“New Time” jurnali muharriri Stiv Moss eng qisqa hikoyalar tanlovini o‘tkazgan, tanlov shartiga ko‘ra, hikoya juda ham qisqa, shu bilan birga mazmunli ham bo‘lishi kerak edi. Tahririyatga ko‘plab hikoyalar keldi va quyidagi hikoyalar tanlab olinib, jurnalda chop etildi.
Den Endryus. Baxtsiz
Yovuzlikning yuzi bo‘lmaydi, deyishadi. Haqiqatan ham uning yuzida hech qanday ifoda yo‘q edi. Men og‘riqqa chiday olmayotgandim, u esa o‘ta sovuqqonlik bilan menga yaqinlashdi. Nahotki u ko‘zlarimdagi qo‘rquv va yuzimdagi vahimani ko‘rmayotgan bo‘lsa? U xotirjamlik bilan, yanayam aniqrog‘i, mohirlik bilan o‘z ishini yakunladi va dedi: “Tishingizni olib tashladim, og‘zingizni chayqang”.
Nikol Veddl. Uchrashuv joyi
Qo‘ng‘iroq jiringladi.
— Allo, — dedi ayol.
— Viktoriya,bu menman. Kechqurun sohil bo‘yida uchrashaylik.
— Yaxshi, azizim.
— Iltimos, o‘zing bilan bir shisha shampan ham olib kel.
— Xo‘p, azizim.
— Kutaman!
Ayol xo‘rsindi, so‘ng jilmaydi.
— Qiziq, u kim bo‘ldi ekan, — dedi u.
Brayan Nyuell. Iblisning istagi
Ikki o‘smir iblisning asta-sekin uzoqlashib borayotganini kuzatib turishardi.
— Sendan nimani so‘radi?
— Pul evaziga qalbimni. Sendan-chi?
— Telefon-avtomat uchun tanga so‘radi.
— Yur, ovqatlanamiz.
— Jon derdim-u, pulim yo‘q-da.
— Hechqisi yo‘q, mening pulim ko‘p.
Jey Rip. Taqdir
Hayotimiz shunchalar chigallashib ketgandiki, uni yechish uchun faqat birgina yo‘l qolgandi. Qur’a tashlaymiz: agar raqamli tomoni tushsa turmush quramiz, ramzli tomoni tushsa bir umrga ajralishamiz.
Tanga tashlandi. Raqamli tomoni tushdi.
Biz unga tikilib qoldik.
So‘ng baravariga gapirib yubordik: “Balki yana bir marta tashlab ko‘rarmiz?”
Endryu E. Xant. Shukrona
Yaqinda xayriya jamg‘armasida berishgan adyol uni issiq saqlar, bugun axlat qutisi ichidan topib olgan poyabzal esa oyog‘iga loyiq kelgandi.
Ko‘chadagi chiroqlar sovuq tun bo‘lsa-da uning qalbini yoritib turardi.
Xiyobondagi o‘rindiqqa qulay joylashib olgani unga huzur bag‘ishlardi.
“Xudoga shukr, — dedi u, — hayot naqadar go‘zal!”
Jeffri Uitmor. Choh
— Ehtiyot bo‘l, u o‘qlangan, — dedi erkak yotoqxonaga qaytib kirarkan.
Ayol divanga suyandi.
— Xotiningni shu bilan o‘ldirmoqchimisan?
— Yo‘q. Bu xavfli. Yaxshisi, qotil yollayman.
— Balki meni seni o‘ldirish uchun yollashgandir?
Erkak hiringladi.
— Erini o‘ldirish uchun ayol kishini yollashga kimning ham aqli yetardi?
Ayol miltiqni erkakka o‘qtaldi.
— Xotiningning.
Barnabi Konradeshe. Kasalxonada
Ayol mashinani o‘qdek uchirib kelardi. Ishqilib, ulgursin-da.
Lekin jonlantirish xonasidan chiqib kelgan shifokorning yuziga qarab u hammasini tushundi.
Ayol o‘kirib yig‘lab yubordi.
— Allerton xonim, — dedi shifokor, — xafa bo‘lmang. U sizni judayam sevarkan. Jon berayotib “Seni sevaman, Meri” dedi.
Ayol shifokorga qaradi va darhol yuzini burdi.
— Rahmat, — dedi sovuq ohangda Judit.
Xoup Ey Torres. Gulzorda
Qiz gulzorda turarkan, uning yugurib kelayotganini ko‘rdi.
— Tina! Gulim! Hayotim mazmuni!
Nihoyat u uzoq kutilgan so‘zlarni aytdi.
— O, Tom!
— Tina, gulim!
— O, Tom, men ham seni sevaman!
Tom uning yoniga yetib keldi, tiz cho‘kdi va qizni chetga surdi.
— Oh, gulim! Sen mening eng sevimli gulimni bosib olding!
Robert Tompkins. Haqiqat izlab
Nihoyat uzoq qidiruvdan so‘ng u izlaganini topdi. Xaroba kulba ichidagi olov yonida Haqiqat o‘tirardi.
U bunchalik qari va yuzlari burishgan kampirni umrida birinchi marta ko‘rayotgandi.
— Haqiqat sizmisiz?
Qari kampir tantanavor bosh silkidi.
— Sizni uzoq izladim. Siz haqingizda butun dunyodagilarga nima dey?
Kampir javob berdi:
— Ularga meni yosh va sohibjamol deb ayt!
Alan Ye. Mayer. Omadsizlik
O‘zimga kelganimda butun badanim qaqshab og‘riyotgandi. Ko‘zimni ochib tepamda egilib turgan hamshirani ko‘rdim.
— Janob Fujima, — dedi u, — omadingiz bor ekan. Ikki kun ilgari Xirosimaga atom bombasi tashlangandi, siz tirik qoldingiz.
Undan asta so‘radim:
— Hozir qayerdaman?
—Nagasakida.
Charlz Enrayt. Arvoh
Avtohalokat sodir bo‘lishigayoq u haqda xotinimga aytish uchun uyga shoshildim. Ammo u meni eshitmayotgandek edi. U hattoki meni ko‘rmasdi ham. U televizorni yoqdi.
Shu payt telefon jiringladi. Xotinim go‘shakni ko‘tardi. Birdan uning afti burishdi va ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
Tina Milbern. Qaror
U ozodlik eshiklari yopilganini angladi.
Erkinlikdan bir umrga ayrildi, endi uning taqdiri begona qo‘llarda.
U uzoq-uzoqlarga uchib ketishni xayol qilardi. Ammo buning imkoni yo‘qligini bilib turardi.
U kuyov tomonga qaradi va “Turmushga chiqishga roziman” deya pichirladi.
Dilshodbek Asqarov tarjimasi.