Sin’iti Yuki. Xazonrezgi bog‘ (hikoya)

1

Bog‘ bilan ovuna boshlaganida Kayamaning yoshi oltmishga kirgandi. O‘shandan beri oradan o‘n yil vaqt o‘tdi… Oltmishga to‘lganida, o‘n yil umr ko‘raman deb u sira o‘ylamagandi, nari borsa yana ikki, uch yil yasharman degandi, endi, mana, ko‘rib turganingizdek, o‘ziga ermak ham topib oldi. Hozir yoshi yetmishda… Bog‘, u umid qilgan o‘sha tushuntirish mushkul bo‘lgan quvonchni hadya etishi uchun kamida yana o‘n yil vaqt kerak bo‘lishini u boshidanoq bilgandi va shunga qaramay, Kayama bor pulini ikki yuz tsubo* yer sotib olishga sarflagandi. Ishdan bo‘shashi oldidan qo‘liga tekkan pulning ham tagi ko‘rinib qolgandi.
Burungi Musasino tekisligi qiyofasi hanuz saqlanib qolgan o‘sha Tamagava soyi yaqinidagi o‘rmon chetidan uy qurdi-da, o‘zini butunlay tabiat hukmiga topshirdi-qo‘ydi – yozda daraxtlar salqinidan bahramand bo‘lib, kuzda esa – barglar uyumi ichida yashay boshladi. Bog‘dan qushlar arimasdi, yozda esa ilonlar paydo bo‘lardi. Agar bog‘bon bo‘lish ishtiyoqi tug‘ilmaganda, shamol hamon daraxtlardan uzilib tushayotgan barglarni to‘zitib, uchirib, ularga o‘z hukmini o‘tkazib yuravergan bo‘lardi, bu — endi uning ikkala farzandi bir vaqt-ning o‘zida oila qurib, uyni tashlab ketishganidan so‘ng bir yil o‘tgandagi gap.
Xotini vafot etganida Kayama ellik ikki yoshda edi. Ikkala farzandi – qizi va o‘g‘li oila qurish uchun uning roziligini so‘rashdi. O‘shandan beri ular Kayamaning uyiga qadam ranjida qilishmadi. Ba’zan Kayamani vahima bosardi: nahotki u qari vaysaqiga aylanib qolayotgan bo‘lsa? Balki bu uzoq va mashaqqatli umr davomida turmush yo‘ldoshisiz qalbingni tilka-pora qiluvchi o‘sha g‘alatilik to‘planib borarkan-da? – deya o‘zini-o‘zi yupatmoqchi bo‘lardi. Ammo bundan faqat tushkunlikka tushgani qolardi, xolos. O‘g‘li uylanish niyatida ekanini aytganida, Kayama qilar ishni qilib qo‘yib, endi mendan rozilik so‘raganiga o‘laymi, deb xavotirlangan edi, yo‘q, o‘g‘li bilan gaplashib olganidan so‘ng darhol roziligini berdi. Qizida ham deyarli shunday bo‘lgandi. To‘g‘rirog‘i, u ko‘ngilchanlik qilgandi.
Farzandlari o‘z oilalari bilan barcha qulayliklarga ega zamonaviy uyda yashashardi va otasining almisoqdan qolgan eski uyiga kelishga unchalik hushlari yo‘q edi. Bu davrning urf-odatlari Kayamani qanchalik iztirobga solsa, o‘z yolg‘izligi, hammadan ajralib bir chetda qolib ketganini his etish shunchalik kuchayib boraveradi. Ikkita farzandi to‘rtta bo‘lganini o‘ylab suyunsa, endi bir yo‘la to‘rttalasidan ham judo bo‘lgandek tuyulmoqda edi… Kayamaga ikkinchi bor uylanishdan ko‘ra, farzandlari kelajagini ta’minlash muhimroq edi. Balki o‘zini yolg‘iz his etgani uchun ham uni o‘z yoniga chorlaydigan do‘sti ana shu bog‘ bo‘lishini xohlagandir.
“…Bog‘ yaratdingmi, endi, bunyod etganlaringni so‘nggi nigohing bilan vujudingga singdirib, bu dunyoni tark etishing qoladi, xolos. U dunyoga olib ketishing mumkin bo‘lgan yagona ilinj – bu so‘nggi lahzalaringda ko‘z oldingda gavdalanganlari bo‘ladi, xolos,”— bot-bot shivirlardi Kayama o‘zini nimagadir ishontirmoqchi bo‘lib, holbuki, u dunyo o‘zi qanaqa, degan savolga durustroq javob bo‘lmasa-da, rosti u bu haqda chuqurroq o‘ylab ham ko‘rmagandi. Faqat mujmalgina qilib, narigi dunyo deb qo‘ya qolardi. Kayama ikki-uch yillik umrim qolgan bo‘lsa kerak deya boshida bog‘ yaratishga hali astoydil yoki katta bir orzudek qaramay kelardi.

2

Kuz eshik qoqishi bilan Kayamanikiga bog‘bon va tosh sotuvchi kirib keldi. Bog‘bonning ismi Sudo bo‘lib, uni Kayamaning o‘zi chaqirtirgandi, sotuvchi esa kutilmaganda o‘zi kelib qoldi. U choqqina yuk mashinasida Okutitibu tog‘idan tosh tashirdi. Tosh kerak bo‘lgan uy yoki bog‘ egalarini o‘zi qidirib topardi-da, yuk mashinasidagi toshni o‘n ikki yoki o‘n uch ming iyenga pullardi. Mashinani odatda uning yigirma yoshli o‘g‘li haydardi, savdogar esa uning yonida o‘tirardi. Ba’zan unga buyurtmani oldindan berishardi, lekin ko‘proq sakkizta, to‘qqizta yirik tosh yuklangan mashinasida yaqinda qurilgan uylarni uning o‘zi qidirib topardi.
Savdogar Kayamaning uyiga xuddi shunday tasodif bilan kelib qolgandi. Bog‘ning ko‘lami uning diqqatini o‘ziga tortgandi. “Avval toshlarimni bir ko‘rsangiz-chi”,— dedi u. Sotuvi yuzi qizil, ko‘zlari qisiq, tishlari esa oppoq, burnining tagida qo‘ng‘iz mo‘ylovi bor kishi edi. Bu sifatlarsiz uning tashqi ko‘rinishi e’tiborni tortmasa-da, lekin halol va ochiq ko‘ngil ekanini yuzi shundoq aytib turardi. “Mayli, ko‘rsam ko‘ra qolay”, — ko‘nglidan kechirdi Kayama, natijada esa bir emas, bir necha yuk mashina tosh sotib oldi. Unga sodda, ochiq ko‘ngil savdogardan ko‘ra ko‘proq uning kamtarin, buning ustiga mehnatsevar o‘g‘li ham yoqib qolgandi.
Kayama ba’zan tosh sotib olishdan bosh tortar yo bo‘lmasa molning bahosini tushirishni so‘rardi. “Ustoz, ja savdolashishning hadisini olibsiz-ku”, – jiddiy qiyofada tegajog‘lik bilan derdi savdogar va molini Kayama aytgan narxga berib yuborardi. Ehtimol, u Kayamaning bir vaqtlar maktabda o‘qituvchi bo‘lganini bog‘bondan eshitgan bo‘lsa kerak.
– Bunday katta bog‘ uchun, — savdogar ikkala qo‘lini ikki yoqqa keng yozdi, – o‘n moshin tosh kerak bo‘lishini ustozning o‘zlari juda yaxshi bilsa kerak. Yo‘lkalarga kamida yuzta tosh plita zarur bo‘ladi. Keyinroq, aminmanki, sizga yana yirik tosh ham kerak bo‘lib qoladi.
– Lekin menga bog‘ uchun 50 tsubo yer ajratilgan… Siz aytayotgan o‘sha yirik toshning kattaligi qanday o‘zi?
Savdogar yana ikkala qo‘lini ikki tarafga yoyib:
– Mana bunday va bundan ikki baravar katta va yo‘g‘on. Havo rangida. Bir donasi bir moshinga joy bo‘ladi, – dedi.
“Qiziq, bog‘bon Sudo buni qayerga joylarkin?” – deb o‘yladi Kayama va shu zahotiyoq xayoliga bir fikr keldi, ehtimol, bu moviy tosh butun boshli bog‘ manzarasini mukammal holga yetkazar.
– Pulim kamroq edi. Shu tosh bilan yakunlab qo‘ya qolsak degandim. Tosh rostdakam moviymi o‘zi?
– Moviy bo‘lganda qandoq! Men uni yaqinda topdim, hali hech kim ko‘rmagan, o‘g‘limdan boshqa. Bunaqasini umringda ikki yo uch marta uchratishing mumkin. Bir chaqaga qimmat toshni pullayapti, ishi ham xo‘p serdaromad ekan-da, deb o‘ylasangiz kerak, chamamda. Ba’zan shunday ham bo‘ladiki, uch kun tiling osilib ishlaysan-u, bor-yo‘g‘i bittagina shartnoma imzolaysan, u ham xarajatingni qoplaydimi-yo‘qmi, xudo biladi. Toshni Tokioga yetkazish uchun yana uch kun sarflaysan; bir kuning tog‘dan bir-biriga mos tushadigan toshni topishga ketsa, ikkinchi kuning uni moshinga yuklaysan, uchinchi kun esa uni tashish kerak bo‘ladi. Yoqilg‘i sotib olish kerak, moshinning buzilib qolishi bor, agar yordamching uquvli bo‘lmasa, topganingdan ham ayrilish hech gapmas. Shunday paytlar bo‘ladiki, uyga ikki qo‘lingni burningga tiqib qaytasan, ustiga-ustak yana qarz ham bo‘lasan, ish haqi to‘g‘risida gapirmasa ham bo‘ladi. Yana ishchilarga quyib berishing ham kerak. Axir, ular yosh yigitlar bo‘lsa. Tog‘u toshlar mening jon-dilim. Bu moviy ranglisi meni nimasi bilandir o‘ziga maftun etgan. O‘ylaymanki, sizning bog‘ingizga u uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashib tushadi. Agar puli bo‘lganida ham baribir uni menga sotardi, deb o‘ylaysizmi? — Hayajondan va usiz ham savdogarning qip-qizil yuzi xuddi tonggi shafaqdek lovullab yonib borardi.
Kayama birdan yuragining tez-tez urayotganini his etdi.
“…Moviy toshni u dunyoga olib ketamanmi? Nima uni boshimga yostiq qilarmidim?..”
Taxminan bir haftacha o‘tgach, savdogar yuk mashinasida o‘sha moviy rangli toshni olib keldi. Peshona terini arta turib, hayajonlanib dedi:
– Roppa-rosa besh yuz kamme** bo‘ladi!
Bu xarsangni moshindan tushirib, endi bu yog‘iga sudrab olib kirish bog‘bonning zimmasidagi ish edi. Besh kishi darhol pishang bilan qurollanib, sekin-asta toshni siljita-siljita, bog‘ning ichkarisiga olib kirishdi. Yumshoq yer ham toshning og‘irligidan ingrab yuborgudek bo‘ldi. Savdogar ham yechinib, o‘g‘li bilan birga ishchilar yonida ivirsir edi.
– Ehtiyot bo‘linglar, tirnalmasin, – baland ovozda ogohlantirdi Kayama. Bu ogohlantirishdan ko‘ra ko‘proq avrashga o‘xshab ketardi. Odatda Kayama deyarli pichirlab so‘zlardi, hozir esa ovozining kutilmaganda bunday kuchli chiqqanidan o‘zi ham hayron qoldi. “Tamom, endi bu tosh, menimcha, o‘zimga qabr toshi bo‘ladi,”—dilidan o‘tkazdi u.
– Yaxshi tosh. Ajoyib tosh.—Kayama savdogarning yelkasidan urib qo‘ydi, biroq qarasa, bu savdogar emas, uning o‘g‘li ekan. O‘g‘li unga javoban muloyimgina jilmaydi-da, yelka qisib qo‘ya qoldi. Savdogar shundoq ham qisilgan ko‘zlarini badtar qisib dedi:
– Bunday toshda kunduzi yotib uxlasa ham bo‘ladi.
“Balki, – deya ma’qullagandek samimiylik bilan boshini silkitdi Kayama. – Kunduzi uxlash yaxshi, lekin, undan ham yaxshisi bolalarni bu yerga chaqirib, tosh ustida o‘tirib ko‘k choy ichishga nima yetsin! – Kutilmaganda uning qalbi quvonchga to‘lib ketdi, lekin shu lahzadayoq uning o‘rnini dilgirlik egalladi:– Buncha go‘l bo‘lmasam…”
Xarsangni bog‘ning o‘rtasiga olib borganlarida qosh qorayib qolgandi. “Toshga suv kerakka o‘xshaydi,”— o‘yladi Kayama va yog‘och paqirni yoshgina ishchiga berdi-da, quduqdan bir necha paqir suv olib kelishni buyurdi. Suv sepilgandan keyin silliq tosh birdan och-ko‘k tusga kirib, yashnab ketdi… Kayamaning ko‘z oldida xuddi ulkan dengiz yastanib yotgandek bo‘ldi. Savdogarning ko‘zlari bir oz namlandi, u yuzini Kayamaga yaqinlashtirdi-da:
–Quloq soling-a. Vodiydagi tog‘ soyining jildirashini eshitayapsizmi?
– Eshitayapman, shekilli. Mening vafotimdan so‘ng ham bu ovoz yanada balandroq jaranglasa qaniydi. – Kayama nam tortgan toshning sirtini siladi. Savdogarning yonoqlaridan yosh dumaladi.
– Toshni ko‘rgim kelib qolsa, yana kelaman. Bir oz muddatga bo‘lsa-da, orqa eshikdan kirishga ruxsat berarsiz, axir?
– Ha, albatta, bizga yo‘q demassiz, harqalay… – jur’atsizgina qo‘shib qo‘ydi savdogarning o‘g‘li.

