Jahon adabiyotiga ikkita klassik asarni taqdim etgan ingliz adibi Lyuis Kerroll chinakam bolajon inson bo‘lgan. Bolalarga ayricha mehr unda to‘ng‘ich farzand bo‘lib, yetti nafar singlisi va uch nafar ukasini ulg‘aytirishda ko‘maklashgan chog‘larida uyg‘onganmidi yoki tund va tartibli professorga aylangach, jiyanlarini ko‘rgani uyiga borganida, yoxud hamkasbi, rektorning farzandlari davrasida quvnoq, dilkash ertakchiga aylanganida paydo bo‘lganmi – bunisi noma’lum. Muhimi, u bolalarni chin dildan sevardi va kundaligiga yozganidek: “… deyarli butun vaqti ular bilan o‘tardi”. Shu bois u: “Mening hayotim har qanday g‘am-anduh va tashvishdan xoli”, degan edi.
Adib Lyuis Kerroll taxallusida ijod qilgan bo‘lsa-da, hayotini matematika va mantiqqa bag‘ishlagan Charlz Lyutvidj Dodjson deb tan olishlarini ko‘proq ma’qul ko‘rgan. U ayni yo‘nalishda talay tadqiqotlar qilib, zamondosh olimlar orasida ham obro‘-e’tibori baland bo‘lgani hamkasblari xotiralarida qayd etilgan. “U Oksford muhitiga shunchalik singib ketdiki, oxir-oqibat ko‘rinmas odamga aylandi. Bu yerdagi hamma qoidalarni u qabul qildi: maydakash, oliyjanob, ko‘ngli nozik va iltifotli odamga aylandi ”, deb yozadi uning Oksfordda o‘tkazgan yillari haqida yozuvchi va tanqidchi Virjiniya Vulf adib haqidagi tadqiqotida. Ma’ruzalarni his-hayajonsiz o‘qishga intilgan professor qiyofasida Oksfordning salobati, tartibli turmush tarzi, tundlik aks etardi. Ammo kichik do‘stlari oldida bu holat tumanday tarqar, uning o‘rnini ertaklaridagi Cheshir mushugining keng tabassumli qiyofasi, Alisaning hayrati, Ritsarning soddaligi egallardi. Oksfordga yangi tayinlangan rektorning qizi Alisa Liddell bilan tanishuvi esa bolalarga muhabbatining asarlarga ko‘chishiga turtki berdi. Alisa va uning opa-singillari bilan sayrlari davomida to‘qigan cho‘pchaklarini professordan ayni shu qizcha qog‘ozga ko‘chirishni so‘raydi va bu haqda adib kundaligida 1862 yil 13 noyabrda: “Alisa uchun ertak yoza boshladim. Mavlud ayyomigacha tugatishga umid qilaman”, deb qayd qiladi. Asar avvaliga tanqidchilar tomonidan sovuq kutib olindi, lekin tez orada paydar-pay ko‘plab chet tillariga o‘girildi. Oradan ko‘p o‘tmay u 1869 yili ikkinchi ertak – “Alisa ko‘zgu orti o‘lkasida”ni yoza boshlaydi. Bu gal asarni tanqidchilar ko‘klarga ko‘tarishadi. Bu asar ham birinchisi singari tarjima qilinib, butun dunyoga yoyiladi.
Adabiyotshunoslar Kerroll ijodiy laboratoriyasi haqida to‘xtalganida, odatda ingliz adabiy mulki sanalgan “nonsens” (“nonsense” ingliz tilida ma’nisizlik, safsata degan ma’nolarni anglatadi) janriga alohida urg‘u berishadi. Zero, bu janr haqida tasavvurga ega bo‘lmay, adib asarlarini tushunish mushkul. Chunki Kerrollning ertaklari nonsensning asl namunalari sanaladi. “Nonsens” janrida yozilgan asarlarda jamiyatdagi qonun-qoidalardan xoli, real dunyoga o‘xshamagan o‘ziga xos olam yaratiladi. Bu olamdagilar ijtimoiy farq nimaligini bilishmaydi, pul va foyda haqida o‘ylashmaydi, gunohdan xoli bo‘lishga urinishmaydi, cherkovga borishmaydi, ikkiyuzlamachilik qilishmaydi, o‘limdan qo‘rqishmaydi. O‘lim, kasallik va jarohatlar haqida real hayotdagidan mutlaqo farqli tarzda fikr yuritishadi. Nonsens odob-axloqqa chaqiradigan janr ham emas, aksincha, bu janrdagi ko‘p asarlar XIX asrdagi diniy-axloqiy adabiyotga zid tarzda ijtimoiy odatlarning teskarisini ko‘rsatishga qaratilgan. Ushbu jihatlari bilan nonsens janridagi asarlar biz bilgan, eshitgan ertaklarga o‘xshab ketadi. Kerroll ham ingliz xalq og‘zaki ijodi namunalaridan asarlarida keng foydalangan. Masalan, Adi-Badi, Arslon, Trulyalya-Tryalyalya, Cheshir Mushugi kabi obrazlar ingliz xalq ijodi personajlari sanaladi. Kerroll hatto xalq qo‘shiq va she’rlaridan ham unumli foydalangan. Odatda ertaklarda uchraydigan tush, kichrayish, kattarish, evrilish kabi motivlar ham uning har ikkala asarida uchraydi. Biroq adib ularni shunchaki ishlatmaydi, ya’ni obrazlar va ertaklar qolipini o‘z asarlariga shunday mahorat bilan singdiradiki, natijada bu ertaklar faqat bolalarning emas, kattalarning ham hayratiga sabab bo‘ladi. Kerroll ertaklaridagi obrazlarda, voqelar ketma-ketligida mantiqni ko‘rmaysiz. Asar Alisaning murod-maqsadiga yetgani bilan emas, shunchaki uyg‘onib ketgani bois yakunlanadi. Biroq bir qarashda ma’nisiz tuyulgan voqealar zamirida ma’no mujassamligi va adib buni sodda tilda, ajabtovur obrazlar vositasida taqdim etgani asarning qiymatini belgilaydi. “Erta hech qachon bugun bo‘lmaydi. Axir, saharda uyg‘onib: “Mana hozir nihoyat ertangi kun keldi, deyish mumkinmi?”; “Qirolichalar hech qachon murosa qilishmaydi, – deydi Qirolicha”; “Ular yaxshisi urush qilishmasa bo‘lardi, – deydi Alisa”; “Nima deyishni bilmayotganingda ta’zim qil! Bu vaqtni tejaydi”… Ertaklardagi bunday jumlalar kitobxonni goh kuldirsa, goh taskin beradi va u hatto adibning kinoyasida ijtimoiy hayotdagi qusurlarni ko‘radi. Adabiyotshunoslar Kerroll asarlarida qanday g‘oyani ilgari surgani, bir qarashdagi telba-teskari obrazlar bilan nima demoqchi ekani haqida turli tadqiqotlar olib borishgan va hamon bunday izlanishlar davom etmoqda. Ulardan birida adib ertaklarida Oksforddagi XIX asrning 40–70-yillarida yuzaga kelgan diniy mavzudagi bahslar va mantiqsiz tortishuvlarni aks ettirganini, bunda Alisa tortishuvlar avj olgan davraga tushib qolgan talabani, Oq Quyon esa sodda ingliz ruhoniysini, pishiriq esa qotib qolgan aqidani ifodalashi ta’kidlangan. Yana bir tahlilda esa adib Angliyadagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni hajv qilgani aytiladi. Ayniqsa, Yakkashox va Arslonning jangi misolida qo‘shni-qardosh davlatlarning mantiqsiz urushiga ishora bor. Bu asarlar adib biografiyasiga bog‘lab tahlil qilingan tadqiqotlar ham uchraydi.
Mening yozuvchi ijodi bilan ilk tanishuvim oynai jahon orqali bo‘lgan. Keyinchalik adibning “Alisa mo‘jizalar mamlakatida” asarini asliyatdan tarjima qildim va u avvaliga “Ma’rifat” gazetasida, 2015 yili “Sharq” nashriyoti tomonidan kitob holida chop etildi. Hozirgi paytda adib ijodiy laboratoriyasini o‘rganayotirman. Kerrollning ikkinchi – “Alisa ko‘zgu orti o‘lkasida” ertagini ham o‘zbekchalashtirdim. Zero, o‘zbek kitobxoni dunyodagi kamyob klassik asardan bahramand bo‘lishi va mushohada yuritishini niyat qildim. Adib shaxsiyati-yu, uning asarlari atrofidagi mulohazalar, bahslar hamon davom etayotir, hali ham uning ikkala asari asosida filmlar olinmoqda. V.Vulf aytganidek, adibning ko‘nglida bolalikning saqlanib qolgani bu ertaklarning umrboqiyligiga sabab bo‘lsa kerak. Dunyoga bolalarcha sodda nigoh bilan qarasak, Kerrollning sehrli ertaklari bizga g‘aroyib taassurotlar ulashib, har birimizni mo‘jizalar dunyosiga olib kirishga qodir.
Tarjimon
1. Ko‘zgu ortidagi uy
Dina bolalarining yuzini shu yo‘sinda tozalardi: avval bir panjasi bilan qulog‘idan ko‘tarib pastga qaratib ushlar, boshqa panjasi bilan burnidan boshlab butun yuzini ishqalab chiqardi. Hozir u oq rangli mushukchasini ming mashaqqat bilan tozalardi. Qora mushukcha esa tush payti cho‘miltirilgandi, shuning uchun u hozir Alisaning yonida dumaloq g‘altakni koptok qilib o‘ynardi. Qiz esa katta kresloda o‘tirib olib, o‘zi bilan o‘zi gaplashardi. G‘altak ham chuvalashib ketdi.
– Eh, senimi, jinnivoy, – urishib berdi Alisa. U mushuk bolasini tutib o‘pib qo‘ydi. – Dina, seni chindan ham tartibga chaqirmasa bo‘lmaydi chog‘i! – dedi u. So‘ng mushukni qo‘yib, g‘altak bilan mashg‘ul bo‘la boshladi. Biroq u dam mushukchaga, dam o‘ziga-o‘zi gapirish bilan ovora bo‘lib ishni imillab qilardi. Kiti esa uning tizzasida o‘zini koptokni kuzatayotganga solardi.
– G‘altakni ne ko‘yga solganingni ko‘rib, qanchalik jahlim chiqqanini bilasanmi, Kiti? – dedi Alisa. – Derazadan seni uloqtirishimga bir bahya qoldi-ya. Bu qilig‘ingga o‘zing nima degan bo‘larding? Endi gapimni bo‘lmay meni eshit, – deb u bosh barmog‘ini ko‘tardi. – Sening ayblaringni birma-bir sanab beraman. Birinchisi, bugun ertalab Dina seni cho‘miltirayotganida ikki marta chiyillading. Seni eshitdim! Nima deding? (Go‘yo mushukcha gapirayotganday unga tikilib.) Uning panjasi ko‘zimga kirib ketdi, deysanmi? Ko‘zingni yumib turmagansan-da, bu esa sening xatoying. Kechirim so‘rab o‘tirma, davom etamiz! Ikkinchisi, Oppoqoyga sendan oldin suv bersam dumidan tishlab tortib uni surib tashlading. Nima? Chanqaganding? U-chi? Uning chanqamaganini sen qayerdan bilasan? Uchinchisi, qaramay turganimda g‘altakni chuvalashtirding.
Bu uch xatong, Kiti… Shaxmat o‘ynay olasanmi? Azizam, kulma, jiddiy so‘rayapman. Chunki biz boya shaxmat o‘ynayotganimizda kuzatib turuvding va men: “Shoh!” deganimda xurillab ham qo‘yding! Kiti, tasavvur qilib ko‘r…
“Tasavvur qilib ko‘r”, Alisaning sevimli iborasi edi. Alisa bir paytning o‘zida ikki va undan ortiq odamga aylanib qolishni yoqtirardi. Ba’zan u enagasining qulog‘iga: “Enaga! Tasavvur qiling, men och sirtlon, siz suyaksiz”, deb uvillab qo‘rqitardi. Agar bu haqda batafsil gapiradigan bo‘lsak, Alisa va mushukchaning suhbatidan quruq qolamiz.
– Kiti, – dedi Alisa. – Tasavvur qil, sen Qora Qirolichasan. Aslida ham unga o‘xshashingdan xabaring bormi? – Alisa shaxmat donachalari orasidan Qora Qirolichani olib uning oldiga qo‘ydi. Biroq baroqvoy qirolichaday o‘tira olmadi, Alisa uni jazolamoqchi bo‘lib ko‘zguga ishora qilib dedi:
– Agar o‘zingni risoladagidek tutmasang, seni ko‘zgu ortidagi uyga jo‘natib yuboraman. Ko‘ramiz, u yer senga xush kelarmikan.
Endi gaplarimni yaxshilab tingla. Senga ko‘zgu ortidagi uy haqida o‘ylab qo‘yganlarimni so‘zlab beraman. Avvalo, bu uyni sen ham ko‘ra olishing mumkinligini aytib o‘tay… U xuddi bizning mehmonxonamizga o‘xshaydi, faqat u yerda hamma narsa teskari. Bordi-yu, kursiga chiqsam, kaminning ortidan bo‘lak barini ko‘rish mumkin. Eh! O‘sha yoqni ko‘ra olmasligim chatoq-da. Qishda kaminda olov yoqisharmikan, shunisi qiziq. U yerdagi kitoblar xuddi biznikidek, ammo so‘zlari teskari. Bir marta oynaga kitobni tutgandim, ular ham narigi tomondan kitob tutishdi. Buni shu tariqa bilib olganman.
Kiti, ko‘zgu ortidagi uyda yashashni istarmiding? Qiziq, u yerda senga sut berisharmikan? U yerning suti mazali bo‘lmasligi mumkin. Kiti! Ko‘zgu ortidagi uyga tushib qolsak ajoyib bo‘lardi-da!
Kel, u yerga qanday qilib o‘tib olish mumkinligi haqida bosh qotirib ko‘ramiz. Faraz qil, ko‘zgu yumshoq bo‘lib qolsa-yu, biz sirg‘alib narigi tomonga o‘tsak. Negadir u g‘ira-shira tortayapti! Bu undan o‘tib olishimiz uchun qulay…
Alisa kamin tokchasiga chiqdi, ko‘zgu esa chindan ham erib, kumushrang tumanga aylanib borardi. Birozdan so‘ng Alisa tumandan o‘tib, ko‘zgu ortidagi uyning poliga sakrab tushdi. U hammasidan oldin kaminda olov bor-yo‘qligiga qiziqdi. Olov yonayotganini ko‘rib ko‘ngli joyiga tushdi. “Avvalgi xonadagiday bu yer ham issiqqina ekan, – o‘yladi Alisa. – Eh, ular bu yerga ko‘zgudan o‘tib kelganimni ko‘rishganda juda kulgi bo‘lardi-da”.
Keyin u atrofga ko‘z yugurtirdi, avvalgi xonadagi narsalar bu yerda borligi bois ularni tomosha qilish hecham qiziq emasdi. Ammo ba’zi narsalar boshqacharoq edi. Masalan, devorga osig‘liq suratning joni bordek tuyuldi. Kamin tokchasidagi soatning esa (ko‘zgu ortida siz uning faqat orqa tomonini ko‘ra olishingizni bilsangiz kerak) qariyalarnikidek bujmaygan yuzi bo‘lib, u Alisaga jilmayib qarab turardi.
“Ular xonani saranjom saqlashmas ekan”, degan xayolga bordi Alisa gilamdagi bir nechta shaxmat donachasini ko‘rib. Zum o‘tmay “Voy!” deya ajablangancha tizzalab o‘tirib qolgan Alisa ularni kuzatarkan, shaxmat donachalari juft-juft bo‘lib yurib borishayotganini ko‘rdi.
– Bular Qora Qirol va Qirolicha, – dedi ularni cho‘chitib yubormaslik uchun Alisa pichirlab. – Mana bular Oq Qirol hamda Qirolicha… ikki Ruh ham qo‘l ushlashib ketayapti… ular meni eshitmas-ov. Meni ko‘rishlariga ham ishonchim komil emas.
Shu payt Alisaning ortida nimadir chiyillay boshladi, o‘girilib qarasa, oq piyodalardan biri yiqilib tushibdi.
– Bu bolajonimning ovozi! Dilbandim Lili, – qichqirdi Oq Qirolicha.
Alisaning yiqilgan piyodaga yordam bergisi keldi. U Qirolichani ko‘tarib kelib stolda shovqin solayotgan mitti qizalog‘ining yoniga qo‘ydi. Havoda shiddat bilan uchganidan qo‘rqqan Qirolicha mitti Lilini bag‘riga bosgancha bir muddat qotib turdi. Keyin esa Qirolga qarata: “Ehtiyot bo‘l, vulqon!” deb baqirdi.
– Qanaqa vulqon? – dedi Qirol gulxanga qarab. Vulqon shu yerdan chiqdi, deb o‘yladi u.
– U meni uchirib olib keldi, – dedi Qirolicha hali ham o‘pkasini bosolmay. – Har doim yuradigan yo‘ldan kel. Tag‘in seni ham uchirib yubormasin!
Alisa Oq Qirolning imillab odimlayotganini kuzatib turdi. Nihoyat u: “Bu ketishda stolga chiqquningcha ancha vaqt o‘tadi. Kel, senga ko‘maklashib yuboraman”, dedi. Ammo Qirol uning gapirganini sezmadi ham. U Alisani na eshitardi, na ko‘rardi. Shuning uchun Alisa uni ohista ushlab, sekin yuqoriga ko‘tardi. Qirol biroz changga botgani bois uni stolga qo‘yishdan oldin silkib changini qoqishga qaror qildi.
Keyinchalik u havoda muallaq turgan va o‘zi changini qoqayotgan Qirolning qiyofasini qayta sira ko‘rmaganini gapirib yurdi. Qirol vahimaga tushib, chinqirib yig‘lardi. Ko‘zlari tobora dumaloqlashar, og‘zi esa kattarardi. Buni ko‘rib Alisaning kulgisi qistar, kulganida qo‘llari titrab Qirolni tushirib yuborishiga bir bahya qolardi.
– O, azizim, iltimos, yuzingni bunday burishtirmagin, – deb yubordi Alisa Qirol uni eshita olmasligini ham unutib. – Bu qilig‘ing bilan meni kuldirayapsan, seni ko‘tarib ushlab turishga qiynalayapman, axir! Og‘zingni ham bunaqa katta ochma! Chang-kul og‘zinga kiradi-ku. Meningcha, endi toza bo‘lding, – deb uni Qirolichaning yoniga qo‘ydi.
Qirol stolga orqasi bilan tushib, yotib qoldi. Alisa qilgan ishidan andak xavotirlandi. Qirolga suv sepmoqchi bo‘lib xonani kezib chiqdi. U bor-yo‘g‘i bir shisha siyoh topa oldi, xolos. Uni olib ortga qaytganida, Qirolning o‘ziga kelib Qirolicha bilan gaplashayotgani ustidan chiqdi. Ular pichirlashib so‘zlashishar, Alisaga gaplari zo‘rg‘a eshitilardi.
– Soqolimning uchigacha muzlab ketdim, – derdi Qirol.
Qirolicha esa unga javoban:
– Senda soqolning o‘zi yo‘q-ku, – derdi.
– O‘sha lahzalarning dahshatini, – davom etdi Qirol, – men hech qachon unutmayman.
– Agar yozib qo‘ymasang unutishing turgan gap, – dedi Qirolicha.
Qirol shu payt cho‘ntagidan katta daftarini chiqarib, yoza boshlashi bilan Alisa unga qiziqsinib qarab turdi. Ayni damda uning miyasiga “yarq” etib bir fikr keldi va u Qirolning yelkasi osha chiqib turgan qalamning uchidan ushlab yoza ketdi. Boyoqish Qirol nima bo‘layotganini tushunolmay biroz hayron bo‘lib turdi-da, keyin dedi:
– Azizam! Chindan boshqa qalam olmasam bo‘lmaydi. Bunisi men yozmoqchi bo‘lmagan narsalarni yozayapti…
Qirolicha daftardagi yozuvni o‘qiy boshladi:
– Oq Ritsar sirg‘alayotir kosovdan. Muvozanat saqlashi juda yomon.
– Axir, sen bu haqda o‘ylamayotganding-ku! – dedi u.
Stolda, Alisaning yonida kitob yotardi. Alisa o‘tirib Qirolni kuzatayotib, o‘qimoqchi bo‘lib kitobni varaqladi.
– Buning bari allaqanday tushunarsiz tilda bitilgan ekan, – dedi u o‘ziga-o‘zi.
Kitobda shunday yozilgandi:
Kovrebbaj
…laham shut inyA
ralqisro‘b nuzu g‘ilgnya kasekatlak, ug‘ishmiliSh
.niyamnit idrashalvak ninyo rah gnintaos muQ
,ralaqcho‘ch nagzo nadlo‘y, ushuq yadasmalO‘
.razub nirux-rux ralu ishuvot gninshiriskA
Shu yerigacha o‘qib avvaliga Alisaning boshi qotdi, biroq tezda yechimni topdi:
– Albatta, bu axir, ko‘zgu ortidagi kitob-ku! Agar uni ko‘zguga tutsam so‘zlar aslidek to‘g‘ri ko‘rinadi.
Shu usulda Alisa she’r o‘qiy boshladi:
Jabbervok
Ayni tush mahal…
Shilimshig‘u, kaltakesak yanglig‘ uzun bo‘rsiqlar
Qum soatning har yonin kavlashardi tinmayin.
