Har safar o‘sha, bir zamonlar hayotimning eng go‘zal lavhasini tashkil etgan sevgi-muhabbat haqida o‘ylasam, yuragimni ajib bir his-tuyg‘u chulg‘ab oladi va o‘sha ondayoq jonu jahonim go‘yo yorishgandek, dilimga allaqanday yuksaklikda nurga yo‘g‘rilgan baxt nashidasi ufurgandek bo‘ladi. Nimayam qila olardim? Yurak amriga itoat etmay bo‘ladimi? Uning o‘ziga yarasha tushunib bo‘lmas qonuniyatlari mavjud. Men o‘tmish hayotimni munavvar etgan damlarni eslashni xush ko‘rardim, zero, turmushda ro‘y beruvchi qiyinchiliklar iztirobga solganda xotiralar silsilasi jonga oro kiradi.
O‘shanda yigirma ikki yashar yigitcha edim, meni jon-dili bilan sevgan bir parivash qizning ishqida yonardim. Nazdimda, jumlai jahon menga, ha, mening xohish-istaklarimga muntazir edi, desam yanglishmagan bo‘laman! Oramizdagi sevgi-muhabbat qachon, qay paytda boshlandi – aytolmasam kerak; balki bu ajib tuyg‘u bir voqea yoki hodisa bilan bog‘liq emasdir, balki dillar xushnud bo‘lgan, olam gulga to‘lgan ayni bir paytda qo‘qqisdan inkishof etmagandirman uni; ochig‘ini aytganda, biz shundayin uchrashib yurar va shirin suhbatlar qurardik. Bu yaqinlik ko‘nglimizda nimalar uyg‘otayotganini bilish u yoqda tursin, balki bu munosabat ta’sirida bir-biriga talpingan qushlar sayrog‘i yangragan va o‘zimiz sezmagan tarzda qo‘llarimiz chirmashib ketgan chog‘da sezib qolgandik, xolos. Men u paytda quvg‘inda yashardim. Shuyam aytishga arzigulik tashvishmi? Yigirma yoshida odam bolasi oyog‘i yetgan tuproqdagi bir parcha yerni vatanga aylantira oladi.
O‘sha kezlari mening eng yaxshi ko‘rgan mashg‘ulotim – shikor edi. Bu mashg‘ulot mening zavqli va zerikarli kunlarimni bezardi. Men o‘rmonlari oz bo‘lgani bilan yagona boyligini tashkil etgan Floridaning kanoralarida o‘sayotgan go‘zal qarag‘aylar ichra o‘tgan qumloq yo‘lkalar bo‘ylab uzoq sanqib yurardim. Yonimda doimo ajdodlarining ko‘rkini namoyish etishni xush ko‘radigan, mahobatli va nasldor Azorka laqabli kuchugim bo‘lardi. Bu yerlarning manzarasi fayzsiz edi, deyarli dashtu sahrolar kabi huvillab yotardi; keta-ketgancha qarag‘aylar qad rostlagan, suvsizlikdan hansiragan qumlikda oyoqlar tizzaga qadar botib ketardi. Vaqti-vaqti bilan qarag‘aylar kesilgan keng maydonlarda bir tekisda qirqilgan po‘rtaxol o‘rmonchalari ko‘zga tashlanar, ularning yangigina gullagan shoxchalarida to‘q yashil yaproqlarini o‘rab olgan g‘uj-g‘uj gullari ko‘zlarni yashnatib yuborardi. So‘ng, yana o‘sha manzara namoyon bo‘lardi: uchlari bulutga sanchilgudek o‘sgan qarag‘aylar, qaqragan, behosil yerlar, tinimsiz quloqlaringni qomatga keltiradigan shamolning yoqimsiz guvillashi…
Men ana shunday yovvoyi tabiat qo‘ynida o‘sib-ulg‘ayganim uchun barchasiga ko‘nikib ketgan edim. Miltig‘imni yelkamga osgancha kimsasiz kengliklarning ulug‘vorligini his etib, kun-uzzukun shu makonda daydib yurardim, esimni tanibmanki, doimo Azorka oldimda yelib-yugurar, jonivor chakamug‘lar va qichitqi o‘tlar ustidan sakrab o‘tgancha shitob ila (xuddi quloqlari qanotu uni betinim siltab uchayotgandek) yelib borardi. G‘aflatda qolgan o‘ljalar o‘zlarining kishibilmas uyalaridan banogoh yugurib chiqar va o‘qning yangragan tovushi shamolning allalovchi hushtagi ostida uxlayotgan qarag‘ayzorni dabdurustdan uyg‘otib yuborardi.
Men bu osoyishta va sokin kengliklar bag‘rida o‘zimga o‘xshash, qalbi qaynoq, tirik jon izlab topish ilinjida yurgan tonglarning birida u bilan tanishib qoldim. Yuragimda allanechuk noma’lum va unutilayozgan hayot haqidagi fikr-o‘ylarimni kimgadir to‘kib solish istagi jo‘sh urayotgan paytlar edi. Ana shunda, men kamtarona nonushtadan qolgan bir parcha nonga faromush tikilgancha sayhonlikda uzala tushib yotganimda boshimni burdimu, uyalibgina menga tikilib turgan qizga ko‘zim tushdi. U – endigina o‘n olti yoshga to‘lgan novdadekkina, go‘zal, malohatli qiz bamisli e’tiborni o‘ziga jalb etuvchi sersharbat, avji yetilgan va totli mevaga o‘xshardi. Uning harir va rangdor ko‘ylagi maftunkor qizlik belgilarini yashirolmas, aksincha, bo‘rttirib ko‘rsatar edi. Biz nogoh bir-birimizga uzoq tikilib qoldik, bir so‘z ham aytmay baravar bir-birimiga tabassum hadya etdik. O‘sha ondan e’tiboran do‘stlashib ketdik.