3

Ikki-uch kun o‘tgach, Sudo xush xabar olib keldi:
– Aobadayda ulkan bog‘ sotilyapti. Bunga bir nechta havaskor bog‘bon talabgor ekan, shuning uchun olmoqchi bo‘lsangiz, bu masalani ikki-uch kun ichida hal qilish kerak. Deyarli suvtekin, buning ustiga, menimcha u yerda uchta yuk moshinga ortsa bo‘ladigan qadimdan qolgan ajoyib asl toshlar bor, hozir bunaqasini olib kelishmayapti, qidirsangiz ham hech yerdan topolmaysiz. Bu toshlar Kuramadan, Kosyudan, Tikubadan keltirilgan. Ochig‘ini aytsam, bir joydan terib kelingan toshlarning qizig‘i ham yo‘q. Bu toshlarni Sizning toshingiz yoniga qo‘ysa bormi, zo‘r bo‘lardi-da. Bunga nima deysiz?
Kayama bog‘ egasini, bog‘ning sotilish sababini obdon so‘rab-surishtirdi.
– Bu dang‘illama uy qandaydir bank xo‘jayininiki ekan. Havo hujumi vaqtida yonib ketibdi. O‘n yil o‘tibdiki, uy qayta tiklanmabdi, shuning uchun uyning egasi beva ayol bog‘ni sotmoqchimish. U yerda besh, yo‘g‘-e, yetti ming tsubo yer bor. Ayol yerni toshlarsiz, daraxtlarsiz alohida sotmoqchi. U yerda sizga bemalol yetib ortadigan, yo‘lkaga yotqizilgan bir talay tosh plitalar bor. Kavlasa, bundan ham ko‘proq chiqishi mumkin. Uy yonib kul bo‘lgan. Lekin toshga balo ham urmagan, xullas, bu o‘sha siz izlagan narsa.
– Yaxshi, ertaga men bilan birga bora olasizmi?
– Albatta. Hoziroq u yerga borib, ogohlantirib qo‘yaman.
Farzandlari Kayamadan oila qurishlari uchun rozilik so‘raganlarida tezda rozi bo‘lib qo‘ya qolganidek, bog‘bon Sudoga ham xuddi shunday tezgina ko‘nib qo‘ya qolgani haqida o‘yladi. O‘g‘li, qizi uyni tashlab ketishdi, lekin endi bu yerdan Kuramadan, Kosyudan, Tikubadan va Okutitibadan oqib kelayotgan tog‘ soyining ko‘pgina qadimgi toshlari joy olgandi… Kayama, uni chulg‘ab borayotgan o‘ziga notanish bir hayajonni his etdi va bu hayajon shu ondayoq uni sovuq bo‘shliq qa’riga tortib ketayotgandek tuyuldi… Bog‘bonchilik bilan shug‘ullangandan beri endi birinchi marotaba uning yuragiga qora sharpaning daxl qilishi edi.

4

Kayamaning uyidan Aobadaygacha – o‘ttiz daqiqalik yo‘l. Salqin kuzning etni junjiktiruvchi erta tongida Kayama uyqudan turib, uning kundalik xursandchiligi va yupanchiga aylanib qolgan moviy toshga suv separdi. Tosh bamisoli odamning jussador gavdasiga o‘xshardi. Cho‘zilib yotgan odam gavdasiga. Kayama daraxtdan tomgan yomg‘ir tomchilarini shimib olayotgan toshning yanada moviyroq tusga kirganini ko‘rib, yuragi sirqiradi. Yerparchin etilgan tanadan soyning jildirashimas, balki ilohiy sado eshitilayotgandek tuyulardi unga.
“… Toshni o‘zim bilan u dunyoga olib ketsammikan? Unga tinchgina boshimni qo‘yib yotardim…” – Avval ham uning xayolidan kechgan bu so‘zlar yana qayta jonlandi. Shu payt orqa eshikdan Sudo kirib keldi.
– Bu yangi tosh, albatta, yaxshi, lekin, toshning yana bir go‘zalligi shundaki, u qanchadan-qancha yillarni pisand qilmay, uni ortda qoldirib bizgacha yetib kelganida. Shunday qilib, sizni kuzatib qo‘yishga tayyorman.
Kayama nonushta qilmay, u bilan birga chiqdi.
Ular Aobaday bog‘iga kirishlari bilan Kayama u yerni ko‘rib, hangu mang bo‘lib qoldi. Bu yerda besh emas, o‘n ming tsubolik yer bor edi. Yasama tepalik ortida bahaybat daraxtlar o‘sib yotardi. Tosh va daraxtlar, chamasi, hatto xarajatga ham qaramay, har tomondan tashib keltirilgandi… Kayama haliyam o‘sha qadimgi Yaponiyaning ruhi kezib yurgan bu bog‘ni uzoq aylandi va bu joyda yashaganlarning bari urushgacha hech nimaga zoriqmay kun kechirgan egasini eslatib turardi. Shu bilan birga, bog‘da yurakni zirqiratuvchi nimadir bor edi – Kayama gap nimada ekanini chuqur anglab turardi. Bu o‘n ming tsubo yer hali-hanuz o‘sha urush yong‘ini bilan kurashib, kuyib yonmoqda edi go‘yo.
– Qurbonlar bo‘lganmidi? – Kayama Sudodan so‘radi.
– Mish-mishlarga qaraganda, yong‘in payti uyda faqat besh nafar ayol bo‘lgan ekan, birontasi ham omon qolishmagan deyishadi.
Kayama indamay olg‘a yurib ketdi. Hatto ko‘z yugurtirib ham ulgurib bo‘lmaydigan, ulkan bog‘ning u yer-bu yerida daraxtlar va toshlarni ortishga shay turgan yuk mashinalari turardi, ishchilar va bog‘bonlar esa go‘yo sertashvish chumolilar kabi betinim ishlashardi.
Sudo Kayamani orqa eshikka olib bordi-da, toshlarni unga ko‘rsatdi. Buni ko‘rib Kayamaning ko‘zlari chaqnab ketdi, dam-badam hayajonli xo‘rsinib qo‘yardi. So‘ng Sudo Kayamani pastak g‘arovzor yoqalab cho‘zilgan soyador so‘qmoqdan boshlab ketdi.
Kayamaning ko‘zi eski choyxonaga tushdi. Ko‘hna shiyponcha azbaroyi sharti ketib, parti qolganidan yiqilay deb turgandi. Uchta yosh ishchi barakni qanday buzsa, uni ham xuddi shu taxlit jon-jahdlari bilan buzar edilar. Ularga qolsa, barini bir zumda yo‘q qilib tashlashsa. Kayama ishchilarning jonlanib ketgan yuzlariga boqdiyu yuragi yana bir tutam bo‘ldi. “ Bu uyga yuz yildan ko‘p bo‘lgandir-ov”. – xayolidan o‘tkazdi u.
Ular choyxonadan pastga qarab ketgan ensiz so‘qmoqdan borishayotganda, bog‘bon dabdurustdan Kayamaga o‘girildi-da, hayajonini bosolmay qichqirib: “Mana, shu yer!” deya bir gala ishchilarni ko‘rsatdi. Uning ovozini eshitib, ishchilar bir to‘xtab oldilar-da, keyin yana ishlarini bamaylixotir davom ettiraverdilar. Chirik barglar qorishib ketgan tuproq ostidan qora tosh to‘shamalar chiqib kelardi. Qazib olingan elliktacha tosh to‘shama uyumi xuddi osmondan yog‘ilayotgan quyosh nuridan hurkkandek bir chetda pisibgina yotardi.
– Eshityapsizmi? – so‘radi Kayama Sudodan.
– Nimani?
– Eshitmayotgan bo‘lsangiz, mayli…
“Yong‘inda halok bo‘lgan ayollar, har kuni bo‘lmasa-da, baribir, tez-tez mana shu tosh to‘shamalarni bosib o‘tganlar!” – deb o‘yladi Kayama. U olisdan bo‘lsa-da, ularning oyoq tovushlarini hozir ham eshitib turganini Sudoga qanday aytsin… Bog‘bonning uning ustidan kulgani qoladi. Bu to‘shamalar boqqa terilsa-chi, bu ovozlarni o‘shanda ham eshita olarmikan?..”
Kayama qo‘llarini chalishtirib, bog‘ni bitta-bitta odimlab aylana boshladi va qalbida yana o‘sha qora soyani his etdi.