O‘lamsaday qushu, yo‘ldan ozgan cho‘chqalar,
Aksirishning tovushi ular xur-xurin buzar.
O‘zing asra Jabbervokdan, o‘g‘lonim!
Chang soluvchi tirnog‘-u, g‘ajir tishlaridan.
Jub-jub qushlaridan ham saqlan, bolam,
Yosh Bandersnechning tashvishini ham tortgin.
Qo‘lga oldi u o‘zining o‘tkir qilichin,
Uzoq axtardi u manfur dushmanin.
To‘xtadi u ro‘parasida Tum-Tum daraxtin,
O‘ylab olmoq uchun, bosh qotirmoq-chun.
Shu xayollar bilan u band bo‘lgan dam,
Jabbervok kelar edi o‘rmon aro sarosar.
Ko‘zlaridan olov chaqnar edi uning, alhazar,
Zumrad o‘rmon guldirardi uning na’rasidan ham.
Bir ikki! Bir ikki! Tig‘ tortdi-da,
Ana soldi u o‘tkir qilichini bor kuch-la.
Engdi uni, oldi boshin tanidan,
Kallasini olib keldi g‘izillab.
Jabbervokni o‘ldirdingmi, jigarim?
Seni quchgum, mening samoviy o‘g‘lim!
Ajoyib kun! E-he-hey!
U kuylagan shod-masrur.
Ayni tush mahal…
Shilimshig‘u, kaltakesak yanglig‘ uzun bo‘rsiqlar,
Qum soatning har yonin kavlashardi tinmayin.
O‘lamsaday qushu, yo‘ldan ozgan cho‘chqalar,
Aksirishning tovushi ular xur-xurin buzar.
– Ajoyib she’r ekan, – dedi u o‘qib tugatgach. – Ammo tushunish biroz mushkulroq. Bu haqdagi fikrlar miyamda charx urayotir… lekin ularni aniq anglayolmayapman! Chamamda kimdir nimanidir o‘ldirgani… O, uyning boshqa xonalarini ham ko‘zdan kechirishim kerak-ku! Avvaliga bog‘ni tomosha qila qolay.
Shu o‘yda Alisa sakrab turdi-da, tez tashqariga chiqib, zinapoyalardan pastga qarab yugurdi… buni aslida yugurish deb ham bo‘lmasdi, bu zinadan tushishning yangicha, oson va tez usuli edi. U zina tutqichlarini ushlagancha, oyoqlari zinalarga tegmay go‘yo suzib ketayotgandek edi. Havoda bunday yengil harakatlanishdan o‘zini yaxshi his etmadi, shuning uchun odimlay boshlaganini bilganida dili yorishdi.
2. Jonli gullar bog‘i
– Agar anavi qirga chiqsam, bog‘ni boshdan oxir ko‘ra olaman. Manavi so‘qmoq to‘g‘ri o‘sha yoqqa olib boradi… – dedi Alisa o‘ziga-o‘zi. U so‘qmoq bo‘ylab ketarkan, talay muyulishlarda qayrildi.
– Meningcha, mana shunisi oxirgi muyulish bo‘lsa kerak. G‘alati-ku, a, hadeb qayrilaversang. Bunisi endi qirga olib chiqishiga aminman… yo‘q, adashibman! Bu so‘qmoq qayta uyga olib borarkan! Mayli, boshqasidan yurib ko‘ray-chi!
Va u shunday ham qildi. Yuraverdi, yuraverdi, muyulishlardan qayrilaverdi, qayrilaverdi, biroq har gal uyning ro‘parasidan chiqaverdi. Nihoyat u hech qayerda qayrilmay, to‘ppa-to‘g‘ri qirga qarab yurishga qaror qildi. Biroz yo‘l yurgach, “Bu safar, albatta, uddalayman”, degani hamonoq qo‘qqisdan so‘qmoq bir silkinib qayrilib oldi. Zum o‘tmay u yana o‘zining eshikka ro‘para kelib qolganini angladi.
– Oh, dahshat! Umrim bino bo‘lib bunaqa uyni uchratmaganman! Hech qachon ko‘rmaganman bunaqasini! – deb qichqirib yubordi u.
Lekin boyoqishning qo‘lidan nima ham kelardi, yana hammasini boshidan boshladi. Bu safar u tol atrofini o‘ragan dastorgullar bilan to‘la gulzorga yaqinlashdi.
– Eh, gulsapsar, qaniydi so‘zlasha olsang! – dedi Alisa.
– Biz so‘zlashga arzigudek odam bilan gaplasha olamiz, – dedi Gulsapsar.
Alisa hayratdan bir muddat dong qotdi.
– Hamma gullar so‘zlay oladimi? – so‘radi u.
– Xuddi seningdek, hatto balandroq tovushda ham, – javob berdi Gulsapsar.
– Biz birinchi bo‘lib gap boshlash odobdan emas, deb hisoblaymiz, – gapga aralashdi Atirgul. – Rosti, sen so‘zlaganingda men ajablandim. O‘zimga-o‘zim uning yuzida hech qanday ma’no yo‘q deyayotgandim. Rangi esa to‘g‘ri keladi.
– Meni esa uning rangi tashvishga solmayapti, – dedi Gulsapsar. – Lekin gulbarglari jindek jingalak bo‘lganidami, hammasi joyiga tushardi.
Alisa tanqidni xushlamasdi, shuning uchun ularni savolga tuta boshladi:
– Bu yerda biror narsadan qo‘rqmaysizlarmi? Axir, sizni qo‘riqlaydigan zotning o‘zi yo‘q-ku…
– O‘rtadagi daraxt-chi? – bidirladi Atirgul. – U yana nimaga ham yaraydi.
– Agar biror xavf tug‘ilsa, u nima ham qila olardi?
– Vovullay oladi, – dedi Atirgul.
– U: “Vov-vov!” deydi! – chinkillay ketdi Dastorgul. – Shuning uchun ham uning shoxlari “novda” deb nomlangan-da.
– Shuni ham bilmasmiding? – chinkilladi boshqa bir Dastorgul va gullar qiy-chuv qila boshladi.
– Hammang jim bo‘l! – baqirdi Gulsapsar.
– Hechqisi yo‘q, – dedi Alisa Gulsapsarga va dastorgullarga o‘girilib shivirladi: – Hoziroq tilingizni tiymasangiz, hammangizni uzib, payhon qilib tashlayman.
Jimlik cho‘kdi, hatto dastorgullardan biri oqarib ham ketdi.
– To‘ppa-to‘g‘ri, – ma’qulladi Gulsapsar.
– Sizlar qanday qilib bunday ravon gapira olasizlar? – qiziqsindi Alisa. – Men avvallari ham ko‘p bog‘larda bo‘lganman, biroq u yerlardagi gullarning hech biri so‘zlay olmasdi.
– Qo‘lingni yerga qo‘y va uni his qil. Shunda sababini bilib olasan, – javob berdi Gulsapsar.
Alisa uning aytganini qildi.
– Bu mushkul chog‘i. Har qalay, bunga yerning nima daxli bor ekan? – dedi u.
– Ko‘pchilik bog‘larda, – deya tushuntirdi Gulsapsar, – to‘shak, ya’ni ekinzor juda yumshoq, shu bois gullar uyquchi bo‘ladi.
Alisaning nazarida bu o‘rinli sababdek tuyuldi va buni bilib olganidan mamnun ham bo‘ldi.
– Shu haqda oldinlari sira o‘ylab ko‘rmagan ekanman, – dedi u.
– Meningcha, sen umuman o‘ylamaysan, – so‘z qotdi Atirgul.
– Sendan-da ahmoqrog‘ini umrimda ko‘rmaganman, – uning gapiga qo‘shildi Binafsha. Buni eshitib Alisa sakrab o‘rnidan turdi.
– Tilingni tiy! – o‘shqirdi Gulsapsar. – Xuddi hayotda ko‘p narsani ko‘rib qo‘ygandek gapirishini-chi, buning! Sen boshingni barglaring orasiga burkab olganingdan dunyo bexabarsan!
– Bu yerda mendan boshqa yana kimdir bormi? – so‘radi Alisa mavzuni o‘zgartirish uchun.
– Bog‘ bo‘ylab yana bir gul sendek harakatlanadi, – dedi Atirgul.
– U menga o‘xshaydimi? – so‘radi Alisa bog‘da yana bir qiz bor degan o‘yda.
– Xo‘sh, uning ham ko‘rinishi senikidek g‘alatiroq, – bidirladi Atirgul. – Ammo u qizg‘ishroq… va gulbarglari ham kaltaroq, chamamda.
– U bu yoqlarga chiqib turadimi? – so‘radi Alisa.
– O‘ylashimcha, uni tez orada ko‘rasan, – dedi Atirgul. – Uning tikanlari bor.
– Qayerida o‘sha tikanlari? – qiziqib so‘radi Alisa.
– Butun boshini qoplagan, – javob berdi Atirgul. – Senda tikanlar yo‘qligini ko‘rganimda ajablangandim. O, u kelayapti! Uning qadam tovushini eshitayapman!
Alisa atrofga ko‘z yugurtirib, Qora Qirolicha kelayotganini ko‘rdi. “Bo‘yi o‘sib qolibdi”, uning xayoliga kelgan ilk fikr shunday edi. Haqiqatdan ham Alisa uni ilk bor changga belangan holda ko‘rganida, Qora Qirolicha atigi uch dyuym kelardi… Hozir esa Alisadan naq bir kallaga balandroq!
– Bu toza havoning sharofati, – dedi Atirgul. – Bu yerning havosi ajoyib.
– Men borib u bilan tanisha qolay, – dedi Alisa. U haqiqiy Qirolicha bilan hamsuhbat bo‘lishni muhimroq hisobladi.
– Bu ketishda uni uchratib bo‘psan, – dedi Atirgul. – Maslahatim – orqaga qarab yur.
Alisaga bu maslahat bema’nidek tuyuldi-da, u to‘ppa-to‘g‘ri Qirolicha tomonga yurdi. Ammo darhol Qirolichani ko‘zdan qochirganini, kamiga yana o‘sha eshikka ro‘para kelayotganini payqab hayron qoldi. Ajablanib, orqaga yurgan edi, zumda Qirolichaning qarshisidan chiqdi.
– Qayoqdan kelib qoldingu, qayga yo‘l olding? Boshingni ko‘tarib, xushmuomalalik bilan javob ber va hadeb barmoqlaringni o‘ynatishni bas qil, – dedi Qora Qirolicha.
Alisa uning aytganlariga amal qilib, yo‘lini yo‘qotib qo‘yganini tushuntira ketdi.
– Yo‘lim deganingda nimani nazarda tutganingni anglamadim. Axir, barcha yo‘llar menga qarashli-ku… har qalay nega bu yerga kelding, axir? – dedi Qirolicha va yana mehribonlik bilan: – Nimani gapirishni o‘ylayotganingda ta’zim qil, shunda vaqtdan yutasan, – deya qo‘shib qo‘ydi.
“Uyga qaytganimda, tushlikka kech qolgan paytim shunday qilishga urinaman”, o‘yladi Alisa o‘zicha.
– Ana endi javob berish vaqti keldi. So‘zlayotganda og‘zingni kattaroq ochib gapir va doimo “Hazrati oliyalari”, deb murojaat qil.
– Men bog‘ni tomosha qilmoqchi edim, xolos, Hazrati oliyalari…
– To‘g‘ri, bog‘ deganingda haqsan, – dedi Qirolicha soatiga qarab qo‘yib. – Lekin men ko‘rgan bog‘lar bilan solishtirganda bu dashtning o‘zginasi.
Alisa bahslashishni istamadi va gapini davom ettirdi:
– Shu sabab huv anavi qirga chiqishga urinayotuvdim…
– Qir deysanmi? – yana gapini bo‘ldi Qirolicha. – Men senga shunday qirlarni ko‘rsata olamanki, ularning oldida bu vodiy bo‘lib qoladi.
– Yo‘q. Qir vodiy bo‘la olmaydi, axir. Bu bema’nilik, – dedi Alisa.
Qora Qirolicha bosh chayqab dedi:
– Buni “bema’nilik” deb atashing mumkin, biroq men shunday bema’niliklarni eshitganmanki, ular bilan taqqoslaganda bu lug‘atday ma’nili.
Qirolichaning ovozidan biroz ranjiganini payqagan Alisa yana ta’zim qildi. Shu zaylda ular tepalikka yetib borishguncha jim ketishdi.
Alisa butun mamlakat bo‘ylab tarvaqaylagan yo‘llarni ko‘rib biroz muddat sukut saqlab turdi. Darhaqiqat, bu o‘lka juda g‘aroyib edi. Unda bir yoqdan boshqa yoqqa cho‘zilgan ariqchalar oqib yotar, yer esa mitti, o‘tli devorchalar bilan to‘rtburchak kataklarga bo‘lingandi.
– Bu xuddi shaxmat taxtasini eslatadi-ya, – dedi Alisa nihoyat. – Bu yerda shaxmat donachalari harakatlanishi kerak… ana ular! Bu eng katta shaxmat o‘yini olami… agar chindanam olam bo‘lsa. Qanday zo‘r-a! Qaniydi ulardan birortasiga aylanib qolsam. Piyoda bo‘lishga ham roziman… lekin, har qalay, hammasidan ko‘proq Qirolicha bo‘lishni xohlardim.
Alisa asl Qirolichaning yonida aytgan bu gaplaridan uyalib ketdi, ammo Qirolicha jilmayib shunday dedi:
– Bu juda oson. Istasang, Oq Qirolichaning Piyodasi bo‘lishing mumkin, chunki Lili hali o‘ynashga yoshlik qiladi. Sen ikkinchi katakdan boshlaysan. Sakkizinchiga yetib olganingda esa Qirolicha bo‘lasan.
Shu ondayoq ular yugurishni boshlashdi. Alisa keyinchalik ham qay tariqa chopib ketishganini o‘ylab o‘yiga yetolmadi. Faqat qo‘l ushlab yugurishganini, qancha urinmasin Qirolichaga yeta olmaganini eslay olardi, xolos. Qirolicha esa nuqul, “Tez! Tezroq!” deya uni qistar, Alisa bo‘lsa bundan ortiq tez yugura olmasligini his qilardi. Eng qizig‘i, ularni o‘rab turgan borliq sira o‘zgarmasdi. “Nima bo‘layapti? Hamma narsa biz bilan birga harakatlanayaptimi?” deya boshi qotardi Alisaning. Qirolicha esa, uning nimani o‘ylayotganini payqagandek:
– Yana-da tezroq! Gapirishga urinma! – deb baqirardi.
Alisa gapirishni xayoliga ham keltirmasdi, chunki tinmay yugurayotganidan nafasi bo‘g‘ilib qoluvdi. Ammo Qirolicha uni yanada tezlashishga da’vat etardi.
– Yaqinlashib qoldikmi? – zo‘rg‘a so‘radi Alisa.
– Deyarli. Undan o‘tib ketganimizga o‘n daqiqa bo‘ldi. Tezroq! – javob berdi Qirolicha.
Ular endi gapirmay yugurishar, nihoyatda tez chopishayotganidan Alisaning sochlari boshidan uchib ketayotganday tuyulardi.
– Qani, qani tezroq! – chinqirardi Qirolicha. Ular shunchalik tez yugurayotganidan oyoqlari yerga tegib-tegmas, havoda uchib borishardi go‘yo. Kutilmaganda to‘xtashdi va Alisa yerga o‘tirib qolganini sezdi. Qirolicha esa mehribonlik bilan:
– Jindek tin olaqol, – dedi.
Alisa atrofga alanglab qaradi.
– Biz boyadan beri shu daraxtning tagidamidik? Atrofda hammasi o‘sha-o‘sha-ku!
– Albatta-da, – dedi Qirolicha.
– Bizning mamlakatda, agar hali yugurganimizdek tez chopsangiz, shubhasiz, boshqa bir joyga yetib borasiz, – dedi Alisa.
– Juda imillagan mamlakat ekan! – dedi Qirolicha. – Bu yerda esa biror joyda turib qolishni istasang shunday yugurishing kerak. Agar boshqa joyga yetib olishni xohlasang, undan ikki hissa tezroq chopishing shart!
– Boshqa joyga bormaylik, iltimos. Shu yerda turib qolsam ham xursandman. Faqat isib ketganimdan shunday chanqadimki.
– Nima xohlayotganingni bilaman, – dedi Qirolicha muloyimlik bilan va cho‘ntagidan kichik quticha chiqardi-da, – pishiriqdan ol, – dedi.
Alisa rad etish odobsizlik bo‘lishini o‘ylab, yeyishga urindi. Pishloq juda qattiq, toshday qotib qolgan edi!
– Chanqog‘ingni bosguningcha men yerlarni o‘lchab turaman, – deb Qirolicha cho‘ntagidan tasma chiqarib, yerni dam belgilay, dam o‘lchay ketdi.
– Ikkinchi qator oxirida senga yo‘nalishingni ko‘rsataman… yana yeysanmi?
– Yo‘q, minnatdorman. Yetarli, – dedi Alisa.
– Endi chanqamayotgandirsan-a? – so‘radi Qirolicha.
Alisa nima deyishni bilmay qoldi, baxtiga Qirolicha javobni kutmay gapini davom ettirdi:
– Uchinchi katakning oxirida senga yo‘nalishingni takrorlayman. Keyin esa to‘rtinchi katak nihoyasida sen bilan xayrlashaman. Shundan so‘ng beshinchida ketaman. Piyoda birinchi yurishda ikki katakka harakatlanishini bilarsan. Shunda uchinchi katakka tezlik bilan yurib… meningcha, poyezd orqali to‘rtinchi katakka yetasan. Bu Trulyalya va Tralyalyaga qarashli katak… beshinchisi esa asosan suvdan iborat… Oltinchisi Adi-Badiga tegishli… Yettinchi katak o‘rmonzor, shunga qaramay Ritsarlardan birortasi senga yo‘lni ko‘rsatib yuboradi. Sakkizinchi katakda esa birga Qirolicha bo‘lamiz!
Alisa o‘rnidan turib ta’zim qilib, yana o‘tirdi.
Keyin Qirolicha:
– Inglizchada biror narsani fikrlay olmasang, frantsuzcha gapir… oyoq uchida yur… aslo kimligingni unutma! – dedi-da, bu gal Alisaning ta’zimini ham kutmay ketib qoldi. Ketayotib “xayr” deyish uchungina ortiga o‘girildi va hovliqqancha yo‘lida davom etdi. Bu qanday ro‘y berganini Alisa anglay olmadi. Qirolicha esa zumda ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Alisa o‘zining piyoda ekanini va tez orada yurishi kerakligini esladi.
3. Ko‘zgu orti hasharotlari
Albatta, birinchi galda sayohat qilmoqchi bo‘lgan mamlakatni o‘rganib chiqishi lozim. “Katta daryolari… yo‘q. Eng baland tog‘i… men turganim shu tog‘ bo‘lsa kerak va, o‘ylashimcha, uning nomi ham yo‘q. Yirik shaharlari… anavi yerda g‘imirlayotgan nima, ari asal yig‘ayaptimi? Ular asalari bo‘lishi mumkin emas… Axir, hech kim arilarni bir mil uzoqdan ko‘ra olmaydi-ku”. U gullar atrofida uchib yurgan bu mavjudotlarni biroz kuzatib turdi-da, “Asalariga o‘xshaydi”, deb o‘yladi.
Aslida bu fillar edi… Buni Alisa ham tez orada fahmladi. “Unaqada gullar ham uydek ulkan bo‘lishi kerak, – o‘yladi u. – Pastga tusha qolaman… yo‘q, hozir emas”, u pastlayotib to‘xtab qoldi. “Avvalo, ularni haydash uchun uzun shox topishim kerak… agar ular senga sayr yoqdimi, deb so‘rasa, zap kulgili ish bo‘lardi-da. Men ularga ha, yoqdi-yu, faqat bu yer chang, dim va kamiga fillar ham atrofingda uchib yurarkan, deb javob berardim”.
– Yaxshisi, boshqa yo‘lga tusha qolaman, – dedi biroz o‘tib u. – Fillar bilan keyinroq uchrasharman. Axir, uchinchi katakka yetib olishim muhimroq-ku.
U yugurib tepalikdan tushdi-da, olti ariqchaning birinchisidan sakrab o‘tdi…
– Marhamat qilib chiptalaringizni ko‘rsating, – dedi Nozir derazadan boshini kirgizib.
Hamma chiptasini qo‘liga oldi.
– Qani, chiptangni ko‘rsat-chi, qizcha, – dedi Nozir unga o‘qrayib. Shu payt atrofdagi son-sanoqsiz ovozlar jo‘r bo‘lib: – Uni kuttirma, qizaloq! Bilasanmi, uning bir daqiqasi ming funt turadi-ya, – deyishdi.
– Menda chipta yo‘q deb qo‘rqaman, – hayiqib javob berdi Alisa. – Men kelgan joyda chiptaxona yo‘q edi.
Yana boyagi ovozlar:
– U kelgan yerda chiptaxona yo‘q ekan. Bir dyuym yer ming funt turadi-ya, – deb shivirlashardi.
– Bahona qilma! Poyezd haydovchisidan sotib olish kerak edi, – dedi Nozir.
Haligilar yana:
– U poyezd haydaydigan odam! Poyezdning bir martalik tutuni esa ming funt turishini bilasanmi o‘zi? – deb jo‘r bo‘lishdi.
