Ko Juk yuzida iliq shu’lani sezib, ko‘zini ochdi.
Hozirgina uyi yonidagi cherkovda tonggi qo‘ng‘iroq chalindi. Derazaning qora panjaralari oftob nurida yanada bo‘rtib ko‘rindi. Ko Juk xonani tutgan qora siyoh isini tuydi. Ehtimol, qadimda olxo‘rizorlar shunday hid taratgandir? Balki tepasida ajdaho va qaqnus o‘ynoqlagan ertaknamo maysazorlar shu isga burkangandir?
Bu, ko‘p sayohat qiladigan va o‘zini marhum Sok Tamning shogirdi deb hisoblovchi tabarruk yoshli Pak o‘tgan yil bahorda Ko Juk uchun xarid qilgan qora siyoh edi. Lekin o‘shanda Ko Juk mo‘yqalamni qo‘liga olish tugul o‘rnidan qo‘zg‘atolmasdi ham; shu sabab bu sovg‘adan g‘amga botib qolgandi. Xushbo‘y is Chxu Suning xonani endigina tark etganini anglatardi.
“Meni uyg‘otib yuborgan, derazaga urilayotgan haroratli yog‘du quyosh shu’lalari ekanligi aniq”, – degan xayolga bordi Ko Juk va qat’iyatsizlik bilan o‘rnidan turishga urinib ko‘rdi. Eplolmadi. Kimnidir yordamga chaqirish o‘yi miyasidan lop etib o‘tdi-yu, biroq bu fikrdan darhol voz kechib, yana cho‘zilib oldi. Oila a’zolarining mo‘jiza kutganday ahvolini so‘rashlari, toqatni toq qilib yuboruvchi g‘amxo‘rliklari bilan ertalabki sokinlikni, endilikda azob ham, og‘riq ham bermay qo‘ygan ma’yuslikni buzishni xohlamayotgandi.
“Ha… – shiftdagi naqshlarga termilib mushohada qilardi u, – umrim bo‘yi bugungidek tonglar ko‘p bo‘ldi… Hammasi yolg‘izlikda o‘tdi, hammasi…”
Bolalikning xira davrlarida bunday uyg‘onishlar necha bor ro‘y bergan. O‘shanda besh yasharmidi, yo olti yoshga to‘lganmidi?.. Karavotda yolg‘iz o‘zi yotar, tonggi quyosh shu’lalari xonani yoritib turardi. Daf’atan xonaga oq libosli, sochlari to‘zg‘igan onasi kirib, uni bag‘riga bosdi va hushidan ketib yiqildi. Shundan keyin u uzoq vaqt onasini ko‘rmadi, keraksizlik hissi tobora ezaverdi. Uning tinimsiz ho‘ngrab, dod solgisi kelardi. Yetti yoki sakkiz yoshga kirganida bir kuni yolg‘iz uyg‘ondi: shungacha hamma vaqt onasi bilan uxlardi. O‘shanda xonaga buvisi kirib, uni qo‘liga olgan va marhumning ruhini chaqirayotgan afsungar kampirdek marsiya aytib, yig‘lashga tushgandi. Bundan sokin xona shu qadar dahshatli tus olgandiki, qochib ketishni astoydil istagandi. “Oh, bo‘talog‘im, endi seni nima qilamiz, sira aqlim yetmayapti. Oh, yuzsiz xotin, motam tugaguncha ham chidamadi-ya…”
So‘ng amakisining uyiga kelganida ham yolg‘iz o‘zi uyg‘ondi. Amakisining xotini doim boshqa xonada betob yotar, eri esa ko‘pincha tunagani kelmasdi. Ko Juk kitob hidiga to‘la xonada uyquga ketar va har tong tanho uyg‘onardi.
Bolalik xotiralari uyg‘onishi bilan amakisi uni, o‘n yashar bolani qo‘lidan ushlaganicha mo‘tabar ustoz Sok Tamning uyiga yetaklab kelgani ko‘z oldida gavdalanadi. Undan beri ellik yil o‘tdimi, yo oltmish yil? Aniq esida yo‘q.
Bu – e yo‘q-be yo‘q allaqachongi, butkul unutilgandek tuyulgan xotiralarning to‘satdan bunchalik aniq jonlanishi – haqiqatan ham qarilik belgisi. Ko Jukning yoshi ulg‘aygani sari birinchi ustozi Sok Tamning qiyofasi ko‘z oldidan ketmayapti. O‘sha paytlar ustoz Sok Tam qirqqa yaqinlashib qolgan, lekin ko‘rinishidan ancha qartaygan, bechora sonbisifat[1] odam edi.
– Hurmatli Sok Tam, bolani qabul qilsang. Yo‘qligimda uning holidan xabar oluvchi kishi yo‘q, – degandi amakisi. – Kasal xotinimni qoldirib, chet elga ketayapman, bolani ham tashlab ketsam, xotinimning oilasiga ortiqcha dahmaza bo‘ladi. Qadrdon do‘stligimiz haqqi, bolani ol. U akamning yolg‘iz yodgori.
Ustoz Sok Tam amakisining gaplarini sovuqqina tinglab, javob berish o‘rniga so‘radi:
– Sen nuqul “Shanxay-Shanxay” deysan. U yerda nima bo‘layotganidan sira xabaring bormi o‘zi? Muvaqqat hukumat[2] deganlari – olifta gap, amalda boshpana uchun ham chaqalari yo‘q. Turarjoydan quvib chiqarishmasmikan, deb titrashadiyu, arzimagan narsaga yumdalashishadi. Umuman, ustoz Chxun Gan hali ham o‘sha yerdaligiga kim kafolat bera oladi?
– Bu yerning nimasi yaxshi? Bolani olasanmi-yo‘qmi, o‘zi?
– Uni boqish, kiyintirish bir gap bo‘lar. Ammo bolani tarbiyalash faqat bu bilan bo‘lmaydi.
– Rahmat-ey, og‘irimni yengil qilding. Ta’lim berish to‘g‘risida tashvishlanma. Bola katta bo‘lsa, kim bo‘lishini xudo biladi, sen nimani ham o‘qitarding. Uchta iyeroglifni, otini yodda saqlab qolsa bo‘lgani. – Shunday deb, amakisi unga o‘girildi: – Qani, janobingga ta’zim qil-chi. U ustoz Sok Tam. Seni yo‘qlab kelmagunimcha uni ota o‘rnida ko‘rasan.
Ammo amakisi boshqa kelmadi. To‘g‘ri, ancha keyin, yigirma yillar chamasi o‘tgach, uning vatanga Muvaqqat hukumatning boshqa a’zolari bilan qaytib kelganligi haqida ovoza tarqaldi. Biroq Ko Juk o‘shandan bir yil keyingina poytaxtga boroldi. Bu vaqtda amakisini qidirib topishning iloji bo‘lmadi.
Amakisining sinfdoshi va ko‘p yillik qadrdon oshnasi ustoz Sok Tam Txvegening[3] o‘zidan saboq olgan mashhur konfutsiychilardan[4] bo‘lgan Yonnamaning izdoshlaridan edi. Xattotlikda aql bovar qilmaydigan qobiliyat va benuqson uslubga ega bo‘lgan, so‘nggi suloladagi[5] eng mashhur konfutsiychi uch olimdan biri hisoblangan Sok Tam ustozi Chxun Gan ta’zim qiladigan Chxu Sadan[6] ham ko‘proq kitobiy bilimlarga yopishib olgan olim edi.
– Savoding bormi? – bu Sok Tamning unga bergan birinchi savoli edi.
– “Bolalar uchun dastlabki qo‘llanma”ni o‘zlashtirganman.
– Unda “Kichik ta’limot”ni[7] o‘qi. Uni uqib olmaguningcha, biror narsaga erisha olmaysan.
Shu bilan suhbat nihoyasiga yetdi. U ustozning sanoqli shogirdlari bilan birga “Kichik ta’limot”ni qayta-qayta mutolaa qilar, biroq Sok Tam o‘zini xuddi Ko Jukni payqamayotgandek tutardi. O‘n uch yoshga kirganida esa, kutilmaganda ustoz uni shu yaqin oradagi boshlang‘ich maktabga olib bordi.
– Hozir zamon o‘zgargan. Hali hammasi oldinda, zamonaviy fanlar bilan tanish.
Qisqagina tanishuvdan Sok Tamning Ko Jukni shogirdlikka olish niyati yo‘qligini anglasa bo‘lardi.
Ko Jukning nigohi odatdagidek bir vaqtlar Sok Tamning o‘zi yozgan, devorga osig‘liq turgan hikmatli so‘ziga qadaldi. Bu bitik allaqachonlar yozilgan va uzoq vaqtdan buyon ramkaga solinmay saqlanardi, shu sababli qog‘ozning ayrim joylari yirtilgan, ustoz shaxsiy muhrining qizil bo‘yog‘i chaplashgan, xira sariq tus olgandi. Shunga qaramay, go‘yo qog‘oz ustida suzayotgandek ko‘rinadigan harflar yuksak iste’dod bilan bitilgani sezilib turardi.
Oltin qush dengizni teshib o‘tmoqda.
Xushbo‘y isi anqigan fil daryo kechmoqda.
Baxtga qarshi ustozning yolg‘iz o‘g‘li vabodan vafot etdi, shogirdlari orasidan esa, Sok Tamning buddiycha[8] ta’biri bilan aytganda, rohib kiyimi va guruch solinadigan yapaqi idishni meros qilib olishni xohlaydigani topilmadi. Shuning uchun ustozning vafotidan so‘ng uyini qo‘riqlab qolgan Ko Jukka uning ba’zi buyumlari o‘tdi. Biroq uning mamlakat bo‘ylab uzoq vaqt tentirashiga to‘g‘ri keldi; keyin yana urush, alg‘ov-dalg‘ov yillar – o‘sha orada bu buyumlarning ko‘pi yo‘qolib ketdi. U har gal shu haqda o‘ylaganida, o‘zining ehtiyotsizligi va mas’uliyatsizligidan pushaymon bo‘ladi. Birgina shu bitikni saqlab qololdi. Bu hikmat ustozning eng sevimli o‘gitlaridan biri edi. Xuddi ana shu hikmat Ko Jukka bir umr malomat bo‘ldi: u doim bu iyerogliflar oldida hayajondan titrar, uning ma’nosini anglashga intilardi. Hatto Sok Tam mo‘yqalamini qo‘lga olishga holi bo‘lmagan so‘nggi damlarida ham qahrli boqishini shu chiziqlarga joylab ketgandi.
Yigirma yetti yoshda edi. U muvaffaqiyat qozonishga tashna, o‘sha kunni intiqib kutardi va ustoziga hech narsa demay uning uyini tark etdi. Bu ish balandparvoz aytilsa, o‘zlikni namoyon qilish, jo‘nroq ifodalanganda, o‘zini ko‘rsatishga imkoniyat izlash edi.
Biroz vaqt u zafar ketidan zafar quchdi. Chokpxadagi adabiyot tanlovida g‘olib chiqdi, qayerlardadir hali ham tarovatini saqlab qolgan va jamiyat saralarining lazzatlanishi uchun tobora kamyob bo‘lib borayotgan sodanlarda[9] ardoqli mehmonga aylandi; mahalliy boylarning xonadonlarida ham yashadi. Uch oydan so‘ng a’lo kayfiyatda, o‘ziga sovg‘a qilingan ko‘plab rasmu bitiklar va bir qop guruch bilan ustozidan olgan qog‘oz hamda mo‘yqalamlar qiymatini qoplash maqsadida qaytib keldi. Lekin ustozning munosabati kutilmagan bo‘ldi.
– Mo‘yqalamlarni qutidan olib, qopning ustiga qo‘y.
Unga e’tiroz bildirilmasdi. Ko Juk gap nimadaligini tushunmasa ham aytilganini bajardi. Ustoz yengidan bir quti gugurtni chiqarib, mo‘yqalam qutisi bilan birga qopga o‘t qo‘ydi.
– Nima qilyapsiz, ustoz?!
Sok Tam qahrli ovozda dedi:
– Do‘stimga so‘z berganim uchun uyimda yashashing mumkin. Ammo bundan buyon meni ustoz deb atama. Sen ertalab qo‘lingga mo‘yqalam ushlab, kechqurun iste’doding bilan maqtana boshlading. Mening bunday shogirdim bo‘lmagan, bo‘lmaydi ham.
Ko Juk g‘azab otiga mingan ustoziga o‘zini kechirishini so‘rab ikki yil yolvordi. O‘sha yillar ilgari sira duch kelmagan g‘oyat og‘ir sinov davri bo‘ldi. Ko Juk hozir qarab turgan bitikni u nihoyat kechirilgan, xudo marhamat qilgan kunda ustozning o‘zi qog‘ozga tushirgandi.
Hikmatning ma’nosi esa bunday edi:
Moviy dengizga otilib, ajdahoni yulib oladigan va ko‘kka o‘qday otiladigan oltin qanotli qush kabi shijoatli bo‘l;
Xushbo‘y hid anqitib, dengizdan shoshmay kechib o‘tayotgan fildek qat’iy bo‘l.
Ko Juk uchun mashaqqat va tushkunlikda o‘tgan boshlang‘ich ta’lim davri alamli xotiralarga to‘la edi. Sok Tam qandaydir sababga ko‘ra, avvalboshdan, Ko Jukni amakisidan olib qolgan kundan e’tiboran, unga sovuq muomalada bo‘lardi. Sok Tamning ajdodlari avloddan-avlodga Konfutsiy ta’limotini o‘tkazib kelishi bilan mashhur edi, biroq Sok Tamning mol-mulki ko‘p emas, o‘zi yil sayin soni tobora kamayib borayotgan shogirdlari bahor va kuzda olib keladigan guruch hisobiga kun kechirardi. Lekin bola Sok Tamga ortiqcha yuk emasdi. Biroz vaqt o‘tgach, Ko Juk ulg‘aygach, hatto xo‘jalikni yuritishni o‘z zimmasiga olgandi. Shunga qaramay, ustozning sovuqqonligi qolmagan, aksincha, yil sayin kuchayib borardi. Demak, buning boshqa jiddiy sababi bor edi.