5

Ko‘p o‘tmay Sudo yana xushxabar olib keldi.
– Sal narida yana bitta sotiladigan bog‘ bor. Bunga nima deysiz?
Kayama boshida rad etmoqchi bo‘ldi:
– Men hovlimning barini boqqa aylantirmoqchi emasman. Men o‘rmonchani va undagi daraxtlarni saqlab qolib, manzarali toshlar terdirmoqchiman, xolos.
– Bilaman, bilaman. Toshlar bilan uyg‘un bo‘lishi uchun yana bosh-qa daraxtlar ham ekilsa yaxshi bo‘lardi. Azaliyami***, sershox qarag‘aymi, yana shunga o‘xshashlarni… Suv bo‘yiga olxo‘ri eksangiz bormi, yayrab o‘sadi…
– Bu yerda bularning baridan bormi?
– Bo‘lmasam-chi.
Ma’lum bo‘lishicha, Sudo bu daraxtlar tilini yaxshi tushunarkan, chunki urushning boshida bu yerga ularni o‘zi tashib keltirganmish. Daraxtlarning bari ajoyib, derdi u. Uning gaplariga qaraganda u yerda yana beshta ulkan, quchog‘ing to‘ladigan manzarali daraxtlar, anorlar bor emish, xullas, hammasi zo‘r deyishadi.
Uyining yonginasida shunday bog‘ bor ekani Kayamaning xayoliga ham kelmagandi.
– Bog‘ni sotish ularga nima uchun kerak bo‘ldiykin?
– Yer-mulk egasi yaqinda olamdan o‘tgan, bevasiga esa daraxtlarning keragi yo‘q, u, menga maysazor va hovuzcha bo‘lsa bo‘ldi, deyapti.
… Demak, mening bog‘imda o‘sha, burungi tosh to‘shamalar va daraxt-lar jo‘rovoz qo‘shiq aytar, ekan-da. O‘lganlarga nimaiki aziz bo‘lgan bo‘lsa, barini shu yerdan – mening bog‘imdan topishadi va mening ovunchog‘imga aylanishadi…” Kayama yengil shamol aylantirib-aylantirib yerga tushirayotgan barglarning shitirlashiga quloq tutdi. Toshlar yerdagi barglar bilan o‘ynashgandek bo‘lib, qandaydir sokin bir kuyni yaratishardi. Birdan kuyning ichidan unga: “Xazonrezgi bog‘i” degan ovoz eshitildi. Kunning azbaroyi tiniqligi va ochiqligidan ovoz xuddi g‘oyibdan kelayotganga o‘xshardi.
“Xazonrezgi bog‘i… Nomi yomon emas”, – xayolidan o‘tkazdi Kayama va Sudoga dedi:
– Yaxshi. Bu bog‘ni sotib olganim bo‘lsin.
Sudo vafot etganida Kayamaning yoshi oltmishda edi. Bog‘bon vafotidan yetti kun o‘tgach, u Sudoning uyi orqasidan kichkina bog‘chaga kirdi. U yerda qari oq olxo‘ri o‘sardi, Kayama uning narxini tushirib berish uchun boshqa bog‘bon – Sudoning og‘aynisidan iltimos qildi va bu daraxtni uyiga eltib berishini so‘radi.
“…Mana, o‘lganlar uchun aziz bo‘lgan yana bir narsa qo‘shildi…” Kayama olxo‘rini qanday olib kelishlarini tomosha qilaturib, Sudoning unga narigi bog‘dan olib kelgan daraxtini esladi.
…Katta yuk aravasiga ortilgan daraxt ildizlari og‘ir va beso‘naqay edi. Ularni posangilash uchun aravacha oldiga tosh osib qo‘yishgandi. Aravachani uchta yosh yigit sudrab borardi, kichik Sudo esa bayram tantanalaridagidek dabdaba bilan oldinda yurib, asta-sekin tepalikka ko‘tarilardi. Uning ko‘zlari porlab turardi. Aravacha Kayamaning uyiga kirib borishi bilan birdan egilib qoldi.
“Ehtiyot bo‘linglar!”—qichqirdi kimdir, lekin Sudo allaqachon aravaning oldiga o‘tib olgandi. Hech narsa bo‘lmaganday u: “Avval toshni tushiringlar,” – deya yosh ishchilarga buyruq berdi.” Mana bu “ehtiyot bo‘linglar” deb jar solishu behuda shovqin-surondan uning yuzi norozi tus olgandi.
Toshlari tushirilishi bilan ularning og‘irligidan qutulgan aravaning old tomoni birdan tepaga qarab sakrab ketib, ustidagi daraxtlar kishnayotgan otdek tikkayib qoldi. Sudoning epchil va chaqqon harakatlaridan Kayama hayratda edi.
“Maqtanmoqchi emasman-u, lekin shu paytgacha bironta yerim jarohatlanmagan. Balki, bo‘yimning pastligidan shundaydir. Masalan, havaskor-sportchilarni oling, doim bir baloga giriftor bo‘lib yurishadi. Menimcha, faqat mashq qilish bilan ish bitmaydi.”
Dard shunday odamning ham boshiga yetibdi-da! Uning boshiga dard emas, sake yetdi. Kayamaning xayolidan anavi tosh bilan savdo qiluvchi qizil yuzli odam ham ichkilikka mukkasidan ketgan edi, degan fikr o‘tdi. Sudoning vafotidan so‘ng savdogar ikkovi apoq-chapoq bo‘lib qolgandi. “Toshni ko‘rgim kelib qolsa, yana kelaman. Bir zumga bo‘lsa-da, orqa eshikdan kirib, uni ko‘rishimga ruxsat berarsiz?”—deb so‘ragan kishi haligacha qorasini ko‘rsatgani yo‘q.

6

Oradan besh yil o‘tdi. Moviy tosh boqqa binoyidek o‘rnashib ketdi. “Agar unga quloq tutsangiz, soyning shildirashini eshitasiz”, – derdi savdogar. Qulog‘ingizga nimadir chalinsa, bilingki, bu o‘sha, o‘z vatanining soyini qo‘msagan toshning nidosi bo‘ladi.
Biroq, bu moviy toshga o‘z vatanini ko‘rish boshqa nasib etmadi. Yomg‘irli, izg‘irinli kunlarni unutmagan toshning sirti osmonning moviy rangini ham o‘ziga singdirib olgandi, uning son-sanoqsiz ajinlarida esa sabza rangli yo‘sin o‘sardi. Sershox daraxt tagidagi hurpaygan nozik novdalar toshni muloyimlik bilan og‘ushlariga olib turardilar. Yomg‘irdan so‘ng gavdaga o‘xshash toshning ko‘kragidagi chuqurchaga suv to‘planib qolardi. Qayerlardandir ba’zan bolalari bilan gala-gala bo‘lib uchib kelgan chaqqon chumchuqlar bo‘yinlarini cho‘zib, shu suvdan ichar, chanqoqlarini qondirishar va qanot qoqib pitirlashardi. Agar suv qurib qolgudek bo‘lsa, Kayamaning o‘zi quduqdan suv olib uni to‘ldirib qo‘yishni kanda qilmasdi. Chuqurchaga barglar to‘lib qolsa, Kayama uni ham olib tashlardi. Jonivorga yaqinlik hissidan qariyaning yuragi ilirdi. Tabiat qanday yaratgan bo‘lsa, barchasi o‘sha zaylda yashashda davom etardi. Bu qonunlarning zug‘umidan Kayama ham borgan sari so‘lib borardi. U qaddini avvalgiday rostlolmay qoldi, yelkalari, beli tinmay og‘rirdi, ko‘zlari nursizlanib, unga ajal ko‘lankasi joylashib olgandi.
A’zoi-badani tinimsiz qaqshardi, bu, ayniqsa, kun bo‘yi uyidan chiqmay, diqqinafas qolib ketganida, harakatsizlik, uni butunlay domiga olganida ko‘proq ro‘y berardi. Shunda kirtaygan ko‘zlarining oldini tuman bosib, jimirlab ketardi. Bunday paytlarda bog‘ning ohanrabosi uni o‘ziga tortgani-tortgan edi.
U, oddiy kundalik tashvishlardan qutulgach, ancha yillardan beri to‘plab kelayotgan eski kitoblarini varaqlashga tushardi. Ba’zan husnixat bilan ovunardi. Qora tushga botirib olgan cho‘tkani oppoq qog‘oz ustiga olib kelganida, zavqdan yuragi to‘liqib ketardi. Biroq, qanchalik istamasin, bu kunlarni osoyishta o‘tkazgan kunlarim deb aytolmasdi, negaki, yolg‘izlik, ajal ko‘lankasi hatto u yozgan iyerogliflarida ham o‘zini namoyon etib turardi.
So‘nggi paytlarda Kayama toshdan chiqayotgan ovozni tez-tez eshitadigan bo‘lib qolgandi. U yonidan o‘tayotgan har bir tosh to‘shama unga ohista aks sado berayotgandek tuyulardi.
“Balki bu yonib ketgan o‘sha beshta ayolning qadam tovushlaridir?” –Kayama shunday o‘yladiyu birdan yuragi shuv etib ketdi. Yo‘q, adashmayapti, bu ularning odimlari.

