Lev Tolstoy. Gunohimiz nima? (hikoya)

I

1830 yil bahorda pan Yachevskiyning otameros mulki — Rojanka qishlog‘iga uning marhum do‘sti Migurskiyning yolg‘iz o‘g‘li Iosif Migurskiy mehmon bo‘lib keldi. Oltmish beshga kirgan, keng peshonali, chorpahildan kelgan, uzun mo‘ylovlari oqargan, qizilmag‘iz chol Yachevskiy Polshani ikkinchi marta taqsimlash vaqtida vatanparvarlik ko‘rsatgan edi. Yigitlik vaqtida Iosif Migurskiyning otasi bilan Kostyushko[1] bayrog‘i ostida xizmat qilgan bu odam, o‘z ta’biricha, osiy va buzuqi Yekaterina IIni hamda uning o‘ynashi — xoin Ponyatovskiyni o‘lgudek yomon ko‘rar, ertalab tong otib yana quyosh chiqishiga ishongan kishidek, Rech Pospolitaning[2] tiklanishiga qattiq ishonar edi. 12-yilda Yachevskiy o‘zining sevikli podshosi Napoleon qo‘shinida polk komandiri bo‘lib xizmat etdi. Napoleonning halokati uni qattiq xafa qilgan edi, lekin yarim-yorti bo‘lsa ham, har qalay, Polsha podsholigining qaytadan tiklanishidan umidini uzmasdi. Aleksandr I tomonidan Varshavada seymning[3] chaqirilishi uni umidvor qilib qo‘ydi, ammo Muqaddas Ittifoq[4], Yevropada reaktsiyaning boshlanishi, Konstantinning o‘zboshimchaligi uzoq yillardan beri ardoqlab kelgan tilaklarini chippakka chiqardi. 25-yilda Yacheyvskiy o‘z qishlog‘iga ko‘chib keldi va Rojankadan hech qayoqqa chiqmay, ro‘zg‘or ishlari bilan shug‘ullandi, ov qildi, gazeta va maktublar o‘qish bilan vaqtini o‘tkazdi. Gazeta va maktublardan u o‘z vatanida bo‘layotgan siyosiy voqealarni bilib turdi. Yachevskiy ikkinchi marta uylandi, u kambag‘al bir polyak dvoryanining chiroyli qizini oldi, biroq bu xotinga ko‘ngilsiz bo‘ldi. U ikkinchi xotinini mensimas, hurmat qilmas, o‘lganining kunidan u bilan birga turar, ikkinchi marta uylanib xato qilganining alamini undan olmoqchi bo‘lgandek, juda qo‘pol muomala qilardi. Ikkinchi xotinidan u bola ko‘rmadi. Birinchi xotinidan ikki qiz qolgan: to‘ng‘ichi Vanda o‘zining husniga mag‘rur bo‘lgan juda chiroyli qiz bo‘lib qishloqda turishdan zerikkan edi, kenja qizi — otasining erkatoyi Albina esa sho‘x, oriqqina, qo‘ng‘iroq malla sochli, chaqnab turgan katta-katta moviy ko‘zlarining orasi otasinikiga o‘xshash ochiq edi.

Iosif Migurskiy kelgan vaqtda Albina o‘n beshdaydi. Migurskiy ilgari ham studentlik chog‘ida, qishni Vilna shahrida o‘tkazadigan Yachevskiylarnikiga kelib turar, Vandaga xushomad qilar edi. Mana endi u, es-hushli, kap-katta yigit bo‘lganidan keyin, birinchi marta ularning qishlog‘iga mehmon bo‘lib kelishi edi. Yosh Migurskiyning kelishidan Rojankadagilarning hammasi mamnun bo‘ldi. Chol Iozyo Migurskiyni ko‘rib, marhum do‘stini ko‘rgandek bo‘ldi, yoshlik choqlari esiga tushib ketdi, shuning uchun ham uning kelganiga xursand edi. Buning ustiga faqat Polshadagina emas, balki chet ellarda ham (o‘zi chet eldan yaqinginada qaytib kelgan edi) revolyutsion xurujlar kuchayib borayotganini yorqin bo‘yoqlarda tasvirlab, shavq-zavq bilan gapirganidan unga yanada mehri oshdi. Pani Yachevskayaga Migurskiy shuning uchun yoqar ediki, chol Yachevskiy mehmon oldida o‘zini tiyib turar, har kundagidek unar-unmasga uni so‘kavermas edi. Vanda esa, Migurskiy meni deb kelgan, birga turmush quramiz, deb taklif etish uchun kelgan deb suyunar; uning taklifiga rozilik bermoqchi bo‘lar, ammo o‘ziga-o‘zi: kui tenir la dragee haute[5], der edi. Albina bo‘lsa, hamma suyungani uchun suyunardi. Yolg‘iz Vandaning o‘zigina Migurskiy shunday taklif etish uchun kelgan, deb o‘ylamas edi. Uydagilarning hammasi, garchi bu haqda hech kim og‘iz ochmagan bo‘lsa-da — Yachevskiydan tortib enaga Ludvikagacha — hamma shu fikrda edi.

Rostdan ham shunday edi. Migurskiy shu niyat bilan kelgandi, ammo bir hafta turgach, negadir xijolat chekib, ko‘ngli buzilib, Vandaga uylanishni taklif etmay jo‘nab ketdi. Uning to‘satdan ketib qolishidan hamma taajjublandi, lekin Albinadan boshqa hech kim buning sababini tushunmasdi. Bu taajjub hodisaning sababi o‘zi ekanini Albina bilardi. Migurskiy Rojankadaligida har vaqt uning huzurida hayajonlanganini, vaqti chog‘ bo‘lganini Albina sezgan edi. U Albinaga boladek muomala qilar, u bilan hazillashar, jig‘iga tegar, ammo Albina ayollarga xos bir tuyg‘u bilan uning muomalasi — kattalarning bolalarga qiladigan muomalasiga o‘xshamaganini, balki er kishining ayol kishiga bo‘lgan munosabatini eslatganini sezgan edi. Albina uyga kirganda Migurskiyning yuzi yorishib ketar, uni yoqimli tabassum bilan kutib olar yoki uydan chiqib ketayotganida shu tarzda kuzatib qolardi, qiz buning tagida bir gap borligini payqagan edi. Lekin buning nimaligini tushunib olishga urinmas, Migurskiyning muomalasi uni suyuntirar, o‘zi ham beixtiyor, Migurskiyning ko‘ngliga yoqqan ishni qilardi. Yigit esa uning har bir qilig‘ini yoqtirardi. Shuning uchun uning huzurida Albina kunda qiladigan ishini ham ishtiyoq bilan bajarardi. Migurskiyga Albinaning tozi it bilan quvlashib chopishi ham yoqardi. It bo‘lsa, sakrab qizning bo‘rtib ketgan oydek yuzini yalardi. Albinaning arzimagan narsaga xandon tashlab kulishi ham ksendzning[6] zeriktiruvchi va’zini eshitayotgan mahalda ko‘zlari kulib tursa-da, o‘zini jiddiy tutib turishi ham uning ko‘ziga yaxshi ko‘rinardi, goh qari enaga, goh mast qo‘shnilariga, goh Migurskiyning o‘ziga kulgili tarzda juda ustalik bilan taqlid qilishi, birovni masxara qilib turib, darhol boshqasiga o‘tishi ham unga yoqardi. Ayniqsa, Albinaning haddan tashqari quvnoqligi unga xush kelardi, qiz go‘yo hayotning butun go‘zalligini endi payqaganu undan foydalanib qolishga shoshilayotgandek edi. Migurskiyga bu qizning haddan tashqari xushchaqchaqligi yoqardi, o‘zining quvnoqligi Migurskiyning zavqini keltirganini bilgani uchun u hayajonga kelib, terisiga sig‘may ketardi.

Shu sababdan, Vandaga uylanishni taklif etish uchun kelgan Migurskiyning nima uchun bu to‘g‘rida og‘iz ochmay ketib qolganini Albina yaxshi bilardi. Garchi, buni gapirishga uning beti chidamasa-da, o‘z tili bilan bunga iqror bo‘lmasa-da, ichida Vandani mo‘ljallab kelgan Migurskiy, uni, ya’ni Albinani sevib qolganini tushunardi.

Aqlli, o‘qimishli, go‘zal Vanda oldida, o‘zini notavon deb bilgan Albina bunga ajablanardi, lekin Migurskiyning o‘ziga oshiq bo‘lgani unga oynadek ravshan edi. Albinaning bunga suyunmasligi mumkin emasdi, chunki o‘zi Migurskiyni jon-tanidan yaxshi ko‘rib qolgan edi; birinchi marta va o‘z umrida yolg‘iz bir marta sevadigan kishilargina shunday sevadilar.