Sok Tam odatda bir-ikki yilda o‘zlashtiriladigan “Kichik ta’limot”ni Ko Jukka cho‘zi-ib, yillar mobaynida o‘qitgani, o‘n uch yoshli bolani mashg‘ulotlaridan nari qilish uchun birdagina to‘rtinchi sinfga yuborgani – bularning hammasi uning o‘sha g‘alati munosabati bilan bog‘liq edi. Boz ustiga, shogirdning ustozga munosabati ham notabiiy va tushuniksiz edi. Sok Tam hayotligida bu his cheksiz hurmat va alamzada nafratning qorishmasi o‘laroq namoyon bo‘lardi. Bunday chalkashlik g‘alati, albatta, biroq bu holat o‘z-o‘zidan paydo bo‘lgani yo‘q. Ko Juk boshlang‘ich maktabni tugallagan chog‘i, ya’ni o‘n olti yoshidan rasman ustozning shogirdiga aylangan o‘n sakkiz yoshigacha shakllangandi bu munosabat. O‘sha vaqtda Ko Juk amakisining bundan buyon o‘qish pulini to‘lashidan voz kechgan, yangicha – yevropacha uslubda dars beriladigan maktabdagi o‘qishini tashlagan va o‘tmish bilan yashaydigan, kitobiy bilimlarga yopishib olgan olim, rassom va xattot ustozining uy xo‘jaligi tashvishlarini o‘z zimmasiga olishga qaror qilgandi. Shogirdlar olib keladigan guruch yetmay qolgandi. Shu sabab Ko Jukning kichikroq yerni ijaraga olib ishlashiga, bir bog‘lam o‘tin uchun yigirma-o‘ttiz li[10] yayov yo‘l bosishiga to‘g‘ri kelardi.
Bu odamlarda hurmat uyg‘otdi, ammo xuddi shu vaqtdan boshlab Ko Jukning qalbidan ustozga nisbatan jazavali muhabbat-nafrat o‘rin oldi. Ustoz Sok Tamning hayoti go‘yo tog‘ bag‘irlab vaznsiz sirpanayotgan bahorgi bulut soyasi kabi, tentiragan yoz shamollarining izi qolgan hovli singari, ovloq tog‘ darasidagi kuzgi irmoqlar suvidek, qor yog‘ib o‘tgandan keyingi ochiq va sarhadsiz qishki osmondek tiniq, beintiq, sokin, ma’yus va yolg‘iz edi. Ana shu hayotning o‘zi Ko Juk dilida kulfat hissiga ayqash-uyqash bo‘lib ketgan cheksiz hurmat uyg‘otardi. Ustozi labida mayin, sirli tabassum bilan qo‘liga kitob olganida, uning qalbi o‘tmishning buyuk insonlari yashagan va o‘tmish shon-shuhrati xotiralari jonlanadigan dunyoga parvoz qilganida, ustoz ruhlangan nigoh, to‘fondek jazava bilan katta mo‘yqalamni qo‘lga olganida, bu dunyodan xoli bo‘lgan orqa hovlida atirgullar soyasida shoshilmasdan orxideya[11] gulini uzgan va tsitra[12] ohanglaridan rohatlanayotganida – ana shu paytlarda taqvodor turmush timsoliga o‘xshab ketardi. Biroq faqat Ko Jukning sa’y-harakatlari tufayligina hozircha hech kim ochlikdan o‘lmayotganligi, lekin agar u jon kuydirmasa, yarim yildan keyin tang ahvolda qolishlari aniqligi, bir-ikkita shogirdni aytmasa, boshqa hech kim qadam bosmaydigan uy, xo‘jalikdagi yumushlarni bajarib qaytayotgan shogirdlarni qarshi oladigan ustozning holsiz boqishi – bularning hammasi la’natlangandek yoqimsiz ko‘rinardi.
Lekin pirovardida Ko Jukning hayoti ustozga ta’zimni va cheksiz hurmatni belgilardi. Ko Juk o‘zida dunyo vasvasasini tuyar ekan, beixtiyor, lekin jo‘shqinlik bilan ustozi Sok Tamga taqlid etardi. Ustozi dastxatining turli namunalari: shogirdlari ketayotganlarida yoddan chiqarganlari, ustozining o‘zi tashlab yuborgan yo do‘stlariga sovg‘a qilganlarini saqlab qo‘ygandi. Ularning orasida Ko Juk o‘g‘irlab olganlari ham bor edi. Avvaliga ustozining dastxatlarini shunchaki tilga olishning o‘zi Ko Jukning qalbida titroqli ehtiromni paydo qilardi. Ko Juk kichik iyerogliflarni xattotlar mashq qilishi uchun yasalgan, qum yoki oq bo‘yoq qoplangan qo‘lbola taxtachalarga yozib o‘rganardi. Katta iyerogliflarni esa itning dumiga o‘xshash katta mo‘yqalamlarda qabrtoshlarga yozib mashq qilardi, keyin yozganlarini yuvib yuborardi. O‘zining shaxsiy mo‘yqalam va qog‘ozi ustozidan yashirincha idora mollari do‘konida kun bo‘yi og‘ir qoplarni tashib hammollik qilgan kuni paydo bo‘ldi. Ko Juk Sok Tamdan o‘zini shogirdlari safiga qo‘shishni iltimos qilish u yoqda tursin, hatto bu jo‘shqin xohishiga biror marta shama qilmaganligi taajjublanarli edi. Bu nimani anglatadi? Ijodkorning nafsoniyatimi? Yo buyuklikdan g‘ururlanishmi?
Bir kuni ustoz uyda Ko Jukning yolg‘iz o‘zini qoldirib, oila a’zolari bilan qayergadir jo‘nab ketdi. Ko Juk ustozining xonasini yig‘ishtirar ekan, daf’atan g‘alati ichki hisni tuydi: ustoz Sok Tam shogirdlariga nimalarni o‘qitishini bilgisi keldi.
Ko Juk yozuv stolini surdi va ustozining asl duantsi toshidan yasalgan siyohdonida qora siyohni aralashtira boshladi. O‘rgatilganiga birma-bir amal qilgan holda siyohdonni qora siyoh bilan bir tomchisini ham tomizmasdan to‘ldirdi, keyin mo‘yqalamni, rasmlar va bitiklar uchun mo‘ljallangan qimmatbaho qog‘ozni oldi. Birinchi bo‘lib nizom bitigi bilan “laylak” “ikkilama” iyeroglifining o‘qituvchi namunasini ko‘chirdi.
Chxu Sa hammasidan ham Ouyan Syuning “Ibodatxona oldidagi musaffo chashma” bandini yoqtirganidek, ustoz Sok Tam shogirdlariga “ikkilama laylak”ni mashq qildirishni xush ko‘rardi. Aftidan, u qog‘oz va mo‘yqalam bilan ishlash hadisini olgandi: iyeroglifning hamma chiziqlari xuddi o‘qituvchi namunasidagidek chiqdi. Keyin u Yan Jen-tsin[13] uslubida “Odob-axloq qoidalarini egallashga tirishish yodgor toshlari” matnidan bir necha iyerogliflarni yozdi. Juda berilib ishlayotganligidan atrofdagi hamma narsani butkul unutgandi. To‘satdan g‘azabli jerkish uni voqelikka qaytardi. U endi “Orxideyalar o‘rtasidagi shiyponcha” muqaddimasining birinchi satrini nihoyasiga yetkazayotgandi: “Yun-xe shiori ostida hukmdorlikning to‘qqizinchi yilida – buqa yilidagi Mangu Uyg‘unlik…”
– Shunaqami! Qog‘ozni chaplashtirish yetarli emasmi?
Larzaga tushgan Ko Jukning nigohi g‘ira-shira xonada Sok Tamning qahrli g‘o‘ddaygan gavdasiga tushdi. Biroq ustozining yuzida g‘azabdan ko‘ra ma’yuslik va umidsizlik ifodasi ko‘proq edi. Yonida yetti san’atda: she’riyat, nasr, xattotlik, rangtasvir, shashka o‘yini, fol ochish va tibbiyotda mukammal deb tan olingan mo‘tabar Chxve Un Gok turardi. Ezilib ketgan Ko Juk shoshilib o‘z shijoati mahsullarini yig‘ishtirishga tushdi. Sok Tam churq etmas, faqat tund qarab turardi. Un Gok vaziyatni yumshatdi:
– Bularni qo‘ygin-da, boraqol!
Ko Juk qog‘ozlarni g‘ayriixtiyoriy ravishda tez joyiga qo‘ydi va orqasiga tisarilib chiqib ketdi. Lekin qiziqish va tashvish uni qo‘shni xonada bekinib olib, ichkarida nima bo‘layotganiga quloq tutishga majbur qildi.
Avvaliga faqat qog‘ozning shitirlashi eshitildi, xonada chiroqni yoqishga ulgurishgandi. Keyin Un Gokning ovozi quloqqa chalindi.
– Sen uni hatto o‘qitmaganga ham o‘xshaysan.
– Bilmadim, balki u shogirdlarim bilan valaqlashgandir, ulardan nimalarnidir o‘rgangandir. Men hech narsaga o‘qitmaganman, – ustozning ovozi past va ma’yus edi.
– Juda qiziq! Haqiqatan ham Osmonning in’omi ekan-da!
Ustoz “hm”, dedi.
– Baribir nega uni shogirdlikka olishni xohlamaysan?
– Sen Van Si-jining[14]: “Inson emasga ta’lim bermayman”, deganini unutdingmi?
– Demak, sen uni inson deb tan olmaysan, shundaymi?
– U o‘ta iqtidorli… Uni hech kim o‘qitgani yo‘q, lekin iyeroglifining shakli ajoyib; xattotlikning o‘n ikki qoidasini bilmaydi, biroq harf oraliqlari, nisbatlarini, mo‘yqalamni aylantirish uslublarini his qiladi. U tug‘ma usta, ammo qobiliyatlari biqinidan teshib chiqadi. Azob-uqubatsiz iqtidor qalbning Haqiqatni anglashiga to‘siq bo‘ladi.
– Sen, Sok Tam, mo‘min, samimiy odamsan. Bunaqa gaplar senga yarashmaydi. Nima uchun ana shu anglashga yo‘lni o‘zing ochib bermaysan?
– Aytishga oson… U yozuvning isini, kitobiylik ruhini mutlaqo his qilmaydi… Ammo o‘sha “orxideya” juda soz!.. U “shamol”ning shiddati va “oqim”ning oquvchanligiga naqadar mos!
– Agar u shogirding bo‘lganida yozuvning isini, kitobiylik ruhini his etmasmidi?
– U shogirdim emas. Uni faqat kiyintiraman va boqaman… U zamonaviy ilmlarni egallab, o‘z kelajagini o‘zi tanlashini istayman.
– Qo‘ysang-chi! Agar ko‘chadan kimdir kelib, o‘zini o‘qitishni so‘rasa, uni quvib yuborasanmi? Shunday ekan, bu yigitchaga nega bu qadar sovuqqonsan! Mana, necha yildirki, sening yeb-ichishing g‘amida ekanligi qulog‘imga chalinadi, nahotki u sovuq munosabatga loyiq bo‘lsa?
Un Gokning ovozida g‘ijinish sezildi.
– Ayblashga shoshilma. Rostini aytsam, o‘zim ham nima uchun Ko Juk meni bunchalik tashvishlantirishini bilmayman. Lekin bu yaxshilikka olib bormaydigandek…
Ustozning ovozi xiyol titrardi.
– Unday bo‘lsa… Haqiqatan ham, ikkilanayotgan bo‘lsang, yigitchani oldimga, hech bo‘lmasa, uch kunda bir marta yubor, shu yetadi. Undan umidni uzish kerakligiga ishonmayapman.
Xonaga jimlik cho‘kdi. Birozdan keyin Sok Tamning past, lekin qat’iy ovozi eshitildi:
– Sen o‘zingni urintirma. U bilan o‘zim shug‘ullanib ko‘raman.
Sok Tamni nima bezovta qildi ekan? Va nima oxir-oqibat Ko Jukni shogirdlikka olishga majburladi? Chunki ertasi kun Ko Juk rasmiy ravishda ustoz Sok Tamning shogirdi deb e’lon qilindi.
Ammo bu qandaydir tantanali marosim o‘tkazildi degani emas. Shunchaki ustoz dalaga ketmoqchi bo‘lib turgan Ko Jukni yoniga chaqirdi va shunday dedi:
– Bugundan boshlab ishlagani borma, – bu gaplar yo‘l-yo‘lakay aytildi, xolos.
Ko Juk o‘zini yo‘qotib qo‘ydi. Ustoz unga ko‘z qirini tashlab, biroz ovozini balandlatib shoshirdi:
– Hamma narsani joyiga qo‘y-da, uyga bor.
Shu tariqa ular ustoz-shogird bo‘ldilar, shu bilan munosabatlari ham oydinlashdi.
Ko Juk kimdir eshikni ochganini eshitdi; o‘tgan kunlar bulutida suzib yurgan fikrlari voqelikka qaytdi. Parishonxotir xira nigohi bilan eshikka qaradi: xonaga Me Xyan kirib kelayotgandi. Ko Jukning umurtqasi bo‘ylab yax surkalgandek bo‘ldi, nigohi oydinlashdi. Ko Juk go‘yo tavba qilayotgandek yaqinlashib kelayotgan Me Xyanga boqardi. Yo‘q, u emas ekan.
–Uyg‘ondingizmi, otajon?
Bu Chxu Su edi. U Ko Jukning yuziga qarab, uning ahvolini aniqlashga urinib yaqin keldi. Ko Juk oddiygina harakatlar kechagiga qaraganda ancha ko‘p kuch talab qilganini sezdi.
– Sharbat ichishni istaysizmi, otajon?
Ko Juk javob berish o‘rniga qizining yuziga qarab, to‘satdan ojiz, siniq ovoz bilan so‘radi:
– Sen… onangni eslaysanmi?
Chxu Su hayron bo‘lganicha unga qaradi.
Uyda ayollar qolmaganidan beri yetti, balki sakkiz yil o‘tgan, Ko Juk qizini o‘zi bilan olib qolgandi. Qizi ro‘zg‘or ishlari bilan band, qartaygan otasini parvarish qilar va biror marta bu kabi savolni eshitmagandi.
