Karlos Fuentes. Chak Mool (hikoya)

Akapulkoda, yaqindagina — muqaddas pasxa arafasida Filiberto cho‘kib ketdi. Ishdan bo‘shatib yuborishibdi hamki, u xuddi hech narsa bo‘lmagandek yillar davomida qon-qoniga singib ketgan odatiga ko‘ra nemis pansionida mazza qilib shousrout[1] yeb, arafa kuni La-Kebradada bir oz raqs tushish hamda Ornos plyajida bundoq odamga o‘xshab tunni o‘tkazish uchun dengiz bo‘yiga jo‘nabdi. To‘g‘ri, yoshligida u tengi yo‘q suzuvchi bo‘lgan edi, buni hammamiz bilardik, ammo yoshi qirqdan o‘tib, buning ustiga sog‘lig‘ining mazasi ketganida, yana yarim kechasi Kaleta bilan Is-la-de-la Roketa oralig‘ichalik uzoq masofani suzib o‘tmoqchi bo‘lganini nima bilan izohlash mumkin!

Musofirxonaning eski mijozlaridan bo‘lsa ham Myuller xonim marhumning jasadini pansionga olib kirishlariga yo‘l qo‘ymadi. Bu ham mayli xonim o‘sha oqshom tor va diqqinafas ayvonda bazm uyushtirdi, bechora Filiberto esa bekatda savatlar, qop-qanor va turli qaqir-ququrlar orasidagi yashikda ertalabki avtobusni kutib rangi paxtadek oqarib yotaverdi. Ertasiga tobutni qanday olib ketishlarini tekshirgani kallayi saharlab yetib kelganimda Filibertoni norjil yong‘oqlari uyumi ko‘mib yuborgan edi. Shofyor, yo‘lovchilar ko‘rib qolsa vahima ko‘taradi, tobutni darhol avtobusga joylab ustiga chipta tashlab qo‘yinglar, aks holda ko‘rib qolishsa bora-borguncha boshimda yong‘oq chaqadilar, deya to‘ng‘illadi.

Yo‘lga chiqqanimizda tong shabadasi esmoqda edi. Biroq Terra Koloradaga yetib kelganimizda quyosh nayza bo‘yi ko‘tarilib qizdira boshladi. Tuxumu kolbasa bilan nari-beri tamaddi qilayotganimda kecha Myullerlar pansionidan olib chiqqan portfelni ochdim. Uning ichida ikki yuz peso pul, Mexikoda nashr etilgan eski gazeta, kacho o‘yiniga mo‘ljallangan karta va faqat borish uchun olingan (darvoqe nega faqat borish uchun?) bilet singari lash-lushlar bilan birga kulrang muqovali katak daftar ham bor edi.

Tinmay silkinish, qo‘lansa hid va marhum do‘stimning shaxsiyatiga bo‘lgan hurmatimga ham qaramasdan uning daftarini o‘qishga tutindim. Balki o‘qiyotganimda (rostdan ham daftar shundan boshlangan edi) har kuni ishga birga qatnaganlarimiz yodimga tushar, jilla qurisa nima sababdan uning ishdan ko‘ngli sovib ketgani, o‘z xizmat vazifasini unutib, safsata sotadigan va ha desa keraksiz qog‘ozlarni ro‘kach qiladigan bo‘lib qolgani oydinlashar, deb o‘yladim. Undan tashqari nima sababdan o‘z mavqeini tiklash va nafaqa undirishdan umidini uzib, Akapulkoga juftakni rostlaganlari oydinlashar?!