Biz kun bo‘yi uzoq ayriliqdan so‘ng uchrashib qolgan do‘stlar kabi birga o‘ynab-kulib yurdik. Miltig‘im otishdan to‘xtadi, Azorka yalqovlik bilan mendan ko‘zini uzmasdi. Kechga borib, biz kun bo‘yi tuz totmaganimizni eslab qoldik, ismlarimizni so‘rash xayolimizga ham kelmay, xayrlashib ketdik.
– Ertaga ko‘rishamiz-a, to‘g‘rimi?
– Ha, ertagacha… Xayr!
Ertasi kuni tong otmasdanoq qandaydir hayajon, bezovtalikdan uyqum o‘chib ketdi, o‘rnimdan turdimu o‘rmon sari eltuvchi yo‘l tomon oshiqdim. Uchrashuvga qadar vaqtni o‘tkazishim kerak, eh, qani endi vaqt o‘tsa… O‘ylab-o‘ylab, bir kun avval uchrashib qolgan yerimizga olib boruvchi eng uzoq yo‘lni tanladim. Yo‘lda oyoqlarim ostidan lop etib quyonlar chiqib qolar, ular mo‘ljalga olmayotgan miltig‘im hamda ovchi hisoblanmish kaminaning ustidan kulayotganday turli nag‘malar ko‘rsatib, juftakni rostlashardi. Uzoqdan kechagi uchrashgan yalanglikni tanib qolib, o‘sha yerga oyoqni qo‘lga olgancha yugurganlarim hamon esimda… biroq mening dilbar tanishim u yerda ko‘rinmas edi! Evoh!..
Atrofga alanglab chiqdim, xuddi o‘rmonda nimadir yetishmayotgandek bo‘lar, bu go‘shalar ilk bora nihoyatda zerikarli va diqqinafas tuyular edi menga. Bu damlar hech qachon esimdan chiqmasa kerag-ov. Alhol, men u kecha kechqurun xayrlashib ketgan tarafga hovliqqancha yo‘l oldim. Har qadamda qiz shu yerda, deb shivirlayotgandek tuyulayotgan butazor orasini va go‘yo o‘sha yerda yashirinib poylab o‘tirgandek, daraxtlarning yuqori qismlarini qoplagan yaproqlarini ko‘zdan kechirardim. Qarshimda butun vodiy bo‘ylab cho‘zilgan ming-minglab qarag‘aylar tanasi oralab poyonsiz ufq ko‘zga tashlanardi. Daf’atan mana shu daraxtlardan birining ortidan qo‘ng‘iroqdek kulgi yangradi va tanish qomatli qiz istiqbolimga yugurib chiqdi.
Bu o‘sha qiz edi. Uning yonoqlari lolarang edi, ko‘zlari charaqlardi. Uni mana shu qilmishi uchun jazolash maqsadida, hech kimni sezmagan, payqamagandek ortimga o‘girildimu, hozirgina uzoq va behuda izlagan o‘sha sayhonlik sari yo‘l oldim. Qiz indamay ortimdan ergashdi. Biroz o‘tgach, to‘xtadi, men unga harislik bilan tikildim. U ham indamaygina meni kuzatib turardi.
– Isming nima? – deb so‘radim qo‘qqisdan.
– Xakoba! Seniki-chi?
– Ismim Rodolfo.
Shu zayl tanishib oldik. Go‘yo eski tanishlardek edik.
To‘satdan boshlangan bu yaqinlikning sababi nimada ekanligini va inson bolasi o‘ylab topgan bema’ni va shafqatsiz qonunlarga bo‘ysunmaydigan, biroq vaqt qonunlari oldida zabun bo‘lib qoladigan – o‘zini-o‘zi qiynash qoidasini topgan insonni kim aytib beroladi? Biroq o‘sha damlarda men bunday mulohazalar yuritishga ojiz edim, shuning uchunmi beixtiyor, o‘ylab ham o‘tirmasdan yuragimda uyg‘ona boshlagan hayajon izmiga bo‘ysunmasdan o‘zga yo‘l topa olmadim.
– Isming menikidan ko‘ra chiroyliroq ekan, – dedi Xakoba.
– Ha, ha, chiroyliroq, lekin shu bugundan e’tiboran, yo‘q-yo‘q, shu lahzadan e’tiboran, – dedim kutilmaganda ilhombaxsh tuyg‘ulardan jo‘shib, – sen Xakoba emas, Ma’sumasan; bu sening yangi isming bo‘ladi. Agar suv bo‘lganida edi, men seni qaytadan cho‘qintirib qo‘ygan bo‘lar edim!
Suv bo‘lmagani bilan mening suvdonimda vino bor edi, biz uni ovqat bilan maza qilib ichdik. Uning kunlarini beg‘am-beparvo o‘tkazishi meni hayratga solgandi, shu sababli oilasi haqida bilgim kelib, bir-ikkita savol berdim. Javob o‘rniga Xakoba qiyqirib kulardi.
“Shu yaqin o‘rtada yashayman”, dedi u va o‘rmon sayhonligi uzra tutun tikka ko‘tarilayotgan tarafni qo‘li bilan ko‘rsatdi. U yerda – daraxtlar va qalin butazor ortida kichkina qishloqcha yaslanib yotardi. Ularning oilasi besh kishidan iborat ekan: ota-onasi, ikkita ukasi va u. Ota-onasi kubalik muhojir ekan, otasi kichkina po‘rtaxol butazoridan iborat boqqa qarar, shu bilan birga shaharda o‘tin sotar ekan; bolalarini boshlab ertadan-kechgacha qarag‘ayzorga qatnar, onasi esa bir o‘zi uy ishlari bilan band bo‘lar ekan. Ukalari kamdan-kam hollarda opasi bilan birga bo‘lar, ko‘proq o‘zlariga tegishli daraxtzorda yurisharkan.