– Yo‘q, faqat suratlari orqali bilaman.
Bechora… Ona qizini hali jajjiligida qishloqdagi qarindoshinikida qoldirib, yana o‘z hunarini boshladi. Ammo ikki yil o‘tmasdanoq joniga qasd qildi.
– Nimani nazarda tutyapsiz?
– Xonaga sen emas, onang kirganga o‘xshab tuyuldi.
– …
– Peshonasiga qarib-qartayib o‘lish yozilmagan bo‘lsa ham qayoqqa bunchalik shoshildi…
Shunday deb, u yana g‘amgin bo‘lib qoldi. Chxu Su sekingina uning bilagiga turtdi.
– Sharbat olib kelaymi, ota?
Otasi eshitmagandek uzoq vaqt javob bermadi, keyin ohistagina dedi:
– Men, yaxshisi, choy ichsam bo‘lardi.
Chxu Su xonani shamollatish uchun derazani qiya qilib, sekingina chiqib ketdi.
“O‘shanda nima meni shunchalik kuchli jazb etgan ekan?” – sovigan choyni ho‘plagancha o‘ylardi Ko Juk, o‘zi Me Xyan bilan uchrashib yurgan paytlarni eslarkan. Uni ustozi Sok Tam uyini ikkinchi bor tark etgan o‘ttiz besh yoshida uchratgan edi; o‘shanda u mamlakat bo‘ylab izg‘ib, o‘n yilini o‘tkazgandi.
U vaqtlar notinch zamonlar edi, lekin konfutsiychi olimlar o‘zlarining sodanlari bilan hali saqlanib turar, vaqti-vaqti bilan xattotlik, she’riyat bo‘yicha musobaqalar uyushtirilardi… O‘sha yillardagi tushkunlik va sarosimalik ichra Ko Jukning darbadarligi shukuhli o‘tdi, deyish mumkin. Bunga Ko Jukka she’riyat, xattotlik va rangtasvirdagi iste’dodi uchun “uch sohada mukammal ustoz” deb ulug‘lanadigan Sok Tamning favqulodda qobiliyatli shogirdi deb qarashlari yo bo‘lmasa, uning avval ham Sok Tamning ta’nalariga uchragan muvaffaqiyatli chiqishlar qilganligi sabab bo‘lganmi – buni biz bilmaymiz. Har oyda kamida bir marta qayerdadir albatta yig‘ilish uyushtirilar, Ko Juk unda faxrli o‘rinni egallardi. Boz ustiga o‘sha paytlarda istalgan viloyatda moybo‘yoqli rasm yoki xattotlik o‘rami uchun anchagina haq to‘laydigan boyvachchani hali uchratish mumkin edi.
O‘sha darbadarlikda Ko Juk Chinjuga kelib qolgandi. Navbatdagi xattotlik musobaqasi bahona o‘n kun uzluksiz ziyofatlar bilan o‘tdi. U mehmondorchilikni yana davom ettirish niyatida edi, biroq qayerdandir paydo bo‘lgan riksha[15] musobaqa o‘tkazilayotgan uy oldida to‘xtab, Ko Jukni chaqirib berishlarini so‘radi. Bu kabi holatlar avvallari ham bo‘lardi: navbatdagi boyvuchcha qo‘shnisidan qolishmaslik uchun mashhur mehmonni uyiga taklif qilib, fayton jo‘natardi, lekin odatda Ko Juk bu taklifni rad etardi. Bu safar u negadir rozi bo‘ldi va o‘zini mahalliy konfutsiychi maorif idorasiga eltgan aravaga o‘tirdi. Idorada shu qadar to‘kin dasturxon yozilgan ediki, stolning oyoqlari bukilib qolgandi. Dasturxon atrofida, qanchalik ajablanarli bo‘lmasin, Ko Jukni kutib besh-olti yapon va ikki-uch koreys o‘tirardi. Ular xattotlik va rangtasvirning qadriga yetadigan mahalliy idora rahbarlari edi. Me Xyan mehmonlarning ko‘nglini xush qilayotgan kisenlardan[16] biri edi. Ziyofat avjiga chiqqanda koreys amaldor, aftidan, mehmondorchilikni uyushtirgan mezbon – kisenga murojaat qilar ekan, tirjayib dedi:
– Xo‘sh, qaysi biringiz kechqurun mehmonimizning xizmatida bo‘lasiz?
Qizlar kulib yuborishdi. So‘ng ulardan biri mayda qadamlar bilan Ko Jukka yaqinlashdi va qizil yubkasining etagini ko‘tardi. Shunda rangtasvir uchun ham, xattotlik uchun ham juda bop, katta hajmli xitoy qog‘oziga o‘xshash oq shoyidan tikilgan ichki yubka ko‘rindi. Yigirma ikki yoshli bu kisen juda go‘zal bo‘lmasa ham, o‘zini tutishida kasbga aylangan ishvagarlik sezilmasa ham, unda tushuntirish mushkul bo‘lgan nozaninlik va joziba bor edi. Ko Juk sarxush qiyofada mo‘yqalamlar qutisini ochdi.
– Isming nima?
– Me Xyan.
Qiz deyarli g‘ashni keltiradigan tarzda javob berdi. Ko Juk iljaydi:
– Me Xyan deysanmi, “Olxo‘ri hidi”mi? Xo‘p, qani, biz olxo‘ri suratini chizib ko‘raylik-chi…
U o‘zini xotirjam va bamaylixotir ko‘rsatishga urinsa ham, mo‘yqalam tutgan qo‘li titrar, uni idora eta olmayotgandi. Surat g‘alati chiqdi. Sababini aniq aytish qiyin bo‘lsa ham, ustozi oldidagi aybdorlik hissi ta’sir qilgan bo‘lishi mumkin. Harholda mo‘yqalamni ichki yubka uzra yurgizayotgan Ko Jukning xayoliga kelgani kisen ismining ramzi emas, balki qachonlardir Sok Tam tomonidan ishlangan olxo‘ri – qurigan qiyshiq daraxt, ingichka singan shoxlardagi ikki-uchta ayanchli g‘uncha bo‘ldi. Va xuddi ustozi uslubidagidek tagso‘z: “Olxo‘ri butun umri bo‘yi sovqotsa ham, hidini sotmaydi”.
Bir qarashda bu tasvirning Me Xyan ismi bilan hech qanday bog‘liqligi yo‘q edi. O‘z hidini sotgandan ko‘ra muzlashga tayyor olxo‘rining so‘liy boshlagan yengiltak ayol ichki yubkasiga qanday aloqasi bo‘lishi mumkin? Biroq shundan so‘ng darhol hozirgacha eslashga uyaladigan ishlar boshlandi.
– Sizning olxo‘ringiz nega buncha diydiragan va yolg‘iz? – istehzo bilan so‘radi kisen.
U qizning etagiga muhrini bosdi va sekin, xuddi faqat Me Xyan uchungina dedi:
– Sen hech qachon Jen Si-syao orxideyalarining ildizlari ko‘rinmasligi haqida eshitganmisan?
Yaponlarga gap faqat qishda muzlaydigan olxo‘ri daraxti to‘g‘risida ketayotganligini tushuntirdi, lekin Me Xyan, aftidan, uni to‘g‘ri anglaganga o‘xshaydi. Jen Si-syao orxideyalarining yalang‘och ildizlari halok bo‘lgan mamlakatga motam ramzidir…
Tunda Me Xyan unga dedi:
– Janob, shunday ayozli tunda ichki yubkamni ho‘llagan ekansiz, balki endi tanamni isitarsiz?
U Me Xyan bilan to‘rt oy birga bo‘ldi; Ko Juk mast edi. Unda maftunkor bahor gullariga burkangan tog‘ o‘rkachlari kabi xotiralar bir umr saqlanib qoldi. Ammo oshib o‘tilgan o‘rkach ortda qoladi. U ishlarida halok bo‘lgan mamlakatni qo‘msab azoblanadigan sonbi, qiz esa Non Ge[17] kabi bag‘rida dushman sarkardasini quchgancha, o‘zini daryoga otishga tayyor kisen emasdi.
U atigi noaniq, biroq qaynoq shijoat bilan mamlakat bo‘ylab izg‘iyotgan rassom, qiz esa bor-yo‘g‘i oilasini boqish uchun yaponlarning ko‘nglini xushlayotgan xonanda va raqqosa edi. Ular g‘azab-nafratsiz, qayg‘usiz ajraldilar. Me Xyan kisenlar guruhiga qaytib keldi, Ko Juk esa sinfdoshlaridan biri uyushtirayotgan Chonchjudagi ko‘rgazmaga yo‘l oldi. Shundan keyin boshqa uchrashmadilar.
Kelgusi yilning kuzida esa Ko Jukka Me Xyan, hammaning o‘ylashicha, undan bo‘lgan qiz ko‘rganini xabar qilishdi. O‘sha paytda u Sorak tog‘laridagi darveshxonalarda edi. Uzoq o‘ylab o‘tirmasdan chaqaloqqa Chxu Su – “Kuzak suvi” ismini qo‘ydi. O‘zining shaffofligi va musaffoligi bilan yurakni zirqiratadigan tog‘ irmoqlarining suvi…. Bu, xudo biladi, qayerdan paydo bo‘lgan, qizchaning kelajagi bashorati emasmidi?
Bir necha yil o‘tgach, u Me Xyan vafot etganidan xabar topdi. Me Xyan qaysidir boyning surayyosi bo‘lgan, xo‘jayinning katta xotini zug‘um qilavergach, chiday olmay zahar ichib, yosh umrini xazon qilgan ekan.
Ehtimol, buni hissiyotsizlik ham deyish mumkindir, biroq u hatto Me Xyanning fojiali o‘limini eshitib ham ortiqcha qayg‘urib o‘tirmadi. Faqat yo‘l-yo‘lakay Me Xyan undan qiz ko‘rganligi yodiga tushib, bir lahzagina ko‘nglida yetimcha qayerda ekan, nima qilayotgan ekan kabi o‘ylar o‘tdi, xolos. Boshqa hech narsa.
U Chxu Suni birinchi bor maktabga qatnay boshlaganida ko‘rdi. Ma’lum bo‘lishicha, Me Xyan umriga zomin bo‘lgan kasbi-koridan biroz pul to‘plab, ukasiga qoldirgan ekan. Shu sabab ukasi yetim qolgan jiyani to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qilishni o‘z burchi deb hisoblab, Chxu Suni nufuzli maktabga beribdi. Ko Juk ba’zan qizini ko‘rgani borardi.
Ko Juk bemaza guruch qaynatmasini ichdi va o‘zini majburlab o‘rnidan turdi. Chxu Su uning idishini olib, otasining qo‘ltig‘idan tutgancha so‘radi:
– Bugun ham aylanib kelasizmi?
– Shunday qilishga to‘g‘ri keladi.
– Axir, kecha vaqtingizni zoye ketkazdingiz! Bugun ham, aftidan, o‘sha Kimdan boshqa hech kim bo‘lmaydi.
– Baribir.
Ko Juk o‘tgan yil yozda kasalxonadan chiqqanidan beri har kuni surat galereyalariga borishni odat qildi. Qayerdadir o‘zining asarlari paydo bo‘lishi bilan, avvaliga nega bunday qilayotganini tushunmasa ham, chiqimlarga qaramasdan, ularni sotib olardi. Ammo endi asta-sekin bir qarorga kelayotgandi.
Bu o‘limni aniqroq his qilayotganligi bilan bog‘liq edi. Uni davolovchi vrach, doktor Chon Ko Jukni soppa-sog‘ligiga ishontirgan bo‘lsa ham kasalxona xulosasidan ko‘chirma so‘nggi hukm edi. Bundan o‘z hamdardligini izhor qilgani kelayotganlarning keti uzilmayotganligi va otasining orqasidan soyadek ergashib yurgan Chxu Suning ko‘zlaridagi qayg‘u ham dalolat berardi. Kasalxonadagi kabi qattiq og‘riqlar bo‘lmasa ham tanasining hujayralari birin-ketin o‘layotganini his etardi.
– Chxo Xondan darak bo‘lmadimi? – Chxo Xon taxallusidan hozirgina Chxu Su tilga olgan Kim foydalanardi. U Ko Jukning o‘zi taxallus qo‘yib bergan shogirdlarining so‘nggisi edi; yigitcha ularning uyida ovqatlanardi.
– Yarim soatdan keyin kelishini aytdi. Ammo bugun siz…
– Yo‘q, baribir bir aylanib kelish kerak. Bo‘l, otlanaylik.
U o‘zini to‘xtatmoqchi bo‘lgan Chxu Suga g‘azab bilan qaradi va yurib ko‘rmoqchi bo‘ldi. Lekin bir necha qadam qo‘yishga ham ulgurmasdan ko‘z oldi qorong‘ilashib ketdi, gavdasi qulayotgandek tuyuldi. Chxu Su bezovtalanib kuzatib turdi va otasi to‘shagiga o‘tirishi bilan sezdirmay xonadan chiqdi. Ko Jukning ko‘z o‘ngida yana o‘tmish manzaralari lip-lip o‘ta boshladi.
Ularning ustoz bilan uchrashganligi haqiqatan ham taqdirmikan? Ko Juk hatto Sok Tam shogirdlari safiga kirganidan keyin ham ularning alomat munosabatlarida hech narsa o‘zgarmadi. Ko Juk allaqachon ulg‘aygan, biroq ustozi unga hamon qandaydir ichki yoqtirmaslik va g‘ijinish bilan munosabatda bo‘lardi. Ular nizom dastxatini o‘rganishdan boshladilar. Ko Juk qo‘liga mo‘yqalam olishdan avval ustozining buyrug‘i bo‘yicha mashhur Chxu Sa tomonidan tuzilgan “Xattotlik mahorati sirlari”ni yod oldi.