«Bugun pensiya xususidagi tashvishlar bilan yelib-yugurdim. Advokat asl odam ekan. Uning oldidan kayfiyatim shunchalik ko‘tarilib chiqqanidan qahvaxonaga kirib bir maza qilgim keldi. Men o‘sha, yoshlikda tez-tez ko‘nglimiz tusab boradigan, hozir esa kirmay qo‘ygan qahvaxonaga yo‘l oldim; afsuski borganimga pushaymon yedim, chunki bu yer qirqdan ko‘ra yigirma yoshida odam ko‘proq narsani o‘ziga lozim bilsa yaxshi bo‘lishini yodimga soldi. O‘sha paytlarda hammamizning mavjimiz teng, kimda kim do‘stlarimizdan biri haqida bo‘lar-bo‘lmas gap ochsa o‘sha zahoti unga yopishib ketar, gap quyi tabaqadanligi yoki so‘xtasi sovuqligi tomonga burildimi tamom, ko‘ksimizni qalqon qilardik. Ko‘pchiligimizning (lavang do‘stlarimizning ham) istiqbolimiz yorug‘ ekanini o‘sha paytdayoq ko‘nglim sezardi. Hali maktabda o‘qib yurganimizdayoq kelajakda, suronlarga to‘la qaynoq hayotimizda shubhasiz qo‘l keladi, degan niyatda qiyomatli do‘st tutingan edik. Afsuski yillar o‘tishi bilan oramizdan oqibat ko‘tarildi. Yaxshi bo‘lmadi. O‘sha do‘stlarim orasida bo‘shang, og‘zidagi gapini zplab gapirolmaydiganlarining ko‘plari kutganimizdek o‘zini o‘qqa-cho‘qqa ursa ham aro yo‘lda qolib ketdi-yu, biroq shulardan ayrimlari jo‘shqin ziyofatlar chog‘ida bashorat qilganimizdan ko‘ra ko‘proq natijalarga erishdi. Bizlar esa do‘stlarimizda juda katta ishonch uyg‘otganimizga qaramay taqdirning noma’lum, kutilmagan zarbalariga dosh berolmay aro yo‘lda shoximiz sindi; oqibat baxti kulib boqqanlar tugul o‘ta omadsizlardan ham ajralib qoldik. Bugun esa yana o‘sha choqdagi oromkursilarning birida (to‘g‘ri, bular aynan o‘sha paytdagi emasdi, chunki bu yerda hamma buyumlar: kursilar ham, bufet peshtaxtasi ham yangilangan — zamonaviy edi) o‘z «Shaxsiy delo»mni varaqlab o‘tiribman.

Men o‘zgarib, hech kimni mensimay qo‘ygan kalondimog‘, izzatparast bo‘lib ketgan o‘rtoqlarimni ko‘rdim. Ular bu qahvaxona bilan mana shu shahar singari tamomila o‘zgargan edi. Ular meni allaqachon unutib yuborishgan yoki tanib-tanimaslikka olardilar. Mabodo tanigan taqdirda ham, aminmanki, o‘lganining kunidan yelkamga qoqib: «Ishlar yaxshimi oshna! Bo‘pti hozircha» deb qo‘yishdan nariga o‘tmasliklari aniq. Shahar chekkasidagi bu muhtasham qahvaxona men bilan ularni o‘tib bo‘lmas g‘ov singari ajratib turardi. Men daftarni birin-sirin varaqlardim. Olamshumul orzular, turfa xil umidlar to‘la va shuning barobarida yaxshi niyatlarimizni puchga chiqargan, nest-nobud qilgan yillar — ma’nisiz va puch davrlar ketma-ket ko‘z o‘ngimdan o‘tardi. Eh, qaniydi, shunday qo‘l uzatsamu bolalikda yaxshi ko‘rib o‘ynagan jumboqsim kaftimda paydo bo‘lsa, deya o‘ylardim alam bilan: ammo o‘yinchoqlar solingan qutidan allaqachonlar nomu nishon qolmagan edi, umuman qalayi soldatlar, ganch toychoqlaru yog‘och shamshirlar qayga ketdi?! Rost, bizlar ko‘ylagimizni damba-dam o‘zgartirib yasanib-tusanib yurishni yaxshi ko‘rardik, ammo bu shunchaki o‘yinqaroqlik edi. Sadoqatni ko‘ylak singari tez-tez almashtirmasdik, nima qilish kerak, nima qilmaslik lozimligini hamda burch hissini hech qachon unutmasdik. Bizning birovdan kam joyimiz bormidi? Balki, aksincha, kimdan ortiq joyimiz bor edi? Ba’zan beixtiyor xayolimga Rilke keladi. Yoshlik beboshliklari shubhasiz qimmatga tushadi, shuning uchun barcha hoyu havaslarga bolalikdayoq xotima berish kerak ekan. Darhaqiqat inson orqaga qaytmasligi kerak, aks holda uning holiga maymunlar yig‘laydi. Arzimagan besh pesogami? Yana buning ikki pesosi choy chaqa uchun».

«Pepe savdo sotiq huquqlari bilan shug‘ullanib qolmay har xil nazariyalar to‘qib yurishni yaxshi ko‘radi. Bugun ibodatxonadan chiqib kelayotsam meni ko‘rib qolib chaqirdi. Birga sayr qilgani prezident saroyi tomon yo‘l oldik. Dunyoda uning ixlosi qaytmagan narsa yo‘q bo‘lishiga qaramay sira tinch yurolmaydi. Hash-pash deguncha yangi nazariya to‘qib boshimni qotira boshladi… Nima emish, agar u meksikalik bo‘lmaganida Isoga imon keltirmagan bo‘lar emish. Bu kunday ravshan narsa emish. Mana qara, derdi u, tuprog‘imizga ispanlar kelib qovurg‘alari ilma-teshik, qoniga belanib butga parchinlangan joni yo‘q xudoga sig‘inishni taklif etdi deylik. Qani, ayt-chi, sening dunyoqarashing va urf-

