Lev Tolstoy. Ivan Ilichning o‘limi (qissa)

1

Sud mahkamasining katta binosida Melvinskiylar ishiga alo­qadorlar va prokuror tanaffus paytida Ivan Yegorovich Shebekning xonasiga kirdilar va suhbat ko‘pchilikning tilida yurgan mashhur Kasov ishi yuzasidan ketdi. Fyodor Vasilevich sudning vakolati yo‘qligini isbotlab jig‘ibiyroni chiqdi, Ivan Yegorovich o‘z fikrida sobit qoldi, Pyotr Ivanovich esa boshidanoq mojaroga qo‘shilmay, bahsda ishtirok etmay, hozirgina olib kelingan “Vedomosti”ni varaqlashga tutindi.
– Janoblar! – dedi u, – Ivan Ilich-chi, vafot etibdi.
– Nahotki?
– Mana, o‘qing, – dedi u Fyodor Vasilevichga gazetaning hali bo‘yoq hidi anqib turgan yangi sonini uzatib.
Qora hoshiya ichida bunday gaplar yozilgan edi: “Praskovya Fyodorovna chuqur qayg‘u bilan aziz umr yo‘ldoshi, Sud palatasi a’zosi Ivan Ilich Golovinning yaqinlari va qarindoshlariga uning 1882 yil 4 fevral kuni vafot etganini ma’lum qiladi. Dafn marosimi juma kuni soat 1 ga tayinlandi”.
Ivan Ilich jam bo‘lib turgan janoblarning birodari edi va hamma uni yaxshi ko‘rardi. U bir necha hafta avval mazasi qochib qoldi; xabarlashganlar uning dardi bedavo ekanini bilib keldilar. Uning o‘rni bo‘sh turardi, shunday taxmin qilindiki, mabodo vafot etsa, bu joyga Alekseev tayinlanishi mumkin, Alekseevning o‘rniga esa yo Vinnikov, yo Shtabel. Shu tufayli Ivan Ilichning o‘limi haqida eshitganlaridan keyin xonada to‘plangan janoblar har birining miyasida dastlab bu qazo mahkama a’zolari yoki ularning tanishlarining mansab pillapoyasiga qanday ta’sir etishi haqidagi taxminlar aylana boshladi.
“Endi, ehtimol, Vinnikov yoki Shtabelning o‘rni menga tegadi, – o‘yladi Fyodor Vasilevich. – Buni menga allaqachon va’da qilishgan, bu o‘sishim cho‘ntagimga devonxonadan tashqari sakkiz yuz so‘m olib keladi”.
“Kalugadagi qaynog‘amni chaqirishim kerak ekan-da, – o‘yladi Pyotr Ivanovich. – Xotinim juda xursand bo‘lardi. Shunda qarindoshlarimga hech nima qilmaganim borasidagi malomatlardan qutular edim”.
– Uning qaytib o‘rnidan turolmasligini sezgandim, – hammaga eshittirib dedi Pyotr Ivanovich. – Afsus, uvol ketibdi…
– Aytmoqchi, unga nima jin tekkan ekan?
– Do‘xtirlar aniqlay olishmabdi. Ya’niki, aniqlashibdi, biroq xulosalar har xil emish. Men uni oxirgi marta ko‘rganimda, o‘ziga kelib qolgandek, oyoqqa turib ketadigandek tuyulgandi.
– Men esa uni o‘sha bayramdan keyin ko‘rmadim. Hamma yig‘ilgan edi.
– Qiziq, nima bo‘lgan ekan o‘zi?
– Menimcha, xotini bilan o‘rtasidan qandaydir mayda gaplar o‘tgan. Tushunib bo‘lmaydigan.
– Borish kerak bo‘ladi. It topmas joyda yashashadi o‘ziyam.
– Sizga uzoq. Bizga ham tupkaning tubida.
– Men esa bir daryo narida yashayman, menga sira havas qilib bo‘lmaydi, – dedi Pyotr Ivanovich Shebekka kulib. Shahar manzillarining uzoqligi haqida hangomalashib majlisga kirib ketishdi.
Bu sovuq xabar, kutilganidek, mansab kursisidagi o‘zgarishlar haqidagi mubham xayollardan tashqari mulohaza yuritgan har bir kimsada, doim bo‘ladigandek, o‘lim barhaq, xayriyat, u o‘libdi, men emas, deganga o‘xshash chuchmal mamnunlik kayfiyatini ham hosil qildi.
“O‘lsa, o‘lgandir; biroq, mana, men hayotman”, – shunday o‘yladi yoki xayol qildi har kim. Yaqin tanishlari, Ivan Ilichning do‘stlarini shunday atash mumkin bo‘lsa, shu bilan birga beixtiyor o‘zlarining gardaniga dafn etish bilan bog‘liq odamni ezib yuboradigan zil-zambil yumushlarni ado etish, ham janozada qatnashish, ham ta’ziya izhor etish uchun marhumning motamxonasiga borish majburiyati kelib tushgani haqida o‘ylab ketdilar. Marhumga boshqalardan ko‘ra Fyodor Vasilevich va Pyotr Ivanovich yaqin edilar.
Pyotr Ivanovich huquqshunoslik bilim yurtida Ivan Ilich bilan birga o‘qigan edi va doim o‘zini Ivan Ilich oldida qarzdor hisoblardi. Tushlikdan oldin xotinini Ivan Ilichning vafoti haqida xabardor qilib va qaynog‘asini o‘z okrugiga ko‘chirish imkoniyati tug‘ilgani hususidagi mujdani shipshitib, Pyotr Ivanovich hordiq chiqarishning ham bahridan o‘tdi-da, frakini egniga ilib, Ivan Ilichning xonadoniga yo‘l oldi.
Ivan Ilich yashagan xonadon yo‘lagida ot qo‘shilgan arava bilan aravakash turardi. Pastda, kiyimxona devoriga cho‘tkacha, zarrin upa bilan tozalangan, chetlariga zarhal uqa yopishtirilgan tobut qopqog‘i suyab qo‘yilgan edi. Qora kiyingan ikki ayol keluvchining po‘stinini qo‘lidan oldi. Pyotr Ivanovich Ivan Ilichning opasini tanidi, narigisini tanimadi. Keyin u yuqoridan tushib kelayotgan Shvartsni ko‘rdi. Shvarts yaqinlashib to‘xtadi va ko‘z qisib qo‘ydi, bu bilan go‘yo: “Ivan Ilich bemahal hunar ko‘rsatdi”, degandek tuyuldi.
Shvartsning inglizcha chakka soqolli yuzi va frak ichidagi cho‘pdek gavdasidan dardchil motamsarolik ufurib turar, bu motamsarolik uning o‘ynoqi fe’liga mos tushmay, nomuvofiq manzara hosil etgandi. Har holda, Pyotr Ivanovich shunday o‘yladi.
Pyotr Ivanovich ayollarni oldinga o‘tkazib yubordi va ularning izi­dan sekin zinapoyaga yaqinlashdi. Shvarts chiqib ketishga shoshilmay, tepada kutib turdi. Pyotr Ivanovich tushundi: u, albatta, vidolashuv rasmi qayerda o‘tishi yuzasidan gaplashmoqchi. Ayollar zinapoyadan o‘tib, marhumning bevasi tomon ketdilar, Shvarts esa jiddiy qimtilgan, qalin lablari va o‘ynoqi nigohi ila mo‘ylovini uchirib, Pyotr Ivanovichni murda yotgan o‘ng tomondagi xonaga imladi.
Pyotr Ivanovich har doimgidek bunday joyda nima joizligini to‘la anglamay, ichkariga kirdi. Faqat u bilardiki, ayni pallada cho‘qinish zarar qilmaydi. Maqbul amalni bajarishda tavoze joiz-nojoizligi borasida ham ikkilanib qoldi va shuning uchun o‘rta holatni tanladi: xonaga kirar ekan, cho‘qindi va biroz tavoze qilgandek bo‘ldi. Qo‘l va bosh harakatiga monand tarzda xonaga razm solib chiqdi. Ikki yosh yigit, aftidan, biri gimnazist, haytovur, jiyanlari chog‘i, cho‘qingancha xonadan chiqishdi. Motamzada beva qimirlamay turardi. Qoshlari asabiy chimirilgan ayol unga shivirlagancha nimanidir uqtirardi. Syurtukdagi dadil, shaxdam dyachok har qanday g‘ashlikka o‘rin qoldirmaydigan qat’iy ohangda baland ovoz bilan qiroat qilardi; oshxona xizmatkori Gerasim Pyotr Ivanovichning yonidan yengil yurib o‘tib ketar ekan, polga nimadir sepgandek bo‘ldi. Buni ko‘rib, Pyotr Ivanovich birdan sulayib yotgan murdaning yengil hidini his qildi. U Ivan Ilichnikiga oxirgi kelishida bu xizmatkorni kabinetda ko‘rgandi; Pyotr Ivanovich bemorning holi-ruhiyasidan xabar olib, xizmatida bo‘lgan va Ivan Ilich bu siporishi uchun uni yaxshi ko‘rib ketgandi. Pyotr Ivanovich cho‘qinishni poyoniga yetkazdi, tobut, dyachok va stol ortidagi burchakka qo‘yilgan ikonaning miyonasiga yengil tavoze qildi. Keyin, o‘ziga cho‘qinish amali juda cho‘zilib ketgandek tuyulgach, to‘xtadi va boshini marhum tarafga burdi.
Marhum barcha o‘liklar kabi tobutning to‘shamasiga muz qotgan vujudi bilan g‘arq bo‘lib yotardi, boshi yostiqqa abadiy tirkalgan, jami oxirgi safarga chiqqanlar singari o‘zini namoyish etgancha, mumdek sarg‘aygan peshonasi chakkasi aralash chuqur ajinlarga ko‘milgan, yuqori labi qisib qo‘ygandek burni tanqayib, tosh qotgan ko‘yi og‘ir cho‘kib yotardi. U Pyotr Ivanovich ko‘rmagandan beri ancha o‘zgargan, battar oriqlagan bo‘lsa-da, barcha marhumlarda bo‘lgani kabi chehrasi “ochilgan”, ya’ni tirikligidan ko‘ra teranroq ma’no kasb etgandi. Yuzida shunday bir qat’iy ifoda bor ediki, go‘yo zimmasiga qanday vazifa yuklangan bo‘lsa, barchasi bajo etilgan va to‘g‘ri bajo etilgan. Shu bilan birga bu ifodada tiriklarga qaratilgan ta’na va ta’kid mujassam edi. Ta’kid Pyotr Ivanovichga o‘rinsizdek, jilla qursa, o‘ziga tegishli emasdek tuyuldi. Nimadandir ko‘ngli g‘ash bo‘ldi, shundan keyin Pyotr Ivanovich apil-tapil yana bir marta cho‘qindi va o‘zicha odamshavandalik shartlarini buzgandek bo‘lsa-da, juda shoshib qayrildi va eshik tomon yurdi. Shvarts chatanog‘ini kerib, ikki qo‘li bilan tsilindrini o‘ynagancha dahlizda kutib turardi. Shvartsning o‘ynoqi, sof va yoqimtoy bir nigohi Pyotr Ivanovichni o‘ziga keltirdi. Pyotr Ivanovich tushundiki, u, Shvarts bu holatdan yuqori turadi va hech qanaqa vasvasaga berilmaydi. Uning turishi ta’kidlardi: Ivan Ilichning dafn marosimi majlis tartibining buzilishini tan olishga hech ham sabab bo‘lolmaydi, ya’ni bundan keyin ham hech narsa oqshomlari qarta taxlamini qarsillatib chiylash va shu paytda xizmatkorning yana to‘rtta yonib bitmagan sham keltirishidan to‘xtatib qola olmaydi; umuman, bu izdihom bizga bugungi oqshomni ham ko‘ngilli o‘tkazishga hech monelik qilmaydi. U o‘tib borayotgan Pyotr Ivanovichga pichirlab, Fyodor Vasilevichnikida bir qo‘lga sherik bo‘lishni taklif qildi. Biroq ma’lum ediki, Pyotr Ivanovichga taqdir bu oqshom yallo qilishni buyurmagandi. Beva Praskovya Fyodorovna past bo‘yli, to‘ladan kelgan ayol edi, xuddi tobut qarshisida turgandek qoshlari chimirilib, boshini quyi egib olgan, qoraga burkangan, to‘r ro‘molni yelkaga tashlagan. U davradoshlari qurshovida o‘z xonasidan chiqdi-da, hammani marhum yotgan xonaga boshladi va dedi:
– Hozir dafn marosimi boshlanadi, o‘tinglar.
Shvarts beixtiyor bukilgancha to‘xtab qoldi, u bu taklifni qabul ham, rad ham etmaganga o‘xshardi. Praskovya Fyodorovna Pyotr Ivanovichni tanib, chuqur nafas oldi, tirg‘alib yaqin keldi va uning qo‘lidan tutdi.
– Bilaman, siz Ivan Ilichning eng yaqin do‘sti bo‘lgansiz… – va unga tikilib, shu kalimasiga javoban harakat kutdi.
Pyotr Ivanovichga ma’lum ediki, bunday paytda cho‘qinish, qo‘lni uzatish va chuqur xo‘rsinib, “Ta’ziyamni qabul qiling!” deyish lozim. U xuddi shunday qildi ham. Shunday qila turib sezdiki, amal joyiga tushdi: u mutaassir edi, ayol ham mutaassir bo‘ldi.
– Ketdik, u yerda marosim boshlanmasdan oldin men siz bilan gaplashib olishim kerak, – dedi beva. – Menga qo‘lingizni bering.
Pyotr Ivanovich qo‘lini cho‘zdi va ular Shvartsni yonlab o‘tib, ichki xona tomon ketdilar. Shvarts g‘amgin nigohlari bilan kuzatib qoldi. Uning o‘ynoqi ko‘zlari go‘yo “Mana sizga qarta o‘yini. Endi qutula olmaysiz. Boshqa hamroh topamiz. Bo‘shasangiz borarsiz, mayli, beshovlon bo‘larmiz”, deyayotgandek edi.
Pyotr Ivanovich yana bir bora chuqur va hasratli xo‘rsindi, Praskovya Fyodorovna uning qo‘lini minnatdorona qisib qo‘ydi. Xira lampa yoritib turgan, devoriga pushtirang gazlama tortilgan mehmonxonaga kirib, stol atrofidan joy olishdi: ayol divanga, erkak prujinalari chiqib yotgan, oyoqlari qiyshiq pastak kursiga cho‘kishdi. Praskovya Fyodorovna boshqa stulga o‘tirishni taklif qilmoqchi bo‘ldi-yu, holat taqozosi bilan sukut saqladi. Pyotr Ivanovich kursida o‘tirar ekan, Ivan Ilich mehmonxonani qanday sozlagani va ayni pushtirang gulli gazlama yuzasidan u bilan maslahatlashganini eslab ketdi. Divanga stol yonidan o‘tayotib (mehmonxona ichi to‘la mebel va buyum edi), ayolning qora ridosi popugi nimagadir ilashib qoldi. Pyotr Ivanovich ridoni bo‘shatmoqchi bo‘ldi-yu, biroq tagidagi kursi tiyg‘onib ketib, u qo‘zg‘alolmadi. Beva kiyimini o‘zi ajratib oldi, Pyotr Ivanovich “shakkok” kursini yana tagiga bosib olib o‘tirdi. Ayol butunlay xalos bo‘lmagan ekan, Pyotr Ivanovich yana qo‘zg‘aldi, kursi yana qiyshaydi, hatto ag‘nab ketdi. Bularning hammasi joyiga tushgach, ayol yonidan toza ipak qo‘lro‘molchasini chiqardi-da, yig‘lay boshladi. Pyotr Ivanovich bo‘lsa, popuk va kursi masalasini hal qilgach, tumshayib joyiga o‘tirib oldi. Noqulay vaziyatga Ivan Ilichning bufetchisi Sokolov barham berdi. U Praskovya Fyodorovnaga qabristonda belgilangan joy ikki yuz so‘m turishi haqida ma’lum qildi. Ayol yig‘lashdan to‘xtadi, mahzun holatda Pyotr Ivanovichga termilib, frantsuzchalab o‘ziga nihoyatda og‘ir ekanini izhor etdi. Pyotr Ivanovich sukut saqlab, o‘z holati shunday ma’no anglatishiga qat’iy ishonch bilan, bu vaziyatda boshqacha bo‘lishi ham mumkin emasligiga ishora qildi.
– Cheking, marhamat, – dedi ayol viqorli, ayni paytda ezg‘in ovozda va Sokolov bilan joyning narxi bo‘yicha andarmon bo‘lib qoldi. Pyotr Ivanovich cheka turib kampir juda sinchkovlik bilan yerlarning turli narxlarini surishtirganini va olmoqchi bo‘lgan puliga aniqlik kiritganini eshitdi. Bundan tashqari, joy masalasini hal qilib, go‘yandalar yuzasidan ham topshiriqlar berdi. Sokolov ketdi.
– Hammasini o‘zim eplayman, – dedi u Pyotr Ivanovichga stolda sochilib yotgan albomlarni bir chetga surar ekan; kul stolga tushayotganini payqab, shosha-pisha kuldonni Pyotr Ivanovichga yaqin surib qo‘ydi va davom etdi: – Mug‘ombirlik bilan bu g‘amboda kunda dunyoning ishlari bilan shug‘ullanmayman, deb o‘tirsam bo‘laverardi. Ammo bu yumushlar meni yupatmasa ham… biroz ovuntiradi, axir, shu tashvishlarning bari uning uchun-ku. – Ayol yana ro‘molchasini olib yig‘lashga tutindi-yu, hasratidan ustun kelgandek, bir silkinib osoyishta gapira boshladi: – Aytmoqchi, sizda mening ishim bor.
Pyotr Ivanovich tagida liqillab turgan kursining prujinalari sochilib ketmasligini hisobga olib qimirladi-da, ohista qulluq qildi.
– Oxirgi paytlarda u qattiq qiynaldi.
– Yo‘g‘-e! – dedi Pyotr Ivanovich.
– Ha, dahshatli azob chekdi! Oxirgi daqiqalarda emas, soatlarda u to‘xtamay qichqirdi. Surunkasiga uch kecha-kunduz ovozini yutmay qichqirdi. Bunga chidab bo‘lmasdi. Tushunolmayman, men bunga qanday chidadim; uch eshik ortidan ham eshitilardi ovozi. Oh, qanday chidaganimga o‘zim hayronman!
– Hushi joyidamidi, o‘zi, bilarmidi?.. – so‘radi Pyotr Ivanovich.
– Ha, – shivirladi kampir, – oxirgi daqiqalargacha. Jon berishidan chorak soat oldin biz bilan vidolashdi hatto Volodyani olib chiqib ketishni so‘radi.
Dastlab sho‘x bola, o‘quvchi, keyin ulg‘aygan o‘rtoq sifatida juda yaqindan bilgan kishisining azoblanishi haqidagi fikrdan, o‘zining va manov xotinning soxta jonhalakligi yoqmayotganiga qaramay, Pyotr Ivanovich birdan dahshatga tushdi. U yana o‘sha peshonani, labga tarmashgan burunni ko‘rgandek bo‘ldi va bu manzaradan o‘zi ham qo‘rqib ketdi.
“Uch kecha-kunduz dahshatli azob va o‘lim. Taassufki, bu hozir, istalgan daqiqada men bilan ham ro‘y berishi mumkin”, o‘yladi u va bir daqiqada qo‘rquv dunyosiga g‘arq bo‘ldi. Ammo to‘satdan beixtiyor sergak­landi, bu ko‘rgilik Ivan Ilichning chekiga tushdi, menikiga emas, men bilan bunday fojia ro‘y bermaydi, degan odatdagi fikr kallasiga keldi; agar shu tarzda xayol qilsa, tushkun kayfiyatga asir bo‘lishini, bunday qilish mumkin emasligiga Shvartsning hayot tarzi misol ekanini o‘ylab ketdi. Shunday mulohazaga borib, Pyotr Ivanovich tinchlandi va qiziqish bilan Ivan Ilichning so‘nggi daqiqalari qanday kechganligini surishtira boshladi, go‘yo o‘lim unga emas, faqat Ivan Ilichga xos sarguzashtdek.
Ivan Ilich boshdan kechirgan haqiqatan dahshatli jismoniy azob­lar haqidagi har xil tafsilotlardan so‘ng (bu tafsilotlarni Pyotr Ivanovich Ivan Ilich chekkan azoblar Praskovya Fyodorovnaning asab­lariga qanday ta’sir qilganidan his etdi) beva, aftidan, ishdan gapirish vaqti yetganini tushundi.
– Oh, Pyotr Ivanovich, qanday og‘ir, qanday og‘ir azob, qanday dahshatli azob, – u yana yig‘lay boshladi.
Pyotr Ivanovich tin oldi va ayol burnini qoqib bo‘lishini kutib turdi. Burun qoqish tugagach, dedi:
– Ta’ziyamni qabul qiling…
Birdan ayol yana gapga tushib ketdi va navbat maqsadga kelganda, erining vafoti munosabati bilan xazinadan qaysi yo‘llar ila ko‘proq pul olish yuzasidan fikrini so‘radi. Bu bilan Pyotr Ivanovichdan nafaqa jamg‘armasi bo‘yicha maslahat so‘rayotgandek bo‘ldi, biroq ko‘rinib turardiki, ayol bu masalaning hatto u bilmaydigan eng mayda tafsilotlarigacha o‘rganib chiqqan; harakatlar motam munosabati bilan xazinadan mo‘lroq mablag‘ undirishga qaratilgandi; bevaning qiziqishi tovon undirishning yana ham maqbul yo‘llarini izlash borasida yangi usullarni topishda edi. Pyotr Ivanovich bunday mablag‘ manbalari haqida o‘ylay boshladi, ancha bosh qotirgandek bo‘ldi va taomil bo‘yicha hukumatni xasislikda la’natlab, dediki, belgilangan me’yordan chiqib bo‘lmaydi. Buni eshitib, ayol chuqur xo‘rsindi va suhbatdoshidan tezroq qutulishga bahona qidira boshladi. Gap qaysi tomonga oqqanini tushunib yetgan suhbatdosh papirosini o‘chirib o‘rnidan turdi va qo‘l olishgach, oldingi qatorga yo‘naldi.
Bir paytlar Ivan Ilich brikabrakdan o‘z qo‘li bilan xarid qilgan soat qo‘yilgan, o‘shanda rahmatli juda yayragan edi, oshxonaga kirar ekan, Pyotr Ivanovich popga, ta’ziyaga kelgan bir qancha tanishlariga duch keldi va Ivan Ilichning zurriyoti, chiroyli oyimqizni ko‘rdi. Qiz butunlay qoraga o‘ranib olgandi. Uning qomati nozik, juda nozik, ayniqsa, motam libosida yana ham nozik ko‘rinardi. Chehrasi g‘amgin, qat’iyatli, hatto g‘azabnok edi. U xuddi Pyotr Ivanovich nimadadir aybdordek, unga ta’zim qilib qo‘ydi. Qizdan keyin shunday alamzada holatda yosh boyvachcha yigit turar, uning sud tergovchisi, kuyov ekanini eshitgan edi. U ham ma’yus salomlashdi va zinapoya quyisidan Ivan Ilichga quyib qo‘ygandek o‘xshaydigan o‘g‘li, gimnaziyachining qomati ko‘ringach, Pyotr Ivanovich marhum yotgan xonaga kirishni istab, o‘sha tomon o‘tdi. O‘g‘il Pyotr Ivanovichning xotirasida saqlanib qolgan bilim yurtidagi kichkina Ivan Ilich edi. Bolaning ko‘zlari yig‘idan qizargan va, taassufki, o‘n uch-o‘n to‘rt yoshli bolalarda uchraydigandek, shumroq edi. U Pyotr Ivanovichni ko‘rgach, qovog‘i solinib, peshonasi uyalgannamo tirishdi. Pyotr Ivanovich unga boshini irg‘ab qo‘ydi-da, marhumning xonasiga kirdi. Motam marosimi boshlandi – shamlar, yig‘i ovozlari, “o‘lay”lash, ko‘z yoshlari, entikishlar. Pyotr Ivanovich oyog‘ining uchiga ko‘zini tikkancha boshini egib qovoq solib turdi. U marhum tarafga bir marta ham nazar solmadi, oxirigacha bo‘shashmay, o‘zini mahkam tutdi va birinchilardan bo‘lib xonadan chiqdi. Oldinda hech kim yo‘q edi. Oshxona xizmatchisi Gerasim xonadan otilib chiqdi-da, kiyimxonadagi jami po‘stinlarni panshaxadek qo‘li bilan u yon-bu yon surib, Pyotr Ivanovichning libosini topdi va unga uzatdi.
– Qalay, birodarim Gerasim? – gap qotdi Pyotr Ivanovich yo‘liga, nimadir deyish uchun. – Afsusdamisan?
– Xudoning irodasi. Hammamizning borar joyimiz o‘sha yoq, – dedi Gerasim oppoq, so‘yloq tishlarini tirjaytirib va zamzamali xizmatga safarbar etilgan odamdek shaxt bilan eshikni ochib, izvoshchini chaqirdi, aravaga Pyotr Ivanovichni o‘tqazdi va yana muhim bir ishi esiga tushgandek orqaga burildi-da, o‘qdek uchib ayvon tomonga o‘tib ketdi.
Pyotr Ivanovichga toza havoda nafas olish, ayniqsa, tutatqi, murda va karbol kislotaning hididan keyin, juda yoqib tushdi.
– Qay tomonga buyuradilar? – so‘radi haydovchi.
– Hali kech emas. Mayli, Fyodor Vasilevichnikiga kiraman.
Pyotr Ivanovich yo‘lga tushdi. Haqiqatan, o‘yinning birinchi davrasi tugagach, o‘zining beshinchi bo‘lib qo‘shilishiga qartabozlarni majbur qildi.

