Najib Mahfuz. Bolalar jannati (hikoya)

– Dadajon.
– Labbay, qizim.
– Biz dugonam Nodiya bilan hamisha birgamiz.
– Juda yaxshi-da, qizim.
– Sinfda ham, tanaffusda ham, oshxonada ham.
– Juda soz. Yoqimtoy, tarbiya ko‘rgan qiz u…
– Ammo ilohiyot darsiga boshqa-boshqa sinflarga qatnaymiz.
U xotiniga qaradi. Xotini dasturxonga kashta tikib o‘tirardi. U eriga qarab jilmaydi. Xotinining jilmayganini ko‘rib, u ham tabassum bilan dedi:
– Ilohiyot darsidagina boshqa-boshqa sinflarga kirasizlar-da. Hechqisi yo‘q.
– Nega shunaqa, dada?
– Negaki, sening dining boshqa, uniki – boshqa.
– Nega shunaqa, axir?
– Sen muslimasan, u – nasroniy.
– Sababi nima, dada?
– Sen hali kichkinasan, qizim. Katta bo‘lganingda o‘zing bilib olasan.
– Men katta bo‘lib bo‘lganman.
– Yo‘q, sen hali kichkinasan.
– Nega men muslimaman?
Birinchi qadamdanoq tarbiyaning zamonaviy usullarini chipakka chiqarmaslik uchun sabr-qanoat va ehtiyotkorlik bilan ish yuritmoq zarur edi.
– Sening otang musulmon, onang musulmon, shuning uchun sen ham muslimasan.
– Nodiya-chi?
– Uning otasi nasroniy, onasi nasroniy. Shuning uchun uning o‘zi ham nasroniy.
– Uning dadasi ko‘zoynak taqib yurgani uchun shunaqami?
– Yo‘q. Bunga ko‘zoynakning daxli yo‘q. O‘zi shunaqa. Uning bobosi ham nasroniy bo‘lgan.
Ota avlod-ajdodlarini uzundan-uzoq sanashga tushib ketdi. Bir joyga yetib qizi zerikadi-ku… Shunda o‘zi boshqa gapga o‘tar. Lekin qizi yana o‘sha tutgan joyidan davom ettiraverdi.
– Dada, qaysi biri yaxshi – muslima bo‘lganmi yo nasroniy bo‘lganmi?
Ota biroz o‘ylanib turib, javob berdi:
– Unisi ham, bunisi ham yaxshi.
– Axir, birortasi yaxshiroq bo‘lishi kerak. Undoq bo‘lsa, men ham nasroniy bo‘laqolay-da? Unda hamma joyda Nodiya bilan birga bo‘lar edik.
– Yo‘q, qizim. Buning iloji yo‘q. Har kim o‘z ota-onasining imonida bo‘lmog‘i shart.
Chindan ham, zamonaviy tarbiya g‘oyatda mushkul narsa-da!
– Katta bo‘lguningcha kutib turging kelmayaptimi? – deb savolga savol bilan javob berdi ota.
– Yo‘q, dada.
– Yaxshi. Sen moda nima ekanini bilasanmi? Birov bir modaga ergashadi, boshqa birov ikkinchi modaning etagidan tutadi. Muslima bo‘lish – eng so‘nggi moda. Shuning uchun sen muslima bo‘lib qolmog‘ing kerak.
– Bundan chiqadiki, Nodiya eskicha modada qolib ketgan ekan-da?
Voy, Nodiyang bilan birga baraka topkur qizim-ay! Har qancha ehtiyot bo‘lgani bilan otasi bir joyda xatoga yo‘l qo‘ydi, shekilli-da! Endi bir amallab buni tekislamasa bo‘lmaydi.
– Bu didga bog‘liq. Lekin har bir odam ota-bobolarining diniga sig‘inmog‘i kerak.
– Men dugonamga “sen eski modaga rioya qilasan, men esa yangi modaga amal qilaman” desam bo‘ladimi?
Otasi shosha-pisha qizining gapini bo‘ldi.
– Hamma din ham o‘z yo‘liga yaxshi. Musulmonlar ham, nasroniylar ham xudoga ishonadilar.
– Nega endi ular boshqa-boshqa xonalarda ishonishadi?
– Chunki ularning har qaysilari o‘zlaricha ishonishadi-da.
– “O‘zlaricha” degani qanaqa bo‘ladi?
– Sen buni yanagi yilga bilib olasan. Yoki undan keyingi yili fahmlaysan. Hozircha esa musulmonlar ham, nasroniylar ham xudoga ishonishini bilib olsang, shuning o‘zi kifoya.