7

Bir kuni kechasi yosh bir ayol tungi ko‘ylakda tosh to‘shamalardan yurib Kayamaning xonasi oldiga keldi.
– Kim u? – so‘radi Kayama. Javob o‘rniga ayol orqasini o‘girib oldi. U beli tarang tortilmagan kimonoda edi. Ayol ohista, sirg‘algandek ko‘zdan g‘oyib bo‘la boshladi. Uning Kayamani chaqirishga kelgani kundek ravshan edi. Ayolni yo‘qotishdan qo‘rqqan Kayama oyoqyalang uning orqasidan tezda boqqa yugurdi.
U ayol bosib o‘tgan to‘shamalar ustidan bora turib, yo‘l-yo‘lakay, nahotki, arvohlarda ham oyoq bo‘lsa, deya pichirladi o‘zicha, harholda, bularning bari tush bo‘lmasa kerag-ov. To‘shamalardan oyog‘iga o‘tgan issiq uni hayron qoldirdi. Balki bu issiq ayolning oyoqlaridan chiqqandir?..
Kayamaning bog‘ida Aobadiy bog‘idan keltirilgan saksontacha tosh to‘shama yoyiq yelpig‘ich shaklida uchta yo‘lkaga yotqizilgandi. Kayama oq ko‘lankani ko‘zdan qochirib qo‘ydi. O‘ziga kelib qaragandi, uning moviy tosh oldida turganini ko‘rdi. Unga tomon bir odim bosdi va hovuzdan baliqni chaqirgandek, kaftini kaftiga urdi, shunda tosh qa’ridan unga aks sado eshitildi va ketma-ket yana boshqa toshlar ham ovoz bera boshlashdi.
Kayama Sudoning halok bo‘lgan ayollar beshta edi degan gapini esladi. “Balki bu o‘sha beshtadan biridir? – hayajonlanib o‘yladi va ko‘z oldida qulab tushayotgan omborga o‘xshash yana o‘sha choyxona namoyon bo‘ldi. – O‘sha uyga balki beshta ayoldan biri borgandir?.. Aynan o‘sha, bugun paydo bo‘lgani?.”
– Eshityapsizmi?
– Nimani?
– Agar eshitmayotgan bo‘lsangiz, mayli… — Kayama Sudo bilan bo‘lgan suhbatni esladi. Bugun o‘lganiga o‘n yildan oshgan xotini uning orqasidan kelgani ehtimoldan yiroq. Yo‘q, bu ayolning qomati butunlay boshqacha edi – bu yosh qiz bo‘lsa kerak. Shubha-gumonlar Kayamani tinch qo‘ymayotgandi.
Kayama yetmishga kirdi. Endi kunning yarmini ayvonda shezlongga**** yotib, ba’zan mudrash bilan parishonlikda o‘tkazardi. U tez-tez qani endi bu dunyoni mana shunday tinch va osoyishta, azobsiz tark etsam deya xayol qilardi. 200 tsubo yerni egallab yotgan bog‘ o‘sha-o‘sha o‘zining hurpaygan ko‘kalamzori bilan uning hamon ko‘nglini ko‘tarib kelayotgan bo‘lsa-da, lekin yuragining tub-tubida qandaydir xavotir yotardi. Endi bu tuyg‘u uni tark etmasligini Kayama yaxshi tushunardi.
Kayama ro‘zg‘or to‘rvasini olib, tiqilib ketgan avtomobillari bilan quloqni qomatga keltiruvchi shovqin-suronli ko‘chaga chiqdi-da, bir-bir bosib asta do‘konga kirdi. Xaridorlar orasidan o‘zi tengi erkaklarga duch kelib, teskari qaradi. Bu keksalar bunchayam bechora bo‘lib ko‘rinmasa, deya xayolidan o‘tkazdi. Ularga na hashamatli mebel, na noyob, qimmatbaho jihoz kerak. Deyarli bo‘m-bo‘sh ro‘zg‘or to‘rvasini ko‘tarib olgan yetmish yoshli qariya — bunday mutanosiblik senda na faqat achinish hissini uyg‘otadi, bu hatto kulgingni ham qistatadi.
Uning ishtahasi yaxshi emasdi. Agar, bog‘ ikki baravar o‘sib, kattalashgan bo‘lsa, Kayamaning o‘zi ikki baravarga noziklashib ketgandi. Sumkaga har doimgidek ro‘yxati uncha uzun bo‘lmagan o‘sha-o‘sha bir xil oziq-ovqatlar; non, yog‘, tuxum, mevalar va ko‘kat solinardi. U shularning o‘zi unga kifoya deb o‘ylardi yoki bo‘lmasa tashvishlardan qochib, naridan-beri ovqatlanardi.
Asl yapon oshxonasi taomlaridan u kamdan-kam hollarda tanovul qilardi, nafsini tiyib, oziga qanoatlanib qo‘ya qolardi, chunki oz yedi nimayu, ko‘p yedi nima, unga buning ahamiyati bo‘lmay qolgandi. Kuniga uch mahal bir xil ovqat yerdi, keyin ikki mahalga o‘tdi, oxirgi paytlarda bir mahal dasturxonga o‘tiradigan bo‘ldi. U ko‘proq suv ichardi, suv pitstsaning o‘rnini bosardi. Kayama do‘konga ham har kuni chiqmasdi, shu bois ko‘proq mog‘or hidi anqiy boshlagan nondan yerdi.
U quyosh botishi bilan uxlagani yotardi. Uxlash oldidan esa kechki gazeta va kitoblarni varaqlardi. Uyqu elitishi bilan kitobni yopardi-da, qani endi shu taxlit tinchgina oyoq-qo‘lingni cho‘zib, u dunyoga ravona bo‘lsang, deya orzu qilardi. U ko‘pincha qorong‘i xonada ko‘zlarini chaqchaytirib tong otishini kutib yotardi: nafas olishga qiynalganidan a’zoi-badanini ter bosib, ko‘z yumushga ham qo‘rqib qolgandi.
Bu yil ham oppoq kimonodagi o‘sha ayol bog‘ yo‘lkasidagi tosh to‘shamalardan yurib, yana uning yoniga kela boshladi. U bu yerga tez-tez keladigan bo‘lib qolgandi, ayol har kelganida Kayama uning ketidan bog‘ tomonga oshiqardi. Kayama yuragidagi tovush ayolni chaqirayotganini eshitib, yuragini hovuchlab, uning izidan borardi, biron nimadan uyalmaguncha bunday qat’iyatsizlikdan o‘zini to‘xtatolmasdi… Oppoq libosli bu ayol doim g‘oyib bo‘lib qolardi. Har safar bir joyda – o‘sha moviy rangli tosh ortida ko‘zdan yo‘qolardi …
Kayamaning yuzida tomchi dumaladi. Yo‘q, bu ko‘zyoshi emasdi. Uning ko‘zida unar-unmasga oqavermaydigan namni siqib chiqaradigan notanish bir og‘riq turgandi. Xuddi sake***** yenggan Sudo kabi tosh savdogari vafot etibdi-da, degan o‘y kechdi uning dilidan.
“…Agar hayot bo‘lsang, nega kelmaysan? Seni, o‘g‘lingni shunday sog‘indimki…”
Kumush rangli baliq qorong‘ida hovuz yuzini bir shapillatdi-da, o‘zi ko‘targan to‘lqin ichiga kirib g‘oyib bo‘ldi. To‘lqin kengayib boraverdi. U yerda, chuqurlikda baliqlar erkin, ozod suzar edilar. Oppoq bo‘lib ko‘rinayotgan ayolning hayajonga soluvchi ehtirosini o‘zidan nari qilolmagan Kayamaning bundan majoli qurib, serrayib qotib qolgandi. U o‘zini tosh ustida yuz yildan beri xuddi mana shunday qimirlamay o‘tirganday his etmoqda edi…

8

Bir vaqt qarasa, Kayamaning o‘g‘li ro‘parasida turibdi..
– Tosh tashuvchining o‘g‘li-chi, u qani?
– Nima dedingiz?
– Yo‘q, hech nima, o‘zim shunchaki… Qachon kelding?
– Ancha bo‘ldi. Ota, nima, tobingiz yo‘qmi?
– Shunchalik tashvishlanar ekansan, har zamonda bir kelib, holimdan xabar olsang bo‘lardi. Bu yerga o‘zi yilda necha marta kelasan?
– To‘rt marta, shekilli…
– Shu yetarli deb o‘ylaysanmi?
– Ba’zan shunaqa bo‘lib qoladiki…
– Xotining tuzukmi?
– Yuribdi.
Kayama g‘aribona kechki ovqatini hozirgina yeb olgandi.
– Sal ertaroq kelganingda birga ovqatlanardik.
– Boshqa safar.
– Boshqa safar…O‘sha boshqa safaring nasib qilishiga ishonasanmi o‘zing?
– Bo‘lmasa-chi.
– Boshqa safar… Endigi boshqa safar men bo‘lmayman…
Kayama o‘g‘li hozir nima haqda o‘ylayapti-yu, bunga qanday javob berishini kutardi.
– … Uning yoshi anchaga borib qoldi… Anchaga.
– Men dunyoda bunday gaplarni eshitish uchun yashamadim.
– Unga nima kerak?.. Buncha ma’yus ko‘rinadi. Hozir nimani istasa, bari muhayyo bo‘lishi mumkin.
– Ha, men ham qachonlardir nimalarnidir orzu qilganman. Endi yetmishga kirdim… Shunday bo‘lsa-da, senga ataganim bor.
– Ko‘nglingda biron-bir orzu bormi? – so‘radi Kayama.
– Qaydam. Nimani ham orzu qilardim.
– Pul kerakmasmi senga?
– Pul qancha bo‘lsa ham zarar qilmaydi.
– Men aynan shu haqda sen bilan gaplashmoqchiman. To‘g‘ri, menda hozir pul yo‘q, lekin boshqa narsa bor. Yaqinda men senga mana buni tayyorlab qo‘ygandim.
Kitob javoni tortmasidan Kayama pergament qog‘ozli konvertni oldi-da, uni o‘g‘lining tizzasiga qo‘ydi.
– Bu nima?— so‘radi o‘g‘li.
– Ochsang – ko‘rasan. So‘rashning hojati yo‘q.
O‘g‘li konvertga ko‘z qirini tashladi-da, darrov uni Kayamaga qaytarib berdi.
– Kerakmasmi?
– Pul doim kerak, lekin buni ololmayman.
– U yerda nima yozilganini ko‘rdingmi o‘zi?
– Bu avtomobil halokatida sodir bo‘ladigan baxtsiz hodisadan sug‘urta.
– Agar menga biron kori hol yuz bersa, bu pul yana o‘n martaga ko‘payadi. O‘zing bilasan, yo‘lovchilar orasidagi o‘lim xavfining eng yuqori ko‘rsatkichi – bu aynan bolalar va yetmish yoshlilar orasida uchraydi – badali 500.000 iyen, sug‘urta esa 5 million.
– Aytdim-ku, ololmayman deb.
– Balki ko‘chaga chiqqanimda, bexosdan qoqilib, yiqilib tusharman? Qarabsanki, men mashinaning tagidaman. Shunday bo‘lishi mumkin-ku, axir?!
– Bas qiling, bunday narsa bilan hazillashmaydilar!
O‘g‘lining yuzi qizarib ketdi. Uning xijolat tortganini ko‘rgan Kayama, uni bunday aqlsiz ishni qilishga undagan yoqimli bir og‘riqni his etdi. Bu aqlsizlikmidi yoki o‘ylab qilingan ishmi, endi unga hammasi baribir edi.
– Mening gapim – gap. Shunday bo‘lgach, bu hujjatlarni olib qo‘y. Bari bir bundan qochib qutulolmayman.
… Birdan Kayamaning ko‘z oldida ulkan tashlandiq bog‘ namoyon bo‘ldi; tinib-tinchimas bog‘bonlar, tosh kavlayotgan ishchilar, endi bu qiyofalar unga begona, yot sharpalardek ko‘rinardi.
“Kim biladi, balki, mening bog‘im ham xuddi shunday qarovsiz ahvolga tushib qolar. Uning o‘rniga odamlar yashaydigan uy yoki ko‘p qavatli bino qurishar, ehtimol…”
Kayama bosiq xirillagan ovozda gap boshladi:
– Balki, bog‘dagi toshlarni sen o‘zing terib olib sotarsan! Ularni bu yerga olib kelishganiga o‘n yil bo‘ldi, lekin ularning o‘zi besh ming yoshda. Bu toshlarning joni bor. Men endi o‘laman, keyin daraxtlar ham nobud bo‘lsa kerak. Tokioning havosini havo deb bo‘lmaydi.
O‘g‘li otasining gaplaridan noxush hayratlangandek bo‘ldi. Shu payt uning orqasidan haligi noma’lum oq ko‘lanka o‘tgandek bo‘ldi.
– O‘sha ayol!
– Nima deyapsiz?
– Toshni sotish haqida o‘ylashim bilan shu ayol paydo bo‘ladi…
– Nima deyapsiz, qanaqa ayol?
– O‘sha ayol! U bu yerda bog‘dagi toshlarni sog‘inganidagina paydo bo‘ladi. Bu oq kimonodagi o‘sha ayol.. Qachonlardir Aobadaydagi dan-g‘illama uyda yoshgina ayol yashagan. Falokatni qarangki, urush boshlanib, ayol uyi bilan birga yonib ketgan. O‘sha toshlar uning bog‘idan keltirilgan. Aftidan, u, har kuni shu to‘shamalarni bosib hovuz yoniga borgan va o‘tirib xayolga cho‘mgan. So‘ngra yana shu to‘shamalarni bosib, orqasiga qaytgan va eski chorbog‘iga chiqib, choy damlagan…
Kayama shu so‘zlarni shivirlabgina gapirdi-da, ko‘zini yumdi. Qoron-g‘ilik tobora yaqinlashib, quvonch borgan sari uni qurshab borardi, yoki qorong‘ilikka o‘rganib qolib, yorug‘likni arang ajratayotgan ko‘zlari endi iliqlikni his eta boshlagandi…