 

II

Yoz oylarining oxirida gazetalar Parijda revolyutsiya bo‘lganidan xabar berdi. Buning ketidan Varshavada isyon ko‘tarishmoqchi degan mishmishlar tarqaldi. Yachevskiy, har safar pochta kelganda Konstantinning o‘ldirilishi va revolyutsiyaning boshlanishi to‘g‘risidagi xabarni qo‘rquv aralash umid bilan kutar edi. Nihoyat, Rojankadagilar noyabr oyida, belvederga[7] hujum qilishibdi, Konstantin Pavlovich qochibdi, deb eshitishdi, keyin seym Romanovlar xonadonini Polshaga hukmronlik qilish huquqidan mahrum qilibdi. Xlopitskiy diktator deb e’lon qilinibdi, Polsha xalqi ozod bo‘libdi, degan ovozalar keldi. Qo‘zg‘olon hali Rojankaga kelib yetmagan, ammo bu yerdagilar qo‘zg‘olonning borishidan xabardor, o‘zlari ham qo‘zg‘olon bo‘lishini kutib shaylanib turardilar. Keksa Yachevskiy qo‘zg‘olon rahbarlaridan biri bo‘lgan eski tanishi bilan yozishib turar, maxfiy kelgan yahudiy dallollarni, oldi-sotdi ishlari bilan emas, revolyutsiyaga doir ish bilan qabul qilar, payti kelganda qo‘zg‘olonga qo‘shilishga hozirlanardi. Pani Yachevskaya esa erining moddiy ehtiyojlari to‘g‘risida har qachongidan ham ko‘proq g‘amxo‘rlik qilar va bu bilan u har vaqtdagidek erining battar jahlini chnqarar edi. Vanda o‘z brilliantlarini Varshavadagi bir dugonasiga yuborib, sotib, pulini revolyutsion komitetga berishni tayinladi. Albinani esa faqat Migurskiyning nima qilayotganigina qiziqtirardi. Otasidan u Migurskiyning Dvernitskiy otryadida xizmat qilayotganini bilib, shu otryadga doir xabarlardan ko‘z-quloq bo‘lib turardi. Migurskiy ikki marta xat yozdi: bir xatida u qo‘shinga xizmatga kirganini, ikkinchi xatida, fevral oxirida, Stochek yaqinida polyaklarning g‘alaba qozonganini, bunda ruslarning oltita to‘pini qo‘lga tushirib, asirlar olinganini bildirdi. O‘z xatini u « Zwyciestwo Polakow ikleska Mockalil Wiwaf!»[8] —deb tamomlagan edi. Bu gaplardan Albina xursand bo‘lib, terisiga sig‘may ketdi. U xaritani ko‘zdan kechirar, moskallarning qayerda va qachon batamom tor-mor bo‘lishini chamalab ko‘rar, pochtadan keltirilgan paketlarni otasi imillab ochayotganda rangi dokadek oqarib, qaltirab ketardi. Bir kuni o‘gay onasi Albinaning uyiga kirib, uning oyna oldida shim va kamzul kiygan holda turganini ko‘rib qoldi. Albina polyaklar qo‘shini safiga kirish uchun erkakcha kiyim kiyib, uydan qochmoqchi edi. Otasi uni o‘z oldiga chaqirdi, qiziga qoyil qolgani, xursand bo‘lganini yashirib, unga qattiq tanbeh berdi, urushda qatnashish to‘g‘risidagi ahmoqona fikrni miyangdan chiqarib tashla, dedi. «Xotinlarning vazifasi, boshqa, u ham bo‘lsa, vatan fidokorlarini sevish va ularga tasalli berishdan iborat, hozir mening quvonchim, ovunchog‘imsan, menga keraksan, vaqti kelib o‘z eringga ham shunday kerak bo‘lasan», dedi u. Chol qiziga ta’sir qiladigan gapni topib gapirdi, o‘zining yolg‘iz va baxtsiz ekanini aytib, o‘pib qo‘ydi. Qiz otasining bag‘riga yuzini bosib ko‘z yoshlarini yashirdi, ammo yig‘layverib uning yengini ho‘l qilib yuborgan edi. Otasiga, rozilik olmay hech bir ish qilmaslikka va’da berdi.

 

III

Polsha taqsimlanib, uning bir qismi jirkanch nemislarga, qolgan qismi, ulardan ham manfur moskallarga tobe bo‘lgandan keyin, polyaklar boshiga tushgan musibatlarni his etgan kishigina, avval ozod bo‘lish uchun bir necha marta urinib falokatga yo‘liqqan, 30—31-yillarda esa endi ozod bo‘lamiz, deb umid qilgan polyaklarning shod-xurramligini anglay oladi. Biroq ularning bu umidi chippakka chiqdi. Har ikkala tomonning kuchi teng emasdi, shuning uchun revolyutsiya bostirildi. So‘zsiz itoat qiluvchi o‘n minglab rus odamlari goh Dibich boshchiligida, goh Paskevich va oliy hukmdor Nikolay I, boshchiligida nima qilayotganlarini bilmay, o‘zlarining va o‘z birodarlari polyaklarning qonini to‘kib, ularning qo‘zg‘olonini bostirdilar, na polyaklarning ozod bo‘lishini va na tor-mor bo‘lishini istagan, faqat birgina narsani: o‘zlarining moddiy manfaatlarini ko‘zlagan, shuhratparast, pastkash, razil odamlar qo‘liga Polshani topshirdilar.

Varshava ishg‘ol qilindi, ayrim otryadlar tor-mor etildi. Yuzlab, minglab odamlar otildi, tayoq bilan urib o‘ldirildi, surgun qilindi. Surgun qilinganlar orasida yosh Migurskiy ham bor edi. Uning yer-mulki musodara qilindi, o‘zi Uralsk liniya bataloniga soldatlikka yuborildi.

Yachevskiylar 31-yildan keyin yurak o‘ynog‘i kasaliga mubtalo bo‘lgan cholning sog‘ligini nazarda tutib, 1832 yilning qishini Vilnoda o‘tkazdilar. Bu yerga qal’ada bo‘lgan Migurskiydan xat keldi. U o‘z xatida, boshimdan kechirganlarim va bundan buyongi qismatim naqadar og‘ir bo‘lmasin, vatan uchun jafo chekkanimdan xursandman, umrimning bir qismini fido qilgan muqaddas ishdan umidimni uzganim yo‘q, umrimning qolgan qismini ham fido qilishga tayyorman, agar imkon topsam ertaga ham shunday qilaman, deb yozgan edi. Ovozini chiqarib o‘qiyotgan chol xatning shu yeriga kelganda ho‘ngrab yig‘lab yubordi va anchagacha o‘qiyolmay turdi. Xatning qolgan qismini Vanda o‘qib eshittirdi. Migurskiy, so‘nggi marta ularnikiga qanday niyat va orzu bilan kelganini hozir ayta olmasligini, aytishni istamaganini, o‘sha kelishi uning hayotidagi eng yorqin sahifa ekanini yozgan edi.

Vanda va Albina bu so‘zlarning ma’nosini o‘zlaricha tushunishdi, lekin qanday tushunganlarini og‘iz ochib hech kimga gapirishmadi. Xatning oxirida Migurskiy hammaga salom aytgan, gap orasida, so‘nggi safari vaqtidagidek, Albinaga hazillashib, hozir ham avvalgidek yugurukmisiz, tozi it bilan quvlashib o‘zib ketasizmi, hali ham hammaga taqlid qilib, hammani masxara etasizmi, deb so‘ragan edi. U cholga sog‘-salomatlik, onalarining ro‘zg‘or ishiga kushoyish tilab, Vandaga munosib kuyov, Albinaning esa avvalgidek xushchaqchaq bo‘lishini tilagan edi.

 

IV

Keksa Yachevskiyning sog‘ligi kundan-kunga yomonlashdi. Shu sababdan, 1833 yili butun uy ichi bilan chet elga ko‘chib ketishdi. Baden shahrida Vanda badavlat polyak emigranti bilan tanishib, unga kuyovga chiqdi. Cholning kasali zo‘rayib, 1833 yili yot ellarda, qizi Albinaning qo‘lida jon berdi. Xotinini yaqiniga yo‘latmadi, shunga uylanib xato qildim deb, umrining oxirigacha uning ko‘zini ochirmadi. Pani Yachevskaya Albina bilan birgalikda qishloqqa qaytib keldi. Albinaning hayotda qiziqtirgan narsasi faqat Migurskiy edi. Nazarida u ulug‘ qahramon, fidokor odam edi. Albina o‘z hayotini uning xizmatiga bag‘ishlashga ahd qildi. Chet ellarga ketmasdan burunoq, u avval otasining topshirig‘i bilan, keyinchalik o‘zicha, Migurskiyga xat yozib turdi. Otasi o‘lgach, Rossiyaga qaytgandan keyin ham u Migurskiy bilan yozishib turdi, yoshi o‘n sakkizga to‘lganda o‘gay onasiga o‘zining Uralskka jo‘nab ketishga ahd qiganini, Migurskiyga kuyovga chiqish niyatida ekanini bildirdi. O‘gay ona esa, Migurskiy o‘z og‘ir ahvolini yengillashtirish uchun badavlat bir qizni o‘ziga rom qilib olib uni ham o‘zidek baxtsiz qilmoqchi ekanini aytib, yigitga ta’na qila boshladi. Albinaning jahli chiqdi, faqat sizgina o‘z xalqi uchun bor-yo‘g‘ini fido qilgan kishini shunday yomon niyatda deb o‘ylaysiz, aksincha, u men yordam beraman deganimda ko‘nmagan edi, endi uning oldiga boraman, agar Migurskiy rozi bo‘lib, mening baxtli bo‘lishimni, menga uylanishni istasa, unga kuyovga chiqaman, dedi. Albina balog‘atga yetgan, puli ham bor, — uning marhum amakisi jiyanlarimga deb uch yuz ming zlotiy[9] meros qoldirgan edi. Shunday qilib, hech qanday g‘ov Albinaning yo‘lini to‘solmadi.

