Imroli qamoqxonasining yillik yig‘ilishida orolga anjir nihollarini ekish taklifini kiritgan Murod Murod o‘g‘li bir haftadan keyin darhol ishni boshladi.
Bir yilda bir yuz yigirma kilo piyoz, o‘n besh ming kilo baqlajon, sakson mingta qovun, xuddi shuncha tarvuz, bug‘doy hamda makkajo‘xori beradigan orolda nega endi anjir niholi yetishtirilmasin? Murod Murod o‘g‘li bu fikrni qat’iylik bilan ilgari surib, shu qadar jo‘shqinlik bilan ta’kidladiki, qilich balig‘iga chiqadigan mahkumlar uchun to‘r puli, qarmoq va ehtiyot qismlar topolmagan idora bir hafta keyin Murod o‘g‘lining amriga binoan besh ming dona anjir niholi topib berdi.
Murodning o‘zi ham xuddi anjir niholidek nozikkina edi. Odamlar uni xuddi daraxtdan sindirilgan novdaga qiyoslashardi. Yaproq ustidagi tomirlar singari sabza mo‘ylovi bor edi. Faqat ko‘zlari yam-yashil bo‘lib, shishadek tovlanardi. Shundan bo‘lsa kerak, ilk kelgan kezlari uni dengizchi deb o‘ylashib, baliq oviga chiqarishgandi. Holbuki, Murod dalada xuddi ho‘kiz singari tinim bilmas; ekin-tikin paytlari bir haftalab daladan beri kelmay ishlardi.
Gapni cho‘zib o‘tirmay, maqsadga qaytaylik. Xullas, Murod Murod o‘g‘liga besh ming anjir niholi bilan birga bitta yordamchi guruh ham berishdi. Bu o‘n ikki kishidan iborat mahkumlar guruhi edi. Sariq bo‘yoqli qamoqxonaning oldida guruhni birma-bir ko‘zdan o‘tkazdi, barchasining ko‘zlariga tikilib qarardi:
– Hazilakam emas, – dedi. – Besh mingta nihol, og‘aynilar!.. Ikki hafta ichida hammasini ekib bo‘lishimiz kerak! Agar ichingizda men bilan birga ishlashni istamagan biror kishi bo‘lsa? Bo‘pti!.. Demak, yo‘q! U holda… darhol ishni boshlashimiz mumkin!..
Murod Murod o‘g‘li orolda nihollar ekiladigan yerni o‘zi tanladi. Bu Mete burni tuproqlari edi.
Quyosh ularning ustiga qarab kelmoqda va qarshida Bo‘zburun tepalari dengizning narigi sohilida moviy bir tuman bilan qoplanib turardi. Ilk anjir niholi tuproqqa tantana bilan o‘tqazilganda tong sahar edi. Baliqchi to‘dalar g‘alati bir qo‘shiqni xirgoyi qilgancha endigina dengizdan qaytishardi. Qayiqlarning bosh taraflarida chag‘alaylar uchishar; quyosh havo taftini yirtishga urinardi.
Birinchi chuqurga ilk niholni Murod Murod o‘g‘li ekdi. Tuproq issiq edi… Uni kuzatib turganlarga bu xatti-harakat xuddi bir ayolni tuproqqa ekib qo‘yayotgandek tuyulardi. Ya’ni, go‘yo daraxt emas, bola yetishtiradigandek hayajonlanar, butun diqqat-e’tiborini jamlab, nozik asab tolalari taranglashgan ko‘yi ishlardi.
Ilk nihol… U boshini ko‘tardi; atrofidagilarning qorachiqlarini axtardi va balki ularni ko‘rmadi. Birdaniga ekilgan besh ming nihol ko‘zlarining oldiga keldi; nihollar besh soniya ichida ulg‘ayishdi, ulkan bir daraxt, mevalari qush tumshuqlari bilan yaralangan, anjirlarga to‘lib-toshgan daraxt timsolini olishdi.
