Men, birorta adib yoki olimnimi, martabali amaldor yoki mashhur jamoat arbobinimi baholashda birovlar azbaroyi sevganidan uni hukmdor darajasigacha ko‘targanini, boshqalar esa xuddi shu shaxsni iblisga chiqarib qo‘yganini va fikrlar bir-biriga to‘g‘ri kelmay, osmon bilan yercha farq qilganini ko‘rganimda, ro‘paramda buyuk zot turganiga amin bo‘laman.
Buyuklik san’at va ma’rifatdan, har qanday qonun va hukmronlikdan, martabayu mansabdan, molu davlatdan ham baland turadi, negaki olim odamlar, rassomlar, nomdoru dongdorlar juda ko‘p, haqiqiy buyuk zotlar esa juda kam. Buyuklik – hech bir xazinaga teng kelmaydigan ilohiy qudrat degani. Ulug‘vorlik o‘z sohibiga shunday jur’at baxsh etadiki, u boshqa sho‘rlik bandalardan qalbi, aqli, tafakkurining bir maqsadga qaratilgani va fikrlash uslubi bilan ajralib turadi. U o‘ziga xos andozada bichilgan bo‘lib, hech bir sinf va hech bir guruh qolipiga sig‘maydi. Qalbida bunday sifatlari bor inson atrofga o‘z ko‘zlari bilan boqadi, uni o‘z quloqlari bilan eshitadi, o‘ziga ma’lum yo‘ldan boradi va har qanday dono ham, u qanchalik buyuk bo‘lmasin, o‘zining qandaydir xurofiy ta’limotga qiziqishi yoki biron-bir maslakka bo‘lgan adovati sabab o‘z fikr-mulohazalarini, istagu xohishlarini qabul qilishga bunday insonni majburlay olmaydi. O‘ziga qattiq ishongani boismi yoki o‘z kuchiga ikkilanish bilan qaraydigan ba’zi irodasiz kishilar sababmi bunday odam barcha unga itoat etmog‘i lozimligiga astoydil ishonadi, ular ham bunday hukmronlikka rozi bo‘ladilar va uning eng yuksak orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarishda unga hamrohlik qiladilar. Bu odam bajarayotgan ajabtovur ishlar uncha-muncha odamning qo‘lidan kelmasligini va bularning bari qanchalik ko‘zni hayratga solib, qalblarga hurmat-ehtirom baxsh etayotganini odamlar ko‘rib turadilar. Agar bu musavvir bo‘lsa, u yangi qiyofa va shakllar yaratmoqda, agar yozuvchi bo‘lsa, inson his-tuyg‘ularini idora qilmoqda, agar qonun chiqaruvchi bo‘lsa, unda eskirib qolgan qoida va aqidalarga barham berib, yangilarini joriy etmoqda, agar hukmdor bo‘lsa, unda tarixga ilgari noma’lum bo‘lgan shonli sahifalarni unga muhrlamoqda, agar vazir bo‘lsa, boshqaruvning avval quloqqa chalinmagan yangi usullarini unga olib kirmoqda, qo‘mondon bo‘lsa, unda aks sadosi yulduzlarga yetgulik qudratli zarbalar bilan dushmanni yer tishlatmoqda.
Buyuklik deganlari shu, inson deganlari shu, agar kimda-kim shunday ishlarni qilishga qodir bo‘lsa, unda bunday insonga odamlar ko‘pchilik bo‘ladimi yoki yakka holdami, farqi yo‘q, u o‘z mehnatini, uning qanchalik muhimligini baholash chog‘ida hammaning aqlini birday lol qilaveradi, nuqtai nazar va tasavvurlarni qarama-qarshi qo‘yadi, adovat va kelishmovchiliklar urug‘ini sochadi. Yangiliklardan quvonib, boshqalarga havas bilan boqish hissi kimga ato etilgan bo‘lsa, ana o‘sha ulkan zavq ularni buyuklarning so‘zlaridan, harakatlaridan, ularning quruq gaplariyu amallaridan quvonishga, ularni haddan ziyod sevishga va hamma yerda ularning hurmatini joyiga qo‘yishga undaydi. Bu esa g‘animlar va hasadgo‘ylarni, uning qobiliyatini ta’qib etuvchilarning ta’bini xira qiladi. Shiddatli jangda kuchli muhabbat va nafrat muqarrar to‘qnashadi. Uning dushmanlari va do‘stlari o‘rtasida ayovsiz jang boshlanadi. Buyuklik saltanatiga putur yetkazishga orzumandlar unga tajovuz qilishadi va aksincha, uning mustahkamligiga ishonganlar uni o‘z himoyasiga olishadi, u esa mamnun va xursand, g‘am-g‘ussa ko‘lankasidan yiroqda, barini xotirjam kuzatadi, negaki, tevarak-atrofidagi o‘kiriklar – buyuklik va shuhratdan darak ekanini biladi.