O‘rmonni opa-ukalar taqsimlab olishgan ekan. Ayni paytda men o‘rmonning unga tegishli qismida edim.
O‘shandan buyon Xakoba bilan deyarli har kuni uchrashar edik. Bu, ishontirib aytamanki, musaffo ko‘ngillarda yuz berishi mumkin bo‘lgan rohat-farog‘atdan boshqa narsa emasdi, ha, hech qanday nojo‘ya ishlar va qora o‘ylar bizning yaqinligimizga rahna sololmas edi. Men uni go‘yo topolmay yelkamda miltiq, qovoq uygancha, yerdan ko‘z uzmay o‘tib ketayotganimda, u bekinib olgan yeridan xuddi jayrondek sakrab chiqib qolardi. Qiz qarag‘aylar zich o‘sgan o‘rmondagi yashirinish mumkin bo‘lgan maxfiy yerlarni menga nisbatan ko‘proq bilar va u men sira kutmagan joyda dabdurustdan paydo bo‘lib qolardi. Xakoba ilgari ovga chiqqan paytlarimda men behuda izlagan, orzu qilgan shu kimsasiz qarag‘ayzorning qalbi edi go‘yo, nazdimda serzavqligi, epchil va chiroyli harakatlari shu qarag‘ayzorga munosib, uning muattar isi-yu barkamolligiga uyg‘un edi. Ich-ichimda zarracha bo‘lsin uni ayol sifatida ko‘rish xayoli, mayli yasharmidi? U-chi, yigitlar haqida o‘ylarmidi? Takror va takror aytaman: yo‘q, uning o‘ylashiga hech qachon ishonmayman. Azorka, Xakoba va men maftunkor uchlikni tashkil etardik va ehtimol, mening itim oramizda paydo bo‘lgan yaqinlikni birinchilardan sezgan bo‘lsa kerak. Axir shu jonivorning boshi va bo‘ynini silayotgan chog‘da ilk bora barmoqlarimiz bir-biriga tegib ketmaganmidi?! Ehtimol, o‘rmonning sehrli jozibasi bizni mahliyo etib, uyg‘onayotgan bolalikkagina xos xohish-istaklar rishtasi bilan o‘sha chog‘larda bizni sezdirmaygina bog‘lab qo‘ygandir?! Bir kuni, qizga mahliyo bo‘lgancha termilib qarayotgan chog‘imda biz nogahon ajib tuyg‘ular izmidan chiqib ketolmay qoldik va uzoq vaqt bir-birimizdan bo‘sa ola boshladik. Musaffo tong chog‘i edi, iliqqina havoda qarag‘ay tanasidan sizayotgan shiraning hidi anqir, boshimiz uzra musaffo osmon jilva qilar, daraxtlar tagida qulf urgan maysalar orasida turli hasharotlar g‘o‘ng‘illar edi.
O‘shandan keyin sayrlarimiz o‘zgacha tus ola boshladi. Ma’suma jiddiy bo‘lib qoldi. U ba’zan o‘zining katta-katta moviy ko‘zlari bilan menga uzoq tikilib qolar, sirli bir xayollar og‘ushiga g‘arq bo‘lib, ancha vaqt churq etmasdi. Bir kuni hazil aralash g‘ayritabiiy qiliqlar ila, hozir yeb qo‘yaman, deb kulgancha lablaridan bo‘sa olmoqchi edim, u qo‘pol va keskin harakatlar bilan ko‘ksimdan itarib yubordi.
– Yo‘q, kerakmas! – deya qichqirayozdi u . – Yodingda bo‘lsin, biz endi yosh bola emasmiz!
Men xoxolab kulib yubordim, u esa achchiqlanib yuzini kaftlari bilan to‘sib oldi. Ochig‘ini aytganda, u o‘zini chin ko‘ngildan sevishlarini istardi. Nega men uni u xohlagandek sevolmayman? O‘zidan nimani xohlaysan deb so‘raganimda – aniq javob aytolmadi: Xakobaning o‘zi bilmasdi buni! Ba’zan u yig‘lab bo‘ynimga osilib olardi, shunda uning zaif va nozik badani qaltirab larzaga tushar, ko‘ksida noma’lum xohish-istaklar jo‘sh urgani bilan javob berishga qiynalar edi.
– Yo‘q, yo‘q, sen… meni ozgina yaxshi ko‘rasan… men tushuntira olmayman… lekin his qilyapman, sen meni men istagan darajada sevmaysan.
Qarag‘ayzorning dilrabo sukunati butunlay birga bo‘lolmagan zada ko‘ngilning nolalarini tinglamasdi! Shunday dilgir, diqqinafas daqiqalarda biz zil ketgan yurak xohishlaridan xoli bo‘lish maqsadida eng so‘nggi quvvatimizni sarflab, holdan toygunga qadar sayr qilardik. Behuda urinish! Men har gal Ma’suma oldinda ketayotgan payt uning ozg‘in va mahzun qaddi egri-bugri shoxlar ostida nafis egilib, erkin rostlanganiga ko‘zim tushar va butun vujudim alangai-otash ichra qolardi.
Uning ko‘ylagi balog‘atga yetgan badanining go‘zalligini arang yashirardi. Go‘yo o‘rmon bizsiz yasholmaydigandek tuyulardi. Bu makonda hukm surgan sukunat yuragimni larzaga solar, asablarimni qaqshatar, anor kabi ezar va pirovardida, ko‘pincha boshim aylanib, ko‘zlarimni behol yumib olardim.