1833 yilning noyabrida Albina uydagilar bilan vidolashdi. Uydagilar xuddi o‘likka aza tutgandek yig‘lab, uzoq va yetti yot begona, madaniyatsiz Moskoviyaga uni kuzatib qo‘ydilar. Albina o‘ziga sadoqatli bo‘lgan Ludvika bilan birga otasining olis yerlarga borish uchun qaytadan tuzatilgan soyabon aravasiga o‘tirib, uzoq safarga chiqdi.

 

V

Migurskiy kazarmada emas, alohida kvartirada turar edi. Nikolay Pavlovich darajalari pasaytirilgan polyaklarni og‘ir va qattiq soldatlik hayotiga mubtalo qilish bilan qanoatlanmay, o‘sha vaqtda oddiy soldatlar boshiga tushgan xo‘rlikni ham totib ko‘rishlarini talab etar edi; ammo Nikolayning bu buyrug‘ini ijro etadigan oddiy kishilarning ko‘pi darajasi pasaytirilgan polyaklarning qanday og‘ir ahvoldaligini tushunar va uning irodasiga qarshi borishning xavfli bo‘lishiga qaramay, imkon topganlarida bu buyruqni ijro etmas edilar. Migurskiy soldatlikka tayinlangan batalonning komandiri ilgari chalasavod soldat edi, keyin xizmat ko‘rsatib komandirlikka ko‘tarilgan edi; u bor-yo‘g‘idan ajralgan, ilgari boy bo‘lgan o‘qimishli yigitning ahvolini bilar, uni ayar, nima qilib bo‘lsa ham unga yengillik berardi. Migurskiy po‘rdoq yuzli, soqoli oqargan podpolkovnikning rahmdilligini qadrlab, o‘z minnatdorligini bildirish uchun uning kadetlar korpusiga kirishga tayyorlanayotgan o‘g‘illariga matematika va frantsuz tilidan dars berishga rozi bo‘ldi.

Etti oydan beri Uralskda turgan Migurskiyning mashaqqatli hayoti bir tusda o‘tar, yurakni siqar, zeriktnrardi. Uning batalon komandiridan tashqari (Migurskiy undan o‘zini uzoqroq tutishga harakat qilardi), surgun bo‘lib kelgan bitta polyak tanishi bor edi. Chalasavod, sulloh va yoqimsiz bo‘lgan bu odam shu yerda baliqfurushlik qilardi. Migurskiyga hayotda eng og‘ir tuyulgan narsa shu ediki, u muhtojlikka sira o‘rganolmasdi. Yer-mulki musodara qilingandan keyin uning qo‘lida mablag‘ qolmagan, qolgan-qutgan tilla buyumlarini sotib kun ko‘rardi.

Surgun qilingandan keyin uning hayotidagi yagona quvonchi Albinadan xat olib, unga xat yuborib turishi bo‘ldi. Rojankaga borgandan beri uning qalbida Albinaning shoirona latif tasavvuri saqlanib qolgan, begona yurtda bu tasavvur borgan sari latofat kasb etar edi. Albina dastlabki bir xatida uning ilgari yozgan maktubidagi: «qanday niyat va orzu bilan kelganim» degan so‘zlarining tagida nima ma’no borligini so‘ragan edi. Migurskiy esa, men sizga uylanish orzusiga tushgan edim, endi buni e’tirof eta olaman, deb javob qaytardi. Albina, men ham sizni sevaman, deb yozdi. Migurskiy, siz bu gapni yozmaganingiz yaxshi edi, negaki, nima bo‘lishini o‘ylaganimda yuragim orqamga tortib ketadi, endi bunday bo‘lishi mumkin emas, deb javob qaytardi. Albina esa, bu mumkin bo‘ladigina emas, albatta shunday bo‘ladi, deb yozdi. Migurskiy o‘z xatida uning fidokorligini qabul eta olmasligini, hozirgi ahvolida buning mumkin bo‘lmagan narsa ekanligini bildirdi. Shu xatdan keyin ko‘p o‘tmay unga, ikki ming zlotiy oling, deb xabarnoma keldi. Konvertga bosilgan muhrga va yozuvga qarab, bu pulni Albina yuborganini bildi. Dastlabki xatlaridan birida u dars berib, o‘ziga kerakli narsalarni — choy, tamaki va hatto kitob sotib olish uchun pul topib maza qilayotganini hazilomuz yozgan edi. Migurskiy pulni boshqa konvertga solib, o‘z oramizdagi sof munosabatni pul bilan buzmang, deb xat yozib yubordi. O‘zining hech qanday kam-ko‘sti yo‘qligini, Albinadek bir do‘sti bo‘lgani uchun o‘zini baxtiyor his etganini bildirdi. Shu bilan ular bir-birlariga yozishmay qo‘ydilar.

Noyabr oyida Migurskiy podpolkovnikning uyida bolalarga dars berib o‘tirganida pochta chanasining qo‘ng‘irog‘i qulog‘iga chalindi. Qo‘ng‘iroq tovushi borgan sari yaqinlashardi, nihoyat, chananing qo‘shqarog‘i quruq qorni g‘irchillatib eshik oldida to‘xtadi. Bolalar kim kelganini bilish uchun sapchib o‘rinlaridan turdilar. Migurskiy xona ichida qoldi, bolalarning qaytib kelishini kutib, ko‘zi to‘rt bo‘lib eshikka qarab turdi, ammo eshikdan podpolkovnikning xotini kirib keldi.

— Pan, allaqanday xotinlar kelishib, sizni so‘rayapti, — dedi u. — Aftidan, siz tomondan kelgan chiqar, polyak ayollariga o‘xshaydi.

Agar Migurskiydan: sening oldingga Albinaning kelishiga ko‘zing yetadimi, deb so‘rashsa, bo‘lmag‘ur gap, deb aytgan bo‘lar edi, ammo ko‘nglida uning kelishini kutardi. Migurskiyning yuragi orziqib, nafasi tiqilib dahlizga yugurib chiqdi. Dahlizda semizgina, cho‘tir xotin boshidan ro‘molini yechayotgan edi. Boshqa bir ayol polkovnikning kvartiri eshigiga kirib ketayotgan edi, orqasidan kelayotgan odamning qadam tovushini eshitib u qayrilib qaradi. Qalin ro‘mol ostidan Albinaning chaqnab turgan, orasi ochiq moviy ko‘zlari, qirov bosgan kipriklari ko‘rindi. Migurskiy turgan joyida tarashadek qotib, nima deyishini, qanday so‘rashishini bilmay qoldi. Albina esa «Yuzyo!» — deb qichqirib, uning bo‘ynidan quchoqlab, yuziga o‘zining sovuqdan qizarib ketgan yuzini bosdi, kulib turib yig‘lab yubordi. Otasi va Albinaning o‘zi Migurskiyni «Yuzyo» deb yuritar edilar.

Podpolkovnikning rahmdil xotini Albinaning kimligini va nima uchun kelganini bilib, to‘ygacha uni o‘z uyida saqlab turdi.

 

VI

Oqko‘ngil podpolkovnik harakat qilib, boshliqlarning ijozatini olgandan keyin, Orenburgdan ksendzni chaqirtirdi, u Migurskiylarni nikohlab qo‘ydi. Batalon komandirining xotini qizga yanga bo‘ldi, o‘quvchilardan biri ikona ko‘tarib turdi, surgun bo‘lib kelib qolgan polyak Brjozovskiy kuyov jo‘rasi bo‘ldi.

Albina, shunisi qiziqki, o‘z erini ilgari yaxshi bilmasa ham uni jon-tani bilan yaxshi ko‘rar edi. U bilan endi yaqindan tanishdi. O‘z-o‘zidan ma’lumki, Albina qon-tani bo‘lgan jonli odamning bir talay oddiy va shoirona bo‘lmagan xususiyatlarga ega ekanini ko‘rdi, ammo qizning o‘z xayolxonasida asrab yurgan, ardoqlagan spymoda bu xususiyatlar yo‘q edi; lekin Migurskiy xuddi qon-joni bor odam bo‘lgani uchun uning mavhum odamda bo‘lmagan bir talay oddiy va yaxshi xususiyatlarga ega ekanini bildi. U o‘z tanish-bilishlari va do‘stlaridan Migurskiyning jangda ko‘rsatgan qahramonligi, yer-mulki va ozodligidan mahrum bo‘lgan chog‘ida irodasi bukilmaganini eshitgan edi; u hayotda doim yuksak qahramonlik ko‘rsatadi, deb xayol qilardi; haqiqatda esa, haddan tashqari jismoniy kuchga ega bo‘lgan bu jasur odam qo‘ydek yuvosh, yotig‘i bilan hazil qiladigan oddiy kishi bo‘lib chiqdi, uning yoqimli lablari bolalarnikiday kulib turar, og‘zining atrofini bir vaqtlar Rojankada Albinani shaydo qilgan oq-sariq mo‘ylov va soqol qoplab olgan edi; doim tutab turgan trubkasi og‘zidan tushmas, ayniqsa Albina og‘iroyoq bo‘lib qolganida tutunidan bezor bo‘lgan edi,

Migurskiy ham Albinaning qanaqaligini endi bilib oldi, xotin sifatida endi tanidi. Uylanmasdan burun tanigan ayollardan xotin kishining qanaqaligini bila olmagan edi. Albinada, umuman, xotinlarda bo‘ladigan xususiyatlar borligini bilib u hayron qoldi, agar Albina — Albina bo‘lmaganda, uni sevmaganda, undan minnatdor bo‘lmaganda Albinaning umuman xotinlik sifatlarini ko‘rib, hayron bo‘lgan, ko‘ngli sovigan bo‘lardi.

