Kunning qoq yarmida, zumrad pashshalar qalashib yotgan go‘ngtepa yonida u boshiyu jajji oyoqlarini oldinga cho‘zgancha onajonginasining qornidan chiqib keldi va tepaginasida — portlagan shrapnelning taralib borayotgan bir tutamgina nafis, ko‘kish g‘uborini ko‘rdi, hayqiriqli guldirak uning murg‘ak, ho‘l vujudini onasining oyoqlari ostiga itqitdi. Yer yuzida birinchi totib ko‘rgan tuyg‘usi dahshat bo‘ldi. Qo‘lansa do‘l bo‘lib yog‘ilayotgan pitralar otxonaning cherepitsa tomini taraqlatib chaldi, yer yuzasiga uncha-muncha sochilarkan, toychoqning onasi — Trofimning jiyron biyasini sapchib turishga, qisqagina kishnagancha terchilagan yonboshi bilan jonga ora kiruvchi go‘ng uyumiga yotishga majbur etdi.
Ana shundan keyin boshlangan jazirama sukunatda pashshalarning g‘o‘ng‘illashi yangrab eshitildi, to‘pbozlik bo‘layotgani sababli chetanga uchib chiqishga yuragi betlamagan xo‘roz allaqayerdagi qariqizlarning panasida qanotlarini bir-ikki tapillatdi-da, bamaylixotir, ammo bo‘g‘iq quququlab qo‘ydi. Uydan yarador pulemyotchining yig‘lamsirab inqillayotgani eshitilardi. Ahyon-ahyonda keskin, xirqiroq ovoz bilan chinqirib yuborar, qichqiriqlari darg‘azab so‘kishlari bilan bo‘linib turar edi. Angarikdagi ko‘knorining qip-qizil ipak gullarida asalarilar vizillardi. Stanitsaning naryog‘idagi o‘tloqda pulemyot tasmasini otib tugatmoqda, uning quvnoq tarillashi eshitilib turarkan, to‘plarning birinchi va ikkinchi o‘q uzishlari oralig‘ida jiyron biya to‘ng‘ichini yalab-yulqadi, qulun esa onasining tirsillab turgan yeliniga yopisharkan, ilk bor hayotning butun lazzatini, ona mehrining tuganmas totini his etdi.
Ikkinchi to‘p o‘qi xirmonning naryog‘iga gursillab kelib tushgach, uydan eshikni taraqlatib yopgancha Trofim chiqdi-da, otxonaga qarab yurdi. Go‘ngtepani chetlab o‘ta turib ko‘zlarini kafti bilan quyoshdan to‘sdi, toliqqanidan dir-dir titrayotgan toychoq jiyron biyasini emayotganini ko‘rarkan, garangsigancha cho‘ntaklarini kavladi, qaltiragan barmoqlari bilan tamaki xaltasini paypaslab topdi-da, o‘ragan tamakisini ho‘llay boshlagandagina tili gapga keldi:
— Ha-a-a… Demak, qulunlabsan-da? Topgan vaqtingni qara-ya, shu ham ish bo‘ldimi? — Uning oxirgi iborasida achchiq ranjigani belgi berib turardi.
Biyaning teri selgib, g‘o‘dir bo‘lib qolgan yonboshlariga burgan cho‘plari, qurg‘oq go‘ng yopishgan. U or keltirgandek oriq va irvoq ko‘rinar, ammo ko‘zlarida horg‘inlik aralash mag‘rurona quvonch barq urib turar, yiltiroq yuqori labi esa tabassumdan tikrayar edi. Har qalay, Trofimga shunday tuyulardi. Otxonaga olib kirilgan biya yemli to‘rvasini silkitgancha pishqira boshlagach, Trofim kesakiga suyandi-da, ensasi qotgancha toychoqqa qiya qararkan, sovuqqina so‘radi:
— Topganing shu bo‘ldimi?
Javobini kutib o‘tirmay, yana javray ketdi:
— Ignatning ayg‘iriga o‘xshasa ham mayli edi, jin ursin, qaysi biriga o‘xshatishga hayronsan. Xo‘sh, men bu dardisarni qayoqqa qo‘yay?