Oqshomlari mehmonxonaga qaytib kelgach, o‘zimni to‘shakka tappa otardim. Ana shunda ko‘zlarimni yumsam, turli manzaralar ko‘rinib, hayajonlanar va yuragim og‘riqli hissiyotni ko‘tarolmay hapriqardi.
Ba’zan ayqash-uyqash xayollar, tushuniksiz qiynoqlardan charchagan paytlarimizda o‘rmon bo‘ylab yosh bolalardek yelib-yugurib yurardik. Mening bu yoqimtoy, nozik sherigim go‘dak, ma’sum bo‘lgani bilan uning sho‘xligidan sira qutulolmas edim. Xuddi mana shu unutilmas kunlarda uning nafosatga boy, jo‘shqin qalbi butkul namoyon bo‘ldi va men uning guldek ochilib kelayotgan husni jamolidan alohida rohat tuya boshladim. Ushbu tortinchoqlik va jur’at, uyatchanlik va zaiflik, sho‘xlik va jo‘shqinlikning ajib tarzda qizning fe’l-atvorida birlashib ketganligi, hissiyotga berilishi, ochig‘ini aytsam, boshqa qiz-juvonlar hech qachon uyg‘otolmagan xohish-istaklarimni qo‘zg‘atib yuborardi. Tabiat qo‘ynida emin-erkin o‘sgan bu benazir xilqat bamisli mana shu tabiatga monand ravishda fe’l-atvori ziddiyatlar va jodular bilan limmo-lim edi. Ma’suma gohida shafqatsiz edi va asosiysi, hech narsadan qo‘rqmasdi. Bu hayotda deyarli barcha ayollar o‘zlarining ojizliklarini yashirish maqsadida ustalik bilan foydalanadigan noz-istig‘nolar Ma’sumaga yot ekanini bildirmasmikan?! Uning butun maftunkorligi, jozibasi mana shu tabiiy tug‘ma xotirjamlikda namoyon bo‘lardi. Azorka hali bargdek qaltirab turgan o‘ljani ko‘tarib kelganida, uning titrab-qaqshashlariga qiz sinchkovlik va hayrat to‘la ko‘zlari ila tikilar, o‘ljaning yaralaridan oqayotgan qonga nozik barmoq uchlarini tekkizar va hayajonlanganidan qiyqirib yuborardi. Shunday paytlarda uning yuragida rahm-shafqatdan asar ham bo‘lmasdi.
– Dunyoda qondan go‘zalroq narsa yo‘q! To‘g‘rimi? – degan edi u kunlarning birida menga kaftida quyosh nurlarida jimirlab turgan qip-qizil qon tomchilarini ko‘rsatib.
Oradan bir necha kun o‘tdi va bir voqea sababli uning tomirlarida oqayotgan qon tomchilarini ko‘rishga muyassar bo‘ldim. O‘sha kuni ertalab Xakoba bilan odatdagidek salomlashib bo‘lgach, men chiroyli, kulrang quyonni otishga muvaffaq bo‘ldim. O‘q jonivorning orqa oyog‘iga tekkandi. Ma’suma uyasiga sudralib borayotgan yarador quyonni tutish uchun quvib borar, o‘zining bu qilig‘i Azorkaga xalal berayotganini sezmas edi. It o‘zining ustunligini sezgandek qizdan ancha ilgarilab ketgandi. Bu tomoshadan zavqlanib, men ovchilarning hushtagini oldim-da, itni o‘ljasini ta’qib etishdan to‘xtatib, yonimga chorladim. Ma’suma bu yog‘i o‘ziga qolganiga shubha ham qilmay shitob-la quyon ortidan bir o‘zi quva ketdi. Bir payt u jarohatlangan jonivor kirib ketgan butalar orasida yuztuban yiqildi. Unga yordam berishga oshiqdim, biroq u o‘rnidan turdi-da, oqsoqlangancha quyonni uzun quloqlaridan ushlab g‘olibona havoda o‘ynatdi. Qizning oyoqlaridagi qonni ko‘rib men qo‘rqib ketdim, uning quymichiga yaqin yeri tirnalgan edi.
– Ahamiyat berma, hechqisi yo‘q, rostdan aytyapman, hech narsa bo‘lgani yo‘q menga. Arzimagan narsa, mutlaqo og‘rimayapti, – deya ta’kidladi Xakoba menga yaralangan quyonni uzatar ekan, men quyonni, ov pichog‘ining dastasi bilan kallasini chaqib, sumkamga solib qo‘ydim.
Qiz og‘rimayapti, deb tushuntirgani bilan yurganida oqsoqlanardi, uning yaralangan yeriga qo‘limni bosgan edim, ko‘ylagi ustiga qon sizib chiqdi. Hayajondan barmoqlarim titradi va Ma’suma ko‘zlarini katta-katta ochib xoxolab kulib yubordi.
– Voy, Ma’suma, azizam, yurishga qiynalyapsanu, – dedim yolvorgudek bo‘lib. – Nima bo‘lganini bir ko‘ray, xotirjam bo‘laman, o‘zing ko‘rsat bo‘lmasa, nima qilganini ko‘rsam bo‘ldi. Keyin istaganingcha kulaverasan. – Men a’zoyi badanim qaltiragancha engashdim-da, ko‘ylagining etagini ko‘tarmoqchi bo‘ldim.
Bir lahza ikkilangan Ma’suma kula-kula chim ustiga o‘tirdi-da, oyog‘ini uzatdi. Uning yarasini ochishga o‘zimda arang kuch topdim…
Ochig‘ini aytganda, bu vahima qiladigan jarohat emasdi, shunchaki, nimadir chuqurroq tilib yuborgan edi, nari borsa, to‘rt enlik. Men uning oppoq oyoqlarini silarkanman, a’zoyi badanimdan ter chiqib ketdi.
– Tikan zirapchasi qolib ketgan, shekilli, bir amallab olsang-chi, – dedi Ma’suma pinagini buzmay.