Alisa o‘zicha, “Gapirganing bilan foydasi yo‘q”, degan xayolga bordi. U og‘iz ochmagach, boyagi ovozlar ham o‘chdi-yu, lekin jam bo‘lishib o‘ylashayotganini bilganida Alisa hayratga tushdi. (Sen jo‘r bo‘lib, birga o‘ylash nimaligini bilishingga umid qilaman.)
– Yaxshisi, jim bo‘l! Axir, har bir so‘z naq ming funt turadi-ya, – fikrlashardi ular.
“Bugun tunda ming funt sterlingni tush ko‘rishim aniq!” xayolidan o‘tkazdi Alisa.
Bu payt Nozir Alisaga avvaliga teleskop, keyin mikroskop, so‘ngra durbindan qarab turardi. Nihoyat u:
– Sen noto‘g‘ri yo‘ldan yurayapsan, – dedi-da, derazani yopib nari ketdi.
– Qizaloq, ismingni bilmasang ham, qayerga yo‘l olganingni bilishing kerak, – deb qoldi qarshisida o‘tirgan, qog‘ozdan kiyim kiyib olgan janob.
Uning yonidagi Oq Echki esa ko‘zlarini yumib, baland ovozda:
– Alifboni bilmasang ham, kassa qayerdaligini bilmog‘ing shart, – dedi.
– Ortga qaytarilib yuborilgan yukdek, uni ortga jo‘natishga to‘g‘ri keladi, – deb qoldi Echkining yonidagi Qo‘ng‘iz.
Shundan so‘ng boshqa ovozlar ham birin-ketin:
– Uni pochta orqali qaytarish kerak… Telegrafdan telegrammadek jo‘natish kerak… Poyezdni qolgan yo‘lga sudrab borishi kerak, – deya bidirladi.
Ammo oq kiyimli haligi janob Alisaning qulog‘iga:
– Ularga quloq solma, azizam, shunchaki poyezd har to‘xtaganida qaytish chiptasini ol, – deb shivirladi.
– Aslida bu temiryo‘l sayohati menga unchalik zarur ham emas… Yana jon deb o‘rmonda qolardim! Agar qo‘limdan kelganida!
– Bundan antiqa hazil chiqarish mumkin, – deb shipshidi qandaydir chiyillagan ovoz. – Qo‘lingdan kelsa, oyog‘ingdan ham keladi, deganga o‘xshash. Bilaman, sen menga do‘stsan. Qadrdon, eski do‘stimsan. Yana sen hasharot bo‘lsam ham, menga ozor bermaysan, – davom etardi o‘sha chiyildoq ovoz.
– Qanaqa hasharotsiz? – so‘radi Alisa. Aslida u chaqasizmi-yo‘qmi deb so‘ramoqchi edi-yu, dabdurustdan bunday savol berish odobsizlik bo‘ladi deb o‘yladi.
– Men… – deb gap boshlashi bilan ingichka ovozning chinqirgani eshitildi. Hamma sakrab turdi. Derazadan boshini chiqarib qaragan Ot:
– Hechqisi yo‘q, bu shunchaki ariq, uni sakrab o‘tishimizga to‘g‘ri keladi, – dedi.
Hamma tinchlandi, Alisa poyezdning ariqdan hatlab o‘tayotganini eshitib biroz tashvishlandi.
– Har qalay, bu to‘rtinchi katakka olib boradi-ku, – deb o‘zini tinchlantirdi. Shu damda u poyezdning havoga ko‘tarilganini sezdi…
Ko‘z ochib yumguncha Alisa o‘zining daraxt tagida o‘tirganini, Pashsha (bu u bilan gaplashgan o‘sha hasharot edi) uni qanotlari bilan yelpiyotganini payqadi.
Turgan gapki, Pashsha juda katta edi. “Naqd jo‘jadek keladi-ya”, o‘yladi Alisa.
– Shunday qilib, senga hasharotlar yoqmaydimi? – deb so‘radi Pashsha.
– Ular gapirganida yoqadi, − dedi Alisa. – Men kelgan joyda esa, birorta hasharot gapira olmaydi.
– Demak, senga hasharotlar yoqmaydi… – davom etdi Pashsha.
– Ulardan biroz qo‘rqaman, rosti, – tushuntira ketdi Alisa. – Faqat yiriklaridan. Ularning ayrimlarini nomma-nom sanab bera olaman ham.
– Ularning nomini aytib chaqirsa javob berishadimi?
– Bundan xabarim yo‘q.
– Agar javob berishmasa, unda ularni nomlashdan ne naf? – dedi Pashsha.
– Ularga-ku buning keragi yo‘q, ammo bu nomlaganlar, ya’ni odamlar uchun zarur, meningcha. Aks holda narsalarga nom berishning nima keragi bor?
– Bir narsa deya olmayman. Agar o‘rmonning ichkarisiga kirsang, u yerda hech qanday nom yo‘qligiga guvoh bo‘lasan. Vaqtni bekorga o‘tkazmaylik. Qani, hasharotlaring ro‘yxatini ayt-chi, – dedi Pashsha.
– Xo‘sh, masalan, So‘na, – boshladi Alisa.
– Yaxshi. Anavi Taxta pashshani ko‘ryapsanmi? U taxtadan, – dedi Pashsha.
– U nima bilan oziqlanadi? – qiziqdi Alisa.
– Qipiq, qirindi bilan. Qani yana birortasini ayt-chi, – dedi Pashsha.
Alisa Taxta pashshaga qiziqib qarab turdi-da, davom etdi:
– Ninachi.
– Tepaga qarasang, Mayiznachini ko‘rasan. Uning tanasi pudingdan, qanotlari ingichka bargdan, kallasi esa mayizdan iborat, – dedi Pashsha.
– U nima yeydi?
– Go‘shtli pirog. Ular Mavlud bayramining sovg‘a qutilariga uya quradi.
– Yana Kapalak ham bor, – davom etdi Alisa tepadagi boshi yonib turgan hasharotga tikilib. “Qiziq, balki shuning uchun ham hasharotlar shamlarga talpinishar… ular shu zaylda Mayiznachiga aylanib qolishni istashar”, degan xayolga bordi u.
– Oyog‘ingda Saryog‘nonpalakni ko‘rishing mumkin. Uning qanotlari saryog‘li non bo‘laklaridan, tanasi qotgan non, boshi esa bir chaqmoq qanddan iborat.
– U nima bilan kun ko‘radi?
– Sutli choy bilan.
Bunday ajabtovur yangilikdan Alisaning miyasiga, “Agar uni topa olmasa-chi?” degan savol keldi.
– Unday bo‘lsa o‘ladi, albatta.
– Ammo bunaqasi kamdan-kam bo‘lsa kerak, – dedi Alisa o‘yga botib.
– Bunaqasi har doim bo‘ladi, – dedi Pashsha.
Shundan so‘ng Alisa bir-ikki daqiqa churq etmadi. Pashsha uning atrofida ucharkan, nihoyat:
– O‘ylashimcha, ismingni yo‘qotib qo‘yishni xohlamasang kerak? – dedi.
– Albatta, yo‘q, – dedi Alisa biroz tashvishlanib.
– Nega yo‘q? – davom etdi Pashsha. – Sen ismingsiz uyga qaytishing qanday bo‘lishini o‘ylab ko‘r! Mualliming vazifani so‘ragani chaqirayotib “beri kel” deydi-yu, to‘xtab qoladi, chunki sening hech qanaqa isming bo‘lmaydi-da.
– Ishonchim komil. U meni “Miss” deb chaqiradi, – dedi Alisa.
– U seni “miss” deb atasa, sen rostdan ham darsni qoldirishing mumkin. Bu hazil.
– Bu juda ahmoqona hazil bo‘ldi, – dedi Alisa.
Pashshaning ko‘zidan yirik-yirik ikki tomchi yosh to‘kildi.
– Hazilni eplolmasang hazillashmaganing ma’qul, – dedi Alisa.
U Pashshaga qaramoqchi bo‘lganida uni topa olmadi. Daraxt tagida bir muddat uni kutdi. Pashsha ko‘rinavermagach, Alisa turib yo‘lida davom etdi. Tez orada u bir tomoni o‘rmonzor dalaga yetib oldi. O‘rmon oldingisidan ko‘ra qorong‘iroq edi, Alisa kirishga cho‘chidi. Shunga qaramay “Har holda ortga qaytmayman”, deb o‘ylab yo‘lida davom etishga qaror qildi, boz ustiga bu sakkizinchi katakka olib boradigan yagona yo‘l edi.
“Bu mavjudotlarining nomi yo‘q o‘rmon bo‘lsa kerak. Ichkariga kirganimda ismim nima bo‘larkan? Nomimni butunlay yo‘qotishni istamayman, chunki u holda ular menga boshqa nom berishlariga to‘g‘ri keladi. Shunday bo‘lsa, mening eski ismimni olgan mavjudotni topardim!”
Nihoyat u boqqa yetib keldi. Bog‘ zulmat og‘ushida, sovuq edi.
– Anavining tagiga yetib olsam yaxshi bo‘lardi… nimaning tagiga? – deya so‘zlayotib u o‘sha so‘zni topolmayotganiga hayron bo‘ldi. – Men soyasiga yetib olishni nazarda tutayotgandim… buning soyasiga, – deb u qo‘lini daraxtga qo‘ydi. – Nomi nima edi-ya?
U biroz jimib qoldi-da, qo‘qqisdan yana gapira boshladi:
– Demak, bu har qalay sodir bo‘ldi! Men kim edim? Eslolmayapman! Ismim “L” harfidan boshlanishi yodimda!”.
Shu payt qayoqdandir Bug‘u paydo bo‘lib, unga g‘amgin ko‘zlarini tikib turdi.
– Hoy! – deb Alisa uni silash uchun qo‘lini uzatgandi, Bug‘u ortga tisarildi, ammo ketib qolmay Alisaga qarab turaverdi.
– O‘zingni nima deb ataysan? – so‘radi nihoyat Bug‘u. Uning ovozi qo‘ng‘iroq sasidek tiniq va mayin edi.
– Endi hech nima! – javob qildi Alisa xafa bo‘lib.
– Yana bir bor o‘ylab ko‘r-chi, – dedi Bug‘u.
Alisa harchand urinmasin, baribir ismini eslay olmadi.
– Iltimos, sen o‘z ismingni aytaqol. Zora, bu menga ham yordam bersa.
– Aytaman, faqat bu yerda emas. Bilganingday, bu yerda eslay olmayman, – dedi Bug‘u.
Shunday qilib, ular o‘rmon bo‘ylab ketishdi. Alisa Bug‘uning yumshoq bo‘ynidan quchoqlab olgandi. Ochiq havoga chiqishganida esa Bug‘u bir sakrab Alisaning qo‘llaridan ozod bo‘ldi.
– Men Bug‘uman, azizam. Sen esa odam zotining bolasisan! – deb chinqirdi-da, chopib uloqib ketdi.
Alisa uning ortidan yig‘lagudek bo‘lib qarab qoldi. Axir, u hech kutilmaganda jajji do‘stidan ajralib qoldi-da.
– Jilla qursa endi ismimni bilaman-ku. Bu qanday yaxshi… Alisa… Alisa. Endi uni unutib qo‘ymayman. Xo‘sh, qaysi yo‘ldan borsam ekan?
Savolning javobini topish unchalik mushkul emasdi, zero, bu yerda o‘rmon bo‘ylab o‘tgan yagona so‘qmoqqina bor edi.
– Shundan yura qolaman, – dedi u o‘ziga-o‘zi.
Alisa yo‘l yurdi, yo‘l yursa ham mo‘l yurdi. Yo‘l yoqasidagi ikkita ko‘rsatkichning biriga, “Trulyalyaning uyiga”, keyingisiga “Tralyalyaning uyiga”, deb yozilgandi.
– Fikrimcha, ular bir uyda yashashadi. Ularnikiga birrovga kiraman-da, hol-ahvol so‘rab, biryo‘la o‘rmondan chiqish yo‘lini aniqlab olaman. Axir, sakkizinchi katakka qorong‘i tushmay yetib olish niyatidaman, – deya o‘zicha gapirib ketayotib, Alisaning ko‘zi ikkita mitti semiz odamchaga tushdi. Darhol ular Trulyalya va Tralyalya ekanini fahmladi.
4. Tralyalya va Trulyalya
Ular daraxt tagida bir-birining yelkasiga qo‘llarini tashlab, qotib turishardi. Alisa ularning yoqalaridagi “Tra” va “Tru” so‘zlarini o‘qib, darrov ajratib oldi:
– Meningcha, yoqalarining orqasiga “lyalya” deb yozilgan, – dedi u o‘ziga-o‘zi.
Qotib turishlaridan Alisa ularning tirikligini ham unutdi. Fikri to‘g‘riligini aniqlash uchun ularni aylanib o‘tayotganida to‘satdan yoqasida “Tru” yozuvi borining ovozini eshitdi.
– Agar bizni mumdan yasalgan deb o‘ylasang, tomosha uchun oldin pulini to‘lab qo‘y. Mumdan yasalganlar tekin tomosha uchun yaratilmagan.
– Yoki aksincha, – gapga qo‘shildi narigisi. – Bizni tirik degan xayolga borsang, gapir.
– Ma’zur tutinglar meni, – Alisa shunday deya oldi, xolos. Ammo uning miyasida eski bir qo‘shiq soat “chiq-chiq”iday aylanaverdi.
Tralyalya va Trulyalya jang qilishdi beayov,
Olishdilar o‘zaro, botirliklari tutib.
Shaqildoq edi sabab, aka-uka bo‘ldi yov,
O‘yinchoqni buzgandi asli aka o‘xshatib.
Shu on osmon bag‘rida paydo bo‘ldi ko‘lanka,
Zumat qoplab samoni, uchdi vahshatli qarg‘a.
Ikkovlon azamatlar qo‘rqqanidan voy, qara,
Unutib ginalarni qochdilar zumda ura.
– Nima haqida o‘ylayotganingni bilib turibman, – dedi Trulyalya. – Ammo bu zinhor unday emas.
– Aksincha, – gapga suqildi Tralyalya. – Agar bu shunday bo‘lganida edi, soz bo‘lardi. Agar soz bo‘lganida bu shunday bo‘lardi. Ammo bu shunday emas, shuning uchun ham ma’qulmas. Mana, mantiq qayerda!
– Men o‘rmondan chiqish uchun qaysi yo‘l yaxshi ekani haqda o‘ylayotuvdim. Axir, qosh qorayyapti. Marhamatingizni darig‘ tutmay, shuni aytib berolmaysizmi? – dedi Alisa xushmuomalalik bilan.
Biroq javob o‘rniga mitti odamchalar bir-biriga qarab iljayib qo‘yishdi, xolos. Ular bu turishlarida saf tortgan maktab bolalarini eslatishardi, shu bois Alisa barmog‘i bilan ko‘rsatib, “Birinchi”, deb yubordi.
– Mutlaqo, – qichqirdi Trulyalya.
– Ikkinchi, – deb Tralyalyaga yuzlandi Alisa.
U Tralyalyaning “Mutlaqo” deyishini taxmin qilgandi, shunday ham bo‘ldi.
– Xato qilding! – shang‘illadi Trulyalya. – Kelishing hamonoq sen hol-ahvol so‘rab qo‘l berib ko‘rishishing kerak edi.
Ular avval o‘zaro qo‘l berishdi. Keyin bo‘sh qo‘llarini Alisaga uzatishdi.
Alisa ularning har biri bilan alohida so‘rashgisi kelmadi. Axir, bundan bittasi ranjishi mumkin edi-da. Shuning uchun u baravar ikki qo‘lini uzatib ikkalasi bilan ham ko‘rishib qo‘ya qoldi. Shu ondayoq ular aylana bo‘lib raqsga tushib ketishdi. Unga bu mutlaqo tabiiydek tuyular, musiqa shovqini ham ajablantirmasdi. Kuy ular ostida raqs tushishayotgan daraxtdan chiqardi go‘yo. Raqqoslardan ikkisi semizligidan darrov hansirab to‘xtashdi. Alisaning qo‘llarini bo‘shatib, unga bir muddat tikilib qolishdi.
– Charchab qolmadingiz deb umid qilaman? – dedi Alisa jimlikni buzib.
– Aslo. Hol so‘raganing uchun rahmat, – dedi Trulyalya.
– She’riyatni yoqtirasanmi? – so‘radi Tralyalya.
– Ha… andak. Qaysi yo‘l o‘rmon tashqarisiga olib chiqishini aytolmaysizmi? – deb so‘radi Alisa.
– Unga nimani aytib bersak ekan? – dedi Tralyalya Alisaning savoliga parvo ham qilmay.
– Eng uzuni “Duradgor va Morj”ni-da, – deb Trulyalya akasini quchoqlab oldi.
Keyin Tralyalya boshlab yubordi: “Dengiz uzra charaqlar quyosh…”.
Shu payt Alisa uning gapini bo‘lib:
– Agar bu she’r uzun bo‘lsa, avval yo‘lni ko‘rsatib yubora qoling, – dedi imkon qadar shirinsuxanlik bilan.
Tralyalya unga muloyim jilmaydi-da, yana boshidan boshladi:
Dengiz uzra charaqlar quyosh,
Nur sochardi o‘zin ayamay.
To‘lqinlarni bezay deb chunon
Yaltiraydi silliq, go‘yo moy.
Bu hol edi ko‘p ajib, do‘stim,
Aytay, axir, edi tun yarim.
Taratardi oy ham o‘z nurin,
Arazlagan ko‘yi quyoshdan.
Zorlanardi xafa bo‘lib oy:
“Bu qanday gap, qayerda tartib?
Quyosh kun-u tun ko‘kda,
Bu, axir, bezbetlik-da!”
Suvga to‘la dengiz chayqalar,
Quruq edi sohilda qumlar.
Bulut izlab ko‘kka qarasang,
Topolmayin asabing tarang.
Qush ham uchmas edi bosh uzra,
Qanot qoqar bir zog‘ yo‘q, qara.
Ketishardi yonma-yon,
Morj va Duradgor shu on.
Ko‘zyosh to‘kib borishar,
Tikilib yerga derlar:
“Bo‘lsa edi biror kim sidirgani qumlarni,
Shundan ochilib qumloq ko‘rinardi yaxshiroq”.
“Etti oqsoch yetti supurgi bilan
Supursa gar yarim yil betin.
Toza qilib bo‘larmikan bu yerni,
Faqat so‘zla menga rostini?”
Morjning savoliga to‘kib achchiq ko‘zyoshin,
Duradgor der: “Shubhadaman, aytsam senga men rostin”.
“O, chig‘anoqjonlarim, o‘rgilay sizdan”,
Yaltoqlandi Morj: “Qiling sayr biz bilan,
Xushbaxt o‘tar vaqtimiz siz-la,
Qilsak gurung qirg‘oq bo‘yida”.
Yoshi ulug‘ janob chig‘anoq,
Bir qarab qo‘ydi-yu, biroq,
Lom-mim demay ko‘zini qisib,
Og‘ir, dono boshini silkir.
Bu uning yo‘q degani edi,
Chig‘anog‘in tashlamas, ketdi.
Ammo to‘rt o‘yinqaroq
Chig‘anoqlar edi asli beboshroq.
Yuzlari ham yuvilgan, boshmoqlari ham toza,
Ust-boshi tartibli, havas qilgudek rosa.
G‘alati bu taklifdan ajablandilar avval,
Oyog‘i yo‘q chig‘anoqqa bu g‘aroyib tavakkal.
To‘rtta bebosh ergashdi,
Keyin yana to‘rttasi.
Ko‘piklar uzra sakrab,
Qirg‘oq bo‘yini ko‘zlab.
Ozg‘in, semiz, chalajon,
Xo‘p yig‘ildi olomon.
Duradgor va Morj yurib,
Yo‘l yursa ham mo‘l yurib.
Toliqib to‘xtadilar,
Bir toshga o‘tirdilar.
Chig‘anoqlar esa navbatda,
Kutib turishar safda.
“Vaqti keldi”, dedi Morj,
“Qilgani mulohaza.
Boshmoq, kema, karam-u,
Qirol – barisin haqda.
Dengizda suv qaynagan,
Qolib ketmasin tag‘in
Cho‘chqalarning qanoti”.
“Sabr qiling, iltimos!”
Chinqirdi bir chig‘anoq.
“Rostlaylik biroz nafas,
Oldimizda yo‘l uzoq”.
“Bemalol olingiz dam”,
Dedi: Duradgor shu dam,
Gap boshladi Morj, ana,
“Bizga kerak non yana.
Ko‘kat ham bor gazakka,
Asosan lozim shu-da.
Olgan bo‘lsangiz hordiq,
Mana, tushlik ham tortiq”
“Nahotki biz siz uchun
Bo‘lsak shunchaki yemak,
Bu yerga taklif etib,
Bizni qilibsiz ermak”.
Surbet Morjning javobi:
“To‘lin oy juda yuksak!
Bu ovloq joyga kelib
Meni xushnud etibsiz.
Sirka qo‘shgandim qittak,
Qiyomiga yetibsiz”.
“Xantaldan ham qo‘sh jindak!”
Dedi: Duradgor yuzsiz.
“Do‘stim, bu mehmonlarni
Shoshirish yaxshi emas!
Uzoq yo‘l yurib kelgan,
Damini olsin birpas”.
Duradgor der: “Limonsiz,
Unchalik shirin emas”.
“Rahmim keldi sizlarga,
Yosh to‘ldi-ku ko‘zlarga!“
Shunday deya ayyor Morj
To‘kdi ikki dona yosh.
