Uning iyun kunlaridan birida uyi ostonasida rangi devordek oppoq, qorni biroz shishgan alfozda o‘tirganini eslayman. Qo‘shnilar: “Istisqo bo‘pti”, – deyishgandi. O‘zi shaharda ishlab yurgandi, ammo mana bir necha haftaki, shu g‘alati darddan shishib-azoblanib uyiga – ota-onasi qoshiga qaytdi.
Esimda, Katerina ozg‘in, murdadek oq, suyaklari turtib chiqqan qiz edi. Uning uzun, bemador tanasi savatdek qo‘ng‘ir soch bostirilgan kichkinagina bosh bilan tugardi. Katerina bu “savat”dan turmakka o‘xshash bir nima yasashni eplardi ammo. Kichkinagina burni ikkita katta qop-qora teshikdan iborat edi. Og‘irgina qo‘llari uzun yonboshi bo‘ylab jonsiz osilib turardi.
U kursilar oralab zo‘rg‘a yurarkan, go‘yo yanada shishib, oqarib ketgandek tuyilardi. “Istisqo bo‘pti”, – deyishdi yana qo‘shnilar.
Xullas, bu voqea kuz yakshanbalaridan birida ertalabki ibodat vaqti yuz berdi. Katerina ukasi bilan uyda yolg‘iz qoldi. Ovsar Jan oshxonadagi stolga tirsaklarini tirab trubka chekardi. Uning kichkina, deyarli ko‘rinmaydigan ko‘zlari va yuvoshgina yuzi haqiqiy ovsarlarnikidek xotirjam edi. Birdan opasining xonasidan eshitila boshlagan ovozlar e’tiborini tortdi.
Avval ingrashlar… Birdaniga… chaqaloq yig‘isi! U eshikni ura boshladi.
– Jan!.. Yo‘q! Yo‘q!.. Ochma, bor, ularni ogohlantir… Hammasi tugadi!..
Ovsar Jan dod-faryod va bola yig‘isini eshitib biroz ikkilandi. Yig‘i!.. Va hozirgina ona bo‘lgan ayolning tinchlantiruvchi ovozi.
Ovsar Jan biroz turdi, keyin ketdi.
Katerina qaddini ko‘tarib sukunatga quloq tutdi… Onasi, otasi, uchta akasining qaytishini, junbushga kelgan qishloqning ta’na-dashnomlarini ko‘z oldiga keltirdi; rosa sharmanda bo‘lishi va shu tavqi la’nat ta’qibida yashashini tasavvur qildi.
Dahshatga tushdi. O‘rnidan turdi, oshxonadan o‘tib tashqariga chiqishda panshaxaga qoqildi, uni qo‘liga oldi, go‘ng uyumi yoniga bordi va go‘ng ichida chuqur kavladi… Keyin go‘dagi qoshiga qaytdi, uni qo‘liga oldi va avaylab o‘sha chuqurga qo‘ydi. Chaqaloq chinqirib yubordi! Ayol unga iltijo bilan qo‘llarini cho‘zdi, bir zum ikkilandi, keyin tezda bolani yerga yuztuban yotqizdi. Go‘dak yana chinqirdi. Ayolning ko‘zi katta toshga tushdi, qo‘liga olib baland ko‘tardi… Tap! Tezroq! Tezroq! Tezroq! Katerina chuqurni ko‘mib tashladi. Birdan o‘zini yomon his qila boshladi. Oshxonaga bordi, qorong‘ida timirskilanib sirka qidirdi…
Tamom!
Eshik ochiq edi! Kun bo‘zargan, hamma yig‘ilgan.
– Qani u? – so‘radi ona.
– Qani u? – takrorladi ota.
Qani u?..
Katerina ularga bir boqdi, keyin deraza tomonga chekinib hech nima demay stolga suyandi… Birdan stol ustiga yiqildi, so‘ng sirg‘alib poldagi kafel ustiga go‘yo to‘kilib tushdi.
Hovlida Ovsar Jan qo‘lidagi qonli choyshabni silkib qo‘shnilarni dahshatga solgancha chaqaloqni chaqirardi. Opam chaqalog‘ini o‘ldirib, keyin o‘zi ham o‘lib qoldi, derdi u.
Oradan bir soat o‘tib jandarmlar paydo bo‘lishdi. Hammayoqning tit-pitini chiqarishdi.