Otxonaning nimqorong‘i sukunatida yem kursillaydi, eshik tirqishidan qiya tushgan quyosh shu’lasi oltin zarralar sochadi. Trofimning chap betiga yorug‘ tushib turibdi, sarg‘ish mo‘ylovi bilan sertuk soqoli qizg‘ish tovlanadi, og‘zining chetidagi chiziqlar egik egatlardek qorayib ko‘rinadi. Pahmoq oyoqlari ingichkagina toychoq xuddi o‘yinchoq yog‘och otdek turibdi.
— Uni o‘ldirib qo‘yaqolsammikan? — Trofimning tamakidan ko‘karib ketgan katta barmog‘i toychoq tomonga qayriladi.
Biya qontalash ko‘z soqqalarini ola-kula qiladi-da, mijja qoqib, egasiga kulgannamo qarab qo‘yadi.
* * *
Eskadron komandiri joylashgan qo‘noqxonada o‘sha kuni kechqurun shunday gurung bo‘lib o‘tdi:
— Qarasam, biyam o‘zini avaylayapti, yo‘rtib chopolmaydi, yelishga chog‘i kelmaydi, nafasi tiqilib qoladi. Razm solsam, bo‘g‘oz ekan… O‘zini avaylagani-avaylagan, avaylagani-avaylagan… Qulunchog‘i to‘riqnamoroq… Shunaqa… — deb hikoya qilardi Trofim.
Eskadron komandiri choy quyilgan mis krujkani kafti bilan siqib ushlagan, bamisoli ataka oldida qilich dastasini tutgandek siqib ushlagan, mudroq ko‘zlari bilan chiroqqa tikiladi. Sarg‘ish shu’la ustida parvonalar g‘ujg‘on o‘ynamoqda, derazadan uchib kiradilar-da, shishaga tegib jizg‘inak bo‘lgach, bulari o‘rniga boshqalari keladi.
— …Farqi yo‘q. To‘riqmi, burulmi — bari bir. Otib tashlash kerak. Toychoq ergashtirib yursak lo‘lilarning o‘zi bo‘lamiz-qo‘yamiz.
— Nima-nima? Men ham, lo‘li bo‘lamiz-qo‘yamiz deyapman-ku. Mabodo qo‘mondon kelib qolsa-chi, unda nima bo‘ladi? Polkni ko‘zdan kechirgani kelsa-da, toychog‘ing safning oldida sho‘rxok yalab, dumini mana bunday qilib yursa… A? Butun Qizil Armiya oldida uyatga qolib, sharmanda bo‘lamizku. Men hatto hayronman, Trofim, sen bunga qanday qilib yo‘l qo‘yding? Grajdanlar urushi qizib turgan payt bo‘lsa-da, shunaqangi buzuqlik yuz berib o‘tirsa… Bu hatto uyat. Otboqarlarga qat’iy buyruq: ayg‘irlarni alohida saqlashsin.
Ertalab Trofim uydan miltiq ko‘targancha chiqib keldi. Hali quyosh chiqmagan edi. O‘tlar uzra — nimpushti shabnam. Piyodalarning etiklari tepkilagan, xandaqlardan o‘ydim-chuqur bo‘lib ketgan o‘tloq qayg‘u-hasratdan bevaqt ajin tushgan qiz yuzini eslatardi. Dala oshxonasi atrofida oshpazlar kuymanishardi. Ostonada ich ko‘ylagi allaqachondan buyon terlayverishi tufayli chirib tushayozgan eskadron komandiri o‘tirardi. To‘pponchaning tetiklantiruvchi muzdekkina dastasini tutishga odatlanib ketgan barmoqlari unutilgan, qadrdon ishga qovusholmay, irimchik chuchvara uchun jimjimador chovli to‘qimoqda edi. Oldidan o‘tib ketayotgan Trofim qiziqib so‘radi:
— Chovli to‘qiyapsizmi?
Eskadron komandiri bandini ingichka xivich bilan bog‘lay turib girih tishlari orasidan javob berdi:
— Mana bu xotin — bekamiz qo‘ymadi… To‘qib ber-chi, to‘qib ber, deb. Bir vaqtlar usta edim, hozir bo‘lsa uncha… yaxshi chiqmadi.