odatlaringga bundan ko‘ra yaqinroq yana nima bor?.. Ana endi Meksikani buddoiylar yoki aytaylik, musulmonlar bosib olganini tasavvur qilib ko‘r. Masalan bizning hindularning bo‘kib o‘lgan zotga sig‘inishi tasavvuringga sig‘adimi? Uning yo‘lida jonlarini fido qilganlari yetmay ko‘ksidagi urib turgan yuragini yulib olishlarini talab qilgan tangriga bo‘lsa boshqa gap! Shu nuqtai nazardan qaraganda Uitsilop ochtli nima degani bo‘ldi?! O‘zining o‘rinsiz sadaqa-furushligi va rasm-rusumlari, fidokorligi va qonparastligiga ko‘ra xristianlik hindular e’tiqodining tabiiy davomi va yangilangan ko‘rinishidan boshqa narsa emas. Lekin rahmdillik va o‘z yaqinlarini sevish, «O‘ng yuzingga ursalar chap yuzingni tutib ber» degan tomonlariga xalqimiz odatlanmagan. Butun Meksika: «Magarkim odamzotga ishonmoq istasang uni o‘ldirmoq vojib» degan tushuncha bilan yashayapti».

«Pepe mening yoshligimdan meksikalik hindularning san’atiga ishqibozligimni biladi. Men sanamlar, haykalchalar, turli-tuman sopol buyumlarini yig‘aman. Dam olish kunlarim odatda yo Tlaskalda, yo Teotiuakanda o‘tadi. Aftidan Pepe shuning uchun bu mavzudagi nazariyalarini tiqishtirishni yaxshi ko‘radi. Men ko‘pdan buyon Chak Mool[2] haykalchasining arzonrog‘ini izlab yurardim. Pepe bugun Lagunilyadagi bir do‘konda mana shu sanamning menbop haykaliga ko‘zi tushganini aytib qoldi. Yakshanba kuniyoq boraman».

«Idorada bir hazilkash grafindagi suvga qizil bo‘yoq qo‘shib yuborgan edi, hamma ish to‘xtab qoldi. Men buni boshqaruvchiga aytishga majbur bo‘ldim, u esa qornini ushlab rosa kuldi. Aybdor esa shundan foydalanib kun bo‘yi piching qilib yurdi. Hammasi o‘sha dardisar grafin tufayli deb. Mening Chak Moolim qanday ekan!..»

«Butun dam olish kunim Logunilyaga borish bilan o‘tdi. Chak Moolni o‘sha, Pepe tushuntirgan do‘konchadan topdim. Kattaligi asl nusxasiday keladigan antiqa matoh ekan. Asl nusxasi shu deb ishontirmoqchi bo‘lsa ham do‘konchining gapiga ishonmadim. Oddiy tosh, ammo shunga qaramay nihoyatda mahobatli va nafis ishlangan ekan, Muttaham sotuvchi sayyohlarni haqiqatan asl nusxa haykal ekaniga ishontirish uchun uning qorniga pamidor qiyomi surtib qo‘yibdi».

«Eshagidan tushovi qimmat, deganlaridek Chak Moolni olib kelish o‘z narxidan ham oshib tushdi, mayli ketsa mendan keta qolsin. Bolta tushguncha kunda dam oladi — haykal hozircha yerto‘lada turibdi: erta-indin joy bo‘shatish uchun xonadagi buyumlar o‘rnini almashtiraman. Bunday haykallarga quyosh nuri tik tushib turmasa bo‘lmaydi — ularning tabiati shuni taqozo etadi. Chak Mool qorong‘i yerto‘lada ancha-muncha urinib beo‘xshov shag‘al uyumiga o‘xshab qolyapti. Tirishgan — burishgan yuzi: «Nega meni quyosh nuridan mahrum qilib qo‘yding» degandek. Do‘kondagi sotuvchi anoyi emas ekan, tanasidagi g‘udda-g‘udda shishlarni yashiradi va Chak Moolni sal odambashara qilib ko‘rsatadi, deb uning tepasiga chiroq yoqib qo‘ygani-chi. Men ham shunday qilishim kerakka o‘xshaydi».

«Ertalab qarasam kanalizatsiya tiqilib qopti. Kecha oshxonada vodoprovod jo‘mragini yaxshilab berkitmagan ekanman, suv oshxona chanog‘idan toshib polga, undan yerto‘laga o‘tibdi. Bu rutubat Chak Moolga cho‘t emas-ku, lekin chemodanlarimning rasvosi chiqibdi-da. Aksiga o‘sha kuni ishga ham kech qoldim».