Albina xotin kishi bo‘lgani uchun, rioya qilib, unga nnsbatan istehzo aralash muloyim muomalada bo‘lardi. Albina — Albina bo‘lgani uchun uni jonidek sevardi. Fidokorlik ko‘rsatib, o‘ziga loyiq bo‘lmagan bir baxtni bag‘ishlagan Albinaga qoyil qolib, o‘zining qarzdor ekanini sezgan Migurskiy minnatdorlik hissi bilan to‘lib-toshgan edi.

Bir-birlarini sevgan Migurskiylar begona odamlar orasida o‘zlarini qishda adashib qolib sovqotgan, bir-birlarini isitgan ikki kishidek his etganlari uchun ham baxtli edilar. O‘z bekasiga fidokorona sodiq bo‘lgan muloyim, sergap, hamma erkaklarga oshiq bo‘lgan qiziq enaga Ludvikaning Migurskiylar bilan birga turishi ham ularni quvnoq hayot kechirishiga ko‘maklashardi. Migurskiylarning boladan ham tolelari bor ekan. Bir yildan keyin o‘g‘il ko‘rdilar, bir yarim yildan keyii — qiz. O‘g‘il xuddi onaning o‘zginasi edi: ko‘zlari ham, sho‘xligi ham, qiliqlari ham onasinikiga o‘xshardi. Qizlari esa ayiq bolasidek sog‘lom, chiroyli edi.

Biroq Migurskiylar vatanlaridan uzoqda bo‘lganlari, kamsitilganlari uchungina o‘zlarini baxtsiz his etar edilar. Xususan, Albina bu xo‘rlikka hech chiday olmasdi. Uning qahramon, chin inson bo‘lgan eri — Yuzyo har qanaqa ofitser oldida g‘oz turib qotib qolishga, miltiq ko‘tarib mashq qilishga, qorovul turishga, so‘zsiz itoat etishga majbur edi.

Bundan tashqari, Polshadan biridan biri xunuk xabarlar kelmoqda edi. Ularning yaqin qarindoshlari, do‘stlarining ko‘pi yo surgun qilingan, yoki bor-yo‘qlaridan mahrum bo‘lib chet elga qochgan edilar. Migurskiylarning ahvoli shundog‘ligicha qolib ketadiganga o‘xshab ko‘rinardi. Yozgan butun iltimoslari, jilla qurmasa, hayotlarini yaxshilash, ofitserlik darajasiga ko‘tarish to‘g‘risida arizalari oqibatsiz qoldi. Nikolay Pavlovich askarlarni ko‘rikdan o‘tkazish, paradlar, maskaradlarga borish bilan band, u maska kiygan xonimlar bilan o‘ynashar, odamlarni qo‘rqitib, otlarni charchatib, bekordan-bekorga Rossiya bo‘ylab Chuguyevdan Novorossiyskka, Peterburg, Moskvagacha yugurib yurar, biror jasur odam yurak betlab surgundagi dekabristlarning yoki vatanparvarlik tufayli azob chekayotgan polyaklarning (Nikolayning o‘zi vatanparvarlikni maqtardi) taqdirini yengillatish to‘g‘risida iltimos qilganda ko‘kragini kerib, qo‘rg‘oshin soqqaga o‘xshagan ko‘zlarini bir joyga tikib, «Qo‘yavering, xizmat qilaversinlar, hali erta», der edi. Qachon erta emas, qachon vaqti soati kelishi go‘yo uning o‘ziga ayon edi. Podshoning yaqiilari: generallar, kamergerlar va ularning xotinlari — uning yuvindixo‘rlari bu ulug‘ odamning haddan tashqari fahmli ekaniga, donoligiga qoyil qolar edilar.

Umuman, Migurskiylar baxtsiz bo‘lsalar ham vaqtlarini xursandchilik bilan o‘tkazar edilar.

Shu zaylda ular besh yil umr kechirdilar. Biroq ularning boshiga kutilmagan baxtsizlik tushdi. Oldin qiz, ikki kun keyin o‘g‘il kasal bo‘lib qoldi. Tibbiy yordam bo‘lmaganidan (vrach topishning iloji yo‘q edi) to‘rtinchi kuni bola jon berdi. Ikki kundan keyin qiz ham qazo qildi.

— Albina o‘zini o‘ldirsa erining qanday ahvolga tushishini tasavvur qilib qo‘rqib ketgani uchungina, o‘zini Ural daryosiga tashlamadi. Ammo u hayotdan bezgan edi. Ilgari ishchan, kuydi-pishdi bo‘lgan Albina endi hamma ishni Ludvikaga tashlab qo‘ydi, o‘zi soatlarcha, duch kelgan narsaga ko‘zini tikib, miq etmay o‘tirar, ba’zan irg‘ib o‘rnidan turib chopganicha o‘z hujrasiga kirib ketar, u yerda erining va Ludvikaning taskin berishiga parvo qilmay, yum-yum yig‘lar, faqat boshini sarak-sarak qilib ularning chiqib ketishini, o‘zini yolg‘iz qo‘yishlarini so‘rardi. Yozda esa u bolalarning mozoriga borib u yerda o‘tirar, o‘tgan narsalarni eslab armon qilar, yurak-bag‘rini qon etardi. Agar shaharda tursak, tibbiy yordam ko‘rsatib bolalarni olib qolardik, degan fikr uni azobga solardi. Gunohimiz nima? Nima sababdan bunday? — deb o‘ylardi u. — Yuzyo ham, men ham hech kimdan hech nima tama qilmaymiz. Yuzyo ham dunyoga kelib, o‘zining ota-bobolari siigari umr kechirishni, men esa u bilan birga turib, uni ardoqlab, jajji bolalarimni bag‘rimga bosib tarbiyalashdan boshqa narsani istamas edik. To‘satdan uni azoblab surgunga yubordilar. Meni nuriydidalarimdan judo etdilar. Nima sababdan? Gunohimiz nima? — deb u odamlarga va xudoga savol berardi. Bunga biror javob topishning mumkinligiga aqli yetmasdi.

Savoliga javob topolmagan Albina dunyodan bezgan, yorug‘ dunyo ko‘ziga qorong‘i bo‘lgan edi. Ilgari surgunda bechoralik bilan o‘tgan hayotini o‘zining xotinlarga xos didi bilan bezar edi, endi bo‘lsa — hayot yolg‘iz unga emas, balki o‘z xotini uchun azob chekkan, unga qanday qilib yordam berishni bilmay qolgan Migurskiy uchun ham toqat qilib bo‘lmaydigan darajada og‘ir edi.

 

VII

Migurskiylar boshiga shu musibat tushgan paytda Uralskka Rosolovskiy degan bir polyak kelib qoldi. U o‘sha paytda surgundagi ksendz Sirotsinskiy tomonidan tashkil etilgan juda katta isyon va qochish rejasiga aralashishda ayblangan edi.

Xuddi Migurskiy va minglab kishilar singari, polyakligicha qolishni istagani uchun jazolanib Sibirga surgun qilingan Rosolovskiy shu ishga aralashib tayoq bilan jazolangan va Migurskiy xizmat qilgan batalonga tayinlangan edi. Sobiq matematika o‘qituvchisi Rosolovskiy novchadan kelgan, bir oz bukchaygan, yuzi qotma, peshonasi tirishgan, oriqqina odam edi.

Rosolovskiy birinchi kelgan kuniyoq, kechasi Migurskiylarnikida choyxo‘rlik qilar ekan, shoshmasdan, eran-qaran o‘zining nima uchun jafo chekkanini do‘rillab hikoya qilib berdi. Voqea bunday bo‘lgan ekan: Sirotsinskiy butun Sibir bo‘ylab maxfiy bir jamiyat tashkil etibdi, bu jamiyatning maqsadi — kazak polklariga, liniya polklariga tayinlangan polyaklar yordami bilan soldatlar va katorgaga hukm qilinganlarning isyonini ko‘tarish. Omskdagi artilleriyani qo‘lga olib, hammani ozod etishdan iborat bo‘lgan.

— Ajabo, shunday qilish mumkinmidi? — deb so‘radi Migurskiy.

— Juda mumkip edi, hamma narsa taxt edi, — dedi Rosolovskiy qovog‘ini solib. U hammani ozod etish va ishning muvaffaqiyati uchun barcha choralar ko‘rilganini, agar ishkal chiqsa, isyonchilarni qutqarish ham nazarda tutilganini gapirib berdi. Agar ikki nokas xiyonat qilmaganda, muvaffaqiyat ta’minlangan ekan. Sirotsinskiy, Rosolovskiyning gapiga qaraganda, irodali va genial odam ekan. U qahramonlarcha shahid bo‘libdi. Rosolovskiy uning jazolab o‘ldirilishini tafsiloti bilan bafurja do‘rillab gapirib berdi. Boshliqlarning buyrug‘iga ko‘ra u shu ish yuzasidan sudlanuvchilarning hammasi jazolash marosimida hozir bo‘lishlari kerak ekan.

