Nikola Bualo. Frantsiya akademiyasi a’zosi janob Perroga maktub

Janob!

Birmuncha vaqt oldin ikkimizning oramizda nizo chiqqanidan ko‘pchilikning xabari bor, demak, endi ularni o‘zaro sulhga kelganimizdan ham xabardor qilib qo‘ymog‘imiz lozim. Shunda ular bizning Parnasdagi bu mojaromiz Qirol hazrati oliylari g‘oyat donolik bilan taqiqlab qo‘ygan duelga o‘xshab ketganini tushunib yetishadi. Odatda, raqiblar duelda bir-biri bilan beomon jang qiladi, goho bir-biriga og‘ir jarohat ham yetkazadi, biroq oxiri bir-birini bag‘riga bosib, samimiy do‘stlarga aylanadi. Bizning dahanaki duelimiz esa bundan ham oliyjanobroq yakun topdi. Agar Homerdan iqtibos keltirish joiz bo‘lsa, biz o‘zimizni xuddi “Iliada” qahramonlari – Ayaks va Hektordek tutdik. Ular beomon olishuvdan so‘ng yunonlar va troyaliklar ko‘z oldida bir-birini maqtab, ko‘kka ko‘targan va o‘zaro hadyalar almashgan edi. Darhaqiqat, janob, siz kaminaga o‘z asaringizni yuborib marhamat ko‘rsatgan, kamina ham bunga javoban sizga o‘z asarimni jo‘natgan paytda hali bahsimiz yakun topmagan edi. Ikkovimiz siz unchalik maroqli emas deb hisoblaguvchi “Iliada” qahramonlariga shu jihatdan yanada ko‘proq o‘xshaymizki, biz bir-birimizga iltifot ko‘rsatgandan keyin ham o‘z e’tiqod va didimizda sobit qoldik. Ya’niki, siz hamon Homer va Vergiliyga mensimayroq munosabatda bo‘lmoqdasiz, men esa hanuz ularning ehtirosli muhibi bo‘lib qolmoqdaman. Ko‘pchilikni xuddi shundan voqif etib qo‘ymoq lozim – shu niyatda men, o‘rtamizda yarash bitimi tuzilgach ham, bir epigramma yozdim. U odamlar orasida juda tez yoyilib ketdi, balki sizning qulog‘ingizga ham yetib borgandir. Mana o‘sha epigramma:

Tout le trouble poétique
A Paris s’en va cesser;
Perrault l’anti-Pindarique
Et Despréaux l’Homérique
Consentent de s’embrasser.
Quelque aigreur qui les anime,
Quand, malgré l’emportement,
Comme eux l’un l’autre on s’estime,
L’accord se fait aisément.
Mon embarras est comment
On pourra finir la guerre
De Pradon et du parterre.[1]

Janob, bu misralarda kaminaning his-tuyg‘ulari samimiy ifoda topgan bo‘lib, shularning o‘ziyoq men sizni epigramma yakunini yanada kuchaytirish uchun nomi zik etib o‘tilgan tragediyanavisdan qanchalik farqlashimni  bilib fahmlab olsangiz bo‘ladi. U bilan sizning o‘rtangizda, meningcha, yer bilan osmoncha farq bor.