Duradgor der: “Juda soz o‘tdi tungi sayr,
Chig‘anoqlar ham uyga qayta qolsin, xayr!”
Ammo mehmonlar jimjit, ular endi yo‘q,
Allaqachon hazm bo‘lgan, Morjning qorni to‘q.
– Menga ko‘proq Morj ma’qul. U har holda boyoqish chig‘anoqlarga achindi, – dedi Alisa.
– Shunga qaramay, u Duradgordan ko‘proq yegan. Faqat yeganlarini yashirgani uchun Duradgor uning qancha chig‘anoqni paqqos tushirganini bilolmagan, – dedi Tralyalya.
– Qanday dahshat. Demak, Duradgor yaxshiroq ekan-da? U Morjdan ko‘p yegmagan-ku, har holda, – dedi Alisa.
– Biroq u qancha ololsa shunchasini tushirgan, – dedi Tralyalya.
Bu jumboqning o‘zginasi edi. Biroz turib Alisa yana gapira boshladi:
– Unda ularning ikkisi ham salbiy qahramon ekan…
Shu payt u parovoz tovushiga o‘xshash ovozni eshitdi.
– Atrofda sher yoki yo‘lbarslar bormi? – so‘radi u.
– Shunchaki Qora Qirol xurrak otayapti, – dedi Tralyalya.
– Yur, uni tomosha qilamiz! – deb birga qichqirishdi aka-uka va Alisaning qo‘lidan yetaklab Qirol uxlayotgan joyga olib borishdi.
– Yoqimtoy-a? – dedi Trulyalya.
Alisa uning qandayligini ro‘yi-rost ayta olmasdi. Qirol daraxt ostida yotar va tinmay xurrak otardi.
– U ho‘l maysa ustida shamollab qoladi, deb qo‘rqaman, – dedi Alisa uzoqni o‘ylaydigan aqlli qizchalardek.
– U hozir tush ko‘rayapti. Seningcha, u tushida nimani ko‘rayapti? – so‘radi Tralyalya.
– Hech kim buni taxmin qilolmasa kerak, – dedi Alisa.
– Nega endi! Seni tush ko‘ryapti! – deb chinqirib, topgan gapidan shodlanib qarsak chalib yubordi Tralyalya. – Bordi-yu, u seni tush ko‘rishdan to‘xtasa, qayerda bo‘laman deb o‘ylaysan?
– Hozir qayerda bo‘lsam shu yerda-da, albatta, – dedi Alisa.
– Yo‘q. Hech qayerda bo‘lmaysan. Negaki sen uning tushidasan, xolos, – dedi Tralyalya.
– Agar Qirol uyg‘onsa bormi, – davom etdi Trulyalya. – Sen… “puf” etib o‘chib qolasan. Xuddi shamdek!
– Hecham-da. Men uning tushidagina bo‘lsam, unda sizlar-chi, sizlar qayerda bo‘lasizlar, xo‘sh, bunga qanday izohingiz bor?
– Biz ham, – dedi Trulyalya.
– Biz ham tushda bo‘lamiz! – chinqirdi Tralyalya.
Ular shunday shovqin ko‘tarishdiki, Alisaning:
– Jim, jim bo‘ling! Bunaqada u uyg‘onib ketadi-ku, axir, – degani ham kor qilmadi.
– Uning uyg‘onib ketishi haqida sen gapirmasang ham bo‘ladi. Sen bor-yo‘g‘i uning tushidasan. Haqiqiy emasligingni o‘zing ham bilasan-ku, – dedi Trulyalya.
– Men haqiqiyman, – deb Alisa yig‘lab yubordi.
– Ko‘zyosh to‘kib ozgina bo‘lsa ham haqiqiyga aylanolmaysan. Buning nimasiga yig‘laysan? – dedi Tralyalya.
– Agar haqiqiy bo‘lmaganimda, yig‘lay olmasdim, – dedi Alisa yoshlarini artib kulgi aralash. Buning bari unga bema’nilikday tuyuldi. Keyin: “Ular ma’nisiz narsalarni valdirashayapti, bu ahmoqona gaplar uchun ko‘zyosh to‘kishning o‘zi jinnilik”, deb o‘yladi. Shu bois yig‘idan to‘xtab, jilmaydi-da:
– Qorong‘i tushayapti, yaxshisi o‘rmondan chiqib keta qolay. Nima deb o‘ylaysiz, yomg‘ir yog‘armikan? – deb so‘radi.
Trulyalya katta yomg‘irpo‘shini akasi va o‘zining boshi uzra yoydi-da, tepaga, yomg‘irpo‘shning ichiga qarab:
– Yo‘q, yog‘maydi, har qalay buning ichiga yog‘masligi aniq. Mutlaqo, – dedi.
– Tashqarisiga-chi, yog‘armikan?
– Yog‘ishi mumkin, shuni xohlasa, – dedi Tralyalya.
“Bu xudbinlik”, o‘yladi Alisa va “xayrli tun” deya ketmoqchi ham ediki, Trulyalya undan: “Anavini ko‘rayapsanmi?” deb so‘rab qoldi. Daraxt tagidagi kichik oq narsani ko‘rsatayotib uning ko‘zlari g‘azabdan sarg‘ayib ketgandi.
– Bu bor-yo‘g‘i shaqildoq, – dedi Alisa o‘sha oq narsaga diqqat bilan qarab. – Shaqildoq, ilon emas, – deb qo‘shib qo‘ydi darrov uning qo‘rqib ketganini ko‘rib, – bor-yo‘g‘i eskirib qolgan, singan shaqildoq.
– O‘zim ham bilardim! Yaroqsizligini ham bilaman! – shang‘illadi Trulyalya. U yerga o‘tirib olib yomg‘irpo‘sh ostiga berkinayotgan Tralyalyaga qaradi.
Alisa qo‘lini uning qo‘liga qo‘yib, mehribonlik bilan:
– Bu eski shaqildoq, tashvishlanishga hojat yo‘q, – dedi.
– Ammo u eski emas-da! – asabiylashib ayuhannos sola boshladi Trulyalya. – U yap-yangi. Senga aytsam, uni kechagina o‘zim sotib olganman… mening shaqildoqqinam! Anavi esa uni sindirdi, – u Tralyalyaga ishora qildi. – Endi u bilan jang qilmasak bo‘lmaydi.
Keyin ular o‘rmon ichkarisiga kirib ketishdi. Bir daqiqa o‘tar-o‘tmas qo‘llarida divan bolishlari, adyol, sholcha, dasturxon, idishlarning qopqoqlari-yu, ko‘mir solinadigan paqirchalar ko‘tarib qaytib kelishdi.
– Bularni kiyishimizga qarashib yubor, – dedi Trulyalya. – Hammasini bir amallab kiyib olishimiz kerak, mana bunday qilib yoki bunaqasiga.
– Bu ashqol-dashqollarni kiyishsa, ular eski lash-lushlar solingan to‘rvaga o‘xshab qolishadi! – o‘ziga-o‘zi shunday deb kulib yubordi Alisa, ammo ularning diliga ozor berishdan cho‘chib o‘zini yo‘talganga soldi.
– Judayam oqarib ketganmanmi? – dedi dubulg‘asini to‘g‘rilatish uchun Alisaga yaqin kelgan Trulyalya. U dubulg‘a deb atayotgani aslida tovani eslatardi…
– Ha… birozgina, – sipolik bilan javob berdi Alisa.
– Men aslida dovyurakman, biroq bugun negadir boshim og‘riyapti, – deb pichirladi u Alisaga.
– Mening esa tishim og‘riyapti. Mening ahvolim senikidan yomonroq, – dedi Tralyalya.
Bu hol tinchlik o‘rnatishga yaxshi imkon, deb hisoblagan Alisa:
– Bugunchalik jang qilmasangiz bo‘larmidi, – dedi.
– Urush qilishimiz shart, lekin uning uzoq cho‘zilishini istamayman. Soat necha bo‘ldi? – deb so‘radi Trulyalya.
Tralyalya soatiga qarab:
– To‘rt yarim, – dedi.
– Unda soat oltigacha urishamiz-da, keyin tushlik qilib olamiz, – dedi Trulyalya.
– Yaxshi, – dedi sherigi g‘amgin ohangda. – U bizni kuzatib turishi mumkin… Faqat juda yaqin kelmaganing ma’qul. Mening ko‘zim tushgan narsani savalab ketadigan odatim bor, – deb qo‘shib qo‘ydi.
– Men esa ko‘rsam-ko‘rmasam, borligini bilsam bo‘ldi, urib ketaveraman, – shang‘illadi Trulyalya.
Alisa kuldi.
– U holda daraxtlar ham benasib qolmasligi aniq, – dedi u.
Trulyalya atrofga bir nazar soldi-da:
– Meningcha, jangdan so‘ng bu yerda birorta ham daraxt qolmas-ov, – dedi.
– Shuning bari shaqildoqni deb, a? – dedi Alisa arzimagan shaqildoqni deb to‘s-to‘polon ko‘tarmoqchi bo‘layotgan ikki azamatni uyaltirish uchun.
– U yangi shaqildoq! – dedi Trulyalya.
“She’rdagi anavi qarg‘a tezroq kela qolsa mayli edi!” o‘yladi Alisa.
– Shoshilish kerak, qorong‘i tushyapti.
– Borgan sari zulmat quyuqlashayapti, – dedi Tralyalya.
Atrofga qo‘qqisdan shunday qorong‘ilik yopirildiki, Alisa momaqaldiroq yaqinlashayapti, degan xayolga bordi.
– Qanday qalin bulut-a! Tez qoplashini-chi! Xuddi qanoti borday! – dedi u.
– Bu qarg‘a! – aka-ukalar dod solib oyog‘ini qo‘liga olib qochib qolishdi.
Alisa ham chopgancha o‘rmon ichkarisiga kirib ketdi va birozdan so‘ng bahaybat daraxt ostida to‘xtadi. “Qarg‘a meni bu yerdan olib ketolmaydi, – deb o‘yladi Alisa. – U butun o‘rmonda dovul ko‘tardi-ya… ana, kimningdir ro‘moli uchib kelayapti!”
5. Jun va suv
Alisa shunday deb ro‘molni tutib oldi va egasini izlab atrofga alangladi. Bu payt Oq Qirolicha o‘rmon oralab sarosar yugurib kelardi.
– Sizni bu yerda uchratganimdan bag‘oyat xursandman, – dedi Alisa odob bilan va Qirolichaga ro‘molini yelkasiga tashlab olishiga ko‘maklashib yubordi. Oq Qirolicha esa unga tikilib, nuqul “Buterbrod, buterbrod”, deb g‘o‘ldirardi. Alisa nima qilarini bilmay:
– Men Oq Qirolichaga murojaat qilayapmanmi? – dedi.
– Xo‘sh, ha, agar sen shuni murojaat deb bilsang. Ammo men bunday deb hisoblamayman, – dedi Qirolicha.
Alisa tortishishdan tiyilib, jilmaygancha:
– Agar Hazrati oliyalari menga qanday murojaat qilishni aytsalar, astoydil harakat qilardim, – dedi.
– Men bu bilan shug‘ullanishni mutlaqo istamayman! O‘zimning hozirlik ko‘rishim uchun, axir, ikki soat ketdi, – deb javob berdi boyoqish Qirolicha.
Alisa Qirolichaning palapartish kiyinganini ko‘rib turardi.
– Sochingizga nima bo‘ldi? – so‘radi u.
– Bilasanmi, kecha tarog‘imni yo‘qotib qo‘ydim.
Alisa baholi qudrat Qirolichaning sochlarini tartibga keltirdi.
– Mana qarang! Menimcha, endi tuzukroq bo‘ldi. Baribir oqsoch yollashingiz kerakka o‘xshaydi, – dedi u.
– Seni jon deb yollardim. Haftasiga ikki pens beraman, kunora murabbo bilan ham siylayman, – dedi Qirolicha.
Alisa o‘zini kulgidan tiya olmadi va:
– Meni yollashingizni istamasdim… murabboga ham hushim yo‘q, – dedi.
– Murabbo juda shirin, – dedi Qirolicha.
– Yaxshi, ammo bugun murabbo yeyishni xohlamayapman-da…
– Shundoq ham bugun murabbo bo‘lmaydi. Qoidaga ko‘ra, murabbo kecha yoki ertaga bo‘ladi… zinhor bugun emas, – dedi Qirolicha.
– Ammo erta qachondir bugun bo‘ladi-ku, – dedi Alisa.
– Bo‘lmaydi. Murabbo kunora beriladi. Bilsang, bugun oradagi kun, – dedi Qirolicha.
– Tushunmadim, – dedi Alisa.
– Bu teskari yashash deyiladi, – muloyim javob qildi Qirolicha.
– Teskari yashash? Bunaqasini oldin eshitmagandim, – hayron bo‘ldi Alisa.
– Buning yaxshi tomoni – o‘tmishni ham, kelajakni ham xotirlay olishingda.
– Mening xotiram faqat o‘tmishdagilarni eslaydi. Kelajakdagini sodir bo‘lishidan oldin eslayolmayman, – javob berdi Alisa.
– Faqat ortda qolganlarni yodda saqlash xotiraning sustligidan, – dedi Qirolicha.
– Siz-chi, nimalarni yaxshi eslay olasiz?
– O, men ikki haftadan keyin bo‘ladigan voqealarni yaxshi xotirlayman, – dedi Qirolicha barmog‘ini bog‘ich bilan o‘rarkan, beparvo ohangda. – Masalan, Qiroldan maktub kelishini. U hozir qamoqda. Sud esa keyingi chorshanbadagina ish boshlaydi. Har qalay, jinoyat hammasidan keyin sodir bo‘ladi.
– Ehtimol, u umuman jinoyat qilmas? – dedi Alisa.
– Bu undan-da yaxshi, shunday emasmi? – dedi Qirolicha.
Alisa bu gapning to‘g‘riligini his qilardi.
– Albatta, shundayku-ya, ammo hozir u qamoqda hali qo‘l urishga ulgurmagan jinoyati uchun jazo olayapti.
– Nohaqsan, azizam. Seni ham hech jazolashganmi? – so‘radi Qirolicha.
– Ha, faqat qilgan xatolarim uchun. Lekin bu boshqa masala, – dedi Alisa.
– Ularni qilmaganingda yaxshi, yaxshiroq va yana-da yaxshiroq bo‘lardi! – dedi Qirolicha. U har gal “yaxshi” deganida ovozi ko‘tarilardi va oxirida chinqirib gapirdi.
Alisa: “Bu xato”, deb gap boshlagandi hamki, Qirolicha shunday dod-voy soldiki, u gapini tugatolmadi.
– Voy, v-o-o-o-o-y barmog‘im! Barmog‘im qonayapti! – deb qo‘lini silkib baqirardi Qirolicha.
U shunday “oh-voh” chekdiki, Alisa quloqlarini qo‘llari bilan berkitib oldi.
– Nima bo‘ldi? Barmog‘ingizga nimadir sanchildimi?
– Hozircha kirgani yo‘q, ammo tez orada sanchiladi, v-o-o-o-o-y! – dedi Qirolicha.
– Buning qachon bo‘lishini kutgandingiz? – dedi Alisa boshi qotib.
– Ro‘molimni qayta qistirib qo‘yayotganimda, to‘g‘nog‘ich barmog‘imga sanchilib ketadi, – deb yig‘lab yubordi sho‘rlik Qirolicha. Shu so‘zlarni aytishi bilanoq to‘g‘nog‘ichning uchi ochilib ketdi.
– Ehtiyot bo‘ling! – hayqirdi Alisa, ammo kech qoldi. To‘g‘nog‘ich allaqachon Qirolichaning barmog‘iga sanchilgandi.
– Ana endi bu yerda voqealar qanday ro‘y berishini bilib olding, – dedi Qirolicha Alisaga tirjayib.
– Nega hozir baqirmayapsiz? Axir, barmog‘ingiz lat yedi-ku? – so‘radi Alisa.
– Chunki men allaqachon dodlab bo‘ldim-da, – dedi Qirolicha.
Shu payt kun yorisha boshladi.
– Qarg‘a uchib ketdi chog‘i. Bundan shunday xursandmanki!
– Afsus, men xursand ham bo‘lolmayman. Senga maza, o‘rmonda yashaysan, istagan payting xursand ham bo‘la olasan, – dedi Qirolicha.
– Faqat bu yerda juda yolg‘izman, – dedi hazin ohangda Alisa. U yolg‘izlik haqida o‘ylashi bilan ko‘zyosh qilardi.
– O, o‘tinaman, faqat yig‘lama! Katta qiz ekaningni o‘yla, bugun uzoq yo‘l bosganingni yoki soat nechaligini o‘yla. Nimani o‘ylasang o‘yla-yu, zinhor ko‘zyosh to‘kma! – derdi Qirolicha.
– Nima haqidadir fikrlay boshlasangiz, yig‘lamaysizmi? – so‘radi Alisa.
– Azizam, hech zot ikki ishni birdaniga qilolmaydi, – dedi Qirolicha viqor bilan. – Kel, yoshingdan boshlaylik. Necha yoshdasan?
– Roppa-rosa yetti yarim yoshdaman, chin so‘zim.
– Chin so‘zim, demasang ham senga ishonaman. Endi mening aytadiganlarimga ishonib ko‘r-chi. Men bir yuz bir yosh, besh oyu, bir kunlikman.
– Ishonolmayman bunga! – dedi Alisa.
– Ishonolmaysan? Harakat qilib ko‘r-chi: qani, chuqur nafas ol-da, ko‘zlaringni yum.
Alisa kulib yubordi.
– Foydasi yo‘q. Imkonsiz narsalarga ishonish qiyin-ku.
– Menimcha, senga tajriba yetishmayapti. Sening yoshingda buni kuniga yarim soatlab mashq qilardim. Nonushtagacha o‘zimni oltita mumkin bo‘lmagan narsaga ishonishga majbur etardim. Ro‘mol tag‘in uchib ketayapti! – dedi Qirolicha.
To‘g‘nog‘ich yana ochilib, shamol ro‘molni ariqning ustidan uchirib ketdi. Qirolicha ham uning ortidan qo‘llarini keng yoyib havoga ko‘tarildi.
– Tutdim, – dedi u g‘olibona.
– Barmog‘ingiz ancha yaxshi bo‘lib qolgandir? – dedi mehribonlik bilan Alisa uning ketidan ariqchadan sakrab o‘tayotib.
– O, ancha yaxshi! – chinqirdi Qirolicha, u uchib o‘tarkan, ovozi chiyillab chiqardi. – A-a-a-a-ncha yaxshi-i-i! Ya-ya-ya-xsh-i-i-i! Be-e-e-e!
Alisa Qirolichaga qarab hayratdan qotib qoldi. Keyin ko‘zlarini ishqab yaxshiroq tikildi. U nima ro‘y berganini anglolmasdi. Hozir do‘kondami? Qarshisida o‘tirgan… rostdan ham Qo‘ymi? Ha, u nimqorong‘i do‘konchada edi, to‘g‘risida esa Qo‘y nimanidir to‘qib o‘tirardi.
– Nima xarid qilmoqchisan? – so‘radi Qo‘y nihoyat ishidan boshini ko‘tarib.
– Hali bilmadim. Avvaliga atrofni ko‘zdan kechirsam degandim, – dedi Alisa muloyim ohangda.
– Sen istasang ikki tomoningni yoki to‘g‘ringni ko‘rishing mumkin. Ammo shu turishingda zinhor atrofni butunicha ko‘ra olmaysan. Bordi-yu, boshingning orqa tomonida ko‘zlaring bo‘lsa, bu boshqa gap, marhamat.
Alisa o‘girilib tokchalarga yaqinlashdi. Do‘konda antiqa buyumlar ko‘p edi. Biroq Alisa qaysi tokchaga tikilib qarasa, bo‘m-bo‘sh bo‘lib qolar, yonidagilari esa to‘laligicha turardi.
– Bu yerda buyumlar ko‘chib yurarkan, – dedi u ham qo‘g‘irchoqqa, ham qutiga o‘xshash, o‘zidan nur taratuvchi buyumni tutishga urinayotib. O‘sha narsa zumda Alisa qarayotgan tokchaning tepadagisiga o‘tib qolayotgandi.
Shu damda uning xayoliga ajoyib fikr keldi: “Men uni nigohim bilan eng baland tokchagacha olib chiqaman. Har holda shiftga uchib chiqmas”.
Baxtga qarshi shunday bo‘ldi. Buyum shiftga oson va zumda ko‘tarilib oldi.
– Nega halidan beri u yoqdan-bu yoqqa aylanaverasan? – deb Qo‘y yana bir juft to‘qiydigan ignalarni qo‘lidagilarga qo‘shib oldi. Endi u o‘n to‘rt juft igna bilan to‘qiyotgandi. Buni ko‘rib Alisaning og‘zi lang ochilib qoldi.
“Shuncha igna bilan qanday to‘qiyapti? Qo‘lida xuddi jayrani ushlab olgandek”, derdi ichida hayron qolib.
– Eshkak esha olasanmi? – deb Qo‘y unga bir juft ignani uzatdi.
– Ha, biroz… ammo bu yerda, bu ignalar bilan emas, albatta, – degani hamonoq Alisaning qo‘lidagi ignalar eshkakka aylanib qoldi. Ular endi kichik qayiqda edilar.
– Eshkakni esh! – ma’radi Qo‘y boshqa bir juft ignani qo‘liga olarkan.
Alisa g‘ing demay eshkak esha boshladi. Suvda qandaydir g‘alati bir narsa bor edi. Gap shundaki, Alisa suvga tushirganida eshkak o‘sha narsaga kirib qolar va tortib chiqarish qiyin bo‘lardi.
