Pyotr Petrovich ismli kishi rafiqasi Katerina Vasilevna bilan Malaya Oxta shahrida istiqomat qilardi. Turmushi yaxshi, badavlat yashardi. Xo‘jalik, garderob, sandiqlar mol-mulk bilan liq to‘la… Uning ikkita samovari bo‘lardi. Dazmollarning esa son-sanog‘i yo‘q – naq o‘n beshta edi o‘ziyam.
Biroq shunchalik boy-badavlat bo‘lishiga qaramay, uning turmushi zerikarli edi. Boyliklaridan ko‘z uzmas, rafiqasiga tikilgancha hech qayoqqa jilmasdi. Ostona hatlab hovliga chiqishga qo‘rqardi. Uning yo‘qligidan foydalanib buyumlarini o‘g‘irlab ketishmasin tag‘in.
Bir kuni esa Pyotr Petrovich pochtadan xat oldi. Maxfiy xat. Kimdan ekanligi yozilmagan. Xatda shunday so‘zlar yozilgandi:
«Eh, sen, qari tuya. Yosh xotinchang bilan yashayapsan-u, lekin atro-fingda nimalar bo‘layotganidan bexabarsan. Xotinchang esa bir huzurtalab bilan aylanishib yuribdi, tentak. Noma’lum do‘sting bo‘lganim uchun seni xabardor qilib qo‘yyapman: agar sen, aljigan chol, yigirma to‘qqizinchi iyul, shanba kuni kechqurun soat yettida Mehnatkashlar bog‘iga kelsang, rafiqang aysh-ishratga qanday o‘ch ekanligini o‘z ko‘zing bilan ko‘rasan. Ko‘zingni och, miyasi aynigan chol. Chuqur ehtirom ila, «noma’lum do‘sting»».
Xatni o‘qib bo‘lgach, Pyotr Petrovich serrayib qoldi. So‘ngra nimalar bo‘lganini eslay boshladi. Yodiga tushdi: Katerina Vasilevna ikkita maktub oldi, lekin kimdanligi haqida lom-mim demadi. Umuman olganda, o‘zini g‘alati tuta boshladi: onasinikiga serqatnov bo‘lib qoldi va mayda-chuyda xarajatlar uchun pul so‘raydigan odat chiqardi.
«Ha, yaramas! – o‘yladi Pyotr Petrovich. – Qo‘ynimda ilon saqlab yurgan ekanman-da… Hechqisi yo‘q, ustimdan kulishlariga yo‘l qo‘yib bo‘pman. Ushlab olaman-da, abjag‘ini chiqaraman – tamom-vassalom».
Yigirma to‘qqizinchi iyul, shanba kuni Pyotr Petrovich o‘zini kasallikka solib yotdi. Divanga cho‘zilib, rafiqasini kuzata boshladi. U esa hech narsa bo‘lmaganday uy yumushlari bilan band edi. Biroq kechqurun yorildi:
– Pyotr Petrovich, onamnikiga bormasam bo‘lmaydi. Og‘irlashib qolibdi.
O‘zi esa yuziga oro berib, shlyapani kiydiyu jo‘nadi-ketdi.
Pyotr Petrovich shosha-pisha kiyinib, chap qo‘liga tayoq oldi, oyog‘iga kalishini ildiyu xotinining izidan tushdi.
Mehnatkashlar bog‘iga keldi, odamlar tanib qolmasin, deb yoqasini ko‘targancha yo‘lka bo‘ylab u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi. Birdan favvora bo‘yida o‘tirgan ko‘yi olislarga tikilayotgan rafiqasiga ko‘zi tushdi. So‘ng unga yaqin keldi.
– Ha, – dedi, – assalomu alaykum. Jazmaningizni kutyapsizmi? Xo‘sh, Katerina Vasilevna, basharangizni yorsam ham kamlik qilar…
Xotini ko‘z yosh qila boshladi.
– Pyotr Petrovich, Pyotr Petrovich! Bo‘lmag‘ur xayollarga bormang. Sizga aytmoqchi emasdim-u, endi aytmasam bo‘lmas… – dedi xotini.
Shunday deb, yengining ichidan maktub chiqardi.
Xatda Katerina Vasilevna hayoti jar yoqasida turgan, halok bo‘layotgan odamni qutqarishi kerakligi yozilgandi. U kimsa yigirma to‘qqizinchi iyul, shanba kuni Mehnatkashlar bog‘iga kelishimni o‘tinib so‘ragandi.
– G‘alati, – dedi u. – Kim yozipti ekan?
– Bilmasam, – javob qildi Katerina Vasilevna. – Unga achinganimdan bu yerga keldim. Kim ekanligini bilmayman.
– Xo‘-o‘sh-sh, – dedi Pyotr Petrovich, – kelishga kelding. Keldingmi, endi qimirlamay shu yerda o‘tir. Men, – dedi u, – favvora ortiga berkinaman. Ko‘ramiz, o‘sha nusxa kim ekan. Uning biqinidan darcha ochib qo‘yaman.
Pyotr Petrovich favvora ortiga berkinib, kuta boshladi. Rafiqasi esa qarshisida – rangi somonday, zo‘rg‘a nafas olardi… Oradan bir soat o‘tdi – hech kimdan darak yo‘q. Yana bir soat o‘tdi, hech kim yo‘q. Shunda Pyotr Petrovich favvora ortidan chiqib keldi-da:
– Mayli, – dedi, – piqillamang, Katerina Vasilevna. Bu, hoynahoy, kimningdir hazili bo‘lsa kerak. Uyga qayta qolaylik… Shuncha yurganimiz yetar… Betayin akangizning ishi bo‘lmasin, tag‘in.
Katerina Vasilevna boshini chayqadi.
– Yo‘q, buning tagida jiddiy bir gap bor. Notanish kimsa sizdan qo‘rqqanidan yaqin kela olmagan bo‘lsa, ajab emas.
Pyotr Petrovich tupurdi, xotinining bilagidan tutdi, ular yo‘lga tushdilar.
Mana, er-xotin uyga ham yetib kelishdi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinlarki, uy esa ag‘dar-to‘ntar bo‘lib yotardi. Sandiq va javonlar ochilgan, dazmollar har tomonga uloqtirilgan, samovarlar yo‘q – talon-toroj. Devorda esa to‘g‘nog‘ichga ilingan quyidagi yozuv osig‘liq turardi:
«Siz shaytonlarni boshqacha yo‘l bilan uydan chiqarib bo‘lmadi. Tuxum bosganday o‘tirasizlar… Kostyumlaringning bo‘yi esa, qari tuya, menga to‘g‘ri kelmas ekan. Bo‘y degan ham shunchalik beo‘xshov va pakana bo‘ladimi? Bu ishingga qoyil bo‘lmadim. Rafiqangga esa chuqur ta’zim bajo aylaymiz».
Er-xotin yozuvni o‘qib “oh-voh” qilishdi, polga o‘tirib, yosh bolalarday yig‘lay boshlashdi.
Ruschadan Abduvohid Umr tarjimasi