2

Ivan Ilich yashab o‘tgan hayotining tarixi ham juda oddiy, ham odatdagidek, ham o‘ta dahshatli edi.
Sud palatasining a’zosi Ivan Ilich qirq besh yoshida vafot etdi. U Peterburgdagi turli vazirlik va departamentlarda sharoitning o‘zi odamlarni birqadar darajaga yetkazadigan ma’lum amalni qo‘lga kiritgan mansabdorning o‘g‘li ediki, hammasi kunday ravshan bo‘lganidek, bundaylar qandaydir muhim vazifani bajarishga yaramaydilar, ammo baribir o‘z mansab o‘rinlari, o‘tagan xizmatlari va yetishgan darajalariga ko‘ra ularni ishdan haydab bo‘lmaydi, negaki, o‘ylab topilgan xufiyona bir joyga toshdek cho‘kib turishadi, olti mingdan o‘n minggacha maosh tayin hamda shu zaylda to munkillagancha ivirsib yuraverishadi.
Har xil keraksiz mahkamalarning keraksiz a’zosi, maxfiy maslahatchi Ilya Yefimovich Golovin shunday odam edi.
Uning uch o‘g‘li bor edi. Ivan Ilich ikkinchisi edi. Katta o‘g‘li xuddi otasi singari hayot kechirdi, faqat boshqa vazirlikda xizmat vazifasini o‘tadi, endilikda o‘sha oqim bilan yashab, nafaqa yoshiga yaqinlashib qolgan. Uchinchi o‘g‘il omadsiz chiqdi. U turli joylarda o‘zini sinab ko‘rdi, hozir temir yo‘lda ishlayapti: otasi, akalari, ayniqsa, ularning xotinlari nafaqat uni ko‘rishni istashmaydi, balki zarurat tug‘ilganda ham uning borligini eslashni xohlashmaydi. Opa otasi kabi peterburg­lik amaldor, baron Grefga uzatilgandi. Ivan Ilich, tan olganlaridek, oilaning faxri edi. U akasi singari sovuqqon va tartibli ham, ukasidek tajang ham emasdi. U og‘a-inilarning o‘rtasida aqlli, harakatchan, yoqimtoy va batartib odam edi. Ukasi bilan huquqshunoslikda o‘qidi. Ukasi o‘qishni tugatmadi, beshinchi bosqichda haydaldi, Ivan Ilich esa maktabni yaxshi tugatdi. Bilim yurtida u butun hayoti davomida qanday tal’at kasb etgan bo‘lsa, shunday edi: qobiliyatli, xushchaqchaq, saxovatli, kirishimli, biroq g‘oyat omilkor ijrochi edi va buni o‘z burchi deb bilardi; bu burchni o‘zidan yuqori turuvchi har qanday odamning irodasiga bo‘ysunish deb tushunardi. U bolalarga, keyinchalik kattalarga xushomadgo‘ylik qilmasdi, biroq esini tanigandan boshlab yorug‘likka intilgan chivindek, yuqori darajadagi odamlarga talpindi, o‘zicha ularning turmush tarzlarini, hayotga qarashlarini o‘zlashtirdi va bunday odamlar bilan yaqin aloqa o‘rnatdi. Bolalik va yoshlikning barcha jozibalari uning uchun izsiz ketdi; u hissiyot va shuhratparastlikka berildi, yuqori davralarda esa tuyg‘ulari taqozo etgan darajada murosasozlik yo‘lini tutdi, biroq ma’lum chegaradan chiqmadi.
Huquqshunoslikda dastlab o‘ziga qabih tuyulgan harakatlarni sodir etgan paytlari ham bo‘ldi, ularni amalga oshirgan lahzalarda o‘zidan nafratlanib ham yurdi; keyinchalik bunday qiliqlar o‘zi intilgan kishilar fe’l-atvoriga ham begona emasligiga va ular shu hollari bilan yaramas hisoblanmasliklariga guvoh bo‘ldi, ularni yaxshi deb ham bilmadi, bundaylarni butunlay unutmadi hamda ular haqidagi xotiralar xafa qilmay ham qo‘ydi.
Huquqshunoslikda o‘ninchi sinfni tugatib, otasidan xizmat libosi uchun pul olgach, Ivan Ilich Sharmerda libosga buyurtma berdi, zanjirga kasb yorlig‘ini ildirib, tarbiyachi bilan xayrlashdi, o‘rtoqlari bilan Dononda tushlik qildi va yangi urf bo‘lgan jomadonga eng yaxshi do‘konlardan xarid qilingan choyshab, ko‘ylaklar va orastalikka asqotadigan ashyolarni joylab, viloyatga, otasi topgan gubernatorning maxsus topshiriqlar bo‘yicha xodimi vazifasiga yo‘l oldi.
Viloyatda xuddi huquqshunoslikda qanday bo‘lsa, shunday yengil va o‘ng‘ay sharoitni yaratib oldi. U xizmatni ham, mansabni ham, yoqimli va yayrab dam olishni ham joyiga qo‘yardi; gohida boshliqlarning topshirig‘i bilan joylarga xizmat safariga chiqar, bu paytda katta-kichik bilan uchrashganda o‘zini sipo tutar, hech vaqt maqtanmay, aniqlik va halollik bilan aksariyat buzg‘unchilarni murosaga keltirish borasidagi zimmasiga yuklangan vazifalarni ado etardi.
U yoshligiga, yengil-elpi sho‘xliklarga moyilligiga qaramay xizmat kursisida favqulodda bosiq, rasmiyatchi, hatto qat’iy edi; jamoat ishlarida gohida o‘yinqaroq, hozirjavob, har doim xushmuomala, odamshavanda va, albatta, uning o‘z odamlariga aylanib ulgurgan xo‘jayinlari aytganidek, “erkatoy go‘dak” edi.
Viloyatda olifta huquqshunosga ilakishib qolgan bir ayol bilan; bir satang bilan aloqalar bo‘ldi; mehmon fligel-ad’yutantlar bilan ichkilikbozlik va kechki ovqatdan keyin shahar chetidagi ko‘chaga kirish ham bo‘ldi; boshliqqa, hatto boshliqning xotiniga mulozamat qilish ham bo‘ldi; bularning hammasi o‘z shamoyilida yuksak nazokatni singdirgan ediki, ularni aslo yomon so‘z bilan atab bo‘lmasdi: hammasi frantsuzlarning “yoshlik quturishi kerak” degan hikmatiga mos kelardi. Hammasi pokiza qo‘l bilan, toza ko‘ylaklarda, frantsuzcha iltifotlar bilan, eng muhimi – jamiyatning yuqori qatlamida, yana ularning xayrixohligi ostida ro‘y berdi.
Ivan Ilich shu tarzda besh yil xizmat qildi va xizmat joyini o‘zgartirish fursati keldi. Yangi sud mahkamalari tashkil qilindi va ularga yangi odamlar kerak edi.
U shunday yangi odamlardan biri bo‘lib chiqdi.
Ivan Ilichga sud tergovchisi lavozimi taklif qilindi va u garchi bu vazifa boshqa guberniyada bo‘lsa-da, o‘ziga nisbatan shakllangan munosabatlardan voz kechish va yangi munosabatlar o‘rnatishga to‘g‘ri kelsa-da, uni qabul qildi. Ivan Ilichni do‘stlari kuzatib qo‘ydi, “gap” tashkil qilishdi, esdalik uchun kumush papiros quti taqdim etishdi va u yangi joyga jo‘nab ketdi.
Sud tergovchisi Ivan Ilich oldingidek komilfo, odamshavanda, xizmat majburiyatini shaxsiy hayotidan ajrata biladigan va maxsus topshiriqlar bo‘yicha xodim sifatida jamoatchilik hurmatini uyg‘ota oladigan odam bo‘lib qoldi. Tergovchilik xizmatining o‘zi Ivan Ilich uchun oldingi ishidan ko‘ra qiziqroq va maftunkorroq edi. Oldingi xizmatida amaldorlar va ma’murlarning qabuliga kelgan, qaltirab turgan odamlarning hasadini qo‘zg‘ab, ularning yonidan tugmasi yaltiroq mundirda qadamlarini salmoqlab tashlab o‘tib, bemalol boshliqning xonasiga kirish, bir piyola choy ustida papiros chekib, valaqlab o‘tirish unga juda-juda yoqar edi; biroq uning bunday baxtiyorligiga hasad qiladiganlar kam emas edi. Bunday odamlarni uni xizmat safariga jo‘natganlarida joylardagi politsiya boshliqlari, buzg‘unchilar orasida uchratardi; o‘ziga tobe bunday odamlar bilan nazokatli, do‘stona muomalada bo‘lar, bu bilan ularni xohlasa ezib tashlash qo‘lidan kelishi-yu, azbaroyi ulug‘ligidan marhamat ko‘rsatayotganini pisanda qilishni sevardi. Bundaylar ozchilik edi. Endi esa sud tergovchisi Ivan Ilich ang­lab yetdiki, hamma, juda e’tiborli, o‘ziga bino qo‘ygan hamma odamlar uning bir ishorasiga mahtal, xohlasa, sarlavhali mash’um qog‘ozga o‘sha tanish so‘zlarni yozadi va o‘sha e’tiborli, dimog‘dor zotni aybdor yoki guvoh sifatida uning qarshisiga o‘tirg‘izib qo‘yadilar va u hammasini hal qiladi, xohlasa, qamatadi, xohlamasa, tutqun qaltirab, uning savollariga javob qaytarishga majbur. Ivan Ilich hech qachon o‘z hokimiyatini suiiste’mol qilmagan, aksincha, vaziyatni yumshatish yo‘lidan borgan; biroq bu hokimiyatni anglash va uni yumshatish imkoniyati yangi xizmat vazifasining zavq va jozibasini tashkil etdi. Xizmatda, aynan tergovchilikda Ivan Ilich har qanday murakkab ish joriy qilingan tartiblar asosida ifodalansa, uning faqat tashqi mohiyati bilan qog‘ozda aks etishi, xususiy jihatlari rad etilishini anglab yetdi va asosiysi talab etiladigan jami rasmiyatchiliklar saqlanganda yuzaga keladigan xizmat doirasiga kirmaydigan barcha holatlarni inkor etish usullarini juda tez o‘zlashtirdi. Bu butunlay yangi yondashuv edi. Va u 1864 yilda amaliyotga joriy qilingan nizomlarga ilovalarni ishlab chiqqan kishilarning dastlabkilaridan edi.
Bu shaharga sud tergovchisi vazifasiga o‘tgach, Ivan Ilich yangi tanishlar orttirdi, bordi-keldilarni yo‘lga qo‘ydi, o‘zini boshqacharoq tutdi, hammasiga yangicha tus berishga intildi. U guberniya ma’muriyatidan ancha uzoqlashdi, tanishlarni esa shaharda yashayotgan sudyalar va boy zodagonlar davrasidan orttirdi, odamlardagi hukumatdan yengil norozilik kayfiyatini yuqtirdi, murosasozlik va rivojlangan fuqarolik tartiblarini yoqladi. Shu bilan birga, Ivan Ilich o‘z orastaligini birqadar o‘zgartirib, yangi vazifada iyagini qirtishlashni bas qildi va soqoliga qancha xohlasa, shuncha o‘sish imkonini berdi.
Ivan Ilichning yangi shahardagi hayoti juda ko‘ngilli edi: gubernator bilan ixtilofda bo‘lgan jamoa totuv va hamjihat edi; mablag‘ yeb-ichishga yetardi, yana qarta o‘yini uning hayotiga o‘zgacha zavq bag‘ishlardi, u qarta o‘ynaganda shod-xurram bo‘lar, bu o‘yinning nozik jihatlarini o‘zlashtirib olgan, shuning uchun aksariyat holda yutib chiqardi.
Bu joydagi ikki yillik xizmati davomida Ivan Ilich o‘zining bo‘lajak umr yo‘ldoshini uchratdi. Praskovya Fyodorovna Mixel Ivan Ilich o‘ralashib qolgan davradagi eng istarasi issiq, aqlli, harakatlaridan o‘t chaqnab turgan qiz edi. Tergovchi Ivan Ilich mehnatga dam beruvchi ermak va farog‘atlar qatori Praskovya Fyodorovna bilan ko‘ngilochar, yengil munosabat o‘rnatdi.
Muhim topshiriqlar bo‘yicha xodimlik davrida Ivan Ilich raqsga tushishni qoyillatardi; sud tergovchisi bo‘lgach, yo‘liga raqs tushardi. U shu ma’noda raqsga tushardiki, bu yangi muassasadami, beshinchi sinfdami – farqi yo‘q, agar ish shungacha borib yetsa, men bu borada tengsiz ekanimni ko‘rsatib qo‘yaman. Shu yo‘sinda, bazmlarning oxirida ba’zan Praskovya Fyodorovna bilan raqsga tushar va bu raqslar jarayonida Pras­kovya Fyodorovnani mag‘lub etardi. Shu tariqa qiz uni sevib qoldi. Ivan Ilichda uylanish borasida aniq, rejalashtirilgan maqsad yo‘q edi, qiz uni sevib qolgach esa shunday savolni ko‘ndalang qo‘ydi: “Aslida, uylanishimga nima monelik qiladi?”
Qizaloq Praskovya Fyodorovna yaxshigina zodagonlar avlodidan edi, ahmoq emasdi; o‘ziga yarasha bisoti bor edi. Ivan Ilich taqdirini bundan ham moyliroq qimorga tikishi mumkin edi, biroq shunisi o‘ng‘ay. Ivan Ilichning o‘z tirikchiligi bor edi, u shunga umid qilardiki, qizning topish-tutishi ham bundan kam bo‘lmaydi. Nasli toza; yoqimtoygina, g‘oyat basarishta ham. Gapning sirasini aytganda, Ivan Ilich atrofidagi odamlar shuni ma’qul ko‘rganlari tufayli uylandi, deyish adolatdan bo‘lmaydi, negaki u o‘z qaylig‘ini sevdi, unda tuyg‘ularini qadrlaydigan hamrohni ko‘rdi. Ivan Ilich ikki mulohazaga ko‘ra uylandi: shunday ayolni tanlagani o‘ziga yoqdi, boz ustiga yuqori mansabda turgan arkonlar ham bu qarorni ma’qullashdi.
Shunday qilib, Ivan Ilich uylandi.
Uylanish jarayonining o‘zi – to‘y, oilaviy hayotning dastlabki pallasi – kelin-kuyovlarga xos shiringuftorliklar, yangi mebellar, yangi idish-tovoqlar, to ayolining homilador bo‘lgunicha juda yaxshi kechdi, hatto Ivan Ilich amin bo‘la boshladiki, uylanish hayotning bor bud-shudi deb qaragan, jamiyat tomonidan ma’qullangan va qabul qilingan yengil, yoqimli, shodon turmush tarzini buzib yubormay, aksincha, uni teranlashtirar ekan. Ammo xotini homiladorligining dastlabki oylarida birdaniga o‘zgacha, kutilmagan, yoqimsiz, og‘ir va andozalarga sig‘maydigan voqealar sodir bo‘ldiki, ularni sira istamagani holda qutulib ham bo‘lmadi.
Ivan Ilichga tuyulganidek, ayol o‘rinsiz injiqliklar bilan, bu uning o‘zining iborasi edi, turmushning yoqimli va sokin muhitini buza boshladi: erini sababsiz rashk qiladi, undan o‘ziga ayricha e’tibor qaratishini talab etadi hamma narsadan shubhalanadi, bu bilan erkakni yoqimsiz va g‘azabnok holatlarga soladi.
Boshida Ivan Ilich bunday vaziyatdan oldin ham o‘ziga ko‘p yordam bergan usul – hayotga yengil-elpi, istig‘nosiz qarash bilan chiqib ketmoqchi bo‘ldi, xotinining ruhiy muvozanatini tartibga solishga urindi, oldingidek ochilib, yayrab yashashda davom etdi: uyiga do‘stlarini chorlab, qarta o‘ynardi, o‘zi ham klub yoki tanishlarinikiga qadam ranjida qilib turdi. Lekin bir safar xotini shunday vajohat bilan haqorat qildi va eri aytganlarini bajo keltirib, taslim bo‘lmaguncha, o‘zi kabi uyda o‘tirib siqilmaguncha diydiyolarini bas qilmasligini bayon etib, keyinchalik ham o‘shanday haqoratlarni davom ettirdiki, bundan Ivan Ilich dahshatga tushdi. U er-xotinlik munosabati hayotning dilraboligi va go‘zalligi bilan chiqishmay, aksincha, uni buzar ekan, demak, o‘zingni shu g‘oratgarlikdan saqlashing lozim, degan xulosaga keldi. Va Ivan Ilich bu yo‘lda vosita izlay boshladi. Yetim bitta edi – Praskovya Fyodorovnani tinchlantirish. Ivan Ilich xizmat va majburiyatlaridan kelib chiqib, o‘zining mustaqil dunyosini chegirib, xotiniga qarshi kurash boshlab yubordi.
Farzand tug‘ilishi bilan uni ovqatlantirish, bu boradagi turli g‘idi-bidilar, haqiqatan bo‘lgan yoki o‘ylab topilgan, Ivan Ilichning aralashishini talab qiladigan, biroq uning o‘zi nima qilishini bilmaydigan bola va onaning kasalliklari – injiqliklar uni oila davrasidan bezdirib, undan tashqari hayotni yana ham jozibali qilar edi.
Xotin jahldor va shafqatsiz bo‘lib borgani sari Ivan Ilich hayotining og‘irlik markazini yana va yana xizmati yelkasiga yuklardi. U kasbini oldingidan ham qattiqroq sevadigan, yanada shuhratparastroq bo‘lib qoldi.
Ko‘p o‘tmay, uylanganlariga bir yil to‘lishi nari-berisida Ivan Ilich tushunib yetdiki, oilaviy hayot tirikchilikda asqotadigan ko‘p narsalarga o‘rgatibdi, amalda juda qiyin va murakkab ish hisoblangan, jamiyat tomonidan tan olingan turmush tarzi asosidagi munosib tirikchilikni yuritish uchun o‘z majburiyatini bajarishda, xuddi xizmat sohasida bo‘lganidek, aniq munosabatni qaror toptirish lozim ekan.
Ivan Ilich o‘zi uchun oilaviy hayotda ana shunday munosabatni yaratib oldi. U oilaviy hayotdan uyda tushlik, xizmatkorlardan foydalanish, xotini iltifot qilishi mumkin bo‘lgan to‘shak singari odatiy mashg‘ulotlar, eng asosiysi, ko‘pchilik fikri bilan qaror topgan zohiriy rasmiyatchilikni talab qildi. Qolgan vaqtlarda ko‘ngilochar xushchaqchaqlikni izladi, agar topa olsa, mamnun bo‘ldi; agar qarshilik yoki mayda gapga duch kelsa, shu lahzada o‘zining xizmatdagi xilvat, chegaralangan olamiga ravona bo‘ldi va undan farog‘at topdi.
Ivan Ilichni yaxshi xodim sifatida qadrlashardi va uch yildan ke­yin prokuror yordamchisi etib tayinlashdi. Yangi majburiyatlar, ularning mas’uliyati, har qanday kishini sudga tortish, avaxtaga tiqib qo‘yish imkoniyati, nutqining ravonligi, ishdagi yutuqlari – bularning hammasi Ivan Ilichni xizmatga battar ruhlantirdi.
Bolalar ulg‘aydi. Xotini yana ham maydagap va zabti tor bo‘lib qoldi, lekin Ivan Ilichning oilaviy hayotda o‘zi ishlab chiqib o‘rnatgan tartiblari uning uchun bunaqa maydakashliklarning ahamiyatini deyarli yo‘qqa chiqardi.
Bir shaharda yetti yillik uzluksiz xizmatdan keyin Ivan Ilichni boshqa guberniyaga prokuror vazifasiga o‘tqazishdi. Ular ko‘chib kelishdi, sarmoya ko‘p emas edi, xotinga yangi joy yoqmadi. Topish-tutish oldingidan ko‘p bo‘lsa-da, tirikchilik qimmatlashib ketdi; bundan tashqari ikki farzandlari vafot etdi va Ivan Ilich uchun oilaviy hayot bamisoli do‘zaxga aylandi.
Praskovya Fyodorovna yangi joydagi barcha omadsizliklar uchun eridan yozg‘irardi. Er-xotin suhbatlarining aksariyat mavzusi, ayniqsa, bolalar tarbiyasi masalasida oldingidek janjallarga borib taqalar, janjallar esa istalgan daqiqada olovlanishga shay turardi. Gohida sevishib yurganlarining yoqimli xotiralari qalqib chiqardi, ammo bu ham uzoqqa bormasdi. Bu lahzalar ular bir qo‘nib o‘tgan orolcha edi, keyin yana bir-birlaridan ajratib yuborgan, begona qilib qo‘ygan xusumatlar ummoniga g‘arq bo‘lishardi. Begonalashuv, agar Ivan Ilich bunday bo‘lishi mumkin emas, deb hisoblaganda, uni xafa qilishi mumkin edi, biroq allaqachon bunday holni nafaqat tabiiy qabul qildi, balki oiladagi faoliyatining maqsadi deb bildi. Maqsad esa bunday ko‘ngilxiraliklardan iloji boricha ko‘proq xalos bo‘lish yo‘llarini izlash va bu harakatiga zararsizlik hamda yoqimlilik xususiyatini bag‘ishlash edi; bu maqsadga esa oila davrasida iloji boricha kamroq bo‘lish, kelishga majbur bo‘lganda esa boshqa birovning hamrohligida tashrif buyurish bilan erishdi. Muhimi, Ivan Ilichning ishi bor edi. Uning xizmat olamida butun hayotiy qiziqishlari mujassam bo‘lgandi. Bu qiziqishlar esa uni girdobiga tortib ketdi. O‘z hukmronligining havosi, kimni xohlasa majaqlab tashlashi mumkinligi, sudda uning tashrifi yoki qo‘l ostidagilar bilan uchrashishiga intiq bo‘lishlari va, asosiysi, his qilib turgan ishini mahorat bilan amalga oshira olishi – bularning hammasi uni mamnun etardi va do‘stlar bilan suhbatlar, birga tushlikka chiqish va qarta o‘yini bilan birgalikda uning hayotini bekamu ko‘st qilardi. Umuman aytganda, Ivan Ilichning hayoti shu tarzda, o‘zi chamalaganidek, yoqimli va ko‘ngilli davom etardi.
U shu zaylda yetti yil yashadi. Katta qizi allaqachon o‘n oltiga to‘lgan, yana bir go‘dak vafot etgan, tashvishlarining manbai bo‘lmish gimnaziyachi bola bilan qolishgandi. Ivan Ilich uni huquqshunoslikka bermoqchi bo‘ldi, Praskovya Fyodorovna esa jo‘rttaga gimnaziyaga topshirdi. Qiz uyda ta’lim oldi va yaxshi o‘sdi, bola ham yomon o‘qimadi.