— Yo‘q, binoyidek, —deb maqtadi Trofim.
Eskadron komandiri tizzasidagi xivich chiqitlarini sipirib tashlarkan, so‘radi:
— Toychoqni yo‘qotgani ketyapsanmi?
Trofim indamay qo‘l siltadi-da, otxonaga kirib ketdi.
Eskadron komandiri boshini eggancha o‘q otilishini kutib turdi. Bir minut o‘tdi, ikki minut o‘tdi — o‘qdan darak bo‘lmadi. Trofim lip etib otxonaning muyushida ko‘rindi, chamasi nimadandir xijil edi.
— Xo‘sh, nima bo‘ldi?
— Muhrasi buzilib qolgan shekilli… Pistonni chaqolmayapti.
— Qani, miltig‘ingni ber-chi.
Trofim miltig‘ini istar-istamas uzatdi. Zatvorni aylantirib ko‘rarkan, eskadron komandirining ko‘zlari suzildi:
— Buningda patron yo‘q-ku!..
— Mumkin emas-e!.. — deb yubordi Trofim jon holatda.
— Aytayapman-ku axir, yo‘q, deb.
— Men uni chiqarib tashlagan edim-da… otxonaning orqasida…
Eskadron komandiri miltiqni yoniga qo‘yib, yangigina chovlini qo‘llarida anchagacha aylantirib ko‘rdi. Sariq novda shirador, undan xush bo‘yi kelar, dimoqqa gullayotgan qiziltol hidi urilar, yer hidi, urushning omonsiz alangasida unut bo‘lgan mehnat hidi anqir edi…
— Menga qara!.. Jin ursin uni! Onasining bag‘rida yura qolsin. Vaqtincha degandek, chunonchi. Urush tugasa, balki hali u bilan…er haydasa bo‘lar. Tasodifan qo‘mondon ko‘rib qolsa, ahvoliga tushunar axir, negaki, murg‘ak, onasini emishi kerak… Qo‘mondon ham emchak emgan, biz ham emganmiz, bashartiki, taomil shu ekanmi, vassalom-da! Miltig‘ingning muhrasi esa tuppa-tuzuk.
* * *
Bir oychadan keyin Ust-Xoperskaya stanitsasi yaqinida Trofimning eskadroni kazaklar sotnyasi bilan jang qilib qoldi. Otishma qoshqorayar oldida boshlandi. Atakaga otlanganlarida qorong‘i tushib kelmoqda edi. Yarim yo‘lda Trofim o‘z vzvodiga yetolmay qolib ketdi. Biyasini na qamchi, na lunjlarini qonatib yuborgan so‘liq yelib chopishga majbur qila olardi. To toychog‘i dumini hilpiratgancha yetib olmaguniga qadar boshini yuqoriga cho‘zgan ko‘yi hirqirab kishnay-kishnay bir joyda yer tepkilab turaverdi. Trofim egardan sakrab tushib, qilichini qiniga suqib qo‘ydida, yuzi g‘azabdan tirishgancha yelkasidan yulqib miltig‘ini oldi. O‘ng qanotlari oqlar bilan aralashib ketdi. Jar yaqinida bir to‘p odamlar xuddi shamol chayqatayotgandek u tomondan-bu tomonga borib kelar edilar. Churq etmay chopishar edilar. Otlarning tuyoqlari ostida yer bo‘g‘iq gumburlardi. Trofim o‘sha tomonga bir zum qarab qo‘yib, toychoqning jajjigina boshini nishonga oldi. Hovliqqanidan qo‘li qaltirab ketdimi yoki o‘qining xato ketishiga yana biron boshqa narsa sabab bo‘ldimi, har qalay, o‘q uzilgan zahotiyoq tantiqlik bilan shataloq otib, nozikkina kishnadi-da, tuyoqlari bilan pag‘a-pag‘a oppoq to‘zon ko‘targancha aylanib kelib nariroqda turib qoldi. Trofim jiyron shaytonchaga oddiy emas, qizg‘ish mis tumshuqli zirhteshar o‘qlardan bir oboymasini uzdi, zirhteshar o‘qlar toychoqni o‘ldirish tugul, yengilroq shikast ham yetkazmaganini ko‘rib, lip etib biyaga mindi-da, darg‘azab so‘kina-so‘kina, otini lo‘killatgancha, paxmoqsoqol, eskicha e’tiqod tarafdorlari uchta qizil askar bilan eskadron komandirini jar yoqasiga surib borayotgan tomonga qarab ketdi.