— Ikki batalon soldat ko‘chaning ikki chetiga tizilib, ikki qator bo‘lib turdi. Har bir soldatnipg qo‘lida ixcham tayoq bor. Uchtasi miltiqning quvuriga sig‘adigan bu tayoqlarning qay darajada yo‘g‘on bo‘lishi zoti oliy tomonidan tasdiqlangan. Boshlab doktor Shakalskiyni yetaklashdi. Ikki soldat uni yetaklab yurar, ularning oldiga kelganida tayoq ushlagan soldatlar doktorning yalang‘och orqasiga urar edilar. Doktor men turgan joyga yaqinlashgandagina unga ko‘zim tushdi. Dastlab barabanlarning dirillagani qulog‘imga chalindi, keyinroq, tayoqlarning vizillab yalang‘och badan ustiga tushayotgani eshitila boshladi, uning yaqinlashib qolganini payqadim. Miltiqni changallab olgan ikki soldat uni surgab borayotganlarini ko‘rdim. Doktor sapchib-sapchib tushib, goh u tomonga, goh bu tomonga boshini o‘girib qarar edi. Bir safar, uni bpzning oldimizdan olib o‘tayotganlarida, rus vrachiniig soldatlarga: «Qattiq urmang, rahm qiling», deganini eshitib qoldim. Ammo soldatlar uraberdilar, mening oldimdan ikkinchi marta olib o‘tganlarida u endi o‘zi yurolmas, uni sudrab olib yurardilar. Doktornipg orqasiga qarab yuragim ezilib ketdi. Men ko‘zlarimni yumdim. U yiqilib tushgach, allaqayoqqa olib ketdilar. Undan keyin ikkinchisini, so‘ngra uchinchisini, to‘rtinchisini olib o‘ta boshladilar. Hammalari yiqilishardi, ba’zilarini o‘lik holda, boshqalariii chalao‘lik holda sudrab chiqishar, biz esak safda g‘oz qotganimizcha bu dahshatni tomosha qplishga majbur edik. Bu olti soatga qadar — kallai sahardan tushlik soati ikkigacha davom etardi… Eng so‘ng Sprotsinskiyning o‘zini olib keldilar. Men uni ko‘pdan buyon ko‘rmagan edim, qarib qolibdi, zo‘rg‘a tanidim: soqoli qirilgan, ajin bosib ketgan yuzi bo‘zargan edi. Yalang‘och badani qoq suyak, sap-sariq qovurg‘alari sanalib turar, qorni ichiga kirib ketgan edi. U ham hamma singari, har tayoq tekkanda sapchib tushar, boshini opqochar, ammo ingramas, baland ovoz bilan duo o‘qprdi: Miserere mei Deus secundam magnam miscricordiam tuam[10].

 

— O‘z qulog‘im bilan eshitdim, — dedi tez-tez gapirib, xirillab Rosolovskiy, keyin og‘zini yumib, burnini tortib qo‘ydi.

Deraza tagida o‘tirgan Ludvika yuzini dastro‘moli bilan berkitib, ho‘ngrab yig‘lardi.

— Buncha tafsiloti bilan gapirishning nima hojati bor! Vahshiylar vahshiyligini qiladi-da, — deb qichqirib yubordi Migurskiy. U trubkasini tashlab, stuldan irg‘ib, turdi-da, tez-tez yurib qop-qorong‘i yotoq bo‘lmasiga kirib ketdi. Albina esa qorong‘i burchakka ko‘zini tikib, toshdek qotib qolgan edi.

 

VIII

Ertasi kuni Migurskiy mashqdan keyin uyiga qaytib kelgach, xotinining avzoyini ko‘rib hayron qoldi.

Albina xuddi qadimgisidek, yengil qadam tashlab, uni ochiq chehra bilan qarshi oldi va yotoq bo‘lmasiga sudradi.

— Yuzyo, quloq sol.

— Ikki qulog‘im senda. Nima deysan?

— Kechasi Rosolovskiy so‘zlab bergan narsalar ustida mijja qoqmay o‘ylab bir qarorga kelib qo‘ydim: men shunday yashay olmayman, bu yerda turolmayman. O‘lsam ham bu yerda qolmayman.

— Nima qilish kerak?

— Qochish kerak.

— Qochish? Qanday qilib?

— Men ipidan-ignasigacha o‘ylab qo‘ydim. Quloq sol.

Albina kechasi bilan tuzib chiqqan rejasini gapirib berdi. Bu shundan iborat edi: Migurskiy kechqurun uydan chiqib Ural daryosining bo‘yiga shinelini tashlab ketadi, shinelning ustida, o‘zimni o‘ldirdim, deb xat qoldiradi. U o‘zini daryoga tashlabdi, cho‘kib o‘libdi deb o‘ylaydilar. O‘ligini qidiradilar, har yoqqa qog‘oz yuboradilar. Migurskiy bo‘lsa berkinib oladi. Albina uni shunday joyga berkitadiki, hech kim topolmaydi. Shu zaylda bir oy yashash mumkin. Gap bosdi-bosdi bo‘lib ketgandan keyin, ular qochadilar.

Bu reja birinchi daqiqada Migurskiyga amalga oshirib bo‘lmaydigan narsaga o‘xshab ko‘rindi, ammo xotini qizishib, shunday ishonch bilan gapini ma’qulladiki, kechga borib u xotinining gapiga ko‘ndi. Bundan tashqari, u shuning uchun ham rozi bo‘lgan ediki, qochish muvaffaqiyatsiz chiqqudek bo‘lsa, Rosolovskiy tasvirlab bergan jazoni u, ya’ni Migurskiy tortadi, muvaffaqiyatli chiqsa, Albina ozod bo‘ladi. Bolalar o‘lgandan keyin xotinining bu yerda turishi juda og‘ir ekanini u o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turgan edi.

Rosolovskiy bilan Ludvika ham bu reja bilan tanishgan edilar, uzoq kengash qilib, ba’zi o‘zgartishlar kirgizilgandan keyin reja tayyor bo‘ldi. Dastlab, Migurskiyning cho‘kib o‘lganiga boshliqlar ishonganlaridan keyin, u bitta o‘zi piyoda qochishi kerak, degan fikrda edilar.

Albina esa soyabon aravada jo‘naydi va belgilangan joyda u bilan uchrashadi. Birinchi tuzilgan reja shu edi. Ammo Rosolovskiy so‘nggi besh yil ichida Sibirdan qochishga uringanlarning hammasi muvaffaqiyatsizlikka uchraganini gapirib bergach, (shu vaqt ichida bittagina kishining omadi kelib qochib qutulibdi), Albina boshqacha reja taklif qildi: arava ichiga berkinib olgan Yuzyo Albina va Ludvika bilan birga Saratovgacha boradi, so‘ngra boshqa kiyim olib, Volga qirg‘og‘i bo‘ylab quyi tomonga piyoda ketaveradi, va’dalashib qo‘yilgan joyda qayiqqa o‘tiradi. Saratovda yollangan qayiqda Albina va Ludvika bilan birga Volga bo‘ylab janub tomonga qarab Astraxangacha, u yerdan Kaspiy dengizi orqali Eronga yetib olishadi. Bu reja hammaga va bu ishga bosh qo‘shgan Rosolovskiyga ma’qul tushdi. Ammo aravada boshliqlarning e’tiborini jalb qilmaydigan, ichiga odam sig‘adigan bir joy yasash juda mushkul edi. Bir kuni Albina bolalarining mozoriga borib kelgandan keyin Rosolovskiyga, bolalarimning jasadini yot ellarda qoldirib ketishga ko‘nglim bo‘lmayapti, deganida u o‘ylab turib shunday dedi:

— Boshliqlardan bolalaringizning jasadi solingan tobutlarni olib ketishga ruxsat so‘rang, ijozat berishadi.

— Yo‘q, bunday qilishga hech yuragim yo‘q, — dedi Albina.

— Gap bitta, so‘raysiz. Hamma gap shunda. Biz tobutlarni olib ketmaymiz, balki bolalarning jasadini solish uchun katta bir yashik yasaymiz, ammo yashik ichiga Yuzefni yashiramiz.

Boshda Albina bu taklifni rad qildi, chunki aldamchilikni bolalarning xotirasi bilan bog‘lash unga yoqmadi, ammo Migurskiy kulib bu rejani ma’qullaganda, u ko‘ndi.

Eng oxiri shunday reja tuzishdi: Migurskiy ustalik bilan ish ko‘rsatib, o‘zining cho‘kib o‘lganiga boshliqlarni ishontiradi. Uning o‘lganiga hamma ishongandan keyin Albina, erim o‘ldi, endilikda o‘z vatanimga qaytishga va bolalarimning jasadini olib ketishga ruxsat bering, deb iltimosnoma yozadi. Unga ijozat berilgandan keyin, go‘yo go‘rni qazib, tobutlarni chiqargan bo‘ladilar, ammo ularni o‘z joyida qoldiradilar, bolalarning tobuti o‘rniga maxsus tayyorlangan yashikka Migurskiy kirib berkinib oladi. Bu yashikni tarantasga joylaydilar, shu zaylda Saratovgacha boradidilar. Saratovda qayiqqa o‘tiradilar. Yuzyo yashik ichidan chiqadi. U yog‘i Eron yoki Turkiya — ozodlik.