3

Ivan Ilichning uylanganidan keyingi o‘n yetti yillik hayoti shunday kechdi. U allaqachon har xil silkilashlarga bo‘y bermaydigan, yana ham yog‘liroq joyga ko‘z tikib turgan basavlat prokuror darajasiga yetganda kutilmaganda yoqimsiz bir voqea ro‘y berdi-yu, uning tinch hayotini ostin-ustun qilib yubordi. Ivan Ilich universitet shaharchasiga raislik lavozimidan umidvor edi, Goppe ildamroq chopdi-da, bu joyni egallab oldi. Ivan Ilich chidolmadi, o‘z noroziligini bildirdi va u bilan hamda o‘ziga yaqin boshliq bilan janjallashib qoldi; shu bilan undan sovidilar va keyingi davrada ham uni chetlab o‘tishdi.
Bular 1880 yilda ro‘y berdi. Bu Ivan Ilichning hayotidagi eng og‘ir yil bo‘lgandi. Shu yillarda, bir tomondan qaraganda, tirikchilik uchun maosh ham yetmasdi; boshqa tarafdan – uni butunlay unutdilar va uning chekiga tushgan, o‘zining tasavvuricha, og‘ir va dahshatli nohaqliklarni boshqalar odatdagi hol singari baholadilar. Hatto otasi ham unga yordamlashishni xayoliga keltirmas, buni o‘zining majburiyatidan tashqari hisoblardi. Ivan Ilich angladiki, 3500 rubllik maosh olib, tirikchilik qilayotgan prokurorni hamma tark etdi va uning hozirgi ahvolini me’yorida deb, hatto baxtli hisoblashadi. Faqat uning o‘zi shuni bilardiki, o‘ziga nisbatan qilingan nohaqliklar, xotinining oxiri yo‘q yozg‘irishlari, qarzlari – u shunga majbur bo‘lib, endi qarz ko‘tara boshlagandi – imkoniyatidan yaxshiroq yashashga urinishlari sabab ahvoli havas qilgulik emas.
Shu yilning yozida moddiy ahvolini mo‘tadillashtirish maqsadida ta’til oldi va xotini bilan Praskovya Fyodorovnaning qishloqdagi akasinikiga ketishdi.
Qishloqdagi bekorchilikdan Ivan Ilich dastlab faqat zerikish emas, balki qattiq sog‘inch hissini ham tuydiki, bunday yashab bo‘lmasligini va qandaydir aniq choralar ko‘rish zarurligini tushunib yetdi.
Uyqusiz tunlarning birida u dolonda aylanib yurib, Peterburgga borish, kimlarningdir eshigini taqillatib, shunday bebaho odamni unutib yuborgan o‘shalarni jazolatishga qaror qildi va boshqa vazirlikka ishga o‘tishni mo‘ljalladi.
Keyingi kun xotini va qaynog‘asining harchand yo‘ldan qaytarishlariga qaramay, Peterburgga jo‘nadi.
U bir narsa uchun yo‘lga chiqdi: besh minglik maoshi bor joyni tilab olish. U aniq bir vazirlik, yo‘nalish yoki mashg‘ulot turini mo‘ljallagani yo‘q. Unga har qanday joy: ma’muriyatdami, bankdami, temiryo‘ldami, imperator xonim Mariyaning muassasasidami, hatto bojxonadami, besh minglik maosh bo‘lsa kifoya, bo‘ladigani besh ming rubllik maosh va uning qadriga yetmagan vazirlikdan xalos bo‘lish.
Qarangki, Ivan Ilichning bu safari kutilmagan va hayron qolarli muvaffaqiyat bilan yakunlandi. Kurskda birinchi darajali vagonga tanishi F.S.Ilin chiqdi va uni gubernatordan olgan telegrammasidagi yangilik bilan tanishtirdi. Shu kunlarda u ishlagan vazirlikda to‘ntarish ro‘y berayotgan emish, Pyotr Ivanovichning o‘rniga Ivan Semyonovich tayinlanar ekan.
Ko‘zda tutilayotgan yangi tayinlanishlar Rossiya tarixidagi ahamiyatidan tashqari Ivan Ilich uchun ham beiz ketmasdi, negaki, Pyotr Ivanovich va, shubhasiz, uning o‘rtog‘i Zaxar Ivanovichning yangi mansabga ko‘tarilishi Ivan Ilich uchun ayni muddao edi. Zaxar Ivanovich Ivan Ilichning do‘sti va hamtovog‘i edi.
Moskvada xabarlar tasdiqlandi. Peterburgga o‘tgach, Ivan Ilich Zaxar Ivanovichni topdi va o‘zining oldingi Adliya vazirligida ishonch­li o‘ringa tayinlanishining qat’iy va’dasini oldi.
Bir haftadan keyin xotiniga telegramma jo‘natdi:
“Zaxar Millerning o‘rnida birinchi ma’ruzada lavozim bilan siylanaman”.
Ivan Ilich xodimlarning o‘zgarishi sharofatidan kutilmaganda o‘zining qadrdon vazirligida shunday o‘ringa tayinlandiki, bu oldingi mansabidan ikki pog‘ona baland edi: besh ming rubllik maosh va uch ming rubllik rag‘batlantirish. Raqiblarning barcha to‘siqlari olib tashlangan va vazirlik egallangan, bundan Ivan Ilich behad baxtiyor edi.
Ivan Ilich qishloqqa shod, mamnun qaytdi, ko‘pdan beri u bunday yayramagandi. Praskovya Fyodorovna ham xursand bo‘ldi va oldingi ginalarni unutib, yarashdilar. Ivan Ilich Peterburgda o‘ziga qanday izzat ko‘rsatganlari, bir vaqtlar dushman sanalganlarning pisib qolganlari-yu, unga qulluqda bo‘lganlari, omadiga hasad qilishlari, ayniqsa Peterburgda uni qanchalik qattiq sevishlarini so‘zlab charchamasdi.
Praskovya Fyodorovna bu gaplarni jonqulog‘i bilan tinglar, o‘zini hammasiga ishonayotgandek qilib ko‘rsatar, hech narsaga e’tiroz bildirmas, faqat yangidan ko‘chib boradigan shaharlarida turmushni o‘zgacha yo‘lga qo‘yish yuzasidan rejalar tuzardi. Ivan Ilich ham xursandchilik bilan bu rejalar uning mo‘ljallari bilan mos tushayotganini ta’kidlar, o‘zining abgor bo‘lgan hayoti xotinining haqiqiy, unutilgan shodliklari qaytishi evaziga izga tushib ketishiga ishonardi.
Ivan Ilich qisqa muddatga kelgandi. 10 sentyabrda lavozimni qabul qilishi, shu bilan birga, yangi joyga o‘rnashishi, ashqol-dashqollarni viloyatdan keltirishi, yangi narsalar sotib olishi, ko‘p narsalarga buyurtma berishi lozim edi; bir so‘z bilan aytganda, hammasini shunday tashkil qilish kerak ediki, uning aqli nimani chamalagan bo‘lsa, ro‘yobga chiqishi va bularning hammasi Praskovya Fyodorovnaning orzulari bilan mos tushishi lozim edi.
Endi, hammasi muvaffaqiyatli uddalangach va xotini bilan murodiga yetgach, birga juda kam yashaganlari, sezib-sezmay ayro tushganlari, er-xotinlikning dastlabki yillaridagidek totli turmush nasib etmagani ko‘z oldiga keldi. Ivan Ilich oilasini hoziroq olib ketishni o‘yladi. Ammo birdaniga ularga yaqin va g‘amxo‘r bo‘lib qolgan opasi va kuyovining qistovi bilan Ivan Ilichning bir o‘zi jo‘nab ketdi.
Ivan Ilich jo‘nab ketdi, ishdagi muvaffaqiyatlar va xotini bilan murosaga kelganidan tug‘ilgan, bir-birini quvvatlagan a’lo kayfiyat uni tark etmadi. Binoyidek shinam uy topdi, bu bir paytlar er-xotin orzu qilgan boshpananing aynan o‘zi edi. Eski uslubdagi keng, baland xonalar, katta kabinet, xotini va qizi uchun maxsus xonalar, o‘g‘liga darsxona – xuddi ular uchun ataylab qurilgandek. Ivan Ilich jihozlashni o‘z zimmasiga oldi, gulqog‘ozlarni o‘zi tanladi, qadimgi boyarlar uslubidagi mebellar sotib oldi, devorlarga ham o‘z dididagi pardalardan torttirdi, hammayoq ochilib ketdi va u xayolida tasavvur qilgan oliymaqom manzara yuzaga keldi. Jihozlash yarmiga yetganda uning hunari shu darajada namoyon bo‘ldiki, hosil bo‘lgan nafosat kutganidan ancha yuqori edi. U hammasi tayyor bo‘lgach, boshqalar qabul qiladigan salobatli, to‘kis va diltortar manzarani tasavvur qildi. O‘zicha katta xona qanday bo‘lishini xayoliga keltirib ko‘rdi. Hali ta’miri tugamagan mehmonxonaga nazar tashlab, u allaqachon kamin, uning oldidagi panjara va javonlarni ko‘rdi, bu sochilib yotgan kursichalar, devorlarga terilgan mis tovoq va likoplar joy-joyiga qo‘yilganda yuzaga keladigan ko‘rk uni yayratib yubordi. Unga o‘zidek didga ega Pasha va Lizenkani bu sovg‘asi bilan qanchalik xursand qilishi mamnuniyat bag‘ishladi. Ular bunaqasini kutmagandi, biroq hammasi ular uchun-da. Muhimi, ko‘ngilga oliyjanoblik va to‘kislik kayfiyatini ulashadigan arzon narxdagi qadimgi buyumlarni topish va xarid qilish mumkin bo‘ldi. Yaqinlariga yo‘llagan xatlarida ularni birvarakayiga hayratga solish uchun hammasini yashirib yozdi. U bu yumushlarga shunchalik berilib ketdiki, ayni uni mamnun qilgan va sevgan yangi ishi ham keyinga surilib qoldi. Majlislar asnosida xayoli parishon bo‘lib ketardi: deraza pardasini osishga qanday piramon olsam: sidirg‘asidanmi yoki yig‘ilganidan? Qarab o‘tirishga sabri chidamay, narsalarni o‘zi tashidi, hatto mebellarni o‘rnashtirdi, pardalarni osdi. Bir safar narvonchaga chiqib, gulqog‘oz yopishtirayotgan ustaga o‘zi istagan burama naqshni o‘rgataman deb surinib ketdi va yiqilib tushdi, chaqqonlik bilan o‘zini o‘nglab oldi-yu, ammo deraza romiga biqini bilan qattiq urildi. Lat yegan joyi og‘rib yurdi, biroq hammasi o‘tib ketdi. Shu kunlarda Ivan Ilich o‘zini o‘ta xushchaqchaq va bardam his qilardi. “O‘zimni o‘n besh yilga yosharganday sezayapman”, deb takror-takror aytardi o‘zicha. Yumushlarni sentyabrda tugatishga astoydil intildi-yu, baribir ish oktyabrning o‘rtalarigacha cho‘zildi. Mayliga, lekin hammasi go‘zal bo‘ldi, buni nafaqat o‘zi tan oldi, balki ko‘rganlar ham e’tirof etishdi.
Odatda bir-biriga o‘xshagan o‘rtahol odamlar boy bo‘lishni juda xohlaydilar va boylarga taqlid qiladilar: qalin movut gazlama, qora yog‘och, gullar, gilamlar va to‘q yoki yaltiroq mis laganlarni taxlaydilar va hamma taniydigan mashhur odamlarga o‘xshagilari keladi. Unda ham, garchi diqqatni qaratish shart bo‘lmasa-da, shunga o‘xshash narsalar bor edi; nazarida uning buyumlari butunlay o‘zgacha edi. Nihoyat u oilasini temiryo‘l stantsiyasida kutib olib, ularni to‘g‘ri o‘zining yaraqlab turgan xonadoniga boshlab keldi, oq galstuk taqib olgan xizmatkor gullarga g‘arq oldingi xona eshigini ochdi, keyin mehmonxonaga, xos bo‘lmaga kirishdi, shu yerda hayratdan dong qotishdi, bundan u o‘zini yanada baxtiyor his etar, ularni aylantirib, hamma joyni ko‘rsatar, maqtovlarni mamnuniyat bilan qabul qilardi va mamnunligidan ko‘ngli charog‘on bo‘lardi. Shu oqshom choy ustida Praskovya Fyodorovna Ivan Ilichdan qanday yiqilganini so‘raganda, u yoyilib kuldi va hammaga qanday uchib tushganini va ustani qo‘rqitganini ko‘rsatib berdi.
– Behudaga gimnastkachi, bo‘lmaganman axir. Boshqa odam bo‘lganda o‘lib qolardi, men esa mana bu joyim bilan andak turtinib o‘tdim, xolos; qo‘l tegib ketsa, og‘riydi, biroq allaqachon tuzalib ketdi; o‘rni andak qorayib turibdi.
Ular yangi xonadonda har doimgidek, bir paytlar yaxshi yashaganlari singari, xuddi hamma narsa yetarli-yu, faqat yana bitta xona kamdek, mablag‘, boshqa vositalardan ham shikoyat yo‘g‘u, faqat jinday pul – besh yuz so‘m yetishmaydi singari jonhalak kayfiyatda ko‘ngilli yashadilar. Ayniqsa, hali hammasi bajarilmagan, lekin ado etilishi lozim bo‘lgan dastlabki paytlar yoqimli edi: nimanidir xarid qilish, boshqasiga buyurtma berish, birining o‘rnini almashtirish yoki o‘zgasini tuzatish darkor. Garchi er-xotin o‘rtasida bir qancha anglashilmovchiliklar yuzaga kelib tursa-da, ikkalasi ham shunday mamnun edilarki, yumushlar qanchalik ko‘p bo‘lmasin, hammasi ortiqcha gap-so‘zlarsiz ado etilardi. Tashvishlar nihoyalab qolganda biroz zerikarli bo‘lar, nimadir yetishmayotgandek tuyulsa, tanish-bilishchilik, rasm-rusumlar bilan turmush bisyor bo‘lardi.
Ertalabdan sudda bo‘lgan Ivan Ilich tushlikda uyiga qaytardi, dastlabki vaqtlarda, agar uydagi ba’zi qusurlar uning jig‘iga tegishini hisobga olmaganda, kayfiyati doim yaxshi bo‘lardi. (Dasturxondagi, choyshablardagi kichkina dog‘, pardadan sitilib ketgan tizimcha ham uni zor qaqshatardi: u qancha mehnat sarfladi bularga, qanday chidaydi?) Umuman, Ivan Ilichning hayoti xuddi o‘zining e’tiqodi talab qilgandek o‘tayotgandi: yengil, yoqimli va jozibali. Soat to‘qqizda turib, qahva ichadi, gazeta o‘qiydi, keyin vitsmundirini kiyib, sud mahkamasiga yo‘l oladi. U joyda tegirmon toshi aylanib turadi va Ivan Ilich xuddi do‘lda qolgandek bo‘ladi: ishga sho‘ng‘ib ketadi. Qabuliga kelganlar, devonxonadan ma’lumotnomalar, devonxonaga qog‘ozlar, majlis – doimiy va qat’iy yo‘lga qo‘yilgan tartibot. Ana shunday shiddatkor oqimdan tashqarida bo‘lgan va xizmat vazifasining to‘g‘ri tashkil qilinishiga xalaqit beradigan barcha g‘o‘r, hayotiy dahmazalarni inkor etishga to‘g‘ri kelardi: odamlar bilan hech qanday munosabatga, ayniqsa, ishga doir munosabatlarga yo‘l qo‘ymaslik, munosabatlar faqat xizmat doirasida bo‘lishi, xizmatning o‘zi munosabat bo‘lishi lozim edi. Masalan, birov keladi-da, nimanidir bilmoqchi bo‘ladi. Ivan Ilich undan qarzdor emas va bunday odam bilan biror gap-so‘z qilishga majburiyati yo‘q; mabodo, o‘sha odam hamkasb bo‘lib, xizmat yuzasidan nimadir munosabatga kirishish lozim topilsa, buni Ivan Ilich kiftini keltirib, barcha xizmat nizomlarida ta’kidlangan talablarni joyiga qo‘yib, shu bilan birga do‘stona nazokat bilan ado etardi. Xizmat munosabatlari tugadimi, hammasi tugardi. Shu uddaburonligi tufayli hayotining haqiqiy manzarasi bilan xizmat yo‘rig‘ini qorishtirib yubormasdi, Ivan Ilich uzoq amaliy tajribasi va iqtidori bilan bu san’atni mukammal egalladi va ba’zan sehrgar kabi o‘zicha hazillashib, insoniy va xizmat burchini aralashtirib ko‘rishni sinamoqchi ham bo‘ldi. Unga shuning uchun ham yo‘l qo‘ydiki, o‘zining iqtidori kuchini his qilardi va istalgan paytda zarurat yuzasidan insoniy va xizmat burchini ajratib yubora va joy-joyiga qo‘ya olishiga ishonardi. Ivan Ilichning ishlari faqat yengil, yoqimli, jozibaligina emas, sehrgarona davom etardi. Ora-sira chekar, choy ichar, ozroq siyosat haqida, yana biroz umumiy ishlar yuzasidan, mavridi bilan qarta to‘g‘risida, hammadan ko‘proq esa lavozimlarga tayinlashlar borasida suhbatlashardi. Horg‘in, biroq orkestrda birinchi skripkada o‘z partiyasini muvaffaqiyatli ijro etgan mohir sozanda kayfiyati bilan uyiga qaytardi. Uyda qizi oyisi bilan qayergadir ketgan chiqar yoki ularnikiga kimdir kelgan bo‘lardi; o‘g‘il gimnaziyada, darslarni repetitor ko‘magida tayyorlaydi va gimnaziyada qanday o‘qitishsa, shu darajada tahsil oladi. Hammasi yaxshi edi. Tushlikdan keyin, agar mehmonlar bo‘lmasa, Ivan Ilich ba’zan odamlar tildan qo‘ymaydigan kitoblardan o‘qir, oqshomlari esa ishi bilan mashg‘ul bo‘lar, qog‘ozlarni titkilar, qonunlar bilan tanishar, sud ko‘rsatmalarini qonun talablari bilan solishtirardi. Bu mashg‘ulotlar unga zerikarli ham, yoqimli ham tuyulmasdi. Qarta o‘ynalganda-ku boshqa gap, lekin ishlash baribir bir o‘zi yoki xotini bilan o‘tirgandan ko‘ra yaxshi edi. Ivan Ilichga xush yoqadigan damlar mavqei baland erkak va ayollarni chorlab uyushtirgan chortang davralar – dilkash tushliklar edi, shunchaki odmi suhbatdoshlardan farq qilmaydigan, ma’lum darajaga erishgan odamlar bilan vaqt o‘tkazishlardan uning mehmonxonasi fayzga to‘lib ketgandek tuyulardi.
Bir safar ularnikida hatto bazm bo‘ldi, raqsga tushdilar. Ivan Ilich uchun hammasi yoqimli, hammasi yaxshi edi, faqat xotini bilan tort va konfetlar borasida katta janjal chiqdi: Praskovya Fyodorovnaning o‘z mo‘ljallari bor edi, Ivan Ilich esa qattiq turib qimmat sotadigan qandolatfurushdan xarid qilishni talab qildi; anchagina tort oldilar, ortib qoldi va shundan janjal chiqdi, qandolatfurushning bahosi esa qirq besh rubl edi. Janjal kattarib ketdi va yoqimsiz tus oldi, Praskovya Fyodorovna unga: “Ahmoq, zahar!” dedi. Er boshini changallab qoldi va banogoh yuragi unga ajrashish haqida eslatgandek bo‘ldi. Biroq bazm xushchaqchaq o‘tdi. Yaxshi odamlar yig‘ilgandi, Ivan Ilich knyaginya Trufonova va “Sen qayg‘umni ol” jamiyatini tuzib mashhur bo‘lib ketgan uning singlisi bilan raqs tushdi.
Xizmat yuzasidan mamnunlik xudbinlikni, ijtimoiy hayotdan mamnunlik dimog‘dorlikni paydo qiladi, Ivan Ilich uchun esa haqiqiy xursandchilik qarta o‘yinidan edi. U tan olardiki, hammasidan keyin, qandaydir voqealaru hayotidagi noxushlikning izidan xush yoqadigani, barining qarshisida shamdek yonib turgan mamnuniyat, bu – yaxshi o‘yinchilar, huda-behudaga baqiravermaydigan hamtovoqlar bilan qarta o‘ynash, albatta, mudom to‘rtovlon (besh kishi bo‘lsa, menga yoqadi, deb tursang ham o‘yin qiyin kechadi) ishtirokida aqlli va jiddiy o‘yin (agar qo‘l kelib tursa), so‘ng kechki ovqat bilan bir stakan vino ichish. Kichikroq yutuqdan keyin (kattasi yoqmaydi) Ivan Ilich orombaxsh kayfiyat bilan uyquga yotardi.
Ular shu tarzda umrguzaronlik qilishardi. Tevaraklarida eng maqbul odamlar yig‘ilgan, e’tiborli shaxslar, yoshlar ham kelib-ketib turishardi.
Davradagi tanishlaridan er ham, xotin ham, qiz ham butunlay rozi, atroflarida xira pashshadek aylanisha boshlagan, sadoqatlarini izhor etish uchun hatto yaponcha taomlar tayyorlab kelishga kirishgan har xil tanishlari-yu do‘stlaridan uzoqlashishdi. Tez orada xira pashshalar tarqab ketdi va Golovinlar atrofida eng yaxshi do‘stlar davrasi qoldi. Yosh yigitlar Lizenka atrofida o‘ralasha boshlashdi, ayniqsa, sud tergovchisi Dmitriy Ivanovich Petrishevning yolg‘iz o‘g‘li, merosxo‘ri ancha aylanishib qoldiki, bu masalada Ivan Ilich Praskovya Fyodorovna bilan jiddiy gaplashib oldi: ularni troykada sayr qilishga yuborishsa yoki uyda xonaki spektakl tashkil etishsa, qanday bo‘larkan? Ular shunday yashashardi. Hammasi shunday davom etardi va juda yoqimli edi.