Shu kuni kechasi eskadron yuzagina soy yaqinidagi dashtda tunadi. Tamakini kamroq chekdilar. Otlarning egarlarini olmadilar. Don yoqasidan qaytib kelgan raz’ezddagilar kechuvchi dushmanning yirik kuchlari surib kelinganini aytdilar.
Yalang oyoqlarini rezina plashchining bari bilan o‘ragan Trofim mudroq bosgancha shu bugungi voqealarni eslab yotardi. Ko‘z o‘ngidan shular birma-bir suzib o‘tardi: jarga sakrayotgan eskadron komandiri, qilich bilan siyosiy komissarni chopayotgan kemshik dindor, beomon chopib tashlangan irvoqqina kazak yigitcha, kimningdir qora qonga belangan egari, toychoq…
Tong otmasdan Trofimning oldiga eskadron komandiri keldi, qorong‘ida yonginasiga o‘tirdi.
— Uxlayapsanmi, Trofim?
— Mudrayapman.
O‘chib borayotgan yulduzlarga qaray-qaray eskadron komandiri shunday dedi:
— Toychog‘ingni yo‘qot! Jangda sarosimaga solyapti… Unga qaltirab… qilich urolmayapman. Hammasiga sabab shuki, uning turqi xonakicha, urushda bunaqasi to‘g‘ri kelmaydi… Tosh yuraklar lattaga aylanib qoladi… Darvoqe, yaramasni ataka vaqtida bosib ketishmabdi, oyoq ostida o‘ralishib yurgan edi… — Indamay turdi-da, shirin xayol surib jilmaydi, biroq Trofim uning tabassumini ko‘rmadi. — Bilasanmi, Trofim, uning dumi, xo‘sh, chunonchi… sag‘risiga tashlab, shataloq otsa-chi, dumi xuddi tulkining dumiga o‘xshab ketadi… Dumi ajoyib!..
Trofim indamadi. Boshini shineli bilan burkadi-da, shudringning salqinidan junjikib, tezda uxlab qoldi.
* * *
Eski monastir qarshisida tepalikka siqib kelingan Don beparvo shiddat bilan yelib oqadi. Burilishda suv jingalak-jingalak bo‘lib mavjlanadi, yoldor yashil to‘lqinlar bahorda nurab suv bo‘yida sochilib yotgan bo‘r g‘o‘lalarini hamla bilan dumalatadi.
Agar oqim sustroq, Don esa kengroq va osoyishtaroq joydagi tirsakni kazaklar egallamagan va o‘sha yerdan turib yonbag‘irni o‘qqa tuta boshlamaganda, eskadron komandiri hech qachon eskadronning monastir qarshisidan suzib o‘tishiga jur’at qilmagan bo‘lardi.
Tushda kechuv boshlandi. Chog‘roqqina qayiqqa pulemyotli tachanka bilan xizmatchilariyu uchta ot joylandi. Donning o‘rtasiga yetgach, qayiq oqimga qarshi ters burilib bir yonboshiga og‘ibroq qiyshayganda chapdagi suv ko‘rmagan ot hurkib ketdi. Eskadrondagilar otlaridan tushib, egarlarni olayotgan tepalik tagida uning tashvishli pishqirib, qayiq taxtalarini tepayotgani baralla eshitilib turardi.
— Qayiqni nobud qiladi! — deb to‘ng‘illadi Trofim tundlik bilan. Qo‘lini biyasining ter bosgan yag‘riniga olib borgan ham ediki, chapdagi ot jon achchig‘ida hayqirib, tachankaning shotisi tomon tisarila-tisarila osmonga sapchidi.
— Otib tashla! — deb bo‘kirdi eskadron komandiri, qamchisini g‘ijimlagancha.