Oramizda yana ahil-inoqlik qayta o‘rnatilgan, dushmanlik va adovat esa ortga chekingan shu pallada sizga do‘st sifatida bir savol berishimga ijozat etsangiz: qanday sabab sizni shuncha uzoq vaqt qadimgi zamonning eng mashhur shoirlaridan darg‘azab bo‘lish va ularga hamla qilishga majbur etdi ekan?  Sizga hozirgi zamonning durustgina qalamkashlariga nihoyatda kam e’tibor qaratilayotgandek bo‘lib tuyulgani uchun balki shunday qilgandirsiz? Agar shunday bo‘lsa,  sizning xayolingizga, ularga beparvolik bilan qaralyapti, degan fikr qayerdan kelib qoldi? Axir, yangi va yaxshi asarlar shu qadar chin dildan olqishlangan boshqa asrni topish mahol-ku! Keyingi besh-o‘n yilning ichida Frantsiyadan ko‘plab yetishib chiqqan va kitoblari ro‘yxatiyoq yupqa bir jild bo‘ladigan Dekart, Arno, Nikolya va boshqa talay ajoyib faylasufu ilohiyotshunoslarga qanchalik maqtov yog‘dirilganini eslab ko‘ring-a! Ikkimizga ham yaqin bo‘lgan tur, ya’ni she’riyat haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, Malerb, Rakan, Menar naqadar shon-shuhratga burkanganini yodingizga oling-a! Vuatyur, Sorrazen, Lafonten asarlari ham zo‘r his-hayajon bilan qarshi olinmadimi, axir?! Kornel va Rassin, agar ta’bir joiz ko‘rilsa, maqtovlarga ko‘mib tashlanmadimi?! Moler komediyalariga barcha qoyil qolgani-chi?! Sizning o‘zingiz ham, janob, “Sevgi va Do‘stlik munozarasi”, “Rangtasvir haqida doston”, “Janob de Lakentinga maktub” va boshqa barkamol asarlarim munosib baholanmadi, deb shikoyat qila olmassiz?! To‘g‘ri, siz va mening qahramonlik dostonlarimiz, afsuski, qizg‘in qarshi olinmadi. Ammo buni adolatsizlikka yo‘ysak to‘g‘ri bo‘lmas?! “Muqoyasalar” asaringizdagi eng yaxshi doston ham g‘alizlik va zo‘rakilikka to‘lib-toshib yotganini o‘zingiz ham tan olarsiz, axir?!

Sizni qadimgi zamon shoirlariga qarshi jang ochishga nima da’vat etyapti o‘zi? Ularga taqlid qilish hozirgi zamon shoirlarini “aynitishimi?” Ammo bugungi ulug‘ shoirlarimiz xuddi shu taqlid bois shon-shuhrat topganini inkor etmassiz?! Kornel eng go‘zal asarlari syujetini Tit Liviy, Dion Kassiy, Plutarx, Lukan va Senekadan olgani, Aristotel ta’rifidan farqli yangi tragediya turini yaratishiga asos bo‘lgan yuksak g‘oyalarni ham yana o‘sha salaflardan o‘zlashtirganiga iqror bo‘larsiz?! Zotan, fikri ojizimcha, Kornelning teatrbop eng yetuk asarlariga aynan shu nuqtai nazardan qaramoq lozim. Ushbu asarlarda u Aris­totel o‘rnatgan qonun-qoidalardan chetga chiqib, tomoshabinda qo‘rquv va hamdardlik tug‘dirish yo‘lidan bormaydi, balki unda fikrning ulug‘vorligi va tuyg‘uning go‘zalligi orqali hayrat uyg‘otishga intiladi. Aksariyat kishilar, ayniqsa, yoshlarimizga asl fojeiy ehtirosdan ko‘ra ayni shu ruhiy kayfiyat yaqinroqdir.

Nihoyat, ancha cho‘zilib ketgan shu taxlit fikrlarni yakunlab va mavzudan chalg‘imaslikka harakat qilib, sizdan, janob, Rasinni ham Sofokl va Yevripid tarbiyalamadimi, deb so‘ramoqchiman. Ayni chog‘da siz Moler komediya janrida bor mahoratni Plavt va Terentsiydan o‘rganganini ham tan olarsiz?