“Yozuv shaklida birinchi qoida quyidagicha: avvaliga qalbingni barcha bezovtalikdan xalos qil, keyingina qo‘lingga mo‘yqalam ushla. Sening harakatlaring falakning aylanishi kabi bo‘lishi kerak: samoning o‘rtasida osmonning o‘qi joylashgan va uning atrofida aylanadigan janubiy qutb va shimoliy qutb bo‘lgani kabi, mo‘yqalamning harakati qo‘l panjalari bilan, qo‘l panjalari harakati barmoqlar bilan, barmoqlarning harakati bilak bilan, bilakning harakati qo‘l bilan, qo‘lning harakati yelka bilan amalga oshiriladi – tana butun o‘ng yarmining harakati shu tarzda sodir bo‘ladi…”
Uncha katta bo‘lmagan, to‘rt yuztacha iyeroglifdan iborat “Xattotlik mahorati sirlari” shu jumlalar bilan boshlangan. Uni biror belgini tushirib qoldirmagan holda gapirib berish kerak edi. Keyin Ko Juk ustozidan yashirin ravishda bir necha marta ko‘chirib olishga ulgurgan Tanning buyuk xattoti Yan Jen-tsinning husnixatini o‘zlashtirib olish talab etildi.
– Buni yuz marta yozib chiqsang, husnixating boshqalarga namuna bo‘ladi; ming marta yozib chiqsang, maqtov eshitasan; o‘n ming marta yozib chiqsang, seni mashhur xattot deb atashadi.
Shu bilan yo‘l-yo‘riq tugadi. Bularni hayotining avvalgi davri, Sok Tamga shogird bo‘lguncha o‘tgan payt bilan taqqoslab ko‘rilsa, farqi katta emas: ochiq-oydin mashq qilish mumkin va ikki kun ustoz Un Guk oldiga borib, qadimgi klassiklar asarlarini o‘qiysan. Uch yil o‘tgandan keyingina ustoz yana saboq berdi:
– Nafas olishingni ushlab tur!
Bu paytga kelib Ko Juk husnixatlarni kamida uch ming marta qayta yozib chiqqan, lekin hamon belgilar safga tekis tizilmasdi. Ko Juk umidsizlana va taqdiridan o‘kina boshladi.
Rassomchilikda ham ahvol shunday edi. Ko Juk qora siyoh bilan toshlar orasidagi to‘rtta asl o‘simlik – olxo‘ri, orxideya, xrizantema va g‘arovni tasvirlashga harakat qilganida, Sok Tam unga mashhur tevongun[18] Xin Son[19] ishlagan qimmatbaho o‘ramdan nusxa ko‘chirilgan rasmlar to‘plamini berdi.
– Budda holatida o‘tirish Budda bo‘lishni anglatmaydi, biror vositasiz ajdahoni tuta olmaysan. Faqat ko‘p marta urinishlardan keyingina biror narsani eplay olasan.
Shu bilan saboq tugadi.
Ustoz shogirdi mo‘yqalami ostida yaralayotgan orxideyaga Ko Jukning yelkasi orqali qarab turgan paytlar ham bo‘lgan, lekin o‘shanda ham bir og‘iz so‘z aytmas, hech narsani to‘g‘rilamas, rahmdillik ko‘rsatib, biror narsa o‘rgatmasdi. Faqatgina Ko Jukka rasmi orxideyaga o‘xshay boshlagandek tuyulganida ustoz avvalgi ko‘rsatmalariga birgina jumlani qo‘shdi:
– Boshqatdan boshla. Toshni chizayotganingda esa mo‘yqalam chapdan o‘ngga suriladi.
Umuman olganda, Sok Tam shogirdining muvaffaqiyatlaridan unchalik quvonmasdi. Ko Juk shogirdlikka qabul qilingandan keyin o‘n yil chamasi o‘tganida uning qobiliyati sinfdoshlarining samimiy tahsinlariga sazovor bo‘ldi. Biroq ustoz olqishlarga sovuqqonlik bilan barham berdi:
– Hozircha u atigi namunalarga taqlid qilishni o‘rgandi.
Ko Juk yigirma yetti yoshida ustozining uyini tark etishi Sok Tamning sovuqqonligiga javobi bo‘lgandi. Ammo ajablanarlisi shundaki, uni boshqalar ko‘proq olqishlagani sari u ustozi og‘zidan maqtov eshitishga yanada tashna bo‘layotgandi. Bu uni yana qaytib kelishga va kechirilishni o‘tinishga, yana ikki yilcha sabot bilan haqoratlanish va jirkanishlarga toqat qilishga majburladi.
O‘sha yillarda u avvalgidek xizmatkor ishini bajarardi: yer haydar, ekin ekar, hosilni yig‘ishtirib olar, o‘tin maydalardi. Sok Tam esa hatto u bilan to‘qnash kelib qolishdan o‘zini olib qochardi. Bir safar sabri tugab, Ko Juk mo‘yqalamni qo‘lga olishga jazm etdi. U buni sir saqlash niyatida bo‘lsa ham ustoz hammasidan voqif bo‘ldi va jirkanib dedi:
– Bor, qo‘llaringni yuv. Siyohingdan fohishaning upasi va bo‘yoqlaridan ham qo‘lansaroq is kelyapti.
Keyinroq ustoz Ko Jukni kechirdi va yana mashq qilishiga izn berdi, biroq shundan so‘ng ham Sok Tamning shogirdiga munosabati o‘zgarmadi. Aksincha, Ko Jukning dastxati charxlanib, tobora nafis bo‘lib borgani sari ustozining tund nigohida tushunarsiz bezovtalik orta boshladi. Biroq Ko Juk umidini uzmadi. U deyarli yarim umr ustozining sovuqqonligi va beparvoligidan aziyat chekdi va shu davr ichida bunga ko‘nikibgina qolmasdan, jo‘rttaga, unda behalovatlik va alam uyg‘otishni o‘rganib oldi. Hatto ustozning g‘azabi qaynashi va xo‘rsinishlaridan qandaydir mamnuniyat hosil qiladigan bo‘ldi. Shunga qaramasdan, ustoz va shogirdning bunday baxtsiz munosabatlariga uzil-kesil barham beriladigan kun kelishi muqarrar edi. Sok Tamning tashvishlanishi kuchayib borar, Ko Jukning esa o‘ziga ishonchi ortayotgandi.
Mohiyat jihatidan, ularning ijodga qarashlari mos kelmasdi. Sok Tamning asarlarida shijoatni qadrlashi aks etar, u asosiy e’tiborini buyumlarning ruhi va ichki tabiatiga qaratardi. Ko Juk esa, avvalo, go‘zallikni sevardi va o‘z ishlarida hissiyot va mohiyatni ifoda etishga intilardi. Sok Tamning nazarida surat ruhning ifodasi, Ko Juk uchun buyumning tasviri edi.
Boshqa safar ular san’at va dao[20] to‘g‘risida gaplashdilar. Ko Juk:
– San’atda asosiysi nima: tug‘ma qobiliyatmi, egallangan ko‘nikmami yoki daoga amal qilishmi? – deb so‘radi.
– Daoga amal qilish.
– Nima uchun yozish qobiliyati va yozish ko‘nikmasi to‘g‘risida gapirishadi?
– Qobiliyat daoning nurlanishi, ko‘nikma esa uning po‘stlog‘idir. Agar daoga amal qilinmasa, qobiliyat o‘z ifodasini topmaydi va ko‘nikma egallanmaydi.
– Aytishlaricha, agar qobiliyat takomillashtirilsa, daoga erishish mumkin. Shunday bo‘lsa, ehtimol, qobiliyat nurlanish emas, balki daoga eltuvchi yo‘ldir?
– Kosiblar shunday deyishadi. Dao hamma narsani qamrab oladi.
– Shunday ekan, shogird, eng avvalo, qalbini poklashi kerakmi?
– Ha. Shuning uchun ham Van Si-chji inson emasga ta’lim bermayman degan. Endi sen, balki, buning ma’nosini tushungandirsan?
Sok Tam shogirdining yuziga tashvish bilan boqardi. Lekin Ko Juk hecham uning umidlarini oqlamoqchi emas.
– Siz avval odam bo‘lish kerak deyapsiz, unday bo‘lsa, nega mishiqilarga mo‘yqalam tutqazish va ularni iyeroglif belgilarini chizishga majburlash kerak? Agar, siz aytganingizdek, daoga amal qilish yozish ko‘nikmasini egallashdan avval boshlanishi kerak bo‘lsa, ko‘pchilik hayoti mobaynida qo‘liga mo‘yqalam ushlashga ulguradimi?
– Qobiliyatni takomillashtirib va ko‘nikma hosil qilib, qachon dao bilan birlashib keta olishlarini kutishadi. Agar butun umr mashq qilinsa, mahorat va ko‘nikmaga ega bo‘lasan va shunda daoga amal qilib birgina qadam qo‘ysang, haqiqiy rassom bo‘lasan. Dao bilan birlashib ijod qilish san’atda o‘z yo‘lingni topishni anglatadi.
– Ammo bunda ko‘nikma baribir daodan oldin paydo bo‘lishini bildiradi. Axir, bu aravani otning oldiga qo‘yib egarlash bilan barobar-ku.
Ko Jukda ta’lim olishga kirishgandan beri kuchayib borayotgan e’tiroz otilib chiqdi. Biroq ustozning javobi ham qat’iy bo‘ldi, zero, uning qalbida birinchi kundan joy olgan tashvish nihoyat o‘zini oqlagan edi.
– Sen, ahmoq, kitobiylik ruhini his etish, bitiklarning muattar hidini anglab yetishni o‘rganish uchun aslo qayg‘urmaysan! Buning o‘rniga valdiraganing-valdiragan! Sen mumtoz qonunlar va hikmatlar mohiyatini tushunmaysan, axir! Sen nazm va nasrdan lazzatni tuymaysan. Naqadar sharmandalik! Qo‘lni mashq qilib, ayanchli taqlid qilishdan nariga o‘ta olmaslik. Hech bo‘lmaganda uyalishing kerak edi, yo‘q, uning o‘rniga buyuklarni muhokama qilmoqchi bo‘lasan.
Ko‘p o‘tmay esa ular munosabatlarida tub burilish yuz berdi. O‘shanda Ko Juk o‘ttiz olti yoshda edi.
Bu vaqtga kelib uning paymonasi to‘lgandi. Ko Juk yana Sok Tam oldiga qaytib kelgandan keyin o‘tgan sakkiz yil davomida u jon kuydirib, lekin deyarli ruhiy tushkunlikda tahsil oldi. Sabot va qunt bilan uzoq soatlar davomida joyidan qo‘zg‘almasdan rangtasvir va xattotlikda shunday berilib mashq qilardiki, yozda ko‘p o‘tirishdan qizarib ketadigan dumbasi chidab bo‘lmas darajada achir, qishda esa sovuqqotgan oyoqlari nihoyatda uvushardi. Ustozining nafratlanishidan aslo ta’sirlanmas, rangtasvir va xattotlikka bog‘liq bo‘lmagan narsalarga e’tibor bermasdi. Bunga qadar ham o‘n yil Sok Tamning shogirdi sifatida kun kechirgan bo‘lsa-da, bevosita ana shu sakkiz yil Ko Juk xotirasida hayotining eng sermazmun davri sifatida saqlanib qoldi. O‘sha o‘n yil ustozga yaqinlashish uchun ketdi; undan ketish, xalos bo‘lish, erkinlikka chiqish uchun sakkiz yil talab qilindi.
Bu davrda Ko Jukning rangtasvir va xattotlikdagi mahorati yetuklik darajasiga yetdi, shuning uchun u asta-sekin nom qozona boshladi. To‘g‘ri, turlicha fikrlar mavjud, ammo ko‘pchilik hozirga qadar Ko Jukning bevosita o‘sha davrdagi iste’dod va ilhom ufurib turgan ishlarini uning eng yuksak yutug‘i deb hisoblaydilar. Biroq Ko Jukning o‘zi bu ishlarda qandaydir soxtalikni his qila boshladi: bu uyiga o‘t tushgan odamning boshpanasizlik va tushkunlik tuyg‘usiga o‘xshab ketardi.
Bunday hisning, aftidan, ikki sababi bor edi. Birinchidan, Ko Jukning yoshlik yillari, o‘z ta’rificha, qaysidir qora siyoh va qog‘ozlar dunyosiga ma’nisiz oqib ketgandi. Un Gok keyin unga ikkita bola tug‘ib bergan xotinni nikohlab bergan bo‘lsa ham, bu ayol uning uchun sevgi va ehtiros mahbubasi emas, balki xuddi javon yoki yozuv stoli kabi zarur ashyo bo‘lgandi. Uning yoshligi, uning orzulari, uning muhabbati, uning intilishlari – hamma-hammasi ta’limga va yana ta’limga ketdi… Endi esa uning hayoti kech kuzda shamol va yomg‘ir ostida shoxda yolg‘iz ayanchli titrab va qaltirab turgan sarg‘aygan yaproqqa o‘xshardi; o‘zi ko‘zlagan, uning uchun hamma narsani qurbon qilgan maqsadi esa tog‘ cho‘qqilari zanjiri uzra ko‘prikdek egilgan kamalak singari olisda qolgandi.
Ikkinchidan, Ko Juk asta-sekin yirik rassom va xattotga aylangani sari soxtalik tuyg‘usi oldida tobora ko‘proq ko‘ndalang bo‘layotgandi. Shu zaminda erkak bo‘lib tug‘ilib, butun umr qora siyohni surish va mo‘yqalam bilan ovunish… Bu vaqtda esa kimdir vatanini ozod qilishi uchun jonini jabborga bermoqda; kimdir tinimsiz tashvishlar bilan vatandoshlariga ilm nurini tarqatmoqda; kimdir amaliy bilimlarni egallab, o‘zini jamiyatga xizmat qilishga baxshida etmoqda. Ko Juk umrining yarmi qanday o‘tdi? Axir, u har doim o‘zi haqida o‘ylardi, ter to‘kib ishlashi faqat nochor va zerikarli turmushdan qochish bo‘ldi. Bu mehnat kimga kerak edi?
Ma’yus kuz kuni so‘nib borayotgandi… Juda qartayib qolgan Sok Tam qog‘oz va mo‘yqalamni qo‘lga olish uchun bordondan arang ko‘tarildi. Katta mo‘yqalam, qirqilmagan, butun varaq – o‘sha paytda bulardan deyarli foydalanishmasdi. Bu vaqtga kelib, bir necha oydan beri ishga kirishmagan Ko Juk ustozining o‘jarligi o‘zida tushunib bo‘lmaydigan g‘ijinish uyg‘otishini his etdi va qora siyohni aralashtirish kerakligini aytib, xonadan chiqdi. Unga ustozi Sok Tamning xattotlikka o‘taketgan darajada berilishi ko‘nglida kulgi uyg‘otayotgandek tuyuldi. Biroq u iztirobda hovlida sayr qilar ekan, qalbida qiziqish g‘imirlab qoldi.