«Nihoyat kanalizatsiyani tozalagani kelishdi. Chemodanlar tob tashlab, qiyshayib qolgan edi. Chak Moolning tag kursisini bir enlik loy qoplabdi».

«Kechasi soat birda dahshatli dod-voydan uyg‘onib ketdim. Daf’atan yana o‘g‘ri-po‘g‘ri bo‘lmasin deya o‘yladim. Yo‘q, alahsirabman shekilli».

«Kechalari oh-voy tinmayapti. Kim bo‘ldi ekan — sira aqlim yetmaydi; asablarim ishdan chiqyapti. O‘chakishganday yana kanalizatsiya ishdan chiqdi: chakka o‘tib yerto‘lani suv bosibdi».

«Vodoprovodchi degani tez kelaqolsa-da! G‘azabim qaynayapti. Rayon maishiy xizmat boshqarmasidagilarning parvoyi falak — xohlasa keladi, xohlamasa yo‘q. Shu choqqacha quvurlarning biron marta tiqilib qolganini ko‘rmagandim. Chakka o‘tib yerto‘lani suv bosgani esa ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan voqea. Hechqisi yo‘q ingranishlar to‘xtadi, shunisiga ham shukr».

«Erto‘laning suvini tozalashdi, Chak Moolni boshdanoyoq shilimshiq modda qoplagan edi. Uning turqi xunuk: ko‘zlaridan boshqa butun badaniga irgamchik yashil narsa toshib ketgan. Yakshanba kuni tozalayman endi, boshqa kuni vaqtim yo‘q. Pepe hadeb suv tashish mojarosidan qutulmoqchi bo‘lsang yuqori qavatdan xona topib, boshqa uyga ko‘chasan deb maslahat berdi, Lekin men bu dang‘illama uyni tashlab ketolmayman, To‘g‘ri, allazamonlarda qurilgan bu bahaybat uy yolg‘iz boshimga haddan ziyod kattalik qiladi, buning ustiga huvillab ham yotibdi. Ammo nima qilay, ota-onamdan bor-yo‘g‘i meros bo‘lib shu joy qolgan. Qolaversa, ulardan bir yodgorlik sifatida ham tabarruk. Yerto‘lasida ertayu kech avtomat muzika hangillab turadigan, ikkinchi qavatida esa gulqog‘ozlar savdo boshqarmasi joylashgan uy menga to‘g‘ri kelmaydi».

«Chak Moolning tanasidagi po‘kanakni andava bilan qirib tashlashga to‘g‘ri keldi. O‘ziyam rosa bir soat ovora bo‘ldim. Mog‘or toshga singib ketgan ekanmi, kech soat 6 larda arang tugatdim. Qorong‘i tushib, ko‘rish qiyinlashgani uchun men chalasi qolmadimikin degan o‘yda paypaslab tekshira boshladim. Yo qudratingdan, har gal qo‘lim bilan haykalni silayotganimda u tobora yumshab borayotgandek bo‘lardi. Bunga aqlim bovar qilmasdi-yu, lekin ko‘p o‘tmay tosh oz bo‘lmasa xamirdek yumshab qoldi. Lagunilyalik do‘konchi qo‘ynimni puch yong‘oqqa to‘ldirganga o‘xshaydi. Kiftini keltirib maqtagan haykali bor-yo‘g‘i ganchdan yasalgan ekan — zax havoda rasvosi chiqqan ko‘rinadi. Vaqtincha bo‘lsa ham eski qanor bilan o‘rab qo‘ydim; ertagayoq haykalni uyga olib chiqaman, aks holda yaroqsiz bo‘lib qoladi».

«Qanor yerda yotardi. Hech aqlimga sig‘maydi. Chak Moolni yana paypaslab ko‘rdim. U xiyla qotgani bilan, lekin baribir avvalgidek emas. Uning tanasi — bunaqasini ko‘rmaganman, — allaqanday go‘shtsimon yumshoq narsaga o‘xshaydi: ushlab ko‘rsang xuddi rezinkaning o‘zi. Bu ham yetmagandek yerto‘la devoriga suyalib turgan haykalning ichida go‘yo bir nima aylanib yurardi… Yarim kechasi yana yerto‘laga tushdim, Shubhaga o‘rin yo‘q: Chak Moolning qo‘llarini tukchalar qoplagan edi».

«Umrim bino bo‘lib bunday ahvolga tushmagan edim. Idorada nima ishga qo‘l ursam chalkashtirib yuboryapman. To‘lov orderini imzosiz jo‘natayotganimni payqab qolgan boshqaruvchi rosa po‘stagimni qoqdi. Xizmatdoshlarimga ham qo‘rslik qilib qo‘yyapman, shekilli. Menga nima bo‘ldi o‘zi — vasvasaga uchrayapmanmi? Dovdir bo‘lib qoldimmi?! Yoki bu boshqa bir ko‘ngilsiz narsami. Tezroq vrachga borib aniqlashtirmasam bo‘lmaydi. La’nati Chak Mooldan tezroq qutulish kerak!»