Mabodo shunday bo‘lsa, sizdek janobning qadimgilarga keskin hamla qilishingizni qanday tushunmoq kerak? Sizni bunga majbur etayotgan sabablarni, chamasi, sekin-asta anglab yetayotgandekman. Meningcha, siz hayot yo‘lingizda o‘zingiz “Dialoglar” asaringizda tasvirlagan Raisga o‘xshash biror ilmbozga to‘qnash kelgansiz. Bu toifa kishilar qadimgilarni faqat o‘z xotirasini boyitish uchungina o‘rganadi va na aql-farosat, na fikr-mulohaza, na ta’b-didga ega bo‘lmaganidan, ularni bor-yo‘g‘i qadimgilar bo‘lgani uchungina qadrlaydi. O‘sha ilmbozlar chin aql-zakovat tili faqat yunoncha yoki lotinchadir, deb mutaassiblarcha ishonadi. Agar yunoncha va lotinchadan mavqei pastroq  boshqa tilda biror asar yaratilsa, bundaylarga uni chiqitga chiqarish uchun shuning o‘zi kifoya qiladi. Qadimiyatning bu betayin muxlislari sizni o‘sha zamonning barcha hayratomuz kashfiyotlariga yov qilib qo‘ygan: qadimiyatning hayratomuz kashfiyotlari oldida hayajondan entikish garchi mutlaq oqilona bo‘lsa-da, ammo siz o‘sha nodon kimsalar ehtirosiga sherik bo‘lishni o‘zingizga ep ko‘rmagansiz. Sizga “Qiyoslar”ni yozish uchun turtki bergan sabab, har qalay, ana shu bo‘lsa kerak. Siz, bularda yo‘q aql menda bor, shuning uchun  bir necha jo‘yali dalil bilanoq noshud va ojiz raqiblarimni oson tor-mor keltiraman, deb fikr qildingiz. Va siz bu vazifani shu qadar qoyil uddaladingizki, agar bu olishuvga men aralashmasam, siz o‘sha jang maydoniga – uni shunday atash mumkin bo‘lsa –  g‘alaba bayrog‘ini ham tikib qo‘yar edingiz. Chunki soxta olimlar bunday jangga mutlaqo yaroqsiz bo‘lib chiqdi, asil olimlar esa andak kibrga borib, sizga javob qaytarishni lozim topmadi. Shu o‘rinda, ijozatingiz bilan, bir haqiqatni eslatib qo‘ysam: qadimgi zamonning buyuk yozuvchilari asil yoki soxta olimlar yoqlab ovoz bergani uchun shon-shuhrat qozonmagan, ular bunday sharafga turli  asrlar va xalqlarning eng dono, eng didli kishilari har gal birdek  qoyil qolgani, hayratga tushgani uchun muyassar bo‘lgan. Shunday kishilar orasida Aleksandr Makedonskiy yoxud Yuliy Sezarga o‘xshash zabardast zotlar bor edi. Shuni ham aytishga ijozat etingki, bugun Homer, Horatsiy, Sitseron yoxud Vergiliy asarlaridan, siz tilga olganingizdek, Sxrevelius, Peraredus, Menagius va, Moler iborasi bilan aytilsa, ism-sharifi – us bilan tugovchi yana bir siqim olimlargina zavq tuyayotgani yo‘q. O‘z kuzatishlarimga tayanib aytsam, bu ulug‘ yozuvchilar asarlaridan, avvalo, eng yuksak aql va eng oliy martaba sohiblari teran zavq olayotir. Ularning ismi-shariflari birma-bir sanalgudek bo‘lsa, barchasi naqadar taniqli zotlar ekanidan lol qolasiz. Chunki bu ro‘yxatda nainki Lamuanon, d’ Agesso va Trevilning, balki, shuningdek, Konde, Konti va Tyurennning ismi-sharifi ham bor.

Nahotki, janob, sizdek nozikta’b bir kishi bu ajoyib didli insonlar fikrini baham ko‘rmasa? Siz ularning fikrini albatta baham ko‘rasiz, bunga zarracha ham shubha qilmayman. Demak, ikkimizning qarashlarimiz o‘rtasida ham, chamasi, siz o‘ylaganchalik katta farq yo‘q. Vaholanki, siz bir talay doston, dialog va o‘y-fikrlaringiz bilan ommaga qadimgi va hozirgi shoirlarga nisbatan qanday qarashlarni singdirmoqchisiz? Sizning muddaongizni to‘g‘ri angladimmi yoki yo‘qmi, buni bilmadim-u, ammo, meningcha, uni muxtasar tarzda bunday ifodalash mumkin. Siz bizning asrimiz, aniqrog‘i, Buyuk Lyudovik asri barcha san’at turlari, ayniqsa, so‘z san’ati borasida qadimgi zamonning barcha yorqin davrlari, hatto Avgust asriga ham nainki tenglasha oladi, balki uni ortda ham qoldirib ketadi, degan fikrni  isbotlamoqchisiz. Ehtimol sizga g‘alati tuyular-u, ammo chin ko‘ngildan aytsam, men bu fikringizga butkul qo‘shilaman. Agar xastalikka chalinib va yumushlarga ko‘milib qolmaganimda, bu qarashni isbotlash uchun qo‘limga albatta qalam ham olgan bo‘lardim. To‘g‘ri, buning uchun men siznikidan boshqacharoq dalillarni qo‘llardim, zero, har bir odamning o‘ziga xos isbotlash usuli bo‘ladi. Bundan tashqari, sizning izohlaringiz yoniga o‘zimning sharhlarimni ham qo‘shib qo‘yardim.