4

Hammasi ko‘ngildagidek davom etardi. Ivan Ilich ba’zan shikoyat qilib qoladigan og‘zidagi achqimtil, yoqimsiz ta’m va oshqozonining chap tarafi sanchib turishini ham ko‘ngilsizlikka yo‘yib bo‘lmasdi. Ammo bu noxushlik ortib bordi, og‘riq ham o‘tib ketmadi va shuuridan biqinidagi doimiy sirqirash sezimi hamda kayfiyatining badbinligini chiqarib tashlay olmadi. Kayfiyatidagi badbinlik borgan sari kuchayib, Golovinlar oilasida qaror topgan fayzli turmush tarzini ham izdan chiqara boshladi. Er xotini bilan tez-tez janjallashadigan bo‘lib qoldi va bunday doimiy mashmashalar oilaviy tarovat va jozibani barbod qildi, faqat odob me’yorlari arang jon saqlab turardi. Yana janjal muntazam tus oldi. Yana er va xotin alohida-alohida o‘tirishgandagina erkin nafas oladigan bo‘lishdi.
Endi Praskovya Fyodorovna hech tortinmay, asossiz ravishda erining fe’li og‘irligidan yozg‘iradigan bo‘ldi. O‘ziga xos hamma narsani bo‘rttirib gapirish odatidan kelib chiqib, u eri boshidanoq shunaqa itfe’l bo‘lganligini, faqat o‘zining bardoshi bilan yigirma yillik bu azobni yengib kelganligini takrorlay boshladi. Rost gap ham shu ediki, endi janjallar er tomonidan kelib chiqardi. Uning injiqliklari har doim tushlik paytida, ko‘pincha sho‘rvani tanovul qilishi bilan boshlanardi. Hali idishlarning sinig‘iga ko‘zi tushib qolar, hali ovqatning ta’mi yoqmas, hali o‘g‘lining stolga tirsagini tirab o‘tirgani g‘ashiga tegar yoki qizining soch turmagidan jig‘ibiyroni chiqardi. Bularning hammasida Praskovya Fyodorovnani ayblardi. Praskovya Fyodorovna boshida e’tiroz bildirib, bunaqa bachkanalik qilaverma, deb aytdi, lekin eri baribir tushlik payti bir-ikki qiliq ko‘rsatishini qo‘ymadi, bundan ayol uning ovqat paytida jini qo‘ziydigan kasali bor ekanini tushunib yetdi va o‘ziga taskin berdi; ortiq e’tibor bermay qo‘ydi-da, faqat tezroq ovqatlanib, turib ketadigan bo‘ldi. Praskovya Fyodorovna butun bardoshini ishga solib, murosa yo‘lini tutdi. Erining qabih fe’l-atvorga egaligini tushunib, o‘ziga rahmi kelib ketdi. O‘ziga rahmi kelgan sayin eriga nisbatan nafrati ortib boraverdi. Hatto uning o‘limini tilashgacha borib yetdi, biroq buni xohlamadi, negaki, unaqada tirikchilik manbaidan ajralib qolardi. Bu narsa uning battar jig‘ibiyronini chiqarardi. Shunchalar chorasiz ediki, hatto erining o‘limi ham uni bu ko‘rgilikdan xalos qila olmasdi, hamma zahrini ichiga yutdi, shu tarzda yuragi zardobga to‘lib boraverdi.
Navbatdagi janjaldan so‘ng, bu gal Ivan Ilich butunlay nohaq edi, buni o‘zi ham tan oldi va o‘ziga kelgach, haqiqatan ham xotinining jig‘iga tegadigan bo‘lib qolganini, bu kasallik ekanini ochiq e’tirof etdi, xotini kasalligi rost bo‘lsa, davolanish lozimligini aytdi va taniqli bir shifokorga borib uchrashishga qistay boshladi.
Er shifokor huzuriga bordi ham. Hammasi o‘zi kutgandek bo‘lib chiqdi; hammasi risoladagidek bajarildi. Kutish, o‘ziga sud amaliyotidan tanish bo‘lgan qog‘oz to‘ldirishlar, albatta, bu safar do‘xtir to‘ldirdi; tomir ko‘rish, yurakni eshitish, oldindan tayyorlab qo‘yilgan savollar va keraksiz javoblar, keyin esa, modomiki, siz bizga murojaat qilibsizmi, biz xizmatingizga tayyormiz qabilidagi soxta iltifot. Hammasi xuddi suddagidek edi. Sudlanuvchilar uning qarshisida qanday ko‘rinishda namoyon bo‘lsa, taniqli do‘xtir uni shunday alpozda kutib oldi.
Do‘xtir aytdi: u-bular va anov-manovlar ko‘rsatayaptiki, sizning ichingizda falon narsa bo‘lgan; agar bu tekshiruvlar davomida tasdiqlanmasa, ma’lum bo‘ladiki, ahvolingiz manovnaqa. Agar bunaqa chiqib qolsa, unda… va hokazo. Ivan Ilich uchun bitta savol hammasidan muhim edi: uning ahvoli xavflimi yoki tashvishga o‘rin yo‘qmi? Do‘xtir bunday ko‘ndalang qo‘yilgan savolni aylanib o‘tdi. Do‘xtirning nuqtai nazaricha, bu savol juda siyqa va muhokama qilishga arzimaydi; faqat buyrakning o‘rnidan jilgani, shilliq pardasining yallig‘lanishi hamda ko‘richakda o‘zgarish taxmin qilinmoqda. Bu o‘rinda Ivan Ilichning hayoti haqida gap ketayotgani yo‘q, gap qimirlab qolgan buyrak va ko‘richak ustida aylanmoqda. Bu boradagi munozaraga chek qo‘yib, do‘xtir Ivan Ilichning ko‘z oldida aqlini chaqmoqdek ishlatgancha, asosiy muammoni ko‘richakdan, deb hukm qildi va xulosa yasab dediki, keyinchalik peshobning tahlilidagi yangi alomatlarni ma’lum qilishi mumkin va shunda ish qaytadan ko‘riladi. Hammasi xuddi Ivan Ilich sudlanuvchilar bilan qanday munosabatga kirishsa, yorqin bir tarzda aynan shunday takrorlanayotgandi. Do‘xtir ham ko‘zoynagining ustidan tantanavor ohangda sudlanuvchidan yuqoriga qarab, yorqin bir tarzda o‘zining yakuniy so‘zini ma’lum qildi. Do‘xtirning yakuniy so‘zidan Ivan Ilich shunday xulosaga keldiki, ahvol yomon, do‘xtirga, qolaversa, hammaga baribir, faqat unga yomon. Bu xulosa Ivan Ilichda o‘ziga nisbatan hamdardlik tuyg‘usini qo‘zg‘ab, juda yomon ta’sir qildi, shu bilan birga yuragida shunday muhim masalada pinagini buzmagan beparvo do‘xtirga g‘azab jo‘sh urdi.
Biroq u hech nima demadi, o‘rnidan turdi, stol ustiga pul tashlab, chuqur xo‘rsindi-da:
– Biz, bemorlar, sizlarga tez-tez o‘rinsiz savollar berib tursak kerak, – dedi. – Umuman, bu kasallik xavflimi, yo‘qmi?
Do‘xtir ko‘zoynagining ustidan bir ko‘zi bilan qattiq tikildi, bu bilan u: hoy, sudlanuvchi, agar savol berishni to‘xtatmasangiz, men sizni zaldan haydash yuzasidan qaror chiqarishga majbur bo‘laman, deyayotgandek edi.
– Men sizga muhim va kerakli gaplarning hammasini aytdim, – dedi do‘xtir. – Qolganini keyingi tahlillar ko‘rsatadi. – Do‘xtir ta’zim qildi.
Ivan Ilich shoshilmay ko‘chaga chiqdi, chanaga g‘amgin o‘tirdi va uyiga yo‘l oldi. Yo‘l bo‘yi do‘xtirning mavhum va tushunarsiz ilmiy tilda aytganlarini xotirasida tiklab, ularni oddiy lafzga o‘girishga, mag‘zini chaqib, loaqal bitta savolga javob topishga harakat qilib bordi: menga yomonmi – juda yomonmi yoki hali hech narsa emasmi? Unga do‘xtirning barcha aytganlari ahvolining juda yomonligini tasdiqlayotgandek bo‘lardi. Ko‘chadagi hamma narsa Ivan Ilichga yomon ko‘rinib ketdi. Izvoshchilar g‘amgin, uylar g‘amgin, yo‘lovchilar, do‘konlar g‘amgin. Vujudidagi bir daqiqa ham to‘xtamaydigan, simillagan og‘riq do‘xtirning tushunarsiz gaplaridan keyin boshqacha, jiddiy tus oldi. Ivan Ilich endi yangi, og‘ir bir sezgi bilan unga quloq tuta boshladi.
U uyiga yetib keldi va xotiniga gap qotdi. Xotini quloq tutdi, biroq gapning o‘rtasida shlyapa kiyib olgan qizi kirib qoldi: u oyisi bilan otlanib turgan ekan. Qiz majburan o‘tirib, bu zerikarli hikoyani ting­lashga tutindi, biroq uning gaplarini oxirigacha eshitishga ona-bolaning sabri chidamadi.
– Yaxshi, men juda xursandman, – dedi xotini, – endi sen o‘zingga qara, dorilarni vaqtida ichib tur. Retseptni menga ber, hozir Gerasimni dorixonaga jo‘nataman. – Praskovya Fyodorovna shunday deya kiyimlarini almashtirgani chiqib ketdi.
U xotini xonada ekanida nafasini ichiga yutib turdi, chiqib ketgach esa chuqur nafas oldi.
– Nima ham derdim, – dedi o‘zicha g‘udranib. – Haqiqatan ham hali hech narsa emasdir…
U dorilarni icha boshladi, peshob tahlilidan so‘ng o‘zgarishi taxmin qilingan bo‘lsa-da, tavsiyalarga amal qilib bordi. Shu o‘rinda tahlildami yoki o‘zini parvarish qilishidami, qandaydir chatoqlik sodir bo‘ldi. Buni do‘xtir bilmasligi kerak – nima bo‘lganda ham u do‘xtir aytgan nimanidir bajarmagan. Yo u esdan chiqargan, yo yolg‘on gapirgan yoki undan nimanidir yashirganlar.
Baribir Ivan Ilich tavsiyalarga qat’iy amal qilib bordi va dastlabki vaqtlarda bu yaxshi ta’sir qildi.
Do‘xtir huzuriga tashrif buyurgandan keyin Ivan Ilichning asosiy mashg‘uloti shifokor tavsiyasida qayd etilgan talablardan kelib chiqib, gigiyenaga qat’iy amal qilish, dorilarni vaqtida olish, butun vujudi bo‘ylab tarqalayotgan og‘riqni nazorat qilishdan iborat edi. U butun diqqat-e’tiborini odamga xos kasalliklaru odamga xos salomatlikka qaratdi. Uning huzurida bemorlar, vafot etganlar, sog‘ayganlar to‘g‘risida, ayniqsa, unikiga o‘xshagan kasallikdan gap ochganlarida hayajonini yashirishga intilib eshitdi, so‘radi va dardiga ko‘nikishga intildi.
Og‘riq kamaymadi; ammo Ivan Ilich o‘rtaga shunday shartni qo‘ydi: ahvoli yaxshiligi haqida o‘ylashga o‘zini majbur qiladi. Hech narsa tashvishga solmagan pallalarda u o‘zini alday olardi. Biroq xotini bilan dahanaki jang qilib qolsa, xizmatda muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, qartada omadi yurishmasa, og‘riq kuchliroq seziladigan bo‘lib qoldi; avvallari bunday ko‘ngilsiz holatlarni, albatta, illatlarni yengaman, yutuqlarga erishaman, zafar quchaman, degan so‘zlar bilan ovuntirib, sezdirmay o‘tkazib ham yuborardi. Endi esa har qanday noxushlik uning qo‘l-oyog‘ini bo‘shashtirib yuborar va g‘amga cho‘mdirardi. O‘zicha endi sog‘aya boshlaganimda, dorilarning ta’siri bilinayotgan bir paytda mana shu la’nati ko‘ngilxiralik yetmay turuvdi, deb g‘ijinardi. Yana baxtsizligidan, uni xafa qiluvchi va nafratlantiruvchi odamlardan darg‘azab bo‘lar va bu g‘azab uni adoyi tamom qiladigandek tuyulardi; ammo g‘azablanmay turolmasdi. Aftidan, uning g‘azabini qo‘zg‘aydigan vaziyat odamlar sog‘lig‘ining yomonlashuviga olib kelishi tayin edi, shuning uchun bunday holatlarga beparvo bo‘lish lozim; biroq Ivan Ilich butunlay teskari mulohaza yuritardi: o‘ziga tinchlik kerak, osoyishtalikka daxl qiladigan ta’sirlarni izga solish lozim. Shunday derdi-yu, arzimagan noxushlikdan ham fig‘oni chiqib ketardi. Tabobatga doir kitoblarni o‘qib, do‘xtirlar bilan maslahatlashaverib, ahvoli battar yomonlashdi. Yomonlashuv shunchalik osoyishta kechayotgan ediki, u buni sezmasdi ham: bugungi ahvolini kechagi kunidan farqlolmasdi. Do‘xtirlar bilan maslahatlashib bildiki, uning ahvoli og‘irlashib ketayapti, hatto bu jarayon tezlashib bormoqda. Shunga qaramay, u do‘xtirlar bilan maslahatlashishdan tiyilmadi.
Bu oyda u boshqa bir taniqli zot qabulida bo‘ldi: taniqli xonim oldin nima deyilgan bo‘lsa, shuni takrorladi, faqat savollarni boshqacharoq qo‘ydi. Bu zotning maslahatlari Ivan Ilichning shubhalari va qo‘rquvini faqat kuchaytirdi, xolos. Tanishining tanishi – juda yaxshi do‘xtir – kasallikni butunlay boshqacha sharhladi, sog‘ayib ketishiga zo‘r berib ishontirishiga qaramay, o‘zining savollari va tavsiyalari bilan Ivan Ilichni chalkashtirib yubordi va gumonlarini kuchaytirdi. Gomeopatiya usuli bilan davolovchi shifokor kasallikka mutlaqo teskari tashxis qo‘ydi va dorilar berdi, Ivan Ilich boshqalardan yashirib, bir hafta dorilarni ichdi. Bir haftadan keyin hech qanday yengillashish sezmay, oldingi shifo va hozirgi davoga ishonchini yo‘qotib, battar tushkun holga keldi. Bir safar tanish xonim ikonalarning shifobaxsh xususiyati haqida so‘z ochib qoldi. Ivan Ilich o‘zini majbur qilib, diqqat bilan tingladi va dalilning to‘g‘riligiga o‘zini ishontirdi. Bu yangilik uni qo‘rqitib yubordi. “Nahotki aqlim shunchalik zaiflashib qolgan bo‘lsa? – dedi o‘ziga. – Bo‘lmag‘ur gap! Hammasi safsata, bularga chalg‘imaslik, hushyorlikni qo‘ldan bermaslik, bir do‘xtirni tanlab, uning aytganlarini og‘ishmay ado etish lozim. Shunday qilaman ham. Tamom-vassalom. Hech narsani o‘ylamayman va yozgacha qattiq davolanaman. Shunda hammasi aniq bo‘ladi. Endi ikkilanishlar tugadi!..” Bularni aytish oson edi, bajarish esa ancha mushkul. Biqinidagi og‘riq kuchayib bordi, go‘yo beshbattar bo‘layotgandek edi, endi to‘xtovsiz og‘rirdi, og‘zining ta’mi battar aynidi, unga og‘zidan yoqimsiz, badbo‘y hid chiqayotgandek tuyuldi, ishtahasi ham, darmoni ham yo‘q. Endi o‘zini aldab bo‘lmasdi: Ivan Ilichning hayotida yangi, muhim, oldin o‘z ahamiyati bilan hech ko‘rilmagan jiddiy voqea sodir bo‘layotgandi. Buni faqat uning o‘zi bilardi, atrofidagilar gap nimadaligini tushunishmasdi yoki tushunishni xohlashmasdi va dunyoda hammasi oldingidek davom etayapti, deb o‘ylashardi. Bular ham Ivan Ilichni battar qiynardi. Uydagilari – asosan, bordi-keldini avj oldirib yuborgan ona va qiz – ko‘rdiki, hech nimani tushunishmadi, uning xafaligi va injiqligi uchun o‘zini aybdor sanab, battar xo‘rligini keltirishdi. Garchi ular bu kayfiyatlarini yashirin tutsalar-da, Ivan Ilich o‘zining ularga xalaqit berayotganini ko‘rib turardi. Xotini uning kasalligiga boshqacha yondashmoqda edi, ya’ni eri nima desa ham, nima qilsa ham, o‘zini undan yiroq tutdi. Ahvol taxminan mana bunday:
– Bilasizmi, – derdi ayol tanishlariga, – Ivan Ilich risoladagi odamlarday davolanish tartiblariga amal qilmaydi. Hozir hapdorilarni ichadi va nima buyurilgan bo‘lsa, yeydi, vaqtida yotadi; ertasiga esa, agar men nazorat qilmasam, dori ichishni esdan chiqaradi, osyotr balig‘ini yeydi (unga taqiqlangan), yarimkechagacha qarta o‘ynaydi.
– E, qachon edi? – deydi Ivan Ilich alam bilan. – Bir martagina Pyotr Ivanovichnikida o‘tirganmiz.
– Kecha-chi, Shebek bilan?
– Baribir men og‘riqdan uxlay olmayman…
– Nima bo‘lgandayam, bunaqada sen sog‘aymaysan, faqat bizlarni qiynaganing qoladi.
Zohiran, boshqalarning yetkazishicha va o‘zi ko‘rib-bilganidek, Praskovya Fyodorovnaning erining kasalligiga munosabati shu tarzda edi va buning uchun uning o‘zini ayblar, dardini ortiqcha daxmaza deb bilardi. Ivan Ilich sezdiki, bu holat xotinida ixtiyorsiz paydo bo‘ldi, biroq bundan o‘ziga ham oson emasdi.
Sudda Ivan Ilich o‘ziga nisbatan g‘alati munosabat qaror topayotganini sezdi yoki sezayotganini o‘yladi: goh unga yaqinda o‘z o‘rnini bo‘shatib qo‘yadigan odamdek qarashadi; goh atrofidagilar uning qo‘rqinchli, dahshatli, quloq eshitmagan vosvosligi ustidan baravariga kulishadilar va hazil uchun istalgan joyga boshlab boradigan yoki tortib ketadigan bahona topilgandek bo‘ladi. Ayniqsa, o‘zining o‘ynoqiligi, so‘zamolligi Shvarts o‘n yil oldingi masrur kunlarni eslatib, Ivan Ilichning battar alamini keltirar, jahlini chiqarardi.
Bir qo‘l tashlash muddaosida do‘stlar to‘plandi, qur olib o‘tirdilar. Yangi qartani olib aralashtirdilar, chiyladilar, qarg‘ani, ular yettita edi, qarg‘aga taxladilar. Sherigi aytdi: kozirsiz, – va ikkita qarg‘ani saqlab turdi. Keyin nima bo‘ladi? Kulgili, maroqli xotima – qalpoq. Birdan Ivan Ilich o‘sha jon oluvchi og‘riqni, og‘zidagi o‘sha ta’mni sezdi va unga shu holda qalpoqdan zavq olib xursand bo‘lish ajabtovur yovvoyilikdek tuyulib ketdi.
U qo‘ldoshi Mixail Mixaylovichning shodon tarzda stolga musht tushirganini va qarta olishdan iltifot ila o‘zini tiyib, uni Ivan Ilich tomonga surib qo‘yganini, shu bilan xursand qilish maqsadida qo‘lini cho‘zmay turganini kuzatdi. “U nima deb xayol qilayapti, men shunchalik ojizmanki, hatto qarta olishga ham majolim yetmaydi debmi?”, – o‘yladi Ivan Ilich, kozirni unutib qo‘ydi, kozir qartani yurib yubordi va qalpoqni qo‘ldan boy berdi – o‘yinda yutqazdi, eng achinarlisi mag‘lub bo‘lgan Mixail Mixaylovich qaqshab qoldi, uning uchun esa hammasi bir chaqa. Hamma narsaning qadrsizligini xayolga keltirish esa azob edi.
Hamma unga qiyin bo‘layotganini ko‘rib turardi va bunday taklif qilishdi: ”Agar charchagan bo‘lsangiz, o‘yinni bas qilamiz. Dam oling”. Dam olish? U hech qachon charchamaydi, tinmay qarta surib, barchani charchatadi. Hamma sukut saqlab, g‘amga botib qoladi. Ivan Ilich bu qora bulutni o‘zi taratganini biladi va tarqatib yubora olmaydi. Ular kechki ovqatni yeb tarqalishadi, Ivan Ilich esa zildek xayollari girdobida yolg‘iz qoladi. Uning hayoti zaharlangan va boshqalarning hayotini zaharlayapti, bu og‘u kamaymayapti, aksincha, uning butun borlig‘ini qamrab olayapti.
Ana shunday kayfiyat, boz ustiga qattiq jismoniy og‘riq bilan to‘shakka kirish lozim va og‘riqdan tunning ko‘p qismi uyqusiz o‘tadi. Ertalab esa yana o‘rindan turish, kiyinish, sudga borish, gapirish, yozish, agar biron joyga borilmasa, uyga qaytish kerak – har bir daqiqasi azob bo‘lgan yigirma to‘rt soatlik kecha-kunduzni shu taxlit o‘tkazayotgandi. G‘orat bo‘lish arafasida yakka-yolg‘iz, o‘zini tushunadigan, qadriga yetadigan biron kishisiz yashayotgandi.