Murod o‘z-o‘zicha kuldi va shu zahoti sergak tortdi:
– Og‘aynilar! – dedi. – Besh ming niholimiz bor… Chuqurlarni darhol qazimog‘imiz kerak! Uning yuzi xuddi tongdek tiniq va benuqson edi.
Chuqurlarni kavlash ancha qiyin bo‘ldi. Yer qattiq edi. Belkurak botmasdi. Buyam yetmagandek, qoya parchalarini sindirish, qizil tuproqni sug‘orishni taqozo qilardi. Holbuki, yordamchi guruhni kamchilik odam tashkil qilar, suv yigirma daqiqalik yo‘l narida edi.
Murod Murod o‘g‘lini eng ko‘p o‘ylantirgan narsa shu edi:
Unga yordam berayotgan guruhga charchog‘ini bildirmasligi kerak… O‘z-o‘ziga: «Chuqurlarni bir haftada qazib bitirishimiz kerak!», «Qolgani oson!», «O‘n kundan keyin bu yerni tanib bo‘lmaydi!» derdi.
Murod guruhdagilarga dam olish uchun ruxsat bergan vaqtlari matal aytib berar: «Mening bir niholim bor edi. Anjir niholim…» deya takrorlashdan charchamasdi.
Murod o‘g‘li shu «Anjir niholi» masalasini bir kunda yigirma bor takrorlashiga qaramay, guruhdagilar uni har gal jon quloqlari bilan tinglashni istashar, so‘zlarni xuddi zanjirdek bir-biriga ulab, hikoya qilayotgan Murod o‘g‘lining so‘zlari tugagach: «Sening shu anjir hikoyang rostdanam juda qiziq ekan…» deyishardi.
O‘sha anjir hikoyasi mana bunday bo‘lgandi:
Murod Murod o‘g‘lining haqiqatan ham bir niholi bor edi. Anjir niholi. Bor-yo‘g‘i quruq novdadan iborat nihol… Uni endigina ekkandi. Bir tepalik ustiga o‘tqazgandi. Katta tegirmon, charxpalakdan tushayotgan suvning sharillashi, dalada ishlayotganlar, bu yerdan barcha-barchasi ko‘rinar; shamol tepalikni yalagan mahali Murod o‘g‘li o‘zini xuddi bir ko‘za suv ichib, miriqib dam olgandek his qilardi. Balki o‘sha niholni ekayotib, keksaligini o‘ylagandir. Masalan, o‘n yil keyinni… Bugun bir kurtakdek kichik yaproqlar o‘n yildan so‘ng dehqonning kaftlaridek kattalashib ulg‘ayadi. Quyosh ana shu yaproqlar ortiga berkinadi. Agar ishlab charchasa, ana shu yaproqlar soyasida yotib, ehtimol dam olar, ehtimol o‘y surar… Niholni ekkan kunlarini eslar… Chunki niholni ekkan kunlari endigina uylangandi. Ehtimol, anjirning novdalari soni qadar bolalari bo‘lar?..
Biroq ish aslo u o‘ylagandek bo‘lib chiqmadi. Murod Murod o‘g‘lining garchi bittagina niholi bor edi. Ammo ikki inisi bor edi. Biri o‘zidan katta, narigisi esa undan ikki yosh kichik edi.
Murod o‘rtancha bo‘lganidan ikki inisining orasida o‘zini goh-gohida g‘alati his qilardi; go‘yo to‘g‘ri ketgan bir yo‘l o‘rtasida qolgandek, inilari uni yolg‘iz qoldirishar, buyam yetmagandek, qilgan ishlariniyam yo‘qqa chiqarishardi.
Haqiqatan ham bir tong tepaga chiqqan payti niholning o‘rnida shamollar esib turganini ko‘rdi. Yo‘q, nihol ildizi bilan birga qo‘porib olingandi! Yarmi pichoq bilan qirqib olingan, qolgan qismi bo‘lsa yerga qapishib yotardi. Faqat bir-ikki yangi chiqqan tomirlari haliyam tuproq ostida edi. Nihol garchi sug‘urib olingan bo‘lsa-da, ildizi imkon qadar tuproqqa qarab intilganidan, nihol qurib qolmagandi. Demak, u yashamoqda! Ammo Murod uni qo‘liga olmadi, hatto yerga egilmadiyam. Oyoqlari bilan yerga shunday bir tepindi, niholga zarb yetdi va uning qahr bilan so‘kingani eshitildi. Ancha paytgacha nihol yonida qimir etmay turgan Murod birdan ortiga burilib, shiddat bilan o‘qdek uchib ketdi. U to‘ppa-to‘g‘ri charxpalakka qarab yugurib bormoqda edi.