 

IX

Dastavval Migurskiy Ludvikani o‘z vataniga yuborish bahonasi bilan tarantas sotib oldilar. So‘ngra ichida ikki bukilib bo‘lsa ham nafas olib yotish, bilintirmay ichidan chiqish va yana kirish mumkin bo‘lgan yashik yasay boshladilar. Yashikni Albina, Rosolovskiy va Migurskiyning o‘zi, uch kishilashib bamaslahat yasashdi. Yaxshi duradgor bo‘lgan Rosolovskiyning katta yordami tegdi. Aravaning orqasiga jips qilib mahkam joylashtiriladigan yashik shunday yasalgan ediki, uning arava tomondagi qopqog‘i ochilib, ichidagi odam qisman yashikda, qisman aravaning tagidagi taxtasida yotib ketaverardi. Bundan tashqari, havo kirib turishi uchun yashikning bir necha joyidan teshik qilingan edi. Uni chiptaga o‘rab, arqon bilan chandib tashlashmoqchi edi. Yashikka arava ichidan kirish-chiqish mumkin edi, arava ichiga o‘tirg‘ich ham yasashdi.

Arava va yashik tayyor bo‘lgach, Migurskiy g‘oyib bo‘lishdan oldin, boshqalarni chalg‘itish uchun Albina polkovnikning huzuriga borib, erim savdoyinamo bo‘lib qoldi, o‘zini o‘ldirmoqchi ham bo‘ldi, undan xavotirdaman, uni vaqtincha bo‘shatib qo‘ying, deb arz qildi. Albinaning dramatik san’atga bo‘lgan qobiliyati ish berib qoldi. Eridan tashvishlanib qo‘rqqanini u shu qadar tabiiy ifoda etdiki, polkovnikning rahmi kelib, nimaiki qilish mumkin bo‘lsa hammasini qilishga va’da berdi. Shundan so‘ng Migurskiy bir xat yozdi, uni Ural bo‘yiga tashlagan shinelining yeng qaytarmasidan topib olishlari lozim edi. Ahdlashib qo‘yilgan kuni kechqurun u Ural bo‘yiga bordi, qorong‘ilik tushgandan keyin qirg‘oqqa kiyim-boshlari, xat solingan shinelini qo‘yib, o‘zi kishi bilmas uyga qaytib keldi. Eshigi qulflog‘liq turadigan chordoqda uning uchun joy hozirlab qo‘yilgan edi. Albina erining yigirma soat avval uydan chiqib ketib haligacha qaytib kelmaganini bildirish uchun kechasi Ludvikani polkovnik oldiga yubordi. Erta bilan unga erining maktubini keltirib topshirdilar. Albina hasrat-nadomat chekkan kishidek, ko‘z yoshini oqizib bu xatni polkovnikka oborib berdi.

Bir haftadan keyin Albina o‘z yurtiga qaytib ketishni iltimos qilib ariza berdi. Albinaning qayg‘urishini ko‘rgan kishilar hayratda qoldilar. Hamma bu mushtipar ona va baxtsiz xotinga achinar edi. Ketishga ruxsat olgandan keyin u yana ariza berib, bolalarining jasadini go‘rdan chiqarib olib ketishga ruxsat so‘radi. Boshliqlar uning qalbi nozikligiga hayron qolib, bu iltimosini ham yerda qoldirmadilar.

Ertasi kuni, bunga ham ruxsat olgandan keyin, Rosolovskiy, Albina va Ludvika bilan birga, kira qilingan aravaga bolalarning tobutlari solinadigan yashikni ortib, qabristonga, bolalarning mozoriga kelishdi. Albina bolalarining go‘ri oldida tiz cho‘kib duo o‘qidi-da, qovog‘i osilib Rosolovskiyga:

— Qani, ishni boshlang, mening qo‘lim bormaydi, — deb bir chekkaga o‘tib turdi.

Rosolovskiy bilan Ludvika qabr ustidagi toshni surib belkurak bilan go‘rping ustki qavatidagi tuprog‘ini olib tashladilar, shunda go‘r ochilgandek bo‘lib qoldi. Ish bajarilgandap keyin ular Albinani chaqirishdi-da, ichiga tuproq to‘ldirilgan yashik bilan uyga qaytishdi.

Jo‘nab ketadigan kun ham yetpb keldi. Rosolovskiy ishning muvaffaqiyatli chiqqanidan xursand edi. Ludvika esa yo‘lga shirin non va somsa pishirib, o‘zining sevgan «Jak mame kocham» (onamdan yaxshi ko‘raman) degan maqolinn takrorlar, yuragim qo‘rquvdan va xursandchilikdan tars yorilib ketay deyapti, der edi. Bir oy o‘tirib zerikkan Migurskiy chordoqdan qutulganiga, hammadan ham Albinaning terisiga sig‘may quvonganiga xursand edi. Albina go‘yo ilgarigi qayg‘ularini, xavf-xatarni unutganga o‘xshar, chordoqqa yugurib chiqib, xuddi qizlik vaqtidagidek shodligini ichiga sig‘dirolmay jilmayardi. Kuzatuvchi kazak kechasi soat uchda aravakash bilan uch otni boshlab keldi. Albina Ludvika bilan ustiga sholcha solingan yostiq ustiga o‘tirishdi. Ular kuchukni ham olivolishgan edi. Kazak bilan aravakash o‘rindiqqa joylashib olishdi. Mujikchasiga kiyingan Migurskiy arava tagidagi taxta ustida yotardi.

Uch ot qo‘shilgan tarantas kumushdek tovlangan bulturgi chalov o‘tlar o‘sgan, bir umr haydalmagan bepoyon cho‘l o‘rtasidagi tep-tekis yo‘ldan qushdek uchib borardi.

 

X

Albinaning umid va shavq-zavq bilan to‘lib-toshgan yuragi orziqardi. U o‘z hislari bilan o‘rtoqlashmoq uchun goh jilmayib Ludvikaga o‘rindiqda o‘tirgan kazakni, goh arava tagini imlab ko‘rsatardi. Ludvika esa qiyofasiga ma’nodor tus berib, to‘g‘riga qarab qimir etmay o‘tirar, lablarini sal-pal qimtib qo‘yardi. Havo ochiq, har tarafni tong quyoshining qpya tushgan nurlari ostida tovlanib turgan chalov o‘sgan poyonsiz cho‘l enlab yotibdi. Asfaltdek qotib ketgan yo‘l ustida chopib ketayotgan taqasiz boshqird otlarining dupuri eshitilardi, yo‘lning ikki chetida yumronqoziqlar chiqarib tashlagan tuproqlar uyulib yotadi; cho‘qqayib o‘tirib qorovullik qilayotgan bir yumronqoziq xatardan darak berib qattiq chiyillab, iniga urib ketadi. Yo‘lovchilar juda oz edi: yo‘lda aravalariga bug‘doy ortilgan kazaklar karvoni yoki otliq boshqirdlar uchrar, kazak ular bilan tatarchalab balodek gaplashardi. Hamma bekatlarda dam olvolgan, qorni to‘q otlar turar. Albina aroq puli deb yarim so‘lkavoy so‘na qilgani uchun aravakashlar otlarni, ularning ta’biricha, feld’egerchasiga, ya’ni choptirib haydar edilar.

Birinchi bekatda, avvalgi aravakash otlarni allaqayoqqa olib ketdi, yangilarini hali keltirmagan edilar, kazak bekat qo‘rasiga kirib ketganida Albina engashib, eridan, ahvoling qalay, biror narsa kerakmi, deb so‘radi.

— Juda yaxshi, tinch ketyapman. Hech narsa kerak emas. Ikki sutka bo‘lsa ham bemalol yota beraman.

Kechga tomon Dsrgachi degan katta qishloqqa yetib keldilar. Erim qo‘l-oyog‘ini yozib dam olvolsin, degan niyatda Albina pochtaxonaga emas, karvonsaroyga tushdi, kazakka pul berib, tuxum va sut sotvolish uchun qishloqqa jo‘natdi. Tarantas bostirma tagida turar, hovli zim-ziyo edi. Albina kazakni poylab turish uchun Ludvikani qorovul qo‘ydi-da, erini yashikdan chiqarib qornini to‘yg‘izdi, kazak qaytib kelmasdan burun Migurskiy yana o‘z joyiga kirib yotib oldi. Yana odam yuborib ot keltirdilar va yo‘lga tushdilar. Albinaning borgan sari ko‘ngli ko‘tarilib o‘z xursandligini ichiga sig‘dirolmay qoldi. Ludvika, kazak va Trezorkadan boshqa gaplashadigan kimsa yo‘q edi. Albina ular bilan gaplashib vaqtini chog‘ qilib borardi.

O‘zi o‘lgudek xunuk bo‘lishiga qaramay, Ludvika duch kelgap har bir erkak menga oshiq-shaydo bo‘lib qoladi, deb gumon qilardi; hozir ham ularni kuzatib borayotgan moviy ko‘z, barvasta, ko‘ngilchan ural kazagiga nisbatan ham shu fikrga kelgan edi. Sodda va muloyim kazak ikkala ayolga ham yoqib qolgandi. Biroq Trezorka aravanipg tagini iskamoqchi bo‘lganda Albina bunga yo‘l qo‘ymas, unga do‘q qilardi. Albinaning Trezorkadan tashqari yana bir ermagi — Ludvika edi. Ludvika hech narsadan xabari bo‘lmagan, nima desalar muloyimgina jilmayib turadigan kazakka kulgili tarzda noz-istig‘no qilardi. Xavf-xatardan va ishining o‘ngidan kelayotganidan, ajoyib cho‘l havosidan mast bo‘lgan Albina bolalardek quvonardi, u ko‘pdan buyon bu qadar shod-xurram bo‘lmagan edi. Migurskiy yotgan joyida uiing hushchaqchaq gaplarini eshitar, og‘ir ahvoldaligiga qaramay (u isib ketgan, tashnalikdan qiynalgan edi), o‘zini unutib Albinaning xursandligidan kayfi chog‘ bo‘lardi.