– Xudo degani kim, dada?
Otasi o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Uzoq o‘ylandi. Keyin sir boy bermaslikka harakat qilib so‘radi:
– Bu to‘g‘rida maktabda muallimang nima degan edi?
– Muallimamiz Qur’ondan bir surani o‘qib berdi. Biz fotihani yod oldik. Lekin men hech narsani tushunganim yo‘q. Xudo deganlari kim, dada?
Yana biroz o‘ylangandan keyin otasi jilmayib, mujmalroq javob berdi:
– Xudo dunyodagi hamma narsani yaratgan.
– Bor-yo‘g‘i shumi?
– Ha, bor-yo‘g‘i shu.
– “Yaratguvchi” degani nima?
– Hamma narsani barpo qilganni “yaratguvchi” deyishadi.
– Hamma-hamma narsanimi?
– Ha, hamma-hamma narsani.
– Qanday qilib yaratadi?
– O‘zining bepoyon qudrati bilan.
– U qayerda turadi?
– Dunyoning hamma joyida.
– Dunyo yo‘q bo‘lgan paytlarda. qayerda turgan?
– Yuqorida, baland-baland joyda turgan.
– Osmondami?
– Ha.
– Men uni bir ko‘rsam, yaxshi bo‘lardi-da.
– Buning iloji yo‘q.
– Loaqal televizor orqali ham iloji yo‘qmi?
– Hatto televizor orqali ham mumkin emas.
– Hech kim uni ko‘rgan emasmi?
– Yo‘q.
– Undoq bo‘lsa, uning yuqorida turishini qayoqdan bilasiz?
– Chunki o‘zi shunaqa – yuqorida turadi.
– Uning yuqorida turishini birinchi bo‘lib kim bilgan?
– Payg‘abmarlar.
– Payg‘ambarlar?
– Ha, masalan, Muhammad payg‘ambar.
– Qanday qilib, bilib olgan, dada?
– Uning ham favqulodda iqtidori bo‘lgan-da.
– Uning ko‘zi juda o‘tkir bo‘lganmi?
– Ha.
– Nima uchun, dada?
– Negaki, Olloh uni shunaqa yaratgan.
– Baribir, nega axir, shunaqa yaratgan?
Otaning toqati toq bo‘la boshladi. Uning zardasi qaynab javob berdi:
– Shuning uchunki, u nima qilaman desa, hammasini qiladi. Ixtiyori o‘zida.
– Uning o‘zi qanaqa?
– U hamma narsaga qodir, juda baquvvat, qo‘lidan kelmaydigan narsa yo‘q.
– Sizga o‘xshagan ekan-da, a, dada?
Ota kulib yuborishiga sal qoldi.
– Uning tengi yo‘q.
– Nima uchun u osmonda yashaydi?
– Yer unga kichiklik qiladi. Lekin u hamma narsani ko‘rib turadi.
Qizaloq bir zumgina o‘ylanib qoldi, keyin dedi:
– Lekin Nodiya uning yerda yashashini aytgan edi.
– Buning boisi shundaki, u xuddi yerda yashayotgandek, bu yerda sodir bo‘layotgan voqealarning hammasidan boxabar.
– Nodiyaning gapiga qaraganda, odamlar uni o‘ldirib qo‘ygan emish.
– Yo‘q, u mangu hayot, u hech qachon o‘lmaydi.
– Nodiya odamlar uni o‘ldirgan deydi.
– Yo‘q, bo‘talog‘im, odamlar uni o‘ldirdik deb o‘ylashgan, lekin u o‘lmagan, u – hayot.
– Mening bobom ham hayotmi?
– Yo‘q, bobong o‘lib ketgan.
– Uni odamlar o‘ldirganmi?
– Yo‘q, o‘z ajali bilan o‘lgan.
– Nima sababdan?
– Kasal bo‘lib qolgan. Keyin o‘lgan.
– Singlim ham o‘ladimi? U xam kasal-ku?
Xotinining biroz asabiylashib, qo‘l siltaganini ko‘rib, otaning qoshlari chimirildi.
– Yo‘q, xudo xohlasa, singling tuzalib ketadi.
– Bobom nega o‘lgan bo‘lmasa?
– U nafaqat betob edi, u juda qarib qolgan ham edi.
– Siz ham betob bo‘lgansiz, siz ham qarisiz. Nega siz o‘lmagansiz?