5

Shu yo‘sinda ikki oy o‘tdi. Yangi yil arafasida shaharga qaynog‘asi kelib ularnikiga qo‘nib o‘tdi. Ivan Ilich sudda edi. Praskovya Fyodorovna xarid uchun chiqib ketgandi. Ivan Ilich kabinetiga kirar ekan, bu joyda jomadoni bilan o‘rnashib olgan shodon va sog‘lom qaynog‘asiga duch keldi. Mehmon Ivan Ilichning qadam olishi bilan hushyor tortib, boshini ko‘tardi-da, unga birzum angrayib tikilib qoldi. Shu nazar Ivan Ilich uchun bor manzarani namoyon qildi. Qaynog‘a nimadir demoqchi bo‘lib og‘zini ochdi-yu, to‘xtab qoldi. Bu harakat hammasini tasdiqladi.
– Ajabo, o‘zgarib ketibsiz?
– Ha, o‘zgarishlar bor.
Shundan keyin Ivan Ilich o‘zining ko‘rinishi yuzasidan qancha og‘iz ochmasin, qaynog‘a miq etmadi. Praskovya Fyodorovna kelib qoldi, qaynog‘a opasining oldiga chiqdi. Ivan Ilich eshikni yopib, qulfladi-da, o‘zini oynaga soldi, oldin to‘g‘ridan, keyin qiyalab qaradi. O‘zining xotini bilan tushgan katta suratini oldi, uni oynadagi aksi bilan taqqosladi. O‘zgarish juda katta edi. Keyin qo‘lini tirsagigacha shimardi, qaradi, yengini tushirdi, yumshoq o‘rindiqqa o‘zini tashladi va ko‘z oldida tun zulmati quyuqlashdi.
“Kerak emas, kerak emas”, – derdi u o‘zicha; so‘ng irg‘ib turib, stolga yaqinlashdi va jildni ochib, ishni o‘qishga tutindi, biroq o‘qiy olmadi. Eshikni ochdi va tanobiy xonaga chiqib ketdi. Mehmonxonaning eshigi yopiq edi, ovoz chiqarmay yaqinlashdi-da, ichkariga quloq tutdi.
– Yo‘q, sen oshirib yuborayapsan, – derdi Praskovya Fyodorovna.
– Nimasini oshiraman? Ko‘rmayapsanmi – u o‘layotgan odam-ku, ko‘ziga qara. Nur yo‘q. Unga nima bo‘lgan o‘zi?
– Hech kim bilmaydi. Nikolayev (bu boshqa do‘xtir edi) nimadir dedi, lekin men bilmadim. Leshetitskiy (bu mashhur do‘xtir edi) teskari gapni aytdi…
Ivan Ilich nari ketdi, xonasiga kirdi, yotdi va o‘ylay boshladi: “Buyrak, tinchimagan buyrak”. U jami do‘xtirlarning buyrak qanday siljishi, qanday bezovta qilishi haqida aytgan gaplarini eslab ketdi. U hissiyot kuchi bilan bu nobakor buyrakni tutib olish, joyiga qo‘yish va mahkamlashga intildi; haytovur, bu qo‘lidan kelmasdi. “Yo‘q, yana Pyotr Ivanovichga boraman”. (O‘sha tanishining do‘xtir tanishi bor edi.) Qo‘ng‘iroqni chalib, otni tayyorlashni buyurdi va jo‘nashga hozirlandi.
– Yo‘l bo‘lsin, Jan? – xotini o‘ta dardchil va g‘ayriodatiy mehribon ovoz bilan so‘radi.
Bu kutilmagan hamdardlik uni qayg‘uga cho‘mdirdi. U g‘amgin nigohini xotiniga qadadi.
– Menga Pyotr Ivanovich kerak.
Shu bilan do‘xtir tanishi bor tanishinikiga yo‘l oldi. U bilan do‘xtirnikiga borishdi. Do‘xtir uni o‘tirg‘izib qo‘yib, uzoq suhbat qildi. Barcha anatomik, fiziologik tafsilotlar bilan tanishgan do‘xtirning fikricha, nima ro‘y berganini u tushunib yetgan.
Ko‘richak bilan jinday bir narsa, arzimagan narsa sodir bo‘lgan. Buni to‘g‘rilash qiyin emas. Bir uzv faoliyati kuchaytirilib, boshqa uzv faoliyati zaiflashtiriladi, shunday qilinganda so‘rish yuzaga keladi va hammasi izga tushib ketadi. U tushlikka biroz kechikdi. Tushlik qildi, yayrab suhbatlashdi, biroq anchagacha ishlagani kabinetiga o‘tgisi kelmadi. Nihoyat kabinetiga kirdi va shu zumda ishga g‘arq bo‘ldi. U ishni o‘qidi, ishladi, ammo xayolining tubida cho‘kib yotgan, qotib qolgan bir ishni ortga surib qo‘yayotganligi haqidagi fikr tinchlik bermayotgandi. Yumushlarini tugatgach, bu qotib qolgan ish ko‘richak muammosi ekanini esladi. Biroq bunga e’tibor bermadi-da, choy ichgani mehmonxonaga yo‘l oldi. Mehmonlar bor ekan, suhbatlashdilar, fortepiano chaldilar, qo‘shiq kuyladilar; qizining ardoqli kuyovi, sud tergovchisi ham bor ekan. Praskovya Fyodorovnaning fikricha, Ivan Ilich oqshomni boshqalardan ko‘ra quvnoqroq o‘tkazdi, ammo u bir daqiqa ham ko‘richak muammosi yuzasidan qotib qolgan ishni unutolgani yo‘q. Soat o‘n birda xayrlashdi-da, o‘z bo‘lmasiga kirib ketdi. U kasallanganidan buyon kabinetining yonidagi kichkina xonada bir o‘zi uxlardi. Ichkariga kirib yechindi, Zolyaning romanini qo‘liga oldi, ammo kitobni o‘qimadi, o‘yga cho‘mdi. Uning xayolidan qadrdon ko‘richakning tuzalib qolishi haqidagi fikr o‘tdi. So‘rilsa, chiqarib tashlansa, me’yoridagi faoliyati tiklansa. “Ha, hammasi shunday bo‘ladi, – dedi o‘zicha. – Faqat tabiatga ko‘maklashib yuborish lozim”. Dori esiga tushib qoldi, o‘rnidan turdi, uni ichdi, uning qanday shifo ato etayotganini, og‘riqni yo‘qotayotganini his etib, yelkasi bilan yotdi. “Faqat dorini me’yorida ichish va noxush ta’sirlardan qochish kerak; men enda o‘zimni yaxshi, hatto juda yaxshi his qilayapman”. U biqinini paypaslab ko‘rdi, og‘riqni sezmadi. “Ha, sezmadim, to‘g‘ri, juda yaxshi”. U shamni o‘chirdi va yonboshi bilan yotdi… Ko‘richak so‘rayapti, tuzalayapti. Birdaniga u o‘sha tanish, simillagan, zirqiragan og‘riqni sezib qoldi. Og‘zida ham o‘sha la’nati tanish maza. Yuragi o‘ynab ketdi, boshi g‘uvilladi. “E, Xudo, e, Xudo! – g‘udrandi u. – Yana, yana, hech qachon to‘xtamaydi”. Birdaniga dunyo ostin-ustun bo‘lib ketdi. “Ko‘richak. Buyrak, – dedi o‘zicha. – Gap ko‘richakda ham, buyrakda ham emas, balki hayot va… o‘limda. Ha, hayot bor, u o‘tayapti, o‘tayapti, men uni tutib qola olmayapman. Ha. O‘zni aldash nimaga kerak? Nima, o‘zimdan boshqa hech kimga ma’lum emasmi, men o‘laman, faqat masala haftalarda, kunlarda, balki hozirdadir, bo‘lishi mumkin. Qachondir yorug‘lik bor edi, endi zulmat. Qachondir men shu yerda edim, endi u yerga… Qayerga?”. U muzlab ketdi, nafasi to‘xtadi. Faqat yuragining urishini eshitib turdi.
“Men bo‘lmayman, xo‘sh, shu bilan nima ro‘y beradi? Hech narsa bo‘lmaydi. Agar men yo‘qolib qolsam, qayerga ketaman? Nahotki o‘lim? Yo‘q, xohlamayman”. O‘rnidan turib ketdi, shamni yoqmoqchi bo‘ldi, qaltiroq qo‘llari bilan paypaslandi va shamdondagi shamni polga tushirib yubordi, iziga qaytib, o‘zini yostiqqa tashladi. “Nima uchun? Baribir, – ochiq ko‘zlari bilan qorong‘ilikka tikilib gapirdi o‘zicha. – O‘lim. Ha, o‘lim. Ular hech nimani bilmaydi, bilishni xohlamaydi, shafqat ham qilmaydi. Ular o‘yin qiladi. (Qulog‘iga eshik ortidan, uzoqlardan taralayotgan kulgi ovozlari va qiyqiriqlar chalindi). Ularga baribir, ammo ular ham o‘ladi. Ahmoqlar. Men oldinroq, ular esa keyin. Ular mamnun bo‘lishyapti. Hayvonlar!” G‘azab uni bo‘g‘ib qo‘ydi. Unga juda qiyin, ko‘tarib bo‘lmaydigan darajada og‘ir bo‘lib ketdi. Biroq doimo bunday dahshatli qo‘rquv girdobida ham qolib bo‘lmasdi. U o‘rnidan turdi.
“Nimadir joyida emas; o‘pkani bosib olish kerak, hammasini boshidan o‘ylab ko‘rish kerak”. Va u o‘ylay boshladi. “Ha, kasallikning boshlanishi. Biqinimni urib olganimda hech o‘zgarish yo‘q edi, kecha qandoq bo‘lsam, bugun ham, ertaga ham shundoq edim, so‘ng biqinim simillab qoldi; jinday bezovta qildi, keyin ko‘proq, keyin do‘xtir, kayfiyatim buzildi, ranj-alam, yana do‘xtir; men esa jar yoqasiga borgan sari yaqinroq kela boshladim. Quvvat oz. Yaqinroq, yaqinroq. Va men cho‘pdek qurib qoldim, ko‘zimda nur yo‘q. Birdaniga o‘lim vasvasasi, men esa ichak haqida o‘ylayman. Ichakni surobga keltirish haqida o‘ylayman, bu esa o‘lim degani. Nahotki o‘lim?” Yana qo‘rquv g‘uluv qildi, u halloslab, kajava bo‘lib qoldi, gugurtni izlay boshladi, tirsagi bilan qutiga tiralib qoldi. Quti unga xalaqit berdi va og‘ritdi, bundan g‘azabi qo‘zg‘adi, o‘kinch bilan uni itargan edi, quti uning ustiga ag‘nab tushdi. U yelkasi bilan yerga qapishgancha umidsiz bo‘g‘ilib yotar ekan, o‘limni kutardi.
Bu paytda mehmonlar tarqalayotgan edi. Praskovya Fyodorovna ularni kuzatishga chiqqan. Nimadir qulab tushganini eshitib, u xonaga kirdi.
– Senga nima bo‘ldi?
– Hech narsa. Bilmasdan turtinib ketdim.
Ayol chiqib ketdi va sham olib keldi. U ko‘zlarini xotiniga qattiq tikkancha, bir chaqirim masofadan yugurib kelgan odamdek og‘ir-og‘ir nafas olib yotardi.
– Senga nima bo‘ldi, Jan?
– He…ch nar…sa. Tur…tinib ket…dim. – “Gapirib nima qildim. U baribir tushunmaydi”, o‘yladi Ivan Ilich.
Rostdan ham u tushunmadi. Erini ko‘tarib qo‘ydi, shamni yoqdi va shoshgancha chiqib ketdi: mehmonlarni kuzatib qo‘yishi kerak edi.
U qaytib kirganida eri chalqancha tushgan ko‘yi shiftga termilib yotardi.
– Nima bo‘ldi, mazang qochdimi?
– Ha.
Ayol boshini irg‘ab qo‘ydi, o‘tirdi.
– Bilasanmi, Jan, o‘ylaymanki, Leshetitskiyni uyga chaqirish kerak.
Taniqli shifokorni uyga chaqirish pulni ayamaslik degani edi. Bemor achchiq kulimsirab “Yo‘q” dedi. Ayol erining yoniga o‘tirib peshonasidan o‘pdi.
Ivan Ilich xotini o‘payotganida qalbining butun nafrati bilan uni yomon ko‘rib ketdi, uni itarib yuborishdan o‘zini arang tiydi.
– Xayr. Xudo yorlaqasin. Uxlarsan.
– Ha.
6