To shu o‘ringacha Filibertoning daftari menga yaxshi tanish bo‘lgan yumaloq, orasi ochiq xat bilan yozilgan edi. Biroq 25 avgustdan boshlab xuddi boshqa odam yozganga o‘xshaydi. Ayrim yerlarini yosh bola yozganmi deb o‘ylash ham mumkin: bir qismi esa asabiy ravishda chizilgan aji-buji belgilardan farqi yo‘q. Orada uch kun bo‘sh qolib uning kundaligi yana davom etardi:

«…hammasi juda oddiy: mana shundan keyin real narsalarga ishonib ko‘r-chi… Axir bu mavjud narsa-ku, men ishonadigan narsalardan ko‘ra realroq emasmi… Grafinning mavjudligiga bironta hazilkash uning ichidagi suvini qizilga bo‘yab qo‘yganidagina ishonch hosil qilamiz… Sigarani xayol qilib uning tutunini haqiqatda ichingga tortsang, tsirkdagi oyna ortidagi maxluqni hayotda o‘z ko‘zing bilan ko‘rsang… nahotki barcha marhumlar — shu yil o‘lgan yoki allaqachon suyaklari chirib ketganlar shu kabi real bo‘lmasa?! Bordi-yu biron odam jannatni tushida ko‘rsayu o‘sha yerga kirganining nishoni sifatida unga gul berishsa, ertalab uyg‘ongach, qo‘lida o‘sha gulni ko‘rsa… bu nima?!.. Realmi? Borliq — bir vaqtlar uni ming bo‘lakka ajratib boshi-ketini topolmaydigan ahvolga solganlari uchun bugun parchalangan qismi, mitti bir bo‘lakchasi orqali uning naqadar ulkan ekanini, yaxlit ekanini tasavvur etamiz xolos. Shunga o‘xshab poyonsiz va afsonaviy ummon ham qachonki uning suroni chig‘anoq orqali eshitilgandagina reallik kasb etadi. Uch kun ilgari men uchun reallik kasb etgan narsalar bugun yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida qolgan edi — u bor-yo‘g‘i harakat aksi, odat, xotira va daftardagi yozuvlardan iborat. So‘ngra, kunlardan bir kun o‘zining qudratli ekanidan bashariyatni ogoh qilib qo‘yish uchun birdan silkingan yer kabi yoki hayotligimizda eslashga ulgurmaganimiz uchun jazo tariqasida birdaniga kelib qolgan ajal kabi shafqatsiz o‘zga bir borliq iltifot ko‘rsatadi, u — bundan biz ogoh edik — tubsizliklarda yashirin, u uyg‘otib yuborish va o‘zimizni tanib olishimiz uchun bizlarni larzaga soladi. Nima balo, ko‘zimga yana har xil narsalar ko‘rinyaptimi? Badani yumshoq, yuvoshgina Chak Mool bir kechada o‘zgarib sariq, deyarli tillarang tusga kiribdi, u menga o‘zining sanamligiga ishora qilardi go‘yo; hozir u shalviragan, tizzalari dir-dir titrayapti, iltifot qilgan kabi kulimsirab turibdi. Nihoyat kecha kechasi kimdir pishillab nafas olayotgani va xonada mendan bo‘lak yana kimningdir yuragi dukillab urayotganini payqab jonholatda sapchib o‘rnimdan turdim. Rost, zinapoyada kimdir yurgandek oyoq tovushlari eshitilardi. Dahshat! Yana o‘rnimga yotdim… Anchagacha ko‘zimga uyqu kelmadi, bir vaqt ko‘zim ilinibdi. Qancha uxladim bilmayman, ammo ko‘zimni ochganimda tong qorong‘isi edi. Xonani dahshat tutib ketgan, mushk va qon hidi anqirdi. Men sarosima ichida yotoqni ko‘zdan kechirar ekanman, to‘satdan lipillab mudhish shu’la sochayotgan bir juft sap-sariq nuqtaga ko‘zim tushdi. O‘takam yorilib jonholatda chiroqni yoqib yubordim. Bu — Chak Mool edi.

Sariq rangli Chak Mool qip-qizil qornini do‘ppaytirganicha ro‘paramda tirjayib turardi. Uchburchak burnining tepasidagi xuddi yelimlab yopishtirilgandek kichkina g‘ilay ko‘zlarini ko‘rib esim og‘ib qoldi. Ostki jag‘i turtib chiqqan, yuqori labini tishlab turar, faqat beo‘xshov, kattakon boshidagi to‘rtburchak dubulg‘aning sovuq yaltirashi uning tirikligidan ogoh qilardi. Chak Mool men tomonga bir qadam qo‘ygan chog‘da yomg‘ir sharros quyib yubordi».