Men, sizdan farqli o‘laroq, o‘z millatimiz va asrimizni boshqa barcha millat va asrlarga bus-butun qarshi qo‘ymasdim. Chunki bunday yondashuv, meningcha, hech qanday samara bermaydi. Men boshqa millat va asrlarni ham birma-bir tadqiq etib, ular nimada bizdan yuksag-u, biz nimada ulardan yuksakmiz, shuni batafsil aniqlab chiqar va o‘zimizning ulardan ustunligimizni hech kim rad etolmas qilib isbotlab bergan bo‘lar edim. Avgust asri haqida so‘z ketganda esa, bizda Vergiliy va Sitseronga teng­lasha oluvchi birorta ham  shoir yoki notiq yo‘qligini o‘sha zahotiyoq  xolis tan olardim. Eng sara tarixchilarimiz asarlari Tit Liviy va Soll­yustiy kitoblari oldida xira tortib qoladi, degan fikrga ham qo‘shilgan bo‘lardim. Shuningdek, Renening ajoyib satiralari, Vuatyur, Sarrazen va graf de Syuzning nafis elegiyalari borligiga qaramay, bugungi satira va elegiyamiz himoyasiga ham shaylanmasdim. Ammo biz tragediya bobida rimliklardan birmuncha o‘zib ketganimizni albatta isbotlab berar edim. Zero, rimliklar ko‘plab ajoyib frantsuz tragediyalariga, deylik, Senekaning chuqur mazmundan ko‘ra yaltiroq shaklga ega bir necha dabdabali asarini, shuningdek, o‘sha zamonda shuhrat topgan Variyning “Tiyesta” va Ovidiyning “Medeya”  tragediyalarini qarshi qo‘ya oladi, xolos. Shuningdek, men o‘sha davrda nafaqat bugungi shoirlarimizni ortda qoldirib ketadigan, balki hozir shunchaki nomini eslashga ham arziydigan birorta komik shoir chiqmaganini ko‘rsatib berardim. Chunki Plavt, Setsiliy va Terentsiylar bundan avvalgi asrdayoq hayotdan ko‘z yumib bo‘lgan edi. Tag‘in men Frantsiyada Rimning yagona lirik shoiri – Goratsiydek benazir qasidanavis topilmasa-da, ammo so‘zni nafis va aniq qo‘llashda undan qolishmaydigan ancha-muncha ijodkorlar borligini qayd etardim. Ularning lirik asarlari badiiy qimmati, agar bari birgalikda olingudek bo‘lsa, Goratsiy meros qilib qoldirgan besh qasida kitobinikidan sira kam emas. Yana ba’zi janrlar, masalan, biz roman deb atovchi nasriy dos­ton borasida, bu janr haqida hech qanday tasavvurga ega emaslikdek oddiy sabab oqibatida, rimliklar bizdan o‘tib ketolmaganini qayd etgan bo‘lardim. Hozir Frantsiyada ushbu janrning, ular ko‘p hollarda yoshlarni yo‘ldan ozdiruvchi xavfli g‘oyalarni tashishi istisno etilsa, juda ajoyib namunalari bor. Shuni ham dadil aytgan bo‘lar edimki, hatto Avgust asri to‘liq, ya’ni Sitserondan Tatsitgacha olib qaralsa ham, rimliklar orasidan fizikaga doir  bilimlar borasida Dekart yoxud Gassendi bilan yonma-yon qo‘yishga arzirli birorta ham faylasufni topish qiyin. Rimlik­larning yetakchi olimlari bo‘lmish Varron va Pliniy esa bilimining kengligi va chuqurligi jihatidan bizning Binon, Skaliger, Somez, hazrat Sirmon va hazrat Petolar qarshisida juda ojiz ko‘rinib qoladi. Men siz bilan yelkama-elka