Men, bunday odamning qarashlari, amallari va intilishlari hamisha ham benuqson bo‘ladi demoqchi emasman. Ehtimol, ruhan xiyla zaif, fikri tor boshqacharoqlari ham bordir, biroq ular ancha-muncha bama’ni va haqiqatgo‘ylardir. Yana shunga diqqatni qaratishingizni istardimki, faqat ulug‘ shaxslargina adiblarni yozishga, faylasuflarni fikrlashga, notiqlarni so‘zlashga, oddiy odamlar yuragini esa sevishga va nafratlanishga unday oladilar.
Birisi Alini jondan sevsa, boshqalari, uni jinidan battar yomon ko‘radi. Yana birlari Abu Bakr va Umarni odil shayx deb alqasa, boshqalari ularning sof ko‘ngliyu sadoqatiga shubha bilan qaraydi. Muhiddin ibn al-Arabiy bir umr birovlar uni dunyoning qutbi deb qadrlaydigan, boshqalari esa bid’atchilar shayxi deb hisoblaydigan odamlar ichida yashadi. Bir toifa musulmonlar Ibn Rushdni islom faylasufi deya ko‘klarga ko‘tarishsa, boshqalar uni ta’na-dashnomlarga ko‘mib, bosh cherkovda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuziga tupurishdi. Bir toifa odamlar “Diniy ilmlarni jonlanishi” asari muallifini Hazrat Dovud nomi bilan atasa, boshqalar uning asarlarini mayda-mayda qilib yirtib shamolga sovurishadi. Ba’zilar al-Maarriyni osmonlarga chiqarib qo‘yishsa, boshqalarning esa uni ko‘rgani ko‘zlari yo‘q, dastlabkilari uning izini ko‘zlariga to‘tiyo qilishsa, keyingilari uni gavjum ko‘chalarda yuztuban sudrab, sazoyi qilgisi kelardi. Suqrot sassiqalafdek zaharni no‘sh aylaganda, bu tekintomoshani ba’zi birovlar miyiqlarida irshayib kuzatganlar, boshqalar esa unga achinib, ko‘z yoshlarini tiyolmaganlar. Shoirlar shoiri Al-Mutanabbiyning nutqi uning shuhratiga ham badnom bo‘lishiga sabab bo‘lgandi (mana, qarabsizki, ro‘parangizda u soxta buyuk payg‘ambarday turibdi!) Davrga in’om etilgan iste’dod deya odamlar Shekspirni inson kamolotining cho‘qqisiga ko‘tarib qo‘yishdi, boshqalar esa uni ojiz taqlidchiga chiqarib, haqoratlashdi va hech narsaga arzimaslikda ayblab, yerga urishdi. Napoleonni qadrlovchilar uni tabarruk siymolar qatoriga qo‘shganlaridan shod edilar, dushmanlari va raqiblariga u baloyi azimdek ko‘rinardi. Lyuter va Kalvin, Galiley va Volter, Nitshe va Tolstoylar tirik paytlarida ham, vafotlaridan so‘ng ham sevgi va nafrat sharobini so‘nggi tomchisigacha simirgandilar. Hozir, bizning zamon, biz yashab turgan mana shu mamlakat odamlari Jamoliddin, Muhammad Abdo, Sa’d Zag‘lul, Mustafo Komil, Ali Yusuf, Qosim Aminlar haqidagi bir-biriga zid fikr-mulohazalardan nahotki xoli bo‘lsa?
Nahotki ularning har biri cheksiz obro‘-e’tibor qozonmagan va ayovsiz nafratga uchramagan bo‘lsa, – shunday mashhur odam bo‘lishlariga qaramay, ular haqida umumiy fikr bo‘lmagan va ular o‘zlarining mashaqqatli yo‘llaridan ketishgan bo‘lsa? Buyuk shaxslarga baho berishdagina odamlarning fikrlarida bu qadar keskin farq bo‘lishi bor gap-ku, axir!