Men yoniga o‘tirdim-da, barmoqlarim o‘zimga bo‘ysunmagani uchun kaftim bilan siypalab zirapchani izlashga tushdim, chunki g‘alati tuyg‘ulardan boshim aylanib ketdi. Ma’sumaning sabri chidamaganidan achchig‘i chiqdi.
– Qo‘rqoq! – deya qichqirdi u va ko‘ksimdan itarib yubordi. – Qoch, o‘zim olaman. Shu zirapchani olishgayam yaramading-a!
Ma’suma zirapcha kirgan yerni paypasladi va tikanni topib, pichoqning uchi bilan kesib tortib oldi-da, dastro‘moli bilan tang‘ib bog‘ladi… So‘ngra o‘rnidan sakrab turib, yelkamga qarsillatib urdi va boyagi gapini takrorladi:
– Qo‘rqoq ekansan! Urushga bormaganing yaxshi bo‘libdi. Seni Qizil yarim oy jamiyatiga ham olib bo‘lmaydi!
U anchagacha shu voqeani eslatib, meni masxara qilib yurdi. Ustimdan kulishini ko‘rsangiz edi?! Nima deb tushunish kerak buni? Nahotki yurakdan yaxshi ko‘rgan qizning oyog‘idan oqayotgan qonni ko‘rib shunchalikka borsam?!
Bugun hammasi ortda qoldi: Ma’suma, hududsiz qumlik, zangori osmon ostida qimir etmay xo‘mrayib turgan qarag‘aylar, ulkan muhabbat, so‘liyozgan va ayni choqda yorqin ranglar bezagan tabiat – hamma-hammasi ortda qoldi. Davr, to‘g‘rirog‘i, shu davrda orttirilgan hayotiy tajribalar, inson qalbida qulf urgan ne-ne oliyjanob orzu-umidlarning umriga zomin bo‘lib, qancha ulug‘vor intilishlarga rahna solar ekan!
Kuz keldi. Men qisqa va zamharir kunlar, nihoyasiz davom etguvchi diqqinafas tunlar haqida o‘ylasam, yuragim ortiga tortib ketardi. Agar qarag‘ayzor o‘rmon baxtiyor va sururbaxsh damlarni hadya qilmaganda edi, istiqbolda o‘zimni kutayotgan zerikarli hayotga, ayniqsa, Ma’suma bilan tanishgandan keyin boshlangan jo‘shqin va ehtirosli hayotning ado bo‘lganiga toqat qilolmasdim. Men istasam-istamasam har kuni ko‘rishishimiz va uzoq vaqt birga sayr qilishimiz uchun to‘sqinlik qiladigan yog‘ingarchilik haqida o‘ylamasdan ilojim yo‘q edi. Ertangi kun begona yurtlarda menga qanday kutilmagan voqealarni hozirlab qo‘ydi ekan?! Qanday tasodiflaru quvonch va musibatlar kutmoqda?! Kechalari Ma’suma bilan xayrlashgach, ruhan ezilib mehmonxonaga qaytar ekanman, beixtiyor qiynalar edim; xonamga kirib, o‘tgan kunlarni yana bir karra mayda-chuyda tafsilotlarigacha qayta-qayta xayolimdan o‘tkazishim uchun hech kim xalal bermasin, deb eshikni ichkaridan qulflab olardim.
Fasllarning almashuvi mening ta’sirchan, diltang qalbimda qandaydir to‘ntarish yasar, hech qachon tushuntirib berolmaydigan hissiyotlar uyg‘otardi: ehtimol, mening yuragim, ongim, bor vujudim o‘ta ta’sirchanligi, serhayajonligi sababli ichki olamimga o‘rnatilgan alohida nozik barometr vazifasini o‘tar!
Kuz beqiyos fasl! Chamasi, mana shu ulg‘ayish pallasida yarimyalang‘och holda qolib libosini o‘zgartirish chog‘ida o‘zi yaxshi ko‘rgan eng yorqin va ta’sirlanarli ranglarni tanlashdan ortmas! Yaproqlar hech qachon kuzda nafis adolar ila nobud bo‘lmasa kerag-ov. Bu yaproqlarning daraxt shoxlari bilan vidolashuvini ko‘rganmisiz?! Vidolashuv chog‘ida ular jon-jon deb o‘zlari sevgan tantanali onlar uchun saqlab qo‘ygan bayramona libosga o‘ranadilar, bu qiyofada chindanam tantanavor, e’tiborni jalb etuvchi, yuraklarga ta’sir qilib, odamni mahliyo etadigan bir jodu yashaydi. Bizning kuz oqshomlari hashamiga burkangan faqirona kulbamiz sehrli saltanatga o‘xshab qolardi. Shamollar daydigancha po‘rtaxolning yaproqlari chang-to‘zon, qaynoq, ko‘zlarga sanchiluvchi mayda qumlar orasida chir aylanib uchar, tevarak-atrofga to‘kilar edi.
– Ular qayerga uchib borarkin? – mahzun savol berardi menga Ma’suma.
Uning yuragida ham nozik va g‘amgin tuyg‘ular tug‘yon urardi, u bamisli tabiat qo‘ynida yuz berayotgan ayriliqda istiqbolda bizni muqarrar kutayotgan judolik ramzini payqayotgandek bo‘lardi. Shunday paytlarda Ma’suma boshini quyi solgancha uzoq o‘yga tolardi. Ba’zan miyasiga o‘tirib qolgan fikrdan tug‘ilgan g‘alati injiqlikni amalga oshirmoqchi bo‘lardi. Tavba, u kechasi o‘rmonda tunashni istab qolardi, buni qanday izohlashni bilmasdim.