Daftardagi yozuvlarning shu yeriga yetganda avgustning oxirlarida Filibertoni ishdan haydab yuborgach, boshqaruvchi allaqanday ayblarni unga ag‘darganligi esimga tushdi. Birov o‘shanda Filiberto boyoqishni esi ayniganga chiqargan, boshqalar esa qo‘li egri bo‘lib qoldi deya gap tarqatishgan edi. Uning dam rahbarlarni suvdan hid kelishi mumkinmi deb savolga tutgani, dam sahroni yomg‘ir bilan sug‘ora olaman deya suv havzalari boshqarmasining kotibini qat’iy ishontirmoqchi bo‘lib yozgan almoyi-aljoyi qog‘ozlarini o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rgan bo‘lsam-da, bu mish-mishlarga ishonmagan edim. Biroq, ayni choqda men bularni nima deb izohlashni bilmay, aloha, favqulodda seryomg‘ir kelgan yoz, namgarchilik do‘stimning sillasini quritib qo‘ygandir balki deya o‘ylagan edim. Kim bilsin, xonalarining yarmi qulflog‘lik, quyuq chang qoplagan hayhotdek uydagi nomahram, bola-chaqasiz turmush odamni vosvos qilib qo‘yishi mumkindir balki.

Sentyabrning oxirlarida Filiberto quyidagilarni yozgan edi.

«Chak Mool ko‘ngli tusab qolsa erkalab ham qo‘yadi… U mussonlar, jazirama mintaqadagi yog‘inlar va sahro dovullari haqida har xil g‘ayritabiiy afsonalarni bilarkan; ana shu afsonalarning barchasida u har qanday giyohning yaratuvchisi bo‘lib chiqadi: bir qarasang majnuntol uning sharmisor qizi, bir qarasang nilufar —arzanda o‘g‘li, boshqa safar kaktus uning qaynonasi. Men esa hammadan ko‘ra uning badan desa badanga o‘xshamaydigan tanasidan va allazamonlardan buyon kiyila-kiyila tag charmi yeyilib ketgan chuvagidan anqib turuvchi ufunotga chidayolmasdim. Chak Mool o‘zini dastlab Le-Plonjon tomonidan qanday kashf etilgani va shu bahonada o‘zga olam odamlariga yuzma-yuz kelib qolganini hiringlagancha hikoya qilib berardi. Uning ruhi ko‘zalarda yashagan, turgan gapki, o‘sha yerda yog‘ingarchiliklar ko‘p bo‘lgan; uning tosh jismidan uvoqdek yerini sindirib olish shakkoklik va qip-qizil jinoyat. Shuni men unutmasligim kerak, Chak Mool bunaqasini hech qachon kechirmaydi. Kimga san’at asarlari bedaxl ekanini u yaxshi biladi.

Firibgar do‘konchi bu atsteklarning haykali deya aldash uchun surtib qo‘ygan bo‘yoqni qornidan yuvib tashlash uchun Chak Moolga chipta berdim. Tlalokka qarindoshligi bor-yo‘qligi haqida so‘ragandim, savolim yoqmadi chog‘i basharasi shunday burishib ketdiki, asti qo‘yavering. Jahli chiqqanda uning vajohati juda xunuk bo‘ladi: qing‘ir-qiyshiq tishlari takillab yalt-yalt qila boshlaydi. Dastlabki vaqtlarda tunagani yerto‘laga tushib ketardi. Kechadan boshlab esa mening karavotimda yotibdi».

«Qurg‘oqchilik boshlandi. Kechasi mehmonxonadan yana o‘sha dastlabki paytlardagidek xirillagan oh-vohlar eshitildi, ketidan esa qandaydir shovqin-suron ko‘tarildi. Yuqoriga chiqib, yotoqxona eshigini qiya ochib qarasam, Chak Mol qontalash qo‘llari bilan fonuslaru javonlarni urib chilparchin qilyapti; meni ko‘rib ostonaga qarab yugurgan edi, eshikni arang berkitib g‘usulxonaga qochib kirishga ulgurdim. Bir ozdan so‘ng u pastga tushib harsillagancha suv so‘radi; kun bo‘yi vodoprovod jo‘mraklarini ochib qo‘yganidan uyda allaqachon tangadek quruq yer qolmagan edi. Kechalari ko‘rpaga burkanib olyapman — zaxda uxlagim kelmaydi. Chak Mooldan mehmonxonani boshqa shiltasini chiqarma deb iltimos qildim»[3].