turib, ularning astronomiya, geografiya va navigatsiyaga doir bilimlari naqadar cheklanganini bajonidil qayd etardim. Kaminaga hech bo‘lmasa bitta yetuk Rim me’mori  (Vetruviy bundan mustasno, u mohir quruvchidan ham ko‘proq alloma arxitektor edi), haykaltaroshi va musavviri nomini ayting-chi, degan bo‘lardim. Zero, bu sohalarda kimki shuhrat qozongan bo‘lsa, barchasi ovrupolik yoxud osiyolik yunonlar edi. Ular Rimga o‘z san’atini namoyish etish uchun kelgandi, chunki rimliklar ushbu san’at turlari haqida ozgina ham tasavvurga ega emas edi. Vaholanki, butun dunyo ahli bugun Pussen, Lebren, Jirardon, Mansar asarlarini zavq-shavq bilan tomosha qilmoqda, ularning iste’dodiga tasanno aytmoqda. Men, albatta, bu fikrlarga yana ko‘pgina qo‘shimchalar ham qilishim mumki, biroq shularning o‘ziyoq kamina Avgust asriga qanday munosabatdaligini bilib olish uchun sizga kifoya qilar?! Agar yozuvchi va san’atkorlardan qahramon va hukmdorlarga o‘tsak, men bu vazifani ham xamirdan qilni sug‘urgandek oson ado etishimga shubha qilmayman. Har qalay, menga rimlik Avgustning frantsiyalik Avgustdan hech bir ustunlik jihati yo‘qligini isbotlash aslo qiyin kechmaydi. Yuqorida bayon etilganlardan ma’lum bo‘layotirki, janob, siz va men o‘z davlatimiz va asrimizga ehtirom ko‘rsatishda bir xil qarashga egamiz, ammo bu xususda har xil fikr yuritamiz, xolos.  Binobarin, men “Muqoyasalar” asariga hujum qilar ekanman, tanqid tig‘ini uning haqqoniy g‘oyasiga emas, balki mutakabbir va nafratomuz ifodasiga qarshi qaratganman. Sizning asaringizdagi abbat va shevale, taassufki, eng yuksak ehtirom va hayratga munosib adiblarimiz haqida aynan shunday ohangda mensimay so‘z yuritadi. Xullas, do‘st-inoqligimizni yanada mustahkamlash va kelgusida yangi nizolar chiqishining oldini olish uchun ikkimiz ham batamom “sog‘aymog‘imiz”: siz qadimgi davrning mashhur yozuvchilarini tor-mor etishga haddan ortiq ruju qo‘yishdan, men esa hozirgi zamonning saviyasiz va o‘rtamiyona yozuvchilarini la’natlashga haddan tashqari mukka ketishdan qutulmog‘imiz lozim. Bu borada biz bor kuch-g‘ayratimizni ayamay sarf etmog‘imiz zarur. Hatto bu maqsadga erisholmagan taqdirimizda ham,  sizga shunday va’da beramanki, men siz va o‘zimning o‘rtamdagi  bitimni biron bir tarzda buzmayman, faqat siz meni “Xlodvig” yoxud “Bokira”ni o‘qishga majbur etmasangiz bo‘ldi, o‘zim esa bunga javoban sizga  “Iliada” va “Eneida”ni har qancha tanqid qilishingizga yo‘l qo‘yib beraman. Ayni choqda o‘zim sizdan ham Homer va Vergiliyni iloh darajasiga ko‘tarib, otashin muhabbat bilan sevishni talab etmagan holda, bu shoirlardan bemisl zavq tuyaveraman. Darvoqe, bir dostoningizdagi hasbiholingizga qaraganda, sizni go‘yo “Iliada” va “Eneida”ga shunday munosabatda bo‘lishga majbur qilishayotgan emish. O‘z-o‘ziga:

…Nec tu divinam Aeneida tenta:
Sed longye sequere, et vestigial semper adora,[2]

– deya murojaat etgan Statsiy “Eneida”ga xuddi shunday muhabbat qo‘ygan edi.

Janob, men ko‘pchilikni mana shu gaplardan xabardor etmoqchi edim. Ular o‘rtamizdagi nizo haqida bor haqiqatni bilishsin deya, ushbu maktubni yozishga jazm etdim. Maktubni asarlar to‘plamimning ham katta, ham kichik nashrlarida chop ettirish niyatim bor. “Longin haqida mulohazalar” asarimda og‘zimdan bexos chiqib ketgan kesatiqlarni esa har qancha yumshatishni xohlasam-da, baribir, endi bundan hech qanday naf bo‘lmasa kerak, degan xulosaga keldim. Chunki ular asarlar to‘plamimning avvalgi ikki nashrida allaqachon chop etilib bo‘ldi. Axir,  biror kimsa shu ikki nashrga murojaat etishni xohlab qolishi ehtimoldan holi emas-da! Shuningdek, kaminaning ruxsatisiz boshqa mamlakatlarda chop etilgan nashrlarda ham o‘sha kesatiqlar o‘z holicha qoldirilgan bo‘lishi turgan gap. Shu bois ham kamtarin qulingiz sizning qalbingizga yetkazgan kichik ozorni aritishning eng maqbul yo‘li – ushbu xat orqali sizga bo‘lgan asil munosabatimni to‘kib solmoqdir. Umidim shulki, siz mening bu qarorimni ma’qullaysiz va muhtaram janob Arno o‘ninchi satiram munosabati bilan sizga yozgan xatni so‘nggi nashrga kiritganim uchun kaminadan ranjimaysiz.

Janob Arnoning asarlar to‘plamida ikki bora chop etilgan o‘sha xat sizning “Xotin-qizlar apologiyasi” nomli asarimga  yozgan so‘zboshingizdan meni himoya qilgan edi. Mazkur so‘zboshida siz meni nafaqat yanglish fikrlarni o‘rtaga tashlash va grammatik xatolarga yo‘l qo‘yishda, balki, shuningdek, qo‘pol so‘zlar, beadab iboralar va hatto fisq-fujurda ham ayblaysiz. Shuni e’tiborga olishingizni o‘tinib so‘raymanki, bunday tanbehlar har qanday kishining ham nafsoniyatiga qattiq botadi, ularga qarshi lom-mim demaslik esa bu tanbehlarni to‘g‘ri deb tan olish hisoblanadi. Shu sababdan men yangi nashrda yo o‘zimni o‘zim himoya qilib chiqishim, yo meni g‘oyat munosib himoya etgan ana shu xatni chop qilishim lozim edi. Bundan tashqari, janob Arno maktubi o‘z muholifiga shu qadar nazokat va ehtirom bilan bitilganki, nazdimda, hech bir sofdil kishi undan xafa bo‘lishi mumkin emas. Shuning uchun, takror bo‘lsa ham aytay, asarlar to‘plamimning yangi nashrida o‘sha xatni ko‘rish siz uchun ko‘ngilsizlik bo‘lmas, deya o‘z-o‘zimga tasalli berayotirman. “Dialoglar” asaringizdagi tanqiddan jahlim chiqishi kaminani sizning sha’ningizga ba’zi nomaqbul gaplarni aytib yuborishga majbur etganini ochiq tan olaman. Balki bu qilmishim, o‘ninchi satiramdagi hujumimdan siz ham jahlga minib, yo‘q joydan qo‘pol so‘z, beadab ibora va fisq-fujurlar topganingizni anglab yetishingizga turtki bo‘lar. Menga ishoning, sizga har doim zo‘r ehtirom bilan boqqanman  va sizni Frantsiyaning eng yorqin iste’dod sohiblaridangina emas, balki eng oliyjanob va nomusli insonlaridan ham biri, deb bilganman.

Sizga, janob, har qachon sodiq qolaman!

Rus tilidan Muhiddin Rahim tarjimasi

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 12-son

________________

[1] Mazmuni: Parijda bu shoirona mubohasa qachon to‘xtar ekan? Bir tomonda Perro Pidarga xujum qilsa, boshqa tomonda Depreo Homerni himoya etadi. Har ikki taraf ham allanechuk vajohatli va g‘azabnok! Ajabki, ular, garchi biri boshqasini tan olmasa ham, oson murosaga kelishdi. Meni esa hamon bir muammo tashvishga soladi: har xil taqlidchilaru Pradonu ko‘hna dafnalar  – g‘alaba chambaraklaridan qachon qutilar ekanmiz?

[2] Mazmuni:  Ilohiy “Eneida” yuksakligiga ko‘tarilmasang ham mayli, ammo bu dostonga ko‘p yillar ergash va uning izlarini ko‘zlaringga surt.