– Esh, esh eshkakni! – deb shang‘illadi Qo‘y. – Qisqichbaqalarni tutyapsanmi?
“Jajji qisqichbaqalarni tutishni istardim”, o‘yladi Alisa.
– Esh deyapman, eshitmayapsanmi?! – yana ignalarni qo‘lida ko‘paytirarkan, jahl bilan o‘shqirdi Qo‘y.
– Eshitganda qandoq! Siz tez-tez, shang‘illab qaytaraverasiz, eshitmay bo‘ladimi? Qani Qisqichbaqalar? – dedi Alisa.
– Suvda-da, albatta, – dedi Qo‘y qo‘li ignalarga to‘lib ketganidan ulardan bir nechtasini sochiga tiqib qo‘yayotib. – Esh dedim!
– Nega nuqul “esh, esh” deyaverasiz? Arqonmanmi eshilaveradigan? – dedi Alisa.
– Yo‘q, sen kaltagina ipsan, xolos, – dedi Qo‘y.
Alisaga bu gap og‘ir botdi va u churq etmay ketaverdi.
– O, nilufarlar! Qanday chiroyli, a? Iltimos qilaman…
– Bu borada mendan iltimos qilishing shart emas. Ularni men bu yerga o‘tqazmaganman, uzib olmoqchi ham emasman, – dedi Qo‘y to‘qishdan bosh ko‘tarmay.
– Ammo men buni nazarda tutmovdim. Ularni tergunimcha biroz kutib turolmaysizmi? Qayiqni bir nafas to‘xtatsak, qarshimasmisiz? – so‘radi Alisa.
– Nega men uni to‘xtatishim kerak. Eshkak eshishni bas qilsang, o‘zi to‘xtaydi.
Shunday qilib, qayiq to‘xtadi. Qizcha Qo‘yni unutib, eng chiroyli nilufarlarni uzishga kirishdi.
– Qayiq ag‘darilib ketmasin-da! O, qanday go‘zal gullar! Anavilarga yetolmayapman-da. Eng a’lolari doim qo‘l yetmas joyda bo‘ladi, – dedi-da, bir dasta gul bilan qaytib joyiga o‘tirdi va eshkak eshishda davom etdi.
Nilufarlar tez orada chiroyini yo‘qota boshladi. Bilasiz, tabiatan bu gullar doim tezda hidi va chiroyini yo‘qotadi. Ular qordek erib ketishdi go‘yo. Ammo Alisa bunga ortiq e’tibor bermay qo‘ygandi, chunki atrofida bundan-da ajabtovur narsalar ko‘p edi.
Qo‘qqisdan eshkak yana o‘ralib qoldi, uni tortaman deb Alisa qayiqdagi boya uzgan nilufarlar ustiga yiqildi.
Xayriyat, shikastlanmadi, o‘rnidan turib qaddini rostladi. Qo‘y esa hech narsa bo‘lmaganday to‘qishda davom etardi.
– Tutganing yaxshigina Qisqichbaqa ekan! – dedi u Alisaga.
– Yo‘g‘-e? Men uni ko‘rmadim-ku? Mitti Qisqichbaqani ko‘rsaydim! – deb Alisa loyqa suvga tikildi. Ammo Qo‘y lom-mim demay kulib qo‘ydi-da, yana ishi bilan mashg‘ul bo‘ldi.
– Bu yerda Qisqichbaqalar ko‘pmi? – uni savolga tutdi Alisa.
– Qisqichbaqalar ham, boshqa narsalar ham to‘lib yotibdi. Faqat qaror qilishing kerak. Nima sotib olishni xohlaysan? – so‘radi Qo‘y.
– Sotib olishni? – dedi Alisa va shu ondayoq eshkaklar ham, qayig‘-u daryo ham g‘oyib bo‘ldi va u yana o‘sha g‘ira-shira katalakday do‘konda paydo bo‘lib qoldi.
– Men tuxum sotib olmoqchi edim. Qancha turadi? – dedi u.
– Bittasi besh pens… ikkitasi ikki pens, – javob berdi Qo‘y.
– Ikkitasi bittasidan arzon ekan-da? – hayron bo‘lib so‘radi Alisa pul chiqarayotib.
– Faqat ikkita olsang ikkovini ham yeyishing shart, – dedi Qo‘y.
– Unda bitta bera qoling, iltimos, – dedi Alisa pulni uzatib. U o‘zicha: “Kim biladi, ikkovi ham aynigan bo‘lsa-chi?” deb o‘yladi.
Qo‘y pulni olib qutiga soldi va:
– Men hech qachon odamlarning qo‘liga narsa tutqazmayman. O‘zing borib olishing kerak, – dedi. Shunday deb u tuxumni oldi-da, do‘konning narigi tomonidagi baland tokchalardan biriga qo‘ydi.
“Qiziq, qo‘lga bersa nima bo‘larkan-a? – o‘ylardi Alisa nimqorong‘i do‘konda stol-stullarga surinib. – Tuxum yaqinlashganim sari uzoqlashyapti. Bu nima, stulmi? Unda bular-chi? Shoxmi? Stulning shoxlari bo‘lmaydi-ku! Bu yerda daraxtning o‘sishi juda g‘alati! Bu ariqcha, chog‘i! Bu men ko‘rgan do‘konlar ichida eng antiqasi!”
Alisa har qadamida hayratlanib yo‘lida davom etardi. U yaqinlashgan narsalar daraxtga aylanardi. Tuxum ham shu ko‘yga tushishiga uning ishonchi komil edi.
6. Adi-Badi
Xayriyat, tuxumga hech narsa qilmabdi, faqat kattalashibdi, xolos. Bo‘y-basti odamlarniki bilan teng bo‘lib qolibdi. Alisa yaqinroq kelgach, uning ko‘zlari, burni va og‘zi ham borligini ko‘rdi. Yana-da yaqinlashgan edi, bu Adi-Badi ekanini payqadi.
– Ishonamanki, boshqa kimsa bo‘lishi mumkin emas! – dedi Alisa o‘ziga o‘zi.
Adi-Badi devor ustida chordana qurib o‘tirib oluvdi. Devor shunchalik ensiz ediki, Alisa bu holatda u qanday qilib muvozanat saqlayotganiga qiziqdi. Adi-Badi esa qilt etmas, Alisaga ham qiyo boqmasdi.
– Tuxumning o‘zginasi-ya! – deb yuborgan Alisa uning har daqiqada ag‘nab tushishi mumkinligini o‘ylab qo‘llarini keng yoyib ushlab olishga tayyor turardi.
– Meni tuxum deyaverishlari qonimni qaynatadi, – dedi Adi-Badi uzoq sukutdan so‘ng Alisaga qaramay. – Ba’zi odamlarning go‘daklardan farqi yo‘q, – deb qo‘shib qo‘ydi u hamon shu taxlit o‘tirarkan.
Alisa nima deyishni bilmadi. Axir, buni suhbat deb bo‘lmasdi-da, chunki u Alisaga qarab gapirmayotgandi. Shuni o‘ylab qizcha mayin tovushda she’r ayta boshladi:
Adi-Badi devorda o‘tirardi,
Adi-Badi quladi birdan.
Qirollikning barcha otliq askari,
Qirollikning jami qo‘shin, lashkari
Yig‘ib ololmadi Adi-Badini yerdan.
– So‘nggi satr juda uzunlik qiladi, – dedi Alisa she’r aytib bo‘lgach Adi-Badi uni eshitayotganini ham unutib.
– Bu yerda o‘zingga-o‘zing bunaqa valdirayvermay, yaxshisi ismingni ayt, – dedi Adi-Badi nihoyat Alisaga ilk bor qarab.
– Mening ismim Alisa, ammo…
– Qanday ahmoqona ism! – dedi Adi-Badi shartta uning gapini bo‘lib. – Xo‘sh, bu qanday ma’noni anglatadi?
– Ism qandaydir ma’no bildirishi shartmi? – so‘radi Alisa shubhalanib.
– Albatta, shart, – dedi Adi-Badining biroz chehrasi ochilib. – Masalan, mening ismimni olaylik. U mening ko‘rinishimni ifodalaydi. Kelishgan tashqi ko‘rinishimni. Seniki esa istalgan ko‘rinishni ifodalayveradi…
– Nega u yerda bir o‘zingiz yolg‘iz o‘tiribsiz? – so‘radi Alisa ortiq bahslashishdan tiyilib.
– Negaki, yonimda hech kim yo‘q! Bunga javob berolmaydi, deb o‘ylaganding-a? Qani, yana savol ber-chi?! – qichqirdi Adi-Badi.
– Yer nisbatan xavfsizroq deb o‘ylamaysizmi? Devor juda ensiz ekan-ku? – davom etdi Alisa.
– Qanday jo‘n savol-a? Albatta, o‘ylamayman! Negaki yiqilsam, Qirol o‘z og‘zi bilan va’da berganki…
– Ot va lashkarlarini jo‘natadi, – uning gapini bo‘ldi Alisa yana.
– Bu juda yomon odat! – baqira ketdi Adi-Badi. – Sen eshik ortida, daraxt panasida, mo‘rida turib olib gap poylagansan.
– Hecham-da! Bu kitobda yozilgan, – dedi Alisa xushmuomalalik bilan.
– O, tushunarli. Ular bu haqda kitoblarda yozishlari mumkin, – dedi biroz tinchlanib Adi-Badi. – Kitobning nomini “Angliya tarixi” deganmiding? Qani, menga yaxshilab qarab ol! Men o‘sha Qirol bilan so‘zlashgan kimsaman, axir! Ehtimol, mendaqasini qaytib ko‘rmassan! Men bilan qo‘l siqishingga ijozat beraman, men kekkayganlardan emasman!
Shunday deb uning og‘zi qulog‘iga yetdi.
– Ha, barcha otu, lashkarlarini yuboradi, – mamnun davom etdi Adi-Badi. – Ular meni zumda yana yuqoriga chiqarib qo‘yishadi, ha, ha, shunday qilishadi! Ana endi men senga savol beraman. Xo‘sh, necha yoshdasan? Faqat anig‘ini ayt.
– Yetti yoshu olti oylikman, – dedi Alisa.
– Xato!
– Hozir necha yoshda ekanimni nazarda tutayapsiz, deb o‘ylabman, – tushuntirdi Alisa.
– Agar shuni nazarda tutganimda, shunday deb so‘rardim, – dedi Adi-Badi.
Alisa tortishmoqchi emasdi, shu bois indamay qo‘ya qoldi.
– Yetti yoshu olti oy, – takrorladi Adi-Badi. – Juda noqulay yosh. Mendan maslahat so‘raganingda, senga yetti yoshingda qolaver, degan bo‘lardim, ammo enda kech.
– Hech qachon ulg‘ayishim haqida birov bilan maslahatlashmaganman, – dedi Alisa.
– G‘ururing yo‘l qo‘ymaydimi?
– Axir, o‘smay turolmayman-ku.
– Bir o‘zing eplolmassan, ikki kishi uddalaydi. Birgalashib yettida to‘xtab turardinglar, – dedi Adi-Badi.
– Tasmangiz buncha chiroyli, – mavzuni o‘zgartirmoqchi bo‘ldi Alisa.
Adi-Badi biroz jim turdi-da, keyin jahl bilan:
– E’tiboring uchun aytib qo‘yay, bu tasma emas, galstuk, qizcha. Ko‘rib turganingdek, juda chiroyli galstuk. Boz ustiga Oq Qirol va Qirolichaning tuhfasi, – dedi.
– Rostdanmi? – dedi Alisa nihoyat suhbat uchun yaxshi mavzu topilganidan shodlanib.
– Ular buni menga tug‘ilmagan kunimda sovg‘a qilishgan, – o‘ychan gapirdi Adi-Badi.
– Tug‘ilmagan kunimga sovg‘a? – dedi Alisa tushunolmay.
– Bu tug‘ilmagan kuningda beriladigan sovg‘a, albatta.
Alisa sal-pal tushunganday bo‘ldi.
– Menga ko‘proq tug‘ilgan kunimda beriladigan sovg‘a yoqadi, – dedi u.
– Nima deyayotganingni o‘zing ham bilmaysan! – shang‘illay ketdi Adi-Badi. – Bir yilda necha kun bor?
– 365 kun, – dedi Alisa.
– Tug‘ilgan kuning necha marta bo‘ladi?
– Bir marta.
– Agar 365dan birni ayirsak qancha qoladi?
– 364, albatta.
Adi-Badi shubhalanib qaradi.
– Shuni qog‘ozga yozib hisoblasang yaxshiroq bo‘lardi, – dedi u.
Alisa jilmayib, cho‘ntagidan yon daftarini chiqardi-da, yozdi:
365
− __1_
364
Adi-Badi daftarchani olib diqqat bilan ko‘zdan kechirgach:
– To‘g‘ri bajarganga o‘xshaysan, – deb g‘o‘ldiradi.
– Siz daftarimni oyog‘ini osmondan qilib ushlab turibsiz, – dedi Alisa.
– Ha, albatta, – dedi Adi-Badi Alisa to‘g‘rilab ushlatib qo‘ygach. – O‘zim ham bu g‘alatiroq ko‘rinayapti degandim-a. Xullas, hisob-kitoblar shuni ko‘rsatadiki, sen 364 kun tug‘ilmagan kuningga atalgan sovg‘ani olishing mumkin.
– Albatta, – dedi Alisa.
– Tug‘ilgan kuningga atalgan sovg‘ani atigi bir kun olasan. Mana, senga shon-shuhrat.
– Shon-shuhrat deb nimaga shama qilayotganingizni bilolmadim, – dedi Alisa.
Adi-Badi kuldi.
– Tushunmasliging tabiiy. Men shunchaki qotillikning dalili, demoqchi edim.
– Ammo shon-shuhrat qotillik dalili degan ma’noni anglatmaydi-ku, – dedi Alisa.
– Qachon men biror-bir so‘zni ishlatsam, u faqat o‘zim tanlagan ma’nonigina anglatadi, – dedi u.
– Bundan chiqdi, siz so‘zlarni har xil ma’no anglatishga majbur qila olarkansiz-da? – dedi Alisa.
– Bu yerda aslida kim xo‘jayin, gap mana shunda, – dedi Adi-Badi.
Alisa bir nima deyishga ojiz edi, sal o‘tib Adi-Badining o‘zi yana gapirdi:
– So‘zlarning har biri o‘z fe’l-atvoriga ega… ayniqsa fe’llar. Ular gerdaygan. Ravishlar esa… ular bilan istaganingni qilishing mumkin. Ammo aslo fe’llarga bunday qila ko‘rma. Yaxshiyamki, men ularni boshqara olaman. Bo‘yin egmaslar! Bu haqda men, mana, nima deyman!
– Kechirasiz, “bo‘yin egmaslar”ning ma’nosi qanday? – so‘radi Alisa.
– Ana endi o‘zingni aqlli bolalardek tutayapsan, – dedi Adi-Badi mamnun qiyofada. – Menimcha, bu mavzuda yetarlicha gaplashdik. Sen, yaxshisi, endi nima qilmoqchiligingni ayt. Axir, qolgan umringni bu yerda qaqqayib o‘tkazmassan?
– Ikkita so‘zga shuncha ma’no ko‘p-ku? – dedi Alisa hamon boyagi so‘zlar haqida o‘ylab.
– Qachon so‘zga ko‘p ma’no yuklasam, doim qo‘shimcha pul to‘layman, – dedi Adi-Badi.
– O! – yana boshi qotdi Alisaning.
– Ha, sen ularni shanba kuni pulni olib ketgani kelishganida ko‘rsang bo‘ladi, – davom etdi Adi-Badi.
(Alisa undan nima bilan to‘lashini so‘ramadi, shuning uchun buni sizga biz ham aytolmaymiz).
– Siz so‘zlarning ma’nosini izohlashda anchagina bilimdon ekansiz, janob, – dedi Alisa. – Yana bir mehribonlik qilib menga “Jabbervok” she’rining mag‘zini chaqib berolmaysizmi?
– Qani, ayt-chi! Men senga hali ijod qilingan va qilinmagan she’rlarni ham izohlab bera olaman.
Shunda Alisa birinchi to‘rtlikni o‘qib berdi:
Ayni tush mahal…
Shilimshig‘u, kaltakesak yanglig‘ uzun bo‘rsiqlar,
Qum soatning har yonin kavlashardi tinmayin.
O‘lamsaday qushu, yo‘ldan ozgan cho‘chqalar,
Aksirishning tovushi ular xur-xurin buzar.
– Boshlanishiga yetarli, – deb Adi-Badi she’rni bo‘ldi. – “Tush mahal” bu kunduzgi soat to‘rt payti, tushlikka ovqat isitayotgan vaqting.
– Juda yaxshi. “Shilimshiq”chi? – so‘radi Alisa.
– Xo‘sh, “shilimshiq” “shilta” va “lim” so‘zlaridan olingan. Ya’ni, o‘ziga turli ma’nolarni olaveradigan so‘zlardan iborat. Ikki so‘zni qo‘shsang, boshqa so‘z kelib chiqadi.
– Endi tushunganday bo‘layapman. “Kaltakesak yanglig‘ uzun bo‘rsiqlar” nima degani?
– Bu bo‘rsiqqa ham, kaltakesakka ham o‘xshab ketadigan jonivorlar.
– Ularning ko‘rinishi juda-juda antiqa bo‘lsa kerak.
– Ha, shunaqaroq. Ular qum soatga in qurib, pishloq bilan kun kechirishadi.
– Keyingi misraning ma’nosi nima?
– Ular tinim bilmay teshik qazishayotganini bildiradi.
– Qum soatning atrofidami?
– Ha, o‘tloqdagi qum soatning orqa va old tomonlarini qazishadi. O‘lamsa qushlar – polyuvgichga o‘xshash jonivorlar.
– Yo‘ldan ozgan cho‘chqalar haqida nima deya olasiz?
– Bu yashil rangli cho‘chqalar, yo‘ldan ozganiga kelsak, uyiga eltadigan yo‘l nazarda tutilayapti, menimcha.
– “Xur-xur” qanday tovush bo‘ldi?
– Bu hushtak bilan ma’rashning o‘rtasidagi tovush, aksirishdan ham bor unda ozgina. Bu she’rni qayerdan topding o‘zi?
– Men buni kitobda o‘qigandim, – dedi Alisa.
– Ko‘rganingdek, she’rlarni boshqalardan a’lo o‘qiyman, – dedi Adi-Badi.
– Shak-shubhasiz, – dedi Alisa uning she’r o‘qishidan qo‘rqib.
– Senga aytib beradigan hozirgi she’rim kayfiyatni chog‘ qiladi, – dedi Adi-Badi Alisaning niyatini payqamay.
– Minnatdorman, – dedi Alisa ma’yus tortib va o‘tirib oldi.
Qish payti dalalar burkansa oqqa,
Quvonishing uchun kuylayman yalla.
– Lekin men kuylamayapman, – tushuntirish kiritdi Adi-Badi.
– Ko‘rib turibman, – dedi Alisa.
– Buni ko‘rayotgan bo‘lsang, ko‘zlaring g‘oyatda o‘tkir ekan, – deb davom etdi Adi-Badi.
Bahorda daraxtzor yashil bo‘lganda,
Yuragimdagini aytaman senga.
– Katta rahmat, – dedi Alisa
Yozda, kunlar bo‘lganda uzun,
Anglab yetajaksan qo‘shig‘im mag‘zin.
Kuz kelib daraxtlar sarg‘aygan payti,
Qalamni olgin-da, yozib ol uni.
– Yozib qo‘yaman, agar shuncha uzoq muddatda unutib yubormasam, – dedi Alisa.
– Gap sotishni bas qil, – dedi Adi-Badi. Keyin yangi she’rini boshladi:
Men xat yozdim baliqqa,
Bitdim istagim haqda.
Dengizdagi baliqlar
Menga javob yozdilar.
Shunday edi bu javob:
“Bajarolmaymiz, janob…”
Xat yozdim yana bir bor,
Dedim: “Bo‘ysunmoq darkor”.
Mayna qildi baliqlar:
“Qahr neni hal qilar?”
Yozdim tag‘in, ikki bor,
Maslahat qilmadi kor.
Toqat bo‘ldi asti toq,
Oldim chovgum, qo‘lga boq.
Yurak o‘ynardi shu dam,
Chovgumga to‘ldirdim dam.
Yonimga kimdir kelib,
Dedi: “Uyquda ular”.
Javob berdim unga men:
“Uyg‘ot, qani, bo‘l chaqqon!”
Buni aytdim baqirib,
Qulog‘ini qizdirib.
Adi-Badi shu joyida ovozini shunday balandlatdiki, go‘yo qichqira boshladi.
Lekin sovuq bu kimsa,
“Jar solishing shartmas” der.
Qalamtaroshni olib,
Uyg‘otishga bordim men.
Eshik berkligin ko‘rib,
Tepdim darg‘azab bo‘lib.
Qulflangan ekan u,
Tutqichidan tortdimu…
Oraga sukut cho‘kdi.
– Tugadimi? – deb so‘radi Alisa.
– Ha, nihoyasiga yetdi. Xayr! – dedi Adi-Badi.
Alisa kutilmagan xayrlashuvdan hayron qoldi. U o‘rnidan turib:
– Ko‘rishguncha xayr! – dedi.
– Bordi-yu, yana uchrashsak ham seni tanimayman, – dedi javoban Adi-Badi va barmoqlarini xayrlashgani uzatayotib. – Sen boshqa odamlar bilan bir xilsan, – deb qo‘shib qo‘ydi.
