuzma-yuz o‘tirib, ovqatlanishga tushdi. Chiroq yorug‘i ostida, boy be­rilgan farovonliksiz uning ko‘z o‘ngida dudlan­gan go‘sht va salatning sharpalari gavdalandi. Uning oilasiga putur yetdi. Xasta qaynonasi uyining kulini ko‘kka sovurdi. Yolg‘izlikda ovqatlanib bo‘lgach, deraza olida kelib o‘tirdi.
Chekkisi ham kelmasdi. Oyna ortida shahar shovqin solar, Jonni hech narsani o‘ylamasdan xursandchilikka chorlardi. Tun uning ixtiyorida edi. U hech kimdan so‘ramay ketishi, erkin, xushchaqchaq bo‘ydoqday lazzat dengiziga sho‘ng‘ishi mumkin. Jon tonggacha aysh-ishrat qilishi mumkin, g‘azabnok Keti uni xunob bo‘lib kutmaydi. Agar xohlasa, Avrora elektr chiroqlari­ni o‘zining nurlari bilan to‘sib qo‘ymaguncha, Mak-Kloskinikida oshnalari bilan bilyard o‘ynashi mumkin. Jonni ushlab turgan Gimeney zanjiri, hatto Frogmorning daromadgir uyida toqat qilib bo‘lmasa ham, endi zaiflashdi — Keti jo‘nab ketdi.
Jon Perkins o‘z tuyg‘ulari to‘g‘risida o‘ylashga odatlanmagandi. Ammo Keti tark etgan kvartirada (o‘nga o‘n, ikki fut) o‘tirar ekan, Jon nima uchun o‘zini yolg‘iz his etayotganini, Keti uning baxti uchun zarurligini tushunib yetdi. Jonning unga bo‘lgan muhabbati Ketining yo‘qligini anglagach birdan uy­g‘ondi. Axir, biz kuyni xushovoz qushcha pir yetib uchib ketgandagina qadrlashimiz matal, pand-nasihat va masallar orqali qayta-qayta uqtirilmaydimi?
“Qanday kallavaramman-a, – o‘ylardi Jon Perkins. – Ketiga qanday munosabatda bo‘ldim-a? U bilan birga uyda o‘tirish o‘rniga har kecha qarta o‘ynab, ulfatlar bilan ichib o‘tiraman. Bechora doimo yolg‘iz, ko‘ngil yozmaydi ham, men bo‘lsam o‘zimni qanday tutyapman! Jon Perkins, sen ablahsan. Lekin men xatoimni tuzatishga harakat qilaman. Qizalog‘imni teatrga olib boraman, vaqtini chog‘ qilaman. Mak-Kloski va bu to‘daga hoziroq barham beraman”.
Oyna ortida shahar shovqin solar, Jon Perkinsni Momusning1 keng ko‘ylagida raqsga tushishga chorlardi. Mak-Kloskinikida esa ulfatlar kechki bellashuv ol­didan qo‘llarining chigalini yozib, erinchoqlik bi­lan sharlarni yumalatishardi. Na gulchambarlar, na doira bo‘lib qo‘shiq aytish, na kiyning shaqirlashi yolg‘iz qolgan Perkinsning ko‘ngliga sig‘ardi. Jon qadriga yetmaydigan, hatto ba’zida nafratlanadigan boyligini undan tortib olishdi. Endi esa o‘sha boyligi yetishmayapti. Tavbasiga tayangan Perkins o‘z nasl-nasabini farishtalar meva bog‘idan haydab chiqargan qandaydir Odam Ato degan odamgacha tekshirib ko‘rishi mumkin edi.
Jon Perkinsdan o‘ng tomonda turgan stulning suyanchig‘ida Ketining havorang koftasi osilib tu­rardi. Keti uni yangiligicha saqlagandi. Koftaning yenglarida ingichka, o‘ziga xos taram-taram g‘ijimlar — Jonga qulaylik va huzur-halovat yaratish uchun ti­rishib ishlagan qo‘l harakatlarining izlari bilinib turardi. Undan qo‘ng‘iroqgulning zaif, ammo aynan uning isi kelardi. Jon koftaning yenglarini ushlab, unga uzoq va jiddiy tikilib qoldi. Keti juda ham mehribon edi. Jon Perkinsning ko‘zlarida yosh — ha, yosh ko‘rindi. Keti qaytib kelgach hammasi boshqacha bo‘ladi. Jon Ketini o‘zining e’tiborsizligi uchun mukofotlaydi. Usiz yashashning nima keragi bor?
Eshik ochilib, xonaga qo‘lida kichkina sakvoyaj bi­lan Keti kirib keldi. Jon unga ma’nosiz qarab qoldi.
– Uh, uyga kelganimdan biram xursandman, – dedi Keti. – Oyim unchalik ham kasal emas ekan. Sem stan­tsiyada ekan, aytishicha, xuruj yengil bo‘libdi va telegramma jo‘natganlaridan keyin hammasi o‘tib ketibdi. Keyingi poyezddayoq ortimga qaytdim. O‘lguday qahva ichgim kelyapti.
Frogmor daromadgir uyining uchinchi qavatida mexanizm teskari buralganda tishli g‘ildiraklarning g‘ijirlaganini hech kim eshitmadi. Prujinani tu­zatishdi, lenta harakatga tushdi va g‘ildiraklar av­valgidek aylana boshladi.
Jon Perkins soatga qaradi. Sakkizu qirq besh. U shlyapasini olib, eshikka yo‘naldi.
– Qayoqqa, Jon Perkins, bilsak bo‘ladimi? – so‘­radi Keti asabiylashib.
– Mak-Kloskinikiga birrov kirib o‘tsammi dev­dim, – javob berdi Jon, – oshnalar bilan qarta o‘y­nagani.

Rus tilidan Saidjalol Saidmurodov tarjimasi