Trofim nishonga oluvchining otning bo‘yniga osilib, qulog‘iga to‘pponcha suqqanini ko‘rdi. O‘q tovushi bolalarning paqildog‘idek yangradi, o‘rtadagi ot bilan o‘ng tomondagi ot bir-biriga qapishib oldi. Qayiqdan xavotir olgan pulemyotchilar o‘lgan otni niqtab tachankaga taqab qo‘ydilar. Uning oldingi oyoqlari asta-sekin bukilib, boshi shilq etib tushdi…
O‘n minutchadan keyin yonbag‘irdan tushib kelib, samanini birinchi bo‘lib suvga soldi, uning orqasidan butun eskadron — bir yuz sakkizta yarim yalang‘och suvoriyu yana shuncha poyma-poy tusdagi ot suvni shalop-shulup yangratgancha yopirilib tushdi. Egarlarni uch qayiqchada olib o‘tmoqda edilar. Ulardan birini biyasini vzvod komandiri Nechepurenkoga topshirgan Trofim boshqarmoqda edi. U Donning o‘rtasiga yetib, endigina daryoga kirgan otlarning istar-istamas suv ichayotganini ko‘rdi. Suvoriylar ularni ovoz chiqarmay chuh-chuhlashardi. Bir daqiqa keyin qirg‘oqdan yigirma sajencha beriroqda suv yuzini otlarning tutash qop-qora boshlari egalladi, sershovqin pishqiriqlar eshitildi. Otlarning yonlarida, ularning yollarini ushlagancha, kiyim-kechaklariyu o‘qdonlarini miltiqlariga tang‘igan qizil askarlar suzib borardilar.
Eshkakni qayiqqa tashlab, tikka turib olgan Trofim quyoshdan ko‘zi qamashgancha, suzib borayotgan bir to‘p otlar orasidan biyasining qizg‘ish boshini mushtoqlik bilan qidirardi. Eskadron ovchilar uzgan o‘qlardan osmon bo‘ylab pitrab ketgan yovvoyi g‘ozlar galasiga o‘xshardi: eng oldinda eskadron komandirining yaltiroq sirti anchagina chiqib turgan samani suzib borar, uning dumiga yetar-etmas bir vaqtlar siyosiy komissarga mansub bo‘lgan otning oqish quloqlari kumushdek tovlanar, uning orqasidan tutash qoramtir to‘p suzib borar, hammadan berida esa soniya sayin tobora orqada qolayotgan vzvod komandiri Nechepurenkoning kokilli boshi va uning chap tomonida jiyron biyaning tik quloqlari ko‘rinar edi. Sinchiklab tikilgan Trofim toychoqni ham ko‘rdi. U siltanib-siltanib suzar, goh suvdan yuqori sapchib chiqar, goh sho‘ng‘ib ketar, shu sababli burun kataklari ko‘rinmay qolar edi.
Ana xuddi shu paytda Don ustidan esgan shabada Trofimning quloqlariga mezon uqasining tolasidek nozik «hi-hi-hi-hi-ho‘-ho‘» deb kishnagan najot tilovchi tovushni olib keldi.
Suv uzra eshitilgan qichqiriq yangroq, qilichning tig‘idek o‘tkir edi.
U Trofimning yuragini tilib ketdi, bu odam alomat ahvolga tushib qoldi: besh yil urushga bas keldi, necha martalab ajal ko‘zlariga qiz bolaga qaraganday tik qaradi, ana shundaq kezlarda ham hech narsa kor qilmagan edi-yu, hozir esa qizg‘ish tuk bosgan yuzi oqarib ketdi, oqarib ketdi-da eshkagiga yopishib, qayig‘ini shartta oqimga qarshi burgan ko‘yi, holsizlangan toychoq girdobda chirpirak bo‘layotgan, undan o‘n sajencha nariroqda hirqirab kishnagancha girdobga qarab suzayotgan biyani qaytarishga tirishib, buni eplolmayotgan Nechepurenko tomonga haydadi. Bir to‘p egar ustida o‘tirgan Trofimning do‘sti Styoshka Yefremov jiddiy qichqirdi:
— Bema’nilik qilma! Qirg‘oqqa qarab hayda! Kazaklarni ko‘ryapsanmi, hov ana ular!..