– Yuzimga qarasangiz, tanib olasiz. Odamlarni yuz-ko‘zidan farqlashadi, – dedi Alisa o‘yga cho‘mib.
– Muammo ham shunda-da. Sening yuzing ham hammanikidek. Ikkita ko‘z, o‘rtada burun, tagida esa og‘iz. Doimgidek bir xil. Agar ko‘zlaring burningni bir tomonida yoki og‘zing yuqorida bo‘lganida, bu ajratib olishga yordam berardi.
– Unda risoladagidek bo‘lmasdi, – e’tiroz bildirdi Alisa.
U bir muddat Adi-Badining gapirishini kutdi, ammo u na yumib olgan ko‘zlarini ochdi, na qizchaga qaradi. Alisa noiloj yana bir bor “Xayr!” dedi-da, hamsuhbatining javobini ham kutmay nari ketdi. Yurib borayotib u:
– Buning bari betayin, – deyishdan o‘zini tiya olmadi. – Uchratganlarim orasida eng bema’nisi…
U gapini tugatishga ulgurmay dahshatli na’rani eshitdi.
7. Arslon va Yakkashox
Zum o‘tmay o‘rmonga askarlar bostirib kelishdi. Ko‘z ochib yumguncha ular butun o‘rmonni egalladi. Alisa daraxt ortiga yashirinib ularni kuzatardi. U oyoqda turishni ham eplolmaydigan bunaqa askarlarni sira ko‘rmagandi. Biri yiqilishi bilan boshqalari ham uning ustiga ag‘anardi, shu taxlit yer askarlar bilan to‘lib ketdi.
Keyin otlar keldi. Ularning oyoqlari to‘rtta bo‘lsa ham askarlar kabi tik turishga no‘noq edi. Alisa ketish uchun qulay fursat keldi, deb hisoblab jo‘nab qoldi. Nihoyat, u o‘rmondan yalanglikka chiqdi va u yerda Oq Qirolga duch keldi. Qirol yerga o‘tirib olib, yon daftariga nimalarnidir yozish bilan ovora edi.
– Men ularning hammasini jo‘natdim. O‘rmondan kelayotib askarlarga ko‘zing tushmadimi, azizam? – dedi uni ko‘rishi bilan Qirol quvonib.
– Ko‘rdim, mingtacha edi, chamamda, – dedi Alisa.
– Aniqrog‘i, to‘rt ming ikki yuz yettita, – dedi Qirol daftariga qarab. − Otlarning barini jo‘natolmadim. Ulardan ikkitasi o‘yin uchun kerak edi. Bir juft xabarchini shaharga ketgani bois yuborolmadim. Yo‘lga qara-chi, agar birortasini ko‘rsang, darrov menga ayt.
– Hech kim ko‘rinmayapti, – dedi Alisa.
– Shunday o‘tkir ko‘zim bo‘lganda edi, – dedi Qirol. – Hech kimni ilg‘aganingni qara-ya! Tag‘in shunday masofadan!
Alisa hanuz yo‘ldan ko‘zini uzmasdi.
– Kimningdir qorasi ko‘rinyapti! – dedi u nihoyat. – Ammo u juda sekin… va g‘oyatda kulgili tarzda yurib kelayapti.
Xabarchi ilonbaliqdek munkib-munkib kelar, burilganda esa qo‘llarini yelpig‘ichday yoyib olardi.
– Kelayotgan anglo-sakson xabarchisi va u anglo-saksoncha yurib kelayapti. U xursand bo‘lsa, shunday qilpanglab yuradi. Ismi esa Quyon.
– Sevgilimning ismi boshlanar “Q”dan, – Alisa o‘zini tiya olmay dugonalari bilan o‘ynaydigan so‘z o‘yinini aytib yubordi. – Chunki u doimo quvnoq. Yomon ko‘rganimning oti ham boshlanar “Q”dan, boisi u juda qiltiriq. Uni to‘ydirdim bir kun quymoqqa. Va u yashar…
– Va u yashar baland bir qirda, – dedi Qirol Alisa “Q”dan boshlanadigan joy nomini topgunicha. − Yana bir xabarchining ismi Kallavaram. Bilganingdek, menda ular ikkita, biri borishga, biri kelishga.
– O‘tinaman… – dedi Alisa.
– Tilanish yaxshi ishmas, – qizning gapini bo‘ldi Qirol.
– Tushuntirib berishingizni o‘tinib so‘ramoqchi edim. Nega biri kelishga, boshqasi borishga?
– Buni aytmaganmidim? Menda ular ikkita bo‘lishi shart. Olib borgani va olib kelgani.
Shu payt xabarchi kelib qoldi. U nafasi tiqilganidan harchand gapirishga urinsa-da, hech nima deya olmas, faqat qo‘llarni silkitib ayanchli ahvolda Qirolga qarab turardi.
– Sen meni qo‘rqitayapsan. O‘zimni yomon his qilayapman. Menga sendvich uzat, – dedi Qirol.
Xabarchining xaltasini ochib sendvichni olganini ko‘rgan Alisa hayron bo‘lib qarab qoldi. Qirol uni ochko‘zlarcha apil-tapil yeb qo‘ydi.
– Yana! – dedi Qirol.
– Pichandan bo‘lak hech vaqo qolmadi, – dedi xabarchi xaltasini kovlashtirib.
– Unda pichanni uzat, – shivirladi Qirol.
Uning ancha o‘ziga kelib qolganidan Alisaning ko‘ngli yorishdi.
– O‘zingni yomon his qilganingda, hech narsa pichandek naf bermaydi, – dedi u Alisaga.
– Yo‘lda kimni uchratding? – deb so‘radi Qirol xabarchidan pichanni olayotib.
– Hech kimni, – dedi xabarchi.
– To‘ppa-to‘g‘ri. Mana bu yosh xonim ham uni ko‘rdi. Hech kim sendan tezroq yurishiga ishonchim komil!
– Qo‘limdan kelganicha harakat qildim. Hech kim mendan tezroq yura olmasligiga ishonaman, – dedi ranjib xabarchi.
– U yugura oladi. Qani endi nafasingni rostlagan bo‘lsang, bizga shaharchada nimalar bo‘lganini aytib ber-chi, – dedi Qirol.
– Buni faqat qulog‘ingizga aytaman, – deb xabarchi Qirolga yaqin keldi. Alisa xafa bo‘ldi, axir, u ham shaharda nimalar ro‘y berganiga qiziqayotgandi-da. Baxtiga, xabarchi shivirlash o‘rniga bor ovozi bilan baqirdi:
– Ular yana o‘z bilganlaridan qolmayapti!
– Ular deganingiz kim? – so‘radi Alisa.
– Arslon va Yakkashox-da, albatta, – dedi Qirol.
– Toj uchun kurashmi?
– Ha. Eng kulgili tomoni, mening tojim uchun! Qani, ularni borib ko‘raylik-chi.
Qirol va xabarchi o‘sha yoqqa yugurib ketishdi. Alisa ham chopayotib qadimgi qo‘shiqni ming‘irlab takrorlardi:
Toj uchun jang qilmoqda Yakkashox bilan Arslon,
Chor-atrofin qurshagan g‘ala-g‘ovur olomon.
Berishar oq-qora non, olxo‘ri-pirog birov,
Do‘mbira sadolari keyin haydar shahardan.
– Kim… yutsa… toj… shuniki… bo‘ladimi? – so‘radi Alisa yugurayotib nafasi tiqilgani bois uzuq-yuluq gapirarkan.
– Yo‘q, azizam! Bu bema’ni fikr xayolingga qayerdan keldi? – dedi Qirol.
– Marhamat qilib… balki bir daqiqaga… to‘xtarmiz… nafas rostlagani…
– Men marhamatlimanu, ammo buni to‘xtatadigan darajada kuchli emasman. Bilasan-ku, daqiqalar yeldek uchadi!
Nihoyat, ular jang qilayotgan Arslon va Yakkashoxni qurshab turgan olomonga yaqin kelishdi. Ikkovi shunday chang-to‘zon ko‘tarardiki, avvaliga Alisa ulardan qaybiri Arslon, qaybiri Yakkashoxligini bilolmadi. Ammo Yakkashoxning shoxidan uni tanib oldi.
Kallavaram, ya’ni ikkinchi xabarchi ham shu yerda ularni tomosha qilayotgandi. Uning bir qo‘lida finjonda choy, narigisida esa buterbrod bor edi.
– U hozirgina qamoqdan chiqdi, – shivirladi Quyon Alisaga. – U yerda faqat chig‘anoq bilan boqishgan. Shuning uchun u juda ochiqqan, chanqagan. Qalaysan, bolakay? – dedi u Kallavaramning yelkasiga qo‘lini qo‘yib.
Kallavaram o‘girilib bosh irg‘adi-da, kavshanishda davom etaverdi.
– Qamoqda maza qildingmi, bolakay? – dedi Quyon.
Bu safar Kallavaram ko‘ziga yosh olib bir qarab qo‘ydi-da, lom-mim demadi.
– Gapirolmay qoldingmi?! – qichqirdi Quyon, ammo Kallavaram hamon tinmay kavshanardi.
– Gapirsang-chi! – baqirdi Qirol. – Ular qanday jang qilishayapti?
– Yaxshi. Har biri sakson yetti marta oyog‘idan zarba yedi, – dedi Kallavaram.
– Menimcha, tez orada ularga oq va qora non tarqatilsa kerak, – dedi Alisa.
– Shuni kutishayapti. Yeyayotganim ham nonning bir burdasi.
Shu payt tanaffus e’lon qilindi. Qirol: “O‘n daqiqa dam oling!” degach, Kallavaram va Quyon nonni tarqatishga kirishib ketishdi. Alisa ta’mini bilish uchun bir burda oldi, ammo non qotib qolgan, toshday qattiq ekan.
– O‘ylashimcha, ular bugun ortiq urisholmaydi. Bor, nog‘orachilarga ayt, boshlayverishsin, – dedi Qirol Kallavaramga.
Kallavaram chigirtkadek sakrab-sakrab jo‘nab ketdi. Alisa uning ortidan jim kuzatib turdi. Qo‘qqisdan u:
– Qarang, qarang, Oq Qirolicha mamlakat bo‘ylab yugurib ketayapti! U juda chopag‘on-a? – dedi.
– Ortidan dushman tushgani aniq. O‘rmon yovlarga to‘la, – dedi Qirol u yoqqa qarab ham qo‘ymay.
– Siz-chi, unga yordam bermoqchimasmisiz? – ajablandi Alisa uning beparvoligidan.
– Foydasi yo‘q! – dedi Qirol. – U haddan tashqari tez yuguradi. Bu xuddi Bandersnechni tutishga uringanday gap. Istasang, Qirolicha haqida yon daftarimga qayd qilib qo‘yaman… U benazir Qirolicha. “Qirolicha” so‘zi ikki “o” bilan yozilarmidi? – ming‘irlardi u o‘zicha daftarini ochayotib.
Shu payt qo‘llarini cho‘ntagiga tiqqancha Yakkashox ular tomon kela boshladi.
– Bu safar men oldindaman-a? – dedi u Qirolga tik qarab.
– Biroz… Biroz. Uni shoxing bilan suzmasliging kerakligini bilarding-ku, – asabiy javob berdi Qirol.
– U jarohatlanmadi, – dedi Yakkashox beparvo va yo‘lida davom etayotib, ko‘zi tuyqus Alisaga tushdi. U ortga o‘girilib, qizga nafrat bilan o‘qraydi.
– Bu… nima? – so‘radi u nihoyat.
– Bu qizaloq! – javob qildi Quyon Alisa qarshisida turib anglo-saksoncha tavoze bilan tanishtirarkan. – Biz uni bugun topib oldik. U haqiqiy va ikki karra tabiiy.
– Men ularni faqat maxluqchalar haqidagi cho‘pchaklarda bo‘lishadi, deb o‘ylardim. Uning joni bormi? – deb so‘radi Yakkashox.
– U hatto gapira oladi, – dedi Quyon.
– Qani, gapir-chi, qizaloq! – dedi Yakkashox Alisaga qarab.
Alisa tabassumini yashirolmadi va kulib gap boshladi:
– Bilasizmi, men ham Yakkashoxlarni faqat ertaklarda bo‘ladi, deb o‘ylardim. Avvallari hecham tirik Yakkashoxni ko‘rmovdim.
– Xo‘sh, ana endi bir-birimizni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rdik. Agar menga ishonsang, men ham senga ishonaman. Kelishdikmi?
– Ha, agar shuni istasangiz, kelishdik, – dedi Alisa.
– Olxo‘rili pirogingni tarqata qol, qariya, – dedi Yakkashox Qirolga o‘girilib. – Qora noningni og‘zimga ham olmadim.
– Albatta, albatta, – dedi Qirol va Quyonga qarab: – Xaltangni och! Yo‘q, bunisinimas, u pichan bilan to‘la-ku, – deb shivirladi.
Quyon xaltadan pirogni chiqarib Alisaga tutqazdi, yana u patnis bilan pichoqni ham oldi. Alisa bularning hammasi xaltaga qanday siqqanini tasavvur ham qilolmadi. Buni u ko‘zbo‘yamachilikka yo‘ydi.
Bu voqealar ro‘y berayotganida Arslon ham ularning davrasiga qo‘shilgandi. U butkul holdan toyganidan ko‘zlari yumilay-yumilay derdi.
– Bu nima? – dedi u Alisani ko‘rib do‘rillagan ovozda.
– Uning nimaligini sen hecham topolmaysan! Bunga qurbing yetmaydi! – dag‘dag‘a qildi Yakkashox.
Arslon Alisaga razm soldi-da:
– Sen hayvonmisan, sabzavotmi yo mineralmisan? – deb so‘radi.
– Bu ertaklardagi maxluq! – baqirib tushuntirdi Yakkashox Alisa javob berguncha.
– Qani, olxo‘rili pirogni bo‘l-chi, Maxluqcha, – dedi Arslon o‘tirib, iyagini panjasiga tiragancha. – Ikkoving ham o‘tir (Qirol va Yakkashoxga). Faqat pirog adolatli taqsimlansin.
Qirol bu ikki bahaybat mavjudotning o‘rtasida o‘tirib qolganidan unchalik xursand emas edi-yu, biroq nachora, boshqa joy ham yo‘q. Alisa katta idishni tizzasiga qo‘yib ariq bo‘yiga cho‘kdi va pirogni taqsimlashga kirishdi.
– Juda quloqsiz pirog ekan! Allaqachon kesgan bo‘lagim yana qaytadan birlashib qolyapti! – dedi u.
– Sen ko‘zgu orti pirogini qanday kesishni bilmaysan. Avval uni taqsimla, keyin kes, – e’tiroz bildirdi Yakkashox.
Bu gap Alisaga bema’nidek eshitilgan bo‘lsa-da, shunday qildi. U idishni hammaning oldiga bir-bir ko‘tarib olib bordi, shunda pirog o‘z-o‘zidan uchga bo‘lindi.
– Ana endi kes, – o‘rgatdi Arslon Alisa joyiga bo‘sh idish bilan o‘tirarkan.
– Aytgandim-a! Bu nohaqlik! – deya qichqirdi Yakkashox Alisa pichoqni ushlab nima qilarini bilmay turganda. – Maxluqning Arslonga bergan bo‘lagi menikidan ikki baravar katta-ku!
– U o‘ziga bir tishlam ham olib qolmabdi. Maxluqjon, senga olxo‘rili pirog yoqmaydimi? – so‘radi Arslon.
Alisa javob berishga ulgurmay, nog‘oralar chalishni boshladi. U nog‘oralarning ovozi qayerdan kelayotganini anglolmasdi. Butun chor-atrof nog‘ora tovushiga to‘lgan, boshining ustidan ham kelardi bu shovqin. U oyog‘i ostidagi ariqqa qaradi-da, undan hatlab o‘tdi.
Sakrab o‘tayotib u Arslon va Yakkashoxning halovati buzilib, o‘rnidan turishganini ko‘rdi. Alisa dahshatli shovqindan quloqlarini qo‘li bilan mahkam berkitib oldi.
– Agar ularni shu nog‘oralar shahardan haydab chiqarmasa, boshqasi bu ishni qilolmaydi, – dedi u o‘ziga-o‘zi.
8. Bu mening kashfiyotim
Shovqin-suron tingach, Alisa atrofga qaradi. Hech kim yo‘qligini bilib, Arslon va Yakkashoxni tushimda ko‘ribman-da, degan o‘yga bordi. Ammo sal o‘tmay oyoqlari ostidagi idishga ko‘zi tushgach, “Har qalay, tushim emas ekan”, dedi o‘ziga-o‘zi. “Faqat biz hammamiz bir tushning bo‘lagi bo‘lmasak! Va bu tush Qora Qirolniki emasligiga umid qilaman! Boshqalarning tushiga tegishli bo‘lishni jinim suymaydi!”
Uning o‘y-xayollarini tuyqusdan “Hey! Hey! Kisht!” degan ovoz bo‘ldi. Qora kiyimli Ritsar u tomon yeldek uchib kelardi. U yetib kelishi bilan otining jilovini tortdi-da:
– Sen mening asiramsan! – deb jar soldi.
Alisa asira bo‘lganidan emas, Ritsardan xavotirda edi. Ritsarning oti to‘xtashi bilan u yerga qulab tushdi. Qayta egarga joylashgach esa:
– Sen mening… – deya og‘iz ochuvdi, yana bir boshqa ovoz eshitildi.
– Hey! Hey! Kisht! – deb yangi dushman kelib qoldi. Alisa unga ham ajablanib qarab turaverdi.
Bu safar ot qo‘ygan Oq Ritsar edi. U ham Qora Ritsardek to‘xtashi hamonoq yerga ag‘nadi. Otiga qayta mingach esa ikki ritsar bir-biriga ancha payt yovqarash qilib turdi. Alisa bir unisini, bir bunisini tomosha qilardi.
– Bilganingdek, u mening asiram! – dedi nihoyat Qora Ritsar.
– To‘g‘ri, ammo keyin men uni ozod qildim! – dedi unga javoban narigisi.
– U holda jang qilamiz! – deb Qora Ritsar dubulg‘asini olib kiydi (uning egarga osilgan dubulg‘asi ot shaklida edi).
Ular shunchalik ayovsiz jang qilardiki, Alisa xalaqit bermaslik uchun daraxt ortiga berkindi.
– Qiziq, jang qoidalari qanaqa ekan-a? Agar ulardan biri boshqasini ursa, u otdan yiqiladi, mabodo zarbani o‘tkazib yuborsa, birinchisi otdan ag‘anaydi… buncha shovqin solishmasa! Otlari esa pinagini ham buzishmaydi-ya! Go‘yo ritsarlar stulga chiqib jang qilishayotganday! – dedi Alisa o‘ziga-o‘zi ularni kuzatayotib.
Ritsarlar nuqul boshi bilan yiqilishar, bu ham bir qoida bo‘lib, Alisa buni hali payqamagandi. Urush ikkala ritsarning ag‘anashi bilan nihoyasiga yetdi. Ular o‘rinlaridan turib qo‘l siqishdi va Qora Ritsar g‘izillab jo‘nab qoldi.
– Bu g‘alaba, shunday emasmi? – dedi Oq Ritsar Alisaga.
– Bilmadim. Men kimningdir asirasi bo‘lishni xohlamayman. Qirolicha bo‘lsam deyman, – dedi Alisa ikkilanib.
– Keyingi ariqdan o‘tsang, maqsadingga yetasan. Seni o‘rmon chegarasigacha qo‘riqlab boraman. U yog‘iga o‘tolmayman, bilasan-ku. Faqat o‘sha yergacha borishim mumkin.
– Minnatdorman! Dubulg‘angizni yechishga yordam beraymi? – dedi Alisa.
Rosti, bu oson kechmadi, ammo amallab dubulg‘ani yechib oldi.
– Mana endi nafas olishim ancha yengillashdi, – dedi Ritsar sochlarini orqaga sermagach, Alisaga mamnun bo‘lib mehribon ko‘zlarini tikkancha.
Alisa bunaqangi g‘aroyib jangchini hech ko‘rmaganini o‘ylardi. Ritsar o‘lchami o‘ziga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan zirhni kiyib, yelkasiga pochta qutisining og‘zini pastga qaratib osib olgandi. Alisa qutini sinchkovlik bilan tomosha qildi.
– Senga mening mitti qutim yoqib qoldi, chog‘i, – dedi Ritsar do‘stona ohangda. – Bu mening shaxsiy kashfiyotim. Unda kiyim-kechaklarimni, yana sendvichlarni saqlayman. Ichiga yomg‘ir tushmasligi uchun, ko‘rib turganingdek, uni teskarisiga osib oldim.
– Ammo bunaqada ichidagilari tushib ketadi-ku? Uning ochiqligini bilasizmi? – dedi Alisa xushmuomalalik bilan.
– Bundan xabarim yo‘q edi! Shuning uchun ham buyumlarim unda turmayotgan ekan-da! Ularsiz qutidan nima foyda!
Shunday deb Ritsar uni shox-shabbalar tomon irg‘itmoqchi bo‘ldi-yu, ammo xayoliga qutini shoxga osib qo‘yish fikri kelib, ehtiyotkorlik bilan uni daraxtga ilib qo‘ya qoldi.
– Nega bunday qilganimni bilasanmi? – dedi u Alisaga.
Qiz bosh silkidi.
– Unga asalarilar in quradi, degan umidda shunday qildim. Keyin men undan asal olib turaman.