Ruschadan Dildora Aliyeva tarjimasi
__________
* S u b o -3,3 kv.m. maydon o‘lchovchi.
** K a m m e – og‘irlik o‘lchovi, 3,75 kg.
*** A z a l i ya – manzarali o‘simlik.
**** Sh ye z l o n g – o‘rindig‘i uzun oromkursi.
***** S a k e – aroq.

XAZON QOPLAGAN BOG‘

I

Bog‘ barpo etishga kirishganda Kayama oltmishni qoralagan edi. Shunga ham o‘n yil bo‘libdi… O‘sha paytda yana o‘n yil yashashiga ko‘zi yetmagan, uzog‘i bilan ikki-uch yil yashasam kerak, degan xayolda shu ishga qo‘l urgandi. Bu yil yetmishga kiradi… Ochig‘i, bog‘ o‘zi orzu qilganidek cheksiz, quvonch baxsh eta olgulik darajaga yetguncha hech bo‘lmaganda o‘n yil o‘tishi lozimligini boshidayoq anglagan edi, lekin shunga qaramay Kayama shuncha yil yig‘ib-tergan puliga ikki yuz tsubo yer sotib oldi.
Tamagava daryosining yaqinidagi daraxtzor etagida, bir zamonlardagi qiyofasini saqlab qolgan Musasino yalangligida uy qurdi, hovlisini esa devor bilan o‘rab olmadi. Shu sababli umri yozda daraxtlar soyasiyu salqini, kuzda esa to‘kilgan xazonlar orasida o‘tardi. Yil-o‘n ikki oy bog‘da qushlar sayrog‘i tinmas, yoz faslida ilonlar paydo bo‘lar edi. Basharti kunlarning birida bog‘ barpo etish istagi oromini o‘g‘irlamaganda, u to‘kilgan yaproqlarni shamol uchirib-o‘ynoqlaganini tomosha qilish bilan umrguzaronlik qilgan bo‘lardi.
Bu voqea ikkala farzandi oila qurib uydan chiqib ketishganidan so‘ng yuz bergandi.
Xotini vafot etganida Kayama ellik ikkiga kirgan edi. Onalarining o‘limidan ko‘p ham o‘tmay bolalari – o‘g‘li bilan qizi – oila qurish uchun rozilik so‘rashdi. O‘shandan buyon ularning deyarli qadami uzilgan. Ba’zida qarib miang‘i bo‘lib qolganman, shekilli, deya ko‘ngli g‘ash tortardi. Ehtimol, uzoq yillar mahramsiz, yolg‘iz yashash odamzodni shunaqa injiq qilib qo‘yar, deb o‘zini oqlar edi. Biroq shunday kezlarda hamisha ko‘ngli o‘ksir, dunyo ko‘ziga qorong‘i ko‘rinib ketardi. O‘g‘li uylanish haqida gap ochganda Kayama avvaliga o‘zi hal qilib qo‘yib, ko‘nglim uchun so‘rayapti, degan gumonda ezildi, lekin o‘g‘li bilan suhbatlashgach darhol rozilik berdi. Qizi ham akasining yo‘lidan ketdi.
Farzandlari bola-chaqasi bilan zamonaviy, shinam uylarda yashardi. Bugungi yoshlarning zamona zayli bilan bu qadar bemehr va oqibatsiz bo‘lib ketganligidan Kayama o‘kinmasdi-yu, faqat o‘zining yolg‘iz ekani, hech kimi yo‘q odamdek g‘aribu benavo yashayotganligidan yuragi siqilar edi… Ikkita bolam to‘rtta bo‘ldi deb yurardi, yo‘q, aksincha, o‘ylab qarasa, to‘rtovidan ayrilib qolganga o‘xshaydi… Holbuki, Kayama shularni deb qayta uylanmagan edi-ku? Balki dali-dunyosini vayron qilib yuborgudek qismatini unutishga yordam bo‘lar deb bog‘ barpo etishga kirishgandir?! Ehtimol, bog‘ bilan andarmon bo‘lib yolg‘izligini unutmoqchidir?!
– Qaniydi ko‘zim ochig‘ligida bog‘ barpo qilsam, dunyodan armonsiz o‘tardim. Bog‘ni o‘zim bilan orqalab ketolmasam, kimgadir mendan keyin nafi tegar… O‘zidan bog‘ qolayotganini his qilgan odam oyoq-qo‘lini xotirjam uzatib o‘lsa kerak… – deb shivirlardi ko‘pincha Kayama o‘ziga dalda berish uchun, holbuki, narigi dunyo deganda nimani nazarda tutayapti, o‘zi ham bilmasdi. U bog‘ orzusi haqida ham dastlab ikkilanib, ishonqiramay gapirgandi, chunki besh kunligim bormi-yo‘qmi degan gumonda edi.