Onasi achchig‘i kelib, koyib berdi, qizaloq hayron bo‘lib, nigohini onasidan olib, yana otasiga qaratdi.
– Xudo o‘zi buni xohlab, “kuning bitdi” desa. biz uning irodasi bilan vafot etamiz, – deb bir amallab javob topdi ota.
– Nima uchun u bizning o‘lishimizni istab qoladi?
– Hamma narsa uning ixtiyorida.
– O‘lim deganlari yaxshi narsami?
– Yo‘q, qizim.
– Bo‘lmasa, xudo nima uchun yomon ish qiladi?
– Xudoning irodasi shunaqa bo‘lgandan keyin, odamlar o‘lishi kerak-da.
– Axir, hozirgina o‘zingiz “bu yaxshi emas” dedingiz-ku?
– Men xato qildim. Bo‘talog‘im.
– Nima uchun men sizni o‘lasiz deganimda onamning achchig‘i keldi?
– Shuning uchunki, hozircha xudo buni xohlamaydi.
– Qachon xohlaydi?
– U bizni bu dunyoga keltiradi-da, keyin yana o‘zi qaytarib oladi.
– Nega bunday qiladi?
– Toki bu dunyoda tirik yurar ekanmiz, savob ishlarni ko‘proq qilmog‘imiz uchun-da…
– Biz bu dunyoda o‘lmay yuraversak bo‘lmaydimi?
– Agar odamlar bu dunyodan ketib turishmasa hech qayerga sig‘ishmay qolishardi.
– Hamma yaxshi narsalarni qoldirib ketamizmi?
– Biz yana ham yaxshiroq joyga ketamiz.
– Qayoqqa?
– Yuqoriga.
– Xudoning yonigami?
– Ha.
– Keyin uni ko‘ramizmi?
– Ha.
– Bu yaxshimi?
– Albatta, yaxshi-da.
– Shuning uchun bizning bu dunyodan ketishimiz kerakmi?
– Lekin biz hali qo‘limizdan keladigan yaxshi ishlarning hammasini qilib ulgurganimiz yo‘q.
– Bobom hamma savob ishlarni qilib bo‘lganmidi?
– Ha.
– U nima ish qilgan?
– Uy qurgan, bog‘ yaratgan.
– Mening tog‘am Tutu nima qilgan?
Otasi nochorlikdan nima qilishini bilmay, yordam so‘raganday xotiniga qaradi. Keyin dedi:
– U ham bu dunyodan ketishidan avval kichikroq bir uy qurgan.
– Qo‘shnimizning bolasi Lulu bo‘lsa, doim meni urgani-urgan.U bironta ham yaxshi ish qilgan emas.
– U shum bola-ku!
– U o‘lmaydimi?
– Xudoning irodasi bo‘lganida u ham o‘ladi.
– Bironta savob ish qilmagan bo‘lsa ham o‘lib ketaveradimi?
– Hamma o‘ladi, hech kim qolmaydi. Lekin savob ish qilganlar Xudoning huzuriga boradi, yomon ish qilganlar jahannam o‘tida yonadi.
Qiz xo‘rsindi, biroz indamay qoldi. Otasi esa butunlay holdan toyganini his qildi. U qizining savollariga to‘g‘ri javob berdimmi-yo‘qmi degan tashvishda edi. Bu savollarning hammasi uning qalbi tubida yotgan bir dunyo shubha-gumonlarni to‘zg‘itib yubordi. Shu choq qizi yana bidirlab tilga kirdi.
– Men hamisha Nodiya bilan birga bo‘lishni istayman.
Otasi biroz sarosimada qiziga qaradi, qizi gapiga aniqlik kiritdi.
– Hatto ilohiyot darsida ham birga bo‘lsam, deyman.
Otasi qah-qah urib kulib yubordi. Onasi ham kuldi. Ota esnab turib dedi:
– Bunaqa masalalarni bolalaring bilan muhokama qilishing mumkinligini men sira xayolimga ham keltirmagan ekanman.
Xotini luqma tashladi.
– Qizimiz ulg‘ayib katta bo‘lganida, ko‘nglingizdagi shubha-gumonlarin-gizni unga oqizmay, tomizmay, gapirib beraverasiz.
Ota yalt etib xotiniga qaradi – bu gapni u hazil qilib aytdimi yoki chin aytdimi – bilmoqchi bo‘ldi, lekin xotini yana kashtasini tikishga tushib ketgandi.

Rus tilidan Ozod Sharafiddinov tarjimasi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 8-son