– Ammo sizda arixona bor ekan-ku. Har qalay shunga o‘xshash… ana, egarga bog‘langan, – dedi Alisa.
– Ha, bu juda yaxshi arixona, ammo hali birorta ari kelgani yo‘q. Narigisi sichqon ini. Shu sichqonlar arilarni kelishga qo‘yishmayaptimi deyman… yoki aksincha, arilar sichqonlarga yo‘l berishmayotgandir, bilmadim, – dedi Ritsar.
– Sichqon ini nimaga kerak? Menimcha, sichqonlar otning orqasida yashamaydi, – dedi Alisa.
– Ehtimol, yashar, – dedi Ritsar va biroz jim turgach, qo‘shib qo‘ydi. – Har narsaga tayyor turish kerak. Shuning uchun ham otning to‘piqlarida halqalari bor.
– Nima uchun? – qiziqdi Alisa.
– Nahanglarning tishlariga qarshi-da! Bu ham kaminaning ixtirolaridan, – javob berdi Ritsar. – Qani, otga chiqib olishimga ko‘maklash-chi, seni o‘rmon chegarasigacha olib boraman… Anavi idish nimaga kerak?
– Olxo‘rili pirog uchun.
– Uni o‘zimiz bilan ola qolamiz. Olxo‘rili pirog uchrasa, u asqotadi. Xaltaga solishga ko‘maklashib yubor-chi.
Alisa bilan Ritsar ikkovlashib uni xaltaga joylashga urinsalar-da, buning sira uddasidan chiqisholmadi. Ritsar idishni solayotib, beso‘naqay harakat qilganidan ikki-uch marta o‘zi xaltaga tushib qoldi.
– Ko‘rganingdek, bu oson ish emas! Xaltada bir talay shamdonlar bor-da, – dedi ishni uddalashgach Ritsar. U sabzi-yu, kamin asboblari va yana har xil taqir-tuqurlarga to‘la xaltani egarga ilib qo‘ydi.
– Sochlaring yaxshi yopishtirilgan deb umid qilaman, – dedi Ritsar yo‘lga tushishlari bilan.
– Har doimgidek, – jilmayib qo‘ydi Alisa.
– Bu yetarli emas! Bu yerda shamol shunaqangi kuchli esadiki, naq ildizi bilan sug‘urib oladi-ya! – dedi Ritsar tashvishlanib.
– Bunga qarshi biror kashfiyot o‘ylab topmaganmisiz? – so‘radi Alisa.
– Hozircha yo‘q, ammo soch to‘kilishiga qarshi chora topganman, – dedi Ritsar.
– Jon-jon deb eshitaman.
– Avvaliga sochlaringni ehtiyotkorlik bilan mevali daraxt shoxlaridek tikka qilasan. Soch to‘kilishining asosiy sababi, men senga aytsam, ularni pastga qarab osilib turishidir. Yuqoriga qarab o‘ssa, sira to‘kilmaydi. Bu ham o‘zimning kashfiyotim. Istasang, undan foydalanishing mumkin.
Alisaga bu chora unchalik ma’qul kelmadi. U shu haqda o‘ylab jim ketar, faqat vaqti-vaqti bilan otda yurishga no‘noq Ritsarga ko‘maklashgani to‘xtardi. Har gal ot to‘xtashi bilan (bu hol ko‘p takrorlanardi) Ritsar oldinga yiqilar, jonivor yurishi hamonoq (bu ham tez-tez ro‘y berardi) u orqaga ag‘nardi.
– Ot minishda tajribangiz kamroq shekilli, – dedi Alisa beshinchi marta yiqilgan Ritsarga qarashayotib. Ritsar xafa bo‘lgandek, unga qaradi-da:
– Nega bunday deyapsan? – dedi egarga joylashayotib.
– Chunki odamlar bu borada tajribasiz bo‘lishsagina shunday tez-tez yiqilishadi.
– Mening tajribam katta!
Alisa bu vaziyatda eng yaxshisi “Rostdanmi?” deb so‘ragan ma’qul degan o‘yda iloji boricha samimiy ohangda shunday dedi. Ular jim qolishdi. Har safar navbatdagi yiqilishda Ritsar ko‘zlarini yumib olar, Alisa esa buni kutib turardi.
– Ot minishda eng muhimi, – Ritsar qo‘llarini silkitib gap boshladi, – muvozanat…
Shunday deb u yana ag‘nadi. Gap qanday kutilmaganda boshlangan bo‘lsa, shunday qo‘qqisdan uzilib qoldi. Bu gal u Alisa yurayotgan yo‘lakka ag‘nadi.
– Suyuklaringiz sinmadimi? – so‘radi Alisa cho‘chib.
– Birortasi ham, – dedi Ritsar. Aslida u ikki, uchta suyagi sinishiga ham qarshi emasdi. – Ot minishda, eng muhimi, boya aytganimdek… muvozanat saqlash… xuddi hozirgidek, bilding.
U qulochlarini yoyib nima demoqchiligini tushuntirayotib, bu safar naq otning tuyoqlari ostiga chalqanchasiga uchib tushdi.
– Bu juda kulgili! Aslida siz bolalarning o‘yinchoq otini minsangiz bo‘larkan, – dedi Alisa toqati-toq bo‘lib.
– Yaxshi, o‘sha otdan bitta ola qolaman. Bitta, ikkita yoki bir nechta, – dedi Ritsar o‘ychan qiyofada.
Ularning sukut saqlashlari uzoqqa cho‘zilmadi. Ritsar yana gap boshladi:
– Men kashfiyotlar qilishga juda ustaman. Oxirgi marta meni turg‘izayotganingda o‘ychanligimga e’tibor qildingmi? Chunki o‘sha payt darvozadan oshishning yangi yo‘lini o‘ylab topayotuvdim. Qandayligini eshitmoqchimisan?
– Bajonidil, – dedi Alisa muloyim ohangda.
– Buni qanday amalga oshirishni aytib beraman. O‘sha payt o‘zimga-o‘zim shunday deyayotgandim: yagona muammo – oyoqlar, bosh shundoq ham tepada. Birinchi bo‘lib boshni darvoza peshtoqiga qo‘yaman-da, unga chiqib olaman. Qarabsanki, oyoqlar ham kerakli balandlikda bo‘ladi va oshib o‘taveraman.
– Menimcha, bunqada ag‘nashingiz hech gapmas. Har qalay, bu juda murakkab-ku?
– Buni hali sinab ko‘rganimcha yo‘q. Shuning uchun biror tayinli gap aytolmayman. Biroq o‘zim ham qiyinroq bo‘lishidan hayiqib turibman.
– Dubulg‘angiz antiqa ekan, – dedi Alisa mavzuni o‘zgartirish kerakligini anglab. – Bu ham o‘zingizning ixtirolaringizdanmi?
Ritsar dubulg‘asiga g‘ururlanib qarab oldi-da, tushuntirdi:
– Ha. Bundan-da yaxshiroq bittasini ixtiro qiluvdim. Otdan uchib ketganimda dubulg‘a mendan oldin yerga tushardi, natijada men qisqaroq masofaga yiqilardim. Ammo yomon tarafi, uning ichiga tushib qolishim mumkin edi. Bir marta shunday ham bo‘ldi. Eng yomoni, Oq Ritsar uni shartta kiyib oldi. U dubulg‘ani o‘ziniki, degan o‘yga borgan ekan.
– Ishqilib, uning boshiga shikast yetkazmadingizmi? – dedi Alisa ovozi titrab.
– Uni tepishimga to‘g‘ri keldi, albatta, – dedi Ritsar jiddiy ohangda. – Shunda u dubulg‘ani yechdi. Undan chiqishimga esa soatlab vaqt ketdi. Mening yorug‘lik tezligida harakat qilishimni bilasan-ku.
– Biroq bu tezlikning boshqacha turi-ku? – dedi Alisa.
Ritsar boshini sarak-sarak qildi.
– U yerda tezlikning barcha turi bor edi. Unisi ham, bunisi ham, – deb qo‘llarini ko‘targani hamono yana uchib tushdi.
Alisa yugurib uning yoniga bordi. Bu gal Ritsar rostdan ham shikastlanishidan xavotirda edi. Alisa uning oyoqlaridan boshqa hech nimani ko‘rmadi, darvoqe, Ritsarning ovozi ham eshitilardi.
– Tezlikning barcha turi, – qaytardi u. – Biroq birovning, kamiga egasi ichida bo‘lgan dubulg‘asini kiyib u ehtiyotsizlik qilgandi.
– Kallangiz yerga kirib qolgan bo‘lsayam, xotirjam gapirasiz-a? – dedi Alisa uni oyoqlaridan tortarkan.
Ritsar uning savolidan ajablandi.
– Tanamning qayerda bo‘lishining nima ahamiyati bor. Miyam doim bir xilda ishlayveradi. Aslida oyog‘imni osmonga qancha ko‘p ko‘tarib tursam, shuncha yaxshi ixtirolar qila olaman.
Ritsar biroz jim turgach, yer ostidan past ovozda gapirishda davom etdi:
– Qilgan ixtirolarimdan eng a’losi puding bo‘lgan. Bunday puding qachondir pishirilganiga ham, pishirilishiga ham ishonmayman! U men kashf etgan eng aqlli puding.
– U nimadan tayyorlanadi? – savolga tutdi Alisa uning ovozi hazin bo‘lib qolganini sezib.
– Siyohshimgichdan, – javob berdi Ritsar.
– Undan risoladagidek pirog chiqmas-ov…
– Bitta o‘zidan durust chiqmaydi. Porox yoki surguchga o‘xshash biror narsa qo‘shish kerak. Shu yerda seni qoldirib ketishim kerak, – dedi ular o‘rmon chetiga kelib qolishganda.
Alisaning xayoli puding bilan band edi.
– Xomush tortib qolding. Senga qo‘shiq aytib beraqolay, – dedi Ritsar.
– Uzun emasmi? – deb so‘radi kun bo‘yi necha bor qo‘shiq tinglashiga to‘g‘ri kelgani uchun Alisa.
– Uzun. Ammo juda-juda chiroyli. Uni kim eshitsa, ko‘ziga yosh keladi yoki…
– Nima yoki? – so‘radi Ritsar Alisa jim bo‘lib qolgach.
– Yoki kelmaydi. Qo‘shiqning sarlavhasi – “Olabug‘aning ko‘zlari”.
– O, qo‘shiq shunday nomlansa kerak-da, a? – dedi Alisa qiziqib ketib.
– Yo‘q, tushunmading. Sarlavhasi shunday nomlanadi. Aslida qo‘shiq “Qariya” deb nomlanadi.
– Unda men qo‘shiqning nomi qanday desam to‘g‘ri bo‘larkan-da?
– Yo‘q. Qo‘shiqning nomi butunlay boshqa – “Yo‘llar va ma’nolar”.
– Xo‘sh, qo‘shiq o‘zi qanday ekan? – dedi Alisa chalkashib ketib.
– Endi shuni aytmoqchi edim. Rostini aytsam, qo‘shiq – “Darvozada o‘tirib”. Kuyi o‘zimga tegishli.
U otini to‘xtatib, ham rahmdil, ham ahmoqona yuziga tabassum yoyilib, qo‘llarini tebratib kuylay boshladi.
Bu Alisa ko‘zgu ortiga qilgan sayohati davomida butun umr eslab yuradigan voqea edi. Yillar o‘tsa-da, Alisa keyin ham shu holatni mayda tafsilotlarigacha yodda saqlab qoldi. U Ritsarning moviy ko‘zlarini, mehrli tabassumini, sochlari uzra nur sochayotgan quyoshni, otning ohista odimini, o‘rmonda ortida qolgan ko‘lankalaru, daraxt yonida uyqusirab qo‘shiq tinglaganini – barcha-barchasini xotirlay olardi.
Ritsar balladasining so‘nggi sartlarini kuylab bo‘lgach:
– Tepalikdan pastgacha besh yard qoldi, ariqchadan o‘tib, Qirolicha bo‘lasan… Biroq, oldiniga mening ketishimni kuzatib turolmaysanmi? – dedi.
Alisa u ko‘rsatgan tomonga endi burilayotuvdi, u yana:
– Ko‘p kutishingga to‘g‘ri kelmaydi. So‘qmoqdan qayrilayotganimda qo‘lingni silkitib qo‘ysang bo‘lgani, – dedi.
– Albatta. Kuzatib qo‘yganingizdan juda minnatdorman. Qo‘shiq uchun ham rahmat. U menga juda yoqdi, – dedi Alisa.
– Shunday deb umid qilaman. Faqat kutganimdek ko‘zyosh to‘kmading.
Ular qo‘l siqishdi va Ritsar o‘rmon ichkarisiga ravona bo‘ldi.
– Kuzatishimga ko‘p vaqt ketmas, – dedi o‘ziga-o‘zi Alisa uning ortidan qarab qolarkan. – Yana yiqildi! Odatdagidek, boshi bilan. Shunga qaramay, tag‘in osongina otga minib oldi.
Ritsar avval bir tomonga, keyin boshqa tomonga ag‘anay-ag‘anay ketib borardi. To‘rtinchi yoki beshinchi marta yiqilganidan so‘ng u o‘girilib qaradi, Alisa unga qo‘l silkidi va u ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha shu taxlit turaverdi.
– Qani endi so‘nggi ariqqa – Qirolicha bo‘lgani olg‘a! Juda ulug‘vor jaranglayapti-da o‘ziyam!
Bir-ikki qadam bosgach, u ariqqa yetib keldi.
– Nihoyat sakkazinchi katak! – hayqirdi u o‘tayotib va o‘zini yumshoqqina gullarga burkangan maysazorga otdi. – O, bu yerdaligimdan shunday baxtiyormanki! Boshimdagi nima? – ajablandi u boshidagi og‘irgina narsani paypaslab ko‘rarkan. – Bu qanday qilib sezdirmay boshimda paydo bo‘lib qoldi? – deb u o‘sha narsani qo‘liga oldi.
Bu oltin toj edi.
9. Qirolicha Alisa
– Ajoyib! – dedi Alisa o‘ziga-o‘zi. – Bunchalik tez Qirolicha bo‘laman deb o‘ylamovdim… Sizga, Hazrati oliyalari, mana, nima demoqchiman: o‘tloqda bunday cho‘zilib yotish yaramaydi! Kimligingizni zinhor unutmang!
Hammasi bir zumda, g‘aroyib tarzda ro‘y bergani bois, Alisa ikki yonida Qora va Oq Qirolichalarni ko‘rib zig‘ircha ajablanmadi. Ular bu yerga qanday kelib qolishganini so‘ramoqchi bo‘ldi-yu, lekin bu betgachoparlik bo‘lishini o‘ylab fikridan qaytdi.
– Marhamat qilib aytsangiz… – dedi nihoyat u Qora Qirolichaga yuzlanib.
– Senga qachon murojaat qilishsagina gapirgin! – deb uning gapini bo‘ldi Qirolicha.
– Ammo hamma shu qoidaga amal qilsa, ya’ni gapirishsagina og‘iz ochadigan bo‘lsangiz, boshqalar sizning murojaatingizni kutsa-chi? U holda, ko‘rib turganingizdek hech kim hech narsa demaydi, bundan esa… – bidirladi doim bahslashishga tayyor Alisa.
– Ahmoqona mulohaza! – qichqirdi Qirolicha. – Nega tushunmaysan, qizaloq? – dedi keyin o‘ylanib. So‘ng mavzuni o‘zgartirdi-da:
– O‘zingni Qirolicha deb atashga nima haqqing bor? To imtihondan o‘tmaguningcha Qirolicha bo‘lolmaysan. Imtihonni esa, yaxshisi, tezroq boshlay qolamiz.
Ikki Qirolicha bir-biriga qarab olishdi va Qorasi Alisaga:
– Doim haqiqatni so‘zla. Gapirishdan oldin o‘yla, keyin esa gapingni yozib qo‘y, – dedi.
– Buni nazarda tutmaganimga ishonchim komil… – deb e’tiroz bildirgani hamonoq Qirolicha:
– Ma’nisiz gaplardan nima foyda, o‘ylab ko‘r. Hatto hazillarda ham qandaydir ma’no bo‘lishi kerak. Sen hatto ikki qo‘llab harakat qilsang ham buni inkor etolmaysan, – dedi.
– Men hecham ikki qo‘llab rad etmayman, – dedi Alisa.
– Hech kim seni shunday qiladi, deyayotgani yo‘q. Men agar urinib ko‘rsang ham qilolmaysan dedim, – tushuntirdi Qora Qirolicha.
– U ham shunday demoqchi edi, – gapga aralashdi Oq Qirolicha. − U biror narsani inkor etishni istaydi-yu, nimaligini bilmaydi!
– Fe’lingga chidab bo‘lmaydi, – e’tiroz bildirdi Qora Qirolicha. Oraga noqulay jimlik cho‘kdi.
Qora Qirolicha sukutni buzib Oq Qirolichaga:
– Sizni tushlikdagi Alisaning bazmiga lutfan taklif qilaman, – dedi.
Oq Qirolicha ham jilmayib:
– Men esa sizni taklif qilaman, – dedi.
– Mening bazmdan sira xabarim yo‘q. Agar mehmonlarni taklif qilish kerak bo‘lsa, buni faqat o‘zim bajarishim kerak-ku, axir.
– Hozir senda shunday imkon boru, ammo o‘ylashimcha, sen yetarlicha odob-axloq darslarini olmagansan.
– Odob-axloq darsda o‘qitilmaydi. Darslarda hisob-kitob va shunga o‘xshash narsalar o‘rgatiladi, – dedi Alisa.
– Senga qo‘shishni o‘rgatishganmi? Qani birga birni, unga yana birni, yana birni, yana birni, ungayam birni, keyin yana birni, yana birni va yana birni qo‘shsak necha bo‘ladi? – so‘radi Oq Qirolicha.
– Bilmadim. Hisobdan adashib ketdim, – dedi Alisa.
– U qo‘shishni bilmas ekan, – dedi Qora Qirolicha. – Ayirishni-chi? Sakkizdan to‘qqizni ayirsak necha bo‘ladi?
– Sakkizdan to‘qqizni? Bilolmadim, – dedi Alisa.
– Ayirishdan ham bexabar. Bo‘lishni-chi? Nonni pichoqda bo‘lsak… javobi qanday bo‘ladi?
– Menimcha… – deyishi bilan Qora Qirolicha Alisaning gapini bo‘lib:
– Buterbrod bo‘ladi-da, – dedi. – Mayli, yana ayirishdan savol bera qolamiz. Itdan suyukni ayirsak nima qoladi?
Alisa o‘yladi.
– Suyukning qolmasligi aniq. Uni ayirsam, it ham qolmaydi. U meni tishlaydi. Demak, men ham qolmayman!
– Seningcha, hech nima qolmaydimi? – dedi Qora Qirolicha.
– O‘ylashimcha, shunday.
– Har doimgiday xato. Itning aynigan fe’li qoladi, – dedi Qora Qirolicha.
– Qanaqasiga, axir…
– Qanaqasiga bo‘lardi, o‘yla, g‘azabdan it quturadimi? – o‘shqirdi Qirolicha.
– Ehtimol, – javob berdi Alisa.
– Keyin, it ketgach, uning aynigan fe’li qoladi-da! – g‘olibona shang‘illadi Qirolicha.
– Ular har xil tomonlarga ketishsa-chi? – dedi Alisa tilini tiya olmay. Keyin o‘zicha: “Qanday safsatalarni gapirayapmiz-a!” deb o‘yladi.
– U hisob-kitobdan mutlaqo bexabar, – dedi Qirolichalar baravariga.
– O‘zingiz-chi, hisoblay olasizmi? – dedi qo‘qqisdan Alisa Oq Qirolicha tomon o‘girilib.
Qirolicha ko‘zlarini chirt yumib olib:
– Men, agar vaqt bersang, qo‘shishni bajara olaman, – dedi.
– Sen-chi, alifboni bilasanmi? – so‘radi Qora Qirolicha.
– Albatta, bilaman, – dedi Alisa.
– Men ham, – shivirladi Oq Qirolicha. – Biz uni birgalikda tez-tez takrorlab turamiz, azizam. Senga bir sirni ochay… men so‘zlarni harflab o‘qiy olaman. Zo‘r-a! G‘am chekma, sen ham vaqti kelib buni o‘rganib olasan.
Shu payt Qora Qirolicha yana so‘roqni boshlab qoldi:
– Endi foydali savollarga o‘tamiz. Xo‘sh, non qanday tayyorlanadi?
– Buni bilaman! – xursandligidan qichqirib yubordi Alisa. – Avval qanchadir miqdorda un solasiz…
– Gul qayerdan to‘planadi? Bog‘danmi yo tomorqadan?
– Xo‘sh, u umuman olganda to‘planmaydi, – tushuntirdi Alisa. – U yerda…
– Yer necha akrdan iborat? – dedi Oq Qirolicha. – Sen shuncha narsani hisobga olmasliging mumkin emas.
– Uni yelpinglar, – deya gapni bo‘ldi Qora Qirolicha. – U shuncha narsani o‘ylagach, boshi qizib ketadi, axir.
Shunda ular Alisani barglar bilan yelpiy boshlashdi. Nihoyat, qiz yelpishni bas qilishlarini so‘radi, shamoldan uning sochlari to‘zg‘ib ketgandi.
– Endi o‘ziga kelib qoldi. Til bilasanmi? Frantsuzchada “safsata” nima bo‘ladi? – deb so‘radi Qora Qirolicha.
– “Safsata” inglizcha so‘z ham emas, – tez javob qaytardi Alisa.