II

Kuzning boshlarida Kayamanikiga bog‘bon bilan toshfurush keldi. Bog‘bonni – uni Sudo deb atashardi – Kayamaning o‘zi taklif etgandi, toshfurush esa kutilmaganda paydo bo‘ldi. U chog‘roqqina yuk mashinasida Okutitibu tog‘idan tosh keltirib sotardi. Tosh zarur bironta hovli yoki bog‘ni topib, egasi bilan kelishardi-da, bir mashinasini ko‘tarasiga o‘n ikki-o‘n besh ming iyenga sotardi. Odatda, mashinani o‘g‘li haydar, o‘zi esa uning yonida o‘tirardi. Onda-sonda bir necha kun ilgari buyurtma berishardi, ammo ko‘pincha sakkiz-o‘nta bahaybat toshni mashinasiga ortib olib, endigina qurilish boshlangan uy-puy axtarib yurardi.
Toshfurush Kayamanikiga xuddi shu tariqa, tasodifan kelib qolgan – bog‘ning kattaligi uning diqqatini tortgan edi. “Mening toshlarimni bir ko‘ring, bunaqasini butun Yaponiyadan izlab topolmaysiz, toshmisan-tosh o‘ziyam”, – dedi u. U yuzi qizil, ko‘zlari qiyiq, tishlari oppoq, qo‘ng‘iz mo‘ylovli odam edi.
“Ko‘rsam ko‘ribman-da”, deb xayolidan o‘tkazgandi Kayama o‘shanda va pirovardida bir emas, bir necha mashina xarsangtosh sotib olgandi. Unga dali-g‘uli va ko‘ngli ochiq otasiga qaraganda yanayam kamtarroq va mahnatkashroq o‘g‘li ham yoqib qolgandi.
Bir safar Kayama toshlarni olmayman dedimi yoki arzonroq so‘radimi, toshtarosh: “Domla, juda pishiq ekansiz”, – dedi hazillashib, ammo baribir Kayama aytgan narxga berdi. U Kayamaning bir paytlar maktabda ishlaganini bog‘bondan so‘rab bilgan bo‘lsa kerak.
– Domla, nazarimda, bunaqa katta boqqa, – toshfurush qo‘llarini keng yozib ko‘rsatdi, – kam deganda o‘n mashina tosh ketadi. Yo‘lkaning o‘ziga esa yuzta toshtaxta kerak. Ishonchim komil, keyinroq katta-katta toshlardan ham zarur bo‘ladi.
– Ammo men bor-yo‘g‘i yerimning ellik tsubosini bog‘ qilmoqchi edim… Siz aytayotgan katta tosh qanaqa?
Toshfurush azamat qulochini katta ochib:
– Mana bunday, – dedi, so‘ng oppoq tishlarini ko‘rsatib jilmaydi. – Mana shunga ikkita keladi, ham bo‘yiga uzunroq. Moviy. O‘ziyam bittasi yuk mashinasini egallaydi.
“Qiziq, bog‘bon Sudo uni qayerga joylashtirgan bo‘lardi?” – ko‘nglidan kechirdi Kayama va daf’atan moviy tosh boqqa alohida fayz bersa kerak degan fikrga keldi.
– Pulim kamroq. Shundan boshqa tosh ololmayman. Rangi chindan ham moviymi?
– Moviy, moviy. Buning ustiga, bebaho tosh! Men uni yaqinda topdim, hali hech kim bilmaydi. Faqat o‘g‘limning xabari bor. Bunaqasini ilgari ko‘rmagandim, rosti. Siz, zap hunari bor-da, qayoqdagi toshlarni keltirib falon pulga sotadi, deb o‘ylasangiz kerak? Qayoqda? Ba’zan uch-to‘rt kunlab bir dona tosh sotolmaysan, xarajatingni qoplayolmaysan. Tokioga tosh keltirish uchun uch kun ketadi; bir-biriga mos toshlar topishga yana bir kun; yuk mashinasiga ortishga bir kun; yana bir kun olib kelishga. Buning orasida benzin kerak; ba’zan mashina ishdan chiqadi, ba’zan mardikor noshudlik qilib bexosdan topgan toshingni ishdan chiqaradi. Uyga qo‘limizni burnimizga tiqib kelgan kunlar ko‘p bo‘lgan – maosh olmaganingdan keyin majbur bo‘lasan qarz-havola ko‘tarishga. Bu yog‘i ishchilarning xizmat haqi, buning ustiga, ozgina siylab, ko‘ngli uchun qittak-qittak quyib beraman, hammasi yosh-yosh yigitchalar… Ochig‘i, men bu toshlarni yaxshi ko‘raman. Mana shu moviy tosh, ayniqsa, ko‘nglimga o‘tirib qoldi. Menimcha, rosa sizbop, bog‘ingizga fayz bag‘ishlaydi, zarur bo‘lmasa sotarmidim… – hayajonlanganidan toshfurushning shundoq ham qizg‘ish yuzi bo‘g‘riqib ketdi.
Tuyqus Kayama yuragi dukurlab urayotganini sezdi. “…Shu bahaybat moviy toshni narigi dunyoga olib ketsamu tinchgina ustiga chiqib uxlasam…”
Taxminan bir hafta o‘tgach, savdogar yuk mashinasida o‘sha moviy toshni olib keldi. Manglayidagi terlarni artar ekan u hayajonlanib:
– Bir yarim tonnadan ko‘p bo‘lsa ko‘pki, kam emas, – dedi.
Bu bahaybat toshni mashinadan tushirib, belgilangan yerga olib borish bog‘bonning zimmasida edi. Besh kishi misranglar yordamida toshni bog‘ ichkarisiga sekin-asta surib-siljitib keta boshlashdi. Yumshoq yer toshning og‘irligidan zirillardi. Beligacha yalang‘och bo‘lib olgan savdogar o‘g‘li bilan mardikorlar orasida o‘ralashib yurardi.
– Sekinroq, qirilmasin! – deya ogohlantirdi Kayama, biroq bu ogohlantirishdan ko‘ra ko‘proq o‘dag‘aylashga o‘xshardi. Odatda, Kayama shivirlagudek gapirguchi edi, hozir esa ovozidan o‘zi hayron bo‘ldi va ichida “Tushunarli, mana shu toshni qabrimga qo‘yishsa kerak”, deb qo‘ydi.
– O‘ziyam toshmisan-tosh ekan. – Kayama savdogarning yelkasiga qoqdi, lekin birdan qarasa, u qolib, o‘g‘lining yelkasiga qoqayapti. Savdogarning o‘g‘li beozorgina jilmaydi va bilinar-bilinmas yelka uchirib qo‘ydi. Savdogar esa, ko‘zlarini qisib Kayamaga qaradi:
– Bunaqa toshda kunduzi ham bemalol yotib uxlasa bo‘ladi.
– Darhaqiqat, – Kayama ma’qullagan bo‘lib bosh qimirlatdi. – Kunduz kuni uxlagan yaxshi, ammo bola-chaqasi bilan birgalikda shu toshda o‘tirib ko‘k choy ichganga nima yetsin?! – Nogahon uning yuragi quvonch tuyg‘ularidan to‘lib-toshdi; biroq o‘sha zahoti shashti qaytdi. “Bunchalik sodda bo‘lmasam…”
Toshni bog‘ o‘rtasiga olib borishganda qosh qoraya boshlagandi. “Balki, toshni yaxshilab yuvish kerakdir?” deb o‘yladi Kayama va yoshgina mardikorga yog‘och chelakni berib, quduqdan suv keltirishni buyurdi. Suv bilan yuvilgan toshning silliq sathi bir zumda ko‘m-ko‘k tusda tovlanib ketdi… Kayamaning xayoliga bir zamonlar mahliyo bo‘lib tomosha qilgan dengizi keldi. Savdogarning ko‘zlarida yosh g‘iltilladi, u Kayamaga yaqin kelib:
– Qulog‘ingizni tuting, – dedi. – Eshityapsizmi, xuddi tog‘ irmoqlarining sharqirab oqishiga o‘xshaydi-ya?
– Ha, o‘xshayapti. Qaniydi men o‘lgandan keyin ham bu tovushlar yanayam aniqroq eshitilsa. – Kayama toshning namchil sirtini silab-siypadi.
Savdogarning yonog‘idan ko‘z yoshlari oqib tushdi.
– Toshni ko‘rgani yana bir kelarman, orqa eshikdan kirib tomosha qilaman, maylimi?
– Bitta iltimosimiz, o‘shanda ra’yimizni qaytarmasangiz, – deya qo‘shib qo‘ydi savdogarning o‘g‘li ikkilanibroq.

III

Ikki-uch kundan so‘ng Sudo xushxabar keltirdi:
– Aobadayda bag‘oyat ulkan bog‘ sotilayotgan ekan. Ochig‘i, ikki-uchta ishqiboz xaridor bo‘lyapti, shuning uchun, oladigan bo‘lsangiz, otni qamchilash kerak. Juda arzon, buning ustiga, uch mashina chiqadigan qadimiy toshlari bor, hammasi juda antiqa – hozir bunaqalarini hech qayerdan topolmaysiz. Noyob toshlar, hammasi Kurama, Kosyu, Tikubadan keltirilgan… Ochig‘ini aytganda, faqat bitta joydan keltirilgan toshlar odamga zavq bag‘ishlamaydi. Sizda borlari bilan qo‘shib, aralash qilib terilsa, yomon bo‘lmasdi. Nima dedingiz?
Kayama bog‘ning egasi hamda shunday jannatmonand bog‘ini sotishining sababini so‘rab-surishtirdi.
– Bu yer allaqaysi bank direktorining dang‘illama hovlisi bo‘lgan. Havo hujumi paytida yonib ketgan. Oradan o‘n yil o‘tibdi ham birov uyni qayta tiklamadi, oxir-oqibat bankirning bevasi bog‘ni sotishga qaror qildi. Menimcha, besh, yo‘q-yo‘q, bemalol yetti ming tsubo chiqadi. Yerning quruq o‘zini sotarkan – toshlarsiz, daraxtlarsiz. Tarashlangan bir-biridan chiroyli toshlari tiqilib yotibdi. Bir zamonlar bog‘ ichkarisidagi choyxonaga eltadigan yo‘lkaga faqat shunaqa toshlar yotqizilgan. Sizga bemalol yetadi. Agar o‘sha yo‘lka atroflarini kavlasa, yana chiqadi. Ko‘shk yonib kul bo‘lgani bilan toshlar qandoq bo‘lsa, shundayligicha turibdi. Olgan odam baraka topadi.
– Xo‘p, yaxshi, – dedi Kayama. – Ertaga birga boramizmi?
– Albatta. Hoziroq borib, bog‘ egalariga aytib qo‘yaman.
Kayama xuddi farzandi uylanishga ruxsat so‘raganida darhol rozilik bildirgani kabi hozir Sudoning taklifiga osongina unab qo‘ya qolganiga o‘zi hayron bo‘ldi. Bolalari uyni tashlab ketishgani bilan, harqalay, bu yerga Kuramadan, Kosyu, Tikubadan keltirilgan qadimiy toshlarni yotqizishadi… Okutibu daryosiga quyiladigan tog‘ irmoqlaridan keltirilgan toshlar ham bor… Kayama daf’atan to‘lqinlanib ketdi, nazarida, chuqurlik qa’riga qulab tushayotgandek ko‘zlarini yumib oldi… Bog‘ barpo qilishga kirishganidan buyon birinchi marta qora xayollar diliga soya tashlashi edi…
Kayamaning uyidan Aobadaygacha yarim soatlik yo‘l. U barvaqt turdi: har kuni ertalab salqin kuz havosida moviy tosh ustidan suv quyar, bu uning kundalik yumushiga aylangan edi. Tosh jussador odam tanasini eslatardi. Chalqancha yotgan “tana”ni – daraxt shoxlaridan tomayotgan yomg‘ir tomchilari ta’sirida ko‘k tusga kirib borayotgan toshni ko‘rib Kayamaning yuragi hapriqar edi. Nazarida, ulkan toshdan tog‘ irmoqlarining jildirashi emas, balki ilohiy bir sado taralayotgandek bo‘lardi.
“…Toshni o‘zim bilan narigi dunyoga ola ketsam, olib ketolsam… Ustiga chiqib tinchgina uyquga ketsam-da…” – kechagi xayoli uning yodiga tushib, quloqlari tagida yana takrorlandi. Xuddi shu asno orqa eshikdan Sudo kirib keldi.
– Bu yangi tosh ham yomon emas, ammo qadimiy toshlar boshqacha bo‘ladi. Qisqasi, ketdikmi yoki kuta turaymi biroz?
Kayama nonushta ham qilmay Sudo bilan jo‘nadi.
Aobadaydagi bog‘ni ko‘rib Kayamaning og‘zi ochilib qoldi. Aftidan, bog‘, Sudo ta’riflaganidek, besh tsubo emas, bemalol o‘n ming tsubo kelardi. Sun’iy tepalik ortida – bahaybat daraxtlar saf tortgan. Daraxtlar bilan toshlarni, chiqimidan qat’iy nazar, har qayerdan keltirishgan ko‘rinadi. Kayama bamisli hali-hanuz qadim Yaponiyaning ruhi saqlanib qolgan bog‘da uzoq aylanib yurdi, bu yerda hamma narsa bog‘ egasining urushga dovur hayot kechirganidan darak berardi. Bog‘ allanimasi bilan odam ruhini ezardi, Kayama shuni butun vujudi bilan his qildi. Go‘yo mana shu o‘n ming tsubolik bog‘ urush yillaridagi yong‘inda kuyib kul bo‘lgan qo‘rg‘on haqidagi xotirani saqlab turardi.
– O‘shanda odamlar o‘lgan bo‘lsa kerak? – so‘radi Kayama Sudodan.
– Yong‘in mahali uyda faqat ayollar qolgan ekan – besh nafari halok bo‘lgan deyishadi.
Kayama indamay yo‘lida davom etdi. Hayhotday bog‘ning goh u qismida, goh bu qismida daraxtlar bilan toshlarni olib ketgani kelgan yuk mashinalar ko‘zga chalinar, mardikorlar, bog‘bonlar g‘imir-g‘imir qilib yurishardi.
Sudo Kayamani bog‘ning orqa darvozasi tomon olib borib toshlarni ko‘rsata boshladi. Uning ko‘zlari chaqnar, dam-badam qoyil qolib oh tortib qo‘yardi. So‘ngra Sudo Kayamani pastak bambuklar yoqalab ketgan soya-salqin yo‘lkadan boshladi.
Kayamaning ko‘zi vayron bo‘lgan ombor singari eski, omonat uychaga tushdi. Uch nafar yosh-yosh mardikor uyni shunchalik g‘ayrat bilan oson buzishar ediki, xuddi fanerdan qurilgan imoratni yiqityaptimi deysiz?! Ular azbaroyi qaynab-toshgan kuch-quvvatlariga mahliyo ekanliklaridan ichlariga sig‘masdilar. Kayama ularning jo‘shqin chehralariga qarab turib, yana ichidan zil ketdi. “Uychaning qurilganiga yuz yildan oshgan bo‘lsa kerak…” deya ko‘nglidan kechirdi u.
Ular choyxona yonidagi boshqa ensizgina so‘qmoqqa o‘tib pastga enayotganlarida bog‘bon tuyqus Kayamaga yuzlandi-da, o‘ta hayajonlanib: “Shu yerda!” – deb qichqirgancha bir guruh mardikorlarni ko‘rsatdi. Uning ovozini eshitgan yigitlar boshlarini ko‘tarib ularga qarashdi, lekin zum o‘tmay yana yer kavlashga tushdilar. Chirigan yaproqlar qorishib yotgan tuproq ostidan qo‘ng‘irtob toshtaxtalar ko‘rindi. Sal narida kavlab olingan elliktacha tosh uyilib yotardi.
– Eshityapsizmi? – deb so‘radi Kayama Sudodan.
– Nimani?
– Ana xolos, eshitmayotgan bo‘lsangiz, unda…
“Ehtimol, yong‘inda halok bo‘lgan ayollar har kuni tosh yotqizilgan mana shu yo‘lkadan yurishgandir”, deb o‘yladi Kayama. Ammo o‘sha ayollarning olis qadam tovushlarini hozir ham eshitayotganini Sudoga aytib bo‘ladimi… Bog‘bon ustidan kuladi faqat. Toshlarni uning bog‘iga yotqizishgach, shu tovushlar yana eshitilarmikan?!
Kayama qo‘llarini orqasiga qilib bog‘ ichkarisiga qarab yurdi, uning yuragini yana og‘ir xayollar qamrab oldi.