– Murod, Murod o‘g‘li! Ehtiyot bo‘l!.. – deya ortidan ovozlar eshitildi. Xotini uni tutib qolish uchun quvlarkan, yerga yiqilib, tizzasining ko‘zi shilindi, oyoqlari qonga belandi.
– Murod! Ular sening inilaring ekanini unutma!.. – deya qichqirdi yana. Ammo Murod bu gaplarning hech birini eshitmagan, balki o‘z-o‘ziga: «Ataylab qilishadi! Ikkovining tili bir, meni o‘z holimga qo‘yishni xohlashmaydi!» deya o‘ylardi.
Murod o‘g‘li o‘sha kuni baribir bir falokatni boshladi. Inilarining ikkisiniyam charxpalakka tiqdi. Kattasini o‘ldirdi. Kichigi qochayotib, yaralandi…
– Keyin nima bo‘ldi, Murod o‘g‘li? Qolganini ayt, charxpalakdan seni qanday qilib tutishdi?
– Keyin hech nima bo‘lmadi… Xotinim keldi. Charxpalakning eshigini berkitdi. U yig‘lardi… Ammo mening ko‘zimga kesilgan anjir niholidan boshqa hech narsa ko‘rinmasdi…
So‘ng ohista-ohista yurib yonimga keldi.
– Murod, tashqarida otni tayyorlab qo‘ydim. Agar istasang… – dedi.
– Yo‘q. Shu yerda politsiyachilarni kutamiz! – dedim. Keyin… keyin politsiya yetib keldi… Mana shunaqa gaplar, og‘aynilar… Qani endi, hamma ishga! Tun kirishiga yana olti soat bor. Har biringizdan yigirmatadan chuqur qazishingizni so‘rayman…
Nihollar o‘n to‘rt kundan keyin ekildi. Uch yildan so‘ng barchasi ulg‘aydi… Besh ming nihol.
Murod ularning barchasini tanirdi. Bittama-bitta, hatto yaproqlarigacha!.. Quyosh vaqti-vaqti bilan ularni qanchalar g‘alati qilib ko‘rsatardi. Murod o‘g‘li dengizni mutlaqo yoqtirmasligiga qaramay, ularning rangini dengizning rangiga o‘xshatardi. Anjir yaproqlari ham xuddi dengiz singari, chek-chegarasiz ulkan dengiz kabi sahar va shomda quyosh ta’sirida rangini o‘zgartirardi. Faqat, eh-h, bu qushlar!.. Nega ular tumshuqlari bilan anjir barglariga teginib qochishadi, nega yaproqlarni ilma-teshik qilishga urinishadi?..