Ivan Ilich o‘layotganini sezib turar va doim asabiy holatda bo‘lardi.
Ich-ichidan shuni anglasa-da, o‘limga ko‘nikish u yoqda tursin, hatto nega bunday bo‘layotganini tushunolmasdi, hech qachon tushunib yetmasdi.
U Kizevetter mantig‘ida shunday sillogizmni o‘qigandi: Kay – odam, odamlar o‘limga mahkum, shunday ekan, Kay ham o‘limga mahkum. Lekin bu mantiq Kayga nisbatan to‘g‘ri, zinhor Ivan Ilichga emas. Kay – oddiy bir odam desak, bu xulosa mutlaqo adolatli, Ivan Ilich esa shunchaki odam emas, har doim barcha jonzotlardan juda-juda farq qiluvchi alohida inson edi; u bolalikning, o‘smirlikning, yoshlikning jami shodliklari, iztiroblari, hayajonlari bilan, ota-onasi bilan, Mitya va Volodya bilan, o‘yinchoqlari, izvoshchi, enaga, keyin Katenka bilan birga bo‘lgan Vanya edi. Axir Kayga u juda sevgan, charm qoplangan koptokchaning hidi tanishmidi? Axir Kay onasining qo‘lini shunday mehr bilan o‘pganmidi? Onasining ko‘ylak burmalari Kay uchun mayin shivirlaganmidi? U huquqshunoslikda holva talashib to‘polon qilganmidi? Kay uningdek sevilganmidi? Kay majlislarni uningdek olib bora olarmidi?
Kay o‘limga mahkum va u o‘lishga arzir ham, biroq men, Vanya, Ivan Ilich, barcha ichki tug‘yonlarim, o‘ylarim bilan o‘lishim – bu boshqa masala. Va mening o‘lim changaliga tushishim mumkin emas. Bu dahshat axir.
Unga shunday tuyulardi.
“Agar qismatimga Kay singari o‘lish bitilganda, buni oldindan sezardim, botiniy ovoz shuni aytardi, lekin menda bunday bo‘lmadi-ku; men va do‘stlarim – hammamiz buning Kay bilan yuz berganidek emasligini tushunib turardik. Endi esa ahvol bu! – derdi u o‘ziga-o‘zi. – Bo‘lishi mumkin emas. Mumkin emas, biroq… mumkin ekan. Bu yog‘i qandoq bo‘ldi? Buni qanday tushunish kerak?”
Chindan ham u tushuna olmasdi va yolg‘on, noto‘g‘ri, yoqimsiz bu fikr­dan qutula olmasdi, uni boshqa, to‘g‘ri, sog‘lom fikrlar bilan sitib chiqarishga intilardi. Lekin shu fikr faqat fikr emas, haqiqatdek qayta paydo bo‘lar va qarshisida turib olardi.
U najot topish ilinjida bu fikrning o‘rniga navbati bilan boshqa o‘ylarni chorlay boshladi. O‘lim haqidagi xayollarni quvgan burungi tafakkur tarziga qaytishga urindi. Biroq – g‘alati holat – oldin nima o‘lim tuyg‘usini to‘sgan, yopgan, yo‘qotgan bo‘lsa, endi hech biri o‘shanday qila olmasdi. Keyingi paytlarda Ivan Ilich o‘lim vahimasini yashirib turuvchi ilk fikrlash tarzini tiklashga ko‘p urindi. Ba’zan o‘ziga derdi: “Ish bilan shug‘ullanaman, axir unga hayotimni bag‘ishladim-ku”. Va u ko‘nglidagi barcha shubhalarni itqitib, sudga yo‘l oldi; o‘rtoqlari bilan suhbatlarda ishtirok etdi va eski odati bo‘yicha yoyilib, odamlar to‘dasiga o‘ychan nigoh tashlab, ozib ketgan qo‘llari bilan dub kresloning suyanchig‘iga tayanib, o‘rtog‘iga xuddi oldingidek engashib, qog‘ozni surib qo‘yib, qulog‘iga shivirlab, keyin birdan ko‘zini jalanglatib va tik qarab tanish so‘zlarni aytdi va ishni boshladi. Kutilmaganda biqinida og‘riq turdi va majlisning avj pallasiga sira e’tibor qaratmay, o‘zining qon qaqshatuvchi ishini boshladi. Ivan Ilich berilib tinglar, og‘riq haqidagi fikrdan o‘zini chalg‘itardi, biroq dard simillashda davom etar, qarshisida turib olib, unga termilardi go‘yo. Ivan Ilich qotib qoldi, ko‘zidagi cho‘g‘ o‘chdi va yana o‘zidan so‘ray boshladi: “Nahotki faqat u haq?” O‘rtoqlari va qo‘l ostidagi xodimlar hayrat va nadomat bilan ko‘rib turardilarki, shunday mohir, tajribali qozi adashib ketayapti, xatolarga yo‘l qo‘ymoqda. U silkinib hushiga kelishga intildi, majlisni nari-beri tugatdi-da, endi yig‘ilishlarni oldingidek olib bora olmasligi, yashirib kelgan dardi o‘zini ham boshqalar nazaridan, olamidan bekitib qo‘yayotganini his etib, tushkun kayfiyatda uyiga qaytdi; qozilik faoliyati bilan undan qutulishning iloji yo‘qligi aniq edi. Hammasidan yomoni shu ediki, dard uni biror nima qilishga undamas, faqat diqqatini tortib, og‘riqning ko‘ziga tik qaragancha aytib bo‘lmas darajada azob chekishga majbur etardi.
Ivan Ilich bunday holatdan qutulish uchun o‘zga taskin, o‘zga niqob izladi, bunday niqoblar ham qisqa muddatga uni qutqargandek bo‘ldi, biroq zum o‘tmay og‘riq nur kabi ularning ichidan sizib o‘tar, uni hech narsa to‘sib qololmasdi go‘yo.
Bir safar, keyingi kunlarning birida, u mehmonxonaga, o‘sha o‘zi tuzagan, yiqilib tushgan, – buni o‘ylash zaharxanda kulgi qo‘zg‘ardi, – o‘zi uni taxtlashda hayotini qurbon qilgan, negaki kasalligining boshlanishiga o‘sha yiqilib tushishdagi lat yeyish sabab bo‘lgandi, – shu xonaga kirdi va loklangan stolning bir cheti nima bilandir qirilganini ko‘rdi. Buning sababini izlay boshladi va chetga surib qo‘yilgan albomning bronzadan yasalgan bezagi qiyshayib qolganini payqadi. U o‘ziga qadrdon, o‘zi mehr bilan tuzgan albomni oldi, qizi va o‘rtoqlarining isqirtligidan alami toshdi, – varaqlari yirtilgan, suratlar buklangandi. Albomni hafsala bilan tartibga keltirib, bezakni to‘g‘rilab qo‘ydi.
Keyin albomlar solingan javonni boshqa burchakka, gullar yoniga o‘rnatish fikri xayoliga keldi. U xizmatkorni chaqirdi: qizimi, xotinimi yordamga kelishdi; ular rozi bo‘lishmadi, tortishdilar, u bahslashdi, jahli chiqdi; baribir hammasi yaxshi edi, negaki anov haqida eslamadi, u ko‘rinmadi.
U urinib turganda birdaniga xotini ishni rasvo qildi: “To‘xta, odamlar siljitadi. Yana o‘zingga bir baloni orttirasan”, shunda birdaniga u niqob ortidan elaslanib ko‘rinib ketdi, uni aniq ko‘rdi. Ivan Ilich umid qildiki, u o‘tib ketadi, biroq beixtiyor biqini zirqiradi, – u joyida o‘tiribdi, shu joyni bezovta qilayapti, endi unuta olmaydi, u gullar ortidan yuzsizlarcha Ivan Ilichga boqib turibdi. Muddaosi nima?
“Rosti, xuddi shu yerda, manavi parda ortida hujumda jon taslim qilgandek men hayotimni boy berdim. Nahotki? Qanday dahshatli va ahmoqona qismat! Bunday bo‘lishi mumkin emas! Mumkin emas, biroq bo‘layapti”.
Ivan Ilich kabinetga kirib o‘ringa cho‘zildi va u bilan yolg‘iz qoldi. Ko‘zi ko‘ziga tushib turibdi, u bilan qiladigan ish yo‘q. Faqat unga termilish va qo‘rquvdan muzlash qoldi.

7

Ivan Ilichning dardga chalinganining uchinchi oyida shunday vaziyat yuzaga keldiki, buni payqamaslik mumkin emasdi, negaki qadam-baqadam shunga borilayotgandi, xotini, qizi, o‘g‘li, xizmatkorlar, tanishlar, do‘xtirlar, eng muhimi uning o‘zi – bildilarki, Ivan Ilichga nisbatan boshqalarning bor qiziqishi shundan iborat edi: nihoyat u yaqinda joyini bo‘shatadi, o‘zining borligi bilan yuzaga kelgan qisinishdan tiriklarni xalos etadi va o‘zi ham jami qiynoqlardan xalos bo‘ladi.
U kamuyqu bo‘lib qoldi; unga afyun berdilar va morfin purkay boshladilar. Bu muolajalar unga kor qilmadi. Boshida yarim uyqu holatida his etgan ma’nisiz qo‘msash kayfiyatidan biroz o‘ziga kelgandek bo‘ldi, biroq keyinroq bu ham oldingidek, hatto undan ham battar ezadigan kuchliroq og‘riqqa almashdi.
Unga do‘xtirlarning tavsiyasi bilan alohida ovqat tayyorladilar; biroq bu taomlar uning uchun bemazadan bemaza, yoqimsizdan yoqimsiz tuyulardi.
Ichini bo‘shatishi uchun ham maxsus moslama yasab berishdi, har safar bu ham azob edi. Azob ifloslikdan, yoqimsizlikdan, badbo‘y hiddan va bu yumushda boshqa birovning ishtirokidan edi.
Biroq shu xijolatli ishda Ivan Ilichga yupanch ham topildi. Axlatni olib chiqish uchun oshxona xizmatchisi Gerasim kelardi.
Gerasim pokiza, sog‘lom, shahar maishatida semirib qolgan yosh yigit edi. Har doim quvnoq, ochiq ko‘ngil. Boshida ruscha kiyingan, tartibli bu bolaning o‘ziga yarashmagan yumushi Ivan Ilichni ajablantirdi.
Bir safar u tuvakdan turdi-yu, ishtonini ko‘tarishga madori yetmay, yumshoq kresloga qulab tushdi va o‘zining yalang‘och, etlari tirishib qolgan soniga tikilib qoldi.
Atrofga katta etigidan taralayotgan yoqimli qoramoy hidini anqitib, qishning toza havosini olib, movut peshband taqqan va cha­yir, yosh bilaklariga yengi shimarilgan yangi chit ko‘ylak kiygan Gerasim yengil qadamlar bilan kirib keldi-da, odatdagidek, bemorni xijolat qilmaslikka urinib, yuzidan hayot zavqi va latofati ufurib turgancha tuvakka yaqinlashdi.
– Gerasim, – arang gapirdi Ivan Ilich.
Gerasim qandaydir dag‘allikka yo‘l qo‘ygandek titrab ketdi va ildam harakat bilan o‘zining navqiron, yoqimtoy, sodda, tarovatli, endi tuk qoplay boshlagan ruxsorini bemor tomon o‘girdi.
– Nima xohlaydilar?
– Sen uchun, o‘ylashimcha, noqulay. Meni ma’zur tut. Mening ilojim yo‘q.
– Xijolat bo‘lmasinlar. – Gerasim ko‘zlari chaqnab oppoq sog‘lom tishlarini ko‘rsatdi. – Bundan nega aziyat chekasiz? Sizning tobingiz yo‘q-ku.
Va u o‘zining chaqqon, kuchli qo‘llari bilan odatdagi ishini bajardi-da, shipillab chiqib ketdi. Besh daqiqadan so‘ng yana shunday shipillab qaytib keldi.
Ivan Ilich hamon o‘rindiqda o‘tirardi.
– Gerasim, – dedi u yigit tozalab yuvilgan tuvakni joylashtirar ekan, – iltimos, menga yordamlash, yaqinroq kel. – Gerasim bordi. – Meni ko‘tar. Bir o‘zimga og‘ir, Dmitriyni jo‘natib yuborgandim.
Gerasim yaqinlashdi; baquvvat qo‘lida, qanday yengil kirib kelgan bo‘lsa, shunday yengil va chaqqon harakat bilan baquvvat qo‘lida uni ko‘tardi, narigi qo‘li bilan ishtonini to‘g‘rilab, turg‘azib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Ivan Ilich o‘zini divanga o‘tqazishni so‘radi. Gerasim qiyinchiliksiz, go‘yo erkalatgandek uni opichlab, divan oldiga olib bordi va o‘tqazib qo‘ydi.
– Rahmat. Qanday yaxshi. Hammasini… tez, chaqqon bajarasan.
Gerasim yana tabassum qildi va ketishga chog‘landi. Ivan Ilichga u bilan birga bo‘lish yoqib qolayotgan edi, qo‘yib yuborishni xohlamadi.
– Iltimos, anov stulni men tomon sur. Yo‘q, mana buni, oyog‘im tagiga. Oyog‘im yuqori bo‘lsa menga yoqayapti.
Gerasim stulni keltirib taqillatmay qulay o‘rnashtirdi va Ivan Ilichning oyog‘ini ko‘tarib, ustiga qo‘ydi; Gerasim oyog‘ini yuqori ko‘targan paytda Ivan Ilichga ancha yoqimli tuyulgandek bo‘ldi.
– Menga oyog‘imning yuqori turishi yoqayapti, – dedi Ivan Ilich. – Anov yostiqni ham shu yerga qo‘y.
Gerasim shunday qildi. Yana oyoqni ko‘tarib yostiqni joylashtirdi. Yana Ivan Ilichga Gerasimning oyog‘ini baland tutib turishi yoqdi. Oyoqni tushirganda yana yomon bo‘ldi.
– Gerasim, – dedi u xizmatkorga, – sen hozir bandmisan?
– Hech qanday ishim yo‘q, – janoblar bilan gaplashishning havosini olgan shaharliklarga o‘xshab javob berdi Gerasim.
– Yana nimadir qilishing kerakmi?
– Nima ham qilardim? Hammasini bajardim, faqat ertangi kunga o‘tin yorish qoldi.
– Oyog‘imni shunday yuqori ko‘tarib tur, maylimi?
– Bajonidil. – Gerasim oyoqni yuqori ko‘tardi, shunday holatda Ivan Ilich og‘riqni sezmayotgandek bo‘ldi.
– O‘tin nima bo‘ladi?
– U yog‘idan bezovta bo‘lmang. Hammasiga ulguramiz.
Ivan Ilich Gerasimga oyog‘ini ushlab yonida o‘tirishni buyurdi va xizmatkor bilan u yoq-bu yoqdan so‘zlasha boshladi. Qiziq, Gerasim oyoqni ushlab turganda og‘riq bosilgandek tuyuldi.
Shundan keyin ba’zan Gerasimni chaqiradigan, oyoqni yelkasida tutib turishga qistaydigan bo‘ldi, u bilan gaplashish Ivan Ilichga yoqardi. Gerasim Ivan Ilichni ayaganidan bularning hammasini yurakdan chiqarib, tez, chaqqon va jo‘ngina ado etardi. Boshqa odamlarning salomatligi, hayotsevarligi, xushchaqchaqligi Ivan Ilichning g‘arazini qo‘zg‘ardi; faqat Gerasimning hayotsevarligi va xushchaqchaqligi Ivan Ilichning g‘ashini keltirmas, aksincha, tinchlantirardi.
Ivan Ilichni azoblaydigan, negadir hamma tomonidan tan olingan yolg‘on, bu – u faqat kasal, ammo o‘lmaydi, xotirjam davolansa bo‘lgani, shunda hammasi iziga tushib ketadi degan safsata edi. U esa yaxshi bilardiki, nima qilmasinlar, battar jon oluvchi og‘riq va oxirida o‘limdan boshqa hech nima ro‘y bermaydi. Bu yolg‘on uni yomon qiynardi, shunday qiynardiki, bu mash’um xulosani o‘zlari ham biladi, u ham biladi, biroq tan olishni xohlashmasdi, boz ustiga uning ayanchli holati yuzasidan yana yolg‘on gapirib, uning o‘zini ham bu aldovga ko‘nishga majbur qilishardi. Paymonasi oldidan uni o‘zi haqidagi safsataga ishontirishlar, mehmondorchiliklar, pardalar, tushlikdagi osyotr… – hammasining davomiga uning o‘limini qo‘rqinchli tantanadek suqib kiritishga mo‘ljallangan yolg‘on Ivan Ilich uchun shafqatsiz azob edi. Ajabki, ko‘p marta unga o‘z qiliqlarini namoyish eta boshlaganlarida ularga baqirib yuborishdan arang tiyilardi: aldashni bas qilinglar, o‘lishimni siz ham bilasiz, men ham bilaman, shunday ekan, bas qilinglar, jilla qursa yolg‘on gapirmanglar. Biroq hech qachon u bunday gapirishga botinolmasdi. Ivan Ilichning dahshatli va vahimali o‘limi atrofdagilarga kutilmagan tasodifdek yoqimsiz, o‘zi bir umr sazovor bo‘lgan “yoqimtoylik”ning ajri sifatida ko‘ngilsiz yoki birqadar nojo‘ya (xuddi bir odam mehmonxonaga kirib, o‘zidan badbo‘y hid taratgandek) tuyulardi; u ko‘rib turardiki, unga hech kimning rahmi kelmaydi, negaki hech kim hatto hozir ham uning holatini tushunishni xohlamasdi. Faqat Gerasim uning ahvolini tushundi va yuragi achishdi. Negaki Ivan Ilichga Gerasim bilan birga bo‘lish taskin berardi, yoqardi. Gerasimning ba’zan miq etmay tun bo‘yi uning oyog‘ini yelkasiga qo‘ygancha uzluksiz o‘tirishi, hatto uxlashni ham xohlamay, “Siz hech ham xijolat bo‘lmang, Ivan Ilich, hali uxlab olaman” deb turishi; ba’zan kutilmaganda sensirab, “Sen betob bo‘lsang, nega xizmat qilmaylik?” deb qo‘shib qo‘yishlari yoqardi. Faqat Gerasimgina yolg‘on gapirmasdi, aftidan, u gap nimadaligini tushunib yetgan, ko‘rinib turibdiki, yashirishning hojati yo‘q, cho‘pdek ozib ketgan, zaif xo‘jayiniga uning rahmi keladi. Hatto bir safar Ivan Ilich uni jo‘natib yuborayotganida ochiqchasiga:
– Bir kun hammamiz o‘lamiz. Nima uchun xizmat qilmaslik kerak? – dedi u go‘yo o‘lim to‘shagidagi odamga xizmat qilayotganidan aslo aziyat chekmayotganini va vaqti kelganda o‘ziga ham kimdir shunday xizmat qilishidan umidvorligini ta’kidlagandek.
Yolg‘on va uning asoratlaridan tashqari Ivan Ilichni yana bir narsa qiynardi: uni qadrlashmayotgandi, u xohlagandek qadrlashmayotgandi; muttasil og‘riqlardan keyin, ba’zi daqiqalarda uzoq o‘ylardi: uyat bo‘lsayam kimdir uni xuddi kasal boladek ardoqlasa, u xohlardiki, unga xuddi yosh bolalarni erkalatgandek, ovuntirgandek munosabatda bo‘lsalar, uni ham erkalatsalar, o‘psalar, boshida ko‘z yosh to‘kib o‘tirsalar. U bilardiki, o‘zi oilaning e’tiborli a’zosi, oqargan soqoli bunga izn bermaydi; ammo baribir shunday bo‘lishini istardi. Gerasim bilan munosabatlarida shunga yaqin nimadir bor edi, shuning uchun ham Gerasim bilan munosabat unga taskin berardi. Ivan Ilich yig‘lashni, boshi ustida boshqalarning ham yig‘lashini, erkalatishlarini xohlardi-yu, ammo mana, sud a’zosi, davradoshi Shebek keldi, uning yig‘lashga, erkalashga siyoqi bor edi, Ivan Ilich esa jiddiy turib, salobatli, chuqur o‘yga tolgan qiyofada va o‘rganib qolganidek dabdaba bilan kassatsion qarorning ahamiyati haqida so‘z ochdi va o‘z fik­rining to‘g‘riligini uqtirishga kirishib ketdi. Uning atrofidagi va o‘zidagi bunday munofiqlik keyingi paytda Ivan Ilichning hayotini hammadan ko‘ra ko‘proq zaharladi.