IV

Ko‘p o‘tmay Sudo yana xushxabar keltirdi.
– Yaqin-atrofda yana bitta bog‘ sotilyapti, juda xushmanzara, shundoq daraxtzor emish. Bunisiga nima deysiz?
Kayama avvaliga bosh tortmoqchi bo‘ldi.
– Men hovlimni butunlay bog‘ qilish niyatim yo‘q. O‘zimga qolsa, daraxtzorni ham, o‘rmon daraxtlarini ham saqlab qolsam, keyin manzarali toshlar yotqizsam deyman.
– Bilaman, bilaman. Ammo toshlarga muvofiq boshqa daraxtlar eksangiz ham yomon bo‘lmasdi. Azaliyami, soyabonsifat qarag‘aylarmi, xullas, shunga o‘xshaganlaridan… Suv yaqin, rosa olxo‘ri ekadigan yer…
– Shularning hammasi o‘sadimi o‘sha yerda?
– Ha.
Ma’lum bo‘lishicha, urush boshlarida o‘zi keltirib ekkani uchun Sudo bu daraxtlarni yaxshi bilar ekan. Ularning bebaho ekaniga kafillik berardi. Gapiga qaraganda, u yerda tanasi quchoqqa sig‘maydigan besh tup litokarpus bilan anor butalari ham o‘sar ekan. Xullas, bunaqasini yetti iqlimdan topib bo‘lmaydi.
Shundoqqina uyining yonida bunaqa bog‘ borligi Kayamaning tushiga ham kirmagan edi.
– Sotib nima qilishadi shunday bog‘ni?
– Yer-mulk egasi yaqinda qazo qilibdi, uning bevasi daraxtni boshimga uramanmi, o‘tloq bilan hovuz barpo etaman deyayotganmish.
“…Demak, mening bog‘imda o‘sha toshlar bilan shu bog‘da o‘sgan daraxtlarning tovushlari jo‘r bo‘lib yangrar ekan-da. Marhumlarga qadrli bo‘lgan hamma narsa bog‘imda birlashib menga taskin beradi…” Kayama yengilgina shabada havoda chirpirak qilib o‘ynayotgan yaproqlar shivir-shiviriga quloq tutdi. Yerda shildirab uchayotgan xazon bilan to‘kilayotgan bu yaproqlar allanechuk sokin ohanglarni vujudga keltirmoqda edi. Daf’atan shu ohanglar oralab qulog‘iga bir ovoz chalingandek bo‘ldi: “Xazon qoplagan bog‘…” Havo nihoyatda musaffo va munavvarligidan bamisli tushga o‘xshardi.
“Xazon qoplagan bog‘… Chakki nom emas”, deya ko‘nglidan o‘tkazdi Kayama va Sudoga yuzlandi:
– Bo‘pti, bog‘ni sotib olganim bo‘lsin.
Sudo dunyodan ko‘z yumganida Kayama oltmish beshga chiqqandi. Bog‘bonning yettisi o‘tgach, Kayama uning uyi ortidagi chog‘roqqina boqqa kirdi. U yerda bir qari oq olxo‘ri o‘sardi. Mana shu olxo‘ri daraxtini o‘z bog‘iga olib o‘tib ekmoqchi bo‘lib bog‘ egalaridan iltimos qilgandi, ular ko‘nishdi. Kayama shu vazifani boshqa bog‘bonga – Sudoning oshnasiga topshirdi.
“Mana marhumga aziz bo‘lgan narsalardan yana bitta ko‘paydi…” Kayama oq olxo‘rini qanday olib chiqayotganlariga qarab turar ekan, shu bog‘dan Sudo daraxtlar keltirib ekkan kunni esladi.
…Qo‘pol, noqulay yuklarni tashishga mo‘ljallangan katta aravaga ortilgan bahaybat daraxtlarning ildizi juda yo‘g‘on va og‘ir bo‘lganidan og‘ib ketmasligi uchun old tomoniga tosh osib qo‘yishgandi. Aravani uch yigitcha tortib ketishar, pak-pakana Sudo esa xuddi bayram namoyishida ketayotgan zobit singari eng oldinda g‘olibona qiyofada yo‘l boshlab borar edi. Ko‘rinishidan u bag‘oyat xursand edi. Nogahon Kayamaning hovlisiga kirib borayotganda arava bir tomonga ag‘darildi.
Kimdir jon holatda: “Hazir bo‘linglar!” – deya qichqirdi, yaxshiyamki, Sudo aravaning old tarafida ekan. Hech narsa bo‘lmagandek u mardikorlarga yuzlanib: “Zarari yo‘q. Birinchi toshlarni tushiring”, – deb buyurdi. Bu keraksiz shovqin-suron, tahlikali ohangdagi “Ehtiyot bo‘linglar!”ga o‘xshagan chinqiriqdan ensasi qotayotgani uning avzoyidan yaqqol sezilardi.
Toshlar tushirildi, ularning og‘irligidan ozod bo‘lgan aravaning shotisi siltanib asov ot kabi ko‘kka sapchidi. Kayama o‘shanda Sudoning chaqqonligiga qoyil qolgandi. “Maqtanyapti demang-ku, lekin haligacha biron yerim shikastlanmagan. Balki bo‘yim pastligiga shunaqadir. Sportga ishqivozlarni qachon qaramang yo qo‘li, yo oyog‘i sinib, yo beli og‘rib yurishadi. Menimcha, mashq qilishning o‘zi kifoya qilmas ekan”.
Mana shunday odamni dard yengdi. To‘g‘risini aytganda, dard emas, sake boshini yedi. Nogoh qizil yuzli toshfurushning ham ichkilikka suyagi yo‘q shekilli, degan fikr ko‘nglidan o‘tdi. Sudoning vafotidan keyin shu odam unga ancha qadrdon bo‘lib qolgan edi. “Mana shu toshni ko‘rgim kelsa, qadam ranjida qilarman bog‘ingizga. Orqa eshikdan kirib bir daqiqaga bo‘lsin tomosha qilishimga ijozat berarsiz?” – deb so‘ragandi u, biroq o‘sha-o‘sha qorasini ko‘rsatmadi.

