Bu, bir vaqtlar, shaharning eng muhtasham uylaridan edi. Yangigina qurilib, toshlari hali oppoq bo‘lgan paytda ko‘chaning husniga husn qo‘shib turardi. Keyinchalik hamma narsa sekin-asta o‘zgarib ketdi. Endilikda bino zamona ruhiga, mashinalar va odamlarning kiyim-boshlariga mos tushmay, qandaydir begonaga o‘xshab qolgandi. Uyning devorlari asta-sekin nurab borar, bu yerda tug‘ilgan bolalar ham allaqachon ulg‘ayib, birin-ketin o‘zga makonlarga chiqib ketishgan, endilikda boshqa uylarda yashashardi. Faqat ahyon-ahyonda ular farzandlarini yetaklab, keksa xonimni ko‘rish uchun bu yerga qadam ranjida qilishardi.
Qo‘shnilar «keksa xonim» deb ataydigan bu ayol endilikda butun boshli uyda oqsoch bilan yolg‘iz qolgandi.
O‘sha oqshom xonim ovqatdan so‘ng mehmonxonasida choy ichib o‘tirar, televizor ko‘rishga ham, xat yozishga ham ishtiyoqi yo‘q, hech kim bilan gaplashgisi kelmas, xullas, tushkun bir kayfiyatda edi. Ba’zan hayotda shunday hollar bo‘ladiki, kishi tanholikni qo‘msab qoladi. Lun’an xonimni qamrab olgan xayollar aslida unchalik qayg‘uli emasdi. Lekin hozir u kitob o‘qish va musiqa tinglashdan ko‘ra yolg‘iz qolib, nozik his-tuyg‘ularga berilishga ko‘proq moyil edi.
U xuddi odamlar orasida o‘tirgandek qaddini tik tutgan, garchi hech kimni kutmayotgan bo‘lsa-da, o‘z ko‘nglini ko‘tarish uchun chiroyli ko‘ylagini kiyib olgandi.
Xonim ancha vaqtgacha o‘y-xayollarga cho‘mib o‘tirdi. Nihoyat, unga zina tomondan kimdir yurib kelayotgandek tuyuldi. «Xizmatkor ayol uxlash uchun yuqoriga chiqib ketayotgan bo‘lsa kerak»…— deb o‘yladi xonim. Yo‘q, bu og‘ir va sudrab bosilayotgan qadam tovushlari edi. Xonim xizmatkor ayol Karmen biror kimsaning kelgani haqida xabar bermaganidan ajablandi. So‘ngra mehmonni kutib olish uchun o‘rnidan turib, oynaga bir qur nazar soldi. Pardoz-andozi joyida edi…
Eshik taqillab, keksa bir kishi kirib keldi. Mehmonning qomati bukchaygan, u zo‘rg‘a qadam tashlardi.
— Bilaman,— dedi u deyarli shivirlab,— mening bu kechki tashrifim sizga juda ham g‘alati ko‘rinayotgan bo‘lsa kerak.
— Baxtga qarshi, qismatdan qutulib bo‘lmaydi,— dedi xonim.
— Ko‘rib turibman, siz meni tanimayapsiz.
Xonim eslashga urinib, mehmonning chehrasiga sinchiklab qaradi. Yillar uning yuzini o‘zgartirib yuborgandi. Biroq bu g‘amgin ko‘zlar Lun’an xonimga notanish emasdi. Birdan xonimning lablariga mehmonning ismi keldi. Jilber Messone… Lunan xonim xushmuomalalik bilan o‘zining nihoyatda taajublanganini ko‘rsatmaslikka harakat qildi.
— O! Sizni shuncha yillar o‘tgandan keyin yana ko‘rganimdan juda baxtliman. Nega qo‘ng‘iroq qilmadingiz? To‘g‘ridan-to‘g‘ri ovqatlanishga kelavergan bo‘lardingiz. Tik turmang. Iltimos, mana bu o‘rindiqqa o‘tiring.
Mehmon juda charchagan ekan, sekin cho‘kdi. U xonimnikiga kelish uchun anchagina masofani bosib o‘tganidan harsillardi. Xonimga gap qotish uchun mehmonda majol ham yo‘q edi.
— Bir piyola choy ichasizmi? Hozirgina damlashgandi. Mehmon choyni rad etib, stol ustidagi grafinga ishora qildi:
— Ruxsat etsangiz, biroz suv ichsam.
Xonim stakanga suv quyib uzatdi. Mehmon bir necha qultum ho‘plab, sal o‘ziga kelgandek bo‘ldi.
Lunan xonim nima deyishini bilmasdi. Chunki, u bir paytlari yaxshi tanigan navqiron yigit bilan bu qariya o‘rtasida juda ham katta tafovut bor edi. «Nima uchun keldi ekan», deb ajablangandi.