Ikkinchi kun kechga yaqin tuman orasidan bir narsa ko‘zga chalina boshladi. Bu Saratov va Volga edi. Kazak o‘ziping o‘tkir ko‘zlari bilan Volgani ham, kema minoralarini ham ko‘rib turar, ularni Ludvikaga ko‘rsatar, Ludvika, ha, men ham ko‘ryapman, der edi, biroq Albinaning ko‘ziga hech narsa ko‘rinmasdi. Eriga eshittirib qattiq ovoz bilan:

— Saratov, Volga, — der edi. Trezor bilan gaplashgan kishi bo‘lib, ko‘rgan narsalarining hammasini eriga eshittirib, gapirib berardi.

 

XI

Albina Saratovga kirmasdan Volganing so‘l qirg‘og‘ida, shahar ro‘parasidagi Pokrovskiy slobodasida to‘xtadi. Bu yerda u kechasi eri bilan gaplashib, yashikdan chiqarib yuborish niyatida edi. Ammo kazak qisqa bahor kechasi tarantasdan bir qadam ham nari siljimay uning yonida, bostirma tagidagi bo‘sh shaldiroq aravada o‘tirib chiqdi. Ludvika Albinaning buyrug‘i bilan arava ichida o‘tirar, kazak meni deb aravadan nari ketmayapti, deb o‘ylab, unga ko‘z suzib qo‘yar, hiringlar, ro‘moli bilan cho‘tir yuzini berkitar edi. Biroq Albinaga bu narsa kulgili bo‘lib tuyulmas, nega kazak arava yonidan bir qadam ham jilmaydi, deb tashvishlanar, borgan sari bezovtalanardi.

Ko‘z yumib ochguncha tong otadigan qisqagina may kechasida Albina karvonsaroyning hujrasidan tushib badbo‘y yo‘lak bilan orqa eshikka chiqib qarar edi. Kazak hamon mijja qoqmay, tarantas yonidagi bo‘sh arava ustida oyog‘ini solintirib o‘tirardi. Faqat tong oldidagina, xo‘rozlar uyg‘onib, hovlima-hovli chaqirisha boshlaganlarida, Albina pastga tushib eri bilan gaplashib olishga fursat topdi. Qazak arava ustida chalqanchasiga tushib xurrak otib yotardi. Albina tarantas yoniga kelib yashikni bir turtdi-da:

— Yuzyo! — deb chaqirdi. Javob olmagandan keyin qo‘rqib qattiqroq: — Yuzyo! Yuzyo! — deb yubordi.

— Nima deysan, jonginam? — dedi Migurskiy yashik ichidan turib uyqusiragan ovoz bilan.

— Chaqirganimda nega ovoz bermading?

— Uxlab yotuvdim, — Albina uning ovozidan iljayganini payqadi. — Nima, chiqaversam bo‘ladimi? — deb so‘radi u.

— Yo‘q, bo‘lmaydi. Kazak shu yerda, —deb Albina aravada uxlab yotgan kazakka ko‘z tashladi.

Shunisi qiziqki, kazak xurrak otib yotar, ammo uning muloyim ko‘zlari ochiq edi, U Albinaga qarab turardi, faqat ko‘ziga ko‘zi tushgandagina yumib oldi.

«Menga shunday tuyuldimi yoki u uxlamay yotdimikan? — deb o‘ziga o‘zi savol berdi Albina. — Yo‘g‘-e, ko‘zimga shunday ko‘ringandir».

— Yana bir oz sabr qilib tur, — dedi Albina. — Ovqat yeging kelyaptimi?

— Yo‘q. Chekkim kelyapti.

Albina yana kazakka qarab qo‘ydi. U uxlab yotardi. «Ko‘zimga ko‘ringan ekan», deb o‘yladi u.

— Men endi gubernatorning oldiga boraman.

— Mayli, oq yo‘l…

Albina chamadondan ko‘ylagini oldi-da kiyingani hujrasiga kirib ketdi. U eng yaxshi odmi ko‘ylagini kiyib Volgaping nari tomoniga o‘tib oldi, daryo bo‘yidagi ko‘chada bir izvoshga o‘tirib gubernatornikiga jo‘nadi. Gubernator uni qabul qildi. Kulib turgan, frantsuz tilida yaxshi gaplashadigan chiroylikkina tul polyak ayoli o‘zini yosh qilib ko‘rsatishga uringan chol gubernatorga juda yoqdi. U Albinaning hamma iltimoslarini qabul qildi va Saritsin shahar boshlig‘iga undan farmon olish uchun ertaga yana bir kelib ketishini so‘radi. O‘z iltimoslarining qabul qilinganligi va gubernatorpipg avzoyidan o‘zining chiroyi unga qanday ta’sir etganini bilib, Albina xursand va umidvor bo‘ldi, shu kayfiyatda, izvoshda o‘tirib tosh yotqizilgan qiya ko‘chadan pristanga tushmoqda edi. Oftob o‘rmon ustiga ko‘tarilgan, uning qiya tushgan nurlari jimirlab turgan toshqin suv ustida jimjima qilardi. Yo‘lning o‘ng va chap tomonidagi tepaliklarda xushbo‘y olma daraxtlari oppoq chamandek bo‘lib ochilib yotar edi. Qirg‘oqda kemalarning minoralari qalashib turar, yelkanlar shamolday chayqalar, oftobdan jimirlagan toshqin suv ustida oqarib ko‘rinardi. Pristanda Albina izvoshchi bilan gaplashib turib, Astraxangacha qayiq yollasa bo‘ladimi, deb so‘rab qoldi. Shunda o‘nlab xushchaqchaq qayiqchilar shovqinlashib o‘z xizmatlari va qayiqlarini taqdim etdilar. Albina boshqalardan ko‘ra o‘ziga ko‘proq yoqqan bir qayiqchi bilan gaplashib, uning yelkanli qayig‘ini borib ko‘rdi, uning qayig‘i pristanda tiqilishib yotgan boshqa qayiqlar orasida edi. Qayiqda yelkanli pastak machta o‘rnatilgan bo‘lib, shamol turganda o‘zi yurar edi. Shamol to‘xtab qolgudek bo‘lsa, eshkaklar va oftobro‘yadagi qayiqda o‘tirgan ikkita barzangi, xushchaqchaq eshkakchi bor. Xushchaqchaq, ko‘ngilchan lotsman tarantasni tashlab ketmasdan, uning g‘ildiraklarini chiqarib olib qayiqqa o‘rnatishni taklif etdi. «Juda yaxshi joylashadi, siz ham bemalol o‘tirib ketasiz. Agar xudo berib havo ochiq turib bersa, besh kun deganda Astraxanga yetamiz».

Albina qayiqchi bilan kelishib, tarantasni ko‘rish va zakalat olish uchun Pokrovskiy slobodasidagi Loginov karvonsaroyiga kelishni unga taklif etdi. Hamma ish kutganidan ham yaxshi bo‘layotgan edi. Albina o‘zida yo‘q shod-xurram bo‘lib Volganing bu yog‘iga o‘tdi va o‘zini o‘tkazib qo‘ygan eshkakchini rozi qilib, karvonsaroyga yo‘l oldi,

 

XII

Sirt soqchilardan bo‘lgan kazak Danilo Lifanov o‘ttiz to‘rt yoshda bo‘lib, harbiy xizmatni bitirishiga bir oy qolgan edi. Uning oilasida, hali ham Pugachyovni esida saqlagan to‘qson yashar qari bobosi, ikki ukasi, eski mazhabda bo‘lgani uchun Sibirga katorgaga yuborilgan akasining xotini, o‘zining xotini, ikki qizi, ikki o‘g‘li bor edi. Otasi frantsuzlar bilan bo‘lgan urushda halok bo‘lgan. Dapilo oila boshlig‘i edi. Ularning qo‘rasida o‘n oltita ot, ikki qo‘shho‘kizi bo‘lib, o‘n besh botmoncha bo‘z yerga bug‘doy ekishgan edi. Danilo Orenburgda, Qozonda xizmat qildi, endi o‘z muddatini tugallamoqda edi. Eski mazhabga e’tiqodi zo‘r bo‘lgan bu odam chekmas, ichmas, boshqa mazhabdagilar bilan bir tovoqdai ovqat yemas, ichgan qasamiga rioya qilardi. Hamma ishini shoshmasdan, puxta qilar, boshliqlar topshirgan vazifann o‘rinlatib bajarmaguncha, ko‘ngli joyiga tushmasdi. Endi bo‘lsa, tobut olib ketayotgan ikki polyak ayolini Saratovgacha kuzatib qo‘yishni unga topshirib, yo‘lda hech kim ularga ozor bermasin, ularning o‘zlari sho‘xlik qilmay, tinchgina borsinlar, Saratovda ularni boshliqlarga qo‘lma-qo‘l topshirish kerak, deb buyurgan edilar. Qazak ularni kuchuklari va tobutlari bilan Saratovgacha eltib qo‘ydi. Xotinlar, garchi polyak bo‘lsalar hamki, yuvosh, muloyim bo‘lib, ulardan biror yomonlik chiqmadi. Ammo shu yerga — Pokrovskiy slobodasiga yetib kelganda, kechga yaqii tarantas yonidan o‘tib keta turib kuchukning tarantasga sakrab chiqqanini ko‘rib qoldi, kuchuk u yerda ingillab, dumini likillata boshladi, tarantas taxtasining ostidan allakim tovush chiqargandan bo‘ldi. Polyak ayollardan bittasi, qarirog‘i, kuchukning tarantasga chiqqanini ko‘rib, negadir qo‘rqib ketdn, darhol kuchukni ushlab olib jo‘nab qoldi.

