Qayoqdan tomir urib kelganini bilmayman, uyimizning kunbotar burchida bir tup to‘rang‘il novdasi paydo bo‘ldi. Yaproqlari yam-yashil, terakdek raso.
Xotinimga ko‘rsatdim:
– Qara, to‘rang‘il! Nari borsa, uch yilda soya beradi. Tagiga so‘ri qo‘yib, maza qilib dam olamiz.
– Shirinja-pirinja tushmaydimi? – qiziqdi xotinim.
– Yo‘g‘-a, shirinja degani qoratolga o‘ch bo‘ladi, dunyoda to‘rang‘ildek toza daraxt yo‘q.
Xuddi o‘zim olis yurtdan olib kelib ekkandek, to‘rang‘ilning xosiyatlarini sanay ketdim. Uning tomir quvib o‘sishi, anov-manov zaxni pisand qilmasligi, tagiga qumursqa in qurmasligi, boshqa daraxtlarga qaraganda ikki hissa ko‘p kislorod ishlab chiqarishi, xullas, to‘rang‘ilni bulbuligo‘yo bo‘lib maqtadim. Nima bo‘lsa-da, parvarish qilmay sersoya daraxtli bo‘lganimizdan quvondik.
Aytganimizdek, uch yilda to‘rang‘ilning bo‘yi tomning shiferiga yetdi. Yo‘g‘onlashdi. Ammo hali ko‘rpacha solgudek soyasi yo‘q.
– Hali ko‘ngildagidek o‘smadi-yov, og‘asi, – deydi xotin.
– Yana uch-to‘rt yil o‘tsin, o‘shanda ko‘rasan, – deb qo‘yaman gerdayib.
O‘zimizni aldab yurib, yana uch-to‘rt yil o‘tdi. To‘rang‘ili tushmagur, meni aldoqchiga chiqara boshladi. Soya qayda? Aksincha aybi chiqib, tom ustiga yonboshlab o‘sa boshladi. Ayrim shoxlari shiferga “cho‘zilib” oldi.
– Tapchanni qachon quramiz, – deb xotin goho ustimdan kuladi.
– Sabr qil, xotin, shiferga borib urilgach, orqaga o‘sa boshlaydi. Ana shunda ko‘rasan soyabondek ustingda turishini!
Biroq, bu zang‘ar shiferga borib urilsa-da, ortga qarab o‘smadi. Qaytanga shiferga yotganicha, oldinga o‘saverdi.
To‘rang‘il kattalashgani sayin kechasi uyqudan qoldik. Endi ko‘zimiz ilinganda, nimadir “shitir” etadi. Xotin uchib turadi.
–Tovuq qo‘rani kimdir ochyapti!
Sekin borib, derazadan tovuq qo‘raga qaraymiz. Jim-jitlik. Yana ko‘zimiz ilinadi, yana “shitir” etgan tovush eshitiladi. Xotin yelkamdan tortadi.
– Tur, tur, tashqari eshikka qara!
Quloqlarimiz tikrayadi. Jimlik. Axiyri “aybdor”ni topdik. To‘rang‘il bilan shiferning tomoshasi ekan bu.
Biz uyqudan qolganimiz bilan to‘rang‘ilning ishi yo‘q. Kun sayin “shitir-shitir” bilan “shiyq-shiyq” kuchayaverdi. Ayniqsa, qattiq shamol turgan kunlari Xudo berib qoladi. Tomboshi tasir-tusur bo‘lib ketadi: “shitir-shitir” – “shiyq-shiyq”, “shitir-shitir” – “shiyq-shiyq”…
Bora-bora taxtadan sug‘urilib chiqqan mixlar shiferga tirnalib, taqir-tuqirga aylandi. Bir kuni boshimizga qulab tushmasa yaxshi edi!
Oxiri sabr kosam to‘ldi. Tong otguncha uxlayolmay chiqqan kunim qo‘limga boltani oldim.
– Hoy, nima qilayapsan?
Endi boltani to‘rang‘ilga urmoqchi bo‘lgan qo‘lim havoda muallaq qoldi. Qarasam, tabelchi Buxarboy ekan.
– E-e, manavini chopib tashlamasam… Shiferning barini qiyratmoqchi.
– Esing joyidami, tegma unga!
– Nimaydi?
– To‘rang‘il o‘rmon xo‘jaligi hisobida turadi. Uni chopish uchun bojmondan ruxsat kerak.
– Qanaqa hisob, qanaqa ruxsat, uyimning tagidan o‘zi ko‘karib chiqdi-ku!
– Hamma daraxt ham shunday ko‘karib chiqadi. O‘sib o‘lg‘aygach esa, o‘rmon xo‘jaligi mulkiga aylanadi. Chopsang, jarimasi sillangni quritadi.
Hang-mang bo‘lib qoldim. Hazillashayapti, desam Buxarboy hazilni yoqtirmaydi. Shunday bo‘lsayam, yana so‘radim:
– Rost aytayapsanmi?
– Rost aytmay… nima, men pochchangmanmi?