V

Oradan besh yil o‘tdi. Moviy tosh uzukka ko‘z qo‘ygandek boqqa yarashdi. “Agar quloq tutsangiz, tog‘ daryolarining qulqullashi eshitiladi”, – degan edi toshfurush. Biroq mabodo rostdanam biron-bir tovush eshitilsa bormi, bu vatanida oqqan tog‘ daryolarini qo‘msayotgan toshning o‘z ovozi bo‘ladi.
Biroq moviy toshga o‘z vatanini qayta ko‘rish nasib etmagan edi. Uning sathi yomg‘ir va shamollar ta’sirida moviy osmon tusiga kirdi, bamisli taram-taram ajinlarni yodga soluvchi ensiz yoriqlarini ko‘m-ko‘k yo‘sin qopladi. Tosh uzra tarvaqaylab o‘sgan daraxtning ostki serbarg shox-shabbalari uni beozorgina bag‘riga olgan edi. Yomg‘irli kunlarda ayol tanasini eslatuvchi shu tosh ko‘ksida hosil bo‘lgan kamgakda suv yig‘ilardi. Allaqayerdan sho‘x, tinib-tinchimas chumchuqlar galasi ba’zan o‘zlari, ba’zan polaponlari bilan uchib kelar, dastlab jajjigina bo‘yinlarini cho‘zib shu suvdan qonib-qonib ichishar, so‘ng qanotchalarini qoqib-qoqib shu kamgak suvida go‘yo cho‘milishardi. Suv qurib qolgan kezlar Kayama quduqdan suv keltirib quyib qo‘yishni kanda qilmasdi. Kamgakda to‘kilgan yaproqlar to‘planib qolsa, Kayama ularni olib tashlar edi. Bu tirik jonivorlarni tomosha qilish unga olam-jahon huzur bag‘ishlar, ularga nisbatan yuragida haroratli tuyg‘ular jo‘shar edi.
Sudo vafot etgach, bog‘ qarovsiz qoldi. Kayama Sudoni qo‘li gul, bebaho bog‘bon, deb hisoblagani uchun boqqa qarashga boshqa odam qidirmadi. Qaraydigan kishi bo‘lmaganidan daraxt shoxlari har tarafga tarvaqaylab, beo‘xshov holga keldi, yaproqlar to‘kilaverib yer bilan bitta bo‘ldi. Shamol ularni tosh yotqizilgan yo‘lkalarda uchirib o‘ynardi.
Hayot o‘z yo‘lida davom etardi, Kayama ham tabiat qonuniyatiga muvofiq sham yanglig‘ so‘na boshladi. Uning qaddi bukildi, belog‘riq bo‘lib qoldi, ko‘zlari xira tortdi: jonsiz boqqan ko‘zlarida o‘lim sharpasi aks etdi. Butun a’zoyi-badani qaqshab og‘riydigan odat chiqardi, ayniqsa, xonasidan chiqmay uzzukun qimir etmay yotganlarida bu og‘riq xuruj qilardi. Shunaqa paytda juda-juda boqqa chiqqisi kelar, adoqsiz iztiroblariga faqat bog‘dagi daraxtlar, toshlar malham bo‘ladigandek tashqariga oshiqardi.
Mayda-chuyda ishlaridan qutulgach, uydan chiqmay uzoq yillar davomida yiqqan-to‘plagan kitoblarini o‘qib yotardi. Ba’zan esa xattotlik bilan shug‘ullanar edi. Qora siyohga botirilgan mo‘yqalam bilan oppoq qog‘ozga yoza boshlagan daqiqalarda butun vujudi yayrardi. Afsuski, ming xohlagan taqdirda ham bu kunlarni halovatli yolg‘izlikning bebaho onlari sifatida qabul qilolmasdi, zero, iyerogliflarda ham o‘lim ko‘lankalari aks etardi.
Keyingi paytda Kayama toshlardan taralayotgan tovushlarni tez-tez eshitadigan bo‘lib qoldi. Nazarida, u yurgan har bir toshdan eshitilar-eshitilmas un chiqayotgandek bo‘lardi.
“Ehtimol, bu yonib ketgan o‘sha besh nafar ayolning qadam tovushidir?..” deya xayolga cho‘mdi bir kuni Kayama va nogahon yuragi orqasiga tortib ketdi. Yo‘q, bu albatta, o‘zining qadam tovushi. Hech qanaqa shubha-gumonga o‘rin yo‘q.
Biroq bir kuni kechasi Kayamaning xonasiga tosh yo‘lkani bir-bir bosib, oppoq kimono kiygan yoshgina ayol kirib keldi.
– Kim u? – deya so‘radi Kayama, ayol javob berish o‘rniga orqasini o‘girib oldi. Uning kimonosi belbog‘i taqilmagan edi. Ayol sekin-asta yurib uzoqlasha boshladi. Hammasi ravshan, u Kayamani chorlagani tashrif buyurgan. Kayama uni ko‘zdan yo‘qotib qo‘ymaslik uchun shosha-pisha oyoqyalang boqqa tushdi.
U ayolning oyog‘i tekkan tosh yo‘lkadan bora turib arvohlarning oyog‘i bo‘lar ekanmi, deya o‘ziga-o‘zi shivirladi, tush ko‘rayotganim yo‘q, deb qayta-qayta takrorladi. Toshtaxtalarning iliqligidan hayratga tushdi… Balki bu o‘sha ayol oyoqlarining taftidir?..
Kayamaning bog‘ida Aobaday bog‘idan keltirilgan saksonta tosh yelpig‘ichday uch tomonga yoyilgan yo‘lkalarga yotqizilgan edi, shu sababli Kayama bir yerga borganida oq sharpani yo‘qotib qo‘ydi. Bir vaqt o‘ziga kelib qarasa, moviy tosh yonida turibdi. U toshga yaqin kelib hovuz yoqasida zog‘orabaliqlarni chorlash uchun chapak chalishgani kabi kaftlarini bir-biriga qarsillatib urgan edi, bunga javoban tosh bag‘ridan aks sado taraldi. Shu choq orqa tomondagi toshtaxtalardan yana ovoz keldi. Kayama Sudoning besh nafar ayol halok bo‘lgan, deganini esladi. “Ehtimol, bu ayol o‘shalardan bittasidir, – deb o‘yladi u titrab-qaqshab va beixtiyor yarim vayrona omborxonaga o‘xshab qolgan choy marosimi o‘tkaziladigan uycha ko‘z oldida gavdalandi. – Ehtimol, beshta ayoldan faqat bittasi uychaga doim kelib-ketib yurgandir?! Aynan bugun paydo bo‘lgani balki…”
– Eshityapsizmi?
– Nimani?
– Ana, xalos! Nahotki eshitmayotgan bo‘lsangiz… – Kayama Sudo bilan oralarida bo‘lib o‘tgan suhbatni esladi. O‘n yil muqaddam o‘lgan xotini izlab kelmagan bo‘lsa kerak?! Bu ayolning qaddi-qomati butunlay boshqacha – yosh qizga o‘xshaydi-yu! Shubha-gumonlardan Kayamaning yuragi siqildi.

VI

Kayama yetmishga chiqdi. Endi u deyarli kun bo‘yi peshayvonda, orom kursida xayol surib, gohida mudrab o‘tirardi. U ko‘pincha mana shunday holatda, osonlik bilan qiynalmasdan jon bersaydim deya o‘ylardi. Yam-yashil bog‘ o‘z ko‘rki va tarovati bilan hamon unga quvonch baxsh etar, biroq anchadan buyon yuragining qat-qatida cho‘kib yotgan allaqanday xavotir tufayli bu quvonch, bu surur tatimas, shirin xayol surishiga monelik qilar edi. Bu tuyg‘udan endi hech qachon qutulolmasligini Kayama yaxshi tushunardi.
Kayama qulog‘ini qomatga keltirayotgan mashinalar shovqin-suroniga qaramasdan ro‘zg‘or xaltasini ko‘tarib ko‘chaga chiqar va sekin-sekin yurib pastlikdagi do‘konga tushardi. Mabodo xaridorlar orasida tengdoshlarini ko‘rsa, o‘zini ko‘rmaganga olardi. Atay bunday qilmasdi, beixtiyor, g‘ayritabiiy ravishda shunday hol yuz berardi, keksalarning achinarli ahvolini ko‘rganda u ado bo‘lardi. Ularni hashamatli javonlar qiziqtirmas, antiqa, noyob buyumlarga qayrilib qarashmas edi – boshlariga uradimi! Yetmish yashar chol, qo‘lida xalta, u ham yarmi bo‘sh – yarashadimi, yo‘q, achinib qarashsa-ku mayli, ustidan kulishmaydimi?!
Keksa kishini ovqat asraydi, biroq uning ishtahasi yo‘q – nima yedi, qachon yedi, so‘rashsa, aniq javob berolmasdi. Bog‘ qanchalik gurkirab o‘sgan bo‘lsa, Kayama shunchalik oriqlab ketgandi. Do‘kondan doim bir xil narsalar xarid qilardi: non, sariyog‘, tuxum, ko‘k choy, olma-polma – bo‘ldi, boshqa narsa haqida qayg‘urmas ham edi. Uning fikricha, shular ham keksa odamga kifoya qilardi, chunki bozor qaytishi bor – qiynaladi, shu sababli yeb-ichishdan imkon qadar o‘zini tiyardi. Bir kunda uch mahal ovqatlanardi, bora-bora ikki mahalga o‘tdi, oxirgi paytda esa atigi bir marta, o‘shanda ham to‘yib ovqat yemasdi, faqat ko‘p suv ichadi. Ba’zan to‘yib taom yegisi kelib qolar edi-yu, biroq o‘sha zahoti bu niyatidan qaytar va yana-tag‘in ozgina ovqat bilan kifoyalanar edi, zero, unga farqi ham qolmagandi nima yeyishining, qancha yeyishining.
Quyosh zavolga yuz tutganda o‘ringa kirib yotardi. Oqshomgi gazetalarni o‘qir, to ko‘zlari yumilib ketguncha kitob mutolaa qilardi. Ana shundagina kitobni yopib, biroz shiftga tikilib yotganida yana uyquda tinchgina jon berish haqida xayol surardi…
Shu yili oq libosli ayol bog‘ning tosh yotqizilgan yo‘lkalaridan yurib yana uning yoniga keladigan bo‘ldi. U tez-tez, deyarli kunora kelar, uning sharpasini sezdi deguncha Kayama orqasidan boqqa oshiqardi. Yuragi hapriqib uning ortidan ergashib borar ekan, xuddi o‘sha ayolni uning ichida birov chaqirayotgandek bo‘lar va u to‘xtamay ortidan ketaverar, to nimadandir uyalgandek oyoqlari o‘z-o‘zidan to‘xtab qolmaguncha boraverardi. Oq libosli ayol hamisha birdan g‘oyib bo‘lardi. Doim bitta joyda – moviy tosh ortida yo‘q bo‘lib qolardi…
Kayamaning yonog‘iga bir tomchi tomdi. Yo‘q, bu ko‘z yoshi emasdi. Ko‘zlarida paydo bo‘lgan qandaydir achishtiruvchi og‘riqdan vujudga kelgan namlik edi bu. Turib-turib toshfurushning ham Sudo singari sake kasriga qolib o‘lib ketgani xayoliga keldi.
“Agar tirik bo‘lsang, nega shu paytgacha yo‘qlamading? O‘zingni ham, o‘g‘lingni ham shunchalar ko‘rgim kelayaptiki yana!..”
Qorong‘ilik og‘ushida kumushrang zog‘orabaliq bir sakradiyu yana shalop etib hovuzga sho‘ng‘idi. Suv sathida qoramtir doiralar hosil bo‘ldi. Hovuz tubida baliqlar osuda suzardi. Kayama hayajonga solayotgan oq kimonoli ayol xulyosini ko‘z oldidan haydashga holi kelmay qotib qoldi. Nazarida, tosh ustida yuz yildan beri qimir etmay mana shunday o‘tirgandek tuyulardi…

Rus tilidan Olim Otaxon tarjimasi
“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 10-son