Murod o‘g‘li ana shunda har doim o‘z anjir niholini o‘ylardi. Yo‘q! Anjir nihollarini! Chunki ozodlikka chiqib, o‘z dalasiga qaytar-qaytmas, butun tepalikni anjir nihollari bilan to‘ldirishni orzu qilardi. Yuzlab nihollar… Ehtimol, butun dala anjir nihollari ekilgan dalaga aylanar? Chunki u yerning tuproqlari buning uchun munosib hosildor yerlar ekanini bilardi. Shularni o‘ylarkan, oroldan ozod qilinadigan vaqtni hisoblashga tushardi…
To‘g‘ri, Murod o‘g‘lining ozodlikka chiqishiga hali yana bir yarim yil bor edi. Ammo bu vaqt uning uchun ko‘p uzoq muddatdek tuyulmasdi. Imrolida o‘zi yetishtirgan niholzorda ishlar, har kun 25 qurushdan pul topardi. Zotan, butun umidiyam mana shu pullarda edi. Hozirgacha sandig‘ida 405 lira to‘plagandi. Bir yarim yilda yana 135 lira… 405+135… sigaret qutisining orqasiga yozgan raqamlarini ko‘zdan kechirib, qora qalamni qo‘liga olib, yanada aniqroq qilish maqsadida ustidan bostirib yozadi: 405+135=540
– Besh yuz qirq lira… – derdi. 540 lira… Bu pul bilan ikki mingta anjir niholini sotib olishi mumkin. Va ho‘kizlarining bittasini yangilashi mumkin…
Ammo shunda boshqa bir narsa bo‘ldi. Bir yarim yil tugadi. Yo‘q, buni u bir kecha yotoqxonaga kirmasidan avval o‘z-o‘ziga gapirdi:
«Kechagina bir yarim yil derding, Murod o‘g‘li! Endi-chi! Ozodlikka chiqishing uchun roppa-rosa qirq besh kun qoldi. Qirq besh kun… Judayam oz emasmi, Murod Murod o‘g‘li? Shuningdek, pullaring… Besh yuz qirq lirang bor…»
Murod o‘sha kecha uxlamadi. Shu paytgacha ozodlikka chiqariladigan daqiqalari haqida umuman o‘ylab ko‘rmagandi. «Bir kun!» Faqat mutlaqo kelmaydigan va yetishib bo‘lmaydigan bir kun singari unga uzoq tuyular edi. Holbuki bugun… Quvonchi ichiga sig‘mas, kamayib borayotgan kunlarni har kuni birma-bir sanab, o‘ylardi: 44 kun… 43 kun… 42 kun… So‘ngra esa birdaniga kunlarni o‘zidan judayam uzoqda his qildiki, go‘yo ozodlikka erishadigan kunga qo‘llarini uzatarkan, kunlar cho‘zilgan bir rezinadek undan yiroqlashib, qo‘l yetmas darajada olislab ketgandek tuyuldi. Uning xayolida go‘yo soat millari joyida qotib qolgandek edi. Va Murod Murod o‘g‘li bir kun umuman ishlamadi. Yoxud ishlayotgandek ko‘rindi. Kechasi o‘z yotog‘iga holdan toygan ko‘yi uzandi.
Shubhasiz, shu yotishda o‘z dalasiga ekmoqchi bo‘lgan nihollarni o‘ylardi. Ikki ming nihol… O‘ttiz yoshda edi. Demak, besh yildan so‘ng hamma narsa tayyor… Ajabo, yaproqlarning rangi yana dengiz rangidek bo‘larmikan? Eh-h, bu qushlar!.. Ingichka tumshuqlari bilan yana anjirlarni cho‘qib-cho‘qib ketsa-ya!
Bir kun o‘z-o‘ziga: «Yana uch yarim hafta bor…» dedi. Roppa-rosa yigirma besh kun! U loqaydlik bilan kerishdi va esnadi. O‘zining birdaniga o‘sha yerda bo‘lishini istagandi. Ilk niholni yana o‘sha yerga ekmoqchi edi. Faqat charxpalakning yo‘lini o‘zgartirish lozim edi. Hatto charxpalakni qayta boshdan qurish va ariqlarni yanada chuqurroq qazish kerak… Faqatgina yigirma besh kun…
Shunday bir daqiqa keldiki, bunga chiday olmasligini angladi. Go‘yo bir qo‘l uning yoqasidan bo‘g‘ib sudramoqda, tashqariga chiqarib, erkinlikka erishtirmoqda edi. Bir qo‘l! Shunda birdan bu qo‘lning daraxt novdasi ekanini his qildi. Boshi uzra yashil yaproqlar qimirladi. Ustida mitti qurt-qumursqalar kezib yurgan yashil yaproqlar… «Ketishim kerak!» deya so‘ylandi o‘ziga-o‘zi. Va shunday holatga tushdiki, agar hoziroq ketmasa, nihollar tutib ketmaydi… Yanayam to‘g‘rirog‘i, nihol ekish mavsumi tugab borayotgandi. Bir lahza ularga buyurtma berish uchun xotiniga maktub yozish haqida o‘yladi. Aksiga olib, pochta tashiydigan ulov bir haftadan keyin yo‘lga tushardi. Mavsum bir bor o‘tib ketadigan bo‘lsa… Yana o‘yga toldi. Ertasi kun oroldan qochishga qaror qildi.