— Siz menga ko‘p narsalar haqida gapirib bersangiz kerak. Tabiiyki, uylangansiz. Bu hammaning boshida bor. Shubhasiz, bolalaringiz ham bordir, ular ham menikilarga o‘xshab turmush qurishgan bo‘lsa kerak. Berarlarni tez-tez ko‘rib turasizmi? Betakror, ajoyib insonlar… Margaritaning shimpanzesini eslaysizmi? Bir kuni u toqqa qochib ketgandi. Janob Berar ushlamoqchi bo‘lganda, uni tishlab olgandi. O‘shanda shunaqayam qiziq bo‘lgandiki…
Xonim zo‘rma-zo‘raki kula boshladi-yu, mehmonning jiddiy o‘tirganini ko‘rib, darhol o‘zini tutib oldi.
— Savollaringizga javob bermayotganim uchun kechiring,— dedi mehmon bo‘shgina.— Boshqa payt bo‘lganda men buni jonim bilan aytib berardim. Lekin hozir vaqtim juda ziq. Men bu yerga asosiy narsa haqida, ya’ni siz haqingizda gaplashgani kelganman.
Xonim «hojati yo‘q» degandek, imo bilan qarshilik ko‘rsatib dedi:
— Shunchalik uzoq ayriliqdan so‘ng ham men bilan qiziqayotganingizdan mamnunman.
— Men sizni hech qachon unutganim yo‘q,— davom etdi mehmon.
— Shunaqa ham iltifotlisizki…
— Men hech ham unday deb o‘ylamayman. Armanda, oxirgi uchrashuvimizni eslaysizmi?
— Ha, biz unda juda yosh edik. Biroq men unutganim yo‘q. O‘shanda siz bir oz tentakroq edingiz, g‘alati gaplarni gapirardingiz.
— Men to‘g‘risini aytgandim. Sizni sevaman, biz hayotimizni albatta birga o‘tkazishimiz kerak, deb qayta-qayta takrorlagandim. Siz esa ishonmasdingiz, hayron bo‘lardingiz. Taxminimcha, mendan cho‘chirdingiz shekilli. Endilikda bir-birimizdan yiroqda o‘tkazgan hayotimiz so‘ngida, men sizni yana bir bor ko‘rish istagida bu yerga keldim. Sizni hali ham sevishimni, hayotimning eng so‘nggi daqiqalarigacha fikru xayolim faqat sizda bo‘lishini aytish istagida keldim.
U oldinga bukilganicha xastahol o‘tirardi. Mehmon bu so‘zlarni aytayotganida xonim to‘satdan uning qarashlarida ilgarigi, o‘sha paytlardagi ehtirosni his etdi. Xonimga uning bo‘yinbog‘i o‘sha oxirgi uchrashuv chog‘ida taqilgan bo‘yinbog‘ bo‘lib tuyuldi.
Janob past ovozda gapirar, uning ovozi borgan sari yanada pasayib, qandaydir tushunib bo‘lmaydigan shivirlashga aylanib borardi. So‘zlari hali aniqroq eshitilib turganda, u xonimning nomini to‘xtovsiz takrorlayotganini ilg‘ash mumkin edi. O‘sha yoz kunining yorqin ranglari, xushbo‘y hidlari, uning o‘shanda taqqan bo‘yinbog‘i, bularning hammasi xonimning ko‘z oldida xuddi hozirgidek gavdalandiki, go‘yo hayot yana qaytadan boshlanayotgandek edi. Oradan hech qancha vaqt o‘tmagandek tuyulardi. O‘sha kun Lun’an xonimning xotirasida hayratomuz tarzda qayta jonlandi. Chunki mehmonning past ovozi uni uzoq o‘tmishga olib ketgandi. Mehmonning ovozi kuchayib, so‘zlari aniqlashganda xonim bir cho‘chib tushdi.
— Rostdan ham hech narsaga muhtoj emasmisiz? Agar iltifotsizlik qilgan bo‘lsam kechirasiz, chamasi mazangiz yo‘qqa o‘xshaydi, do‘xtir chaqiraymi?
Mehmon bosh tebratib, «yo‘q» ishorasini qildi. U yana tetiklashgandek ko‘rinardi. Xonim janob yana o‘z dil izhorini boshlamoqchi bo‘layotganini sezdi.
— Yo‘q! — qichqirdi birdan Lun’an xonim.— Iltimos, bas qiling! — Mehmon zo‘rg‘a o‘rnidan turganida, xonim shosha-pisha dedi:
— Kechirasiz, men sizni haydayotganim yo‘q. Faqat ayting-chi, nima uchun oradan shuncha yillar o‘tgach, keksa bir ayolga o‘tmishni eslatib, tinchini buzishga rag‘bat etdingiz?
— Siz tez orada tashrifimning sababini bilib olasiz,— dedi mehmon va eshikka yo‘naldi.
Hayratlangan va titrayotgan Lun’an xonim mehmonxona o‘rtasida qotib turar, uzoqlashib borayotgan mehmonni kuzatib qo‘yishni xayoliga ham keltirmas edi.
Indiniga Lunan xonim gazetalarni varaqlayotganda so‘nggi sahifada bosilgan xunuk xabarga ko‘zi tushdi. Unda aytilishicha, janob Jilber Messone o‘zining Parijdagi uyida vafot etibdi.
Frantsuz tilidan Saidg‘ani Musayev va Xosiyat Xolmatova tarjimasi
«Sharq yulduzi» jurnalining 1991 yil, 2-sonidan olindi.