— O‘ldiraman! — dedi Trofim arang nafasi chiqib, miltig‘ining 20 tasmasiga yopishdi.
Oqim toychoqni eskadron kechib o‘tayotgan joydan ancha nariga oqizib ketgan edi. Kichikroq girdob uni yashil panjarador to‘lqinlar bilan qamragancha bir maromda aylantirardi. Trofim eshkakni chiranib siltar, qayiq sapchiy-sapchiy suzib borar edi. O‘ng qirg‘oqda jardan kazaklar yugurib chiqishdi. «Maksim» yo‘g‘on tovush bilan tarillay boshladi. Suvga chip-chip kelib tushayotgan o‘qlar vishillardi. Kanop ko‘ylagi yirtilib ketgan ofitser to‘pponchasini siltagancha nimalardir deb qichqirardi.
Toychoqning kishnashi tobora susayib borar, yurakni achituvchi qisqa qichqirig‘i tobora zaifroq, ingichqaroq eshitilar edi. Go‘dakning qichqirig‘iga o‘xshagan bu qichqiriq vujudni muzlatib yuborardi. Nechepurenko biyani tashlab chap qirg‘oqqa bemalol suzib ketdi. Dir-dir titragancha Trofim shartta miltig‘ini qo‘liga olib, toychoqning girdob yutib borayotgan boshidan quyiroqni mo‘ljallagancha o‘q uzdi, oyoqlaridan etiklarini yulqib yechdi-da, bo‘g‘iq ming‘illab qo‘llarini oldinga cho‘zgan ko‘yi suvga kalla tashladi.
O‘ng qirg‘oqda kanop ko‘ylakdagi ofitser shang‘illab buyurdi:
— Otish to‘x-ta-tilsin!..
Besh minutchadan keyin toychoqqa yetib olgan, chap qo‘li bilan uning sovuq o‘tgan qornidan tutib olgan, suv tiqila-tiqila, chap qirg‘oqqa qarab ketmoqda edi… O‘ng qirg‘oqdan tiq etgan o‘q ovozi eshitilmadi.
Osmon, o‘rmon, qumloq — barchasi yam-yashil… Oxirgi marta jon-jahdi bilan tirishdi — nihoyat Trofimning oyoqlari yerga tegdi. Toychoqning sirg‘anchiq tanasini qumloqqa chig‘anib olib chiqdi, u hiqhiqlagancha ko‘kish suvni qaytarib tashlar, qo‘llari qumni paypaslar edi… O‘rmonda suvdan kechib o‘tgan eskadronchilarning ovozlari guldirar, qiyalik orqasidagi qayerdandir o‘q otayotgan to‘plarning dirillagan sadolari eshitilar edi. Trofimning yoniga kelib qolgan jiyron biya suvini silkitar, toychog‘ini yalab-yulqar edi. Uning sollongan dumidan tovlangancha shirillab oqib tushayotgan suv qumni o‘yib kirmoqda edi…
Trofim oyoqqa qalqib, gandiraklagancha qum bo‘ylab ikki qadam yurib bordi-da, sapchib tushib yonboshiga yiqildi. Ko‘ksini o‘tli sanchiq teshib o‘tganday bo‘ldi, yiqilayotib o‘q tovushini eshitdi. O‘ng qirg‘oqdan otilgan o‘q orqasidan kelib tekkan edi. O‘ng qirg‘oqda yirtilib ketgan kanop ko‘ylakdagi ofitser karabinining zatvorini beparvolik bilan sharaqlatib, dud burqsib turgan gilzani chiqarib tashladi. Toychoqdan ikki qadam beriroqda, qum ustida Trofim changak bo‘lib tirishmoqda, bolalarini besh yildan buyon o‘pmagan, karaxt bo‘lib ko‘karib ketgan lablari jilmaymoqda, unda qon ko‘piklari ko‘rinmoqda edi.
Vahob Ro‘zimatov tarjimasi
“Sharq yulduzi” jurnali, 1985 yil, 5-son