– Biz vaqtdan yutishimiz kerak! – derdi u. – Kim biladi bir oydan keyin nima bo‘lishini? Sen shu yerda turatur, men uyga kirib xabar olay-chi, nima gap ekan, hamma uxlagandan keyin asta chiqib, seni o‘zim izlab topaman. Meni aytdi deysan, kechasi bu yerlar kunduzgidan ko‘ra go‘zalroq bo‘ladi.
Biroq men xavotirga tushganim uchunmi yoki nimadandir qo‘rqdimmi, uning harchand undashiga qaramay, kechasi o‘rmonda qolishga rozi bo‘lmadim.
Oxirgi marta Ma’sumani bizning sevgimiz tug‘yon urgan payt – sho‘x-shodon holda ko‘rganim noyabr oyining o‘rtalarida, yakshanba kuni edi. O‘sha kungi xotiramda o‘chmas iz qoldirgan uchrashuvga olti oy bo‘libdi.
Tong endigina bo‘zarib otmoqda edi. Esimda, qayergadir otlangan edim, yo‘limni to‘sgan devor sinchi orasini kengaytirib qo‘yish uchun engashganimni bilaman, tuyqus qarshimdan Xakoba yugurib chiqdi. Bir o‘zi emasdi, yonida o‘zi bilan deyarli tengdosh, yoqimtoy bir qiz ham bo‘lib, uning qo‘lidan mahkam ushlab olgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, eshigimizning ikki tarafida cho‘zilib ketgan g‘ov ortida yarim soatdan buyon meni kutishayotgan ekan. Tavba, men shu choqqacha biron marta bu yo‘ldan yurmagandim, o‘sha kuni ertalab tasodifan shu tarafga burilgan edim.
– Mening bu tomondan yurishimni qayerdan bilding? – hayron bo‘lib so‘radim, qizlar ajablanganimni ko‘rib ustimdan rosa kulishdi.
– Qoyil qoldingmi topganimizga? – deya mag‘rurona qiyqirdi Xakoba.
Ana shundan so‘ng u meni dugonasi bilan tanishtirdi. Bu xolasining qizi bo‘lib, bir haftaga mehmonga kelgan ekan.
– Xayolingga ham keltirmaganmiding, to‘g‘risini ayt, kutmaganding-a? Bir o‘zini qoldirgim kelmagani uchun uni ham taklif etdim. Yaxshi qipmanmi?
Ma’suma o‘zining topqirligidan jilmayib, menga navozish-la qaradi-da: “Uchovimiz vaqtni dilxushlik bilan o‘tkazsak, nima deysan?” – deb so‘radi.
Bu uyatchan, iffatli, xijolatdan bir-birining pinjiga kirib ketgudek turgan qizlarning qaddi-qomati bir-biridan shunchalar farq qilardiki, beixtiyor ularga tikilib qoldim. Ma’suma malla sochli bo‘lib, xolavachchasi qoramag‘izdan kelgan qiz edi. Quyosh nurlari bir-biriga yopishib turgan qizlarning malla va qora sochlarini yoritardi. Xolavachchasining yuz-ko‘zida barq urgan yoshlik nafosati va kelishgan qomatiga qaramay, Ma’suma meni ko‘proq o‘ziga tortardi. Men uning go‘zal qaddi-qomatini bot-bot jayronlarga o‘xshatganlarimni esladim; ko‘nglimda uyg‘ongan bu istak-xohish shirin bir og‘u kabi butun vujudimga taralmoqda edi.
– Biz nima qilmoqchimiz, bilasanmi? Mayoqning yonida sayr qilmoqchimiz… Buni Gabriela o‘ylab topdi. Senga ma’qulmi?
Qayerga qaramang, tekis suv sathi. Qumloq sohilda hech narsa o‘smasdi. Qumloq nishab bo‘lib, tinch oqayotgan suv ostiga g‘arq bo‘lgandek tuyular edi. Ufqqacha kulrang tekislik cho‘zilib ketgan, dam u yerda-dam bu yerda dengizning ustiga chiqib qolgan sayozlik ko‘zga chalinar, undan narida esa hamma narsa tumanlik qo‘ynida qolgan edi. Na odamlar, na qayiqlar, na-da baliqchilar kulbasi ko‘rinardi; bu bilan eng xavfli yeri ikki metrcha chuqur bo‘lgan dengiz o‘zining bag‘rida xuddi qirg‘oqqa o‘xshab tirik jon bo‘lishini mutlaqo istamayotgandek tuyulardi. Chek-chegarasi ko‘rinmayotgan kimsasiz dasht-biyobonni ko‘rgan kishining yuragi qo‘rquvdan orqasiga tortib ketardi. Sohilning doimiy ravishda oqarib turishi ko‘zlarni qamashtirar, osoyishta havo qo‘ynida baliqchi qushlar sassiz uchib yurardi.
Biz borayotgan manzaraning bir tekisligini yolg‘iz mayoq buzib turardi. U qirg‘oqdan bir mil narida qad rostlagan, uning kichkina, yashil rangga bo‘yalgan gumbazi kulrang okean fonida deyarli ko‘zga chalinmasdi. U yerda yolg‘iz bir odam yashar, lekin u hech kimning ko‘ziga ko‘rinmasdi. Bilmadim, kim qanaqa, lekin men har safar mana shu dengizdagi temir inshootga qarasam, yuragim siqilardi. Shunga qaramay, inson qo‘li bilan yaratilgan inshootning o‘ziyoq cho‘lu sahro haqidagi og‘ir taassurotlarni bir qadar yengillashtirar edi. U yog‘i yana yuzlab chaqirim cho‘zilib ketgan jimjit va noxush plyaj, quyoshning qaynoq nurlari ostida yastanib yotgan bepoyon kenglik – boshqa hech narsa ko‘zga ko‘rinmasdi.