«Chak bugun mehmonxonani suvga bostirdi. G‘azabdan o‘zimni bosolmay seni qaytadan o‘sha do‘konga eltib tashlayman deya po‘pisa qildim. Yo tavba, bu po‘pisamga javoban bilakuzuk taqilgan zalvorli qo‘li bilan quloq-chakkamga bexosdan tars etib tushirib qolsa bo‘ladimi, tarsakisida qanchalik g‘azab bo‘lsa yer yuzidagi bironta mavjudot, na odam bolasining, na hayvonning ovoziga o‘xshamagan qah-qahasida bundan ham ko‘proq g‘azab bor edi. Yashirishdan nima foyda: u meni o‘ziga qul qilib olgandi. Holbuki, men uni o‘zimga ovunchoq sifatida olib kelgandim: istasam o‘ynayman, istamasam turadi deb o‘ylagan edim. Balki bolalik qilgandirman, lekin bolalik kimdir aytganidek «odamzot umr bo‘yi armon bilan eslaguvchi bebaho davr» emasmi? Bu haqda shu choqqacha o‘ylab ko‘rmabman ham… U kiyim-kechagimni tortib oldi, badanini yashil po‘panak qoplay boshlaganda esa xalatimni yelkasiga tashlab oladi. Chak Mool o‘ziga hammaning bo‘ysunishiga qat’iyan ko‘nikkan, binobarin, endi umrbod shunday bo‘lishini istaydi; men esa shu choqqacha o‘zgalarga buyruq berishga odatlanmaganman, bundan chiqdi faqat bosh egish taqdir ekan shekilli. To hammayoqni suvga bostirmaguncha (uning mo‘jizakor qudrati qayerga ketdi?) g‘ijinib g‘azablanaveradi».

«Bugun Chak Moolning kechalari uydan chiqib izg‘ib yurishlarini bilib qoldim. U har kuni qosh qoraydi deguncha mungli, qo‘shiq tushunchasidan ham qadimiyroq bir ashulani xirgoyi qilaveradi. Keyin qanday boshlagan bo‘lsa shunday, to‘satdan jimib qoladi. Bir kuni borib uning eshigini qoqdim, oxiri sabrim chidamay bu ro‘dapo menga tashlangan kundan beri qadam bosishga yuragim betlamay yurgan yotoqxonaga kirishga jur’at qildim. Xonada javon siniqlari sochilib yotardi; ma’lum bo‘lishicha butun uyga urib qolgan mushk va qon hidi mana shu xonadan anqiyotgan ekan. Eshik ortida suyaklar yotardi. Qorin g‘amida Chak Mool tunlari tutib yegan itlar, mushuklar va kalamushlarning suyaklari edi ular. Saharlab vahshiyona uvillash qayoqdan keladi desam gap bu yoqda ekan».

«Fevral, hamon qurg‘oqchilik. Chak Mool har bir qadamimni kuzatyapti. Telefon orqali tamaddixonaga buyurtma berasan deb majbur qildi: endi unga har kuni dimlangan jo‘ja go‘shti bilan guruch yuborishadi. Anchadan beri maosh olmayapman, jamg‘argan pullarim tez orada tugashi aniq. Oxiri yuz berishi muqarrar voqea sodir bo‘ldi: o‘z vaqtida to‘lanmaganligi uchun oyning boshida suv bilan chiroqni muhrlab ketishdi. Shunday bo‘lsa ham Chak Mool uyimizdan ikki kvartal narida joylashgan umumiy foydalanish kolonkasini topib keldi. Endi har kuni kechasi 10—12 marta suvga qatnayman, u esa peshayvondan meni kuzatib turadi. Agar ko‘zimni shamg‘alat qilib qochmoqchi bo‘lsang, kulingni ko‘kka sovurib yuboraman, deydi. Bunga uning qurbi yetadi; axir u chaqmoq va momaqaldiroq ma’budasi ham edi-da! U faqat bir narsani — o‘zining tungi daydishlaridan xabardor ekanimni bilmasdi… Chiroq yo‘qligidan ertaroq, soat 8 larda yotishga to‘g‘ri kelyapti. Boshga tushganni ko‘z ko‘radi deb men allaqachon Chak Moolga ko‘nikishim kerak edi, ammo sira iloji bo‘lmayapti: yaqinda kechasi zinapoyada bexos urilib ketib, muzdek qo‘llari bilan badanidan yangi chiqayotgan parcha-parcha, irgamchiq, suvi achib yotgan terisini his qilib jirkanganimdan bo‘kirib yuborayozdim».