U xonaga kirdi va ustozining mo‘yqalami siyohdon chetida yotganligini ko‘rdi. Ustozning o‘zi esa ko‘zini yumib, arang nafas olardi. Qog‘ozga “Son-sanoqsiz sochlar birgalikda – kuch” hikmatining dastlabki uch iyeroglifi bitib bo‘lingandi. So‘nggi iyeroglif – “kuch” yozilmagandi: ustoz ularni yozishga ulgurmagandi.
– Aytishlaricha, So Je yetmish sakkiz yoshida kunjut doniga to‘rt iyeroglif: “Osmon ostidagi buyuk dunyo”ni bitishga muvaffaq bo‘lgan. Men hali yetmishga to‘lmasam ham bir urinishda to‘rt iyeroglifni yozish uchun quvvatim yetmay qoldi.
Ustozning ojiz ovozi hozir naqadar mungli eshitilardi! Lekin Ko Juk bu so‘zlarni eshitganida bosib turgan g‘azabi miyasiga urildi. Sok Tamning beholligi Ko Jukda hamdardlik uyg‘otmadi, aksincha, u g‘ayriodatiy yengillikni his etdi.
– Agar siz ularni bir o‘tirishda bita olganingizda-chi? Agar Oltin qanotli qush sizning stolingizdan to‘ppa-to‘g‘ri osmonga parvoz qilgan bo‘lsa-chi, agar xonangizga to‘satdan xushbo‘y fil kirib kelsa-chi? Xo‘sh, bularning sizga nima daxli bor?
Mutlaqo kuchdan qolgan Sok Tam avvaliga shogirdining gaplaridan gangib qoldi. Lekin bir lahzadan so‘ng bu so‘zlarning asl ma’nosini tushunib, unga qahr bilan boqdi.
– Bunday deyishga qanday hadding sig‘di? Haqiqiy rassom ruhining ana shunday yuksak holatga erishishini orzu qiladi. Hech bo‘lmasa bir marta!
– Mayli, bunga erishdingiz ham deylik, ammo u odamlarga nima beradi? – tilini tiymasdi Ko Juk.
– Hali Tiyonshon[21] tog‘iga chiqmasdan turib Osmon ostidagi o‘lkada balandroq tog‘ yo‘qmi deb hovliqyapsanmi? Seningcha, cho‘qqini zabt etganlar va ismlarini abadulabad shon-shuhratga burkaganlar befoyda ish qilishganmi?
– Ular o‘zlarini va boshqalarni aldab kelganlar. Mayli, daoda qog‘ozni siyoh bilan bulg‘ash bo‘laqolsin, shunga nima bo‘pti? Bunda qandaydir sirlilik bormi, bu juda ulkan voqeami! Hatto o‘g‘rilar va qassoblar ham o‘z daolariga amal qilishadi. Hatto kulollar va temirchilar ham o‘z daolariga rioya qiladilar. O‘z ismingni mangulikka muhrlading, deb xohlagancha gapiraver, mayli, mendan keyin iyerogliflar bitilgan qog‘ozlar qolsin, avlodlar ko‘z o‘ngida o‘ralashib, jonga tegsin, buning qanday nafi bor? Hatto qabr toshlarini ham shamol va yomg‘ir yemiradi. Shunday ekan qog‘oz bilan qora siyoh qanchaga chidaydi? Bunday meros hech kimning turmushini yaxshilamaydi, hech kimni to‘ydirmaydi, isitmaydi ham. Siz esa bu ma’nisizlikni bekitish uchun go‘yoki o‘zingiz erishgan ruhning qandaydir ta’riflab bo‘lmaydigan, aql bovar qilmas darajasi haqida gapirasiz.
Keskin zarbdan Ko Juk peshonasini ushlab, chalqanchasiga yiqildi: g‘azablangan ustozi unga siyohdonning toshdan yasalgan qopqog‘ini otgandi. Ko Juk qon bosgan ko‘zini artar, qulog‘ini esa qari o‘qituvchisining telbanoma baqirishi yoray derdi.
– Avvalboshdan sening razilsuyakligingni sezardim! Yo‘qol! Sening joying bozorda, lavhalarni chaplashdan boshqasiga yaramaysan. Sen o‘zingni rassom qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lib, shuncha yil qo‘limda o‘qiding. Endi har qanday bo‘yoq surkashingga, balki bir qopdan guruch berishar!..
Ular boshqa ko‘rishishmadi. Ko Juk ustozining uyini tark etganidan keyin bu yerga Sok Tam tobutga tushgandan so‘nggina keldi.
U o‘zining ajinlar chuqur iz qoldirgan peshonasini ushlab ko‘rdi. Chandiq deyarli sezilmasdi. Xotirasida ustozining chehrasi gavdalandi: nafrat ham, qo‘rquv ham yo‘q, faqat qayg‘u…
– Ota, Kim keldi.
Chxu Suning tovushi uni yana xotiralarning cheksiz olamidan sug‘urib oldi. Eshikdan Chxo Xonning boshi ko‘rindi.
Ko Juk Chxo Xonga odatda kech tug‘ilgan farzandga nisbatan bo‘ladigan alohida mehribonlik ko‘rsatardi. Buning sababi shogirdining yumshoq, ko‘ngilchan fe’li edimi? Yoki o‘zining samimiy g‘amxo‘rligimi? Lekin hammasi, aftidan, Chxo Xonning dastxati bilan bog‘liq edi. Bu shogirdi hali mo‘yqalamni to‘g‘ri ushlay olmasdan turib, yarim tez yozuvni egallab oldi. Keyin nizom bo‘yicha yozuvning uddasidan chiqmasdan tez yozuv va harflari chirmashgan usulda yozishni o‘rgandi. Hozirgi yoshlardan farqli ravishda, Chxo Xon o‘z dastxatini yaratishga rosa uch yil sarfladi. Zavq-shavq, havas qilsa bo‘ladgan sabot va muqimlik bilan yetti yil davomida mumtoz kitoblarni o‘rgandi. Shu bilan birga u kamtarin, o‘ziga talabchan edi, hovliqmasdi. Shu bahorda Ko Juk shogirdlari ishlarining ko‘rgazmasiga tortinib, faqat ikkitagina xattotlik o‘ramini taklif qildi. Chxo Xonning dastxati biroz notekis, ammo qandaydir g‘alati kuch bilan to‘lib toshgandi. Bu dastxat Ko Jukka o‘zi yoshligida rad etgan, lekin yillar o‘tishi bilan tobora chuqur ma’noli kasb etayotgan Sok Tam yozuv uslubini eslatardi.
– Bugun ham aylanib kelishni xohlaysizmi? Chxu Su xonimdan eshitishimcha, sizga harakat qilish biroz noqulay ekan…
Chxo Xon ertalab qartaygan ustozining sog‘lig‘idan xabar olish uchun uni bezovta qilishga jazm eta olmadi va hozir o‘zini noqulay his etardi. U shundoq ham duduqlanardi, hozir esa xijolatdan juda tushunarsiz gapirardi. Ko Juk xushmuomala bo‘lish uchun, yumshoqqina qilib dedi:
– Haqiqatdan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Lekin baribir bugun do‘konlarni aylanib kelamiz. Ha, aytgandek, kutubxona nima bo‘ldi?
– Gaplariga qaraganda, hech narsa qilib bo‘lmaydi, hammasi katalogga kiritilibdi.
– Qancha pul to‘lansa hammi?
– Janob direktor, aslo iloji yo‘q, dedi.
– O‘zbilarmonlik qilishyapti. Direktor bilan shaxsan o‘zim gaplashishimga to‘g‘ri keladi, shekilli.
– Bugun shart emasdi…
– Bekor gap. Yaxshisi, mashinani keltir.
Chxo Xon indamay chiqib ketdi. Uning yuzidan ajablanish ifodasi sezilib turardi, ammo bugun ham ustozi nega qat’iyat bilan hamma joydan o‘z ishlarini sotib olayotganligini so‘ray olmadi.
Kun iliq, yoqimli edi. Ko Juk shogirdining qo‘liga suyanib, badiiy buyumlar sotiladigan do‘konlar joylashgan mavzeda mashinadan tushdi. U bu yerga bir necha oydan beri kelardi.
– E, muhtaram Ko Juk kelibdilar. Sizni koyitishga majburmiz, hozircha biror yangi narsa yo‘q. Mazangiz qochibdi, degan ovoza tarqaldi, shuning uchun hamma asarlaringizni ushlab turibdi, hech kim hech narsangizni keltirmayapti.
Ko Juk yo‘lida davom etdi.
Ko Jukni yaxshi taniydigan do‘kon egalari uni hurmat bilan qarshi olardilar. Biroq izlashlari hozircha besamar edi. Faqat beshinchi yoki oltinchi do‘konchada uning nigohi to‘satdan tanish o‘ramga tushdi. Yarim tez yozuv. Ko Jukning imzosida “ko” bo‘g‘ini odatdagidek “qadimiy” iyeroglifi bilan emas, balki xuddi shunday eshitiladigan “yolg‘izlik” iyeroglifi bilan ifodalanganiga qaraganda o‘ram Ko Juk ikkinchi bor Sok Tamni tark etgan vaqtga taalluqli edi.
– Buning uchun senga Un Gok mo‘yqalamiga mansub orxideyani beraman. Rozimisan?
Do‘koncha xo‘jayini bunday taklifdan xursand bo‘ldi. Ismning birinchi iyeroglifi “yolg‘izlik” bo‘lgan o‘ramlar umuman u qadar yuqori baholanmasligi, mazkur holatda birinchi qarashdanoq asar unchalik muhim ahamiyatga ega emasligi sezilib turardi. Ko Juk nazarda tutgan Un Gokning orxideyasi qandayligini do‘koncha xo‘jayini bilmasdi, lekin boshqa do‘kondorlar anchadan beri Ko Juk bilan bunday ayriboshlashlardan zarar ko‘rmasliklarini gapirib yurardilar.
– Muhtaram Ko Jukka xizmat ko‘rsatishdan mamnunmiz, – dedi do‘koncha xo‘jayini suhbatdoshidan ochiq minnatdorchilik kutib.
– Rahmat. Suratni keyinroq mana shu yigit orqali yuboraman, – Ko Juk Chxo Songa imo qildi.
– Tashvishlanmay qo‘ya qoling. O‘zim oldingizga boraman. Kechqurun borsam, sizga ma’qulmi?
– Ha.
Do‘koncha xo‘jayini o‘ramni olib, uni qutiga joylamoqchi bo‘ldi.
– Hojati yo‘q. Qanday bo‘lsa, shundayligicha beraver.
– Biroz dam olib, yana yo‘lga tushamiz, – dedi u, aslida hech kimga murojaat qilmasdan.
Ammo ko‘p o‘tmasdan Ko Juk hayotini ostin-ustun qilib yuborgan voqea sodir bo‘ldi.
O‘sha paytda u o‘g‘li Seuldagi yapon general gubernatorligida yuqori lavozimni egallab turgan yaponparast katta yer egasi janob Xonikida mehmonda edi. Xo san’atni qadrlar, rangtasvir va xattotlikni yaxshi tushunar va vaqti-vaqti bilan uyida “mo‘yqalam sohiblari”ni to‘plash bilan o‘zini ovuntirardi. Bu davrda Ko Jukning hatto yorma bo‘tqasi, soya kunjarasi ham yo‘q edi, shuning uchun saxiy mehmondorchilik va “yo‘l xarajatlarini qoplash” deb ataladigan choychaqa mehmonni dasturxoni ochiq xo‘jayinga samimiy minnatdorchiligini bildirishga majbur qilardi. Buning ustiga u yapon ma’murlari bilan aloqalariga qaramay yaponlarni chorlamagan edi-ku!
Lekin bir necha kundan so‘ng Ko Juk oldiga ustozi Un Gok keldi. Ko Juk xursand bo‘ldi: o‘zini hammadan ham yaxshi tushunadigan Un Gok Sok Tamning eng yaqin do‘sti bo‘lishdan tashqari, Ko Jukning ham ustozi bo‘lib, u o‘zi bir necha yil Un Gok qo‘lida tahsil olgandi. Bevosita Un Gok Ko Jukni uylantirdi. Bevosita Un Gok Ko Juk Sok Tamni tark etganida boshqalardan yaxshiroq tushundi. Biroq Ko Jukning quvonchi havoda osilib qoldi.
– Qoyil! Ota-onasiz, ustozsiz, oilasiz yolg‘iz g‘arov Ko Juk haqir qariyani tanishni lozim topdi.
Un Gok Ko Juk ismining iyerogliflari ma’nosi va u qachonlardir yoshligida ishlatgan taxallusi – Uchta Yo‘qli Odamni eslatib, unga og‘ir zarba berdi. Un Gok qadrli mehmonni olib qolishga uringan janob Xoning iltimoslariga e’tibor bermasdan hatto dasturxonga ham o‘tirmadi.
– Sok Tam o‘ladigan vaqt kelganga o‘xshaydi. U sening qaytib borishingga umid qiladi, har holda shogirdisan. Sen esa bu yerda!..
Odatda yumshoqko‘ngil, xayrixoh Un Gokdan bunday ta’nalarni eshitgan Ko Juk o‘zini tayoq bilan tarsillatib solishgandek larzaga tushdi.
Aslida daydi hayot Ko Jukning joniga tekkandi. Boshpanasizlik va bo‘shliq noshudlarning tasannolari bilan ham, nozik didli boyvachchalarning sadaqalari bilan ham taskin topmayotgandi. Ayollar ham, may ham bu bo‘shliqni to‘ldirmasdi. Yillar sezdirmasdan o‘tib ketayotgandi: mana, qirq yoshni ham urib qo‘ydi.
Ehtimol, Ode tog‘iga sayohat uning qaynoq hissiyotiga go‘yo o‘chib borayotgan gulxandagi bir lahza yalt etgan cho‘g‘dek turtki bergandir.