Biz mayoqqa yetmay oxirgi qismlarini suv ko‘mib turgan ensiz qumloqqa kelib joylashdik. Bu yer suv ko‘tarilgan paytda orolcha hosil qilardi. Ma’suma quvonganidan chapak chalayozdi: mayin, tekis qumloq bamisli tukli gilam singari tovonimizga hush yoqar, yurganimizda dumaloq teshikchalar hosil bo‘lar va oyoqlarimiz ostidan mayda qisqichbaqalar mo‘r-malaxdek yugurib qolardi. Qizlar jim, degandek boshlarini egib, nimagadir diqqat bilan quloq solishardi.
– Qo‘ng‘iroq chalayapti! – dedi birdan Gabriela qaddini rostlab qo‘llari bilan yiroqlarni ko‘rsatar ekan. Olisdan qo‘ng‘iroqning zaifgina, deyarli so‘nayozgan sadolari eshitildi. Biz turgan yerdan taxminan yetti millar chamasi narida joylashgan xavf-xatardan ogoh etuvchi – bakenda osilgan qo‘ng‘iroq bong urardi. Uning sadolari bizgacha, tevarak-atrofni beqiyos sukunat chulg‘agani uchungina yetib kelardi. Kimsasiz va poyoni yo‘q dengiz qa’ridan kelayotgan bu da’vat shunchalar qadariy, mubham va tushkun ohanglardan iborat ediki, tinglab turib, beixtiyor yuragim orqaga tortib ketardi. Ma’suma esa, aksincha, maroq bilan tinglar, engashib olgancha hovuchida suv olib, oyoqlariga separ edi. U o‘zini o‘rab turgan tabiat bag‘ishlayotgan kuch-quvvat va uyg‘unlikdan bahramand bo‘layotgan nafis daraxtga o‘xshar, bamisli yurak-yuragiga qadar keskin va ehtiyotkorlik tuyg‘ulari bilan jo‘shqinlik va g‘ayrat ulashayotgan oqimga some’ edi. U qizarib, yashnab menga o‘girilgan edi, men hayratdan qichqirib yuborayozdim. Bu g‘aroyib xilqat zohiran birdan o‘zgarish salohiyatiga ega edi. Uning vujudi g‘ira-shira qorong‘ilik qo‘ynida bamisli turli rangda tovlanardi: bir rang hali tarqalmasdan ikkinchi rangga o‘rnini bo‘shatib berardi go‘yo. Ayni choqda uning butun jismi ummon bug‘lanishini o‘zida aks ettirayotgan edi, sochlari sho‘r suvda rutubat kasb etar, qiz bamisli dengiz tubida o‘sgan suv o‘tlari, ho‘l qum va dengiz chig‘anoqlari tarovatini o‘zida mujassam qilib olgandek go‘zal, husn-tarovatda benuqson ko‘rinar, uni o‘rab olgan ayanchli tabiatning bir parchasi, balki bir bo‘lagiga aylanib qolganga o‘xshardi. Atlantika okeani Ma’sumaga yangicha bir malohat bag‘ishlardi.
Men uni bag‘rimga bosib, lablaridan tinmay o‘pgim kelardi. U kulgidan o‘zini to‘xtatolmay, quchog‘imdan yulqinib chiqdi-da, yubkasini yig‘ishtirib, qumda jimgina o‘tirgan Gabrielaga ishora qildi:
– Yo‘q, mutlaqo yo‘q, bunaqasi bugun ketmaydi! Jiddiyroq bo‘lishimiz kerak. O‘zingni qo‘lga ol!
Men unga tashlandim. U oftobda toblangan, baquvvat oyoqlarini ko‘rsatib, xoxolab kulgancha, singlisi tomon qochib bordi. Shu mahal Gabriela nogahon qo‘lini uzatgan edi, Ma’suma qoqilib, qumloqqa yiqildi va dumalab ketdi. Men o‘ljasiga otilgan yirtqichdek unga otildim. Ma’suma alamidan yig‘lab yuborgudek qichqirardi:
– Qo‘yvor meni! Bu noinsoflik-ku! Ko‘zimga qum kirib ketdi. Qo‘yvor, tushlik qilamiz endi.
Astagina mavjlanayotgan dengiz to‘lqinlari ishtahamizni ochib yuborgani uchunmi, uning taklifini jon-dildan qabul qildik. Azorka quvnoqlik bilan dumini likillatib, atrofimizda aylanib yurardi. Qizlar birgalashib qumloq yerda dasturxon tuzashdi. Men o‘zim bilan keltirgan narsalarimni berdim. Borliq olam yuragimizni siqib yuborganiga qaramay, men Ma’suma bilan o‘rtamizdagi muhabbat dunyosi o‘zgarayotganidan baxtiyor va osuda damlar bizni kutib olayotganini o‘ylab, ich-ichimdan quvonardim. Nazarimda ertangi kunning yog‘dusi butun atrofni yoritayotgandek, yastanib yotgan bepoyon kengliklarni, qadrdon qarag‘aylarni ertangi kun yog‘dusi o‘zining yorqin nurlariga chulg‘ar edi. Shu yerda, dengiz bo‘yida bag‘rini ochib yotgan kengliklar orasida mening baxtim dengiz suvlari qirg‘oqdan toshgani kabi yuragimdan toshib chiqmoqda edi.
– Bu yerlarda soya-salqin yerlar yo‘q ekan-da? – dedi Gabriela.
– Shunisiyam ma’qul, – javob qildim men, – boshimizga uramizmi soya-salqinni?!
Ma’suma qiynalgancha pichoq bilan pishloq kesardi, uning soch turmaklari orasidagi itoatsiz kokillari aro toblangan bo‘yin va ensasi ko‘rinib qolardi.