8

Subhidam edi. Subhidam bo‘lganligi Gerasim ketgan va Pyotr-malay kelib, shamlarni o‘chirgan, pardalarni ochgan va xonani asta yig‘ishtirishni boshlaganidan bilindi xolos. Tongmi, tunmi, yakshanbami, jumami – hech biri farq qilmay qoldi, faqat bir daqiqa ham tinmay sirqiratadigan, azobli og‘riq; tobora adog‘iga yetib borayotgan, lekin hali tugamagan tiriklik hissi; yaqinlashayotgan qo‘rqinchli, shafqatsiz o‘lim va yolg‘onlar girdobigina ta’qib qilardi. Bunaqada kunlar, haftalar, soatlarning hisobi bo‘ladimi?
– Choy buyuradilarmi?
“Malayga tartibni saqlash muhim, ertalab janoblar choy ichsalar bas”, – o‘yladi u va qisqa qilib:
– Yo‘q, – dedi.
– Divanga o‘tishga qiynalmaysizmi?
“U xonani tartibga keltirishi lozim, men esa unga xalaqit berayapman, men ivirsiqlik, tartibsizlik keltiraman”, – o‘yladi Ivan Ilich va dedi:
– Yo‘q, meni tinch qo‘y.
Malay yana g‘imirlay boshladi. Ivan Ilich qo‘lini cho‘zgach, Pyotr eshilib yaqin keldi:
– Nima buyuradilar?
– Soat.
Pyotr yostiq ostida yotgan soatni keltirib uzatdi.
– To‘qqiz yarim. Ular turishmadimi?
– Yo‘q hali. Vasiliy Ivanovich (bu o‘g‘li edi) gimnaziyaga ketdilar, Praskovya Fyodorovna esa agar siz so‘rasangiz, uyg‘otishimni tayinlagandilar. Buyuradilarmi?
– Yo‘q, kerak emas. – “Choydan tatib ko‘rsam-chi?” – o‘yladi u. – Ha, choy… keltir.
Pyotr tashqariga yo‘naldi. Ivan Iichga yolg‘iz qolish qo‘rqinchli tuyulib ketdi. “Uni qanday tutib qolish mumkin? Ha, dori”.
– Pyotr, menga dorini uzat. – “Dori nimaga ham kor qilardi?” U qoshiqni olib, dorini ichdi. “Yo‘q, foydasi yo‘q. Bari behuda, yolg‘on, – og‘zida tanish, chuchmal, yoqimsiz ta’mni tuyar ekan u shunday xulosaga keldi. – Yo‘q, ishona olmayman. Og‘riq bir nafasga bo‘lsa ham tinsaydi.” U ingray boshladi. Pyotr qaytib kirdi. – Yo‘q, bor. Choy keltir.
Pyotr ketdi. Yolg‘iz qolgan Ivan Ilich yana ingray boshladi, faqat azobli og‘riqdan emas, qayg‘udan, yurak siqilishidan ingrardi. “Bu adog‘i yo‘q kunu tunlar, bari bir xil. Tezroq kelsaydi. Nima tezroq? O‘lim, zulmat. Yo‘q-yo‘q. Bular o‘limdan yaxshiroq!”
Pyotr patnisda choy olib kirganda Ivan Ilich unga bu kim, u nima, degandek uzoq angrayib qarab qoldi. Pyotr bu qarashdan xijolat tortdi. U o‘ng‘aysizlanib turar ekan, Ivan Ilich hushiga keldi.
– Ha, – dedi u, – choy… yaxshi, qo‘y. Faqat yuvinishimga yordamlashib yubor va toza ko‘ylak keltir.
Ivan Ilich yuvinishga tutindi. U to‘xtab-to‘xtab qo‘li, yuzini yuvdi, tishini tozaladi va sochini taray boshladi-da, oynaga ko‘z tashladi. U qo‘rqib ketdi, ayniqsa, sochining yaltiragan peshonasiga tekis tarmashib turishi qo‘rqinchli tuyuldi.
Ko‘ylagini almashtirayotganlarida, agar badaniga ko‘zi tushsa, yana ham qo‘rqib ketishini tushundi-da, o‘ziga qaramadi. Mana, hammasi nihoyasiga yetdi. U xalatni kiyib, qalin jun ro‘molga o‘randi va choy ichish uchun stol yoniga o‘tirdi. Shu asnoda birzum o‘zini yengil his etdi, ammo choy ichishni boshlar ekan, yana o‘sha ta’m, yana o‘sha og‘riq qaytdi. U o‘zini zo‘rlab, choyni oxirigacha ichdi, so‘ng oyog‘ini uzatib, cho‘zildi. Yotdi-da, Pyotrga ruxsat berdi.
Yana o‘sha gap. Ba’zan umid uchquni porlab qoladi, ba’zan pushaymonlar ummoni junbushga keladi, yana o‘sha og‘riq, yana o‘sha azob, o‘sha qo‘msash va hammasi bir xil, o‘zgarmas. U yolg‘izlikdan azoblanib, kimnidir chaqirgisi keladi, ammo biladiki, yonida birov o‘tirsa ahvoli bundan ham battar bo‘ladi. “Balki yana morfin ichish kerakdir, bari esdan chiqadi-ku. Men unga, do‘xtirga aytaman, boshqa biror narsa o‘ylab topsin. Bunday yashash mumkin emas, mumkin emas”.
Bir-ikki soat shunday o‘tadi. Mana, tashqaridan qo‘ng‘iroq tovushi eshitildi. Zora, do‘xtir bo‘lsa. Ha, bu do‘xtir, sizni biror nima cho‘chitdimi, hozir hammasini to‘g‘rilaymiz qabilidagi ifodani niqob qilib olgan bardam, xushchaqchaq, semizgina, quvnoq shifokor. Do‘xtir bu ifoda mazkur holatga yopishmasligini biladi, ammo u xuddi ziyofatga borayotgan odam ertalab zarchoponini yelkasiga ilib olgandek, bu niqobni bosib kiyib olgan va uni aslo yechmaydi.
Do‘xtir zavq bilan, shoshilmay qo‘lini artadi.
– Sovqotib ketdim. Qattiq sovuq. Isinib olsam maylimi? – deydi xuddi u isinib olishi uchun jinday kutib turish lozim, shundan keyin bari izga tushib ketadigandek ohangda.
– Xo‘sh, qalaysiz?
Do‘xtir Ivan Ilichga “Ishlar qalay?” degisi keladi, biroq u sezadiki, bunday deb bo‘lmaydi va “Tunni qanday o‘tkazdingiz?” deydi.
Ivan Ilich do‘xtirga “Nahotki sen hech yolg‘on gapirishdan uyalmasang?” degandek qaraydi. Biroq do‘xtir savolni tushunishni xohlamaydi.
Va Ivan Ilich noliydi:
– Baribir juda qattiq azob. Og‘riq o‘tib ketmayapti, yo‘qolmayapti. Nimadir bo‘lganda edi!
– Ha, siz kasallar doim shunaqasizlar. Xo‘sh, qarangki, isinib ham oldim, hatto injiqqina Praskovya Fyodorovna shu yerda bo‘lganida ham, mening haroratimga e’tiroz bildirolmasdi. Xo‘sh, salom berdik. – Do‘xtir qo‘l olishadi.
Va birdaniga oldingi nag‘malarini yig‘ishtirib, jiddiy qiyofada bemorni ko‘zdan kechirishga tutinadi, tomir urishi, haroratini o‘lchaydi, izidan dukillatish, tinglab ko‘rishlar boshlanadi.
Ivan Ilich hech shubhasiz biladiki, bularning bari xo‘jako‘rsinga, aldov, biroq do‘xtir tizzalab, engashgancha qulog‘ini goh yuqoriga, goh pastga tutib, ma’nodor qiyofada uning ustida turli tana mashqlarini ijro etar ekan, Ivan Ilich xuddi bir paytlar advokatlarning nima uchun yolg‘on gapirayotganini bilsa-da, maftun bo‘lib tinglagandek do‘xtirning jonhalak harakatlariga mahliyo bo‘lib qoladi.
Do‘xtir divanga cho‘kkalab, yana nimanidir dukillatib turganida Praskovya Fyodorovnaning shohi ko‘ylagi shitirladi va do‘xtirning kelganini bildirmagani uchun Pyotrga tanbeh bergani eshitildi.
Ayol ichkariga kirdi, erini o‘pdi va birdaniga allaqachon uyqudan turgani, faqat anglashilmovchilik tufayli do‘xtirning kelganini payqamay qolganini isbotlashga tushib ketdi.
Ivan Ilich unga suq bilan qaradi, boshdan-oxir ko‘z yugurtirib chiqar ekan, uning oppoq, do‘mboq, toza qo‘llariga, bo‘yniga, ovozidagi jarangga va ko‘zida hayot ufurib turgan shu’laga hasadi kelib ketdi. U qalbining butun quvvati bilan xotinidan nafratlanar, xotini teginganida unga nisbatan ko‘nglida to‘lib-toshgan nafratdan ezilardi.
Ayolning eriga va uning dardiga munosabati odatdagidek edi. Xuddi do‘xtir bemorlarga nisbatan ma’lum munosabat tarzini joriy qilgan va shundan voz kecha olmaganidek, ayol ham bir qolipdagi gaplarni bilib olgandi – eri aytilgan tavsiyalarga amal qilmaydi, hammasiga o‘zi aybdor va bu ham yetmaganday tinmay ta’na qiladi. Praskovya Fyodorovna eriga shundan boshqacha muomalani loyiq ko‘rmasdi.
– Ko‘rmaysizmi, hech quloq solmaydi! Dorilarni vaqtida ichmaydi. Boz ustiga doim oyog‘ini tepaga ko‘tarib yotadi, bu, ehtimol, unga zarardir.
Ayol uning Gerasimni oyog‘ini tutib turishga qanday majbur qilishini erinmay hikoya qiladi.
Do‘xtir yoyilib, beozor kuladi: “Nima ham qilardik, afsuski bu bemorlar shunaqa ahmoqona narsalarni o‘ylab topishadi, chidashdan boshqa iloj yo‘q; ularni tushunsa bo‘ladi”.
Ko‘rik tugagach, do‘xtir soatga qaradi va shu payt Praskovya Fyodorovna Ivan Ilichga ma’lum qildiki, eri rozi bo‘lsayam, bo‘lmasayam u taniqli do‘xtirni taklif qilgan va ular Mixail Danilovich (odatdagi do‘xtirni shunday atashardi) bilan birgalikda bemorni ko‘radilar, maslahatlashadilar.
– Sen e’tiroz bildirma, iltimos. Buni men o‘zim uchun qilayapman, – dedi ayol hamma narsani eri uchun qilayotgani va shu bois ham Ivan Ilich uning xohishiga qarshi bormasligini istehzoli ohangda ta’kidlab. Bemor sukut saqladi, peshonasi tirishdi. Shu bilan atrofini munofiqlik butunlay o‘rab olganini, bunday muhitda biror narsani tushunishda chalkashib ketish mumkinligini his etdi.
Xotini unga nima ravo ko‘rayotgan bo‘lsa, barini o‘zi uchun qilar va Ivan Ilichga o‘zi uchun qilayotganini aqlga sig‘maydigan holdek ta’kidlab, gapining teskarisini tushunishga undardi.
Haqiqatan, soat o‘n ikki yarimda taniqli do‘xtir keldi. Yana shu joyda va boshqa xonada eshitishlar, buyrak hamda ko‘richak haqida batafsil suhbatlar boshlanib ketdi va hayot-mamot masalasi bir yoqda qolib, savol-javoblarda buyrak va ko‘richak masalasi atroflicha muhokama qilindi, bu a’zolar bilan arzimagan o‘zgarish bo‘lib o‘tgan, mana endi Mixail Danilovich va taniqli zot ishga kirishadilar va hammasi joyi­ga tushadi.
Taniqli do‘xtir jiddiy, lekin umid uyg‘otadigan qiyofada xayrlashdi. Ivan Ilichning ko‘zida qo‘rquv uchquni va ilinj shu’lasi porlab, tuzalishga qanchalik kafolat borligi haqida bergan ilmoqli savoliga u kafolat yo‘g‘u, imkoniyat bor, deb javob qaytardi. Do‘xtirni kuzatayotgan Ivan Ilichning nigohi shunchalar g‘amgin ediki, buni ko‘rib, taniqli do‘xtirning xizmat haqini berish uchun kabinetdan chiqib ketayotgan Praskovya Fyodorovna yig‘lab yubordi.
Umidbaxsh so‘zlari bilan do‘xtir bag‘ishlagan kayfiyat uzoq cho‘zilmadi. Yana o‘sha xona, o‘sha suratlar, pardalar, gulqog‘ozlar, shisha idishchalar va o‘zining og‘riyotgan, jafo chekayotgan vujudi. Ivan Ilich ihray boshladi; uning tomiriga dori yubordilar va u sarhushlikda barini esidan chiqardi.
U ko‘zini ochganda qorong‘i tusha boshlagan edi; bemorga taom olib kelishdi. U sho‘rvani zo‘riqib ichdi; yana o‘sha hol, yana tun kirib keldi.
Ovqatdan keyin soat yettilarda uning xonasiga bazmga boradigandek kiyingan, do‘ppaygan, tarang tortilgan ko‘kraklar, yuzida atir-upa izi bilan Praskovya Fyodorovna kirdi. U ertalab teatrga borishayotganini eslatgandi. Sara Bernar tashrif buyurgan va ularning lojaga chiptalari bor ediki, chipta olishni Ivan Ilichning o‘zi majburlagandi. Ivan Ilich buni esidan chiqargandi, xotinining hashami uning g‘ashini keltirdi. G‘azabi qo‘ziganini yashirdi-yu, o‘zi lojadan joy olib, teatrga borishni, bu bolalar uchun tarbiyaviy estetik zavqlanish bo‘lishini qattiq tayinlaganini esladi.
Praskovya Fyodorovna o‘zidan ko‘ngli to‘q qiyofada, lekin aybdordek biroz qimtinib o‘tirdi, go‘yo so‘rashga majburdek, hech yangilik bo‘lmaganini bilsa-da, erining sog‘lig‘ini surishtirdi va o‘ziga kerak gapni ayta boshladi: uning borishga xohishi yo‘qroq, biroq loja allaqachon olingan va Elen, qiz va Petrishev (sud tergovchisi, qizning qallig‘i) boradi, ularni yolg‘iz jo‘natish noqulay. Aslida unga eriga qarab o‘tirish yoqadi. Faqat usiz do‘xtirning tavsiyalarini bajarsa bo‘lgani.
– Ha, Fyodor Petrovich (kuyov) kirmoqchi edi. Mumkinmi? Liza ham.
– Mayli, kirishsin.
Yasangan, yarimyalang‘och, yosh vujudini ko‘z-ko‘z qilib qizi kirdi. Otasiga esa aynan vujudi azob beradi. Sollanib qadam bosadigan, sog‘lom, tabiiyki, sevgidan mast, baxtiga soya tashlovchi kasallik, og‘riq yoki o‘limdan g‘azablanadigan noziknihol.
Frak kiyib olgan, yo‘g‘on, baquvvat bo‘yni mahkam qisilgan oq yoqada, ko‘kragi keng, kuchli sonlari uzun qora shimda lorsillagan, bir qo‘li tarang tortilgan qo‘lqopda, tavoze-la Fyodor Petrovich ham kirdi.
Ularning izidan yangi mundircha kiygan, qo‘lqopda, ko‘zining osti ko‘kargan, buning ma’nosini Ivan Ilich tushunardi, bechoragina gimnaziyachi ham sezdirmaygina bosh suqdi.
Ivan Ilichning o‘g‘liga hamisha rahmi kelardi. Uning olazarak, og‘riqli nigohi doim vahimali edi. Ivan Ilichning bilishicha, Gerasimdan tashqari faqat Vasya uni tushunar va qadriga yetardi.
Hamma o‘tirdi, yana bemorning salomatligini surishtirdilar. Sukunat cho‘kdi. Liza onasidan durbinni so‘radi. Ona va qiz o‘rtasida uni kim qayerga qo‘ygani yuzasidan mojaro chiqdi. Juda yoqimsiz holat.
Fyodor Petrovich Ivan Ilichdan Sara Bernarni ko‘rgan-ko‘rmaganini so‘radi. Ivan Ilich boshida o‘zidan nimani so‘raganlarini tushunmadi, keyin esa dedi:
– Yo‘q; siz allaqachon ko‘rdingizmi?
– Ha, “Adriyenna Lekuvryor”da .
Praskovya Fyodorovna aktrisaning bir fazilatini maqtadi. Qizi e’tiroz bildirdi. Uning o‘yinlari qanchalik nafosatli va hayotiy ekanligi haqidagi doim bir xilda takrorlanadigan suhbat boshlanib ketdi.
Suhbat asnosida Fyodor Petrovich Ivan Ilichga nazar soldi-da, jim bo‘lib qoldi. Boshqalar ham qaradilar va jimib qoldilar. Ivan Ilich yaltiragan ko‘zlari bilan qarshisiga tikilar, shubhasiz, ulardan g‘azablanardi. Bu holatni izga solish lozim edi, biroq buni tuzatib bo‘lmasdi. O‘rtaga cho‘kkan og‘ir sukunatni buzish lozim edi. Hech kim bunga jur’at etolmasdi, birdaniga yolg‘on fosh bo‘lib qoladigandek, bari oshkor bo‘ladigandek hamma vahimaga tushdi. Birinchi bo‘lib Liza jur’at qildi. U sukunatni buzdi. Qiz hammaning ko‘nglidagi gapni yashirmoqchi bo‘ldi-yu, ammo sezdirib qo‘ydi.
– Aytgancha, ketar vaqt ham bo‘ldi, – dedi u bir vaqtlar otasi sovg‘a qilgan soatiga qarab va ularning ikkisigagina ma’lum bo‘lgan bir narsa haqida yigitga sezdiribroq boqib kuldi-da, ko‘ylagini shitirlatgancha o‘rnidan turdi.
Hamma o‘rnidan qo‘zg‘aldi va xayrlashib chiqib ketishdi.
Ular turib ketgach, Ivan Ilichga kayfiyati yaxshidek tuyuldi: munofiqlik yo‘qoldi, u o‘shalar bilan ketdi, ammo og‘riq qoldi. Yana o‘sha na og‘ir, na yengil og‘riq va o‘sha qo‘rquv. Hammasi birdek yoqimsiz.
Yana daqiqa izidan daqiqa, soat ketidan soat o‘ta boshladi, hammasi o‘sha-o‘sha, oxiri yo‘q, bari muqarrar dahshatli yakun sari borayapti.
– Ha, Gerasimni yuboringlar, – deb javob berdi Ivan Ilich Pyotr­ning savoliga.
9

Xotini tun yarmidan oqqanda qaytdi. U oyoq uchida yurib kirdi, biroq buni Ivan Ilich eshitdi: ko‘zini ochdi va yana shoshib yumib oldi. Ayol Gerasimni jo‘natib yuborib, eri bilan o‘zi o‘tirmoqchi bo‘ldi. Er ko‘zini ochdi va:
– Yo‘q, ket. – dedi.
– Juda qiynalayapsanmi?
– Nima farqi bor.
– Afyun ichsang-chi?
U rozi bo‘ldi va ichdi. Ayol ketdi.
Soat uchlargacha yarim behush holatda azob tortdi. Uni allaqanday tor qora xaltaga majburlab tiqishayotgandek tuyular, lekin sira tiqa olishmasdi. Bu yoqimsiz harakat uni zor qaqshatib ro‘y berayotgandi. Bundan o‘zi goh qo‘rqar, goh ichkariga kirmoqchi, og‘riqni to‘xtatishga yordamlashmoqchi bo‘lardi. Birdan ag‘darilib, qulab tushgandek bo‘ldi va ko‘zini ochdi. Har doimgidek oyoq uchida tinch va osuda mudrab Gerasim o‘tiribdi. U esa ozib ketgan, paypoq kiydirilgan oyog‘ini uning yelkasiga qo‘yib yotibdi; o‘sha qalpoqli sham, o‘sha tinim bilmas og‘riq.
– Boraver, Gerasim, – pichirladi u.
– Qo‘yavering, o‘tiribman-da.
– Yo‘q, boraver.
U oyog‘ini tushirib yonboshlab yotdi-yu o‘ziga rahmi kelib ketdi. Gerasim qo‘shni xonaga chiqishini sabr bilan kutdi va ortiq chiday olmay, yosh boladek ho‘ngrab yubordi. U o‘zining chorasizligi, bedavo dardga chalingani yolg‘izligi, odamlarning shafqatsizligi, Xudoning rahmi kelmayotgani, shafqat qilmayotganidan o‘ksib yig‘ladi.
“Nechun meni bu ko‘yga solding? Nega meni bu joyga olib kelding? Nima uchun, nima uchun meni buncha qiynaysan?..”
U javob kutmay, javob yo‘qligi, javob bo‘lishi mumkin emasligi uchun yig‘lashda davom etdi. Og‘riq yana xuruj qildi, biroq u qimirlamadi, hech kimni chaqirmadi. O‘zicha derdi: “Mayli, yana uraver! Ammo nima uchun? Men senga nima qildim, nega?”
Keyin u jimib qoldi, yig‘lashni ham, nafas olishni ham to‘xtatdi va butun diqqat-e’tiborini bir nuqtaga jamladi: go‘yo shovqinli ovozlarga emas, qalb ovoziga, botinida qo‘zg‘algan fikrlarga quloq tutmoqchi bo‘ldi.
– Senga nima kerak? – dastlabki eshitgan savolini so‘zlar bilan shunday ifodalasa bo‘lardi. – Senga nima kerak? Sen nimani xohlaysan? – o‘zicha takrorlardi u. – Nimani? – Qiynalmaslikni. Yashashni, – javob berdi yana o‘zi.
U bor vujudi bilan diqqatini qayta jamladi, hatto og‘riq sezilmay qoldi.
– Yashashni? Qanday yashashni? – so‘radi ichkaridan qalb ovozi.
– Ha, yashashni, oldin qanday bo‘lsa shunday: yaxshi, ko‘ngilli yashashni.
– Sen oldin yaxshi va ko‘ngilli yashagansanmi? – so‘radi ovoz. U hayotining eng go‘zal lahzalarini eslashga tirishdi. Ammo – g‘alati manzara – ko‘ngilli hayotining u go‘zal lahzalari endi oldingidek ohanraboli emas edi. Bolalikning ilk taassurotlarigina bundan mus­tasno. O‘sha manzilda, bolalikda haqiqatan agar qayta yashash nasib etsa, orzu qiladigan yoqimli narsalar bor edi. Biroq u kunlarni kechirgan odam endi yo‘q: ular boshqa birov haqidagi xotiralardek bo‘lib qoldi.
Bugungi kunlarga yetaklagan o‘tmish voqealari haqida o‘ylaganda taassurotlari xiralashib, uning uchun, Ivan Ilich uchun quvonch bo‘lib tuyulgan tuyg‘ular ko‘zida erib, ajabtovur, allaqanday yaramas tusga kirib bordi.
Bolalikdan uzoqlashib, shu kunlariga yaqinlashgan sari shodliklar arzimas va shubhali tuyula boshladi. Bu huquqshunoslikdagi tahsildan boshlandi. Har holda u joyda chinakam hayot bor edi: xursandchilik, do‘stlik, umid bor edi. Lekin yuqori sinflarga o‘rlay boshlagach, bunday yoqimli lahzalar kamayib bordi. Keyin gubernator huzuridagi dastlabki xizmat asnosida ham yoqimli lahzalar bo‘lgandi: bu xotiniga bo‘lgan muhabbatining xotiralari edi. Keyin hammasi chalkashib ketdi, ko‘ngilli onlar kamayib, yaxshi damlar borgan sari ozayaverdi.
Kutilmaganda uylanish… va ko‘ngil qolishlar, xotinining og‘zidagi hid, hissiyotlar, yon berishlar! Bu jon oluvchi xizmat, bu pul topish yo‘lida kuyib-pishishlar, shu zaylda bir, ikki, o‘n, yigirma yillar o‘tdi – bo‘lgani shu. Hammasi jonsiz, o‘lik. O‘zimni go‘yo tashvishlardan yuqorida yurgandek his etib, aslida g‘am-tashvishning ostida umrimni o‘tkazgan ekanman. Shunday bo‘lgan ekan. Ko‘pchilikning nazdida, mansab-martabada baland bo‘lganman, lekin hayot quyidan, pastdan o‘tib ketgan ekan. Mana, oqibati, o‘limga tayyorlanaver!
Xo‘sh, bu nima o‘zi? Nega? Bo‘lishi mumkin emas. Hayot shunday ma’nisiz, yaramas bo‘lishi mumkin emas. Agar u shu tarzda yaramas va ma’nisiz bo‘lsa, nima uchun o‘lish, qiynalib o‘lish lozim? Nimadir noto‘g‘ri.
“Balki men risoladagidek yashamagandirman?” – Ivan Ilichning miyasiga kutilmaganda shu fikr keldi. “Nega, axir hammasini talab qilinganicha, keragicha bajardim-ku?” – u o‘zicha shunday dedi va shu zumda hayot va o‘lim jumbog‘ining yagona yechimini ham o‘zidan uzoqlashtirdi.
“Endi nimani xohlaysan? Yashashnimi? Qanday yashashni? Yashash, xuddi sudda yashagandek, sud amaldori e’lon qiladi: “Sud kelayapti!..” Sud kelayapti, sud kelayapti, – takrorladi u ichida. – Mana u, sud. Axir men aybdor emasman-ku! – g‘azab bilan qichqirdi u. – Nima uchun?” U yig‘lashdan to‘xtadi va yuzini devor tomon o‘girib, faqat bir narsa haqida o‘ylay boshladi: buncha qiynoqlarga sabab nima?
Lekin qancha o‘ylamasin, savoliga javob topolmadi. Endi xayoliga tez-tez shu fikr kelardi: nima ro‘y berayotgan bo‘lsa, hammasi noto‘g‘ri yashaganidan; ammo Ivan Ilich darhol hayotining mutlaqo to‘g‘riligini esga olib, yoqimsiz o‘yni nari haydardi.