Ertasiga ertalab Ko Juk janob Xoning mehmonnavoz uyini tark etdi va Ode tog‘iga, yaqinda qalin do‘sti boshliq bo‘lgan erkaklar darveshxonasiga yo‘l oldi. Ko Juk ustozi Sok Tamning oldiga qaytishi kerakligini bilardi. Buni orqaga qoldirmaslik zarurligini ham fahmlar, hayotidagi eng muhim qarorlardan biri bo‘sag‘asida turganligini yaxshi tushunardi. U qaytib borishni istardi va qaytib borishdan qo‘rqardi. Shuncha narsani boshidan o‘tkazgan uyga yana kirishdan avval qalbini poklashi zarurligini his etardi.
Ko Juk darveshxonaga omon-eson yetib borib, deyarli yarim yil darveshning xayolotga beriluvchan turmush tarzida yashadi. Biroq Ko Jukning sayoq yurgan yillarida qalbini qoplagan dunyoviy kirning qalin qatlami, eski dilsiyohliklar… bularning baridan xalos bo‘lish oson emasdi. Bahor eshik qoqdi, lekin Ko Juk hech ruhan orom ololmayotgandi.
Ana shunday kunlarning birida Ko Juk ertalabdan beri oqsochga qarag‘ay po‘stlog‘ini shilishda yordam berib, hordiq chiqarish uchun ibodatxona orqasida tiz cho‘kdi. Shunda devordagi rangi o‘chgan bezakka ko‘zi tushdi. Dastavval u buni o‘n ikki homiy arvohlardan birining tasviriga o‘xshatdi. Diqqat bilan razm soldi: kallasi xuddi lochinnikidek, tanasi – odamnikidek, qanotlari tilla tusda…
– Bu nima? – so‘radi u darveshxona boshlig‘idan.
– Oltin qanotli qush. Uning boshida – “Istaklar ijrosi duri”. U olov purkaydi va ajdaholarni yeydi. U hamma tomonidan dengizlar bilan qurshalgan Sumeru tog‘ida yashaydi. Bu qush Budda qonunini qo‘riqlaydigan sakkizta ilohning beshinchisidir. Uni yana Oltin qush yoki Ajoyib qanotli qush ham deb atashadi.
Buni eshitishi bilan “Oltin qanotli qush dengizni teshib o‘tmoqda” bayti yodiga tushdi. Shu paytgacha uning uchun Oltin qanotli qush faqat majoz, ustozining qat’iyatli, orasi katta-katta ochib yoziladigan dastxati bilan bog‘liq qandaydir kuch ramzi edi. Endi mana shu rangi o‘chgan bezakni ko‘rganidan keyin Oltin qanotli qush o‘zi uchun tirildi. Bir lahza unga hatto ulug‘vor qush oltin qanotlarini silkitib, yuksak osmonga parvoz qilganini va to‘satdan pastga toshdek otilib, dengiz to‘lqinlarini teshib o‘tib, tipirchilayotgan ajdahoni changallab olganini ko‘rgandek ham tuyuldi. Va shu onda ustozining: “Agar sen hech bo‘lmasa bir marta mo‘yqalaming ostidan chiqayotgan bitikda hayotni ko‘ra olsang, maqsadingga erishgan bo‘lasan”, degan so‘zlarini nihoyat tushundi.
Ertasiga Ko Juk lash-lushini yig‘ishtirdi va tog‘dagi darveshxonani tark etdi. Urushning so‘nggi yili ketayotgan edi.
Ko Juk kechikdi. Shuning uchun u o‘zining qaytib kelgan kunini xotirlar ekan, hamisha achchiq o‘kinish hissini tuyadi. Odatda kimsasiz bo‘ladigan hovlida hozir marhumning shogirdlari va do‘stlari to‘plangandi. Hech kim Ko Jukning qaytib kelganiga xursand bo‘lmadi, hech kim unga bir og‘iz gapirmadi. Faqat Un Gokkina sovuqqonlik bilan g‘ijinib g‘o‘ldiradi:
– Myonchjondagi, motam matosidagi yozuvni sen yozasan. Sok Tamning so‘nggi irodasi shunday. Marhumning lavozimi va ilmiy darajasini yozish kerak emas. Oddiygina qilib: “Kimlar urug‘idan bo‘lgan oliyjanob Sok Tam, konfutsiychi olimning tobuti”, deb yozasan… – Ustoz endi ko‘z yoshini to‘xtata olmay, qo‘shib qo‘ydi: – Sen hech bo‘lmasa endi tushunyapsanmi? Agar Sok Tam Myonchjondagi yozuvni bevosita sen bitishingni xohlagan ekan, u sening qo‘ling bilan yozilgan iyerogliflarni o‘zi bilan olib ketmoqchi bo‘lgan. U iqtidoringni shunchalik qadrlardi! Eh, ahmoqsan, ahmoq…
Va shunda Ko Jukning azob tortib kelgan qalbi ag‘dar-to‘ntar bo‘ldi. Go‘yo eski ozorlar unutilgandi! Ehtimol, hayotida birinchi marta ustozining ko‘ziga tik qaragisi keldi… Ammo hatto tobutning qopqog‘i ham mixlanib bo‘lingandi.
– U yog‘iga bormaymizmi, ustoz? – ehtiyotkorlik bilan so‘radi Chxo Xon yoyilgan o‘ram ustida qayg‘uli o‘ylarga cho‘mgan Ko Jukdan.
U voqelikka qaytdi va ohista o‘rnidan turdi.
– Yo‘q, boramiz.
Ular yana bir nechta do‘konlarni aylanib chiqishdi. Birdan Ko Jukning ko‘z o‘ngi qorong‘ilashdi, oyoqlari holsizlandi.
– Sizga nima bo‘ldi, ustoz? – Chxo Xon shalpaygan Ko Jukni arang ushlab qoldi, ustozi shogirdining qo‘liga o‘zini tashlab yuborgandi.
– Hech narsa. Hozir yo‘lga tushamiz.
Qandaydir g‘alati narsa xuddi elektr toki urgandek bo‘ldi, peshonasini sovuq ter bosdi. Chxo Xon Ko Jukning o‘tirishiga yordamlashdi.
– Uyga qaytsak yaxshi emasmi, ustoz? Bugun hech narsa topolmasak kerak.
Lekin Ko Juk qatiyat bilan dedi:
– Boshqa do‘konlarni qarab chiq. Men shu yerda bo‘laman. Biror narsa topsang, aytasan.
Chxo Xon ustozining ahvolini bilishga harakat qilib, bir necha soniya uning yuziga sinchiklab tikilib turdi, keyin indamasdan chiqib ketdi.
– Hozir hammayoqdan sotib olayotgan ishlaringizni nima qilmoqchisiz? – tulkilik bilan so‘radi do‘kon xo‘jayini Ko Juk nafasini rostlab olganidan keyin. Bu savol bir necha oylardan beri do‘kondorlarni qiziqtirayotgan edi. Biroq Ko Juk hech kimga o‘z niyatini oshkor qilmasdi. Bugun ham hech narsa demoqchi emasdi.
– Nima qilishni bilaman.
– Demak, to‘g‘ri ekan-da? Siz o‘z muzeyingizni ochmoqchimisiz?
“Muzey? – zaharxandalik bilan tirjaydi Ko Juk va uning yuragi ifodalab bo‘lmaydigan ma’yuslik bilan zirqiradi. – Bilishganida edi…”
– Omon bo‘lsak ko‘ramiz, – mavhum javob qaytardi Ko Juk va gapni boshqa tomonga burdi. – Bu asliyatimi?
Bu asliyat bo‘lishi mumkin emasligini juda yaxshi bilgani holda u barmog‘i bilan o‘ramga – Chxu Sa uslubiga yaqqol taqlid: “Rassomning san’ati Buyuk daryo suvlari kabidir. Xattotning mahorati yolg‘iz qarag‘ay kabidir” bitigiga ishora qildi.
– Yo‘g‘-e, qo‘ysangiz-chi, muhtaram janob. Bu bir tanish yigitning ko‘chirgan nusxasi, uni Un Bon deb atashadi. O‘ylashimcha, bitikda dunyo g‘ala-g‘ovuridan parishonlik hissi borday, shuning uchun oldim.
– Ha, shundaymi…
Ko Juk xayoli qochgan holda o‘ramga boqar ekan, buyuk Chxu Sa haqida o‘ylardi. Qachonlardir u qalbini zabt etgandi!
Dafndan keyin Ko Juk yana o‘n yilcha ustozining yetim uyida tarki dunyo qilib yashadi. U ustozining qarib qolgan bevasi, asrab olgan o‘g‘liga g‘amxo‘rlik qilar va yana sabot bilan ishlardi. U o‘ziga avvalroq “yoshini yashab bo‘lgan” sifatida ko‘ringan uslublar va dastxatlarni o‘rganardi.
U yana Xitoyning qadimiy epigrafikasini o‘zlashtirishga kirishdi. Bronza uch oyoqlari va tosh barabanlardagi yozuvlardan, Sin va Xan, Uch saltanatlik va G‘arbiy Jin matnlaridan nusxa ko‘chirardi. U yana Janubiy maktabning Chjun Yao, Vey Van, Van Si-ji va uning o‘g‘li Van syan-ji, Ji Yun va uning shogirdlari, Shimoliy maktabning So Szin, Suy Yue va Yao Yuan-byaodan Ouyan Syun va Chu Suy-lyangacha bo‘lgan xattotliklarini o‘rganardi. Shunday qilib, Ko Juk yetuk ijodkor darajasiga yetganida asarlariga Sok Tam ko‘p marta tilga olgan kitobiylik ruhini singdirardi. Qayerlardadir inqilobiy buhronlar guldurardi, fuqarolik urushi alanga olayotgandi, biroq hech qanday g‘ala-g‘ovurlar Ko Jukni ustozining uyini tashlab ketishga majburlay olmasdi.
Bevosita ana shu paytda Ko Juk xattotlik sirlarini egallab, yo‘lning tub burilishlarida necha bor bo‘lganidek, o‘zida hamisha haqiqiy zavq-shavq hissini uyg‘otadigan Chxu Saning ijodiga yana murojaat qildi. U marhum ustozi, o‘zi bu to‘g‘risida ochiq gapirmagan bo‘lsa ham, amalda buyuk ijodkorning haqiqiy, ehtimol, yagona merosxo‘ri ekanligini tushuna boshladi.
Lekin hatto Chxu Sa ham Ko Juk qalbini to‘la zabt eta olmasdi. Ustozi vafotidan keyin Sok Tam uni shogirdlikka olishga ikkilangani, butun umr undan ehtiyot bo‘lib yurgani, o‘zining irodasini bukkanligi to‘g‘risidagi achchiq xotiralari biroz yumshagan bo‘lsa ham Ko Jukka vaqti-vaqti bilan baribir azob berardi. Bundan tashqari Ko Juk Chxu Saning qarashlarini so‘zsiz qabul qila olmadi. Ko Juk san’atni nafosat deb tushunar va uning fikricha Chxu Sa ijodida falsafa juda ko‘p edi. Yozuvlarning muattar hidi va kitobiylik ruhi go‘zallikni yaratishning qo‘shimcha vositalari, hatto go‘zallik turlaridan biri bo‘lishi mumkin, ammo ular mohiyat jihatidan go‘zallikning unsuri bo‘lishga qodir emaslar. Ayni chog‘da Chxu Saning rangtasvirdagi yutuqlari bevosita ijodkor sifatidagi shaxsiy daholigining oqibatidan boshqa hech narsa emas. Bundan tashqari Chxu Sa qarashlarining asosiga qurilgan Sin yangi konfutsiychiligi yillar o‘tishi bilan endi nish urayotgan “manbalarga qaytish” harakati uchun rosmana falokat bo‘ldi va taqlidgo‘ylar orasida bevosita Sin natura falsafasining ta’siri o‘sha paytdagi Koreya san’atining ikkinchi navli Xitoy namunalari ma’nosini tuzukroq anglamasdan, ulardan nusxa ko‘chirilishiga olib keldi. Shuning uchun Chxu Sa ustozi Sok Tam kabi hurmatga va ta’zim qilishga munosib inson bo‘lsa ham, Ko Juk san’atda uning yo‘lidan bora olmasdi.
Biror soatlardan so‘ng Chxo Xon qo‘li qup-quruq qaytib keldi. U qolgan barcha do‘konlarni aylanib chiqqan bo‘lsa ham Ko Jukning ishlarini topa olmaganligini aytdi.
Ko Juk Chxo Xonning qo‘liga suyanib, shahar kutubxonasi tomon yo‘l oldi. Uning o‘sha yerdagi bir nechta o‘ramni qaytarib olish umidi so‘nmagan edi. Ammo bu ayanchli tugadi. Ko Juk bo‘sh kelmaydigan direktor bilan gaplashayotganda ovozini ko‘tardi va hushidan ketdi.
Ko Juk kunning ikkinchi yarmidagina o‘ziga keldi. U o‘z xonasida yotar, atrofida odamlar to‘plangandi. Ko Juk sekin ularning yuzlariga birma-bir ko‘z yugurtirdi. Mana Chxo Xon, uning beti o‘liksira bo‘lib qolgandi. Yonida ikkita sobiq shogirdi, yig‘i-sig‘i qilayotgan Chxu Su…
– Otajon, tuzukmisiz? – so‘radi qizi.
Ko Juk javob o‘rniga boshini qimirlatdi.
Chxu Su yonida yana bir tanish bashara. Bu Nan Jo‘n, Ko Juk o‘zi adabiy taxallus qo‘ygan birinchi shogirdi. Surbet, shilqim… Ko Juk unga sovuq, yeb qo‘yguday qaradi.
