Konstantin Paustovskiy. Sovg‘a (hikoya)

Har safar kuz yaqinlashganda tabiatdagi juda ko‘p hodisalar bizlar istaganchalik yaratilmaganligi to‘g‘risidagi gap-so‘zlar boshlanardi. Qish bizda uzoq davom etadi. Yoz qishdan ancha qisqa, kuz esa lip etib, xuddi derazang yonidan tillo qush uchib o‘tganday o‘tib ketadi.
Bizning bu suhbatlarimizni o‘rmonchining nevarasi Vanya Malyavin tinglab o‘tirishni yoqtirardi. U o‘n besh yoshlarda edi. Bobosining Urjensk ko‘li yoqasidagi qorovulxonasidan tez-tez kelib turar va har doim safar xaltasida qo‘ziqorinlar yo savatchada maymunjon bilan yoki o‘zi shundoq bizning gaplarimizni eshitib, mehmon bo‘lardi yo “Vokrug sveta” jurnalini o‘qirdi. Bu jurnalning qalin-qalin muqovalangan sonlari qaznoqda; eshkaklar, chiroqlar va eski asalari uyasi bilan birga to‘zib yotardi. Asalari uyasi yelim qo‘shilgan oq bo‘yoq bilan bo‘yalgandi. U qurigan daraxtdan qirqib olingan taxtadan yasalgan bo‘lib, taxta bo‘yoq tagidan eski gilam hidi kelib turardi.
Bir kuni Vanya tomiri bilan kovlab olingan kichkinagina oq qayin ko‘chatini olib keldi. U ko‘chat tomirini mox bilan chiptaga o‘rab kelgandi.
– Bu sizlarga, – dedi u qizarinqirab. – Sovg‘a, buni taxta tuvakka o‘tqazib, issiqxonaga qo‘yasizlar. U butun qish bo‘yi yam-yashil bo‘lib turadi.
– Nima uchun sen uni kovlab olding, afandi. – So‘radi Ruvim va qayinning yupqa barglarini ushlab ko‘rdi.
Biz ombordan taxta quti olib keldik. Uni og‘zi barobar tuproq bilan to‘ldirib, qayin niholini unga o‘tqazdik. Qutini iliqqina xonaning eng yorug‘ joyiga – deraza rapiga olib borib qo‘ydik. Bir kun o‘tib ko‘chatning shalpayib qolgan barglari tirilib, sho‘xchan hilpiray boshladi.
Boqqa kuz kelgan bo‘lsa-da, niholimiz barglari yam-yashil, jonlanib turardi. To‘q qizg‘ish rangda zarang yonar, shiyponchada yovvoyi tok bujmayib turardi. Hatto bog‘dagi ayrim qayinlarda xuddi hali qarimagan odamning boshidagi oq soch tolasiday sariq kokillar paydo bo‘ldi. Ammo xonamizdagi nihol go‘yo yosharayotganday tuyilardi. Biz unda hech qanday so‘lish alomatlarini ko‘rmasdik.
Kunlarning birida kechasi, qayin turgan xonaning derazasidan sovuq ufurdi, derazaning ko‘zlari bug‘landi. Tom tepasiga qirov qo‘ndi, oyoq osti tasirlay boshladi. Faqat yolg‘iz yulduzlargina birinchi sovuqdan quvonganday, ular yozdagidan ham ko‘ra yorishib, yarqiray boshladi. Men uzoq va yoqimli jaranglagan tovushdan uyg‘onib ketdim – qayerdandir cho‘pon surnayining ovozi kelardi. Derazadan tong oqarib ko‘rinardi.
Kiyinib boqqa chiqdim. Sovuq havo yuzimni yuvganday bo‘ldim, uyqum birdan uchdi. Tong otib kelardi. Sharq tomondagi to‘q ko‘k rang qizg‘ish rang bilan almashayotganday, xuddi gulxan tutuniday ko‘rinardi. G‘ira-shira qorong‘ilik yorug‘lik bilan almashar, uzoqdan qizg‘ish, tilla rang bulutlar mamlakati ko‘rina boshlagandi. Shamol esmasa-da, ammo bog‘dagi daraxtdan barglar tinimsiz uchib tushardi. Bir kechada qayinlarning to uchigacha sarg‘aygan barglari go‘yoki g‘amgin yomg‘irday yog‘ilardi.
Men xonaga qaytdim: bu yer iliqqina edi. Tongning oqish yorug‘ida qayinning kichkina niholi turardi – u bir kechada butunlay sarg‘ayib qolibdi, bir nechta limon rangidagi barglari pech ustida yotardi. Xonaning issig‘i niholni saqlay olmagandi. Bir kundan keyin u butunlay, xuddi sovuq o‘rmonlardagi, daraxtzorlardagi, kuzgi nam kengliklardagi o‘rmonlardan ortda qolishni istamaganday yalang‘och qoldi. Vanya Malyavin, Ruvim va bizlar – hammamiz judayam achindik. Aslida bizlar qishning qorli kunlarida quyosh oppoq yoritib turgan, quvnoq pechning qizg‘ish rangida tovlanib isigan xonamizdagi qayin yam-yashil bo‘lib gurkirab turadi, degan xayolga ko‘nikib bo‘lgan edik.