Ammo chaqaloqni Ovsar Jan topdi. U qonga bo‘yalgan va go‘ng hidi anqib turgan jasadni stol ustiga qo‘ydi. Katerina – jonsarak va shikasta bir ahvolda ikki mo‘ylovdor jandarmning o‘rtasida to‘g‘riga qarab turardi.
Burchakda qari onasi yig‘lardi. Otasi va akalari qayergadir gum bo‘lishgan. Katerinani olib ketishdi.
Uni ikki yilga qamashdi.
Qaytganida otasi olamdan o‘tgan, uchta akasi esa uylanishgandi. Qolgan hammasi boyagi-boyagiday. Onasi uni ko‘zida yosh va mehr bilan kutib oldi.
Qishloqda Katerinaning izidan qahrli nigoh bilan qarab qolishar, Ovsar Jan esa darg‘azab bo‘lib nuqul unga katta mushtlarini do‘laytirardi.
Katerina ko‘pincha shom paytlari pechka yonida tizzalab olgancha keksa onasining eski peshbandiga yuzini bosib ho‘ng-ho‘ng yig‘lardi.
Karnaval yaqinlashib qoldi.
Qor yog‘ardi. Ovsar Jan ertalabdanoq eski chanalarni bo‘shatib olib ketdi.
“Nima uchun?” – deb so‘raydi ikki ayol o‘zidan.
“Nima uchun?” – deb so‘raydi Katerina.
Keyin bu haqda o‘ylamay qo‘ydi.
Kech kirdi, onasi cherkovdan qaytib keldi.
Birdan deraza tagida niqob tutgan to‘daning hayqirig‘i eshitildi. Shovqin goh uzoqlashar, goh juda yaqin kelardi. Odamlar Ovsar Janning chanasini o‘rab olishgandi.
Katerina bir seskanib oynadan uzoqlashdi.
Chana ustidagi ikki tulumni payqadi: ayol!.. ikkinchisi kichikroq: go‘dak!.. va kattakon tosh! Chanani Ovsar Jan tortayotgandi.
Katerina pardani tushirdi.
Niqoblilar mash’alalarni yoqdilar va chana yigitlarning qiyqirig‘i bilan yanada ildamlab ketdi. Ayollar uzoq vaqtgacha uxlashmadi, jimgina o‘tirishdi. Ko‘chada ovozlar tinmasdi. Birdan eshik lang ochildi. To‘dani ergashtirib olgan Ovsar Jan chayqalib turardi. Yo‘lda ular katta tulumni yo‘qotib qo‘yishibdi, endi uning o‘rniga opasini olib ketish uchun kelishibdi. To‘da olqishladi, eshiklar, pol va devorlar titrab ketdi. Kampir o‘g‘lini insofga keltirmoqchi bo‘ldi. Qarg‘adi, yalindi…
Jan opasi tomon qo‘lini cho‘zib hamon iljayib turardi.
Ayollar xonaning ichkarisiga chekinishdi. Ularning faqat yuzlari ko‘rinib turardi. Katerinaniki – oppoq, qop-qora chuqurchalari bor: burun kataklari, og‘zi, ko‘zlari; har narsaning aksini ko‘rsatadigan kampirning yuzlari, bora-bora u qorong‘ilikka singib ketdi. Birdan Jan opasini quchoqlab baland ko‘tardi, boshqalar unga yordamlashdi.
Ko‘chada ularni mash’alalar qurshovidagi chanalar kutib turardi. Tuyqusdan chanalardan biri olov ichida qoldi. Bu atrofdagilarning shodon qiyqirig‘iga sabab bo‘ldi. Katerina yolvordi:
– Oyijon!
Uni masxaralay boshlashdi:
– “Oyijooon!”
O‘nlab qo‘llar Katerinani mahkam ushlab chanaga o‘tqazdi.
– Yashasin Jan!
– Mahkam ushla! Qo‘yma!
– Ura! Ura!
Chana uvillayotgan olomonni ergashtirib yurib ketdi.
Chana sirpanardi…
Eshik tagiga chiqqan Ovsar Jan va Katerinaning onasi yig‘idan to‘xtadi.
Shunchaki qarab turaverdi…
Rus tilidan Shahnoza Soatova tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2015 yil, 1-son