– Kim inglizcha deb aytdi? – dedi Qora Qirolicha.
Alisa bu gal bo‘sh kelmay javob topdi:
– Agar siz mendan “safsata” qaysi tilda deb so‘raganingizda frantsuzcha degan bo‘lardim!
– Bahslashmay qo‘ya qolaylik, – dedi Oq Qirolicha. – Chaqmoq chaqishining sababi nima?
– Chaqmoqning boisi – momaqaldiroq, – qat’iy javob berdi Alisa. Chunki javob to‘g‘riligiga ishonardi, ammo birozdan keyin:
– Yo‘q! Yo‘q! – deya shoshib javobini to‘g‘riladi. – Men buning aksini aytmoqchi edim!
– Tuzatishga kech qolding! Gapirganingda doim oqibati ham bo‘yningda bo‘ladi, – dedi Qora Qirolicha. – Darvoqe, o‘tgan seshanbada shunaqangi momaqaldiroq bo‘ldiki. Men o‘tgan haftaning seshanbalaridan birini nazarda tutayapman.
Alisaning boshi qotdi.
– Bizda seshanba haftada bir marta bo‘ladi, – dedi u.
– Bunaqada biror ish qilishga imkon qolmaydi-ku? Bu yerda esa ayrim kun va tunlar ikki-uch martalab takrorlanadi. Ba’zan qishda besh tunni birdaniga o‘tkazamiz, issiqroq bo‘lishi uchun, albatta, – dedi Qora Qirolicha.
– Besh tun bir tundan issiqroq bo‘ladimi? – so‘radi Alisa.
– Besh barobar issiqroq, albatta.
– Unday bo‘lsa, besh marotaba sovuqroq ham bo‘lishi mumkin…
– Albatta! Besh marta issiqroq, besh marta sovuqroq ham bo‘ladi, xuddi men sendan besh marotaba boyroq va aqlliroq bo‘lganimdek.
“Javobi yo‘q topishmoqning o‘zginasi!” degan o‘yga bordi Alisa.
– O‘shanda Adi-Badi ham shu yerda edi. U o‘sha kuni qo‘lida qalamtarosh bilan kelgandi, – gapni davom ettirdi Oq Qirolicha.
– Nima xohlagandi u? – so‘radi Qora Qirolicha.
– Ichkariga kirishni, u begemotni izlab yurganini aytuvdi. O‘sha payt uyda unday jonivor yo‘q edi, – dedi Oq Qirolicha.
– Odatda bo‘larmidi? – so‘radi Alisa hayratlanib.
– Ha, faqat payshanba kunlari, – dedi Qirolicha.
– Uning aslida nega kelganiga aqlim yetib turibdi. U baliqlarni jazolamoqchi bo‘lgan, chunki… – Alisaning gapi chala qoldi. Chunki Oq Qirolicha yana haligi gapini davom ettirdi.
– Qanday momaqaldiroq bo‘lganini tassavur ham qilolmaysan! (“U hech qachon tasavvur qilib ham ko‘rmagan”, deya izoh kiritdi Qora Qirolicha.) Tomning bir bo‘lagi uchib ketgandi, momaqaldiroq ichkariga kirdi. U xona bo‘ylab aylanib yurar va stollarni, buyumlarni taraqlatardi. Men esa qo‘rqqanimdan ismimni ham eslolmasdim.
Alisa o‘zicha: “Men zinhor favqulodda vaziyatda ismimni xotirlashga urinmasdim! Bundan nima naf?” deb o‘yladi-yu, boyoqish Qirolichaning tuyg‘ularini kamsitmay deb indamay qo‘ya qoldi.
– Hazrati oliyalari, uning gunohini afv eting, – dedi Qora Qirolicha Alisaga, Oq Qirolichaning bir qo‘lidan ushlab turib. – U ahmoqona valdirashdan o‘zini tiya olmasa ham, xayrli narsalarni ko‘zlab gapiradi.
Oq Qirolicha Alisaga mo‘ltirab tikildi. Qiz shunday paytda mulozamat qilishi kerakligini sezib tursa-da, xayoliga biror jo‘yali fikr kela qolmasdi.
– U risoladagidek tarbiya ko‘rmagan. Lekin hayratlanarlisi, shunga qaramay, u baribir mehribon, – gapida davom etdi Qora Qirolicha.
Shunda he yo‘q, be yo‘q Oq Qirolicha boshini Alisaning yelkasiga qo‘ydi va:
– Shunday uyqum kelayaptiki! – dedi.
– Bechoragina, rosa charchabdi! Unga alla aytib bera qol, – dedi Qora Qirolicha.
– Men birorta ham alla bilmayman-da.
– Unaqada o‘zim ayta qolaman, – shunday deb Qora Qirolicha allani boshladi:
Alisaning tizzasida orom olgin, alla-yo,
Mizg‘ib olgin, bazmgacha bor hali vaqt, alla-yo.
Undan chiqib boradurmiz raqsga ham, alla-yo,
Oq va Qora Qirolicha, Alisa va hamma-yo.
– Ana, so‘zlarini bilib olgandirsan? Endi menga kuylab ber. Mening ham uyqim keldi, – deb u Alisaning ikkinchi yelkasiga boshini qo‘ydi-da, zum o‘tmay dong qotib uxlab qoldi.
– Nima qilsam ekan? Avvallari bunaqasi bo‘lmagan, ya’ni bir-yo‘la ikki Qirolichaga baravar g‘amxo‘rlik qilinmagan! Butun Angliya tarixida bunaqasi uchramagan… Uchrashi ham mumkin emas-da, chunki bir vaqtda hecham bittadan ortiq Qirolicha bo‘lmagan. Uyg‘oning, juda ham og‘ir ekansiz! – dedi Alisa toqati-toq bo‘lib, ammo Qirolichalar bunga javoban yengilgina xurrak otib qo‘ya qolishdi. Keyin ikkoviyam qayoqadir g‘oyib bo‘ldi.
Alisa hech nimani tushunmay yo‘lida davom etaverdi va qo‘qqisdan tepasiga “Qirolicha Alisa” deb yozilgan bahaybat eshik qarshisidan chiqdi. Eshikning har ikki tomoniga qo‘ng‘iroq ilingan bo‘lib, biriga “Mehmonlar qo‘ng‘irog‘i”, ikkinchisiga “Xizmatkorlar qo‘ng‘irog‘i” so‘zlari bitilgandi.
Ichkaridan esa musiqa tovushi eshitilardi.
– Musiqaning nihoyasini kuta qolaman, – dedi u o‘ziga-o‘zi. – Keyin-chi? Qaybirini chalaman? – deya qo‘ng‘iroqdagi yozuvlarni ko‘rib boshi qotdi. – Axir, men na mehmon, na xizmatkorman. Bu yerga “Qirolicha qo‘ng‘irog‘i” deb ham yozish kerak edi…
Shunda eshik qiya ochilib, tumshug‘i uzun bir mavjudot bosh suqdi-da:
– Mehmonlar kelasi haftagacha qabul qilinmaydi, – deb eshikni yopib qo‘ydi.
Alisa eshikni uzoq taqillatdi, qo‘ng‘iroqni chaldi, lekin ichkaridan sado chiqmadi. Nihoyat, nariroqdagi daraxt ostida o‘tirgan Qurbaqa turib, u tomonga keldi. U sap-sariq libosda, oyog‘iga katta poyabzal kiyib olgandi.
– Nima bo‘ldi? – so‘radi u shivirlab.
– Eshikka javob beradigan xizmatkor qayerda o‘zi? – dedi Alisa tutaqib.
– Qaysi eshikka? – dedi Qurbaqa.
– Mana bunga-da!
Qurbaqa katta-katta ko‘zlari bilan eshikka qarab turdi-da:
– Eshikka javob beradigan? U o‘zi nima so‘rayapti? – dedi.
– Gapingizni tushunmadim, – dedi qiz.
– Inglizcha gapirdim, shundaymi? Yoki karmisan? U sendan nima so‘rayapti?
– Hech narsa! Men uni taqillatayapman!
– Bunday qilma, zinhor bunday qila ko‘rma, – dedi Qurbaqa va eshik yoniga kelib, uni ulkan oyoqlari bilan bir tepdi-da:
– Unga tegma. Shunda u ham senga tegmaydi, – dedi ming‘irlab yana boyagi joyiga qaytarkan. Eshik ochilib ichkaridan kuylayotgan ovozlar eshitildi:
Qirolicha Alisa chorlamoqda bazmga,
Ko‘zgu orti ahli, qani ketdik, chaqqonroq.
Kelib sherik bo‘linglar bu bazmu ziyofatga,
Oq va Qora Qirolicha-yu, kamina-la ildamroq.
Yuzlab ovozlar qo‘shiqqa jo‘r bo‘ldi:
Qadahlarni to‘ldiring, bo‘ling darhol, shoshiling,
Ayamay dasturxonga tugma, kepakdan seping.
Qahvalarga mushuklar, choylarga qo‘shing sichqon,
Uch karra o‘ttiz marta, ayting qizga sharaf-shon!
Alisa o‘zicha: “O‘ttizni uchga ko‘paytirsa, to‘qson bo‘ladi. Qiziq, kimdir buni hisoblayotganmikan?” deb o‘yladi. Bir daqiqa jimib qolgach, o‘sha ovoz yana kuyladi:
Ko‘zgu orti ahli, – Alisa so‘z olib der, –
Sizga sharaf ko‘rish, tinglash bizlarni.
Eb-ichish ham keltirajak cheksiz iftixor,
Oq, Qora Qirolicha hamda men-la baxtiyor.
Ovozlar jo‘r bo‘ldi:
Qiyomu, siyohlarga to‘lsin bugun qadahlar!
Ichsa ko‘ngil yayratuvchi neki borki, quyinglar.
Qumga olma sharbati, junga vino qo‘shinglar,
To‘qson to‘qqiz karra sharaf Alisaga, jo‘shinglar!
– To‘qson to‘qqiz karra! – qaytardi Alisa. – Buni hisoblash ham qiyin! Yaxshisi birdan ichkariga kira qolay…
U ichkariga kirishi bilan hamma jimib qoldi.
Alisa tashvishlanib stol atrofida o‘tirganlarga qaradi. U yerda turli jonivorlardan iborat elliktacha mehmon bor edi. Ularning ba’zilari hayvonlar, ayrimlari qushlar, oralarida hatto bir-ikkita gul ham bor.
– Taklif qilmasam ham kelaverishgani soz bo‘libdi, – xayolidan o‘tkazdi Alisa.
Stol to‘rida esa uchta stul bo‘lib, Oq va Qora Qirolichalar allaqachon o‘z joylarini egallashgandi, o‘rtadagi stul bo‘sh edi. Alisa noqulay sukunatga e’tibor bermay, o‘sha stulga o‘tirdi.
Nihoyat, Qora Qirolicha gap boshladi:
– Sho‘rva va baliqni o‘tkazib yubording. Unga biroz go‘shtdan bering, – dedi.
Ofitsiantlar Qo‘y oyog‘idan olib kelishdi. Alisa nimadan boshlashni bilmay qarab qoldi.
– Uyalayapsan chog‘i. Kel, seni Qo‘y oyog‘i bilan tanishtirib qo‘yaman. Alisa, bu Qo‘y oyog‘i, Qo‘y oyog‘i, bu Alisa.
Oyoq idishda turib Alisaga ta’zim qildi, Alisa ham ta’zim bilan javob qaytardi.
– Sizni burdalasam maylimi? – dedi u qo‘liga pichoq va sanchqini olarkan. Qirolichalar bir-biriga qarab olishdi.
– Yo‘q, albatta, – dedi qat’iy ohangda Qora Qirolicha. – Senga tanishtirilgan narsani burdalash odobdan emas! Qo‘y oyog‘ini olib keting!
Ofitsiantlar uni olib ketishdi-da, o‘rniga olxo‘rili puding keltirishdi.
– Iltimos, Pudingni tanishtirmasangiz, – dedi Alisa shoshib. – Aks holda kechki taomsiz qolaman. Undan bir bo‘lak kesib olsam maylimi?
Biroq Qora Qirolicha:
– Puding, bu Alisa, Alisa, bu Puding. Endi uni olib keting, – degandi, Pudingni darrov olib ketishdi. Alisa hatto Pudingga ta’zim qilishga ham ulgurmadi.
“Faqat Qora Qirolicha buyruq berarkan-da!” o‘yladi u. Shu bois ham o‘zini sinab ko‘rmoqchi bo‘lib:
– Ofitsiant! Pudingni ortga qaytaring, – deb buyurdi. Shu on Puding stolda paydo bo‘ldi. U chunonam katta ediki, Alisa qo‘l urishga biroz xijolat tortdi. Lekin baribir uni taqsimlab, Qora Qirolichaga uzatdi.
– Qanday surbetlik! Seni ham bo‘laklarga bo‘lsam yoqarmikan! – o‘shqirdi Puding.
Uning ovozi yo‘g‘on edi. Alisa hayratlanib qarab qoldi.
– E’tiroz bildirsang-chi! Nima, Puding bilan gaplashish qo‘lingdan kelmaydimi? Baliqday churq etmaydi-ya!
– Bilasizmi, bugun shu qadar ko‘p she’r tingladimki, – deya qiz og‘iz juftlagan edi, hamma unga qaradi. – Ajablanarlisi, ularning deyarli bari baliq yo shunga o‘xshash mavjudotlar haqida edi. Nega bu yerliklar baliqlarga bunchalar ishqibozligini bilmaysizmi?
– Darvoqe, baliqlar xususida, – dedi Qora Qirolicha Alisaning qulog‘iga engashib. – Oq Hazrati oliyalari baliqlar haqidagi topishmog‘u, jamiki she’rlarni biladi. Savolingga undan javob olasan.
– Qora Hazrati oliyalari buni eslatib g‘oyatda saxovat ko‘rsatdi, – dedi muloyim ohangda Oq Qirolicha. Keyin Alisaning qulog‘iga engashib shivirladi: – Bu juda soz bo‘lardi. Aytaveraymi?
– Marhamat, – xushmuomalalik bilan ruxsat berdi Alisa.
Oq Qirolicha tabassum qilib, she’rini boshladi:
Avval baliq tutasan,
Kuching bo‘lsa bu oson.
Keyin sotib olasan,
Aqchang bo‘lsa bor imkon.
Endi uni pishirgin,
Zumda bo‘ladi tayyor.
Idishga qo‘ygin sekin,
Dasturxon bo‘lsin bisyor.
Keltir uni yemakka,
Stol unga muntazir.
Qopqog‘in ol ermakka,
Idishda baliq hozir.
Lekin qopqoq yelimdek,
Bamisli qiyin jumboq.
Olinarmikan qopqoq,
Yo aksin lozim qilmoq.
– O‘ylab olib, keyin javob ber, – dedi Qora Qirolicha. – Biz esa sening sog‘lig‘ing uchun ichamiz. Qirolicha Alisaning sog‘lig‘i uchun!
U bor ovozi bilan shunday deb baqirgach, mehmonlar shu zahoti ichishni boshlashdi. Ular g‘alati tarzda ichishardi, ba’zilari qadahlarni boshlariga kiyib olib, yuzlariga oqib tushayotgan ichimlikni tamshanib yalar, boshqalari esa ichimlikni stolga to‘kib, egilib ho‘plashardi. Yana kimdir (kenguruga o‘xshaganlari) qovurilgan go‘shtli idishning ichiga tushib olib, qaylasini sipqorishardi. “Bular cho‘chqaning o‘zginasi-ya!” o‘yladi Alisa.
– Sen minnatdorchilik bildirishing lozim, – dedi Qora Qirolicha Alisaga yuzlanib.
– Biz senga ko‘maklashamiz, – shivirladi Alisaga o‘rnidan turayotganida Oq Qirolicha.
– Tashakkur, o‘zim uddalayman, – dedi qiz pichirlab.
– Bu xato bo‘ladi, – dedi Qora Qirolicha dangal.
– Men minnatdorchilik bildirgani turayapman… – deya nutqini boshladi Alisa. U rostdan ham o‘rnidan bir necha dyuym ko‘tarilgandi, biroq uni ushlab joyiga qayta o‘tqazishdi.
– Ehtiyot bo‘l! – qichqirdi Oq Qirolicha Alisaning ikki qo‘lidan ushlab. – Nimadir bo‘layapti!
Qolgani (keyinchalik Alisaning tasvirlab berishicha) ko‘z ochib yumguncha ro‘y berdi. Shamlar shiftgacha o‘sib ketdi. Shisha idishlar bir juft likopchalarni qanot, sanchqilarni esa oyoq qilib olishdi. “Qushlarga o‘xshab qolishdi-ya”, xayolidan o‘tkazdi Alisa.
Shu on yon tomonidan kimningdir kulgisi eshitildi. U Oq Qirolichaga nima bo‘ldi deb o‘girilsa, Qirolichaning o‘rnida Qo‘y oyog‘i o‘tirardi.
– Mana men! – degan chinqiriq keldi sho‘rva solingan idishdan. Alisa o‘sha yoqqa qarasa, Qirolichaning iljaygan basharasi shu zahoti daf bo‘ldi. Paysalga solishning vaqti emas. Mehmonlarning ayrimlari idishlarga yotib olishgan, qoshiqlar u tomonga kelishardi.
– Ortiq toqatim qolmadi! – deb Alisa o‘rnidan sapchib turdi-da, ikkala qo‘li bilan dasturxonni tortdi. Bir tortishdayoq likopchalar, idish-tovoqlar, mehmonu shamlar aralash-quralash yerga to‘kildi.
– Sizni esa… – u Qora Qirolicha tomon yuzlandi. Baxtga qarshi u joyida emasdi. To‘g‘rirog‘i, u kichrayib qolgandi va ro‘moliga o‘ralashib gir aylanardi.
Boshqa payt Alisa bundan hayratlanardi, ehtimol. Ammo bu gal u:
– Sizni esa… – deb Qora Qirolichani qo‘liga oldi-da, – mushukchadek silkitib tashlayman, – dedi.
10. Silkitish
U gapirayotib Qirolichani bor kuchi bilan dam oldinga, dam orqaga silkitardi. Qora Qirolichaning yuzi borgan sari kichrayib, ko‘zlari kattarib, yashil tusga kirib borardi. Silkitayotganida u yana… o‘zgarar… yumshoq, dumaloq bo‘lib qolardi.
11. Uyg‘onish
… va u rostdan ham mushuk bo‘lib chiqdi.
12. Bu kimning tushi edi?
– Hazrati oliyalari, bunchalik baland ovozda xurillash yaramaydi, – dedi Alisa ko‘zlarini ishqalab. – Sen meni uyg‘otib yubording, axir! Qanday ajoyib tush edi-ya! Kiti, sen ko‘zgu ortida doim men bilan birga eding, bilasanmi?
Ammo mushukcha bunga javoban xur-xurlab qo‘ydi, bu “ha” deganimi, “yo‘q” deganimi, bilib bo‘lmasdi. Shuning uchun Alisa stol ustidagi shaxmat donachalaridan Qora Qirolichani izlab saralay boshladi. Uni topgach, gilamga tizzalab o‘tirib, bir-birini ko‘rishlari uchun mushuk va Qirolichani yuzma-yuz qo‘ydi.
– Ana endi, Kiti, qara, sen mana nimaga aylanib qolganding! – deya u xursandligidan chapak chalardi.
Biroq mushuk qaragisi kelmayotgandek boshini nuqul chetga burib olaverardi. Jindek bo‘lsa ham, o‘zidan uyalgandek ko‘rinardi.
– O‘tir, azizam! – dedi Alisa kulib. – O‘ylayotganingda… ey yo‘q, xurillayotganingda ta’zim qil, bu vaqtni tejaydi, eslab qol!
Shunday deb, u mushukchani o‘pib qo‘ydi.
– Oppoqqinam mening, – deb gapida davom etdi u Dina yalab-yulqab yuvintirayotgan oq mushukchaga yelkasi osha qarab. – Dina Oq Hazrati oliyalarini tozalashni qachon tugatarkan? Bunchalik kir bo‘lib ketganingga sabab tushimdagi palapartishliging bo‘lsa kerak… Dina! Uning Oq Qirolichaligini bilarmiding? Dinaning o‘zi-chi, nimaga aylanib qolgandi? O‘zing ayt-chi, Dina, Adi-Badigami? Menimcha, sen… Har qalay, tushimda senga yoqqani baliqlar haqidagi she’r ekani aniq. Ertaga tongda seni maxsus taom bilan siylab, “Duradgor va Morj”ni aytib beraman.
Endi esa, Kiti, aslida bu kimning tushi ekanini bir o‘ylab ko‘raylik-chi. Azizam, bu jiddiy masala, shuning uchun panjangni yalashni bas qil… Kiti, o‘zing ham ko‘rding-ku… tush menikimidi yo Qora Qirolniki? U, shubhasiz, tushimning bir qismi bo‘lgan, ammo men ham u ko‘rgan tushning bir bo‘lagi bo‘lganman-ku! Tush Qora Qirolnikimidi? Qadrdonim, tushimda sen uning rafiqasi eding, shuning uchun buni bilishing lozim. O, Kiti, masalani yechgani ko‘maklashsang-chi! Ishonchim komilki, panjalaring ungacha kutib tura oladi.
Biroq Kiti Alisani eshitmay mug‘ombirlik bilan boshqa panjasini yalay boshladi.
Xo‘sh, sizningcha, bu kimning tushi edi?
Ingliz tilidan Mohira Otaboyeva tarjimasi
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2020 yil 6-son