10

Yana ikki hafta o‘tdi. Ivan Ilich endi divandan qo‘zg‘almasdi. U to‘shakda yotishni xohlamay divanga o‘rnashib oldi. Mudom yuzini devorga o‘girib yotgancha nuqul bitta yechimi yo‘q azobdan qiynalar, bitta javobi yo‘q savol ustida bor vujudi bilan bosh qotirardi. O‘lim nima? Nahotki rost bo‘lsa bu o‘lim degani? Ichki ovoz javob berardi: ha, rost. Bu qiynoqlarga sabab nima? O‘sha ovoz javob berardi: shunchaki, sababi yo‘q. Shundan boshqa hech nima ro‘y bermasdi.
Dardga yo‘liqib, ilk marta do‘xtirga uchraganidan beri Ivan Ilich tez-tez o‘rin almashib turuvchi ikki qarama-qarshi kayfiyat ta’sirida yashardi: bir tomondan, tushunarsiz va qo‘rqinchli o‘limning vahimasi va kutilishi, bu yoqda o‘z vujudi faoliyatini kuzatishdan umidbaxsh qiziqish. Ko‘z oldida ba’zan o‘z vazifasini bajarmayotgan birgina buyrak va ko‘richak, ba’zan esa hech qachon qutulib bo‘lmaydigan tushunarsiz o‘lim sharpasi turardi.
Bu ikki kayfiyat kasallikning boshlanishida bir-biri bilan almashib turardi; dard uzoq davom etgach esa buyrakning tuzalishi haqidagi umid shubhali va xayoliy tuyula boshladi va kutilayotgan o‘lim tahdidi kuchaydi.
Ivan Ilich o‘zicha bundan uch oy oldingi holatini eslashga va uni hozirgi vaziyat bilan chog‘ishtirishga urinib ko‘rdi; barcha umidlar chilparchin bo‘lishi uchun tog‘ning tagiga engandek halokat sari bir tekis ketgan ekan.
Keyingi paytlarda bu yolg‘izlikda, divan suyanchig‘iga yuzini bosib yotib o‘zi his etgan yolg‘izlikda, ko‘plab tanishlari, bor tumonat shahardagi yolg‘izlikda, na dengiz tubida, na yer yuzida tengi yo‘q mutlaq yog‘izlikda – keyingi paytlardagi ana shunday tanholikda Ivan Ilich faqat o‘tmish xotiralarini tiklab yashay boshladi. Uning kechmishi manzaralari navbati bilan namoyon bo‘laverdi. Yaqin lahzalarning taassurotlari tobora uzoqlashib borar va oxiri bolalikda to‘xtardi. Ivan Ilich o‘ziga olxo‘ri murabbosidan yeyishni taklif qilganlari haqida o‘ylasa, bolalikdagi burushgan, xom frantsuz olxo‘risining o‘ziga xos ta’mi, og‘zi to‘la so‘lak bilan uni danagigacha kemirayotganlari esiga tushib ketar, shu xotiralar qatorida boshqalari ham uyg‘onardi: enaga, aka, o‘yinchoqlar… “Bular haqida o‘ylash shart emas, juda og‘riqli”, – derdi Ivan Ilich o‘ziga va bugungi kunlarga qaytardi. Divan suyanchig‘idagi tugma va saxtiyon teridagi izlar. “Teri qimmat, lekin sifatsiz; shundan ham janjal chiqqandi. Biz otamizning sumkasini yirtib qo‘yganimizda boshqa teri edi, janjal ham boshqacha, keyin jazolashgandi, onam esa bizlarga bo‘g‘irsoq beruvdi”. Yana xayol bolalikka ko‘char va yana Ivan Ilichga yoqimsiz tuyulib, bularni nari haydab boshqa narsalar haqida o‘ylashga urinardi.
Yana o‘sha hol, bu xotiralarni eslash jarayonida boshqa xotiralar ham xayolni egallardi: kasalligi qanday zo‘raydi va qanday og‘irlashib bordi? O‘tmish haqida o‘ylar qancha uzoqqa ketsa, hayot ta’mi shuncha kuchayardi. Burungi hayotda ezgulik ko‘p edi, hayotning o‘zi ham, uning qadri ham baland edi. Keyin hamma o‘ylari qorishib ketardi. “Qiynoq qancha zo‘raysa, hayot ham shuncha yomon o‘tadi”, – o‘ylardi u. Ortda, hayotning boshlanishida faqat bitta yorug‘ nuqta, keyin esa hammasi qop-qora, hammasi shuvillab o‘tadi. “O‘limgacha bo‘lgan oraliqqa teskari mutanosiblikda”, – o‘yladi Ivan Ilich. Tobora shitob bilan pastga qulayotgan tosh ko‘z oldiga keldi-yu, qalbi o‘rtandi. Azobi ortib borayotgan hayot intihoga, dahshatli qabohat sari yeldek uchib borardi. “Men uchayapman…” U titradi, qimirladi, qarshilik qilmoqchi bo‘ldi; biroq qarshi turish mumkin emasligini anglab yetdi va yana ro‘parasida turgan, qaramasa bo‘lmaydigan borliqqa tikilishlardan charchab, ko‘z qirini divanning suyanchig‘iga qadadi va kuta boshladi, o‘sha qo‘rqinchli qulash, silkinish va vayron bo‘lishni kuta boshladi. “Qarshi turish mumkin emas, – dedi o‘zicha. – Hech bo‘lmasa, nima uchun mumkin emasligini tushunish kerak. Bu ham mumkin emas. Agar men risoladagiday yashamaganimni tan olsam, tushunsa bo‘ladi-ku. Lekin buni endi tan olishning sira iloji yo‘q”, – dedi o‘zicha hayotining butun qonuniyligi, to‘g‘riligi, ma’qulligini xotirlab. “Bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, – dedi u birov ko‘rib, aldanib qoladigandek lablarini qimtib iljaygancha. – Izoh yo‘q! Qiynoq, o‘lim… Nima uchun?”

11

Shu alpozda yana ikki hafta o‘tdi. Bu vaqt ichida Ivan Ilich va xotini ko‘pdan kutgan voqea sodir bo‘ldi: Petrishev urf-odat bo‘yicha niyatini bildirdi. Bu kechki payt ro‘y berdi. Ertasi kuni Praskovya Fyodorovna Fyodor Petrovichning taklifini eriga qanday ma’lum qilishni obdan o‘ylagancha uning huzuriga kirdi, biroq shu kecha Ivan Ilichning ahvoli ruhiyati juda yomonlashdi. Praskovya Fyodorovna uni o‘sha divanda, faqat boshqa holatda uchratdi. U chalqancha yotar, inqillar va qotib qolgan nigohini to‘g‘riga qadab turardi.
Ayol dorilardan gap boshlaganda bemor nigohini unga qaratdi. U gapini tugatishga ulgurmadi: bu nigohda tuganmas g‘azab aks etib turardi.
– Iso haqqi, tinchgina jon taslim qilishimga izn ber, – dedi u.
Ayol chiqib ketmoqchi edi, shu zum qizi kirdi-da, hol-ahvol so‘rashga tutindi. Ivan Ilich qiziga ham xotiniga boqqan nigoh bilan tikildi, sog‘lig‘i haqidagi savolga quruqqina javob berib, yaqinda hammalarining undan qutulishini bildirdi. Ikkalasi ham jimib qolishdi, biroz o‘tirgan bo‘lib, so‘ng zumda chiqib ketishdi.
– Bizning aybimiz nima? – dedi Liza onasiga. – Xuddi biz uni kasal qilgandek. To‘g‘ri, unga rahmim keladi, lekin nega bizni qiynaydi?
Odatdagi vaqtda do‘xtir keldi. Ivan Ilich qahrli nigohini undan uzmay, qisqa-qisqa “ha, yo‘q” deb javob qaytardi va oxirida dedi:
– Hech qanday yordam berolmasligingizni bilasiz-ku, shunday ekan meni tinch qo‘ying.
– Og‘riqni yengillashtirishimiz mumkin.
– Buni ham eplolmaysiz; tinch qo‘ying dedim-ku sizga.
Do‘xtir mehmonxonaga chiqdi va Praskovya Fyodorovnaga ma’lum qildiki, ahvol juda tang, faqat bitta yo‘li bor – afyun, u qo‘zg‘alayotgan mislsiz og‘riqni bosadi.
Do‘xtir uning jismidagi og‘riq kuchli, deb to‘g‘ri aytdi. Biroq badanining zirqirashidan ham ko‘ra ko‘proq unga qalb tug‘yoni azob berardi. Ivan Ilichning ma’naviy azoblanishi shundan iborat ediki, kecha mudrab o‘tirgan Gerasimning beg‘ubor, lo‘mbillagan yuziga tikilib turib, miyasiga bir fikr keldi: rostdan ham butun hayotim, ongli hayotim “haligiday” o‘tgan bo‘lsa-ya?
Uning miyasiga avvallari mutlaqo imkonsizdek tuyulgan shubha oraladi: u yashab o‘tgan hayot o‘zi risoladagiday deb o‘ylagan darajadan boshqacha kechgan ko‘rinadi. Miyasiga shunday savol keldi: o‘zidan yuqori turgan odamlar tomonidan ma’qul hisoblangan mavjud holatlarga qarshi kurash borasidagi biroz ko‘zga tashlangan niyatlari, darhol xayolidan haydagan o‘sha niyatlargina chin, boshqa hammasi ro‘yo bo‘lgan esa-chi? Uning xizmati, hayot tarzi, oilasi, jamoasi va manfaatlari – bari soxta bo‘lishi mumkin edi. U o‘zining o‘tmishini himoya qilishga urindi-yu, birdaniga o‘zi muhofaza qilayotgan borliq qarshisida ojizligini sezdi. Himoya qilinadigan hech narsa yo‘q edi.
“Agar shunday bo‘lsa, – dedi u o‘zicha, – men o‘zimga berilgan barcha narsani vayron qildim va ular endi qayta tiklanmaydi, degan tushuncha bilan dunyoni tark etayotgan bo‘lsam, buyog‘i qandoq kechadi?” Ivan Ilich chalqancha yotib oldi va butun hayotini yangidan taftish qila boshladi. U ertalab malayni, keyin xotinini, so‘ng qizini, oxirida do‘xtirni ko‘rganda, ularning har bir harakati, har bir so‘zi tunda ayon bo‘lgan mash’um haqiqatni tasdiqladi. Ularning qiyofasida Ivan Ilich o‘zini, yashash tarzini ilg‘adi va bularning hammasi hayot va o‘limni berkitib turuvchi dahshatli, ulkan yolg‘on ekanini aniq ko‘rdi. Bu tuyg‘u kuchayib, uning jismoniy qiynoqlarini o‘n baravar oshirdi. U xirillab, ki­yimlarini yirib irg‘ita boshladi. Unga nafasi qisilib borayotgandek, kiyimlari bo‘g‘ayotgandek tuyuldi.
Unga ko‘p miqdorda afyun berdilar, u gum-gurs o‘chdi; biroq choshgohga borib yana shu qaytalandi. Ivan Ilich hammani atrofidan quvib soldi va u joydan bu joyga irg‘iy boshladi.
Xotini kirib yalindi:
– Jan, azizim, men uchun shunga rozi bo‘l (men uchun?). Bu zarar qilmaydi, foydasi ko‘proq tegadi. Nima qilibdi, hech narsa emas. Sog‘lom odamlar ham tez-tez…
Ivan Ilich ko‘zlarini katta ochdi.
– Nima? Tavba-tazarru keltirish? Nima uchun? Kerak emas. Ha, mayli…
Ayol yig‘lab yubordi.
– Ha, aziz do‘stginam. Men o‘zimiznikini chaqirtiraman, u juda beozor.
– Ajoyib, juda soz, – g‘udrandi Ivan Ilich.
Ruhoniy kelib, uning uchun ilohiy kalomlardan o‘qigach, u yumshadi, o‘zining shubhalaridan qutulib, yengil tortgandek bo‘ldi va bu tajang­likdan so‘ng unda oniy umid uyg‘ondi. U qaytadan ko‘richak va uni davolash haqida o‘ylab ketdi va ko‘zida yosh bilan tazarru qildi.
Ibodatdan keyin uni yotqizib qo‘yganlarida, bir daqiqa yengil tortdi va yana dilida yashashga umid uyg‘ondi. U taklif qilingan jarrohlik amaliyoti yuzasidan fikr yuritdi. “Yashashni, yashashni xohlayman”, – o‘zicha gapirdi. Hol so‘ragani xotini kirdi; odatdagi gaplarni aytdi va oxirida qo‘shimcha qildi:
– Ahvoling ancha tuzuk-a, shunday emasmi?
U xotiniga qiyo boqmay “ha” deb qo‘ya qoldi.
Ayolning kiyimi, turishi, yuz ifodasi, ovozi – bari unga bir narsani anglatardi: “Hammasi yolg‘on. Sen yashagan va yashayotgan hayot ko‘zbo‘yamachilik, munofiqlik, o‘zingdan hayot va o‘limni pana qilishdan iborat”. U shuni o‘ylar ekan, xotiniga nafrati qo‘zidi va nafrat bilan birga jon oluvchi jismoniy og‘riq hamda ruhiyatida chorasizlik, yaqinlashib kelayotgan intiho xayoli gavdalandi. Yangidan nimadir ro‘y berdi: burab, chatnab og‘rish, nafas siqishi…
U “ha” deganda yuzi qo‘rqinchli burishib ketdi. “Ha” deya turib, xotinining aftiga tik qaradi-yu, o‘z zaifligiga yarashmagan chaqqon harakat bilan yuztuban ag‘nab baqirib yubordi:
– Ketinglar, ketinglar, meni tinch qo‘yinglar!

12

Shu daqiqadan boshlab uch kun davom etgan, vahimali, ikki eshik ortidan ham vahimasi teshib yuboradigan chinqiriq boshlandi. Xotiniga javob qaytargan o‘sha daqiqada u mahv bo‘lganini tushungan edi, endi qaytish yo‘q, qazo yaqin, hammasi tugagan, hammasining yolg‘onligi haqidagi shubha esa shubhaligicha qolgan.
– V-u-u-uy! – qichqirardi Ivan Ilich turli ohanglarda. Keyin yana qichqira boshlardi: “Istamayman! V-u-u-uy!” – va shu tarzda uvlab qichqiraverardi.
Uning uchun vaqt o‘lchovi tugagan shu uch kunda jonini oxirigacha so‘rib olgan ko‘zga ko‘rinmas qora xalta ichida tipirchiladi. U xuddi jallodning qo‘lidan yulqinib chiqmoqchi bo‘lgan mahkumdek chiranardi; har daqiqada jon-jahdi bilan kurashmasin, uni dahshatga solgan o‘sha mash’um palla yaqinlashayotganini sezib turardi. U butun azob qora xaltaga tobora so‘rilib borishda ekanini his qilar, ammo bundan qutulish chorasi yo‘q edi. Qutulishga hayoti yaxshi o‘tgani haqidagi iqrori xalaqit berardi. O‘z hayotini oqlashi uni zanjir kabi chirmab olgandi va olg‘a yurishga qo‘ymasdi.
Birdaniga qandaydir kuch uning ko‘kragiga, biqiniga urilgandek bo‘ldi, nafasi battar qisildi, u allaqanday o‘ra tubiga qulab tushdi va o‘sha yoqdan allaqanday shu’la ko‘rindi. U bilan temiryo‘l vagonidagi bir holat ro‘y berayotgandi, oldinga ketayapman, deb o‘ylaysan-u, aslida orqaga ketayotgan bo‘lasan va birdaniga asl yo‘nalishni bilib qolasan.
– Ha, bari noto‘g‘ri bo‘ldi, – dedi o‘zicha, – hechqisi yo‘q. Aslida “to‘g‘ri” qanaqa bo‘larkan? – o‘zidan so‘radi va birdaniga jimib qoldi.
Bu uchinchi kunning oxirida, joni uzilishidan bir soat oldingi holat edi. Aynan shu pallada gimnaziyachi astagina otasining huzuriga pisib kirgan va unga yaqin borgandi. Jon beruvchi tinmay baqirar va qo‘lini silkirdi. Qo‘l gimnaziyachining boshiga tegib ketdi. Gimnaziyachi qo‘lni ushlab oldi, lablarini unga bosdi va yig‘lab yubordi.
Ayni shu paytda Ivan Ilich o‘raga qulab, shu’laga ko‘zi tushgan va hayoti noto‘g‘ri kechganini, ammo uni hali ham to‘g‘rilash mumkinligini o‘ylagandi. U o‘zidan: “To‘g‘ri hayot qanaqa?” deb so‘radi va bukchaygancha jimib qoldi. Shunda u qo‘lini kimdir o‘payotganini sezdi. Ko‘zini ochib, o‘g‘liga razm soldi. Bolaga rahmi keldi. Xotini unga yaqinlashdi. U ayolga tikildi. Ayol angrayib, burni va bo‘yniga oqqan ko‘z yoshlarini artmay, alamzada nazar bilan unga qarab turardi. Uning xotiniga rahmi keldi.
“Ha, men ularni qiynayapman, – o‘yladi u. – Ularga og‘ir, biroq men o‘lsam, ularga yaxshi bo‘ladi”. U shu so‘zlarni aytmoqchi bo‘ldi, ammo gapirishga kuchi yetmadi. “Gapirishdan nima foyda, amalga oshirish kerak”, – o‘yladi u. Keyin nigohi bilan xotiniga o‘g‘lini ko‘rsatdi va dedi:
– Qara… afsus… sen ham… – U “kechir” demoqchi edi, “kech” deya oldi xolos, xatoni to‘g‘rilashga majoli yetmadi, kimga kerak bo‘lsa, o‘zi to‘g‘rilab oladi, degandek qo‘l siltadi.
Shu payt Ivan Ilichni qiynab, ichidan chiqmayotgan azob ikki tomondan, o‘n tomondan, hamma tomondan otilib chiqa boshladi. Ularga shafqat qilish lozim, shunday qilish kerakki, ular azob chekishmasin. Bu qiynoqlardan o‘zini va ularni xalos etish lozim. “Qanday yaxshi va qanchalik oddiy, – o‘yladi u. – Og‘riq-chi? – so‘radi o‘zidan. – U qayerga ketdi, qayerdasan, hoy, og‘riq?”
U quloq tuta boshladi.
“Ha, mana u. Nima bo‘pti, mayli, og‘riyversin”.
“O‘lim-chi? U qayerda?”
U o‘zining qadrdon bo‘lib qolgan o‘lim qo‘rquvini izladi va uni topa olmadi. U qayerda? Qanaqa o‘lim? Hech qanday qo‘rquv yo‘q edi, negaki o‘limning o‘zi yo‘q edi.
O‘lim o‘rnida shu’la bor edi.
– Shunaqa bo‘larkan-da! – kutilmaganda ovoz chiqarib gapirdi u. – Qanday yaxshi!
Uning uchun hammasi bir daqiqada ro‘y berdi va bu daqiqaning mohiyati o‘zgarmay qoldi. Tepasida turganlar ko‘zi oldida esa uning o‘lim talvasasi yana ikki soat davom etdi. Ivan Ilichning ko‘ksida nimadir g‘arilladi; sharti ketib, parti qolgan gavdasi qaltiradi. Keyin g‘arillash va xirqirash kamayib bordi.
– Tamom! – dedi kimdir boshi ustida.
Bu so‘zni u eshitdi va qalbida takrorladi: “O‘lim tamom bo‘ldi, u endi yo‘q”.
U ichiga havo yutdi, yutganini nafasining yarmida to‘xtatdi, uzandi va omonatini topshirdi.

Rus tilidan Hakim Sattoriy tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2016 yil, 11-son