Nan Jo‘n uning qo‘lida o‘n yil – Ko Juk Sok Tam uyining to‘rt devori ichida qamalib olgan paytidan o‘zining shaxsiy xattotlik maktabini ochgunicha o‘qigan. Ularning yoshlari o‘rtasidagi farq nari borsa o‘n-o‘n ikki yilni tashkil etardi. Nan Jo‘n qirq yoshga to‘lay deganda xattotlikka jiddiy o‘qishga kirishdi, u baribir munosib shogird edi, Ko Juk unga hatto taxallus ham topib berdi. Biroq biroz vaqt o‘tib Nan Jo‘nning olg‘a yurishi to‘xtab qoldi, bir necha yildan keyin esa u o‘zining xattotlik maktabini ochdi. Shogirdi u bilan tuzukroq xayrlashmasdan ham ketib qolganidan Ko Jukning ko‘ngli ranjigandi, biroq eng xunugi oldinda ekan. Nan Jo‘n u ham go‘yoki ustoz Sok Tamning shogirdi va Ko Juk uning uchun atigi kattaroq yoshdagi hamkasbi ekanligi, go‘yoki ular o‘n yil xattotlik va rangtasvirni Sok Tamdan o‘rganliklari to‘g‘risidagi mish-mishlarni tarqata boshladi. Bundan xabar topib g‘azablangan Ko Juk shu zahotiyoq Nan Jo‘nning maktabiga bordi.
– Kiravering, kiravering hurmatli hamkasb, – darrov mayin kulimsiray boshladi Nan Jo‘n. Uning munofiqligi, birinchi navbatda, atrofga to‘plangan shogirdlari uchun mo‘ljallangan edi. Va u bunga muvaffaq ham bo‘ldi. Avvaliga Nan Jo‘n Ko Jukka birgalikda o‘qigan yillarini xotirlashni taklif etdi, biroq bu guvohlar oldida uning sha’ni va qadr-qimmatini haqorat qilganlik uchun sudga berish tahdidi bilan tugadi. Bu gaplarga o‘n yil bo‘ldi.
– Otajon, bu janob sizning g‘arov tasviri tushirilgan ikkita rangtasviringizni olib keldi, – shoshilib tushuntirishga tushdi Chxu Su Ko Jukning Nan Jo‘nga nafrat bilan tikilganligini payqagach.
– Siz, ustoz, chizgan suratlaringizni to‘playotganingizdan xabar topdim… Nima bo‘lsa, hammasini olib keldim…
Aftidan, u samimiy gapirayotgan edi. O‘zi oltmish yoshga yaqinlashib qolgan va ular ko‘rishmaganlaridan beri o‘tgan o‘n yil ichida Nan Jo‘nning yuzidagi ajinlari ko‘paygandi. Ko Juk qovoqlarini uydi. Qalb jarohatlari darrov bita qolmaydi.
– Yaxshi. Boraqol, – dedi bir necha daqiqadan so‘ng Ko Juk zardasi qaynaganini arang bosib.
– Hozir suratni qo‘yaman-da ketaman, – Nan Jo‘nning afti qorayib ketdi, biroq u itoatkorlik bilan xonani tark etdi.
O‘rtaga og‘ir sukunat cho‘mdi. Uni birinchi bo‘lib Chxu Su buzdi.
– Che Sik qo‘ng‘iroq qildi.
– Qachon kelarkan?
– Ehtimol, kechqurun. Yun Sikka qo‘ng‘iroq qilaymi?
– Qilaqol, – ohista javob xuddi xo‘rsinishdek eshitildi.
Che Sik qonuniy xotinidan bo‘lgan katta o‘g‘li edi. Xotini o‘g‘il va qiz ko‘rgandi, lekin qizi urush paytida vafot etgandi. Yun Sik Ko Jukning so‘nggi jazmanidan bo‘lgan o‘g‘li edi. Che Sik qirq yoshdan oshgan, Pusanda o‘z biznesi bor edi. Kichik o‘g‘li Yun Sik endi yigirma yoshga kirgan, poytaxt universitetlaridan birida o‘qirdi.
Ko Juk mehribon ota emasdi, ammo har gal o‘g‘illari haqida o‘ylaganida kenjasi xususida tashvishlanardi. Yun Sik o‘n uch yoshga to‘lmasidan onasidan ajralgan, uni Chxu Su tarbiyalardi. Bugun esa bevosita Che Sik to‘g‘risidagi fikr yuragini zirqiratdi. Ko‘zining oldida hamisha shoshiladigan, tinkasi qurib ishlaydigan o‘rta yashar erkak emas, yo‘q, balki birinchi marta daydi, deyarli qashshoq otasi bilan yuz ko‘rishgan o‘n olti yoshli o‘spirinning chehrasi gavdalandi. Va xotinining bir necha o‘n yil esdan chiqargan yuzi tushda emas, o‘ngdagidek namoyon bo‘ldi.
Ko Juk ustozi Un Gokning homiyligida yigirma ikki yoshida uylandi. Rafiqasi kyonjulik Chxve urug‘idan, Un Gokning jiyani edi. U go‘zal emasdi, lekin yumshoq ko‘ngil bo‘lib, Ko Jukning xotirasida undan biror marta achchiqlanmagan, sira bahslashmagan ayol sifatida qolgandi. Biroq ularning nikohi Ko Jukning yoshligini yutib yuborgan rangtasvir va xattotlikka ashaddiy ehtirosi tufayli baxtsiz bo‘lgandi. Qisqagina asal oylaridan keyin Ko Juk yana o‘z mashg‘ulotlariga kallasi bilan sho‘ng‘ib ketdi va tong sahardan yarim tungacha ustozinikida ishlar, uyida uxlardi, xolos. Hatto ro‘zg‘orni tebratish ham xotinining gardanida edi. Ko Jukning daromadi ahyon-ahyonda sotiladigan suratlari va o‘ramlaridan tushadigan arzimas pul hamda Sok Tam ba’zan shogirdiga beradigan guruchdan iborat edi.
To‘g‘ri, Ko Juk Sok Tamning shogirdi bo‘lgan paytida hammasi joyida edi. Yaxshi-yomon kunlarda bir tom ostida yashardilar, farzand ko‘rayotgandilar…
Ko Juk Sok Tamni tark etganidan keyin esa bu ham barham topdi. Oilasiga indamasdan, hatto xayrlashmasdan jo‘nab qolgan Ko Juk o‘n yil davomida xotinini butunlay yoddan chiqardi. Ammo u o‘zini hecham aybdor his etmasdi. Ko Juk uchun xotini va farzandlari nobop poyabzaldek edi, oyog‘ini siqsa ham chidashi va kiyib yurishi kerak edi.
Rafiqasi odamlardan surishtirib, bir necha bor Ko Jukni izlab topgandi. Lekin u keyinchalik o‘zi ham anglay olmagan sovuqqonlik bilan ayolini olis masofada ushlab turdi. U yolg‘izlikda, mashaqqat bilan bolalarini katta qilayotgan xotiniga achinish emas, o‘ziga xos uyat, go‘yo ayoli hali ham uning turmush tarziga daxldor emasdek g‘alati g‘azab hissini tuyardi. Faqat bir martagina – xotini uni mehmonxonada izlab topganida bir necha chaqa va kiyib to‘zitilgan oyoq kiyim bergandi. Uning bu muomalasi ko‘proq yupun va ochlarga odatiy achinishga o‘xshab ketardi. Onasini opichib olgan qizining isitmasi baland, yuzi shishgan, xotinining yalang‘och oyog‘i eskirib ketgan poyabzalidan hadeb chiqib ketayotgandi. Bu ularning so‘nggi uchrashishlari edi.
Ko Juk oilani tark etganidan keyin besh yilcha o‘tgach, xotini bariga qo‘l siltab ota-onasining uyiga qaytib keldi. Xuddi shu yilda Ko Juk Me Xyan bilan qo‘shilishgan edi. So‘ng xotini akasi yashaydigan Osakaga jo‘nab ketdi va Koreyaga qaytib qadam bosmadi. Gap-so‘zlarga qaraganda akasi uni yana unashtirgan ekan. Bu mish-mishlar to‘g‘riga o‘xshaydi: har holda, u ota-onasining uyida qolgan farzandlarining oldiga boshqa kelmadi. Ko Juk Sok Tamnikiga qaytib kelganidan bir necha yil o‘tgach, bolalarni o‘zi bilan olib ketdi. O‘shanda Che Sik o‘n olti, qizi esa o‘n bir yoshda edi.
Ko Jukni vijdon azobi qiynamasdi. Biroq u eri va bolalarini tashlab ketgan xotinini ham ayblamasdi. U hayot to‘qnash keltirgan boshqa barcha ayollarga ham ana shunday loqayd munosabatda bo‘lardi. Uning keksaya boshlaganini sezdirmayotgan Me Xyan kabi bir nechta kisenlar to‘g‘risida gapirmasa ham bo‘lardi, hatto san’at to‘qnash keltirayotgan ayollar ham o‘zida doimiy ehtiros uyg‘otmayotgandi.
“Hayotimda chinakamiga sevgan biror narsam bo‘lganmi?” – Ko Juk shunday o‘y surar ekan, hozir faqat Chxo Xonning bir o‘zi but kabi toshqotib o‘tirgan xonaga shalvirab nazar tashladi va yana cheksiz g‘am-anduhli xotiralariga sho‘ng‘idi. Ha, san’at bor edi, albatta. Avvalboshdan u oilasi, turmushi haqida o‘ylashni bilmasdi. “Mol-mulk”, “jamg‘arma” kabi so‘zlar uning uchun bekorchi gap edi, o‘zi mansab yoki shon-shuhrat ketidan quvmasdi. Bir qaraganda uning hayoti sermazmun va turfa ko‘rinishi mumkin edi, amalda esa nihoyatda jo‘n va qat’iy edi. O‘zini chulg‘ab olayotgan juda ko‘p qiziqishlar orasida u umum qabul qilgan me’yorlar va tor fikrli tanqidlarga parvo qilmasdan bittasiga, eng kuchlisiga sodiq bo‘ldi – bu hayotiy yo‘lini uzil-kesil va batamom belgilab berdi.
“Pirovard natijada bu menga nima berdi? – zaharxandalik bilan o‘zini-o‘zi so‘roqqa tutardi Ko Juk. – Nima berishi mumkin edi?”
Ko Juk qandaydir g‘alati yugur-yugurdan uyg‘onib, yana ko‘zini ochganida qosh qoraygandi.
– Hozir biroz og‘ritaman, – dedi kimdir adyolni surar ekan.
Bu doktor Chon edi. Igna xuddi ayoz shamoli esgandek tanani uvushtirib, teriga sanchildi. Xonadagi odamlar ko‘paydi. Ko Juk bu nimani anglatishini darhol tushundi.
– Dada, bu men Che Sikman.
O‘g‘li ko‘zi jiqqa yosh holda Ko Jukning qo‘lini ushladi.
Ko Juk Che Sikni uyiga olib kelganida o‘n olti yoshda edi, biroq ular bir-birlariga begonalardek bo‘lib qolishaverdi. Ko Juk yigitcha birinchi bor uyidan qanday ketib qolganligini yodga oldi. Bu Ko Juk o‘g‘li hech bo‘lmasa yozishni o‘rganib olishini xohlab, unga mo‘yqalam va qora siyohdon sotib olgan kunning ertasiga ro‘y bergandi. Chil-chil qilib sindirilgan siyohdon, tilka-pora qilingan mo‘yqalam… Palid o‘g‘il esa nom-nishonsiz g‘oyib bo‘lgandi. Yigitchani armiyaga olishmaguncha Ko Juk halovatini yo‘qotdi. O‘g‘li ba’zan uydan otasining surati yoki imzo qo‘yilmagan va muhr bosilmagan o‘ramini, ayrim paytda pulini ham o‘marib ketardi. Biroq harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgach, quyilib qoldi, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygach esa qorasini ko‘rsatmay qo‘ydi. Faqat ikki yilcha muqaddam otasini yo‘qlay boshladi.
– Yun Sik ham keldi, – Chxu Su xo‘rsinayotgan Yun Sikning qo‘lini olib, Ko Jukning boshqa kiftiga qo‘ydi. Chxu Suning ko‘zlari yig‘idan shishib ketgan edi.
“Ha, otalaringiz bir chaqaga qimmat, – o‘ylardi Ko Juk, – axir, hammangiz turli onalardan tug‘ilgansiz. Ha, mayli, sizlarga harqalay ba’zi lash-lushlar qoladi, bu biroz bo‘lsa ham sizni otangizning kamchiliklari bilan murosaga keltirar”.
Ko Juk merosini taqsimlab bo‘lgandi. Mevazor Che Sikka, maktab binosi Yun Sikka, uy Chxu Siga tegadi. Va u yana, yaxshiyamki, adabiy mukofot ta’sis etish rejasidan voz kechganligi haqida o‘yladi. Umrining oxirida begonalarga bunday xushomad qilishga ne hojat?
– Tinchlansangiz-chi, axir. Odamni so‘nggi yo‘lga bunday kuzatishmaydi, – qandaydir xotin Ko Jukning farzandlari yig‘i-sig‘isini to‘xtatishga urinardi. U o‘g‘illardan Ko Jukning qo‘llarini tortib olib, ularni qattiq qisdi va so‘radi:
– Meni tanidingizmi?
Aftidan, dori ta’sir qilishga ulgurgandi. Ko Juk arang qovog‘ini ko‘tarib, unga boqdi. U Ok Kyo – xattot ayol edi. O‘z vaqtida bu ayolning Kon Juk bilan don olishishlari to‘g‘risida gap-so‘z yurardi. Hozir uning yaqin atrofda o‘z xattotlik maktabi bor edi. Tanidi, albatta, tanidi. Ammo Ko Juk tilga kirmasidan uni horg‘in uyquning qora to‘lqini qopladi.
Oltin qanotli qush uchayotgandi. U ulkan qanotlarini bir me’yorda silkitib, moviy dengiz uzra uchardi. Lekin unda g‘azabga minish ham, xusumat ham yo‘q edi. Bu shunchaki zamindagidan yorqinroq va go‘zalroq dunyoga talpinayotgan ulug‘vor parvoz edi. Uning qoyilmaqom peshonasida “Istaklar ijrosi duri” ko‘zni qamashtiradigan darajada yarqirardi, u olovga o‘xshash gulning qip-qizil yaproqlari isini hidlar va bu yaproqlar dengiz ustida ajoyib bulutlardek yoyilgandi. Qushning keng orqasida esa Ko Juk o‘tirardi. U sirg‘alib tushib ketmaslik uchun butun kuchi bilan qush patlariga yopishardi. Qush yuqoriga otildi; Ko Jukni to‘ntarmoqchi bo‘lgandek, shamol yopirildi va u oltin patni ushlaganicha osilib qoldi. Qo‘llari bo‘shashayotgandi. U baqirmoqchi bo‘ldi va uyg‘ondi.