– Endi nima qilamiz unda?
– Nima qilarding, tegma, o‘saversin…
– Shiferni teshib yuboryapti-ku?
– Shiferingni olib tashla.
Buxarboyning gapi yoqmadi. Lekin, baribir qo‘limni sovutdi. Qaytib bolta siltay olmadim. Taqdirga tan berdik. Tuni bilan shamol g‘uvillaydi, to‘rang‘il guvillaydi, shifer shitirlaydi, xotin to‘nqillaydi, bolalar uxlamaydi…
Shu bilan oradan yana ikki-uch oy o‘tdi. To‘rt-beshta shifer sinib yerga tushdi. Axiyri, bo‘lmadi. Ellik chaqirim yo‘l bosib, “Bashir” ovulga, Yerkinboy bojmonga uchradim. U Buxarboydan battar qilib, osmonni yerga tushirdi.
– Shoxlarini sindirmadingmi?
– Yo‘q.
– Po‘stini eshak qayzamadimi?
– Qayzamadi.
– Echkilaring o‘rmalab yaprog‘ini yemadimi?
– Yo‘q, yemadi.
– Unda durust ekan. Senga maslahatim, hargiz unga bolta tekkizuvchi bo‘lma. U o‘rmon xo‘jaligi hisobida turadi. Arzimagan ishga qamalib ketma.
– Og‘ajon-ov, to‘rang‘il kam-kam uyning ustiga minib borayapti.
– Kerak bo‘lsa, uyingni nariga ko‘chirasan!
Gapdan foyda yo‘qligini tushundim. O‘rmon xo‘jaligiga bordim. Boshlig‘ini tanimayman, biroq o‘rinbosari uzoq quda-qarindosh bo‘ladi. O‘shanga arz qildim.
– Tomning burchagida o‘zi ko‘karib chiqqan bir tup to‘rang‘il bor edi. O‘shani chopayin deb…
U gapimni oxirigacha eshitmadi:
Baraka top, tegma o‘shanga! Yaqinda “Jingichka”ning to‘qayiga o‘t tegdi. Ana shundan senga bir moshin kuygan to‘rang‘il berayin. Puling ham kerak emas.
– Yo‘q, menga to‘rang‘il kerak emas, haligi to‘rang‘ilni chopmasam…
– Sudlanmoqchimisan? Sen o‘zing bilan meni ham tortib ketasan-ku!
Sadag‘asi ketay, bu to‘rang‘il deganining! Ellik chaqirim bosib “Bashir” ovulga bordim – ishim bitmadi, bir kun ishxonamdan ruxsat so‘rab Nukusga bordim – bitmadi. Oxiri, qo‘lni yuvib, qo‘ltiqqa urdim. Endi har safar to‘rang‘ilning yonidan o‘tsam, unga xavfsirab qarayman: xuddi “sen nega mening izimga tushib olding” deb ustimga qulayotgandek go‘yo.
Kunlar o‘taverdi. Shamol g‘uvillaydi, to‘rang‘il guvillaydi, shifer shitirlaydi, xotin to‘ng‘illaydi, bolalar uxlamaydi… Yozgacha shiferning yarmi tamom bo‘ldi. Endi osmon bir yog‘sa, to‘rang‘il ikki yog‘adi. Har xonada uch-to‘rt tog‘ora. Yog‘in-sochindan so‘ng ikki kungacha tirs-tirs, tirs-tirs…
Bir kuni kutilmaganda muammo yechildi. Xotinning tog‘asi o‘g‘lini uylantirib, katta bir to‘yxonada bazm berdi. Chamasi kamida besh yuz kishi sig‘adigan zal. Kira solib birdaniga yonimdagi birovning qo‘liga shartta yopishganimni bilmay qoldim.
– Tinchlikmi? – dedi u boyaqish.
– Manov… manovunga yog‘ yalatib qo‘yibdimi? Toyib ketay dedim…
U bilagini qo‘limdan bo‘shatib olar ekan: “Yiqilmaysan, nima, parket polni ko‘rmaganmisan? Bu to‘rang‘ildan qilingan parket pol-ku!” dedi.
Astag‘furillo, pol xuddi oynadek yarqiraydi. Unga qarab bemalol soqol olsa ham bo‘laveradi. Bunaqasini ko‘rmabman, to‘rang‘il shunday yaltillar ekan-da?
– Yaltillaydi va mustahkam bo‘ladi, – dedi kimdir.
– Bu to‘yxonaning egasi kim ekan? – deb so‘radim.
– Tanimaysanmi? – dedi yana kimdir.
– Yo‘q.
– “Jingichka”ning bojmoniniki! Uning yana bir to‘yxonasi bor. Unisining poli ham to‘rang‘ildan. Ushlasang, qo‘ling toyadi.
…To‘ydan keldim-da, qo‘limga boltani olib, uy burchagidagi to‘rang‘ilga tomon shoshdim.
Qoraqalpoq tilidan Hidoyat Ahmedov tarjimasi
“O‘zAS”dan olindi.