Murod Murod o‘g‘li o‘ziga anjir nihollarini ekishda yordam bergan guruhga bu qarorini bildirdi. «Nihollarni ekib bo‘lishim bilan qaytib kelaman!» dedi. Ular hozirda baliqchilik qilishmoqda edi. Va raislari Murod o‘g‘lining qochishini berkita olardi. Ularning ichidan uch kishi bu fikrga e’tiroz bildirdi. Raisga qarshi chiqishdi: «Yigirma to‘rt soat ichida hamma narsa oshkor bo‘ladi!» Ammo Murod o‘g‘li ularga shunday nigoh bilan qaradiki, ular majlisni tashlab chiqib ketishdi. Uning qo‘lida mitti pichoqcha bor edi. Agar uning maqsadi haqida kimdir xabar beradigan bo‘lsa, u nima qilishini yaxshi bilishardi. Ularni birma-bir…
Guruhdan to‘qqiz kishi Murod o‘g‘lining fikrini ma’qulladi: «Sen haqsan. Mavsum o‘tadigan bo‘lsa, nihollar tutib ketmasligi mumkin!»
Murod oldiga qaradi:
– Qayiqni Mete Burnida qoldiring, – dedi. Tun yarmiga qadar hamma narsani tayyorlab qo‘yishingiz lozim!
Murod Murod o‘g‘lining jazoni o‘tab bo‘lishiga bu paytda faqatgina yigirma bir kun qolgan edi. Murod shunday qildi:
Tun yarmidan oqqanda xuddi qurt singari emaklab chiqdi. Xuddi yerda sudralgan qurtdek… So‘ng qayiqqa sakradi. Qorong‘u bir kecha edi. Qarshisidagi nihollar ekilgan tepalikka boqdi. Ularni ko‘rolmas, faqatgina his qilardi. Qalin va qattiq yaproqlar yuzlariga urilardi. Besh ming nihol! Barchasini o‘z qo‘llari bilan tuproqqa qadagan… «O‘zimniki ham bo‘ladi!» dedi. «Ikki mingta nihol…» Tuproq ustida Mete burniga kelgungacha xuddi qurt yanglig‘ suringan Murod suvda baliq singari ohista harakat qilardi.
Ammo ish butunlay chappasiga ketdi…Qamoqxonadan qochgan kechaning tongida, bir dona anjir niholi tufayli to‘qqiz yilga ozodlikdan mahrum etilib, qamoqqa mahkum etilgan Murod Murod o‘g‘lini ushladilar. Bir yarim yil yana qo‘shib berishdi. Va bu bir yarim yillik jazo muddatini oldingi joyida emas, tosh devorlar ortida o‘tkazdi.
540 lirasiga kelsak… Bu pulni unga berishmadi. Chunki Imroli nizomlariga ko‘ra, qochishga uringan mahkumlar pullarini olisholmasdi. Murod o‘g‘li terlagan peshonasini artdi. «Ikki mingta nihol, menga ikki ming dona nihol kerak!..»
Bir yarim yildan so‘ng Murod Murod o‘g‘lini qishloqda xotini kutib oldi. Uni xuddi somon cho‘pidek sap-sariq holda ko‘rib:
– Murod! – dedi, – o‘zingga kel! Shuni unutmaki, hozir bitta farzandimiz bor — bitta niholimiz!..
Murod Murod o‘g‘li to‘qqiz yildan beri bolasi-ni birinchi marta ko‘rayotgan edi. Uni bag‘riga mahkam bosdi. So‘ngra:
– Ha… – deya shivirladi, – bizning niholimiz!..
Keyin uchalasi asta-sekin charxpalak tomonga ketishdi…
Turkchadan Gulbahor Abdulloh qizi tarjimasi