Devordagi soat tonggi to‘rtga bong urdi. U anchayin uzoq uxlagandi. Dorining ta’siri tugaganga o‘xshaydi: dahshatli og‘riq tanasini zirqiratayotgandi. Ammo, qanchalik ajablanarli bo‘lmasin, ongi tiniq edi.
Xonada faqat devorga suyangan o‘g‘illari va kitob sandig‘ining ustida o‘tirgan Chxo Xon qolgandi. Ko Juk ohistagina to‘shagiga o‘tirib olmoqchi bo‘ldi. Osongina uddasidan chiqqani o‘zini ham hayron qoldirdi. Beldagi og‘riq susaydi. Va shu onda yodiga tushdi.
– San Chxol! – Ko Juk shogirdini haqiqiy oti bilan chaqirdi. Chxo Xon sergak uxlayotgandi.
– Ustoz, nima kerak? – darrov javob berdi u.
– Barcha suratlar va o‘ramlarni olib kel.
– Nima uchun?
– Aytganimni qil. Hammasini olib kelib, bu yoqqa qo‘y.
Chxo Xon tez qaytdi. Asarlar ikki yuztadan ko‘proq ekan, ular xonaning butun burchagini to‘ldirdi.
– Ota, nima qilmoqchisiz? – qiziqdi Che Sik uyqusirab ko‘zlarini uqalar ekan.
Ko Juk javob bermadi, faqat Chxo Xonga ishora qildi:
– Xonani yorug‘roq qilish kerak.
– Hozir torsherni olib kelaman.
Chxo Xon ustozining xohishini muhokama qilmasdan bajarishga odatlangandi. Biroz vaqtdan so‘ng u torsherni ko‘tarib keldi. Xona juda yorishib ketdi.
– Endi o‘ramlarni birma-bir och va menga ko‘rsat.
Chxo Xon avvaldagidek sukut saqlagan holda ishga kirishdi. Birinchi o‘ram Ko Juk tomonidan elliginchi yillarda Yuy Shi-nan uslubida bitilgandi.
– Yuy uslubida bitdim, ammo undan besh hikmat ibratini olishga muvaffaq bo‘lmadim. Chap tomonga olib qo‘y.
Keyin orxideyali o‘ram turgandi.
– O‘sha paytda Jen Si-syao yo‘lidan chetga chiqib bo‘lgandim, biroq aksincha, Tevogunning ta’siridan qutula olmadim. Natija unisi ham emas, bunisi ham. Chapga olib qo‘y.
Ko Juk o‘ram ketidan o‘ramlarga shu ko‘yi hukm chiqarardi. Hukmlar, go‘yo ashaddiy dushmaniga nisbatan chiqarilayotgandek, shafqatsiz va iltifotsiz edi.
Ko Juk o‘zganing dastxati namuna bo‘lgan belgilardan nusxa ko‘chirishdagi va uyg‘unlikdagi noaniqliklarni qayd etardi. O‘zi ijod qilganlarida esa shaxsan bema’niligi va no‘noqligini ayblardi. Shuning uchun o‘ramlar chap tomondan joy olayotgandi. Suratlar bilan ham xuddi shunday bo‘ldi. Qadimiy qoidalarning berahmligiga o‘zining sovuq munosabati qo‘shildi – Ko Jukka hech narsa yoqmayotgandi.
Ko Juk o‘z ishlarini salkam tushgacha ko‘zdan o‘tkazdi. Bunga qanday quvvat topdi?! Ertalab tashrif buyuruvchilar turnaqator bo‘lishdi, biroq hech kim ustozning darg‘azab shiddatini to‘xtatishga jur’at eta olmadi. Ko Juk esa hech narsani payqamayotgandi.
Hammasi oxiriga yetganida o‘ng tarafda faqat bittagina o‘ram yotardi.
– Yana bormi? – so‘radi Ko Juk titroq ovoz bilan.
– Yo‘q, hammasi shu, – xotirjamlik bilan javob berdi Chxo Xon.
Ko Jukning beti qorayib ketdi, boshi holsiz ko‘ksiga tiraldi, tanasi shalvirab, sekin yonboshga bukila boshladi. Yon-atrofda to‘planib turganlar biror dahshatli narsa sodir bo‘ldi degan o‘yga borishgandi. Ammo shunday daqiqalarda ham Ko Juk tiniq ong ila o‘zi bilan o‘zi gaplashayotgandi:
“Sira ko‘ra olmadim. Hayotimda hech bo‘lmasa bir marta ko‘rishni orzu qilgandim, holbuki, ich-ichimdan umidimga, ehtimol, yeta olmasligimni bilardim. Balki shuning uchun so‘nggi daqiqagacha buni orqaga surdim…”
Ko Juk nimani qidirayotgandi? Ha, tongotarda tushiga kirgan o‘sha Oltin qanotli qushni.
Ustozi Sok Tam uchun Oltin qanotli qush qudratli nafosat va ravshan ongning an’anaviy ramzi hisoblanardi. Lekin Ko Juk Kxu Sa falsafiy an’analarining so‘nggi davomchisi bo‘lgan Sok Tamni tark etganidan keyin uning ongida Oltin qanotli qushning ma’nosi o‘zgardi. U Ko Juk uchun badiiy mukammallik ramziga aylandi.
Shuning uchun ham Ko Jukning Oltin qanotli qushi estetika dengizida parvoz qilar va ko‘kka, mukammal go‘zallikka talpinardi. Ko Juk o‘limi haqida o‘ylay boshlaganidan buyon ana shu qushni ko‘rishga intizor edi. Zero, bu izlanishlariga ma’no baxsh etar va hamma-hammasi uchun mukofot bo‘lardi.
Biroq u Oltin qanotli qushni ko‘ra olmadi.
Hozir bo‘lganlar Ko Juk endi o‘ziga kelmasa kerak, degan o‘yda edilar, biroq besh daqiqa ham o‘tmasdan chol ko‘zini ochdi va yana Chxo Xonni chaqirdi.
– Hammasini ol va hovliga olib chiq. Ayvon yonidagi gulzorga.
Chxo Xon bu buyruqni qayta so‘roqlab o‘tirmasa ham, aftidan, biroz taajjublandi.
– Butun umrim davomida o‘zimni ham, boshqalarni ham aldab keldim. O‘zim ham biror qimmatli narsa qilyapman deb yanglisharkanman. Olqishu hurmat-ehtiromga loyiqman deb o‘ylarkanman.
– Ustoz, nima deyapsiz?
– Kimdir, ehtimol, bularga arzir. Ammo men emas. Atigi bir necha daqiqa oldin osmonga parvoz qilayotgan Oltin qanotli qushni chin qalbdan, zoriqib ko‘rishni xohlagan edim. Bu umrimga ma’no beradi deb o‘ylovdim. Lekin hozir, hatto, bu qushni ko‘rsam ham – nima o‘zgarardi?
Chon Xon gangigan ko‘yi sukut saqlardi.
– Endi esa aytganlarimni bajar. Bu narsalarni saqlab qolsam, falokat yuz berib, yana avlodlarni ham aldagan bo‘laman.
Va Chxo Xon o‘ramlarni quchoqlab, hovliga chiqdi. Hech kim uni to‘xtatib qolishga urinmadi.
– Yopma! – Ko Juk kimdir Chxo Xon orqasidan eshikni bekitmoqchi bo‘lganini ko‘rib, uni to‘xtatdi. Va shu zahotiyoq jon taslim qilayotganning ovoziga sira o‘xshamaydigan baland va tiniq tovush bilan shogirdi ketidan baqirdi: – Anavi joyga taxla. Hammasini o‘sha yerga!
Gulzor xonadan ko‘rinib turardi. Chxo Xon o‘ramlarni so‘liy boshlagan gullar o‘rtasiga qo‘yishi bilanoq, Ko Juk baland ovoz bilan buyurdi:
– O‘t qo‘y!
Hamma tipirchilab qoldi. Kimdir Ko Jukni avrashga tushdi, boshqa birovlar Chxo Xonni to‘xtatish uchun chopib ketdi. Ammo bari behuda edi. Ko Juk hech kimga e’tibor bermasdan momaqaldiroq ovozi bilan baqirdi:
– Kimga aytyapman, o‘t qo‘y!
Birdan Chxo Xonning afti g‘azabdan burishib ketdi: bir necha lahza u Ko Jukka sinchiklab qarab turdi, o‘ziga xalaqit bermoqchi bo‘lganlarni qo‘pollik bilan itarib tashladi va o‘t qo‘ydi. Keyinchalik ba’zan u Ko Jukni “soxta ustoz” deb atashida qalbining tubida, balki Sok Tam o‘qitgan an’anaga hurmat va o‘zni murosasiz inkor etish sabab bo‘lgandir. Ko‘z ochib-yumguncha olov o‘ramlarni o‘z qa’riga oldi. Kimdir qichqirib yubordi, kimdir yig‘lashga tushdi.
Ayrimlar uchun Ko Jukning barcha ajoyib san’ati, butun hayotining mevalari yonib ketdi. Boshqalar uchun yorqin alanga dahshatli haqiqatni yoritdi. Yana ba’zi birovlar uchun Ko Juk umrining o‘zi kul bo‘ldi. Yana bir toifa odamlarga, to‘g‘ri, ular kam sonli edi, bir qop pul yonayotgandi. Deyarli yarim asr haqli ravishda shon-shuhratga burkangan, asarlarini boshqalar qatori ikki prezident xarid qilgan, hamma tomonidan e’tirof etilgan mohir rassom va ustoz, bir safar Umumkoreya ko‘rgazmasi hay’atiga boshchilik qilishdek faxrli taklifni nazariga ilmagan Ko Juk yonardi, sanoqli daqiqalarda kulga aylanayotgandi… va u tomonidan yaratilgan, aslini olganda karavotda yotgan qartaygan bemor tanasidan ancha muhim hamma narsa chiqindidek to‘planib, o‘t qo‘yilgan va ularni olov yamlayotgandi.
Va shu onda Ko Juk ko‘rdi. Alanganing qoq o‘rtasida bir lahzagina u ko‘kka otilgan ulkan qushni payqadi, tilla tusda yarqirayotgan qanotlarni va qudratli parvozni ko‘ra oldi.
Ko Juk o‘sha kun kech soat sakkizga yaqin, yetmish ikki yoshida vafot etdi.
Rus tilidan Erkin Ernazarov tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 7-son
–––––––––––––
[1] Sonbi – konfutsiychi olim.
[2] Gap mamlakat yaponlar tomonidan bosib olingan paytda Shanxayda tashkil etilgan Koreyaning Muvaqqat hukumati to‘g‘risida ketmoqda.
[3] Txvege – o‘z davrining taniqli olimi va siyosiy arbobi, mashhur konfutsiychilar maktabining asoschilaridan biri Li Xvanning (1501–1570) taxallusi.
[4] Konfutsiy (mil. av. 551–479) – qadimgi xitoy mutafakkiri va faylasufi, konfutsiychilik falsafa tizimining asoschisi.
[5] Mamlakatning Yaponiya tomonidan bosib olinishi oqibatida besh yuz yillik hukmronligiga barham berilgan Koreyaning Choson qirollar sulolasi nazarda tutilmoqda.
[6] Chxu Sa – mashhur rassom-xattot Kim Chon Xining (1786–1856) taxallusi.
[7] “Bolalar uchun dastlabki qo‘llanma” (“Tonmon sonsip”) va “Kichik ta’limot” (“Soxak”) – bolalarni xitoycha savod va konfutsiycha axloq asoslariga o‘rgatadigan darsliklar.
[8] Buddizm – miloddan avvalgi VI asrda qadimiy Hindistonda paydo bo‘lgan diniy-falsafiy ta’limot. Uning asoschisi keyinchalik Budda Shakyamuni nomini olgan Siddxartxa Gautama hisoblanadi.
[9] Sodan – adabiy munozaralar, musobaqalar o‘tkazib turiladigan konfutsiychilar maktabi.
[10] Li – koreyscha uzunlik o‘lchovi, 1 li taxminan ellik metrga teng.
[11] Orxideya – bir pallali, qizil gulli manzarali o‘simlik.
[12] Sitra – XVIII asrda Avstriya va Germaniyada keng tarqalgan, torli musiqa asbobi.
[13] Yan Jen-tsin (709–785) – mashhur Xitoy davlat arbobi va Tan davri xattoti.
[14] Van Si-ji (321–379) – “Mutlaq donishmand xattot” nomiga sazovor bo‘lgan Sharqiy Jin davridagi mashhur xattot.
[15] Riksha – Janubiy va Sharqiy Osiyo mamlakatlarida ikki g‘ildirakli aravada odam va yuk tashiydigan hammol.
[16] Kisen (kinyo) – Koreyada yuqori tabaqaga mansub erkaklarga ziyofatlarda xizmat ko‘rsatadigan, musiqa, raqs, ijro va she’riyatni biluvchi yengiltak ayol.
[17] Non Ge – Chinju shahridan bo‘lgan mashhur kisen. Yaponiya bilan urush paytida dushman qo‘shinlari shaharni qo‘lga kiritganida Namgan daryosi tepasidagi Chxoksonnu minorasida ziyofat uyushtirilgan. Ana shu ziyofat vaqtida Non Ge yapon harbiy qo‘mondonini o‘ziga jalb etib va uni mahkam quchoqlab, baland jardan u bilan birga o‘zini daryoga otgan. Keyinchalik ushbu joyda ibodatxona qurilgan.
[18] Tevongun – faxriy unvon.
[19] Xin Son (1820–1898) – so‘nggi Choson sulolasi davridagi mashhur siyosiy arbob. U rangtasvir va xattotlikdagi iste’dodi bilan ham nom qozongan.
[20] Dao – milodiy II asrda shakllangan, diniy va falsafiy qarashlarni qamrab olgan, borliq, koinot, dunyo yaxlitligining o‘ziga xos qonunlarini mujassamlashtirgan an’anaviy xitoycha ta’limot.
[21] Tiyonshon – Xitoydagi beshta muqaddas tog‘dan bittasi.