Agar inson beshikdan boshlanib, qabrda nihoyasiga yetguvchi bu hayotda o‘zi uchun zim-ziyo yerosti yo‘lini tanlagan ekan, bunday yashashdan ma’ni yo‘q. Zero u eshakqurt yo chuvalchangdek, zaharli mingoyog‘u boshqa sudralib yuruvchi jondorlar singari qazosigacha shunday emaklab boraveradi. Chinakam hayot chakkangga urib turadi, nafasingni bo‘g‘adi, ko‘zlaringni quvnatadi, nutqingga jon ato etib, g‘aflatda qolgan qalamingni harakatga keltiradi, pok qalblarga o‘t yoqib, g‘animlar qalbini qahr-g‘azabga to‘ldiradi. Buyuklar garchand qisqa umr ko‘rsalar-da, oddiy odamlardan uzoq yashaydilar va bu foniy dunyoda ularga garchi oz umr ajratilgan bo‘lsa-da, ibratga arzigulik shoyon qismat ato etiladi.
Buyuklik haqiqat kabi qutlug‘dir, unga do‘st ham, dushman ham birdek xizmat qiladi. Uning mashaqqatli yuki bunyod etayotganni ham, vayron qilayotganni ham birdek bosib turadi. Qayerda bir to‘da do‘stlarni ko‘rsang, o‘sha yerda istagancha dushmanni ham topasan. Qayerda bir-birining go‘shtini yeb yotgan dushmanga ko‘zing tushsa – yodda tut: o‘sha yerda buyuklik o‘zining dabdabali taxtida savlat to‘kib o‘tiribdi va ko‘tarinki ruhda barining ustidan hukmronlik qilmoqda.
Buyuklik – bu tayanchi sayqallangan inson mehri va nafratidan bunyod bo‘lgan qasr. Qasr poydevori qancha pishiq-puxta bo‘lsa, u uzoq yillar joyida mustahkam turadi. Agar tirgaklardan birontasi qulagudek bo‘lsa, boshqasini ham tutib qolib bo‘lmaydi, u ham tagidan zil ketadi va har ikkisi butun boshli binoni yer bilan yakson qiladi.
Odamlarning yakdillik bilan izhor etgan sevgilari seni maftun etmay qo‘ya qolsin, negaki ojiz va arzimas odamlarga bo‘lgan muhabbatgina ularni birlashtirib turadi, xuddi egasining poyida piypalanib yotgan ko‘ppakdek ular ham qalban, ham aqlan, ham o‘z sezgilariyu jismlari bilan bunday odamlarga sodiq bo‘ladilar. Uni bir urib ko‘r, u chidaydi, qulog‘idan bir tortib ko‘r u yana silab-siypalashingdan umidvor g‘ingshiy boshlaydi, chaqirib ko‘r – o‘sha zahoti yoningda paydo bo‘ladi, do‘q ur – popugi pasayib, dumini qisib qoladi.
Hamma seni birdek yomon ko‘rsa, bundan suyunmay qo‘ya qol, negaki ularni hech kimni xush ko‘rmaydigan va uni ham hech kim xushlamaydigan yomon va yaramas odamlarga bo‘lgan nafratgina birlashtirib turadi.
Agar sen haqda odamlarning fikrlari bir-biriga to‘g‘ri kelmasa, agar sening xizmating va butun bir faoliyatingga baho berishda ularda mushtaraklik bo‘lmasa, unda buni ajablanishga arzirlik hol desa bo‘ladi. Axir bu buyuklik alomati va buyuk shaxslarga xos xususiyat emasmi?..
Panohida buyuk jangchi halovat topib, daraxtni o‘z qoni bilan sug‘orguvchi jangchi bo‘lgandan ko‘ra, atrofida tarafdorlaru g‘anim qo‘shinlari jang qilayotgan lashkarboshi bo‘l.
Kurashchining ovozini hamma unutgan va endi uni hech kim eslamaydigan yerlarga eltuvchi shamol bo‘lgandan ko‘ra, uning ovozini bo‘ron dunyoning istagan burchagiga yoyuvchi otashin kurashchi bo‘l.
Yanchib, payxon qilib tashlovchi qumtuproq bo‘lgandan ko‘ra, sendek novdaga qumtuproq o‘z bag‘ridan joy berguvchi gullayotgan daraxt bo‘l.
Kuching to‘lib-toshayotganini his etsang, unda inson qalbining sultoni bo‘l, mabodo kuch-quvvat seni tark etgan bo‘lsa, unda faqat o‘zingnikiga egalik qilaver. Agar buyuklikka taassub etgudek bo‘lsang, unga xushomadgo‘ylik qilsang yoki o‘z adovatingni oshkor etsang, unda bunday yo‘l bilan faqat yovvosh qul bo‘la olishinggagina umid qilishing mumkin, ular esa qudratli xoqonlikka yagona da’vogar bo‘lib qolaveradilar.
Rus tilidan Dildora Aliyeva tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2013 yil, 7-son.