«Bunda bir gap bor», deb o‘yladi kazak va ko‘z-quloq bo‘la boshladi. Yosh ayol tarantas oldiga kelganda u o‘ziii uxlaganga soldi, shunda yashik ichidan erkak kishining ovozini aniq-taniq eshitdi. Tong otar-otmas u politsiyaga borib, unga topshirilgan polyak ayollarning niyati buzuqligini, yashikda o‘lik o‘rniga tirik odamni olib ketayotganlarini bildirdi.

Uzida yo‘q quvongan, endi hamma ishning bir yoqli bo‘lganiga, bir necha kundan keyin ozod bo‘lishlariga ishonchi komil bo‘lgan Albina karvonsaroyga yaqinlashganida darvoza oldida turgan ikkita tulpor qo‘shig‘liq izvoshga va ikki kazakka ko‘zi tushib qoldi. Darvoza oldida to‘plangan olomon ichkariga qarab turardi.

Albinaning ko‘ngli shu qadar to‘q, o‘zi shu qadar g‘ayratga kirgan ediki, bu qo‘shot va yig‘ilgan xaloyiqning unga daxli borligi to‘g‘risidagi fikrni aqliga ham keltirmas edi. U qo‘raga kirgan zahoti o‘zining tarantasi turgan bostirma tagiga qaradi-yu, xaloyiqning xuddi tarantas yonida to‘planib turganini ko‘rdi, xuddi shu paytda Trezorkaning jon-jahdi bilan vovillaganini eshitdi. Mudhish bir voqea ro‘y bergan edi. Tarantas yonida pogoni, tugmalari oftobda yaltiragan toza mundir va amirkon etik kiygan sersoqol kishi ko‘kragini kerib xirqiroq, amirona ovoz bilan bir narsa deb baqirar edi. Uning oldida, ikki soldat o‘rtasida chigal sochlariga pichan yopishgan, dehqon kiyimidagi Yuzyo qaqqayib turar, atrofida nima hodisa bo‘layotganini tushunmagan kishidek, keng yelkalarini uchirib qo‘yardi. Butun falokatning sababi o‘zi ekanini bilmagan Trezorka yungini hurpaytirib, jon-jahdi bilan politsmeystrga qarab behudaga akillar edi. Migurskny Albinaning ko‘rishi bilan seskanib tushdi, uning yoniga kelmoqchi bo‘ldi, biroq soldatlar yo‘lini to‘sishdi.

— Hechqisi yo‘q, Albiia, hechqisi yo‘q, — dedi Mi-gurskiy muloyimgina jilmayib.

— Ana, xonimning o‘zlari ham keldilar! — dedi politsmeystr. — Qani, bu yoqqa kelsinlar. Bolalaringizning tobuti shumi? A? — deb Migurskiyni imlab ko‘rsatdi.

Albina javob qilmadi, faqat ko‘kragini changallab, og‘zini ochib, vahima ichida eriga qarab turardi.

Jon berayotgan mahalda va umuman, turmushda muhim bir hodisa ro‘y bergan vaqtdagidek, bir lahzada Albinaning xayolidan har xil fikr o‘tdi, shu bilan birga u o‘z boshiga qanday falokat tushganini anglamas va bunga ko‘ngli ishonmas edi. Qahramon erining qo‘pol, vahshiy odamlar qo‘liga tushib xor bo‘lganini ko‘rishi bilan u, dastlab g‘ururining tahqirlanganini his etdi. Bu his unga avvaldan tanish edi. «Odamlarning sarasi bo‘lgan kishini o‘z hukmlari ostida ushlab turishga ularning nima haqlari bor?» Ayni zamonda uning butun vujudini qamrab olgan ikkinchi his, ro‘y bergan falokat ta’sirida vujudga kelgan edi. Bu falokat uning hayotida yuz bergan katta baxtsizlikni, bolalarning o‘limini eslatdi. Shu zahoti: «Qaysi gunohimga bolalarimdan judo bo‘ldim? Nega?» — degan savol tug‘ildi. Bu savol «Odamlarning sarasi bo‘lgan eng yaqin odamim, erim nima sababdan halok bo‘lyapti, azob chekyapti?» — degan savolni tug‘dirdi. Shu payt u erini qanday yomon jazo kutib turganini, bunga Albinaning o‘zi sababchi bo‘lganini esladi.

— Bu odam kimingiz bo‘ladi? Eringizmi? — deb qaytadan so‘radi politsmeystr.

— Gunohimiz nima? — deb chinqirib yubordi Albina. U asabiylashganidan o‘zini yo‘qotib, qah-qah urib, aravaning shotisidan ko‘chirib olingan va tarantas yonida turgan yashik ustiga yiqilib tushdi. Ko‘z yoshlari yuzini yuvayotgan, titrab-qaqshab yig‘layotgan Ludvika Albinaning yoniga keldi.

— Bekam, jonim bekam! Xudo haqqi, hech narsa bo‘lmaydi, hech narsa, — deb hushini yo‘qotib uning orqasisini silar edi.

Migurskiyning qo‘liga kishan solib qo‘radan olib chiqa boshladilar. Albina buni ko‘rib erining orqasidan chopdi.

— Meni kechir, afv et, — dedi u. — Hammasiga men aybdor, men, men!

— Kimning aybdorligini o‘sha joyda surishtirishadi. Sizga ham navbat keladi, — dedi politsmeystr qo‘li bilan uni chetlatib.

Migurskiyni daryodan kechib o‘tiladigan joyga boshlab ketdilar. O‘zining nima qilayotganidan bexabar bo‘lgan Albina uning ketidan ergashib borar, yupatmoqchi bo‘lgan Ludvikaga quloq solmas edi.

Kazak Danilo Lifanov shu voqealar bo‘layotgan mahalda tarantas g‘ildiragi yonida turar, qovog‘ini solib, goh politsmeystrga, goh Albinaga, goh o‘zining oyoq panjalariga qarar edi.

Migurskiyni olib ketganlaridan keyin, yolg‘iz qolgan Trezorka dumini likillatib kazakka erkalana boshladi. Quchuk yo‘lda unga o‘rganib qolgan edi. Kazak sapchib tarantas yonidan siljidi: boshidan shapkasini yulqib olib, bor kuchi bilan yerga urdi, Trezorkani oyog‘i bilan itqitib tashlab, mayxonaga ketdi. Mayxonada u aroq chaqirib, bir kechayu bir kunduz ichdi, yonidagi pulini ichib sob qildi, ustidagi kiyim-boshini ham sotib ichdi. Aroq ichida yotib qolgan kazak ertasi kuni kechqurun uyg‘ondi. Endi u o‘ziga azob berayotgan savol ustida: «Polyak xotinning yashikka berkitgan eri to‘g‘risida boshliqlarga xabar yetkazganim yaxshi bo‘ldimi?..» — degan savol ustida bosh qotirmas edi.

Migurskiyni sud qilishdi, uni askarlar safi orasidan yurgizib ming tayoq urish to‘g‘risida hukm chiqarildi. Biroq Migurskiyning qarindosh-urug‘lari hamda Petsrburgda tanish-bilishlari ko‘p bo‘lgan Vanda vositachilik qilib, unga yumshoqroq jazo berishni iltimos qildi. Migurskiyii Sibirga abadiy surgui qilishdi. Albina u bilan birga jo‘nab ketdi.

Nikolay Pavlovich esa yolg‘iz Polshada emas, butun Yevropada revolyupiya ajdarining boshini yanchgani uchun xursand, rus podsholarining pand-nasihatlarini bajo keltirganiga va rus xalqining baxti uchun Polshani Rossiya qo‘lida saqlab qolganiga xursand edi. Yulduz taqqan, zar yoqa mundir kiygan odamlar uni shunday maqtar edilarki, Nikolay Pavlovich o‘zining ulug‘ odamligiga, uning hayoti butun bashariyatning, xususan, rus xalqining baxt-saodati ekanligiga rostdan ham ishonar edi, holbuki uning butun faoliyati beixtiyor, shu xalqni yomon yo‘lga boshlash, laqillatishdangina iborat edi.

Ruschadan Mirkarim Osim tarjimasi

[1] Kostyushko — Polsha xalqining 1794 yildagi qo‘zg‘oloniga rahbarlik qilgan kishi.

[2] Rech Pospolita — XVI — XVIII asrlardagi feodal-krepostnoy Polsha davlati.

[3] Seym — Polsha parlamenti.

[4] Muqaddas Ittifoq—1815 yilda Rossiya, Avstriya va Prussiya o‘rtasida tuzilgan reaktsion siyosiy ittifoq.

[5] Qadrimga yetishi uchun uni bir oz qiynash kerak. (Frantsuzcha.)

[6] Ksendz — polyak ruhoniysi.

[7] Belveder — Polsha hokimlarining qasri.

[8] Yashasin polyaklar, bitsin moskallar! Ura! (Polyak tilida.)

[9] Zlotiy — 37,5 tiyin.

[10] Xudoyo o‘zing karam qil, o‘z rahmatingga ol. (Lotincha.)