Yoz haqidagi oxirgi xotira yo‘qoldi. Tanish o‘rmonchiga qayinning barcha yashilligini saqlab qolishga urinishimizni gapirib berganimizda u miyig‘ida kulib qo‘ydi.
– Bu qonun, – dedi u. – Tabiat qonuni. Agar daraxtlar bargini qishda to‘kmaganda edi, u ko‘plab sabablarga ko‘ra nobud bo‘lgan bo‘lardi; barglarda to‘planib qolgan qorning og‘irligini ko‘tarolmagan yo‘g‘on shoxlarining sinishidan, bundan tashqari, barglarda har xil tuzlarni to‘planishidan va nihoyat qish o‘rtasida ham barglar namlikni bug‘lantirib turishi sabab muzlagan tuproq uni daraxt tomirlariga yetkazib asrolmasdi va oxir-oqibat ular qishki qurg‘oqchilikdan muzlab halok bo‘lishardi.
“O‘n foiz” laqabli Dmitriy bobo esa qayin to‘g‘risidagi bu kichkina hodisani eshitib uni o‘ziga tushuntirmoqchi bo‘ldi.
– Sendan aylanay, – dedi u Ruvimga qarab. – Meni yoshimga yetgandan keyin bahslash. Aqlingni ishlatishga hali vaqting yetmaydi-yu men bilan buncha bahslashasan.
Biz – qariyalar ko‘proq fikrlaymiz. Bizning tashvishimiz ham shu sababli yer yuzida nima, qanday, ma’nisi qayerda, ko‘proq o‘ylaymiz. Deylik, mana shu qayinni olaylik. Sen menga o‘rmonchi nima deganini gapirib o‘tirma, u nima deganini oldindan bilaman. O‘rmonchi ayyor odam, aytishadiki, u Moskvada yashaganida ovqatni elektr tokida tayyorlaganmish. Shunday bo‘lishi mumkinmi, yo bo‘lishi mumkin emas.
– Mumkin, – javob berdi Ruvim.
– Mumkin, mumkin! – Masxara qildi uni qariya.
Sen o‘sha elektr tokini ko‘rganmisan? Qanday qilib sen uni ko‘rasan, ko‘rinmasa. Xuddi havoga o‘xshab. Sen qayin to‘g‘risida eshit. Odamlar o‘rtasida do‘stlik bormi, yo‘qmi? Ha-a, xuddi shunday, bor. Ammo ular adashishadi. O‘ylashimcha, ko‘ngil faqat ularda bor, har kimlarning oldida kerilib ham qo‘yadilar. Do‘stlik bilsang og‘ayni, hamma yerda bor, qayoqqa qarama, hamma joyda. Sigir sigir bilan do‘stlashadi, sayroqi qush sayroqi qush bilan. Turnani o‘ldirgin – moda turna kasal bo‘lib qoladi, yig‘laydi, o‘zini qo‘ygani joy topolmaydi. Har qanday o‘simlik va daraxtda ham qachonki do‘stlik bo‘lib turadi. Qanday qilib sening qayin niholing yalang‘och bo‘lmasin, qachonki o‘rmondagi barcha do‘stlari bargini to‘kib bo‘lgan bo‘lsa? Bahorda u qaysi ko‘zi bilan ularga qaraydi, ular qishdan qiynalib chiqishsa-yu, bu pechkani yonida, issiqqinada, toza joyda isinib o‘tirsa? Vijdon bo‘lishi kerakmi?
– E, qariya, sen rosa olib qochding, – dedi Ruvim. – Sen bilan surishib bo‘ladimi.
Qariya hiqillab kuldi.
– Yon berdingmi? – so‘radi u zaharxandalik bilan. – Taslim bo‘lasanmi? Sen men bilan surishma, befoyda ish.
Qariya mamnuniyat bilan bu bahsda bizni hammamizdan, shu bilan birga o‘rmonchi ustidan ham g‘alaba qozonganiga ishonib hassasini do‘qillatib jo‘nab ketdi.
Qayin niholini biz boqqa – devor yoniga o‘tqazdik. Sarg‘aygan barglarini yig‘ib olib “Vokrug sveta” jurnalining varaqlari orasiga solib quritdik. Shu bilan bizning yoz xotirasini saqlashga bo‘lgan urinishimiz tugadi.

Rus tilidan O‘roz Haydar tarjimasi

«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 11-12-son