Birdan u sohilni ko‘rsatib, qiyqirib yubordi:
– Ana endi bu yerdan bir qadam jilolmaymiz, suv bizni o‘rab kelyapti! Qayiq bo‘lmasa ishimiz chatoq!
Darhaqiqat, suv tobora yuqori ko‘tarilar, har daqiqa biz dam olishga chiqqan bo‘yincha torayib, zamindan ajralib borar edi. Bunday kutilmagan vaziyat qizlarning ko‘ngliga olam-olam shod-xurramlik baxsh etardi.
– Voy, qurg‘ur-e!.. Qani, ovqatga! Biz kimsasiz orolga kelib qolgan Robinzonmiz. Pishloq bilan go‘sht tugagach, bir-birimizni g‘ajiymiz. Kimdan boshlaymiz?
Biz go‘yo telbalardek quvonib, tushlik qilishga o‘tirdik, bunday ajoyib kayfiyat vaqtida odamzod hayot deb atalmish zamindan olislab, har qanday tashvishni unutib, yana beixtiyor o‘zining bolaligiga qaytadi.
Uzoqdan ko‘zga chalinayotgan kichkina orollarni suv ko‘mib yubordi. Hatto mayoq ulkan tekislikka qo‘shilib ohista tebranardi.
Ma’suma, Gabriela va men ishtaha bilan ovqatlandik.
– Robinzon bir o‘zi edi, biz esa uch kishimiz. Ikkita qizalog‘u bitta erkak. Oila quramiz, farzandlarni dunyoga keltiramiz, – dedim men jiddiy ohangda. Faqat bitta narsa, shu choqqacha yashab kelgan olamdan nari borsa besh yuz metr narida joylashganimiz alam qilardi. Bu hayot, garchi shafqatsiz tabiat qo‘ynida bo‘lsa ham, nurafshon va go‘zalligi bilan bizni maftun etardi.
– To‘g‘ri, biz er-xotin bo‘lamiz! – deya qiyqirdi Ma’suma bolalarcha quvonib. – Ha, shunday, lekin biz uch kishimizu!.. Gabriela kimga turmushga chiqadi?
U go‘yo singlisining taqdiriga befarq emasligini namoyish etmoqchi bo‘lardi. Uning do‘ng peshonasida noxush ajinlar paydo bo‘ldi, miyiqlari makkorona ko‘tarildi. Oxiri g‘alati bir ohangda kulib yubordi va xitob qildi:
– Bo‘ldi, bildim! Gabriela Azorkaga turmushga chiqadi, ana shunda ikki juft bo‘lib yashaymiz! Azorka, bu yoqqa kel! Senga senora rafiqangni tanishtirishdek sharafli ishga muyassar bo‘layapman.
Biz ozgina kulishgan bo‘ldik, keyin hammamiz bir necha daqiqa jim bo‘lib qoldik, har kim o‘z xayollari bilan band edi. Qo‘ng‘iroqning olis da’vati aniq-ravshan, yiroqlarda yarqirayotgan suv sathining ko‘tarilib borishiga monand ravishda yangrar edi. Quyosh qizdirib, bezovta qila boshladi. Erkimiz, istaklarimiz asta erib borayotgandek allaqanday tashvishli, noxush horg‘inlik bizni qamrab olayotgan edi. Oq chorloqlar boshimiz uzra aylanar, ularning sassiz parvozlari tufayli qilt etmayotgan kenglik yanada sokin tuyulardi. Yuksaklikda uchib yurgan ba’zi baliqchi qushlar o‘lja umidida bizning yonimizga shunday yaqinlashib kelar ediki, ularning kumush patlarining shu’lasini aniq-tiniq ajrata olardik.
Men Ma’sumaning belidan quchib, o‘zimga tortdim va bo‘yinlari bilan dudoqlarini bo‘salarga ko‘mib tashladim. U endi qarshilik ko‘rsatmadi, ra’yimni qaytarmadi, erkalashlarim ostida mumdek erib borardi. Chap yonimda o‘tirgan Gabriela xijolat chekkanidan qovoqlarini uyib oldi.
Biz churq etmay bir-birimizga tikilar edik. Birdan Ma’suma chuqur “uf” tortdi-da, boshini ko‘ksimga qo‘ydi. Aftidan, mavj urayotgan tuyg‘ularini idora etishga holi qolmagan edi. Men uning lablarini izlab topdim va uzoq payt qo‘yib yubormadim. Bizning vujudlarimiz bir-biriga chirmashib ketgan, Ma’sumaning ko‘zlari yumuq – u sevgi-muhabbatning totli xayolotiga berilgan edi.
Ma’suma o‘ziga kelganida, ancha vaqtgacha ko‘z qorachiqlaridan shu fursat ichida paydo bo‘lgan baxt-saodatning masrur chaqinlari o‘chmadi, bamisli shundan cho‘chigandek, u o‘rnidan turib ketdi va beixtiyor singlisiga qaradi. Gabrielaning yonoqlaridan marvarid donalaridek yirik-yirik ko‘z yoshlari oqardi. Uning yonida erkalovchi kimsa yo‘q edi! Gabriela bir o‘zi edi! Ma’suma mana shu oshkor qilinmagan g‘amni, qoniqmagan alam-anduhni chuqur tuydi va o‘zining baxtiyorligi uchun, xudbinligi uchun uyaldi: uning lovullagan yuzlarida hamdardlik, birovning g‘amiga sherik bo‘lishning teran ifodasi aks etardi.
– Uni ham o‘p! Bechora! – deya shivirladi u va boshimdan ushlab Gabriela sari tortdi: – Faqat bir marta, xo‘pmi? Bor-yo‘g‘i bir marta, ko‘p emas…
Keyinchalik eshitishimcha, Ma’suma vafot etganiga ancha yillar bo‘lgan ekan.
Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2016 yil, 1-son