«Bordi-yu shu kunlarda yomg‘ir yog‘masa, Chak Mool yana toshga aylanib qoladi. Men uning tobora qimirlashga holi kelmayotganini sezyapman; goho u qimir etmay devorga suyangan ko‘yi soatlab qotib turadi; shunda ro‘paramda qudratli momaqaldiroq va chaqmoq ma’budasi emas, balki yana nochorgina ojiz sanam paydo bo‘lardi. Lekin bunday nafas rostlashlar unga yangi kuch baxsh etardi. U go‘yo qanday bo‘lmasin bir oz suyuqlik chiqib qolar degan ishonchda surbetlarcha badanimni tirnab azob bera boshlardi. Endi qadimiy afsonalarni hikoya qilib beradigan suhbatlar haqida gap bo‘lishi mumkin emasdi; aftidan menga nisbatan qahru g‘azabi tobora kuchayib borardi. Bundan tashqari ba’zi narsalar: yerto‘ladagi vinolar tugab qolgani, Chak Moolning egnidagi ipak xalatini huzur qilib tez-tez silab qo‘yishlari, joriya yollagin deb damba-dam o‘dag‘aylashlari, hadeb sovun va atirlar so‘rayverishi meni tashvishga solyapti. Nahotki, odamlarni yo‘ldan ozdiradigan narsalarning mazasini totib ko‘rgan bo‘lsa?! Darvoqe, shu bois abadiy o‘zgarmasdek tuyulgan yuz bichimida qarish alomati paydo bo‘layotgandir?! Kim bilsin, meni balki shu narsa qutqazar: agar Chak Mool o‘ylamay-netmay odamga aylanar ekan, o‘sha kuniyoq u o‘ladi. Chunki u yashagan asrlar yig‘ilib kelib bir lahzada uni ado qiladi. Ammo xuddi mana shu narsa mening ham boshimga yetishi mumkin, negaki ko‘zim yetyapti: Chak Mool joni chiqayotganida tepasida mening turishimni mutlaqo istamaydi, shuning uchun ajalimdan besh qun burun tinchitib qo‘ysa kerak».

«Shu bugunoq Chakning tungi sayrga chiqishidan foydalanib, qochaman. To‘g‘ri Akapulkoga jo‘nayman; balki biron boshpana topib o‘sha yerda Chak Moolning o‘lishini kutarman: uning sharti ketib parti qoldi, sochlari oppoq, yuzi esa shishinqiragan; men esa dam olishim shart — okeanda cho‘milaman, oftobda toblanaman. Yonimda hali 400 peso pulim bor. Myullerxonim pansionida yashayman, chunki u yer arzon va qulay. Mayli bor-budim Chak Moolga buyura qolsin; ko‘ramiz men keltiradigan chelak-chelak suvlarsiz qanchaga chidarkan».

Filibertoning kundaligi shu yerga yetganda uzilib qoldi. Uning yozganlari haqida ortiqcha bosh qotirgim kelmay to Kuernavakiga qadar mizg‘ib bordim. U yerdan Mexikogacha yo‘l-yo‘lakay bu chigal voqealarni uchini topishga, bu yozuvlarni — Filibertoning idoradagi diltangligi yoki biron bir ruhiy xarakterdagi holatlar bilan bog‘lashga urindim. Kech soat to‘qqizlarda so‘nggi bekatga yetib kelganimizda men hali ham marhum do‘stimning aqldan ozishi sabablarining tagiga yetolmagandim. Dafn marosimi bilan keyinroq shug‘ullanarman, hozir esa eng avval tobutni Filibertoning uyiga eltish kerak degan maqsadda yuk mashinasi kira qildim.

Filibertoning uyiga borib kalitni qulf burniga endi solganimni bilaman, eshik bexosdan ochildi-yu, qarshimda bo‘yniga ro‘mol tashlab xalat kiygan sariq yuzli hindu paydo bo‘ldi. Bundan badburushroq kimsani tasavvur qilish qiyin; undan arzon-garov sovun hidi kelar, yuziga qoplangan upa ham ajinlarini yashirolmagan, labiga qalin qilib nari-beri bo‘yoq surtilgan, sochlari esa bo‘yalganga o‘xshardi…

—  Kechirasiz… men bilmabman, Filibertoning…

—  Hechqisi yo‘q, hammasidan xabarim bor. Odamlaringizga ayting, murdani yerto‘laga eltib qo‘yishsin.

Rus tilidan Olim Otaxonov tarjimasi.
“Yoshlik” jurnali, 1987 yil, 4-son.

___________________

[1] Musallasga solib ivitilgan karam bilan sosiska va go‘shtli taom.

[2] Chak Mool — suv va yomg‘ir ma’budi, qadimgi mayya qabilasidagi asosiy ma’budlardan biri.

[3] Filiberto Chak Mool bilan qaysi tilda muomala qilganini tushuntirmasdi.